Osmon tuni bilan odamlarning qayg‘u-hasratlarini tinglay-tinglay, o‘ksib-o‘ksib, yulduzlarini ko‘z yoshi misol duv to‘kib ado qildi-yu, rangi bo‘zara boshladi. “Quyosh chiqquniga qadar bu sho‘rliklarning ahvoli ne kechar ekan, ko‘rib olay”, degan maqsadda birgina yulduzini qoldirdi.
Yigitalining ko‘zi shu yulduzda. Yonida ikki o‘g‘li, supaning u chetida xotini uxlab yotibdi. Hozir ular ham uyg‘onishadi. Xotini bilan kichik o‘g‘li boshoq tergani jo‘naydi. Kattasi bugun hosilotnikida ishlashga buyurilgan. O‘zi esa quruq to‘rvani yelkasiga osib, yog‘och oyog‘ini do‘qillatganicha podani haydab ketadi. To qorong‘igacha hovli yelkasidagi to‘rvasi kabi bo‘m-bo‘sh, huvillab turadi.
Gospitalda oyog‘ini kesgan doktor unga “yog‘och oyoqda ko‘p yurma”, deb tayinlagan. Qishloqqa qaytgach podachilik qilishini bilganida bunday demasmidi… Hozir kim yonboshlaydi – hamma oyoqda. Yaxshiki, tun bor – oyoqlarni uzatib yotish mumkin. Bo‘lmasa, odamning beli ko‘rpacha iskamay, oyoq oyoq bo‘lganiga pushaymon yeb yurarmidi.
Yigitali kesilgan oyog‘ining zirqirab og‘rishidan uyg‘onib ketdimi yo ko‘rgan tushidan cho‘chib uyqusi buzildimi, aniq bilolmadi. Yarimta oyog‘ini ehtiyotlab silab, bu tun ko‘rgan tushini esladi: zambarda uch bolaning murdasi emish. Uchchovi ochlikdan tarashadek qotgan – quruq suyakning o‘zi. Murdalarning tepasida Ramazon – urushda bir ushoqni bo‘lishib yegan qadrdoni. Yigitaliga ho‘mrayib qarab turganmish. “Bolalarimdan xabar olmading, ana endi ularni o‘z yonimga chaqirib oldim”, dermish. “Sen… sen… xalok bo‘libmiding?” deb ajablanarmish Yigitali. Ramazon esa javob bermasmish. Ana shunda… zambardagi bolalar irg‘ib o‘rinlaridan turishib uni quchoqlashib olishganmish. Ramazon esa ulardan uzoqlashayotganmish. Yigitali do‘stini to‘xtatmoqchi bo‘larmishu, ammo yurolmasmish…
Ko‘rgan tushi – shu. Zambardagi uch bolaning o‘ligini kecha o‘ngida, poda qaytayotganda ko‘rgan edi. Ikki ayol, bir erkak zambardagi uch jasadni qabristonga eltishayotgan edi. Erkak – Qambar cho‘loqqa qishloq ahli go‘rkovlik vazifasini yuklagan. Lahad kavlashni bilmayman, deb rad etmoqchi bo‘lganida bu bahonasi o‘tmagan. Hozir qoidasini keltirib go‘r qaziydigan, murdani yuvib, kafanlaydigan zamon emas. Yuvishga-ku, yuviladi, biroq, qo‘lga ilingan mato bilan kafanlanib, keyin tuproqqa topshirilsa bas. Yuziga tuproq tushmasa, erta-indin sayoq itlar kavlab yeb ketmasa bo‘lgani. Cho‘loqligi inobatga olinmasa qishloqda to‘rt muchasi sog‘ erkak – shu Qambar. Rais hisobga kirmaydi. U odam emas, u – rais! O‘zining qarichi bilan o‘lchansa gunohkor bandalardan yuqori turadi. Mulki Fir’avnnikiday bo‘lmasa-da, u ham o‘zini shu yerning xudosiday his qiladi. Faqat unga sig‘inib, namoz o‘qilmaydi. Boshqa jihatlari Fir’avnning o‘zi: aytgani – aytgan, degani – degan! Odamlar Xudodan qo‘rqishmaydi, Xudo rahmdil, shafqatli, gunohimizni kechar yoki ko‘rsa ham ko‘rmaganga olar, deb marhamatidan umid qilishadi. Ammo raisdan umid yo‘q: kechirmaydi, ayamaydi. Uning boshqa erkaklarga qo‘shilib urushga jo‘namagani sababini hech kim bilmaydi. Ehtimol Xudo “shu qishloqdagi bandalarimni ezib, qoniga tashna qilib yuborasan”, degan vazifa yuklab olib qolgandir. Agar chindan shunday bo‘lsa birov unga: “Hoy inson bolasi, qishloqda erkak zotini ko‘rib turibsan, ellik yetti arslon urushga ketib ikkitasigina qaytdi. Shularning bittasi oyoqsiz, bittasi esa ko‘r. Xotinlar go‘rkovlik qilsa uyat-ku! Qambar cho‘loqqa yordam ber, yo g‘assollik qil”, deb ko‘rsin-chi!?
Xullas, avval go‘rkovlikni, keyin esa g‘assollikni ham bo‘yniga olishga majbur bo‘lgan Qambar cho‘loq kecha oqshomda ketmonini yelkaga tashlab, zambarning oldida shox tashlab kelardi. Ikki ayol orqada – ikki yon tutqichdan tutgan. Qambar cho‘loq qadam tashlaganda zambar dam u yon-dam bu yon qiyshayaverib, ayollarni ancha urintirib qo‘ygan.
Yigitalini ko‘rgach, zambarni yerga qo‘yishdi.Ayollar muk tushib o‘tirib, nafas rostlashdi. Qambar cho‘loq Yigitaliga yaqinlashdi:
-Boshoq terayotgan yerimdan chaqirib kelishdi. Uchchovining baravariga jon berganini qara,-dedi u, Yigitali bilan omonlashgach.
-Kimning bolalari bular?
Yigitali janggohda o‘limlarni ko‘raverib diydasi qotib ketgan. Lekin zambarda qator yotgan, ustiga eski latta tashlangan bolalarni ko‘rib, xo‘rligi keldi, tomog‘iga nimadir tiqildi. Urush payti o‘lsa mayli edi, bomba tagida qolib o‘lsa mayli edi, qurshovda qolib o‘lsa ham mayli edi. Endi-chi? Urush tugaganiga bir yil bo‘ldi. Bolalarning ochdan o‘lishiga qanday chidash mumkin?
Urush tugaganiga bir yil bo‘ldi… Bag‘rini qorga berib yotganida, olovga kirganida… g‘alabadan keyingi kunlarni shunday tasavvur qilarmidi? Ochlik, qashshoqlik – urush daraxtining achchiq mevalari. Demak, daraxt hali qurigani yo‘q. Hali bu mevalardan ko‘p-ko‘p totib ko‘rishadi…
-Bittasi Zebiniki, anavi – yamoq ro‘mollisi, Sotvoldining xotini, sendan bir hafta oldin ketgan edi, esingdami? Qani, nosdan ol-chi… Eridan yodgor edi bola bechora. Asray olmadi-da…-Qambarali cho‘loq Yigitali uzatgan nosdan otib, kaftini qoqdi.-Bittasi Halimaniki, Eshqo‘zining xotini. Qishloqda birinchi qoraxat shu xotinga kelgan edi. Bu ikkinchi bolasini Egamga topshirishi.
-Uchinchisi kimniki?
-Zarifa shaddodniki. Shodivoyning xotini,-Qambar cho‘loq “Yigitali to‘rt yil urushda yurib hammani unutvorgan”, deb bilarmidi, har holda birov haqida gapirsa batafsil izoh berishni sira qo‘ymasdi.
-O‘zi qani?
-Isitmada alahsirab yotibdi. Bolasining o‘lganini bilmay ham qoldi,-og‘zi tupukka to‘lib gapirishga qiynalgani uchun Qambar cho‘loq nosni tupurdi-da, bo‘yniga tashlab olgan chorsining uchi bilan labini artdi.-Azob bo‘lganda bolalarga azob bo‘ldi. Uvol ketishyapti bechoralar. Dunyoga kelib azobdan boshqa narsani ko‘rishmadi. O‘liklari tozaroq kafan ko‘rsa ham mayli edi, shunisiga kuyaman.
