Qrim-tatar xalqining yetakchi oydinlaridan biri – No‘mon Chalabijahonning so‘nggi kunlari haqida qissa
Allohning yo‘lida qatl bo‘lganlarni “o‘liklar” demang. Balki ular tirikdirlar, lekin siz sezmassiz.
Qur’oni Karim, Baqara surasi, 154-oyat.
I
No‘mon Chalabijahon oxirgi haftani Buyuk So‘noqdagi ota hovlisida, yaqin aqrabolari qurshovida o‘tkazdi. Ko‘zlaridagi avvalgi chaqinlar so‘nib, sochlariyu mo‘ylabiga oq oralab qolgani, hamisha tik gavdasi endi xiyol egilib, chehrasi ham tundlashib qolgani yaqinlari nazaridan chetda qolmadi.
Hayotining eng dolg‘ali va hal qiluvchi so‘nggi oylarida No‘mon xastalanib qolgan padari buzrukvori – atrof-deparaga dong‘i ketgan nasldor yilqilar egasi Ibrohimbeyni bir-ikki daf’agina yo‘qlashga fursat topa olgan edi, xolos. Oilaning butun jamg‘armasi saqlanib kelgan bank kasodga uchrashi bilan butkul xonavayron bo‘lgan Ibrohimbey ham birdan keksayib, cho‘kib qolganday ko‘rinar, atrofdagilarning baridan, hatto mana shu suyukli farzandi No‘mondan ham ko‘ngli qolganday edi.
Maslakdosh birodarlari safiga putur yetmasligini o‘ylab, o‘zi butun umr orzu qilgan yagona maqsad yo‘lidagi kurash bardavom bo‘lishi haqqi No‘mon Qirim hukumati va Qurultoydagi barcha lavozimlaridan iste’fo berganini uyidagilar “Millet” gazetasidagi bildiruvdan allaqachon o‘qib bilishgan, ammo yaqinlari bu mavzuda u bilan so‘z ochmaslikka urinishar, faqat hali bilagida yigitlik quvvati jo‘sh urib turgan No‘mon endi qay bir yumush etagini tutishini bilolmay halak bo‘lar edi.
To‘shakka mixlanib qolgan otasi No‘monga ta’nai dashnom to‘la ko‘zlari bilan qarab turgandek bo‘laverar, otaning nigohlari zamirida qotgan domangirlik uchqunlarini sezgani sayin bu uchqunlar to‘g‘ri yuragiga qadalayotgan kabi ichi g‘ashlanib, siqilaverardi. Axir otaki bor, o‘z farzandi arjumandining halovatini, halovatli turmushga esh-qo‘sh rivoju kamolini o‘ylamasmi? Ko‘p bora aytmabmidi axir, er kishiga yarashiqli kasb-kor payidan bo‘l deb? Ana, tujjorlikni tut, ham sayohatu ham tijorat deganlaridek, dunyo kezib, oilayu ro‘zg‘oringga barakai baror kiritasan. Shifokor yoki advokatlik ham binoyidek hunar. Bularning birortasi ko‘nglingga o‘tirmasa, ana, jillaqursa, o‘zimga o‘xshab, yilqi ko‘paytirib, yallo qilib yurmaysanmi? Yo‘q, bu kishim, o‘zboshimcha bu janob siyosatni tanladilar, taniqli arbob bo‘lib, xayolidagi orzulari yetovida hayyo-huyt ketdilar! Mana, oxiri nima bo‘ldi – xuddi birgina nobop qaror tufayli kasodga uchragan bankir kabi ne qilarini bilmay shumshayib yuribdi endi!
Ayni mahalda Abdulalimbey bilan Abubakir Chalabi amakilari bo‘lsa, Xudo bergan chinakam iqtidori – yozuvchilik maslagiga yana qaytishi uchun, astalik bilan No‘monda rag‘bat uyg‘otishga urinishar, illo, durustgina qalami bor jiyanlari ayni qobiliyati barq urib, go‘zal asarlar bitish yoshida ekanini ular yaxshi anglashar edi. Ilk mashqlariyoq No‘monni Qrim-tatar yoshlari orasida mashhur qilib ulgurgan, uning “Kobelek” va “Sariq lola” kabi hassos she’rlarini hamon maktab o‘quvchilari yod olib yurishganiyu, “Qaldirg‘ochlar duosi” hikoyasini esa adabiyot darslarida qiziqib mutolaa qilishlari bejiz emasdi.
No‘monning xayoloti yana qayta jo‘sh urib, ko‘nglida yangicha mavzularni qog‘ozga tushirish rag‘bati paydo bo‘lishi uchun amakilari uni olis yurtlarga – Hindistonu Chin-Mochin, Yaponiya va boshqa jozibador o‘lkalarga safarga otlantirishga ham shay edilar, bir vaqtlar Istanbul va Peterburgdagi tahsilini ko‘targanlari kabi bu gal ham suyukli jiyanning ijodiy sayohati sarf-harajatlarini o‘z gardaniga olishdan ular aslo qochishmas edi. Faqat No‘monning o‘zi bunga yo‘q demasa, xorijdan qaytib kelgach esa biri boshqasidan a’lo yangi asarlari bilan, ehtimolki, hali biror qalamkash qalamidan to‘kilmagan salobatli romani bilan, barcha muxlislari qatori, sahovatpesha amakilari dillarini ham xushnud qilsa bo‘lgani!
Kezlevlik boy savdogar Seit Abdu Hoji – No‘monnig qaynotasi ham xuddi shu fikrda, ammo uning ham bir sharti bor ediki, sayohatdan qaytgan kuyov halitdan hamma orziqib kutayotgan o‘sha bo‘lg‘usi kitobining ibtidoyu indallosini aynan uning chorbog‘ida – hali hukumat tadbiri, hali Qurultoy ishlari deb Boqchasaroyu Oqmachitga qatnayverganidan qizini qaytarib olib kelgan Hojining aynan o‘sha chorbog‘ida – yana qayta o‘z zavjai muhtaramasining mehribon panohida qog‘ozga naqshlamog‘i vojib edi. Qaynftaning bunday talabi zamirida ayricha ma’nolar ham bor ediki, olamshumul g‘oyalariga mukkasidan ketgan No‘mon xotinidan soviy boshlagandek tuyular, bunga sayin boyaqish ayolning ichini tinmay itlar kemirardi: olag‘ovur kentlarda ko‘hlikkina biror inqilobchi qiz bilan ilakishib qolmadimikan, ishqilib?
“Topgan gapingni qara-yu, – derdi shunda otasi, – sendan boshqa birortasiga uylanish niyati bo‘lsa, No‘mon allaqaysi inqilobchi qizga emas, maydalashib o‘tirmasdan birato‘lasi inqilobning o‘zigayoq uylanadi!” Kuyovining esli-hushliyu, odob-axloqli yigit ekanini yaxshi bilgan Hoji shunday gaplar bilan qizini kuldirib, hali yaxshi kunlar kelishini aytib, dalda berib turardi. Parijmi va yo Berlinda muhojirotda yurib, paydar-pay ishqiy sarguzashtlaru ayshu ishrat bilan andarmon o‘ris inqilobchilaridan batamom farqli o‘laroq, bu kabi zalolatni No‘mon aslo o‘ziga yaqinlashtirmasligi chin haqiqat edi.
Ushbu olis safar rejalari hech qachon ro‘yobga chiqmasligini bilsa-da, yaqinlari ko‘ngli uchun “xo‘p, o‘ylab ko‘raman” derdi-yu, ayni taloto‘p damlarda yolg‘izlikda xayollarini yig‘ishtirib olishni istab, arqonini uzgudek bo‘lib ortidan kishnagan arg‘umog‘iga ham qaramasdan, dashtning olis ichlariga bosh olib ketardi.
Ba’zan tashvishlarning bariga qo‘l siltab, Hindistonu Chin taraf ketmasa ham, hartugul qadrdon uyida xonanishin ko‘milib olganicha, yuragida yig‘ilib qolgan dardlarini jiddiyroq bir asar shakliga solishni ham o‘ylab qolardi. Shunday qilsa, birato‘lasi otasining qoshida bo‘lib, uning ginalarini ham aritarmidi… Hayhotdek uy va unga yondosh bog‘ ham qarovsiz qolibdi. Tahsil paytlari ta’tilga kelganida xuddi shu bog‘da ko‘ngil chigilini yozib, ertadan-kechgacha astoydil ter to‘kishni sevar, olma daraxtiyu yong‘oq nihollariga shakl berib, ular orasida turfa gullar o‘stirmoqchi edi. Atrofini qurshagan haybati ulug‘ tabiatning mo‘jazgina shu bo‘lagida baravj o‘sayotgan dov-daraxtlaru chechaklarning turfa ranglari uning qalbida dastlabki ilhom jozibasini uyg‘otib, ayni shu malohatli borliqqa bitmas oshuftalik ohanglarini qog‘ozga muhrlashiga undagan emasmidi?..
Sariq lola
Ilk bahordan mujda bergan sariq lola,
Koshki bunday so‘lmasayding hech bir tong-la.
Go‘zal suluv g‘unchang ila andomingni
Har kun sevar, o‘par edim ehtirom-la.
Ko‘nglimizni chog‘lantirding, sariq lola,
Men-da seni qizg‘onamen begonadan
Uzoqlardan, yeru ko‘kdan ko‘p sevamen
Quyoshlarning yulduzlarning ko‘zi yomon.
Sariq lola, boqchamizni shonlantirding,
Oz bo‘lsa-da, siniq ko‘nglim chog‘lantirding.
Erta sen ham sindirilib, tark etilib,
Ketar bo‘lsang bu jahonga nechun kelding?
Bu orada No‘mon dashtning musaffo havolaridan nafas olib, tobora uzoqlab borardi. O‘z xayollari bilan bo‘lib, butun yuzasi bo‘ylab taram-taram qizg‘ish chiziqlar tortilgan havorang xarsangtosh qarshisiga kelib qolganini payqamadi. Oyoqlarida horg‘inlik sezib tosh ustiga cho‘kdi. Beixtiyor yana xayollarining davomini bog‘ladi.
Oxirgi kunlarda uning xayolini aynan bir xil fikr zabt etgandiki, “muhtaram ustod Ismoilbey uning o‘rnida qanday yo‘l tutgan bo‘lar edi?”
Bundan to‘rt sana avval ustod bu dunyoga qo‘l siltab, baqo yurtiga rixlat qilgan mahal zamon boshqacha edi. Uning ikki shogirdi – Chalabijahon bilan Seydamet Ismoilbey o‘gitlarini ko‘ngilga jo qilib, Qrim elining qayta oyoqqa qalqishi choralarini endigina paypaslab ko‘rishmoqda edi.
Ismoilbey G‘aspirali biron-bir yuqori lavozimga va shu mavqedan kelajak hech bir imtiyozlarga zarracha talpingan emas. Qrimga paydar-pay yuborilayotgan kelgindi amaldorlarning baridan qobiliyatu salohiyati har qancha yuqori bo‘lmasin, u paytlar chor hukumati qrim-tatarlarini yuqori rutbalarga aslo yaqinlashtirmas edi.
O‘shandan buyon shugina qisqa vaqt ichida ko‘p suvlar oqib o‘tibdi-ya, ko‘z ochib, yumguncha butun bir davr almashib ulguribdi. Fevral inqilobi sodir bo‘lib, uning ortidan podsho ham taxtidan voz kechar ekan, turli-tuman demokratu har xil kadetlar ilgari surgan shiorlarga chin dilidan ishongan Chalabijahon va uning izdoshlari Qrim uchun loaqal muxtoriyatni qo‘lga kiritish zamoni keldi, deb o‘ylashgan edi. Ammo yil oxirlaguncha qolayotgan bir necha oy ichida vaziyat yanada tez o‘zgarib ketishini ular xayollariga keltirishmagan va mana, endi chinakam mustaqillik masalasini kun tartibiga qo‘yish masalasi pishib yetilgan edi.
O‘sha qisqa vaqt ichida turli majlislarda yuzaga chiqqan keskin munozaralar va otashin nutqlar Qurultoy faoliyatida parokandalik keltirib chiqarmasligi mumkin emasdi. Oqlar va qizillar, bolshavoy va kommunistlarning har bir nishli so‘zi qo‘rg‘oshin o‘qlarga do‘nib, Qurultoy va tetapoya Qrim hukumatining ko‘ksiga kelib qadalmoqda edi.
Qish-qirovli kunlarning siyrak tumanlari qoplagan dashtning olis uzoqlariga tikilgan ko‘yi o‘z o‘ylariga asir bo‘lib Chalabijahon o‘tirgan xarsangni gilamdek qalin yo‘sin qoplab olgan. No‘mon bu toshni ko‘pdan buyon ardoqli bir jism deb bilar, illo, sovuq kunlar bo‘lishiga qaramasdan, xarsang zamirida hamon saqlanib turgan iliq taft uning xayollarini jamlab, vaziyatga to‘g‘ri baho berishiga ko‘makchi bo‘layotganday tuyular, qalbida mas’um tuyg‘ular qo‘zg‘atish bilan birga, allaqanday sinoatli tarzda, ijodiy ilhom chechaklarini ham uyg‘ota boshlar edi.
Aynan shu joyda bir paytlar uning yana bir she’ri tavallud topgan, o‘shanda qizil qanot dasht kapalagi ortidan qalpog‘ini siltab borayotgan qizaloq chehrasidagi sururdan paydo satrlar tabiiy tarzda daftariga muhrlanib qolgan edi:
Kapalak
Bir kapalak ucha-qo‘na boqchalarda kezardi
Nastarinlar, nilufarlar bu malakdan bezardi.
Ochilgan u oltin ipak qanotlari g‘unchadek
lolalarga o‘xshar nozik, inja, hafif shunchalik.
Bir o‘quvchi qizcha ko‘rib ichiga o‘t tutashdi,
– Endi seni tutaman, deb, qalpog‘ini yechib chopdi.
Ko‘p quvladi – yetolmadi, qalpoq bilan urolmadi,
kapalakni tutolmadi, boshqa qaytib ko‘rolmadi…
Chunki u bir yosh g‘unchaga o‘pa-o‘pa yopisharoq,
Yaproqlarning ko‘lkasida ko‘rinmasdan yashringandi…
II
No‘mon xonanishinligining birinchi haftasi oxirlarida birinchi qor yog‘di. Tong sahar yaxlab ulgurgan yerga taraklab urilib, atroflarda sado berib yangragan tuyoq tovushini eshitib, avvaliga otxonadagi arg‘umoq ertalabki sayrga joniqib bezovta bo‘lyaptimi, deb o‘yladi.
No‘monning o‘zi bir paytlar ming azob bilan bazo‘r qo‘lga o‘rgatib jilovlab olgan va darhol Foriy laqabi bilan siylagan bedov bu do‘non, sohibi ikkovi hademay bepoyon dasht kengliklarida hur shamollarga yo‘ldosh yelajaklarini betoqat kutar, ammo No‘mon unga egar urmay dasht tarafga yolg‘iz o‘zi ketayotganini ko‘rib, domangir pishqirib, yer depsinib qolaverar edi. Ba’zan hojasining bu g‘irromlariga ko‘nmasdan arqonini uzib, uning ortidan chopib kelar, shunda ham ko‘ngli yolg‘izlikni tusagan No‘mon har safar uni ortiga quvib solar edi. Hojasi kabi qaysar Foriy amri qat’iyga istar-istamay ko‘nishga majbur qolardi. Eng yomoni, keyingi paytlar uni brichkaga qo‘shib, Jonko‘y shifoxonasiga qatnaydigan bo‘lishdi. Bunga sabab esa tobora sog‘ligi yomonlashib borayotgan katta sohib Ibrohimbeyni tabiblar ko‘rigidan o‘tkazib turish lozimoti edi.
Avvaliga uzoqdan eshitilgan tuyoqlar tovushi tobora yaqinlashar ekan, No‘monning xavotiri oshib, egniga po‘stinni tashladi-da, tashqariga yo‘naldi.
Sal naridagi quduq yonida kichik jussali, ammo to‘ladan kelgan bir odam otdan tushib keldi. No‘mon avvaliga uni tanimadi. Sinchiklab qarab, Jonko‘y yaqinidagi Oqsor masjidi imomi Vois Hoji ekanini bildi. Bir paytlar boshqa tolibi ilmlar qatori o‘zi ham shu imom qo‘lida shariat asoslaridan tahsil olgan edi.
Butun qiyofasidan zo‘r tashvish alomatlari bilinib turgan Vois Hoji salom-alikni ham unutib, shosha-pisha so‘zlandi:
– Hazratim, huzuringizga noxush xabar bilan kelganim uchun ma’zur tuting… Qizil bolshavoylar Oqmachitni egallab olishdi… Maslakdoshlaringizni hibsga olib, qatl etishmoqda… Musulmon qo‘shinimiz mardona jang qilishsa ham ularga bas kela olishmadi… Abobil qushlari qay bir yo‘llarda adashib, mo‘min birodarlarimizga madadga yetib kela olmagan ko‘rinadi.
Shum xabarni eshitib, Chalabijahonning yuzlaridan qon qochdi, peshonasidan reza-reza ter chiqib, ne javob qilarini bilmay jim turib qoldi.
