Shukur Xolmirzayev. Tabassum (hikoya)

Jalil aka deraza tagida yotardi. To‘shakda. Bolishi baland. Unga suyanib, boshini ko‘tarsa, bog‘ni ko‘radi. O‘zi obod qilgan bog‘ u. Eng qari yong‘oq «oltmish»ga kirdi. U bilan bir vaqtda ekilgan tut kesilib ketdi. Kallaklanaverib quridi. Keyin yiqitib, g‘o‘la qilib olishdi.
Jalil akaning o‘zi ham ketish oldida. O‘sma bilan og‘rigan. Biladi. Doktorlar ko‘p vaqt yashirib yurishdi. Lekin Jalil aka ovqatdan qolayottani, ozib ketayotganidan qo‘rqib yurardi. Bir kuni sevimli nevarasi — yolg‘iz o‘g‘lining yagona qizi Sadafdan so‘radi: «Bolam, dardni kasal odam bilsa, o‘ziyam tuzalishiga ko‘shish ko‘rsatar ekan. Eshittanim bor. Sen begona doktorlardan so‘ra, bolam. Dardim nima ekan? Faqat rostini aytasan, xo‘pmi?» «Xo‘p, bobojon», dedi Sadaf. Oradan bir kun o‘tmay Sadaf quti o‘chib keldi. Bobosi yoniga cho‘kkalab xo‘p yig‘ladi. Keyin: «Bobojon, aytishga tilim bormaydi-da», — dedi. «Nevaram, men seni o‘zim katta qildim… ko‘tarib. Meni… bobongni yaxshi ko‘rsang, hurmatlasang, borini ayt». «Bobojon, o‘zingiz ham unga qarshi… ish qilasiz-a?» «Albatta-da! Nima deb edim senga?». «Bobojon, kasalingiz — rak ekan». Sadaf yana izillab yig‘lay boshladi.
Jalil aka, odamlar aytishicha, Jalil ota karaxt tortib qoldi: qayoqdan paydo bo‘ldi bu dard? Ko‘p-a, hozir… Qariya ancha sukutga tolib yotgach, xo‘rsindi. Bu dard — bedavo ekanini eshigtan va chamasi o‘zining «kasalligi» ham shunga yaqinroqmikan degan xayollarga ham borgan edi.
«Qismat ekan-da, — dedi. — Vo darig‘. Yo‘g‘-e… O‘ksish bekor. Birniki o‘tdan, birniki suvdan… Meniki shundan ekan. O‘zi bir hisobda yoshimniyam yashab bo‘ldim. Men tengi qurdoshlarimdan kimlar qoldi? Ha-a, Mo‘min… bor. U mendan ikki-uch yosh katta-ya. Yuragi butun ekan-da! Ha, uning yuragi butun. — Jalil ota g‘ashlanib o‘ylay boshladi. — U boshqacha… Yomonga, nomardga… o‘lim yo‘q deydilar-ku! Ha-e, mayli… Uyam yashasin. Bari bir dunyoga ustun bo‘lmaydi. Birovga o‘lim tilagandan…»
U o‘zining rak ekani, ya’ni o‘sma kasaliga mubtalo bo‘lganini eslab ayanch jilmaydi. Kunlar o‘tdi, oy o‘tdi.
Qariya ba’zan tongga yetishi gumondek sezardi o‘zini, ba’zan shu yotishda ming yil yashaydigandek edi. Lekin keyin-keyin o‘g‘lining ham, kelinining ham o‘ziga tikilib-tikilib qarashidan angladiki, kasali nimaligi ularga ham ma’lum. Biroq miq etmadi. Ular… ular otaning hademay turib ketishini bashorat qilishardi.
Bir kuni hovlida yugur-yugur ko‘p bo‘ldi. Kimlardir kelishdi. Jalil ota kechasi uxlolmagani, o‘ylanib chiqqani uchun kunduzi uyqu bosib yotgan edi.
«Ha, birontasi kelgandir-da», deb qo‘ydi.
Biroq, kechga tomon hovlida tag‘in yugur-yugur bo‘lib qoldi-da, keyin hammayoq tinchidi. Keyin qosh qorayganda, o‘g‘li Shokir novcha qomatini egib, eshikdan kirdi.
— Salom alaykum, ota.
