“Yulduzlar mangu yonadi” qissasi ilk marta “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan. (“Sharq yulduzi”, 1977, 10-son.) 1980 yilda bu qissa G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida “ABK” – “Avtorning birinchi kitobi” seriyasi ostida chop etiladi. Keyinchalik qissa qayta ishlanib, “Qo‘shiq” kitobiga (1987) “Davra” nomi bilan kiritiladi (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti). “Davra” yozuvchi tomonidan yana qayta ishlanadi — endi “Yulduzlar mangu yonadi” nomi bilan “Ot kishnagan oqshom” qissalar to‘plamida chop qilinadi (“Sharq” nashriyot-matbaa kontserni Bosh tahririyati, 1994).
I
— Odamlar-u odamlar, tog‘da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar! Bugun ha-a-amma Zulfiqor polvonnikiga sunnat to‘yiga, he-e-e-ey! Chu, jonivor!
Egar qoshiga to‘n solib olmish jarchi guzarma-guzar ot o‘ynatdi. Xo‘jasoat qishlog‘i ahlini to‘yga chorladi.
Xiyol o‘tmadi. To‘y bekasi otda eshikma-eshik yurdi. Xonadonlarni alohida-alohida aytdi.
Xonadon bekalari:
— Quruq ketmang, — deya egar qoshiga to‘n ildi. To‘y bekasi yuziga fotiha tortdi.
— Iloyim, sizlarnida to‘yga yetkazsin, — deya tilak tiladi.
Keyin, Zulfiqor polvon ot mindi.
El-yurtni o‘z nomidan aytdi.
El-yurt ko‘ngli nozik-da.
To‘y bekasi aytgan boshqa, to‘y xo‘jasi aytgan boshqa.
II
Tush vaqti ayollar bo‘g‘irsoq, qatlama, shirguruch ko‘tarib to‘yladi. Erkaklar qo‘y, tana yetaklab to‘yladi.
Tom ustida yonboshlab olmish Nabi oqsoqol to‘yxonadagi voqealardan ko‘z-quloq bo‘ldi, tegishli yo‘l-yo‘riqlar berdi.
Ayniqsa, kelajak mehmonlarni e’tibordan chetda qoldirmadi. Mehmonlar ko‘cha boshida qora berishi bilanoq, Nabi oqsoqol ovoz berdi:
— Kelinglar, mehmonlar, kela beringlar! — dedi. — Mingoy baycha , ayollarga peshvoz chiqib, qo‘llaridan dasturxonni oling! Qarang, Zulfiqor polvonning oshnasi Turdiboy echki yetaklab kelyapti! Anavi qo‘y yetaklab kelayotgan kuyovi Qurbonmikin? Ha, shuyakan! Ashurboy, qo‘ylarni ushlab, og‘ilxonaga qamang!
To‘yxonada o‘ynab yurmish bolalar eshik oldiga chopib keldi.
To‘ylovchi ayollar sochqilar sochdi: yong‘oq, pista, mayiz…
Bolalar qo‘llarini cho‘zib-cho‘zib sapchidi. Sochqilarni ilib-ilib oldi. Yerga tushganlarini talashib-tortishib qo‘ynilariga soldi.
Ikkita bola yumalab borayotgan yong‘oqni quvib ketdi.
Bolalar to‘da-to‘da bo‘lib, yong‘oq, oshiq, shumshak, quloqcho‘zma o‘ynadi. Do‘l, g‘irboydi, chillak, zuvillatar o‘ynadi…
III
Xolboy surnaychi ikkita doirachi bilan mumtoz musiqalar tarona etdi.
To‘yxonada olti doshqozon qator osildi.
Xizmatkorlar qur bo‘lib o‘tirib sabzi to‘g‘radi.
Dosho‘choqlardan samoga qop-qora tutun o‘rladi.
Doshqozonlardan zig‘ir moyga qovurilayotgan go‘sht hidi keddi.
Bir otliq taqimiga boshsiz uloq bosib to‘yxonadan chiqdi.