Shajarasi qadim yunoniylarga borib taqaluvchi Hojining asl ismi Barba bo‘lsa-da, dini Islom panohiga o‘tgach, Vois ismi bilan siylangan edi. Qattiq hayajonlangan paytlari fikrini jo‘yali uqdirishga qiynalar, shunda qrim-tatarcha so‘zlarni topolmay, yunoniy kalimalarni qo‘llay boshlardi:
– Hammani birvarakayiga avaxtaga tiqishyapti. Jonko‘y kilsasi papazini ham kuppa-kunduzi hammaning ko‘z o‘ngida tutib olib ketishdi. Boshimizga ne kunlar keldi-ya?! Oxiri zamon deganlari shu bo‘lsami?! – No‘monning nigohida qat’iy bir qaror uchqunlarini sezib, Vois Hoji so‘zlashdan to‘xtab qoldi.
Qrimni taloto‘plardan asrash maqsadida Qurultoy tarafidan tuzilgan musulmon qo‘shini qoldiqlari va oq gvardiyachilarni chekinishga majbur qilib, yanvar oyi boshlaridayoq bolshavoylar Kezlev bilan Boqchasaroyga yaqinlashib kelishgan bo‘lsa-da, Qrim Respublikasining so‘nggi istehkomi – Oqmachit bunchalar tez ishg‘ol etiladi deb o‘ylamagan edi No‘mon.
– Men darhol yo‘lga otlanaman! – dedi Chalabijahon va uy tomon yurdi. – Hojim, kiyinib olgunimcha siz ham ichkarida isinib oling, lutfan.
– Nimalar deyapsiz, hazratim?! U taraflarga yolg‘iz borishingiz aslo aqldan emas. – No‘monning ushbu qaroridan Voizning xavotiri chandon oshdi. – Zamon ko‘p notinch, yo‘llarda har turli qalang‘i-qasang‘i yo‘lto‘sarlar urchigan payt. Ko‘ringanni qiyratib, uchraganni juvonmarg qilishyapti… Keling, hech bo‘lmasa Jonko‘ygacha sizga hamroh bo‘lay, undan narisi esa – Xudoga omonatdasiz.
Hojasi egarga sakrab minishi qulayroq bo‘lsin uchun Foriy-arg‘umoq xiyol egildi. Yo‘lga tushishlari bilan esa imomning qari qirchang‘isi oldida o‘zini ko‘rsatib qo‘yish uchunmi, tuyoqlarini namoyishkorona takillatib shahdam ildamlay boshladi. Muftiy ortidan qolmaslikka tirishayotgan Vois Hoji shu damda xatarlarni pisand etmasdan to‘g‘ri Oqmachit sari yuzlangan Chalabijahonning qarori qat’iy ekaniga amin bo‘ldi.
“Shogirdim tushmagur zig‘ircha o‘zgarmabdi, – xayolidan o‘tkazdi Hoji iftixor tuyib, – haliyam o‘shanday qaysaru o‘shanday qat’iyatli!”
Oqcho‘ra masjidiga yetgach, u yerda kelgusi ishlar barori uchun duoga qo‘llar ochildi:
“Daima devlet, nasibu djennet, xanelerge bereket,
ukyumetimizge devlet, toprak’larыna bereket, askerlerine
kuvet, barыshыk ogrunda muvafak’iyet Alla nasip eylesin.
Amin!”
Duolar o‘qilib, xayr-xo‘sh oldidan Vois Hoji yana xavotirlarini izhor qildi:
– Manzilga eson-omon yetib olarmikansiz-a?.. Jonko‘yda it egasini tanimay qolgan – jon qayg‘usida har yoqdan qochib kelgan qrim-tataru oq gvardiyachilar bilan to‘lib-toshgan hozir. Hazratim, qaroringiz baribir qat’iy bo‘lsa, nachora, ne derdim, faqat arg‘umog‘ingizni kaminaga qoldirib, o‘rniga mening qirchang‘imda yo‘lga otlaning. Do‘non otingiz ko‘rkamligi yo‘lto‘sarning diqqatini tortishi tayin. Xavotir olmang, Foriyni o‘zim Buyuk So‘noqqa eltib qo‘yaman. Qaytishingizni intiq bo‘lib kutadi uyingizda. Mening sharti ketib-parti qolgan qirchang‘imdan ayrilish unchalar taassufli emas. Xudo ko‘rsatmasin, ammo mabodo boshi buzuqlarga duch kelsangizu, otni tortib olishmoqchi bo‘lsa, zinhor taraddudlanmay qo‘shqo‘llab topshiravering, xudoyi sadaqa – joningiz omon bo‘lsa, bas!..
Shu payt No‘mon o‘ziga ayon noxush o‘ylarini xayolidan haydamoqchi bo‘lgan kabi yelkasini uchirib qo‘ydi. Nigohlarida yana avvalgi chaqinlar ko‘rinib, ko‘pdan beri ilk bor lablarida tabassum paydo bo‘ldi. Madrasa tahsili damlarida aynan shu Vois Hojining mehrli nigohlari ostida Qur’on suralarini qiroat qilgani yanglig‘ shu damda chehrasini ajib nurlar charog‘on etib turar edi.
Vidolashmoq istab, Chalabijahon arg‘umoqning qashqa peshonasiga yuzlarini bosgan mahal Foriyning mungli ko‘zlarida ma’yus yoshlar yiltirab ko‘rindi.
No‘mon Jonko‘y taraf yo‘l solib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Foriy o‘z ustidagi Hojini uloqtirib tashlamoqchi bo‘lib, bir joyda yer depsingancha uzoq kishnab qolaverdi. O‘z hojasidan ayro tushgan arg‘umoq ko‘kka sapchiyverib, imomni mayib qilishiga bir bahya qoldi, hojido‘ppiga o‘ralgan sallasi yechilib, yerga chuvalashdi. Baxayr, oxiri Buyuk So‘noqqa eltar so‘qmoqqa tushib olingach, ayriliq qismatiga nochor ko‘ngan bo‘ldi bu asov ot.
III
Yaqin kunlargacha osuda va xotirjam shahar bo‘lgan Jonko‘yda endi baayni bir qiyomat qo‘pgandi. Maydonu xiyobonlar turli ashqol-dashqollar ortilgan foytunlar bilan tirband, ot o‘rniga qari-qartanglaru bola-baqra qo‘shilgan qo‘lbola aravalar bu tirbandlikda yo‘lini topolmay sarosar ediki, tumonat taloto‘pni ko‘rgan odam butun shahar bir joyga jamlanib, olashovur bozorga aylanib qolganmi, deb o‘ylar edi. Tobora zo‘rayib borayotgan qiy-chuv, baqir-chaqirlar quloqlarni qomatga keltirgan. Kimdir yo‘qolib qolgan, yana allakim tiqilinchdan chiqa olmay halak. Imoratlar atrofini mudofaa uchun qum to‘latilgan qoplar bilan to‘sayotganu yo‘l yoqasida handaq qaziyotgan askarlar ham atrofdagi ushbu besaranjomlikni battar zo‘raytirishadi. Oqmachitdan chekinib, endi esa Jonko‘yda muvaqqat qarorgoh qurib, o‘zini Butun Rossiya xaloskori deya e’lon qilgan baron Vrangel qo‘shinlarining abgor va nochor qoldiqlari edi bu askarlar.
Jonko‘y deparasiga yetib borgach, Chalabijahon egardan tushib, qirchang‘ini jilovidan yetaklab oldi. Yo‘lda uchragan qochoq olomon hayqiriqlaridan ot hurkib o‘zini har tomonga tashlar, shunda No‘mon uni bir amallab tinchlantirib olar edi.
Qochqinlar orasida qrim-tatarlar ham ko‘p edi. Ularning ayrimlari No‘monni tanib, ortidan uzoq payt qarab qolishar, ba’zilari esa muftiyni ko‘rishlari hamono so‘nggi umidlari ham so‘nib borayotgan ko‘zlarini aybsinib olib qochishardi.
Chorasizlik girdobida horib-tolgan qochqinlarning tartibsiz izdihomi aro bir payt ajabsinish ovozi yangradi:
– Ko‘zlarimga ishonmayman, Chalabijahon, nahot bu o‘zingiz bo‘lsangiz?!
No‘mon ovoz kelgan tarafga qarab, Petrogradda fevral inqilobidan so‘ng qudratga kelgan Muvaqqat hukumatning guberniya komissari Bogdanov ad’yutantini bazo‘r tanidi – yaqinda polkovnik unvoniga noil bo‘lgan Rjeshevskiy egnidagi isqirt va titilib ketgan mundiri uning yuqori rutbasiga aslo yarashmas edi.
Polkovnik yonginasida handaq qaziyotgan askarga o‘qtalgan qamchisini ortiga yashirib, No‘monga savol yo‘lladi:
– Qayoqqa yo‘l oldingiz, tasadduq?
– Oqmachitga, – dedi Chalabijahon xushlamaygina.
– Ajalingizdan besh kun burun o‘lgingiz kelib qoldimi deyman? – kesatdi yana Rjeshevskiy. – Marks bilan Lenin haromzadalari qilayotgan ishlardan xabaringiz bordir?! Vatanparvar ofitserlarni oilalari bilan qo‘shib, qrim-tatarlaringizni ham, barini birvarakayiga qatli om qilib yotishibdi… Bu xunrezliklar boshida turgan shaytonning urg‘ochisi kimligini ham bilarsiz? Rozaliya Samoylovna Zalkind degan bir qanjiq! Benasab bolshavoylar udumiga ergashib, ota-bobosining ismi-sharifidan ham tonib, o‘zini o‘zi Zemlyachka degan laqab bilan siylab olibdi.
– Eshitganim bor… – dedi No‘mon manglayidan sizib chiqqan ter donalarini artaturib. – Hammaslak safdoshlarim huzuriga ketyapman…
– Millatdoshlaringiz bari shu yerda, – dedi bunga javoban Rjeshevskiy yonlaridan o‘tib turgan bola-baqralar o‘tirgan aravalarga ishora qilib. – Shularga qo‘shilib oling. Olomon qay taraf qochib jon saqlashni yaxshi biladi. Ular bilan birga ketsangiz, shoyadki joningiz omon qolsa.
Yoshi ancha katta bo‘lgani uchun ham polkovnik shunday betakalluf so‘zlayotganini No‘mon yaxshi tushunib turardi. Qolaversa, Bogdanov huzuridagi so‘roq mahali ushbu jangarining fe’l-atvorini durustgina tushunib olgan, shu bois uning bepisand so‘zlaridan xafa bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
No‘mon jimib qolganini ko‘rib, polkovnik ichki xo‘rsiniq bilan so‘zlariga qo‘shimcha qildi:
– Taassuflar bo‘lsinki, o‘shanda gubernator janoblari huzurida siz bilan murosaga kela olmadik. Bahamjihat ittifoq tuzganimizda edi, qrim-tatar qo‘shini bilan birgalikda bu qizil marazlarni Qora dengizga allaqachon cho‘ktirib yuborgan bo‘lardik. Ay, qaysar janobim-ay!..
– Axir sizlar o‘zingiz bizni tinglashni istamadingiz, qrim-tatarlarning orzu-umidlari bilan hisoblashish o‘rniga meni hibsga olib, zo‘ravonlik yo‘lini tutdingiz!
– Ammo jabhaga musulmon polklaringizni yuborishni rad etib, eng og‘ir damlarda Rossiyaga yordam qo‘lini cho‘zishdan bosh tortdingiz-ku! Mana endi buning oqibatlarini o‘zingiz ko‘rib turibsiz – Rossiya bilan birga Qrimingiz ham halokat yoqasiga kelib qoldi…
Shu gaplarni aytib, Rjeshevskiy taassuf izhori tarzida alam bilan qo‘llarini yoydi.
Gubernator huzuridagi uchrashuvdan buyon sochlariga obdon oq tushib, ozib-to‘zib ketgan polkovnik qiyofasida shu onda ofitserlarga xos salobatu ko‘rkamlikdan asar ham qolmagan edi.
– Kechirib bo‘lmas xatoga siz yo‘l qo‘ydingiz, – dedi yana polkovnik, – harbiy holat qonunlariga ko‘ra Sizni qamoqqa tashlashga majbur bo‘lgan bizlar emas.
– Bu aslo xatolik emasdi, – javobga shaylandi shu damgacha o‘zini bosib turgan No‘mon. – Qurultoyimizning tamoyillari aniq-tiniq edi, ya’niki, o‘z maqsad-murodlarimizga faqatgina tinch yo‘llar bilan, kuch ishlatmasdan erishdik. Ushbu tamoyillarni osmondan olib bitganimiz yo‘q, aksincha, tinchlikparvar millatimiz zehniyatining asos in’ikosidir bu. Bizlar turli nayranglarga aralashishni istamaymiz, kimsa qonini to‘kishni ham qat’iyan inkor etamiz. – No‘mon yonlaridan o‘tib borayotgan aravaga ergashmoqchi bo‘lib intilgan qirchang‘i jilovini keskin tortib qo‘ydi.
– Kuch ishlatmaslik! Tinchlikparvarlik! – Rjeshevskiy kinoya bilan qahqaha otib kuldi. – Xonlar davrida-chi, o‘shanda ham qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan beozormidingizlar? Birgina og‘zaki shakarguftorligu diplomatik xushmuomala bilan hududlaringizni kengaytirib borganmidingizlar? Bular daryo-daryo qonlar evaziga bo‘lganini biz bilmaymizmi?..
Shovqin-suron tufayli No‘mon gohida ovozini balandlatishga majbur bo‘lar, shunda bu shahar va bu yurt jar yoqasida turgan bir paytda bular ikkovi – chor qo‘shinlari ofitseri bilan Qrimning asil farzandi – fojia makonining qoq o‘rtasida turib olgancha o‘zaro bahslashayotganlari unga g‘alati tuyulardi. Ammo Chalabijahon o‘zi uchun og‘riqli mavzuni chala qoldirib ketishi mumkin emasdi.
– Xonlar davrida kuch-qudratga to‘lgan, ko‘pchilik erkinu ozod edik. Ammo, Rjeshevskiy janoblari, siz qutqarib qolmoqchi bo‘layotgan Chor saltanati Qrimni ishg‘ol etib, bu yurtning erksevar xalqiga ko‘p zulmlar o‘tkazdiki, chorasizlikda tentirab qolgan millatim to‘rt tarafga tariqdek sochilib ketdi. Istiloga qadar biz to‘rt million edik, endi-chi, endi yuz mingning nari-berisi… Shu sabab biz Qrimni mustaqil deya e’lon etdikki, toki millatimiz asos-tayanchi saqlanib qolsin, bu dunyoda benom-benishon yo‘qolib ketmasin…
Askarlari hamon handaq qazish bilan mashg‘ul bo‘lgan polkovnik No‘monning so‘zlarini tinglab bo‘lgach, qo‘lidagi qamchini bilan iyagini bir qashib oldi.
– Darvoqe, – dedi u Chalabijahonni yana kalaka qilgisi kelib, – bilasizmi, sizni kimga o‘xshataman? Servantesning “Don Kixot”ini o‘qigan chiqarsiz?
– Bir emas, ikki tilda – turkchasi bilan ruschasini o‘qiganman…
– Afandim Chalabijahon, siz ham o‘sha savdoyi ritsarga o‘xshab manavi qirchang‘ida shamol tegirmonlari bilan olishuvga chog‘langan ko‘rinasiz!
– Olishuvga deysizmi? Adashyapsiz, men ko‘r-ko‘rona olishuvga oshiqmayman, hamisha vaziyatga ko‘ra ish tutaman. – Behuda bahsdan ensasi qotgan No‘mon polkovnikka qo‘l siltab, yo‘lida davom etmoqchi bo‘lgandi, Rjeshevskiy kutilmaganda chakkasiga qo‘lini olib borib, Chalabijahonga harbiy ehtirom ishorasini ado etdi. Buni ko‘rib turgan handaqdagi askar ham No‘monni rutbasi ulug‘ janob deb bilib, boshlig‘ining harakatini takrorlagan ko‘yi qimir etmay turib qoldi.
Chalabijahon o‘n qadamlar ham yurmasidan Rjeshevskiy yana bir gapni aytib qolgisi keldi:
– Oxirgi xabardan sizni voqif etib qo‘ymoqchiman. Raqibingiz Ja’far Seydamet baron Vrangel huzurida bo‘lib, muhtaram Rossiya xaloskoridan qrim-tatarlarini o‘z hifzi-himoyasiga olishini so‘rabdi. Buning evaziga oqlar harakatiga sadoqatini namoyish etib, tatar eskadronlarini ham qo‘mondon ixtiyoriga topshiribdi… Pyotr Nikolayevich, o‘z navbatida, Seydametni barcha millatdoshlaringiz rahnamosi sifatida e’tirof qilib, ittifoqdoshlik bitimiga rizolik izhor etibdi. Qalay, bu yangilik siz uchun albatta qiziqarli bo‘lsa kerak?
– Yana adashdingiz, – dedi Chalabijahon so‘zamol polkovnikdan nihoyat qutulish istagida otiga minar ekan, – zamirida tayinli biror yuki bo‘lmagan bu yangilik kaminani mutlaqo qiziqtirmaydi!
IV
Oqmachitga Chalabijahon Vorontsov bog‘i tarafidan kirib keldi. Yangi hojasiga haliyam o‘rgana olmayotgan qirchang‘idan tushib, jilovidan yetaklab yura boshladi.
