Ko‘zlarimni ochganim hamon savqitabiiy yordamida his qildimki, ustozimning ko‘zlari manguga yumilibdi. E voh!..
Janozasiga ulguray, deya jadal yo‘l tadorigini ko‘rdim. Uydan tashqariga chiqarkanman, ko‘zim negadir huv baland tog‘lar boshida xuddi oq ro‘mol yanglig‘ sollangan chiroyli, mahobatli, oppoq bulutlarga tushdi. Azador bo‘lishimga qaramay, namuncha sehrli bo‘lmasa ular, degan o‘y kechdi dilimdan. Shu barobari irodamni to‘plab, meni xijolatga qo‘yayotgan o‘ylarimni quvib soldim-da, yo‘lga ravona bo‘ldim.
Yo‘lda ustoz bilan birga o‘tkazgan damlarimni bir-bir xotirladim. Uning har biri ikki jahonga badal o‘gitlarini yodga olganimda ko‘zlarimdan achchiq yoshlar quyulib kelaverdi. Ma’nolar sultoni ham o‘larkan-da, deyman yonoqlarimni kaftimning orqasi bilan tez-tez artib. Xuddi oddiy odamlar kabi, a! Ishonmaysan kishi…
Ul zoti sharif men yo‘l olgan yurtda yashab o‘tdi. Mana, endi o‘lim haq kelib, bu dunyoi bebaqoni tashlabgina ketdi. Hamma qatori. Shunisi alam qiladi-da, nahot hamma qatori bo‘lsa?!..
Ajab, ketib boryapmanu o‘ylayman: nega piyodaman? Nima, ulov yo‘qmi yoki unga chiqish istagi? Hech qursa, qadim zamonlarning ot-aravasi bo‘lsayam mayliydi. Lekin atrofimda naqliya bormi-yo‘qmi, deya qaranmayman, bunga negadir qiziqmayman ham. Yo‘qsa, yalang oyoqlarimga tikanlar kirib, toshlar tegib achishib beryapti. Shundayam, ulov haqida negadir bosh qotirmayman. Ko‘p o‘tmay tovonlarim ham yorilib, qonablar ketdi. Botinimga azmoyish-la sarsor solsam, safar zahmatlarining bari negadir meni to‘ppa-to‘g‘ri ustoz tomon yo‘llayotgandek tuyuldi. Ajab, ko‘p ajab…
Ancha yo‘l bosib, g‘aroyib chorrahaga duch kelib qoldim. Chorrahadan yo‘llar dunyoning to‘rtta tomoniga uloqqan ekan. Endi qaysi tomonga yuz buraman? – degan salobatli savol qarshimda paydo bo‘lgandi. (Savolni aylanib o‘tib bo‘lmasdi: haybati naq Ulug‘ tog‘cha bor, axir!) Bu yo‘llarning qaysi biri meni ustozim yashagan mamlakatga eltar ekan, a?.. Shu o‘yda turar ekanman, birdan ko‘ksimdan nimadir mumdek erib tushdi. Qarasam, u haligi haybati tog‘ qadar savol ekan. Hali zamon u tashqarida edi, endi bo‘lsa ichimda erib yotibdi… Buning sinoati ne ekan? – deb mushohada yuritib ulgurmayin hammasi ayon bo‘ldi-qoldi. Ajab, vo ajab, men qayoqqa ketyapman o‘zi? Nega bir paytning o‘zida hamma tomonga qarab yo‘l oldim? Bu qanday ro‘y berdi? Insoniy mantiqqa ko‘ra mumkinmi o‘zi bu?.. Qarang, men ham kunchiqarga, ham kunbotarga hamda issiq, judayam issiq yurtga jo‘nab boryapman!.. Shu asno ichimdan nido keldi: “Chunki kunchiqarda bug‘doyranglilar, kunbotarda oq-sariqlar va nihoyat, issiq, judayam issiq yurtda qoratanlil
ar istiqomat qiladi-i-i-iii!..” Botinim titrab ketdi, ki ustozimning ovozini eshitgandek bo‘ldim… “Lekin u yo‘q, u o‘ldi axir!..” – deya hayqiraman o‘zimga o‘zim.
