Ulug‘bek Hamdam. Yo‘l (falsafiy roman)

Men bir ojiz tomchiman, ammo yuragimda ummon sog‘inchi yashaydi.
Mavlono Rumiy

TUShDAN OLDINGI VOQEA

Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eshityapsizmi, g‘oyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni to‘ldirib emas, yo‘q, balki yo‘l kabi uzun, yo‘l kabi sirli-sehrli ovoz keldi. Baqirgan emas, shivirlagan ovoz! Lekin shundayki, men uni eshitdim. Eshitdimgina emas, unga tomon butun vujudim ila talpindim ham. Va hammasi, shu tobda siz quyida o‘qiydigan hammasi botinimda chaqmoqdek chaqib, yorishib paydo bo‘ldi…

ILK TUSh

Shunday qilib, hammasi, ichimiz va tashimizdagi “hammasi” avvalda bir nuqtada jamlangan emish. Ammo bu shunday nuqta emishki, hozirgi ona zaminimizdan ming, million va hatto milliard chandon katta ekan. Ana o‘sha katta, ammo bitta nuqta kunlardan bir kun (aslida, u vaqtlarda kun va tun degan tushunchaning o‘zi bo‘lmaganmish…) ich-ichidan qattiq portlabdi! Natijada nuqtaning sonsiz-hisobsiz parchalari atrofga sochilib ketibdi. Parchalarning ayrimlari borib yetgan joyiga g‘uj bo‘lib tushibdi, ayrimlari esa koinot bo‘ylab tarqalibdi. Aslida, “joy” deganimiz ham, “koinot” deganimiz ham ana shu nuqtaning portlashidan, uning ichidan hosil bo‘lgan bo‘shliqdan bino bo‘libdi… Xullas, shu tarzda siz bilan biz ko‘rib, sezib, bilib turgan olam paydo bo‘lganmish. Kim biladi deysiz, balki sizu biz ham ana shu nuqtaning ichida bo‘lganmiz-u, portlashdan so‘ng sayyoramizga kelib qolgandirmiz. Balki portlash bor-yo‘g‘i ko‘zimiz o‘ngida tortilgan parda bo‘lib, haqiqiy sir uning ortida yashirindir. Biz ham uning ortidan – olis-olislardan kelayotgandirmiz… Lekin hammasidan ham naqdi shuki, kurrai zaminimiz o‘sha Buyuk Portlashdan uchgan bir uchqun ekan. Nima bo‘lgandayam, vaqti-soati yetib koinot, uning ichida esa turli sayyoralar, jamodod, nabotot, hayvonot va odamiyzod paydo bo‘libdi. Axir, “Bo‘l!” deya amr etilmaganmidi azalda!..
Ko‘rganim tush ekanligini vaqtlar o‘tib, qayta-qayta tush ko‘ravergach, anglay boshladim. Birinchi safar esa men tushimni hayotimning davomi deb o‘ylabman. Ehtimol, qachonlardir yana shunday o‘ylashga moyil bo‘larman, lekin hozir uni tush, ya’ni naqd hayotimning bir soyasi deb bildim. Chunki tushimda menga ayon bo‘lgan voqelik o‘ngimdagiga ko‘p-da o‘xshamas edi. Xullas, men qaydadir, uzoq-uzoqlarda uchib yurgan ekanman. Aslida, uzoqlik shu tobda turgan joyimga nisbatandir, chunki o‘sha joyda ekanman, o‘zimni uzoqda deb bilmas edim-da. Hodisa shundoq ro‘baro‘mda – ko‘z o‘nggimda sodir bo‘libdi! Men voqea o‘chog‘iga shu darajada yaqin ekanmanki, turib-turib, uning mendan tashqarida emas, yo‘q-yo‘q, balki men bilan birga, hatto mening botinimda ro‘y berdi, deb o‘ylab ketarkanman. “Botinim” deganim, nazarimda, miyamning ichi bo‘lsa kerak. Zotan, u yerda hali-hanuz ana shu ilk hodisaga o‘xshabroq ketadigan portlashlar yuz berib turadi. Nimasini aytay? Hammasi biram murakkab va sirliki, ba’zan gapirgandan gapirmay jim turgan behroqmi, deb qolaman. Zero, tafakkurli zot sening sukutli holingga qarab turib, sen aytib bermoqchi bo‘lganingdan ko‘proqni anglab olishi mumkin, axir! Shoir aytgandek:

Men kuylasam, kuylarim xil-xil,
Men o‘ylasam, o‘ylarim xil-xil.
Jimliklarim rango rang mening,
Ovozlaring yetarmi sening?..

Mayli, shoirning jimligi o‘z yo‘liga. Qolaversa, sukutni to‘g‘ri tushunadigan ham – anqoning urug‘i. Yaxshisi, ota-bobolarimizning izidan yurib, o‘zimni be­minnat dastyor so‘zlarga topshirayki, bundan buyon mening menligim ana shu sirli sandiqchalarga omonat bo‘lsin!..

KEYINGI TUSh

Oradan bir hafta o‘tib, tag‘in bir tush ko‘rdim. U avvalgi g‘aroyib tushning davomidek tuyuldi. Chunki cheksiz bo‘shliq va unda sochilib yotgan milliardlab nuqtalar kirgandi tushimga. Ular har xil o‘lchov va shamoyilda bo‘lib, biri turfa ranglarda yaltillab tovlansa, boshqasi qorayib ko‘rinib turardi. Men esa… allaqanday kichik bir parchaning bag‘rida qayoqqadir yashin tezligida uchib borardim. Ehtimol, yo‘l, mening yo‘lim ana shunday boshlangandir, deyman turib-turib hozir o‘ngimda. Balki adashayotgandirman, Katta Portlashdan so‘ng o‘sha ulkan nuqtadan ushalib ketgan va shu tobda ichida men bo‘lgan parchadagi sayru sayohatim bor-yo‘g‘i navbatdagi safarimdir. Hozir men buni bilmayman, ammo umid qilamanki, qachonlardir hammasini bilib olaman. Chunki men hammasini bilish, bilgach esa yana Asl Vatanimga qaytish uchun yo‘lga chiqqanman-da…
Kishiki, tark ayladi o‘z aslini,
Qayta istar ro‘zg‘orin vaslini…
Lekin chalg‘ish juda oson. Jimitdekkina bir sabab bilan ham inson yo‘ldan adashishi va buni hech qachon o‘zi bilmay yashashi mumkin…

KEYINGI TUShNING DAVOMI

Xullas, men saman ot yanglig‘ minib olgan parcha uzoq uchib, nihoyat, o‘zidan ming, balki million karra katta boshqa bir parchaga kelib urildi. Bu ham yana bir portlashni hosil qildi. Olam go‘yo chaqmoqlarga to‘lib ketdi, har tomonga son-sanoqsiz uchqunlar bilan birga men ismini sira bilmaydigan turfa xil changu to‘zon ko‘tarildi. Natijada katta parchaning bag‘ri qaynay boshladi. U shunchalar uzoq qaynadiki, siz bilan bizning hozirgi tushunchamizga ko‘ra oradan milliard yillar o‘tdi. Nihoyat, u sovidi. Oqibatda biz borib tushgan joyda suyuqlik, ya’ni suv paydo bo‘ldi, suv!..
Yuzimga sachragan muzdek suv tomchilaridan cho‘chib uyg‘onib ketdim. Qarasam, otam menga jilmayib qarab turibdi. (Uning otam ekanligi botinimda yozilgan edi. Botinim esa, quloq ossam bas, hammasini menga shivirlab turardi). Otamning muddaosini so‘zsiz tushundim: yo‘lga tushish lozim, eshityapsizmi, YO‘Lga!
(Ha, shu yerga kelganda men ko‘zlarimni ochdim va o‘zimni sayyoramiz quchog‘idan topdim. U yerga qachon va qay tarzda kelib qolganimni esa bilolmay qoldim…)

UChINChI TUSh

Bir mahal qarasam, ufqlarga tutashgan yo‘lda otam bilan horg‘in odimlab borayotgan ekanmiz. Manzara o‘ngimizdagini yodlarga solarmish. Chanqabmiz, xuddi o‘ngimizdagidek. Qarshimizda yastanib yotgan, boshi-keti ko‘rinmaydigan sahro chayqalib, ko‘zlarimizga katta-katta hovuzlar bo‘lib ko‘rinar emish. Tinkamiz qurigandan qurib, holdan toyib yiqilib qolgan paytlarimiz dam otam meni, dam men otamni suyab oldinga harakatlanar ekanmiz. Oldinda esa ummon bor emish. Tavba, bu bilgi qayerdan kela qoldiykan? O‘zim ham bilmayman. Ammo u bor emish. Shunisini bilarmishmiz. Uning borligiga qaratilgan umid bizni o‘rnimizdan qalqib, kunduz kuni quyoshning omonsiz tig‘i ostida, kechasi suyak-suyakkacha o‘tib ketadigan yoqimsiz sovuq ostida, ahyon-ahyonda ko‘tarilib turadigan, ko‘z ochirmaydigan achchiq shamolda – cho‘lu biyobonda yana va yana qadam tashlashga undar emish. Ertaklarda aytilganidek, yo‘l yuribmiz, yo‘l yursak ham mo‘l yuribmiz. Nihoyat, ko‘zlangan manzil – ummonga yetib kelibmiz. Lekin cho‘llaganimizga qaramay, o‘zimizni jimirlab turgan suvga urmabmiz, ajab, aksincha, sohilda to‘xtab, unga jimgina ko‘z tikibmiz. Shu payt deng, ummon qa’ridan allaqanday guldiragan sas paydo bo‘libdiyu tobora biz tomonga yovuqlasha boshlabdi. Ammo negadir hayiqmabmiz. Ortga tisarilmabmiz ham. Guldirak kuchaygandan kuchayib bizning quloq pardalarimizni yirtgudek kuchga to‘lganda, mavjlanib yotgan ummon kutilmaganda chayqalmakka tushib, ko‘z oldimizda hayratangiz manzara ko‘krak keribdi: olis-olislarda osmono‘par uy balandligida to‘lqin paydo bo‘libdiyu qirg‘oqqa, biz tomonga o‘rmalab qolibdi. Mening nigohimni to‘lqin, uning uchlarida paydo bo‘la boshlagan shakllar o‘ziga tortibdi: qarab tursam, ular turli qiyofalarga kira boshlabdi. Aytishim joiz, men bu qiyofalarni ilgari sira ko‘rmagan edim. Ammo shunisi qiziqki, men ularga ism bera boshlabman. Mana, misol uchun, to‘lqindan bir parcha ajralib chiqibdiyu allaqanday maxluq qiyofasiga kiribdi va men unga baliq deb nom beribman. Dam o‘tmay esa birdaniga baliqlar ko‘payib ketibdi, ularning ayrimlari hatto sekin-asta shaklu shamoyilini o‘zgartirib, turli-tuman o‘zga qiyofalarga aylanishibdi. Men baland-baland to‘lqinlar quchog‘ida sudraluvchi, o‘rmalovchi, chopuvchi, yuruvchi, nihoyat, uchuvchi maxluqlarni idrokim ila ilg‘ay boshlabman va ularning har biriga ism qo‘yibman: dinazavr, ixtiozavr, mamont, timsoh, ilon, echkamar, o‘rgimchak, ninachi, fil, maymun, kaptar… Ularning orasida esimda yorqin saqlanib qolgani – otlar bo‘libdi. Oppoq otlar! To‘lqinning og‘zidagi ko‘pikka o‘xshagan oydin otlar! Ular shunchalar go‘zal, shunchalar mahobatli ekanki, ummondan ajralib quruqlikka chopib chiqib ketayotganlarida irg‘ib ustlariga minib olgilarim kelarmish…
Keyin men odamlarni ko‘ribman. Juda ko‘p odamlar paydo bo‘libdi to‘lqinlar quchog‘ida! Ular suvdan chiqishibdiyu qaldirg‘ochning bolalaridek (ha-ya, bu o‘xshatish ham menga keyingi milliard yillardan meros. Chunki men odamlar suvdan chiqib ketayotgan o‘sha pallada qaldirg‘ochning bolalari tugul, katta bobosiyu katta momosini ham ko‘rmagan, binobarin, ular haqida hech narsa bilmas edim-da!) tizilishib bir yoqqa qarab yura ketishibdi. Shunda men otamga, otam menga qarabmiz. Ichimizdagi tashnalik qonib, nimalarnidir tushungandek bo‘libmiz. Ajab, vo-o, ajab!..
Shu yerga kelganda men uyg‘onib ketdim, uyg‘onib…

ZAMINDAN SAMOGA PARVOZ

O‘shanda ilk bora uchoqqa o‘tirdim. Borlig‘imni allaqanday hayajon bosdi. Axir, men hozir qush misoli parvoz qilaman!.. Shundan yuragim taka-puka bo‘layotir. Ammo uni qo‘lga olishim shart! O‘zimga o‘zim: “Bu temir qanotlarda kunda dunyo bo‘ylab million-million odamlar safarga chiqadilar va eson-omon manzillariga yetib boradilar, bas, senga ham jin urmaydi, xotirjam bo‘l!” deyman-u, baribir, tug‘yonlarimni jilovlay olmay o‘rnimda tipirchilayveraman. Aslida, men “bizga biron kor-hol bo‘ladi” deb qo‘rqqanim yo‘q, aslo, balki “nimadir, hayotimda qandaydir yangorish yuz beradi” deb hayajonlanar edim, xolos. Be-e, nimalar deya valdirayapman o‘zi? Axir, sizga bu haqda emas, butunlay o‘zga narsa to‘g‘risida gapirmoqchi edim-ku! “Men ne deyman-u, qo‘bizim ne deydi?” deganning holiga tushib qolganimni-chi!
Maqsadga ko‘chsam. Uchoq osmonu falakka ko‘tarila boshlaganda men pastda qolib ketayotgan yerga razm solib hayratga tushdim. Chunki u tobora kichrayib, turlanib, tamomila o‘zga qiyofaga kirayotgandi. Vaqt o‘tar, uchoq yana va yana yuqorilar, zamin esa tobora kichrayib borar, bunga sayin botinimda ajib bir o‘zgarish sodir bo‘lardi. Hademay, bulutlar juda pastda qolib ketdi. Biz bulutlar ustida ucha ketdik. Shunda… oh, shunda zaminning holini ko‘rsangiz edi! Yo‘q, adashdim, ko‘rgansiz, albatta, endi tasavvur qilsangiz, tushunsangiz, his qilsangiz edi!.. Zamin o‘zining men bilgan salobatini, zalvorini birdaniga yo‘qotib qo‘ydi! Eshityapsizmi, boy berdi! Mening bir inson sifatidagi tashvishlarim, dardlarim, rejalarim, quvonchu kadarlarim… barcha-barchasi o‘sha zaminda, quyida qolib ketgan yerda qoim edi. Endi undan uzoqlashganimiz sari ana shularning hammasi bir lahzada shundoq ko‘z o‘ngimda erib, bulutlarga qorishib ketsa bo‘ladimi?.. Meni band etgan borliq o‘ylarim tubanlarda qolgan yer kurrasi yanglig‘ tobora kichrayib, bitta nuqtaga aylanib borardi. Nuqtaning bo‘lsa, nimayam qadri, ahamiyati bo‘lardi?..

NUQTA

Sado keldi. Sado!… Men unga beixtiyor quloq solib qoldim, beixtiyor…
“Qur’onning siri “Fotiha” surasida, “Fotiha”ning siri “Bismillo”da, “Bismillo”ning siri “Be” har­fida, “Be” harfining siri ostidagi nuqtasida va men – inson o‘sha nuqtamen”… der edi sado…

KOVUSh

Kuzatsam, ummondan ayrilib chiqqan izdihom bir tomonga oshig‘ich ketib borayapti. Men esa, negadir chetda, tomoshabinga o‘xshab qarab turardim. Turdim-turdim-da, safga qo‘shilgim, oqimning ichida bo‘lgim kelganini his qildim va beixtiyor oldinga talpindim. Chunki men istaklarga to‘lib-toshib yurgandim. O‘z holicha bu istaklar istakligicha qolar edi nazarimda. Xohishlarimning ro‘yobga chiqmog‘i uchun odamlar daryosiga kirmog‘im shart bo‘lardi. Axir, men ilgariyam shu qatorda edim, buni yuragim aytib turibdi, faqat nima uchundir hozir kanorga chiqib, ularni kuzatyapman. Balki buning ham bir siru sinoati bordir, balki shunchaki bir tasodifdir, bilmadim. Xullas, har qancha istasam ham sarpoychan bo‘lganim bois izdihomga qo‘shilolmay, bir joyda depsinib qolaverdim. Meni bu zaminga qadar keltirgan kovushimni yechib boshqasiga almashtirib olishim kerak edi. Eski kovushni-ku yechishga yechibman, lekin yangisini topolmay halak edim. Faqat shundagina bu yerdagi hayotim boshlanar edi, yo‘qsa yo‘q…
Odamlar daryosi to‘lqinlanib ro‘paramda oqib yotibdi. Bu daryoning na boshi ko‘rinadi va na adog‘i, ikkala tomoniyam ufqlarga tutashib ketgan. Oqim chinakamiga oqim bo‘lib, odamlarning shaklu shamoyili ko‘zga ilg‘anmas edi. Ammo ular shu yerda, oqimning ichida, oqimni tashkil qilib turardilar. Ha, odamlar – oqim, oqim esa odamlar edi. Ularni men ko‘zlarim bilan ko‘rolmasdim, xuddi ular meni ko‘rolmaganlaridek. Chunki na ularda va na menda ko‘zlar bor edi. Ko‘zlar yo‘q edi-yu, ular meni, men esa ularni ko‘rar edik…
Bilib turibman, “ko‘zsiz qanday qilib ko‘rish mumkin?” degan savol miyangizda aylana boshladi. Lekin bori, gapning po‘stkallasi ham – shu. Bizlarda nafaqat ko‘z, balki bosh, ko‘krak, qo‘l, oyoq… xullasi kalom, hech qanday a’zo, bir so‘z bilan deganda, tananing o‘zi yo‘q edi. Ayni damda borliq narsani ko‘rar va his qilar edik. Bilanihoya, ana shu holimda oqimdan chetda qolib ketayotganim menga alam qilib turardi. “Nega, nima uchun men qolib ketyapman? Axir, hamma ketib borayapti-ku!..” deyman o‘zimga o‘zim. Chunki alam ham bekor joyda paydo bo‘lgani yo‘q-da. Men o‘z mohiyatimni harakatda ko‘rar edim. Faqat harakatgina mening menligimni namoyon etar edi. Qolgan vaqt esa men mavjud edim-u, ammo bilinmas va ko‘rinmas holatda sobit turardim. Maqsadimga yetmog‘im uchun menga harakat kerak, harakatlanish uchun esa vosita – kovush zarur edi. Nima uchunligini bilmayman. Balki bilarman ham. Bilimim qaydadir botinimda ko‘milib yotgan chiqar. (Xuddi shu tobdagi o‘zimdek. Axir, men ham ayni chog‘da yo‘qman, to‘g‘rirog‘i, yo‘qdekman, aslida-chi, borman!) Faqat uni topib kelib sizning oldingizga qo‘ygani fursatim yo‘q. Nazarimda kovush bu – shakl edi, ko‘rinish va bilinish shakli. Bas! Qolganini sizga bayon etolmayman. Chunki shu tobda uni, zaminbop kovushimni darhol topishim lozim. Uni topsam, mengagina emas, sizga ham barchasi ayon bo‘lar deyman o‘zimcha…
Shuning uchun ham hafsala bilan kovushimni qidirishga tushdim. Taqdir yorlaqab, uni topsam, dar­yodek oqib borayotgan mana shu odamlar nahriga birpasda qo‘shilib olaman. Buni bilib turibman. Keyin… keyin men o‘z yo‘limda davom etaman. Azaliy (balki qadimiydir…) yo‘limda… va yana… abadiy yo‘limda, ehtimol…
Voqean, kovushni topib oqimga qo‘shilish istagi o‘zining haddi a’losiga yetganda murodimga qovushdim. O‘zi hamisha shunaqa. Biron narsani astoydil va juda qattiq istadimmi, bas, u qarshimda paydo bo‘ladi yoki men uning qarshisida. Ohorli kovushimni kiydimu o‘zimni ko‘rdim: ko‘zlarimga (demak, avval-boshdanoq botiniy ko‘zlarim mavjud bo‘lgan!) dastlab kovush kiygan oyoqlarim chalindi. Keyin tizzalarim, belim, qo‘llarim, yelkalarimni ko‘rdim. Vo ajab, men navqiron yoshda edim! “Buni qayerdan bila qolding?” demoqchimisiz? Bilmasam, boya aytdim-ku, botinimga quloq tutsam, u yerda hamma savollarning javobi bor, deb. Faqat javobni har doim ham olabilmayman, u qandaydir sirli: ma’lum paytlardagina menga bag‘rini ochadi, qolgan vaqtlar esa dumini ham ushlatmaydi. O‘ylashimcha, javobni olmog‘im uchun mening shu javobga tayyor va munosib holga kelmog‘im zarur bo‘lardi.
Uzun gapning qisqasi – jadal borib oqimga kirdim. Endi odamlar ham mening shaklu shamoyilimga o‘xshash qiyofada menga ko‘rina boshlashdi, xuddi men ularga ko‘ringanimdek. O‘zimni ko‘rib-tanishim bilan botinimda bir savolga duch keldim: men qayerdan keldimu nega keldim va qayga borayapman?..

KIRISh

Alqissa, yura-yura bir mahobatli imoratning qarshisidan chiqib qoldik. Uni imorat deb ham bo‘lmasdi. Usti tim bilan yopilgan, haybati shu qa­darki, qarshi tarafdagi ufqni tamomila to‘sib qo‘y­gan, son-sanoqsiz eshiklari bor bir mo‘jizakor qurilma. Odamlar oqimi har qancha katta bo‘lmasin, ular sira bir-biriga xalal bermay o‘sha eshiklardan bemalol ichkari kirib ketishayapti. Ya’ni, kirish oldida to‘planma hosil bo‘lgani yo‘q. Men ham el qatori ichkariladim. Bu yerda qurilmaning asosiy bo‘limiga o‘tish oldi bir tayyorgarlik joyi bor ekan. Xuddi uyning kirishi – dahliz bor-ku, shunga o‘xshash. Xullas, hamma shu dahlizga yetganda negadir kovushini yechib, bir chekkalik qo‘yib bo‘lgachgina yo‘lida davom etayotgan edi. Hayron bo‘ldim va xayolimga “bu yer Xudoning uyi – ibodatgohmikan?” degan o‘y keldi. Keyin ko‘pga ergashib men ham arzanda kovushimni yechdim-da, yalangoyoq odamlar daryosiga sho‘ng‘idim. Ichkariga kirib bo‘lgach esa kovushimni qaytarib berishdi, ajab…
Qayerga kirib qolganimni dabdurustdan ham, ke­yin ham tuzukroq fahmlay olmadim. Allaqanday tanish va ayni paytda begona joy. Xuddi siz bilan biz hozir biladiganimiz – bozorga o‘xshaydi. Ko‘rganlarimning biron yerida g‘ayritabiiylik yo‘q edi: odamlar guruh-guruh bo‘lib ro‘parasidan chiqqan rastalarga o‘zlarini urishayotgandi. Ya’ni kim qaysi eshikdan kirgan bo‘l­sa, shu eshik qarshisida bir rasta joylashgan ediki, istar-istamas shu yo‘lakka oralab, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishayotgandi.
Eshik va rasta boshlanmasi orasida bir chaqi­rimcha joy bo‘lib, rasta uchun hozirlik yeriga mengzardi. Shu masofani odimlab bosib borarkan, tag‘in odamlarni kuzata boshladim: kimi qo‘liga bolg‘a olar, kimi ketmon, kimi qop, kimi esa men ilgari hech ko‘rmaganim allaqanday matohga yopishardi. Yonimdagi rasta boshida esa joynamoz tarqatilayotganiga ko‘zim tushdi. Uning narisida esa xuddi shu tarzda kip, zunnor, xoch va rang ulashilayotgan ekan. Shunda o‘z qismatimga qiziqib yo‘lagimga qaradim: oppoq soch-soqoli naq ko‘ksiga tushadigan baroq qoshli mo‘ysafid qo‘lida qog‘ozu qalam bilan menga qarab turardi. Shunda bildimki, men tushgan yo‘lning yo‘lovchilari unchalik serob emaskan. Hayron bo‘lib mo‘ysafidga yaqinlashdim. Lekin negadir salomlashmadik. Kelganimning o‘zida salom bor bo‘lgani kabi uning turishida alik mujassam emish. U o‘siq oq qoshlarining ostidan menga sinovchan nazar tashladi, bu bilan go‘yo “qani-chi, sening qo‘lingdan nima kelarkin?” degandek bo‘ldi. Har holda, menga shunday tuyuldi. Balki u hammasini bilar. Ya’ni ichkarining baland-pastini, unda bizni nimalar kutayotganini, boshimizga nelar tushishini va yana biz nimalarga qodir ekanimizni… Tag‘in kim bilsin…

TITROQ

Donishmand qiyofali mo‘ysafidning qo‘llaridan qalamu qog‘ozni olarkan, botinimda bir titroq turdi va u zum o‘tmay butun vujudimga yoyildi. Titroq tim ostiga, o‘z chekimga tushgan rastaga qarab borayotganimda ham sira bosilmadi. Qarang, u keyinroq ham – rastaga qadam qo‘yganimdayu uning benihoya keng va yana shuncha rango rang manzillarini yo‘qlaganimda ham vujudimni tark etmadi. Shunda men g‘ayriixtiyoriy ravishda o‘sha titroqqa quloq berdim. Ajabo, uning o‘z ohangi bor bo‘lib, bu ohang men bilgan biron boshqa ohangga o‘xshamasdi. Unda musiqiylik bilan mazmuniylik deymizmi, shunga o‘xshash ko‘p jihatlar qo‘shilib, uyg‘unlashib ketgandi.
Ohang darhol meni o‘ziga jalb etdi. Men uni yoqtirib qoldim. Xuddi shu ohangda sayohatim davomida ko‘rgan-kechirganlarimni mo‘ysafid tutqazgan qog‘ozga qitirlatib yoza boshladim. “Xo‘sh, nimalarni ko‘rding?” – deysizmi. Aytay: men tushgan rasta qolgan rastalardan xiyol teparoqda joy­lashgan edi. Uning har kunjidan boshqa rastalar xuddi kaftdagidek yaqqol ko‘zga tashlanardi. Shuning uchun ketmon bilan rastaga kirgan nima qilyaptiyu kalkulyatorga o‘xshash matohni ko‘targan kishi nima yumush bilan band – hamma-hammasini ko‘rib-kuzatib borardim. Keyin ko‘rganlarimni mushohada qilib, saralab, ichimdagi titroq ohangida qog‘ozga darj etardim. Yozganlarimni esa odamlar o‘qishar, ularni bir ko‘zgu bilib bo‘yu bastlarini, aftu angorlarini obdon tomosha qilishar, o‘zaro nimalarnidir gaplashishar, xulosalar chiqarishar, men tomonga minnatdor yoki norozi nigoh tashlashardi.

