Usmon Azim. Ishxonadagi ko‘rgazma (hikoya)

Asror Valiyevich – ishning odami. Bugungi yumushni ertaga qo‘ymay, jon-jahdi bilan tirishib ishlaydiganlar toifasidan. U idorasiga kelib taqaladigan yuzlab muammolarning kalavalarini qo‘lida mahkam ushlab turadi. Bu kalava chuvalib-chuvalib, ado bo‘lgunga qadar zinhor-bazinhor ko‘zdan qochirmaydi. Dasturlangan allaqanday mashinaday bir me’yorda erinmay mehnat qiladi. Hamma narsani eslaydi, hamma narsani biladi, hamma narsani nazorat qiladi. Uning qo‘lidan o‘tmay, bir parcha qog‘oz ham tashqariga chiqmaydi. Kallasi ham kompyuterning o‘zi – kerakli paytda zarur raqammi, ko‘chirmami, chiqib kelaveradi. Bir ming to‘qqiz yuz ellik uchinchi yil mamlakatda ekin maydoni qancha bo‘lgan? Asror Valiyevich shiftga qarab biroz o‘ylanadi-da, so‘ng qog‘ozdan qiynalibroq o‘qiyotgan kabi har bir so‘zni dona-dona aytishga tushadi: “Bir… million…” Falon zavod qachon ishga tushirilgan? Yana shiftga qaraydi. “Bir ming…” Falon yig‘inda pistonchi nima degan edi? Yana shiftga ko‘z tikadi. “Xo‘sh, yozing… “Biz xalqning manfaatini o‘zimizning manfaatdan…” Uni yaxshi bilmaganlar tablo-mablo yo‘qmi deganday shiftga ham qarab qo‘yadilar. Ba’zilar kitob ochib, tekshirib ham ko‘rishgan: hech qanday xato yo‘q! Raqamlar ham, ko‘chirmalar ham xuddi Asror Valiyevich aytganday!
Aytishlaricha, Asror Valiyevich engashgan boshini ilkis bir ko‘tarsa, tepadagi kabinetlarning polini bemalol teshib chiqadi. U o‘sha kabinetlardagi kreslolarda o‘tirsa ham yarashadi. Ammo ishga ko‘milgan bu odam boshini ko‘tarishni xayoliga ham keltirmaydi. Shundoq ham undan negadir barcha cho‘chiydi, tepadagilar esa hurmat qiladi. Idoralarda beposhna gapirish jonkuyarlik namunasi sifatida rasmga kirib ketayotgan hozirgi zamonda ham unga hech kim ovoz ko‘tarib gapirolmaydi.
U xodimlari bilan ham teng muomala qiladi. Ovozini pactlatmaydi ham, balandlatmaydi ham; birovni yaqin ham olmaydi, olislatib ham yubormaydi. Bu o‘rinda ham allaqanday mashinaga o‘xshashlik sezilib turadi. Ishni do‘ndirib qo‘ydingmi? Rahmat. Rasvo qildingmi? Yana bir urin. Qo‘lingdan kelmadimi? Boshqa joydan ish topishingga to‘g‘ri keladi… Birovning o‘rtaga tushmog‘iga hojat yo‘q. Chunki bu to‘nka ishdan boshqa hech narsani bilmaydi, hech narsani yuzxotir qilmaydi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, xushomadgo‘ylarga qiyin: rahbarlar qo‘yniga kirib ketishning mashqini olgan bu kimsalar, yangi xodimliklarida Asror Valiyevichning ham issiq bag‘riga bir-ikki talpinib ko‘radilar. Ammo “akaxon”ning issiq bag‘ri tugul, tafti urib turadigan masofaga ham yetib kelolmay, biroz gangib yurishgach, o‘zlariga xos uddaburonlik bilan, faoliyatlariga mos keng maydon axtarib, boshqa idoraga ishga o‘tib ketadilar.
Asror Valiyevichning ayniqsa, ranglarni farqlashda ajabtovur qobiliyati bor. U “bu ko‘k”, “bu yashil” deb qo‘ya qolmaydi. U turfa nimranglarni, nimchorak ranglarni va hatto nimmingranglargacha ko‘radi. Masalan, matolarning nusxalarini ko‘zdan kechirar ekan, “bu biz kelishganday yashil emas”, “bu arg‘uvon tus bo‘lishi kerak edi”, “havorang bunday bo‘lmaydi” kabi juda ko‘p qisqa, lekin zaharxanda tanbehlar aytadi. Tajribali mutaxassislar uning tanbehlarini ortiqcha mulohazalarsiz, taqdirning hukmiday qabul qilishadi. Chunki Asror Valiyevichning rangni sezishda tengsiz ekanligini ichlarida allaqachon tan olishgan. Ular bir-birlariga nimtabassum-la ko‘z urishtirishib, “qoyil” deganday boshlarini sarak-sarak qilib qo‘yishadi, xolos. Ba’zan yangilardan birortasi ishonqiramay, andaza nusxani pesh etib qolgan paytlari ham bo‘ladi. Bunday paytlarda Asror Valiyevich e’tiroz bildirmaydi, faqat bu haqtalabga ko‘rga qaraganday achinib bir nazar tashlaydi-da, “Van Gog”ni chaqirishlarini so‘raydi.
“Van Gog”, idoraning tan olingan qiziqchilaridan Shodmonbekov aytganday, “sonda yo‘g‘u sifatda bor”lardan. Kamgap, odamovi, sochlari yelkasiga tushgan, bir qadar isqirt kiyinib yuradigan bu odamning asl ismi Boqibek. Idorada uning nima vazifada ishlashini hech kim bilmaydi. Lekin bo‘sh o‘tirganini ham hech kim ko‘rmagan. Shior yozadimi-ey, banner yasaydimi-ey, kompyuterda surat soladimi-ey… Idoradagi hamma xonalarning dizayni ham shu “Van Gog”ning qo‘lidan chiqqan. Bu xonalarning birortasiga ish bilan kirgan odam, “ammo… lekin… zo‘r-ku!..” qabilidagi so‘zlarni chaynab, nimaga kelganini birdam unutib qo‘yadi. Ulardan ba’zilari idoralarini yoki uyini xuddi shu yo‘sinda yasantirmoq orzusida Boqibekni “arenda”ga ham olmoqchi bo‘lganlar. Ammo ustasi farang ularning taklifini bosh egib eshitganu, lekin hech yoqqa bormagan. Gapi yerda qolishga ko‘nikmagan ba’zilar qizishib, katta-katta pul ham va’da etishgan. Boqibek tushunmaganday yelka qisib qo‘ya qolgan. “Bu bolani qo‘yinglar, – degan gapi qaytmaydiganlarning dunyo ko‘rganlaridan biri. – Pulga qiziqmas ekan. Shuncha pulni va’da berib turibmizu ko‘zi yaltiramadi-ya!” Boqibek ba’zan besh-to‘rt kun ishda ko‘rinmay qoladi. “Ichayapti”, deyishadi bu yolg‘onchi dunyo­da biror-bir yaxshilik ro‘y berishidan umidini uzganlar; hali ham g‘aroyib mo‘jizalardan umidvorlar esa, uning “surat chizayotganidan” bashorat qilishadi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i Muyassar Qodirovnaning qiyofasi esa bu kunlar juda o‘zgarib ketadi: qovog‘i osiladi, rangi o‘chadi, ingichka lablari yanada ingichkalashadi. Uning yurish-turishi jangda halok bo‘lgan eri uchun qasos o‘tida o‘rtanayotgan yosumannimi-ey, jodugarnimi-ey eslatadi. U yo‘lakda duch kelib, hol so‘raganlarga idorada tartib qolmaganidan shikoyat qiladi. Stalin zamonida bunday tartibbuzar zararkundalarni turmaga tiqishganini televizordan o‘z qulog‘i bilan eshitganini allaqanday orzumandlikda so‘zlab beradi. Bizda esa!.. Idorada qiziq voqealar ro‘y bermasa, zerikib qoladiganlar, Boqibekning shoxi yo‘qligini Muyassar Qodirovnaga eslatadilar. Bir parcha qog‘ozga raport yozib, “katta”ning oldiga kirishni maslahat beradilar. Muyassar Qodirovna Van Gogni shoxli tarzda tasavvur etadi, shekilli, benajot qo‘l siltaydi-da, jahlg‘ayrat yurishda o‘z xonasiga yo‘l oladi. Uning bo‘zarib ketgan yuzi endi ko‘kimtir tus ola boshlaganini barcha aniq ko‘radi. Shu idora ham o‘lib ketsin, Van… Nima edi?… O‘sha ham ordona qolsin! Nima, “katta”ga raport yozib kirmaganmi? Kirgan. Bir emas, bir necha marta kirgan. Asror Valiyevich o‘qib ko‘rgach, uning ko‘zi oldida raportni yirtib, chiqindi qutiga tashlagan! Bechora Muyassar Qodirovna uning bu ishini anglishmovchilikka yo‘yib, gap sababsiz uch kun ishga chiqmay, mehnat intizomini qo‘pol tarzda buzgan Boqibek haqida ketayotganini aytgan. Gap nima haqida ketyapti? Asror Valiyevich o‘z odatiga ko‘ra his-tuyg‘usiz, biror-bir so‘zga urg‘u bermasdan so‘ragan bo‘lsa ham, jerkinibroq gapirgani har holda sezilgan. Mehnat intizomi uchun jon kuydirib turgan sodda Muyassar Qodirovna buni payqarmidi! Boqibek-chi… Normurodov… Van Gungmi… O‘sha alkash uch kundan buyon… U oxirigacha gapirolmagan. Boshliqning labida zohir bo‘lgan bilinar-bilinmas zaharxanda tabassumga nazari tushgach, miyasida fikri bir damda chalkashib, noqulay tortib, so‘zdan to‘xtagan. “Sizga bir topshiriq bor”, degan Asror Valiyevich. Muyassar Qodirovna shosha-pisha qalam-daftar olib, yozishga chog‘langan. Xo‘sh?.. Bundan buyon Boqibek Normurodovning ustidan shikoyat bilan bu kabinetga kirmang. Nega? Axir… Tushunmagan ishingizga aralashmang… Shu alkashni tushunmaydimi? Tushunmaysiz. Boring. Van Gunglaringiz bilan shug‘ullanib yuravering. Ha, aytganday odamlarni ta’qib qilishni ham bas qiling. Bu yer SRU emas, idora. Odamlar erkin o‘tirib, emin ishlashi kerak…
Muyassar Qodirovna yer bilan bitta bo‘lib chiqib ketgan. Ayniqsa, biroz vaqt o‘tgach, Shodmonbekovday tilining suyagi yo‘qlar orqavoratdan unga ham “Van Gung” deb laqab qo‘yib olganlarini sezgan. Bular Muyassar Qodirovnaning ildizi qayerga borib taqalishini bilmaydilarmi? Bilishadi. Bilib turib gapirishadi. Umrida biror bir kitob o‘qimagan Muyassar Qodirovna yana televizorda eshitgan Stalin zamonini eslaydi.
Xullas, Asror Valiyevich yo‘qlagandan keyin Van Gog kabinetga salom-aliksiz kirib keladi. Boshliqning imosidan so‘ng, andazaga va boshliqning e’tiroziga sabab bo‘lgan matoga bir qur nazar tashlaydi-da, bosh chayqaydi. Bu harakat – uning qat’iyan qaror chiqargani. Asror Valiyevich Van Gogni savolga tutadi. Nima bo‘lgan ekan? Shu… Nima shu? Bu mato andazadagiday moviy emas. Nega? Texnologiya buzilganmi? Yo‘q. Nima bo‘lgan? Bo‘yoqni ayashgan.
Boshliq Boqibekka javob beradi-da, u bilan bahslashishga jur’at etgan haqtalabga o‘giriladi. Nima dedi? Bo‘yoqdan tejalgan dedimi? Jaydari til bilan aytilsa, o‘g‘irlangan… Haqtalab nodon nimadir demoqchi bo‘ladi. Ammo Vali Asrorovich chilla ayozining nafasi ufurib turgan bir qarash bilan uning tilini tanglayiga yopishtirib qo‘yadi. So‘ng allaqanday behis – o‘sha mashina ovozda bir tekis gapira boshlaydi: “Yo bu sohaning odami emassiz, yo ishlashni bilmaysiz, yo firibgarsiz, yo firibgarlarning qo‘lida o‘yinchoqsiz! Iltimos, ertaga soat o‘nda taxminlarimning qaysi biri to‘g‘ri ekanligidan meni ham xabardor etib qo‘ying… Xo‘sh, endi navbatdagi masalaga o‘tamiz…”
Butun mamlakat bo‘ylab shox otgan bu idorada ish tig‘iz, hatto allaqanday zalvorli. Mas’uliyatning zilini barcha xizmatchilar har daqiqada yelkasida sezib ishlashadi. Bu yerda vaqt ham allatovur zich bir tarzda o‘tadi. Vazifa aniq ekanligidan paydo bo‘ladigan qizg‘inlik bu yerda yaralib, idoradan tashqariga lovullab chiqadi. Ammo baribir ish zalvori odamlarni toliqtiradi. Shunda bir xillikka yana Van Gog allaqanday o‘zgacha bir rang kirgizadi.