— Ke, o‘g‘lim, o‘tir.
— E, bir-ikki odam keldi. Sizni bezovta qilmasin, deb bu yerga kiritmadim.
— Kim ekan ular?
— Sovchilar-da! Nevarangizga.
— A-a, Sadafning ham bo‘yi yetib qoldi. Shuning to‘yini… tinchiganini ko‘rsam, armonim yo‘q edi.
— E, hali chevarayam ko‘rasiz, ota.
— Yo‘-o‘q, bolam… o‘lim — haq. Bir yerda gurung bo‘lib edi. He, yosh edim o‘shanda. Lekin esimda qolgan. Bir komandirimiz bo‘lgich edi.
Shokir kulimsiradi.
— Komandir…
— Ha, endi, mullayam bilganini o‘qiydi-da, bolam… Bizning yoshlik o‘z yo‘liga o‘tdi. Jang-jadal…
Jalil otaning umri chindan ham «jang-jadallar»da o‘tgan. Inqilob g‘alaba qilganda o‘n besh yoshlarda edi. Iigirmanchi yillarda ko‘ngilli bo‘lib qizil askarlar safiga qo‘shildi: ular xizmatini qilib, otlariga yem tashib, tagini kurab yurdi. Yetimcha qiyofasida bosmachilar qarorgohlariga necha marta borib keldi. Ammo-lekin bir gal… O‘shanda…
Keyin «Qizil kaltakchilar» safiga qo‘shildi. Keyin quloqlarni tugatish… Vatan urushi…
Shunisi qiziqki, Jalil… Jalil aka o‘sha qilgan xizmatlari haqiga shtifoqo bitta ham nishon taqmadi. Nishon qayda, bir parcha yorliq ham olmadi.
Lekin bu narsalarni orzu qilmagan ham edi: u qilishi lozim degan ishni qilar, aksini qilmas, yo‘q: o‘zligiga qarshi bormas, bunga kuchi yetmas edi. Shuning uchun ba’zi o‘rinlarda «tirsaklandi» ham.
Zero, oddiy ish… xushomad qilish, kattalarga ta’zimda bo‘lish, kezi kelganda, bir gapdan qolish ham… qo‘lidan kelmadi. Aksincha, shunday qilib, obro‘ topgan, martabaga mingan kishilardan nafratlanadi hamon…
Uning bori — shu ekan.
— Ha, yaxshi gapmidi o‘sha gap?
— U-u, dono gap. — Jalil ota shiftga tikildi. — Rahmatli komandirimiz o‘zi xo‘jalardan chiqqan edi. Lekin yangi hukumatga… sovetga sodiq edi. Nomardlik yomon…
— Uni aytgansiz, — dedi Shokir. — Xo‘jasan deb qamashgan.
— Ha, o‘z jo‘rasi qamadi.
— Haligi gap…
«Shoshilyapti» deb o‘yladi Jalil ota va gapni qisqa qildi:
— Shu kishi rahmatli aytgich edi-da: «O‘limdan qochish kerak! Lekin o‘limniyam bo‘yinga olib yurish kerak!»
— Qo‘ying, ota, o‘limdan gapirmang.
— E, bolam, men ko‘rdim…
— Yana…
— Sen ishingdan qolma… Mening dori-darmonim bor. Ishtaham yaxshi… Faqat sizlarga juda qarab qolganimdan xijolatman, o‘g‘lim. Yo‘-yo‘q, sen gapirma… Shokir jim qoldi.
— Shunday. Endi, na chora!
— Omonatini olguncha kutaman-da.
Shokir iliqqina kuldi.
— Yoshingiz o‘tib, judayam taqvodor bo‘lib qoldingiz.
Jalil ota ham kuldi.
— O‘zimam hayronman.
— Ota deyman… Haligi…
— Labbay, gapiraver.
— Sadafingiz bu yil o‘nni bitiradi. Keyin o‘qishga bormoqchi.
— A-a.
— Mayli. Mening qarshiligim yo‘q. Lekin unga yordam ham berolmayman.
— Ha-a.
— Lekin qayerga ketsayam boshi bog‘liq bo‘lib ketsa degandim. Keyin o‘qishini sirtqiga o‘tkazish mumkin. Qisqasi, qiz bolaning bir shaharga ketishi…
Jalil ota yana kulimsiradi.
