Tohir Malik. Hal qiluvchi o‘yindan reportaj (hajviya)

To‘p tepishlaringdan aylanayin “Paxtakor”, dunyo o‘zgarib ketyapti-ku, ammo sen qanday tug‘ilgan bo‘lsang, shundayligingcha turibsan. Horijning futbolchilarini futbol nimaligini bilmaganlar  maqtaydi. Alakaning itiday yugurgani yugurgan. Birov turtib yiqitsa ham, yota qolmaydi. Ishtonining ichiga burga kirib olganmi, sakrab turib ketaveradi. He, nodon, o‘yinni bilmasang, Toshkentga kelmaysanmi, nima qilishni “Paxtakor”jondan o‘rganmaysanmi? “Paxtakor” ham tekis maydonda, bittagina yumaloq to‘pni tepadi. Ammo uning bittagina siri bor: bizning jonginingdan aylanay “Paxtakor” futbolni yugurib emas, yurib o‘ynaydi.
Mayli, horijliklarga ham aql bitib qolar. Ular ham shunaqa o‘yinni o‘rganishar. Ana o‘shanda…
Ko‘rasiz tomoshani! Hamma “Paxtakor” kabi o‘ynay boshlasa nima bo‘ladi? Nima bo‘lardi, chempion bo‘ladi-da? O‘zbekiston chempioni bo‘lishi-ku, naqd narsa. Undan keyin Osiyo chempionlarining dodaxo‘jasi bo‘ladimi? Undan keyin Afrika chempionning burnini yerga ishqaydimi?  Hozircha dunyo chempionlarining kubogi yo‘q. Nega yo‘q, bilasizmi? Chunki “dunyo chempioni” degan nomga loyiq komanda yo‘q. “Paxtakor” hammani o‘z yo‘rig‘iga solib olganidan keyin shunaqa chempionat ham o‘tkaziladi. Ana o‘shanda finalda, ya’ni hal qiluvchi o‘yinda “Paxtakor” bilan Braziliyaning “Santos” klubi to‘qnashadi.
Bunday chempionat o‘tkazilishi va unda “Paxtakor”ning mutlaq g‘olib bo‘lishi qiyin masala emas. Bizni hozirdan tashvishga solayotgan masala – o‘sha hal qiluvchi o‘yindan reportajni kim olib boradi? “Professional sport sharhlovchilarimiz ko‘p-ku?” deysizmi? Siz nimanidir so‘ramoqchimisiz, birodar? “Professional sport sharhlovchisi”ning kimligini bilmaysizmi? Unda uqib oling: reportaj chog‘ida bir tog‘dan, bir bog‘dan kelsa, gaplariga birov tushunmasa – o‘sha proffessional sport sharhlovchisi bo‘ladi. Demak, final o‘yindan reportajni shu azamatlar olib boradi-da, demoqchimisiz? Tartib-qoida bo‘yicha shunday. Lekin o‘sha kuni uning qo‘shnisinikida to‘y bo‘lib qolsa-chi? To‘yni tashlab kim final o‘yiniga boradi? Yoki endi ishga otlanganida qo‘shnisi chiqib “keliningizni to‘lg‘oq tutib qoldi, mashinangizda tug‘ruqxonaga olib borib qo‘ying”, desa-chi?
Xullas, bu muammoga hozirdan tayyorlanishimiz kerak. Reportajni faqat futbol sharhlovchisiga yuklamay, boshqa kasb egalarini ham bu vazifaga tayyorlab turish kerak.
