Shukur Xolmirzayev. Bodom qishda gulladi (hikoya)

Men burchakda, karavotimda chalqancha yotardim, behol. Ko‘kragimda Stendalning «Qizil va qora» romani. Eshikdan oq xalatli, semiz Polina, uning ketidan pakana, qora patli xalatining etagi yerga tegib turgan bir yigitcha kirdi. Uning iyagi oldinga turtib chiqqan, ko‘zi chuqur, peshanasi botiq edi.
— Sizlarga yangi mehmon olib keldim, — dedi Polina hammamizga tegishli qilib. So‘ng men tomonda yotgan jo‘raboshimiz Ziganshinga qaradi: — Qabul qiling, o‘rtoq starosta. Bu kishining ismi… — U yigitchadan so‘radi: — Ismingiz nimaydi?
— Nosir, Nosirjon! — dedi mehmon hozirjavoblik bilan.
— Ana, Nosirjon ekan, — dedi Polina. — Palataning tartib-qoidasini o‘rgating. — So‘ng elektr choynak qoshida turgan kursini unga ko‘rsatdi: — O‘tiring, Nosirjon. Men hozir kelaman.
Nosirjon onasi ish buyurgan yosh boladek kursiga o‘tirib, kalta qo‘llarini tizzasiga qo‘ydi. So‘ng birdan irg‘ib turib, dam u, dam bu tomonga qarab:
— Assalomalaykum, assalomalaykum! — dedi.
— Vaalaykum, — dedi Ziganshin. — Endi tanishib olamiz-da. Qani, o‘zlari nima ish qiladilar?
— Kurer, — dedi Nosirjon o‘rnidan turib.
— O‘tiring… Kurer? Qayerda?
— Aptobus parkida.
— A, nima bo‘lib… siz ham jigar kasalmi?
— Jigar! — Nosirjon o‘ng biqiniga kaftini bosib qo‘ydi. — Hech munaqa kasalim yo‘q edi. Ertalab parkka kelsam, bitta tanish shopir: «Ko‘zing sarg‘ayipti,, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, jigar kasali, deb aytishdi. Keyin «skoriy pomosh»ga o‘tqazib, buyoqqa yuborishdi. Pastda tekshirishdi. Cho‘miltirib, mana bularni kiydirishdi. Keyin bu yerga… o‘zingiz nima ish qilasiz, aka?
Ziganshin g‘urur bilan kuldi:
— Karavotsozlik fabrikasida injenerman!
Nosirjon juda ulug‘ odamga duch kelganday o‘rnidan turib ketayozdi. So‘ng boshqa bemorlarga ham hurmat va sezilarli qo‘rquv bilan bir-bir qaradi.
— Bu yerda yotgan boshqalar ham… chakana odamlarmas! — dedi Ziganshin. — Anavi odam yozuvchi! — deb meni ko‘rsatdi.
Nosirjon menga tikildi. Men unga «shunaqa aybim bor», degandek siniq iljaydim. Lekin uning ko‘zlari katta ochilib ketgan edi. Jo‘raboshimizning so‘zi davomiga quloq solmay:
— Men shoir Rafiqiyni ko‘rganman! — dedi u hayajon bilan. — Apisha zakaz qilish uchun bosmaxonaga boramiz-da! He, ko‘cha devorlariga, avtobuslarga yopishtiriladi-ku apisha? O‘sha uchun… O‘shanda ko‘rganman. Oq sochli kishy ekan.
Dam hajviyanamo, dam qasidanamo she’rdar yozib yuradigan, qalam ahli orasida obro‘siz, menga yoqmaydigan bir tizmakash edi Rafiqiy. Men horg‘in bosh irg‘agan bo‘lib:
— Taniyman… Yaxshi, — dedim.
Ziganshin hamxonalarini tanishtirishda davom etdi: bu kishi — tilshunos, institutning ilmiy xodimi; bu kishi — mashhur montyor, ushbu kasalxonaga ikkinchi bor tushishlari: u kishi — Qodir etikdo‘z, ammo zo‘r kitobxon; anavi yigit — buxorolik. Gazli zilzilalarini ko‘rgan, xolalarining uyiga kelganda shu kasalga yo‘liqib, bu yerga tushib qolganlar; narigi kishi — militsiya kapitani, yoshliklarida lo‘li qizga oshiq bo‘lganlar…
Polina kirdi. Qo‘ltig‘idagi choyshab va adyollarni burchakdagi bo‘sh karavot uyetiga qo‘yib, birin-ketin yozdi. Qappaytirilgan oppoq yostiqning yon-veriga tap-tap urib, sochiqni karavot boshiga tashladi. Tumbani ochib, bir pachka qog‘ozni g‘ijimlab oldi-da,. Nosirga jilmayb, ta’zim qildi:
– Marhamat, Nosirjon!
Nosir sakrab turdi. U ham beo‘xshov ta’zim qilgan bo‘ldi.
— Shumi mening karavotim, shumi? — deya tumba qoshiga o‘tdi.
— Shu, shu! — dedi Polina faxr bilan.
Nosirni bir men emas, boshqalar ham kuzatib yotishardi. U jilmaygancha oppoq choyshabni silab ko‘rdi.
Estiqqa qo‘l tegizdi. So‘ng to‘shak chetini qatlab, karavot qirg‘og‘iga o‘tirdi. Polina kulib:
— Xo‘p. Tezroq tuzalib keting. Tartib-intizomga rioya qiling… Ko‘p harakat qilmang. Hoziroq yoting! — deb chiqib ketdi.
Nosir shosha-pisha xalatini yechdi. Qidirinib, eshik yaqinidagi ilgichga ildi. Keyin zimdan bizning qanday yotganimizni ko‘zdan kechirib, asta adyolni ko‘tardi. Tovoni qiyshayib ketgan eski tuflisidan kichkina oyoqlarini chiqarib, karavotga tizzalab chikdi. Asta cho‘zildi. Adyolni ko‘ksigacha tortdi.
— Xo‘p, gurung bering endi, Nosirjon! — dedi Ziganshin.
Chindan ham palatada aytilmagan gap kam qolgan, ko‘p latifalar ikki-uch marotalab aytilgan, kimning nima to‘g‘risida gapirishi ham taxminan ma’lum edi.
Bunday vaqtda kishi ermakka muhtoj bo‘ladi.
Nosirjon Ziganshinga o‘xshab karavotining boshi tomon surilib o‘tirdi.
— Shu bizning ishimiz qiziq-da, — dedi.
— Nimasi qiziq?
— Deylik, o‘zim… — Nosir bu tomonga o‘ngarilib oldi. Birdan hayajonlanib: — Odamlarga hayronman! — deb xitob qildi. — O‘zlari aptovusga chiqadigan bekatning nomini bilishmaydi, aka! Uni bilsa, narigi bekatni bilishmaydi. Uni bilsa, qanday aptovuslar to‘xtab o‘tishini bilishmaydi!
— O‘shalarni bilish juda shartmi?
— E, qiziq ekansiz-ku, siz ham! Bilmasa adashadi-da!.. Adashadi! — deb ta’kidladi u zo‘r qanoat bilan. So‘ng o‘zicha maza qilib davom etdi: — Desangiz, bizga… menga har oy bepul abonement qog‘oz berishadi. Bo‘sh vaqtim bo‘ldimi, duch kelgan aptovusga tushaman. Shaharni aylanaman… Misol uchun, aptovusda ketyapman. Ko‘rib qolamanki, bekatda bir chol alanglab turipti. Sezaman: yo‘lni bilmaydi, adashgan… Shartta aptovusdan tushaman. «Salomalaykum, otaxon! Yo‘l bo‘lsin?» «E, bolam, adashib qoldim. Falon joyga bormoqchi edim». Men darrov u kishiga tushuntiraman: shundoq aptovus keladi, o‘shanga o‘tirib, falon bekatda tushasiz… Vassalom. Chol bizni duo qiladi. Men yana aptovuzga tushib ketaveraman. Yana bir bekatda…
— O‘, siz juda olijanob ekansiz! — dedi tilshunos qo‘shnim ovozida sezilarli kinoya va quvlik bilan.
Nosirjon yayrab ketdi.
— E, unchalik emas, aka!
— Nosirjon, uylanganmisiz? — deya yotgan joyidan turib o‘tirarkan, so‘radi Eshim montyor.
Hamma kulib yubordi: Eshim ayollar haqida, nuqul o‘shalar haqida suhbatni yoqtiradi va o‘zi ham shundan so‘zlab charchamaydi. Bu borada behayo gaplarni ham aytib yuboraveradi.
Nosir Eshimga tikilib qoldi-da, duv qizardi.
—- E, qo‘ying-e! — dedi yosh boladek.
— Iya, nega qo‘yar ekanman! – deya avj qila boshladi montyor. — Hayot — o‘shalar bilan hayot, uka! Bizni bor qiladigan ham, yo‘q qiladigan ham o‘shalar, sizga aytsam! Masalan, o‘zim! Uylanganman. Ikkita bolam bor… — U davomini aytishdan o‘zini tiyib, Nosirga tikildi. — Hali… yaxshi ko‘rganingiz ham yo‘qmi?