* * *

Ertalab ishga kelgan odamlar ishxonaning foyesi va yo‘laklari birdan o‘zgarib, ajabtovur tusga kirganini his qiladilar. A!.. Devorlarda rasmlar… Rango-rang, turli-tuman rasmlar! Ular o‘zga dunyolardan kelgan mo‘jizalar kabi atrofga bilinar-bilinmas – allaqanday sirli mavjlar tarab turganini hamma birdan sezadi. Idoraning biror xodimi odatdagiday shoshib xonasiga o‘tib ketolmaydi. Suratlardan oqayotgan maftunkor kuch ularni beixtiyor to‘xtatadi. Hamma suratlarni tomosha qilishga tushadi. “Juda zo‘r ekan!”, deydi kimdir, kimdir vaqt topib, muzeylarga bormaganidan afsuslanadi, kimdir jimgina “Qoyil!” deganday bosh chayqaydi. Kollejni bitirib, bu idoraga yaqindagina ishga kelgan yoshgina qiz – Jasmina foyega kirgan zahotiyoq, devorlarga bir qaraydi-da, birdan quvonchdan yarqirab, “Voy!” deb yuboradi. Nafaqa yoshidan oshib, ishdan bo‘shatilishini qo‘rqibgina kutib yurgan Jo‘ra Olimovich esa “Bizlar ham yurgan ekanmiz”, deydi yuz-ko‘zi yorishib. U negadir tetik tortadi. Bosh hisobchi Jamila G‘afurovna esa, qip-qizil gullar aks ettirilgan natyurmortga tikilgancha ko‘zlari yoshlanadi. Ayol ko‘zyoshlarini bildirmay artarkan, qachonlardir unga sovg‘a qilingan qirmizi guldastani eslaydi. Guldastaning rangi shu qadar nafis, shu qadar jozibali ediki, keyinchalik biror-bir anvoyi gul o‘shanda tuygan shavqini unga hadya etolgan emas. Ko‘nglida hozirgacha yarali qonga mengzab yashovchi gullarni hayotda hech qachon uchratolmadi. Mana endi o‘sha guldasta ramkaga solingan mana bu suratdan, tiriklikdan tirik bir asnoda, uning ko‘z oldida lovullab turibdi…
Xodimlar o‘zlarini hamishagiday tutishga harakat qilishadi, ammo aniq fikr­lashdan boshqa hech narsa yo‘lamaydigan bu ishxonada nimadir o‘zgargani shundoq sezilib turadi. Topishningmi, yo‘qotishningmi, yoxud sog‘inchningmi – armonli bir sururning bo‘yi havoni tutgan, bu hol ko‘ngillarni mayda-chuyda tashvishlardan birdam ozod etib, odamlar unutib yuboryozgan hurlikkami-ey, cheksizlikkami-ey – allatovur ko‘ngil yo‘liga chorlayotgani tobora ayon bo‘lib boradi.
Bu xatarni barchadan avval Muyassar Qodirovna payqaydi.
– Ish vaqti boshlandi! – deydi u allaqanday rasmiy, bir qadar robotning ovozini eslatadigan quruq tovushda.
Hamma o‘ziga keladi. Chunki deyarli tiriklik alomati sezilmaydigan bu ovozning ohangida allaqanday pinhon vahima bor edi. Bu ovoz – temir mantiqli qonunlarning, ulug‘vor idoralarning, derazasiz moshinalarning, pogonli odamlarning – inson taqdirini bir imo bilan hal etadigan dahshatli qudratning shu yergacha yetib kelgan oqovasi ekanligini hamma biladi. Xodimlar aziz bir nimadan ayrilib qolayotganday yuraklari achib, suratlarga yana bir qur nazar tashlagan ko‘yi, negadir xijolat tortib, xonalariga tarqashga hozirlanadilar va… birdan taraddudlanib to‘xtaydilar. Birov shosha-pisha qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi, birovning yuzida yasama kulgi jilvalanadi…
Foyega Asror Valiyevich kirib keladi. U odatdagiday, xodimlarning salomiga yo‘l-yo‘lakay alik olgancha, shiddat bilan yo‘lak to‘rida joylashgan kabineti tomonga yo‘naladi. Ammo bir-ikki qadam bosgach, nimnigohi bilan devorlardagi rasmlarni payqaydi-da, shiddati pasayib, to‘xtaydi. “Adashmadimmi?” degan asnoda devorlarga betartib osilgan rasmlarga negadir garangsib qaraydi… va o‘zgara boshlaydi. U lahzada atrofidagi odamlarni, ishxonani, ishxonaga nima kelganini, martabasining viqorini – hamma narsani tamom unutadi. Hatto atrofdagilarga u o‘zining kimligini ham esdan chiqarayotganday tuyuladi. Xodimlar uni allaqanday bir tarzda ichidan nurlana boshlaganini va hozir yuraklarni ne ajib ko‘ylarga solgan devorlardagi rasmlarga nimasi bilandir o‘xshay boshlaganini his qiladilar. Asror Valiyevich, suratlardan ko‘z uzmagan holda, unga mashinaning oldida peshvoz chiqishga ulgurmagan, shu sababdan ortiqcha shoshib, yo‘lakdan yugurgilab chiqqan yordamchisiga plashini va portfelini nimbehush bir holatda uzatadi-da, suratlarni yutoqib tomosha qilishga tutinadi. Qachonlardir o‘lib ketgan aziz odamini nogahon tirik uchratib qolgan kasning karaxt hayronligiga mengzash bu yutoqish uning butun vujudini qamrab olgan – u hadeb yutinadi, burni va peshonasida reza ter paydo bo‘ladi.
Negadir jimlik cho‘kadi. Asror Valiyevich bu jimlikni ham sezmaydi. Muyassar Qodirovnani esa endi beixtiyor boshliqni hayajonlanib tomosha qilishga tushgan odamlar xavotirga soladi. Ular negadir hozirgina suratga lolu hayronlikda termilishganday boshliqqa tikilib qolishgan edi. Xullas, bu yerda xodimlar bo‘limi boshlig‘ining fahmi yetmaydigan nimadir ro‘y berayotganday… “Nima, rahbar hayvonot bog‘idagi maymunmidiki, ular tomosha qilishsa!”, deb kuchi yetganicha o‘ylaydi ayol.
– Ish vaqti bo‘ldi! – deydi u endi qat’iylik bilan.
Muyassar Qodirovna bu gapini ko‘proq boshliq eshitishini xohlaydi. Ammo Asror Valiyevich eshitmaydi.
Uning ovozining temir jarangi faqat xodimlarni hushyor torttiradi. Ular foyeni qamrab olgan, allaqanday nafis va sog‘inchli bo‘ylarga to‘lgan havoni tark etgilari kelmay, istar-istamas, ikki tarafga shox otib ketgan yo‘laklarga taraladilar. Boshliq esa kartinalarni birin-birin tomosha qilarkan, vaqt o‘tayotganini sezmaydi. Har kun ertalabki qisqa majlisga ko‘nikkan katta-kichik rahbarchalar daftarchalaru ruchkalarini hozirlab, odatdagiday, Asror Valiyevichning qabulxonasi tarafga yo‘naladilar. Ammo boshliq hamon foyeda ekanligini ko‘rishib, arosatda to‘xtab qolishadi. Muyassar Qodirovna endi bu quyushqondan chiqishga jiddiy aralashmasa bo‘lmasligini jonu taniga singib ketgan teran mas’uliyat bilan his etadi. U odamlarga qo‘li bilan “yo‘qolinglar” ishorasini qiladi. Ularning g‘oyib bo‘lganiga ishonch hosil qilgach:
– Asror Valiyevich… – deydi yurak yutib. – Asror Valiyevich…
Boshliq unga qayrilib ham qaramaydi. Faqat rasmlardan ko‘z uzmagan asnoda, butun vujudi bilan og‘rinib:
– Jim, – deydi. – Jim!..
U rasmlarni navbat bilan, sinchiklab tomosha qila boshlaydi. Ayniqsa, bir kartina ro‘parasida uzoq ushlanib qoladi.
…Bulutsiz osmon. Huvullagan dashtu qir. Qip-yalang‘och. O‘t-o‘lanni yozu kuz allaqachon yanchib, vaqtga sovurib yuborgan. Bir chetda ahyon-ahyonda o‘tadigan mashinalarning izi qolgan jaydari tuproq yo‘l. Yo‘lning chetida bir qishloqi chol nevarasi bilan moshina kutib o‘tiribdi. Egnida chopon. Boshida salla. Nevarasi ham choponginada. Ular juda mitti tasvirlangan, hatto yuz-ko‘zlari ham ko‘rinmaydi. Ammo ularning bu ushoq tasvirlaridan allaqanday intiqlik, intizorlik, shu bilan birga yurakni orziqtiradigan noma’lumlikning havosi taralmoqda… Umri shu dashtu qirlarda o‘tgan chol nevarasini qay taqdir sari boshlamoqda? Ular qayerga ketyapti? Kimni kutishyapti? Ularning boshidan ne savdolar kechadi? Nechun bunchalar hasrat? Dala-dashtning sukunatiga qorishgan bu keksaligu yoshlik allaqanday cheksiz qamrovli qudratning changalida nega bu qadar some turibdi? Taqdir ularni qayga uchirib ketadi?..
Birpasdan so‘ng Asror Valiyevich ilkis bezovtalanadi-da, ko‘zlarini rasmdan uzolmay, bir qo‘lini ortiga cho‘zib, ko‘rlar kabi nimanidir betoqat izlashga tushadi:
– Qani! – deydi u besabrlik bilan. – Qani!..
Muyassar Qodirovna hech narsani tushunmay, lekin tashabbuskor xodimga xos shijoat bilan boshliq so‘rayotgan narsani muhayyo qilgani yo‘lakka otiladi. Ammo bu bema’nilik yugurishining muddaosini o‘zi ham anglamay, to‘xtab qoladi:
– Asror Valiyevich! Nimani olib kelay?
Boshliq o‘ziga o‘xshamay g‘ijinadi:
– Qanaqa “nima”?.. Van Gogni toping!
Iloyo, shu Boqiboy Van Gung bo‘lmay ado bo‘lsin! Shunga shuncha vahima-ya! Yurgandir-da bir ochiq lahatda, ipirisqi tortib! U tartib-intizomni pisand qilarmidi! O‘zi xon, soyasi maydon! Mushugini “pisht” deb bo‘lmasa! Ishdan haydab bo‘lmasa!..
Bu so‘zsiz monolog Muyassar Qodirovnaning alamli yuragidan bir “tiz” etib, tovushsiz otiladi… va shu zahotiyoq xodimlar bo‘limi boshlig‘ining ko‘zi Asror Valiyevich tomon sharpasiz yurib kelayotgan Van Gogga tushadi. Voy, qurib ketgur! Arvohga o‘xshamay, battar bo‘lgur! Osmondan tushdimi?
– Topibsan! – deydi Van Gogga allaqanday hayajonlanib boshliq. – Juda topibsan! Yaydoq kuz bo‘lgani ham yaxshi! Mezonlar uchadigan paytda, a?
– Sezdingizmi? – deydi Van Gog ko‘zlari beozor nurlanib. – Albatta, mezonlar uchib yuribdi-da!
So‘ng jiddiy bir tarzda qo‘shib qo‘yadi:
– Buni ko‘rgan ko‘radi!..
Muyassar Qodirovna ham kartinaga ilk bor ko‘z tashlaydi. Bu ikkovi uni masxara qilishyaptimi? Mezon qani? Jinni-pinni bo‘lib qolishmaganmi?
– Shamol-pamol yo‘q! – battar quvonadi Asror Valiyevich. – Mezonlar havoda behushgina suzib yuribdi…
– Ha-a!.. – deydi boshliqning tushunayotganini ma’qullab Boqiboy. Keyin allaqanday o‘yga tolib gapira boshlaydi. – Bu kartinani, shu… kattaroq qilib chizish kerak edimi-ey! O‘shanda yana-da…
– Yo‘q! – keskin e’tiroz bildiradi boshliq. – Shu holida yaxshi! Umuman teginmang! O‘zi Xudo bergan narsalar bo‘ladi! Bu kartinani sizga Xudo bergan! Tegmang! Buzasiz!
– Endi… – so‘z axtarib kalovlanadi Boqiboy. – Yana-da… kartinada havo mo‘l bo‘lardimi, deb o‘ylayapman-da…
– E, dunyoning hamma havosi bor, bu kartinada…
– Shoshmang-da… – Van Gogning tiliga yana so‘z kelmaydi.
– Bu-za-siz!
Boqiboy ko‘nmay bosh chayqaydi. Asror Valiyevich negadir quvonib, Boqiboyning yelkasidan quchadi:
– Yuring, ichkarida gaplashamiz! Yuring!..
Boshliq ajib bir g‘ayratu shijoatda Boqiboyni yelkasidan qo‘yib yubormay, kabineti tomon boshlaydi.
Muyassar Qodirovna serrayib qoladi. So‘ng yo‘lakdan chiqib kelayotgan bosh hisobchi Jamila G‘afurovnaga ko‘zi tushadi. U xodimlar bo‘limining boshlig‘ini ko‘rmaganday o‘tadi-da, teskari turgancha, qirmizi gullar chizilgan kartinani tomosha qilishga tushadi. Yuzi ko‘rinmasa-da, bosh hisobchining hayajon girdobida to‘lg‘onayotganini, chuqur-chuqur nafas olganini; hatto zo‘riqishini bosib, besas xo‘rsinishga harakat qilayotganini Muyassar Qodirovna his qiladi va nogoh uning yelkasi titrayotganini ko‘radi.
– Nima bo‘ldi?
Muyassar Qodirovna shoshgancha borib, bosh buxgalterning yelkasiga astagina qo‘l tashlaydi:
– Nima bo‘ldi?
Jamila G‘afurovna allaqanday karaxtlikda burilib, tanimaganday unga qaraydi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan. So‘ng ilkis o‘zini qo‘lga olib, yoshlarini shoshib artadi:
– O‘zim… – deydi jilmayishga harakat qilib. – O‘zim…
Ammo ichini o‘pirib kelayotgan o‘kirik yuzlarini qiyshaytirib yuboradi. U bosh eggancha, yo‘lakka otiladi.

