Soyim Ishoq. Sadoqat toshi (hikoya)

1
Makiyon burgut tepalikdagi yirikkina tuyatoshga qo‘nib, o‘zidan tahminan ellik-oltmish qadamcha quyidagi kichikroq uyday keladigan tuyatosh yonida barra maysalarni chimdiyotgan kulrang quyonni diqqat bilan kuzatardi. Unga hayallamay chovut solardi. Lekin quyondan atigi ellik qadam naridagi o‘tlar orasida pusib yotgan ovchini ham ko‘rgan. Qo‘lidagi g‘alati qurol unga tanish. Paqillab eshitiladigan baland tovushidan juda qo‘rqadi.Uning ko‘p jonlilarni jonsizga aylantirganini ko‘rgan. Shu sababdan hozircha qimirlamay qulay fursatni kutmoqda.
Ovchi quyonni allaqachon otgan bo‘lardi. Atrofidagi toshlar, anchagina bo‘y tortib qolgan o‘t-o‘lanlar aniq nishonga olishiga halaqit berayotgan bo‘lsa kerak, ochiqroq joyga chiqishini sabr bilan kutib yotardi…
Bir mahal quyon o‘ziga do‘nayotgan xavfni payqadi shekilli, kutilmaganda o‘t-o‘lanlar hamda toshlarni panalab ura qochdi. Makiyon zuvillab quyiga uchdi. Qachondan buyon sabr bilan kutayotgan naqdinasining qochib ketayotganini ko‘rib, ovchini unutib qo‘ydi. U esa o‘rnidan dast ko‘tarilib, burgutni nishonga oldi. Paqillab o‘q ovozi eshitildi. Burgut jon talvasasida bir marta charxpalakday aylandi-yu, quyidagi tuyatoshga boshi bilan qattiq urildi va qum-shag‘alli yerga shalvirab tushib qimirlamay qoldi.
Ovchining butun diqqati quyondaligiga qaramay, tepasida aylanib uchayotgan Chiporni nazardan qochirmagandi, u ham quyonni poylab yurgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Ammo ortiqcha e’tibor bermadi. Quyon qulayroq joyga chiqsa otmoqchi bo‘lib, qo‘shotar miltig‘ini shaylab yotaverdi. O‘q ovozini eshitgach, ikkala burgut ham qo‘rqib, ko‘tarilib uchib ketishiga ishonardi. Biroq bunday bo‘lmadi.Ovini u qochirib yubordi deb o‘yladimi, alamdan beixtiyor o‘rnidan turib, Makiyonni nishonga oldi.
Bu paytda nar burgut yuz metr­lar chamasi balandlikda davra yasab, sassiz-sadosiz uchib yurardi. To‘shidagi va bo‘yni tagidagi patlar yaqinroqdan qandaydir chiporroq rangda ko‘ringanidan, odamlar uni boshqa burgutlardan yaxshi farqlar hamda o‘zlaricha Chipor deb nom qo‘yib olishgandi. Ancha tajovuzkor edi u. Ba’zi-ba’zida odamlarning tovug‘u jo‘jalari, qo‘ziyu uloqlarini olib qochishdan ham tap tortmasdi. Shu tufayli turli mayda zararkunandalar – kemiruvchilarni qirib foyda keltirishiga qaramay, ayrimlar chiporni unchalik xushlamasdi. Qishloqlari tepasida uchib yurganini ko‘rsa: “Oting o‘chsin” – deyishardi g‘ijinib. Ko‘pchilik esa burgutlarni kuch-qudrat, erk timsoli deb bilardi…
Chipor ancha yuksakda parvoz qilayotganiga qaramay ovchini ham, quyonni ham yaqinginasida turganday aniq ko‘rayotgandi. Shu tufayli Makiyonining tuyatoshda sabr qilib kutayotganidan, ovchidan cho‘chiyotganini sezdi. Bo‘lmasam allaqachon quyonga chovut solardi. Uning o‘rnida bo‘lganida, shubhasiz, o‘zi ham shunday qilgan bo‘lardi.
Bari bir, Chiporning yuragida nimadandir hadiksirash paydo bo‘ldi. Nimadan hadik olayotganini o‘zi tuzukroq anglamay bir pog‘ona pastga sho‘ng‘idi. Shu balandlikda yana avvalgidek davra yasab uchayotganida paqillab o‘q ovozi eshitildi. Chiporning ko‘z o‘ngida Makiyon charx urib bir aylandi-yu, uchib borib boshi bilan pastdagi tuyatoshga zarb bilan urildi.
Nogoh Chiporning vujud-vujudini qattiq og‘riq g‘ijimlab o‘tganday bo‘ldi. Jajji yuragidagi qon qaynab, beixtiyor ovchidan o‘ch olish hissini uyg‘otdi. Changallarini keng ochganicha, zuvillab u tomonga uchdi.
Ovchi Chiporning tepasida aylanib yurganidan xavfsiraganmi yo hushyorlik yuzasidanmi, darhol osmonga qaradi-yu, o‘qday uchib tushayotgan burgutni ko‘rib aqli shosh­di. U juda yaqinlashib qolgandi. Shoshilib qo‘shotaridagi ikkinchi o‘qni bo‘shatdi. Aniq nishonga ololmaganidan o‘qi xato ketdi: o‘ng qanotining orqa patlaridan ikki-uchtasi uzilib, havoda pirpirab qoldi. O‘zi esa uning shundoqqina boshi yonidan yashinday uchib o‘tib, tepalik ortida ko‘zdan yo‘qoldi.
Miltiqning tovushi Chiporni ham vahimaga soldi. U yana o‘q uzilishidan qo‘rqqanmi, beixtiyor yo‘nalishini salgina o‘zgartirdi va balki hayotida birinchi martadir, maqsadiga yetolmadi – ovchining yuz-ko‘zlariga changal urolmadi. Shunga qolganida jur’ati yetmay, yo‘nalishini ozgina o‘zgartirganini o‘zi sezmay qoldi. Ovchi esa qo‘shotari quvuridagi bo‘shagan pat­ronlarni chiqarib, qayta o‘qlashga ulgurmadi. Tayyor bo‘lganida burgut ancha uzoqlab, tog‘ cho‘qqilari tomon shiddat bilan ko‘tarilib borardi.

2
Chipor yuksak tog‘ tepasidagi qoya­toshga qo‘nib olganicha, diqqat bilan ovchining harakatini kuzatdi. Bu paytda iniga kirishga ulgurgan chog‘i, quyon ko‘rinmay qoldi. Ovchi esa shoshilmay kelib, miltig‘ining sumbasi bilan o‘lgan burgutni joyidan ko‘tardi. Boshi va yelkasini o‘q titib yuborganini ko‘rgach, unga qo‘l tekkizmay bir chetga uloqtirdi-da, yo‘lida davom etaverdi.