Nosirjon battar qizarib, boshini egdi. So‘ng qandaydir titrab…
— Odamdan kulmang-da, aka, — dedi.
— Nega kular ekan? Siz yigit kishisiz! — deya luqma tashladi buxorolik Aminjon.
Nosirjon o‘zining yigit kishi ekanini ilk bor eshitgandek, Aminjonga hayrat, aralash o‘qraydi. Keyin o‘zicha jiddiy tortyb, bemalol shiftga bokdi. O‘ylandi.
— Yo‘q, — dedi.
Uning jiddiyati ham kulgili, ham yoqimli edi.
— A, bolapaqir-a! — deya xitob qildi Ziganshin. — Dunyoning lazzatidan benasib yurgan ekansan-ku, uka! O, muhabbat! — Yana bir parda ko‘tarildi: — San’atsiz turmush — vahshiylik, deymiz. Lekin muhabbatsiz turmush-chi?!.
Nosir «Rosti bilanmi?» degandek jo‘raboshiga uzoq tikylib qoldi-da, so‘ng birdan menga qaradi. O‘rnidan qo‘zg‘almoqchi ham bo‘ldi. Polinaning gapini esladi shekilli, yana yotdi.
Men bunday sodda yigitni ko‘rmagan edim.
Osma ukollarni olib kelishdi. Odam boshiga bittadan. Sepoya ustiga shisha idish o‘rnatilgan, idishning biqinida — qizil rezina ichak. Ichak uchida — igna. Shu igna bilak tomiriga sanchib qo‘yiladi. Idishdagi qonni tozalovchi suyuqlik shu orqali tomirga o‘tadi. Qon suyulib, badan sovib ketadi.
Navbat Nosirjonga yetganda Polinaning ishi o‘ngidan kelmadi. Palatamizga qarovchi vrach — Qobil doktorni chaqirdi. Qobil doktor, odatdagicha — labida sigaret, Nosirning boshida xo‘b kuymandi. Oxiri:
— Siz dorili suv ichasiz. Stakanga qo‘yib bering, Polina! — dedi-da, mening yonimga keldi. — Qalaysiz, shoir? — U qo‘llarini xalati kissalarini yirtgudek qilib tirab, menga tikildi. Yonboshimdan Stendalning kitobini oldi. — A, — dedi. — Buyam she’r yozganmi?
— Men she’r yozmayman, — dedim.
— Bari bir, — dedi u. — Eski zamonda hammalaringni, shoir deb atashgan.
U tabobatdan ham o‘sha zamonlar muolajasini ko‘proq tan oladi. Ota-bobosi tabib o‘tgan.
— Bu gashgagiz to‘g‘ri, doktor, — dedim.
— Oqshom bir she’r olib kiraman. Ko‘rib berasiz.
U nuqul Usmon Nosirning she’rlaridan ko‘chirib kelib, menga ko‘rsatadi. Men unga «Yaxshi she’r yozibsiz», deyman. U: «Men bari bir shoir bo‘lmayman. Shunchaki ko‘ngil uchun…» deb qo‘yadi. O‘zining ahvoli-ku, ma’lum, mening yolg‘on gapirishimni ham bilsa kerak. Mayli-da. Vaqtni ayamay bir shoirdan she’r ko‘chiribdimi… yaxshi ko‘rganidan ko‘chirgan. Rafiqiyga o‘xshash da’vogarlardan shular tuzuk-da.
— Nosirga… ichishni buyurdingizmi?.. — deb so‘radim.
— Tomiri et orasida qolib ketgan. Yoshligida raxit bo‘lgan. Nichevo, — dedi u. Keyin sigaretini bemalol buruqsatib chiqib ketdi. Polina havoda suzayotgan pag‘a-pag‘a tutunni sochiq bilan yelpigan bo‘lib, zorlandi:
— Qobil aka hammani hayron qiladi, tavba!
— Lekin qo‘llari yengil-a? — dedi montyor.
Polina ko‘zlarini katta ochib:
— Voy, asta so‘ramang! ToshMIgayam chaqirib turishadi! — dedi.
Idishdagi suyuqlikning kamayishi, tamom bo‘lishini kutib yotish kerak. Kishi zerikadi. Qo‘l uvishadi.
Polina chiqib ketgach, Nosirjon tumba ustiga olib qo‘yilgan idishdagi suyuqlikni birpasda ichib bo‘ldi. Keyin, o‘ziga favqulodda bir yengillik berilganu, biz bechoralar atay mashaqqatga solingandek, mamnuniyat bilan jilmayib karavoti qoshida bir oz turdi. So‘ng qo‘shnisi — Aminjonning yoniga asta o‘tdi. Engashib uning bilagiga qaradi.
— O‘, qon chiqyapti-ku, yana!
— Bor ekan, chiqadi-da, — dedi Aminjon. Nosirjon bosh chayqab kuldi.
— Mening tomirimni topisholmadi, — dedi quvonch bilan. — Ilgariyam topisholmagan. Keyin oyog‘imga ukol qilishgan.
Bemorlar tomirlaridan igna chiqib ketmasligi uchun ohista kulishdi. Nosirjon har bir bemor yonida bir to‘xtab, mening qoshimga yetib keldi. Stulni olib o‘tirganida Ziganshin toqat qilib turolmadi:
— Mulla yigit, hamshira nima dedi sizga?.. Nega yuribsiz? Jigar kasal deydilar buni! Jimgina yotish kerak!
— Rost, — dedim men ham. — Sizni bu ahvolda ko‘rsa, urishadi.
Nosirjon sapchib stuldan turdi-yu, nochorlik bilan eshikka qarab, bir zum tek qoldi. Keyin:
— Sizdan bir-ikkita gap so‘rayman, — deb shivirladi menga…
Polina sepoyalarni ikkitadan-uchtadan qilib ko‘tarib chiqib ketgach, eshikdan Qobil doktor ko‘rindi. Menga ko‘z qisib, xotinim kelganini, hozir kirishini aytdi.
Uyga qishlokdagi bir do‘stimdan xat kelgan ekan. Sadaf shuni olib kelibdi. Xatga bir baxshi shoirning to‘rt qator she’ri ham qistirilgan ekan. Menga yoqdi. Shoir osmondan turnalar karvoni o‘tayotgani, allaqayerdan sumalak hidi kelayotgani, havolar ipakdek mayin bo‘layotganini aytib: «Enajon, bilmadim, navro‘z keldimi», deb she’rni yakunlaydi. Ayniqsa, shu satri yokdi.
— «Enajon, bilmadim, navro‘z keldimi…» Yaxshi-ya? — dedim xotinimga.
U ham yig‘lamsirab, ham kulimsirab:
— Tashqarida esa qish! — dedi.
— Qor qalinmi?
— Hammayoqni qoplab yotibdi. Sirpanchiq… Anavi vrach yaxshi. Meni kiritvordi.
— Yaxshi. Bo‘pti. Jigar kasal ham yuqumli. Qaytaver endi.
Nosirjon karavot qoshiga kelib turgan ekan.
— Assalomalaykum, kennoyi! — dedi.
Sadaf alik oldi.
— Tuzalyapsizlarmi? Tezroq tuzalib chiqing-lar-e.
— E, hademay otday bo‘lib ketamiz! — dedi quvonib Nosir. — Bu yerning sharoiti!.. Jannatda topilmaydi! Qarang, kennoyi, hammayoq oshyuq, ozoda… Hozir osma ukol qilishdi! Shu deng, men dorini ichdim. Bari bir foydasi bo‘lar ekan!
Turgan gap, Sadafga uning xunuk qiyofasi yoqmadi. Lekin u andishali ayol — bildirmadi:
— Doktorlar tanishingiz bo‘lsa kerak-da, — deya kulib qo‘ydi.
Hamisha hammaning gapiga qulog‘i ding Eshim montyor gap otdi:
— Bu ukamiz ustasi farang ekan, kelin!
Tushlik ovqatni ahvoli og‘irroq bemorlar to‘shagida o‘tirib yeydi. Bu yerga oldinroq tushganlar, ya’ni tuzalib qolayozganlar esa o‘rtadagi stolda tamaddi qilishadi. Kastryul va boshqa idishlar qalangan aravachani ham ko‘pincha Polinaning o‘zi g‘ildiratib kiradi.
Polina asli yahudiy bo‘lsa ham, juda o‘zbeklashib ketgan, nuqul «O‘zimizning o‘zbeklar-da…», deb gap boshlaydi. Kasallarga mehribon. Ichida Qobil doktorni yaxshi ko‘rsa kerak. Ayniqsa, zond yutgan paytlarimizda unga suyanib qolamiz. Zond — yarim gazdan oshadigan rezina ichak. Bir uchidan asta-sekin yuta boshlaysan. Tomog‘ing qichimsirab ketaveradi. O‘qchisang, bo‘g‘ilib qolasan. Polina dalda berib: «Oz qoldi. Yigitsiz-ku! Ha, bo‘ling!» deb turadi. Zondni sug‘urib olish o‘zingning qo‘lingdan kelmaydi. Boyoqish hamshira ikkinchi uchidan sochiq bilan ushlaydiyu ko‘z ochib yumguncha chiqarib oladi. Juda yengil tortib ketasan.
