Oltoy o‘lkasiga yuboriladigan mahbuslar ro‘yxati e’lon qilinganda Sultonmurod Bo‘riboyev o‘z ism-sharifini eshitib, avvaliga unchalik e’tibor bermadi. Lekin odatdagidek boshini kaftlari ustiga qo‘yib, shiftga termulgancha xayol surib yotarkan, o‘ylanib qoldi: “Bu tag‘in nimasi bo‘ldi? Qariyb o‘n yildan bu yon qamoqda bo‘lsam. Shundog‘am o‘zi hali u turmadan bu turmaga o‘tkazaverib sillamni quritishdi. Endi muhlatimning ko‘pi ketib, ozi qolganda Oltoyda balo bormi. Hech tinchlik berishmas ekan-da. Muddaolari nima o‘zi? Shunchalik kechirib bo‘lmas jinoyat qildimmi? Axir, odam o‘ldirganlar ham yashab yurishibdi-ku. Men-ku, bor-yo‘g‘i kolxozning kamomadiga yo‘l qo‘yibman. Uni ham bo‘lsa, yeb-yutganlar kimlar-u, javobgarligi mening gardanimga tushib turibdi. Quruq tuhmatga qoldim. Hali Oltoy ham oxirgi manzil emasdir, ehtimol. Yana undan nariga, keyin undan ham nariga o‘tkazishib, oxiri Sibirga eltib tashlashmasaydi. Eh, tag‘in nimalar yozilgan ekan bu tosh boshimga?”
Shunday xayollar bilan u kechasi deyarli uxlamay chiqdi. Goh xayollar uni butunlay iskanjaga olar, goh “hammasi bir go‘r emasmi” deya qo‘l siltab o‘zini ovutmoqchi bo‘lardi. Keyin yuzini uvadasi chiqib ketgan qo‘lansa yostiqqa bosib, o‘zini uxlashga majbur qila boshladi. Lekin uyqu kelmadi. Faqat tongga yaqin birozgina ko‘zi ilindi.
Ertalab nima uchundir qamoqxona katta noziri Oltoy o‘lkasiga yuboriladigan mahbuslarni birma-bir suhbatga chaqira boshladi. Navbati kelganda Bo‘riboyev ko‘zlarini uqalab, horg‘in qiyofada nozirning torgina xonasiga kirarkan, beixtiyor unga mehribonlik bilan qo‘l uzatib, jilmayib turgan, mo‘ylabi o‘ziga yarashib turgan, xushbichim va navqiron nozirga ko‘zi to‘qnashib taajjublandi. Bo‘riboyev nozirlarning ko‘pini ko‘rdi. Ularning g‘azabnok nigohlariga dosh berdi, so‘kinish va haqoratlarini eshitdi, ayovsiz kaltaklarini yedi. Ammo mana bu kabi xushqiyofa nozirni birinchi bor ko‘rishi, nafsilamrini aytganda, ayni damda uning jilmayishiga ishonqiramay, bu takalluf ostida qandaydir g‘ayirlik bor, degandek sinoat axtarmoqda edi. Nozir esa xuddi yaqin qarindoshini ko‘rib turgandek rostakamiga samimiy boqmoqda edi.
— Sulton aka, siz o‘sha “Pobeda” kolxozida ishlagan Sulton akamisiz? — dedi nozir vaziyatni payqab.
— Ha, o‘sha kolxozdanman. O‘zingiz…
— Tanimadingiz-a? — dedi nozir yanada chiroyi ochilib. — Ha, qayoqdan ham tanirdingiz. Men u paytlarda yosh bola edim. Undan keyin ko‘rishib turmagan bo‘lsak. Lekin mana bunday alfozda uchrashib qolamiz, deb hech o‘ylamagan edim. Nailoj, taqdir ekan. Bolaligimda jo‘ralarim bilan To‘sinsoyga borib cho‘milishni yaxshi ko‘rardim. Suzishni yaxshi bilmaganimiz uchun biz hovuzning sayozroq joyida cho‘milardik. Siz har kuni mototsiklda o‘sha hovuz yonidagi yo‘ldan idoraga qatnar edingiz. Bir kuni jar labidagi daraxtga chiqib, o‘rik termoqchi bo‘lganimda bexosdan hovuzning eng chuqur joyiga yiqilib tushganimda cho‘kib ketishimga bir bahya qolgan edi.