Ovchi ancha uzoqlab ketgach Chipor shuvillab pastga sho‘ng‘idi. Shu tezlikda juftiga yaqinlashib, ozroq balandga ko‘tarildi va xoki turob bo‘lib yotgan makiyoni yoniga asta qo‘ndi. Qimirlab qolishidan umidvor bo‘ldimi, bir zum jasadga g‘amgin tikilib turdi. So‘ngra panjasi bilan sekin ikkinchi tarafiga aylantirib qaradi. Shundagina undan abadiy ajralganini his qilib, alam bilan panjalarida yer timdalab chuqurcha kovladi. Unga jasadni tushirib, ustiga qum-shag‘al aralash tuproq torta boshladi. Murdani yaxshilab ko‘mib bo‘lgach, ustidan o‘zi ko‘taroladigan yirik va og‘ir toshlardan keltirib bostirdi. Juftining o‘ligini biror yirtqich yeb xor qilmasligi uchun insonlarga xos shu a’molni kam-ko‘stsiz bajardi. Ehtimol shunday qilish ularning ham azaliy odatlaridir…
U juftiga so‘nggi daf’ada ham mehrini darig‘ tutmasa-da, bolalariga ancha qattiqqo‘llik qilgan payt­lari bo‘lgan. Vaqtida ota-onalari o‘zini ham shunday tarbiyalashgan edi.
To‘g‘ri, ota-onalari ularni ovqatning sarxili – lahm go‘sht bilan boqishdi, cho‘qqilarning salqin tunlarida bag‘riga olib issiq saqlashdi. Uchirma bo‘lgunlariga qadar zovdan qulab nobud bo‘lishidan xavfsirab, kovak og‘ziga yaqinlashtirishmadi. Sho‘xlik qilmoqchi bo‘lganlarini ayamay uyasiga irg‘itardi. Uchirish payti yetganida badtar shafqatsizlashib ketishdi: uchishdan qo‘rqayotgan bolalarini birin-sirin tumshuq va panjalari bilan tosh kovagidan tashqariga uloqtiraverdi. Bu ham kamlik qilganday, issiq o‘rinlariga yana qaytmasliklari uchun uyasini batamom buzib tashladi. Uya kerak paytida burgutlarga uni qaytadan yasab olish qiyin ishmas. Asosiysi, jo‘jalar shu uyaga qaytib kelishmasa bo‘lgani…
Anchagacha ularga uchish-qo‘nish, nimalarni va qanday ovlash mumkinligini o‘rgatib, yonlarida yurishdi. Shu orada o‘limtik yemaslik ko‘nikmasini ham singdirib borishdi. O‘zlari mustaqil yashab ketoladigan bo‘lgach, ota-onalari birdan qoralarini o‘chirishdi. Qayoqqa ketdi, nega ketdi – jo‘jalar buni bilishmadi. Zotan, bilishlarining keragi ham bo‘lmay qoldi. O‘z kunlarini o‘zlari ko‘ravergach, ularni tezdayoq unutib yuborishdi.
Ota burgutda ko‘ringan ba’zi belgilar Chiporga to‘lig‘icha ko‘chdi. Yerdan deyarli ko‘zga tashlanmasa-da, uning ko‘ksida ola-bula patlar bor edi. Chiporda esa bu belgilar ancha quyuq, past uchganida yerdagilarga ham sezilardi…
Kuzning oxirlarida “etim” jo‘jalar boshi oqqan tomonlarga tarqalib ketishdi. Burgutlarning yillar davomida shakllangan temir qonuni shunday: voyaga yetdingmi, o‘z boshingga boshqa makon top! Chipor bu qonunga bo‘ysunmadi. Nisbatan qisqa muddatdayoq o‘ziga yoqib qolgan va ota-onalari uchun ham qadrdon bo‘lgan bu tog‘larni tashlab ketgisi kelmadi.

3
Cho‘qqilardagi qahraton izg‘irinlarga tob berib, Chipor qishni amallab yolg‘izlikda o‘tkazdi. Xon tog‘iga yana bahor keldi. Nish urib bo‘y cho‘zayotgan maysalarning ifori baland-balandlarga ko‘tarilib, uning boshini aylantirayotgan payt­da ota-onalari paydo bo‘lishdi. Lekin uni yaqinlariga yo‘latmadi – yetti yot begonadek haydashdi. Chipor noiloj uchib ketdi-yu, kuzning oxirlarigacha bu atroflarda qorasi ko‘rinmadi.
U Xon tog‘ining yuksak cho‘qqilari, sharqiroq soylari va Yozkechuv dashtlarining sero‘t yaylovlarini juda sog‘ingan edi. Qish oldidan tag‘in qadrdon go‘shasiga qaytdi. Bu safar yolg‘iz emasdi. Yonida o‘zi qatori bir makiyon burgutni ham ergashtirib keldi.
Avvaliga ular bir-birlariga yaqindek ko‘ringan Xon tog‘i, Irg‘ayli, Qoraqush va Kanali cho‘qqilarini aylanib uchishdi. Keyin Yozkechuv dashtlari orqali Qorachatog‘u G‘o‘bdin tog‘larigacha borishdi. Sirtdan qaraganda Chipor Makiyonga bu hududlarni shunchaki tanishtirayotgandek ko‘rindi. Aslida u biron joyda ko‘rinib qolarmikan degan, tasavvurida xiragina jonlanayotgan ota-onalarini izlagandi. Ular allaqachon ketib bo‘lganini payqab ortga qaytishdi. Taxminan ikki-uch yuz chaqirim masofani aylanib uchishgach, Xon tog‘ining yuksak cho‘qqisiga yonma-yon qo‘nishdi…
Yonida Makiyon bo‘lgani tufaylimi, Chiporga qilichini qayrab kelgan bu yilgi qish bilinmay o‘tib ketganday tuyuldi. Yemish masalasida mutlaqo tanqislik sezishmadi. Atrofda quyon, yovvoyi qushlar ko‘p. Ba’zan qishloqlar va cho‘ponlarning otarlari tepasida paydo bo‘lishadi. Bu yerlardan ham qandaydir o‘lja topiladi. Odamlar qo‘lidagi allaqanday temirtakning vahimali ovoz chiqarganini ham ilk daf’a shu yerlarda eshitishgan. U paqillab tovush chiqarganida yaqinrog‘ida turgan biror yovvoyi jonzotnning yiqilib jon berganini ko‘rishgan. Shu sababli undan o‘ta ehtiyot bo‘lishadi.
Izg‘irinli kechalarda cho‘qqi tagidaga eski kovakka kirib jon saqlashdi. Bu joy unga begona emas, qachonlardir o‘zi o‘sgan va pastga uloqtirilgach buzib tashlangan issiq uyasi edi. Kunlar iliy boshlagach, vujudida uni barqaror makonga aylantirish tuyg‘usi uyg‘ondi. Ulkan tuyatosh bag‘rini qo‘l bilan o‘yib ishlanganday paydo bo‘lgan bu kovak har taraflama qulay va har qanday ob-havoda ichiga na izg‘irin shamol, na qor-yomg‘ir suvlari kiroladi. Afsus, Chiporning shirin hissiyotlari amalga oshmadi. Bulturgi raqiblar (endi ular ota-ona emas, haqiqiy raqiblarga aylanishdi) kovakni zo‘ravonlik bilan tortib olishdi va o‘zlari unda uya yasashga kirishib ketishdi.