Tushki ovqatdan keyin bir muddat gangir-gungur suhbat; so‘ng uyqu elitadi. Jigari og‘rigan bemorlar juda zaif, madorsiz bo‘larkan. Ovqatning ham mazasi yo‘q. Kuchli taomni esa doktorlar yo‘latmaydi.
Tush ko‘ribman shu kuni. Tomda turgan emishman. Ko‘kdan turnalar karvoni o‘tayotganmish. Osmonning u yer-bu yerida pag‘a-pag‘a, quchoq-quchoq oppoq bulutlar. Yosh bola emishman. «Enajon, navro‘z keldi!» deb baqirarmishman.
Biz uyg‘onganda Nosirjon uxlab yotardi. Uning g‘iy-bati boshlandi. Tilshunos qo‘shnim yonboshlab:
— Kechirasizu men shu yigitchani… maymunga o‘xshatdim, — dedi.
Men kulib qo‘ydim. Tilshunos shivirlab gapirgan bo‘lsa ham, qo‘shni — Qodir ztikdo‘z eshitgan ekan.
— Abdulla Qahhorning «Sinchalagi»da Eshon bor-ku, xuddi o‘shaning o‘zi! — dedi.
Aminjon ham uni Eshonga o‘xshatgan ekan. Jo‘raboshimiz Ziganshin:
— Kelinglar, uni Eshon deb ataymiz! — dedi.
Militsiya kapitani jilmayib:
— Har qaysilaringning bittadan-ikkitadan bolalaring boru o‘zlaring bolaga o‘xshaysizlar-a! — dedi.
Oshpaz uyg‘ur yigit:
— E tangrim, o‘zing kechir, — deb qo‘ydi.
Bu yigit ellik beshinchi yillarda Qashqardan buyoqqa o‘tgan, ko‘p xudojo‘y, ko‘p kuygan banda edi.
— Jim! Qimirladi! — Eshim montyorning shu gapidan keyin g‘iybat to‘xtadi.
Nosirjon uyg‘onib, birdan turib o‘tirdi. Bir daqiqa bizga begona nazar bilan qaragach, oppoq pishiq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi:
— Yaxshi uxlab turdilaringmi, akalar?
— O‘zingizdan so‘rasak? — dedi Ziganshin.
Nosirjon jilmayib, tizzasidagi adyolni ikki tomonga qaratib siladi. Oppoq devorlarga quvonch bilan boqdi. Uning ancha faqir oilada o‘sgani ko‘rinib turardi. U jilmayishini qo‘ymay birpas o‘tirdi-da, karavotdan tushdi. Sochiqni olib:
— Betni yuvish kerak, betni yuvish kerak, — deb chiqib ketdi.
— Ichimizda yolg‘iz musulmonimiz shu ekan! — deb xitob qildi uyg‘ur yigit.
Uning gapida jon bor: uyqudan keyin istaganlar chiqib bet-qo‘lini chayib kelar, istamaganlar turiboq turpmi, olmami kavshashga tushar edi. Sirasi, hadeb yo‘lakka chiqaverishimizni vrachlar, hamshiralar ham xushlamasdi. Ayniqsa, endi tushgan kasallarning chiqishini… Shu kuni Nosirning qili-g‘imi, oshpazning gapimi ta’sir qilib, hammamiz yuvinib keldik.
Nosir mening yonimga keldi.
— Aka, muhabbat nima?
Men horg‘in kulimsiradim.
— Uni boshidan kechirmagan odam bilmaydi… U yurakka sodir bo‘ladi, Nosirboy. Uni ko‘rsatib ham bo‘lmaydi. Jahlingiz chiqqanda, birovni urasiz. Quvonganda — suyasiz… Muhabbat ham shunga o‘xshash narsa… Lekin u nodir his. Boyagi hislar ham, kezi kelganda, unga bo‘ysunadi, ukam. — «Qizil va qora»ni qo‘lga oldim. — Mana shu kitobni yozgan odam, hayotning asl ma’nosi muhabbatda, deydi…
— O‘-o‘!
Men ham zerikkan edim, shunday mavzularda uzoqroq gapirishni istardimu, lekin hamxonalarning diqqatini ortiqcha jalb etish, ularga mahmadana bo‘lib ko‘rinishdan cho‘chirdim.
— Shunaqa, — deb qo‘ya qoldim. — Ha, siz chindan ham biron qizni…
— Qo‘ysangiz-chi, aka.
— Ota-onangiz bordir, Nosirjon?
— Otamiz hayot…
— Aka-ukalar?
— Yo‘q. Yolg‘iz farzandmiz.
— Nechanchi sinfni bitirgansiz?
— E! — dedi u kulib. — Beshinchidan o‘qishni tashlab ketganmiz, aka! — So‘ng shod-xurramlik bilan davom etdi: — Sho‘x bo‘lganmiz-da, yoshlikda! Lekin bir bola uzun temirni boshi ustida aylantiraman deb bizning boshni yorib qo‘ygan. Shunda o‘zimdan ketib qolgan ekanman… Olti oy kasalxonada yotdim. Tuzalishga tuzaldim-u, harfni tanimay qoldim, aka. Keyin javob berishdi. Lekin «o‘qima», deyishadi. Bu qanaqasi, dedim. Maktabga chopdim. Sinfga kirib o‘tirdim. Lekin, aka, doktorlar rost aytgan ekan, salga boshim og‘rib qolaverdi. Boshim og‘risa muallimga aytaman. U kishi menga javob beradi. Oxiri: «Boshing og‘risa, bemalol chiqib ketaver», dedilar. Keyin, istagan paytimda darsga kirib, istamaganimda chiqib yuraverdim. Bolalarning menga havasi kelardi… Bitta fizika o‘qituvchimiz bor edi. He, yettinchiga o‘tganda! Yettigacha maktabga qatnadim-da. — Nosirjon qah-qah otib kuldi. — Lekin meni sinf jurnaliga yozishmagan ekan. Beshinchi sinfda qolavergan ekanman… O‘sha fizika o‘qituvchimizni yaxshi ko‘rardim… Ba’zan o‘zlari: «Endi bor!» der edilar. Men chiqib, boqchadan u kishining bolasini uylariga oborardim. Hovlisida ishlardim. Gul kesardim, meva terardim…
Polina kirdi. Nosirjon karavotiga qochib bordi. Hamshira bizga bittadan harorat o‘lchagich berib, Nosirga barmog‘i bilan po‘pisa qildi-da, tag‘in chiqib ketdi.
Jigar kasalining tuzalayotgani haroratda ham ko‘rinadi. Biroq, eng ishonchli belgisi — ko‘z bilan badandan sariqning ketishi, kishi o‘zini tetik tuta boshlashi. Yana biri — jigardagi shishning pasayishi, yo‘qolishi. Nihoyat, qonning tozalanishi.
Oldinroq tushgan kasallar jigarining usti qichiy boshlasa, shish qaytyapti, deb quvrnishardi.
Shu kuni harorat o‘lchagichni olgani qaytib kirgan Polina shivirlab, militsiya kapitaniga ikki kundan keyin javob berilishini aytdi. Hammamiz quvonib ketdik, u kishiga havas bilan boqdik.
Kechki ovqatga bir oz vaqt bor, har kim o‘z ishi bilan mashg‘ul. Birov kavshanadi, uyg‘ur o‘rtog‘imiz karavoti tagiga yashirib qo‘ygan bankadagi baliqqa tikilib o‘tiradi. Aminjonning ikki ko‘zi derazadan tashqarida. Men «Qizil va qora»ni o‘qiyman. Ziganshin bilan Eshim o‘zaro shivirlashib, piq-piq kuladi. Men onda-sonda ularga qarab qo‘yaman. Aniq esimda: Nosirjon karavotda qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, jiddiy, allanarsani o‘ylab yotardi.
Xubbijamol kirib keldi. Xonamiz to‘lib, go‘yo hammamiz tuzalib qolganday bo‘ldik. U TashMIning to‘rtinchi kurs studenti. Bizning nomi xunuk kasalxonamizda praktikasini o‘tar, haftada ikki-uch kun navbatchilik ham qilar edi. Uni hali vrach deb bo‘lmasdi, albatta. Biroq, ko‘zlari xiyol qiyiq, xipchagina bu qizda kishining ruhini daf’atan ko‘taradigan, uni olis kengliklarga undaydigan va yaxshi kunlarini yodga soladigan bir o‘ktamlik, hayotbaxshlik bor edi.
— Assalomu alaykum, akajonlar!