Yashirmayman: qattiq cho‘chib tushganimdan birpasda lablarim chetiga uchuqlar toshdi – qichishib achisha boshladi. Hayratimdan turgan o‘rnimda tarashadek qotdim. Nima qilishimni bilmasdim. Agar ustoz hayot bo‘lganida bu g‘aroyiblikni bir zumda javoblagan bo‘lardi, deyman ichimda. Boz ustiga, birgina misol bilan. Oddiygina ramz vositasida hamma chalkashliklarni bartaraf aylardi. Misol qidirib uzoqqa ham ketmasdi: turgan o‘rnida shundoq engashardi-yu, oyog‘i ostidan nimanidir, masalan, bir xasni ko‘tarardi-da, undan kalit yasab, mening tangu murakkab holimdan bino bo‘lgan sandiqni ochib yuborardi. Qarabsizki, hammasi kaftdagidek tushunarli bo‘lardi-qolardi… Bilsangiz, shunday paytda hikmatning sehru jodusi hayotning o‘zidan-da jozibadoru ma’nodorroq bo‘lib ketadi, ha…
Bu ne ko‘rgulikki, endi ustoz yo‘q! Go‘yo osmon boshim uzra qulagandek, men esa yerning zarang bag‘riga qapishib ketgandek, qil ustida turgan ozurda jonim ham mana, hozir, shu lahza uziladigandek his qilaman o‘zimni… Endi nima bo‘ladi? Axir, u – ma’nolar sultoni abadiy ketdi? Endi ma’nosiz qanday yashash mumkin? Inson zotidan ma’noni ayirsa, nima qoladi o‘zi?.. Qiziq, o‘sha qolgan narsani inson deb atab bo‘larmikan?..
Birdan o‘zimni yolg‘iz his qilaman va bu his meni yerning tubiga qadar tortib ketadi… Beixtiyor yana hikmatga ehtiyoj sezaman. Ustoz yo‘q, undan qolgan bitiklar esa uyda qolib ketgan. Nima qilish kerak? Qaytsammi? Borib, u qoldirgan kitoblarni o‘qisamu o‘z holimni anglasam, so‘ng yo‘limda davom etsam-chi?.. Shunday deymanu lop etib xayolimga ko‘hna bir rivoyat tushadi: tolibi ilm bo‘lgan kishi olis bir yurtga ilmu irfon istab safarga chiqibdi. Ko‘zlangan manzilga yetib kelib kitob to‘plabdi va eshakka ortib uyiga qaytibdi. Yo‘lda esa qaroqchiga duch kelibdi. Qaroqchi uning bor-budini shilib olibdi. Shunda tolibi ilm yig‘lab diydiyo aylabdi: aqchamu eshagimni olsang olu, lekin kitoblarimni qaytib ber, axir ular senga nimaga kerak? Men esa ularsiz hech kimman, xarob bo‘laman, shuncha umrim shamollarga sovrilib ketadi…
Shunda qaroqchi uning ko‘zini moshdek ochib qo‘ygich gapni aytibdi: qanday nodonsanki, ilmni aql va yuragingga joylamay, qayoqdagi eshakka ortibsan? Hozir-ku, men kitoblarni senga qaytib berarman, lekin yo‘lda tag‘in bir zo‘ravonga yo‘liqsang, holing nima kechadi? U ham mendek rahmdil chiqarmikan?..
Tolibi ilm o‘z fojiasini tushunib yetib, mulzam bir ahvolda kelgan joyiga qaytib boribdi-da, zo‘r g‘ayrat ila ilmni qalbiyu ongiga singdira boshlabdi…
E voh, shu tobda mening holim ham ana shu noshud talabanikiga o‘xshab qopti! Ustoz yo‘q – men yo‘q, uning bitiklari yo‘q – yana men yo‘q! Xo‘rligim kelib ketdi. Odam ham shunaqa pandavoqi bo‘ladimi?.. Shunday deb ortimga burildim, qarasam, u yer ham oldimdagi yo‘lga o‘xshab turibdi. Tavba dedim va tushundim: axir men bir paytning o‘zida ham mag‘ribga, ham mashriqqa harakatlanayotgan edim-da. Shunday ekan, ortimga qaytishning nima ma’nisi bor?.. Tuyqus xayolimga ustozning o‘gitlari keladi: biron nimasini yo‘qotgan kishi ham chap yonini, ham o‘ng yonini, ham tepasiyu ham oyoq ostini – hamma-hamma yerni qidira boshlaydi. Agar qidirganini topsa, u hech qayerni izlamaydi, chunki murodi hosil bo‘lgan hisoblanadi-da…
Yo‘l yurdim. Yuraverdim… Nihoyat, kattakon elning cho‘ng bir shahriga kelib qoldim. Markaz. Odam gavjum. Lekin menga e’tibor beradigan, iltifot ko‘rsatadigan ahvolda emas edi izdihom. Har kim zo‘r bir tashvish changalida qolganga o‘xshar, musibatdan nes va garang bo‘lib bir-birlariga yetim qo‘zilardek boqib saslanishardi. Nazarimda, ularni yig‘layapti deb bo‘lmasdi. Hatto aytish mumkinki, ichlaridan toshib kelayotgan faryodu dodni to‘xtatib, majburan kulishga, atrofga tabassum aylashga urinishayotganga o‘xshardi ular. Tavba, qiziq, juda qiziq. Yoki shunday amr bo‘lganmikan? Va bu lojaram, kuchsiz jamoa amru istakni qo‘lidan kelgancha ado etishayotganmikan?.. Azani to‘y deb e’lon qilishga kimning jur’ati yetdi ekan?!..