Bari bir Chipor Xon tog‘ini qoldirib, qayoqqadir uloqib ketishni istamadi. O‘jarlik bilan cho‘qqi atrofida parvoz qilarkan, qo‘lidan chiqqan joydan bor-yo‘g‘i ellik qadamcha narida yana bir kovak borligini ilg‘adi. Uni ilgari ham ko‘p ko‘rgandi-yu, og‘zini o‘rgimchak to‘ri o‘rab turganidan deyarli e’tibor bermagandi. Faqat o‘zi ulg‘aygan qo‘nalg‘a ko‘ziga o‘tday issiq ko‘rinardi. Tuyg‘ulari faqat shu inda muqim qolishga undardi.
Yangi o‘yiqda uya qurib yashasa bo‘ladimi-yo‘qmi – Chipor buni bilmasdi. Shuning uchun yengil burilib, kovakning og‘ziga qo‘ndi. O‘rgimchak to‘rini bir zumdayoq u yoq-bu yoqqa surib tashlagach, yoniga Makiyon ham joylashdi. Ichkarini birgalashib diqqat bilan ko‘zdan kechirishdi. Biror xavfli jonzot egallab olmaganmikan, deb cho‘chishdi shekilli.
O‘yiqning ichi bo‘sh, aqalli o‘rgimchak ham yo‘q edi. Ehtimol mezon bilan ilashtirib qachonlardir tog‘ shamollari olib kelganu joyning qulayligini sezib darhol ozuqa g‘amida to‘r to‘qishni boshlagandir. Biroq bu balandlikda unga ozuqa bo‘ladigan chivin-chirkaylar qayoqda! Birda-yarim kelib qoladiganiniyam tez-tez esib turuvchi shamollar pastliklarga surib ketadi. O‘rgimchak och qolib yo o‘lgan, yo vaqtida juftagini rostlab qolgan. Paydo bo‘lganidan buyon bu balandlikka odam yoki zaharli sudraluvchilar tugul mayda echkemarsimonlar ham ko‘tarilolmagan bo‘lsa kerak. Qoya ozroq qiyalab tushgani tufayli tekis va silliq yuzasida biror o‘simlik ham ko‘karmagan. Binobarin hech narsadan xavfsiramay makon qilaversa bo‘ladi.
Kovak har ikkalasiga ma’qul keldi: avvalgi joylaridan ozgina pastroqda bo‘lsa-da, ichi keng va shinamgina.
Savqi tabiiy, fursat o‘tkizmay birin-ketin chuqur daraga sho‘ng‘ishdi. Pastdan xas-xashak, allaqanday hayvonlarning butalarga ilinib qolgan va yerga to‘kilgan junlarini to‘plab, bo‘lajak makonlariga tashishdi. Hafsala bilan uya qura boshlashdi. Bu safar rahm-shafqatsizday ko‘ringan qo‘shnilari ularga monelik qilishmadi. Shunday bo‘lganida yosh burgutlar qonli olishuvga ham tayyor edilar. O‘lsalar ham o‘z topildiqlarini raqiblarga osonlikcha topshirib ketishmasdi.
Ko‘p o‘tmay uya tayyor bo‘ldi. Sal fursat o‘tgach Makiyon unga kirib, tuxum qo‘yishni boshladi. Yosh bo‘lgani uchunmi, atigi uchta tuxum qo‘ygach, birato‘lasi ularni bosib qoldi. Endi Chiporning ishi ko‘paydi. O‘zini to‘ydirishdan tashqari, Makiyonni ham boqishi kerak bo‘ldi.
Ular ham ajdodlari kabi ancha-muncha ochko‘z va mechkay edilar. Chipor o‘ljasini iniga yaqin keltirib terisini shilar, keyin go‘shtini parcha-parcha uzib makiyon va jo‘jalariga kiritib yedirardi. Qolgan-qutganini o‘zi yeb teri va suyak-sayoqlarini daraga irg‘itganicha, yana uchib ketardi. Jo‘jalar tuxumdan chiqqanidan keyin battar tinimi bo‘lmay qoldi: qancha tipratikon, jayra, yumronqoziq, xatto zirhli toshbaqayu zaharli ilonlarning – go‘shtli nima uchrasa shularning dodini berdi. Ba’zan tog‘u dashtlarda sergo‘sht hayvonlarning loshini ham uchratib qolardi. Biroq burgutlar o‘limtik yemasdi. Jo‘jalariga ham bunday go‘shtni ravo ko‘rmasdi.
Burgutlar yer yuzining eng kuchli parrandalaridan biri hisoblansa-da, jo‘jalari tuxumdan tanasi tivitsimon yumshoq, siyrak patlar bilan qoplangan, ko‘z va quloqlari yumuq hatto oyoqda ham yaxshi turolmaydigan nimjon bo‘lib chiqishadi. Kunlar o‘tgani sari ota-onalari kabi qo‘maqaylashib, baquvvatlashib borishadi. Shunda Chiporga yordam tariqasida o‘zi va jo‘jalarini yetarlicha to‘ydirish maqsadida Makiyon ham ovga chiqishga majbur bo‘ldi…
Nihoyat jo‘jalarni uchirish payti yetdi. Chipor ularni uyasidan haydab chiqardi. Lekin birontasi zovdan pastga sakrashni istamadi. Qo‘rqqanlaridan issiq uyasi tarafga intilishdi. Bundan otalarining g‘azabi qo‘zidi shekilli, ularni panjalari bilan yengil changallaganicha birma-bir tashqariga ayovsiz irg‘itaverdi. So‘ngra jo‘jalar yana shu yerga qaytmasliklari uchun uyasini vayron qilib tashladi va odatdagi vazifalarini bajarish uchun o‘zi ham tashqariga parvoz qildi. Shu bilan kuzning oxirlarida mus­taqil ov qilishni puxta o‘rgangan jo‘jalar turli tomonlarga uchib ketishdi. Ota-onalari ularning qayoqqa ketganini bilishmay, odatdagiday Xon tog‘ida qolaverishdi.

4
Chipor bilan Makiyon o‘z kovaklarda ko‘p yillar tinch-totuv, ahil-inoq yashadilar. Bu orada ko‘p­lab jo‘jalarni tarbiyalab uchirib yuborishdi. Kunlarini o‘zlari ko‘radigan bo‘lgach, bolalari birin-ketin boshlari oqqan tomonlarga uloqib ketishdi. Bu yiliga qaytib kelganlari ham bo‘ldi. Ota-onalari begonadek uyasiga yaqinlashtirmagach, ular ham butunlay qorasini o‘chirishdi.