— E, siz o‘sha Absalom traktorchining o‘g‘limisiz? — dedi Bo‘riboyev nihoyat nozirning unga nega bunchalik izzat-ikrom ko‘rsatayotganligining mazmunini anglab.
— Ha, Karimman, Sulton aka, o‘sha Karimman.
Sultonmurod hammasini aniq-tiniq esladi. O‘shanda u armiyadan harbiy xizmatni o‘tab kelgan, omadi chopib, ishlari o‘z-o‘zidan yurishib ketgan, brigadir bo‘lib ishlayotgan, ikki yil o‘tar-o‘tmas, yaxshi ishlagani uchun raykomdan mototsikl sovg‘a undirgan edi. Bir kuni mototsiklida hovuz yonidan o‘tib ketayotganida bir to‘da bolalar oldiga yugurib chiqishib, o‘rtoqlaridan biri cho‘kayotganligini aytishgan edi. Sultonmurod dengiz flotida xizmat qilib kelgan emasmi, kiyimlarini yechib ham o‘tirmasdan darrov o‘zini suvga otgan va suv ostidan haligi bolakayni topib chiqqan edi. O‘sha bolakay, mana, endi kuch-quvvatga to‘lib, ko‘rkam mundir kiyib qarshisida turibdi. U mahbuslarning boshlig‘i, uning hayotini saqlab qolgan odam esa mahbus.
Ular u yoq-bu yoqdan biroz gaplashib o‘tirishdi. Qishloqni, o‘zlari tanigan odamlarni eslashdi.
— Sizga Oltoyga bormaslikni maslahat beraman, — dedi nozir jiddiy qiyofada.
— Maslahatingiz uchun rahmat, lekin ixtiyorim o‘zimda emas-ku, — dedi Bo‘riboyev miyig‘ida kulib.
— Afsuski, shunday. Biz avvalroq bir guruh mahbuslarni u yerga yuborgan edik. Hozir ularning birortasi ham tirik emas. Aytishlaricha, birvarakayiga gazdan zaharlanib o‘lishgan emish. Bunga ishonish qiyin. Bu yerda qandaydir maxfiy sir borga o‘xshaydi. Shunisi aniqki, talabnomaga ko‘ra u yerga yuboriladigan mahbuslarning tirik qolishi dargumon.
— Lekin men har qanday qiyinchilikka chidaydigan odamman. Qaysi turmaga borsam, hammasida joningiz qattiq ekan, deyishgan.
— Ehtimol shundaydir. Lekin bir o‘ylab ko‘ring-a, ana shu joningizning qattiiqligi hamma joyda sizga pand berib kelayotgan emasmikan?
— Mayli, buni qo‘yaturaylik. Siz qamoqxona boshliqlaridansiz, mahbuslarga do‘st bo‘la olmaysiz. Modomiki, odamgarchilik yuzasidan desangiz, agarda siz-u men buni istaganimiz taqdirda ham, bu mash’um ro‘yxatdan chiqishning imkoni bor, deb hisoblaysizmi?
Nozir og‘ir xo‘rsindi. Sigareta tutunini ketma-ket tortdi-da, atrofga bir qur qarab olib, deyarli shivirlagan ko‘yi gapira boshladi.
— Sulton aka, boshliqmi, xizmatchimi, kimligimdan qat’i nazar, men avvalo insonman. Siz meni hayotga qaytargansiz. Endi ulg‘ayib, odam bo‘lgan bir davrimda, hayotimni saqlab qolgan insonni ko‘ra-bila turib o‘z ixtiyorim bilan o‘limga borishini sira istamayman. Keyin meni vijdon azobida qiynalmaydi, deb o‘ylaysizmi? Undan ko‘ra o‘lganim ming marta afzal. Qutulishning chorasiga kelsak, buning yakkayu-yagona yo‘li qochish. Qonun yo‘li bilan sizni hech kim himoya qilolmaydi. Sizlarni indinga kechqurungi poyezdda olib ketishadi. Vagonda ishonchli yigitlar bo‘ladi. Ular sizga yordam berishadi. Siz qochishingiz kerak, Sulton aka, iltimos.