BOZOR

Ayniqsa, qop-qanor ko‘tarib timga kirganlarning had-hisobi yo‘q edi. Yana-chi, ular egallagan maydon shu qadar mo‘l-ko‘l ediki, bir qarashda dunyo shulardan iboratdek tuyulardi. Bu rasta o‘z ichida turfa bo‘laklarga bo‘linib ham ketgandi: bir tomonda hayvonlarning qon silqib turgan kallalari osilgan go‘sht do‘konlari, boshqa tomonda xilma-xil engil-boshlar ilingan tayyor kiyim-kechak rastalari, beri yoqda ko‘zni qamashtiradigan oltinu kumush taqinchoqlar, nariroqda esa qandolatchilik peshtaxtalari… eh-he-e-e, inson xayoliga kelishi mumkin bo‘lgan nimaiki bor, bari sotiladigan, bari sotib olinadigan joylar shu yerda edi. Odamni aytmaysizmi, shunchalar tirbandki, daryo-daryo oqib kelayotganlarning deyarli hammasi o‘zini shu yoqqa urishadi. Go‘yo u yerga kirmoq boru chiqmoq yo‘q. Simobdek qaynaydi-ya! Beixtiyor men ularni kuzata boshladim. Hatto anavi rastalarda yurgan kishilar ham shu yoqqa mo‘ralab-mo‘ralab qo‘yishadi, yo‘lini topganlar esa bosh suqib kelaverishadi. Chunki bu rastaning shovqiniyam naq olamni buzadi-da! Qulog‘ing kar bo‘lsayam ko‘zing bilan “eshitib” mahliyo bo‘laverasan go‘yo. Shundanmi, bu yerga odam zoti sig‘may, rastalari kundan kun shishib, qo‘shni hududlar maydonini o‘ziga qo‘shib-chatib, semirib borardi. Bu hol meni juda qiziqtirib qo‘ydi. U yerga qarayverib o‘zimning ham ko‘nglimda havas uyg‘onganini sezmay qopman, deng. Sezganimda esa men o‘zimni kiyim-kechak rastasidan topdim. Avvaliga hayron bo‘ldim, keyin esa ko‘nikib ketgandek yoki ko‘nikib ketarman deb yuraverdim. Qarasam, u yer gavjum, qiziqarli va qulayroq chiqib qoldi. Mazali ovqatlar ham, turli-tuman engil-boshlar ham, sarjin-sarjin boyliklar, ot-ulovlar ham shu joyda ekan. Qizlarini aytmaysizmi, qizlarini! Naq joningizni oladi-ya! Yo‘q, ular olmaydi, balki shirin joningizni o‘zingiz qo‘shqo‘llab topshirasiz-qo‘yasiz. Mana, nima uchun bozor rastalari bunchalar tiqilinch ekan…

OTA VA ONA

Oqimga kirib, uning ravishida birdaniga el qatori yurib ketish mushkul chiqdi. Unga o‘zimni urdimu birdan taqa-taq to‘xtadim. Chunki oqimni yorib botinga kirolmadim. Uning ko‘zga ko‘rinmas allaqanday pardasi bor ekanmi, xullas, zirhdek to‘siq meni tutib qoldi. Shunda oqimning bag‘ridan ikki kishi chiqib kelib ikki qo‘ltig‘imdan tutgancha ichkariga olib kirishdi. Ilgari ham mavjud edilar, lekin yangi shaklu shamoyilda ularni ilk bor ko‘rib turardim-da! Ozgina fursat o‘tib men ularning birini Ota, boshqasini esa Ona deb atay boshladim. Ular menga Inson deb nom berishdi, Inson! Umuman, men shu yerga, oqimga kirgachgina o‘zimga o‘xshagan zot vakillarini tanidim. Bu zot odamiyzod deb atalarkan hamda u ikki jinsga bo‘linarkan: otamga o‘xshaganlari erkak, onamga o‘xshaganlari esa ayol…
Oqim shiddatli edi. Agar ota-onam bo‘lmaganda, tan olishim kerakki, men u izdihomda yashab qo­lol­masdim. Buni u paytlar bilmas, o‘ylamas ham edim. Hammasini keyinchalik anglab yetdim. Chunki o‘sha siz bilgan kovushni topib kiygach, men, avvalo, insonning insonga bo‘lgan mehru muhabbatini his qila boshladim. Buni dastavval otamu onamdan ko‘rdim. O‘z holicha guvlanib-to‘lg‘onib oqib yotgan oqim, o‘ylaymanki, meni huv tashqariga, o‘z bag‘ridan chetga chiqarib tashlaydigan siyoqda edi. Lekin padarim va volidam bunga yo‘l qo‘ymadi: har doim, har qanday vaziyatda yonimda metin qoyadek turdilar, yo‘lning izg‘irinli shamollaridan meni qo‘ridilar. Shundanmi, ko‘zimga kimki ko‘rinsa, hamma-hammasini yaxshi ko‘ra boshladim. Chunki vaqt o‘tgani sayin atrofimda ota-onamdan o‘zga kishilar ham borligini, ular men bilan muloqotga kirishayotganligini ko‘rib-bilib turardim. Ular menga talpinganidek, men ham ularga qarab intilardim. Ayni damda, odamiyzod o‘z yo‘lida saf-saf bo‘lib yurib borardi. Tabiiyki, bizdan oldinda, bizdan orqada va biz bilan bir safda harakatlanayotganlar bor bo‘lib, men avvalo ular bilan gaplashdim.

MUTAKABBIR KIMSA, DO‘ST VA DUShMAN

Nafsilamrini aytganda, old, yon va orqa qatorda borayotganlarning hammasi bir-birlariga judayam o‘xshashib ketardi. Ayniqsa, uzoqroqdan boqilganda yo‘lovchilar ikki tomchi suvdek biri boshqasiga mengzardi. Ularni tafovutlash uchun esa yaqindan, judayam yaqindan turib qarash kerakdek tuyulardi menga. Xuddi shunday, men avvaliga old, yon va orqa safdagilarni bir xil ko‘rdim, o‘xshash bildim. Bora-bora esa ular bir-birlaridan naqadar farq qilishini ilg‘ay boshladim. Nazarimda, hamma gap insoniyat ehtiyojiyu mana shu ehtiyojni qondirishga qaratilgan harakatlarda, harakatning mohiyatida edi. Keling, yaxshisi, o‘sha voqea-misolni aytib bera qolay. Shunda hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Men so‘zbozlik qilishdan, siz esa unga toqat qilib eshitishdan xalos bo‘lgaysiz. Ma’no esa tezdagina o‘z manziliga yetib oladi…
Yo‘l barchamizni toliqtirar edi. Shu bilan birga, umidlantirardi ham. Umidlantirmaganda bani bashar unga bunchalar ko‘ngil qo‘ymasdi, shartta kovushni yechib, oqimdan tashqariga chiqib ketardi, deb o‘ylab qolaman goho. Chetda turgan holimni hali unutganim yo‘q. Odamlar daryosiga havas bilan boqqanlarim, ular yo‘l olgan manzilga termilib orziqqanlarim kechagidek esimda. Shuning uchun ham hamma jon-jahdi bilan yurishga, oldinga bosishga talpinardi. Bu harakatlar esa ehtiyoj degan tushunchani paydo qilgandi. Bu tushunchaning ibtidosi boru, intihosi yo‘qdek edi. Xullas, yo‘l yurgan odam chanqar, ochiqar, charchab dam olgisi kelar edi. Mana shu kabi oddiy ehtiyojlar odamlarning orasiga nizo urug‘ini ekib, alaloqibatda bir-birlaridan ayirib tashlar ekan desam, dab-durustdan siz ham ishonmassiz, balki. Lekin ko‘rganim, bilganim shu bo‘lsa, netib sizga o‘zga so‘z aytay?..
Yo‘lda nima aziz – suv aziz! Nondan ham, oshdan ham o‘sha tabarruk bo‘ldi. Bas, o‘shanga navbatga turdik. Tabiiyki, vaziyat paydo qilgan taomilga ko‘ra old safdagilar bizdan oldin ichishlari kerak, ichishadi ham. Ichib bo‘lgach esa negadir biz tomonga qarab qo‘yishadi. Shunchaki qarashmaydi, yo‘q, g‘alati qilib qarashadi. Bu qarashda men bilgan, men tanigan tuyg‘ulardan birontasi ham bo‘lmaydi. Menga tanish tuyg‘ularning umumiy ismi mehr-muhabbat deb atalardi. Bu yerda esa u yo‘q edi. Allaqanday notanish tuyg‘u edi bu. Ajab!..
Orqa safda kelayotganlar esa o‘z-o‘zidan suvni bizdan so‘ng ichishlari kerak bo‘lardi. Shuning uchun ularning xatti-harakatlarida boshqacha ma’noni pay­qab qolardim. Yonimizdagilarning munosabatlarida bo‘lsa otam bilan onamning menga bo‘lgan mehr­lariga o‘xshash xayrixoh iliqlikni his qilardim. Shuning uchun ham bir kuni deng, ne bir mashmasha bilan suv ichib bo‘lgach, otam va onamning huzurlariga borib so‘radim.
– Ota, nima uchun bu uch guruhning bizga boqishlari uch xil?
– Chunki, bolam, ular bizning uch tomonimizda joylashgan-da.
– Ona, ular kimlar?
– Oldindagilar mutakabbirlar deb ataladi, o‘g‘lim, – javob berdi onam meni bag‘riga olib, boshimni silarkan. – Chunki ular old safda joylashganlari bois suvning ham, oshning ham avvali ularga tegadi. Shu kichkina afzalligu qulaylik ularning burnini ko‘tarib yuborgan. Ular kibrga yem bo‘lgan qavm.
Ortdagilar esa dushmanlarimiz. Chunki suvni ulardan burun ichganimiz bois bizni yomon ko‘rishadi. Yo‘lda kasal-pasal bo‘lib o‘lib ketishlarimizga ham rozi ular. Chunki shunday bo‘lsa, ular bizning o‘rnimizga kelib, osh va suvni biroz avval yeb-ichib olish imkoniga ega chiqishadi.
Yonimizdagilarning ismi esa do‘st bo‘lib, ularning biz bilan talashib-tortishadigan narsalari yo‘q. Oshga ham, suvga ham biz bilan bir vaqtda yetib kelishadi. Biz och bo‘lsak och, to‘q bo‘lsak to‘q bo‘lishadi. Shuning uchun ham ular do‘stlarimizdir.
– Nima, old va ort safdagilar orasidan hech kim hech qachon bizga do‘st bo‘lmaydimi? Yoki biz bilan bir safda bo‘lganlar-chi? Ulardan sira-sira dushmanlik chiqmaydimi? – Hayratim oshib so‘roqladim yana ularni.
– Qiyin savol, – dedi otam xo‘rsinib, – inson ma’nan kuchli bo‘lsa, u hech qachon mayda manfaatlaru manfur tuyg‘ularga yem bo‘lmaydi. Bas, olddagilardan sening do‘sting bo‘lgani kabi ortdagilar safidan ham habib hamisha topiladi. Faqat ular alohida, xos zotlar bo‘lib, kishining qilgan ishiyu ko‘ngliga, dilidagi niyatiga qarab munosabatda bo‘lishadi. Aslo egallagan o‘rniga, turgan safiga qarab emas. Endi xom sut emgan banda garchi safdoshing, qismatdoshing, zamondoshing bo‘lsa ham, fitrati buzuq esa, sirtingga nish urishini qo‘ymaydi.
Demak, birinchi javobimiz savolingga umumiy bir javob bo‘lgan esa, ikkinchisini esa xususiyroq ma’noda deb qabul qilgaysan.
Ota-onamning so‘zlari menga avvaliga qan­chalik g‘alati tuyulmasin, bora-bora ularda jon borligini paysa-paysa tushuna boshladim. Chunki javoblarning isboti shundoq ko‘z o‘ngimda har kun sodir bo‘lib turardi: old qatordagilarning lazzat bilan suv ichishini kuzatarkanman, hayratdan yoqalarimni ushlardim. Ayniqsa, menga tengqur yigitcha ko‘zlarimga ko‘zini lo‘q qilib, ustiga ustak, suvni lablaridan oqizib, shoshmasdan, uzoq vaqt chaynalib, ha-ha, suvni chaynab-chaynalib ichishi, shu bilan vaqtni cho‘zib, mening navbatimni orqaga surishga intilishi g‘azabimni qo‘zg‘ar ediki, galdan galga uni, unga qo‘shib ota-onasini yoqtirmay qoldim. E, nimasini aytay, ular suvni o‘zlari istagancha to‘kib-sochib-cho‘zib iste’mol qilishlari yetmagandek, qo‘llaridagi mis piyolani qo‘limizga berish o‘rniga oyog‘imiz ostiga uloqtirib yuborardi. Safdagilar – kattayu kichik ilkini uzatgan ko‘yi hayratdan toshdek qotib qolishardi. Oddiy insonlik burchini ado etish ba’zilar uchun benihoya qiyin ekanligini ko‘rib turardim-u, buning asl sababini o‘z aqlim bilan sira tushunib yetolmasdim. Tag‘in otamga murojaat qildim. Otam menga yaxshilik va yomonlik haqida rivoyat aytib berdi.

YaXShILIK VA YoMONLIK

– Hammasi azalda bitilgan bo‘ladi, – deb gapini boshladi otam. – Olam olov, suv, tuproq va havodan tarkib topgan. Odam esa tuproqdan bor etilgan. Shunga qaramasdan, uning fitratida ham olamga xos unsurlar bir paytning o‘zida aralashib yashaydi. Kishi ba’zan olov bo‘lib o‘zini ham o‘zgani kuydirsa, ba’zan suvga do‘nib shu o‘tni o‘chiradi. Gohi tuproq yanglig‘ oyoqlar ostida hokisor yotsa, goho havodek osmonga ko‘tariladi. Mana shunga ko‘ra ham bani odamning yarimi malagu yarimi shayton, yarimi yaxshilik tarafu yarimi yomonlikni bayroq qiladi. Inson deganimiz ana shu ikki buyuk qo‘shin beomon olishadigan maydondir, bolam.
– Nima uchun inson ana shu ikki qo‘shin, ikki kuchdan birini, yaxshilikni tanlay qolmaydi, ota?
– Aslida, dunyoda faqat yaxshilikning hokim bo‘­lishi, faqat yorug‘likning mavjud bo‘lishi mumkin emas. Insonlik dunyosida mavjud emas bunday bir tomonlamalik. Agar shunday bo‘lsa, inson o‘z mavqeini tark etishiga to‘g‘ri keladi. Chunki ezgulik va yovuzlik, tun bilan kun, muhabbatu nafratning doimo bor bo‘lib, bo‘lganda ham teng kuchlarga asoslangan holda mavjud bo‘lishi inson mohiyatidan kelib chiqadi. Inson ana shunday teng kuchli qutblar orasidagi o‘zligini namoyon eta bilsagina inson bo‘lib yashaydi. Xuddi atirgul urug‘idan gul unib, nihoyatida barq urib ochilgani yanglig‘, inson ham o‘z ildizidan bosh ko‘tarib chiqib, nihoyat qulf urib ochilib, mohiyatini namoyish etadi. Bu o‘zlik esa ana shu to‘rtta unsurdan oziqlanadi. Magarkim, inson ana o‘sha unsurlarning birontasidan bahra olmay qo‘ysa, demak, u biz bilgan safdan, insonlik safidan yuqori yo quyiga qarab ketadi, bolam. Bas, umring davomida insondan boshqa turlarga, xususan, hayvonot va nabotot olamiga ham tafakkur nigohingni tashlab tur, toki Yaratganning hikmati har yerda hoziru nozirdir…
Otam so‘zlardi, men esa xayolimda she’r yozardim. Men hatto she’r yozayotgan o‘zimni ko‘rib turardim. Uning yoshi hozirgidek 9-10 larda emas, balki yigirma beshlarda edi. O‘zimga ham o‘xshar, ham o‘xshamasdi, lekin baribir, men uni ichdagi savqitabiiy bir kuchga tayanib tanidim: u – men edim. U nimanidir tez-tez yozardi. Yozganlari esa mening avval dilimda, so‘ng tilimda paydo bo‘lardi…
Tilim she’r aytishdan tindi. Shu zahoti otamning tanish va qadrdon ovozi quloqlarim ostida jaranglay boshladi. Men ham to‘qqiz-o‘n yoshlarimga qaytdim:
– Ammo yana shu ham borki, – derdi otam, – o‘zi­dagi olovlik va havolik unsurlari tazyiqini tizginlab, suvlikni me’yorda tutib, tuproqlik xususiyatlari bilan yashashga imkon topganlar insonlikning oliy maqomi – avliyolik shohsupasigacha ko‘tariladi. Aksincha, tuprog‘u suv unsurlarini pisand etmay, olov va havo unsurlariga zeb berganlar insonlik maqomidan pastga tushib, hayvonlar bilan tenglashib, kezi kelsa, ulardan-da pastroqqa qulaydilar. Farishtalarda nafs yo‘q. Ular aqldan iborat. Inchunin, botinlarida g‘alayon, isyon bo‘lmaydi. Mudom Yaratgan oldida itoatdadir. Inson ichidagi nafs, hayvonlik sabab doimo o‘zi bilan o‘zi kurashib yashashga mahkum. Kurashda malaklik g‘olib kelsa, inson martabasi haqiqiy farishtalarnikidan-da yuksak bo‘ladi, magar hayvonlik ustun chiqsa, hayvonning o‘zidan-da tuban ketadi…
Rivoyatga ko‘ra farishtalar inson qalbidagi kirni tozalab tashlar ekan. Ammo shundayam qalbda yuqi qolarmish. E’tibor bersang, shu yuqning o‘ziyam odam bolasiga yetib ortar ekan. Inson bir umr kurashmasa, shu yuq uni yomonga aylantirishga qodir. Shuning uchun ham ichingdagi o‘sha qora kuchning yuqi bilan kunda kurashmog‘ing lozim bo‘ladi, bolam. Yaxshi va yomon bo‘lish insonning o‘z qo‘lida. Ammo yaxshi bo‘lishdan ko‘ra yomon bo‘lish oson.
– Nega, ota?
– Hali vaqti-soati kelganda hammasini tushunasan. O‘shanda sen ulg‘ayib yashaydigan dunyoda yaxshilikni targ‘ib qilishadi, lekin odamlar yaxshi bo‘lib ketishavermaydi. “Yaxshi tur, yaxshi yur, yaxshi gapir, yaxshi bo‘l!..” degan gapni tug‘ilganingdan o‘lguninggacha eshitasan, lekin shundayam sen butunlay yaxshi bo‘lib qolmaysan. Chunki sening tabiatingda ikkinchi tomoning-yomonliging hamisha o‘zini namoyon qilib turadi. Aslida u – juda qudratli. Doimo boshiga urib turmasa, kuchayib ketadi-da, insonni o‘z yo‘rig‘iga yurgizib, xarob aylaydi. Shuning uchun ham bani odam yaxshi yo‘ldoshlar bilan ezgu maqsadlar sari matonat ila yurmog‘i kerakki, oqibatda uning yaxshilikka yaqinligi ortsin.
Otamdan “yo‘ldoshlar va maqsadlar” haqida ham so‘ragim keldi. Ammo uning horg‘in yuziga qarab istagimdan voz kechdim. Yo‘l hammani toliqtirib borardi. Shuning uchun beixtiyor nigohimni atrofga oldim. Nazarimda so‘ramoqchi bo‘lgan savollarimning javoblari o‘sha yerda – tevarakda yurgandek bo‘ldi.

YO‘LDOShLAR VA MAQSADLAR

Qiziqsinib hamrohlarimga boqaman. Shaklu sha­moyilda tafovut bo‘lgani holda bir-birimizga o‘xshashib ham ketamiz, deng. Hatto kiyib olgan kovushlarimiz ham kunduzlari quyosh nurida va kechalari oy yog‘dusida birdek yaltillaydi. Ammo biron kishi yalangoyoq emas. Shunday bo‘lsa bormi, darhol safdan chiqib, ko‘rinmay qolarmish. Yo‘l yurarkan, yo‘l chetida qanchadan qancha kovushsiz turgan odamlarni his qilaman.Ular odamlar oqimiga qaragancha o‘z navbatlarini kutishadi. Shunchaki kutishmaydi, yo‘q, kovushlarini izlagan ko‘yi, atrofga qaranib, bezovtalanib, shu bilan birga, umidlanib kutishadi. Tavba, “nega buncha yo‘lga qiziqmasak?” deyman o‘zimga o‘zim. Axir, nima bor bu izdihomning ichida? Qayerga ketayapmiz o‘zi? Nega yo‘l yoqasida jimgina qolib ketishni hech kim istamaydi? Nima, u yerda qolish – jazomi? Odamlar dar­yosidan qirg‘oqqa chiqib qolganki bor, bari biron gunoh ishi uchun surgun qilinganmi? O‘zim ulkan nahrning naq o‘rtasida oqib borayapman-u, negadir chetdagilarni, o‘z kovushlarini qidirib yurganlarni o‘ylayman, tavba…
Izdihomning rang-boshiga nazar solaman: turfa-turfa qiliq-qiyofa, turli-tuman xatti-harakat. Ayni chog‘da, umumiylik ham mavjud: hamma bir tomonga odimlayapti, hatto o‘rtalarida bahs-munozara qizib tursa ham belgilangan yoqqa harakatlanishdan chalg‘ish yo‘q. Qanday bahs deysizmi? Aytay: taraflarning biri “Biz qayerga ketyapmiz o‘zi? Nega ketyapmiz?” desa, boshqasi “Qayerga ketayotganimizu nega ketayotganimizdan ham ko‘ra qayerdan kelayapmizu, nega kelayapmiz?” degan savol muhimroq, deydi. Chunki shu savolga javob topsak, qayerga borayotganimiz ham, nega borayotganimiz ham ayon bo‘larmish. Shunda yana bir toifa odamlar “Bularning hammasi be’mani gap-so‘zlar! Bunday tortishuvlardan naf yo‘q, yaxshisi, qanday ketayapmiz?” degan savolga javob topaylik”, deya chiranadi. Shunday qilinganda yo‘ldagi holimiz yaxshilanib, borayotgan manzilimizga ko‘tarinki ruhda kirib borar ekanmiz. Ularcha, “qayerdan va qayerga emas, hatto nima uchun, nima maqsadda ham emas, balki qanday, qay sharoitda borish muhim” ekan. “Chunki – deydi bu toifa insonlar, – kelish ham, ketish ham insonning qo‘lida emas, yo‘lni qanday bosishgina uning o‘z ixtiyorida. Shunday bo‘lgach, biz ixtiyorimizdagi narsalar haqida qayg‘urishimiz kerak”.
Xullas, munoqashalarning adog‘i yo‘q, ular har kuni vaqti-vaqti bilan yeru ko‘kni tutib turadi. Ovozlaru baqir-chaqirlar uzoq-uzoqlarga ketib aks-sado beradi. E’tibor qilsam, ayni shu narsa odamlarga xush yoqayotgandek tuyuldi. Chunki ularga bahsning natijasi emas, balki jarayoni xush kelayotgandek edi. “Nega?” deysizmi? Chunki hech kim, tortishayotgan tomonlarning hech biri o‘zining to‘la haq ekanligiga ishonmasdi, nazarimda. Shuning uchun ham jonini jabborga berib bahslashmasdi, aksincha, o‘zining borligi va bor bo‘lgandayam boshqalardan kam emasligini isbotlash uchun talashib-tortishaverardi. Buni qayerdan bildim, aytaymi? Mendan oldinroqda borayotgan xushqomat yigit bilan yo‘l-yo‘lakay qilgan suhbatlarimdan. U men bilan she’r tilida gaplashar edi. Shuning uchun uni shoir deb atadim.

ShOIR

U, ayniqsa, manavi she’riy iddaosini bot-bot tak­rorlar edikim, menga yod bo‘lib ketdi:

Biz kelib ketguvchi to‘garak jahon,
Na boshu ma’lumu na so‘nggi ayon.
Hech kimsa rostini aytib berolmas –
Biz qaydan keldigu keturmiz qayon?..

Odamlarni kuzatganim, ular bilan gaplashganim sayin shoir hamdamimning da’volarida asos borligini payqay boshladim. Demak, qolganlar ham o‘z atrofidagilar bilan bo‘lgan muloqotlardan ulgu olib shakllanar ekan-da, dedim bir kun kelib o‘zimga o‘zim. Modomiki shunday ekan, jamoa aytayotgan fikrda biryoqlamalik va muvaqqatlik mavjud. “Nega?” deysizmi. Chunki tushunchalar bizni o‘rab turgan tevarak – atrofdan olinadi-da! Atrof esa juda o‘zgaruvchan. Bugungi atrof erta kelib o‘tmishga aylanar-da, qar­­shimizda, to‘g‘rirog‘i, atrofimizda o‘zga bir at­rof paydo bo‘lar edi, (ustiga ustak, biz yo‘ldagi yo‘lovchilar bo‘lsak, bu degani shuki, tinimsiz-tinimsiz harakatlanar edik). Va biz o‘zimiz istasak-da – istamasak-da, yangi atrofning tabiatidan, kayfiyatu holidan kelib chiqib so‘z aytar edik. Shunda ikki atrof qurshovida qolib aytilgan gaplar bir-biriga unchalik mos tushmasdi. (“U o‘z davrining farzandi edi va shu davrga mos ishlar qilib, so‘z aytdi” degan yozg‘iriqlarni hammamiz eshitganmiz, eslang. Men shuni hazm qilolmasdim. Men, mening, sizning, uning… barcha-barchamizning aytgan gaplarimiz hamma davrlarga muvofiq tushishini xohlardim…) Menga shunisi alam qilar edi. Men o‘zakni qidirardim. Turlanmaydigan, o‘zgarmaydigan asosim bo‘lishini istardim. Lekin ushbu istagimning o‘zi havoda muallaq osilib turgangan o‘xshardi, uning oyoq bosadigan joyi, o‘zagi, poydevori yo‘q edi. Bundan esa alamim, xo‘rligim ortar, nima qilishimni, dardimni kimga aytishimni bilmay tipirchilardim. Ichim ulkan olov gurillab yonadigan mangu otashgohga aylanib qolgandek tuyulardi. Bunga sayin esa hamrohim she’r o‘qir edi:

Bu borsa kelmas yo‘l – bu uzoq safar,
Qani, kim qaytibdi, so‘rasak xabar.
Asroru iltijo ayrilishida
Hech narsa qoldirma, qaytmaysan digar.

Yashirmayman, uning bu turli she’rlari mening dardimga darmon bo‘lib, og‘rib turgan yaramga malham yanglig‘ bosilardi. Chunki she’rlar mening chorasiz holimning so‘zdagi suvratlari edi. Odam bir dard bilan og‘riyvergani sayin o‘z dardiga bog‘lanib, unga ko‘ngil qo‘yib qolishini ilk bor o‘shanda his qilgandim. Shuning uchun ham do‘stimni “tag‘in ayt!” deya she’r o‘qishga undaganim undagan edi:

Bizga falak ishi faqat tashvish, g‘am,
Birini tiklasa, boshqasi barham,
Hali kelmaganlar bundan bexabar,
Xabar topib qolsa, kelmas edi ham.