-Shunchalik och ekan, aytishsa bo‘lmasmidi?
-Kimga? Raisgami? Voy, undan ko‘ra Egamdan iymon, so‘ra, beradi. Aslida sen rais bo‘lishing kerak. “Kommunizm”ga yangi rais saylashibdi. Urushdan kelgan Voisovni eshitganmisan? Bittagina medali bor ekan. Sening ikkita ordening bor, sen rais bo‘lishing kerak. Bu bitta mening gapim emas, odamlar shunaqa deyishyapti.
-Yo‘q yerdagi g‘alvani kavlamalaring. Menga “rais bo‘lasan”, deb orden berishibdimi? Urushdagi xizmat urushda qolib ketdi. Raislik mening qo‘limdan kelmaydi. Undan ko‘ra hamma yig‘ilib raisdan so‘rasin, ikki kungina bo‘lsa ham boshoqni o‘zimizga teraylik.
Qambar cho‘loq bu gapni eshitib, bosh chayqadi.
-Bilmadim-ov… kecha adirga chiqib Guljahonni qamchiladi. Bolasi uch kun ketma-ket “baraka” boshoq topgan ekan. “Sen brigadirligingni pesh qilib boshqalar topgan “baraka”ni ham bolangga yozdirgansan”, deydi nodon. O‘rtaga tushsak ham ko‘nmaydi, dayusning bolasi. Insofi yo‘qlar ham bor-da, qaysi bir qorakuyaning ko‘ziga Guljahon boyib ketganday, to‘yib ketganday ko‘ringanu raisga chaqqan. Bechora degin, shunaqa ig‘vo bo‘lishini ko‘ngli sezib, bolasi topgan “baraka” uchun bitta ham boshoq olmagan ekan. Sen shu raisdan insof kutyapsanmi… Ke, qo‘y uni… Mollaring bu yog‘iga uyini topib ketadi, sen menga qarashib yubor. Qosh qorayyapti, ikki cho‘loq bir bo‘lib ko‘mib kelaylik. O‘zimga qolsa uchchovini bir go‘rga ko‘mamanmi, deb turuvdim, aqalli o‘lganda yayrabroq yotishsin, yur.
Poda qishloq yo‘lida ohista ketmoqda edi. Bu yog‘i havotirsiz. Qambar cho‘loq aytganiday har biri o‘z go‘shasini topib boradi. Yigitali tayog‘ini Zebiga berib, o‘zi zambarning orqasiga o‘tdi.
Xotinlar jim borishardi. Yig‘lashga ularda mador, ko‘zlarida yosh yo‘q edi. Urush payti aza ochaverib, azadorga qo‘shilib yig‘layverib ko‘z yoshlari qurib ketgan. Ularning jimligi Yigitalini battar azobga soldi. Yig‘lashganda edi, faryod urishganda edi, bu bolalarning, bu begunohlarning o‘limi Yigitali qalbini bunchalik tirnamas, bunchalar poralamasmidi…
Kecha o‘ngida ko‘rgani – bugun tushiga kirdi. Ikki yil badalida suyangan birodari Ramazonning bolalari bo‘lib ko‘rindi.
Yigitali tongga bandi bo‘layotgan osmondagi tanho yulduzga tikilganicha ancha yotdi. Oyog‘ining zirqirashi sal bosildi. Shu yaqin o‘rtada ot pishqirdi. So‘ng tuyoq ovozi eshitildi. Yigitali tirsagiga tayanib qaddini ko‘tardi. “Kim bo‘ldi bu?” degan xayolda ko‘cha tomon tikildi.
-G‘aflat bosib yotibsanlarmi!
“Rais-ku! Uyidan chayon chiqdimi bu dayusning, kallai saharlab izg‘ib qolibdi?”
Yigitali shu xayol bilan o‘rnidan turdi. O‘g‘li tol navdasidan yasab bergan qo‘ltiq hassaga suyanib, otliq tomon hakkalab yurib bordi.
-G‘aflating nimasi, rais, hali tong otgani yo‘q.
-“Kommunizm”da yangi rais saylanibdi, eshitdingmi?
-Eshitdim…-Yigitali o‘zicha “Gap bu yoqda ekan-ku?” deb kulimsirab qo‘ydi. Qo‘shni qishloqdagi jangchining rais bo‘lganini Qambar cho‘loqdan avval ham boshqalar aytib yurishgan edi. Gap aylana-aylana bu raisning qulog‘iga o‘zgacha tarzda yetganga o‘xshaydi.
-Rais bo‘lging kelib qoldimi?
-Shu xayol uyqungni buzibdi-da, a? Amal iloni to‘shagingda to‘lg‘onib tinchlik bermadimi? Chakki bezovta bo‘libsan. Raisliging o‘zingga buyursin. Men tuya emasmanki, hammomni orzu qilsam. Tirikchiligim shu “oshi halol” bilan o‘tib tursa, bas. Bunaqa gaplaring bilan o‘zingni ham qiynama, mening ham qatig‘imni achitma. Bor, bola, yo‘lingdan qolma.
Yigitali atayin “bola” dedi. Rais undan to‘rt-besh yosh kichik bo‘lsa ham gerdayib, sensirardi. Yigitaliga bu malol kelsa-da, ochiq aytishga mulohaza qilardi. Hozir, o‘rni kelganda, yoshini pesh qilib qo‘ydi. Bundan o‘zi huzur qildi. Tabiiyki, bu balandparvozlik raisga botmadi. Yigitalida raislikka da’vo yo‘qligiga ishonsa ham, uni bir oz ezib qo‘ygisi keldi.
-Hammomni orzu qilmaydigan tuya tuyakashning ishiga aralashmasligi kerak. Qo‘lingdan kelsa, kolxozni ol, tebrat beshigini. Odamlaring bir kun davlatga, olti kun o‘ziga tersin boshoqni. Hotamitoy Yigitalining davrida davronlarini sursin! Zolim Safarqulning davrida ezilib adoyi tamom bo‘lgan edi. Olaqol raislikni!
-Sen menga piching qilaverma, bola! Rais bo‘lsang – o‘zingga! Sendan qo‘rqadigan joyim yo‘q. Olsang – shu tayoqni olarsan. Odamga o‘xshab gaplashadigan bo‘lsang, egardan tushib gaplash. Otda turib sasiydigan bo‘lsang – yo‘lingdan qolma. Omma, bola, oldi-ketingga qarab ish tut, xalqning qarg‘ishiga uchraysan. Odamlar ikki kungina o‘ziga boshoq tersa xirmoningga o‘t ketmaydi.
-Ho‘, akajon, bu boshoqlar meniki emas, davlatniki. O‘rtoq Stalinga topshiraman bu donlarni. Bildingizmi, o‘rtoq Sta-lin-ga! Yo siz o‘rtoq Stalinga don berishimizga qarshimisiz?
-Bola deyman, sen gapni boshqa tomonga burma. Biz o‘rtoq Stalinga dongina emas, jon ham berganmiz. O‘sha jon berganlarning yetimlariga endi non kerak. Hech bo‘lmasa ularning yodgorlarini saqlab qolish kerak. Sen o‘rtoq Stalinning nomlarini pesh qilaverma. Sen avval o‘z xalqingni boq. Ular sening ertangi kuningga yaraydi. Bu yerlardan ertaga ham don olishing kerakmi? Kim ekadi, kim o‘radi, kim yanchadi? Sillasi qurigan ayollarmi? Eti ustixoniga yopishgan bolalarmi?
-Tillaring burro. Sen urushda miltiq otganmisan yo gapga o‘qiganmisan? Boshing to‘la g‘ij-g‘ij aqlmi deyman, a?
-Rais, yo‘lingdan qolma. Xuddi enangni Uchqo‘rg‘onning qayiqisidan ko‘rsatib qo‘ymayin.