Bo‘riboyev hech narsa demadi. Kameraga xomush qaytib keldi-da, o‘yga toldi. “Nahotki shuncha tuhmat va malomatlardan, azob-uqubatlardan abgor bo‘lgan shu jismimga endi o‘lim soya tashlab qolgan bo‘lsa? Anavi yigit nega qochishimni istayapti? Yaxshiligim evaziga hayotimni saqlab qolib, qarzini uzmoqchimi? Xo‘p, qamoqdan-ku bir amallab qochib ketarman, lekin rostakamiga peshonamga bitilgan bo‘lsa, o‘limdan qochib qutulib bo‘larmikan? Ro‘yxatdagilarning hammasi o‘limga mahkum bo‘lsa-yu, yolg‘iz men tirik qolib keta olamanmi? Axir, bu dahshat-ku. Xo‘sh, keyin qanday yashayman? Meni albatta izg‘ib axtarishadi. Bir umr kalamushga o‘xshab pana-pastqamda, odamlar ko‘zidan uzoqda yashashga to‘g‘ri keladi. Bu o‘lgandan ham battar-ku. Agar tutib olishsa-chi? U holda o‘sha zahoti jonimni olishadi. Demak, qochsam ham, qochmasam ham, har ikki tomonda meni faqat o‘lim dahshati kutib turibdi. Nima qilmoq kerak? Aslida, o‘lsam nimani yo‘qotaman? Ortimda armon bo‘lib qoladigan nima bor? Faqat… Munavvar, bechora Munavvar. O‘g‘
lim ham zabardast yigit bo‘lib qolgandir. Har holda meni bir ko‘rishda tanimasa ham kerak. O‘n yil avval u kichkina bolakay edi. Men-ku arboblarning atrofida o‘ralashib, ehtiyotsizlik qurboni bo‘lgan bir landovur sifatida qaysidir o‘rmonda chirib ketarman, biroq Munavvarning gunohi nima? Nega endi men tufayli uning ham hayoti barbod bo‘lishi kerak? So‘nggi bor uni ko‘rishim va o‘z ixtiyorini o‘ziga qoldirishim uchun baribir bu yerdan qochishimga to‘g‘ri keladi”.
Sultonmurod qamalgach, Munavvar ko‘p kuyundi. Tez-tez kelib uning holidan xabar olib turdi. Qaysi qamoqxonaga o‘tkazishsa, ortidan qidirib boraverdi. Gulday go‘zal xotinining qayoqdagi turma nazorat¬chilariga yalinib yurishi esa unga alam qildi. “Endi boshqa kelma, Munav. Mendan xotirjam bo‘l. O‘g‘limizni ehtiyotlab tarbiya qilsang bas. Oriyatli yigit bo‘lsin, hech kimning oldida boshi egik yurmasin. Muddatimni o‘tab, uyga qaytishimni kut. Mana bu sassiq, oti sovuq joylar sening qadamingga arzimaydi”, — dedi u bir kuni xotiniga.
Munavvar uning aytganlarini bajardi. Bo‘riboyev esa jazo muddati tugashini kutib kunlarni, yillarni sanar edi. Yillar esa asrlarga cho‘zilib ketardi go‘yo. “Qayoqdanam kolxoz ishlariga aralashib qoldim?” deya afsuslanib qo‘yardi u. Oddiygina ishchi bo‘lib yurganida bu g‘alvalar yo‘q edi ehtimol. Ota kasbini qilib duradgorlik qilib yurganida-ku, bu malomatlar yaqiniga ham yo‘lamasdi. Uni kuch-g‘ayratiga havas qilib, brigadir etib tayinlashdi. Keyin hisobchilar kursiga o‘qishga yuborishdi. Bir yil o‘qib kelgach, oradan sal o‘tmay hisobchilikka, so‘ng bosh hisobchilikka tayinlab qo‘yishdi. Kolxoz hisob-kitoblarining oldindan malamujur joylari bor ekan shekilli, tez orada hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Moskvadan kelgan tekshi¬ruvchilar hech ikkilanib o‘tirmay, barcha kamomadni Sultonmurodning bo‘yniga osib qo‘ya qolishdi. U ko‘pi bilan uch-to‘rt yilda qaytib kelsam kerak, deb o‘ylagan edi. Lekin ko‘proq muddat berib yuborishlarini, shu yillar qatida hayoti izdan chiqib ketishi mumkinligini xayoliga ham ke
ltirmagandi.