Chindan ham men safarga otlanmasdan burun bu yerlarning holidan g‘ofil edim. To‘g‘ri, o‘shanda ham botinimga quloq tutsam, umumiy manzara ahvolidan menga xabar kelar edi. Nafsilamrini aytganda, shunday xabarlardan voqif ham edim. Lekin, baribir, ko‘p narsa bu yerga kelgachgina ro‘yi-rost yuz bera boshladi. Odamga bilim boshqayu amal boshqa o‘git berishini ham endi bilib olayotgan edim.
Mening holimni ko‘rib, shoir do‘stim norozilanar va, nazarimda, andak ozorlanardi ham. So‘ng do‘stona xayrixohlik bilan yana she’r aytardi.
Do‘stim charxdan, uning mohiyatidan yaxshi boxabar edi. U, nazarimda, yo‘lda tortishib kelayotgan odamlarning uchinchi toifasiga kirardi. Uni qay yerdan kelib, qay sori ketayotganimiz qiziqtirmasdi. Yo‘q, adashdim chog‘i, qiziqtirishga qiziqtirardi ehtimol, ammo buni bilishning imkoni yo‘qligi vajidan ham dunyo hayotini may va yor ila xush o‘tkazmoq kerak derdi:

Xayyom, ichkilikdan kayf qilib, shod bo‘l,
Bir dam go‘zal bilan o‘ltirib, shod bo‘l.
Jahonda har ishning poyoni yo‘qlik,
Yo‘qligu borlikni bir bilib, shod bo‘l.

Nima qilay, do‘stimga munosib javob berishga menda na bilim, na jur’at va na boshqa rag‘bat bor edi. Inchunin, men og‘ziga talqon solgan kishidek jim kelardim. Gapirishni istardim, ichim to‘la norozi kayfiyat edi, lekin… lekin do‘stimning isyonkorligi mening toatimdan kuchli edi shu tobda:

Men tug‘ildim, gardun ko‘rdimi foyda,
O‘lsam, martabasi oshmog‘i qayda?
Hech kim tushuntirib bera olmaydi
Kelishim-ketishim ma’nosi qayda?

TOPILMA

Men yo‘lda ketaturib, yarim quloch narida tuproqqa qorishib yotgan, lekin bir uchi xiyol ko‘tarilib qolgan kitobgami-e, daftargami ko‘zim tushdi. Yaqinlashib, bir tepgan edim – varaqlari shamolda hilpirab kitobga o‘xshab ketadigan qalin bir daftar shundoq ro‘baro‘mda paydo bo‘ldi. Engashib uni qo‘limga oldim, silkib, qumu tuproqdan tozalab qarasam, salmoqdor saxtiyon muqovasiga men tushunadigan tilda katta-katta harflar bilan “TOMChIDAN SADOLAR” deb yozilgan ekan. Ichini ochib ko‘z yugurtirsam, “Kundalik” usulida allanimalar bitilganiga guvoh bo‘ldim. Yo‘l yurayotgan edim, o‘qiy olmasdim, daftarni qo‘ynimga tiqdimu yo‘lda davom etdim. Nafas rostlaganda qararman, deb o‘yladim…
Nihoyat, yo‘l yurib charchaganimni, chanqaganimni his qildim. Bir daraxtning yoniga kelganda to‘xtab, uning soyasiga bosh suqdim. Daraxtdan ikki qulochcha narida jildirab buloq oqib yotardi. Yotib olgan ko‘yi buloqdan qonib-qonib ichdim. So‘ng suvdonni to‘latish xayoli bilan qo‘ynimga qo‘l solgan edim, idish bilan birga haligi daftar chiqib keldi.

TOMChIDAN SADOLAR
(ikki do‘st suhbati)

– Nima uchun yaralganmiz? – So‘radi do‘st do‘stdan.
– Yaratganimizni anglash uchun! – Javob berdi do‘st do‘stga.
– Uni anglashdan insonga ne naf? Axir, hammasi baribir emasmi? Bilding nimayu bilmading nima? Farqi bormi? Oldinda o‘lim turibdi payt poylab. Butun bilganlaring jam bo‘lib ham seni Azroilning changalidan qutqarib ololmaydi. Bilim xaloskor emas. Qolaversa, insonning bilganlari ummondan bir tomchi, xolos.
– Bilishga intilish, aslida, o‘z mohiyatimizga intilishdir! Najotimiz mohiyatimizda yashirin.
Kel, yaxshisi, senga bir voqeani so‘zlab beray. Yaqinda dala hovliga borganda ayolim bilan kuni bo‘yi to‘rt qismdan iborat, fojealarga liq to‘la filmni tomosha qildik. Kino tugagach, qarasam, ayolim juda yomon holatga tushib qolibdi. U desam ham yuzi yorishmadi, bu desam ham. Sira o‘ziga kelolmasdi. Kech tushib mashinada shaharga qaytayotganimizda ham holi zabun edi. Ancha fursat o‘tib, ayolim menga mungli boqdi-da, kino personajlarining palid hayot tarziyu yovuzdan yovuz, tubandan tuban fe’llari yaratgan voqelik ta’siridan chiqib ketolmayotganini aytdi. Ularning hayotlaridan, qilmishlaridan o‘zimni topolmayapman, dedi. O‘ylab qarasam, ayolim o‘zini ularning har biri o‘rniga qo‘yib azob chekayotgan, “Ularning o‘rnida men nima qilgan bo‘lardim?” deya o‘zini o‘zi so‘roqlayotgan ekan. “O‘zgalar haqida qayg‘urish, ularning hayot yo‘llarini kuzatish, mushohada aylash – yaxshi fazilat. Zero, bu tutum hayotdan dars olib, saboq chiqarishimizga yordam beradi. Lekin ularning barchasi uchun tinimsiz iztirob chekib, tazarru aylab bo‘lmaydi, axir! Aks holda, Yaratganning hududiga daxl qilgan bo‘lamiz. Bu esa mumkin emas. Gunoh ekanligi uchungina emas, insonning qo‘lidan kelmaydigan ish bo‘lganligi uchun ham mumkin emas. Hamma haqida qayg‘urish Yaratganga maxsus. Yaratgan bizning har birimizga o‘z qismatimizdan bir boshpana bergan. O‘zgalarning chidab bo‘lmas jirkanch taqdiriga ko‘z tikishga to‘g‘ri kelib qolganda, buni har doim ularning ishiga aralashishga chorlov deb qabul qilmaslik kerak. Insonning qo‘lidan keladigan yumushi bo‘ladi, kelmaydigani bo‘ladi. Kelmaydigan paytlarda ko‘r­ganlarimizdan saboq chiqarib, darhol o‘z boshpanamizdan najot topmog‘imiz durust. Yo‘qsa, ichimizdagi Inson deb atalgan to‘g‘ri chiziq qarsillab sinib ketishi hech gapmas. Unutma, o‘zga qismatlar qarshimizda faqat bir ko‘zgu. Biz ana o‘sha ko‘zguga suratimizni bir solib olamizu yana yo‘lda, o‘z yo‘limizda davom etamiz. Azizam, sening, mening, bizning o‘z hayotimiz bor, kel, shunga qaytaylik. Hayvonligi hakalak otgan maxluqlar olamida hatto xayolan bo‘lsa-da, uzoq qolib ketmaylik. Xudo bizga in’om etgan hayotimizni, o‘z hayotimizni munosib yashaylik…”
Men bu gaplarni kela-kelgunimizcha ayolimga, uning titroq qo‘llarini tutgan ko‘yi tushuntirishga ha­rakat qildim…
– Xo‘sh, qissadan hissa nima?
– Nima bo‘lardi – har bir inson, avvalo, o‘z hayotini Ilohiy nizomga to‘g‘rilab olishi, o‘z iymoni haqida bosh qotirmog‘i joiz. Panoh o‘sha yerda. Tashqarida anavinday ekan, odamlar manavinday yashamoqda, degan vaju korsonlar ortiga yashirinib bo‘lmaydi. Ya’ni najot tashqarida emas, ichkarida! Boshpana ham. Biz har doim hamma uchun yashay olmaymiz. Gohida o‘z hayotimizni eplasak ham, shuning o‘zi katta gap! Bu – xudbinlik emas. Aslo! Suvda cho‘kib ketayotgan sho‘rlikka yordam qo‘lini uzatish uchun insonning o‘z oyoqlari zaminda mustahkam turmog‘i shart!
– Mayli, bunaqa mayda-chuydalarni qo‘yaylik-da, bosh masala – Xudoga kelaylik. U bormi o‘zi yoki yo‘q? Bor bo‘lsa, qani? Bo‘lsa, nega U dunyodagi xunrezliklarga, adolatsizliklarga, kasalliklarga befarq qarab turibdi? Insonni mazlum etib yana bir boshqa inson – zolimning oyoqlari ostiga uloqtirmoqda? Nima uchun yer yuzida yaxshiga kun yo‘q, yomonga esa o‘lim? Nega yomonning oshig‘i olchi? Yoki tomoshadan zavqlanadimi U? Balki Xudo deganimiz umuman yo‘qdir?..
– Unga shunchalar ehtiyojimiz borki, U bo‘lmaganda insoniyat Xudoni o‘ylab topgan bo‘lardi.
– Nega?
– Chunki inson – mantiq farzandi. Uning mantig‘i har doim Yaratganga eltadi. Inson qayerda va qachon yashamasin, uning barcha yo‘llari O‘sha Qudratga, Al­lohga olib boradi. Bu yo‘lsiz esa inson deganimiz parcha-parcha bo‘lib sochilib ketadi.
– Sen bilan chiqishish juda qiyin-da!
– Sen bilan ham…
– Qani payg‘ambarlaring? Qani ularning hamma zamonlarga taalluqli ta’limotlari? Nega ular bugunning talablariga javob berolmayapti? Nega odamlar yo‘lsiz, chorasiz?! Aslida, hammasi hech! “Hechdan keldigu hechga boramiz” deganmidi sen suygan donishlardan biri. Bilasanmi, o‘sha odam yerdan ko‘kka qadar haq!
– Katta ma’noda olsak, ha, hammasi – qilayotgan ishlarimizdan tortib aytayotgan gaplarimizgacha, qa­chon, qayerda, boy yo kambag‘al bo‘lib tug‘ilishimizdan boshlab qachon, qayerda va necha yoshda o‘lim topishimizgacha, hamma-hammasi hechdir. Doimo eslaydiganimiz ulug‘lar – Arastu, Aflotun, Ibn Sino, Rumiy, Navoiy, Shekspir, Bayron, Pushkin, Eynshteynlar amalga oshirgan buyuk xizmatlar ham vaqti-soati kelib yo‘qlikka yuz buradi. Hatto payg‘ambarlarning ta’limotlari ham Alloh qo‘rimasa, shamollarga sovrilib sob bo‘ladi. Ana, ko‘rmaysanmi, so‘nggisidan tashqari barcha payg‘ambarlarning o‘gitlari o‘zgarib-turlanib ketgan. Lekin biz yerdagi hayotni bu nuqtai nazardan turib baholay olmaymiz. Chunki oxirat deb atalgan sirli bir olam bor. Biz unga ishonamiz. Ishonishimiz kerak deb emas, balki shunday yaratilganimiz uchun ishonamiz. Bas, bizning yaxshilik va yomonlik aro qaysi birini tanlashimiz oxiratimizni hal qilib qo‘yadi. Demak, biz narsalar, voqea-hodisalarning mazmun-mohiyatiga faqat va faqat bu dunyoning toshu tarozilaridan turib qaray olmaymiz. Biz har doim o‘limdan keyingi hayotni ham hisobga olib so‘z so‘zlash va harakat qilishga mahkummiz. Zohiran qaraganda, hechdek tuyulgan o‘sha arzimas hayotimizda qilayotgan har bitta amalimiz alal-oqibatda boqiy hayotimiz yo‘lini belgilab beradi…
– Hammasi, hatto shu aytganlaring ham bekorchi gaplar, aslida.
– Olam sen tasavvur qilgandan boshqa narsa emas sen uchun. Shunday ekan, avvalo, tasavvuringni pok­lashga harakat qil!
– Har kuni ming turli tasavvur miyamni chulg‘ab oladi. Qaysi biriga ishonay, do‘st?
– Seni baxtli aylaganiga! Insoniy sha’ningga munosib ekaniga…
– Bas! Yo‘lga tushish kerak, yo‘lga! Tur o‘rningdan, tur!
Ular qo‘zg‘alishdi.

MENING RASTAM

Men tushgan rastada ahvol raso emasdi: u yer taqir va tashlandiq joyga o‘xshardi. Odamlari siyrak, borlari ham allaqanday g‘alati: birlari odamovi, gap qotib bo‘lmaydi. Boshqalari esa shunchalik laqmaki, qochgani bir kunj topolmay dovdiraysan, kishi. O‘ziga bino qo‘yganlarning aksariyati ham shu yerda jamuljam ekan. Ularni men yo‘lda ozmi-ko‘pmi tanib qolgandim. Rasta ahli kamsonli bo‘lishiga qaramay, negadir o‘zaro totuv emasdilar, hatto bir-birlarini yomon ko‘rishardiki, hayron qolardim. “Biz, axir, bu yerga bir kirdik, erta bir kun undan chiqib yana yo‘limizda davom etguvchi qavm bo‘lsag-u, nega bular o‘zlarini xunuk tutishadi, mangu qoladigandek muvaqqat hollariga bino qo‘yishadi?” derdim o‘zimga o‘zim. Chunki zaminning kovushini kiygandan beri tushunib qolganim shu ediki, bu yorug‘ olam – vujud ichra hayot degani ekan. Hayot esa harakat degani bo‘larkan. O‘z navbatida, bu harakat deganimiz hamma narsaning joyini o‘zgartirib turar, buning natijasida esa eski ketib yangi kelarkan. Ya’ni, dunyoga ustun bo‘ladigan na inson bor va na undan qoladigan biron amal. Hammasi o‘zgarishu boshqa qiyofaga o‘tishga mahkum. Buni shoir do‘stim ham xo‘p ajoyib tarzda bayon etgan edi:

O‘z erkingda emas, axir, erta kun,
Ertangni ko‘p o‘ylab bo‘lma jigarxun.
Bu damni bekorga ketgazma aslo,
Bilib qo‘y, dunyoga bo‘lmaysan ustun.

Faqat negadir mening rastamdagilar o‘zlarini shugina oddiy haqiqat mag‘zini chaqolmayotgandek tutishardi. Aslida, ular boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan qavm edi. Qo‘llaridagi qalam shuni taqozo etardi. Ularning qarshisida shoir do‘stim ko‘zlarimga farishtadek ko‘rinar, bas, shuning uchun ham uni yaxshi ko‘rar edim. Chunki u dunyoi dunning uzun yo‘limizda bor-yo‘g‘i ikki bekat orasidagi qisqa masofa ekanligini juda teran bilar, eng muhimi, bilganiga amal qilar, hashamu dabdabadan, kibru havodan, yumushu tashvishdan yiroq may-u yorga muhabbat qo‘yib yashardi. Faqat… faqat u shu ikki bekat orasidan tashqari haqida negadir o‘ylagisi kelmasdi. Do‘stimga “Sen dangasasan!” desam, u “Sen esa xayolparastsan. Bo‘lgandayam behuda xayollarni ko‘p surasan. Demak, o‘rtamizda farq yo‘q” derdi. “Nima qilay – derdim men yonib, – mansha’imni bilishni istayman! Manzilimni ham”. U esa odatiga ko‘ra she’r aytardi:

Ey ongsiz, bilmaysan, bu olam hechdir,
Negizing shamoldir, bir tutam, hechdir.
Ikki yo‘qlik aro qolmish borliging,
Atrofing yo‘qligu o‘rta ham hechdir!

Men ham bo‘sh kelmasdim:
– Mening ozurda ko‘nglimga sening she’ring ham hechdek bo‘ldi. Rahmat, do‘stim.
U esa yelkamga qoqib she’r o‘qishda davom etdi:

Qazo chavgonida koptokdek nuqul
Chapu o‘ng yumala, dema: noma’qul.
Seni yumalashga solgan kim bo‘lsa,
U bilgay, U bilgay, U bilgay: ha, Ul!

– Ha, Ul biladi. Lekin insonni u mukarram etib yaratmadimi? O‘z shaklu shamoyilida bino etmadimi? Shu bilan birga, O‘z Zoti sifatlarini bor etib, bani odamni shu sifatlar mohiyatini bilishga undamadimi?.. – Shunday dedimu burilib ketmoqchi bo‘lsam, shoir do‘stim tez harakat bilan qo‘limdan ushlab to‘x­tatdi-da, qo‘ynidan bir ko‘za may chiqardi…
O‘sha kuni shoir bilan birga ko‘nglimizga erk berdik: u kuylagan maydan to‘yguncha simirdik, uning she’rlaridan tushmaydigan dildorlar haqida shirin suhbatlarga toldik, uning, aynan uning ruboiylaridan hayqirib-hayqirib, yayrab-yayrab aytdik, yuraklarda qurum bosgan g‘amlardan ozod bo‘ldik. Kuzatsam, o‘sha damlarda men bag‘oyat mas’ud edim. Hatto do‘stimdan-da baxtliroq tuyuldim o‘zimga. Qandoq yaxshi ekan, – deyman o‘zimga o‘zim, – bilish, anglash yukidan xalos bo‘lish. Xuddi yag‘rinidagi og‘ir xurjunlardan qutulgan otlardek osmonga sapchir ekan inson ruhi shunday paytlarda. Chunki yo‘lni, u bilan bog‘liq butun tashvishlarni unutarkan u.
Ha, men mast edim. Sarxushlik tilimni shunday biyron qilgan ediki, davradagilarga gal bermas, mo‘jiza tufayli endigina zabon bitgan soqovdek betinim sayrar edim. Hatto do‘stim qolib, uning she’r­larini men aytar bo‘ldim.
Razm solsam, bu holim oshiqning sitamkor ma’shuqasiga o‘z sevgisini inkor qilib, uni yo‘q hi­sob­­lab huzurlanayotganiga o‘xshab ketardi. Boshqa nimayam qilardim, tuproqdan o‘zga manzilni izlay-izlay toliqqan bo‘lsam?..
Men shoirning iqrorlariga go‘yo ko‘nayotgan bir pallada do‘stim qalbida nihon dard yuzidagi pardani xiyol ko‘tarib qo‘ydi:

Yo‘qlikdan kelib, nopok bo‘ldik biz,
Sho‘xu quvnoq kelib, g‘amnok bo‘ldik biz.
Ko‘zimiz to‘la yosh, yurakda olov,
Umr yelga ketdi ham xok bo‘ldik biz.

Doim may ichib, ko‘ngilxushlik qilib yashashni tarannum etib yuradigan, ko‘rinishidan o‘zi ham shunday bo‘lgan do‘stimning ichida qat-qat dard tog‘lari borligini ilk bor sezib qolib, boshimdan oyog‘imgacha titrab ketdim. Botinimni o‘sha titroq shiddat bilan yorib chiqdi va qo‘limdan jom yerga tushib, chil-chil sindi, gulgun boda tuproqqa oqdi. Kelib do‘stimni mahkam quchoqlab oldim va shu ko‘yi ho‘ngrab yig‘lab yubordim. To‘kilib-to‘kilib, ezilib-ezilib yig‘ladim. Bir pas o‘tib his qilsam, do‘stim ham mendan qolishmay ko‘z yosh to‘kayotgan ekan. Vo darig‘, shunday sirkasi suv yuqtirmaydigan, xushchaqchaq, xandon odam-a! Ko‘ringki, uning ham bag‘ri dunyoyu uhroni bilmaslikdan tilka-pora bo‘lib ketgan ekan. Ayni shu mavhumot shoirning-da hayotini lahza sayin og‘ulab boraru u sho‘rlik butun zahri qotil alamini ichiga yutar, alal-oqibat esa, yutilgan iztirob she’r bo‘lib ko‘ksini yorib chiqar ekan. U o‘tkinchi dunyoni mensimagani yanglig‘, undan aks-sado bo‘lib qog‘ozga tushgan she’rlarini ham sariq chaqaga olmasdi, nazarimda. Chunki shoir she’rlarini duch kelgan joyga yozib, tashlab ketaverar edi. Yana men ba’zan jo‘shib yod aytgan she’rini u yo‘qotib yo unutib qo‘ygan chiqardi. Bu kimning she’ri deb menga katta-katta ko‘zlarini tikib hayratlanar, o‘ziniki ekanini bilgach, ko‘zlaridan yosh chiqib yana hayron bo‘lardi… Xullas, o‘sha kuni ikkalamiz bir-birimizga suyangan ko‘yi to‘yib-to‘yib yig‘lashib oldik…
Lekin rastamdagilarning aksariyati bilan mening munosabatim bunday emasdi. Afsus, ularning dastidan bir kosa yovg‘on oshni ham ming bir zahmat bilan yer edim. Kiyimni-ku, so‘ramay qo‘ya qoling. Latta-puttani so‘ramagandan keyin go‘zal jononlar haqida gap ochmay to‘g‘ri qilasiz. Chunki ular faqat tushlarimizga kirardi. Shundayam bizning derazamizdan bir necha farsah naridan xavotir to‘la nigohini shu tomonga tikib, ko‘rib qolmasmikan, kelib qolmasmikan, ishqi tushib, quruq gap-so‘z bilan boshimizni garang qilmasmikan, degan ming bir qo‘rquv ichra shoshib o‘tib ketishardi go‘zallar…

G‘OFILLAR

Yo‘lda yana boshqa, judayam katta guruh kishilari bor edikim, ularning bundayin savollar bilan zig‘ircha ishlari yo‘q edi. Ul zotlar ham o‘zaro gaplashishar, kulishar, baqirib-chaqirishardi. Ammo gap-so‘zlari besh qo‘ldek ayon narsalar haqida borardi. Masalan, ular yo‘lda daryodek oqib borayotgan odamlarning ismi sharifi, rangi ro‘yi, semiz-oriqligi, go‘zal-xunukligi, yeb-ichishi, kiyim-boshi, uy-joyi, nasl-nasabi va hokazolar to‘g‘risida kecha-kunduz va­laqlashardi. Ularning chuchmal gurunglariga quloq solganimda yuraklarim siqilib ketardi mening. Lekin quloqlarimni kesib tashlay olmayman: eshitishga majburman. Turib-turib esa o‘ylab ketaman: “Bular kim o‘zi, qanday toifaki, mayda-chuyda, o‘tkinchi narsalar ustida qizg‘in bahslashib, kuchlarini, zehnlarini, vaqtlarini zoye ketkizishadi? Nega ularni mening fik­ru yodimni zabt etgan o‘ylar – “Biz kimmiz, qayerdan kelyapmizu qayerga ketyapmiz, mohiyatimiz nimadan iborat?” degan savollar sira qiynamaydi?!..” Nazarimda, yo‘lda borayotgan kimki bor, hammaning dardu kori asosan, shu haqda bo‘lishi darkor edi. Axir, biz yo‘ldamiz! Yo‘ldagi odam yo‘l haqida, uning ibtidoyu intihosi, manzili borasida qayg‘urmog‘i kerak-ku! Yo‘qsa, yo‘l o‘z mohiyatini yo‘qotib qo‘ymaydimi?!.. Lekin… lekin ko‘rmaysizmi bularni, go‘yo kelishib olishgandek, eng muhimidan “g‘iq” etib og‘iz ochishmaydi. Keraksiz, o‘zlarining hollaridan juda-juda uzoq nimarsalar to‘g‘risida soatlab, kunlab, oylab va hatto umrlab vaysashadi. Nega, axir?..
Ammo u, shoir bor edi olamda! O‘qtin-o‘qtin shamollar uning o‘ktam ovozini qulog‘imga keltirib berar, bundan behad huzurlanardim. Kunlardan bir kun esa…

ShE’RDAN KO‘NGLIM QOLDI…

Ana ko‘ring, o‘zgaruvchan qalbning holini! Kutilmaganda, hammadan ajralib turadigan, samimiyati va iste’dodi bilan e’tiborimni eng ko‘p tortgan hamrohimning she’rlarini yoqtirmay qoldim. Chunki men tinimsiz atrofga qarardim, ko‘zlarimni shu darajada katta ochib qarardimki, natijada she’rlar ifoda qilmagan yoki qilolmagan holatlarga ro‘baro‘ kelardim. Men esa do‘stimning she’rlarida olam o‘zining butun tovlanishlari bilan jo bo‘lishini istardim. Atrofimning she’rda aks etmagan biron qirrasi qolmasligi kerak edi menga qolsa… Yo‘lga, undagi odamlarga tikilganim, ularning ko‘kragidan chiqayotgan ohu nolalariga quloq solganim sayin yana o‘sha la’nati savollar boshimda g‘ujg‘on to‘planib olishardi: men kimman? Qayerdan kelyapman va qay yerga ket­yapman?.. Barchasini, borini oxirgi tomchisigacha bilishim kerak! – deya hayqirardim ba’zan unga, ko‘pincha esa o‘zimga o‘zim. She’rlar esa bunga qodir emasdi. Ular nari borsa, yo‘ldagi tafakkur jangida yengilgan mag‘rur pahlavonning izhori dili edi, xolos. Bor-yo‘g‘i shu… Menga esa, bu kamlik qilardi. Lekin, baribir, hamrohimga bir narsada haq va tan berardimki, u borini, nimani, qanday his qilsa, shunday aytayotgan edi. Boshqalarga o‘xshab taxmin va tasavvur qilmas, bekordan bekor ishonmas va umidlanmas edi. Uni to‘g‘riso‘zligi, haroratli samimiyati uchun yaxshi ko‘rib qolgandim. Keyin ham u bilan juda ko‘p og‘ir-engil kunlarni birga boshdan kechirdik va shunda angladimki, u hech qachon o‘z tabiatiga xiyonat qilmasdi. Riyo degan kalom yo‘q edi uning ma’naviy lug‘atida. Do‘stimning eski atrofi yangi atrofga ulanib, bog‘lanib ketar edi. Ya’ni, kuni bitgan atrofning bir kunjidan eshik ochilardi-da shoir do‘stim yangisiga o‘tib olardi. Shunda eski va yangi atrofni bir-biriga ulagan eshik manguga ochiq qolaverar edi. Sarsor solsam, hamrohimning ortida qolgan qanchadan qancha atroflar bir-biriga birlashib uzun va yaxlit atroflar zanjirini hosil qilibdi. Binobarin, hamrohimning zanjir avvalida aytgan gapi zanjirning keyingi xalqalarida aytganlari bilan uzviylik kasb etar edikim, bu jihat boshqa ko‘pchilik shoirlarda ham, olimlarda ham yo‘q edi. Shunisi bilan u menga yoqardi. Binobarin, unga ishonib suyanish mumkin edi. Shoir bugun boshqayu ertaga boshqa emasdi. Uni har doim uzoqdan ham tanib olish mumkin edi. Million-million odamlar orasidan uzoqdan ham ko‘rinib turar edi u. O‘zgarmasdi, turlanmasdi, jilvalanmasdi. Ha, mudom tuslanib turgan atrof bilan muqoyasa qilganda shoir hamrohimning qadri yana-da oshib ketardi…

Azal sirrin bilolmasmiz na senu na men,
Bu – jumboq, hal qilolmasmiz na senu na men.
Parda orqasida axir bu g‘uvurimiz,
Parda ketaru qolmasmiz na senu na men.