Shaharning eng boy fuqarosi sanalgan Qirimtoyev chorbog‘iga tutashib ketgan gulxona ushbu davlatmandning chinakam faxru iftixori bo‘lib, uning hech keti uzilmas mehmonlari bu yerda jamlangan noyob chechaklaru turfa shaklli g‘unchalari barq urgan butalar malohatiga oshufta bo‘lish ilinjida albatta gulxonaga tashrif buyurishlari o‘zgarmas an’anaga aylanib qolgandi. Mahalliy gullarga yondosh olis Yaponiya va Hindiston, Chin-Mochin va Afrika savannalaridan keltirilgan ajabtovur chechaklar ham bu joyni shaharda yagona mo‘jizalar makoniga aylantirgan edi.
Bog‘ning o‘zi ham ajabtovurlikda gulxonadan sira qolishmas, marmar va xorotoshlar bilan atrofi ihotalangan har turli ajoyibu g‘aroyib daraxtlar go‘zallikda o‘zaro bahs boylashayotgandek ko‘rinar, har xil shakllarni hosil qilib, buralib-chirmashgan tanalarini kuzatgancha shu yerning o‘zida, hatto, handasa ilmidan saboq olish ham mumkin edi.
Vorontsov bog‘iga yaqin kelishi bilan o‘tkir tutun hidi dimog‘iga urildi. Bog‘ tomondan arraning g‘irillagan ovoziyu boltaning gurs-gurs sadolari eshitilar, ne-ne ko‘zlarni quvnatgan asriy daraxtlar kesilib, gulxanlarga yem qilinmoqda edi. Alvon tillari osmonga o‘rlagancha gurullab yonayotgan gulxan atrofida o‘rnashib olgan qizil askarlar olamni boshlariga ko‘tarib, shovqin-suron qilishardi. Yilda bir bora gullaydigan nilufar chechaklarini tomosha qilib, zavqlanish istagida bo‘lgan shahar ahlining yaqinlarda ham qadami uzilmas gulxonada endi har yoqni payhon qilib, qizil qo‘shin otlari kezinishar, tanasi pajmurda etilgan chechaklarni yamlamay yutishar edi.
Uning o‘zi ham bir necha bor mehmon bo‘lgan uch qavatli chorboqqa yashil devor osha mo‘ralab nazar tashlagan No‘monning ko‘z o‘ngida ayanchli manzara namoyon bo‘ldi. Bir paytlar qo‘li ochiq sohibning sahovatpeshaligi timsoli bo‘lgan mahobatli imorat qaroqchi to‘dalar tomonidan xonavayron etilgan, bamisli ushbu muborak xonadon qo‘riqchilari kabi binoning ikki yonida tek qotgan egizak arslon haykali ham bolta va cho‘qmor bilan chopilib majruh etilgan, favvoraning marmar jomi ham chil-chil sinib yotardi. Chilparchin idishdan to‘lib-toshgan favvora suvlari butun hovlini ko‘lmak bilan to‘ldirgan.
Chorboq darvozasi yonida bir juft qurolli soqchi turganidan No‘mon bu joy musodara etilib, endi yangi hokimiyat qarorgohiga aylantirilganini angladi.
No‘monning hali esidan chiqqani yo‘q – bu xonadonga ilk tashrifi chog‘idayoq Qirimtoyev uning barcha g‘oyalarini to‘la qo‘llab-quvvatlagan, hattoki qrim-tatarcha “Millet” va rusiyzabonlar uchun nashr etish rejalangan “Golos tatar” gazetalarini moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olgan edi. Bulardan tashqari, saxovatli Qirimtoyev Chalabijahonning boshqa tadbirlariga ham xayrixoh ediki, Qurultoy ishida qatnashish uchun Qrimning har bo‘lgasidan kelayotgan vakillarning barcha harajatlarini uning o‘zi bajonidil ko‘tarar edi. Siyosatdan uzoqroq bo‘lishni istasa ham, Boqchasaroydagi xon saroyida kechgan qizg‘in bahslarga shaxsan shohid bo‘lish uchun yetib kelganini ham yaxshi eslaydi No‘mon.
“Men uchun ham yangi hayot boshlanib ketsa ajabmas, – derdi u No‘monga. – Ammo oyoqlaringdan o‘t chaqnatib, otashin shu g‘oyalaring bilan o‘ttiz yillar avval paydo bo‘lganingda qani edi… O‘shandayoq senga ergashib, tamoman boshqa yo‘ldan ketgan bo‘larmidim…”
No‘mon otdan tushib, chorbog‘ni chetlab o‘tmoqchi bo‘lgandi, devor panasidan uch nafar qizil askar ro‘parasiga chiqib kelishdi.
– Hoy tatar, joyingdan jilma! – po‘pisali buyruq yangradi.
Askarlar qirchang‘i atrofida aylanib, sag‘risiga shapatilab, o‘zlaricha xomcho‘t qila boshlashdi.
– Eti ustixoniga yopishib ketibdi, – dedi ularning biri taassuf bilan. – Go‘shtga yaramaydi… Lekin murdalarni handaqqa tashishda asqotib qolar… Buyruqni eshit, tatar, inqilob nomi bilan mazkur ot musodara etiladi! – shu gapni aytib har ehtimolga qarshi No‘monga miltig‘ini o‘qtaldi.
Qolgan ikkisi shu zahoti No‘monning qo‘lidan jilovni tortib olishdi, noxushlikni fahmlagan qirchang‘i kishnab, old tuyoqlarini dast ko‘tarib, osmonga sapchidi.
Yo‘ldagi qaroqchilar haqida astoydil ogohlantirgan Vois Hojining so‘zlarini eslagan No‘mon otni zo‘rlik bilan yetaklab ketayotganlar ortidan jimgina qarab qolaverdi. Bu zo‘ravonlar Hoji nazarda tutganlaridan ko‘ra manfurroq ediki, talonchiliklarini inqilob nomi bilan, yangi mafkura bahonasida amalga oshirishmoqda edi.
“Hechqisi yo‘q, – deb o‘yladi No‘mon hovuridan tushishga harakat qilib, – sayyodlik hunarim hali esimdan chiqqani yo‘q, nasib qilsa hali cho‘ldan bedovlarning eng zo‘rini tutib beraman Hojiga…” Ayni paytda istehzoli yana bir o‘y xayoliga keldiki, “qadrdon cho‘llarning bag‘riga hali eson-omon qaytib kela olarmikansan?..” Bu yo‘sin mudhish o‘ylar va hadikli xayollaridan chalg‘ishni istab, qarshisidagi mana shu chorbog‘ning mehmondo‘st sohibi – Qirimtoyevni eslashga tutindi.
Oltmishni qoralab qo‘ygan bo‘lsa-da, hali tetik va fikr-xayoli turli rejalar bilan limmo-lim Qirimtoyev o‘z nasabi haqida ko‘p ham so‘zlayvermas, aziz mehmonlari davrasida suyukli farangi konyagidan urib olgan paytlari ham bu mavzuni doim chetlab o‘tar edi. Ushbu sirning astoydil maxfiy tutilishidan ichi qizigan ayrimlar uni qorayimlardan desa, boshqa birovlar ushbu farazga qo‘shilmasdan, Qirimtoyevni armani yoki tog‘li yahud – tatlarga mansub ko‘rishardi.
Nafsilamrini aytganda, shu tariqa birvarakayiga bir necha millatga ravo ko‘rilayotgan korchalonning dong‘i shu vajdan ham ortib borar, shundoq ham qo‘li ochiq bu zotning uyi har gal turfa xil mehmonlar bilan tobora gavjum bo‘laverardi. Qirimtoyevning shaddod tabiati, shodon davralar uchun borini to‘kib solishi barchani o‘ziga batamom rom qilgan edi.
O‘shanda endigina nashr etila boshlagan gazetalar durust sotilayotganini ko‘rgan qaynatasi Seid Hoji ham Qirimtoyev singari homiylikka o‘tgan edi. Qrim inqilobi zafar quchishi va buning ortidan butun yarim orolning mustaqil bo‘lishi ish odamlari uchun ham, zotan, manfaatli ediki, azaldan sillalarini quritayotgan hadsiz soliqlar, bojxonayu jandarmlarga qo‘shqo‘llab uzatishga majbur bo‘linayotgan jaraq-jaraq pora pullari yonga qolib, Moskvayu Peterburg va Qozonlik korchalonlar bilan adolatsiz raqobat zulmidan qutulishlari, asosiysi, misqollab jamg‘arilgan boylik va butun mol-mulkning istalgan paytda o‘zboshimcha musodara etilish xatarlaridan ham birato‘la xalos bo‘lishlari tayin edi shunda.
“Qirimtoyev uning butun oila a’zolari qani? – deb o‘yladi. – Chorbog‘i inqilob foydasiga musodara etilibdi, o‘zini ham omon qo‘yishmagandir… Qay bir avaxtada qismatini kutib yotibdi ekan boyaqish?.. E-voh, balki allaqachon otuvga hukm etilganu, endi bo‘lsa jasadini Vois Hojining qirchang‘isida handaqqa sudrashayotgan ekan?!”
Shu kabi mudhish xayollar bilan bo‘lib, xatarlarni ham unutgan ko‘yi shahar ko‘chalari bo‘ylab ketib borardi Chalabijahon. Daf’atan allaqay tomondan pulemyotning tarillashi, sal o‘tmay esa unga javoban miltiqlarning olatasiri eshitildi… Bundan sergak tortib, o‘zini simyog‘och panasiga oldi. Simyog‘ochga yelimlangan bir e’longa ko‘zi tushdi:
“Chor armiyasi va oq gvardiyaning barcha sobiq harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolari hamda Qurultoyning qrim-tatar faollari diqqatiga! Mazkur zikr etilganlar ism-sharifi, unvonlari va yashash manzillari ko‘rsatilgan holda qayd etilish uchun rayon revkomlariga ikki kundan kechikmay tashrif buyurishlari shart. Ushbu buyruqni inkor etganlar otuvga hukm etiladi. Bolsheviklar partiyasi MIK opervakilasi – Rozaliya Zemlyachka. Bolsheviklar partiyasi Qrim gubkomi raisi Yuriy Gaven”.
“Ularga yashash manzillari kerak, – deb o‘yladi No‘mon. – Odamlarni hibsga olish uchun adashmay kirib boraverishadi shunda”.
Chalabijahonning xayolidan kechgan ushbu farazni tasdiqlagan kabi shu damning o‘zidayoq qo‘shni uydan qo‘llari orqasiga qayirib bog‘langan, ko‘zlari qo‘rquvdan ola-kula bir odamni turtib-surtib tashqariga olib chiqishdi. Ikki qizil askar miltiq qo‘ndog‘i bilan urib, oldiga solib haydar ekan, bechora mahbus sohilga uloqtirilgan baliq kabi og‘zini kappa-kappa ochar, shunda ham emin-erkin nafas ololmay tinimsiz xirillar edi…
Ko‘chaning bir tomonida bor ovozda “Baynalmilal” qo‘shig‘ini kuylagancha qizil qo‘shin askarlari saf-saf o‘tib borishardi. Qarshi tarafni bo‘lsa, intizomli bu askarlarni kalaka qilgan kabi ola-quroq liboslarga burkanib, ko‘ksini pulemyot lentalari bilan bezab olgan kazaklar to‘dasi ishg‘ol qilgandi. Ko‘z ochib-yumguncha butun Rossiyani ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan inqilobni “yotib qolguncha, otib qol” ma’nosida tushungan cho‘girmali ushbu olomon “Batka Maxnoga sharaflar!” deya ayyuhannos solib, askarlarning “Baynalmilal”ini bosib tashlamoqchi bo‘lishar edi.
Shu tobda ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan tafovutli manzara – bir tarafdan temir intizomga bo‘ysungan askariy qo‘shin, boshqa tomondan esa o‘zboshimchalik va tizginsiz boshboshdoqlikni o‘zlariga a’mol bilgan jangari kazaklar to‘dasi orasidagi keskin beo‘xshovlikdan No‘mon uchun barchasi ayon bo‘ldi. Balki, osmondagi jismlar harakatida sodir bo‘lgan favqulodda siljish, ehtimol esa bir turkum sayyoralarning yaxlit chiziqda saf tortib tizilishi – zamonning odatiy oqimini parokanda etib, fazoviy sokinlikka putur yetkazgan edi. O‘zining tabiiy o‘zanini tark etgan vaqt ham endi quturib isyon qilar hamda favqulodda bu holat hosilasi o‘laroq, zamin yuzasida isyon ketidan qo‘zg‘alon, qonli savashlar ketidan yana millionlar yostig‘ini quritayotgan qonxo‘r urushlarning hech adog‘i ko‘rinmayotir edi. Evohki, taloto‘plarning bari bir bo‘lib, arzimagan to‘rt-besh oy mobaynida butun bashariyatning orzu-umidlari, istak va intilishlarini barbod etib, orziqib kutilgan yangi asrni endi zimiston bulutlari batamom va beomon chulg‘ab oldi!
Mustaqil Qrim davlati barpo etishlari uchun tarix Chalabijahon va uning izdoshlariga aynan shunday qisqa fursat taqdim etgandi. Ammo, bolshavoylar qo‘shig‘ida kuylanganidek, na shoh, na Xudo va na qahramon bunday muxtasar vaqtda ulug‘ bu niyatni ro‘yobga chiqara olmasdi, illo, tizginsiz vaqt beto‘xtov o‘tib bormoqda, toki uning o‘zi xalqob qonlar simirib, tashnaligini batamom qondirib tinchlanmaguncha, junbushga kelgan bu zamonni hech bir kimsa jilovlay bilmasdir…
Bir paytlar shovqin-suronli shahar bozori devori ortida Chalabijahon qum va axlat bilan bilinar-bilinmas ko‘mib qo‘yilgan jasadlarni ko‘rdi. Murdalardan ko‘ngilni ozdiruvchi badbo‘y hid taralar, No‘mon xuddi shunday qo‘lansani Qirimtoyev chorbog‘iga tutash Vorontsov bog‘i atrofida ham tuygan edi…
V
Bozorni tezroq ortda qoldirish istagida qadamiga chuv soldi, ozroq yurib, yaqindagina Xalq uyi degan nom bilan mashhur bo‘lgan bino qarshisiga yetib keldi. Oxirgi to‘rt-besh oy miyonasida bu bino yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorin kabi urchigan turfa siyoqli firqalarga boshpana bo‘lgan, kadetlaru sotsial-demokratlar, bolshavoylaru ishchilar partiyasi aynan shu joyni qarorgoh qilib olishgan edi. Mahalliy sharoitdan kelib chiqilgan ayrim juz’iy farqlarni aytmasa, ularning dasturlari Petrograddagi shu nomdagi partiyalar hujjatlari bilan aynan bir xil edi.
Endi esa No‘monning qarshisida shu kunlarda kechgan ayovsiz janglardan so‘ng vayron etilgan, devorlarini o‘q va snaryadlar ilma-teshik qilgan xaroba imorat namoyon bo‘ldi. Binoning hali butun saqlanib qolgan so‘l qismi oldida qizil askarlar soqchilikda sergak turar, bundan Oqmachit revkomi shu yerga joylashibdi, deya chamaladi No‘mon.
Chalabijahon bilan Ja’far Seydamet orasida ko‘pdan buyon pinhon tarzda cho‘g‘lanib turgan nizo aynan shu bino tufayli nihoyat alanga olib, har ikkisining qarashlari o‘rtasidagi tafovutlarni bir zumda yaqqol namoyish qilib qo‘ygan edi. Ali Bodaninskiy singari ziyrak Qurultoy a’zolari ham, nafsilamri, ushbu nizoni avvalroq sezmay dog‘da qolishgandi. No‘mon milliy hukumat raisi kabi serg‘alvayu serdolg‘a vazifani zimmasiga olar ekan, aynan ustod Ali unga jo‘yali maslahatlar berib, zalvorli yukining og‘irligini sezdirmay kelar edi.
Har narsada manfaat masalasini ustun qo‘yishga mukkasidan ketgan Seydamet qulay fursat yetib kelmagunicha o‘y-qarashlarini baralla aytib, rejalarini eldanburun oshkor etmaydigan damdo‘z bir odam edi. Xalq uyiga egalik qilish masalasi atrofida bahsu munozaralar ayni qizigan kezlar Seydamet aksar Qurultoy ishtirokchilarini o‘z tarafiga og‘dirib olish payti yetdi, deb hamlaga o‘tdi.
No‘monda siyosiy arbobning sovuqqon mulohazakorligi bilan ijodkorlarga xos ta’sirchanlik va hissiyotlarga qaramlik omuxtalashib ketgan ediki, ko‘p hollarda bu narsa istalmagan muammolarga bois bo‘lib qolardi. Xuddi shu tariqa, hukumat ta’sis etilganidan so‘ng Chalabijahon barcha partiyalarni haydab chiqarib, Xalq uyiga komissariat a’zolarini joylashtirishga qaror qildi. O‘z zamonasi me’morchiligining yuksak ko‘rinishlarini o‘zida namoyon etib, nozik did bilan barpo etilgan ushbu imorat No‘monning nazdida qrim-tatar xalqining uyg‘onish davri timsoli bo‘lib ko‘rinar, Boqchasaroyda qad ko‘targan xon saroyi asrlar osha qudratli sulolaning mustahkam barqarorligini tamsil etgani kabi, yangi Qrim-tatar hukumati aynan shu joyda o‘rnashmog‘i Chalabijahon uchun shak-shubhasiz bir zarurat edi.