Mahbuslar vagonga chiqishayotganida tun yarimlab qolgan edi. Ivirsib-imillagan mahbuslarni tanbur yonidagi soqchi, tezroq bo‘l, degandek bir-ikki turtkilab so‘kindi. Bo‘riboyevning esa kaftini siqib qo‘ydi. Bu hamma narsaga tayyor tur, degan ishora edi. Bo‘riboyev buni darrov ilg‘adi va qochib ketishga qat’iy ishondi. So‘ng poyezd joyidan jilgach, u o‘tirgan ko‘yi haligi qo‘lini siqqan soqchidan ko‘zini uzmadi. Chamasi yarim soatcha yurishgach, Bo‘riboyev hojatga chiqish bahonasida tanbur tomonga yurdi. U vagondan chiqishi bilan haligi soqchi eshikni yopdi.
— Hozir hamma uyqusirab qolgan payt. Qochishga juda qulay, shoshiling. Mana bu miltiq bilan boshimga urasiz-da, poyezddan sakraysiz. Tezroq bo‘ling, — dedi soqchi miltig‘ini unga berib. — Atrof daraxtzor, ayni muddao. Shalviramay tezroq ursangiz-chi.
Sultonmurod dovdirab qoldi. O‘ziga yaxshilik qilayotganligi uchun uni urishga qo‘li bormadi. Soqchi esa shoshilmoqda edi. Keyin soqchi uning qo‘lidan miltiqni oldi-da, o‘z peshonasiga o‘zi qattiq urdi va gandiraklab yiqildi. Peshonasidan qon sizib chiqa boshladi. Bir odam uni deb shuncha jon fido qilsa-yu, u so‘ppayib turaversa noinsoflik bo‘lardi. Endi qochmaslikning iloji yo‘q edi. Sultonmurod ko‘zini chirt yumib, pastga sakradi. Koptokdek yumalab, ariq yoqasidagi butalarga borib urildi. Boshi aylanib biroz yotgach, shoshilib o‘rnidan turdi va quyuq daraxtzor tomon yurib, tun bag‘riga singib ketdi.
* * *
“Pobeda” kolxozida yashovchilar bu yillar ichida Bo‘riboyevni deyarli eslaridan chiqarib yuborishgan, ayrimlar uni hatto, o‘lgan bo‘lsa kerak, deb yurishardi. Ammo devorlari nurab, bo‘yog‘i ko‘chganidan eshik-derazalari chiriy boshlagan, pechkasi o‘tinga, tandiri nonga yolchimaydigan bir uyda go‘zalligiga hamma suq bilan qaragan, gulday yoshligini yolg‘izlikda xazon qilgan, sochlariga oq oralab, yuzlariga ajin o‘rmalab qolgan bir ayol uni uzzu-kun eslab, kunlarni sanab yashamoqda edi. U Sultonmurodning o‘nlab manaman degan yigitlar orasidan yorib chiqib olgan jufti haloli Munavvar edi.
Bo‘riboyev bir necha kunlik yo‘l azobidan keyin kechga yaqin qishloqqa kirib keldi. So‘ng bir chuqurlikda yotib, qorong‘u tushishini kutdi. Qushlarning chug‘uri, qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi tinib, itlarning qo‘riqchilik vaqti boshlanganligini bildiruvchi saslari baralla yangrayotgan, atrofga zim-ziyo tun cho‘kkan paytda u ehtiyotkorlik bilan uyi tomon yo‘l oldi. Qadrdon uyiga tobora yaqinlashib borarkan, ayni damda dimog‘iga turmaning zax va ter hidlari qorishib ketgan sassiq isi emas, qishloqning toza havosi urilayotganligi go‘yo unga jannat nafasi bo‘lib tuyulganidan beixtiyor entikar, yuragi ko‘ksini yorib chiqqudek gurs-gurs urar edi.
Tabiiyki, bu lahzada eshik ichkarisidan tambalangan, shuning uchun Sultonmurod hovliga devordan oshib tushdi. Hech kim uni payqamaganligiga amin bo‘lib, ko‘ngli taskin topdi. Keyin sekin borib, derazani beozorgina chertdi. Titrab turgan parda ko‘tarilgach, avval moychiroqning xira shu’lasi, keyin Munavvarning so‘lg‘in yuzi ko‘rindi. Shundoqqina deraza tagida soch-soqoli o‘sgan, aft-angori vahimali odam unga baqrayib turganligini ko‘rib, Munavvar qo‘rqib ketdi.