Lekin… lekin, baribir, uning she’rlarida, bu she’rlarning qat-qatida ham o‘sha muvaqqatlik degan dahshatli maxluq olayotgan og‘ir nafasni sezib turardim. U mening ichki quloqlarimga kelib urilardi. Hamrohimning butun yozganlari kovushni kiyganidan keyingi ahvolini aks ettirardi. Ungacha bo‘lgan hayotdan bahs etmasdi. Menga esa hammasi kerak edi. Men hammasidan voqif bo‘lishni istar edim. Uning she’r­lari dilimga yoqib, unga olam-olam huzur bag‘ishlasa ham men ularga o‘zimni topshirolmasdim. Ular mening uzun yo‘limda bir damlik hamdam edilar, xolos. Bu yo‘ldagi muayyan bekat kayfiyati aks etgan edi ularda. Undan narisida men yana yolg‘iz qolardim, ya’ni bu she’rlarsiz, demoqchiman. Ular bo‘lsa ham, yodimdan o‘chmasa ham, baribir, foydasi yo‘qdek tuyulardi. Yo‘q, foydasi yo‘qligi aniq edi. Chunki yo‘limning navbatdagi bekatlarida men o‘zgacha hollarga tushishimni avvaldan bilardim. Yo‘q, bilardim desam, oshirib yuborgan bo‘larman balki, his qilardim. Bu o‘zgacha hollarda menga o‘zgacha she’rlaru o‘zgacha hikmatlar kerak bo‘lardi. U hollarda do‘stimning she’rlarini ming zo‘r berib o‘qiganim bilan ichimdagi kayfiyatga hamohang jaranglamagandan keyin urinishlarim zoye ketardi… Shu tuyg‘u meni nari olib borib, beri opkela boshladi. Chunki men ruhiy bir tayanchsiz qolgandim. Odamlar oqimida, hammaning qurshovida borayotgan esam-da, o‘zimni kimsasiz, yolg‘iz his qilardim.
Men talay umrimni shu o‘y va shu his iskanjasida o‘tkazdim. Hamrohimning she’rlarini na yolg‘iz va na u bilan jo‘rovoz bo‘lib aytardim. Chunki eslatganimdek, ular menga taskin oromini bermay qo‘ygandi… Nima qilay, tabiatim shunday: har qancha go‘zal bo‘lmasin, ishonmasam, bitta ham misra aytolmayman, undan zavq­lanolmayman!..
O‘shanday kechayotgan kunlarning birida odamlar daryosi o‘z-o‘zidan to‘lqinlanib, chayqala boshladi. Natijada bir maromda odimlab borayotgan safdoshlarimning o‘rnilari almashib ketdi. Men ham taloto‘pda surinib, qaysidir bir tomonga o‘tib qoldim. Alang­lab qarasam, avvalgi hamrohlarim, jumladan, shoir do‘stim yonimda yo‘q edi. U ham chayqalma ta’sirida allabir burjga borib qolgan bo‘lsa, ne tong! Yonimda – boshqa yo‘ldoshlar. Ular ham el qatori, kovushlari ham ko‘pnikidek – yaltillaydi.

SIRDOSh

Ko‘nglimga yaqin boshqa bir yo‘ldoshga duch kelgunimgacha oradan yana ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Nafsilamrini aytganda, ehtiyojimga qaramay, men undayin hamrohni maxsus qidirganim yo‘q edi. Yaratgan Egamga hamdki, Lafhi mahfuzda bitgan ekan – bir kuni men uni tanib qoldim. Tashqaridan hammaga o‘xshash, ammo botini g‘ij-g‘ij ma’no edi uning. O‘sha zot ila gaplasha boshlaganimdan keyin ko‘z o‘ngimda insonlik deb atalgan olamga bir daricha ochilgandek bo‘ldi. Bu daricha uchun ulug‘ hamrohimdan haligacha minnatdor yuraman. U olam va odamni, ularning butun sirru sinoatlarini hayotdan, shundoq oyoqlarimiz ostidan olingan oddiy bir tamsillar vositasida shu choqqacha hech kimda men uchratmagan soddadillik bilan tushuntirar ediki, natijada aqlimning tishi o‘tmay kelayotgan juda ko‘p mubhamliklar ustidagi qalin qora pardalar ko‘tarilib ketar, dilim ham favqulotda yorishib yayrardi. U xuddi xayolimga o‘xshar, men bormoqchi bo‘lgan hamma joyga mendan burun borib kelar, u yerdan xat-xabar keltirar edi. Yana uni quyosh nuriga chog‘lardimki, yurayotgan yo‘lu so‘qmoqlarimning eng teran puchmoqlarigacha yoritib, isitib turardi. “Biz qaydan keldigu keturmiz qayon?” desam, u mayingina jilmayib qo‘yar-u, indamas, javobni sukutimdan top, deganday beozor boqardi. Ammo keyin bilsam, u menga keragidan ortiq javob bergan ekan-u, men nodon uqmagan ko‘rinaman. Chunki uni so‘roqqa tutmagan damlarimda o‘z-o‘zidan “men bir ojiz tomchi-yu, ammo yuragimda ummon sog‘inchi yashaydi” deya takrorlagich edi. Balki shu gapida men ko‘p bora so‘raganu so‘rashga ulgurmagan barcha so‘roqlarimga yaxlit bir javob yashirindir… bilmasam… Men juda haqir edim, ba’zan yurishga madorim kelsa, ba’zan kelmas edi ham. Odamlar, izdihom, oqim, do‘stim, sevgilim… ular dam bordegu dam yo‘qdek bo‘lib qolardilar. Ichimda muayyanlik, davomiylik qoim emasdi go‘yo. Shunday paytda tashnaligimni mushohada qilaru ummon sari borayotganimni yodga olardim va hammasi-hammasi joyiga tushardi, yana odamlarga yaxshilik qilishu yorimning qoshiga chopishni istab qolardim…

MAYDONDAGI BAHS

Xuddi rastalar singari yo‘lning ichida bir maydon bor edi. U ham odamlar yanglig‘ bir joyda turmas, tinmay ko‘chib-harakatlanar edi. Vaqti-vaqti bilan maydonda bonglar urilib, nog‘oralar chalinardi-da hammani o‘z bag‘riga chorlar, hamma to‘plangach esa, e’lonlar o‘qilar, muhokamalar o‘tkazilardi. Xullas, o‘sha kuni ham nog‘oralar chalinib, bonglar urildi. Odamlar rastalarini tashlab maydonga oshiqishdi. Razm solsam, tashrifchilar har xil ko‘rinishda bo‘lib, ularning rangu ro‘yidan tortib, qiliq-qiyofalarigacha turfa-turfa edi. Nafsilamri, odamlarning shundayligini muqaddam ham bilar edim. Ammo bilganlari ko‘z o‘ngida qad rostlaganda allaqanday o‘zga ko‘ylarga tushar ekan, kishi.
Kutilmaganda bahsu munozara boshlanib ketdi. Gapning sirasi, munoqashalar ilgari ham bo‘lib turardi. Juda yaxshi eslayman: yo‘lning avvalida – “Biz qaydan keldigu qayon boryapmiz?” deya tortisha-tortisha yo‘lovchilar guruhlarga ajralib ketgandi. Xuddi shu taxlit, hozir ham maydonda to‘planganlar o‘zaro bahslasha boshlashdi. Kimdir o‘z rastasidan so‘z ochar, uni osmonu falaklarga ko‘tarib maqtar, qolgan rastalarni iloji bo‘lsa, yetti qavat yerning tagiga kiritib tashlasam, derdi. Bo‘yinbog‘ taqib olgan xushqomat kishi bo‘lsa, zo‘r berib: – Xudo yo‘q, u allaqachon o‘lgan! – Derdi qarshisida turgan oqsoqolga. – Muqaddas kitob deganlaring bir necha tovlamachining uydirmalaridan o‘zga narsa emas. Odamlarning ularga ergashishlarining asl sababi esa, jaholat! Ilm-fan rivoj topsa, din o‘z-o‘zidan ortga chekinadi. Ana, tarixni titib ko‘r, din va ilmdan qaysi biri yuksalgan bo‘lsa, ikkinchisi albatta cho‘kkan. Qayerdaki, ilm xor bo‘lar ekan, o‘sha yerda din, xurofot avjga minadi.
– Din va ilmni bir-biriga qarshi qo‘yib xato ket­yapsan, birodari aziz, – derdi oqsoqol, – ular bor-yo‘g‘i ikki xil tafakkur yo‘li, xolos. Ularning har biri o‘z yo‘lidan og‘ishmay to‘g‘ri ketabersa, bilgilki, vaqti-soati kelib bitta manzilga boradi. Bu yakdillik esa Allohning borligi va birligiga ishoradir.
– Safsata! O‘sha kitobingda yozilgan u dunyo ha­qidagi gaplarning bari cho‘pchak! Jannatu do‘zax emish! Nima degani bu? Tirik odamlarni o‘z yo‘liga yurgizish uchun tanlangan hiylayu nayrangdan boshqa gap yo‘q bu yerda. Ushbu iddaolarning turli xil dinda turlicha talqin qilinganining o‘ziyoq ularning inson xayolida to‘qilgan bo‘lmag‘ur ertaklar ekanligiga yorqin dalil! Hayotning turgan-bitgani kulfatu g‘urbatdan iborat bo‘lgani holda, sal og‘ishsang, o‘lganingdan keyin seni yana jahannam olovi kutadi, deya qo‘rqitadi nasroniyligu islom. Buddaviylari esa yaxshi bo‘lguninggacha dunyoga qayta-qayta kelaverasan, mabodo, yomon yashasang, kalamush yo kuchuk qiyofasida takror tug‘ilasan, hayot deb atalgan sinovni boshidan ado etasan, deydi. Bu qanday gap bo‘ldi o‘zi?! Nega insonni haqorat qilishadi ular? Hech qanaqa jannat ham, hech qanaqa do‘zax ham, hech qanaqa qayta tirilish ham yo‘q, aslida! Umuman, o‘limdan keyingi hayot haqida hech zot tayinli biron nima bilmaydi. Bo‘lsa ham, hoynahoy, u sizning muqaddas kitoblaringizda yozilgandek emasdir.
– Tavba, deng, birodari aziz, tavba! – muxatobining gapini og‘zidan oldi oqsoqol. – Nimalar deyapsiz? Bunaqada oxiratingiz kuyib ketadi-ku!..
– Insonning musulmon bo‘lishi uchun yonida albatta bir kofir yo‘ldoshi bo‘lishi shart! – dedi yon tarafdan kimdir. – Xushqomat kishi va oqsoqol burilib qarashgandi, bir-birlariga chunon o‘xshab ketadigan, biri o‘rta yoshlardagi, boshqasining siymosida keksalik alomatlari sezilib qolgan ikki kishiga ko‘zlari tushdi. – Iymonning namoyon bo‘lishi uchun kufr kerak! – Bu gaplarni tashrifchilarning yoshi ulug‘rog‘i aytardi.
Xushqomat kishi e’tiroz bildirmoqqa og‘iz juftlagan edi, o‘rta yoshdagi tashrifchi qo‘l harakati bilan uni to‘xtatdi-da, so‘zladi:
Makkaga borayotgan odamlar garcha bitta dinu bitta e’tiqodda bo‘lsalar ham yo‘lda “meniki haq, seniki botil” deya tortishishdan o‘zlarini tiyolmaydilar. Lekin muborak Makkaga kelgach esa, muddaolari bir – Alloh ekanligini anglab jim bo‘ladilar.
– Safsata! – Deya qichqirdi shunda xushqomat. – Eshitmanglar bularni, xaloyiq! Bu odamlarning miyasi aynib qolgan! Yo‘l ularning esini kirdi-chiqdi qilib qo‘yibdi, hazar ulardan, hazar!..
– Uning gaplariga e’tibor qilmanglar, muborak­lar! – Oqsoqol kelib bir-biriga o‘xshab ketadigan ikki tashrifchining qo‘llarini oldi. – Xush kelibsizlar! Marhamat, marhamat! – Oqsoqol ularni xushqomatdan uzoqlatib, maydonning supasimon joyiga taklif qildi. Hammalari o‘tirishdi, birpasda atrofga odam to‘ldi va uzun, maroqli suhbat boshlanib ketdi.
Shunday qilib, tashrifchilar yig‘ilganlarning aksarini lol qoldirib qancha so‘zlasalar, yo‘lovchilar ularni shuncha miriqib tingladilar. Men ham ko‘pning orasida bir tinglovchi edim. Razm solib, muboraklarning suhbatidan so‘ng ayrim odamlarning sukut saqlab hamishagi munozaralariga chek qo‘yganliklarini, ayrimlarning esa go‘yo hech nima eshitmagandek, boyagi-boyagi boyxo‘janing tayog‘i bo‘lib olganliklarini ko‘rdim. Shunda angladimki, insonning kimligi uning qaysi rastadan ekanligiga judayam bog‘liq emas ekan. Kimlik, bu, avvalo, inson fitratiga ekilgan urug‘, so‘ng shu urug‘ning qanday muhitda, qanday zamonda, kimlarning davrasida nimalarni ko‘rib-eshitib yurishi bilan belgilanar ekan. Bas, farroshlar rastasida chinakamiga oqil inson bo‘lganidek, olimu fuzalolar rastasida ham uchiga chiqqan nodonlar to‘lib-toshib yotar ekan.

QALB – YaPROQ

Lekin yo‘l yo‘l ekan…
U tirik vujudga mengzarkan – mudom harakatda. Bu harakat esa mening o‘rnimni almashtirib turardi. Joy almashinishi natijasida esa mening tegram turlanib borardi. Shunga ko‘ra har qancha istasam ham men dildoshu ruhdoshlarimning yonlarida mudom qololmas edim. Bir qarasam, do‘stimning, bir qarasam, dushmanimning, boshqa paytda boxabaru bexabarning, yana bir boshqa vaqt shoiru devonaning, dindoru dahriyning qarshisida paydo bo‘lardim. Baayni, ko‘z qorachig‘imda jilva topgan hadaf bilan bog‘liq tarzda boshqa-boshqa kayfiyatlar bag‘rimda nish urardi. Ya’ni qalbim holati bevosita ko‘zimga urinib turgan dunyo bilan chambarchas bog‘liq ekan. Eskilar qalbni yaproqqa o‘xshatishgan edi. Yaproqki, daraxt shoxida, xiyol shabadada aylanib turadigan nozik xilqat. Juda topib aytilgan tashbeh. Lekin uning olamshumul muvaffaqiyati bilan birga andak nuqsoni ham bordek tuyuladi menga. Chunki yaproq bir joyda turadi. (Balki daraxtning nafas olishi uning harakatidir, to‘g‘risini esa Alloh bilgich!) Uning o‘zgaruvchanligi shabadaning harakatiga bog‘liq. Inson qalbi esa mudom harakatda. U vujudning boshqa a’zolari orqali yuradi. Chunonchi, oyoq, ko‘z, quloq, burun, badan, til… kabi ko‘rish va sezish a’zolari qalb yo‘llari hisoblanadi. Mana shu yo‘llardan yurgan qalb turfa kayfiyatlarga tushadi. Kayfiyatlarning almashinishi esa qalbning hayot yo‘li bo‘larkan va biz uni ramziy qilib “mayin epkinda ham hilpirab, aylanib, o‘zgarib turuvchi yaproq” der ekanmiz.

RUH VA QAFAS

Yo‘lda bir kishi kuy chalar, chalgan sari odamlar uning atrofida va yana o‘z tegralarida gir aylanib raqsga tushar, raqsga tushgan sari esa bir-birlariga urilib-chalishib yiqilishar, so‘ng yo‘l chetiga chiqib uloqishardi. Shunda men mashshoqning yoniga bordim.
– Nega bunday qilyapsan?
– Nima qilibman? – Qaradi u menga norozi ohangda.
– Nega odamlarni yo‘ldan ozdiryapsan?
– Menmas, ularning o‘zlari buni xohlashyapti, – dedi mashshoq.
– Qanaqasiga ekan?
– Ana, qara, men bas qilsam, ular pul ko‘tarib oldimga kelishayapti, – ishora qildi shu tomonga bi­ri kissa kavlab, boshqasi changalida bir dasta pul tutgancha oshiqayotgan raqqoslarni ko‘rsatib. Bir pasda mashshoqning oyoqlari osti har xil shakl va rangdagi aqchalarga to‘lib ketdi. – Menmas, – yana tak­rorladi mashshoq, – ularning o‘zlari yo‘ldan ozishni xohlashmoqda. Buning uchun yana katta-katta haq to‘lashga ham tayyor bu odamlaring. – Mashshoq cholg‘usini qo‘liga oldi. Tegrasida to‘plangan erkagu ayol, yoshu qari likanglab o‘ynay ketishdi.

RIVOYaT

Azalda Tangri taolo inson tanasini loydan yasab, ruhga qarata “Kir shuning ichiga!” deya amir etdi. Ruh tanaga qarab, unda o‘z erkini bo‘g‘ib qo‘yadigan qafasni ko‘rdi va “Yo‘q, men bu g‘orning ichiga kirmayman! ” deya qat’iy bosh tortdi. Shunda Yaratgan farishtalarga “Kuy chaling!” deya buyurdi. Farishtalar chaldi. Hozirgina kirmayman deya bo‘yin tovlab turgan ruh o‘yinga tusha boshladi-da, qanday qilib tana deb atalgan g‘or – “qafas”ning ichiga kirib ketganini o‘zi ham bilmay qoldi.

ADAShISh

O‘shanda kuchli shamol qo‘pib, chang-to‘zon yo‘limizni tamoman berkitib qo‘ydiki, bir odim ham yurolmay qoldik. Izdihom ulkan karvon kabi taqa-taq to‘xtadi. Hammamiz bir-birimizning pinjimizga kirgan ko‘yi jon saqlashga tirishardik. (Bundayin manzaraga men yo‘lda hali bot-bot duch kelaman. Nafaqat insonlar, balki hayvonlar ham ko‘pgina balolardan najotni aynan bir-birlarining quchog‘idan topishadi hali. Misol uchun, men ko‘p yillar keyin uch-to‘rt maymunning qahraton qishning bo‘ronlarida sovuqdan tarrakdek qotib qolmaslik uchun bir-birlarini mahkam achomlab, birining tana haroratidan ikkinchisi bahra topib tirik qolishlariga duch kelaman. Bular hali oldinda. Lekin ma’no nuqtai nazaridan mavridi ayni dam bo‘lgach, men-da uni shu damda sizga ilinayapman. Zero, oqillar misollar ro‘ymoli ortida nozik aql sohiblari uchun hamisha hikmat yashirin keladi, deyishadi. Hamda bu hikmat ularning o‘z hayotlariga ishoralar bo‘lar emish). Hademay, quturgan shamol bo‘ronga aylanib, qaboqlar yumildi. Boshimiz uzra har nimalar chiyillab uchar, tuprog‘u mayda toshlar yuz-ko‘zlarimizga kelib urilar, botinimiz ham shunga monand titrab-qaqshardi. Kutilmaganda butun yo‘l bir tanu bir jon bo‘lib nola cheka boshladi. Men hayron bo‘ldim. Chunki kechagina bu yo‘lda necha odam bo‘lsa, go‘yo hammasi boshqa-boshqa edi, endi esa yaxlit vujudga aylanib qoldi. Kechagina bitta yo‘lda million-million yo‘l bor edi, men sezar edim, endi bo‘lsa, bitta, yakkayu yagona! Men buni ham his qilar edim. Umuman, men o‘sha paytda ko‘p narsaning siriga yetolmasam-da, ich-ichimdan sezib turaverardim. Keyinchalik tushunib yetganimda solishtirib qarasam, endi anglaganlarim huv bir vaqtlar his qilganimga uyg‘un chiqardi.
Nihoyat, bir necha kun davom etgan dovul tindi. Tindi, biroq bir-birlarining bag‘rida yerlarga qapishgan odamlar o‘rnidan turishga turdiyu ortiq yurolmas edi. Chunki… chunki, ne yoziqki, ular qaboqlarini ochgani bilan ko‘zlari ko‘rmas bo‘lib qolgandi. La’nati shamol, la’nati chang-to‘zon! Men ham qaboqlarimni ocholmasdim: ularning ichiga qum to‘lib, achishib og‘rirdi. Hamma oh chekar, nima qilishini bilmay, turgan joyida maqsadsiz aylanar, paypaslanardi…
Men ko‘zimning ichiga kirib olgan zulmatdan dah­shatga tushdim va qaboqlarimni kuch bilan yirib ochishga tirishdim. Shunda shiddat bilan bir chimdim nur oqib kirdi, ammo shu bir chimdim nur ko‘zim oynasini xuddi qirrador shisha yanglig‘ tilib o‘tgandek bo‘ldi. Men kuchli og‘riqdan dodlab yiqildim va ko‘zlarimni jips yumib oldim. So‘ng “Ota-a-a!” deya baqirdim, ammo padari buzrukvorim javob bermadi, “Ona-a-a!” deya bo‘zladim – volidamdan sado qaytmadi. Aftidan, dovul ularni allaqayoqlarga olib ketgandi, endi biz bir-birimizdan juda-juda olisda edik, ovozlarimiz bir-birimizga yetmaydigan darajada olisda edik. Qolaversa, ko‘zlariga qum to‘lgan boshqa odamlar ham bor kuchi bilan baqirib-chaqirishardiki, bu ovozlar ummonida hech kim hech kimni eshitmasligi tayin edi.
Ammo fursat o‘tar, odamlar shu hollariga ham ko‘nikishga yo‘l axtarishardi. Ha-ha, noto‘g‘ri o‘qi­ma­dingiz, aynan ko‘nikishga! Bu, avvalambor, og‘riq tufayli ko‘kni tutayotgan nolayu fig‘onlarning kamayganida, so‘ng yo‘l odamlarining harakatga tushganida namoyon bo‘ldi. Ammo bilasizmi, odamlar ilgarigidek to‘g‘ri yo‘ldan to‘g‘rigina ketishmadi, yo‘q, balki kimi o‘ng tomonga, kimi chapga, kimi oldinga, kimi esa orqaga qarab, buning ustiga to‘da-to‘da bo‘lib yurisha boshlashdi. Shunda men bildimki, endi yo‘l o‘z ma’nosini yo‘qotib borayotir, ki hamma uchun umumiy bo‘lgan bitta yo‘l endi son-sanoqsiz mayda so‘qmoqlarga bo‘linib ketayotgandi. Negadir yuragim g‘ash tortdi. Azobiga qaramay, ko‘zlarimni yiribroq ochib, tanish bir chehra qidirdim, lekin nadomatlar bo‘lsinkim, unday zot topilmasdi, hamma begona edi. Hash-pash deguncha odamlar ko‘zlarini qisibroq yurishga moslashib ham qoldi, hisob. Shunda ular avvalgidan chunon o‘zgarib ketishdi. Juda tez o‘zgarishdi. Bu begona basharalar, bu sovuq turqlar juda yomon ishlarga qo‘l urishdi, ha, ilgari men bunaqasini ko‘rmagan, bilmagan va hatto eshitmagan edim ham. Ularning maraz qilmishlari xunukroqmi va yoki begona angorlari, bilmay qoldim. Nazarimda ular bir-biriga bog‘liq edi. Men onasini yo‘qotgan bo‘taloqdek goh u, goh bu to‘daga ilinj bilan bosh suqardim, suqardim-u, xiyol o‘tmay u yerlardan ura solib qochardim. Panoh topmoqchi bo‘lganim yangi to‘dada esa avvalgisidan-da jirkanch ishlarga ro‘baro‘ kelgach, navbatdagisiga shataloq otib qolardim. Xullas, yo‘ldan og‘gan odamlar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishlar bilan band edi desam, ishonasiz-u, yana nimalarnidir aytib berishimni xohlab turaverasiz – bilaman. Shuning uchun ham yo‘ldan chiqib ketgan ilk guruhga borganimda, ularning yolg‘on gapirishlariga duch kelgan edim. Yetti yoshdan yetmishgacha, ayolu erkak – hamma-hamma shu ish bilan mashg‘ul edi. O‘g‘illar ota­larni, otalar onalarni, onalar qizlarni, qizlar otalarni kiprik qoqmay aldashardi. Ularning orasida bir necha kunni bazo‘r o‘tkazarkan, razm solsam, mening o‘zim ham yolg‘onga moyil bo‘la boshladim. Chunki aytayotgan gapimning qaysi biri rostu qaysisi yolg‘onligini farqlamay qoldim. Rosti yolg‘onga, yolg‘oni rostga o‘xshardi. Hammasini ko‘rib, tushunib turardim, ammo o‘zimni boshqara olmasdim go‘yo. Shunda men so‘nggi chorani qo‘lladim: shartta u qavmdan bosh olib ketdim. Ketib boshqasiga, katta yo‘ldan adashib-uloqib yurgan o‘zga bir toifaga bordim. Chunki yana qayergayam borardim, deysiz. Odamlarning bari burungi yo‘ldan chiqib ketishgan, u yo‘l yo‘lovchisiz qolib, qayerlardadir bir ufqdan boshqa ufqqa tomon yastanib yotgan chiqar. Men uni ko‘zlab, uni qo‘msab, uni izlab yo‘lga chiqdim. Yaxshi niyat bilan, orzu va istak bilan odim otdim u yerga. Nihoyat, olisda bir chiziq ko‘rindi. Yaqinroq bordim: odamlar bir tomondan ikkinchi yoqqa tomon harakatlanib borishardi. Quvonib ketganimni ko‘rsangiz edi!.. Ammo ne hasratki, yetib kelib qo‘shilganim bu yo‘lning yo‘lovchilari zulm bilan mashg‘ul chiqdi. Bunda kuchli kuchsizni topib olib, ezgani ezgan, xo‘rlagani xo‘rlagan ekan. Shuytib kelib meni ham tutib olishdi, yangi kelganim bois ularga himoyasiz ko‘rindim chog‘i, darhol qo‘l-oyog‘imni bog‘lab kaltaklay boshlashdi. Men ohu fig‘onning hamma tilida yalinib yolbordi hmamki, qani endi kor etsa. Men dodlaganim sari zolimlar zavqlanar, jo‘shar va ikki hissa harislik bilan savalashda davom etishardi. Nihoyat, hushimni yo‘qotdimmi, bir mahal ko‘zimni ochsam, allaqanday shilimshiq va sassiq handaqda yotibman: a’zoi badanim qaqshab og‘rir, tashnalikdan tomog‘im qaqrab, lablarim quruqshab qiynardi. Boshimni shilta yerdan asta ko‘tarib atrofimga razm soldim: menga o‘xshaganlar to‘lib yotardi. Kim boshini qon qotib qolgan tizzalari orasiga olib o‘tirar, kim og‘riqdan u yonboshidan bunisiga ag‘darilar, kimi boshqasining yarasini bog‘lar, kimi yana nima bilandir mashg‘ulu barining tilida bitta nola: OZOD BO‘LISh! Alqissa, dahshat edi ko‘rganlarim… Xayriyatki, yonimdagi mazlumlardan kimdir qo‘l-oyog‘imni yechib qo‘ydi. O‘zimga kelib olgach esa asta qo‘zg‘aldim, avaylanib oyoq bosdim. Og‘riyapti-yu, lekin yurish mumkin. Bu degani men uchun faqat birgina ma’noni anglatardi: qochish!..

TOG‘ ChO‘QQILARIDAGI BITIKLAR
Bu yo‘lning adog‘i yo‘q edi. Avvali bormidi uning? Buni bilganlar yo‘lovchilarning orasidan yo topilar yo topilmas, mabodo topilsa, uning gapiga hech kim quloq osmas, chunki eshitganlariga ishonmas edi. Axir, avvalning siridan voqif bo‘lganlarning aksariyati yo jinnisifat va yo eng kamida devonasifat bo‘lib qolishardi. Endi ul zot oxirdan ham xabardor bo‘lsa-chi? Unda bechoraning holi nima kechadi?..

“Yo Olloyu yo Ollo,
Haq do‘st, yo Ollo!..”
Yolg‘on, soxta dunyolar
Yo‘limdan po‘sht, yo Ollo!

