Binafsha, sen uchun — ko‘kragim erk yeri,
Bu yerdan ko‘klarga uchgil!
Cho‘lpon
…Lekin u, ana shunday ijodkor, yozishni hayotining birdan bir mazmuni, deb bilgan yozuvchi birdaniga yozmay qo‘ydi. Xuddi bir vaqtlar kutilmaganda yozishni boshlab yuborgani kabi…
Vaholanki, u yurtda ham, dunyoda ham juda mashhur va eng ko‘p o‘qiladigan ijodkorlardan edi. Qolmishiga, o‘zining eng katta kitobini, hayotining bosh asarini, yuragining shohbaytini yozishga hozirlik ko‘rayotgandi. Ovoz chiqarib birovga aytmagan esa-da, o‘zicha “Mazkur asarim bilan yer kurrasining teran mulohazali, hassos qalbli, o‘tkir zehnli insonlari qalbiga eng tansiq olam yanglig‘ kirib boraman hamda shu yanglig‘ dunyoning ravishiga ta’sir qilaman, uni yangilayman”, deb o‘ylab yurgan edi. Lekin… lekin o‘ylari yarim yo‘lda qoldi. Nima bo‘ldi o‘zi? Qanday olamshumul hodisa ro‘y berdiki, qahramonimiz onadan qaytadan tug‘ilgan kabi o‘zgardi-qoldi, ilkidagi yeru ko‘kka inonmaydigan qalamini sindirdi-otdi. Axir, necha-necha noshir, ming-ming muxlis uning nomidan keladigan har bir satrga ilhaq bo‘lib o‘tirishar edi-ku!.. Nahotki, hammasidan birdaniga va birato‘la voz kechish mumkin bo‘lsa?!.. Bu qanday telbalik?..
…Bir kun burun yuragi toriqqandi yozuvchining. Yozish xumori, deb o‘yladi. O‘zi shunaqa, ijod to‘lg‘og‘i boshlanayotganda ko‘ksida allaqanday sirli-sehrli, ayni chog‘da, og‘riq aralash og‘ir bir kayfiyat paydo bo‘ladi-da, indamasa, vaqt o‘tgan sari qotib toshga aylanadi. Xuddi injiq bolakayga o‘xshaydi bu hol. Ko‘ngliga qaramasang, gap qo‘shmasang, nima istayotgani bilan qiziqmasang, labini cho‘chchaytirib, qovog‘ini tog‘dek uyib oldingda turib oladigan bezgina bolajonlar bo‘ladi-ku, xuddi o‘shanaqa. Qo‘lingga qalamu dovot olmaguningcha seni tark etmaydi bu kayfiyat.
Yozuvchi qalamu dovot — noutbukini yoniga — mashinasiga oldiyu gazni bosib shahardan chiqib ketdi. Odatdagidek, dala hovlisiga emas, yo‘q, negadir rulni boshqa tomonga qarab burdi. Ko‘nglining jilovini qo‘yvorgisi keldi shu safar. Ha, nima qipti? Umrining yarmini tizginlab yashadi, endi qolgan yarmida yuganni salgina bo‘shatsa, osmon uzilib yerga tushmas, axir!.. Yozuvchi otning boshini erkin qo‘yib, uning salt yurishiga mone’lik qilmagan chavandoz yanglig‘ ko‘ngliga ozodlik e’lon qildi. Ko‘ngil esa uni olis-olislarga olib ketdi. Uzoq yo‘l bosdi. Shunchalar uzoqki, asfalt yo‘llar tugab, qir-adirlar boshlandi. Shaharning, tamaddunning oyog‘i yetmagan joylarga borgandagina tormozni bosdi. Tushdi. Dimog‘iga yer bag‘rini yorib chiqqan ko‘klamoyimning ilk maysalaridan yengil taralayotgan bo‘yi urildi. Engashib boqdi. So‘ng qiziqishi ortib, cho‘kkalab o‘tirib oldi. Binafsha! U epkinda hafif chayqalardi. Binafshadan ko‘zini uzmay turarkan, mittigina shu gulning nozikkina yelkalariga ortilgan ulkan bahorni ko‘rib qoldi. Ko‘rdiyu yuragining tub-tubida, judayam chuqur bir joyida kimdir uyquli ko‘zlarini ochib boshini ko‘targanini his qildi… Hayrati hayajonga, hayajoni entikishga do‘ndi, bir pas shu ko‘yi chuqur-chuqur nafas olib turdi-turdi-da, so‘ng andak hovurini bosgach, qaddini tiklab ko‘kka yuzlandi. Yanada keyin esa kimdandir, nimadandir minnatdor jilmaydi…
* * *