— Sen ham mendan qolishmaysan.
— Nimada?
— E…
Shokir o‘rnidan turdi.
— Mayli.
Bir haftadan keyin yana hovlida yugur-yugur bo‘lib qoldi. Jalil ota hushyor edi. Biroq, bu gal ham mehmonlarni bu xonaga kiritishmadi. Bu gal ham ular ketib bo‘lishgach, Shokir kelin bilan kirdi. Otaga qo‘sh salom berib, chetga o‘tirishdi. Keyin Shokir gap boshladi:
— Ota, siz jang-jadal, urush, komandir… deb bejiz gapirmaysiz, — dedi. — O‘sha yillarni siz juda yaxshi bilasiz. Yoshlikdan ko‘p narsa boshingizdan o‘tgan…
Chol tetiklanib yotgan joyida bosh qimirlatdi.
— Haqiqat, rost.
— O‘sha davrdagi tengdosh jo‘ralaringiz ham sanoqli qolgan-a?
— Ha, bolam.
— Shu, Mo‘min ota bilan qalaysiz?
Chol o‘g‘liga tikilib qoldi. Keyin, ijirg‘anib, ko‘zini pastga oldi.
— Nimaga so‘rayapsan?
— Endi… sizlarning munday non-qatiq bo‘lib o‘tirganlaringni hech ko‘rmadik-da.
— Ha, ko‘rmaysan ham. Shokir sovuq tikildi.
— Nima uchun?
Chol yana birpas sukutga tolib qoldi-da:
— So‘rama, — dedi. Keyin yuzi tirishib ketdi. — So‘rama… Ont ichganman.
— A?
— Qasam ichganman.
— Tavba!
— Qo‘y uni.
— Endi…
— Bolam, ovora bo‘lma.
— Qiziq odatlaringiz bor-da.
— Shu-shu.
— Ha. Oqshom yana kiraman.
— Xo‘p.
Shu bilan ota-bolaning orasi soviy boshladi. Sho-kir kelib, Mo‘min aka haqida gap boshlaydi. Jalil ota ko‘zini yumib oladi. O‘rtada boshqa gap qolmagandek. Shokir chiqib ketadi, chol xayol surib, ijirg‘anib yotadi.
Keyin-keyin tusmollay boshladi. Mo‘minda ham ikki-uchta nevara bor. Eng kichigi Sadaf bilan tengdosh, yo undan bir-ikki yosh katta.
O‘sha odam qo‘yayaptimi Sadafga?
Chol titrab ketdi.
U Mo‘min aka bilan bir umrga ajralishgan. To‘g‘ri, joyi kelganda u bilan so‘rashgan bo‘ladi. Bir davrada o‘tiradi ham. Biroq, begonalardek.
Biroq uning orqasidan… bir og‘iz so‘z demagan, demas ham.
Uni eslasa bormi, darrov ko‘z oldiga Bobotog‘ yo‘llari, Yolg‘izkapa o‘rkachidagi ovchilarning pistirmasi, qilich, miltiq, o‘q-dori, sovuq tunlar, yulduzli osmonlar gavdalanib ketadi. O‘ksib jimib qoladi.
O‘shanda, tog‘dan qaytib tushayotganda, Mo‘minga bergan va’dasini eslaydi.
Keyin: «Ha-e, shundayi ham bo‘lar ekan-da», deb qo‘yadi. Shu, xolos.
…Gap shundaki, Jalil aka Jalilbek bo‘lib, Orzixo‘ja komandirning otryadida yurganda, bir tun uni o‘choq boshiga chaqirib, Orzixo‘ja shunday dedi:
— Quyun qo‘rboshini bilasan-a?
— Ha, — dedi Jalil.
— Uning ishlarini?
— Eshitganman.
— Bizga topshiriq keldi. Uni tiriklay qo‘lga olish kerak.
— Bu qiyin.
— Quloq sol. Qiyinligini men ham bilaman. Lekin uning to‘pida Mo‘min degan yigitimiz bor…
— Tanimayman.
— Ko‘rsang, tanirsan.
— Boramanmi?
— Ha. Quyunning yigitlari ozayib qolgan. Shu kunlarda Bobotog‘ning Yolg‘izkapa degan dovonida emish. Bir cho‘pon ko‘ripti. Xabar berdi.