O‘zimni izdihomning ichiga uraman. Olisdanoq ko‘rdimki, o‘rtada nimadir bor, bu nimadir bahaybat tobut bo‘lib, hamma unga intilar, mayit bilan vidolashar, uni so‘nggi bor tavob etib qolishga oshiqar edi. Botinimdagi nedir bir tuyg‘u aytardiki, bul zot mening ustozim edi!.. Hayhot, muborak poyingga yetib kelibman, hazratim!..
Hech kim menga e’tibor qilmayotgan bo‘lsa ham, odamlar orasidan yorib borish o‘ylaganimchalik mushkul kechmadi. Hamma yon berib meni oldinga, ustozimning qoshiga tezroq borishimga ko‘maklashayotgandek ko‘rindi. Hayronu lol bo‘laman, lekin ildam yurib, odamlar guruhini oralab odimlashimdan qolmayman. Chunki bunday qilmasam, izdihomning o‘rtasidagi tobutga yetmog‘im dushvorligini bilaman. Uzoq yurdim. Shu darajadaki, go‘yo uyimdan chiqib bu yerga kelganim bir bo‘ldi-yu, mayitni so‘nggi yo‘lga kuzatishga chiqqanlarning orasidan tobutga yetib borishim bir bo‘ldi. Bilmasam, bu gapda andak mubolag‘a bordir. Ehtimol, makon masofasiga ko‘ra ikkalasi bir emasdir. Ammo zamon, chekilgan zahmatlar masofasi ham bor-ku! Shularga ko‘ra ikkalasi bir bo‘ldi, hatto keyingisi ortiqroqdek tuyuldi.
Bir mahal ustiga ko‘k mato tashlangan ulkan tobutning yoniga keldim. Ko‘z ochib yumgunimcha esa mayitning bosh tomonida ko‘rdim o‘zimni. Xuddi tushdagidek edi holu ruhiyam. Yoki ertakka o‘xshardi bularning bari. Ammo bu na tush va na afsona, balki oriy haqiqat edi!
Bir qarashda menga mulozamat ko‘rsatmayotgan, aslida esa maqsadimga erishmog‘imda yordamchi bo‘layotgan xaloyiqqa minnatdor boqdim: ajab, ular shu darajada turfa ediki, anchagacha og‘zim ochilgancha angraydim. Kiyimlariga qarasang, boyu kambag‘al, baqqolu qassob, dehqonu chorvador… hammasi aralash-quralash, ranglariga qarasang, kimi oq, kimi qora, kimi bug‘doyrang… Tavba deyman yana. Lekin nimaga kelganim yodimga tushadi va tezdagina parishon xayollarimni yig‘ishtirib, marosimga uyg‘un yo‘l tutaman: engashib, mayit ustiga yopilgan oq matoni asta ochaman! Ochamanu shoshib uni qayta yopaman: hayhot, bu kim?! Nega u ustozga o‘xshamaydi? Yo‘q, surati o‘xshaydi… lekin rangi… Nega uning rangi qop-qora, turqi naq zanjining o‘zginasi? Qayerga kelib qoldim men? Adashdimmi yo?..
Bir zum men ham nesu garangga aylanaman. Keyin ko‘rganimga yana bir bor shohid bo‘lmoq uchun matoni qayta ochib, diqqat bilan tikilaman: “Yo‘q, bu ustoz emas. Mayit shu yerda yashayotgan yurtning bir ulug‘i, zanji bir kishi ekan”, degan qarorga kelaman.
Mening qanoatim shunday bo‘ldi va tez burilib izdihomdan chiqdim. Chiqa solib yana o‘ng kelgan tarafga ravona bo‘ldim. Zero, qaysi tarafga borishimning ahamiyati yo‘q edi. Buni men sizga boshda aytgandim. Qay sori yo‘nalmay, tomonlarning bari meni manzilimga eltar edi… Har holda menga shunday tuyular edi…
Shundaymikan? Balki yanglishayotgandirman… Adashganimning dalili, mana, boshqa janozaga kelib qoldim-ku!..