-O‘h-ho‘, do‘q ham qiladilarmi hali! O‘pkangni bos. Urushga borganman, deb kerilaverma. Sen urushga borgan bo‘lsang, bu yerdagilar qayish uqalagani yo‘q. Biz senlarni boqdik, biz senlarni kiyintirdik. Och-yalang‘och holing bilan qo‘llaringdan nima kelardi? O‘lsang, bir o‘q bilan o‘larding-ketarding. Biz to‘rt yil har kuni bir o‘lib-bir tirilganmiz. Bizda ham til-zabon bor, gapirsak arziydi.
-Til-zaboning bor, bilaman. Ammo sen o‘zingni kunda bir o‘lib, bir tirilganlar qatoriga qo‘shma, bola. Bizni kimlar boqib, kimlar kiyintirganini bilamiz. Ular oyoqqa xirom etik, egniga galife shimu kitel kiyib otda gerdayib o‘tirmaydilar.Kunda bir o‘lib, biri tiriladiganlar ana, adirda chang yutib, qon tupuryaptilar. Etlari qichishsa, sen qamchining bilan qashib turibsan. Agar sen bir o‘lsang eding, bu kunlarni boshqa ko‘rmay deb, tirilmay qo‘ya qolarding. Qara-ya, to‘rt yil pisib yurishingga fatvo ham topibsan-da, he, hezalak!!
Jahl qoni ko‘pirib-toshgan Yigitali shunday deb, ot sag‘risiga qo‘ltiqtayog‘i bilan urib qoldi. Tayoq qars etib sindi, ot qattiq kishnab, sapchidi. Yigitali muvozanatni saqlay olmay, yonboshiga gup etib yiqildi. Rais bexos sapchigan ot ustidan uchib tushay dedi-yu, biroq o‘zini o‘nglab olib, jilovni qattiq tortdi. Ot yana bir qattiq kishnab, to‘xtadi.
-Ko‘ramiz, kim kimning enasini ko‘rsatarkin!-rais shunday deb otni Yigitali tomon burdi.
Uyg‘onib, erkaklarning gapiga xavotir bilan quloq solib, ularga o‘g‘rincha qarab yotgan Oynisa irg‘ib o‘rnidan turdi-yu:
-Voy-dod! Erimni o‘ldirib qo‘yasiz!-deb baqirdi.
Bu ovozdan ikki o‘g‘il ham sapchib turdi.
-Ota, otajon!-deb baqirdi, hali uyqusi o‘chmagan kichik o‘g‘li. Kattasi esa bir-ikki sakrashda onasidan ilgariroq borib, otning yo‘lini to‘sdi.
-Qo‘rqma, ering o‘ladigan anoyilardan emas,-dedi rais g‘ijinib.-Eringga aytib qo‘y: sen oqibatsizlarga qarindoshlik qilmaganimda hammalaring yotardilaring… yotadigan joylaringda… he, senga gap o‘rgatganni…
Rais so‘kina-so‘kina otni burib, nari ketdi.
“Darvoqe, bu xunasa Oynisaga qarindosh bo‘lguvchiydi-ya”, deb o‘yladi Yigitali, o‘g‘liga suyanib o‘rnidan turar ekan.
-Nima bo‘ldi, dadasi, nimaga kelibdi?-deb so‘radi Oynisa, xuddi hech nima bilmaganday, hech gap eshitmaganday.
-Boshoq tergani vaqtliroq chiqlaring, deb kelibdi mehribon qarindoshing…
Yigitali shunday deb gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Oynisa “Voy sho‘rim!” deb lab tishladi-yu, supadagi o‘rinni yig‘ishtira boshladi. Keyin sigir sog‘di. Keyin bir kosadan sut ichishdi. Bitta zog‘ora nonni to‘rtga bo‘lib yeyishdi – nonushtalari shu bo‘ldi. Oynisa eng kichik bo‘lakni o‘ziga olgani uchun eri unga norozi qiyofada xo‘mrayib qarab qo‘ydi.
-Noningdan yana bormi?-dedi Yigitali qovog‘ini ochmay.
-Bor…-dedi Oynisa, aybdor odamning ovozi bilan.
-Zarifanikiga kirib chiq, xasta emish.
-Kecha oqshom kirganman.
-Bugun ham kir.
-Xo‘p…
Oynisa erining avzoyi buzuqligiga rais bilan bo‘lgan mojaro sabab, deb o‘yladi. Bir tomondan u haq – to‘palon hovuri hali ko‘tarilmagan edi. Lekin boshqa tomondan Yigitali tong yulduziga qarab yotgandagi xayolini, qarorini xotiniga aytsammi-aytmasammi, deb qiynalayotgandi. Aytish-ku, qiyin emas, ammo Oynisa xotinligiga borib, “yo‘q, qo‘ying”, deb qolsa, Yigitalining qoni qaynab ketishi mumkin. U-bu deb yuborsa, ko‘ngilxiralik… U mana shundan bezovta.
-Qancha uning bor, biror tandir chiqadimi?- deb so‘radi Yigitali.
-Chiqib qolar…
-Nazirobodga borib kelmasam bo‘lmaydi.
-Maylingiz… Kuzda bormoqchi edingiz-ku?
Oynisaning bunday osongina ko‘nishi Yigitali yelkasidagi tog‘ni qulatdi.
-Tushimga kiryapti,-dedi u chuqur xo‘rsinib.
-Kim, o‘rtog‘ingizmi?
-Bugun bolalarining o‘ligi ustida turganmish.
-Tushda o‘lik ko‘rsangiz, o‘ngda tirik ko‘rasiz.
-Sen tushimni yo‘yib, menga aql o‘rgatmaginu aytganimni qilaver.
-Maylingiz, dadasi…
Shu bilan gap tamom. Qaysi xotin eriga aql o‘rgatib baraka topibdiki, Oynisa topsin. Yigitali yog‘och oyog‘ini kiydi. Xotini uzatgan chorakta nonni katta o‘g‘lining xaltasiga soldi:
-Bugun loyda ishlaysan. Qorinni to‘qlamasang, loy chaqadi,-dedi.
Oynisa kenjasi bilan Zarifanikiga, undan adirga ketdi. Kattasi hosilotnikiga. Yigitali esa yog‘och oyog‘ini sudrab, ko‘chaga chiqdi. Xuddi uni kutib turganday xonadonlardan jonivorlar ma’rab chiqa boshladi.
Yigitali Zebi yashaydigan uyga qaramay o‘tib, oriq sigirni haydab chiqqan ayol qarshisida to‘xtadi. Uning salomiga alik oldi-yu, ko‘zini yerga tikib:
-Bugun gal sizniki,-dedi past ovozda.
Ayol tushunmaganday Zebinikiga qarab qo‘ydi. Keyin qo‘shni uydagi fojia xayolini yoritib o‘tdi-yu, shoshilib bosh irg‘adi-da:
-Voy esim qursin, ha-ya, to‘g‘ri, meniki, meniki…-dedi.
-Agar bo‘lmasa… o‘zingizni qiynamang.
-Unaqa demang, keling, kelavering…
Yigitali indamay nari ketdi.
Uning odati shu: hech mahal “oshi halol!” deb baqirmaydi. Podachilik qilgani uchun bersalar oladi- bermasalar yo‘q. Ba’zan xaltasi quruq qaytadi. Ba’zan bir necha siqim un, besh-o‘n qurut yoki turshak… bilan. Xonadonlar navbatma-navbat ovqat qilib uni siylashadi. Yigitalining vazifasi – navbat kimniki ekanini eslatib turish. Har eslatganda sadaqa so‘raganday eziladi. Avvaliga aytmay, och ham qoldi. Ochlikka chidab ham yurardi, hamqishloqlari aybsitishdi. “Yovg‘on sho‘rvamizni nazarga ilmayapsizmi?” deb pichinglar ham qilishdi. O‘shandan beri har kuni eslatadi. Go‘yo sadaqa so‘raganday bo‘ladi, eziladi. Ammo na iloj!
