Tohir Malik. Dezdemonaning “sotka”si (hajviya)

Otello dunyoga kelib nima ham ko‘rdi-ya!
(Pattachining afsusi)

Rejiseer Ostonaqulov anchadan beri «Otello» spektaklini sahnalashtirishni orzu qilib yurardi. Oxiri rahbariyat aytdi-ki: «Puldor homiy topsang, sahnaga qo‘yaver. Istasang «Otello»ni qo‘y, istasang «Uyda chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir»ni qo‘y», deyishdi. Ostonaqul birovga «aka», deb bordi, boshqasining eshigini «tog‘a» deb qoqdi. Oxiri homiylar topildi. Tomoshani sahnaga qo‘yishga yetadigan pul topilganday bo‘ldi. Bundan quvonganicha ishni boshlab yubordi. Birinchi galda eng iste’dodli akterlarni tanlab, rollarni bo‘lib berdi. Dastlabki mashqlar boshlaganida homiylardan biri telefon qilib qoldi:

 

-Dezdemona roliga bir qizimiz bor, o‘shani o‘ynatasiz,-dedi.
Rejiseer Ostonaqulov Holsizova degan artist ayolni eshitmagan ekan, homiyning o‘zi mushkulini oson qildi:
-Go‘sht bozoriga borib, pattachi Yumalabtortarovni topasiz, u sizni Holsizovaga ro‘para qiladi.
Rejisser noiloj yangi Dezdemonasini ko‘rgani bordi. Avval pattachini topdi. Pattachi esa Holsizovani. Ungacha pattachi «qiz»ni ta’riflab berdi. Pattachi «qiz» deb ta’riflagan Holsizova  uncha qari emas, pensiyaga chiqqaniga hali besh yil to‘lmabdi. «Yoshlik – bevoshlik» deganlari to‘g‘ri ekan, o‘ttiz besh yil avval shu pattachi bilan picha don olishib qo‘ygan ekan, «yoshlikda bergan ko‘ngil ayrilmas balo bo‘lur» deganlaridek, o‘sha muhabbat kunlarining hurmatidan pattachi akasi bir marhamat ko‘rsatadigan bo‘libdi-da! Tabiiyki, Holsizova rejisserga yoqmadi. Yumalabtortarovga Dezdemonaning yoshi, tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishini tushuntirmoqchi edi, pattachi gapni kalta qilib qo‘ya qoldi:
-Agar shu qiz Dezdemona bo‘lmasa, pul ham bo‘lmaydi!
O‘sha kecha Ostonaqul uxlamay chiqdi. Ertalab esa Dezdemona roliga tayyorlanayotgan qizga ruhsat berib, Holsizovani chaqirdi. Ikki kundan keyin ikkinchi homiy qo‘ng‘iroq qilib, Otello roliga ammasining o‘g‘lini tavsiya qildi. Ostonaqulov o‘sha kuniyoq uni ko‘rib:
-Bo‘lmaydi, oqsar ekan-dedi.
-Bo‘ladi,-dedi Homiy,-Otello urushda yaralanib, cho‘loqlanib qolgan, deysiz, shunga ham aqlingiz yetmaydimi?
-Ko‘zlari ham sal… g‘ilayroq ekan…
-Ko‘ziga urushda o‘q tekkan…
Xullas oltmishdan oshgan go‘zal Dezdemonaga cho‘loq va g‘ilay Otello nasib etdi.
Uchinchi homiyning ham Otello va Dezdemona roliga da’vosi bor ekan, ammo avvalroq hurmatli akaxonlari band etgani uchun uncha savdolashib o‘tirmay, Yago rolini talab qildi. Talab qilganda ham birovni tavsiya etmay, o‘zi o‘ynaydigan bo‘ldi. «Do‘st bor, dushman bor, bizni ham bir sahnada ko‘rib qo‘yishsan». Yago boyaqishning bo‘yi bir yarim, eni, qoringa qo‘shib hisoblaganda, ikki quloch kelardi. Uni ko‘rgan odam yuryaptimi yo yumalayaptimi aniqlashi mahol edi.Bu homiyni Otello bilan Dezdemona bag‘oyat hurmat qilisharkan, birga o‘ynashga rozi bo‘ldilar. To‘rtinchi homiy Kassioni talab qildi. Uning jiyani soqov bo‘lgani bilan teatrni yaxshi ko‘rarkan. Xullas, boshqalar imo-ishora bilan gaplashadigan bo‘lishdi.
Rollar shu tariqa taqsimlanib, ish boshlanganida asosiy Bosh homiy yo‘qlab qoldi:
-Shekspiringiz kimligini bilmayman-u, ammo yozganini menga aytib berishuvdi unga qoyil qolmadim. Hayotni bilmas ekan. Bitta ro‘molcha deb xotinni bo‘g‘adimi? Qarang, bozor to‘la ro‘molcha. Shu bitta ro‘molchani deb odamlarni ikki soat laqillatib ushlab o‘tirmoqchimisiz? Yo‘q, men bunaqa bekorchi tomoshaga pul bermayman,-dedi u.
-Ro‘molcha yoqmayotgan bo‘lsa… Dezdemona nimani yo‘qotadi?-dedi rejisser ajablanib.
-Masalan… agar Dezdemonangiz kulturniy chuvixa bo‘lsa, sotka telefonini yo‘qotsin. Shunda Otello bola paqir «Ro‘molcha!» deb lalaymaydi. «Sotka! Sotka telefon qani?» desa hamma ishonadi. Ming dollarli sotkani yo‘qotgan xotinni bo‘g‘sa, arziydi. Xotini o‘ynashi bilan sotkada gaplashayotganda shartta bosishi kerak, eng yaxshisi shu, ukam!
Nochor Ostonaqulov bunga ham ko‘ndi.
Homiylar san’atsevar xalq ekan, yana ko‘p zaruriy o‘zgartishlar kiritildi. Shekspirning nomi boshqacharoq bo‘ldi: Sheks Pirov, Otello – Otaulla, Dezdemona – Dili Rabo, Yago – Yahyoga aylandi. «Otello – krutoy yigit» degan xulosaga kelgan Bosh homiyning talabi bilan Otello Dezdemonani o‘ldirish uchun yollanma qotil yollaydigan bo‘ldi.
Ish shu yerga kelganda o‘sha yollangan qotilni o‘ynaydigan akter topilmay turibdi. Aktyorku bor-a… unga homiy yo‘q. Ie, ana, homiy ham topildi. U aytgan akter ham taklif qilindi. Ana xalos, merganni o‘ynaydigan bu odamningg ikki ko‘zi ojiz ekan-ku? Ha, mayli, bu ham muammo emas, miltiqni bir ko‘zni yumib otadimi, yo ikkalasinimi – farqsiz, baribir miltiqning o‘qi yo‘q-ku?