—Kimsiz, nima kerak sizga? — dedi u ortiga chekinib.
— Men keldim, Munav, bu menman, Sultonman, — dedi Bo‘riboyev shivirlab. — Qo‘rqma, eshikni ochaqol.
Munavvarning vujudi qaltirab ketdi. Keyin ko‘zlariga ishonmay, derazaga yaqinroq borib unga tikildi-da, rang-ro‘yi oqarib, eshikka yugurdi.
Sultonmurod eshikdan kirgan zahoti Munavvar uning bag‘riga o‘zini tashlab, yum-yum yig‘ladi. Sultonmurod esa uni yupatdi. So‘ng ular allamahalgacha suhbatlashib o‘tirishdi.
— Butunlay qutulib keldingizmi? — dedi Munavvar ko‘zlari javdirab.
— Shunday desa ham bo‘ladi, — dedi Sultonmurod talmovsirab.
— Bu nima deganingiz?
— To‘g‘risini aytsam… Ular ruxsat berishgani yo‘q. Men qochib keldim.
— Turmadan qochdingizmi? E, parvardigor, nima gunohimiz bor ediki, bizni buncha azoblaydi. Endi nima bo‘ladi?
— Endi… boshga tushganini ko‘z ko‘radi.
— U holda sizni qidirib bu yerga kelishmaydimi?
— Kelishadi, butun qishloqdan surishtirishadi. Shuning uchun mening kelganimni hech kim ko‘rmasligi, bilmasligi ham kerak. Endi yashirinib yurishga majburman.
—Unda nega qochdingiz? Ikki enlik xat yozib xabardor qilsangiz o‘zim yetib borardim-ku.
— Yetib borolmasding, Munav. Bizni judayam olisga badarg‘a qilishayotgan edi. Men… — Bo‘riboyev chuqur uh tortdi, peshonasini changalladi, — bir gapni senga aytish uchun qochdim. Yana besh kunlik umrim qoldimi-yo‘qmi, bilmadim. Ajal har tomondan iskanjaga olayapti. Shu gapni aytmasdan ketsam narigi dunyoda ham tinchgina yotolmasdim. Taqdirni qara, Munav, ayni g‘ayratimiz qaynab-toshgan, orzularimiz gullab-yashnagan, bir-birimizga suyanch bo‘lib yashaydigan davrimizda ikkovimizni ikki qirg‘oqqa ayirib tashlashdi. Men davlatga kerakman, men ham davlatning odamiman, deb kerilib yurgan ekanman. Qattiq adashgan ekanman. Davlatning odamlari boshqalar ekan. Menga o‘xshaganlar esa bor-yo‘g‘i bir hovuch puch yong‘oqqa aldanib yuradigan qo‘g‘irchoqlar ekan. Men hayoti barbod bo‘lgan bir odamman. Taqdiringni men bilan bog‘laganing uchun sening ham hayoting parokanda bo‘lib ketishini hecham istamayman. Men seni baxtli qilaman deb va’da bergan edim. Lekin, afsus, o‘zim abgor bo‘lganim yetmagandek, seni ham baxtsiz qilib
qo‘ydim. Agar hayotingni boshqa birov bilan bog‘laganingda, ehtimol bu azoblar boshingga tushmas edi. Hozir gulday ochilib, yayrab yurarmiding. Sen baxtli bo‘lishga, umringning so‘ngigacha hayotdan zavqlanib yashashga haqlisan. Sen shunday yaralgansan, Munav. Hali ham bo‘lsa kech emas. O‘z taqdiringni o‘zing hal qil. Hayotingni istagancha o‘zgartirishing mumkin. Qanday xohlasang, shunday yasha. Meni norizo bo‘lar, deb aslo o‘ylama. Sen nimani xohlasang, men bu dunyoda ham, u dunyoda ham hammasiga roziman. Faqat sen baxtli bo‘lsang bo‘lgani, Munav.
Munavvar yum-yum yig‘lamoqda edi. Lekin sevinchdanmi, alamdanmi, bilib bo‘lmasdi. Binobarin, quvonchu iztirob bir lahzada qorishib ketgan edi.