— Odamlar, Oqjarda ko‘pkari bo‘ladi! — dedi Nabi oqsoqol. — Ana, uloqni olib ketdi! Xohlaganlar borsin! Eslaringda bo‘lsin, kechasi olish bo‘ladi, ertaga yana ko‘pkari! Piyoda ko‘pkarisida bor! Ertaga piyoda poygayam bo‘ladi, ha!
Erkaklar ko‘pkaridan kunbotarda keldi. Qur bo‘lib-qur bo‘lib o‘tirdi.
Toboq-toboq palov suzildi.
Uchovora bir toboq bo‘ldi.
IV
Xuftonda ayollar davra qurib gulxan yoqdi.
Davrada chirsillab yonayotgan shuvoqdan buralib-buralib olov o‘rladi. Shuvoq hidi dimog‘larni qitiqladi.
Bolalar davra tevaragida quvalashib o‘ynadi.
Besh-olti bola jam bo‘ldi. Bir uy ichida yerni aylana qilib chizdi. Aylanani gir deb atadi.
Bolalar bir sonni belgilab oldi. Birovi bolalarni uch aylantirib sanadi. Mo‘ljaldagi songa tushmish bola girda qoldi.
U gir ichida engashdi. Ko‘zlarini qo‘llari bilan yashirib turdi.
Bolalar har tarafga sochilib yashirindi.
Girda qolgani ularni izladi. Girdanda ogoh bo‘ldi.
Kimda-kim uning ko‘zini shamg‘alat qilib, epchillik bilan girga chopib kirsa, shu g‘olib sanaladi.
U ayollar orasida bir bola mo‘ralab turganini sezib qoldi. Shu bolani davra aylantirib quvdi.
Bola girga qarab qochib, qo‘lga tushdi.
Bu orada boshqa bolalar girga to‘plandi.
Endi qo‘lga tushgan bola girda qoldi. Bolalarni izladi.
Bu, yashinmachoq o‘yini bo‘ldi.
V
Ayollar doirani yelpib-elpib, halqachalarni shildiratib-shiddiratib olovga tobladi. Davrada changqovuz bo‘zladi:
— Biyov-biyov-biyov!
Bir qiz olov girdida barmoqlarini qirsillatib-qirsillatib, changqovuz nag‘malariga xirom etdi.
Davrada ikkita go‘zal eshilib-eshilib o‘ynadi, to‘lg‘anib-to‘lg‘anib o‘ynadi: biri olov bo‘ldi, biri qiz bo‘ldi!
Ayollar nag‘malarga hamohang chapak chaldi. Jo‘shib-jo‘shib qiyqirdi:
— Kishtala-kish, kishtala-kish, hay-ha-a-a-ay!
— Ha, bo‘yingdan momong aylansin, o‘ynay ber, o‘zim kelin qilaman!
O‘ynagan o‘ynab, o‘ynamagan to‘n yopdi. Bo‘ydoqlar davraga o‘g‘rincha qarab, qayliq tanladi.
VI
To‘yxona kunchiqaridagi qisirpoyada bolalar ikki taraf bo‘ldi.
Bir taraf teskari o‘girilib, ko‘zlarini chirt yumib turdi.
Ikkinchi tarafdan qulochi kattaroq bola bir qarichcha oppoq mol suyagini qulochkashlab otib yubordi.
Suyak borib tushmish yerdan chang ko‘tarildi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi! — dedi.
Shundan keyin raqiblari o‘girildi. Har tarafga yoyildi. Suyak izlab ketdi.
Suyak otgan bolalar qatorlashib o‘tirdi. Raqiblarini qaradi.
Bolalar suyakni izlab-izlab, oxiri topib keldi.
Bordi-yu, topolmasa, suyak otgan bolalarning o‘zlari topib keladi.Tag‘in suyak otadi. Suyak ota berib-suyak ota berib, raqiblarini sarson qiladi.