Ana endi, ozgina tasavvur qilamiz: 2222 yil. “Dunyo chempioni” nomini olish uchun final o‘yin. Mikrofon oldida:

Professional sport sharhlovchisi:
Assalomu alaykum, qadrli sport muxlislari! O‘zbekiston televideniyesining kamera va mikrofonlari respublikamizdagi eng yirik “Paxtakor” stadioniga o‘rnatilgan. Bugun bu yerda “Paxtakor” va “Santos” komandalari o‘rtasida hal qiluvchi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. (Izoh:shu onda siyg‘oq bolalar uchun maxsus ishton ishlab chiqarilgani haqidagi reklama beriladi) Qani, ko‘raylik-chi, kim chempion bo‘larkin? Hozircha hisob ochilgani yo‘q: nol-nol. Eslatib o‘tamiz, hali o‘yin boshlangani ham yo‘q. Ie, ana, maydonga futbolchilar chiqib kelishmoqda. (izoh: bu onda qizlarni qazg‘oq balosidan qutqaruvchi shampun reklamasi beriladi) Sud’yaning jarangdor hushtagi yana bir necha daqiqalardan keyin maroqli o‘yin boshlangani haqida darak berish sharafiga muyassar bo‘ladi. Biz esa eslatib o‘tamiz: demak, hozircha hisob nol-nol! Nihoyat ko‘ngillarga shodlik ulashuvchi sudyaning hushtakchasi yangradi. To‘p tepildi. Qaytaraman, hisob – nol-nol! To‘p bilan Lopuxov. U oldinga intilmoqda. Uning ro‘parasida esa kutilmaganda raqib himoyachisi paydo bo‘lishga erishdi. Qani ko‘raylik-chi, Lopuxovning fintli mahorati o‘z natijasini ko‘rsata olarmikin? Ha, aldab o‘tdi. Birinchisini, ikkinchisini… mana bu yerda zarb bilan tepilgan to‘p nima uchundir himoyachining dumaloq boshiga kelib tushdi. Mahoratli to‘purar hujumchimiz xatoga yo‘l qo‘ydi. U tepgan to‘pi himoyachi boshiga emas, darvoza to‘riga tushishi zarurligini o‘ylab ko‘rmadi. Umid qilamizki, trener tanaffus paytida hujumchiga buni eslatib o‘tishni o‘ziga sharaf deb biladi. Diqqat qiling, to‘p bilan Zverev. Qani ko‘raylik-chi,  u nima qila olarkin? Himoyachilar to‘pni osmoni-falakka ko‘tarib yuborish ishini epchillik bilan amalga oshirishdi. Shu payt chaqqonlik bilan yugurib chiqqan Kozlov to‘pni boshi bilan tepib, darvozaga yo‘naltirishga erishdi. Demak, hisob ochildi, bir-u nol, oldinda “Paxtakor”. Hujum esa davom etmoqda va Lopuxov burchakdan to‘p tepish burchini qo‘lga kiritdi. To‘p tepildi! Yana Kozlov!! Ammo… bu safar to‘p mashhur to‘pteparning boshiga yetib kelishni o‘ziga ravo ko‘rmadi.
Ana, nihoyat sudyaning xushtagi “Paxtakor”ning chempion bo‘lganidan darak berdi. Shuning bilan reportajimizni yakunlaymiz. Reportajni Falonulla Pismadonxo‘jayev olib bordi.
***
Tasavvur etaylik, hal qiluvchi o‘yin kuni Falonulla do‘stimiz bir sabab bilan xizmatga kela olmadilar. Nima qilish kerak? Televideniyeda xizmat qiluvchilarning aksari shoirlardir. Ehtimol, reportaj olib borishni shulardan biriga yuklarmiz. Har holda shoirlar gapga usta bo‘lishadi. Eplashar?

Demak, shoirdan eshitamiz:

Assalom, ey do‘st, assalom,  ey yoronlar! Bugun biz ko‘m-ko‘k maydonidamiz sevimli va ardoqli komandamizning. Atrofda gulgun chehralar. Yurakda quvonch, ko‘zlarda shuur! Qalblar tepadi hayajondan, shavqdan va zavqdan. Maydonning barra maysalari mayin bosh egadi futbol egalarining mahoratidan. Ardoqli va e’zozli futbolchilarimiz harakatiga qarab she’r aytging keladi kishining:
Oyoqlar, oyoqlar
chayir oyoqlar,
zarang oyoqlar
tepadilar to‘p.
Mayin maysa uzra
yumalar
to‘p
xo‘b!