* * *

Shu kun idorada marom buziladi. Natijada antiqa voqealar ro‘y bera boshlaydi. Avvalo, bu idora paydo bo‘lganidan buyon o‘tkaziladigan, nafas olish kabi odatiy holga aylanib qolgan ertalabki yig‘in o‘tmay qoladi.
Qabulxonaga odatdagiday birinchi bo‘lib Shodmonbekov bosh suqadi va hami­shagi hazili bilan kotibaga murojaat qiladi:
– Yosumanxon, – deydi u kabinetga imo qilib. – Kiraveraylikmi?
Kotibaning peshonasi tirishadi:
– Yuz marta aytaman, Zafar Rasulovich, menya zovut Jas-mi-na!
Shodmonbekov ham yuzinchi bor gapidan qaytmay, takrorlaydi:
– O‘zbekchasi “Yosuman” bo‘ladi-da, onajonim! Davlat tilida aytayapman!
– Nu, chto mne teper delat? Roditellarim o‘rischa o‘qigan…
– Mayli, onam, mayli… Faqat mustaqil bo‘lganimizga ham, mana, yigirma yildan oshib qoldi-yov… Shu ismingizni o‘zbekcha qilib, yozdirib oling, tamom-vassalom!
Kotiba battar tutoqadi:
– “Yosuman” deb yozolmayman! U, axir o‘zbekchasiga, okazыvayetsya… Naqa… “Jodugar” degani ham ekan-ku!
Shodmonbekov xandon otib kuladi.
– Yosuman shunaqa gul, onam. Unga qo‘ngan hasharot qaytib ucholmaydi. Yopishadi-qoladi. Sehrlab tashlaydi. Xuddi sizning o‘zingiz! Sizga ham bir ko‘zi tushgan ishqingizda jodulanib, ado bo‘ladi! Siz esa ularga hasharotga qaraganday ham qaramaysiz! Voh, qancha odam ko‘yingizda hasharotday o‘lib ketdi!.. Eh, Yosumanxon! Yosumanxon!.. – u yana Asror Valiyevichning kabinetiga imo qiladi: – Kiraveraylikmi?
Jasmina postda turgani esga tushganday, birdan jiddiy tortadi:
– Yo‘q, – deydi u va kompyuterda qandaydir bir matnni jadal tera ketadi. Bu – kotibaning “gap tamom, hazil tugadi” degani ekanini hamma biladi. Ammo ertalabki yig‘inni bekor qilish…
Shodmonbekov ham hazillashishni unutadi:
– Hozir… majlis!
Jasmina vaziyatning ahamiyatiga mos sukunat saqlaydi.
– Asror Valiyevich, – deydi u so‘ng negadir qizishib. – “Hech kimni kirgizmang”, dedi! Men: “Hozir pyatiminutka”, skazala. “O‘zbekchani tushunmaysizmi?” dedi u kishi… Nu, dalsya mne etot uzbekskiy!..
Jasminaning barmoqlari negadir juda jadal ishlay boshlaydi.
Shodmonbekov nima bo‘lganini tushunolmay garangsiraydi. Axir bu idorada yigirma yildan buyon xizmat qiladi. Xudo bergan ish kuni shu yig‘in bilan boshlangan. Bu yig‘in kayfiyatingu ko‘nglingga qaramasdan, “avval mendan o‘tib ol, qolganini ko‘ramiz” yo‘sinida bezrayib, xuddi taqdirning tavqi la’natiday naq sakkiz yarimda yo‘lingni qaroqchiday to‘sadi. Buning ustiga anavu Asror Valiyevich!.. Na bir hazilni biladi, na bir xush gapni… Xuddi moshinaning o‘zi! Undan ko‘ra temir bilan, tosh bilan majlis o‘tkazgan yaxshi! Har holda ularning ko‘zi yo‘q. Boshliqning ko‘zi! Bir sovuq qarasa, muzing bir hafta erimaydi!.. Endi qanday qilib?..
Xohlasa hammani gap bilan o‘tqizib qo‘yadigan, xohlasa mutoyiba bilan ko‘ngillarni bahor qiladigan Shodmonbekov birdan dovdiraydi:
– Men… nima qilay?
Jasmina birdan ishdan to‘xtaydi:
– Zafar Rasulovich… Kak-to… naqa.. a? Ne to!…
– Onam, ichkarida biror odam bormi?
Jasmina davlat ahamiyatidagi sirni oshkor etishga chog‘langanday chuqur nafas oladi. Klavishlarni o‘zlari topib ishlayotgan barmoqlari keskin to‘xtaydi.
– Bor! – deydi u. – Bor! Anu… Kak yego… Van Gog! Oni tak bes-se-duyut!… Shunaqa gaplashishayati-i-i!…
– A-a…
Shodmonbekov birdan nimanidir fahmlaydi. U duch kelmagani allaqanday haqiqat bu ishxonaga oralab qolganini, bu haqiqatni faqat ichkaridagilar – majlisni bir tiyin qilib o‘tirgan Asror Valiyevichu suratlar osib, foyeni sehrli bir maskanga aylantirgan Van Gog anglashini; ular hozir bu anglamoqning shavqida mastu alast suhbat qurayotganlarini negadir yuraklari orziqib tasavvur qiladi. U Jasminaning ham allatovur xayollanib turganini ko‘radi.
– Yaxshi bo‘ldi-ya, Zafar aka? – deydi qiz allanechuk bo‘lib. – Suratlar… Kak xorosho!..
– Nimasini aytasiz!..
Shodmonbekov mana shu yurak orziqishi yetagida o‘rnidan xayollanib turadi-da, ko‘ksi notanish – farahli havoga to‘lib, foyega qarab jo‘naydi.
U suratlar osilgan foye ham mana shu notanish havo bilan to‘lganini, bu havo foyedan toshib yo‘lakka, xonalarga, kabinetlarga – butun ishxonaga va hatto xizmatchilarning yuraklariga ham sochilib borayotganini; ishxonaning devorlaridan oshib o‘tib, tushunuksiz sog‘inch va hazinlik sochgancha dunyo bo‘ylab taralib borayotganini ham his qiladi.

Jasmina esa shu allanechuk kayfiyatda o‘tirib qoladi. Boshi qushga aylanib, bexos uchib ketayotganday kallasini ikki qo‘li bilan mahkam changallaydi. Ko‘zlarini yumgan tariqa, bor bo‘yicha o‘ziga cho‘kib, o‘yga toladi. So‘ng nogoh yong‘in xizmatiga falokatdan xabar beradigan odam hovliqishida shoshilib, telefon raqamlarini tera boshlaydi.
– Allo… Allo!.. Meni kechir!.. – deydi u o‘rtanib telefonga. – Prosti!.. Men aybdorman!.. Nima? Vstretimsya? Ko‘rishamizmi? Qayerda?.. Tushunarli! Mogu! Boraman! Hozir javob olaman-da, yuguraman! Begu, jonim! Begu!..
U shoshgancha o‘rnidan turadi-da, Asror Valiyevichning kabinetiga qarab yuradi. So‘ng “e, nima bo‘lsa, bo‘lar” qabilida qo‘l siltab, yo‘lakka, yo‘lakdan odamlar suratlarni tomosha qilayotgan foyega, foyedan go‘yo yiqilib tushayotgan osmonga ko‘zi tushganday vahimada turgan Muyassar Qodirovnaning yonidan yugurgilab o‘tgancha uni kutayotgan, sog‘inayotgan, o‘rtanayotgan tashqariga yo‘l oladi.

