To‘lqin Hayit. Saboq (hikoya)

Katta-kichik archalar orasidan qorli cho‘qqilar ko‘zga tashlanadi. Tik kelgan quyosh oppoqqorlarni kumushday yarqiratadi. Oynadek silliq muzlar yorig‘idan oqayotgan zilol suv shildiraydi. Adir bag‘ridagi qizil, ko‘k va yashil tunuka tomli uylar mo‘rilaridan chiqayotgan tutun ko‘kka o‘rlaydi.Tog‘da o‘q tovushi eshitilib, aks-sado beradi. Kakliklar potirlab charx uradi. Oldi oynavand uyda ikki kishi sabrsizlik bilan devordagi katta soatga bot-bot qarab qo‘yishadi. Ulardan biri — Mirzo oshpaz. Oltmish yoshlardagi, ko‘z ostilari salqib tushgan bu kishi, “tsitramon”ni og‘ziga solarkan, deraza oynasidan tog‘ tomonga, quyuq archazorlarga tez-tez ko‘z tashlaydi. Uydagi ikkinchi kimsa uning jiyani — oshxonada kuymalanib yurgan Alimardon miltillab qaynayotgan ikki qozonga xavotirlanib qarab-qarab qo‘yadi. U shuncha yil oshpaz tog‘asi bilan birga yurib, birinchi marta nozik odamlarga ovqat pishiryapti, sharmanda bo‘lmasligi uchun bor hunarini ishga solishi kerak. Toshkentning manaman degan tadbirkorlari bilan bugun shu yerga, qorli tog‘lar bag‘riga kelishdi.
To‘y-po‘y, ma’raka-parakalari bo‘lsa “Mirzo oshpazni topinglar!” deb tog‘asini yo‘qlab qolishadi. Kecha oshpazning isitmasi chiqib turgan edi.
– Jiyan, belni mahkam bog‘lang, toqqa ketadigan bo‘lib qoldik! — dedi.
– Isitmangiz bor-ku! — degan edi, tog‘aning qovog‘i uyuldi. Gapi yoqmaganini bilgach: – Bo‘pti, tog‘a, siz nima desangiz shu! —dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
–    Qora qozonimiz nozik kasbimiz orqasidan qaynab turgan ekan, bunaqa xizmatlardan bo‘yin tovlab bo‘lmaydi, jiyan! — dedi peshonasidan oqayotgan moshdek-moshdek terlarni sidirarkan…
…Alimardon oppoq divanda anorday qizarib o‘tirgan tog‘asiga tikildi:
— Limon choy qilib beraymi, tog‘ajon?
Mirzo oshpaz sochiq bilan bo‘g‘riqqan yuzini artdi:
— Mayli, jiyan. Ovqat tayyor bo‘lib qoldimi? Yarim soatdan so‘ng kelishadi-ya ular. Ishqilib, o‘zi sharmanda qilmasin!
— Ko‘nglingizni xotirjam qiling, tog‘ajon, sizning qo‘lingiz deb urinayapman, yomon chiqmaydi.
Mirzo oshpaz yengil nafas oldi:
— Zinhor-bazinhormening betobligimni bilishmasin, xo‘pmi?
— Hammasini eplayman, tog‘ajon!
— Sizga ishonaman, jiyan!
Alimardonning yuragi bir hapqirib oldi. Besh yildan buyon tog‘asining yonida yurib, birinchi marta bu gapni eshitmoqda. Birinchi marta senga emas, “sizga ishonaman” dedi. Sizga ishonaman,dedi-ya!