Nosir o‘rnidan turib ketib, hammamizdan oldin alik oldi:
— Vaalaykum. Keling, opa!
Xubbijamol Nosirga qiziqish bilan tikildi. Chehrasida kinoya ham, istehzo ham, yigitchaning maymunga o‘xshash qiyofasidan hayronlik alomati ham ko‘rinmadi. Ichimda qizdan minnatdor bo‘ldim.
— Siz… qachon keldingiz? — deb so‘radi qiz.
— Bugun, bugun! — dedi Nosirjon hovliqib. — Hali… tushdan oldin. Shu deng, opa, hech munaqa kasalim yo‘q edi. Ertalab garajga kelsam, bitta shopir: «Ko‘zing sarg‘ayipti, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, sen «jeltuxa» deb, mana… — U mung‘ayib yelkasini qisdi. — Hozir…
Xubbijamol allaqanday suyib yigitchaning kiftiga qoqdi.
— O‘tiring. Yoting… Ismingiz nima?
— Nosirjon! — dedi Ziganshin.
— Yo‘q. Eshon… Eshonjon! — dedi Qodir etikdo‘z.
Eshim ham kulib, uning so‘zini ma’qulladi.
— Yo tavba. Qulog‘iga azon aytib qo‘yilgan oti bor-ku! — deya xitob qildi uyg‘ur yigit.
Xubbijamol qah-qah otib kulib, Nosirga:
— Qaysi ism yoqadi sizga? — dedi.
— Menga.. o‘zimniki-da! Bizda eshon o‘tmagan, — dedi Nosirjon.
— Bo‘pti. Bo‘lmasa, sizni Nosir eshon deymiz. Yoqadimi?
Nosirjon «Bu kishiga nima deyin?» deganday, biz tomonga ko‘zlarini kattartirib qaradi.
— Rozi bo‘lmaysanmi? Rozi bo‘l! Shunday qiz… seni eshon deb tursa-ya! E, Xubbijamol, menga aytmaysizmi, haqingizga duo qilardim!
Nosirjon endi Xubbijamolga qaradi.
— Ixtiyor o‘zingizda, — dedi qiz.
— Yo‘q. Mayli! — dedi Nosirjon birdan hayajon bilan. — Xohlasangiz, Nosir eshon deyavering, opa! Mayli!
— Hah, yoqmay qolsin, — deya qiyqirib kuldi Eshim.
Xubbijamol ham kulib:
— Bo‘pti! — dedi. — Siz bugundan e’tiboran — Nosir eshonsiz!
— Ura! — dedi etikdo‘z.
Xona kulgiga to‘ldi.
— Bo‘lmasa, Nosir eshonim, siz ham bu akalaringizga o‘xshab yotasiz! — dedi Xubbijamol va nihoyat biz tomon burildi. Biroq uning «eshonim» degani yangidan kulgi uyg‘otgan edi. Har kim Nosirga har yoqdan gap otadi. Eshim esa, hammaning so‘zidan xulosa chiqargandek, men tomon kelayotgan Xubbijamolga sirli ovozda:
— Bu, juda g‘alati bo‘ldi-ku! — dedi. — A, singlim? Eshonim dedilar… Hoy, Nosirboy, nima balo qilib qo‘ydingiz hozir? Xubbijamolning so‘zini eshitdingizmi ?
— Nimani eshitdim? — dedi Nosirjon gap nimadaligini uqolmay.
— Axir, sizni «eshonim» deb, o‘zlariniki qilib gapirdilar-ku?
Nosirjon yalt etib, hatto ko‘zlari olayib qizga qaradi. Xubbijamol kula-qula:
— Ha, nega endi o‘zimniki qilib gapirmas ekanman! — dedi. — Balki…
Xona yana qiyqiriqqa to‘ldi.
— Balki… balki-ya! — deb oh chekdi Eshim. — O‘, eshon! Baxting bor ekan, uka! Yoki bo‘lmasa… o‘lgudek uxajur ekansan, uka! Birpasda shunday qizning boshini aylantirib tashlading-a!
Nosirjon qo‘rqib, ammo ishshaygancha dam unga, dam bunga boqar edi. Xubbijamol karavotim oldiga kelib, uni to‘sib qo‘ydi. Qiz shu kungacha bizning har birimizni o‘rganib bo‘lgan, har birimizga tegishli gapni allaqanday ichki sezgi bilan his qilib aytar edi.
— Kitob… Haliyam kitob! Zerikmaganingizga hayronman! — dedi menga. — Kennoyimning o‘rnida bo‘lga-nimda, kitobdan boshqa narsalar ham bor, der edim…
— Xuddi xotinimning gapini aytdingiz, singlim, — dedim.
Qurmag‘ur yigitlar shu gapdan ham qiyiq topib kulishdi.
Xubbijamol tilshunosga uning tuzalib qolgani, vrachlar nima uchun javob berishmayotganiga hayron ekanini aytdi: holbuki, uning ko‘zidan hali sarig‘i ketmagan edi. Montyorga:
— Kasalxona sizga yoqipti. Bu gal ham chiqqandan keyin tuxumdan ko‘proq yeng. O‘zimiz opkelamiz! — deb hazillashdi.
Yana qiyqiriq, yana kulgi bo‘ldi. Eshimboy o‘tgan gal tuzalib chiqqach, xotiniga bozordan o‘nta tuxum keltirtirib, o‘novini ham paqqos yutib, ertasi kechga qolmay yana kasalxonaga kelib tushgan ekan.
Xubbijamol Ziganshinga kasalxonadan chiqqach, ko‘proq ichishni «maslahat» berib, Aminjondan:
— Gazlini sog‘inmayapsizmi? — deb so‘radi. So‘ng shunday barvasta yigitga kasal bo‘lib yotish yarashmasligini aytib, kapitan bilan so‘rashdi. Oshpazga yetganda karavot tagiga qarab olib: — Rahmingiz kelsin-a? — dedi.
Yana Nosirjonning yoniga qaytib, unga qandaydir ham achinish, ham mehr bilan bokdi. So‘ng yana hammamizga tegishli qilib:
— Akajonlar, bugundan boshlab yana xizmatingizdamiz! — deb chiqib ketdi.
Nosirjonning Xubbijamol bilan uchrashuvi shunday bo‘lgan edi. Buning davomi… Davomini kim o‘ylabdi deysiz!
O‘sha kuni Xubbijamolning Nosirga «eshonim» deganini eslatib, men ham qandaydir ilmoqli gaplar qildim. Eshim-ku tinmadi. Hatto militsiya kapitani ham Nosirjonga: «Sizga juda boshqacha qaradi», — dedi. Keyin, qizning xonaga kiriboq Nosirga qiziqqani yana ancha gap bo‘ldi…
Oqibatda Nosirjon o‘ylanib qoldi. Odamzod qiziq-da: uning jiddiy o‘ylanishi ham yoqimli, qiziq; ham kulgibop, ermakbop edi. Agar bu gap-so‘zlar oqibati Nosirni qanday ko‘ylarga solishini ilganimizda… Yo‘q. Aksincha, unga hazil qilish, qizni eslatish bizga yoqar, bunga sari Nosirjonning Xubbijamolga qiziqishi ortar edi. Buni ko‘rib, biz xudai yolg‘on-yashiq gaplar bilan bir muhim natijaga erishayotgandek tuyardik o‘zimizni.
Bular — keyingi gaplar. Lekin o‘sha kunning er-tasi Xubbijamol Polina bilan xonaga kirganda Eshim:
— Singlim, eshoningiz tuni bilan kiprik qoqmay chiqdi! Oshiqi beqaror bo‘lib qolganga o‘xshaydi! — dedi.
Qiz qah-qah otib, ukasining yelkasini silagandek, Nosirjondan:
— Shundaymi? — deb so‘radi engashib.
Nosirjon, ko‘zlari katta ochilib, asta karavotdan
tusha boshlagan edi, qiz uning tizzasiga shap-shap urib: «Yoting, qimirlamay yoting!» — dedi. Nosirjon yotdi-yu, lekin qizdan ko‘z uzmadi.
Ha, Xubbijamol o‘ziga xos go‘zal, barno qiz edi. Bo‘yi Nosirjondan bir yarim qarichcha baland.
— Agar shu gap rost bo‘lsa, bo‘ldi! — dedi Xubbijamol qaddini ko‘tarib. — G‘animlar kuysin! To‘g‘rimi, eshonim?
— Sevgilim, dengda-e! — dedi Eshim.
Qiz qo‘llarini orqasiga qilib, qaddini ko‘tardi.
— Sevgilim, desam, nima qipti!
— Ura! — dedi Qodir etikdo‘z.
— Ura-a! — dedi Ziganshin.
— Aytmovdimmi, siz… zo‘r yigitsiz! — dedi Aminjon.