* * *

– Nihoyatda quvondim, – deydi Asror Valivich xonasida chir aylanib yurar ekan. – Zo‘r! Bunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagan edim! Qoyil! Faqat… u suratni buzmang!
Van Gog boshliqni tanimaydi. Bu so‘zidan ko‘ngil bo‘yi ufurib turgan odam qaydayu, Asror Valiyevich qayda! To‘g‘ri, Asror Valiyevich uni juda hurmat qilishini, hatto mehr bilan ardoqlashini u hamisha sezib, qadrlab yurgan, ammo uning ichidan quyosh chiqib kelayotganday porlab turishini birinchi bor ko‘rayapti! Go‘yo qarshisida samimiyat taratib ko‘ngilning o‘zi so‘zlayotganday!
Van Gog beozor jilmayadi:
– Yo‘q… Men sezib turibman-da, agar…
– Men ham sezib turibman! – Asror Valiyevich ijodkorlarda bo‘ladigan qizg‘inlikda uning gapini shartta kesadi. – U mukammal surat! Tushinayapsizmi? Mu-kam-mal! Qosh qo‘yaman, deb, ko‘z chiqarib qo‘yasiz!..
– E!.. – Van Gog ham ilkis o‘rnidan turib ketadi. – Chalaligi bor-da!..
– Bu asar, – Asror Valiyevich Van Gogning qarshisiga bahs mavjida yurib keladi. – Mana shu chalaligi bilan go‘zal!..
Endi Van Gog ham qarshisida boshliq turganini tamom unutib qizishadi:
– Tavba, chala asar ham mukammal bo‘lar ekanmi?
Asror Valiyevich ham nimadir demoqchi bo‘ladi, ammo birdan jiddiy tortib, Van Gogning ko‘ziga tik qaraydi:
– Ichmaymizmi?.. – deydi u zo‘riqibroq. – Yigirma yildan buyon ichmaganman. Ammo hozir… bir o‘tiraylik!
Van Gog yuzida yana beozor jilmayish paydo bo‘ladi.
– Mayli, – deydi u boshliqning gapidagi zo‘riqishni ilg‘amaganday va tashqariga qarab yo‘naladi.
– To‘xta!
Asror Valiyevich burchakdagi devorga o‘rnatilgan seyf yoniga shaxdam yurib boradi-da, allaqanday g‘ayrat bilan murvatlarni “sharaq”latib burab, eshikni ochadi. Bir pachka pul olib, Van Gogga uzatadi.
– Ol! – deydi u g‘ayrati qo‘zib. – Bir o‘tiraylik!.. Gazak olishni ham unutma.
Van Gog pulni oladi-yu, negadir ikkilanib turadi.
– Balki… – deydi boshliqqa sinovchangina nazar tashlab. – Tashqarida, biror pastqam joyda o‘tirarmiz…
Asror Valiyevich derazaga, cheksiz tashqari huvullab yotgan tarafga negadir noxos cho‘chib qaraydi:
– Yo‘q, – deydi u shoshib. Uning yuzida bir zumgina nimadandir cho‘chish alomati “lip” etib paydo bo‘ladi. Ammo Asror Valiyevich unga yon bosmaydi: – Yo‘q! Shu yerda o‘tiramiz! Shu yerda!..
– Gap-pap bo‘lmaydimi?
Boshliq “bo‘lsa, bo‘lavermaydimi” deganday qo‘l siltaydi.
Van Gog negadir quvonib, chiqib ketadi.

* * *

Yig‘inning bo‘lmasligi haqidagi xabar ishxonaga birpasda tarqaladi. Ishxona bugun jang qilish-qilmasligini bilmaydigan qo‘shinday beqaror bir vaziyatda turib qoladi. Go‘yo qurol-aslaha tayyor turibdi, dushman mo‘ljalga olingan, ammo o‘q-dori yetkazib beradigan aravalar karvoni noma’lum bir joyda qolib ketganday. Departamentu bo‘lim boshliqlari majhul bir qiyofada yo‘lakda sanqishga tushadilar. Har-har joyda mayda-chuyda suhbatlar davrasi paydo bo‘ladi. Ammo bir zum o‘tib, hamma foyega yig‘iladi. Boshqa xodimlar ham xonalardan birin-ketin chiqib kelib, suratlarni tomosha qilishga tushadilar.
– O‘rtoqlar! Ish boshlandi!
Ammo negadir Muyassar Qodirovnaning gapiga ehtimol ilk bor hech kim parvo qilmaydi. U namoyishkorona tarzda bu tartibbuzarlarni ro‘yxat qila boshlaydi. Maoshidan chegirib tashlashsin, keyin bilishadi surat tomosha qilishni! Qovun qovundan rang oladi deyishadi. Barcha xodimlar shu kallasi aynigan Van Gungning ishlashiga o‘tib olsa, nima bo‘ladi? Ishxonaning ishxonaligi qoladimi? Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketadi-ku!.. Ana, boshlandi!.. Yasan-tusandan boshqa narsani bilmaydigan bo‘yning uzilgur Jasmina unga parvo qilmay, yugurgilab ko‘chaga chiqib ketdi. Birpas o‘tib, Van Gung ham sirli jilmaygancha, o‘zining besharpa yurishida ko‘chaga sirg‘alib chiqadi…
Va foyeda Muyassar Qodirovnaning aqliga sig‘maydigan ishlar ro‘y bera boshlaydi. U avval Shodmonbekovning, so‘ng Jo‘ra Olimovichning oyoqlari yerdan uzilib ketayotganini ko‘radi. Ayol aqldan ozmadimmi, degan xayolda ko‘zlarini ochib yumadi. Ammo birin-ketin boshqalarning ham havoga ko‘tarilayotganini fahmlaydi. Muyassar Qodirovna ham negadir o‘zini yerdan ko‘tarishga urinadi. Ammo zil-zambil gavdasini yerdan uzib bo‘lmasligini payqaydi. Shu bilan birga bu parvozlarning oldini olish kerakligini, agar olinmasa, dunyo to‘s-to‘polon girdibodida adoyi tamom bo‘lishini aniq tasavvur qiladi. Odam qushmas-ku, axir! Idoraning ishini kim bajaradi? Oxir-oqibat “ko‘zing qayoqda edi, nega bunga yo‘l qo‘yding”, deb undan so‘rashadi-ku! Tezroq bu tartibsizlikning oldini olish kerak. “Bir tosh yiqilsa, tog‘ qulaydi”, deb qaysi bir shoirmi, mashoyixmi aytgan-ku, axir! U bor jon-jahdi bilan baqiradi:
– Men sizlarga aytayapman! Ish boshlandi!
Xodimlar bo‘limi boshlig‘ining ovozi bu safar nihoyatda vahimali va qo‘rqinchli tarzda jaranglaydi.
Birinchi bo‘lib, oqsoqol Jo‘ra Olimovich yerga “tap” etib tushadi.
– Obbo!.. – deydi u. – Odam ham shuncha nodon bo‘ladimi? Inson, bu ko‘rgazma har kun bo‘layotgani yo‘q-ku! Xudo shu ishxonaga bir inoyat qilib yuboribdi! Bu bo‘lsa…
Jo‘ra Olimovich gapini tugatmay, anchadan buyon kechirayotgan ehtiyotkor umrguzaronligidan nogoh toshqinlab, jadal yurishda xonasiga chiqib ketadi.
Asabiy bir sukunat foyeni tutadi. Oyoqlari yerdan uzilgan xodimlar birdan Yerning tortish kuchini his qiladilar va ularning parvozlari so‘lish olib, qovjirab, birin-ketin yerga qaytib tusha boshlaydi. Ular xodimlar bo‘limining boshlig‘idan taralayotgan qudratni ham birdan his qiladilar va endi nima bo‘lishini kutgan asno, qizarib-bo‘zarib ketgan Muyassar Qodirovnaning qarshisida karaxtlanib turadilar. Birozdan so‘ng Jo‘ra Olimovich toshqin yurishda foyega chiqib keladi-da, lolu hayronlikdagi xaloyiqning ko‘zi oldida uning bu misli ko‘rilmagan qilmishidan karaxtlanib qolgan Muyassar Qodirovnaning qo‘liga bir varaq qog‘oz tutqazadi:
– Mana! Ariza! Shu idorada dimiqib o‘lib ketmasimdan, nafaqaga chiqib olay! Axir, dunyoda ko‘ngil bor-ku! Dunyo keng-ku, axir! Dunyoni buncha tor qilib yubordingiz! Nafas olib bo‘lmaydi-ya!..
U Muyassar Qodirovnadan shartta ters o‘giriladi-da, kartinalarni tomosha qilishga tushadi.
Ammo idoralarda ro‘y berib turadigan har kungi ko‘ngil xiraliklardan biri bo‘lmish bu majaroning g‘uboridan rasmlar jozibasini birpasda yo‘qotadi. Ularni ko‘ngillar bilan bog‘lab turgan rishtalar “chirs-chirs” uzilib ketayotganini xodimlar shundoq sezib turadilar va noxos uyqudan uyg‘ongandek, g‘alati bir ahvolga tushadilar. So‘ng uyat ish qilib qo‘ygan kas kabi hamma uyalgannamo bir holatda xonalarga asta-asta tarqala boshlaydi. Xodimlarning bu hol ketishidan esa Muyassar Qodirovnaning ruhi ko‘tariladi. U g‘olib bir yurishda xonasiga shaxdam yo‘naladi. Ammo qip-qizil guldas­tani bag‘riga bosgancha, yo‘lakdan uchib kelayotgan Jasminaga nogoh ko‘zi tushadi-da, esi oqquday bo‘lib, to‘xtab qoladi. U uchayotgan odamni birinchi ko‘rishi edi. “E, odamzod bu dunyoda ivirsib-ivirsib, o‘lib ketadi” deguchi edi rahmatli onasi. Bu gap Muyassar Qodirovnaning qulog‘iga mahkam o‘rnashib qolgan. Shuning uchunmi, ayol ko‘zlariga ishonmaydi va vahima ichida o‘zini chetga oladi. Jasmina esa nogoh paydo bo‘lgan bu to‘siq yonidan qanot qoqib o‘tgancha, parvozini uzmasdan, qabulxonaga kirib ketadi.

Jasminaning to‘satdan uchib kirishidan qabulxona ham bir seskanib tushadi-da, hushidan ketguday bir alfozda lol qotib qoladi: televizor televizorligini esdan chiqaradi, telefonlar jaranglamaydi; hatto xonaga qamalib qolgan ariga mengzab mudom g‘o‘ng‘illab turadigan muzlatkichning ham ashulasi xayolidan ko‘tariladi. Jasmina esa ularga parvo ham qilmasdan ucha-ucha qo‘lidagi qip-qizil guldastani guldonga qo‘yadi. Gulning guldonda barq urib turishiga qanot qoqqancha erkalanib qaraydi. So‘ng kapalak monand havoda bir-ikki charx uradi-da, kompyuter qarshisidagi kresloga ilkis qo‘nadi. Va birdan mudom ishlab turadigan kompyuter yuzi qorong‘i tortib turganini ko‘radi. Ammo u kompyuterning bu holi o‘zi bilan bog‘liq ekanligini his qilmaydi.
– Chert! – deydi u uchib borib, chiroq tugmani “shiqil”latib ko‘rar ekan. – Yana tok yo‘q…
Shu payt eshikdan Jamila opa kirib keladi. U horg‘in. Yig‘i nuqsi qolgan yuzu ko‘zlari shishinqiraganday…
– Asror Valiyevich?..
Jamila opaning so‘zi chala qoladi.
Uning ko‘zi guldondagi gullarga tushadi.
– Voy!..
Allaqaydan bostirib kelgan bexos quvonch bosh hisobchining yuzu ko‘zidan yig‘i nuqsini bir lahzada yuvib ketadi.
– Bu gullar… qayerdan?
Jasmina baxtiyor kuladi:
– Podarili!.. Sovg‘a qilishdi!..
Uning gap-so‘zi, butun vujudidan yog‘ilib kelayotgan shodiyona bu gullarni kim tortiq qilganini shundoq aytib turadi.
– Qulluq bo‘lsin! – deydi Jamila opa ham ajib bir baxtiyorlik ichida. – Xuddi o‘zi… Ana u, foyedagi qizil gullar solingan rasmni ko‘rdingizmi?
– Natyurmotnimi?
– Ha-ha!.. O‘shaning xuddi o‘zi… O‘sha gullar! O‘sha!.. Bu qiz qayoqqa uchib ketyapti desam!..
– Qayerda ko‘rdingiz?
– Ko‘chada… Derazadan ko‘rdim! Bilsam, qizil gullarni bu qiz ham sog‘ingan ekan-da!.. Jasmina, siz bu gullar qaysi uzoqlardan kelganini bilmaysiz!
Jamila opa birdan yerdan ko‘tariladi-da, mastona bir uchishda gullarga engashadi. Ko‘zlarini yumgan tariqa hidlaydi. Yuzlariga gullarni ohista tekkizib silaydi – erkalaydi…
Shu payt Muyassar Qodirovna eshikda paydo bo‘ladi.
– Yarim soat ishda bo‘lmadingiz! – deydi u Jasminaga yuraklarga vahima soladigan rasmiy ohangda. – Tushuntirish xati yozing!
Jasmina ham, Jamila opa ham noxos yerning tortish kuchi paydo bo‘lganini, qanotlari esa qovjirab qolayotganini his qiladi. Ular suyanchlari birdan yo‘qolib, osmonu falakdan yerga bor bo‘ylaricha – beayov qulab tushganlarini sezadilar.