Chempionlik lazzatin
oh!
surmoq soz,
ammo vaqt oz…
Darvoqe, sekundomerimizga qaraymiz, o‘yin boshlanganiga o‘ttiz sakkiz minut bo‘libdi. Endi vaqt kelmishdir to‘p ahli bilan tanishtiroq yumushlariga. Bizlarga raqib bo‘lmoqlik ila tashrif buyurmish mehmonlar kimlardan iborat? Muborak orqa tomonlariga alifday “bir” raqami bilan zarblangan shoirimiz, yo‘q, uzrlar bo‘lsin, o‘yinchimiz – ismlarini bilmayman, ammo Pushkinga o‘xshab ketadilar. Futbolni bekorga poeziya deb sharaflamaydilar. Ishtoni jiyagiga ikki raqami zarblangan yigit Jo‘rj Bayronning huddi o‘zginasi. Shuningdek, maydonda Geyne, Lermontov, Lorka kabi ulug‘larni eslatuvchi yigitlarni uchratamiz-ki, bu qalblarimizga olam-olam nur berajak.
Yana qaraylik vaqt hisobini qilg‘uvchi soat millariga: ufqqa bosh qo‘ymoqdadir ikkinchi bo‘limning yigirma beshinchi daqiqasi ham. Shu o‘yining qaysi bir daqiqasida mavlono Kozlov ixtiyorlari ila kiritilgan to‘p hozircha yakkadir va yagonadir! Bunga tarix bermoqdadir guvohlik. Bizni behad sarafroz aylaganlari uchun “barakalla, Kozlovjon!” degimiz keladi. “Ofarin, mulla Kozlov!” degimiz keladi hayqirib.
Qandayin abjirlik, qandayin tezlik bu! Lol qolasan kishi futbol zahmatkashlarining mahoratiga. Yana tilga she’r quyulib keladi, ash’or quyilib keladi. Ofarinlar deging keladi ularga – azamatlarga, bahodirlarga.
Ana, nihoyat quloqlarga xush yoquvchi hushtak yangradi maydon uzra. Maysalardan maysalarga urilib yangradi bu hushtak ovozi. Ya’nikim, tugadi o‘yin! Ro‘y bo‘ldi tunlarni kunlarga ulab qilingan orzu. Bunchalar nafis, bunchalar go‘zal, deging keladi bu san’at ahliga qarab. Ularni qutlamoq payti keldi, do‘stlar, ularni tabrik etmoq, olqishlamoq lahzasidir bu damlar. Ash’or to‘qiymiz ular sha’niga, she’r to‘qiymiz! Toki ular jasorati qalbga, dillarga, yuraklarga muhrlangay bir umr!
***
Shoir hazratlari bir kun avval maydan andak bisyor no‘sh etgan bo‘lsalar,xizmatga kelolmay qolishlari ehtimoli bor. Shu bois so‘zni  adib janoblariga bera qolamiz:
Adib:
Sezganmizsiz: kunlar yumaloq to‘p kabi yumalab-yumalab o‘taveradi. Stadionning o‘n ikkinchi sektorini qoralab ko‘tarilgan quyosh, maydonni qizdira-qizdira, oxiri charchab, o‘ttiz to‘qqizinchi sektor ortida yonboshlab yotgan bepoyon ufqqa asta bosh qo‘yadi. Ammo u yotog‘iga bosh qo‘ymay turib, bugun sababsiz issiq sel ufurganidan xijolat bo‘lganday, stadionni to‘ldirib o‘tirgan futbol muxlislariga uyatchan boqadi, ularni qiynab qo‘yganidan astoydil uyalib, qip-qizarib ketadi. So‘ng o‘zini oqlamoqchi bo‘lganday shabadani chorlaydi. Chinor shoxlarini shitirlatib yetib kelgan shabada muxlislarning issiqdan bo‘g‘riqqan yuzlarini asta siypalab, ular qalbiga mahzunlik baxsh etadi. So‘ng pastga o‘rlab, maysalar kokilini o‘ynaydi, go‘yo ularga ertak so‘ylayotganday bo‘ladi.