Poda Yigitalining oyog‘i og‘riyotganini sezganday, shoshilmasdan yuradi. Hatto shaytontabiat echkilar ham yugurishmaydi. Xuddi egalari tuni bilan boqishganu to‘q qoringa yurish erish tuyulayotganday. Qishloqdan chiqaverishda Yigitali oriq otda o‘tirgan yigitni, orqaga mingashgan qizni ko‘rib, to‘xtadi. Yigitning ustida yo‘l-yo‘l beqasam chopon. Juda yangi bo‘lmasa ham, har holda urinmagan, yamoq ko‘rmagan. Qizning egnida shtapel ko‘ylak. Yigitali ularni tanimadi. Lekin ust-boshlarining o‘ziyoq ularning kimligi, qayoqqa ketishayotganini anglatdi. Yigit – kuyov, qiz – kelin. Ustlaridagi engil o‘zlariniki emas, kolxozniki. Raisning xonasida turuvchi bu to‘n bilan ko‘ylak kelin-kuyovga faqat bir kungagina berib turiladi. Hozir kelin-kuyov qishloq sovetiga – ro‘yxatdan o‘tishga ketishyapti. Demak, bu oqshom – to‘y! Besh-o‘n odam yig‘iladi, dasturxonga ozgina mayiz-turshak qo‘yiladi. Choynakka olmachoy damlanadi. Yig‘ib-tergani bo‘lsa bir tandir non yopar, chalpak pishirar, sho‘rva yoki mastava bilan siylar. Bo‘lmasa – yo‘q. Sen to‘yda non sindirmading, deb kim ham ayb qilardi?
Yigitali kelin-kuyovning maqsadi, borar manzilini bilsa ham, ularning salomlariga alik olgach, ko‘ngil uchun so‘radi:
-Ha, yigitning guli, yo‘lingiz bo‘lsin?
-“Xohladim”ga ketyapmiz…
Kuyovning ovozida baxtiyorlik ohangi bor edi. U kolxozning choponini kiyib uylanayotganiga ham xursand. Xursand bo‘lmay-chi?! Gap chopondami? Gap orqada o‘tirib, belidan quchib olgan suluvda! Shtapel ko‘ylak hammaga sig‘sin, birovga tor kelib qolmasin, deb ataylab kattaroq tikilgani uchun qizning nozik qaddida xuddi ilgichga ilinganday shalvirib turibdi. Bu qiz yarashiqli kiyim kiysa bormi, bu yigit qarab-qarab to‘ymasov…
Yigit “xohladim”ga ketyapmiz” degach, qiz xuddi gunohi oshkor bo‘lib qolganday uyalib, boshini egib oldi.
-Baxtlaring ochilsin, yigitning guli. Saodatli bo‘lgin, qizim!-dedi Yigitali ularni duo qilib.
-Aytganingiz kelsin, tog‘a,-dedi yigit mamnunlik bilan.
-Qo‘sha qaringlar, o‘g‘illaringga ham shunaqa sarpolar buyursin.
Yigitali bu niyatni beixtiyor aytib yubordi.
-Ie, tog‘a, yaxshi nafas qiling,-dedi yigit.-O‘g‘illarimiz o‘zlarining kuyov choponlarini kiyib yurishadi, Xudo xohlasa.
Yigitali yaxshi ko‘ngilda aytgan gapining zil tomoni ham borligini fahmlab, izza chekdi.
-Inim, men ham shuni aytmoqchiman-da. Siz bo‘lakcha tushunibsiz. Bu kunlarni bog‘lab beribdimi. Oldinda dorulzamonlar turibdi. Xudo shoyad sizga beradigan farzandni rizqli-nasibali qilib, yurtimizga ham qut-baraka bersa.
-Shunday kunlarni ko‘ramiz, deb umid qilib yuribmiz-da, bu dunyoda, tog‘a. Omiyn, aytganingiz kelsin,-yigit shunday deb otning qorniga oyog‘i bilan asta nuqib qo‘ydi.
“Men taqdirimdan nolimasam ham bo‘ladi,-deb o‘yladi Yigitali, kelin-kuyov ortidan bir qarab qo‘yib.-Har holda to‘yimda engil-boshim o‘zimniki edi. Dasturxonimga qo‘yarli nonim bor edi. Bu ko‘rguliklarimiz o‘tar-ketar. Bolalarimning baxti kuladigan kunlar ham kelar…”
Yigitali podani o‘tgan hafta o‘tlatgan yeriga – soy bo‘yiga haydadi. Bu yerlarda ko‘kat butunlay qovjiramagan. Nam yerlarda o‘t ko‘karib turibdi. Yigitali chillaning issig‘iga chidamay joni uzilgan o‘tlarga qarab Yevropaning o‘tloqlarini esladi. Shu o‘tloqlar bu yerlarda ham bo‘lmaydimi, sigirlar yelini sutga to‘lmaydimi, qo‘chqorlar, buqalar bo‘rdoqi bo‘lmaydimi…
To quyosh tafti kesilib, poda qaytadigan vaqt bo‘lguncha Yigitali birodari Ramazonning xayolida yurdi. U qishlog‘iga qaytganidan beri Nazirobodga uch-to‘rt marta otlandi. Uni to shu paytgacha ikki narsa ushlab turar edi: birinchisi – birodarining uyiga quruq qo‘l bilan kirib borgisi kelmasdi. U shahid ketgan bo‘lsa, bolalari zoriqayotgandir, bir tishlamdan bo‘lsa ham u-bu olib boray, deb niyat qilardi. Ikkinchisi – Ramazonning tirik yoki o‘lik ekanini aniq bilmasligi. Yaralanib, yiqilganini aniq biladi. Uni do‘zax o‘tidan o‘zi olib chiqdi. Endi nafas rostlayman, deganida sal narida bomba portlagani, oyog‘i jiz etib kuygani ham esida. Qolgani yodida yo‘q. Ramazon qaytmagan bo‘lsa, demak snaryad parchasi unga ham tekkan. Buni eshitishsa uyidagilar: “Bomba portlagan ekan, sen nimaga tiriksanu u jon berdi”, deb ta’na qilishmaydimi? Yuziga aytishmasa ham, ularning mungli qarashlaridan shu ma’noni uqmaydimi?
Yigitali ba’zan Nazirobodga xat yozmoqchi ham bo‘lardi. Lekin “birodarim, tirikmisan?” deb satr bitishga qo‘li bormasdi.
Mana endi, nihoyat, vaqti-soati yetganga o‘xshaydi. Ramazonning bolalariga atab picha un to‘plashdi. Birodari tirik qaytgan bo‘lsa u bilan, yo‘qsa, jigarlari bilan ko‘rishishning turli yo‘llarini xayolan pishitdi. O‘zini shu uchrashuvga ruhan tayyorladi.
Poda tegirmon yaqinidan o‘tayotganida Yigitalining dimog‘iga yoqimli bir is urildi. Och qorinning tatalashiga shu is kifoya bo‘ldi. “Un tortishibdi-da,-deb o‘yladi Yigitali,-chalpakni kim pishirayotibdi ekan?”
U podani tezlatib o‘tib ketmoqchi edi, bolaning ovozi keldi:
-Yigitali tog‘a, to‘xtang ekan…
Yigitali orqasiga o‘girildi. Tegirmon tomondan do‘ng oshib bir bola yugurib kelardi. Qo‘lida chalpak.
-Oling ekan, sizga,- dedi bola hansirab.
-Kimniki bu?- deb so‘radi Yigitali.
-Qambar tog‘aniki.
-O‘zing yedingmi?
-Hammamiz yedik.- Bola shunday deb qo‘lidagi chalpakka qaradi. Yigitali chalpakni olib, bir uchidan sindirdi-da, unga uzatdi:
-Ol, qorning to‘q bo‘lsa ham ol, bo‘lmasa…-Yigitali kulimsirab, bolaning burnini chimchiladi,-kinnang kiradi, ol.
Bola “noiloj” chalpakni oldi. Shu ozginagina chalpakni deb yaxshi odamga kinna kirishi durustmas-da…
-Qambar tog‘angga ayt, biznikiga kirsin. “Yumushlari bor ekan”, de.