Inqilob dolg‘alarida tavallud topgan turli-tuman partiyalarga nisbatan aslo toqatli bo‘lmagan Seydamet, kutilmaganda Chalabijahonning ushbu qaroriga norozilik bildirib, uni ko‘ppartiyaviylik, erkin saylov hamda firqalarning o‘zaro tengligi kafolatlangan Qrim Qomusini qo‘pol tarzda buzishda aybladi. Seydametning yana ta’kidlashicha, Xalq uyining tortib olinishi, boshqalar nazdida, “Milliy firqa” va Qurultoyning yarim orolda yakkahokimlik diktaturasi o‘rnatish harakatlari sifatida talqin etilar ekan. Buning oqibati xatarlidir, dedi o‘shanda Seydamet, chunki Chalabijahon hukumatini g‘anim deb ko‘ra boshlagan boshqa firqalar Qurultoyga qarshi birlashib, fuqarolar urushini boshlab yuborishlari ham hech gap emas…
Chalabijahonni qaroridan qaytarishga chog‘langan Seydamet, taassuflar bo‘lsinki, uzoq yillik do‘stining fe’l-atvoridagi shoirona qaysarlikni, atrofidagi maslakdoshlarining ham jo‘yali fikrlariga qaramasdan, o‘z maqsadi tomon o‘jarlik bilan ildamlab borish kabi sobitqadamlik xususiyatini inobatga olmadi.
Ja’farning inkorlariga qasdma-qasd, Chalabijahon ham chekinishni aslo xayoliga keltirmadi. Xalq uyini Hukumat qarorgohi deya uzil-kesil e’lon qilish masalasi uning uchun ish kabinetlariyu yozuv stollariga egalik qilishdan ko‘ra yuksakroq narsani – hokimiyat timsolini anglatardiki, ushbu tadbirning amalga oshishi – qrim-tatarlarning uzoq yillik ozodlik kurashi o‘z mantiqiy yakunini topgani bilan barobar edi.
Seydamet va uning tarafdorlari ogohlantirayotgan fuqarolar urushi xatarlariga javoban, agar lozim bo‘lsa, bo‘lg‘usi hukumat uyini qurol yordamida himoya qilishga tayyor ekanini baralla izhor eta boshladi No‘mon. Nafsilamri, bu yo‘sindagi xatarnok fikrlarning asil tashabbuskori Qrimning ilk kommunisti – Firdavs-bolshavoy ediki, Moskva va Petrograd inqilobchilari revkom ehtiyojlari uchun zarur inshootlarni hech ikkilanmay tortib olayotganlarini Chalabijahonga aynan shu fitnakor muttasil uqdirib kelayotgan edi. Qurultoydagi o‘z tarafdorlarini Chalabijahon markazchilari bilan birlashtirishni ko‘zlagan ushbu so‘lqanotchi radikal, shu tariqa, bolsheviklarning ishonchli usulini – “avval to‘s-to‘polon uyushtiraver, qolgani bir gap bo‘lar” qabilidagi qabih o‘yinni qo‘llayotgan edi. Firdavs bu bilan qo‘shimcha vaqt yutmoqchi ediki, Petrogradda boshlangan inqilob to‘foni hademay Qrimga ham yetib kelajak va shunda Chalabijahon tarafdorlariyu g‘animlarini ham po‘rtana ichra birato‘la juvonmarg etajak.
No‘monning barcha urinishlariga qaramasdan, Seydamet ham o‘z fikrida qat’iy turaverdi. Qurultoy ichida, shuningdek, komissarlar orasida ham uning tarafdorlari soni oshib borayotganini ko‘rgan No‘mon ushbu masalaga keyinroq, qulay fursat topilganda qaytishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Gohida yoshligi tufayli xatolarga yo‘l qo‘ysa-da, ammo hokimiyat uchun kurashni avvalo o‘z xalqining ozodligi uchun kurash deb bilgan Chalabijahondan farqli tarzda, avvaliga bildirmasdan imi-jimida ish yuritgan mansabparast Seydamet o‘z istaklari yo‘lidagi harakatlari jilovini qo‘yib yubordi. Rossiyada shitob bilan sodir bo‘layotgan voqealar rivoji Qrimda hokimiyatni o‘z qo‘liga olishi uchun, ko‘p imtiyozlarni va’da etuvchi shirin xayollari ro‘yobini yuzaga chiqarishi uchun ayni bop vaziyatni paydo qilgan bo‘lib ko‘rindi unga…
Ammo o‘zgarishlar ilmidan saboq olgan beqaror tarix, ne ajabki, ro‘yobsiz va’dalar berib, orzu qilingan yo‘ldan tamoman o‘zga tarafni ixtiyor etishga moyil tarix baayni kalaka qilayotgandek, bandalar orzu-niyatlarini barbod etishga hamda saodatli kunlar umidini yo‘qqa chiqarishga qodir ekanligini na Chalabijahon, na Seydamet va na ular ikkovining safdoshlari hali bilishmas edi.
Atrofda kun osha sodir bo‘layotgan evrilishlar, vaziyat taqozosiyu Seydametning tarafdorlari bilan kechgan qizg‘in bahs-munozaralar bois Chalabijahon ham, Qurultoy saflari yaxlitligini saqlab qolish ilinjida, qisqa fursat ichida bir necha bor o‘z g‘oya va shiorlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. U norozilar guruhi bilan murosa yo‘llarini izlar, umumiy maqsad yo‘lida Xalq vakillari ittifoqi a’zolariyu mahalliy millat delegatlarini va hatto bolshavoylarni ham hukumat tarkibiga kiritishga rozi edi.
Ammo endi sarosima ichra qolib, xato ketidan xatoga yo‘l qo‘ya boshlagan Chalabijahonning har qanday taklifini keskin rad qilish yo‘liga o‘tib olgan Seydamet tarafdorlari ushbu g‘oyani ham dastaklamadi.
Ko‘pchilik Qurultoy a’zolarini o‘z tomoniga og‘dirib olgan Seydamet endi Chalabijahonni butunlay yakson etishga qaror qilgandi. Qaror qilar ekan, hokimiyatni qo‘lida saqlab qolish yo‘lida eski qadrdoni No‘mon quruq va’dalar berib, turli g‘alamis o‘yinlarni o‘ziga ep ko‘rmasligini va shu bois ham ish oson ko‘chishini Seydamet yaxshi anglar edi. Xuddi shunday bo‘lib chiqdi ham – qrim-tatar xalqining mustaqillik orzulari ro‘yobi haqqi Chalabijahon barcha vazifalaridan iste’fo berdi va barchasiga qo‘l siltab, suyukli Buyuk So‘noqqa – qadrdon dashtlarining sukunatlari bag‘riga yo‘l oldi…
Oradan o‘n kun ham o‘tar-o‘tmas esa Sevastopol dengizchilari ko‘magida Firdavs bolsheviklari Qurultoy va unga qo‘shib Qrim hukumatini ham tarqatib yuborishdi…
Mana endi, oyog‘i osmondan bo‘lib, vayronu xaroba etilgan Oqmachitga qaytib keldi. Ko‘chalardan yurib, Spiro bosmaxonasi qarshisidan chiqdi. 1881 yili Ismoilbey G‘aspirali qalamiga mansub va turkiyzabon ziyolilar orasida ko‘p mashhur bo‘lgan “Rossiya musulmonlari” risolasini chop etgan mazkur nashriyotda yaqinlargacha ham Qurultoyning har ikki gazetasi nashr qilib kelinardi.
Bosmaxona eshigi yonida ayozdan depsinib turgan soqchiga ko‘zi tushdi. Nariroqda ko‘pdan tanish mahalliy qo‘riqchi Velijonning qorasini ham ko‘rganday bo‘ldi. Bu jonkuyar xodim ishxonasidan xabar olgani kelgan, chog‘i.
Chalabijahonni ko‘ra solib, Velijon uning qarshisiga oshiqdi.
– Hazratim, ne kunlarga qoldik-a?! – diydiyo qila ketdi keksa qo‘riqchi. – Manavi kelgindi meni o‘z bosmaxonamdan haydab soldi! – dedi qizil askarga ishora qilib. – Axir bu yerda necha yil halol rizq terib ishladim. Mana o‘zingiz guvohsiz, gazetalaringizdan biror nusxani hech kim ko‘zimni shamg‘alat qilib olib ketolmasdi. Endi hammasi bitdi, hammayoq turgan-bitgani zarar-zavol!
No‘mon yo‘llarda ko‘p urinib qolganini endi sezib, Velijon jimib qoldi.
– Rangingizda rang qolmabdi… Uyim uzoq emas, aziz mehmonim bo‘ling. Xudoga ming qatla shukr, uyimni hali tortib olishgani yo‘q, xotinim ham, qizlarim ham eson-omon…
Bu taloto‘p kunlarda qadrdon kimsani uchratib qolganidan o‘zida yo‘q shodlangan Velijon Chalabijahonni quchoqlab oldi, so‘ng ikkovi daraxtlari o‘tin qilib kesilgan xiyobon oralab uning go‘shasi tomon yurib ketishdi…
VI
Uyga kelib xontaxta atrofiga o‘tirishlari bilan, Velijonning zavjasi issiq qahva keltirdi, bu qadar aziz mehmon tashrif buyurganidan iymanayotgan ayol, ayni paytda odamovi bo‘lib ko‘rinmaslik uchun, asta so‘zlandi:
– Hazratim, qizlarimizni chekka qishloqqa, aqrabolarimiz panohiga jo‘natib yubordik…
– Zamon notinch… – dedi Velijon ham suhbatga qo‘shilgan bo‘lib. – Ko‘p noxush xabarlarni eshityapmiz, hujjat tekshirish bahonasida askarlar yosh qizlarni tutib, badnom qilishyapti ekan. Shunga yurak oldirib qo‘ydik. Bundan ortiq isnod bormi axir…
Velijon endi atrofga bir-bir alanglab pichirladi:
– Xabaringiz bormi-yo‘qmi, Oqmachitni qizillar bosishidan sal oldin Ja’far Seydamet qochib ketibdi…
Chalabijahon o‘zini xotirjam tutishga tirishib, darhol so‘radi:
– Qayoqqa ketibdi, bilarmisiz?
– Bunisi yolg‘iz Xudoga ayon. Hartugul, Turkiya yoki Ruminiyaga bo‘lsa kerak – bundan boshqa yo‘l ham yo‘q. Avvaliga ko‘plarimiz bolshavoylar bizni oqlardan muhofaza qilishadi deb ishongandik. Endi bo‘lsa, bu qizillar Seydametni izlab yurishibdi, u haqida bilganlarni o‘lim tahdidi bilan qo‘rqitishmoqda. Aytishlaricha, Firdavsning odamlari Ja’farning bir necha yaqinlarini garovda tutib turishganmish. Qochoqni topib berishmasa, bechoralarning kuni bitdi endi. Hazratim, – deya No‘monning qo‘llarini do‘stona qisib qo‘ydi, – siz ham fursat borida bexatar biror yoqlarga ketganingiz ma’qul…
So‘nggi qultum qahvani ichib, No‘mon bir nafas o‘ylanib qoldi, so‘ng uy sohibiga yuzlandi:
– Maslakdoshlarimni kulfatda yolg‘iz tashlab keta olmayman, boshimizga neki kelsa – birgalashib ko‘raveramiz…
– Albatta, hazratim, sizni tushunaman, – bu so‘zlardan ma’yuslandi Velijon. – Bu qaroringizda ham bir xayr bordir…
So‘nggi kunlarning noxush xotiralari ko‘z o‘ngida jonlangan Chalabijahon ushbu mavzuni ortiq davom ettirgisi kelmadi. Mehmonning kayfiyatini sezgan mezbon ham sukutda jim qoldi. Oraga cho‘kkan sukunatni nogahon tashqaridan eshitilgan ovozlar buzdi – kimdir darvozani gursillatib mushtlayotgan edi.
O‘takasi yorilayozgan Velijon xotiniga “xabar ol!” ma’nosida ishora qildi…
Hayal o‘tmay ikki nafar qizil askar hamrohligida jingalak soch bir odam kirib keldi. Bu kimsa asli O‘rta Qrimlik ekanini No‘mon uning lahjasidan darrov angladi. Inqilobiy urfga ko‘ra, hojido‘ppi o‘rniga furajka kiyib olgan odam, ichkaridagi boobro‘ kishini ko‘rishi hamon furajkasini beixtiyor yechib, qo‘lida g‘ijimlagancha hayallab qoldi. Keyin hijolati zo‘ridan shosha-pisha allanarsa deb bidirladi.
– Hoy, tatar, bidirlashingni qo‘yib, odamga o‘xshab ruscha gapir! Senlarni bu tilingda baloniyam uqib bo‘lmaydi. – Askarlardan biri o‘zlari bilan kelgan bu kishini jerkib berdi.
Bunga javoban No‘monning jahli chiqqanday bo‘ldi:
– Bizda qonun bo‘yicha ikki tillilik – qrim-tatar va rus tili…
– Inqilobiy hukumat barcha qonunlaringni bekor qildi, – deb Chalabijahonning so‘zini cho‘rt kesib tashladi askar.
Vakil boshqa bir og‘iz so‘z demasdan, Chalabijahonga bir maktub tutqazdi.
No‘mon ham indamay xatni ochib, bu – Tavriya gubkomi boshlig‘i Yu.P.Gaven huzuriga – Sevastopolga so‘roqqa zudlik bilan yetib borishi lozimligi ma’lum qilingan chaqiruv ekanini bildi. “Bundan chiqdiki, – deb o‘yladi No‘mon, – Jonko‘ydan beri ortimdan kuzatib yurishgan ekan-da…”
Ortiqcha savollarga o‘rin qoldirmasdan, maktub keltirgan uchovlon tashqariga yo‘nalishdi.
– Sizni yolg‘iz yubora olmayman, – dedi Velijon noxush bu tashrif Chalabijahonga zig‘ircha ham ta’sir qilmaganidan ajablanib.
– Tashvish chekmang, tashqarida turganlar meni sira yolg‘izlatib qo‘yishmaydi, – hazillashgan bo‘ldi No‘mon. – Boshingizni xatarga tiqmang, meni uyida yashirib yurgan deb ayblashmasin sizni. Yangi hokimiyatga yoqish uchun Firdavsga o‘xshaganlar o‘z birodarlarini sariq chaqaga sotishga ham tayyor.
No‘monni olib ketish uchun kelgan boyagi qurollilar kutib turishgandir, degan chamada tashqariga chiqib boqishsaki, ko‘chada hech zog‘ yo‘q edi.
Ikkovi bu holatga hayron bo‘lib turgan payt sal narida pulemyot tarillashi, ketidan esa yaralangan birovning jon achchig‘ida qichqirgani eshitildi. Aftidan, qo‘riqchilar o‘sha tarafga chopib ketishgan chiqar.
No‘mon bilan Velijon ikkisi askarlarni kutib, darvoza qarshisida jim turib qolishdi. Noqulay sukutni Velijon buzdi:
– Hozir it egasini tanimaydi. Boyagilar o‘qqa uchishgan bo‘lsa qaniydi… Hazratim, haliyam kech emas – Sevastopolni qo‘yib, Turkiyaga keting. Xudoyimning o‘zi yo‘lingizni ochyapti, axir!..
Qaysarlik qilib, uning ortidan tergovga borib yurmasin, degan o‘yda va haliyam soqchilardan darak yo‘qligidan ajablanib, Velijonni tinchlantirgan bo‘ldi No‘mon:
– Turkiyami yoki Ruminiyagami ketishimni obdon o‘ylab ko‘ray, keyin albatta sizga xabar qilaman.
– O‘ylanib o‘tirmang – albatta Turkiyaga yo‘l oling! – astoydil ko‘ndirmoqchi bo‘ldi mezbon. – Baron Vrangel bu qizil battollarni Qrimdan albatta quvib soladi. Ana o‘shanda bexavotir qaytib kelaverasiz. Haqqingizga duo qilib, eson-omon qaytishingizni intizor kutamiz…
VII
Velijon bilan xayr-xo‘shlashgach, sal naridagi xiyobonga borib, No‘mon yana picha kutib turdi. Boyagi qorovul-askarlar halloslab qaytib kelishib, Velijonning uyiga yana bostirib kirishlari, Chalabijahonni topolmagach esa uy egasini aybdor qilishlaridan xavotiri bor edi.
So‘nggi yarim yil ichida No‘monni ikkinchi bor Sevastopolga so‘roqqa chaqirishmoqda, u yoqqa borar yo‘lni shundan yaxshi eslab qolgandi. Yana bir oz kutib, askarlardan darak bo‘lavermagach, shaytonga hay berdi-da, Sevastopolga o‘z ixtiyori bilan, yo‘lovchi ulovlarda yetib olishga qaror qildi.
Muvaqqat hukumat guberniya komissari Bogdanov huzuriga chaqirilgan o‘sha iyul oyida Qrimdagi vaziyat hozirgidan boshqacha, odamlar o‘zlarini bugungidan ko‘ra ancha erkin sezishar, hademay yetib kelajak hurlik epkinlari ularning asriy orzularini shaksiz ro‘yobga chiqarajakdek umidli muhit hukmron edi. Uni Sevastopolga eltayotgan hibs mashinasi ortidan arg‘umoqlarda yelib borayotgan o‘nlab maslakdoshlari chehrasini aynan shu hurlik shu’lalari nurafshon etgan, chavandozlarga boshchilik qilgan kimsa esa Istanbuldagi toliblik davridan qiyomatli do‘sti Ja’far Seydamet edi.