O‘sha kuni yurt ozod bo‘ldi. Hamma ko‘chalarda hurriyatni bayram qilar, kim qo‘shiq-she’r aytsa, kim raqsga tushar, kim nutq irod etsa, kim tinglar, kim kulib-o‘ynab yursa, kim kulib-tomosha aylar, xullas, odamlar o‘zlarida yo‘q shodu xurram edilar. Yozuvchi ham ular orasida hayajonga to‘lib kezar, nash’u namosi chek-chegara bilmas, o‘zi kabi baxtiyor odamlarni mahkam quchib tabriklar, ko‘zlaridan shoshqator sevinch yoshlari quyular edi. Qizga shu yanglig‘ ro‘baro‘ keldi. Uni ham kutilmaganda qattiq quchib, yerdan oyoqlarini uzdi-da, havoda chir aylantirib yana joyiga qo‘yarkan, ittifoqo, ko‘zlari qizning ko‘zlariga qadalib qoldi. Shunda… shunda nafas olish bir muddat yodidan ko‘tarilgandek yuzi bo‘g‘riqib-qizarib ketdi yozuvchining, qiz bo‘lsa undagi favqulodda hayajonni ko‘rib, qah-qahlab kulib yubordi. Faqat shundan keyingina yozuvchi birdan suv ostidan chiqqan odam singari yutoqib-yutoqib, shoshib-shoshib havoni simira ketdi. Bunga sari qiz xandon otdi. “Kulgulari kamalakdek tovlanadi, faqat ranglari tovush ko‘rinishida!” dedi yozuvchi o‘z o‘yidan o‘zi zavqlanib. Yozib qo‘yiladigan jumla edi bu uning nazarida. Ilgari, albatta, yondaftariga tirkardi. Lekin bu gal negadir yozmadi… Tavba-a-a…
— Ismingiz nima?
— Binafsha…
— Binafsha?!..
Javob o‘rniga qiz yana yayrab kuldi…
* * *
Oradan barobarlikdagi kunlar, oylar va hatto yillar o‘ta boshladi. Lekin fursat ularning munosabatiga faqat qo‘r bag‘ishlar, aslo aks ta’sir qilmasdi. Yozuvchi va Binafsha turmush tashvishlari-yu, inson imkonlari mahdudligini eplaganda yengib, zo‘r kelganda esa aylanib o‘tib, xullas, ilojini topib birga vaqt o‘tkazishga, uzoq-uzoq, totli-totli suhbatlar qurishga harakat qilishardi. Mavzu — hamma narsa haqida, ya’ni olami sug‘rodan tortib, olami kubrogacha. Yoki teskarisi — kabir olamdan boshlanib, zarra olamda nihoya topardi. Ertasiga esa yana intihodan ibtido kurtak yozardi. Yozuvchi bir vaqtlar hamma narsa haqida hamma bilan juda ko‘p gaplashgan, pirovardida, o‘sha hamma narsa hammaga qo‘shilib joniga tegiblar ketgan, birdan bir najot — uzlatga chekingan ko‘yi olam haqida jimgina yozish edi. Dunyoning kazo-kazo ruhshunos olimlaridan biri “olamni hokimiyatga intilish instinkti boshqaradi” desa, boshqasi “yo‘q, uni jinsiy mayl o‘z ortidan och itdek ergashtirib yuradi”, degich edi. Yozuvchi esa “so‘z aytish va tushunilish ehtiyoji — birlamchi” deb bilar, shu bois ham tinmay, ha, tinmay yozar, o‘zi to‘g‘risida olamga shu tarzda jar solar edi. Lekin u sira kutilmaganda yozmay qo‘ydi-ku!.. Ha-ha, noto‘g‘ri o‘qimadingiz, aynan yozmay qo‘ydi. Kechagina “Mening dardim — dunyo dardi, dunyoniki esa meniki”, der edi. “Faqat butun dunyo bir bo‘libgina dardimni ko‘tarishga qodir. Dunyo ham mening yozganlarimga muhtoj, chunki men uning yuziga so‘zlarimdan ko‘zgu tutaman. Boshqacha aytganda, men unga o‘zi haqidagi eng haqqoniy, eng rost hikoyalarni aytib beraman”, deb o‘ylardi u. Lekin, vo ajab, Binafshaga duch keldi-yu, o‘ylaganlari sarob bo‘lib chiqdi. Nazmning yelkalarini ezib qo‘yadi, deb nasrda bitganlari va bitmoqchi bo‘lganlari, hazm qilsa, faqat bashar ahli bir butun bo‘lib hazm qiladi, deb bilganlarining barcha-barchasi birgina, yolg‘izgina, ojizgina Binafshaga aytilishi bilan erib bitdi. Qalbi ham sharros quygan yomg‘irdan so‘nggi daraxt yaprog‘idek tiniq tortib yashnadi. Ajab, xo‘p ajab!..