Nosirjon bir uning og‘ziga, bir buning og‘ziga qarar, ko‘zlari yana ham kattarib ketgan, ko‘rinib turibdi, ichidan qattiq hayajonlanar edi. Polina, odatdagicha, yana bittadan harorat o‘lchagich ulashdi. Harorat o‘lchagichni qo‘ltig‘imizga qisib, uyoq-buyoqdan gaplashib yotdik: tashqari qor… O‘zga xonalardagi kasallar. Kimdir Polinadan: «Qobil doktor qayerda?» deb tagdor qilib so‘radi. U qizarib ketib: «Eng yomon palata, shu, Jamol… Tag‘in siz shu xonaga kirasiz-a!» — dedi. Bu gap yana yigitlarning jag‘ini ochib yubordi.
— Nega kirmasinlar? Bu yerda sevikli eshonlari yotipti-ku!
— Obbo eshon-e! Usta ekansiz, pirim!
— Ura!..
Yarim soatlardan keyin Qobil doktor sigaret tutatib kirdi. Har bir bemorning qornini ochib, ji-gari ustini chertib ko‘rdi. Tiliga, ko‘ziga tikildi. U aytgan gaplarni, odatdagicha, Polina yozib oldi. Chiqa turib:
— Shoir, kecha ish chiqib qoldi, bugun kiraman, — dedi menga.
Ovqatlandik. Gurung. Kimlardir uxladi. Men ham bir oz mizg‘ib, kitobni qo‘lga olgan edim, Nosirjon bir-bir bosib qoshimga keldi.
Tumba oldidagi stulga o‘tirdi. U ancha horkin edi. Kulgim qistadi.
— Kecha yaxshi uxlamaganingiz rostmi? — deb so‘radim.
— Men? Yo‘q… Uxladim, — dedi u nimadandir hayiqqandek. So‘ng eshikka qarab oldi-da, qizarib, asta shivirladi: — O‘zlari chiroyli-ya opaning?
Tilshunos eshitib yotgan ekan:
— Nega opa deysiz? Nega? — dedi birdan do‘q qilib. Uyg‘oqlar kulib yuborishdi. Nosirjon endi oqarib:
— Opa-da! U kishi mendan katta! — dedi.
— Vey-vey, o‘laman! — deb nido qildi Eshim montyor. — Shu kattami? Xo‘p, katta bo‘lsa bo‘pti-da… Mening xotinim ham o‘zimdan besh yosh katta. Bo‘yi ikki qarich baland!
Yana kulgi bo‘ldi. Uyg‘ur yigit:
— Yo oblo! Buzildinglar, jo‘ralar! — dedi. Kapitan ham uni quvvatladi:
— Bularning gapiga ishonmang, Nosirjon. Nosirjon menga tikilib turdi-turdi-da:
— Shundaymi, aka? — dedi.
U mening «Shunday emas», deyishimni kutardi. «Nega buning ko‘nglini cho‘ktiray?» deb o‘yladim-da:
— Kim biladi, — deya yelka qisgan bo‘ldim. Nosirjonning chiroyi ochildi. Tag‘in eshikka qarab qo‘ydi. Shunda men bir adib sifatida… odamda bo‘layotgan o‘zgarishni ko‘rdim; uni kuzatish ahdim bo‘lib qoldi. Yozuvchilik kasbi ba’zan shafqatsizlikni talab etadi. Deylik, aybdorni so‘roq qilishyapti. Uning qarindoshlari yig‘layapti, tomoshabinlar hayratda. Tergovchi esa pinak buzmaydi. Yozuvchi ham ba’zan shunday holga tushadi. Biroq, sizni ishontirib aytaman, uning tergovchidan farqi bor — u qiynalib, o‘rtanib kuzatadi, «suroq qiladi». Ammo, tabiiy, buni sirtiga chiqarmaydi. To‘g‘ri, u ham odam, ba’zan sirtiga tepib ham qoladi.
— Rahmat, rahmat, aka, — deb shivirladi Nosirjon va joyiga qaytib ketdi.
Yana osma ukol kirdi. Nosirjon shisha idishdagi dorili suvni stakanga quyib yana ichib oldi. Keyin lablarini yalab:
— Menga yokdi. Men tuzalyapman, akalar! — dedi.
Polina sepoyalarni yig‘ib chiqarkan, Nesirjon unga bir nima demoqchi bo‘lib ko‘p shaylandi. Nihoyat uning orqasidan chiqdi. Eshim montyorning ham ketishiga sanoqli kunlar qolgan, qoni tozalanayotgan edi. Endi o‘ziga ehtiyotkor bo‘lib qolgan. Shunga qaramay, karavotdan shoshib tushib, eshikdan mo‘raladi. Anchadan keyin qornini ushlagancha qaytib joyiga keldi. Piq-piq kulib:
— Priyomniy pokoygacha bordi, — dedi. — Qobil quvib soldi… Xubbijamolni so‘ramoqchi edi!
Kulga ko‘tarildi. Nosirjon shumshayib kirib, joyiga o‘tdi.
— Bor ekanmi? Gaplashdingizmi? — dedi Eshim.
— Kim? — deya talmovsiradi Nosir.
— Kim bo‘lardi, jonon-da. Nosirjon sovuq o‘qraydi. Menga qarab:
— Aka, jonon degani yaxshimi, yomon? — dedi.
— Qanday aytilishiga bog‘liq, — dedim men. — Menimcha, Eshim akangiz beg‘araz…
Nosirjon Eshimga ishonchsizlik bilan qarab qo‘ydi. Keyin to‘shagiga chiqib yotdi. Shu bo‘yi tushki ovqatgacha gap qotmadi. Turib-turib mening unga rahmim kelar, lekin uni ko‘nglida kechayotgan xayollaridan ayi-rishga ko‘zim qiymas edi. Buning ustiga, bu holatlarning davomi menga qiziq tuyular, nazarimda, shunchaki o‘yin bo‘lyapti-yu, Nosirjon buni payqagach, kulib yuboradigandek… edi!
Ovqatdan keyin ham Xubbijamol ko‘rinmadi. Kechki uyqudan uyg‘onsam, u eshik og‘zida qo‘llarini qovushtirib turibdi. Hamma uyg‘oq. Chamasi, men kitobga berilib, kech uxlagan edim.
— Mening qadrimga yetmadinglar, endi ketaman… — deyayotgan ekan u. Ovozidan shirin bir sho‘xlikni, beozorlikni uqdim. Ilgarilari ham ketayotganida, chamasi, shunday der edi. — Yo‘q, imtihonlarimiz boshlanib qoldi, — deya davom etdi Ziganshinga qarab. So‘ng yonida tik turgan Nosirjonga uqtirdi: — Har imtihonni topshirgandan keyin kelib sizni… mana bularni ko‘rib ketaman!
— Voy-voy, chidolmayman! — deb baqirdi Eshim. — Sizni… dedingiz-a, Xubbijamol?!
Xona yana kulgiga to‘ldi. Bir qarashda, shirinsuxan hamshiralar bilan bunday hazil-huzul o‘zga xonalarda ham bo‘lishi mumkin edi. Lekin ulardan farqi… bizning xonadagi hazil «cheti»da titrab-qaltirab Nosirjon turar, chamasi, Xubbijamolning ketayotganidan u qattiq iztirobda edi.
— Xo‘p, eshonim, hozircha xayrlashamiz, — dedi qiz nihoyat. Keyin bizlarga ham bir-bir qarab, bir og‘iz-yarim og‘iz gap otib, yana Nosirjonga boqdi. Unga qattiq tikildi-da, kulib yubordi. Kulgisida qandaydir achinishni aniq sezdim. — Nega mundoq turibsiz? — dedi. — O‘tiring!.. Yoting. Ha-ha, yoting, darrov yoting! Xafa bo‘laman!
Nosirjon «Rosti bilanmi?» deganday, unga xo‘mrayib boqdi-da, shosha-pisha karavotiga chiqib o‘tirib oldi. Xubbijamol qo‘lini orqasiga qilib xiyol egildi.
— Muvvaffaqiyat! Faqat «besh» bo‘lsin! «Besh», — deya tilak tiladi yigitlar.
— Lekin, — dedi qiz birdan qovoq solib, — men «besh» olib kelganimda, sizlar ham bemalol yuradigan bo‘lmasalaring, bilasizlarmi, xafa qilaman!
U eshikdan chiqar ekan, Nosirjonga tag‘in iliq, xayrxoh tabassum hadya qildi.
Men Nosirjonni kuzatar edim. U bir nafas qotgancha o‘tirdi. Keyin qovog‘ini uyib karavotdan tushdi. Tuflisini oyog‘iga ilib, kichkinagina bo‘lib, eshikdan chikdi. U chiqqan zahoti Qobilning shovqini eshitildi. Nosirjon qochib kirib, shu bo‘yi yotib oldi.
Keyin Qobil kirib:
— Nima ish qilsang, qil, lekin hozir yotishing kerak, bola! — dedi… — Qadimdayam tabiblar yotqizib davolagan!.. O‘zing dori ichib yotibsan. Tomirlaring… haligiday! Koridorda nima bor?!