Qalandarlar, darveshlar, soliklar, payg‘am­bar­larning necha-nechalari bu yo‘ldan o‘tmadi deysiz. Hammalari hamrohu hamzamonlariga zimmalaridagi o‘gitlarni uqtirishdi, hanuz uqtirishadi. Lekin yo‘lovchilarning hammalari ham ular aytgan yo‘lda yurmas, ular o‘z bilganlaridan qolmas edi. Hu-u-uv anavi baland-baland cho‘qqilarni ko‘ryapsizmi? Ularga chiqishga rag‘batingiz bormi? Bor esa, yuring, bir-birimizga dalda bo‘lgancha hammasini birgalikda tomosha qilamiz, yuring! Qarang, cho‘qqilarning har biri alohida tarix, lekin ularning bari YO‘L chizig‘ida, YO‘L bo‘ylab joylashgan, hech biri YO‘Ldan tashqarida emas va yoki YO‘Ldan chetga ishora bermayapti. Yuring, bir boshdan ularga chiqib, hikoyalarini tinglaymiz…

ZARDUShT BOBO

Hammaning boshini qovushtirish uchun yaxlit, yagona e’tiqod kerak edi. Shunda odamlar orasida bir chaqaloq tug‘ildi. Yig‘lab emas, yo‘q, kulib dunyoga keldi u. Shuning o‘zidayoq yangi tug‘ilgan go‘dakning dushmanlari paydo bo‘ldi. Ne emish, u hamma qatori onadan big‘illab yig‘lab tug‘ilmaganmish. Tavba, tavba… Shu-shu, uning hayotiga to o‘ldirib yuborishguncha suiqasdlar bo‘laverdi-bo‘laverdi. Axiyri, ko‘chmanchilar tomonidan o‘ldirildi ul zot. Ungacha esa u zimmasiga tushgan ishni ado qilib bo‘lgandi. Bas, u yigitlik chog‘idanoq o‘rtaga chiqib, Axuramazda bizning Tangrimiz, anavi quyosh, muqaddas olov biz uchun hayot ramzi dedi. Dunyodan, hayotimizdan, yuraklarimizdan yovuzlikni quvib solamiz, uning o‘rnini faqat va faqat yaxshilik egallaydi deb avvalo o‘zi ishondi, so‘ng gaplariga o‘zgalarni ishontirdi. Zardusht edi uning ismi. Yana uni uzoqdan Oltin yulduz ham deb atashardi. Uni ko‘pchilik yaxshi ko‘rib, ortidan ergashdi. U bashar ahlining ilk yirik muallimlaridan edi. O‘gitini og‘zaki aytardi, quloqlaringga quyib olinglar derdi, ki yozuv yo‘q edi u paytlar. Ergashmaganlar ham o‘shancha bo‘ldi. Zardusht odamlarning hammasi bir, uning qaysi tabaqaga mansubligiyu, boy yo kambag‘alligi hech nimani bildirmaydi, insonning dilidagi o‘yi, tilidagi so‘zi va qo‘lidagi ishi ezgu va bir bo‘lishi kerak. Shunisiga qarab u narigi dunyoda o‘z nasibasini oladi: yaxshi bo‘lsa, yaxshisini, yomon esa, yomonini o‘radi, dedi. Yana u odamlarga ilk bora bizni Yaratgan Zot yakkayu yagonadir, deb aytdi.
Zardusht yurgan joylarda tartib o‘rnatila boshlagani mening e’tiborimni tortdi. Ha-ha, u yurgan yo‘llarda, u barobar bo‘lgan qavmlar orasida zulm va adolatsizlikka chek qo‘yilib, odamlar ahil va totuv yashay boshladilar. Mening quvonchim had-hisobsiz edi… Ammo yo‘ldan chiqib uloqib ketgan xaloyiqning ham sonu sanog‘i yo‘q edi. U kunchiqish tomondan g‘urubga qadar yoyilgan, bas, bu sarhadlar aro Zardusht boboning qadamlari yetmagan qabilalar to‘lib-toshib yotardi. Men tag‘in haqsizlikka, istibdodga, kasallikka, keksalikka duch kelar va ich-ichimdan ezilar edim.

DEVOR ORTIDAGI OLAM YoKI BUDDA

U mamlakat podshohi bo‘lishi lozim edi, peshonasiga bitilgan yoziq esa yurtning emas, ko‘ngilning shohiga aylantirdi, tashqariga emas, ichkariga rahbar etib sayladi. U shahzoda bo‘lib tug‘ilgandi. Otasidan keyin mamlakatning hukmdori bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Padari buzrukvorining ham, ahli a’yonning ham butun diqqat e’tibori shunga qaratilgan edi. Otasi uni chor tomoni baland va qalin devorlar bilan o‘ralgan saroyda papalab, atrofda nimaiki yomonlik bo‘lsa, barchasidan qo‘rib, himoya qilib, kaftda nihol o‘stirgandek avaylab voyaga yetkazdi. Yigit bo‘lib yetishgach, o‘zi sevgan qizga uylantirib qo‘yishdi, tez orada farzand dunyoga keldi. Podshohning ojiz nazdida hammasi risoladagidek davom etayotgandi. Biroq… biroq podshoh istagi boshqa-yu taqdirniki o‘zga chiqdi: kunlardan bir kun shahzoda qulay bir paytda devor ortiga bo‘ylab, u yerda tomomila boshqa bir hayot hukm surayotganini fahmlab qoldi va oromini yo‘qotdi. Vazifadorlaridan biriga buyurib, otaravada darvozadan tashqariga chiqib ketdi va hammasi ana o‘shandan boshlandi. Uni yo‘lda to‘rtta uchrashuv kutib oldi.
Ulardan birinchisi qarib, joni badanida kilkillab qolgan chol bo‘ldi: nahot odamiyzod shunchalar najotsiz va ayanchli holga tushsa?..
Ikkinchisi bo‘lsa, bedavo dard – moxovga chalingan bemor: nahotki, kasallik insonni shunday ko‘ylarga solsa?..
Yigit ko‘rganlaridan mutaassir bo‘lib nari borgandi, u yerda motam marosimiga duch keldi. U umrida ilk marotaba o‘lgan odamni ko‘rib qolgandi: nahotki, men ham bir kun kelib o‘lsam?..
Yigitning nozik ko‘ngli buzilib, yuragi alag‘da bo‘ldi. Nima qilarini, nima deyarini bilmay tipirchiladi. Devor ortidagi bu yangi olam endigina o‘zi chiqib kelgan olamning tamomila ziddiga mengzardi: bas, dunyo va hayot haqidagi shu choqqacha bilganlarining oyog‘i osmondan kelgancha shundoq ko‘z o‘ngida yer bilan bitta bo‘lib, balchiqlarga qorishib yotar edi. Yigitning ko‘z oldi qorong‘ilashdi…
Agar… agar u to‘rtinchi kishini ko‘rib qolmaganda holiga podshoh otasiyu go‘zal xotinidan tashqari yon-veridagi maymunlarning ham yig‘lashi tayin edi. To‘rtinchi zot – bu, haddan ziyod qashshoq bo‘lib, dunyoni yayov kezib yurgan bir darbadar kishi edi.
– Hoy, qashshoq inson, men shu mamlakatning bo‘l­g‘usi shohi bo‘laman, – murojaat qildi shahzoda, – sen-chi, sen kimsan? Qayoqdan kelyapsan, qayoqqa ketyapsan?
– Qashshoq inson sensan! – sekin, ammo qat’iy ohangda javob berdi darbadar. – Men esa sen o‘y­lagandan tamoman boshqaman: boyu badavlatman. Chunki sen o‘tkinchi va mudom o‘zgaruvchan zohirning shohi bo‘lsang, men mangu va muqim botinning yo‘lovchisiman. Sening hukmdorliging nari borsa, bir necha o‘n yilga yetsa, mening o‘z olamimdagi shohligim abadiy! Sen bir nafaslik olamning egasi bo‘lsang, men boqiy borliqning sohibiman! Men o‘sha olamdan kelib, yana o‘sha tomon yo‘l olganman! Bas, ikkimizdan qay birimiz faqiru bechora, qay birimiz amiru rahnamo ekanligimizni o‘zing so‘yla!
Bu keskir javoblar yigitning botinini tilimlab o‘tdi va u mum tishlagan ko‘yi aravasiga o‘tirib qoldi. Shu-shu, shahzoda o‘sha darbadar kelgan va ketgan olam xayoliga tutildi, mubtalo bo‘ldi: yursa-tursa, yotsa-tursa, u haqda o‘yladi va ajoyib kunlarning birida xuddi o‘sha darbadarning kiyimi yanglig‘ jandaga burkandi-da tobora keksayib borayotgan otasini, toju taxtu saroyni, husni yetti iqlim tillarida doston xotinchasiniyu ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan o‘g‘lini tashlab, devor ortidagi olamga qarab ketdi…
Etti yil davomida o‘sha darbadarning izidan tinimsiz yo‘l bosdi. Yoshi o‘ttiz beshga chiq­qandagina to‘xtab sarsor solsa, odam­larning qo‘l­lari noto‘g‘ri ish qilayotganini, tillari no­ma’qul so‘z so‘zlayotganini, dillari nomarg‘ub o‘yga cho‘­mayotganini, xullas, yo‘ldan chiqib borayotganini idrok etdi. U bularning barini mulohaza qilib yana o‘n yilni o‘tkazdi va nihoyat, yoshi єirє beshga borganda yurak yutib odamlarning qarshisiga chiqdi-da, ASL YO‘Lga qaytish kerakligi haqida ilk kalomni aytdi. Shundan so‘ng odamlar uni Budda deb tanidi…
Budda odamlarga aytdiki, ular yurayotgan yo‘l aslida yo‘l emas, asl yo‘l bu insonning botinidan o‘tib, uning boqiy olamga qo‘shilib-singib ketishiga qaratilgan bo‘lmog‘i kerak. Buni nirvana deyishadi. Shundagina insonlar sansar girdobida abadiy aylanish baxtsizligidan forig‘ bo‘ladilar!

MUSO ALAYHISSALOM BITIGI

Tushimga yana shu yo‘l va uning mashaqqatlari kiribdi. Yura-yura bir yurtga kelibmiz. Yurt chandon farovon ekan. O‘lkaning qoq o‘rtasidan ulkan daryo oqib o‘tgan bo‘lib, men beixtiyor daryoga qarab qadam bosibman. Chunki yo‘lda hamma yog‘imni – ichim va tashimni kir-chir, chang-chung, dog‘-dug‘ bosib ketganidan obdon cho‘milib, poklangim kelibdi. Qirg‘oєєa yaqinlashganimda esa ko‘zim birdan daryodan oqib kelayotgan sandiqqa tushibdi. Sandiqda big‘illab yig‘lagan bir go‘dak bor ekan.
Keyin so‘rab-surishtirib bilsam, nedir sabab bilan mamlakatning podshosi yurtda qursoq g‘amida yashab mehnat qilayotgan kelgindilar oilasida tug‘ilayotgan o‘g‘il chaqaloqlarni o‘ldirishga buyruq chiqargan vaqtlar bo‘lib, hech kim uning ayovsiz ta’qibi va qirg‘inidan omon qolmayotgan, ayollar tug‘ishga, erkaklar ayoliga yaqinlashishga qo‘rqib qolishgan ekan. Daryodan oqib kelgan chaqaloq esa o‘g‘lini o‘ldirishlariga chidab turolmagan onaning bo‘g‘zidan otilib chiqqan so‘nggi isyon-nolasi ekan. Va o‘sha lahzalarda onaizor nolasining Yaratganning ¢ziga yetib borganiga men guvoh bo‘lib turgan ekanman…
Suvdan chiqqanimda tanim tozalangan, yuragimdagi og‘riqlar bosilgan va ko‘zlarim ravshan tortgan edi. Borib izdihomga qo‘shildim va ko‘p qatori yo‘l yurishda davom etdim. Vaqti kelib bolalarga atab yoziladigan ertaklarda bo‘lgani kabi yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik, axiyri bir yerga yetganda, men haligi sandiqdagi go‘dakka boz duch kelib qoldim. Faqat u endi go‘dak emas, bil’aks, soqoli ko‘ksiga tushgan, qaddi egilgan chol edi. Mo‘ysafid katta hassasi yordamida oldinga odimlar, ortidan esa xaloyiq qofila-qofila bo‘lib ergashib borardi. Ularga qarasam, hammasi jabrdiydalarga mengzab ketdi. Soniyan, ortda qolgan farovon yurtda xo‘p xo‘rlangan, ezilgan, o‘g‘il bolalari nayzaning uchiga ilingan qullar ekan. Hassador qariya ularni ozod etib, qolmishiga ozod bir yurtni topish ishqi bilan yo‘lga tushgan, el ham unga ergashib ketayotgan ekan. Ular juda uzoq yo‘l yurishibdi, shu darajadaki, kattalarning bari yo‘lda o‘lib ketib, faqat yo‘l asnosida yangi tug‘ilganlargina, yangi avlodgina yangi manzilga yetib borishibdi. Hatto qomati qo‘lidagi aso singari dol mo‘ysafid ham ko‘zlangan manzilni olisdangina ko‘ra olibdi, xolos, uning bag‘riga qadam bosishga esa ulgurmabdi: ozod o‘lkaga olisdan termilgancha jonini jabborga topshiribdi. Ozod tuproqqa qullik nima ekanligini bilmagan yangi nasl kirib boribdi…

ISO ALAYHISSALOM BITIGI

Yo‘ldan ozib turli jinko‘chalarga bosh suqayotgan odamlar kirlanib-sasib ketishgandi. Shu darajadaki, atrof­ga badbo‘y ufurardi. Tuyqus yo‘l yoqasida bir daryo ko‘rindi. Yaqinlashdik. U yerda bir qancha odamlar cho‘milib poklanayotgan ekan. Quvonib ketdik. Salom berib oyoq ildik. Hammani boshqarib turgan bir nurli zot o‘zini Yahyo deb tanishtirdi. Yana aytdiki, yaqinda adashib-uloqib yurgan odamlarni yo‘lga soladigan, ularga yagona to‘g‘ri manzildan Xushxabar beradigan muborak zot dunyoga kelar ekan. Daryodagi poklanish o‘sha zotni munosib kutib olish uchun ekan. “Umringizdan baraka toping”, deya ko‘plashib daryoga tushdik…
Oradan ancha yillar kechdi. Tevarak-atrofni chang-to‘zon qop­lab, yo‘l mashaqqati ortgandan ortdi. Ikki odim narini ko‘rib bo‘lmay qoldi. Qayon borishimiz, nima qilishimiz hech kimga ayon emasdi. Odamlar dam qoqilib surinar, dam o‘rnidan turib yurmoqqa tutinar, baqirishar, urishishar, yig‘lashar va ming‘irlashardi. Muborak zotdan esa hanuz xabar yo‘q edi…
O‘shanday kunlarning birida bir voqea ro‘y berdi. Yo‘l yuzida, daryodek qalqib oqayotgan odamlar oyoqlari ostida tilanchilik qilib yuradigan ko‘r kishi bo‘lardi, bechorani hech kim mensimasdi. Ortidan uch-to‘rt kishi ergashib yurgan, yuzlari oydindan oydin bir zot ko‘rning oldidan o‘tayotib, tuyqusdan oyoq ildi. Bu hol atrofdagilarning e’tiborini tortdi. Yig‘ilganlardan ba’zilar: “Ustoz, buning ko‘r tug‘ilishida kim gunohkor, o‘zimi yoki ota-onasi?” deb so‘radilar”. Ul zot shunday javob berdi: “Bunda na o‘zi gunohkor, na ota-onasi, balki Xudoning ishlari unda namoyon bo‘lishi uchun u ko‘r tug‘ilgan”. Keyin ul zot yerga tupirib, tupigi namlagan tuproqni olib ko‘rning ko‘zlariga surtarkan, “Borib Siloam hovuzida yuvin” dedi. So‘qir uning aytganini qildi va tug‘ma ko‘r bo‘lgan ko‘zlari ochilib ketdi.
Shunda voqeani kuzatib turgan olomon ichida g‘ala-g‘ovur boshlandi. Ular “Chindanam ko‘r­­ni davoladimi yo bu bir afsunmi?” deya tor­­tisha ketishdi.
Bu yerdagi shovqin-suron tinmasdan esa bosh­qa yoqdan o‘zga olomon bir ayolning sochidan sud­rab kelib qoldi va yuzi oydindan oydin zot qarshisiga chiqib: “Bu ojiza zino qildi, zinoning jazosi esa toshbo‘rondir! Sen nima deysan?” deya turib oldi. Ul zot avvaliga indamadi, asta engashib yer chizib o‘tiraverdi. Olomon tutganini qo‘ymadi – qayta-qayta so‘rayverdi. Shunda ul zot boshini ko‘tarib: “Sizning ichingizda kim begunoh bo‘lsa, o‘sha birinchi bo‘lib ayolga tosh otsin!” dedi va yana boshini quyi solib oldi. Shunda bilasizmi, nima voqea ro‘y berdi? Olomon birdaniga mum tishlab ortga chekindi. Odamlarning qo‘lidagi toshlar birin-sirin tap-tap etib yerga tushdi…
(Oradan ikki ming yil o‘tib esa, quyoshni qidirgan xasta shoir bor-ku, o‘sha xuddi shu manzarani mushohada qilarkan, daftariga yozib qo‘ydi:
Tap tortmay gunohkor ataysan meni,
Toshb¢ron єilarding imkon topsang gar.
Lek aєling tosh b¢lib єotdi-ku sening,
“Pok b¢lsang, ur!” degach Iso payg‘ambar!)
Ha, mana shoir sirni oshkor aylab qo‘ydi: ul zot Allohning elchisi, muborak Iso alayhissalom, odamlar kutayotgan, xushxabar keltiruvchi zot edi!
Muborak zot qayta bosh ko‘tarib qaraganda maydonda ayoldan o‘zga hech kim qolmagandi.
– Ey ayol! – dedi. – Seni ayblovchilar qa­ni? Hech kim seni mahkum qilmadimi?
– Hech kim, hazrat!
– Men ham seni mahkum qilmayman, – dedi Iso. – Bor, bunday keyin boshqa gunoh qilma!”
Yo‘l chorlayotgan edi. Iso alayhissalom xaloyiq qarshisiga chiqib dedi:
– Zulmga qarshi zulm bilan javob berib bo‘lmaydi, zulm zulmni tug‘adi, bas, o‘ng yuzing­ga ursa, chapini tutib ber. Eng muhimi, bir biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir biringizni shun­day sevinglar.
Nihoyat u: “Mening ortimdan yuringlar, men sizlar uchun yo‘lman”, dedi-da quyosh ko‘rinib turgan tomon odim otdi…

MUHAMMAD ALAYHISSALOM BITIGI

– Oyiga 30 foiz berasan, – dedi sudxo‘r.
– Sal tushirish mumkinmi? – ehtiyot bo‘lib so‘radi mijoz.
– Xohlasang shu, xohlamasang ana, katta ko‘cha!
– Mayli-mayli, roziman, – sudxo‘r aynab qolmasin deb shosha-pisha javob berdi mijoz va uzatilgan pulni qo‘shqo‘llab oldi.
Uyiga mablag‘ so‘rab kelgan yana ikki kishini shu tarzda kuzatgandan keyin sudxo‘r xotinining oldiga chiqdi.
– Qizingni chiroyli kiyintir, – negadir ko‘zlarini olib qochib buyurdi ota.
– A? – Cho‘chib tushdi ona. – Vaqti keldimi? Muncha tez!? – Keyin birdan piqillab yig‘lab yubordi. Lekin erining buyrug‘ini ado etish uchun ichkariga – qizchasi o‘ynab turgan xonaga yo‘­naldi.
Ota boshqa so‘z aytmadi. Og‘ir qadamlar bilan tashqariga chiqib kutdi.
– Abatah, meni qayerga olib ketayapsiz, abatah? – Otasining bo‘ynidan mahkam quchoqlab olgan qizcha sevinchini yashirolmay bir nurija­honining yuziga, bir yap-yangi liboslariga qa­rar, tinmay savol berardi.
– Seni to‘yga olib borayapman, qizim, to‘yga, – der edi-yu, padarning ko‘zlaridan tinmay shashqator yosh quyilardi.
– Nega unda onam bilan akamniyam olmadik, abatah?
– Ular keyin kelishadi, shirin qizim, keyin…
Ota qizini ko‘targancha qabriston maydoniga kirib keldi. U yerda ota-bolani birgina go‘rkov kutib ol­di. U ham bularni ko‘rishi bilan yangi qazilgan qabr yonidan uzoqlashdi.
– Nega to‘yda hech kim yo‘q, abatah? – Qiza­loq olazarak bo‘lib atrofga qaradi.
– Bor, qizim, bor… Hozir… anavi yerdagi chu­qur­dan ichkariga tushaylik, ko‘ramiz, – ota sochlari jamalak, qoramag‘iz qizchasining yuz-ko‘zlaridan o‘pib, yonoqlariga surarkan, ich-ichidan dahshatli o‘kirik keldi. Shu hamona qizalog‘ini chiqib bo‘lmas go‘rga sirg‘atib yubor­diyu o‘zini ortga urdi.
– Abatah! Abatah! Abatah!!! – Zurriyodining – jigarporasining nolalari mozordan qochib ketayotgan otani quvib yetarkan, qarshi tomondan ketmon ko‘targan go‘rkov qizcha tashlangan chuqur tomonga shoshib borayotgan edi…
Ota qabristondan chiqib to‘g‘ri butxonaga yo‘l ol­di. U yerda yuzlab butlar qatorasiga terilgan bo‘lib, har birining qarshisida o‘nlab odamlar sig‘inib o‘tirishardi. Bu vaqtda qora tuproq ostida qolgan qizaloqning otasi to‘g‘ri Uzza nomli but qarshisiga kelib tiz bukdi…
…Lekin bu voqealardan biroz narida – tog‘ning tepasida yashil kiyim kiygan uch farishta yosh bir bolani osmonga qaratib yotqizib, ko‘ksini yorishayotgan edi. Bundan bolaga aslo ozor yetmas, binobarin, u baqirmas, aksincha hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib-kuzatib yotar edi. Farishtalarning bari galma gal uhdasidagi vazifasini sidqidildan ado etishga tirishardi. Ulardan biri, urib turgan jajji yurakchani sug‘urib, undan barmoqdek keladigan qora parchani kesib tashlarkan, “shaytonning hissasi” deb aytdi.
Bu bola ulg‘ayib voyaga yetdi va u muborak zot o‘zining odilligi, sadoqati, oqilligi bilan hammaning hurmatini qozongan, Allohning yer yuziga yuborgan oxirgi rasuli – Muhammad sallallohu alayhi vassallam edi.
Ul zoti sharif ko‘rdiki, bashar ahli yo‘ldan oza boshlabdi. To‘g‘ri yo‘lda yurish haqida Tangri taolo odamiyzotga shu choqqacha yo‘llagan ta’limotlari insonlar tomonidan ayovsiz buzilibdi. Yo‘l deganning nomigina qolib, hamma har yoqda o‘zi bilgan ish bilan shug‘ullanib yurar bo‘libdi. Shu bois, sudxo‘rlik, harom, zulm, ko‘pxudolilik, butparastlik, johillik, adabsizlik kabi illatlar yo‘l ahlini parokanda qilib tashlagan ekan. Dunyo ham o‘zgarib, ilgari bir-birlarini sira bilmagan, tanimagan kichik qavmlaru katta elatlar endi o‘zaro oldi-sotdida qaynashar, qiz olib, qiz berib yaqinlashar ediki, buning ma’nosi endi hamma uchun bitta yo‘lboshchi kerakligini anglatardi. Bas, Muhammad s.a.v. yo‘l ahliga murojaat qilib aytdiki, hozirgacha Yer yuziga yuborilgan payg‘ambarlarga faqat o‘z qavmlariga yo‘l ko‘rsatish buyurilgan esa, uning zimmasiga yer yuzining barcha xalqlariga, azim yo‘lning barcha yo‘ldoshlariga rahnamolik qilish vazifasi yuklatildi. Bu bag‘oyat mushkul vazifa bo‘lib, uni uhdalash uchun ul muborak zot odamlarning orasida bo‘lib, el qatori yashadi, oddiygina, soddagina ro‘zg‘or tutdi, ahli ayol, bola-chaqa orttirib, dunyo hayotida ham ummatiga namuna ko‘rsatdi. Adolat, shafqat, kamtarinlik va halol luqmaning qadriga yetdi. Ota-ona uchun o‘g‘il farzand qanday shirin meva bo‘lsa, qiz bola ham shunday ne’mat ekanligini bot-bot uqtirdi. Hatto “Jannat – onalar oyoqlari ostida” deya ayolni ulug‘lagandan ulug‘ladi, sharaflagandan sharafladi. Boshqacha bo‘lib yo‘lda yurish mumkin emas, dedi. Har qanday dabdabayu hasham, har qanday kibru manmanlik odamlar o‘rtasini buzadi, deya nasihat qildi, in’om olishni emas, in’om etishni targ‘ib qildi. Boshqa ulug‘lar xurmo topganda tanovul aylab, topmaganda sabr qilamiz deya maqtansa, bul zot topmaganda tahammul etib, topganda muhtojlarga tarqatib kun kechirdi. Shuning uchun ham sekin-asta odamlar Alloh elchisi ko‘rsatgan yo‘lga tusha boshladi. Kalomi sharifda buyurilgan haq yo‘l shu edi…
Ana shu tarzda payg‘ambarlar odamlarni to‘g‘ri yo‘lga da’vat etib, Yaratganning kalomini irod qi­lishar, jonlariyu mollari bilan o‘zlarini shu yo‘lga baxshida aylashardi. Ammo ularga ishongan ishonib, ishonmagan yana boyagi-boyagi – boyxo‘janing tayog‘i bo‘lib yuraberardi. Ishonib, iymon keltirganlar yana haq yo‘lga tushib olishsa, o‘z bilganidan qolmaganlar yo‘ldan uzoq-uzoqlarda adashib-uloqib yurishardi. Yana shunisi ajab­lanarliki, ishonganlar ham o‘z ichlarida firqa-firqa bo‘lib, har bir guruh alohida so‘qmoq ochib olardi-da, qolganlarni gumroh deya e’lon etishgacha borar, bundan musulmonlar orasida yana turli ixtiloflar, nizolar chiqib, olamni tutun yanglig‘ chulg‘ardi. Yo‘l donishlari ham turfa-turfa fikr aytishar, birlari “odamlar bu dunyoda hech qachon birlashmaydilar, binobarin, bitta yo‘lda yurmaydilar, chunki yura olmaydilar. Bu ketishda hali zamon Yaratgan insondan olam sardori bo‘lish huquqini olib qo‘yadi”, desa, boshqalari umidni mahkam ushlab, “bashar ahli hali yuksak a’mol va e’tiqodini namoyish qilib, koinot gultoji bo‘lishga munosibligini isbot qiladi” der, har ikki toifa shunga ko‘ra ish tutar, bahslashar, talashar va tinmay odim otardi…

ShOIR BILAN UChRAShUV

Atrofimdagi, men bilan doimo yelkadosh, yo‘lning zahmatini barobar tortayotgan, ammo nigohlari ta­momila zohirdagi bebaqo ivir-sivirlarga tikil­gan hamrohlarimning boshi-keti yo‘q mayda gap-so‘z­laridan ruhim obdon toliqqan kunlarning birida shoirning ovozi qulog‘imga uzuq-yuluq chalina boshladi. Menga uning lablaridan uchgan ayrim so‘zlargina eshitilar edi, biroq men she’rni yod bilganim uchun hammasini botinimda tiklab, ma’no ummonida quloch otib suza boshladim:

Olamni piyoda kezib chiqqanlar,
Ikki dunyo so‘zin dilga tukkanlar,
Bizlardan ortiqroq bildilarmikan,
Jahon sirlarini bir-bir yiqqanlar?..