Endi suyak otish gali uni topib kelganlarda bo‘ldi. Bu, oqsuyak o‘yini bo‘ldi.
VII
To‘yxona yonidagi hovlida erkaklar davra qurdi.
Bu davrada olish bo‘ladi.
Davra uzra simchiroqlar osildi.
Polvonlar oyog‘iga zax o‘tmasin uchun davraga somon sepildi.
Davra chetida yonib bo‘lmish olov cho‘g‘i yashnadi.
Polvonlar sovuq qotsa, ana shu cho‘qqa isinadi.
Tun sovuq bo‘ldi. Sovuqdan qor hidi keldi.
Davra junjikib-junjikib: — Uh-uh, qorning sovug‘i-ya, — dedi.
Darhaqiqat, Keragatoqqa birinchi qor tushdi.
Qorli cho‘qqilar oydinda elas-elas oqarib ko‘rindi. Tog‘ o‘ngirida televizor stantsiyasi chirog‘i yondi. Adog‘roqdagi to‘da chiroqlar — To‘xtamish, Chuqurobshir, Chinor, Lo‘kka, Zardaqul, Bodavo deya atalmish Vaxshivorning qishloqlari bo‘ldi.
Oy qishloq uzra osilib qoldi.
Yulduzlar g‘uj-g‘uj yondi.
Davra aylanasiga gilam to‘shaldi, ko‘rpacha to‘shaldi.
Mehmonlar hali kelmadi.
To‘rda o‘tirgan kolxoz raisi:
— Qulmat-ay! — dedi. — Qo‘shxonalarga bor-da, mehmonlarga xabar ber! Olish boshlandi, de! Chop, zuvillab borib, zuvillab kel!
Xiyol o‘tmadi, mehmonlarda keldi.
Olam-jahon odam bo‘ldi.
Davra liq to‘ldi.
Joysiz qolmishlar tik turdi. Davra sirtidagi mashinalarga chiqib o‘tirdi.
Davraga qarash uchun bo‘yi yetmovchi bolalar daraxt shoxlari ayrisiga chiqib o‘tirdi, devorlarga minib o‘tirdi.
Kolxoz raisi bosh bakovul bo‘ldi.
Bakovul oldida turli-tuman ro‘mol, gilam, kalish, choponlar bo‘ldi.
Bakovul ketida to‘y xizmatkorlari g‘unajin, qo‘y, echki ushlab turdi.
Bular sovrinlar bo‘ldi.
VIII
Davra sukutda bo‘ldi.
Bosh bakovul o‘rnidan turdi. Davraga murojaat etdi:
— Odamlar, uzoq-yaqindan kelgan aziz mehmonlar! Mana, jamoa jam bo‘ldi. Endi olishni boshlasak bo‘la berar. Bugungi davramizda vohamizga dong‘i ketgan Bo‘ri polvon o‘tiribdi. Davraga bakovullik qilishni shu kishiga topshirsak, nima deysizlar?
— Ma’qul, polvon bovaning suyaklari davrada qotgan! — dedi davra.
— Qani, polvon bova, davraga chiqing!
Odamlar orasida o‘tirgan Bo‘ri polvon o‘rnidan turdi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi.
— Odamlar, shunchalik izzat qildilaring, qulluq! — dedi. — Endi, biz qarib qoldik…
— Polvon bova, elning so‘zini tashlamang!
— El ataylab sizga yuz soldi-ya! Bo‘ri polvon chiqa bermadi. Shunda, rais o‘zi borib olib keldi. Bo‘ri polvonga Hotam polvon chiqdi.
Ular bosh bakovul qarshisida cho‘kkalab o‘tirdi. Bakovul sovrin aytdi:
— Sizlarga eng yaxshi to‘n qo‘yildi, omin, ollohu akbar!
Oqsoqol polvonlar go‘yo chippa-chindan olishib, davrani boshlab berishlari lozim.
Bo‘ri polvon kalishini yechdi. Mahsichan bo‘ldi. Qora choponi o‘ngirlarini qayirib, belbog‘iga qistirdi. Telpagini bostiribroq kiydi.
