Tilab Mahmudov. Qora palto (hikoya)

Xumsondan kelib shaharda o‘qidim. Bultur qishda izg‘irinda bukilib, qorda yiqilib qishni bir amallab o‘tkazgan edim. Boshimdagi mushukmi, quyon terisidanmi qo‘lbola tikilgan quloqchinning foydasi kam bo‘ldi. Qish odamning oyog‘i bilan egniga yopishar ekan. Qishda yurish-turish, ko‘rinishing derazaday huvullab qoladi.
Onam bilan Mahbuba opamga shaharda o‘qib yurganimda sovuqning zahri, qishning qahrini aytganimda ikkalasi og‘ir ahvolga tushishdi. Xumson unaqa sovuq emas, u Xum-sonmi, Qum-sonmi, Qum-sangmi, ishqilib, atrofi tog‘ bilan o‘ralganidan sovuq ham, shamol ham, issiq ham tezda uchib ketmaydi.
– Ana, – dedi Mahbuba opam. – Hech xayolimizga kelmabdi, kuyovingizni urushda kiygan shineli bor. Shuni buzib Tilavoyga palto tiktirib bersak bo‘larkan.
Dasturxon chetini chimchilab o‘tirgan onamning yoshli kipriklari silkindi, qosh-qovog‘i yorishdi.
Shinelni rayon markazidagi tikuvchi Gartmanga olib bordik. U bir qop yong‘oqqa palto tikib berishga rozi bo‘ldi.
– Juda issiq palto bo‘ladi, – dedi u mening bo‘yim, yelkamni o‘lchar ekan. – Katta odam bo‘lguncha tepkilab kiyasan.
Gartman ustimga quyib qo‘yganday loyiq paxta avrali palto tikib berdi. Paltoni shaharga olib jo‘nadim. Qish tashvishidan qutuldim, deb yurgan edim, yomg‘ir ketidan suvli shuvat yoqqan kezlarda maymun yig‘laydigan ahvolga tushdim. Shinel jundan to‘qilganidan uni qattiq sovuqda kiysang joning kiradi. Yomg‘irda qoldingmi, yo pag‘a-pag‘a qor yoqqanda ko‘chaga chiqdingmi, uyga qaytguncha paxtali palto toshday og‘irlashadi. Uni na siqib, na quritib bo‘ladi. Ivigan palto uch kungacha jiqqa ho‘l yotadi. Tanchaga yopaman, kechasi ko‘rpam ustidan tashlayman, qani qurisa? Ertasi kuni kiyishga majburman… Agar palto ivimasin desam, soyabon tutishim kerak, lekin soyabon otliqqa yo‘g‘u mendek yalangoyoqqa topilarmidi?
U paytlarda o‘g‘il bolalar alohida, qizlar alohida maktablarda o‘qishardi. Goho qizlar maktabi yig‘inlariga shu rayondagi o‘g‘il bolalar maktabi o‘quvchilarini chaqirib, o‘qituvchilar nazoratida uchrashuvlar bo‘lardi.
Biz Muqimiy hayoti, ijodiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazdik. Men asosiy ma’ruzachi bo‘ldim. Muqimiyga bag‘ishlangan she’r bilan ma’ruzamni yakunladim:

…Zamondin ko‘rmayin zarracha shafqat,
Faryod deb o‘tdilar Muqimiy, Furqat…
Ularni o‘radi qayg‘u va kulfat,
O‘tdilar bog‘aro qilmayin suhbat.
Muqimiy qalbining nozik torini,
Alamlar, xo‘rliklar, yig‘ilar chertdi.
Muqimiy qayd qilar bahor borini,
Guliston, bo‘stonda yurgan yorini…

Kutilmagan qarsaklar yangrab, baland-past qiyqiriq, olqishlar bo‘ldi. Adabiyot o‘qituvchimiz bag‘riga bosib, “Balli, o‘g‘lim, sendan shoir chiqmasayam, o‘qiybergin, yozaber”, dedi.