Bola “xo‘p” deganicha iziga qaytdi. To‘rt-besh qadam yurmay, chalpakdan o‘ziga tekkan ulushni og‘ziga soldi.
Yigitalining kichigi oyoqlari yorilib ketganidan kechalari ingrab chiqayotgan edi. Bugun bir yog‘lamasam bo‘lmaydi, deb qaror qilib Qambar cho‘loqni shunga ayttirdi. Yelkasidan bosib turilmasa, qatqaloq yerday tilim-tilim bo‘lib yorilgan tovonga piyozdog‘ qo‘yganda bola azobga bardosh berolmay to‘lg‘onib, sapchib-sapchib ketishi hech gapmas. Yigitalining o‘zi bu azoblarni xo‘pam tortgan. “Bunaqa oyoqning boridan yo‘g‘i yaxshi”, deb dodlagan vaqtlari ham bo‘lgan. O‘shanda farishtalar “omiyn” deb yuborgan ekanmi, etik kiyib Yevropaning yarmini kezgan oyoqning bittasini tashlab qaytdi. Ba’zan: “Qani edi, bir mo‘jiza bilan oyog‘im o‘sib chiqsa. Tovonlarning yorilishiga ham, kunda piyozdog‘ bosishlariga ham rozi edim”, deb qo‘yadi. Bolasiga piyozdog‘ bosishganda o‘zining azoblarini eslaydi. Shuning barobarida bu azoblarni o‘tkinchi deb biladi. O‘g‘lining bu oyoqlari bejirim poyabzallarni kiyadi, ulug‘ shaharlarda yuradi, deb ishonadi. Faqat… ulug‘ shaharlarda yurganida ko‘rgan bu azoblarini yodidan chiqarib yubormasa edi, deb xavotirlanadi. Odamzot yaxshi kunlarga yetsa, ko‘rgan-kechirganlarini unutadi ba’zan. Unutdimi, demak, kibrga va nafsning turli balolariga bandi bo‘ladi-qoladi. Yaxshi kunning qadriga yetish, asrash uchun o‘tgan tashvishli-tahlikali kunlarini esdan chiqarmaslik kerak. Yigitali farzandining shunday ulg‘ayishini istaydi.
Qambar cho‘loq qosh qorayganda chorsisiga ikkita chalpak o‘rab keldi.
-Bugun un torttirdim,-dedi u, go‘yo poda qaytarda Yigitalini uzoqdan ko‘rmaganday, unga chalpak yubortirmaganday.
Olmaqoqi solib damlangan choydan keyin o‘choqqa o‘t qalandi. Yog‘ qizdirildi,piyoz qizartirib olindi. So‘ng kichik o‘g‘lonning tovonlariga bosildi. O‘g‘lonning chinqirig‘i yetti mahallaga yetdi. Bunday chinqiriqlar qishloq uchun yangilik emas, shu sabab hech kim ahamiyat bermadi.
Tongda tandirga o‘t yoqildi. Non yopildi. Non isi taraldi. Bunga yon-atrofdagilar befarq qarashmadi. Yigitalining safarga otlangani xotiniga ma’lum ekan, bas, qishloq bexabar qolarkanmi?
Non isi taralishi bilan gap tarqaldi:
-Baraka topgur, shu holida urushda o‘lgan o‘rtog‘ining bolalaridan xabar olib kelarmish.
-Xabar olgisi kelsa, o‘zimizda bechora yetimlar kammi, nonni begona qilmasa ham bo‘lardi…
Yigitali gaplardan bexabar, u bo‘lajak safarini, aniqrog‘i, Ramazon yoki uning jigarlari bilan uchrashish onlarini o‘ylaydi.
Ketar chog‘i Oynisa bir gapi bilan uning ko‘nglini og‘ritib qo‘ydi:
-Nonning yarmini sotsangiz, o‘sha tomonlardan bolalarga etik-petik olib kelardingiz…
“He, esi yo‘q xotin,-deb o‘yladi Yigitali,- men nima g‘amdayu, sen nima g‘amdasan. Etiksiz kun ko‘rsa ham bo‘ladi. Ammo nonsiz yashash mumkin ekanmi? Yalangoyoq qolishmas bolalar. Xudoga shukr, o‘g‘illarning ikkovi ham shudli yigit bo‘lyapti. Bu yoqda men borman. Xor bo‘lishmas. Aytganman-ku, senga, Ramazonning bolalari kichkina. Kattasini olti yoshda derdi. Demak, hozir sakkiz yo to‘qqizdadir. Shularni o‘ylamay… Ha, mayli, onasan-da, ona(!), o‘z bolangga kuyasan. Men urushda o‘lib ketsamu Ramazon tirik qaytsa, allaqachon seni yo‘qlab kelardi. Sening bunaqa gaplar bilan ishing yo‘q… nodonsanda, nodon…”
Yigitali xayrlashar chog‘i bu gaplarni xotiniga xayolan aytdi.
U tuni bilan poyezdda yo‘l yurdi. Tushadigan bekati kichik, poyezd atigi uch daqiqagina to‘xtar ekan. Shoshilsa ham arang ulgurdi. Poyezddan tushgan uch-to‘rt yo‘lovchi tarqalib, bekatda Yigitalining yolg‘iz o‘zi qoldi. “Odamlar buncha shoshilmasa, Nazirobodga qanday borishni so‘rab olishga ham ulgurmadim-a!” deb gangib turganda kimdir:
-Ha, inim, xayolingiz parishonroqmi?-dedi.
Yigitali ovoz kelgan tomonga qaradi: supurgi dastasiga suyanib turgan qariya undan javob kutayotgan edi.
-Nazirobodga borishim kerak. Qayoqqa borishni bilmay, garangman.
-Nazirobodgami?- Qariya uning yog‘och oyog‘iga qarab bosh chayqadi.-Bu holda yetib borolmassiz-ov. Yo‘l yiroq. Picha kuting, bitta-yarim arava kelib qolar.
Yigitali “ilojim qancha” deganday yelkasidagi xaltani qo‘liga olib, bir qavatli ko‘kimtir bino devoriga taqab o‘rnatilgan o‘rindiq sari yurdi.
-Nazirobodda kimingiz bor, qarindoshingizmi?-deb so‘radi qariya unga ergashib.
-Birodarim…
-Birodarim? Kim ekan u, balki tanirman? Nazirobodliklar ko‘p kelib turishadi bu yerga.
-Ramazon deganni taniysizmi? Qirq uchinchi yilning o‘rtalarida urushga ketgan.
-Ramazonmi?-Qariya o‘ylandi.- Do‘konchi emasmi?
-Urushdan oldin kolxozda hisobchi ekan. Urushdan qaytdimi yo yo‘qmi, bilmayman.
-To‘rt chaqirim yurilsa, Qizilko‘prik degan shaharcha keladi. O‘sha yerdagi non do‘konda nazirobodlik odam ishlarkan. Otini “Ramazon” degandek bo‘lishuvdi.
-Uni o‘zingiz ko‘rganmisiz, past bo‘yli, burni yapaloqroq.
Qariya uni ko‘rmagan edi, boshqa tayinli gap aytmadi. Qizilko‘prikka olib boruvchi yo‘lni ko‘rsatib qo‘ydi.
Shag‘al to‘kilgan o‘ydim-chuqur yo‘ldan yurish it azobini bersa-da, Yigitali chidadi. U bir narsadan xursand: birodari tirik! Bekatdagi sersoqol gapni mujmal qilgani bilan Yigitali Qizilko‘prikdagi do‘konchining aynan birodari Ramazon ekaniga ishonardi. Yuragi shunday xitob qilardi: “Bu o‘sha – do‘sting Ramazon! U tirik! Sen uni jangda o‘lim qo‘lidan yulib olgan eding. Endi u seni kutyapti. Shoshil! Bu yo‘l nima ekan, bundan battarlarida yurgansan. Qani, yur… tezroq yur!”