Qo‘llarida Qrim Respublikasining ko‘k yalovini hilpiratib yelayotgan chavandozlar No‘monni asir olgan qo‘riqchilarni mazax qilayotgan kabi ulovni har tarafdan iskanjaga olgan ko‘yi, o‘z rahnamosini zinhor yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini izhor etishar edi.
Oqmachit yo‘lida tasodifan duch kelgan polkovnik Rjeshevskiy No‘monning xayolida o‘sha safar xotiralarini yana jonlantirib yubordi. U paytlari gubernator yordamchisi bo‘lgan Rjeshevskiy, deraza ortida otlarini gijinglatib xayqirayotgan tumonat olomonni ko‘rib, chakana xavotirga tushmagandi. Qurultoy qarori bilan tashkil etilgan musulmon polklarini Birinchi jahon urushi janggohlariga yuborishga rozilik bermagan Chalabijahon davlatga xiyonatda ayblanayotgan, muvaqqat hukumatning ushbu harakatlaridan keskin norozi bo‘lgan qrimliklar esa, mana endi, har qanday choralar bilan o‘z yetakchisini qutqarib olishga azmu qaror qilishgandi.
Yuksak mansabiga yarashmagan ko‘rimsiz Bogdanovni dastlab ko‘rgan mahaliyoq bu amaldorning zo‘rma-zo‘raki vazminligiyu yuzaki qattiqqo‘lligi faqat zarurat tufayli ekani va aslida uning ko‘nglida Chalabijahonga nisbatan xayrihohlik yashirin ekanini sezgandek bo‘ldi. Bogdanov uni xiyonatdan tortib, kurakda turmaydigan boshqa gunohlarda ham ayblashiga qo‘yib berishga, so‘ngra esa o‘zi hamlaga o‘tishga qaror qildi.
Qirqqa to‘lar-to‘lmas bir dasta xastaliklarni orttirib olgan Bogdanovni xizmatdoshlari qat’iyatli va jasur kishi tarzida ta’riflashar, aslida esa ko‘ngilchanlik xislatlari tabiatiga begona bo‘lmagan bu odam ayni paytda qrim-tatarlar orasida ham yaxshi nom qozonishga intilardi. Uning bu intilishlarini yaxshi bilgan Chalabijahon gubernator qarshisida oddiy odam emas, balki mahalliy xalqning muhtaram rahnamosi o‘tirganini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Nafsilambri, hozir, ayni shu tobda qarshisida o‘tirgan bu odam turli ilmu bilimlar haddisini olgan ziyoli ekani, ustiga ustak, o‘z xalqini zolimlar istibdodidan xalos etish yo‘lidagi orzularidan aslo voz kechmaydigan millat yetakchisi ekanini Chalabijahon ishi yuzasidan yig‘ilgan hujjatlardan Bogdanovning o‘zi ham yaxshi bilar edi.
– Tatar polklarini mamlakat mudofaasiga yo‘llashni rad etib to‘g‘ri yo‘l tutdim, deb o‘ylaysizmi? Axir Qrim yagona Rossiyaning bir bo‘lagi emasmi haliyam? – deya dastlabki savolini berdi mulozim, ayni paytda ziyrak suhbatdoshi uning ovozidagi soxta ohanglarni sezib qolishidan cho‘chinqirab.
No‘mon shu qabildagi mujmal savollarni kutganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi:
– Gubernator janoblari, avvalo masalaga bir oz oydinlik kiritishga ijozat bersangiz. Oddiy bir fuqaro emas, balki Qurultoy va Qrim hukumati saylovlarida ishtirok etgan ko‘pchilik aholini tamsil etayotgan arbob qarshingizda turganini yaxshi anglayapsiz, deb o‘ylayman. Ya’nikim, Qrim xalqining yetmish foizdan ortig‘i ishonch bildirgan bizlar jondan aziz farzandlarimizni, otalarimizu og‘a-inilarimizni imperialistik qirg‘inbarotga yubormaslikka qaror qilgan ekanmiz, demak, biz xalqimizning irodasini ado etdik, xolos. Ishonchingiz komil bo‘lsinki, men va mening safdoshlarim bundan buyon ham tinchliksevar xalqimizning istak-irodasidan zig‘ircha ham og‘ishmaslikka intilamiz, – dedi Bogdanovning sinchkov ko‘zlariga tik qarab Chalabijahon. So‘ngra, bu yerda yangrayotgan har bir so‘zni oqizmay-tomizmay yozib borayotgan Rjeshevskiy tomon o‘girildi: – Mening ushbu so‘zlarim asil ma’nosidan ko‘ra g‘ayricha talqin etilmas, deb umid qilaman.
Bogdanov inqillab o‘rnidan turdi. Devorning qoq yarmini egallagan Qrim xaritasi yoniga kelib, qalam bilan bir joyiga belgi qo‘ydi. So‘ngra Chalabijahonga keskin burilib so‘zladi:
– Ammo o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, urush jabhalarida harbiy mahoratini oshirish o‘rniga, kazarmadan chiqmay parokanda bo‘ladigan uquvsiz qo‘shinning nima keragi bor?
– Fevral inqilobi va buning ortidan podshoning taxtdan voz kechishi biz qrim-tatarlarni ruhlantiribgina qolmasdan, boshqa ko‘lamdor o‘zgarishlar tomon ilhomlantirdi ham. Ammo, o‘zingizga yaxshi ma’lumki, tuzum va hokimiyat almashinuvi jarayonida hech bir qonun-qoidalarni e’tirof etmaydigan turli buzg‘unchi kuchlar g‘imirlab qolishadi. Qrimning ham boshiga shunday kunlar kelgach, bilagida kuch-quvvati bor azamatlarni saflarimizga chorladikki, millatidan qat’i nazar barcha fuqarolarimizni talon-toroj va boshqa har qanday jinoiy harakatlardan muhofaza etsinlar.
E’tiroz bildirish mushkul bu so‘zlarning samimiyligini ichida so‘zsiz e’tirof etib o‘tirgan Bogdanov mansabi taqozosi yuzasidangina yana No‘monga yuzlandi:
– Chor hukumati sizga nima yomonlik qilganini baribir tushuna olmayapman, axir!
Gubernator so‘zlarida ko‘ngilchanlik ohanglarini ilg‘adi No‘mon va bundan ruhlanib, endi fikrlarini yana ham ochiq-oydin bayon qila boshladi:
– O‘zingizni soddalikka solmang, janob. Bitta menga emas, butun xalqimga yomonlik qildi. Bir yuz qirq yillik istibdodga, asriy qatli omga sabr qilib, isyonu qo‘zg‘olonlar ko‘tarmay, faqat Yaratgan marhamatiga umid bilan chidab yashadik… Mayli, hissiyotlarni yig‘ishtirib, Sizning chor hukumatingiz xalqimga nisbatan qilgan jinoyatlarini lo‘nda qilib aytib beray. So‘zlarimning chinligini chor oxrankasi arxivlaridan tekshirib olishingiz mumkin… Birinchi jinoyat – islomiy udumlarimizni ado etganimiz tufayli bizni muttasil hibs va jazolarga duchor etdingiz. Bundan maqsad qalblarimizdan muqaddas dinimiz ruhini sidirib tashlash edi. Ikkinchi jinoyat – markaz qarorlarini bajarishga to‘sqinlik qilyapti, hatto aholini isyonga chorlamoqda, degan asossiz ayblovlar bilan ulamolarimizga zug‘umlar qilindi. Ularning uylarida, machit va madrasalarda ta’qiqlangan adabiyotlar saqlanmoqda degan bahonalar bilan noqonuniy tintuvlar o‘tkazilishi odatiy holga aylanib qoldi. Uchinchi jinoyat – har bir musulmon uchun farz bo‘lgan muborak haj ziyoratiga ham ta’qiq qo‘yildi. To‘rtinchi jinoyat – machit imomlari, madrasa mudarrislari tayinloviga, hatto muftiylar sayloviga ham surbetlarcha aralasha boshladingizlar. Maqsadingiz – muftiydan tortib, toki olis qishloq machitining oddiy bir imomi ham aynan sizning yo‘rig‘ingizdan chiqmas odam bo‘lsin, ummatning kayfiyatlaridan, odamlar orasida yurgan gap-so‘zlardan oxrankani boxabar qilib, o‘z qavmdoshlari orasida qabihona josuslik qilsin… Beshinchi jinoyat – turli bahonalar bilan Qurultoy faoliyatiga to‘sqinlik qildingiz, qrim-tatarlarning yig‘ilish va anjumanlari o‘tkazilmasligi uchun astoydil turli qutqular uyushtirdingiz. Zoriqqan va yo‘qsil kambag‘allarga ko‘mak berish maqsadida tuzilgan xayriya tashkilotlarini ham tinch qo‘ymadingiz, beozorgina bu jamiyatlarni ham quvg‘inga duchor qildingiz… Xalqning sabr-kosasi to‘lib, chirkin bu saltanatning qo‘lansa iskanjasidan ajralib chiqish yagona maqsadiga aylanishi uchun men sanab o‘tgan shularning o‘zi kifoya emasmidi?! – shularni aytib Chalabijahon o‘rnidan dast turdi.
– Davom etavering, – dedi gubernator, – ammo bu ishlarning barchasida yolg‘iz kaminani ayblamasangiz durust bo‘lardi. Men xalqingiz orzu-umidlarini bilishni va qo‘limdan kelsa, ishonchini qozonishni istardim. Bo‘lar-bo‘lmas jazo choralariyu ta’qibga olishlarni xushlamayman. Ha, ayovsiz urush davom etmoqda va o‘zingiz aytgandek, soxta vatanparvarlik ayyuhannoslari oqibatida oddiy odamlarning osuda hayoti xatar ostida qolib, atrofda buzg‘unchiyu kallakesarlarning kuni tug‘ib qoldi. Taassufki, bularni jilovlashga qo‘limiz kaltalik qilyapti…
No‘mon yana joyiga o‘tirib, diqqatini jamlab, so‘zlarida davom qildi:
– Mabodo chor amaldorlarining ko‘rsatmalariga quloq solmasdan, ularning aytganlarini bajarishmasa, ulamolarni osongina panislomizm va panturkizmda ayblayverish urfga kirdi. Bu gaplarga yetarli asoslarim bor, o‘zim ham bir emas – ikki madrasada tahsil ko‘rganman… Bu ham mayli, qrim-tatar farzandlarining kelajagini o‘ylab, ular ham taraqqiy topib borayotgan dunyo bilan hamqadam bo‘lishsin, degan yaxshi niyatlarda tashkil etmoqchi bo‘lingan yangi uslubdagi maktablar faoliyatiga ham muttasil to‘sqinlik qilindi. Muallimlar ta’qibga olinib, ko‘plarini yarim orolning ovloq joylariga surgun qilindi. Ne-ne azoblar bilan yo‘lga qo‘yganimiz – qrim-tatar tilida chop etila boshlagan nashrlarimiz ustidan o‘rnatilgan beayov tsenzura va bu gazetalarning dam-badam yopib qo‘yilishi-chi? Bularning bari xalqimizni qoloqlikda ushlab turish, jahon tamadduni yutuqlaridan benasib qoldirib, zamonaviy bilimlarga zinhor yaqinlashtirmaslik muddaosini ko‘zlab qilingan manfur harakatlar edi. Chorizm uzoq yillar davomida yuritib kelgan siyosatning mohiyati shudir. O‘z tariximiz va milliy o‘zligimizni zo‘rlab unuttirish uchun esa yana bir tadbir qo‘llandiki, bunday muttahamlikka mahalliy hindularga qiron keltirilgan o‘sha Amriqoda ham duch kelmaysiz. Ya’ni, azaliy qrim-tatar shahar va qishloqlari, daryo va ko‘llarining nomlari yoppasiga ruschasi bilan almashtirila boshlandi… Yana takror aytaman, men kuyunib gapirayotgan ushbu holat kechagina boshlangani yo‘q – chorizm istibdodining bir yuz o‘ttiz olti yili davomida bu makkor o‘yinlar muttasil va izchil qo‘llab kelindi…
Bu orada tashqarida tobora yuqori pardalarga ko‘tarilayotgan shovqin-suron tufayli No‘mon so‘nggi jumlasini baralla aytishga majbur bo‘ldi. Bogdanov ham o‘rnidan qo‘zg‘olib, derazadan ko‘z tashladi. Tashqariga qaradiyu No‘monni darhol ozod etishlarini talab qilayotgan otliq va otsiz olomon hayqirig‘idan cho‘chib, o‘zini yana ichkariga oldi.
– Odamlarni tinchlantirib kelsangiz bo‘lardi, – dedi yuzlarida sarosima bilan ad’yutantiga qarata. – Oliy qo‘mondonlik buyrug‘idan bo‘yin tovlaganligi uchun Chalabijahon uzoq qamoq jazosiga loyiq bo‘lsa-da, ammo Qrimda tinch-totuvlikka rahna solmaslik vajhidan, muhtaram rahnamolarini javobgarlikdan to‘la ozod qilish qaroriga kelganimni ularga yetkazing.
Vaziyat tobora taranglashayotganidan o‘zining ham tinchi yo‘qolgan Rjeshevskiy shosha-pisha tashqariga yo‘nalishi hamon Chalabijahon yana Bogdanov ro‘parasiga kelib o‘tirdi:
– Bir boshga bir o‘lim, meni va safdoshlarimni o‘limga hukm etsangizlar ham, biz endi ortiq bunday yashamaymiz, istibdod zulmiga endi bo‘yin egmaymiz…
Bunga javoban Bogdanov:
– Boya siz aytgan gaplarni arxiv materiallaridan chuqurroq o‘rganib ko‘raman, – deya mujmalgina so‘zlashdan boshqa chora topolmadi.
Qo‘lida bir dasta qog‘ozlarni ko‘tarib talmovsirab qaytgan Rjeshevskiy ne qilarini bilmay, varaqlarni boshlig‘i stoliga qo‘ydi.
– Bu qog‘ozlarda o‘n besh ming odam imzosi yig‘ilibdi, hammasi bu janobni zudlik bilan ozod etishimizni talab etishyapti, – dedi Rjeshevskiy. – Hammasining avzoyi buzuq, baqir-chaqir qilib, bir og‘iz gapirtirishmadi. Xullas, zug‘um qilishyapti…
O‘z navbatida Bogdanov ham taajjubini yashirolmay qoldi:
– Bir zumda shuncha imzo?.. Aytganingizday, chindan ham avzoyilari chatoq bo‘lsa, qo‘zg‘olon ko‘tarib qolishlari ham hech gapmas… Bilasizmi, Rjeshevskiy, mening vazifam qrim-tatarlar bilan iliq munosabat o‘rnatib, ularning ishonchini qozonish. Kelgusi rejalarimizni amalga oshirishning bundan o‘zga chorasi yo‘q. Yerli aholining qo‘llab-quvvatlovisiz qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Chalabi janoblarini millatdoshlari huzuriga olib chiqing, Xudoning panohida bo‘lsin… – Shu dam nogahon No‘monning o‘ziga yuzlandi:
– O‘ylagan niyatlaringizdan bir soniya ham ortga chekinmang. Qirg‘inbarot urushlaru isyon va qo‘zg‘olonlar, qizil va oqlarning o‘zaro g‘ajishishlari zamon sur’atini tezlashtirib yuborgan ko‘rinadi. Xalqingiz bilan do‘stlashib, qo‘limdan kelgancha ko‘mak ko‘rsata olishim uchun qancha fursatim qolganligi yolg‘iz Parvardigorga ayon. Ammo aytganimdek, hech bo‘shashmang, ishga yaroqli hukumat barpo qilib, saylovchilaringiz qo‘lloviga chindan ham sazovor ekaningizga ishonch hosil qilsam, kamina tamsil etayotgan kadetlar partiyasi Qrim respublikasining chinakam mustaqilligini tan olish masalasini Davlat dumasiga olib chiqadi, Xudo yorlaqasa, bu niyatimni albatta amalga oshiraman…
O‘zining qiyomatli do‘stini hibsdan saqlab qolish maqsadida aholidan imzo yig‘ishda Ja’far Seydamet astoydil harakat qilganini No‘mon yaxshi bilardi. Har ikkovining ustodi Ali Bodaninskiy ham matbuotda shov-shuv ko‘tarib, muftiy hazratni qamoqqa tashlashga jur’at etgan, taxtdan voz kechmay turganida hatto oq podshoning o‘zi ham botinolmagan bedodlikka qo‘l urgan vaqtli hukumat kirdikorlarini ayovsiz ochib tashlagani ham unga yaxshi ma’lum edi…
Gubernator qarorgohidan tashqariga chiqiboq, hojasini sabrsizlik bilan kutayotgan Foriy-arg‘umog‘iga ko‘zi tushdi o‘shanda. No‘monni albatta qo‘yib yuborishlariga ishonchi komil bo‘lgan qishloqdoshlaridan kimdir birov Buyuk So‘noqdan shuncha yo‘l bosib, sadoqatli otini yetaklab kelgan edi.