Bu hol Makiyon ovchining o‘qidan halok bo‘lguniga qadar davom etdi. Keyin Chiporning qora kunlari boshlanib, tamomila yakkayu yolg‘izlikda qoldi. Negadir boshqa juft izlamadi. Qattiq sovuq va yog‘in-sochinlarda panalamasa, uyasiga deyarli kirmasdi. Shuningdek, boshqalarni ham unga aslo yaqinlashtirmadi. G‘amboda dilida go‘yo Makiyoni ana-mana deguncha yoniga uchib keladiganday, go‘yo yana avvalgidek birgalikda davru davron surishadigandek tuyulgan shekilli.
Kunduzlari ov qilib, qorni to‘ygach tog‘ va dashtlar ustida shunchaki o‘zini ovutayotganday sokin uchib yuradi. Tunda Xon tog‘ining cho‘qqisidan uzoqlarga – oxiri ko‘rinmas kengliklarga g‘amgin tikilganicha, o‘ziga ham ma’lum bo‘lmagan tuyg‘ular og‘ushida tongni qarshilaydi. Subhi sodiqda ma’lum bo‘ladiki, tun bo‘yi yuragini chirmovuqday o‘ragan umidbaxsh hislarining birontasi ro‘yobga chiqmagan. Shunda qariyb ikki metr keladigan qanotlarini alam bilan parvoz uchun yozadi.
Kechagi kun yana takrorlanadi…
Ba’zi paytlarda Chiporning kichik yuragida juda ham katta, orzusimon bir tuyg‘u gupurib, uni beixtiyor Makiyonning qabri tomon yetaklaydi. Ovni yig‘ishtirib, jufti yotgan joyga shoshiladi. Yaqinidagi uyday keladigan yassiroq tuyatoshga qo‘nib, o‘zi ko‘mgan qabrga mung‘ayganicha soatlab termilib o‘tiradi. Ba’zan qabr ustiga o‘zi keltirib bosgan toshlarni u yoq-bu yoqqa irg‘itib, jasad ustiga tortilgan qum-tuproqlarni tit-pit qilib yuborgisi keladi. Shunday qilsa tagida ko‘milib yotgan Makiyoni oyoqqa qalqib turadiganday, yana u bilan birga uchib ketadiganday tuyuladi. Biroq nimadir shashtini bosadi. Onda-sonda qo‘shnilari ham uchib kelib, Chiporning u yoq-bu yog‘iga sassizgina qo‘nishadi. Go‘yo otasiga hamdardlik bildirayotganday, qabr tarafga mungli tikilishadi. Biroq tirikchiliklari eslariga tushadimi, qanchadir fursatdan so‘ng yana uchib ketishadi.
Chiporning motamsaro ahvolini ko‘rib, shu tarafga yo‘li tushgan kishilarning unga rahmi keladi, achinishadi. Xalal bermaslik uchun iloji boricha chetlab o‘tishadi. Qishloqqa qaytishgach ko‘rganlarini boshqalarga aytib, ovchiga dashnom berganlar ham bo‘ldi. O‘sha quyonini Makiyonga berganida besh puli kuyarmidi! Arzimas o‘ljasini qochirgani uchun uni o‘ldirishi shartmidi!..
Ayni mahalda odamlar Chiporning o‘z juftiga ko‘rsatayotgan sadoqatiga qoyil bo‘lishardi. Kimdir qabr yonidagi u qo‘nib o‘tiradigan va yaralganidan buyon nom qo‘yilmagan tuyatoshni bilib-bilmay “Sadoqat toshi” deb atadi. Bu atama juda tez ommalashib ketdi. Inson deb atalmish buyuk va ongli xilqatning ko‘p­lari bemahal vafot etgan jufti haloliga shu ongsiz parrandachalik uzoq yillar (balki umrbod) motam tutmaydi, vafo-sadoqat ibratini ko‘rsatolmaydi!..
Dashnomlar ovchiga malol keldi. Bu ziddiyatli dunyoda kim o‘z nafsi yo‘lida kurashmaydi. Makiyon ham baloyi nafsi kasriga qurbon bo‘ldi-ku. Sal bo‘lmasa Chipor o‘zini ham o‘ldirayozdi. Hali-hanuzgacha undan xavfsirab yuradi. Jamoat ichida daf qilolmaydi. Ovda yolg‘iz yurganida qo‘lida quroli bo‘ladi. U miltiqning nimaligini juda yaxshi biladi. Oddiygina kaltak ko‘tarib yursa ham Chipor uni miltiq o‘rnida qabul qiladi, keragidan ortiq yaqinlasholmaydi…
Odamlarning gapi asar qilib, ovchi avvalgi safar eplolmagan ishini birato‘lasi poyoniga yetkazib qo‘yaqolmoqchi bo‘ldi. Miltig‘ini shaylab, o‘qdonini beliga bog‘ladi. Chiporni o‘ldirish qasdida uyidan chiqdi.
Ovi baroridan kelyapti shekilli, uzoqdanoq qabr yaqinidaga tuyatoshga qo‘nganicha mung‘ayib o‘tirgan Chiporni ko‘rib, darhol o‘zini panaga oldi. Asta-sekin mo‘ljalidagi joyga yetdi hamki g‘animi (ovchining ko‘ziga u dushmandek ko‘rinib qolgandi) bulk etmadi.
Burgutlar – tabiatan ziyrak qush. Osmonu falakda uchib yurib ham yerda o‘zini har yoqqa urib, ozuqa qidirayotgan sichqonni ko‘radi. Yuz qadamcha naridagi cho‘pning “chirs” etib singanini eshitadi. Nega ovchini payqamayapti? Balki joniga qasd qilayotgandir – Makiyonini o‘ldirgan berahmga o‘zini ham qurbon qildirmoqchidir. Juftisiz yashash joniga tekkan bo‘lsa, o‘limni afzal bilib qolganmikan? Uni shu azobdan butunlay qutqarmoq uchun ham otishi kerak!
Ovchi niyatidan qaytmadi, Chiporni uchirib otmoqchi bo‘ldi. Shunda balki gunohi kamayar, bir maxluqqa o‘ylamay qilgan dilozorligini Xudo kechirar. Ehtimol o‘qi xato ketib, Chipor qutulib qolishi ham mumkindir.
U nishonni ko‘zdan qochirmagan holda uch qadamcha ochiq joyga chiqdi. Burgut aqalli qimirlay demadi. Uni ko‘rmayotganday, hatto o‘zini ham unutganday bo‘lib o‘tiraverdi. Bu narsa ovchiga ayricha ta’sir qildi: ov emas – bu, bu – borib turgan qotillik!!
U yuzlab yovvoyi parrandalaru hayvonlarni panada, pusib yotib otgan. Lekin birortasida qotillik qilyapman, deb o‘ylamagan. Bu fikr miyasiga qayerdan keldi o‘zi!