— Men faqat siz bilan baxtliman. Boshqacha hayotning menga keragi yo‘q. Lekin… siz nimalar deyapsiz o‘zi, xuddi olisga ketib qoladigandek vasiyat qilasiz. Nega meni buncha qo‘rqitasiz? — dedi u.
— Zamon qaltis, Munav, odamning pashshachalik qadri yo‘q. Hech kim ertangi kuniga ishonch bildirolmaydi, ayniqsa mahbuslikda.
Bo‘riboyev boshini xam qilib anchavaqt jimib qoldi. Munavvar esa hamon yig‘lab javrardi.
— Tolmas qayoqda? — dedi Sultonmurod nihoyat boshini ko‘tarib.
— Bu yil maktabni bitirib, institutga kirolmadi. Endi kunduzi kolxozda ishlayapti. Kechqurunlari esa traktor parkida kunora qorovullik qilayapti. Bugun navbatchi edi, o‘shanga ketdi.
— Mayli, hozircha unga mening kelganimni aytmay qo‘yaqol. Biroz vaqt hech kimga ko‘rinmay turay, keyin biror yo‘lini toparmiz.
Ular kechasi bilan mijja qoqishmadi. Tongga yaqin esa Sultonmurod devor oshib jo‘nab ketdi.
Ertalab Tolmas qorovullikdan keldi-da, bir-ikki piyola choy ichib, dalasiga otlandi. Nonushta paytida ham, undan keyingi kunlarda ham onasining ko‘zidagi sevinchni ham, sarosimani ham sezmadi. To‘g‘rirog‘i, nimadir sal g‘alatiroq tuyulsa-da, ahamiyat bermadi.
Ammo kunlarning birida Tolmas qorovullikka ketayotganida yo‘lda Dovulni uchratib qoldi-yu, uning aytgan kinoyaomuz gaplaridan so‘ng onasining hatti-harakatlaridagi o‘zgarishlarni o‘ylab ko‘rdi. Biroq ishongisi kelmas edi.
— O‘v, Tolmasvoy, buyoqqa kel, ukam, — dedi Dovul o‘shanda traktor parkiga ketayotgan Tolmasni to‘xtatib. U yo‘l yoqasidagi choyxona yonidagi chorpoyada yolg‘iz o‘zi choy ichib o‘tirardi.
Dovulni qishloqda hamma biladi, o‘g‘rilikda nom chiqargan. Tolmas u bilan birga choy ichishni xayoliga ham keltirmas edi, ammo hozir u jiddiy bir gapi bordek salmoqlab chaqirdi. Pichingnamo gaplaridan Tolmasning toqati-toq bo‘layotganini ko‘rgach, maqsadga o‘tdi:
— Ukam, g‘ashingga tegmasin-u, bir gapni aytib qo‘yishim kerak. Onang oqila ayol ekanligini hamma bilardi, lekin keyingi kunlarda nima bo‘layotganligiga aql bovar qilmaydi. Bir haftadan beri sezib yuribman, kunora yarim kechasi bir kishi devor oshib uylaringga kiradi, saharga yaqin chiqib ketadi. Hech kim ko‘rmayapti, deb o‘ylaydi shekilli. Lekin men ko‘rdim. O‘zi tunda men hammani ko‘rishim mumkin, meni esa hech kim ko‘rmaydi. Kasbim shunaqa. Ammo o‘sha kimsaning kimligini taniyolmadim. O‘g‘ri desam, bunaqasini ko‘rmaganman. Mana, men ham o‘g‘riman, lekin o‘zimga yarasha g‘ururim bor. Faqat erkagi bor, to‘kin-sochin yashayotgan xonadonlarga kiraman. Yolg‘iz ayol yashayotgan uyga kechasi tugul, kunduzi ham qadam bosmayman. Hushyor bo‘l, yigit. Otang oriyatli odam, hali qaytib kelsa, o‘zing ham ko‘rasan. Agar ota o‘g‘il bo‘lsang, uning sha’nini himoya qilishing kerak.
Tolmasning butun tanasi muzlab qolgandek bo‘ldi. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi.
— Agar gaplaringiz rost bo‘lsa, o‘sha odamni, yolg‘on bo‘lib chiqsa, sizni bir yoqlik qilaman. Mening onamni haqorat qilgan odam bu hayotda yashamaydi, — dedi u va ishiga shoshildi.