* * *

Asror Valiyevich derazadan ko‘chaga tikilib turibdi.
Ko‘chada kuz. Sarig‘u qizg‘ish ranglarda alangalanayotgan kuz. Daraxtlardan to‘kilayotgan barglar beshamol havoda qalqinib-qalqinib yerga, ko‘chaning ikki chetida qator terib qo‘yilgan mashinalarning ustiga beozor qo‘nadi. Yo‘lovchi avtomobillarning ortidan xazon to‘zg‘ib qoladi. Ishxonani o‘rab turgan ko‘m-ko‘k chimzorda o‘rikning qirmizi barglari sochilgan… Xazonrez! Daraxtlarda, havoda, yo‘lkalarda, gulzorda – butun dunyoda xazon! Naqadar bu kuzning hasrati ulkan. Dunyoning bor-budini – har bir zarrasigacha – bu za’faron so‘lg‘inlik zabt etganday!
Asror Valiyevich derazadan ko‘chaga necha yillardan buyon negadir ilk bor qo‘rqmay qarayapti. U hatto kuzning bahaybat g‘ussasi derazadan sizib o‘tib, zimillab yuragiga kirayotganini ham payqaydi. Nima bo‘lsa, bo‘ldi! Qarshilik qilmaydi. Mayli, kirsin!.. Mayli, uning ham yuragi xazon bo‘lsin! Axir, bir kungina yuragi ixtiyorida yashashi mumkin-ku! Uni asir olib ketishi mumkin bo‘lgan dunyodan qanchalar yashirinib yashadi. Qanchalar qochdi. Qishning ham, bahorning ham, yozning ham, hatto mana shu suyukli kuzning ham ko‘ziga tik qaramadi. O, bu jodugar faslni u qanchalar yaxshi ko‘radi! Ammo kuz bilan yurakni ochib, jim suhbat qilishdan qanchalar qo‘rqdi! Chunki aniq biladi: kuz uni ko‘ngli qo‘msagan tomonlarga olib ketadi. U shuncha yillar o‘zini jilovlab, kishanlab qurgan hayotidan mosuvo bo‘ladi! Kunpayakun bo‘ladi hayoti!
U ichidagi tubsiz zindonga o‘zi tashlagan narsaning kuchini yaxshi biladi! Har on uning hamlaga tayyor quvvatini ham sezib turadi! Biroz erkini ixtiyoriga bersang, girdobiga tortadi-ketadi! Osmonu yerning farqi qolmaydi o‘shanda! Sezgilaring o‘tkirlashadi. Dunyo ko‘zingga aldoqsiz ko‘rinadi. Go‘zalliklari, jilvalari, toshqinlari, fojialari, mehru muhabbati; adolati va adolatsizligi; pastligi va yuksakligi; sayozligi va teranligi bilan qarshingda namoyon bo‘ladi. Sen esa bu ko‘rinishning beayov azobida to‘lg‘onasan!
Unga qachonlardir bu azobdan xalos etishga ko‘mak berishgan. “Odam bo‘lib yashash” ilmini o‘rgatishgan. Hamma qatori kun ko‘rish lozimligini uqtirishgan va go‘yo barcha odamlar o‘ynab-kulib yashayotgan ko‘chaga kiritib qo‘yishgan. U o‘shanda bu ko‘chada Munis borligi uchun abadulabad baxtiyor bo‘ldim, deb butun ruhu vujudi bilan ishongan.
Ammo bariga kuz sabab…
Bundan yigirma yil avval kuz uni jodu aylab, Munisning ortidan sarson-sargardon ergashtirmaganmidi? O, o‘sha kuz! Daraxtlardan beshamol havoga ixtiyorini tashlab, uzilib-uzilib tushayotgan, yo‘lkalarga benajot cho‘zilib yotgan xazon yaproqlar! Yo‘lkaning boshida xazonni bosib o‘tishga jur’at topolmayotganday turgan qiz… Kuz ming jilvada to‘lg‘onarkan, shu qizga ro‘baro‘ etgan. Asror esa aqlu hushidan ayrilib – o‘zi ham tushunmaydigan kuchning uni uchirib borayotgan taqdirining qanotlari chirsillab yonib borayotganini ilg‘ab tursa ham qarshilik qilishning ilojini topolmagan. Umidini, maqsadini, jonu jahonini baxshida etib yuboravergan. Ammo taqdir tinchgina yonib ketavermas ekan-da! Burqsib, cho‘g‘lanib, g‘ashlanib, ko‘nglini kul to‘zoniga chulg‘ab, kunlarini xufton etgancha ortidan it kabi ergashib kelavergan. Bu ta’qibning bezovta hasrati uni bir lahza ham tinch qo‘ymagan. U esa faqat o‘sha kuzda uchragan qiz ko‘ziga tikilgancha, qachonlardir gardaniga qo‘yilgan majburiyatni bor kuchiyu irodasi bilan bajarishga urinavergan. Shuning uchun ham uni chorlab, har damda qaylargadir – ko‘ngilni mast-alast etib, yerning qa’rigami, yetti qavat falakkami, olib ketgisi kelib turadigan dunyoga tik qarashdan cho‘chigan. Ayniqsa, kuzdan ko‘zlarini olib qochgan! Bu fasl – sehrgar! Qo‘yib bersang, inon-ixtiyoringdan bir zumda judo qiladi!
Ammo bugun bu nogahoniy ko‘rgazma, o‘zini o‘zi zo‘rlab tiqqan zindonlaridan uni bexos ozod qildi! Mana, dunyoga shundoq tikka qarayapti! Nima bo‘lsa, bo‘lar!.. Bu Van Gog degan dahoning hunarini qarang! Tavba, ranglar ham shunaqa o‘rtanadimi? Bu suratlarning qarshisida o‘tirib, faqat o‘kirib yig‘lasang! Vujuding yo‘qolib, nurga aylangancha ho‘ngrasang! Buning ustiga bu kuz!…
Temir iroda bilan yasagani – hayajonu jo‘shishlardan xoli zindonning temir eshiklari qulab, yurak-bag‘ri hurlik havosida to‘yib nafas ola boshlaganini u yaqqol sezib turibdi! Nima, temir eshiklarning toqati toq bo‘lib, qulashga bahona izlab turganmidi yo?..

* * *

Eshikdan Van Gog kiradi. Lablarida o‘sha beozor tabassum. Qo‘lida qappaygan yelimxalta. Ammo endi yurish-turishida qandaydir ishchanlik va bilinar-bilinmas tantanavorlik bor. U boshliqning kabinetini besh qo‘lday biladigan odamday kengu mo‘l kabinetning to‘ridagi istirohatxona eshigiga imo qiladi:
– Kiramizmi?
Asror Valiyevich esa ichishni betoqat kutayotgan aroqxo‘r kabi xurram kayfiyatda kaftlarini bir-biriga g‘ayrat bilan ishqalaydi.
– E, tezroq bo‘l! Shu yerda ocha qol!
Van Gog qo‘lidagi yelim xaltani kabinetning bir tarafini egallagan keng- mo‘l “majlis” stolning ustiga qo‘yadi. U yoq-bu yoqqa qarab, Asror Valiyevichning stoli ustidagi gazetani oladi-da, stolning bir chetiga dasturxon qabilida to‘shaydi. Xaltachadan plastmassa idishlarni chiqarib, bir zumda qopqoqlarini ochib qo‘yadi. Keyin qayerdandir qo‘lida ochqich paydo bo‘ladi. Sehrli xaltadan chiqqan konservalar ham hademay yelkanli antiqa qayiqlar shakliga kirib, ularning hukmiga hoziru nozirlik holida turadilar… O! Van Gog bunday ishlarni qoyil qilar ekan-ku! Tajribasi borligi shundoq ko‘rinib turibdi. Sho‘r pomidoru bodring, kolbasa, qoqlangan baliq, shprot, kabob… Buning ustiga, qisqa qadah so‘zi – “Qani! Qani!”ga behad qizg‘in ma’no kirgizadigan qancha gazaklar! Ishtahani ochib, sabrni yo‘qotadigan mo‘jizalar! Bu tuyg‘uni u qachon tuygan edi? Ha, yigirma ikki yil avval! Yigirma ikki yil!..
– Tezroq ochsang-chi!
Van Gog boshliqning betoqat buyrug‘iga parvo ham qilmay, to‘g‘ri istirohatxonaga yo‘l oladi-da, lahzada ikkita piyola ko‘tarib chiqadi.
– Qadahingiz ham yo‘g‘-a!..
– Bo‘l!..
Van Gog xaltachadan nihoyat shishani oladi.
– O‘zimizniki. Lekin zo‘r!
Piyolalarga Van Gog aniq harakatlar bilan aroqni quyadi.
– Ammo, lekin qoyil! – deydi boshliq kimgadir taqlid qilib. – Bu ishda ham a’lochi ekansan!
Van Gog esa qo‘rqinchli boshliqning bu bola qiliqlariga parvo ham qilmaydi:
– Qani!
– Ichdim!..
Asror Valiyevich nogahon bayramga duch kelib qolgan bola kabi quvonib, piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatadi. Yuzlarini bujmaytirib, gazakni xuddi ertaklardagiday bir yamlab, ikki yutadi. So‘ng jilmayganicha Van Gogning ichib bo‘lishini kutib turadi. Ulfati piyolani bo‘shatib stolga qo‘ygach esa, birdan jiddiy tortib, gap boshlaydi:
– Bilasanmi, – deydi u, bu gaplarni endi kashf qilayotganday. – Hayotning ma’nosi nimada? San’atda!..
U allaqaydan ko‘ngliga oqib kirayotgan, o‘zi ham, unut bo‘lib ketgan davradosh birodarlari ham sarxush hushyorlikda qachonlardir gapirgan fikrlarni takrorlayotganini sezib turadi. Ammo so‘zlar ekan, ruhu vujudi yayrab qizishayotganini, bu tarzdagi suhbatlarni chidab bo‘lmas intiqlikda sog‘inganini his qiladi.

Muyassar Qodirovna bugun birdan mas’uliyatni unutib qo‘ygan boshliqsiz ham idorani yo‘lga solganidan, ishxona xuddi soatday bir maromda “chiqillab” ishlay boshlaganidan g‘ururlanib, yo‘laklarni ikki-uch bor aylanib chiqadi. So‘ng xonasini ichidan berkitib, Jo‘ra Olimovichning “delo”sini oladi. Har bir varaqni sinchiklab ko‘zdan o‘tkazadi. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lari haqidagi ma’lumotlarni alohida o‘rganib chiqadi. Bu qurg‘ur miyasi achigan chol bekorga dag‘dag‘a qilmayotgandir? Biror suyangan tog‘i bordirki, hammaning orasida arizani Muyassar Qodirovnaning yuziga otib chiqib ketdi! Ishongan tog‘i bor!
Ammo Muyassar Qodirovna qancha o‘rganmasin, miyasi achigan cholning ishongan tog‘ini topolmaydi. Ma’lumotlarni qayta-qayta ko‘zdan kechiradi. Yo‘q! Tep-tekis! Sahro!.. Endi uyi kuydi buning! Hech kiming yo‘q ekan, nega ko‘pirasan? Tinchgina yurmaysanmi, maoshingning ustiga nafaqangning yarmini qurtday sanab olib! Endi ketding! Har oyda nafaqani kuti-i-ib, to‘rt devor ichida o‘lganday bo‘lib o‘tiraverasan! Sen hali Muyassar Qodirovna bilan o‘chakishasanmi? Mana, hozir fe’lingga yarasha buyruq tayyor bo‘ladi! Qarabsanki, nafaqaxo‘rsan! Bu idorani endi tushingda ko‘rasan! He, o‘lib ket!..
Xodimlar bo‘limining boshlig‘i mana shunday g‘alvali ishlardan bosh ko‘tarolmay o‘tirarkan, ishxonada nimalar ro‘y berayotganidan ham, qachon ish kuni tugaganini ham bexabar qoladi.
Muyassar Qodirovnaning zug‘umidan keyin qanotlari singan qushday qunishib, ishga qo‘li bormay, derazaga qarab o‘tirgan xodimlar esa yana bir antiqa voqeaga guvoh bo‘ladilar. Tushlikka yaqin Van Gog ishxona eshigidan allaqanday bir mastona parvozda uchib chiqib, barglarini sochib yotgan daraxtlarni oralab birpas parvoz etgach, qaysidir bir falak sori qanot qoqib ketganini aniq ko‘radilar. Yo‘q, ko‘pchilik bunga ajablangani yo‘q! Chunki u devona odam-da! Uchsa, uchib ketaveradi! Ammo ular allaqanday zavq-shavqli parvozda ishxonadan otilib chiqqan Asror Valiyevichga ko‘zlari tushganda, o‘zlarga ishonmay, lolu karaxtlikda ko‘chaga qaragancha qotib qoladilar.