Bundan besh yil oldingi, qish kunidagi voqea esiga tushib, o‘ylanib qoldi. O‘shanda ishlari yurishmay, ikki oyog‘i bir etikka tiqildi. Taksi haydab ko‘rdi, bo‘lmadi:mashinani urib olib, topgani ta’mirlashga ketdi. Sartaroshga shogird tushdi, bu ham oson hunar emas ekan, qaychi ushlashning hadisini ololmay, ustalardan dakki eshitaverib, ko‘ngli xufton bo‘ldi. Keyin “bor-e!” dedi-da, “Otchopar”da olti oy atak-chechak qilib ko‘rdi. Qish sovug‘ida shamollab, bir oy kasalxonada yotdi. Sog‘ayib chiqqach, xotini bir bobilladi, bir bobilladiki… Qaynonasi-chi? Naq egov bo‘ldi. Shunday payt otasi uni Mirzo oshpaznikiga boshlab keldi-da: “Buni odam qilaman, deb kuydim! Biror ishni eplolmayapti. Oldingizga katta boshimni kichik qilib keldim. Iltimos, yoningizga oling, oshpaz-poshpaz bo‘lsa yomonmas! Oson ish, o‘rganib ketar!” dedi ming bir hasrat bilan. Yer yorilmadi yerga kirib ketsa. Tog‘asi: “Oson kasb?..Hm!” deya miyig‘ida kuldi. O‘shanda bu gapning ma’nisiga tushunmay, tog‘am ham ustimdan kuldilar, deb xafa bo‘lgan edi. Aslida teskarisi ekan…
– Mayli, yonimga olaman, faqat chidasa bo‘ldi, — dedi tog‘asi unga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib. Keyin “Ertaga soat to‘rtda darvozam oldida bo‘l!” deb tayinladi. Alimardon hali biror marta ertalab soat to‘rtda uyqudan turmagan, biror marta nahorgi oshga borgani yo‘q edi. Saharmardonlab ishga ketish… Yana har kuni! Obbo, bunaqada bir oyga ham chidamaydi-yu! Otasi qayoqqa olib keldi uni?! Atayin bir qiynalsin, azobini tortsin, demoqdami?!
Ertasi kelishilgan vaqtda tog‘asinikiga bordi. Tog‘a qat’iy kishi ekan: roppa-rosa soat to‘rtda yengil mashinasini minib ko‘chaga chiqdi va uni to‘g‘ri Labzakdagi hammomga olib bordi. Ertalab hammom odamga to‘la, oldinroq kelganlar burchak-burchakda o‘tirishib, bir piyola choy ustida gurunglashmoqda edi. U tog‘am yuvinib chiqqunlaricha dahlizda o‘tirib turaman, deb o‘ylagandi. Qayoqda! “Qani, mullo, bo‘ling!”, dedi tog‘asi uning serrayib turganini ko‘rib. Noiloj yechinish xonasi tomon o‘tdi. Yuvinib-taranib bo‘lishgach, Oqtepalik Sulaymon eshonnikiga birrovga kirishdi.
– Eshon buva, yigitchani duo qiling, bizga shogird tushdi, — dedi tog‘asi. Eshon buva uzoq duo qildi. Alimardon bitta so‘zni yaxshi eslab qoldi. “Arining hunari, bolam, senga ibrat bo‘lsin!” Bu nima degani edi? U tushunmadi. Hali tushunolmasdi ham.
Mirzo oshpaz anchayin nozikta’b, pokiza odam. Har bir ishni nihoyatda jiddiy holatda, erinmasdan, zorlanmasdan bajaradi. Alimardonni bir qadam ham yonidan siljitmaydi. “Buni bunday bajaradilar, uni bunday!” deb oshpazlikdan ilk saboqlar bera boshladi. Kashnichning bargini bittalab yuvadi, deng, xamirni tarozida tortayotganda, grami gramiga to‘g‘ri kelmaguncha tinchimaydi yoki meva-cheva to‘g‘ramoqchi bo‘lsa, qo‘lini qayta yuvib keladi. Uf-f-f! Birov ko‘rib o‘tiribdimi, bilib o‘tiribdimi?! Kashnichni birvarakayiga suvga chayib olsa, nima bo‘pti?! Bittalab bargini tozalash shartmi?! “Yaratganning bandalariga toza xizmat qilish kerak, jiyan!” degan gapni bot-bot takrorlaganlarini aytmaysizmi yana! Uf-f, odam ham shuncha sodda bo‘ladimi?!