Olomonning quvonchli qiy-chuvlari ostida Chalabijahon chapdastlik bilan otiga sakrab o‘tirdi-da, ortidan zabardast suvoriylarini ergashtirib, Boqchasaroy tomon shitob ot surib ketdi…
VIII
Mana, yarim yil ichida ikkinchi marotaba Sevastopolga so‘roqqa chaqirilayotgan Chalabijahon Bogdanov huzurida majburan hozir bo‘lgan o‘sha damlarni shu tariqa bir-bir xayolidan o‘tkazdi.
Boqchasaroy yoki Kezlev singari Qrim bag‘rida tabiiy tarzda unib-etilgan ardoqli kentlardan farqli o‘laroq, Sevastopol No‘monning nazarida bu yurt vujudida daf’atan paydo bo‘lgan o‘simta kabi begona va xatarlari bisyor unsur bo‘lib ko‘rinar, dashtlarning hur kengliklarida voyaga yetgan kimsani bu shahar ko‘chalari har tomondan iskanjaga olib, erkin nafas olishiga atay to‘g‘anoq bo‘layotganday tuyulardi.
Avvalgi chaqiruvdagidan ko‘ra No‘monning ko‘nglidagi hijil va xavotirlari endi yuz chandon ortiq edi. Buning boisi, biror kori-hol ro‘y bergudek bo‘lsa, Seydamet va Ali Bodaninskiy yoki boshqa safdoshlari avvalgidek ko‘makka yetib kela olmasliklarida emasdi. Bil’aks, butun umri davomida o‘zi qo‘l urgan sa’y-harakatlar, esini taniganidan buyon o‘zi intilib kelgan orzu-umidlari shu tobda bir musht hajmida kichrayib, ko‘rinmas muyulishlarda uni kutib turgan o‘z qismatiga qarshi bir ruhiy g‘alayonga do‘ndi.
Velijon bir muncha vaqt Chalabijahonning o‘ziga bildirmasdan orqasidan kuzatib keldi. Muftiyni tergovga chaqirishgani haqida tanish-bilishlarni, aftidan, aynan Velijon erinmasdan ogoh qilib chiqqandi, chunki Oqmachitni ortda qoldirishi hamon bir necha azamat yigit Chalabijahonga tansoqchi sifatida safarida hamrohlik qilmoqchi bo‘lishdi. No‘mon esa ular va yaqinlarining xavfsizligini o‘ylab, bu ko‘makdan bosh tortdi… Qrim-tatarlarning har bir xatti-harakati hokimiyatga bo‘ysunmaslik va yangi tartiblarga tahdid deya baholanishi hech gap emasdi, axir.
Qrim-tatarlarining mehrini qozonishni ko‘ngliga tukkan va shu maqsadda ularning til va udumlarini ham o‘rganishni niyat qilgan Bogdanovning “yaqin yarim-bir yil ichida Qrim ravnaqi uchun o‘n yillarda qilinmagan ishlarni uddalashga ulgurib qolmoq kerak, illo, zamon aql bovar qilmas sur’atda tezlashib ketmoqda” qabilidagi so‘zlari bashorat bo‘lib chiqdi. Chalabijahon bilan ikkisi o‘rtasida kechgan o‘sha suhbatdan yarim yil o‘tar-o‘tmas, dekabr oyi o‘rtalarida, so‘zamol tashviqotchi Yuriy Gaven yetakchiligidagi Sevastopol matroslari ushbu kadetlar rahnamosini Qrimni tashlab Bolgariyaga, undan nari esa Parijga qochishga majbur etishdi.
Bu orada esa, o‘zaro beayov urushlarini bas qilmayotgan ulkan saltanatlar orasida iskanjada qolib ketgan mo‘jazgina qrim-tatar millatining ikki yetakchisi ham – Chalabijahon va Seydamet ham vaziyat taqozosi bilan mag‘lubiyat sharobini totishga majbur bo‘lishdi…
Uchoqlar uchmas, poyezdlar yurmas, ulovlar ham qatnamas zamon keldi. Bular daf’atan harakatga kelsalar-da, ammo faqat qizillaru oqlar o‘rtasida kechayotgan birodarkushlik urushi ehtiyojlari uchungina harakatga kelayotgan edi.
Chalabijahon yo‘lning bir qismini piyoda bosib o‘tdi, ba’zan omadi chopib biror ulov yo‘lida duch kelib qolar, shunda ham o‘z tashvishlariyu o‘z o‘ylari bilan andarmon begona bu odamlar orasta kiyingan yangi hamrohning kimligi bilan aslo qiziqib ko‘rishmas ham edi.
Sevastopol tomon yo‘lda borarkan, bir gal xayoliga nazmiy ilhomdan paydo, ammo hali she’riy misralarga joylanib ulgurmagan satrlar kelgandek bo‘ldi: “Vaqt – ulug‘ tashabbuskor, vasvasalari chandon buyuk aldoqchiyu masxarabozdir; qari qizlarning va’dalari bisyor jazmaniyu, ushbu telbavor dunyoni isloh etmak istaganlarni har maqomga yo‘rg‘alatguvchi tengsiz lo‘ttibozdir bu zamon…” Bu fikrlarni qofiyaga solishga urinib ko‘rdi, ammo taassufki, ilhomning cho‘ltoq farishtasi etagini yig‘ishtirib, allaqayga hayyo-huyt uchdiyu ketdi. Ammo shu zumda Peterburg dorilfununida yod bo‘lib ketgan Konfutsiyning mana bu hikmati yodiga tushdi: “Oliyhimmat kishi omma manfaatini firqa-guruhlar manfaatidan ustun ko‘radi; tubanlar esa, bil’aks, firqalar manfaatini ommanikidan afzal biladi…” Har bir ishda aniqlik va lo‘ndalikni xush ko‘radigan No‘mon Chin-Mochinlik faylasuf so‘zlarini o‘z holicha isloh qilgandek bo‘ldi: “Oliyhimmat kishi – to‘kis va tugaldir, tuban kimsa – noto‘kis va notugal…”
Shu onda yana Muhammad sallolohi alayhi vasallam hadisi xayolida barqaror bo‘ldi: “Chinda bo‘lsa ham ilm izla!..”
Sevastopolni ko‘zlab shuncha yo‘l yurib kelgani – Kacha degan baliqchilar qishlog‘i bo‘lib chiqdiki, No‘mon bu holni haddidan oshib o‘zanlaridan toshayotgan vaqtning navbatdagi hiyla-nayrangiga yo‘ydi. Bu qishloqdan Sevastopolga faqatgina dengiz orqali yetib olish mumkin edi…
IX
Atroflari katta-kichik to‘rlar bilan o‘ralgan qishloq Qora dengiz sohili bo‘ylab sochilib yotgan shu kabi baliqchilar manzilgohlaridan birginasi edi. Shu damlarda Sevastopolda junbushga kelgan inqilobiy jazava-yu ehtirosli munozaralar sadosi hali bu yerlarga yetib kelmagan bo‘lsa-da, ushbu dolg‘alarni zukkolik bilan ilg‘agan Yermolay-Eroshka ismli mahalliy kazak o‘zini ushbu baliqchilar xo‘jaligi sohibi deya e’lon qildi. Hammani bir shirkatga birlashtirib, ja’mi ovning uchdan biri tarzida hamqishloqlariga o‘lpon joriy etib ham ulgurdi.
Sevastopoldan harbiy bo‘linmalarni paydar-pay tashiyotgan barjayu katta-kichik kemalar serqatnov bo‘lib qolganidan, baliqchilar sohildan uncha uzoqlab keta olmas, shu sabab ovning cho‘g‘i ham keyingi paytlar ancha susayib qolgan edi.
Oxirgi kunlari to‘rlarga nuqul qorni notabiiy tarzda ko‘pchib shishgan baliqlar ilinar, bundan hayrati oshgan baliqchilar o‘lja qornini yorib ko‘rishsa, mis tugmalar, kumush va tilla tishlar, ba’zan esa bus-butun yasama jag‘laru bo‘shagan gilzalar topilib qolar edi. Ushbu g‘aroyib dengiz tuhfalari ham, tabiiyki, shirakayf shirkat boshlig‘i bilan teng taqsim qilinar edi.
Ovloq baliqchilar qishlog‘ida kutilmaganda paydo bo‘lgan Chalabijahonga dastlab birov e’tibor ham qilmadi. Bu holat birmuncha g‘alati edi, negaki, orasta va po‘rim kiyingan kelgindi qo‘liga nima tushsa o‘shanga o‘ranib yurishni odat qilgan mahalliy aholidan keskin farq qilardi. Yermolayning o‘zi tatar cho‘girmasiyu qo‘y po‘stiniga o‘ranib olgan ko‘yi, biror o‘lik zobit oyog‘idan yechib olingan xrom etigini g‘irchillatib, uzzu-kun qishloq oralab sang‘igani sang‘igan edi.
Nam tortib qolgan qumloqni kechib, Chalabijahon eng chekkadagi kulbaga qarab yurdi. Kulbaning kirlangan oynasi ortida birovning sharpasi lip etib ko‘rindi. Boshini sochiq bilan tang‘ib olgan kimsa Chalabijahonga bir qarab qo‘ydiyu, o‘zini yana ichkariga oldi.
Xiyol o‘tmay deraza ortida endi ayol kishining boshi paydo bo‘ldi, juvon bemavrid bu mehmonni eslashga astoydil urinayotgandek No‘monga sinchiklab tikilar, uning qiyofasi taniqli kimnidir yodiga solayotgan edi.
Er-xotin har turli hujjatlar va gazeta qirqimlari jamlangan javonni titkilab, bir suratni topishdi. Bir qo‘llaridagi suratga, bir esa haliyam deraza qarshisida depsinib turgan No‘monga qarab, oxiri hayratdan yoqa ushlashdi: “Axir bu muftiy hazratlari-ku!”
Uy sohibi – uning ismi Merdon edi – aslida aholini Qurultoy sayloviga tashviq qilgan mahalliy faollardan biri edi, ammo shu tobda hech kutilmagan bu tashrifdan kalovlanib qoldi.
Chalabijahon o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqaniyu, Seydamet esa boshqa chora topolmay chetga juftakni rostlab qolgani haqida yaqinda uylariga kelgan kuyovidan eshitib bilgach, Merdonning ham hamma narsadan ko‘ngli sovib, baliq ovlashga ham chiqmay qo‘ygandi.
Merdon eshikni asta ochib, atrofga alanglab oldi-da, No‘monga sas berdi:
– Hazratim, kiring, aziz mehmonim bo‘ling! – Mehmonni ichkariga kiritib olgach, hayajoni zo‘ridan bidirladi yana: – Siz hech xavotir olmang, boshingizni ortiqcha savollar bilan og‘ritmayman. Istamasangiz, bu yerlarga sizni qay bir tashvishlar haydab kelganini ham so‘rab o‘tirmayman…
Bir dam o‘tmay:
– Orzu! – deya xotinini chaqirdi.
Xo‘jayini ovoziga darrov yetib kelgan juvon stolga tezdagina dasturxon tuzab, ul-bul yegulik bilan qahva keltirib qo‘ydi.
No‘mon uy egasi taklifiga ko‘ra stolga kelib o‘tirdi-da, sovuq qotgan qo‘llarida issiqqina qahvani tutib, sukutda qoldi. Orzu bo‘lsa mehmonning uzun barmoqlariga tikilib, “dovrug‘i olamga ketgan odamning barmoqlari mashshoqnikiday namuncha nozik bo‘lmasa!” degan o‘yni xayolidan o‘tkazdi.
Yana bir nafas sukutdan so‘ng Chalabijahon cho‘ntagidan soatini chiqarib qarab qo‘ydi-da, hamon og‘zini poylab turgan mezbonlarga yuzlandi:
– Meni Sevastopolga chaqirishyapti…
Merdon ilk bor No‘monning yuziga botinib qaradi:
– Sevastopolga yetib olishning o‘zi bo‘ladimi hozir? Hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov…
Qahvadan so‘ng No‘monning ushuk yegan vujudiga issiq kirganday bo‘ldi. So‘ng yana betoqatlanib soatiga qaradi.
– Hozir Kachadan Sevastopolga hech narsa qatnamay qo‘ygan, – suhbatga qo‘shildi Orzu. – Motorli bir qayiq yurib turgandi, uniyam matroslar musodara qilishdi. – Shularni aytib, eriga ma’noli qarab qo‘ydi.
– O‘zim sizni eltib qo‘yaman, hazratim, tashvish tortmang, – dedi Merdon ham xotini qarashlaridagi “hazratga yordam beraylik” ma’nosini uqib. – Sohil bo‘ylab qayiqda yetib olamiz.
Yo‘l oldidan duoyi fotiha qilinib, ikkisi birin-ketin kulbadan chiqishdi. Merdonning ko‘pdan beri qoziqqa bog‘lab qo‘yilgan qayig‘ini itarib suvga tushirishdi. Baliq ovi bilan ro‘zg‘orini but qilishda ko‘p yillar beminnat xizmat qilgan eski qayiqda ikkovlon asta suzib ketishdi. Yaxshiki, dengiz bugun sokin edi, yo‘qsa, almisoqdan qolgan bu tog‘orada hollari xarob bo‘lishi hech gap emasdi.
Manzil tomon bir maromda chayqalib borishar ekan, No‘monning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan mudhish manzaralar diliga qayg‘u va g‘ulu solar, dam-badam suv betiga qalqib chiqayotgan it-mushuk, katta-kichik baliqlaru dengiz qushlari murdalaridan taralayotgan qo‘lansa hid Chalabijahon dimog‘iga o‘rnashib, ko‘nglini alag‘da qilar edi.
Muftiy hazrat bilan bir qayiqda suzib borayotganiga haliyam ishona olmayotgan Merdon bo‘lsa No‘monga ora-sira qarab qo‘yar, Qurultoyda so‘nggi bor ko‘rishganlaridan tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganini o‘zicha xayolidan o‘tkazib borardi. Xotiriga muhrlanib qolgan No‘monning tiyrak ko‘zlaridagi shijoatli chaqinlarni boshqa ko‘rolmayotganidan baliqchi mungli qayg‘uga cho‘mar edi.
Bir payt xayollaridan chalg‘ish uchunmi, eshayotgan eshkagiga hamohang tarzda bir qo‘shiq xirgoyi qila boshladi Merdon:
Keldы duvurdan vapur, portk’a yanashtы,
Beklep turg’an tuvg’an – uruv, zuv-chuv djыlashtы.
Biz vapurg’a mingen son’,kopyurdi den’iz.
Adыmыzni unutыn’ыz muadjir den’iz…
O‘z yurtidan quvg‘in etilgan qrim-tatarlari asrlar davomida kuylab kelgan ma’yus bu satrlar tobora Chalabijahonning ham dilini zabt eta boshladi va u ham beixtiyor xirgoyiga qo‘shildi.
Bir payt yonlaridan shaloplab o‘tib borayotgan barjani ko‘rib, Merdon qo‘shig‘idan tindi. Barjadagi odamlar qo‘llarida durbin bilan dengiz yuzasini sinchiklab kuzatishar, allanimalarni ilgak bilan barjaga tortib chiqarishar edi. Navbatdagi o‘ljadan o‘zlarida yo‘q xoxolab kulayotgan bu g‘alati ovchilarning harakatlari No‘monni ham qiziqtirib qo‘ydi. U ham Merdon kabi qiziqsinib o‘rnidan turdi. Tuzukroq razm solib qaradiyu, ko‘zlariga ishona olmay hayratdan dong qotdi. Gap shunda ediki, barjadagilar suvga cho‘kib ko‘pchigan odam murdalarini tunashmoqda, ularning o‘ljasi dengiz hayvonlari emas, balki bo‘yniga tosh boylanib cho‘kdirilgan odamlar edi!
Dengiz oqimi qirg‘oqdan tobora uzoqlashtirib ketayotgan sho‘ring qurgurlarni avvalo baliqlar obdon tanovul qilishar, baliqlardan ortganini esa mana bu razil kimsalar shipshiydon qilishayotgan edi. Jasadlarning tilla tishlariyu soat va ko‘zoynaklarini, zobit bo‘lsa – mundirining mis tugmasi va zarhal pogonlarini yulib-sug‘urib, o‘zlarining palid bisotlarini qappaytirishardi bu talovchilar.
Ushbu manfurlikka guvoh bo‘layotgan Chalabijahon qalbida uyg‘ongan g‘alayonni sezib, Merdon ham ne qilarini bilmay, yuzini chetga burdi.
Chalabijahon xayolida o‘z millatdoshlarining achchiq qismati jonlandi: Turkiyaning omon-omon sohilidan panoh izlab, o‘z yurtini tashlab qochishga mustahiq yurtdoshlarining qanchasi shu tarzda, dengiz po‘rtanasida juvonmarg ketgan bo‘lsa?..
No‘monning xayolidan kechayotgan o‘ylarni uqqan kabi, Merdon ohista so‘zlandi:
– Biznikilar baliq ovlamay qo‘yishgan. Xuddi o‘z birodarlarimiz etini yegandek bo‘lamiz. Boshimizga kulfat, zarar-zavollar kelmasin-da ishqilib…
X
Chalabijahon ilk so‘roqqa doimgi rasmiy libosida kelganini ko‘rib, guberniya komissari Gaven taajjubda qoldi. Redingot rusumli qora kostyum-u soat solishga mo‘ljallangan cho‘ntakchali kamzul, kostyumga mos tushgan ingichka oq hoshiyali shimi bu janobga juda yarashib turar, shuncha yo‘l bosib kelsa ham biror gard yuqmagan tik yoqali, oppoq qadama ko‘ylagi, kapalak shaklli bo‘yinbog‘i ham No‘monning har ishda hafsalali ekanidan darak berardi.