Shundan so‘ng ikki kun mobaynida qo‘li ishga bormay, xayoli parishon bo‘lib yurdi. Munavvarga sinchkovlik bilan razm solib ko‘rdi. Lekin undan ayb topish o‘rniga qaytanga battar rahmi kelib ketardi.
Yakshanba kuni qorong‘u tusha boshlaganda ovqatlanib oldi-da, yana ishga otlandi. Ammo ketish oldidan o‘zi yotadigan xonadagi derazaning zulfini tushirdi-da, pardani tortib qo‘ydi. Qorovulxonada esa fursat yetishini kutib asab torlari uzilay dedi. Hovlida ish kunini tugatib, sassiq moy hidi anqib yotgan turli shakl-shamoyildagi traktorlar ham uning ustidan kulayotganga o‘xshardi. Hozir u traktorlarni g‘ajib tashlagudek bir ahvolda edi. Soatning chiqillashi esa go‘yo xonani buzib yuborgudek tuyulardi. U tishlarini qayrab, stolni mushtlardi. Nihoyat, imillab yurayotgan soat millari tungi soat o‘n birni ko‘rsatdi. Mo‘ljalda hali yana bir soatcha vaqt bor edi. Ammo Tolmas toqat qilolmadi. Shu masalani tezroq bir yoqlik qilish istagi unga tinchlik bermasdi. Qorovulxonani qulfladi-da, ko‘chaga otlandi. Yo‘l-yo‘lakay u: “Ishqilib yolg‘on bo‘lsin, onamning yuzi yorug‘ bo‘lib qolsin”, — deya iltijo qilib borardi.
Choyxona yonidan o‘tayotganida bu yer hali ham odamlar bilan gavjumligini ko‘rib, xayoliga bir fikr keldi. “Bir qultum vino ichib olsam, ehtimol dalda bo‘lar”, — deb o‘yladi u va qadamini choyxonaga burdi. Yog‘ bosib, kirlab yotgan stollardan bir yonida o‘tirgan Dovul uni imlab chaqirdi. Tolmas uning yoniga borib o‘tirdi.
— Qalay, ukam, biror yangilik bormi? — dedi Dovul miyig‘ida kulib.
— Aytarlik hech gap yo‘q, — dedi Tolmas o‘zini beparvodek ko‘rsatib.
— Choy olib kelaymi? — so‘radi choyxonachi yigit ularning oldiga kelib.
— Choy emas, may olib keling, — dedi Tolmas. Bunday gapni avval hech qachon aytolmaganligi uchun eti jimirlab qetdi.
— Oqidanmi yoki qizilidan?
— Qizilidan.
— O‘g‘il bola oqidan ichadi, aroq olib kel, — dedi Dovul stolga musht urib.
Choyxonachi yigit bir shisha aroq va gazakka bodring olib kelib qo‘ydi.
— Gazagi to‘g‘ralmagan ekan, pichoq olib keling, — dedi Tolmas. Sopining yarmi siniq pichoqni berishgan edi, uni qaytardi. — Buningiz saryog‘niyam kesmaydi , o‘tkir pichoq bering.
Unga tig‘i o‘tkir pichoqni keltirib berishdi. Dovul ikkita piyola to‘ldirib aroq quydi.
— Men birinchi marta aroq ichayapman, — dedi Tolmas piyolaga termulib.
— Hechqisi yo‘q, ukam, mening ham birinchi ichishim… bugunning hisobidan, albatta, — dedi Dovul kulib, — qani, oldik.
Ular piyolalarni qayta-qayta to‘qishtirib, bir shisha aroqni ichib bo‘lishgach, Tolmas shaxt bilan o‘rnidan turdi.
— Menga qarang, agar haligi aytgan gapingiz yolg‘on bo‘lib chiqsa, bugun ertalabgacha mana shu pichoq tomog‘ingiz tagida bo‘ladi, — dedi u va qo‘lidagi yaltirab turgan pichoqni qo‘yniga soldi-da, ko‘chaga chiqdi.