— Nima, nima… yo‘qmi? — deya to‘ng‘illadi Nosirjon.
— A?
Nosirjon teskari qarab yotdi. Qobil shoshilmay kelib, karavotim yonidagi stulga o‘tirdi. Katak daftar varag‘iga yozilgan she’rni uzatdi. Ilk jumlasini o‘qib, kulimsiradim. Bu ham Usmon Nosirning she’ri edi.
Sevgi, Sening shirin tilingdan
Kim o‘pmagan, kim tishlamagan…
Uning hurmati uchun she’rni oxirigacha o‘qidim, ichimda maza qilib o‘qidim. U bemalol sigaret tutatar, mening hukmimni kutar edi.
— A’lo she’r! — dedim.
— Shunaqa. Bo‘sh vaqtda yozamiz, — dedi u. — Men bostirishga qiziqmayman… Sizda qolishi mum-kin.
— Rahmat! — dedim. U chiqib ketdi. Tilshunos qo‘shnim varaqni so‘rab olib, bir oz tikildi-da, baland ovozda o‘qiy boshladi:
Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o‘pmagan, kim tishlamagan…
Men bu she’rni ilk marta o‘qigan chog‘larimni, erta bahor sobiq omborxonani darsxonaga aylantirib, lampachiroq shu’lasida o‘tirgan kezlarimni eslab, ko‘zimni yumdim.
Yigitlar she’rni o‘zlaricha muhokama qilishdi, qo‘ldan-qo‘lga o‘tkazib o‘qishdi. Qattiq kulgidan ko‘zimni ochdim. Varaq Nosirjonning qo‘lida, u titrabgina turardi. «Ajabo, yigitlar uni aldayapti-ku! — deb o‘yladim. — Chakki bo‘ldi, Xubbijamol ham uni aldadi. Yoki hazillashdi, balki ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldi… Umuman, u har birimizga ham shu taxlit hazillar qilishi mumkin…»
— Nimaga kulasizlar? — dedi Nosirjon. — O‘qishni bilmayman, vassalom… ana, yozuvchi domlaga aytdim, yoshlikda kasal bo‘lganman. Odamdan kuladi bular! — U karavotga tappa o‘tirdi-da, Aminjonga favqulodda hayajon bilan so‘zlay ketdi: — Lekin kinoapishalarni birov o‘qisa, darrov yodimda qoladi…
Aminjon xo‘rsindi.
— Ishqilib, kurerlikdan xursandmisiz, uka?
— Juda! — dedi Nosirjon ishonch bilan. Garajni shunday yaxshi ko‘raman! Bir kun bormasam, benzin hidigacha sog‘inib qolaman. — U yana yayrab hikoya qila boshladi: — Meni butun shopirlar taniydi… Ish buyuradi. O‘zinikiday… Direktorga bozordan somsa opkelishga chiqsam, ulargayam opkelaman.
Hayotda kim nochor kimsalarni ko‘rib, ularga achin-magan? Ha, achinish mumkin, xolos… Biroq Nosirjon achinishdan «baland» yigit edi. U o‘z ishini yaxshi ko‘rardi, unda odamiylik ham mo‘l-ko‘l edi. Eng muhi-mi — soddadillik, ishonuvchanlik…
Bunday kishini hurmat qilmay bo‘ladimi? Lekin bunday mo‘rt kishilarni har ko‘yga solish ham odamlarning qo‘lida. Ayniqsa, zerikkan, ermakka zor kimsalar qo‘liga tushsa…
— Xullas, bu she’r siz uchun bitilgan, Nosirjon eshon! — dedi Eshim.
Nosirjon bu gapdan xayron bo‘lib, varaqqa qarab oldi. Keyin yana asta yurib, qoshimga keldi. Varaqni uzatib, iltimos qildi:
— O‘qib bering, aka.
— Yedlaysizmi? — dedim.
— Ha! — dedi u hayajonlanib. — Mening xotiram yaxshi!
— Mayli… — she’rni o‘qimoqchi bo‘ldimu undagi Otello, Shekspir, Dezdemona kabi nomlarni Nosirjonga qanday tushuntirsam ekan deya o‘yladim. Keyin, bu she’r faqat sevgi haqida ham emas, zero unda:
…Qanday qabohat,
Ki odamning o‘ziginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr! —
degan gaplar bor.
— Nosirboy, siz shu qatorni yaxshi bilib, tushunib olsangiz yetar, — dedim. — Shoir bu satrlarda: «Sevgi zahmatini chekmagan, sevgi uchun qonlar yutmagan odam bormi?» deyapti… Menimcha, shoir o‘zi bilgan odamlarni ko‘zda tutyapti. Holbuki, sevgi nimaligini bilmay o‘tib ketadiganlar ham bo‘ladi…
— Sevgi nima? — deya shivirladi Nosirjon yana.
— Kecha aytdim, shekilli.
— Sevgi… sizning Xubbijamolga bo‘lgan munosabatingiz! — deya uqtirib qoldi tilshunos. — Bildingizmi? Uni ko‘rgingiz kelyaptimi? Rostini ayting!..
— Ayting-da, endi! — dedi Eshim ham,
— O‘, ko‘rgisi kelganda qandoq! — dedi Zyganshin.
— Ana o‘sha his — sevgi… sevgining boshi! — deb xulosa yasadi tilshunos.
Uyalib, qimtinib turgan Nosirjon ko‘zlarini yirib menga tikildi. So‘ng varaqni olib o‘rnidan turdi.
— Menda tursin-a? — dedi. Keyin bir-bir bosib kelib, qulog‘imga shipshidi: — U kishiga beraman… opaga.
Men kulib:
— Mayli, — dedim. — Lekin opa demang-da.
— A, shundaymi?
— Uyat bo‘lar.
— Ha, rost aytasiz.
Nosirjon karavotiga borib yotgach, varaqqa uzoq tikildi. Allanarsalar deb pichirladi. Chog‘imda, o‘sha ikki satrni takrorladi.
Kechki ovqatdan keyin yana suhbat boshlandi. Aminjon bilan kapitan qarta o‘ynamoqqa tushdi. Uyg‘ur o‘rtog‘imiz karavot tagidan baliqli bankani oldi. Eshim Ziganshinga o‘zining ishqiy sarguzashtlaridan hikoya qila ketdi. Nosirjon dam yo‘lakka chiqadi, dam xonaga kirib, polga to‘kilgan tarvuz urug‘larini teradi; kapitanning kichkina qo‘l priyomnigini qulog‘iga tutib, qo‘shiq eshitadi, dam mening yonimga kelib, sevgi haqida bir nimani so‘raydi.
Polina kirib, yana haroratimizni o‘lchadi.
Men «Qizil va qora»ni o‘qishda davom etdim: Sadaf bilan qanday tanishganimiz, sovuq qish kezlarida kimsasiz, qor bosgan istirohat bog‘ida yurgan chog‘larimiz bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi.
Chiroq o‘chirilgach, Eshim montyor kapitandan lo‘li qiz bilan yana qanday sarguzashtlar bo‘lganini so‘radi. Kapitan:
— Ertaga ketaman, uka, — dedi. — Unaqa gaplarni erkak odam ko‘p eslamasligi kerak. Tajribadan-da, bu… Xotinning oldidayam og‘izdan chiqib ketsa bormi, barcha toat-ibodat bir pul bo‘ladi!
Aminjon uning gapini ma’qullab, Gazlida tanishgan qizini mast holda xotinining nomi bilan chaqir-ganini aytib berdi. Ziganshin qaysidir yoz kuni ikki o‘rtog‘i bilan butun boshli bir tovuqni yeb qo‘yganlarini hikoya qildi. Uyg‘ur yigit xo‘rsinib Qashqarni esladi…
Kechasi shamol turib, derazalarni zirillatdi. Men bu ko‘klam shamoli bo‘lgani uchun qorlarni tezda eritib yuborishi, havo mayin tbrtib qolishini o‘yladim. Tilimga xotinim keltirgan xatdagi satr tushdi: «Enajon, bilmadim, navro‘z keldimi…»
Nazarimda, Nosirjonning o‘zgarishi asosan shu kunning ertasidan boshlandi. U ruhan tetik bo‘lib uyg‘ondi. Ha, kasalga sira o‘xshamasdi. Shisha idishdagi dorili suvni ichib bo‘lgach, sepoyalarni olib chiqishda Polinaga ko‘maklashdi. U harchand do‘q qilib, yotishni buyurmasin, Nosirjon bilganidan qolmadi. Polina ikki-uch sepoya ko‘tarib ketishi hamon yana bittasini yo‘lakka chiqarib qo‘ydi.
Tushki ovqat mahali Polina taqsimchani qo‘limga berarkan:
— Domla, Nosirga nima bo‘ldi? — deb shivirladi. — Nuqul Xubbini so‘raydi. Telefon qilsalar, salom ayting, deydi.
Men yelka qisib qo‘ydim:
— Parvo qilmang, opa… Balki sevib qolgandir? Bo‘lishi mumkin-ku?