Biroq ichimdagi avvalgi qanoat kuchliroq chiqdi. Men yo‘limda davom etdim. Xato qilyapman degan fikrni xayolimdan butunlay haydab yubordim…
Yana yo‘l… yana xayollar… yana xotira… Hammasi ustozga eltadi!..
Tag‘in g‘aroyib bir el… chayqalayotgan ummon yanglig‘ izdihom va uning o‘rtasida ko‘m-ko‘k bir kema… qo‘lma-qo‘l o‘tayotgani uchun xuddi suzib borayotgandek taassurot qoldiradi uzoqdan. Izdihom esa kemaning ortidan ergashadi…
Men ularning safiga kelib qo‘shildim. Bir ahvolda edim. “Nahotki, diydor oxiratga qoldi, ustoz!?..” Musibatning zo‘ridan oyoqlarim chalkashib ketadi. Oqim shiddati meni oldinga olib chiqdi va men beixtiyor gandiraklab borib yelkamni tobutga berdim. Shunda men tobutni emas, tobut meni tutib qoldi. Yo‘qsa, minglab oyoqlar ostiga yuztuban yiqilardim. Vallohi! Keyin nima bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. O‘z dardi bahriga g‘arq bo‘lgan tumonat xaloyiqning poyidan omon chiqmoq osonmi?..
Nihoyat, qabristonga kelinib, tobut yerga qo‘yildi. Shunda men ohista yurib tobutga yaqinlashdim va xuddi o‘tgan galdagidek, mayit yuzidagi matoni ko‘tarib boqdim: yo tangrim, o‘zi nimalar bo‘lyapti? Kim – bu yotgan? Nega uning tanasi, qoshu ko‘zi, soch-soqoli sap-sariq? Ustozim emas-ku! Qaysi yurtga kelib qoldim men bu safar?..
Mozorni tark etib, yana boshim oqqan yoqqa yo‘naldim…
Bir mahal qarasam, navbatdagi yurtga qadam qo‘yibman. Tavba deyman o‘zimcha, axir ustozim bitta, tayinli yurtda vafot etmaganmidi? Nega men turfa-turfa mamlakatlarga kelib qolyapman?..
Endi shahar ham, uning markazida to‘plangan izdihom ham meni ajablantirmay qo‘ygandi. Bu yerda ham o‘sha manzara menga muntazir turardi. Boshqa nimayam qilardim, kelib o‘zimni davraga berdim. Bora solib hamma tavob qilayotgan mayitning yuzini shosha-pisha ochdim: yotgan kishi nihoyatda tanish chehrali, bug‘doyrang, xullas, o‘zimizga o‘xshagan bir odam!..
Ajablanmadim, matoni eran-qaran yopdimu oradan sirg‘alib chiqdim. E voh, endi qayga boraman? Qani mening ustozim? Tushib qolgan holimga qarang: qani avvalgi qanoatim, g‘ururim, sobitligim?.. Og‘zi kuygan odam men edim bu gal… Og‘zi deymiz, balki murodi sob bo‘lgan, afsurda, abgor kishiga aylangandim… Na iloj, qo‘ldan kelganini qildim. Lekin natija hech bo‘ldi. O‘zingiz ko‘rdingiz-ku hammasini. Qay yerga borsam ham ustozim qolib, o‘zgalarga ro‘baro‘ qilaverdi qismat. To‘g‘ri, tobutda yotganlarning qiyofalaridagi qay bir chiziqlar ustoznikiga o‘xshar edi… O‘xshar edi-yu, ammo aynan uning o‘zi emasdi-da. Buning siriga yetolmadim men va qattiq charchaganimni his qildim…
Endi botinimga shubha o‘rlagandi. Axir, qaydadir meni manzilga eltadigan bitta yo‘l bo‘lsa-chi?!.. Men bo‘lsam, duch kelgan tomonga to‘shimni urib, mazgilga doriyman deb behuda chirandim, chog‘i…
Yura-yura, keza-keza, turli-tuman yo‘llar kesishgan huv anavi chorrahadan chiqib qoldim. Alanglab, chor tomonga boqdim: endi qaysi yo‘ldan borsam ekan? Dunyoning to‘rt tomoniga uloqqan yo‘llarning qay biri meni ustozimning qoshiga xatosiz olib borar ekan?.. Ha, endi men bitta yo‘lni, o‘zimning yo‘limni qidira boshlagandim…
Shu turgancha ancha vaqt qolib ketdim. Kutar ekanman, avval kunlar, oylar, keyin yillar va asrlar o‘tganini his qildim. Buni men chorraha markazida turib olgancha, to‘rtta ko‘chadan chor tomonga tinimsiz ravishda o‘tib turgan odamlardan, ularning qiyofalaridan, mingan turfa ulovlaridan, qulog‘imga chalinib turgan turli lahjalardagi gap-so‘zlaridan bilar edim. Davrlar ham ketma-ket almasha boshladi, tavba!..