Istanbul va Peterburgda tahsil olgan chog‘laridan buyon aynan shu zayl kiyinishga o‘rgangan Chalabijahon bu odatini sira tark etmagan edi.
Butun qiyofasidan mag‘rurlik ufurib turgan bu odamning chehrasida hech bir qo‘rquv alomati sezilmagani soqchi-matrosning jahlini qo‘zg‘adi. “Hoy tatar, qayerda turganingni bilmayapsanmi?” degan po‘pisa bilan No‘monning boshidan qalpog‘ini urib tushirmoqchi bo‘lgandi, boshlig‘i uning shashtini qaytardi.
“Shaxsan Gavenning o‘zi so‘roq qilmoqchi, nufuzli odam shekilli…” – deb o‘yladi matros.
Latish naslli Yan Ernestovich Dauman boshqa kosmopolit-bolsheviklar qatori asil nasabini o‘zgartirib, Yuriy Petrovich Gaven degan g‘alati ism-sharifni olgan edi. Shu tobda Gaven stoli tortmasidan Chalabijahon ustidan yig‘ilgan hujjatlarni olib, sovuqqon tarzda qat’iylik bilan so‘roqni boshlamoqchi bo‘ldi, ammo alg‘ov-dalg‘ov zamonda ham hatto kiyinish odatini tark etmagan qarshisidagi kimsaning xotirjamligini ko‘rib, nima deyarini bilmay, kalovlanib qoldi.
Qonli janglarda necha bor mardonavor qatnashgan Yuriy Petrovich o‘ziga yuklatilgan vazifasi taqozosiga ko‘ra shafqatsiz bo‘lishga majbur edi. Ustiga ustak, Zemlyachka uning har bir qadamini xufyona kuzatib turgandek bo‘lar, “Sevastopol shahar bolshavoylari yetakchisi Gaven inqilobiy shijoatini boy berib qo‘ymadimi?” qabilida g‘oyibona tergab turgandek tuyular edi.
Zemlyachka Qrimga oxirgi marta tashrifi chog‘ida yot unsurlar ustidan olib borilgan tergov protokollari va chiqarilgan hukmlarni taftishdan o‘tkazib, Gavenni landovurlik va burjuaziyaga xos chirkin bag‘rikenglikda ayblagani, oxirida esa uni barcha vazifalaridan bo‘shatib, frontga yuborish bilan tahdid qilgani Yuriy Petrovichning hali esidan chiqqan emas. Hayriyatki, uch oylik sinov muddati bilan uni o‘z ishida qoldirdi. Ketar paytida “Ablah unsurlarga o‘qlar isrof etilmasin, hammasini birvarakay dengizga cho‘ktirilsin!” deya qat’iy buyrug‘ini e’lon etdi.
Chalabijahonga bermoqchi bo‘lgan dastlabki savolini baribir xayolida pishita olmagan Gaven, boshqa muhim ishlarini ro‘kach qilib, matrosga “ushbu janobni hozircha tergov izolyatoriga joylab” turishini buyurdi. O‘zi esa “musulmon muftiysiga ozroq bo‘lsa ham hurmat ko‘rsatgan ma’qul” deya xayolidan o‘tkazdi.
Chalabijahon ustidan turli manbalar yordamida yig‘ilgan ma’lumotlar – zimdan kuzatuv hisobotlari, g‘animlarining chaquvi hamda Qurultoy majlislarida so‘zlagan nutqlarini o‘rganib, Gaven Qrimda zo‘ravonliklarga chek qo‘yish kabi ayrim masalalarda ikkovi yakdil ekanlarini angladi.
Tamaki burqsitib xordiq chiqarayotgan qizil askarlar orasidan Chalabijahonni hibsxonaga olib borayotib, matros baribir o‘zini tutib turolmadi – mahbusning boshidagi cho‘girmani jahl bilan urib tushirdi. Koridor bo‘ylab o‘tirgan askarlarga qilgan ishidan mamnun bo‘lib qaradi. Ammo shu payt No‘monning amrona ovozidan qalqib tushdi:
– Hoziroq yerdan ol!
Mahbusdan bunday jur’atni aslo kutmagan matros shoshib qoldi, tamaki tutatayotgan askarlarga ko‘mak so‘raganday tikildi.
– Yerdan ol, dedim senga!
– Rudolf! – deb matrosga yuzlandi askarlar. – Qalpoqni bizga uloqtir, kuldon qilib ishlatvoramiz.
Yozuv mashinkasida bir nimalarni yozib o‘tirgan Gavenning yordamchisi koridorga mo‘raladi. Boshliqning xayolini chalg‘ityapsanlar, degandek matrosga qarab, zo‘raki yo‘talib qo‘ydi. Yordamchining norozi qarashi matrosni yerdagi cho‘girmani olishga majbur qildi, shunda ham, pakanaligi pand berib, ikkinchi urinishda zo‘rg‘a qalpoqni olib No‘monga uzatdi. Boshqa askarlar oldida kalaka bo‘lganidan bu matros Chalabijahon bilan birga uning qalpog‘ini ham yomon ko‘rib qoldi, “agar boshida cho‘girmasi bo‘lmasa, la’nati bu tatar o‘zini bu qadar mag‘rur tutmas edi” deb o‘yladi o‘zicha…
XI
Qorovulga Chalabijahondan zinhor ko‘z uzmasligini tayinlab, Rudolf miltig‘ini negadir boshqacha mehr bilan silab, ortiga qaytdi. Qorovul No‘monni kameraga turtib kirgizdi-da, ustidan eshikni qulfladi. Ichkariga qadam qo‘ygani zahoti No‘monning dimog‘iga zax qo‘lansa hidi urildi.
Quloch yoysang, ikki devoriga qo‘l tekkulik tor xonada salgina bo‘lsa ham isinib olish ilinjida u yoqdan bu yoqqa borib kelar, o‘zidan avval bu yerda qaro qismatini kutib yotgan allaqaysi boyaqishlar devorlarni timdalab, qatra qoni bilan bitgan yozuvlarni birma-bir o‘qir edi: “Aziz Vatanim uchun jon fido qilmoqdaman”, “Podsho hazrati oliylari uchun jonim qurbon bo‘lsin”, “Leokadiya Petrovna, onasi, meni kechirgin, bolalarni asra”, “Marks-Leninning rus qonini qiyratgan xaromzodasi – Zemlyachkadan intiqom olingiz!” Ruscha bu bitiklar orasida qrim-tatar tilida ham bir yozuv bor edi: “Jismi insan bir fenerdir, Akibet bir kun senerdir”.
Qonunlar bilimdoni bo‘lgan Chalabijahon “oqlovchi berisharmikan?”, deb xayolidan o‘tkazdiyu, bu fikrining bema’niligini anglab, o‘zicha kulib qo‘ydi.
Kamera burchagidagi bir tuynukdan eshitilgan shitir-shitir ovozdan xayoli bo‘lindi – dam o‘tmay teshikdan bir kalamushning tumshug‘i ko‘rindi. O‘zi kabi mo‘ylovdor yangi hamxonasini kalaka qilayotgandek kalamush ham ikki tomon dikkaygan tuklarini qimirlatdi. Bu kalamush surbetroq chiqib qoldi yoki No‘mongacha ham bu yerda xonanishin bo‘lgan odamlar, o‘z taqdiriga tan berib, mitti bu jonivorga ozor yetkazishni o‘zlariga ep ko‘rmaganidanmi, ehtimol esa urvoqlar bilan siylab o‘rgatib qo‘yishganmidi, har tugul kalamush hech bir hadiksiz yangi qo‘noq atrofida aylanib, orqa oyoqchalarida turgancha havoni obdon hidlab ko‘rdi. O‘zi kutgan narsa sodir bo‘lavermagach, ya’ni jonivorga birov yegulik uzatmagach, ziqna bu odamdan hafsalasi so‘ndiyu, g‘ijingan ko‘yi shoshilmay iniga kirib ketdi.
Chalabijahon shu zahoti egnidagi pidjakni yechib, teshikni berkitib qo‘ydi, ichkaridan kalamushning domangir chiyillagani eshitildi.
Balanddagi panjarali derazadan na hovli, na ko‘cha ko‘rinar, tashqi olamning na bir tovushi quloqqa zinhor eshitilmas… Dilgir bu go‘shada himoyang uchun na bir oqlovchi, madori qurigan jisming uchun na bir burda nonu va na bir qultum suv, horigan vujudni uyqu bilan siylashga na bir to‘shakdan xomtama bo‘linmas. Abgor bu sharoitga ko‘nikishdan o‘zga chora yo‘q edi – No‘mon muzdek yerga uzala tushib yotib olaqoldi. Yotgan zahotiyoq toliqqan tanasi shunchalar og‘irlashib ketdiki, xuddi bu zax yerga butun borlig‘i bilan chirmashib borayotganday tuyuldi. Ammo tuynukka qistirilgan kiyimini talashib-tortishib kemirishni boshlagan kalamushlar ovozidan baribir uxlay olmadi. Bu kiyimning boyagi ziqna egasi hali tirikmikan, degan savol shu tobda kalamushlar xayolidan o‘tayotgan bo‘lsa ajab emas.
Ko‘pdan beri tuz totmagan No‘monning qorni tatalab ketgan bo‘lsa ham, eshikni gursillatib yeguligu ichgulik zo‘rashni g‘ururi zo‘ridan o‘ylab ham ko‘rmadi.
Shu tarzda yotarkan, bolaligida kechgan ayrim voqealar yodi Istanbul bag‘rida o‘tgan yoshlik chog‘lari xotiralari bilan paydar-pay almashinib, xayolida dam-badam jonlanar edi. Mana, xayolining allaqaysi olis puchmoqlaridan dorilfunun mudarrisi Ali Amir afandining zakiy siymosi sizib chiqdi. Mana, eski kitoblar bozorida yurarkan, mudarris Mahmud Qoshg‘ariy qalamiga mansub arabiy “Devoni lug‘otut-turk” qo‘lyozmasiga tasodifan duch kelib qoladi. Risolaning ko‘hna sahifalarini mehr va qiziqish bilan varaqlayotgan keksa ustozning yosh boladek quvonganini bir ko‘rsangiz edi!
Ali Amir afandi iqtidorli shogirdi bo‘lgan aynan No‘monga ushbu qo‘lyozmani usmonli turkchasiga bahamjihat o‘girishni taklif etgan, kitobni chop etish masalasini Rifat Bilga ismli arabshunos-noshir bilan pishitib ham qo‘ygan edi…
Bu ish oxiriga yetmay qoldi, chunki bu damda Chalabijahonning butun xayoli Peterburgda, mavjud tartiblarga qarshi oyoqqa qalqqan Peterburg talabalari bilan birga edi…
No‘monning xayoli olis Istanbul va Peterburgdan yana tor va sovuq bu hibsxonaga qaytdi. Mahbusni bir burda nonu bir qultum suvga zor qilib, ochofat kalamushlar bilan yolg‘iz qoldirish – aslida puxta o‘ylangan ruhiy bosim ekani, dilgir bunday sharoitga dosh bera olmagan mahbusning irodasi ko‘p o‘tmay zavol topishi tayin ekani haqida o‘yladi. Ko‘p oshiqma, – dedi No‘mon yana o‘ziga o‘zi, – azob-uqubatlar endi boshlanayotir…
XII
Matros Rudolf Chalabijahonni navbatdagi so‘roq-savol uchun boshliq xonasiga olib kirishi bilan, mahbusning butun qiyofasidan allanechuk ko‘rinmas to‘lqinlar taralayotgandek, Gaven bu gal ham qat’iyatini yo‘qotib, kalovlanib qoldi.
Uni muttasil xufya nazoratda tutib turguvchi Rozaliya Zemlyachkaning doimo uqdiradigan “sobiqlarning barchasi tarix chiqindisidir, ularga zinhor rahm-shafqat ravo ko‘rilmasin” qabilidagi so‘zlari yodiga tushib, Yuriy Petrovich o‘zini darhol rostlab oldi.
Borlig‘idan hamisha qat’iyat yog‘ilib turadigan latish komandiri mana bu mahbus oldida taraddudda qolganini yordamchisi ham yaqqol sezdi.
Gaven stol ustidagi deloni varaqlay boshladi. “O‘zingni jiddiy ish bilan mashg‘ul ko‘rsatib, deloni titaverganing bilan – bari behuda, – deb xayolidan kechirdi yordamchisi o‘zicha ijirg‘anib. – Bu tatar baribir tarixning yana bir chiqindisi, xolos…”
Gaven Chalabijahonga joy ko‘rsatib, so‘roqni boshlaymiz deganday yordamchisiga ishora qildi.
– Ism-sharifingiz?
– No‘mon Chalabijahon.
– Kasb-koringiz?
– Qrim, Ukraina, Litva va Polsha musulmonlari muftiysiman, – dedi No‘mon ichidan jo‘shib kelayotgan titroqni sezdirmaslikka tirishib.
– Talabalik davringizdayoq aksildavlat faoliyatini boshlagansiz. Ja’far Seydamet bilan o‘zaro til biriktirib, “Qrim-tatar talaba yoshlari jamiyati”ga asos solgansiz… Darvoqe, Seydamet hozir qayerda bo‘lsa? Do‘stu birodarlar orasida sir bo‘lmasa kerak? Qiyomatli do‘stingiz qayerga qochib ketgani sizga ma’lum-ku, to‘g‘rimi?
– Bundan xabarim yo‘q, – dedi No‘mon cho‘rt kesib. – U qochib ketganida men Qrimning boshqa tarafida edim.
– Agar buni bilsangiz, bizga aytgan bo‘larmidingiz? – mug‘ombirlik bilan savol tashladi Gaven. – Tergov bilan hamkorlik qilish aybni yengillashtirishi, ba’zi hollarda esa butunlay avf etilishga sabab bo‘lishi sizga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman…
– Bu masalada “agar”, “mabodo” degan narsalar ketmaydi. Agar yerga meteorit qulaganida edi, bashariyat tarixi mutlaqo o‘zga o‘zandan ketgan bo‘lar edi, degan kabi kulguli sizning gaplaringiz. Shunda turli inqilob va qo‘zg‘olonlarga ham hojat qolmas edi, demoqchi bo‘lyapsiz.
No‘monning har bir so‘zini mashinkasida chiqqillatib yozib o‘tirgan kotib “judayam aqlli ekan, yaramas” deya xayolidan o‘tkazib qo‘ydi.
Gaven navbatdagi savolini o‘ylab, tek turib qoldi.
– Mayli, – dedi u nihoyat, – unday bo‘lsa, o‘sha qochoq do‘stingizning qarinoshlarini tanirsiz, axir? Seydamet bilan oilaviy bordi-keldingiz bor edi. Yana bir yaxshilab o‘ylab ko‘ring – biz bilan hamkorlik qilsangiz, o‘zingizga yaxshi bo‘ladi…
– Tergov bilan kelishuvga borish darajasida o‘zimni aybdor deb bilmayman! – keskin so‘zlandi No‘mon. – Shu paytga qadar neki qilgan bo‘lsam, barchasini xalqimning xohish-irodasi bilan amalga oshirdim…
Qarshisida o‘tirgan qaysar Chalabijahon bilan ikkovi o‘rtasidagi bu kabi so‘roq-savoldan aslida hech bir ma’no va naf chiqmasligini Gaven yaxshi anglab turar, Zemlyachkaning qat’iy talabi bo‘lmasa edi, No‘monni allaqachon qo‘yib yuborgan bo‘lardi.
– Darvoqe, faoliyatingizning yana ayrim jihatlariga e’tibor qarataylik, – dedi Gaven istamaygina. – Millatchi Seydametga qarshi tura olish maqsadida siz o‘rtoq Firdavs yetakchiligidagi kommunistlar bilan o‘zaro ittifoq tuzishni ham ko‘zlagan edingiz. Siyosiy g‘o‘rligingiz sababidanmi va yoki beqaror tabiatingiz ta’siridami, harqalay, siz hamisha bir lagerdan boshqasiga sakrab yurdingiz. – Gaven bu safar No‘monga sinchiklab qaradi va u birgina kamzulda yupun o‘tirganiga endi e’tibor qildi. Mahbus qimmatli kostyumini kalamushlar ziyofatiga qoldirganidan u bexabar edi. – Sizning bo‘lginchi-hamkorlaringiz – Xalil Chapchakchi, Amet-afandi O‘zenboshli, Seit-Jalol Hattotov va eng muhimi, siz ko‘p ardoqlagan Ali Bodaninskiy ham bizning saflarimizga kelib qo‘shilishdi. Men nomlarini zikr qilib o‘tgan ushbu tarixchi olimlar, shoiru ma’rifatparvarlar, bir so‘z bilan aytganda, Qrim-tatar jamiyatining eng sara namoyondalari faqat va faqat bolsheviklargina Qirim uchun yorqin kelajak barpo eta olishlarini, mazlum va yo‘qsillar uchun chinakam hurlik va farovonlik eshiklarini aynan leninchi-kommunistlar ochajaklarini anglab yetdilar…
Gavenni tinglar ekan, Qrim taqdirini hal etish uchun bu yerga yuborilgan avvalgi amaldorlardan farqli tarzda, u Qurultoy faollari ismlarini mahalliy turkiy talaffuzda birma-bir tiniq sanab o‘tayotganiga e’tibor qildi.