— Hay-hay, unday demang-a!.. Xubbining bir yigiti bor, havasingiz keladi!
Buni bilmas edim.
— A-a? — dedim. — Unga arzisa, yaxshi.
— Bir-biriga munosib!
Shu kuni tushdan keyin militsiya kapitaniga javob berildi. Biz u kishini havas bilan kuzatib qoldik. Boshqa joylarda, salomatlikda uchrashaylik, dedik, niyat qildik. Ko‘pincha bir xonada yotgan bemorlar, sog‘ayib chiqqach, tez-tez uchrashib turaylik, deb bir-birlariga adres beradilar. Ammo keyin juda ozchiligi bordi-keldi qiladi.
Kapitan Nosirjon bilan xo‘shlashayotib:
— Nosir eshon, bularning gagshga ishonmang, inim. Amakingiz lo‘li qizning gapiga ishonib lo‘li bo‘lib ketishiga oz qolgan, — dedi.
Nosirjon kulib, zavqlanib xayrlashdi: kapitanning gapi unga, chamasi hech narsa bermadi.
Tungi shamol ko‘klam shamoli esa-da, qish qishligini qildi. Kechga tomon qor yog‘a boshladi. Qor derazamiz ko‘ziga shitirlab uriladi. Xonamiz iliqqina. Men «Qizil va qora»ni yarimdan oshirib qo‘ydim. Unda mashhur youvchining hayot qatlamlarini naqadar mahorat bilan bera olgani haqida o‘ylayman. Xayolim o‘z asarlarimga og‘adi; ministrlar, davlat arboblari haqida asar yozishni istayman. Istaymanu bari bir yoza olmasligim, ular qalbini ochadigan kalitim yo‘qligiga iqror bo‘laman.
Kunlar tez o‘tar edi. Men ham vujudim bir yengillik sezadigan, yo‘lakka chiqib chekib keladigan bo‘ldim. Ana shunday kunlarning birida Eshim montyor, ham xonani tark etdi. U bilan ajralish ancha og‘ir bo‘ldi. U ketgach, ikki-uch kun aziz bir narsamizni yo‘qotgandek bo‘lib yurdik.
Eshim har birimiz bilan o‘pishib xo‘shlashdi. Nosirjonni o‘par ekan:
— Xubbiga aytib qo‘y, rashk qilmasin. Ha-ha-ha! — deb kuldi. Keyin uning kiftidan quchib: — Hazil», hazil, — dedi. — Hazilni tushunasan-ku, uka!
Eshim bu gapi bilan nimani ko‘zda tutganini tusmollash mumkin. Biroq, Nosirjon bu gapni ham o‘zicha tushundi:
— E, nega rashk qilar ekan! — deb qo‘ydi.
Nosirjon Xubbijamol haqida xuddi bir-biri bilan allaqachon oila qurishni ham kelishib qo‘ygandek, gapirar, o‘qtin-o‘qtin uning bo‘yi balandligini aytib, «ko‘chada uyalsalar kerak», der edi. Ba’zan shaharda kvartira olishning mashaqqatlariga qiziqar, lekin shu ondayoq o‘zining ko‘pincha garajda — buzuq avtobusda yotib qolishini zavq-shavq bilan hikoya qilar edi: «Qorovul menga ishonib qolgan. Shuning uchun u kishi uyga ketsalar, o‘zim qorovullik qilaman… E, menga hamma ishonadi, aka… Ammo-lekin garajni sog‘indim. Benzinning hidini bilasizmi! O‘!..» Ba’zan Xubbijamolning qiyofasini o‘zicha tahlil qilib ketadi: «Chiroyli, a?..»
Unga faqat uyg‘ur oshpaz dakki berar, qizni eslamaslikka undar edi. Shunda Nosirjon unga sovuq tikilar, gapi ado bo‘lgach: «Oxun aka, siz ovqatni biling… Muhabbat boshqa narsa!..» deb yo‘lakka chiqib ketar edi.
Asta-sekin biz Nosirjonning Xubbijamol haqidagi gaplariga parvo qilmaydigan bo‘lib qoldik. Bu holga ko‘nikdik. Shundoq gapirar ediki, ular chindan ham bir-biri bilan oshiq-ma’shuq… Nosirjon kasalxonadan chiqqach, Xubbijamol uni kutib oladi… Keyin u Xubbijamolga uylanadi. Ha, darvoqe, u yaqinda imtihonlarini topshirib bo‘lib, qaytib keladi. Lekin Xubbijamol imtihonlarining bir-ikkitasini allaqachon topshirib bo‘lganiga shubhamiz yo‘q edi, shunga qaramay, kelmayotgani uchun parvo ham qilmas edik.
Qiziq bo‘ldi: bir kuni hammamizdan qon olishdi. Ertasi natijasini bilsak, Nosirjonning qoni top-toza chiqdi! Uni Qobil doktor ham tabrikladi. Polina quvonib: «Hammadan oldin siz ketadigan bo‘ldingiz!» — dedi. Nosirjon o‘sha kuni talay vaqt hech kimga gap qotmadi.
Aminjonga javob berildi. Bu novcha, qirraburun, yosh esa-da, ko‘p sarguzashtlarni boshidan kechirgan yigit bizni Buxoroga chin dildan taklif etdi. Adresini qoldirdi. Nosirjon bilan xo‘shlashar ekan, unga negadir o‘ychan boqib:
— Siz havas qilsa arziydigan yigitsiz. Biz… bo‘lgancha bo‘lganmiz, uka, — dedi.
Ziganshindan keyin Qodir etikdo‘z bilan uyg‘ur oshpaz ham ketdi. Xonada tilshunos, Nosirjon va men qoldik. Xona, bizlar chiqqach remont qilinishi kerak edi, shuning uchun odam qo‘yilmadi. Xonamiz huvillab qoldi. Ko‘p karavotlar bo‘sh. To‘shaklari buklanib qoshiga suyab qo‘yilgan. Xonaning issig‘i ham odamlarning tafti bilan ekan. Isitgich batareyalar kechayu kunduz qizib tursa-da, endi sovuq tuyular edi.
Polina kirib, men bilan tilshunosga harorat o‘lchagich berdi-da, Nosirjonning yoniga borib:
— O‘ynang, o‘ynab bering, eshonim! Keyin bir gap aytaman! — dedi.
Nosirjon hayajonlanib, hatto sal qo‘rqib:
— Nima gap? — dedi.
Shu tobda u nimani o‘yladi, kim biladi. Otasiyu qarindosh-urug‘ini o‘yladi, ular hayotida biron-bir yangilik sodir bo‘lganini gumon qildi, deyish qiyin: shu paytgacha uni so‘roqlab birov kelmagan edi. Nosirjonning o‘zi ham birov kelishini, chamasi kutmas, shunga qaramay o‘sha birovlar haqida yaxshi so‘zlar edi. Nojoiz bo‘lsa-da, aytib qo‘yish lozim: jigar kasaliga doktorlar, ayniqsa, ho‘l meva va sabzavot yeyishni buyurishadi. Albatta, bunda yotib ketgan yigitlarga shunday yemaklardan kelib turardi. O‘z-o‘zidan ma’lum, qishda bunday tarmevalarni topish mahol… Biz, albatta, o‘zimizga kelgan mevadan Nosirjonga ham berardik. Dastlab men: «Olmas, uyalar», deb o‘ylagan edim. Yo‘q, u ikkilanmay, biroq siniq jilmayib oldi. Keyinchalik kim qog‘oz xalta ko‘tarib kelsa, u kirishi hamono o‘rnidan dast turib borib, xaltani qo‘lidan olar, eltib tegishli yigitning tumbasi ustiga qo‘yar, kelgan kishiga kursi qo‘yib berar edi. Albatta, uning bu harakatlarini kuzatish kishini allaqanday azoblaydi. Biroq, o‘ylab qaralsa… bunga ham ko‘nikish mumkin. Xullas, Polina harorat o‘lchagichni orqasiga qilib: «O‘ynab bering, bir gap aytaman», deganda Nosirjon nima uchun qo‘rqdi, nima uchun qattiq hayajonlandi — bilmayman. Faqat, g‘ira-shira tusmol qilish mumkin: bunda Xubbijamolga aloqador bir nima bo‘lishi kerak.
— Nima u? Oldin ayting. Ayta qoling! — deb birdan yig‘lamsiradi Nosirjon.
— Xubbijamol sizga salom aytdi!
— Menga?
— Sizga… «Eshonimga, sevgilimga!» dedi.
Xiyol enkayib turgan Nosirjonning qo‘l-oyog‘i titrab ketganini tilshunos ham ko‘rgan ekan. Tilshunos:
— Hoy, Polinaxon, yotig‘i bilan ayting-da. O‘zini tashlavordi-ku! — dedi.
Nosir tilshunosga yeb qo‘ygudek bo‘lib qarab:
— Ishingiz bo‘lmasin! — dedi. So‘ng Polinaga yaltoqlandi. — Salom dedilarmi?