Qayoqdan kelgan bo‘lsa ham, bu o‘y ovchining vujudiga nogahoniy larza soldi. Qo‘shotarining sumbasini ancha teparoqqa ko‘tarib, birinchi tepkini bosdi. O‘q ovozidan Chipor cho‘chib tushdi-yu, beixtiyor osmonga duvillab ko‘tarildi. Ikkinchi tepki bosilmadi. Nishonni aniq mo‘ljalga olib, uni tez bosishga ovchining vijdoni yo‘l qo‘ymadi. Chunki Chiporning haqiqiy motamda, o‘zligini unutgan holda o‘tirganini anglab yetgan edi…
Qilgan ishidan ko‘ngli to‘ldi chog‘i, ovchi shu yerdanoq uyiga qayt­di. Bu safargi vallomatligi o‘zining fe’li-huyiga unchalik mos kelavermasa-da, ko‘ngli osmon qadar o‘sgan edi…
Chipor o‘q yetmas yuksaklikdan ovchini kuzatdi. U otaman desa o‘sha xolatida omon qololmasligini his qildi. Negadir otmadi.
Shu sababli adovatni unutib, u ham o‘z qo‘nalg‘asiga – Xon tog‘i cho‘qqisiga badar uchib ketdi.

5
Bu paytda Chipor o‘ttiz yoshdan ozroq oshgandi. Keyingi qariyb o‘n yilda yolg‘izlik, umid va umidsizlikda yuragi zardobga to‘lib ketdi. Bugungi hodisa tamom ortiqcha bo‘ldi. Ovchi-ku rahm qildi. Bunday borlik va yo‘qlik orasiga tushib qolaversa, bir kunmas-bir kun fojia ro‘y berishini sezdi. Ovchi bo‘lmasa boshqa biror yirtqich osongina tinchitib qo‘yishi mumkin. Sadoqat toshining orqa tarafi ancha yapasqi, har qanday yirtqich: bo‘rimi, tulkimi – qir tarafidan kelib, bemalol ustiga chiqib ketaverishi mumkin. Shuning uchun muqim yashayotgan joyini ham, Makiyonining qabrini ham, ovchini ham va nihoyat Sadoqat toshini ham unutib, bu o‘lkalardan badar ketishi kerakligini his qildi. Endi u hamma narsadan bezgan va ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qolgandi.
Tun bo‘yi yuragini bezovta qilgan tuyg‘ular tongga borib bir izga tushdi va qat’iylashdi. Atrof yorishgach, negadir qadrdon uyasiga kirib chiqdi. Keyin o‘zi aylanib parvoz qiladigan, mo‘l-ko‘l ozuqa bilan ta’minlaydigan suyukli tog‘lari va dasht ustidan davra yasab bir marta aylanib chiqdi-da, qaytib yana Xon tog‘i cho‘qqisiga qo‘ndi. Mo‘ltirab Makiyonning qabri tarafga qaradi. Oraliq anchagina bo‘lsa-da uni aniq ko‘rdi. Lekin boshiga bormadi. Borsa tashlab ketolmay qolishidan qo‘rqqanday edi.
U baland cho‘qqida turib ko‘rganlarining hammasiga: chuqur daralaru tog‘lar silsilasi orasida yashnab turgan ekinzorlar, go‘zal bog‘lar, o‘tlari qovjiragan yaylovchalar, qolaversa butun o‘tmishiga alvido aytganday bo‘ldi va duvillab ko‘kka ko‘tarildi. Ortiga qaramay janubga – G‘o‘bdintog‘ tomonga uchdi. Tog‘ cho‘qqisiga qo‘nib ozroq nafas rostlagach, yana parvoz qildi. Bunda ham ortiga bir qur o‘girilib qarab qo‘ymadi.
Shu ketishida necha marta quyosh chiqib, necha marta botganini bilmadi. Qayerlardadir tog‘lar ustidagi ulkan toshlarga qo‘nib tunadi. Kunduzlari qayerlardadir ov qildi. Qornini to‘qlagach ozroq sharqqa og‘ib, yana janub tomonga uchdi. Bir kuni yozning chillasida ham qor va muz qoplab yotadigan joyga – Pomir va Himolay bilan Hindikush tutashadigan yuksak tog‘larga borib qoldi. Oraliqdagi balandroq tog‘larni yonlab, pastroqlaridan oshib Hind daryosining Tibet tomondan oqib kelayotgan asosiy irmog‘iga chiqib oldi. Shunda ko‘zi chap tarafidagi bahaybat cho‘qqiga tushdi. Orti ko‘z ilg‘amas ufqlarga tutashib ketgan, muz va qor bilan qoplangan buzuq tog‘lar.
Chipor bunday joylarda ov qi­lib ham, yashab ham bo‘lmasli­gini sezdi. Shuning uchun daryo oqimi bo‘ylab quyiga uchdi. Ertasiga Hind daryosining nisbatan kichikroq ikki irmog‘idan uchib o‘tib, Hind-Gang pasttekisligiga kelib qoldi…
Xon tog‘ida Chipor har qanday ob-havoda taysallamay parvoz qilardi. Eng nobop kunlarda ham ovga chiqib, kattami-kichik o‘lja bilan qaytardi. Bu joylar unga butunlay notanish. Shuning uchun ehtiyot bo‘lib uchmoqda edi.
Himolaydan o‘tganidayoq Chipor gurkiragan bahorni ko‘rdi: baland tog‘ cho‘qqilari qor ko‘rpasiga o‘ralib yotishsa-da, vohalar gulga burkangan, hamma yoq yam-yashil o‘tlar bilan qoplangan. Yashash uchun juda qulay bo‘lib ko‘rindi. Ovloqlarida ozuqabop jonzotlar serob bo‘lgni uchun shunday tuyuldi shekilli.
Qiziqsindimi yo bunda ham qandaydir behalovatlikni tuydimi, keyinroq yana janubga uchdi. Bir-ikki kundan keyinoq bildiki, bunda avji yoz. Quyosh osmondan bamisoli olov purkaydi. Sug‘orma ekinzorlar va bog‘lar yashil rangini umuman yo‘qotmagan esa-da, yaylovlardagi o‘t-o‘lanlar harorat domida tamom qovjirab qolgan. Odamlari ham jaziramada kuyib qorayib ketganday. Yer bag‘irlab uchganida issiqdan nafasi qaytadi. Yuksaklarda salgina erkin nafas olganday tuyuladi-yu, bari bir quyosh ustki patlarini kuydirgudek bo‘ladi.
Bu yerlarning katta-kichik hayvonlari tunda ham ozuqa qidirishga moslashgan shekilli, avval oqshomda va erta tongdanoq izg‘ib yurishadi. Chipor kunduzlari ov qilishga moslashgan. Quyosh chiqqach, ko‘p o‘tmay atrof qizib ketadi. Barcha jonzotlar tentirashni to‘xtatib, in-iniga kirib oladi va qancha urinmasin, ovi unchalik baroridan kelmaydi. Ertalab tutgani bitta-ikkita sichqon yo yumronqoziq bilan qorni to‘ymaydi. Shu tufayli issiqda ham osmonu falakda parvoz qilib, yer yuzasini sinchkovlik bilan kuzatadi. Qani endi ko‘ziga biror jonzot tashlansa.