— Uni tutish kerakmi?
— Ha..
Ertasi kuni Jalil janda kiyib, qo‘liga tayoq olib, hech qanday qurolsiz holda yo‘lga chiqdi. Yo‘lakay cho‘ponlarning ovulida tunab, o‘z kunini ko‘rib, Bobotoqqa yetdi.
Nihoyat, Yolg‘izkapaga ro‘para bo‘ldi.
Shunda oldidan bir kiyik chiqib qoldi. Keyin bir ovchi ko‘rindi. Kiyik Jalildan hurkib, ovchiga burildi. U otib oldi. Jalil chopib borib, kiyikning oyog‘ini bosib turdi. Ovchi so‘yib halolladi.
Keyin Jalil:
— Og‘a, bizdan hurkib sizga yo‘liqdi, tanimizni bermaysizmi? — dedi.
— Kimsan o‘zing?
— Bu dunyoda otasi o‘lmagan kim bor, onasi o‘lmagan kim bor?
— Kimsan? Kimlardan bo‘lasan? Nima qilib yuribsan?
— Tagi yetimman, og‘a… Lekin otamiz beli baquvvat odam o‘tgan. Undan besh-o‘nta ushoq mol bir cho‘ponning qo‘lida qolgan deb eshitar edim… Mana, fursati yetdi deb shuni qidirib chiqdim. Topsam, insof qilsa…
— Bosmachilar yeb ketgan bo‘lsa-chi?
— Teshib chiqsin.
— Qizillar yegan bo‘lsa-chi?
— Og‘a, yetimning haqiga kim ko‘z olaytirsa, topadi…
— Oti nima ekan u cho‘ponning?
— Shuni bilmayman-da… Bir cho‘pon deyishdi. Otam o‘lim oldida tildan qolgan edi.
— Shuni izlab yuribsan?
— Ha, qayerda ovul ko‘rsam, boraman. Bir kecha yotaman. Cho‘ponlarni gapga solaman…
— Bu yoqda ovul yo‘q.
— He, tepalikda bir didbon ko‘rinadi.
— A, umi? Qani, yur-chi.
— U yerda odam yashaydimi?
— Bilmadim.
— Esa, qaytsam…
— Ha, yur-chi.
Ovchi kiyikning oyoqlarini kuliklab, dast ko‘tardi. U baland bo‘yli, sariq chakmon kiygan, barvasta yigit. Lekin ko‘zlari horg‘in, zerikkandek edi.
Jalil uning kimligini bilolmay, biroq bosmachilarga aloqasi borligiga ishongan holda ergashdi. Saldan keyin, kiyikni men ko‘taray, dedi. Yigit qaramadi.
Pistirma qora suvoq qilingan, toshqalama devorli uycha edi. Atrofda xas-cho‘p, suyaklar yotibdi. Nariroqda bir ko‘lmak suv. Lekin rangi qora hamda undan sassiq hid kelar edi. Pistirmaning ichi shinamgina. Biroq uch tomonda to‘rt-besh qavat qilib ko‘rpachalar solingan, ular eskirib ketgan va moy to‘kilgan. To‘r devoriga uchta pilta miltiq va ikkita qiyshiq qilich osig‘liq turardi. O‘rtada o‘choq.
Quyun qo‘rboshi shu ovchining o‘zi ekan.
— Uka, balki sen qizillarning odamidirsan, — dedi u kiyikning bir sonini qovurib, o‘rtaga qo‘ygach. — Mayli… men Quyun qo‘rboshi bo‘laman. Eshitgan bo‘lsang…
Jalil qo‘rqib ketib, yoqasini ushladi.
— Agar…
— Qasam ichma. Men dunyoda qasamdan qo‘rqaman, uka… Bir vaqtlar qasam ichib edim… «Shuncha qizilni o‘ldiryapman. Shuncha musulmonni qiyratdim. Shuncha uyga o‘t qo‘ydim. Shuncha suruv molni afg‘onga o‘tkazib, qurolga almashdim…»
— U-o‘! — dedi Jalil.
— Yurt ozod bo‘lmasa, uka… biz yengilsak, o‘zim pastga enib boraman deb qasam ichib edim… Qaytar dunyo deydilar. Odam mard bo‘lib o‘lishi kerak, uka…
— Him…
— Shuytib o‘tiribmiz.