Tog‘asini har kuni turli joylarga olib ketishardi. Bir kuni uni ham o‘ziga sherik qildi. Beshik to‘yi ekan. Tushlikda ikki soat rosa ter to‘kishdi. Osh, sho‘rva pishirilib, besh-olti xil yaxna yegulik, shakarob tayyorlandi. Qaytayotgan chog‘larida to‘y egasi tog‘asiga bir chopon, bir ko‘ylak, yana allaqancha pul berdi. “Ikki soatda tog‘am shuncha pul ishladilar!” deb o‘yladi u, yuragining bir chetida nimadir o‘rmaladi.
Mirzo oshpaz yo‘lda, Alimardonning uyi yaqinida mashinani to‘xtatib, pulni teng bo‘lib, choponni ham jiyanga tortiq etdi. Turgan gapki, jiyan hasad qilganidan biroz uyaldi. Avval o‘zini, so‘ng yuragining tubida o‘rmalagan “chayon”ini bo‘ralab so‘kdi ham. Lekin shundan so‘ng xayolida pul va chopon aylanadigan bo‘lib qoldiki, endi ichini chayon emas, it tirnay boshladi.
Imoni sust odamning ko‘nglida shayton bo‘ladi, lekin uning farosati yetmaguncha buni na tan oladi, nahis etadi. Alimardon ham o‘sha damlarda shu alfozda edi. Bir kuni u ko‘katlarni bittalab yuvishga erindi va “tog‘am bilib o‘tiribdimi” deya ovqatga to‘g‘rab yubordi. Ustozni aldayman degan shogird doimo chuv tushadi.Nimayam bo‘lib, tog‘a oshxonaga kirib qolsa bo‘ladimi o‘shanda. “Qani, jiyan, ovqatingning tuzini ko‘ray” deb qoshiqni botirganda, qop-qora chivin manaman deb chiqsa bo‘ladimi! Ana, urdi xudo! Tog‘aning do‘ng peshonasi tirishib, ko‘zlari olayib: “Tavba, tavba! Yo xudo, gunohimni kechir!” deya yuz bora tavallo qildi-yov! Jiyan esa: “Shunga shunchami?!” deb bir chekkada shaftoli qoqiday tirishib turdi. Tog‘a bo‘lsa, boshini ushladi. “Men nima gunohqildim, nima gunohqildim” deb tizzalariga urdi, ko‘zlari yoshlanib, yuzi qozon kuyaday qoraydi.
Bitta chivinga shunchami, deb Alimardon hayron. Restoranda ovqatdan pashsha chiqsa, shunchalik kuyinishmaydi. Tog‘asi bo‘lsa, bitta chivinni deb besh yil umrini qisqartiryapti. Shu ham ish bo‘ldi-yu!
Mirzo oshpaz “Hay, attang!” degandek boshini sarak-sarak qildi vajiyanning yelkasiga qoqib:
— Oshpazlik oson kasb emas! – dedi ma’yus ohangda.
Jiyanyalt etib qaradi, qaradi-yu, qish sovug‘ini his etib, eti junjikdi. Ko‘z oldida otasi gavdalanarkan, uyalgancha yerga boqdi, so‘ng katta gunohqilgan kimsadek qimtinib, tortinib: “Kechiring meni, tog‘a, kechiring!” dedi.
Indini tog‘a uni qo‘shni qishloqqa, Mardon oshpazning uyigaish o‘rganishga tashlab qaytdi. Oshpazning yashashi binoyidek, ikkita yengil mashinasi, hatto ikki oti ham bor. Bolalari esa bir-biridan aqlli, odobli. Jiyan “Qaniydi men ham shunday baxtli inson bo‘lsaydim” deb unga havas qildi va “Tog‘am meni undan o‘rnak olsin, deb yuborganlar shekilli” degan o‘yga bordi.
Kunlarning birida Mardon oshpaz unga atab dasturxon tuzadi, qo‘ling o‘rgilsin palovxonto‘rani yeb, qorin to‘ydirib, ustidan achchiq choyni bosib-bosib ichishgach, “Arilar hayoti” degan filmni tomosha qilishdi.
Arilar!
Arilar — bir dunyo sir, bir dunyo jumboq.
Keng dala. Bahor. Gullagan daraxtlar yonida asalari qutilari terilgan. G‘uj-g‘uj ari. Biri kirib, biri chiqmoqda. Bol yig‘ish payti.