Bir kuni yolg‘izoyoq so‘qmoqda tez sudralib ketayotgan uzun va yo‘g‘ongina ilonni ko‘rib qoldi. Har zamonda terisining qaysidir buralgan joyi qiyaroq tushayotgan quyosh nurida oynaday yaltirab ketadi. Aftidan bu sovuqqon jonivor ham issiqdan qochib, boshpanasiga shoshilayotgan bo‘lsa kerak.
Chipor shoshilmay, pastlay bosh­ladi. Ilon uni payqadi. O‘ziga xavfli dushman paydo bo‘lganini sezib, shartta orqasiga o‘girildi va boshini ancha yuqoriga ko‘targanicha tilini biltanglata boshladi. Bo‘ynining ikki tomoni kengayib, shapaloq ko‘rinishidagi shaklga kirdi. Ko‘zlari qonga to‘lganday qizardi. Aftidan g‘animi tarafga shiddat bilan sapchiydigan. Ammo sapchimadi. Burgutni mo‘ljalidagi joyga kelib qoldi debmi, ko‘zini shoshilinch mo‘ljalga olib, tizillatib zaharini otdi. Xayriyat, zahar Chiporning ko‘ziga atigi ikki qarichgina yetmay pastga to‘kildi. Aksincha olshuvsiz ham uni mahv qilardi.
U ilonning bunday turini shuncha yashab sira ko‘rmagandi. Xon tog‘ida zaharli ilonlarning turlari ko‘p. Ularning duch kelganini tap tortmay ovlagan paytlari oz bo‘lmagan. Ammo u tog‘u dashtlarda kapcha (kobra) ilonlar yo‘q.. Bunisining xavfli tomoni shundaki, dushmanini tishlab emas, to‘rt-besh qadam naridan ko‘ziga zahar purkab tinchitishini payqadi.
Tabiat ato etgan turg‘un sezgisi orqali Chipor buni juda tez ilg‘ab, unga qarshi chora ko‘rdi: ilon qayta zahar otishga ulgurmasidan ustidan shuvillab uchib o‘tdi. Nariroqdan qaytib, qanotlarini vazmin silkitganicha, avvalgisidan sal teparoqda to‘xtadi. Ilon bu safar bor kuchini to‘plab, ust-ustiga ikki marta zahar otdi. Oldingisi, baribir, burgutgacha yetib bormadi. Keyingisi vahimali ochilib turgan og‘zidan uzoqlamay yerga to‘kildi. Bu uning zahari qariyb tugaganini bildirardi.
Zahari deyarli tugab, har qancha kuchanib purkaganida ham burgutning ko‘zini nishonga ololmasligini ilon sezdi. Jonini asrash uchun so‘qmoqdan chiqib, o‘zini qovjiragan butalar orasiga urdi. O‘tlar va butalar orasida uchib yuruvchi har qanday dushmanning o‘ziga chovut solishi qiyinligini bilardi chog‘i.
Chirsillab qurigan butasimon o‘tlar orasidan uni o‘ziga zarar bergizmasdan tutish oson emasligini Chipor ham payqadi. Shuning uchun qulay paytni kutib, tepasida bamaylixotir uchib boraverdi. Buni ilon ham bilib turardi. Bir pastqamlikda shamol uchirib kelib bosgan xas-xashaklarning tagiga kirib jon saqlashga urindi. Boshini yerga bosib oldinga siljimoqchi bo‘layotganida Chipor yashin tezligida bo‘ynidan g‘archcha changalladi va bir tirnog‘i bilan boshini pastga bosganicha osmonga ko‘tarib ketdi.
Hindistonning biror yitqichiyu parrandasi jur’at qilib bunday ilonlarga tashlanolmasdi. Yarim ochligi sabablimi yo bilmaganidanmi, Chipor shunga jur’at qildi. Tasodifan omadi keldi. Boshini pastga bosib turgan tirnog‘i hademay miyasini teshib yuboradiganday bo‘layotgandi. Shu tufayli ilon jon talvasasida buralib, dumini burgutning qanotlari orasidan oshirib tashladi va uni siquvga olmoqchi bo‘ldi. Ammo eplolmadi. Chipor fursat o‘tkizmay ikkinchi panjasi bilan uning hali ko‘tarilib ulgurmagan belidan qattiq changallab pastga bosdi va dumini qanotlari orasidan chiqarib yubordi.
Chiqmagan jondan umid deganlariday, ilon bari bir olishuvni davom ettirdi. Bu safar dumini aylantirib yovining bo‘yniga tashladi. Chipor shoshilinch chora ko‘rmasa o‘zi ham omon qolmasligini his qildi. Boshini siqib turgan changaliga taqab, ikkinchi oyog‘ining o‘tkir va baquvvat tirnog‘i bilan bir tortishdayoq ilonning qayish bo‘lib ketgan terisining ustki qismidan bir qarichini pichoqday tilib yubordi. Baquvvat tumshug‘i bilan go‘shtlarini parcha-parcha yulib, bir zumdayoq umurtqa suyagini ochib qo‘ydi. So‘ng ikki yoqqa tortib, boshini uzishi qiyin bo‘lmadi.
Boshi uzilganidan keyin ilonning ikki metrlik tanasi bo‘shashib, dumi pastga shalvirab tushdi. Endigi buralib – o‘ralishlari Chipor uchun xavfsiz edi…

6
Bu do‘zaxning nafasni qaytaruvchi issiqlari Chiporga yoqmadi. Boz ustiga quyosh ko‘tarilgach, ovlanadigan jonzotlar ham ko‘rinmay qoladi. Shuning uchun orqaga – qo‘klam nafasi ufurib turgan joylarga qaytdi. Bunda tez-tez yomg‘ir savalab tursa-da, yemish tashvishini tortmas va ob-havodagi beqarorlik unga ta’sir qilmasdi.
Doimiy umrguzaronlik qilish uchun kelgan bo‘lsa-da, negadir u hanuzgacha bu yerlarning injiq ob-havosiga ko‘nikolmadi. Juft topishni xayoliga keltirmay yana qariyb o‘n yil yolg‘izlikda yashadi. Ba’zida ixtiyorsiz Makiyonni eslab qoladi. Bundan chuqur g‘amga botganday, biror balandlikda qunishganicha uzoq o‘tiradi. Misoli xayolga tolganga o‘xshab ko‘rinadi. Ko‘zlarida g‘alati bir mung to‘ng‘ib qolganday. Xon tog‘i cho‘qqisi, salgina quyiroqdagi o‘yiqda joylashgan uyasi, Yozkechuv dashtlari ko‘z oldida bor salobati va jozibasi bilan gavdalanadi. Shunday paytlarda ozuqalari mo‘l bo‘lsa-da, yashayotgan bu begona joylar ko‘ngliga sig‘may qoladi. Yana uzoqlarga bosh olib ketgisi keladi. Lekin qayoqqa?!