Kecha tugab tashqariga birin-ketin jo‘naganimizda qo‘shni maktab qizlari terak tagida davra tortib turishardi. Ularning yonidan o‘tayotganimda bir qiz kelib “Kechirasiz, sizni bir minutga mumkinmi”, – dedi. Buni eshitgan o‘rtoqlarim qiyqirishib jo‘nashdi. Qizlar davrasiga yaqinlashdim. Bittasi bugungi she’rni berishimni, bittasi daftarini tutib dastxat yozishimni, boshqasi ma’ruzam matnini so‘radi. Qizlarni Ko‘kchadagi tramvay bekatigacha kuzatdim. Qizlar tezda tarqalishdi, ikkitasi ketmadi. Tanishdik. Birining ismi Nazira, ikkinchisi Malika. Men Tilavoyman. Ularni Sebzorgacha kuzatib qo‘ydim. Adabiyotdan yozma ishlarimni ularga berib turadigan, kerak bo‘lganda, ulardan oladigan bo‘ldim. Dam olish kuni Xadradagi kinoteatr oldida uchrashishga va’dalashdik.
Uchrashuvga Malikaning bir o‘zi keldi. Men ham Nazira emas, Malika kelganidan quvondim. Kinoga tushdik. Navoiy ko‘chasida biroz aylandik. Malikaga erkin mavzuda yozilgan yozma ishimni berdim. U keyingi hafta qaytarib bermoqchi bo‘ldi.
Bir necha oy ana shunday o‘tib ketdi. Qish kirdi. Yog‘ingarchilik boshlanishi bilan mening bulturgi tashvishim qo‘zg‘aldi. Bir kuni Malika bilan kinodan chiqsak, yomg‘ir tomchilayapti. Xadradan Sebzorgacha piyoda bordik. Malikaning uyiga yaqinlashmaguncha tomchilayotgan yomg‘ir faqat mening ustimga tushayotganday tuyuldi. Bir qop yong‘oq orqalagan odamday terlab ketdim. Buni sezgan Malika: “Paltongiz ividi, bu yog‘i mahallamiz, endi kuzatmang” dedi-da, xayrlashib ketdi. Azbaroyi palto og‘irligidan to‘xtab turgan tramvayga yugurib ham yetolmadim.
Bu ahvol ko‘p marta takrorlandi. Qor yog‘ishini bolaligimda qanchalik yaxshi ko‘rsam, endi osmonning qovog‘i soliq kuni yuragim orqamga tortib ketadi. Bugun yana qor, yomg‘ir yog‘adimi, yana uyga ivib-bo‘kib kelamanmi, deb tashvish tortaman. Shu paltodan qutulish yo‘lini o‘yladim. Uning qanchalik og‘irligini menchalik kim ham biladi? Sotib, o‘rniga boshqa yengilrog‘ini olsam-chi? “Sotolmasam almashtiraman” dedim-da, dam olish kuni ertalab Xastimomning oldidagi yoyma bozorga jo‘nadim. Har ehtimolga qarshi Mahbuba opam bergan o‘n so‘mlik qizil pulni cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Mabodo, yaxshi palto uchrab qolsayu, egasi rozi bo‘lmasa shu o‘n so‘mni qo‘shib beraman, undan keyin uchrashuvlarga yangi paltoda boraman, unda boshqacha ko‘rinsam kerak.
…Bozor to‘la odam. Umrimda birinchi marta bunaqa bozorda oldi-berdi qilishim. Paltoni yelkamga tashlab bozorni aylanib yurdim. Xaridor chiqmadi. Keyin uni qo‘limga olib: “Kimga palto, kimga palto?” – deb ovoz chiqargan bo‘ldim. Tiqilinch. Kimdir ayollar ko‘ylagini silkitadi, ikkinchisi qalpog‘ini maqtaydi, uchinchisi kostyum-shim taklif etadi, boshqasi mayin junli ro‘molni g‘ijimlab ko‘rsatadi, kimdir… ishqilib, kimda nima bo‘lsa, shuni sotish dardida. Paltomga hech kim qaramadi.
Bir mahal palto, plashch, nimcha ushlab turgan odamlar orasiga kirib qoldim. Ko‘zim tim qora paltoga tushishi bilan yuragim “shig‘” etib ketdi. Uni o‘rta bo‘yli, qo‘ng‘iz mo‘ylovli kishi ushlab turardi. Uning yoniga bordim.
