Tohir Yo‘ldoshev. Kampir, chol va boshqalar (hikoya)

Kech tushib, kun bo‘yi atrofida o‘ynay-o‘ynay bir-bir uyquga ketgan nabiralarini uy-uyiga olib kirib ketayotgan kelinlari xayrli tun tilab, eshikni yopganlaridan so‘ng Mirsiddiq chol yana yolg‘iz qoldi. Burchakdagi qutidekkina televizorga tikilgancha xayollari chuvalashdi. Bu televizor nima berardi, nuqul sovchilik tashvishlari, mol-dunyo talashuvlari, qo‘ydi-chiqdi… Hech bir ko‘rsatuvi yoqmaydi. Yoqmaydi-yu, vaqt o‘tsinga termulib o‘tiraveradi. Nimayam qilsin, qimirlay desa quvvatdan qolgan.

Guzarga chiqay desa, min­g‘ir-ming‘irlarga toqati yo‘q. Hamma gap o‘sha yerda: kimning nimasi o‘g‘irlanibdi-yu, kimning o‘g‘li qancha topadi, harommi-halolmi, kimning xotini shallaqi-yu, qizi qanaqa… Bir tutam soqolini selkillatgancha behayo gaplarni valdiraydigani-yu, katta boshi bilan nevarasi tengiga hazil-huzulni joyiga qo‘yadigan, ulfatchilik qiladigani ham shu yerda. Kechagina bemorlariga kashandalikning koni zarar ekanligini uqtira-uqtira, bugun nafaqaga chiqib olib, choyxonani tutunga to‘ldiradigani ham shu yerda. Yakandozlar yer qatim bo‘lib ketgan bularning uzzukun yumalayverishidan.

Darvoza qarsillab ochildi, shekilli, deraza oynalari zirillab ketdi. Mirsiddiq cholning xayoli bo‘linib, bo‘yin cho‘zib yo‘lakka tikildi. Kenja kelini har doimgidek shippagini sudragancha hovli sahnida paydo bo‘ldi. Eri achchiq ustida bo‘g‘ilib to‘ng‘illadi.

– Sening qulog‘ingga signalizatsiya o‘rnattirib qo‘yaman endi. Uyqudan bosh ko‘tarasanmi, yo‘qmi? Enang uxlab tuqqan seni o‘zi!

Keliniyam jim bo‘lmadi. Ayni paytida ro‘zg‘orda kerak bo‘lib qoladigan yolg‘onni ishlatdi.

– Anavi tirranchangizni uxlatayatuvdim. Eshitmay qolibman. Keyin, onamga osilmang, gapingiz bo‘lsa, to‘ppa-to‘g‘ri o‘zimga aytavering. O‘zingiz yarim kechagacha yurmay, bir vaqtda kelsangiz ekan, kutib o‘tirsam.

O‘g‘li bir nimalar dedi, shekilli, kelinining jag‘i o‘chdi. Mirsiddiq cholning kayfiyati buzildi. Televizorni o‘chirish uchun endi qo‘zg‘algan ham ediki, eshik ochilib, o‘g‘li qovoq uygancha kirib keldi.

– Yaxshi o‘tiribsizmi, dada.

Mirsiddiq chol qaytib o‘rniga cho‘kdi. Beliga simillab og‘riq kirganidan yuzi bujmayib ketdi. Ixrab yubormaslik uchun tishini tishiga bosdi.

– Hmm, – dedi dimog‘ida un berib, so‘ng shivirladi. – Keldingmi?

– Ha-a, – dedi o‘g‘li uning so‘rovidagi og‘riqli ohanggayam parvo qilmay. – Kun bo‘yi itdek selkilladim. Zang‘arlar, biz oladigan mevalarni tong bo‘zarmay urib ketishibdi. O‘zimning shogirdlarim shunaqa qip turganda, boshqalarga yo‘l bo‘lsin, dada.

Ota og‘ir xo‘mraydi.

– O‘zing to‘g‘ri tanlovmiding, ishqilib? Shogird ekan deb har kimniyam olavermaydi odam. Tag-tugi, tarbiyasi, xulq-atvori bor…

O‘g‘il xotinining dasturxon yozishiga bepisand qarab o‘tirarkan, qo‘l siltadi.