— Bir o‘zingiz?
— Yo‘q.
Mo‘min ham ovga ketgan ekan. Ikkita quyonni yelkasiga tashlab keldi. U o‘rta bo‘y, ko‘zlari kichkina va chag‘ir, sergak va jonsarak yigit edi.
— Bu kim? Senga nima bor? — deb do‘q qildi Jalilga.
Quyun qo‘rboshi oraga tushdi.
— Qo‘y, tegma… Buyam senga o‘xshagan bir darvesh-da, Mo‘min. Sen ham qalandar bo‘lib kelib eding-ku! Tegma bunga… o‘tir.
Mo‘min Jalilga o‘qraya-o‘qraya o‘tirdi.
— Mening jo‘ram, — dedi Quyun qo‘rboshi Mo‘minni ko‘rsatib. — Otgan o‘qi tegmaydi-yu, o‘zi menga sodiq… Uka, qovurdoqdan ol. Bu halol go‘sht… — U g‘amgin kuldi. — O‘zing ko‘rding-ku, o‘g‘irlikdan kelgan emas…
— Ha, og‘a.
Qovurdoqni yeb bo‘lib, choy ichishdi. Keyin tashqarida gulxan yoqib o‘tirishdi. Anavi qora ko‘lmakda yer-moyi bor ekan. Bir archa shoxini botirib olib, o‘tga qo‘yilsa, talay vaqt yonib turadi.
Bir mahal tog‘dan sovuq shamol esdi.
— Turaylik, — dedi Mo‘min. — Lekin shu yerda gulxan yoqishimiz ham chakki ish, begim.
Quyun hech narsa demay uyga kirdi. Yechinmasdan to‘rga o‘tib yotdi.
— Sen bu yokda yot, — deb oyoq tomonidagi to‘shakni ko‘rsatdi Jalilga. Keyin Mo‘minga dedi: — Eshikni yopma, jo‘ra. Havo kirib tursin.
Kechasi allamahal. Jalil bezovta. Qo‘rqadi. Quyundan qo‘rqadi. U ho‘kizdek kuchli. Eng yomoni — o‘zining kimligini sezgandek: juda mayin gapirdi.
Gulxan ham yoqtirdi…
Bir payt Mo‘min uyqusirab turib ketdi-da, so‘kinib bir muddat o‘tirdi. Keyin inqillab tashqariga chiqdi. Eshik og‘zida bir oz serraygach, yon tomonga o‘tdi.
Jalil turmoqchi. Lekin Quyundan qo‘rqadi. Oxiri Mo‘min bilan gaplashish uchun bundan qulay payt bo‘lmasligiga ishonib, sekin qo‘zg‘aldi.
Tog‘dan izg‘irin esardi.
— Ha, qayoqqa? — deb baqirdi Mo‘min va lapanglab yurib, Jalilga yaqinlashdi.
— Orzixo‘ja aka yubordi meni… — shivirladi Jalil. — Tiriklay tutib borar ekanmiz.
— Jim.
Ular uyga qaytib kirishdi. Mo‘min o‘z joyiga, Jalil o‘z joyiga yotdi.
Jalil endi Mo‘mindan qo‘rqa boshladi… Biroq, sal vaqt o‘tmay uning o‘z odami ekaniga ishondi. Lekin u nima qilmoqchi? Bilolmasdi. Quyun qo‘rboshini esa, o‘ldirmasdan qo‘lga olishga ikkisining ham kuchi yetmasligi aniq.
Balki kelishib, birdan ustiga tashlanishsa…
Yo‘q…
Eshikdan osmon etagidagi yulduzlar ko‘rinar, ular ham bu izg‘irinda sovqotib, shuning uchun zo‘rg‘a miltillayotganga o‘xshar edi. Quyun qo‘rboshi bir tekis nafas olib uxlayapti. Qorong‘ida Mo‘minning qimirlab qo‘ygani ko‘rinadi.
Bir payt Jalil uyqu aralash tepasida bir soyani ko‘rdi. Ko‘zlarini ochdi. Io‘q: tepasida emas. Nariroqda. Mo‘min!.. Qo‘lida qilich. U xiyol tislanib, Quyun qo‘rboshiga tikildi. Engashdi. Qilichni ko‘tardi-yu:
— Vo-o! — deb yubordi. Jalil turib o‘tirdi. Quyun qo‘rboshi yonboshlab:
— He, Mo‘minboy-e, — dedi.