– Sotasizmi? – deb so‘radim.
– Sotaman, – dedi u.
– Yo almashtirasizmi?
– Senga qaysi biri ma’qul bo‘lsa – shu, – deya qo‘limdagi paltoga qaradi. Keyin mendan paltoni olib u yoq-bu yog‘iga razm soldi. Ichini ochib ko‘rdi. “Hafsala qilibdi” dedi.
– Qani buni kiyib ko‘r-chi, – dedi yelkamga qora paltoni ilib.
Umrimda birinchi marta begona odam menga palto kiydirayotganidan boshqacha bo‘lib qoldim. Ustimdagi palto xuddi ajoyib, qimmatbaho narsaday tuyuldi. Tizzamdan pastini qoplab turgan, yengi yelkamga osilibroq tushgan palto biram yengil ediki…
– O‘g‘lim, senga juda yarashdi-ku, yana razmeri ham to‘g‘ri keldi, – dedi palto egasi.
Men xuddi paltoni oyna oldida tomosha qilganday yon-berimga engashib qo‘ydim. Engashsam, palto etagi yerga tekkuday, cho‘ntagiga qo‘limni tiqaman desam, cho‘ntak pastroqda, “hechqisi yo‘q” dedim ichimda, paltoda cho‘ntak asosiy narsa emas, u issiq, yengilligi yaxshi. Qora paltoda badanim qizigandan keyin uni yechgim kelmadi.
– Endi nima qilamiz? – dedim.
– Agar senga yoqsa, – dedi qora paltoning egasi. – Men almashtirishga roziman, faqat ustiga biroz qo‘shishingga to‘g‘ri keladi.
– O‘n so‘mdan ortiq pulim yo‘q, – dedim hech shu qizil pulni bergim kelmay.
Chunki unga yashashim kerak, Ko‘kchada bir choynak choy o‘n tiyin turadi.
– Ust-boshing omon bo‘lsa pul topiladi, okosi, – dedi u qat’iy. – Bu paltoga xaridorlar ko‘p. Senga xizmat qiladi, charchamay kiyasan…
Yonimda yo‘limga, ertaga choyxonaga pulim kamligiga achinmay, shunday qora paltoli bo‘lishdan og‘zim qulog‘imga yetdi. Ko‘kchadagi mahallamizga piyoda jo‘nadim, hovliga kirsam, Sanobar kennoyi uyda ekan. U meni qora paltoda ko‘rdiyu ag‘rayib qoldi. Tirjayib yaqinlashdim.
– Senmisan, Tilavoy? – dedi miyig‘ida kulib. – Uyimizga tsirkda ishlaydigan qiziqchi kelib qoldimi, deb o‘ylabman. Palto muborak bo‘lsin!
– Rahmat, kennoyi, qalay, yaxshimi, yarashibdimi? – so‘radim maqtov tagiga ko‘miladiganday hovliqib.
– Sotib oldingmi?
– Shunaqa paltoni arzonga beradimi?
– Men tekinga ham olmas edim, – dedi Sanobar kennoyi.
Nafasim ichimga tushib, ustimdagi uzun paltodan battar shalvirab qoldim.
– Rostdanmi? – dedim entikib.
Sanobar kennoyi palto ikki-uch razmer kattaligini, tepkilab kiyilgandan titilib ketgani, yelkalari osilib turgani, yana buning ustiga kuya tushganini ko‘rsatib, besh so‘mga arzimaydigan palto ustiga yana o‘n so‘m qo‘shib berganimni eshitib, jahli chiqdi.
– Ajab bo‘pti, xo‘p bo‘pti, endi bunaqa ahmoqlikni qaytarmaysan, – dedi.
Mayli, deb o‘zimni bosdim, palto qanaqa bo‘lsayam avvalo qora, kennoyining gapiga qaraganda, drap degan gazlamadan tikilgan, o‘zimnikiga o‘xshab paxtali emas, osmondan to‘kiladigan qor, yomg‘irda ivimaydi. Ke­yin uchrashuvlarga shinelda emas, shaharli bolalarga o‘xshab drap paltoda boraman. Toshkent Sibirmas-ku paxtali shinel kiysam?!