“Seni uchratgunimga qadar ichimda jannat sog‘inchi kezib yurardi, senga duch kelganimdan beri esa mening jannatga ehtiyojim qolmadi! Ehtimol, jannatning ko‘nglimga, uning shu holiga ehtiyoji bordir… Tavba, deyman, Biru Borning O‘zi kechirsin, deyman, lekin ko‘nglimning mavjud holidan qanday qilib yuz o‘giray? Qanday qilib nosamimiy bo‘lish mumkin? Bularning hammasiga sabab — ishq! Men uni gunoh, deb o‘ylamayman. Bil’aks, har qancha gunohim bo‘lsa, aynan ko‘nglimdagi ishq barchasini yuq-yuqigacha yuvib tozalaydi, deb bilaman, bunga ishonaman. Xuddi borligimga, tirikligimga iymon keltirganimdek. Bilonihoya, gunohlardan poklanish imkoni bor ekan, bu dunyo tug‘ilish va yashashga arziydi! Ha, ming bor, million karra, cheksiz marta arziydi! Yaxshiyam sen borsan! Yaxshiyam men borman! Hamda yaxshiyam senu men — biz topishdik! Axir, bir shaharda, hatto bitta mahallada, ayni ko‘pqavatli uyda yonma-yon yashab ham hech qachon bir-birimizni uchratmasligimiz mumkin edi-da! Men zohiriy uchrashishni nazarda tutmayapman va sen buni yaxshi anglab turibsan, albatta. Bu dunyoda o‘z yarmini topgan insonlar naqadar baxtlidirlar va bil’aks, millionlarning ichida yashab ham, bir yostiqqa bosh qo‘yib ham qalban yolg‘iz o‘tayotganlar naqadar g‘aribdirlar! Yonimda sen bor ekansan, mening hayotim o‘zini oqlayveradi! Ko‘zlarim gavharlarida oydek jamoling porlab turar ekan, qalbim ham ilohiy himoya bilan limmo-lim to‘lib boraveradi! Ha-ha, yuragimda sen bor ekansan, men Yaratganning panohida yashayman, yashayveraman!..” Yozuvchi bu gaplarni yozmasdi, balki Binafshaga aytardi. Til bilan emas, yo‘q, ko‘zlari bilan, holi bilan, hayoti bilan bayon etardi, borliq dil izhorlarini…
* * *
Yozuvchi qoboqlarini ochdi. Tushmidi bu yo shirin bir xayol — bilolmadi. Nafsilamrini aytganda, endi buning unga farqi yo‘q edi. Chunki uning hayotida, yuragida binafsha bor edi, binafsha! Lablari ham damodam “Binafsha!” deya pichirlardi. “Binafsha! Hozir huzuringga uchib boraman va biz nihoyat, diydor ko‘rishamiz! So‘ng bir umr birga bo‘lamiz, bir umr shirin suhbat quramiz. Bir umr ko‘zlaringga qarab yashayman, hayotim!.. Bir umrmi?.. Yo‘q, u biz uchun bir lahza! Chunki sezib turibman, bu dunyo vaqti bizga, sevgimizga kamlik qiladi, bizga mangulik kerak diydorlashmoq uchun va biz unda abadiy suhbat quramiz! Pokiza gulim, eshityapsanmi, abadiy! Bu dunyoyu u dunyo birga bo‘lamiz endi! Hatto Yaratganning yana necha-necha boshqa ochunlari bo‘lsa, ularning hammasida, taqdir bizni qay soriga yo‘llasa, o‘sha olamlarning ham barcha-barchasida barobar bo‘lamiz! Tushunyapsanmi, Binafsham, aylanay sendan, Tangrim yorlaqasa, biz hamisha bor, hamisha birga va hamisha baxtiyor bo‘lamiz!..”
Yozuvchi uydan orasta kiyinib chiqdi. Anvoyi gullar isi tutgan yo‘lda yengil odimlarkan, yuzlari ajoyib bir tarzda yorishib borardi uning…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 39-son