– Endi toza havoga chiqaylik, xona ichi qizib ketdi, – dedi Ne’mat aka o‘tirganlarga.
– To‘g‘ri aytasiz, – Ne’mat akaning taklifini ma’qulladi Yo‘ldoshbek. – Ustozning bog‘ini tomosha qilaylik. U yer ancha salqin.
Bu gap dasturxon tevaragida o‘tirganlarga yoqib tushdi. Hosilini ko‘tarolmay turgan anorlar, shaftolilar, nashvatilar mehmonlarning ko‘nglini yayratdi.
– Ham dehqonsiz, ham bog‘bonsiz, Tursunboy. Bu hosillar mehnatsiz bo‘lmaydi. Yashang! Shuncha yerimiz bo‘lganda bozordan hech narsa sotib olmasdik. Bay-bay, yashang! – dedi hayajonlangan Ne’mat aka.
– Yerimiz unumsiz, tuprog‘i qizil va sho‘r. Yozda uch kunning birida suvlab turmasangiz, nihollarning holiga voy. Har bahorda go‘ng solishdan charchamaymiz, – dedim men noligan bo‘lib.
– Eh-hey! – Yo‘ldoshbek tomorqaning bir chetini egallab yotgan oshqovoq palagiga ko‘zi tushib hayratlandi. – Nima balo, bozorni oshqovoqqa to‘ldirmoqchimisiz? Hay-hay, g‘ovlab ketibdi-ku?! Qo‘y ko‘rmagan bo‘lsak ham qiy ko‘rganmiz. Bir xolam bor, oshqovoqning piri. Har tupidan yetmish, sakson dona hosil oladi. Shunday oshqovoq bo‘ladiki, bir kishi ko‘tarolmaydi. O‘sha xolaning jiyanimiz-da!
Yo‘ldoshbekning gapida jon bor. Ikki yildan beri tomorqaga oshqovoq urug‘ini ekib, ko‘ngildagigek hosil ololmaymiz. Daraxtlar soyasida bu yil yanayam g‘ovlab ketdi.
– Ey uka, o‘rtangan yurakni… Qo‘ying, – deya nolishga o‘tdim. – O‘tgan yili yerni dorilagan edik, shu ziyon qildimi, bilmadim, hosil tugunchalaridan nishon yo‘q.
– Bovalarimizdan qolgan urf-odatlarni ham eslab turasizmi? Yana, bosh chayqaysiz. Urflarimizga ham ozgina e’tiqod qilish kerak. Haligi oshqovoqning piri bo‘lgan xolam yerga urug‘ tashlayotganda, toshdek ko‘paysin deb qo‘ynini mayda toshga to‘ldirib oladi. Sizam, bir hovuch mayda toshni lipaga urib, yeganimdan oshib qolsin, oshna-og‘ayni tashib qolsin deb, tuproqqa urug‘ni ko‘mmaysizmi, – dedi Yo‘ldoshbek afsuslanib. – Hali ham kech emas, urf-odatning unisi bo‘lmasa, bunisi. Qariyalar payvandlash deydimi-ey, “sol-sol” deydimi-ey. Shunaqa qilish kerak.
Yo‘ldoshbekning taklifi meni ancha dovdiratib qo‘ydi. Saksonga kirgan onam bor. Alqissa, u kishidan ham shu to‘g‘rida bir og‘iz so‘ramabman-a.
– Ey, bunday udumlar ko‘pdan unutilgan edi. Xayolga keptimi. Urug‘ ko‘karsa, hosil beradi deb o‘ylaganmiz-da! – dedim yuzta oshqovoqni daryoga oqizib qo‘ygan kishidek xijolat chekib.
– Xolamning bir hamsoyasi bor. U kishi ham oshqovoqning piri. Palak gulga o‘tirgach, isiriq tutuniga lozimini tutib, palak oralab “sol-sol” qiladi. Ko‘ribsizki, qishda oshqovog‘ini uyga sig‘dirolmay yotadi, – dedi Yo‘ldoshbek hamrohlariga.
– To‘g‘ri, – gapga qo‘shildi Ne’mat aka, – “sol-sol” odatini oilaning to‘ng‘ich qizi yoki ko‘p bolali ayol o‘tkazadi.
– Aka! – Yo‘ldoshbek jonlandi. – Bizning qishloqda payvandni erkaklar amalga oshiradi. Shu ishni men qilsam, rozimisiz?..
– Roziman, – dedim beixtiyor. – Harqalay, ikki yuzta bo‘lmasa ham, o‘ttiz-qirqta oshqovoq chiqsa ziyon qilmas.
– E, mening payvandimdan keyin rosa bir moshin oshqovoq chiqmasa, ikkinchi bu ishni qilmayman, – dedi Yo‘ldoshbek g‘ayratlanib.