Tabiat beqiyos oqil va go‘zal. Uning donoligi oldida ne-ne daholar tiz cho‘kmagan. Axir kun bo‘yi saraton quyoshi qizdirgan shaharda shabadaning aynan shu paytda, futbol o‘yini avjga mingan mahalda esishi ajabtovur hodisa emasmi?
Mana, o‘yinning ikkinchi bo‘limi ham nihoyasiga yetyapti.  Onda-sonda ufurayotgan shabada hamon muxlislar dilini ravshan etadi.
Odatda shunday bo‘ladi. Qiziq. Shabada esaveradi, o‘yin esa davom etaveradi. Tabiat sehriga mahliyo bo‘lib, hisob ochilganini ham sezmay qolasan kishi. Ha, azizlar, quyosh stadion uzra so‘nggi nurlarini sochayotganda hisob ochilgan edi. Bu ondagi futbolchilarning ichki kechinmalarini ifoda etmoqqa so‘z ojiz!
Sezganmisiz: o‘yin tamom  bo‘ladi. Shabada esa go‘yo bilmaganday esaveradi, esaveradi. So‘ng kech kiradi, so‘ng tong otadi. Tabiat sehri ana shunaqa!
Darvoqe, o‘yin hisobining ahvoli qanday ekan? Buni zukko muxlislar ertaga gazetadan bilib olsalar ajab ermas.
***
Tabiatning ajabtovur sehrlaridan yana biri shuki: kechagi mayxo‘rlikda shoir  bilan birgalikda adib ham bo‘lishi ehtimoli bor ekan. U holda umidimiz tanqidchidan.
Tanqidchi:
Sportimiz tarixida yangi sahifa ochayotgan bugungi uchrashuv haqida so‘z boshlashdan avval “Paxtakor”ning avvalgi o‘yinlariga qisqa ekskurs qilish joizdir. Shundagina bugungi uchrashuvning asl mohiyati yaqqol aks etadi. Atoqli futbol bilimdoni N.Olimov ta’kidlaganidek, asosan oyoq bilan (ya’ni tepib), ba’zan esa bosh yordamida tekis maydonda o‘ynaluvchi futbol ahamiyati jihatidan sportning boshqa turlaridan keskin farq qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, futbolchi (yoki to‘p tepuvchi) yaxshi yugurishi va kerakli paytda to‘xtab tura olishi barobarinda maydonga yotib olish iste’dodiga ham ega bo‘lishi shart. Ana shu iste’dod qirralaridan tashkil topgan komanda “futbol komandasi” deyiladi va “Paxtakor” shunday komandalar silsilasiga kiradiki, bu bizlar uchun muhim ahamiyatga egadir.
Shu o‘rinda “Paxtakor” o‘z uslubiga ega komanda ekanini alohida ta’kidlash zarur. Agar biz komanda o‘yinchilarining ichki ehtiroslariga, ya’nikim, qalb nidolariga quloq tutsak, ularning kamroq to‘p urib, ko‘proq o‘tkazib yuborishga mayllari zo‘r ekanini sezamiz. Ammo bu o‘tkinchi  mayl. Futbolchilar ichki kechinmalarini yenga oluvchi matonatli yigitlardirlar (kursiv bizniki). “Paxtakor” yildan yilga o‘sib boruvchi komanda. Avvallari uning harakatida epiklik, ya’ni maydonni keng qamrab olish yetishmas edi. O‘yinchilar maydonning faqat ma’lum maydonlarida yiqilar va shu ma’lum maydonda huzurlanib yotishni xush ko‘rardilar. Komandada ijodiy ko‘tarinkilik ma’lum ma’noda oqsar edi. Asar qahramonlari, iye, uzr, sal o‘tlab ketibmiz chog‘i, demak, jamoa, ya’ni komanda futbolchilari to‘pning yo‘nalishini  kuzatishda aktiv qahramon darajasiga ko‘tarila olmas edilar. Hozir unday emas.