Lekin nega men qarimayapman? Nega anavi tug‘ilib-o‘layotgan millionlab odamlar kabi bu dunyo bilan vidolashib ketmayapman? – degan savollar xayolimni sira tark etmasdi. Ayni damda “o‘lishim mumkin emas, o‘lsam, bu sarguzashtning taqdiri, oxir-oqibati nima bo‘ladi, axir hammasining negizida men borman-ku?” – degan tasalli ham g‘imirlardi qaydadir. Yana shuni bilardimki, ustozni albatta topishim, u bilan so‘nggi bor ko‘rishishim, yuziga boqishim va uni toabad yodlab olishim shart edi. Xo‘sh, nima uchun deysizmi? Tan olay: buning javobini bilmasdim…
Olamning hamma tarafiga eltuvchi yo‘llarga tikilaverib ko‘zlarim og‘rib, shafaqlanib ketdi. Damo-dam artaman, tupigim bilan silab-siypayman, qayoqda? Allabir zamonda anglab qoldimki, bu tarzda men o‘laqolsam maqsad-muddaoyimga yetolmayman. Shunda… shunda ichki bir hissiyotga bo‘ysunib, kasallangan ko‘zlarimni yumdim, ya’ni ularning xizmatidan voz kechdim, butunlay, tamomila! Shu ko‘yi, qoboqlarimni chirt yumgan holda chorrahaning o‘rtasida turgan ko‘yi ko‘kka yuzlandim va beixtiyor tarzda ikkala qo‘limni parvozga shaylanayotgan qush misol havoga ko‘tardim, so‘ng ularning biri o‘z-o‘zidan osmonu falakka, boshqasi esa zaminga boqdi, boshim ham o‘ng tomonga xiyol egildi-da, tuyqus aylana boshladim. Avvaliga gavdam aylandi, keyin boshim… undan keyin esa his qildimki, mening atrofimda olam aylandi, eshityapsizmi, olam!.. Olamning barcha yo‘llari menga kelib bog‘lanayotgan va mendan boshlanayotgan edi!.. Ko‘p o‘tmay, bu his meni olam bilan bir butun ayladi, men olamga do‘ndim, olam bo‘ldim va angladimki, qidirg
anim olamda bor bo‘lsa, demak, u menda ham mavjud…
Gir aylanib turarkanman, yumilgan qoboqlarim ichra nur paydo bo‘ldi va men yana ko‘ra boshladim. Dastlab, huv anavi bulutlarni ko‘rib qoldim. Tog‘ning boshiga ro‘mol yanglig‘ tashlangan oppoq bulutlar bor-ku, o‘shalarni. Faqat endi ular boshqa qiyofada ko‘rinishdi. Aylanib turganim bois, qanday qiyofa ekanligini birdaniga farqlayolmadim. Lekin sekin-asta bulutlar pastroq enib, menga yaqin kelishganda, bildimki, ular ko‘zguni yodga solarkan. Men esa hamon chir aylanib turardim. Shu payt huuuv o‘sha tog‘ning ro‘moli yechilgan boshida quyosh balqdi. Uning zarrin nurlari bulutlar ko‘zgusi yuzini yoritib yubordi va unda mening aylanib turgan aksim namoyon bo‘ldi. Bir aylandim, ikki aylandim, uch, to‘rt… Bilmadim, nechanchisi edi, birdan ko‘zgudagi mening yuzim oq, qora va bug‘doyrang tuslarga kirib chiqa boshladi. Hayhot! Bu qanday sehr? Bir aylanganimda o‘sha… tobutda yotgan qora odam – zanjining qiyofasida namoyon bo‘ldim, keyingisida esa oq-sariq odam suvratiga kirdim, navbatdagisida esa issiq yuzli, bug‘do
yrang inson ko‘z oldimda gavdalandi. Nihoyat, ularning bari qo‘shilib-chatishib, ro‘baro‘mda ustoz qad rostladi!
Ustoz!!!
Eshityapsizmi?!
U tirik ekan!!
Va u menga qarab mayin jilmaygancha shivirladi:
Narsa yo‘qki, xoriji olam erur,
Har ne istarsen, o‘zingda jam erur.