Zim-ziyo ko‘chada boshi aylanib tez-tez yurib borarkan: “Bugun albatta bir qotillik ro‘y beradi, yo o‘sha sharpa o‘ladi, yo Dovul”, — deb ko‘ngliga qat’iy tugib qo‘ydi. Hovliga yetganida to‘xtab, atrofga biroz razm soldi, hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Devordan oshib tushganida yuragi dukillab urib ketdi. “Yolg‘on bo‘lib chiqsin-da”, — deya iltijo qildi yana u. Keyin derazani ohista itargan edi, ochildi. Sekingina uyga kirdi-da, uydan dahlizga o‘tib, Munavvar yotgan xona eshigiga quloq tutdi. Ichkaridan erkak kishining past ovozda gapirayotgani eshitilardi.
— Munav, qanday ajoyib orzularimiz bor edi. Endi o‘sha orzularga men yetmagan taqdirda ham sen albatta yetishing kerak, — dedi Sultonmurod. Shu payt u “tiq” etgan tovushdan sergak tortdi. — Birov kelmadimikan, Munav?
— Yo‘g‘-e, kim ham kelardi shu mahalda. Tashqari eshikni qulflaganman.
Tolmas o‘zini ortiq idora qilib turolmadi. Qoni ko‘pirganidan yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Endi har nima bo‘lganda ham intiqom alangasini o‘chirishning imkoni yo‘q edi. U qo‘ynidagi pichoqni oldi-da, eshikni shartta ochib, shishasi tutundan qorayib ketgan moychiroq shu’lasidan xira yorishib turgan xonaga bostirib kirdi. Uning kutilmaganda kirib kelgani va dahshatli vajohatidan Munavvar bir zum o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Tolmas esa g‘azabini qo‘zg‘agan mana bu sharmandalikka o‘z vaqtida nuqta qo‘yish uchun Sultonmurodning yoqasidan mahkam bo‘g‘ib ushladi-da, ko‘ksiga pichoq urdi. Sultonmurod ingrab yiqildi.
— Shoshqaloqlik qilding, o‘g‘lim, diydoringga to‘ymagan edim, — dedi u ingrab.
Tolmasning hayrati oshdi. “Turqi-tarovati aftodahol bu odam qilmishidan uyalish o‘rniga nega meni o‘g‘lim deb, ko‘zini lo‘q qilib turibdi?” — deya o‘yladi. Munavvar uvvos solib yig‘lab yubordi:
— Nima qilib qo‘yding, bolam, o‘z otangni pichoqlab qo‘yding-ku.
Tolmas boshidan bir chelak muzdek suv quygandak seskanib ketdi.
— Nahotki? — deya javdirab onasiga qaradi u.
— Munav, shundoq ham o‘zi mening kunim bitgan edi. Bir hisobdan shunisi ma’qulroq bo‘ldimi deyman, o‘z yaqinlarimning yoniga ko‘miladigan bo‘ldim. Hartugil kimsabilmas yurtlarda o‘ligim xor bo‘lib qolib ketishidan qo‘rqqan edim. O‘g‘limni zinhor aybdor qilishmasin. O‘zini o‘zi pichoqlab qo‘ydi, deb qo‘ya qolinglar. Hammasiga men aybdorman. Boshlaringga neki musibat tushgan bo‘lsa, bariga men sababchiman. Sizlarni baxtli qilolmadim, ketar chog‘im yana baxtsiz qilib ketishdan xudo saqlasin, — dedi Sultonmurod ingrab va so‘ng asta ko‘zlarini yumdi.
Ertasi kuni Sultonmurod Bo‘riboyevni qabrga qo‘ydilar. Qabristondan qaytayotganda keksalar uning fojiali o‘limi haqida bahslashib kelishardi.
— O‘zini o‘zi pichoqlabdi, deyishayaptiku hamma, — dedi kimdir.
— Nega o‘z joniga qasd qilibdi, biror sababi bordir? — so‘radi yana kimdir qizqsinib.
— Balki xotinidan gap qochgandir… Bironta ishkalning ustidan chiqib qolmadimikan ishqilib? — gap qo‘shdi yana birovi.
— Buyog‘i endi Xudoga ayon, — qo‘l siltadi boshqasi.
— Bo‘riboyevni o‘g‘li pichoqlab qo‘ygan, — dedi hammadan orqada kelayotgan Dovul o‘g‘ri sabri tugab.
Hamma to‘xtab unga qaradi.
— Nima uchun pichoqlabdi? — so‘radi kimdir.
— Oriyat uchun.