Xulosa qilib aytsak, “Paxtakor” o‘yinlariga ilmiy-nazariy nuqtai nazardan yondoshib, ko‘p fikrlar bildirishimiz mumkin edi. Ammo to‘qson minutlik qisqa vaqt ichida buning imkoni yo‘q. Chunki reportajimiz oxirlab qoldi. Agar yanglishmasak, “Paxtakor” bugun “Real” komandasiga qarshi mahorat bilan to‘p surdi. “Paxtakor”ning bugungi raqibi “Zenit” ham bo‘lishi mumkin, degan ehtimolni ham nazardan qochirmaymiz. Endi to‘qson minutlik o‘yinning oqibati, ya’ni hisob haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, bu alohida ilmiy izlanishni taqozo etadi. Shoshqaloq muxlislarga esa “Axborot”ning so‘nggi sport sahifasiga murojaat qilishlarini so‘raymiz.
***
So‘nggi daqiqada ma’lum bo‘lib qoladiki, tanqidchi janoblarining hamqishloqlari “suv bilan sutning qo‘shilishidan hosil bo‘luvchi massa” mavzuida doktorlik dissertatsiyasi yoqlar ekanlar. Himoyaga bormaslik gunoh emas-ku, ammo ziyofatdan yuz o‘girish olimona ish emas. Shu bois, boshqa odam topishga to‘g‘ri keladi. Bo Xudo, shoir, adib, tanqidchi bo‘lish shartmi? Ana, muxbir ukamiz bekorga o‘xshaydilar. Shu yigitga ishona qolaylik:
Muxbir:
Biz tushgan oppoq “Mersedes” mashinasi tep-tekis asfalt yo‘ldan yelib borar ekan, asov quyosh hali adl teraklar ortiga yonboshlamagan edi. Stadionga kelib, atrofga hayrat bilan tikildik: bag‘riga ellik to‘qqiz ming to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiz ashaddiy muxlisni sig‘dira oluvchi stadionda ajoyib bir ko‘tarinkilik hukmron. Stadion uzra muxlislar simfoniyasi yangraydi.
Maydonda esa g‘alaba ishtiyoqida yonayotgan futbol ustalari zavqu shavq bilan to‘p suradilar.
Muxlislar rohati yo‘lida samarali yugurayotgan Kozlov komandadoshlari boshlab bergan yuksak sur’atga “Labbay!” deb javob berib, “Valaki-salang” qo‘shma korxonasida sifatli qilib to‘qilgan to‘rga to‘p kiritdi!
Muxlislar Kozlov janoblarini olqishlayotgan paytda biz unga savol bilan xayolan murojaat etamiz:
Savol: Hormang, janob Kozlov!
Javob: Bor bo‘ling.
Savol: Iltimos, muxlislarimizga o‘zingizni tanishtirsangiz?
Javob:Men, Kozlov, futbolchiman.
Savol: Ayting-chi, hozir nima bilan bandsiz?
Javob: Hozir futbol o‘ynayapman.
Savol: Oilangiz haqida gapirib bersangiz.
Javob: Hozircha oilamiz uncha katta emas, yaqinda “Bebbi” degan itim tug‘adi. Shunda ko‘payishamiz.
Savol: Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?
Javob: Bo‘sh vaqtimni itimga bag‘ishlaganman.
Savol: Qanaqa taomni xush ko‘rasiz?
Javob: Tekin taomni.
Savol: Endi to‘p tepish sirlari bilan o‘rtoqlashsangiz?
Javob: To‘pni tepish uchun uni avvalo yerga qo‘yish kerak.
Savol: Uzr, gapingizni bo‘laman. To‘p dumaloq bo‘lishi shartmi?
Javob: Ha, iloji boricha yumaloq bo‘lgani ma’qul.
Muxbir: Rahmat, janob Kozlov, bundan keyingi zafarli ishlaringizda ulug‘dan ulug‘ muvaffaqiyatlar tilayman. Itingiz tuqqanida beshik to‘yiga aytsangiz, bu haqda alohida ko‘rsatuv tayyorlab, muxlislarimizni quvontiramiz.