Yigitali endi do‘sti bilan uchrashadigan baxtiyor daqiqalarni ko‘z oldiga keltirdi. Uyida ekanida, bu tomonlarga talpingan kezlarida bu uchrashuvlarni ming xil ko‘rinishda tasavvur etardi. Hozir ularning barchasi o‘rniga yangisi xayoliga keldi:
…do‘sti uni ko‘ra solib, quchoq ochib yuguradi…
“Jon jo‘rajon, bor ekansan-ku, yo‘lingga ko‘z tikaverib, ko‘zlarim oqib tushayozdi,-deydi-da, mahkam quchoqlab oladi.-Jon jo‘rajon, oyoqni tashlab kelibsan-da, a? Tirikligingni bilar edim. Yuragim sezar edi. Qanot chiqarib uchgim kelardi. Ammo iloj qila olmadim, jon jo‘rajon. Noshukr birodaringdan xafa bo‘lma”.
“Qo‘y bu gaplarni,-deydi Yigitali.-Zamonni ko‘rib turibman. O‘lmabsan, shuning o‘zi men uchun katta baxt. Diydor qiyomatga qolsa nima qilardik? Bundan buyon bordi-keldi qilmasak bo‘lmaydi. Xudo jonimizni bekorga qaytarib bergan deysanmi? Bolalarini voyaga yetkazib, baxtini ko‘rishsin, keyin ikki birodar davru davronini sursin, deb bu dunyoda qoldirgan. Armonda ketganlarning sonu sanog‘i yo‘q-ku…”
Shirin xayollar yo‘l azobini butunlay chetga sura olmas ekan. Yigitali yog‘och oyog‘ini ko‘tarib bosishga bezillab qoldi. Yelkasidagi xalta og‘irlik qila boshladi. “Tavba, non ham og‘irlik qilar ekan-a,-deb qo‘ydi o‘zicha Yigitali.-To‘rt chaqirim devdi, ko‘proq yo‘l bosdim shekilli? Shaharchasining qorasi ko‘rinay demaydi-ku?”
Yigitali yakka qayrag‘ochga yetgach, xaltani yerga qo‘ydi. Bir ko‘ngli dam olmay yuravergisi bor. Ammo oyoq zirillab: “To‘xtamasang bir azob berayki, onangdan tug‘ilganingga pushaymonlar yegin”, deb ogohlantiryapti. U oyoqlarini uzatib o‘tirib olib, yog‘ochoyoqni yechdi. Shuni kutib turganday shabada esib, bir rohatlandi, bir yayradi. Yarimta oyog‘i orom olgach, yana ro‘dapo yog‘ochni kiyib, o‘rnidan turdi.
Shaharchaga yetib borgach, non do‘konni topishi qiyin bo‘lmadi. Oqlangan devoriga ko‘mir bilan “Xlib” deb yozib qo‘yilgan ko‘rimsizgina pastak bino oldida yigirmaga yaqin odam navbat kutib turibdi. Yigitali do‘konga yaqinlasha turib Ramazonni ko‘rdi! Ammo unga, talpinganiga daf’atan ro‘para bo‘la olmadi. Ramazon bu onda jahl bilan qattiq-qattiq gapirardi. Yigitali do‘konga yon tomondan yaqinlashib, Ramazonga ro‘para turgan kampirni ko‘rdi. Kampirning yonoqlari bo‘rtib chiqqan, ro‘moli sirg‘alib, yelkasiga tushgan. Qog‘oz tutgan titroq qo‘lini Ramazonga uzatgan holda yalinardi:
-O‘zim och qolsam ham mayliga. Bolamning yodgorlari tuz totmay o‘tirishibdi. Baraka toping, iloyim bolalaringizning rohatini ko‘ring.
Kampir gapini oxiriga yetkaza olmadi. Ramazon unga qarab yana baqirdi:
-Yo‘q dedim-ku! Buvamnikini kesib beramanmi sizga! Non kerak odam vaqtliroq turmaydimi!
-Voy, baraka topgur, kecha xuftonda kelib shu yerda tunaganman. Nonning kelishini kutib kuni bilan navbatda turdim-a…
-Bo‘ldi, bo‘ldi, qonimga tashna qilib yubordingiz.
Ramazon shunday deb deraza qopqog‘ini sal ko‘tardi-da, tirgovichni oldi. Navbatda turganlar kampirni chetga tortib qolishmaganda og‘ir derazaqopqoq uning boshini majaqlashi mumkin edi. Kampir do‘kon ochilib, do‘kondor: “Keling, ona, men hazillashdim, siz uchun topiladi non”, deb qolarmikin, degan ilinjda derazaqopqoqqa ancha vaqt umid bilan tikilib turdi. Navbati yetmaganlar, umidlari sinib, asta tarqala boshlashdi. Kimdir taqdiridan nolidi. Kimdir do‘kondorni qarg‘adi. Kampir non olish huquqini beruvchi qog‘ozlariga mung bilan tikilib turdi-da, ularni kamzuli cho‘ntagiga solib, do‘kondan asta uzoqlashdi. Besh-o‘n qadam yurib, yana ilinj bilan orqasiga o‘girilib qaradi. Chorasiz kampirning bir-ikki qadam bosishidan Yigitalining nazarida zamin zirillardi. O‘g‘lining (balki o‘g‘illarining) hajrida kuyib, adoyi tamom bo‘lgan bu ona non deb chinqirib turgan nabirasining (balki nabiralarining) oldiga nima deb kirib boradi? Boshini qaysi toshga ursin bu ona!
Kampirning og‘ir qadamiga yer chidolmadi – titray boshladi. Yigitalining nazarida shunday bo‘ldi. U ahyon-ahyonda uyg‘onib, shaharu qishloqlarni vayron qiluvchi zilzilalarning sababini bilmaydi. Bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan. Biroq, hozir yer titraganday tuyulganida buning sababini topganday bo‘ldi: odamlarning bemehrliklariga chidolmagan onda yer asabiylashib, “dod!” deb titrasa kerak!
Yigitali bu yerga nima uchun kelganini unutdi. Kampirning orqasidan bir oz qarab turdi-da, tez-tez yurib, unga yetib oldi.
-Onaxon, to‘xtang.
Kampir behos eshitilgan ovozdan cho‘chib, o‘girildi.
-Menga aytyapsizmi?-dedi havotirlanib.
Yigitali “ha” ishorasini qilib, xaltaning og‘zini ochdi-da, ikkita non olib, kampirga uzatdi.
-Onaxon, oling, bollarga berasiz.
-Mengami?- Kampirning hayrati battar oshdi.-Bunga pulim yetmaydi, almashadigan tuzuk-quruq narsam ham yo‘q.
-Bepul olavering.
-Bepul?
Kampirning taraddudi, ishonchsizligi Yigitalining achchig‘ini qo‘zg‘ota boshladi. Endi u maqsadini qanday tushuntirsin? “Hamma narsani pulga chaqavermang. Bu dunyoda hali odamgarchilik degan fazilat bor, diyonat bor, insof, vijdon… Agar bular qirilib bitgan bo‘lsa, qiyomat boshlanibdi-da”, desinmi? Be, bularni tushuntirgunicha… ikkita non deb ikki soat laqillashi kerakmi?
-Oling, bo‘lmasa aynib qolaman,-dedi Yigitali yolg‘on po‘pisa bilan.
Kampir ishonib-ishonmay nonga qo‘l uzatdi. “Nahot bu yorug‘ dunyoda shunday odamlar qolgan bo‘lsa? Yo bu odam emas, farishtamikin? Mening nolalarimni eshitib, Xudoyim osmoni falakdan tushirdimikin? E, yo‘q, nolalarga tushadigan bo‘lsa, kunda osmondan ming-ming farishta yog‘ishi kerak. Bu odam – yaxshi odam…”
-Mayli, olaman, ammo… siz shu yerda tura turing. Bekorga olib ketaversam… sadaqa bo‘ladi. Men gado emasman. Shu yerda turib turasizmi?
Yigitali baqirib yubormaslik uchun xo‘rsindi: “Odamlarga ham yaxshilik qil, ham nima uchun yaxshilik qilganingni obdon tushuntir”.
-Xo‘p, anavi do‘konda bo‘laman,-dedi u g‘o‘ng‘illab.
