Umid Ali. Ikki qutb (hikoya)

Juvon deraza oldida muztargina turibdi. Nigohi deraza ko‘zlariga shitir-shitir urilib, sirpanib-sirg‘anib tushayotgan tomchilarga qadalgan.
Allanechuk tovush taraladi. Yurakni o‘rtab yuborgudek alamli tovush. Go‘yoki yomg‘ir fig‘on chekayotganday, nola qilib yig‘layotganday.
“Bu qanday sir bo‘ldi?” – yomg‘ir manzarasiga qarab juvonning yuragi hapriqadi.
Derazadan naryog‘i oppoq tuman, odamni rom etgulik hech vaqo yo‘q. Biroq ana shu tuman bag‘rini yorib, yopirilib urilayotgan yomg‘ir juvonning nigohiga rishta ulagan.

* * *

Yo‘lakdagi eshik ochilib-yopildi. Oyoq tovushining “do‘p-do‘p”i, keyin yo‘g‘on ovozda kimningdir yo‘talgani eshitildi.
Juvon sergak tortib yo‘lakga shoshib chiqdi.
Shahvari. Qo‘lida qappaygan yelimxalta. Aft-angori bir ahvolda, ivib ketibdi.
Juvonning eriga rahmi keldi: “Shamollab qolmasin, boyaqish”.
– Yomg‘ir yog‘ishini tush ko‘ribmanmi, qo‘qqisdan ura ketsa de, palakat…
– Unday demang, – juvonning ko‘nglida uyg‘ongan mehr o‘rnini allanechuk og‘rinish egalladi, – unday demang!
Yigit angrayib qoldi. Sevinchi ichiga sig‘mayotgan rafiqasining favqulodda to‘nini teskari kiyishi taajjubga soldi.
Juvon tumshayib, ichkari kirdi. Tag‘in deraza oldiga siljib bordi. Ma’yushol yomg‘irni tomosha qila boshladi.
Chordevor hammomning eshigi tovush berdi.

* * *

Yigit shalabbosi chiqqan kiyim-boshini jon-jahd-la o‘ng-chapga aylantirib, siqdi. Tog‘oraga sharillab suv to‘kildi. Yomg‘ir suvi.
Yigit suvi sizib olingan engil-boshini shundaygina dorga yoyib qo‘ymadi. Bir-ikki sira iliq suvga chayib oldi. Shundan keyin dorda kiyimlarining hovuri ko‘tarildi.

* * *

Juvonning ko‘zlarida yosh balqidi. Derazaga termula turib yig‘lab yubordi. Tovush chiqarmaslik uchun lablarini qimtib oldi.
“G‘ofil u, g‘irt johil… – koyigan bo‘ldi erini. – Shuginani haqorat qilsa-ya, befahm…”
Deraza suvga bo‘kkan, hanuz “ko‘zyosh” to‘kyapti.
“Axir… axir chora topolmay, o‘zini shu yerga uryapti, nola qilyapti-ku, bu odam bo‘lsa… eh…”
Juvon endi hovuchi bilan yuzini yashirdi.

* * *

Yigit gaz plitasi murvatini buradi. Gugurt chaqib, olov yoqdi. Qo‘llarini gurillab yonayotgan olovga qaladi.
Hur-hur yonayotgan olovdan zavq tuydi. Ko‘zlari yashnab ketdi uning. Sezilar-sezilmas jilmaydi.
Olov shu’lasi yigitning bor vujudi uzra taraldi. So‘ng bu qalbi… ruhiga o‘tdi.

* * *

Tuyqus yomg‘ir tindi.
Tuman chok-chokidan so‘kilib, pora-pora bo‘ldi.
Atrof tiniqlashdi.
Ro‘paradagi baland uylar, ikki-uch terak bo‘yli katak-katak binolar shundaygina ko‘z oldida yastanib turdi.
Musaffo osmon tag‘in bo‘y berdi. Tip-tiniq.
Juvon deraza ko‘zlarida ilinib qolgan tomchilarga g‘aribgina boqdi. “Shar-sharr”, “shitir-shitir”larga o‘rgangan quloq yon-verga ser soldi.
Yo‘q, tomchi tovushlari batamom tingan; tevarakni endi yeru osmonga bo‘ylagulik “ku-ku”, “chirq-chirq”…lar egallagandi.

* * *

Yigitning chehrasi yorishdi. Hanuz deraza oldida qoziqday qadalib turgan juvon tomon yo‘naldi.
Yigit dabdurustdan paripaykarining nozikkina yelkalarini quchib oldi.
– Ana, oftob ham chiqdi, – astoydil shodlandi yigit.
– Yomg‘ir… – qolgan gapi bo‘g‘zida qoldi juvonning.
– Qo‘ysang-chi, oftobni qara, yashnatganini qara, olam nurga to‘ldi-ku…
Juvon indamadi. Yengilgina bosh irg‘ab tasdiqlagan bo‘ldi-yu, ichikdi.
Yomg‘irni qo‘msadi.

* * *

Tunda momaqaldiroq gumburladi. Yashin chaqdi. So‘ng tevarakni “shitir-shitir” tovushlar bosa ketdi.
Yigit boshini ko‘rpaga burkab oldi.
Juvon to‘shakdan sirg‘alib chiqdi. Deraza oldiga shoshildi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son