Jalilni sovuq ter bosib, qalt-qalt titray boshladi.
— Begim, meni afv eting! — Mo‘min tiz cho‘kkancha boshini yerga urib oldi.
Quyun elan-qaran qo‘zg‘alib, chordana qurdi.
— Ayt, ayt, — dedi. — To‘qi endi bir narsa.
— Yo‘q, men…
— Nima?
— Manavi bola… — Mo‘min burila solib, Jalilga o‘qtaldi. — Chopib tashlayman. Bu ayg‘oqchi, begim… Meni yo‘ldan urdi…
Quyun qo‘rboshi kulib, yonidan miltiqni oldi. Qo‘ndog‘i bilan shiftga qadalib-sollanib turgan qilichni turtdi. Qilich yerga tushdi.
— E, Mo‘minboy-ey! — dedi. — Tashqarida nari borsa, ikki og‘iz gaplashdilaring, shunda aldab oldimi?
— Begim, begim!
— Ha, mayli. Yotinglar… Yo yana o‘t yoqamizmi? Tong ham bo‘zarib qoldi.
Jalil eng orqada chiqdi. Har narsaga tayyor: jumladan, qochishga ham. Biroq qochib qutila oladimi? Quyun qo‘rboshi pastroqqa tushib kerishdi. Keyin yermoyli ko‘lmak boshidan qumg‘onni olib, pastga endi.
Mo‘min burila solib, Jalilga shivirladi.
— Miltiqni opchiq!
— Tiriklay tutish kerak.
— Tur-e!
Mo‘min o‘zi chopib, uychaga kirdi. Miltiqni olib chiqdi. Lekin pilta miltiqni otish oson emas. Paxtani tutatish uchun chaqmoqni toshga urar ekan, Quyun asta-sekin qaytib chiqdi.
— Nima qilyapsan?
— Shu… tongda ov…
— Ha-ha-ha!
— E-e!
— Shoshilma.
U miltiqni olib, o‘q-dorini to‘kdi, devorga suyab qo‘ydi.
— O‘t yoqamiz.
Kiyikning yana bir sonini kabob qilishdi. Og‘iz-burunlari, qo‘llari qorakuya va moy bo‘lib, choy ichisharkan, quyosh ham chiqdi.
— Yigitlar, endi gap munday, — dedi. — Meni Denov bozoriga olib borasizlar.
— Begim?
— Bek yo‘q… — kulimsiradi Quyun qo‘rboshi. — Qarshingda bir sayoq bevatan turipti.
— Begim…
Quyun qo‘rboshi uyga qaradi. Shimolga — tog‘larga, cho‘qqilarga qaradi. Suyaklar sochilib yotgan yerga qaradi. Chakmonini kiyib, o‘rnidan turdi.
— Bog‘langlar.
U qo‘lini orqasiga qildi.
Mo‘min Jalilga qaradi, Jalil… Quyun qo‘rboshiga qaradi va negadir yig‘lagisi keldi. Mo‘min ham Quyun qo‘rboshiga tikildi-da, asta tislandi.
— E, yigitlar-e, — dedi Quyun qo‘rboshi. — Joylaringda men bo‘lmadim-da!..
— Endi…
— Rost, — dedi u o‘ychanlik bilan. — Vatan qo‘ldan ketganiga oldinroq ishonganimda, oldinroq o‘zim tushib borar edim. Shahid ketishga nima yetsin.
Mo‘min bir qadam chetga bosdi.
— Qo‘rqma, — dedi Quyun qo‘rboshi. — Bog‘la, uka. Lekin tag‘in bir narsaga ishonishni istayman.
— Ayting, begim!
— Meni sud qilishsin.
— A?
— Bozorda.
Birpasdan keyin Quyun qo‘rboshi — oldinda, qo‘llari ortida bog‘liq holdd, xotirjam ketib borar, uning orqasida — Mo‘min, qo‘lida bir miltiq, yelkasida bir miltiq, shaxdam odim otar, Jalil — eng orqada, kiyikning qolgan go‘shti va bir bo‘xcha shol ro‘mol ko‘tarib olgan edi.