Uyasi oldida ikkita qorovul. Ichkarikirmoqchi bo‘lgan arilarni bir-bir hidlab ko‘rmoqda. Uya oldiga kelgan katta arini birinchi qorovul hidlab ko‘rib, ikkinchisiga:“Sen ham hidlab ko‘r!” degandek imo qildi. Ikkinchi qorovul katta arini hidlab ko‘rgach, qanotlarini yozib g‘o‘ng‘illadi. Go‘yo toza emas, degandek. Birinchi qorovul shu zahoti katta arining boshini shart uzib tashladi.
Paxta gulli piyolani dasturxonga qo‘ygan Mardon oshpaz: “Yaxshiyamki, ari emassan, jiyan! “ – dedikinoya bilan.
Alimardon musht yegan kishidek boshini ushladi, ko‘z oldida o‘sha chivin jonlandi. “Tog‘am bu kishiga aytgan ekanlar-da” deb o‘yladiyu ichidan zil ketdi.
Alimardon joyida o‘ng‘aysizlandi. Oshpazlarning qalbini bilmas ekan u. Noshud, noshud!
Shu voqeaning ertasi Mirzo oshpaz mashinasi bilan kelib uni olib ketdi.
Qurbon hayiti kunlari qo‘sha-qo‘sha qozon qaynatishib, bosh qashishga vaqtlari bo‘lmadi. Hayit ertasi esa to‘rt joyga xizmatga bordilar. Bir yerda Mirzo oshpazning qaysarligi tutdi. Uy egasi juda dimog‘dor, olifta bir kishi ekan. Og‘zidan aroqhidi gupillab urib turardi. Tog‘a: “Boshqa oshpaz chaqiring!” deb ashqol-dashqollarini yig‘ishtirsa bo‘ladimi!
Uy egasi: “Hov, nimaga burningni ko‘tarayapsan! – dedi qo‘lini paxsa qilib. – Bo‘lsang, Mirzo oshpaz bo‘libsan-da!”
Tog‘asi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi: “Kechiring, uka! Men sizga xizmat qilolmayman!”
“Bor, bor! – deb jerkib tashladi uy egasi. – Ko‘zingni yog‘ bosib qolibdi, ko‘ramiz hali!“
Jiyan qizardi, bo‘zardi, biroz xijolat chekdi ham, hatto tog‘ani nohaq, deb bildi. Ammo oradan uch kun o‘tib, gap chiqdi. O‘sha kimsa qo‘li egri kishi ekan. Tog‘a buni bilgach, uning oshini pishirishni istamagan…
Alimardonharf tanib, ko‘zi ochilgan o‘quvchidek olamga o‘zgacha nazar bilan qaray boshladi. Chivin va ari voqeasi uning xayolini band etib, fikrlarini pardek to‘zg‘itib, tamom boshqa olamga yetaklagan edi.
Tog‘a oltmish yoshga kirdi. To‘rt o‘g‘li uylarini ta’mirdan chiqarib, elga osh berdi.Shaharning obro‘li kishilari, taniqli xonandalar mehmonga kelishdi. Tanish-bilishlar, qadrdonlartabrik so‘zlari aytishdi. Sovg‘a-salomlarni aytmaysizmi? Ta’riflasang, bir doston bo‘ladi. Bilgan bildi, bilmagan: “Qaysidir kattakon osh beryapti!” deb o‘yladi.
Alimardon ich-ichidan tog‘asiga havas bilan boqdi. “Qachon men ham shu darajaga yetaman”, deb o‘ksindi ham.
Tog‘a esa…qo‘llari ko‘ksida, ko‘zlarida sevinch yoshlari, har gapning birida “Shunchalik bo‘ladi, deb o‘ylamagandim, nari borsa, besh-olti ulfatim kelsa kerak, degan xayolda edim”, der edi boshini qimirlatib.
O‘shandan buyon ikki yil o‘tdi.
Mana endi, tog‘a Alimardonni o‘zi bilan birga olib keldi. Uning ishonchini oqlashi kerak. Ha, ha, oqlashi, chinakamiga oqlashi kerak.“Sizga ishonaman!” — Bu shunchaki hurmat uchun aytilgan so‘z emas.