Malika bilan uchrashgan birinchi kundayoq u o‘zimga emas, ustimdagi qora paltoga qaradi. Keyin tezgina xayrlashib keta qoldi.
Shu kundan e’tiboran qiz o‘zgarib qoldi. U yozma ishlarimga qalam tegizmay qaytarib berar, qizning yozganlaridan men xato topolmas edim. Bora-bora yozma ish ayirboshlash salomlashishu xayrlashishdangina iboratga o‘xshab qoldi, biz na kino, na teatr, na hayvonot bog‘iga boramiz, Malikaning ko‘zlari xuddi qora paltomni teshib tashlayotganday g‘alati javdirayveradi. Oxirgi uchrashuvlarimizdan birida kinoteatr oldida uni ancha kutdim, oxiri Malikaning kelmasligini tushunib, yomg‘ir erinib tomchilay boshlagan paytda uning Qora tut mahallasidagi hovlisini eslab tramvay, avtobuslarning “Sebzor hammomi” bekati tomonga jo‘nadim.
Kun sovuq, izg‘irin burnim bilan quloqlarimni chimchilagani-chimchilagan, yozma ishlarni qo‘ynimga, qo‘llarimni qora palto cho‘ntagiga tiqay desam, cho‘ntaklar ancha pastda, noiloj, barmoqlarimni yengim ichiga tortib ketdim.
Vaqt peshindan og‘di. Qora tut mahallasiga yetib kelganimda yomg‘ir tinmagan, bo‘g‘otlardan oqqan suv ko‘chani loyqalatib jar tomonga chopardi. O‘zimni darvoza panasiga olib Malikalarning eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim.
Eshik ochilib Malika ko‘rindi, u bir zum tikilib turdi-da qaytib ichkariga kirib ketdi, yomg‘irdan qochib darvozaxona chetiga o‘tganimda u yozma ishlarimni qo‘ltiqlab chiqdi.
– Bu yil maktabdan keyin qayerga o‘qishga kirmoqchisiz? – dedi Malika sekin. – Mustaqil ishlaringiz yoqmadi. Uyg‘un, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjonlarni osmonga ko‘tarib, boshqalarni eslamagansiz. Osmonga tosh otmang, tosh do‘lga qo‘shilib yana boshingizga kelib urilmasin!
– Adabiyot o‘qituvchimiz Abdulla Qahhor haqida yozayapti, – dedim men. – Shu o‘qituvchim maslahatiga qarab yozma ish qoralayman.
– Mening fikrimcha, – dedi Malika. – Birovning gapiga qarab emas, o‘zingizdan kelib chiqib yozgan yaxshi, o‘ylab ko‘ring.
Hali suhbat oxiriga bormay yomg‘ir kuchaydi. Yozma ishlar qo‘ldan qo‘lga o‘tayotganda men Xastimom bozorida uchratgan, qora paltoni yelkasiga tashlab, “okosi” deb maqtagan mo‘ylovli kishi paydo bo‘ldi. Malikaga qarab qovog‘ini uydi-da, ichkariga kirib ketdi.
Men Malika bilan xayrlashmay ham jo‘navorsammi deb turgan paytim darvoza ochilib, haligi “okosi” bilan bir ayol paydo bo‘ldi. “Mo‘ylov” indamay keldi-da, egnimdagi qora paltoni yecha boshladi. Palto “okosi”ning bilagiga osilib tushgan zamon darvozaga suyalib turgan ayol qo‘ltig‘idagi shinel paltoni uzatdi. “Okosi” esa yonidan o‘n so‘mlik qizil pul chiqarib, uzatdi-da: “Boraqol endi, yo‘lingdan adashma” deb, qizini hovli ichiga itarib yubordi.
Men shovullagan yomg‘ir pardasi tagida yugurgancha Sebzor bekatiga, tramvayga ilinish uchun yugurdim. Yo‘qsa, paltom yana ivishi, men shu og‘ir matohni yelkamda ko‘tara olmay qiynalib qolishim aniq edi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son