Uzanib-bo‘ylab, shoirni ko‘zlarim bilan shu qi­dirsam ham topolmadim. Odamlar oyog‘i ostidan ko‘­­tarilayotgan g‘ubor ko‘z oldimda oq parda yanglig‘ tor­tilgan edi. Biroq men endi saflarni buzib goh oldinga, goh ortga yelib yugura boshladim va bilasizmi, uni, shoirni topdim! Tushunyapsizmi, necha achchiq va hasratli yillar o‘tib men do‘stimni tag‘in qayta uchratdim va tirikchilikning emas, yo‘q-yo‘q, tiriklikning changi qo‘ngan uzun kiprikli ko‘zlariga qarab turib hozirgina o‘zi olamga jar solib aytgan to‘rtlikni o‘ziga yoddan o‘qiy ketdim. Ikkinchi misradan u menga jo‘r bo‘ldi. Yonimizdan shitob bilan o‘tayotgan xaloyiq esa bir zum oyoq ilib, bir-birlariga qarab olgancha izdihomning qoq o‘rtasida ovozlarini baralla qo‘yib she’r aytayotgan ikki sarsariga, ya’ni bizga ajablanib qaray-qaray yana yo‘lida davom etishar, biz esa bir-birimizga hayratlanib boqar, ko‘zlarimizdan sog‘inch, o‘kinch va sevinch yoshlari quyilib kelardi. She’r yakun topgach, men uni mahkam quchoqlab bag‘rimga bosdim. O‘pkam to‘lib yum-yum yig‘ladim ham…
Uning she’rlaridagi ma’no-ruh mening javobsiz so‘roqlarimga birato‘la yaxlit, kattakon javob bo‘lolmasa-da, baribir, manzilni izlay-izlay bag‘oyat tolgan, ezilgan, afgor dilimga bir malhamdek va yoxud ana shunday zahmatlar bag‘rida chopa-chopa qizib ketgan bag‘rimga kelib tekkan salqin, yoqimli shabodadek ta’sir qilar edi. Shunga qaramay, qaydadir eslaganimdek, mening dardim shugina malham bilan arimas, bir pasda yelib esgan epkin bilan o‘rtadan ko‘tarilmas edi. Buni judayam aniq bilar edim. Chunki men, shoir, boshqalar… hamma-hammamiz yo‘lning farzand­lari edik. Do‘stimning she’rlari esa yo‘lchi bolalarning bir kunda ming ko‘yga tushib chiqquvchi kayfiyatining faqat bittasi, nari borsa, bir nechtasi edi, xolos. Men esa, mening tinib-tinchimas ko‘nglim esa kayfiyatning bari bir joyga jam bo‘lishini istar, shunday hikmatni izlab, kutib behalovat bo‘lardim. Shu boismi, taqdir meni bot-bot shoir do‘s­tim­dan olislarga olib ketardi…
Biz yana yo‘lga tushdik va ko‘p o‘tmay men shoirni yana yo‘qotib qo‘ydim. Ayriliq alami o‘zining haddi a’losiga yetganda, kutilmaganda mening o‘zim she’r to‘qiy ketdim. She’rsiz mumkin bo‘lmadi. She’rsiz nafas ham ololmay qoldim. Ilk she’rimda ham yo‘l bor edi. Bu yo‘l esa mening, insonning holini ang­latardi, “Inson” deb atalardi mening dastlabki bitigim:

Ikki g‘ordir – ikkita ko‘zim,
Qalbim unda gizli xazina.
Vujud – otim, aqlim – jilovim,
Ming asrdir yo‘ldaman, mana…

Manzil esa… Manzil ko‘p yiroq,
Kim yetaru kim unga yetmas.
Umr juda qisqadir, biroq
Xayolimdan Yor vasli ketmas.

QALANDAR

Uni men har doim ko‘raman. Goh shahar kezib yurgan bo‘ladi, goh qishloq. Hatto kimsasiz biyobonu tog‘u tosh­larda ham uni necha bor uchratdim. Yelkasidagi xurjun, egnidagi juldur kiyimi va boshidagi eski kulohi uning qiyofasiga afsonaviylik, sirlilik baxsh etadi. Ustiga ustak, past, lekin ta’sirchan bo‘g‘iq ovozda bisotidagi bittagina qo‘shig‘ini aytib qolsa, hayratdan yoqa ushlaysan, kishi. Aslida qo‘shiqning indallosigina hamisha bir xil. Ke­yini esa har gal yangi bo‘ladi. “Yo Allohu yo Alloh, haq do‘st, yo Alloh!” deb boshlaydi u xirgoyisini va qolganini o‘sha lahzada o‘zi turgan makonu zamondan kelib chiqib to‘qib tashlaydi. Ya’ni atrof-javonibga qarab, uning holini aytayotgan qo‘shig‘iga tirkab ketaveradi. Shuning uchun ham menga uning qo‘shiqlari yoqadi. Chunki u bir xil narsani to‘tiqushdek hadeb qaytaravermaydi, bundan ham muhimi, shu makonu zamonda istiqomat qilayotgan men va menga o‘xshaganlarni o‘ylatib kelayotgan mavzularni o‘z qo‘shig‘iga kiritadi:

Bul tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?!
Bo‘lmasa qoshimda jonon bul jonni na qilay?

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak?!
Ibrohimdan qolgan ul eski do‘konni na qilay?..

Urayinmu boshima sakkiz Behishtu Do‘zaxin,
Bo‘lmasa vasli manga, ikki jahonni na qilay?!

Arshning kungurasin ustiga qo‘ydum oyog‘im,
Lomakondin joy olibman,
bul makonni na qilay?!

Zarraye nuri quyoshdek bul jahon ichra tamom,
Oshkoro bo‘lmasa, sirri nihonni na qilay?!

Bir Xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay?!

YaNA BOZOR

Bu yerda esa… Eh, bu yerda hammasi bi­ram bosh­qa­chaki, asti qo‘yaverasiz. Qalandar qo‘shig‘idan faqat ohangi esimda qoladi, so‘zlarini esa eslay olmayman. Bunga sabab, so‘zlar ortidagi ma’no qobig‘ini yorib kirolmaganim bo‘lsa kerak. Shunga qaramasdan, ruhim hammasini his qilib turardi, deb o‘ylayman. Chunki u qalandar qo‘shig‘i yangragan havolarga qarab talpinar, talpinar, talpinaverardi. Shunda qafasni ko‘­tarib uchib ketayotgan qush tushimga ko‘p bor kirar, men esa bu tushdan chunon qiynalardim. Lekin nima qilayinki, navqiron edim va mening yoshgina jonim jo‘shqin bahrlarga sho‘ng‘ishni istardi. Axir, ko‘chalarni to‘ldirib xirom aylayotgan go‘zallar sizga ishvali ko‘zlarini tikib turganda, “Qani-chi, sen nimalarga qodir ekansan?” degandek shikvali boqishganda, ehtirosga to‘la yosh vujudni har doim ham tizginlab turishning o‘zi bo‘ladimi! Shuning uchun ham ishga kiraman, ana, sizga og‘iz ko‘pirtirib aytayotganim nozu ne’matlardan bahramand bo‘laman, derdim. Yosh jonim ham shuni orzulardi. Ish ham shundoq oyog‘im ostida yotar, faqat so‘rab murojaat qilsam bas edi, nazarimda.
Ertalabdan tayyor kiyim-bosh sotiladigan eng dongdor do‘konning eshigini taqillatdim. Ichkarida meni maxdum kutib oldi, ish berishdan oldin qo‘­limdagi qog‘ozu qalamga ajablanib qaradi, tushuntirish olgach esa qornini ushlab olib kula boshladi. Unga yonidagi shotirlari qo‘shildi, keyin do‘kondorlaru xizmatchilarning bari yotib olib ustimdan kuldi. Bir pas o‘tar-o‘tmas butun boshli rasta, keyin qo‘shni rastalar, so‘ng butun bozor kulgiga єo‘shildi. Men o‘zimni yo‘qotib dovdiradim va negadir shoshilib-uyalib qo‘limdagini qo‘ynimga yashirdim. Qog‘ozu qalam ko‘zdan g‘oyib bo‘l­gachgina masxaraomuz kulgi bosildi va bo‘m-bo‘sh qo‘l­larimga qarab-qarab olishgachgina ishga yollashdi.

KIYIMI BOR YaLANG‘OChLAR

Shunday qilib, men kiyim-bosh sota boshladim. Kunlar haftalarga, haf­talar oylarga ulandi, hayotim iziga tushgandek bo‘ldi. Lekin ko‘p o‘tmay bir voqea yuz berib, orqa-oldimga qaramay bozordan qochishimga to‘g‘ri keldi. Voqea bunday edi: qo‘єqisdan tomog‘im og‘rib, betoblanib qoldim va o‘sha kuni ishga chiqmadim, isitmam balandligi bois to‘shakdan ham turolmadim. Ammo ishimiz-kuchimiz bozor bo‘lganidan joyimiz ham uning ichida edi. Binobarin, yotgan ko‘yi bozorni, bozordagilarni kuzata boshladim. Tezda emas, yo‘q, juda ko‘p vaqtdan so‘ng birdaniga odamlar ko‘zlarimga bosh­qacha ko‘rinib ketdi. Avvaliga hayron bo‘ldim. Varajaning ta’siri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. So‘ngroq esa bunday emasligi ayon bo‘ldi. Ya’ni, rastalarda kimi sotib, kimi xarid qilib yurgan odamlarning aksari birdan ko‘z o‘ngimda shir yalang‘och bo‘lib qolganiga nima deysiz? Ha-ha, aynan shir yalang‘och! Kasalligim, bo‘zyigitligim o‘z yo‘liga, issig‘im tushib, oyoqqa tura boshlaganimda ham ahvol o‘zgarmadi-da! Qolaversa, keyinroq o‘z rastamga qochib o‘tganimda ham bo‘zyigit edim, lekin odamlar ko‘zimga o‘z holicha, usti-boshi bilan ko‘rindi-ku! Hay, mayli, chalg‘imaylik-da, bozorga qaytaylik. Meni taajjubga solgan yana bir narsa shu ediki, bu rastalarda ki­yim-kechak sotilardi, lekin erkagu ayol egnilariga har qancha kiyim kiyishsa ham, ularning badanlari ochiqligicha, onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, o‘shandayligicha qolaverardi. Ammo ularning o‘zlari buni payqashmasdi, yon-atrofimga alanglab, buni payqagan boshqa biron zotni men ham ko‘rmadim. Har holda, menga shunday tuyuldi. Shu tuyg‘u meni sarosimaga solib qo‘ydi: sog‘-pog‘ bormikanman o‘zi, deya astoydil tashvishlanib qoldim…
Boshqa rastadagilarga solishtirib ko‘rmoqchi bo‘­laman: lekin ular uzoqroqda bo‘lgani bois (chunki bozorning maydoni shu darajada cho‘ng ediki, uning ichidan turib tashqarini darhol ko‘rish amrimahol edi) ko‘zlarim dabdurustdan ilg‘amaydi. Keyinroq ham­masini ko‘ra boshlayman. U yerda ham kimlardir shunday, ni­ma desam ekan, qip-­yalang‘och shataloq otishardi. Bozordagilarga qayta ko‘z tashlayman: endi ular orasida engil-boshlari jo­yida bo‘lganlar ham bor ekan. Demak, hamma birdek yalang‘och emaskan, xayriyat, oralarida bir-ikkita bo‘lsa ham avratini berkitganlar yurishibdi-ku. Bu narsa menga najot ishorasi bo‘lib tuyuladi. Sekin-asta xuddi shunday manzaraga o‘z rastamda ham guvoh bo‘la boshladim.
Ko‘p o‘tmay men yalang‘och yurganlarni bosh­qalar sezmayotganini payqab qoldim. Chunki odam­lar goh-goh kiyim-boshlarini to‘g‘rilab-tuzatib qo‘ygandek, kis­salariga qo‘l, pul solib olgandek harakatlar qi­lishardi. Muhimi, hech kimning yuzida ajablanish alomatini sezmasdim. Odamlar o‘zlarini hech nima sodir bo‘lmagandek, odatdagidek tutishardi. Vo ajabo!..
Men bo‘lsam o‘sha kundan, o‘sha ondan bosh­lab o‘z­garib qoldim, chunki har lahza qip-yalang‘och odamlar bilan muomala qilish juda bemaza ish ekan! O‘ylab ham o‘tirmay bozordan juftakni rostladim.

JAHONGAShTALIKNING BOShLANIShI

Bozordan qochishga qochdim-u, ko‘p o‘tmay ko‘nglim boshqa rastalarni ziyorat qilishni tusab qoldi. Negadir men o‘zimni hamma rastalarga kirib chiqishga burchdor deb bilardim. Alhol, ishni boshlab yubordim. Men bormagan, men bilmagan rasta qolmasligi kerak edi go‘yo. Shunda mo‘ysafidning єog‘ozu єalam tutєaza turib aytgan gaplari yodimga tushdi: “Unutma, bu yerdagi hamma rastalar seniki. Yozishdan oldin hammasini kezib, ko‘rib chiq. Aslo, bir joyda turib qolma! Turib qolsa, suv ham hidlanadi. O‘tirgan bo‘yra, yurgan daryo. Uqdingmi?..”
Negadir xayolimga bu yerga – timga kirayotgandagi manzara tushdi. Unda hamma oyoq kiyimini yechib boshqasiga almashtirib olishgandi. O‘shanda men “bu yer masjid bo‘lsa kerak”, deb o‘ylagandim… Ajab, ko‘p ajab, masjid deb o‘ylaganim kattakon bozor chiqib qoldimi?!..

USTOZIMNING USTOZI

Hammasidan charchadim. Hammasi “bir xil, bir xil, bir xil…” edi. Men bu gapni qayerdadir hali eshitaman. U hali oldinda. Lekin hozir miyamning ichida jaranglab turibdi. U qachondir, olis bir kelajakda aytiladi, lekin sadosi shu tobda nechundir mening botinimda yangramoqda. Kecha, bugun va ertani bir paytning o‘zida ko‘rish, degani balki shudir, bilmadim. Men hayotim davomida hali bu kayfiyatni ko‘p bor his qilaman. Men uchun zamonlarning farqi bo‘lmaydi hali. “Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema” deya hayqiradi hali men mansub bo‘lgan ulkan millatning bir alp o‘g‘loni. U nimani nazarda tutganini bir Allohu bir o‘zi yaxshi biladi. Lekin mabodo men shu so‘zlarning aynisini tutib olib takrorlasam: “Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema” deya so‘zlasam, bilamanki, mening ayni damimda o‘tmishim ham, ertam ham hoziru nozir bo‘ladi. Ya’ni, odamlar bir xil so‘zlarni hatto o‘xshash ohanglarda irod qilishlariga qaramay, shu bir xil so‘zlarga yuklagan ma’nolari har doim ham bir xil darajada bo‘lavermaydi. Chunonchi, deyarli hamma umri mobaynida ko‘p bor takrorlaydigan “Men seni sevaman!” izhorini olaylik. Hayotimda necha bor duch keldimki, bu haroratli so‘zlarni so‘ylaguvchilarning aksariyati kerak bo‘l­gan­da ma’shuqasi uchun hatto jimjilog‘ini ham jodiga qo‘yolmagani holda ayrimlar “Na qilay bu jonniki, yo‘lingda qurbon bo‘lmasa!” deya aziz boshlarini kundaga sira ikkilanmasdan bosadilar!..
Rastamni tag‘in tashlab qayoqlargadir ketgim keladi. Yo‘qsa, nafasim qisib, havo yetishmaydi. Dunyoning derazalarini ochib, to‘­yib-to‘yib toza havodan nafas olsam deyman. Va shu zahotiyoq ushbu fikrniyam qachondir, qaydadir bir xasta shoir og‘zidan eshitadigandek sezaman o‘zimni.
Xullas, silliq yo‘limdan chiqib, yonimda, men bi­lan asta odimlab kelayotgan tog‘ silsilasiga o‘r­lay­man. Undagi baland-past cho‘qqilar xuddi tuyaning o‘rkachidek avval e’tiborimni, so‘ng butun borlig‘imni o‘ziga tortadi, ularga tirmashib chiqqim, ustlaridan turib ko‘ksimni musaffo havolarga to‘ldirgim keladi. Shu istakni his qilganim barobarida zerikishim arib, zavqlana boshlayman. Fursatni boy bermay ilk cho‘qqiga ko‘tarila boshlayman. Yo‘lda ko‘p mashaqqat chekaman: goh oyog‘im sirpanib, pastga surilib tushaman, goh esa tik qoyalarga tirmashib chiqolmay ter to‘kaman. Nihoyat, amallab birinchi cho‘qqini zabt etaman. Uning eng ust qismidagi cho‘ng toshga o‘tirib nafas rostlar ekanman, huv nariroqda, cho‘qqi barobarida joylashgan maydonga ko‘zim tushadi. “Vo, ajabo!” deya xitob qilib yuboraman beixtiyor.
Maydon avvaliga bo‘m-bo‘shdek tuyuladi, tikilganim sayin unda odamlarning qorasi ilg‘anadi, keyin ular aniq-tiniq ko‘rina boshlaydi. “Tavba, qud­­­ratingdan!” deya yoqamni ushlayman. Ammo azbaro­yi qiziqishimning zo‘rligidan odamlarni, ularning harakatlarini kuzatmoqqa tutinaman.
Ko‘rib turganlarim aytadiki, bu odamlar ham bir tomondan ikkinchi yoqqa qarab oqib borishayapti ekan. Bu harakat esa yo‘lni ta­yin etar, ko‘z o‘ngimda tag‘in bir yo‘l yastanib yotardi. Ko‘zlarimni yirib, butun e’tiborimni jamlab tikilaman va…
…yo‘lda zolim va mazlum borligini ko‘raman. Ular chunonam ko‘p: ming-minglab zolimlaru ming-minglab mazlumlar…
E’tiborimni nogahon bir mo‘ysafid tortadi. Uning eti ustixoniga yopishgan ingichka qo‘l va oyog‘iga yo‘g‘on kishan urilganu yoshu qari, erkagu ayol asirlar qatorida qayoqqadir sudrab olib ketilayotgandi. Aftidan, uning tinkasi qurigan, shu bois orqaroqda qolib ketar, dambadam tekis yo‘lda ham qoqilib yiqilar, odamlarning ko‘magida tag‘in qad rostlab yurishga urinardi. Bir safar yiqilganida esa mo‘ysafid turishga ulgurmadi, zolim uning ustiga ot qo‘yib borib, yuz-ko‘zi aralash “ship” etib qamchi tushirdi. Mo‘ysafid miq etmadi, hatto qamchi iz solgan joyi­ni ushlab ham qo‘ymadi, faqat so‘ngsiz nafrat bilan zolimga boqib turaverdi. Zolim “nega menga tikilib qolding?” degandek yana qamchi bosdi. Mo‘ysafid qilt etmay unga qarashda davom etdi. Zolim uning qilichdek keskir nigohiga ortiq dosh berolmay, shartta qilichini qinidan sug‘urib qutirgan buqadek oldinga tashlandi. Shunda zolimning qarshisiga allaqayoqdan paydo bo‘lgan yo‘lovchi chiqib, ko‘ksini mo‘ysafidga qalqon qildi va zolimga “to‘xta!” deya qichqirdi. Zolim nima gapligini bilolmay, bir zum garangsidi. “To‘xta, bu qari cholni chopib tashlaganingdan senga ne naf? Hatto chopmaganingdayam manzilgacha yetmay yo‘lda o‘lib ketadi. Kel, yaxshisi menga sot. Mo‘ysafid uchun naq ming dinor beraman!” dedi. Zolim buncha pulni eshitib shoshib qoldi. Darrov rozi bo‘lmoqchiydi, mo‘ysafid tilga kirdi: “Seni aldashyapti. Boxabarlar orasida mening bahoim judayam qimmat turadi. Sen meni bozorga eltib pulla, ana o‘shanda bir kunda eng badavlat odamga aylanasan”. Zolim o‘ylanib qoldi. So‘ng o‘zicha “Šul to‘g‘ri aytyapti, chamamda. Bu yurtda uning bahosi juda balandga o‘xshaydi. Yo‘qsa, duch kelgan odam unga ming dinor tikarmidi?” deya g‘udrandiyu qariyani turtib o‘rnidan turg‘azdi. Yana yo‘l boshlandi…
(Yo‘l! Bu yo‘l uzun emasdi, biroq u to‘qigan afsonaning umri boqiy bo‘ldi. Ayrim odamlar yuz yil yashab ham ortlarida bitta hikmat tashlab ketolmaydilar, lekin qariyaning har dami bir afsona edi. Hatto qo‘li baland kelib turgan yog‘iyning ustidan kulishga o‘lim ostonasida turib ham imkon topgandi u. Natijani ko‘rmaysizmi, jismonan zafar quchayotgan dushman ma’nan qariyaning oyoqlari ostiga yiqiladi. U haligacha o‘sha yerda yanchilib yotibdi. Taxminan sakkiz asrdan beri…)
Men bir zum tin olish uchun ko‘zlarimni yumdim. Chuqur-chuqur nafas oldim. So‘ng qa­boq­la­rim­ni ochib qaradim. Ular bozorning oldida turishardi. Zolim mo‘ysafidni ko‘p xaridorlarga ko‘rsatib chiqdi, lekin qarib qolgan qul uchun bir qop somondan ortiq narx taklif qilishmadi. Shunda mo‘ysafid unga qarab, “Tez sot. Mening bahoim bundan ortiq emas” dedi. Alamiga chiday olmagan zolim qilichini chiqarib, hammaning ko‘z o‘ngida cholni qiymalab tashladi…
Men tag‘in ko‘zlarimni yumib oldim – dahshatdan!..
Hushimga kelib ko‘zimni ochganimda esa maydonda hech kim yo‘q edi. Faqat shabada bag‘rida chang zarralari yengil to‘zg‘ib uchardi. Tikilib o‘arasam to‘zon siyratiga rivoyat bitilgan ekan, men uni hijjalab o‘qimoqqa tushdim:
…ruhlarning yo‘li qadimiydir, ular ba­danlar­dan ancha oldin yaratilgan edi. Yo‘lda ketayotib ruhlarning bir qismi dunyoga, qolgan bir qismi jannatga talpindilar. Ular o‘z saodatlarini o‘sha yerlarda ko‘rdilar va kimlari dunyoni, kimlari jannatni maskan ayladilar. Faqat bir toifagina ruh yo‘lda davom etdi, etaverdi. Shunda ulardan Tangri taolo so‘radi: “Ey ruh­lar, sizlarga nima kerak, na dunyoga talpinasizlar va na do‘zaxdan qo‘rqasizlar?” Ular javob berdilar: “Seni dermiz, demasmiz o‘zgasin hech, O‘zing Haqqul yaqinsen, o‘zgasi hech”. Unday bo‘lsa, – dedi Yaratuvchi – tayyor turinglarkim, boshlaringga ba­lolar yog‘ilib, ko‘ksilaringga olovli nayzalar sanchilgay! Bu yo‘l eng mashaqqatlisidir!..
Buni eshitgan uchinchi toifa ruhlar: “Mayli, ham­masiga hozirmiz, baloyi qazoyingni yubor!” deya shodon qichqirdilar…
Mening esa negadir ichimga bir iztirob tushdi. Oyoqlarim bo‘shashib, na oldinga yurishimniyu na o‘tirib tin olishimni bilar, ko‘z o‘ngim xiralashib, boshim g‘o‘ng‘illab aylana boshladi. Ketayotgan joyimda – yo‘lning qoq o‘r­­tasida qotdim-qoldim. Shu ko‘yi qancha vaqt o‘t­ganini bilmayman, bir mahal deng, boldirimda “chim” etgan og‘riqni his qildim-u cho‘chib hushimga keldim. Engashib qarasam, zig‘irdekkina chumoli! U chaqqan joyni beixtiyor silab qo‘yarkanman, “jinoyatchi”ni qo‘­limga olib, “Senga nima yomonlik qildim?” degandek jimitdek yuziga boqdim. Chumoli ham qop-qora ko‘zlari bilan ko‘zimga sinchiklab qarab turdi-da: “Noumid bo‘lma, oyog‘ingga botgan tikonlar sen izlagan gulning darakchisidir” dedi. “I-ya, sen hali gapirasanmi?” – de­dim men hay­ronu lol bo‘lib.
– O‘tirib ol, men senga hatto rivoyat aytib beraman, – dedi chumoli.
Men yo‘l chetiga chiqib o‘tirdim. Kaftimda chumoli.
– Eshit, rivoyat bobomning bobosi haqida, – dedi u va boshladi:
– Bunga ko‘p zamonlar bo‘lgan. Bobomning bobosi katta bir tepalik tuprog‘ini misqol-misqol olib bir chetga tashiyotgan, yurar yo‘lini ochayotgan ekan. Yonidan kimsan, naq Sulaymon payg‘ambarning o‘zi o‘tib qolibdi-da, oyoq ilib: “Agar senga Nuhning umriyu Ayyubning sabrini ato etsa ham bu do‘nglikni yo‘lingdan daf qilish qo‘lingdan kelmaydi, joningni jabborga berib ishlamog‘ingdan murod ne?” deb so‘rabdi. Shunda bobomning bobosi javoban: “Tuproqni olib, tepalikni yer bilan bir etsam, uning ortida meni kutayotgan yorimga qovushaman” debdi. Payg‘ambar kulibdi: “Axir, bunga umring yetmaydi-ku!”. “Etmasa yetmas, muhimi, safim ma’lum bo‘ladi” deb javob beribdi bobomning bobosi. E’tibor ber, umri bir chimdim bo‘lgan bobomning bobosi qarshisida turgan va o‘zini yoridan to‘sib qo‘ygan ulkan tuproq uyumini hech qachon olib tashlay olmasligini chindanam bilmasmidi? Bilardi. Juda yaxshi bilardi. Lekin yorga eltuvchi bu yo‘ldan o‘zga yo‘llarni, ular har qancha yurishga oson bo‘lsa ham, harom hisoblardi. Bas, umrini yor yo‘liga tikadi, shu yo‘lda qurbon bo‘lishni o‘zi uchun sharaf, hayotining eng oliy a’moli, mazmun-mohiyati deb ishonadi. Bu bilan bobomning bobosi Nur va Zulmat, Ezgulik va Yovuzlik, Yuksaklik va Tubanlik… kurashida safini ma’lum qiladi. Hech qachon yetolmasa-da, yorug‘ murod – yorning yo‘llariga umrini baxshida aylaydi. Aslida, dunyoning, dunyomizning taqdiri ham har birimiz uchun ana shu tanlovda hal etiladi. Darvoqe, uhroning, uhromizning ham.
Sen-chi, ey inson o‘g‘li! Tanlagan yo‘lingdagi ma­shaqqatlar haqida eshitishing hamona tarvuzing qo‘l­tig‘ingdan tushib, boshing aylanib qoldimi?..
Chumoli meni mot qilgandi. Lom-mim deb og‘iz ocholmay qoldim. Sekin o‘rnimdan turib uni olgan joyimga – ini yaqiniga qo‘ydim-da, yo‘lga ravona bo‘ldim.