Keng ham do‘ng peshonasini, turtib chiqqan yonoqlarini siladi. Taka soqolini siladi. Kaftlarini tuflab-tuflab ho‘lladi.
Davra aylandi.
Hotam polvonga qarab qulochini uzun ochdi. Hotam polvon yoqasidan ushladi. Bir-ikki silkidi. Avaylab chil berdi.
— Yo, pirim! — dedi.
Davra qariyalarga qarab jo‘shib ketdi.
— Ha-ha, bo‘sh kelmang, polvon bova! — dedi.
— E, bo‘ldi-e, charchab qoldilaringiz!
— Polvon bova, unday chil bermang-e. Hotam polvonga tanisog‘lik kerak!
Oqsoqollar bir-birini qo‘yib yubordi. Bosh bakovul oldiga keldi.
Bakovul oqsoqollar beliga bittadan to‘nlik beqasam boyladi.
— Bali, kuchlaringiz barobar ekan! — dedi. Oqsoqollar bo‘sh kelmadi.
— Eb-ey, nimalar deyapsiz, rais bova? — dedi Hotam polvon. — O‘ngimga kelib edi-yu, tag‘in, Bo‘ri polvonning biron yeri lat yemasin dedim-da!
— Nima-nima? — dedi Bo‘ri polvon. — Ukkag‘ar Hotam polvon-e! Sizga o‘xshaganlarni manavi chinachog‘im bilan yiqitaman, ha!
Shunday qilib, ajdodlar udumi bajo keltirildi. Yoshlarga yo‘l ochildi. Oq yo‘l, yoshlar!
IX
Bo‘ri polvon davra aylandi. Davraga murojaat etdi:
— Xaloyiq! — dedi. — Davrada halol olishib, elga tomosha ko‘rsataylik! Haq-nohaqni men — o‘zim ajrim qilaman! Aytganim aytgan, deganim degan! Davradagi Bo‘ri polvon so‘zim: tarafkashlik, g‘irromlik, oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘ymayman!
Bo‘ri polvon tevarakka alangladi. Bir burchakda qunishib o‘tirmish besh-olti yoshli bolani ko‘rib qoldi. Bola raisning o‘g‘li bo‘ldi. Bo‘ri polvon atayin shu bolani yetaklab keldi.
— Otingiz nimaydi, polvon? — dedi.
— Shukuy!
— E, yashang, Shukur polvon! Bolalar, manovi Shukur polvon bilan olishadigan mard bo‘lsa o‘rtaga chiqsin!
Telpagi quloqlarini tushirib olmish bir bola chiqib keldi.
Ketidan otasi ovoz berdi:
— Polvon bova, manovi Ermat polvonni bir sinab ko‘ring!
Bo‘ri polvon Ermatningda qo‘lidan ushladi.
— Ermat polvon, — dedi, — siz manovi Shukuy… e, astag‘firullo, Shukur polvon bilan olishasizmi? O‘zi, yurak uryaptimi? E, bali, gap bunday bo‘pti-da! Qani, yuringlar. Rais bova, manavi polvonlarga duo bering. Do‘rjiroq zot qo‘ying, kelbatidan ikkoviyam katta polvonga o‘xshayapti!
Polvonchalar bosh bakovul ro‘parasiga cho‘kkaladi. Bakovul duo berdi:
— Sizlarga o‘zlaringiz bop bir to‘n, bir so‘m pul qo‘yildi, ollohu akbar! Yaxshiroq olishsalaring, yana bir zot qo‘shamiz! Yechinmasdan olisha beringlar, kun sovuq!
Bolalar davra aylandi. Ammo… chappa tarafdan aylandi!
Davra gurr etib kulib yubordi. Bo‘ri polvon bolalarni ushladi.