Kampir endi ancha ildam, ancha dadil qadam tashlardi.
Yigitali do‘konga qaytib, derazaqopqoqni taqillatdi. Ichkaridan: “non yo‘q, tamom!” degan ovoz keldi. Yigitali yana taqillatdi. “Menga ham tinchlik kerak, insof bormi o‘zi sizlarda!” degan hayqiriq eshitildi.
-Ramazon!-deb chaqirdi Yigitali.
-Ha, Ramazonman. Lekin non yo‘q, tamom!
Yigitalining achchig‘i chiqdi. U bunday uchrashuvni sira kutmagan edi. Agar biron-bir folbin unga yo‘liqib: “Birodaring bilan shu tarzda uchrashasan”, desa shart tilini sug‘urishga tayyor bo‘lardi. Nima qilsin, umid degani qo‘lga qo‘naveradigan qush emas ekan.
Yigitali yana taqillatganidan keyin derazaqopqoq asta ko‘tarildi.
-Kimsan?
-Yigitaliman…
-Yana qaysi Yigitali?-Ramazon shunday deb boshini chiqarib uni ko‘rdi-yu:-Yigitali?! Yopiray, rostdanmi, o‘zingmisan?!-deb tezgina qopqoqni yopdi. Dam o‘tmay do‘konning yon tomonidagi pastak eshik ochildi. Ramazon chiqib, hali jahldan tushmagan Yigitalini quchoqlab oldi. Yigitali uchrashuv umidida o‘y surganida birodarining shunday quchoqlashini tasavvur qilardi. Lekin bu holat ayni damda unga huzur bahsh etmadi.
-Obbo sen-ey, obbo, jo‘rajon-ey! Qaysi shamol uchirdi, a? Ie, oyoq qani? Tashlab keldingmi? Chatoq bo‘libdi. Qani, yur, ichkari kiraylik, keyin uyga o‘tamiz.
Ramazon tinmay gapirib, uni do‘kon ichiga boshladi.
-Shu yerda rizqimni terib yuribman. Bola-chaqa Nazirobodda. Bu yerda ham bittasi bilan nikohdan o‘tib qo‘yganman. Nazirobodga rais bo‘lasanmi, deyishdi. Hozir rais bo‘lib esimni yebmanmi! Kolxoz omboridagi sichqonlar qo‘ltiqtayoqda yurgan bo‘lsa… Jo‘rajonlarga qulluq, shu joyni eplab berishdi. Xo‘-o‘sh, qorning ochdir, a? Hozir, hozir, jon jo‘rajon, ammo oyoq chatoq bo‘libdi-da.
Ramazon gapira-gapira deraza ostiga begona ko‘zdan pana qilib yashirib qo‘yilgan qutini ochdi. Yigitali aniq ko‘rdi: quti ichida o‘n-o‘n besh dona non bor edi. Berilsa, tunu kun navbatda turib, oqibat noumid qaytganlarning yarmiga yetardi. Ramazon nondan bittasini olib, pichoq bilan kesdi. Qutining yonidagi xaltachani titkilab, bir parcha go‘sht, to‘rtta tuxum chiqardi. Shisha bilan piyolani qayerdan olganini Yigitali sezmay qoldi: uning ko‘zi hamon qutida edi. Qutidan unga non ilinjida javdiragan ko‘zlar tikilib turganday edi.
Uning nigohini Ramazon ham sezdi: “Ko‘zi nonda, och ekan, bechora. Balki shuning uchun kelgandir. Hali tirik o‘lik bo‘lib bo‘ynimga osilib olmasa edi. “Seni qutqarganman”, deb minnat qilsa, ikkita non berib qutilib qo‘ya qolarman. Ikkita non – hozir hayot degan gap!”
-Qani, jo‘rajon, uchrashuvimizni bi-ir yuvaylik. Xo‘-o‘sh, nima yumush qilyapsan?
-Podachiman.
-Ishing yurishmabdi-ku, jon jo‘rajon? Nima qilmoqchisan endi, yo shu atroflardan ish qidirmoqchimisan?
Cho‘qqiga intilib, oqibat botqoqqa botgan odam holiga tushgan Yigitali bo‘g‘iq ovozda buyurdi:
-Qani, quy.
Ramazon yarim piyola quydi.
-To‘ldirib, baquvvat qilib quy.
Yigitali piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Nonga ham, go‘sht, tuxumga ham qo‘l uzatmadi.
Ramazon o‘ziga ham quydi.
-Omon bo‘l, jo‘rajon, kelganingdan xursandman. Qaytishingda esimga sol, bollaringga non-pon berib yuboraman.
Bu gap Yigitalining bo‘g‘ziga xanjardek sanchildi.
-Bu yoqqa ber!
-Juda tomoq taqillab turgan ekan-da, a?
Yigitali Ramazonning xunuk xiringlashiga qaramay, qo‘lidagi piyolani tortib olib, ko‘tardi. Ichaturib xotinidan o‘pkaladi: “bormang, deb turib olsang o‘larmiding! Sendaqa bo‘shang xotindan yana bormikin bu olamda?! Cho‘loq ering bir yoqqa boraman, desa indamay qolaverasanmi?..”
Uning xayolini derazaqopqoqning taqillashi buzdi.
-Kim u, non yo‘q!-deb baqirdi Ramazon.
Tashqaridan ayolning: “Menga bir kishi kerak edilar”, degan siniq ovozi keldi.
-Qanaqa kishi?
-Bir… oyoqlari yo‘q…
-Seni so‘rayapti shekilli?-deb ajablandi Ramazon Yigitaliga qarab, keyin gapni hazilga burdi:-Kelmasingdan xotinlar yo‘qlab qolishibdi-ku, yomonsan, jo‘rajon, yomonsan. Polshada ham bitta jonon ishqingda mast bo‘lib yurardi, a? O‘zing ham qaramading, menga ham ilinmading, shunaqa xasisliging ham bor edi…
Yigitali kampirning qaytib kelganini anglab, uning gaplariga parvo qilmay o‘rnidan turdi. Xaltasini qo‘liga oldi. Ramazon unga ergashib, tashqariga chiqdi. Kampir bir juft xrom etikni xuddi chaqaloq kabi bag‘riga bosib turardi.
-Baraka topgur, shuni oling, yaxshiliklarga kiying…-dedi kampir etikni uzatib.
“Jo‘rajon pismiqqina bo‘lib chayqovchilik qilib yuribdi shekilli”,-deb o‘yladi Ramazon. Keyin oldinga o‘tib, etikni qo‘liga oldi: “Yangigina ekan, bir-ikki kiyilgan xalos…”
-Qanchadan bo‘ldi, kampir?
-Sotmayman buni. Bu kishiga olib keldim. Non berib edilar.
-Non? Shu odammi?-Ramazon Yigitaliga ajablanib qaradi:-sen non berdingmi?
Yigitalining vujudi titray boshlagan edi. U Ramazonni bolaxonador qilib so‘kishi ham, ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlashi ham, hatto urib qolishi ham mumkin edi. “Hammasi bekor. Bu men o‘ylagan odam emas ekan. Na gapning, na kaltakning foydasi bor bunga. Men Ramazonni olovdan olib chiqmagan ekanman. Ramazon jangda o‘lgan ekan. Bu mening do‘stim emas, Ramazon qiyofasiga kirgan shayton…” Shu fikr uni barcha gapu harakatlardan to‘xtatib qoldi.
Yigitali Ramazonning qo‘lidan etikni olib, kampirga uzatdi:
-Yog‘och oyoqqa xrom etik yarashmaydi, onaxon, bekor qilibsiz, qani, yuring-chi…
Yigitali shunday deb, yo‘l boshladi. Besh-o‘n qadam yurgach, orqadan Ramazonning ovozi keldi:
-Tezroq qayt, kutaman!
Yigitali qayrilib qaramadi. Ramazon uning izidan bir pas tikilib turdi-da, “esi bormi, buning, kelib-kelib kampirga ilakishadimi?” deb g‘ijinib, do‘koniga kirib ketdi.