Bobotog‘dan enaverishda Mo‘min ancha o‘zgardi. Ovo-zi ham balandlab, Quyun qo‘rboshiga:
— Buyoqdan, uyoqdan yuring! — deydigan bo‘ldi. Keyin uni senlashga o‘tdi.
Ylk qishloqqa yaqinlashganda, Jalilga qarab:
— Ko‘rdingmi, bosmachini ushlash qanday bo‘ladi? — dedi.
Jalil garangsib:
— Siz ushlaganingiz yo‘q, — dedi. Mo‘min taqqa to‘xtadi.
— Esa senmi?
— Bog‘lashga bog‘ladingiz. Shunda Quyun qo‘rboshi o‘girildi.
— Bola ekansan-ku, Jalil, — dedi. — Buni men bilaman… Bu seniyam otib qo‘yishi mumkin.
— Bas!
— Shuning uchun, uka, bunga xo‘p de… Sendan nima ketdi? Yo sen ham Quyun qo‘rboshini tutdim deb…
— Nega?
— Unday bo‘lsa, mayli, de.
— O‘t oldinga! — baqirib yubordi Mo‘min.
Jalil qo‘rqa-pisa o‘tarkan, Quyun Mo‘minga o‘girilib:
— Bolaga tegma, — dedi.
— Ishing bo‘lmasin!
— Sen bola, qasam ich, — dedi u Jalilga. — Meni bu qo‘lga tushirib bog‘ladi.
— Nimaga?
Mo‘min asta miltiqni unga to‘g‘riladi.
— Ana, — dedi Quyun qo‘rboshi. — Ko‘rdingmi? Senga bari bir-ku. To‘g‘rimi?
— Ha..
— Bo‘ldi-da.
— Nima qilay?
— Mo‘min aka Quyun qo‘rboshini qo‘lga tushirdi de.
— Axir…
— Deysan!
Jalil ko‘zlari do‘layib:
— Xo‘p, — dedi.
— U yoqdagi gap-so‘zni unut.
— Xo‘p.
… Uni to‘g‘ri qizilkaltakchilarning qurollangan otryadlari qarorgohiga olib bordilar. Orzixo‘ja Quyun bilan bemalol gaplashdi. Keyin uni Denovga olib jo‘nadi. Sud bo‘ladigan kun jar chaqirtirildi. Olomon atrofda devor bo‘lib turar ekan, revkom, ChK va qishloq sho‘rolari nomidan Orzixo‘ja Quyun qo‘rboshiga ikkita savol berdi.
— Nima uchun kurashding?
— Din uchun… — dedi Quyun bosmachi. Orzixo‘ja vakillar yonida saf tortib turgan domla, so‘fi va masjid imomlariga qaradi.
— Quyun qurboshi nima jazoga loyiq?
— O‘lim! Ulim! — deyishdi ular qo‘rqa-pisa. Orzixo‘ja yana Quyundan so‘radi:
— Tag‘in nima uchun kurashding? Quyun qo‘rboshi:
— Ozodlik… uchun, — dedi.
— Xalq! — xitob qildi Orzixo‘ja, — Quyun qo‘rboshi nima jazoga loyiq?
— O‘lim, o‘lim…
Quyun qo‘rboshi shu yerda otildi.
Jalil ota Mo‘min aka haqida o‘ylaganda, mana shular ko‘z o‘ngidan… Shokir kirdi.
— Ota, — dedi bir tizzasida cho‘kkalab. — Biz shoshishimiz kerak…
Chol yonboshlab unga tikildi.
— Mo‘minning nevarasigami? — Ha..
— Yo‘q.
— Ota… -Yo‘q.
Shokir bir nafas lunjlari tirishib turdi-da:
— Axir, uni yomon ko‘rsangiz — o‘zingizga, — dedi. — Lekin bizga ma’qul.
— Nimasi?
— Mo‘min bobo… grajdan urushining qahramoni…  Orden-medallari bor. Respublika ahamiyatiga ega… pensioner. Gapi har yerda o‘tadi…
— Ha. Mengayam yordami tegadi de?
— Odam sal… orqali bo‘lishi kerak-ku!
— O‘, bechora bolam.
— Qo‘ying kulmang… Siz o‘shanday bo‘lmagan bo‘lsangiz, biz aybdor emas.
— Attang.