O‘z navbatida No‘mon ham komissarga ichidagini ochiq-oydin so‘zladi:
– Siz bolsheviklar Qrimga tinchlik va do‘stlik niyatida tashrif buyurasizlar, deb o‘ylagandik dastlabida. Ammo, taassufki, sizlar begunoh qrim-tatar, rus, ukrain va greklarni qatli om qilib, yurtimizga u baxtiqarolar jasadlari osha kirib keldingiz. Sobiq maslakdosh-do‘stlarimga kelsak, sizlar bilan hamkorlik qilishga undagan sabablar faqat ularning o‘ziga ayon. Siz aytgandek, hali yosh va g‘o‘r bo‘lishimga qaramay, kamina anglab yetganimdek, ushbu qarorlar xato ekanini ular ham tez orada tushunib olishadi.
– G‘o‘r bo‘lsam ham shoirona savqi tabiiy yordamida anglab yetdim buni, demoqchisiz-da? – kesatdi Gaven. – Ammo bir masalada bizga baribir yordam berishingizga to‘g‘ri keladi. Sizga xiyonat qilgan Ja’far Seydametga taalluqli masalada…
Shundagina Chalabijahonga hammasi oydinlashdi. Hali Oqmachitda ekanidayoq Velijon so‘zlab bergan Seydametning aqrabolari haqida so‘z bormoqda edi…
– Sizga bu masalada ham yordam bera olmayman, – dedi No‘mon bir nafas sukutdan so‘ng.
Gaven No‘monning samimiy va ayni paytda qaroridan zinhor qaytmasligi anglashilib turgan so‘zlarini tinglayotib, “Bu janobni ozod qilib yuborsam bo‘lmasmikan-a?” deb o‘yladi. Ammo Chalabijahon Zemlyachkaning qora ro‘yxatida ekanini eslab, xayolidan kechgan fikridan qo‘rqib ketdi.
– Dunyoni o‘zgartirishni niyat qilganlarning qismati ne kechishi hech kimga ayon emas, – dedi o‘ziga o‘zi so‘ylayotgan kabi Gaven.
Gaven yana nimadir demoqchi edi, ammo eshik ortida soqchilikda turgan matros Rudolfning hayqirig‘i uni zumda sergak torttirdi: “Boy-baba tachankada yelib kelmoqda!” Askarlar orasida shu laqab bilan mashhur Zemlyachka tashrif buyurganini anglagan Gavenning yuzlaridan qoni qochib, Chalabijahonning beayb ekani haqida hozirgina o‘ylab turgan xatarli fikrlarini haydab soldi…
XIII
Kamerasiga qaytib kelgan Chalabijahon zax yerga uvadasi chiqib ketgan eski matras tashlab qo‘yilganini ko‘rdi. Butun vujudida yana qayta bilingan charchoq zo‘ridan matrasga cho‘zildi-yu, begona odamlarning achiqimtil hididan ko‘ngli alag‘da bo‘ldi.
Hibsxonaning dilgir sukunatini devor ortidan eshitilayotgan saslar buzdi. Avvaliga kalamushlar yana to‘polonini boshladimi, deb o‘yladi. Teshikka tiqilgan pidjakini olib, diqqat bilan quloq tutdi. Aftidan, boshqa mahbuslarni kuzatish bilan ovora kalamushlar og‘zi ochilgan tuynukdan bu tomonga chiqib kelishmadi. Narigi tarafdan kimdir yana devorni qitirlatdi. Qo‘shni kameradan o‘z ona tilida uzuq-yuluq so‘zlar eshitilib turar, ammo No‘mon gap nima haqida ekanini ilg‘ay olmadi. Faqat ona allasiday qulog‘iga xush yoqayotgan o‘z zabonining qadrdon talaffuzidan dili yorishib, uxlab qolganini sezmadi.
Kamera eshigining kutilmaganda sharaqlab ochilishidan uyg‘onib ketdi. Qarashlarida nafrat bilan noxush bir quvlik yaqqol bilinib turgan matros Chalabijahonni qo‘shni xonaga yetakladi.
Nimqorong‘u kamerada Gaven bilan yana bir ayol bor edi. U yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan bu ayolning cho‘zinchoq yuzlari, orqaga silliq taralgan sochlariyu nafrat chaqinlari muhrlangan ko‘zlarida ayollarga xos joziba sezilmas, asabiy tarzda qiyshayib qolgan lablaridan esa har soniyada eng palid so‘zlar otilib chiqishini kutsa bo‘lardi.
– Rozaliya Samoylovna, – dedi Gaven ayolga Chalabijahonni ko‘rsatib, – mana bu mahbus ularni tanib bera oladi.
– Yaxshi, ajoyib! – dedi Zemlyachka No‘monga kalondimog‘ nazar tashlab. – Unda yuzlashtiruvni boshlaymiz.
Gaven endi No‘monga murojaat qildi:
– Qarshingizda turgan mana bu tatarlarni taniyapsizmi? Ular Ja’far Seydametning qarindoshlari, to‘g‘rimi? Avvalgi aytganlarimni yana eslatib qo‘ymoqchiman – agar biz bilan hamkorlik qilib, bularning Seydamet yaqinlari ekanini tasdiqlab bersangiz, sizni jazodan ozod etishimiz mumkin…
No‘mon qarshisida titrab-qaqshab turgan qariya bilan uning qiziga tikilib qoldi. Qontalash yuzlariyu madorsizlikdan bazo‘r oyoqda turganlaridan ayovsiz qiynoqqa tutilganlari bilinib turgan ikkov millatdoshining ahvolini ko‘rib, ichida bir g‘alayon qo‘zg‘oldi. Ha, No‘mon bularni yaxshi taniydi. Bir paytlar Seydametning qishlog‘ida Xidirliz bayramini nishonlash uchun barcha yaqinlari jamuljam bo‘lgan katta davra shu onda xayolida jonlandi. O‘shanda bu ikkov boyaqishni ham No‘monga tanishtirishgan, bular Ja’farning Buyuk Onlar degan qishloqda yashovchi xeshlari ekanini aytishgandi.
Bir-birlariga unsiz tikilib qolgan millatdoshlarning bu alfoz turishi negadir Rudolfning g‘azabini qo‘zg‘otdi. U chol bilan juvon boshidan do‘ppisini bir urib tushirdi-da:
– Mana endi bir-birini tanishlari osonroq bo‘ladi, – dedi tirjayib.
Ha, No‘mon har ikkisini taniydi, ular Seydametning aqrabolari ekanini ham biladi. Ammo mana bu ablahlarga bu haqida zinhor og‘iz ochmas!
– Bular siz o‘ylayotgan odamlar emas, Seydametga mutlaqo begona, – dedi zarda bilan.
Bunga javoban Zemlyachkaning buyrug‘i yangradi:
– Hoy tatar, unday bo‘lsa, o‘ng qo‘lingni bir oz yuqori ko‘targin-chi!
No‘mon qo‘lini ko‘tarishi hamon Zemlyachka mauzeridan o‘q uzdi.
– Endiyam eslamay ko‘r-chi!
O‘q tekkan qo‘lidan boshlangan chidamsiz og‘riq zo‘ridan No‘mon bukchayib qoldi. Soqchi-matros kela solib, uning yelkasidan dast ko‘tarib turg‘azdi-da, turtib-surtib kamerasiga olib ketdi.
Ortidan eshik yana sharaqlab yopilgach, No‘mon ko‘ylagini yechib, majoli yetguncha qo‘lini mahkam qisib bog‘ladiyu, ko‘z oldi qorong‘ulashib, o‘rniga cho‘zilib qoldi. Bir payt qo‘shni kamera tomondan tuynuk orqali boyagi cholning sasi eshitildi:
– Hazratim, va-Llaxu hoyrun hafizav va-huvva arhamu r-rohimiyn!
No‘mon o‘rnidan qo‘zg‘olib o‘tirdi va devordagi bitiklarga tikildi. Birinchi kun ko‘zi tushgan yozuv shu tobda azoblarda qolgan yuragiga malham bo‘lib o‘rnashdi: “Jismi insan bir fenerdir, Akibet bir kun senerdir!”
Siqib bog‘langaniga qaramasdan yarasidan tinmay oqayotgan qon hamma yoqni qizilga bo‘yadi. Chalabijahon qontalash barmog‘i bilan boyagi yozuv ostiga shu onda xayolida qofiyalashgan satrlarni bita boshladi:
Ant etkenmen, milletimnin’ yarasыnы sarmaga,
Nasыl bolsun bu zavallы k’ardashlarыm chyuryusin?
Onlar ichyun okyunmesem, k’aygurmasam, yashasam,
Yuregimde k’ara k’anlar k’aynamasыn, k’urusыn!
Ant etkenmen, shu k’arang’ы yurtk’a shavle serpmege,
Nasыl bolsun iki k’ardash bir-birini kormesin?
Bunы korip buvsanmasam, mug’aymasam, yanmasam,
Kozlerimden ak’k’an yashlar derya – den’iz k’an bolsun!
Ant etkenmen, syoz bergenmen millet ichyun olmege,
Bilip, korip milletimnin’ kozyashыnы silmege.
Bilmiy, kormiy bin’ yashasam, K’urultaylы xan bolsam,
Yine bir kun mezardjыlar kelir meni kommege.
Qonli satrlar shu zahotining o‘zida devor yuzasida qotib qolar, kelgusi avlodlar sari yo‘nalgan ushbu qasamyod so‘zlari millat hurligi uchun shahid ketgan barcha fidoyi oydinlarning so‘nggi va qat’iy ahdi bo‘lib manguga muhrlanar edi.
XIV
Qish oyoqlab, tabiatda bahorning ilk daraklari bilina boshlagan fevral oyining 23-kuni kutilmaganda quyosh charaqlab chiqdi. Quyoshning qiyraxon nurlari siyrak bulutlar bag‘rini tilka-pora qilib o‘ziga shahdam yo‘l ochar, qora ko‘lankalarni tafti bilan beomon eritib, atrofda yorug‘ kunlarni batamom barqaror etmoqchi bo‘lib tirishar edi. Qora qishning zimiston kunlaridan ruhi toliqib, mana endi, nihoyat, yorug‘likka chiqa boshlagan har qanday kimsa qalbini shodu xurram etishi lozim bo‘lgan shukuhli bu tong, bil’aks, negadir Zemlyachkaning diliga g‘ulu solib, miyasida chidamsiz og‘riq uyg‘otgan edi. Inqilobiy burchini kunduzlari oshig‘ich ado etib, aybliyu aybsiz ne-ne bandalarning yostig‘ini quritishga mukkasidan ketgan, yuz-u ko‘zlaridan ayollik jozibasining urvog‘ini ham topish amrimahol bo‘lgan bu xotin tunlari bazo‘r bir zumgina mizg‘ib olar, shunda ham bedor shuuri navbatdagi inqilobiy rejalar xayoli bilan muttasil mashg‘ul bo‘lar edi.
Tunov kuni Demyan Bedniy imzosi ostida gazetada chop etilganu aynan shu xonimga atalgan madhiya ash’or ham toshbag‘ir Zemlyachka dardlarini aritib, lablarida tabassum paydo qila olmadi:
“Ot kantselyarщinы i spyachki,
Chto b ogradit sebya vpolne,
Portret tovariщa Zemlyachki poves,
priyatel, na stene…
Brodya potom po kabinetu,
Molis, chto tы poka uznal
Zemlyachku tolko po portretu:
Sto raz grozney original…
Gazetani burchakka uloqtirib, dast o‘rnidan turib ketdi. Boya aytganimizdek, ayollik xususiyatlarini tamoman yo‘qotib bo‘lgan bu kimsa ko‘pdan beri o‘ziga oro bermas, boshqa hamjinslari kabi lablariga bo‘yoq surtish tugul ismi-rasmiga bo‘lsa ham atir-upa ishlatishni mutlaqo inkor etardi. Parvarishdan mosuvo yuz-qo‘llari dag‘allashib qoraygan, umr bo‘yi og‘ir mehnatdan bo‘shamagan qishloqi juvonlarniki kabi qo‘llari ham chatnab yorilib ketgandi.
Sartaroshlarga ishonmaganidan sochini ham o‘zi qaychilab turar, notekis kaltalangan sochlarini orqaga silliq tarab yurishni odat qilgandi. Har qanday bid’atlarni inkor etuvchi dahriylar firqasining faol a’zosi bo‘lishiga qaramasdan, Zemlyachkaning juda g‘alati odati bor edi. Kesilgan sochlarini u hech qachon uloqtirib yubormas, aksincha, bir qutiga avaylab taxlardi-da, komissar sumkasiga solib, doimo yonida olib yurardi. Aslida qarama-qarshi ikki xil e’tiqod uning qalbiga shu tariqa quvvat bag‘ishlar, buning biri ulug‘ inqilobning poklantiruvchi qudrati bo‘lsa, boshqasi – sohibasini kulfatlardan asraguvchi o‘z sochlarining fusunkor quvvati.
Tashqarida qo‘zg‘olgan shamol pulemyot o‘rnatilgan deraza tavaqalarini shitob bilan ochib yubordi. Binoning tashqariyu ichkarisida saf-saf qo‘riqchilari bo‘lishiga qaramasdan, ozgina shovqin eshitilishi bilan Zemlyachka darhol mana shu pulemyotga oshiqar, xuddi atrofini dushmanlar qurshab olayotgandek, beshafqat olishuvga bir zumda shaylanib olar edi. Pulemyotga engashib turgan shu holatida bu komissar xotin ajaleltar qurolga butun vujudi bilan chirmashib ketgan kabi ko‘rinar edi.
Bu safar ko‘cha tarafdan mashina motorining ovozi eshitildi. Inqilobchi matroslarning jangovar ko‘rigida hozir bo‘lishi uchun uni olib ketgani Gaven kelayotganini tusmolladi.
Bir ozdan so‘ng mashinaga o‘tirayotib, Gavenga savol tashladi:
– Tatarlar nima bo‘ldi, bir-birini tanishdimi oxiri?
– Yo‘q, ulardan hech vaqo sug‘urib ololmadik… – dedi Gaven va komissar xotinning serzarda nigohlaridan ko‘zlarini olib qochdi.
– Hammasini gumdon qil! Hoziroq!
Ko‘rikdan qaytib kelgan Gaven og‘ir o‘ylar iskanjasida qoldi. “Uchoviniyam hibsdan ozod qilib yuborsam nima bo‘ladi?..” degan o‘y keldi yana xayoliga. Ammo yana nechanchi bor bu fikrni yana haydab soldi: “Unda o‘zing ham omon qolmaysan!”
Shu payt eshik ochilib, Rudolfning takabbur basharasi ko‘rindi.
– Tatarlarni gumdon qilamizmi? “Boy-baba” buyruq berdimi? – so‘radi matros astoydil umidvor bo‘lib.
– Ha, shunday buyruq bo‘ldi… – dediyu Gaven ko‘nglida kechayotgan g‘alayonni sezdirmaslik uchun deraza tomonga yuzini burdi.
XV
Chalabijahonning tayinlaganiga qaramasdan, qayiqchi Merdon uch kun uning yo‘lini poyladi. Kutuvning uchinchi kuni birin-ketin uch kishini – No‘mon bilan Seydametning qarindoshlarini sohil yaqinida turgan barjaga turtib-surtib olib chiqishayotganini ko‘rdi. Bir matros (xuddi o‘sha Rudolf) bechoralarning bo‘yniga osilgan og‘ir toshlarni birma-bir siltab tekshirib ko‘rdi. So‘ngra barjadan langar ko‘tarilib, ochiq dengiz tomon ohista suzib ketdi.
Sohildan biror chaqirim olislagan kema suzishdan to‘xtadi. Ko‘p o‘tmay matros mahkumlarni yana birin-ketin dengizga uloqtira boshladi…
Darrov dengizga g‘arq bo‘lmasdan, suv yuzasida qalqib turgan Chalabijahon va qariya bilan qizining so‘nggi nafasda jon talashishlari matrosning qahrini qo‘zg‘otdi va u hukmni to‘la-to‘kis ijro etish ishqida mauzerini qo‘liga olib, ajal bilan olishayotgan bechoralarni mo‘ljallagancha, uch karra o‘q uzdi. Vazifasini maromiga yetkazib ado etgan Rudolf sohil tomon qaytishga buyruq berdi.
Barja nari suzib ketishi bilan Merdon ham shitob bilan qayig‘iga o‘tirib, jonholatda eshkak esha boshladi. Hozirgina odamlar cho‘kdirilgan joyga yetib kelib, birortasi tirik qoldimikan, degan umidda suv tublariga talvasa ichra tikildi, tikilaverdi. Ammo, ne kulfatki, baxtiqaro millatdoshlarining birortasi omon qolmagan, qon hidini tuygan o‘laksaxo‘r baliqlargina suv yuzasida g‘ujg‘on o‘ynashar edi.
Qalbini adoqsiz g‘am-g‘ussa chulg‘agan Merdon noiloj qirg‘oqqa qaytdi. Qumloq sohilga bemador yuztuban quladiyu yuragidan, yuragining tub ichlaridan Yaratganga iltijo otilib chiqdi:
– Yo Ollohim, sendan birgina so‘rorim bor. Zolimlar dastida zavol topgan shahid bandalaring joyini jannat boqchalaringdan aylagil!..
2015 yil
Rus tilidan Sharifjon Ahmad tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 7-son