SAJDAGOHLAR

Darvoqe, yonginamdagi qatorda mas­jid­lar, cherkovlar, sangxalar, si­no­nogalar va yana boshqa ko‘pdan-ko‘p sig‘inoqlar, muqaddas qadamjolar ham ti­zilishib turar, ularga kirib chiqayotganlar ham talay edi. Bir qarashda hammasi risoladagidek ko‘rinardi. Ammo bu birinchi qarashda edi. Yaxshilab nazar tashlasangiz ko‘z o‘ngingizda ajabtovur hollar qad rostlardi. Ya’nikim, bu rastada yurganlar orasida ham juda ko‘pchilik libossiz shataloq otardi. Hatto Allohning uyi­da, mehrob qarshisida sig‘inib o‘tirganlardan aksariyatining egnida uyatini yashiradigan bir parcha matoh ko‘zga tashlansa, o‘lay agar! Taajjub va hayratimning nihoyasi yo‘q edi…
Yana-chi, xudojo‘ylar rastasi karvonsaroyga mengzardi. Negadir qolgan rastalardan bir-biriga borib kelishlar kamdan kam ko‘rinib tursa, bunisiga hamma rastadan tinimsiz kelib, bu yerdan ham boshqa rastalarga bardavom ketib turishardi. Shu jihatdan olganda, bu rasta bilan boshqa rastalardagilar o‘rtasidagi aloqa jips­roqdek tuyulardi. Ammo g‘alatiroq tuyuladigan tomonlari ham bor ediki, ba’zan ularni kuzatib yoqamni ushlardim. Yo‘lda menga yo‘ldosh bo‘lgan dilozor bir kimsa bor edi, eslaysizmi? Ana o‘sha kas keyingi vaqtlarda bu yerga serqatnov bo‘ldi-qoldi. Haligi nasihatgo‘y muloyim afandim bo‘lsa, qorasiniyam ko‘rsatmaydi. Oltin buyumlar do‘­konidagi anavi tovlamachini xotirlasangiz, u kunda-shundalardan. Lekin egnilarida baloyam yo‘q, shir yalang‘och ularning bari. Xullas, qi­ziq, juda qiziq…
Yana shundaylar ham bor ediki, ular qal­bimning to‘ridan joy olishgandi. Ularning ibodati riyo uchun emas, bil’aks, Al­loh rizosi uchun ado etilar, o‘zlari ham insonlik­ning go‘zal namunalari sifatida ko‘z va ko‘ngilni quvontirishgandan quvontirishardi.
Shu bilan birga, yo‘l mobaynida har tomonlama kamsuqum, kamgap va xokisor shunday odamlarga duch kelardim. Ular ibodatgohlarga kelsalar-da, kelmasalar-da dillari doimiy namozda, hamnamozda edilar. Faqat bunday kishilar g‘oyat oz sonli bo‘lib, tarafdorlari ham shunga yarasha edi. Tushunmaslar ularning tutimiga tanqid ko‘zi bilan qarab, bosgan har odimini muhokama qilishar, tushunganlar esa baland-past gaplardan saqlanish maqsadida xalqqa bir so‘z demay o‘tishardi. Nima bo‘lganda ham, ularning, shu yo‘lning doimiy va toymas yo‘lovchilarining qalb ko‘zlari Ulug‘ Manzilga mudom tik qadalgan edi. Iymonu irfon da’vo qilgan ne-ne kazo-kazolar garddekkina shovqin sabab yo‘ldan chalg‘ib ketgan bo‘lsalar ham aynan hamnamoz holidagi zotlar atroflarida nimalar sodir bo‘lmasin, qanday olamshumul fitnalar uyushtirilmasin, baribir, murodu maqsaddan botin ko‘zlarini aslo uzmasdilar.

MUHABBAT

Yo‘lda hamma o‘zi bilan band edi. Hatto birovga qiziqish ko‘rsatayotganlar ham ichkarida o‘zlari bilan mashg‘ul edilar. O‘zgalarga qiziqish ham o‘zlikka mashg‘ullikdan kelayotgandek edi, aslida. Lekin kunlardan bir kun men o‘zimdan o‘zgaga chinakamiga qiziqib qolsam bo‘ladimi… Shoir do‘stim ham, men ham yosh edik. Rosti, dunyoga qaydan kelganimizu qayonga ketayotganimizdan ham ko‘ra boshqa, nima desamikan, yoqimli bir mavzuda ko‘proq gaplashgimiz kelardi…
Unga ko‘zim tushgani hamon shirin bir his butun borlig‘imni qamrab oldiki, dabdurustdan buning nima ekanligini tuzukroq fahmlab ololmadim. Bilganim shuki, unga, u turgan, u yurgan tomonga qaragim kelaverar, qaraganim sayin esa olam-olam huzurbaxsh tuyg‘ularga cho‘maverar-cho‘milaverar edim. Uni ko‘rgunga qadar men olamda shu olamning bir zarrasi bo‘lib yashayotgan bo‘lsam, ko‘rgandan so‘ng mening o‘zim ulkan olamga aylangandim. Har holda, menda shunday qanoat va sezim bor edi. Ko‘zlarimga urinib, ko‘rinib turgan neki bo‘lsa, bari-barining ustiga asal surtib qo‘­yilganga o‘xshardi. Olam shunday dildor, shunday fusunkor ediki, shiraga botgan tillarim tinimsiz ravishda Yaratganga hamdu sano o‘qimoqchi bo‘lardi. Ammo og‘zimdagi bir parcha et negadir istagimga bo‘ysunmasdi – bol halaqit berardi. Yo‘l ayrim hamrohlarimga aziyat yetkazayotgan bo‘lsa, menga faqat va faqat surur baxsh eta bosh­ladi. Bir so‘z bilan aytganda, men hayotdan mast edim. Suvratim yo‘lda el qatori piyoda yursa ham, siyratim osmonu falaklarda charx urib uchar, parvoz aylardi. Keyinroq men bu tuyg‘uning muhabbat ekanligini angladim. To‘g‘rirog‘i, buni shoir yo‘ldoshim qulog‘imga shipshib aytdi.
Ajab, qiz bilan gaplashgan onlarim hamma narsani unutar bo‘ldim. Na old qator, na yon va na orqa qator, na o‘zgalarning kibru havosi, na do‘stu dushmanligi, na yaxshiligu yomonligi – hech kim, hech nima ortiq xayolimni band etmay qo‘ydi. Men hatto yo‘lni ham esimdan chiqarayozdim. Axir, kechagina shu yo‘l uchun, unga kirmoq, unda yurmoq uchun qanchalar jon ko­yitgan edim! Nima bo‘ldi bugun? Nega barchasini unutdim?.. Qani yo‘ldoshlar, qani g‘ofillar, qani bahslashguvchi turli-tuman qavmlar? Nega ularning so‘zlari mening qulog‘imga kirmas bo‘ldi? Nega ularning dardlarini eshitmayapman? Sevgilimning huzurida ekanman, nega qolgan butun olam menga begona bo‘lib seziladi? Go‘yo atrofimda yuz berayotgan voqealar qalin bir pardaning ortida ro‘y berayotgandek xira tortib qoladi? Nega, nima uchun?!.
Eslayman: o‘sha kezlari do‘stimning she’r­larini uning o‘zidan-da ko‘proq eslaguvchi, ularni bot-bot aytib yurguvchi edim. Sababi – yuragimdagi qizga bo‘lgan his-hayajonu tushib qolgan ahvolim va she’r o‘rtasida bir bog‘liqlik bordek tuyulardi. Bas, men she’rga oshno bo‘ldim. Lekin o‘z she’rlarimni bitdim. Axir, qo‘lida qalami bor hech kishi yoriga birovning so‘zi bilan muhab­bat izhor qiladimi?..
Qiz bilan kunduzlari birga yo‘l bosar, kechalari esa uni tushlarimda ko‘rib, to‘lqinlanar, xayolu orzularga tolar, ularning tubsiz qa’rlariga mastu mustag‘riq cho‘kiblar ketardim. Sekin-asta muhabbatimizga to‘siq bo‘ladigan turli xil sabablar chiqa boshladi. Xuddi yo‘limizdan chiqib turadigan g‘ovlar – tog‘lar, jarliklar, daryolar, cho‘llar yanglig‘… Shu bois ko‘nglimga iztirob tushdi. Iztirobki, bo‘yi naq Jamolungma cho‘qqisi qadar SARBALAND, iztirobki, chuqurligi naq Mariana cho‘kmasi singari TERAN…
Men ana o‘sha balandlik va teranlikka chiqib-tu­shish asnosida qalbimda sodir bo‘lgan tit­roqlarni birma-bir qog‘ozga tushirdim. Axir, menga qog‘oz va qalam berilgan edi “Kirish”da, eslang!

YoRGA MAKTUB

Yoningda yurib adolar bo‘lganimni qaysi til bilan izhor aylay? Har kun ko‘zlaringga qarash, qarash nimasi, termilish imkoni bo‘la turib, shunday qila turib seni sog‘insam, senga intilayotib tinimsiz ravishda iztirob cheksam, o‘rtansam, bu dardning boshqa davosi bormikan o‘zi? Tonmayman, men Yaratgandan so‘ragan bo‘lsam faqat muhabbat so‘raganman. Muhabbat bo‘lgandayam, mening bu dunyoga kelishimga arziydigan, munosib muhab­bat! Lekin… lekin bu ishq degani xonumonimni, butun borlig‘imni yoqib kul qilishini o‘ylamagan ekanman. Kishi sevsa-yu, sevganiga yetolmasa, tabiiyki, o‘shanday bo‘ladi deb bilardim. Sen yonimdasan-ku! Bag‘rimda, ko‘zlarimning qorachig‘larida har kun borsan-ku! Kun-ku kun, tunlari ham men bilan birgasan-ku! Sen kirmagan tushlarim harom bo‘lsin! Seni o‘ylamagan kunim hayotimdan o‘chib yo‘qlikka yuz tutsin!.. Ha, men allaqachon mana shu holga tushganman: qarg‘anaman, so‘kinaman, baqiraman, chaqiraman… Chunki senga to‘ymayap­man! Senga to‘yish mumkin emasligini bilib qolganman, ey gul! Qani endi imkoni bo‘lsayu bag‘rimga panjalarimni tiqib, yorib, so‘ng duk-duk etib urib turgan yuragimga seni joylashtirib qo‘ysam. Tumor yanglig‘ seni yuragim o‘rniga taqib yursam. Har nafasingni o‘z ko‘ksimda his qilsam!..
…Sening isming faqat boshqalar chaqirishi uchungina yaraydi, men senga o‘zga nom topaman. Sening isming Bahorga uyqash bo‘lishi kerakligini har doim ichimda sezib yashaganman. Axir, bahor ko‘karish, gullash va yasharish fasli ekan, bu hayot degani bo‘ladi. Demak, sening isming ham HAYoT bilan ma’nodosh bo‘lmog‘i kerak! Olamning uyg‘onishidan daraklovchi gul bor, ismi binafsha! Ha, sen binafshasan, mening Binafshamsan! Olam binafsha bilan ko‘z ochgani yanglig‘ men ham sen-la boshimni ko‘tardim – g‘aflat uyqusidan, sevgilim!..
Dunyoga ko‘ngil qo‘ymang, deyiladi o‘lmas o‘gitlarda. Oriy rost. Lekin bu dunyoda sen bor ekansan, uni sevmay bo‘ladimi? Axir, Sen Yaratgandan men tomon solingan tuynuk-yo‘lsan-ku! Men Egamning qoshiga faqat shu yo‘ldan yurib bora olarkanman, nechun seni sevmay! Sening jisming dunyoda, uning qonunlari bilan qoim ekan, nechun dunyoning ham qadriga yetmay! Men dunyoni sen uchun, seni Alloh uchun sevishimni nahotki bilmasam!.. Sevgi insonni aqldan ozdiradi, deyishadi. Bilmadim, u qanday sevgi ekan… Senga duch keldim-u men o‘z nodonligimni angladim. Meni shu holga keltirgan, mendagi nodonlikning ildiziga bolta urgan qudrat bu senga bo‘lgan muhabbatimdir! “Bas, muhabbat har nedan burun ma’rifatdur!” – deya hayqirgim keladi ahli g‘ofillar dunyosini larzaga keltirib:

Binafshajon, Binafsha, ra’nolarga o‘xshaysan,
Tirikligim javhari – ma’nolarga o‘xshaysan.
Yuzlaringni ko‘rdimu nodonligim angladim,
Nodon dilim zor bo‘lgan donolarga o‘xshaysan.

…Alloh yagonadir. Mening senga ehtiyojim shuni isbot qilmayaptimi? Axir, men sensiz yarimman, sen ham mensiz shundaysan. Ikki yarim birgalikdagina bir butundir. Biz birgalikda Tangri birligiga shohidlik bermayap­mizmi?!.. Bas, oshiqlik va ma’shuqlik Alloh Taoloning Birligiga guvohlikka o‘tish, demak!..
…Tangrim, men senga qullik qildim, Sen yaratgan insonni sevib, uni alqab, uni kuylab bandalik qildim! Men boshqa ibodatni bilmadim. Bilsam ham ularga na fursatim qoldi va na rag‘batim. Mening sevgim – mening ibodatim! Ibodatimni qabul ayla!..
…Sen yonimda bo‘lsang, Binafsha, dunyolarni asir olaman. Aksi taqdirda, dunyolar meni bandi aylaydi. Ortimda sen borligingni sezib turar ekanman, men butun olamga qarshi jangga kira bilaman! Aksi taqdirda, men hatto o‘zimni ham yenga olmayman…
…Menga sening sevging bas! Agar butun olam bir bo‘lib sevgisini bir yerga jamlasa ham birgina sening sevging qarshisida bag‘oyat haqir ko‘rinardi, eshityapsanmi, bag‘oyat haqir? Agar sen sevmasang, olamning meni sevishidan zarracha naf yo‘q qalbimga! Otashin muhabbatingni his qilar ekanman, olamning sevgisiga zig‘ircha ham ehtiyoj sezmayman! Allohning siri men uchun senga, sening ko‘zlaring ichiga, qalbingning eng aziz to‘riga bebaho xazina yanglig‘ ko‘milgan bo‘lsa va mo‘jiza yuz berib, men uni sezib-ko‘rib qolgan bo‘lsam, endi omonligim faqat sening qo‘lingda ekanligini yana qay yo‘sin bayon etay!?.. Yo‘q, men bu gap­larni allaqaylardan o‘qib olmadim. Men hech qachon birovning fikriga qo‘l cho‘zmaganman, ularga muhtoj bo‘lmaganman. Bu hayqiriqlar tog‘ bag‘rini yorib ko‘k­ka o‘rlagan vulqon yanglig‘ yurak qa’rimdan otilib chiqayapti!..
… “Gul uchun rahmat!” deb yozding telefon orqali. Men esa javoban “Sen ham menga gul hadya qil, ya’ni o‘zingni…manguga!”deb javob yo‘llasam, ortidan xabar yetdi:
– Sizga hadya bo‘lish uchun kelganman bu olamga!..
– Men esa shu hadyani qabul qilishga va Yaratganga shukrona aytishga kelganman. Mening shuk­ronam senda mujassam…
Lekin taqdir har doim ham boshimizni silamas ekan. Uning mehri qancha baland bo‘lsa, qahri ham, shafqatsizligi ham shuncha, balki undan-da darozroq ko‘rinish olarkan goho. Kutilmaganda o‘rtamizga so­vuqchilik tushdi. Shuncha qidirib ham buning sababini topolmadim. Sen bilan gaplashib, oradagi pardani ko‘tarib tashlashga bo‘lgan barcha urinishlarim esa zoye ketdi. Uyqularim qochdi. Telefonni olib yozdim:
– Tog‘larga chiqib hayqirgim kelyapti, hayqirgim!
Sendan javob keldi:
– Hayqiring unda!
Yana yozdim:
– Ammo sening quloqlaringga shivirlab ham u hayqiriq ehtiyojini bosishim mumkin. Faqat shivirlarim qalbingga yetib borsa, bas… Mening nolalarim Allohimga yetgan, men buni his qilayap­man. Senga yetib borsin endi… Yaratganning ishi shu ekan, baxtni bitta qalbga jamlab qo‘yarkan. Xuddi musulmon Ka’baga talpinganidek talpinar ekansan o‘sha qalbga!..
…Sevganda hamma narsaga tayyorlikni tan olaman. O‘rtasi meniki emas. O‘rtasi – o‘yin. Badan o‘yini. O‘rtasi – bozor. Badan bozori. Men va sen o‘rtamizdagi tuyg‘uga Xudoning o‘zi aralashgan. Shuning uchun ham u badandan ko‘hna, badandan kuchli Ruhlarimizning muloqoti bo‘lib yashayapti…
… Agar yorim Alloh bo‘lsa, ha, men majnunman. Faqat Allohni u yaratgan insoni orqali sevaman! Tushunyapsanmi, Binafsha! Axir, men senda, sening porlagan ko‘zlaringda Tangrim jamolini sevyapman! Buning nimaligini bilasanmi? Hech qachon, hech bir vaziyatda sendan yuz burolmayman degani! Har doim, har qanday sharoitda seni deyman, ortingdan itdek ergashib yuraman degani…
– Faqatgina boqiy olam qarshisida ojiz bo‘lib qolmasak, bas. Bu dunyoning g‘ovlarini yengib o‘ti­shi­mizga ishonaman, – deding o‘zingga juda-juda yarashadigan go‘zal jasorat bilan.
– Men ham shu haqda ko‘p o‘ylayman, – dedim javoban men. – Sen bu dunyoda men yurishim mumkin bo‘lgan birdan bir YO‘Lsan. Faqat shu yo‘ldan yursamgina Tangrim qoshiga yetib olaman deb qat’iy ishonaman. Lekin Tangrimning qoshida ham sendan ayrilgim kelmaydi. U yerda ham men seni so‘rayman. Sen mening mangu yo‘lim bo‘lishingni xohlayman. Lekin gaplaring o‘ylatib qo‘ydi: “Chindanam boqiy olam qarshisida chorasiz qolsak-chi?..” O‘ylay-o‘ylay chora topdim: istagimizni, ehtiyojimizni she’r­ga ko‘chiraman. Keyin o‘zimiz ana shu she’rga ko‘chib o‘tamiz. Abadiy birga bo‘lish uchun! She’rga aylangan bizning tilagimiz Yaratgan huzurida bizga har doim shafelik keltirib turadi, deb ishondim. Va yarim tunda telefoningga she’r yubordim:

Yoningdaman!..Yonimdasan!..
Ammo bag‘rim kuyar, gulim!
Har lahza, har onimdasan,
Hijroningni tuyar dilim…

Kel, men senga o‘tay ko‘chib,
Yo sen ko‘chgil menga abad!
Birgalikning mayin ichib
Qilaylik ul Yorga toat!

Toatimiz muhabbatdir,
Muhabbat chin ibodatdir…

Bebaqo dunyodan seni mana shu tarzda bo­qiy dunyoga olib o‘taman – she’rga aylangan duolarim bilan. Adabiyot deb atalgan namozim bilan. Muhabbat deyilgan ibodatim bilan!..
…Binafsha! Atrofda har xil fitnalar bor. Sen ularga yengilmay, o‘zingni qo‘rishga harakat qilsang, bas. Ularga ko‘ngil oldirmasang bo‘lgani. Qolganini menga qo‘yib ber! Men sen uchun dunyodagi istalgan kuchga qarshi chiqishim va sira qiynalmay zafar quchishim mumkin. Faqat… faqat buning bitta sharti bor, bu – sen! Seni ortimda his qilmog‘im kerak! Xuddi Vatan kabi! Men nima uchun jangga kirayotganligimni ongim va qalbim anglashi shart!.. Ortida Vatani bo‘lgan jangchi yengilmasdir! Yuragida va yonida yori bo‘lgan inson ham mag‘lubiyat bilmaydi!..
…Taqdir mening qo‘limga qalam tutqazib “Yoz!” dedi. Men yozdim. Juda ko‘p yozdim. Ke­yin senga duch kepqoldim va juda kam yozadigan bo‘ldim. Bilaman, qalam bilan hali mening qilishim mumkin va zarur bo‘lgan olam-olam ishlarim bor. Biroq… biroq sen qayda qolasan unda? Men hech qachon seni hech kimga va hech nimaga alishmayman, demadimmi. Har qanday o‘zga olamshumul ishlardan umrimni sen uchun qizg‘anaman, deb aytmadimmi! Men sengagina, seni sevishgagina olib qo‘ydim uni – qolgan umrimni! Eshityapsanmi, tushunyapsanmi gaplarimni!?.. Tushunmaslar men haqimda “ulus oldida shuncha qarzlari turib, allaqanday sevgi bilan o‘ralashib yuribdi” deya, tutimimni ayovsiz muhokama qilaveradilar. Buni bilaman. Tushunganlar biladiki, faqat Haqning oldidagi farzlargina eng oliysi! Muhabbat men uchun ana shunday oliy farz. Kim uchundir bu namoz o‘qish, kim uchun tijorat qilish, kuylash, imorat solish va yoki daraxt ekib bog‘ yaratish… Mening chekimga sevish tushgan bo‘lsa, netib undan qo‘l yuvay? Axir, dehqon yo amaldor kelib, Xudoyimning bir bandasini men kabi sevib bera oladimi? Borlig‘ini – shirin jonini yorining poyiga sira ikkilanmasdan to‘shay biladimi?.. (Yoki men borib dehqon singari bug‘doy yetishtirishni eplaymanmi?..) Ha, bu dunyoda hammaning chekiga o‘zigina tahammul qila oladigan qismat tushadi…
Tirik inson bilan muhabbat orqali payvandlangan baland munosabatgina insonni Yaratuvchi bilan bog‘laydi! Qolgan barcha ishlar har qancha muhim va dolzarb bo‘lib ko‘rinmasin, unday emas. Ular insonni inson bilan bog‘lashi mumkin. Undan ortiq emas. Tarix nima? U inson hayoti va faoliyatining ketma-ket yuz bergan voqealari silsilasi. Adabiyot nima? U inson botiniy olamining tarjimai holi… Inson-chi? U kim? Inson – Alloh yaratgan oliy xilqat! Orasidan bittasini tanlashim uchun menga imkon berilsa, sira ikkilanmasdan Insonni, Allohning bevosita o‘zi yaratgan Ne’matini, ya’ni seni tanlayman!.. Va unutma, hech qachon, hech qanday vaziyatda afsus qil­mayman, vallohu alam!..

YO‘L TOG‘ USTIDAN KEChDI

Kovushni kiyganimdan beri kunduzlari quyosh hamrohimiz bo‘lsa, kechalari oy posbonimiz edi. Men har safar unga qaraganimda, ichida bir dardi borligini his qilardim. Yuzlariga tushgan dog‘ ham aslida ana shu dard tufayli edi, nazarimda. Yo‘limizda uch­ragan baland tog‘dan oshib o‘tayotganimizda oyga judayam yaqinlashib qoldik. Shunda men butun diqqat-e’tiborimni berib oyni kuzata boshladim. U esa o‘z tarixini ayon etdi. Yo‘q, u menga bir so‘z ham demadi, hammasini uning holi bayon ayladi.

TUSh

Yana yo‘l. Faqat yo‘l bor emishu yo‘lovchi yo‘q emish. Aslida, biz bilgan yo‘lning yo‘lligi uning yo‘lovchisi bilan edi. Hayron bo‘ldim. Yo‘l changu to‘zonlar ichida qolgandek, ko‘zga arang ilg‘anardi. Bir mahal chang biroz tarєalib, ichidan bir qora ko‘rindi. U dol harfidek bukchaygan qaddini bazo‘r sudrab kelardi. Yaqiniga bordim. E voh, yo‘lning birgina yo‘lovchisi ayol kishi edi. Ajin bosgan yuzlarida asrlik g‘am qotib qolganu teran ko‘zlari qat’iyatli boqardi. Undan so‘radim:
– “Qaydan kelayotirsan?
– U jahondan.
– Qayga ketayotirsan?
– U jahonga…”
Men miyig‘imda kuldim. Ichimda “Ne-ne er zotlar, eranlar bilmagan sirni kelib-kelib sen bilasanmi, ey ayol?” degan ishtibohli savol g‘imirlaganini his qildim. Va shu zahotiyoq yeru ko‘k gumbirlab “Yaratgan sizlarning suvratlaringizga emas, balki siyratlaringizga, ko‘ngillaringizga boqadi” degan sas keldi. Men lolu hayron bo‘ldim. Shu lolligimcha o‘rnimda xuddi mixlangandek qolaverdim. Munkaygan ayol jismini sudrab yana changu to‘zonning ichiga kirib ko‘zdan yitdi. Men esa o‘sha ko‘yimda kunni kech qilib tongni ottirdim. Bobo quyoshning ko‘zlarimga, yuzim va ko‘ksimga tusha boshlagan nurlaridan beixtiyor hushimga keldim… – Tavba, hammasi shunchalik oson va shunchalik aniqmi?! – degan olovli xitob bag‘­rimni, so‘ng ikki jag‘imni yorib, tashqariga so‘z shaklida otilib chiqdi:

Huv anov osmonning ichindaman men,
Ham manov karvonning ichindaman men.

Umr o‘tib borar, manzildan xat yo‘q,
Ko‘zi to‘rt sarbonning ichindaman men.

Boshimda quyunday aylanar har o‘y,
Emdi qay dovonning ichindaman men?..

Bir tomchi suvim yo‘q, mador ham bitgan,
Bilmam, qay darmonning ichindaman men?

Kim bilan gaplashmay, “Men haqman!” deydi,
Qay odil insonning ichindaman men?

Seni sevgim kelar ortimga qaytib,
Oh, ishqsiz davronning ichindaman men!..

Bitta Xudo haqda ming bitta kitob,
Qay to‘g‘ri Qur’onning ichindaman men?!..

Ichim kuyib ketdi, parvardigoro,
Nechun to‘rt tomonning ichindaman men?

Chiqib ketsam hamki, tomondin nari
Ne sud? Dil – qopqonning ichindaman men…

O‘RMONDA

Yo‘lning ilgarisida qorayib bir nima ko‘rindi. Hamma suvsizlikdanu charchoqdan adoyi tamom bo‘l­gan edi. Umidlanib, suqlanib, sevinib boqdik qo­raygan narsaga. Qayerdandir kuch keldi tanimizga. Yiqilganlar turdi, turganlar yurdi. Nihoyat, o‘sha qoraygan joyga yetib kelib qarasak, u ulkan o‘rmon ekan. O‘zingga shukur! Axir, sarob bo‘lib chiqishi ham mumkin edi-da! Necha bor shunday bo‘lgan edi. O‘rmonni qoq ikkiga bo‘lib oqayotgan irmoqdan to‘yib-to‘yib suv ichdik. U yerdagi mevalardan terib-terib yedik. Tanamiz yayradi, ko‘zlarimizda hayot gulladi. Orom bizni uyquga elitdi. So‘ng uyqu eltdi. Miriqib uxlab turdik. Lekin negadir mening sira o‘rnimdan turgim, yurgim kelmasdi. Hamrohlarimga boqsam, ularda ham shu hol. Yotdim, yotaverdim o‘y surib. To‘satdan ikki o‘rgimchakka ko‘zim tushdi. Ular to‘qib qo‘yilgan to‘rlarida allaqanday o‘yin o‘ynayotgandek tuyuldi. Qiziqsinib kuzatdim. Bu oddiy o‘yin emas, balki qo‘shiluv raqsi ekan. Xatti-harakatlaridan urg‘ochisi kattaroq va semizroq, erkagi bo‘lsa qoraroq, ozg‘inroq va kichikroq edi. Jarayon uzoq davom etmadi, endi u yonboshimga burilib yotmoqchi bo‘lganimda, urg‘ochi o‘rgimchak erkagini mahkam tishlab oldi, shekilli, bechora nechta oyoqchalari bo‘lsa, borini har tomonga yoyib jon talvasa qila boshladi. Bunga sari urg‘ochining iskanjasi ortdi, o‘zining katta va baquvvat oyoqlari, boshi, nishlari yordamida erkagini bag‘riga shunchalar qattiq bosdiki, natijada u jon taslim qildi. Bir pas o‘tar-o‘tmas, urg‘ochi uning yumshoq badaniga nishini botirib, ichidagi shirasini so‘rib oldi, qolganini og‘zidan chiqarayotgan ip bilan o‘rab-chirmab qo‘ydi-da, o‘zi to‘rning narigi tomoniga o‘rmaladi. Mening uyqum qochib, bo‘larim bo‘ldi. Qarasam, cho‘kka tushib o‘tirib olgan ekanman. “Axir… axir, ular endigina bir-birlarini sevib turishuvdi!” – deyman tin­may o‘zimga o‘zim, – endigina bir-birlarini sevib turishuvdi-ya!..