— Eb-ey, eb-ey! — dedi. — Manovi tarafdan aylaninglar! Kulmang, xaloyiq, polvonlar g‘ayratiga chiday olmay, shoshib qoldi, ha! Polvon shuytib-shuytib polvon bo‘ladi-da!
X
Bolalar davrani ikki aylandi. Qo‘l berib ko‘rishdi.
Shukur polvon choponi o‘ngirlarini qayirib, belbog‘iga qistirdi. Enkayib, o‘ng qo‘lini oldinga sermab bora berdi.
Ermat polvon ishtonini yuqoriga bir ko‘tarib qo‘ydi. Uyam qulochini sermab kela berdi.
— Ha, qulochginangdan, polvonchalar! — dedi davra. Shukur o‘ng qo‘li bilan Ermatning yoqasidan ushladi, chap qo‘li bilan bilagidan ushladi. Ikki oyog‘iga qo‘shib chil berdi.
Shukur yiqitayotib edi. Ammo yerga og‘ish vaqtida o‘zini eplay olmadi.
Oqibat, ikkovida baravar yiqildi.
— Bekor, it yiqilish bo‘ldi. Boshqatdan olishinglar! — dedi davra.
— Shukur polvon, qattiq-qattiq chil bering! Kim aytadi sizni raisning uli deb?
— Ermat polvon, ko‘p shalpaymang, dadil bo‘ling! Shukur yiqitdim, deya, bosh bakovul qoshiga o‘tirdi. Ermat davra o‘rtasida choponida ilashmish somonlarni qoqdi. Shukurga, keyin, Bo‘ri polvonga angrayib qaradi.
— G‘irrom, men yiqilmadim, — dedi.
Bo‘ri polvon Shukurning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
— Polvon, yiqitolmadingiz, boshqatdan olishing! — dedi. — Yelkangizni ko‘p siltamang. Yo, otangizga ishonyapsizmi? Otangiz idoraga rais! Davraga Bo‘ri polvon rais! Turing!
Shukur qoboq-tumshuq qildi. Otasi qabatiga o‘tib o‘tirdi.
Bo‘ri polvon Shukurni silab-suydi. Chuchuk-chuchuk so‘zlar aytdi:
— Shaytonga hay bering, polvon, chiqing endi. Aylanayin polvonimdan. Polvonimdan-da, polvonimdan-da…
Shukur iyib ketdi. Tag‘in davraga kirdi. Bu safar Ermat enkayib-enkayib keldi. Shukurning qo‘ltiqlari ostidan kirib ko‘tarmoqchi bo‘ldi.
Shukur Ermatning boshini ko‘kragi ostiga qisdi. Qo‘llarini qo‘ltig‘idan o‘tkazib ushladi. Yotibotarga oldi: o‘zi birdan orqaga yotib qolib, Ermatni ustidan oshirib otmoqchi bo‘ldi.
Ammo… o‘zi ostida qoldi!
Bo‘ldi kulgi!
Shukurga alam qildi. Ermatga qo‘lini musht qilib ko‘rsatdi.
— Sen bilan yanagi to‘yda olishaman! — dedi. Ermat bakovul ro‘parasiga o‘tirishi bilan bir talay bola chopib kelib yoniga cho‘kkaladi.
Shukurga tarafkash bolalar bir-biriga so‘z bermay talashdi, bakovulga elandi:
— Bova, Ermat polvon bilan meni olishtiring, u qalin oshnamni yiqitdi!
— Yo‘q, Ermat polvon bilan men olishaman. Shukur xolamning uli!
— Bova, Ermat polvonga meni chiqaring, Shukur bizning hamsoyamiz!
Davraga tag‘in bir bola — Xolyor keldi. Xolyor Shukurning bir yosh katta akasi bo‘ldi. Hayallashi boisi, u tut shoxida o‘tirib edi. Yerga tushib, davraga kirguncha vaqt o‘tdi.
Masalani Bo‘ri polvon hal etdi.
— Rais bova, Xolyor polvonga duo bering, ukasining ori uchun olishsin! Ming qilsayam emchakdosh-da! — dedi.