Shunda Xon tog‘i, uning chuqur daralari ko‘z oldida lipillab qoladi. Ularni yana ko‘rishni, tepasida bir marta bo‘lsa-da qanot kerib sokin parvoz qilishni qo‘msaydi. Vaqti-vaqti bilan sog‘inch tuyg‘usi yuragini junbishga solib, juda ham azob beradi. Ayniqsa Sadoqat toshi poyidagi yolg‘izgina qabr tez-tez ko‘ziga chalinib, vujudiga jahannam olovini yoqqanday bo‘ladi. O‘sha qabr­ni o‘tkir tirnoqlari bilan o‘zi qazib, Makiyonning jasadini chuqur dard, chidash qiyin bo‘lgan yurak og‘riqlari bilan o‘zi ko‘mgandi!
O‘qtin-o‘qtin hapriqadigan dilgir ko‘nglida ortida qolgan o‘sha qadrdon diyorga butunlay qaytish mayli uyg‘ondi. Ammo uni amalga oshirishga yuragi dov bermaydi. Payqashicha, juda bemahal qariyotganday, tumshug‘i va panjalaridagi baquvvat tirnoqlar ancha uzayib kuchsizlanganday. Ushlaganini avvalgiday bir zumdayoq tilka-pora qilolmaydi. Qanotlaridagi patlar ham uzunlashib vazmin tortgan, oldingiday yengil va chaqqon harakat qilolmaydi. Shunga qaramay o‘ljasini amallab tutayotir. Ammo baland va davomli parvozlarda qanotlari toliqadi.
Ilgarilari osmonu falakda kun bo‘yi uchganidayam charchash-toliqish nimaligini bilmasdi…
Anchagacha uzoq parvozlarga jur’at qilolmadi. Vujudini kemirayotgan sog‘inch tuyg‘usi qanchalik azob bermasin, yuragida shunchalik qo‘rquv hissi ham bor edi. Eng qo‘rqqani – katta kuch sarflab o‘tiladigan va yo‘lida haftalab birma-bir to‘siq bo‘lib turadigan ulug‘ tog‘lardan oshib o‘tish. Kelayotganida baland cho‘qqilar uni shiddatli bo‘ronlari bilan kutib olgandi. Ularni yonlab uchishning o‘zi vahimaga soladi. Cho‘qqilar bo‘ronlar uyasida qars urib bo‘y cho‘zganday, uni parday uchirib, ulkan qoyatoshlarga xamirday yopishtirib qo‘yadiganday tuyuladi.
U ortga qaytayotganimdayam shunday bo‘ladi degan sezimda edi…
Chipor umrining katta qismini yil to‘rt faslga bo‘linadigan yurtda yashab o‘rgangan. Ba’zi yillarda o‘n-o‘n besh kunga farq qilmasa, ularning almashinuvini kunigacha bilib turardi. Xon tog‘idan yozning qoq chillasida parvoz qilib, qisqa muddatdayoq qahraton qishga kelib qolganday bo‘luvdi. Doimiy qor va muzliklar bilan qoplanib yotishini hisobga olmaganda, bu tog‘larda har doim kuchli shamol va bo‘ronlar bo‘lavermasligini bilmasdi. Xotirasida birinchi ko‘rganlari toshday qotib qolgandi.
Sokin tonglarning birida mud­rab tush ko‘rdimi yo miyasining qaysidir puchmoqlarida saqlanib qolgan ko‘hna xotiralari jonlandimi, ko‘z oldida birdan Sadoqat toshi poyidagi yolg‘iz qabr paydo bo‘ldi. U ochilgan, ustidagi tosh-tup­roqlar har tomonga sochib tashlangan! Yuragi shuvillab tuyatoshning tepasiga qaradi. Unda bo‘ynini cho‘zganicha o‘ziga tikilib turgan yoshgina Makiyonini ko‘rib yuragi yorilayozdi. Favqulodda shiddat bilan u tomonga ko‘tarildi.
Belgisiz bezovtalik va vujudini qamragan kuchli hayajon ta’sirida sachrab o‘ziga keldi va beixtiyor o‘qday uchib ketdi. Xayriyatki, qayoqqa uchayotganini bilmagani holda yo‘li g‘arbi shimol tomonga o‘nglangan. Balki tomirlarida shiddat bilan oqayotgan qonga aralashgan tabiiy hislar uni shunga undagandir. Endi o‘zini begona yerlarda tutib qololadigan kuch bu olamda yo‘q edi. Inti-jinti bilan tirik ko‘rgani – jufti tomonga intilardi. Uning tirilgani va o‘zini kutayotganiga ishonch tuyg‘usi ko‘ksini limmo-lim to‘ldirgandi!..
Bir kunlari ili-miliq ko‘klamga, keyin jazirama yozga yo‘liqdi. Tabiatning turli joylarda turlicha ters o‘zgarishlaridan bexabar bo‘lsa-da, bunday iqlim o‘ziga tanish va qadrdon edi.
Me’yoridan oshib og‘irlashgan qanotlari bilan ko‘zlagan manziliga yetolmay, o‘lib qolishi mumkinligini boshdanoq his qilgandi. U g‘ayriixtiyoriy ravishda o‘limni bo‘yniga oldi. Begona tuproqlarda jon berganidan ko‘ra, o‘zi uchun muqaddas mayl-istaklar yo‘lida oyoq uzatish afzalroq tuyulgandir. Lekin harakat, intilish va Makiyoniga yetishish mayli unga quvvat berdi – o‘lmaygina sog‘ingan manzillariga yaqinlashdi. Bundan ruhlanib, bor ovozida qiyqirib yubordi:
“Qi-i-iyq-q!!!”…
Bu safargi parvozi juda ham xayrli kechdi – o‘tgan joylarida bo‘ron tugul anchayin qattiqroq esgan shamolga ham duch kelmadi. Himolaydan keyingi tog‘lar silsilasidan bemalol oshib o‘tdi-yu, o‘ziga tanish mo‘tadil iqlimga tushganini his qildi. Bu vujudiga jur’at va quvvat endirib, keyingi parvozlarini unchalik qiynalmay davom ettirdi. Qayerlardadir madorini tiklash uchun ov qildi, qayerlardadir cho‘qqilarga qo‘nib uzoqroq dam oldi, xullas, o‘zi sog‘ingan va mudom talpinib yashagan sarhadlarga yetib keldi.
G‘o‘bdin tog‘i bilan Qatormoya tizmalari oralig‘ida yastanib yotgan Yozkechuv dashtlarini kesib o‘tib, birinchi qo‘ngan joyi Sadoqat toshi bo‘ldi. Lekin unda o‘zini kutayotgan Makiyoni yo‘q. Qabr ham ochilmagan, avvalgidek yolg‘iz, mung‘ayib turardi. Atigi bir oygina ilgari ko‘rganlari bilan bu ko‘rayotganlari orasidagi farqni anglolmay Chipor hayratda edi.