YoZUVChILIK

Men bularning hammasini yozardim. Lekin ba’zan qalam qitirlatish malol kelar, botinimda o‘sha titroq bo‘lmasa, bu ishdan voz kechib qo‘ya qolardim. Qiziq, nima ekan bu titroq? Mo‘ysafidning sehru jodusimi yo boshqa bir narsa? Bilolmasdim. Ammo u ichimdan seldek bostirib kelganda o‘zimni qo‘yarga joy topolmay tipirchilar, beixtiyor qo‘llarim qalamga yopishar va shu taxlit hushimni to‘plab, o‘zimga kelardim. Yo‘qsa, ichimdagi muvozanatni yo‘qotib bir baloning o‘qiga giriftor bo‘ladigandek titrab qaqshardim. Ayni damda, o‘sha titroq bo‘lmaganda hammasi boshqacha kechardi deb o‘ylayman. Ehtimol, men ham boshqa rastaga butunlay o‘tib ketardim. Ana, kirganlarning aksari bozor rastalarida yurishibdi. Qolganlardan ko‘ra tuzukroq umrguzaronlik qilayotganlar ham shular, aslida. “Mening peshonamga bitilgan rastada nima bor edi?” deya sinchkovroq razm solaman: odam kam, gaplashadigan dildosh esa undan ham siyrak. Yo‘l – tor, ustiga ustak, chuqur-chag‘ir. Yurish qiyin, dam allaqanday chakalakzorga duch kelsam, dam cho‘lu biyobondan chiqib hayron bo‘laman. Ha-ya, birgina taskin bor ekan, u ham bo‘lsa, yo‘limizning boshqa yo‘llardan xiyol balandroqda joylashganligi bois qolgan hamma yo‘llarni, undagi karvonlar harakatini kaftda o‘rmalab borayotgan chumolini kuzatgandek kuzata olardim. Kuzatardim ham. Axir, bu yerda birdan bir zavqli ish ham shu edi-da. Boshqa nimayam qilardim? Kuzatishu yozishdan charchagan paytlar esa zerikardim. Aslida, turib-turib ishim ham jonimga tegib ketadi. Undan bezaman. Axir, nima degani boshqalar hayotini kuzatish va u haqdagi bor gapni qog‘ozga tirkab qo‘yish? Kim beribdi bani odamga bunday huquqni? Nega u Yaratganga ochiqdan ochiq taqlid qiladi?!.. Ba’zan tushunmayman… Єilib yurgan ishimdan ozorlanib bosh­qa rastalarni ko‘zlayman. Lekin nima qilayinki, birontasining qo‘ynida tasalli topadiganga o‘xshamayman. Axir, borib keldim-ku ularning qanchasiga! Nima bo‘ldi? Boshєalarga qo‘shilib o‘zim ham sharmandai sharmisor bo‘lishimga bir bahya qoldi-ku!.. Balki bo‘lgandirman ham. O‘zimga ustim but bo‘lib ko‘ringani bilan boshqa nigoh uni boshqacha ko‘rgandir. Axir, mening o‘zim ham o‘zgalarni o‘zgacha ko‘rayapman-ku!..
Lekin so‘z meni ta’qib qilaveradi: yursam-tursam, tursam-uxlasam, yig‘lasam-kulsam… hamma joyda, hamma hollarimda u men bilan birga! “Tavba, uning qo‘lidan nima ham kelardi? Shartta tashlab, el qatori boshqa, ko‘pchilikning e’tiboridagi, ularning rastalaridagi ishlardan biri bilan mashg‘ul bo‘lsam-chi?” deyman turib-turib. Rost-da, so‘z deganimiz o‘lik tovushlar yig‘indisidan iborat bekorchi havo emasmi, ishqilib…

YO‘LOVChI

Bir mahal janub tomondan notanish kishi chopib kela boshladi. Butun yo‘l ahli tek qotdi. Go‘yo yeru osmonda harakat tindi. Nihoyat, tushuniksiz saslar quloqqa chalindi. Notanish yo‘lovchi yaqinlashgan sayin uning o‘z-o‘ziga baqirib-chaqirib nimanidir uqtirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Hamma nafasini ichiga yutgan ko‘yi unga qarab turardi. U tobora yovuq keldi va og‘zidan uchib chiqayotgan so‘zlar anglashila boshladi: “Sizlarga aytganlarim tush emas, balki o‘ng, eshit­yapsizlarmi, o‘ng!!!” Yo‘lovchi shularni aytib yo‘lni, odamlar oqimini qoq o‘rtasidan kesib o‘tib, shimol tomon ketdi. Hamma uning ortidan qarab qoldi. Hech kim hech nima demadi. Hamma tubsiz o‘yga cho‘mdi…
Yo‘lovchi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgachgina izdihom yana og‘ir qo‘zg‘aldi. Faqat yo‘lovchi o‘tganda ochilib qolgan oraliє hali-hanuz bir iz bo‘lib uzoq-uzoqlardan ham ko‘zga tashlanib turardi.

SUVRAT VA SIYRAT

Bu orada boshimdan ko‘p voqealar kechdi. Issiq-sovug‘u baland-past ta’mini rosa totdim. Ko‘zimni kuzatsam, so‘nggi vaqtlar sajdagohlarga, ularga kirib chiqayotganlarga uzoq-uzoq qarab qoladigan odat chiqaribdi. Ichkarida ko‘ngil ham shunga sust ketibdimi, bilmayman. Lekin boshqa rastalarda egni-usti borlar bo‘lganidek, bu yerda ham yalang‘ochlar to‘lib-toshib yotardi. Demak, deb o‘yladim o‘zimcha, inson umrining qaysi rastada o‘tishi emas, balki qanday o‘tishi, suvrat emas, siyrat muhim ekan! Chunki kiyimlilar va kiyimsizlarning o‘ziyoq men uchun insonlikning asl mazmunini oshkor etib qo‘ygandi. Shunda har kimning o‘z rastasiga yo‘nalgan eshikdan kirishi bejiz emasligini, menga qog‘ozu qalam tutqazgan mo‘ysafidning sinchi nigohida ham shunday ma’no yashiringanini, u menga xuddi shuni tushunib yetarmikan-yo‘qmi, tushunsa-ku xo‘p-xo‘p, tushunmasa, unga in’om etilayotgan qog‘ozu qalamning qadri nima bo‘ladi, degandek qaraganini anglagandek bo‘ldim. Tag‘in Alloh bilgich…

BEZOVTALIK

Biroq… baribir ko‘nglim bezovta edi. Hech nima bilan uning alag‘da holini o‘nglay olmasdim. Birdaniga hammasi begona tuyulib ketardi shunday kezlarda. Qilib yurgan ishim ham, tushib qolgan rastam ham, atrofimdagi yakkam-dukkam qismatdoshlarim ham, hatto o‘sha mo‘ysafid ham, qo‘limdagi qog‘ozu qalam ham… hamma-hammasi. Necha marta qalamni chetga uloqtirdim, lekin yana shuncha marta borib qayta oldim. Bu ish mening asl ishim emas, derdi ichimda kimdir. Ammo ming o‘rgilib ham o‘zimga bundan munosibroq boshqa yumush topolmasdim. Chirpinardim, yulqinardim-u, o‘z rastam bo‘ylab yurishda, uning oxiriga qarab odimlashda davom etardim. Har tugul, bu rasta qolgan barcha rastalardan balandda, men hammani besh qo‘ldek ko‘rib-bilib turaman-u, meni boshqalar ko‘risholmaydi, deb taskinlanardim. Nafsilamrini aytganda, bu ham vaqtinchalik tasalli edi. Chuqurroq o‘ylab ko‘rganimda esa hech nima mening huvillab borayotgan ichimni to‘ldira olmas, unga malham rohatini berolmas edi. Atrofimga boqib, kichkina ishlar bilan andarmon yurganlarga, yeyishga bir burda non topganiga ovunib dun­yo­­larni unutganlarga havas qilardim. Havas qi­lardim-u ming urinsam ham o‘zim ularga o‘xshay olmasdim. Chunki nima qilayinki, ko‘zlarim hammasini ko‘rib turardi. Shuning uchun ko‘zlarimni yomon ko‘rardim. Hammasiga sababchi – ular!.. Meni baxtsiz qilgan – ko‘zlarim, der­dim o‘zimga. “Ularning ichiga mening bu dunyodagi zerikishim urug‘lari ekilgan!”, deya hayqirgim kelardi.

MUQADDAS JOYLAR ZIYoRATI

Odamlar, o‘sha, siz bilan biz ko‘rgan odamlarning aksariyati vaqti-soati yetib, muqaddas joylarni – kimi masjid, kimi cherkov, kimi sangxa, kimi sinonoga, kimi yana boshqa sig‘inoqlarni ziyorat qilish taraddudiga tushishar ekan. Chunki bozordagi qilmishlarini ko‘rdingiz, shularning kafforati uchun yugurishib qolisharmikan, deb o‘ylayman men. Tag‘in Xudo bilgich. Shunday qilib, katta yo‘lning boshiga chiqsangiz, u yerdan o‘tayotgan har uch odamning bittasi shu tashvish bilan andarmon ketayotganiga guvoh bo‘lasiz. Faqat, qizig‘i shundaki, siz ular bilan kunda muloqotda bo‘lasiz-u, ko‘rmaysiz. Insonning ichini ko‘rib sezmagandan keyin o‘zi shunaqa bo‘ladi-da. Ularni ko‘rish uchun kishining o‘zida o‘shalarnikiga yaqin bir ko‘ngil holi paydo bo‘lmog‘i lozim ekan. O‘ylashimcha, men ham shu tobda o‘shanday holda edimki, ko‘zlarimga nuqul ziyoratchilar ko‘rinadi, deng. Bovujud, men yo‘lda ketayotgan milliardlab odamlar orasidan ziyoratchilarni izlab topdim.
Ular bilan bir pasda apoq-chopoq bo‘lib ketdim. Xuddi qirq yillik qadrdonlardek. Bir nima demasimdan ular meni, ularni esa men so‘zsiz-sadosiz tushunaman deng. Endi bizning ko‘zimizga o‘zgalar ko‘rinmas, ko‘rinsa ham yetti yot begonadek tuyulardi. “Ilgari, men boshqa kayfiyatda yurganimda ahvol butunlay teskari emasmidi?” deya savol beraman ba’zan o‘zimga o‘zim. Axir, men bularni ko‘rib ko‘rmaganman, ular bilan ishim bo‘lmagan, ularni mensimaganman va yoki yana-da battar munosabatda bo‘lganman. Endi ko‘ring holimni…
Hammasi yaxshi, silliq ketayotgan edi. Birdan ko‘zlarim katta bir muyulish yoqasida turgan qa­lan­darga tushib qoldi. U qofila-qofila bo‘lib borayotgan ziyoratchilarga o‘ychan nigohini tikib turardi. Tuyqus nigohi menda to‘xtab, avval sevingandek bo‘ldi, so‘ng negadir achinib boqdi.
– Assalomu alaykum, qalandarim! – dedim men.
– Vaalaykum assalom, yo‘lovchi! – dedi u.
– Yur, men bilan! – taklif qildim men.
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega?
– Nima foydasi bor?
– Bu nima deganing?
– Sen yo‘lovchisan, yo‘lingdan qolma, – dedi u.
– Unda sen kimsan?
– Men ham yo‘lovchiman, – javob berdi u.
– Unda yur men bilan, hamroh ekanmiz-ku. Yo‘lning zahmatini aritib, suhbatlashib ketamiz.
– Ilojim yo‘q.
– Nega, nima uchun, axir!?
– Chunki mening yo‘lim mening ichimda.
Men o‘ylanib qoldim. U esa nari keta bosh­ladi. Shunda men ortidan qichqirdim:
– Nima, sen muqaddas joyniyam ziyorat qil­­­­gani bormaysanmi?
U javob o‘rniga qo‘shig‘ini boshladi:

“Yo Allohu yo Alloh,
Haq do‘st, yo Alloh!”
Sen ruhimda yasharsan,
Yo‘q Sendan o‘zga bir roh,
Yo Allohu yo Alloh!..

Keyin nima degani eshitilmadi, chunki uzoqlab ketgandi. Ammo qalandarning qorasi o‘chgandan keyin, u ketgan tomondan bir shamol esdiyu qulog‘imga shunday so‘zlarni olib keldi:
“Arshning kungurasin ustiga qo‘ydum oyog‘im,
Lomakondin joy olibman, bul makonni na qilay?!..”

YO‘LDAGI BOLA

U judayam toliqib kelganga o‘xshardi. Borib yordam bergim keladi-yu, uddasidan chiqolmayman. Nega deysizmi? Nega bo‘lardi, hammasiga insonligim sabab. Ha-ha, insonligim! Men nafaqat bolaga, balki hammaga, kim qiynalgan bo‘lsa, ularning barchasiga ko‘mak bersam deyman. Axir, dunyoda bir inson, inson nimasi, bitta tirik jon aziyat cheksa ham, ohlari mening yuragimda aks-sado bermayaptimi?!.. Ammo nima qilayinki, qo‘llarim qisqa, ko‘mak berish istagi yurakda tug‘ilib, yurakda qoladi.O‘zga ilojim, bosh­qa imkonim yo‘q. Yo‘qligidan jig‘ibiyronim chiqadi turib-turib. Shunday paytda Xudoga havas qilaman! Xudoga! Axir u hamma narsaga qodir-da! Menga shunday deb aytishgan, shunday deb o‘qiganman, shunday deb bilaman, shunga ishonaman:

Havas qilsam, Senga qildim,
Hasad qilsam, Senga qildim,
Avf etgil Xudoyim,
Yana umidlar qildim!..

Lekin men insonman. Insonligim o‘sha bolaga, bolalarga yordam berishimga mone’lik qiladi. U yog‘ini so‘rasangiz, men birov tugul, o‘zimga ham yordam berolmas alfozdaman shu tobda.
Bola esa… bola qiynalar, gardanidagi og‘ir yukni inqillab ko‘tarib borar, dam yiqilar, dam sudralar, dam esa harakatdan to‘xtab dam olardi. Uning og‘irini yengillatolmasam ham yoniga borib holidan xabar olgim keldi. Bordim. U meni ko‘rmadi, payqamadi. O‘zi bilan chunonam band edi. Faqat tinmay bir jumlani takrorlar edi:

Yaxshi kunlar keladi hali!..
Yaxshi kunlar keladi hali!..
Yaxshi kunlar keladi hali!..

OSMONDAGI YO‘LOVChI

Bir mahal quyidagi rastalarni, u yerdagi ajab hangomalarni kuzata-kuzata bo‘ynim og‘rib ketganini his qildim va boshimni tik ko‘tarib, toliqqan mushaklarimga dam bermoqchi bo‘ldim va… bilasizmi, nima? Ko‘zlarim bulutlarga yondosh yuksaklikda, tumanlarga g‘arq bir makonda birovning qorasini ilg‘ab qoldi. O‘sha birov yo‘lovchiga o‘xshar, chunki bir tomondan ikkinchi yoqqa tomon qat’iyat bilan odimlar, yo‘l ham dam ko‘rinib, dam tumanu bulutlar ichra ko‘zdan yo‘qolardi. G‘alati bo‘lib, ichimdagi haligi titroq avjiga mindi. O‘zimni boshqacha, judayam boshqacha his qildim! Yuragim hapqirib, bir zum orzu-istakka to‘ldi! Vo ajab, ilgari hech munday bo‘lmagandi!..
Lekin ko‘p o‘tmay haligi allakim nazardan qochdi, quyuq tumanliklar va bulutlar aro berkindi. Shunda tipirchilab qoldim. Nima edi o‘zi u? – deya o‘zimga o‘zim savol bermoqqa tush­dim. Yana bir pasdan so‘ng esa yuksaklikda ko‘ringan yo‘l ham, undagi yo‘lovchi ham – hamma-hammasi ro‘yo bo‘lsa kerak deb o‘ylay boshladim… Shunda kun chiqishdan to kun botishga qadar cho‘zilgan yo‘lovchilar oldidan kesib o‘tgan huv haligi odam lop etib xayolimga tushdi. Tavba!.. Ular bitta inson edimi?.. Bilmadim. Balki ikkitadir… Lekin nega unda ular bir lahzaning o‘zida mening xayolimda jam bo‘ldilar ekan?..
O‘sha kuni ham, undan keyin ham na yo‘lni va na undan mag‘rur odimlab borayotgan yo‘lovchini qaytib ko‘rdim. Bir bora ko‘rganim esa shirin tushga o‘xshab qoldi. Ammo shunday tushki, men u haqda juda ko‘p yozdim. Uni rumuzlarga o‘rab ham, ochiq-oshkor tarzda ham bitiklarimga olib kiraverdim. O‘z rastamni, undagi zabun holimni unutib, faqat va faqat o‘sha yo‘lovchini o‘yladim, uning ko‘kdagi – ufqlarga tutashib ketgan yo‘lini mushohada qildim. Yana yo‘limizni kesib “Bu yo‘l – yo‘l emas!” deya hayqirgani esimda qoldi. Qarasam, bir yonimdagi bozorning hamisha gavjum rastalarini ham, boshqa tomonimdagi masjid­larni ham xayoldan faromush aylabman. Shunda… shunda bilasizmi, men o‘zimni chinakamiga baxt­li his qila boshladim! Mening eng mas’ud onlarim o‘sha lahzalarda kechgan desam, yuzim aslo qizarmaydi…
Baxtli edim-u, hayhot, endi odamlar yozganlarimni tushunmas bo‘ldilar!.. Ilgari uch-to‘rt kishi bo‘lsayam qoralamalarimni mutolaa qilib, tushungandek boqishar, dalda berishar edi. O‘sha yo‘l va yo‘lovchi haqida yoza boshlaganimdan keyin esa atrofimda hech kim qolmadi, eshityapsizmi, hech kim!..

Hech kim yo‘q, hech kim!
Poyiga tiz cho‘kib,
Bir so‘z aytay desam,
Hech kim yo‘q, hech kim!..

ChIQISh OLDIDAN

Bu vaqtga kelib men ham yo‘lovchini bosh­qa ko‘rmas bo‘ldim. Shundanmi, boshqa sababdanmi, turib-turib yuragim siqilib ketadigan odat chiqardi. Sekin-as­ta qutsizligim boshlandi. Hech yerda qo‘nim topolmas holga tushdim. Zerikish va siqilishdan necha qaytalab bosh­qa rastalarni aylanib keldim. Ha-ha, aylanib keldim. Boshqa nimayam qilardim, axir!?.. Taassurotlarimni tag‘in qog‘ozga tushirdim. Lekin, o‘lay agar, birontasi yuragimni jiz ettirgan bo‘lsa!.. O‘qiganlar tag‘in maqtashar bo‘ldi, lekin mening o‘zim… mening o‘zim toshga aylangandim. Men o‘sha yo‘lovchini va uning yo‘lini sog‘inardim. U haqda yozsam derdim. Ammo… titroq ham qaygadir g‘oyib bo‘lgandi. Donishmand mo‘ysafiddan qog‘ozu qa­lam olayotganimda botinimga ingan titroq bor-ku, o‘sha-da! Shunda… shunda men bu yerda boshqa qiladigan ishim qolmadi, deb o‘yladim. Va bolalarimni qoldirib, eshikka qarab yurdim. Ustanalarga alanglab “ChIQISh”ni qidirdim. Unga hali bor ekan, chunki qarshimda yana dahliz paydo bo‘ldi. Ammo bu chiqishning dahlizi edi. Dahlizga kirdim-u bepoyon kenglikka duch keldim. Bu kenglik xatosiz edi. Ya’ni, uning biron bir yerida biron bir nima yo‘q edi – “bir xil, bir xil, bir xil” edi. Yerda, yeru osmonda osmon bor edi, xolos…

QANI MENING KOVUShIM?

Avvaliga shunday edi, keyin… keyin bir pasdan so‘ng nigohimni qator tizilgan kovushlar band etdi. Demak, kovushni almashtirish kerak! Ular “ChIQISh”ga qarab tizilib turardi. Oyoq ostim to‘la kovush va men beixtiyor o‘zimnikini qidira boshladim. Kovushlar ham rasta-rasta terilganga o‘xshab tuyuldi. Men oldin o‘z rastamni kezib chiqdim – yo‘q! So‘ng masjidlar rastasiga o‘tdim – yana yo‘q. Bozor ras­tasi, xizmatchilar rastasi, amaldorlar rastasi… yana bu tomonda mehribonlar, u tomonda dilozorlar rastalari – hech bir rastada yo‘q edi savil. Shunda kovushlarning rang-ro‘yi, eski-yangiligi e’tiborimni tortdi. Ular chindan har xil bo‘lib, o‘z egalarini kutishayotgandek ko‘rindi. Men esa hamon o‘z oyoq kiyimimni izlardim. “Axir, mana, qancha kovush qalashib yotibdi, shularning birontasini kiyib ketaver, egasi hali chiqmadi, qolaversa, bu yerda sendan o‘zga zog‘ ham yo‘q, kim bilib o‘tiribdi?” deyman o‘zimga o‘zim u rastadan bunisiga bo‘zchining mokisidek borib kelarkan. Lekin negadir bu o‘yimda qo‘nim topmayman. “Yo‘q, men faqat va faqat o‘z kovushimni topib kiyishim kerak!” deb chiranaman. “Qani axir meniki, meni bu yerdan olib ketadigan kovushim qani?” deya baqirib-chaqiraman. “Nega bir o‘zimman? Nega ichkaridan birgina men chiqmoqchi bo‘layapman, qani qolganlar, nega kelishmaydi? Nega yolg‘izman?!.”
Yuguraverib charchayman. Qay tarafga bo­rishim­ni bilmay ikkilanaman. Ichkariga qayt­gim kel­may­di, axir, u yerni ko‘rdim, bildim, undan to‘­yin­dim. Har holda, menga shunday tuyulardi. Meni to‘l­­­­qinlantiradigan, yashashga kuch beradigan biron nar­sasi qolmadi uning, o‘ylaganlarimning, istaganlarimning hammasiga yetdim, orzu-havaslarim ushaldi. Men mo‘ysafid chol aytgan jamiki rastalarni aylanib, kezib chiqdim. Nafsilamrini aytganda, birontasiyam alhamdiga yaramaydi. Ularning menga tegishli masnaddan quyida joylashganining o‘ziyoq sirni oshkor aylab turibdi, axir! Bas, shunday ekan, u yerga qaytishning nima ma’nosi bor? Jin ursin, chiqib ketishning esa iloji yo‘q. Chunki muvofiq yangi kovushsiz bu mumkin emas-da! Kirishu chiqish imkoni bir marta, faqat bir marta beriladi insonga. Endi nima qildim? Kovushimni topganimda uni kiyib bu yerdan chiqi-i-ib ketardim. Qayerga ketishimni aytolmasam-da, ammo qaysidir bir tomonga harakat qilishimni, yo‘limning davom etishini aniq bilardim. Chunki men judayam olisdan kelayotgan edim. Timning ichiga birrov kirdim, xolos. Bu yer mening mangu maskanim bo‘lolmasligi ayon. Endi… yo‘limda davom etishim kerak. Buning uchun esa kovush, mening kovushim kerak edi menga! U esa yo‘q. Hammaga bor kovush bir menga yo‘q. Nega, nima uchun?!..

ShE’R

Dunyoni tushingda ko‘rding sen…
Uyg‘onmoq paytidir, uyg‘on! Men
Yo‘llarga otlarni taxt etdim…

Kechasi uyqudan uyg‘ondim-u ana shu satrlarni qoralab qo‘ydim. Keyin yana qayta uxlamoqchi bo‘lib ko‘zlarimni yumdim. Bo‘lmadi. Kip­rigimni uyєu tark etgan ekan. Uzoq vaqt o‘rnimda qimirlamay yotdim, yotaverdim. Ke­yin esa erinibgina o‘rnimdan turdim. Tashqari chiqdim. Hali tong otgani yo‘q, lekin undan darak bor: saharxez qushlarning chug‘urlari, titroq yaproqlarning shivirlari, tong sabosining esa yuzimni yengilgina siypalab o‘tish­lari… Keng dalalarga qarab yurdim va ko‘kka ko‘z tashladim: ajoyib sehr bilan jimirlab turgan yulduzlar bor edi unda. Birdan ular son-sanoqsiz ko‘zlar bo‘lib tuyuldi menga. Shu barobari, yulduzlar bilan odamlar o‘rtasida qandaydir ko‘z ilg‘amas rishta borligini qulog‘imga sabuhiy epkin pichirlab o‘tgandek bo‘ldi. Gap qotgim keldi ularga: “Assalomu alaykum, ey osmon jismlari, tanishib qo‘ying, men – Inson!..”

BALANDDAGI YO‘L

Turfa xil o‘y va savollar bilan qiynalib ketdim. Nihoyat, toliqib o‘zimni yerga tashladim. Keyin o‘girilib chalqancha yotib oldim. Shu yotgancha ko‘kka qarayman va tag‘in o‘sha bulutlarga yondosh yo‘lni ko‘rib qolaman!.. “Qani uning birgina yo‘lovchisi? Ketib qoldimi yo? Mayli ketgan bo‘lsa, muhimi, yo‘l bor-ku!” deyman o‘zimga o‘zim. Ana u, shundoq boshim ustida turibdi!.. E voh!.. Yo‘l avvalgidek xira, tumanlar ichida tusmol emas, balki yorqinu yaqqol, anig‘u tiniq, shu bilan birga, mendan juda-juda balandda yastanib yotardi. Yo, Parvardigor, bu nimasi tag‘in? Axir… axir, hammadan balandda men emasmidim?!.. Bir umr shunday deb, shunday kayfiyatda yashab o‘tmadimmi? Timning ichini shu o‘y va shu qanoat bilan aylanib chiqqan ham men emasmidim?!..
Birdan bo‘g‘zimga nimadir urildi. Bir pas o‘tib uning qutlug‘ hayajon, yurakda uyg‘ongan muborak tongning ilk to‘lqini ekanini tuydim va ilkis o‘rnimdan turdim. Qarshimda, sal nariroqda, Yer va osmon qo‘shilib ketgan kesimda men izlayotgan kovush yotardi…

Tamom

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 6-7-son