* * *

Asror Valiyevich piyoda yurmaganiga ancha bo‘lgan. Shuning uchunmi, kuzga qorishib yotgan shaharni avval tanimadi.
Buning ustiga, mashinada yuraverganidanmi, mashina oynasidan bo‘lsa ham dunyoga dadil ko‘z bilan qarashga cho‘chiganidanmi, ko‘rganlari bilan ko‘ngli o‘rtasida devor tashlab, atrofga nazar tashlaganidanmi, bu joylar unga notanishday tuyuldi. Axir, uch-to‘rt yo‘nalishdan mashina uni g‘izillatgancha olib borib, olib kelavergan – uydan xizmatga, xizmatdan uyga, idoradan falon majlisga, majlisdan ishga, ishdan uyga… Demak, bu shaharning shakli shamoyili xotirasidan ko‘tarilganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Demak, qachonlardir umrini yetaklab ketayotgan devonavash taqdirdan ayrilish oson kechmagan! Buning uchun inson xotirasini, hatto o‘zini ham esdan chiqarishga majbur bo‘lar ekan-da!
Ammo Asror Valiyevich noxos atrofida sochilib yotgan kuzni taniydi. Qachonlardir bu kuzakdan olgan toshqin g‘ussali darslar qaylardandir kelib, vujudini yana to‘ldirgancha, yuragini boshlab ketayotganini ilg‘aydi. Qayoqqa ket­yapti? Qayoqqa? Cho‘chimaslik kerak! Yurak aldamaydi! Yo‘q, aldamaydi!.. Ha, u bugun chalg‘idi. Kamgap haydovchini hayron qoldirgancha, kutilmagan bir joyda hapriqib, “To‘xtat!”, dedi-da, mashinadan shartta tushdi. Yuragi boshlayotgan yoqqa shoshilib ketarkan, mashinasi yonida unga hayron qarab turgan haydovchiga “ketaver” ishorasini qilgach, birov ushlab qoladiganday, shoshgancha yo‘lida davom etdi. Nega chalg‘idi? Ehtimol, chalg‘imagandir? Ehtimol, qodir parvardigor faqat uning uchun yaratgan yo‘lga qaytib tushayotgandir?
Nima bo‘lsa ham, ko‘ngli qaylargadir ishonch bilan boshlab ketayotganini sezib turibdi.
Qayerga kelib qoldi? Anhor bo‘yidagi bu bog‘ni nega tanimaydi?.. A, o‘sha bog‘-ku! Xazonlari shamolsiz havoda behush qalqigan o‘sha bog‘! Tanimaganini qarang. Axir, shu chorbog‘da Munisni uchratgandi-ku. Munis… Kuzgi bog‘ning shundoq chegarasida – mas­tu alast xazonrezga xalaqit berishdan cho‘chib, yo‘lak boshida to‘xtagan qiz! Mahobatli xazonrez to‘lg‘onishlarining bir chetida jur’atsizgina turgan qiz unga sehrli va nihoyatda go‘zal ko‘ringan. U yuragi hilvirab, mahliyo bo‘lgancha serrayib qolgan…
So‘ng qizning ortidan ergashib ketavergan. Ketavergan. O‘zini unutib, dunyoni unutib – maqsadu orzulardan mosuvo bo‘lguncha ketavergan. Tokim qiz uni bir ko‘rgandan yaxshi ko‘rib qolganini, lekin otasi qizini unga bermasligini aytguncha ergashib yuravergan. Bu qiz baxt va bebaxtlikni qanday qilib bir jumlaga jo etdi? Garchi Asror bu og‘ir gapni eshitganda, bir qalqinib, to‘xtab qolgan bo‘lsa ham, baxtga o‘rab tashlangan qarshisidagi noxos tog‘dan, oshiqlarga xos bepisandlik bilan sakrab o‘tgan. O‘tgan-da, yana ergashib ketavergan. Ketavergan, ketavergan…
Borib-borib Munisning otasi – Samig‘ Nig‘matovich Mirkalonovning ro‘baro‘sidan chiqqan.

* * *

Samig‘ Nig‘matovich – katta odam. Nomini hamma biladi. Biror ma’rakami, to‘ygami shotirlari bilan kirib kelsa, barcha tipirchilab qoladi. Yugur-yugur boshlanadi. Alohida tayyorlangan xosxonaga kirgiziladi. Xizmat talash bo‘ladi. Savlatidan shahar hurkiydigan odamlar ham tovoq ko‘taribmi-ey, shisha ko‘taribmi-ey, nimanidir bahona qilgancha xosxonaga kirib, “shunday ulug‘ odamga” bir ko‘rinish berishga harakat qiladilar. Biror bir milisa mashinangni to‘xtatsa, “aka”ga qarashli odamligingga ishora etsang, bo‘ldi, uzr so‘rashu chest berishlarni qoyilmaqom etib, hurmatingni joyiga qo‘yishadi. Qo‘zg‘alganingdan keyin “xayriyat-ey” deb qutulganiga shukr qiladi.
Uning ismu sharifi qandaydir bir parol. Birovga eslatsang, bitmagan ishing bitganini bilmay qolasan. Hurmatu vahima aralalash nimadir odamlarni yugurgilatib xizmat qildiradi…
Shunday odam sening taqdiringni o‘n besh daqiqada hal qildi. Naqa… Ahrolmisan? Yaxshi… Rostini aytsam, senga beradigan qizim yo‘q edi, xo‘pmi? Ammo bir ishing yoqib qoldi. Hamdam Rasulovichning o‘g‘lini kaltaklaganingga qoyil qoldim, xo‘pmi? Yonidagilarni ham qo‘shib uribsan! Qizlarga gap otganning jazosi shu! Seni milisadan o‘zim olib qoldim. Xo‘pmi? Ammo endi bunday ishlarni yig‘ishtir! Xo‘pmi? Nega jim turibsan? Qiziq bola ekansan-ku! “Xo‘p” demaysanmi? Boshingga baxt qushi qo‘nyapti… Xo‘pmi?
Asror “xo‘p” dedi. Samig‘ Nig‘matovich nima aytsa, Munis tayinlaganday, faqat ma’qulladi.
Bu kasbingni tashlaysan, xo‘pmi? Xo‘p! Qaytib qo‘lingga naqani… mo‘yqalamni tekkizmaysan, xo‘pmi? Xo‘p! Tikistilda o‘qiysan, gaplashib qo‘ydim, xo‘pmi? Xo‘p. Mani bitta-yu bitta farzandim – mana shu Munis. Agar to‘y bo‘lsa, menga o‘g‘il bo‘lasan, xo‘pmi? Xo‘p! Bu uy-joylar ikkovlaringniki bo‘ladi, xo‘pmi? Xo‘p. Men seni ko‘taraman. Menday hamma hurmat qiladigan rahbar bo‘lasan, Xudo xohlasa, xo‘pmi? Xo‘p! Xo‘p!.. Xo‘p!.. Xo‘p!..
Asror hamma shartga rozi bo‘ldi. Bu shartlarni bajarish nima bo‘pti! Jonini so‘rashsa ham beradi-ku! Faqat Munis yonida bo‘lsa bas! Nimadan kech deyishsa, kechadi! Nima qil deyishsa, qiladi! Axir Munissiz bu hayotning nima keragi bor?
Yigit Munis uchun bor dunyosidan kechdi. Tashlab ketgan orzu-maqsadiga burilib qaramaslikka qaror qildi. O, u kuchli odam! Biroq Asror kechgan dunyo, u Munisning ortidan qanday ergashgan bo‘lsa, xuddi shunday izma-iz izillab kelaverdi. Tashlab ketilgan taqdir og‘rinib, o‘rtanib, kuyib, o‘ksinib, bir qiynoq dardga aylanib, jon-holiga qo‘ymadi. Yigirma ikki yil uni tinmay ta’qib qilgan taqdirning tayziqiga miq etmay dosh berdi. Ko‘nglining ravishini tosh iroda ichida tutdi. Rahmatli qaynatasining rejasi va rahnamoligi ostida qurayotgan yangi taqdirini chindan urinib qurdi: soha odamlarining tiliga tushgan mutaxassis bo‘ldi; mehnatidan unib, “ko‘tarildi” ham. Xuddi Samig‘ Nig‘matovichning orzusidagiday odam bo‘ldi. Ammo bugun… Hammasiga Van Gog va mana shu kuz aybdor! Mana, u ko‘ngil yetagida, boshi oqqan tarafga ketyapti…