– Nasib deng, nasib deng, – deya Ne’mat aka ko‘zoynagini arta turib gapga aralashdi. – Bu palakning yuzdan oshiq navdasi-qo‘li borov. Bu tonna-tonna oshqovoq deganimi? Bozorga chiqarsa, falon pul.
Ne’mat akaning hayajoni menga ham ko‘chdi.
– Bir moshin oshqovoq sizniki, – dedim Ne’mat akaga, – Shahrisabzga o‘zim eltib berganim bo‘lsin.
– Yangangiz xursand bo‘ladi. Oshqovoq somsani yoqtiradi. Undan keyin vitamingayam boy…
– Ne’mat aka, – dedim hazilu chin aralash, – mana qo‘shnilarim ham kuzatib turibdi. Yo‘ldoshbek bu yangilikning muvaffaqiyatiga ishontirsa, shu bugun butun qishloqqa joriy bo‘ladi.
– Obbo, Tursunboy! Agar oshqovoq emas, xashak kerak bo‘lsa, bizlar uyga kiramiz. Ana palagingiz, – deya ranjigan bo‘ldi Yo‘ldoshbek.
Go‘yo yuzlab oshqovoqdan quruq qolayotgandek, qo‘shnilarim:
– Payvand qilsin, payvand qilsin, – deb chuvillashdi.
Men ham shosha-pisha:
– Shermat! Pichoqni olib kel!.. – dedim.
– Pichoq kerak emas, – e’tiroz bildirdi Yo‘ldoshbek. – Men sunnat qilmoqchi emasman. Etik bormi?
– Etik bilan ham payvand qilib bo‘larkanmi? – hayron bo‘ldi Ne’mat aka.
– Yo‘ldoshbek, “sol-sol” qilsangiz bo‘lmaydimi? – dedi Ne’mat aka oshqovoq palagining payvand bo‘lishiga ishonqiramay.
– Aka, ko‘pchilikning oldida xafa qilmang… – dedi Yo‘ldoshbek salgina ranjib. – Ayting, etikni olib kelishsin.
– Shermat! Etikni olib kel!
Boshqa gapga o‘rin qolmagan edi. Ne’mat aka vaziyatni yumshatishga harakat qildi:
– Qo‘ying, Tursunboy, Yo‘ldoshbek bilan tortishmang. “Sol-sol” qiladimi, payvand qiladimi, qilaversin.
Bir chekkada Yo‘ldoshbekning ishini tomosha qilib turdik. Ayniqsa, qishloqdoshlarim qiziqish bilan kuzatishardi. Yo‘ldoshbek Eronning katta rezin etigini kiyib, palak oralashga tushdi. U oshqovoq navdalarini rezin etikning tovoni bilan ezar ekan, xuddi bolalarga dars berayotgandek:
– Payvand qildim, eshityapsizmi, payvand qildim, – deb takrorlab turdi.
Yo‘ldoshbek terga botib palak orasidan chiqar ekan:
– Ne’mat aka aytganidek, xudo nasib qilsa, hosilini jurt-jahonga sig‘dirolmaysiz. Hali ko‘plarning ichi kuyadi… – deya kulib qo‘ydi.
Ne’mat aka ham uyiga bir moshin oshqovoq tushirib olgan bozorchidek xursand.
Shu payt xotinim chaqirib qoldi:
– Chalob qildim, uyga kiringizlar…
Oradan kun o‘tmay hovlidagi oshqovoq palagining rangi ketib, so‘liy boshladi. Onam, xotinim va bolalar oldida o‘g‘ri mushukday alpang-jalpang qiladigan bo‘lib qoldim. Go‘yo ular, nazarimda, “ha, oshqovoq boyvachcha” deyotganday. Goh bexosdan kulib yuboraman. Xotiniga oshqovoqning vitaminga boyligi haqida hikoya qilayotgan Ne’mat aka xayolimda jonlanadi. Oh, Ne’mat aka…
Uch kundan so‘ng ukam keldi. Kayfiyati murrik.
– Tinchlikmi? – xavotirlanib yuziga boqdim.
– Shu shogirdingiz do‘stmi, dushmanmi?
– Nimaydi?
– E, oshqovoqlar…
– Nima, sen ham payvand qilganmiding? – xavotir aralash hayron bo‘lib unga qaradim.
– Bitta men emas, butun qishloq…
– A?!
Men unsiz kular edim. Ukam mening yig‘layotganimni ham, kulayotganimni ham anglamasdi, qoshlarini chimirib boqib turardi.
Kuz oxirlab qolganda Ne’mat akadan xat keldi. Hol-ahvol so‘ralgandan so‘ng, oshqovoq eslatilgan edi. Yangam yangi tandir quribdi. To‘lib-toshib borsak, oshqovoq somsa yopib berar emish.
– Oh, Ne’mat akajon, eski yaramni yangilamang…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.