Etikni bag‘riga bosib olgan kampir Yigitaliga yetib oldi. “Etik o‘g‘liniki bo‘lsa kerak. Ajab dunyo… xotirani ham nonga almashtirishsa…”, deb o‘yladi Yigitali.
-Onaxon, nonni bekorga oldim, deb hijolat chekmang. Agar mumkin bo‘lsa, uyingizda bir kecha tunay. Holdan toyganman. Bu ahvolimda bekatga yetib borolmayman.
-Baraka topgur, bir kecha ming kecha emas, joyimiz bemalol.
Uyga borishgach, kampir mayda to‘g‘ralib quritilgan qizil sabzidan choy damladi.
-Haligi do‘kondor tanishingizmi?-deb so‘radi kampir unga choy uzata turib.
Yigitali kutilmagan savoldan gangib, darrov javob qaytarmadi.
-Yo‘q,-dedi nihoyat, benihoya bir o‘kinch bilan.-Birodarimni izlab kelgan edim bu yerga. Shu odamdir deb o‘ylabman. Endi bilsam… u urushda o‘lgan ekan. Uni qutqarib qololmagan ekanman…
Kampir boshqa gap so‘ramadi.
Kampir xuftonga yaqin non do‘koniga navbatda turgani chiqib ketdi. Ertasiga kun yoyilganda xursand kayfiyatda ikkita non ko‘tarib qaytdi. Sabzi choy damlab Yigitalining chiqishini kutdi. Chiqavermagach, u yotgan xona eshigidan mo‘raladi. Mehmonning o‘zi yo‘q, ammo xaltasi yostiq yonida turardi. Kampir uni “Biror yoqqa chiqqandir”, deb kutdi. Mehmon peshinda ham, kechqurun ham ko‘rinmadi. Kampir xaltani ochishga botinmadi. Uch kundan keyin kichik nabirasi xaltada non borligini aytgach, hayratdan dong qotdi.
…Yigitalini qishloqqa kiraverishda ikki kishi qarshi oldi. Ularning ikkovi ham orasta kiyingan, qotmadan kelgan, harakatlari chaqqon edi.
-Yigitali Sultonaliyev sizmisiz?-deb so‘radi yoshrog‘i.
-Menman.
-Ikki kundan beri qayoqlarda yuribsiz?
-Birodarimni izlab keldim. Kimsizlar, nega meni surishtirib qoldingiz?
-Qani, yuring biz bilan. Kimligimizni borgan yeringizda bilasiz.
-Qayoqqa? Idoragami?
-Ha… idoraga.
“Bular rayondan kelishgan shekilli? Yana odamlarning gapi to‘g‘ri kelib, meni rais qilib qo‘yishsa-ya? E, yo‘q, baribir ko‘nmayman. Bir oyoq bilan kolxozni eplab bo‘larkanmi? Ajab dunyo… sendan so‘rab ham o‘tirishmaydi-ya…”
O‘sha kuniyoq Yigitalining “xalq dushmani” sifatida “fosh qilinib”, qamoqqa olingani haqida gap tarqaldi.
Rais odamlarga ikki kun davomida o‘zlari uchun boshoq terishlari mumkinligini e’lon qildi.
Oradan uch oy o‘tib Oynisa o‘g‘il ko‘rdi. Odamlar “hukumatning bu qamog‘idan hech kim tirik qaytmaydi”, deyishgach, bolaning ismini “Yodgor” deb qo‘ydi.
Oradan roppa-rosa bir yil o‘tgach, Yigitali yog‘och oyog‘ini do‘qillatib uyiga kirib keldi. Ko‘ksida – orden. “Raisning gaplari yolg‘on ekan-da, bo‘lmasa qamoqdagi odamga ham orden berisharmidi?” deb o‘yladi Oynisa.
Kenjatoyining ismi Yodgor ekanini bilib, Yigitali avval ranjidi. Keyin:
-Komandirimga xat yozmaganimda chindan “Yodgor” bo‘lib qolishi hech gap emasdi. Bahonada men komandirimni topdim, oxirgi jang uchun berilgan ordenni oldim. Ular meni o‘lib ketgan deb yurishgan ekan. Ajab dunyo-da, bu o‘zi…-dedi.
-Odamlarning gaplariga ishonmay, o‘g‘lingiz olti oylik bo‘lgunicha ham ism qo‘ymagan edim. Endi o‘zingiz boshqa ot qo‘yib bering,-dedi Oynisa.
Yigitali bir oz o‘ylanib turgach, bosh chayqadi:
-Yo‘q, shu kunlarimni eslatib yuradi. “Yodgor” bo‘laversin…
…Oradan olti yil o‘tib, kutilmaganda Yigitaliga Ramazondan bir xat keldi. Qachondir “do‘st” deb atalgan inson nomini xotira kafaniga o‘rab, qalb mozorining tub-tubiga ko‘mib qo‘ygan edi. O‘sha “do‘st” o‘zining tirik ekanini bildirib xat yozibdi.
“Qadrdonim, jon jo‘ramga sog‘inchli salom…”
“Qadrdon oshnang borligini olti yilda bir eslabsan, durustsan, bola”, deb o‘yladi Yigitali.
“…Meni o‘lim changalidan qutqargan jo‘rajonimni sog‘ingandan sog‘indim…”
“Sog‘insang kelmaysanmi, yo‘qlamaysanmi, he nomard, to‘rt muchang sog‘ bo‘lsa, men dunyoning narigi burchagida yashamasam…”, xayoliga kelgan bu fikrni quvib, Yigitali o‘qishda davom etdi:
“…Seni ko‘p eslayman. Qani edi, qanotim bo‘lsa-yu, uchib borsam, seni bag‘rimga bossam. Ammo ilojim yo‘q. Qanotlarim qirqilgan. Arzimagan bir necha ming so‘mni deb azob chekib yuribman…”
“Xudo jazoiyingni beribdi-da, xalqning qarg‘ishi osmonga uchib yo‘q bo‘lib ketmaydi, tuproqqa singmaydi, shunga aqling yetmasmidi?”-deb o‘yladi Yigitali.
“…Jon jo‘rajon, butun umidim sendan. Katta idoralarga xat yozib, urushdagi xizmatlarimni ayt. Komandirimiz hozir katta ishda ekan, unga xat yoz, meni himoya qilsin. Sen meni o‘limdan tortib olgan eding, bu yerdan chiqib ketishimga ham yordam qil. Bolalarim yetim qolmasin…”
Yigitali xatni o‘qigach, o‘yga toldi. Kun bo‘yi o‘tirsa ham, tursa ham xayoli Ramazonda bo‘ldi. Avvaliga “Oxiri xarom teshib chiqibdi-da”, deb o‘yladi, ammo “Battar bo‘lsin” degan hukmga kelmadi. Tushida olti yil avvalgi manzarani yana ko‘rdi:
…zambarda uch bolaning o‘ligi emish. Uchchovi ochlikdan tarashadek qotgan – quruq suyakning o‘zi…
…faqat… aniq esida: Ramazon avvalgi safar murdalar tepasida bo‘zlab turgan edi. Bu gal do‘konidagi non to‘la quti ustiga o‘tirib olib xunuk tirjayarmish…
Har yili bahorda bir suvab qo‘yiluvchi supada yotgan Yigitali ko‘zlarini ochdi-yu, bo‘zara boshlagan osmonda yolg‘iz qolgan yulduzni ko‘rdi. Anchagacha qimir etmay yotdi. Ko‘rgan tushini biron bir narsaga yo‘ymadi. Quyosh ko‘tarilib, hamma o‘z yumushi bilan ketgach, kenjatoyi bilan qoldi. Jo‘jaxo‘rozni quvib yurgan Yodgorning harakatlarini kuzatib jilmaydi. So‘ng qo‘liga qalam-qog‘oz olib komandiriga xat yoza boshladi. Xatga so‘nggi nuqta qo‘ygach, yelkasini bosib turgan og‘ir yukdan qutilganday, ko‘ngli ravshanlashdi. Yog‘och oyog‘ini do‘qillatib pochtaxona tomon yurar ekan “ajab dunyo…” deb pichirlab qo‘ydi.