* * *

Asror Valiyevich bog‘ to‘ridagi peshtoqiga yonarharflardan “SUHBAT” deb yozib qo‘yilgan imoratga ko‘zi tushgach, quvonib ketdi. Ie, o‘zlari-ku! Shuncha to‘s-to‘polondan omon qolibdilar-da! Barakallo! Peshonangizga yonarharflardan maqtovingizni keltiradigan reklamalar qo‘ndirib olganingizni hisobga kiritmasak, hech o‘zgarmabsiz, birodar! Haqiqatdan ham birodarimsiz-da! Ijoddan charchagan, ijodga tashna, ijodning siru asrorini bilishga intilgan, ko‘ngildoshlarini uchratganidan baxtiyor odamlar davrasini bag‘riga bemalol sig‘dirgan bu kamtar qahvaxona birodar bo‘lmasdan, nima bo‘ladi! O, sizda… Kechirasiz, “sen”lab gapirsam bo‘ladimi?.. Rahmat!.. Xullas, senda hur bazmlarimiz qanday gurillagan! Rauf Parfi aytganiday, “darvishlar bazmi”! Shoirning o‘zi ham senga ishga kelganday qatnagan. Aroq bilan boshlangan bahs pivoga qadar tushib kelgan; pivodan boshlangan suhbat, aroq bilan yuksalgan. U suhbatlarning nihoyasi bo‘lmagan. Senda avjlangan daryo suhbat, keyin irmoqlaru ariqlarga bo‘linib, qayerlargadir, zilziladan so‘ng buzilmay qolgan uvada hovlichalarga, ijara uylarga, rassomlarning ustaxonasiga, yotoqxonalarga oqib borgan. Senda boshlangan mavjlanish ko‘ngillardan ko‘ngilga o‘tgan, toshlar erigan, daraxtlar meva bergan, nihollar bog‘ bo‘lgan, bu toshqinlarda butun Toshkent mavjlangan. Xuddi shunday! Men ham mavj­langanman! Men ishlagan suratlar dengizday to‘lg‘ongan! “Nu, yego!.. – degan rahmatli Ro‘zi Choriyev ko‘zyoshini artib. – Yig‘latadi!” Ha, men ham odamlarni yig‘latganman! Kim chizgan suratlarimni ko‘rgan bo‘lsa, lolu hayronlikda qotganligi rost! Faqat Munis… U suratlarimga sovuqqina qaragan-da, “yaxshi” deb qo‘ya qolgan, xolos. Suratlardagi tug‘yonlardan unga hech narsa o‘tmagan. Suratlar ham undan begonasiragan… Men Munisni she’ru suratlarga oshno etishni, o‘zimday mavjlanishini juda istaganman. Uni dengizday to‘lg‘onib yotgan davraga boshlab ham kelganman. Ammo u ozroq hadiksirabmi, ozroq jirkanibmi-ey bir chetda o‘tirgan. Dasturxonga qo‘l cho‘zmagan, suhbatga qo‘shilmagan, birpas o‘tmasdan unga “ketdik” deb ishora qila boshlagan. Serfahm Rauf Parfi buni ilg‘agan: “Sizning bu kelishingizdan umidim katta edi, – degan u hammaga yoqadigan tabassumida Munisga. – Safimiz yana bir darvishkaga ko‘payadi deb o‘ylovdim. Afsus, ishonchimni oqlamaydigan ko‘rinyapsiz. Endi… Asrorni ham o‘g‘irlab ketasiz-da, a!” “Iloyo, shu qiz meni o‘g‘irlasin!”, deb Xudoga nola qilib o‘tirgan yigitni o‘g‘irlab ketish oson: Munis o‘sha zahotiyoq bir imo bilan oldi, ketdi! Na parvardigor unga atagan taqdir qoldi, na ko‘ngilda tinchlik…
O, xayollarga berilib ketibman!..
Ko‘rinishing yaxshi! Bog‘ning to‘rida, xazonrez sochqiniga yelkangni tutib, menga kulibgina qarab turibsan. Tanidingmi? Nimani eslayapsan? O‘sha xotiralar hozir ham shu yerda yashayaptimi? Qoldirib ketilgan taqdirlar bu bog‘ni arvohlarday aylanib, seni bezovta etayotgandir? Yoki ular faqat kuz kelganda, eshigingni taqillatib, noxos keladilarmi? Sen meni ham arvoh deb o‘ylayotgandirsan?… Juda sirli ko‘rinayapsan. Ostonangdan hatlab kirsam… nima qilasan?
U o‘zining tevaragiga qurgan hamma hushyor chegaralardan bir necha soatlarda hatlab o‘tganini va bu yaxshilikka olib kelmasligini anglab turadi. Agar qarshisida turgan qahvaxona sari bir necha qadam masofani bosib o‘tsa, orqaga hech qachon qaytib bo‘lmasligini shundoq his etadi, vujudida qo‘zg‘algan allaqanday zilzila og‘ushida titrab-qaqshaydi. Shu bilan birga, qudratli bir kuch Asror Valiyevich o‘zini zo‘rlab kirgazgani temir qobiqdan qo‘porib, allaqanday sururli, mastona dunyolar tarafiga uchirib borayotganini ham tushunadi. Uzoqlardan bo‘ylari elas-elas kelib turadigan, qachonlardir og‘ushida ozod uchgani – o‘sha qolib ketgan dunyoni sog‘inganini, uningsiz ortiq yasholmasligini; hamma qatori kun kechirishga harakat etib qurgan omonat hayotidan bir zarb bilan voz kechishi shartligini ham fahmlaydi. Zotan, bugun Van Gogning ko‘rgazmasidan so‘ng, bu zarb ichida yetilib kelganini, “taqdirim” deb o‘ylab avaylab-asragan umrguzaronligi ustida qandaydir bir shavq-la parvozda ko‘tarilganini va endi… tavakkal etish lozimligini sezadi.
Xudoyim! Nega tavakkal etmay? Nega?.. Axir, bu kuzni – umrimning o‘sha kunida qolgan mana bu faslni ham ro‘baro‘mdan chiqarib turibsan-ku!.. Men uni, sinovingga dosh berolmay tashlab ketgan edimmi? Demak, hayotimni qachonlardir uzilgan joyidan endi qayta boshlashim kerakdir-da!.. Boshla, meni boshla!

* * *

Asror Valiyevich qahvaxonaga kiradi. Qahvaxona o‘sha paytlardagiday yorug‘ emas, nimqorong‘i edi. Ammo kiraverishda – avvalgiday – bar! Biroq u nihoyatda olifta ko‘rinish olgan; stollar ham o‘sha paytdagiday: yarim aylana zalning devorlari bo‘ylab terilgan. Biroq endi har bir stolning sathiga devordan pastga qarab o‘rnatilgan chiroqlar xira-shira nur taraydi. Nimqorong‘ilikda stollar orollarga o‘xshaydi. O‘sha paytlardagiday barda pivo ham sotishyapti. Faqat endi qo‘llarida qo‘sh-qo‘sh bokallarni tutib, pivo talashayotgan pivoxo‘rlar yo‘q. Yangicha nafis idishlardan ko‘piklari toshib turgan pivolarni ofitsiantlar patnislarga solib, xo‘randalar oldiga qo‘yishyapti. Hamma joy ozoda, ilgarigi baqir-chaqiriqning ham uni o‘chgan.
Barmen unga ko‘zi tushgan zahoti bir seskanib tushadi:
– Ie, Abror oka! Qo‘rqib ketdim-e!
U shoshib zal tomonga qaraydi va kulib yuboradi:
– Egizmisizlar?
Asror Valiyevich gap nimadaligini tushunmasa-da, bu mayda gapning tagiga yetgisi kelmaydi:
– Ha, – deb qo‘ya qoladi u. – Egizmiz.
– Abror oka bir daqiqa burun zalga kirib ketgan edilar. Qarasam, yana kirib kelyaptilar!.. Jinni-pinni bo‘ldimmi deb!.. Bor bo‘linglar-e! O‘takamni yorib yubordilaring!.. Ho‘v ana, o‘tiribdilar!..
Asror Valiyevich u ko‘rsatgan tarafga bir qarab oladi. So‘ng shoshmasdan barning tokchalariga terib qo‘yilgan ichimliklarga ko‘z yugurtiradi.
– Anavudan bormi? – deydi u frantsuz konyagiga ishora qilib.
– Bizda hammasi bor-de, oka! Qancha?..
– Ikki yuz…
– Buni oz-ozdan ichilsa, ja rohat… – Barmen Asror Valiyevichning yuziga bir ko‘z tashlab, undan taralib turgan viqorni ko‘rgach, gapi og‘zida qoladi: – Xo‘p-de, oka!
Asror Valiyevich kon’yakni, barmen uchun kutilmaganda, juda oson ichadi. Na yuzi burishadi, na chuqur nafas oladi. So‘ng iltifot bilan uzatilgan shokolad bo‘lagiga parvo ham qilmasdan, barmen ko‘rsatgan stol tarafga yuradi.
Asror Valiyevich stolga yaqinlashib kelarkan, unga teskari o‘tirgan odamlar stullarni taraqlatib, o‘rnidan qo‘zg‘alishadi. “Meni kutishayotgan ekan”, degan fikr Asror Valiyevichning ko‘nglidan “yilt” etib o‘tadi. U bu xayolning mantiqsizligini o‘ylab ko‘rmaydi ham.
– O, inson!.. Inson keldi!
Davra uni shu xitob bilan shodon kutib oladi. U sog‘ingani rahmatli odamga yuzma-yuz kelganday, birdan seskanib ketadi. Bu so‘zlar qayerdan keldi? Hali ham shu tarzda aytishadimi?.. Kimdir uni bag‘riga bosadi, kimdir qo‘llarini havodan aylantirib kaftiga kaft uradi, kimdir yuziga yuz urishtiradi.
– Qani, qani…
Bu jumla ham qadrdon! O, Rauf Parfining mehmonga iltifoti! O‘sha!.. Nahotki, ustoz shu yerda bo‘lsa!.. U ko‘rsatilgan o‘rindiqqa cho‘kar ekan, atrofdagilarga bir-bir qaraydi. Yo‘q, Rauf Parfi yo‘q. Ammo kimdir qarashining ma’nosini ilg‘aydi:
– U kishi yo‘q. Davra to‘lib kutib o‘tirgan edik. Uch-to‘rt kishi sizni kuta-kuta ketib qolishdi.
– Dunyoning ishi-da!..
Bu kimning gapi?.. O‘ziniki! Bir paytlar shu jumlani bo‘lgan-bo‘lmagan joyda ishlatib, barcha do‘stlarning kayfiyatini ko‘tarar edi. Falonchi o‘qishga kiribdi. Dunyoning ishi-da! Pistonchi ishdan haydalibdi. Dunyoning ishi-da! Kecha tonggacha o‘tiribmiz! Dunyoning ishi-da! Im-m… Boshim og‘riyapti! Dunyoning ishi-da! Bir tiyinim ham yo‘g‘-a! Dunyoning ishi-da!..
Asror Valiyevich davradagilarga yana bir bor razm solib chiqadi. Tavba! Bu notanish odamlar unga… tanish edi. Hatto qadrdon! Hatto ular bilan umrguzaronlikda hayotning achchiq-chuchugini birgalikda totishganday edi. U o‘zi bir paytlar aytgan gapini takrorlagan odamga sinchiklab qaraydi. Bu odam… bu odam… bu odam unga o‘xshar edi. Eski jinsi va dag‘al jemper kiyib olgan, sigaretni oliftalik bilan puflab, gapni palaxmonning toshiday har tarafga otgancha, gulgun ochilib o‘tirgan bu o‘rta yosh odam uning xuddi o‘zi edi. Barmen uni shu odam bilan adashtirganini Asror Valiyevich anglaydi.
Davra qulfi kalitsiz – nihoyatda ochilib o‘tirar, shu sababdanmi, unga singib ketish juda oson kechadi. Buning ustiga, Asror Valiyevichning ko‘ngli ham avj baxtiyorlik havolarida jo‘shgan, u bu avjning toshqinida har qanday davraga yoqishini aniq his qiladi.
– Keldingizmi? – deydi unga qiyofadoshi xuddi kecha ko‘rishgan odamning ohangida. – Bu bozor dunyo sizni ham tamom yutib yubordimi, deb xavotirda edik.
– Yutolmadi! – deydi u . – Kattalik qildim!
– Zo‘r! – deydi qiyofadoshi.
Negadir uning bu gapi barchaga yoqadi. Hamma kuladi.
– Albatta, kattalik qilgan, albatta! – deb negadir qiynalib gapiradi oriqqina odam. – Men ham kattalik qilaman! Yutib bo‘pti!.. Mana!.. – U mushtini kimgadir qo‘rqmay ko‘rsatib, po‘pisa qiladi.
– Bu yerda hamma omon qolganlar – dunyoning og‘ziga sig‘maganlar o‘tiribdi! – deydi barvasta odam. – Bizni yutolmaydi! Xo‘sh, endi… Mehmon keldi… Murod-maqsadga yetamizmi?
U chaqqonlik bilan qadahlarga aroq quyadi.
– Bu finjonni endi kelgan inson uchun ko‘taramiz!
Yana Rauf Parfining ovozi! U qayerda? Yo birov taqlid qilyaptimi? Asror Valiyevich bu qadahso‘zni kim aytganini anglamay qoladi.
– Ey!.. Inson yig‘lab dunyoga keladi, yig‘lab dunyodan ketadi!.. Davayte!
U bu gapni ham kim aytganini ko‘rmaydi. Ammo bu gap Ro‘zi akaning – ustoz Ro‘zi Choriyevning o‘rischa o‘zbekchasi ekanligini biladi-ku! U ham shu yerda, shu yerda!..
– Iching-da endi! – deb uni o‘ziga keltiradi qiyofadoshining hazil aralash quvnoq tovushi. – Kechikib kelganingiz yetmaganday, tiralib o‘tirishingizni qarang!..
Asror Valiyevich qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatadi.