Aziz tomoshabinlar, uzr, xayoldan haqiqatga ko‘chamiz. Qarang, o‘yin yuksak ko‘tarinkilik ruhida davom etmoqda va sekundomer millari saodatli daqiqalarga chorlamoqda. Biz ko‘pmingli muxlislar nomidan “Paxtakor”ning bundan keyingi g‘alabalariga ham tilakdoshmiz.
***
Reportaj olib borishni muxbirga ishonishimiz ham xomroq ko‘rinyapti. Chunki o‘sha kuni homiy tashkilot rahbarining uyida ziyofat bo‘lsa, muxbirga choy tashishday ulug‘ mas’uliyatli ish topshiriladi. Demak, undan umid yo‘q. To‘xtang-chi, hov anavi kishini taniyapsizmi? Ie, ha, musiqali drama teatrining artisti-ku? Qani, iltimos qilib ko‘raylik-chi, bu yerda bekorga yurmagandir?
Musiqali drama teatri artisti:
Assalom, ey “Paxtakor”!
Assalom, ey muxlislar!
Assalom, ey bo‘lajak chempion! Bugun biz ajoyib tomoshaning guvohi bo‘lamiz aziz shinavandlar.
Ey quyosh, ko‘rsat yuzung,
Go‘llarga to‘lsin to‘rlar.
G‘alabadan quvonsin
Jo‘ralar, o‘rtoqlar…
Shunday qilib, biz gollar shaydosimiz. Ana, Lopuxov. Qo‘limiz ko‘ksimizda, sahovatpesha Lopux o‘g‘li! To‘p esa maydonda javlon uradi. Serzavq shinavandalar olqishda! Lopuxov, Zverev, Kozlov ayniqsa ildam!
Uchchalasi bo‘ydoqdir, ho bo‘ydoqdir,
Ammo ahil o‘rtoqdir, ho o‘rtoqdir.
Jo-o-o-no-ney! Ularga hamla qilgan
Raqib oyog‘i cho‘loqdir, ho cho‘loqdir,
Voy dod-e…
Shinavandalar ularga pul qistirish ishtiyoqida yonadilar. Ammo shavkatli militsiyamiz bunga yo‘l bermas! Yo‘l berganda ham pul qistirmoqqa boshlarida do‘ppi yo‘q erur, ishtonga qistirmoq esa isnod erur.  
Xullas, o‘yin yuksak saviyada davom etadi. Tomoshaning ikkinchi pardasi oxirlamoqda. G‘alabani nishonlash uchun apposionata yetishmayapti. Bo‘lmasa, hammasi go‘zal o‘tdi, go‘zal!
***
Artist janoblari futbolga kelmayotgan ekanlar. Shu stadionning orqasida istiqomat qiluvchi boy janoblarining erta-indin itlari bolalaydigan ekan, shu shodiyona munosabati bilan ziyofatcha tashkil etgan ekanlar. Futbol deganlari o‘yinchilarsiz ham o‘taverar-ku, ammo boy janoblarining ziyofatchalari ashulachisiz o‘tmas. Shu bois artistta ishonmaymiz. Ana, opera teatrining artisti kelyapti. Bularni hoynahoy ziyofatchalarga chorlashmas. Ko‘raylik-chi, balki reportajni shu odam olib borar.
Opera teatrining artisti:
Qisqa uvertyuradan keyin trener librettosi asosidagi futbol tomoshasi boshlandi. “Paxtakor”ning ajoyib rechitativ ansambl ekanini ta’kidlash lozim. Komandada beqiyos tertset, hatto kvartetlar bor. Bular ansambldagi arizo va kavatinalarni mutlaqo rad etmagan holda komandani g‘alabaga boshlaydi. Nihoyat, kutilgan o‘yin boshlandi:
Tepilguvchi to‘p bo-o-o-r endi,
Sudya bizga yo-yo-yo-r endi.