– Unaqa mahalda hammasiyam sipo tutadi-da o‘zini, dada. Qo‘ying, dilim o‘zi xufton bo‘p turibdi, kavlashtirmang, – xo‘rillatib mastava icharkan, dasturxon suzib televizorga qaradi. – Qayoqdagi bir nimalarni ko‘rib o‘tirasiz-da, dada. Shundan ko‘ra radio yaxshimasmi?

– Qay biri bo‘lsayam ko‘ngilga yaqin bir nima yo‘q-da, bolam. Kitob o‘qiy desam, ko‘z o‘tmasa. Mayli, shunisigayam shukr. Biroq hammasidan ham akang ikkoving­ning bir chimdimgina yaxshi suhbating kifoya, o‘g‘lim. Hademay uyam kep qolsa kerak.

O‘g‘il bo‘shagan chinnini bir chetga qo‘ygancha xotiniga xo‘mraydi.

– Choyniyam so‘rab olaman, shekilli, sendan.

Xotini ham achchiq imo qildi.

– Oldingizdagi piyolada nima bo‘lmasa?

Er-xotinning bir-biriga muomalasi har doimgidek Mirsiddiq cholning diqqatini oshirdi. Boshiga zirq-zirq og‘riq kirdi. Indamadi. Shuncha gapirib nima topdi?

– Senga aytib qo‘yay: har nimaga o‘chakishaverma! Bu hayot shunaqangi past-baland. Tiling­ga, dilingga ehtiyot bo‘lsang, bas. Halolini tila. Ammo shu ishingdan ko‘ra, kirakashliging ma’qulmidi deyman-da!

– Be-e, yo‘lovchilarning qo‘liga qarab o‘tirishim qoluvdi endi. Yo‘q, shu ishim durust.

– O‘zing bilasan, o‘g‘lim, qayerda bo‘lsang ham, qanaqa ish qilsang ham, tinch bo‘lsang, omon bo‘lsang, shunisi kifoya.

– Mayli, yaxshi dam oling.

Erining ketidan dasturxonni yig‘ishtirgan kelini qayta xayrli tun tilab, eshikni yopdi.

Mirsiddiq cholning uyqusi kelmadi. Doim shu! Kunduzi mizg‘ishdan cho‘chiydi. Biroz ko‘zi uyquga ilinsa, tamom, tonggacha mijja qoqolmaydi. Qayoqdagi sovuq, xira xayollar o‘rmalab kelib qiynayveradi. Go‘yo ertangi tongi yo‘qdek tuyulaveradi. Xayoliga: ishqilib aytadiganlarimni aytib qo‘yganmidim bolalarimga, degan o‘y kelaveradi. Nimayam derdi? Mendan keyin tinch-totuv, ahil-inoq bo‘linglar, xotirlab turinglar bizni, deydimi? Opa-singillaringga oqibatli bo‘linglar, deydimi? Axir, bunga ishora qilaverib, quloqlarini pishirib yubormaganmi?

Xayolini chalg‘itish uchun qo‘liga endigina tasbeh olgan ham ediki, darvoza qars-qars urilganidan deraza ko‘zlari zirillab titradi. To o‘zi turib darvozani ochmaguncha, katta kelini chiqavermaydi. Uyqusi qattiqmi, qulog‘i og‘irroqmi, beparvomi – bilib bo‘lmaydi sira. Ammo darvozani kelinining o‘zi ochishiyam bir baloni boshlab keladi, ochmasligiyam. Ochsa, o‘g‘li keliniga o‘shqirib qattiq tegadi, ochmasa darvoza ochilishini uzoq kutib battar tutoqadi. Ana shu og‘irkarvon kelinining derazasi tagiga borib, ovoz berishga cholning hayfi kelib ketadi. Norozi to‘ng‘illashidan to‘ygan kelinining. Dakki eshitgan kelin o‘ziga zimdan boqib o‘qraymasa ekan. O‘qrayadi-da, ta’nali boqib. Ich-ichi zirillab ketadi cholning. “Ha-a, tarbiyangdan sening!” degan o‘y kechadi ko‘nglidan. Kampiri mashinaning mokkisi bo‘laverib ham xunuk ko‘ringan joylari ko‘p bo‘lgan.