* * *

Asror ertasi tongda uyg‘onib, kecha nima bo‘lganini eslay olmaydi. Ko‘zini yumib yotar ekan, nimalardir elas-elas xayolida jonlanadi. Avval mastona davraning beto‘xtov hazil-huzilu, tortishuvu bahslari qanday gurillagani xotirasidan o‘tadi! O‘, qanday yayrab o‘tirishdi! Na Kafka qoldi, na Gogen, na Behzod, na… Hammasining ijodi kavlab chiqildi! O‘zi… O‘zi nima qildi? Ha, hech kimga gap bermay, monologlar o‘qidi! Miyasi birdan yorishib, allaqanday qotib qolgan haqiqatlarning avra-astarini ag‘darib tashladi; barchaning og‘zini ochgancha, san’at endi qanday rivojlanishi haqida ehtiros bilan nutq irod etdi; nima uchun tasviriy san’atga tomoshabin kerakligi haqida, beshafqat taqdirning o‘yinlari daholarning boshiga ming turfa savdolar solishi to‘g‘risida kuyib-yonib gapirdi. Fikrati mantiq dovonlaridan yengil sakragancha, uchib borar ekan, shu daqiqalarda yayrab yashayotganini his qildi! Davradagilar ham bir erka ma’qullashda uni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Badiha fikrlash miyaning qatlarida mudrab yotgan notanish ma’nolarni shiddatli tug‘yonlarda uyg‘otib borar ekan, vujudi qanotlanib borayotgani fahmladi… Hatto uchib ketayotganini his qildi… Ha, uchdi! Ilgari u shunday yashagan! Faqat uchgan!..
Keyin… keyin… keyin… nima bo‘ldi?
Allamahal qahvaxonadan hamma birga uchib chiqqanini biladi, ammo boshqalar qaysi tarafga parvoz qilganini eslay olmaydi. Uni haligi qiyofadoshi Abror ustaxonasiga taklif qilgach, bu taklifga bir vaqtlar yoshlikda kechadigan kabi osongina rozi bo‘ladi. Chunki rozi bo‘lmasa, bu ajib parvozning qanotlari shu zahotiyoq qovjirab qolishini tushunadi. Ikkalasi chiroqlar tilkalab tashlagan kechaga nim yashiringan kuzakni oralab, bugun yechimi qiynalmay topilayotgan mangu muammolardan bahslashgancha qizg‘in suhbat asnosida shaharning qoq markazida joylashgan rassomlarning uyiga – shundoq birinchi qavatdagi ijodxonaga uchib kiradilar.

Ijodxonaga kirishlari bilan Asror Valiyevich butun vujudi besabr betoqatlikda o‘rtanayotganini sezadi. U hozir nimadir – allaqanday mo‘jiza yuz berishini anglab turadi.
Hamrohi Abror ham mana shu betoqatlikda harakatlanadi – qo‘lidagi shishalarni va gazaklarni shoshib choy stoliga qo‘yadi va “hozir… hozir” deganicha, devordagi chiroqyoqar tugmachalarni birin-ketin bosadi.
Devorlardagi va shiftdagi chiroqlar porlaydi-da, ijodxona charaqlab ketadi.
Ijodxona juda katta: unda narsalar faqat ijodkorgagina tushunarli betartib tartibda sochilib yotar va butun xona nogahon keladigan ilhomni ushlab qoladigan antiqa hushyorlikda edi.
Asror Valiyevich eski javondagi kitoblarni, yerga to‘shalgan qandaydir katta hayvonning terisini, devorlarga osilgan qo‘ng‘irotcha oynaxalta, tuzliq va belqarslarni, kiraverishdagi burchakda qo‘polgina yo‘nilib va shu bilan birga ajib did bilan yasalgan stol-stullarni, chala ishlangan suratli molbertni, daroz taburetka ustidagi bejirim vazaga solib qo‘yilgan mo‘yqalamlarni – ustaxonadagi bor narsalarni negadir yuragi zirqirab tomosha qiladi.
Bu ustaxona va undagi jihozlar Asror Valiyevichga tanish edi.
U bu ustaxonani qayerda ko‘rganini eslashga zo‘riqib urinadi va… topadi! Bu o‘sha ustaxona! O‘sha!.. Yoshlik chog‘lari uning xayolida ming bor jonlangan ustaxona! U xayolida o‘zining bo‘lajak ustaxonasini xuddi shunday tasavvur etgan! Jahonni zabt etadigan suratlar xuddi shu ustaxonada yaratilishi lozim edi. Asror Valiyevich maqsadini tashlab ketgach, egasiz qolgan orzu, nahot, bu yerga kelib qo‘ngan bo‘lsa…
Abror esa unga parvo qilmay, “hozir… hozir”ni tilidan qo‘ymagan asno, ustaxonaning bir tomonini bor bo‘yicha bekitib turgan uzun pardani sharillatib tortadi va hozirgina sehrgarligini qoyilmaqom bajarib, o‘zini olqishlash uchun tomoshabinga ijozat berayotgan sehrgar kabi ikki qo‘lini nazokat bilan tepaga ko‘taradi.
Asror Valiyevich entikib ketadi.
Devorda suratlar… suratlar… suratlar… Devorning enini ham, bo‘yini ham suratlar zabt etgan! Osilgan, devorga suyangan – katta-kichik, ramkali va ramkasiz suratlar…
– O‘!.. – deyoladi xolos Asror Valiyevich.
U yuragi hapqirib, suratlarni tomosha qilishga tutinadi, ammo Abror “hozir”lagancha, uni ustaxonaning to‘riga boshlaydi-da, ustiga bo‘z tashlab qo‘yilgan odam bo‘yi kartinaning ustidan matoni yulqib oladi va bo‘sh qo‘li bilan yana sehrgarga xos “marhamat, tomosha qilavering!” deganday harakat qiladi.
Kartinadan surati bor bo‘yicha ishlangan yoshgina ayol etagi yergacha cho‘zilgan zangori ko‘ylakda, qo‘llarida qirmizi kuzgi barglardan xazondasta tutgan ko‘yi ajib bir jodu qarashda naq… Abror Valiyevichning ko‘ziga tikilib turar edi. Abror Valiyevich lol karaxtlikda qotib qoladi. Munis?.. Bu nimasi?
– Bu qizni yoshlikda devona bo‘lib yaxshi ko‘rganman, – deb suratga izoh bera boshlaydi Abror. – Ammo ajralib ketishga to‘g‘ri keldi. O‘lib ketsam kerak degandim… Ammo o‘lmadim! Xudo qo‘lladi…
– Nega, – deydi Asror Valiyevich ovozi titranib. – Ajralib ketgansizlar?
– To‘g‘ri kelmagan… Uning uyidagilar… O‘zi ham “rassomlikdan kechsang…” degan shart qo‘ygan…
Asror Valiyevichning boshi hayajondan zimillab ketadi.
– Siz… ko‘ndingizmi?
– Yo‘q, – deydi Abror qat’iy, ammo bilinar-bilinmas hasrat anqigan ovozda. – Yo‘q! Men rassomlikni tashlayolmadim. Xudo buyurgan ishdan qayoqqa qochib ketaman… Bu dunyoga odam yig‘lab keladi, yig‘lab ketadi!.. Hozir!..
U kiraverishdagi javondan likoblar va finjonlar oladi-da, choy stoli ustida bo‘lajak “tongotdi” suhbat uchun yemak va gazaklar tayyorlay boshlaydi.
– Shu portretni Parijdagi ko‘rgazmaga qo‘yganimda, bir hind milliarderi millionga sotib olmoqchi bo‘lgan edi… Sotmaganman! Hozir ham odam qo‘yib yuribdi… Ammo sot-may-man!.. “Odamlarning suratlari o‘zlaridan chiroyli!” Qaysi shoir aytgan? Nozim Hikmatmi?..
Asror Valiyevich Abrorning gaplarini eshitmaydi. U Munisning qarshisida ilon qarshisida sehrlangan jonivorday qotib turadi. So‘ng Munisning ko‘zlaridan ko‘zini arang olib qochib…
…boshqa suratlarga ko‘z tashlaydi…
E, Xudoyim! Parvardigor! Meni nima qilyapsan? Bu suratlar ham… Bular ham… Devordagi hamma suratlarni uning xotirasi birin-birin taniydi – bu kartinalarning bir qismini u bir vaqtlar chizishni o‘ylagan, bir qismi esa… agar… agar… rassomlikni davom ettirsa, xayoliga ilhom olib keladigan rasmlar edi. U hayotini, ko‘ngil buyurganday qurganda, xuddi shu rasmlarni chizgan bo‘lardi! Xuddi shunday!..
E, Xudoyim!…
Yaratgan!..
Parvardigor!…

Keyin… keyin… Nima bo‘ldi?
Esida yo‘q.
Hech esida yo‘q.

* * *

Asror Valiyevich ishxonaga kelib, Rassomlar akademiyasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Yaxshimisiz, do‘st… Bir zo‘r rassomlaringiz bor ekan-a! Daho! Ismu sharifi Abror Rixsi… Tanimaysizlar? Nega? Shunday zo‘r rassomni ham bilmasalaringiz… Manzili? Hozir… Hozir… Bayram ko‘chasi, birinchi uy, birinchi xonadon… Nima? Bu manzilda men yashayman deyapsizmi? Yo‘g‘-e! Bayram ko‘chasi, birinchi uy, birinchi… Men adashmayman. Xudoga shukr, xotiram joyida… Rostdan aytayapsizmi? Bunaqa rassom yo‘q deng… Ha, ehtimol… ehtimol… chalkashtirgandirman… Xo‘p… Xo‘p… Salomat bo‘ling…
U go‘shakni qo‘yib o‘ylanib qoladi.
E, Xudoyim!..
Yaratgan!
Parvardigor!

* * *

U o‘ziga g‘arq bo‘lib, qimirlamasdan uzoq o‘tiradi.
Asror Valiyevich endi hammasini tushungan: bu dunyoni yaratgan qodir Egamning qudrati bilan u kecha o‘zi bilan, tashlab ketgani taqdirdagi o‘zi bilan uchrashgan edi. Bu xayoldan ko‘ngli nogoh ravshan tortib, vujudi kuchga to‘layotganini, ruhi esa qanotlanib borayotganini shundoq sezib turadi. O‘zining sukut turishiga arang sig‘ib o‘tirar ekan, endigi har qanday harakati o‘sha qachonlardir tashlab ketilgan O‘zi sari boshlashini tushunadi va negadir benihoya quvonadi. Asror Valiyevich shartta ruchka oladi-da, yuz-ko‘zidan nurli bir tabassum taralganicha, o‘ziga o‘zi ovoz chiqarib aytib turgan ko‘yi, yozishga tutinadi.
Xo‘sh…
“…ga Ariza… …o‘z arizamga ko‘ra… lavozimimdan ozod etishingizni so‘rayman…”.
Xo‘sh… Mana, endi gajak qilib imzo qo‘yamiz… Xo‘sh… Sanasini qani? Uni ham yozamiz… Ikki ming o‘n uchinchi yilning yigirmanchi noyabri… Barakallo! Qoyil!
U birpasda yig‘ishtirinib, portfelini ko‘targancha qabulxonaga chiqadi va Jasminani hayratga qoldirib, baxtiyor yengiltaklikda “gud bay” degancha, xonadan shundoq… uchib chiqib ketadi. Jasmina yugurib borib, derazadan qaraydi. Ishxonadan uchib chiqqan Asror Valiyevichning oldini haydovchi to‘sadi. Unga qo‘l telefonini ko‘rsatib, nimalardir deydi-da, shoshib mashina eshigini ochadi. Boshliqni mashinaga taklif qiladi. Asror Valiyevich unga parvo ham etmay, bir qalqinib, adl havoga ko‘tariladi… u daraxtlarni oralagan asno yuksalib borar ekan, molu dunyo orttirish, kiyishu yeyish, maishat qilish, qorin g‘amida tentirash, yuksaklik va tubanlik aro dovdirash, tushunish va tushunmaslik, muhabbatu nafrat, dushmanligu do‘stlik… – ming turfa savdolarda g‘imirlab yotgan dunyoga falakdan qaraydi. U bu dunyoning og‘rig‘i shunday ko‘tarilib, jismi jahonini zabt etganini his etadi. Endi bu Dardlarning suratini chizmasa, shu uchishda chilparchin bo‘lib, qulab tushishini ham fahmlaydi. Asror uni parvoz ettirayotgan qudratning ismini ham biladi. Aniq biladi. Ijod. Faqat bu parvoz tugamay o‘zini topib olsa, bo‘ldi. O‘zing ko‘mak ber! O‘zing qo‘lla! Bilaman, bu yo‘ldan qaytmasam, meni uchirib toldirmaysan! Chunki sen eng… eng.. eng ulug‘ ijodkorsan! Cheksiz-chegarasiz ijodkorsan… Cheksiz-chegarasiz!
Yo, Rahmon!
Yo, Rahim!
Yo, Qahhor!..

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 7-son