Choyxonada osh dam-lo-o-o-vchi
Trener unga zo-o-o-r endi.
Sudyalar  ansambli    o‘yinga mohirona dirijerlik qilmoqdalar. Solist o‘yinchilarning barchasi hozircha o‘z rolini katta iste’dod bilan bajarmoqda. Ana, Belkovni ko‘ring:
Bola, bola,
Bola degan qattiq teping.
Sekingina unga emas, bunga teping.
Raqiblarning jahli yomon, o‘rgilay,
Sekingina, bildirmayin, yotib teping.
Ie, ana, to‘p tepildi! Ammo… parda orqasiga o‘tib ketdi.
O‘n uch yildir darvozaga to‘p urmaydi,
O-o-o-o…
Maydon uzra otni jadal surmaydi,
Vo-o-ey…
Yotib olsa, o‘rnidan hech turmaydi-i-i-i…
Turmasa turmas. Tomosha tamom. O‘yin syujet xarakteriga, libretto stsenariysiga qat’iy amal qilgan holda “Paxtakor” foydasiga hal bo‘ldi. Ofarinlar va olqishlar…
***
O‘ylab qarasak, opera teatrining artistiga ham uncha ishonib bo‘lmas ekan. O‘sha kuni ularning teatrusiga besh-o‘n odam kirguday bo‘lib qolsa, u bechoralar ham sahnaga chiqib, tomosha ko‘rsatishga majbur bo‘lib qolishadi. Eng yaxshisi… Ha, ana, ana, kelyaptilar: yurishlariga hamma mahliyo, Hidoyatxondurlar bu kishi. “Maysaraning ishi”da ko‘rganmidingiz? Ehtimol futbol reportajiga ham mohirdirlar? Bir sinab ko‘rmaymizmi?
Hidoyatxon:
Shu deng, akaxonlar, maydonga tikilaverib ko‘z to‘ymaydi-ey! Yigirma ikkita norg‘ulgina, azamatgina yigitlar-a! Vujudlaridan kuch yog‘ilib turibdi-ey! Voy, qurmag‘urlar-ey, deging keladi. Oyoqlarini qarang, biram uzun, biram uzungina-ey! Hoy, qoravoy yigit o‘lmagur Kozlovjonning oyoqjoniga   tepib yuboray dedi-ya! Tepmaygina o‘lgin-a, juvonmarg! Shu norg‘ulgina yigitjon aziyat chekar ham demaydi-ya!  “Paxtakor”ning o‘yinchilaridan aylansang arziydi. Bitta to‘pni uri-ib qo‘yib, yayrabgina qolishdi. Ularning yelkalarini qarang: oh, oh! Yiqilsa naq yer titrab ketadi. Shularga bitta osh damlab, suhbatini olsang. Dunyo ko‘rgan-da, bular, ko‘-o‘p narsalarni aytib berishadi. Voy, birram  charchashdi, birram charchashdi bular, sudyasi tushmagurning qahri muncha qattiq bo‘lmasa. Chala qolmaysanmi  anavi savil qolgurni. Chu-u-u-r! Hayriyat-ey! Hamma ikki oyoqda turib qoldi. Xudoga shukur!
***
Xayoliy ko‘rik-tanlovimizni shu yerda to‘xtatib turaylik. Turli soha vakillarining reportaj olib borish salohiyatiga baho berish – sizdan. Shu bahoga qarab ularni 2222 yildagi hal qiluvchi o‘yinga taklif etamiz. Darvoqe, ko‘rik-tanlovimiz yakunlamaydi. Davom etadi. Ehtimol, siz ham biron kishining reportaj olib borishini tasavvur qilarsiz? Xulosamiz shuki, biz orzu qilgan o‘yin bo‘lib o‘tsa, reportaj olib boruvchiga zoriqmaymiz. Eng muhimi –  chempionlikka da’vogar bo‘lsa bas, bu yog‘i bizga tan. Xo‘sh, azizimiz “Paxtakor”, endi navbat o‘zlariga!