Deraza oynasida osilib turgan sumalakdan biri uzilib yerga tushdi. Tars etgan tovush itning o‘takasini yordi, shekilli, g‘ingshib nari ketdi. Birozdan so‘ng mayin ovozda hurdi va ostonada qadam tovushlari, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi.
— Qorin ham rosa ochqadi! – dedi kimdir o‘ktam ovozda.
—    Ovqatning yoqimli hidini qarang! – dedi yana kimdir.
Alimardonning yuragi duk-dukurdi. Shu choqqacha chapko‘ksida yuragi borligini bilmagan ekan. Hayajonlanyapti. Nega hayajonlanmasin, bugun birinchi sinov! Tog‘asiga yoqsa, qanchalik quvonardi-ya!
Hayal o‘tmay ovqat suzildi: birinchiga – sho‘rva, ikkinchiga – palov. U mehmonxona derazasidan stol atrofida o‘tirganlarni tomosha qilib turdi. Ular sho‘rvani bir zumda ichib bo‘lishdi, to‘rda o‘tirgan gavdali kishi “Oshpazni maqtaganlaringcha bor ekan, xudo rahmatli onam shunaqa mazali sho‘rva tayyorlardilar!” dedi. Bu gapni tog‘a ham eshitdi va jiyanga qarab, “zo‘r” degandek, bosh barmog‘ini ko‘rsatdi. Palovni chinni kosalarda ozroq-ozroq suzgan edilar, yana so‘rashdi. Tog‘aning kayfiyati ko‘tarilib “Bunaqasini birinchi ko‘rishim!”, dedi va jiyanga qarab jilmaydi: “Boshlanishi yomon emas!”. Alimardon shunday suyundi, shunday suyundiki, qo‘yaverasiz.
Yarim soatdan so‘ng basavlat bir kishi tashqariga chiqib, tamaki tutatdi va birozdan so‘ng tog‘asini chaqirtirdi. Tog‘a isitmasi baland bo‘lsa-da, o‘zini tetik tutib, uning oldiga chiqdi.
— Ovqatni juda yaxshi tayyorlabsiz, rahmat sizga! – dedi u.
Mirzo oshpaz qo‘lini ko‘ksiga quyib:
— Buning uchun shogirdimga rahmat deng, — dedi faxr bilan.
— Shogirdingiz?
— Ha, shogirdim. Ovqatimiz sizlarga yoqqan bo‘lsa minnatdorman.
Alimardon deraza yonida turar va maqtovlardan boshi osmonga yetgudek edi. U to‘yib-to‘yib, yengil nafas oldi. Toza havo ichaklarinigo‘yoki mumiyodekyumshoq silab o‘tdi. Huzur qildi. Hali umrida bunday orom olmagan edi go‘yo.
Kimdir uning tirsagidan tutdi:
— Ovqatingiz menga ham yoqdi! Umrimda bunaqa rohatlanib ovqatlangan emasdim!
Alimardon uzun bo‘yli, moviy xalat kiygan, oq yuzli kishiga kulib qaradi:
— Osh bo‘lsin, aka!
— Yaqinda uyimga mehmon chaqirmoqchiman. O‘zingiz xizmat qilasiz-da, uka!
Alimardonning yuragi yana dukillab urdi. Beixtiyor kipriklariga yosh ilashdi. Besh yildan buyon kutgani shu emasmidi? Besh yildan buyon orzu qilgani shu bir og‘iz so‘z edi-ku! Kechagina meni ham qachon odamlar to‘yga, davralarga xizmatga chaqirishar ekan, degan orzu bilan ich-ichidan iltijo qilmaganmidi?!
Quyosh osmonda charaqlar, atrof bag‘oyat so‘lim, uzoqlardan eshitilayotgan kakliklarning ovozi ayni damda unga yoqimli kuydek xush yoqmoqda edi.“Bugun juda chiroyli kun bo‘ldi”, deya suyundi u. Ichida esa “Odamga aylanganing muborak!” degan g‘alati ovoz yangradi. G‘alati ovoz. Odamning qalbida odam yashaydimi?
Mirzo oshpazharoratli qo‘llari bilan uni issiq bag‘riga bosdi:
— Yasha, jiyan! Sendan xursandman!