Uning qaytganini ko‘rib, yana to‘rtta burgut uchib keldi va u yoq-bu yog‘iga qo‘nishdi. Chipor ularning begona bo‘lib ketgan o‘z avlodlari ekanligini sezdi. Garchi tumshuq tirashib “ko‘rish”magan esalar-da, atrofiga kelib qo‘nganining o‘zi qondoshlik ifodasi. Balki pastdagi yolg‘iz, g‘arib qabrda qaysidir momokalonlari yotganini ular ham his qilishgandir. Lekin bobolari shu yurtning mehrigiyosi, shu qabrning sog‘inchi tufayli qayoqlardan zo‘rg‘a yetib kelganini bilishmasdi.
Yosh burgutlar birpasdan so‘ng birin-ketin uchib ketishdi. Chipor keyin ham ancha hayalladi. Juftining qabriga tikilib o‘tirib nimalarni his qilgan ekan? Balki bundan qirq yillar ilgarigi hodisalar – jufti bilan ilk uchrashuv paytlaridagi totli xotiralarni eslagandir. Balki o‘zi uchun muqaddas bo‘lgan va qattiq sog‘intirgan tuproqlarga o‘lmaygina yetish matlabida tirishib-tirmashganlari yodiga tushgandir. Nima bo‘lganida ham u ko‘zlagan joyiga yetib keldi va shu joyda uzoq o‘tirdi. Quyosh zavolga yuz tutgan mahalda og‘ir qo‘zg‘olib, Xon tog‘i cho‘qqisiga ko‘tarildi.
Aytishlaricha burgutlar o‘limi yaqinlashganini payqashgach yuksak­larga ko‘tarilib, o‘zini quyidagi ulkan toshlarga zarb bilan urib o‘lisharkan. U o‘lishidan avval cho‘qqi poyidagi chuqur daralarni ko‘zdan kechirdi. Keyin uzoq yillar o‘zi va nasllariga rizqu ro‘z bergan Yozkechuv dashtlariga nazar tashladi.Ularning hammasida ajib bir sokinlik, ajib bir go‘zallik borligini ilg‘adi. Ko‘zlari nimani ko‘rgan bo‘lsa, hammasi charchoq vujudiga kuydirgudek bir harorat ufurdi. Yuragida yengib bo‘lmas bir istak uyg‘ondi: shunday chiroyli va mehrigiyosi bor maskanlarni o‘z ixtiyori bilan tark etib, ajalga taslim bo‘lsinmi?! Yo‘q! Bunday ahmoqona o‘limdan alhazarki, yo‘q! U hali-beri o‘lmasligi kerak!
Mag‘rur burgutlarga hos qaror shunday bo‘ladi! Aksincha uning musichadan farqi qolmaydi…
Daf’atan dilida uyg‘ongan g‘urur Chiporning yuragida ana shunday aks sado berdi.

7
Chiporning o‘lgisi kelmay qoldi. Ularning nasli kasallik yoki ovchining o‘qiga uchramasa shunchaki o‘lib ketishmaydi. O‘limtik yemaganlari tufaylimi, umrlarining oxirigacha kasal ham bo‘lishmaydi. Ovchilar burgut ovlashmaydi. Bir marta qon dushmaniga aylangan ovchi ham uni ikkinchi marta otmay ketdi. Buni u o‘shandayoq payqagandi. Makiyonni qandaydir mudhish xato tufayli otib qo‘ygan shekilli.
Makiyonni tirik ko‘rolmaganidanmi yo boshqa sababdanmi uning birdan jununi qo‘zidi, o‘zi qo‘nib turgan qoyaning toshini bor kuchi bilan timdalay boshladi. Shunday timdaladiki, panjasidagi ba’zi tirnoqlari sinib, ba’zilari qo‘porilib qoniga belandi. Go‘yo shu bilan tortgan barcha alamlariga chek qo‘ymoqchidek, joni og‘riganiga ham parvo qilmadi. O‘sib o‘tmaslashgan tirnoqlaridan qutulgach, qanotlaridagi uzayib vazmin tortgan va balandroq uchishiga xalal berayotgan patlarini ham ayovsiz yula boshladi. Navbat tumshug‘iga yetgach uni g‘azab bilan toshga urib, deyarli ishga yaramay qolgan uchini sindirdi. So‘ngra toshga ishqalab qayrab, qiyshiq singan joylarini to‘g‘riladi…
Dastlabki oylarda u juda qiynaldi: qanotlaridagi patlarni yulib tashlagach, balandlab ucholmay qoldi. Changaksimon qayrilgan baquvvat tirnoqlarsiz hatto quyon kattaligidagi hayvonlarni ham tutolmadi. Noiloj mayda kemiruvchilar va hasharotlar bilan qanoatlanishga majbur bo‘ldi. Necha oylar yer bag‘irlab uchib, yarim ochlikka ko‘nikib yashadi.
Oradan chamasi besh oylar o‘tdi. Chiporning singan va qo‘porilgan tirnoqlari o‘rniga yangi tirnoqlar, tumshug‘i o‘rniga yangi tumshuq o‘sib chiqdi. Qanotlarida yangi, risoladagiday patlar paydo bo‘ldi. Endi u o‘n yasharlik paytlaridagiday kuch-quvvatga to‘lib, sog‘lom va cha­yir burgutga aylandi. Yuksaklarda parvoz qilib, zamin yuzini xotirjam kuzata boshladi.
Bu balandliklardan uning ikkinchi qo‘nalg‘asi – kattaligi qariyb uyday keladigan Sadoqat toshi inson ko‘zi bilan qaralsa, gugurt qutisidaygina bo‘lib ko‘rinadi. Ammo tabiat ularga shunday ne’matni ato etgandiki, Chipor toshni o‘z kattaligida ko‘radi. Bugina emas, juftining do‘mpayib turgan va ustiga tosh bostirilgan qabrini ham, tog‘larning yonbag‘irlarida g‘imirlab yurgan maydaroq jonivorlarni ham kaftida turganday ko‘rayotir. Istasa miltiqning o‘qiday otilib, xohlaganini bir zumdayoq tutib olishi mumkin. Biroq bunga ehtiyoji yo‘q. Ertalab bitta jayra bilan bitta bulduruqni tutib yeb olgandi. Hozircha shuning o‘zi kifoya qilmoqda.
Chipor yana yuksaklarda parvoz qilayotganidan sarmast edi. Uzoq davom etgan ranj-alam va azoblardan keyin tanasida paydo bo‘lgan kuch-qudrat, sog‘lomlik baquvvat yuragida yangicha bir shukuh uyg‘otdi. Serzavq yoshligini eslatarmidi, Sadoqat toshiga yuksaklardan ko‘z tashlaganida vujudini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan g‘uborsiz bir lazzat qamrab oladi.

2016 – 2017 yil
Do‘rmon – Uchqun.