Televizorda qo‘g‘irchoqday qiz ko‘zini o‘ynatib, goho qoshlarini chimirib, yuzlarini chitib, ko‘rsatuv olib boryapti. Uning suhbatdoshi – “Zag‘chalar” qo‘shig‘ini aytib, ikki-uch haftada tanilgan Beshim Eshim. Bu qo‘shiq televizorda namoyish etilgan kunning ertasigayoq “xit” bo‘lib ketdi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas eng yaxshi qo‘shiqlar tanlovida birinchi o‘ringa chiqdi.
Yosh san’atkor hozircha yagona bo‘lib turgan qo‘shig‘ini yangicha uslubda kuyladi. Avj olgan joylari xuddi bezovta bo‘lgan zag‘chaning sayrashiga o‘xshaydi. So‘zlari ham antiqa. Zag‘cha go‘yo qush emas, sudraluvchi biror jonzot, boringki, buqalamunmi, deb o‘ylab qolasiz. Beixtiyor unga rahmingiz keladi.
Beshimboyning o‘zini tutishiga gap yo‘q. Shunday tabassum qiladiki, jigaringgacha yetadi. Qo‘shiqni tinglamaslikning iloji yo‘q. Uning soqol-murti boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Bir qarasang yopishtirib qo‘yilganday, yana bir boqsang moybo‘yoqda yasalganday.
Aybga buyurmaysiz, oyda ham dog‘ bo‘lganidek, Beshim Eshimda ham kamchilik bor. U tepakal. Nima uchun sochlari erta to‘kilib ketgan, hech kim bilmaydi. O‘zining aytishiga qaraganda, ko‘p dori ichgan ekan. U kamtarlik qilib, qanaqa dori ekanligini aytib o‘tirmaydi. Oq dorimi, qora dorimi, deb so‘rash esa noqulay.
– Beshim aka, katta san’atga qanday kirib kelgansiz?
– O‘, qanday go‘zal savol. San’atdan chiqish oson, lekin kirish qiyin. Chiqarib tashlashsa undan ham qiyin. Xullas, amallab yuribmiz, katta sahnada. Yana aytaman, kirish qiyin, bu institutga kirishmas.
Boshlovchi qiz mehmoniga qarab tabassum qildi va qo‘shimcha savol berdi.
– Sirni ochgingiz kelmayaptimi?
– Yo‘q, mening sevimli muxlislarimdan yashiradigan sirim yo‘q. Lekin andisha, degan gap bor. Ammo andishaning otini qo‘rqoq qo‘yuvchilar ham topiladi. Shu sababli aytaman.
Sakkizmi-to‘qqizmi yoshimda edim. Otam darsingni tayyorla, bolalar bilan o‘ynama, deb qattiq tayinlab zalga qamab qo‘ydi. Televizor ko‘rishga ham ruxsat bermadi. Bo‘sh vaqting bo‘lsa, kitob o‘qi dedi. Menga buyruq berilsa, ensam qotadi. Otamga yaxshi, dedimu o‘z bilganimni qildim. Deraza yonida o‘tirib, shipshiydam o‘risog‘ochga tikildim. Unga zag‘cha in qurgan ekan. Zag‘chalarning u shoxdan-bu shoxga uchib-qo‘nib turishi juda qiziqarli tuyuldi. Mana erk, dedim. Zag‘chalar sayray boshlashdi. Shang‘illashlari menga juda yoqdi. Katta bo‘lsam, albatta, qo‘shiqchi bo‘laman, zag‘chalardek tabiiy va samimiy xonish qilaman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim. Otam kelib ishni buzdi. Derazani ochib, zag‘chalarni quvib yubordi. Yurak-bag‘rim ezildi. Ota, bu ishingiz befoyda, dedim ichimdan. Bir kuni men kuylay boshlasam, to‘xtata olmaysiz. Chindan ham u meni to‘xtata olmadi. Bolam, ovozing qarg‘anikigami, zag‘chanikigami o‘xshaydi. Qo‘shiq aytishni qo‘y, sendan xonanda chiqmaydi, dedi. Aynan shu gapga qasdma-qasd, muxlislar ko‘magida, qolaversa, televideniyening yaqin yordami tufayli, xonanda sifatida o‘zimni topdim.
Sizga yana bir sirni ochaman. Zag‘chalar tushimga ham kirgan. Nega otang bizni quvadi, deb savol ham berishgan. Axir, sen ham bir kuni bizdek san’atkor bo‘lasan, deyishgan. Shundan keyin ham san’atkor bo‘lmayinmi?
– To‘g‘ri aytasiz, o‘zingizni topdingiz. Lekin sizni topish qiyin bo‘lyapti. Ko‘rsatuvga chaqiramiz, deb izlamagan joyimiz qolmadi.
– Axir, el xizmatidamiz. U yer-bu yerga chaqirishadi.
– Endi bo‘lsa yangi qo‘shiqdan, bo‘lmasa, “Zag‘chalar”dan bir shingil eshitaylik.
– Albatta, eshitasiz. Lekin sizda hali savol ko‘p bo‘lsa kerak.
– Albatta, tomoshabinlardan bizga ko‘plab maktublar kelgan. Beshim akaning ismlari “shim” so‘zidan olinganmi, deya so‘rovchilar ayniqsa ko‘p.
Beshim Eshim xandon otib kuldi.
–Tug‘ilgan paytimda, ilojini topsam, otam, menga bunday ism qo‘ymang, degan bo‘lar edim. Axir, shinavandalar savolida jon bor. Ularga besh ketdim. Demak, shinavandalarimiz ismim “shim” so‘zi bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligini bilishga qiziqishadi. Bu kimning hayoliga kelgan bo‘lsa ham, dunyoqarashi keng ekan. Ammo uzil-kesil aytaman, ismimni “shim” so‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘q. U “besh” so‘zi bilan bog‘liq. Otam: maktabda doim ikki baho olar edim, o‘g‘lim mening hayotdagi beshim bo‘lsin, deb ismimni Beshim qo‘ygan.
Beshim Eshim aksa urdi. Qiz, sog‘ bo‘ling, deb qo‘ydi.
– Agar ruxsat bersangiz, sizni nafaqat Beshim, balki “Beshim plyus” desak ham bo‘ladi.
Beshim Eshim qarsak chalib yubordi.
Boshlovchi qiz teletomoshabinlarga qo‘shiq eshitishlarini va’da qilgan edi. Ammo Beshim Eshim qo‘shiq aytishga shoshilmadi. U boshlovchiga, to‘xtab turing, siz rejalarim haqida so‘ramadingiz-ku, deya gapni boshqa yoqqa burdi.
– Hozir duet moda bo‘lgan. O‘zimga yarashiqli bir juvon bo‘lsa, birga qo‘shiq aytardik. U aytib tursa, men jim turardim. U jim turganda men avjini olardim.
Boshlovchi qiz vaqt juda oz qolayotgani uchun so‘nggi savolni berdi.
– Shinavandalarga niyatlaringiz…
– Ilohim, omon bo‘lishsin. Yaxshi qo‘shiqlar hamroh bo‘laversin.
–To‘g‘ri aytasiz, o‘zingiz ularni yaxshi qo‘shiqqa hali ko‘p hamroh qilasiz, degan umiddaman.
Ko‘rsatuv tugadi. Beshim Eshim shinavandalarini daryo bo‘yiga suvsiz olib borib, suvsiz qaytara oladi. Ammo boshlovchi qiz astoydil harakat qilgani uchun, ma’muriyat tomonidan mukofotlandi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 16-son