— To‘g‘ri-da… Hozir qaysi qariya bilan gaplashmang, o‘zidan sal obro‘li tengqurini g‘iybat qiladi…
— Men hech narsa demadim-ku!
— Bari bir-da!
Chol to‘shakda chalqancha bo‘lib yotdi. Uning xo‘rligi kelar, lekin allaqanday jirkanchli narsa atrofida bor-u… xo‘rlandim desa, u maraz yopishadigandek edi.
Kunlar o‘tdi.
Bir kuni yana hovlida yugur-yugur bo‘lib qoldi-yu, Sadaf cholning hujrasiga kirdi. nida tiz cho‘kib, choynakni ushlab ko‘rdi. Issiqqina. Qopqog‘ini ochib ko‘rdi.
— Bobojon, ichmabsiz-ku!
— Ishtaham yo‘q.
— Bobo!
— Gapir.
— Meni…
— Ayt.
— Mo‘min boboning kichik nevarasiga… Chol ko‘zini ochdi.
— O‘zingni ko‘ngling bormi?
— Voy, men uni tanimayman ham. Chol birdan yayrab, tabassum qildi.
— Esa…
— Xo‘sh?
Chol ko‘zini yumdi.
— Bobojon…
— Mendan domangir bo‘lmanglar… O‘zlaring bilasizlar.
Shu oqshom uyda, hovlida janjal bo‘ldi. Shokir baqirib xotinini so‘kdi. Xotini itni tesha bilan urib vangillatdi. Sadaf o‘zicha yig‘ladi.
Tag‘in bir oycha vaqt o‘tdi.
Jalil chol favqulodda sezib qoldiki, o‘g‘li bilan kelini behad shoshilyapti.
Sadaf ovqat olib kirganda Jalil ota:
— Bir oz o‘tir, — dedi. — Sen menga yolyun gapirmagansan…
— Ha, bobojon.
— Ota-onang nimaga shoshyapti?
— Aytolmayman…
— Yo‘q, aytasan… Men xafa bo‘lmayman-ku! Boshga tushganini ko‘z ko‘radi…
— Sizni…
— Nima?
— Termizga yuborishmoqchi.
— Ha-a! — chol hiqillab kulib yubordi. — Ko‘zdan panada tursin deb-a?
— Yo‘q.
— Ha?
— U yoqda katta doktorlarga ko‘rsatishadi.
— He, ona qizim-e, bari bir-da! Sadaf yig‘lab yubordi.
— Bari bir emas. Chol boshini ko‘tardi.
— Nima?
— Sizni… o‘lib qolsa… Jalil ota tushundi.
— To‘y orqaga suriladi? — Ha..
— U yigitni ko‘rmadingmi?
— Yo‘q.
Sadaf zira solingan shovlani cholga surib qo‘ydi. Qariya ovqat hididan ishtahasi ochilib burildi-yu, shovladan ko‘z uzmay qoldi.
Keyin yana chalqancha bo‘ldi.
…Ertalab doktorlar kelishdi. Cholni Termizga jo‘natishlarini aytishdi. Jalil ota:
— Men tuzalib qoldim, — dedi.
Doktorlar cholni tekshirib bir-biriga qarashdi.
— Rostdan ham! — dedi biri ostonada turgan Shokirga.
— O‘zgarish bor…
— A, unday bo‘lsa… — U ikki qadam bosib, otasi qoshiga yetdi.
Chol mayin jilmaydi.
— Nimaga kecha ovqat yemadingiz?
— Qornim to‘q edi.
— Bekor gap!
Doktorlar chiqishdi.
Chol bugungi kun ham ovqat yemadi. Keyingi kun ham. Undan keyin…
O‘rmalab borib, obrezga to‘kadi. Qo‘lini yuvgan bo‘lib, ustidan suv quyadi.
U… holdan toyib, o‘rnidan qimirlolmay qoldi. Shunda ham tuz totmadi. Endi, kelgan ovqatni to‘shagi yonida nos tupurish uchun qazib qo‘yilgan chuqurchaga ag‘daradi.
U karaxt bo‘lib qoldi.
Keyin o‘g‘li, kelini va Sadaf tepasida ko‘zyoshi qilib turganda, ketdi.
Hammani dahshatga solgan narsa — uning yuzida qotib qolgan tabassum bo‘ldi.
To‘y qoldi.
1984