Yo‘q, bo‘lmadi. O‘rnidan qo‘llarini polga qattiq tiragancha og‘ir qo‘zg‘oldi. Avval devorga kaft bosib tutdi, so‘ng oyoqlarini yaqinlashtirib olib tikka bo‘ldi. “Ux, bel-a, bel-a! Jon ham ayni keksayganda qiynarkan-da, qiynalarkan-da!”. Bir amallab hovliga tushdi. To darvozagacha bormay, dangir-dungirdan quloqlari tom bitdi. Asablari bo‘shashib ketdi. Tomog‘ini allanima g‘ippa bo‘g‘ib oldi. Nafasi qaytdi. Tunukaning ovozi jon-jonidan o‘tib ketganidan arang xirillab, “Hov!” deya oldi, xolos. Atay qo‘liga obdasta tutib oldi. Bu endi bir bahona-da!

Darvozani uzoq timirskilab, axiyri bir amallab ochdi. Bir ahvolda toliqib kelgan katta o‘g‘li xo‘mraygancha g‘o‘ldiradi.

– Alvasti keliningiz yana tosh qotib yotibdimi? Nega sizni urintiradi?

– Urintirgani yo‘q, o‘g‘lim. Tahorat olishga tutinib turuvdim, o‘zim ochib qo‘ya qolay dedim-da. Kelin, hech qancha bo‘lgani yo‘q, bolalarini uxlatish uchun opkirib ketganiga. Kun bo‘yi charchadi-da. Non yopdi, uy tozaladi, kir chaydi. Choy-poy ichasanmi?

O‘g‘li g‘alati qarash qildi.

– O‘zingiz damlab bermoqchimisiz?!

Chol o‘ziga o‘xshamayroq jilmaydi. Shu topda ko‘z o‘ngiga shunaqa jilmayib turguvchi kampiri kelib ketdi. Og‘ir xo‘rsindi.

– Damlash ham ish bo‘ptimi? Birgalashib ichamiz-da.

O‘g‘li og‘ir o‘shshaydi.

– Kun bo‘yi choy damlab bermadimi keliningiz?

Mirsiddiq chol hushyor tortdi.

– Kelinlar doim xizmatda, tashvish qilma. Men faqat, birga choy ichaylik, deyapman, xolos, o‘g‘lim.

O‘g‘il qo‘l siltadi.

– Bir-ikki soatdan keyin tong otadi, dada. O‘zi yag‘iri chiqib ketdi, charchadim. Choy tugul manavinaqangi qaqqayib turish ham zil kep turibdi. Mayli, yaxshi dam oling.

Katta o‘g‘lining uyidan bir zum shang‘ir-shung‘ir tovushlar chalinib turdi-yu, chiroq o‘chishi bilan ovozi o‘chdi.

Mirsiddiq chol qo‘lidagi suvsiz obdastani bir chetga qo‘ydi-da, paypoqsiz ilib chiqqan kavushini yechib, ichkariga kirdi. Chog‘roqqina xona ko‘ziga yanayam tordek tuyulib ketdi. Boya o‘g‘liga ming‘irlab gapirganida bu so‘zlar o‘zining og‘zidan chiqqani bilan o‘ziniki emasligidan, biroz noo‘xshashroq tuyulganidan o‘ziyam, o‘g‘liyam g‘alati holga tushib qolgani xayolini chirmadi. Nega unday bo‘ldi o‘zi? O‘ylab ko‘rsa, bu kampirining gaplari ekan. O‘g‘illarining ko‘nglini yumshatish uchun atay topgan gaplari ekan. Endi kampiriga o‘xshab o‘zi ko‘ngil ovlashga tushib qoldimi? Ertayu kech nabiralariga bosh bo‘lib, kampirining yo‘qligini bildirgisi kelmay qoldimi? Kampirining ruhini shu bilan shod qilishni xohlab qoldimi? Vo, darig‘!

Mirsiddiq chol yalang oyoqlarini bir-bir bosgancha o‘rniga borib o‘tirdi va xayolga toldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 29-son