-Ha.
— A, eshonimga… yana… hm…
— Ha-ha.
— O‘ynab beraymi?
Polina bizga qaradi. Chehrasida ayanch bor edi. Boshini sarak-sarak qildi-da:
— Keyin, keyin, — deya harorat o‘lchagichni berib chiqib ketdi.
Ajoyib ayol bu Polina!
Nosirjon karavot chetiga o‘tirdi. So‘ng tura solib yostiqni ko‘tardi. Tumbani ochib qaradi. Hamxonalar bergan mevalarni u tumbaga solib, asrab yer edi. Barini chiqarib qo‘yib, tortmaning to‘ridan bir qog‘oz oldi. Ko‘ziga tutib qaradi. Tanidim. Usmon Nosirning she’ri bitilgan o‘sha qog‘oz. U birdan shoshib lapanglab mening qoshimga keldi. Qog‘ozni ko‘rsatib kuldi.
— Qarang, — dedi. — Salom aytiptilar.
— Sevgilimga salom ayting, deptilar, — deya qo‘shimcha qildi tilshunos.
Nosirjon unga yana o‘qraydi-da:
— Ha, — dedi. — Alam qilsin!
— Obbo!
U yana menga yuzlandi.
— Qiziq-a?
Mening unga bo‘lgan butun achinishim, u haqdagi o‘ylarim, ikkilanishlarim — bari bir zumda qaytadan yangilandi. Unga aytgan gaplarimizning bari yolg‘onligi, buning esa o‘ta ishonuvchanligi yana miyamga sanchildi. Shu tobda o‘zimizni ham, ishoning, Nosirjonni ham bir zumga yomon ko‘rib ketdim. Keyin xayolim Xubbijamolga og‘di… O‘ylanib qoldim: unda nima ayb? Ehtimol, Nosirjonning tez tuzalib ketishiga uning o‘sha hazillari sabab bo‘lgandir? Biroq, bu… Nosirjonning hozirgi qiliqlari… g‘ashni keltiradi-da.
O‘zimni bir amallab bosib, ichimda: «Mayli, quvonsin. Uyam quvonsin, deb salom aytgan-ku», dedim-da:
— Ha, qiziq, — deb uni ma’qullagan bo‘ldim.
— Muhabbat haqiqatan qiziq bo‘larkan! — deya davom etdi Nosirjon hayajon bilan. — Men, men… tez-tez tush ko‘raman, aka… siz yozuvchi, bilasiz-ku? Tushimda hu bola paytlarimni ko‘raman. Uyimiz oldi-da chuchmomalar o‘sardi. Biz ularni bo‘tako‘z deb terar edik. Qo‘ziqorinning sigirquyruq degani bo‘ladi. Oppoq!.. — U tilshunosga qarab olib, gapdan qoldi.
Xonaga gurs-gurs yurib kirgan Qobil doktor:
— Nosir eshon, veshmeshokni hozirlang, ketasiz! — dedi. — Haliyam biz gumonsirab sizni besh kun tutib turdik.
Nosir sekin o‘rnidan turdi.
— Qayerga?
— Qayerga?.. Uy bormi, uy?
— Uy… bor.
— Ana o‘sha uyga-da! — U Nosirjonni chetga surib, stulga cho‘kdi. — Qalaysiz, shoir?
Men o‘rtadagi vaziyatni yumshatish uchun:
— Haliyam meni shoir deysiz-a? — dedim.
— Bari bir. Mana… yana bitta yozgan edim. Bu Polinaga bag‘ishlanadi.
— O‘, zo‘r-ku! — Uning qo‘lidan o‘shandoq katak daftar varag‘iga bitilgan she’rni oldim. — Polinani, a?
— Sevamiz-da, — dedi Qobil doktor.
Men varaqqa ko‘z yugurtirdim:
Yaxshi qol,
Oq dengiz, yaxshi qol,  
To‘lqinlar, qo‘ynimga qizdek kirdingiz…
Bu ham Usmon Nosirning navbatdagi she’ri edi.
— Nima, siz ham biron yoqqa ketmoqchimisiz? — dedim.
— Ha, ilmiy-tekshirish institutiga chaqirishyapti. O‘qing… Qalay?
She’rni o‘qib chiqdim: xayolimda oppoq ko‘piklang gan to‘lqinlar o‘rmalayotgan dengiz jonlandi. Bu orada Nosirjonning tashqariga chiqib ketganini payqaganu, lekin o‘zimni payqamaganga solgan edim. She’rni maqtab, tilshunosga uzatdim.
— Shunaqa, — deb o‘rnidan turdi Qobil doktor. — Yozib turamiz… Bu bola qayerga ketdi? O‘zi ul-buli bormi? — U tumbochkani ochib qarayotganda Nosirjon kirdi. Aftiga qarab hayron bo‘ldim. Rangida rang yo‘q, boshi sochiq bilan bog‘langan. Og‘zini qo‘li bilan to‘sgancha karavotga hansirab o‘tirdi-da, birdan turib, o‘rtadagi stol tagidan korsonni oldi. Engashib og‘zini ochishi bilan yarim paqircha suv otildi… Bu yerdan ketgisi yo‘q. Shuning uchun vodoprovoddan suv ichib kelgan. O‘zini kasallikka solmoqchi.
Haqiqatan ham u qusib bo‘lgach, Qobil doktorga qaramay karavotiga borib cho‘zildi. Ustiga adyolni tortdi. So‘ng qizargan ko‘zlarini katta ochib:
— Men hali tuzalganim yo‘q! – dedi.
— E! E! — Qobil doktor kelib, korsonga tikildi. Hidlab ko‘rdi. — Suv-ku bu!
— Suv bo‘lsa, suv! — dedi Nosir.
— Tavba! Ha, bu yer yoqib qoldimi?
— Yoqib qoldi!
— Hey, bola… odamlar bu yerdan tezroq ketishni istaydi. Sen bo‘lsang…
— Men kasal!
Qobil doktor shoshilmay sigaret tutatdi. Bizga qarab yelkasini qisdi. Chiqib ketdi. U chiqishi bilan Nosirjon o‘rnidan turib o‘tirdi. Ovozi hirillab:
— Akalar, men qolishim kerak!.. Xubbijamol keladilar. U kishini ko‘rishim kerak! — dedi va bo‘g‘ilib davom etdi: — Axir, o‘ylab ko‘ringlar, men qanday qilib ketaman? Uyat bo‘ladi-ku? Mana, salom aytiptilar… Keladilar. Sevgilimga, deptilar! Axir, men ham yigit kishiman! Axir, muhabbat nimaligini bilasizlar… Ko‘nglimda orzularim bor… Men u kishini o‘shandan beri kutaman, axir! Kecha-kunduz kutaman!..
Polina kirdi.
— Eshonim?
— Yo‘q, opa! Men ketmayman! — dedi Nosirjon va tag‘in yotib oldi. — Ko‘rib turibsiz, yotibman. Kasalman. Ana, qusdim!..
Polina turib-turib xo‘rsindi.
— Xubbijamolni chaqiraymi?
Nosirjon boshini ko‘tardi. So‘ng yarim turib o‘tirdi. Qo‘llarini oldida qovushtirib:
— Jon opa, jon Polina opa!.. — dedi. — Men, vaqti kelsa, ishingizni qilaman. Adresingizni ayting. Bog‘changiz bormi? Mening qo‘limdan ul-bulni tuzatish ham keladi, opa…
Tushdan keyin tilshunosga ham javob bo‘ldi. Men uni «tilshunos» deb atadim. O‘zining gapi bu. Ammo uning o‘z sohasi to‘g‘risida bir og‘iz ham eshitganim yo‘q. Onda-sonda uzr so‘rab, bir og‘iz-yarim og‘iz qitmir gap qilardi, xolos. Menga o‘zining adresini yozib berib, Nosirjonga:
— Do‘stim, jo‘raboshimiz Ziganshin bir yaxshi gap aytgan edi… Bizdan o‘tgan bo‘lsa, uzr. Ko‘nglimizda tirnoqcha g‘ayirlik yo‘q. Men sizni hurmat qilaman, — dedi.
Bir necha marta do‘q qilgan, yovuz ko‘z bilan qaragan Nosirjon juda xijolat chekkandek karavotdan tushib, unga qo‘l berdi.
— Siz kechiring, aka. Biz yosh, biz yosh, — dedi.
Ha, Nosirjon kekni bilmaydigan yigit edi.
Nosirjon bilan ikkimiz qoldik. Xona nihoyatda kengayib ketgandek tuyuldi. Mening ham erta-indin ketishim aniq; ikki tekshirishda ham qonim toza chiqdi. Nosirjonning esa bu yerda yolg‘iz qolishini tasavvur qilolmayman. Nazarimda, Xubbijamol kelsa, ular o‘zaro nimadir deb gaplashishadi-da, keyin Nosirjon ham takdirga tan berib, avtobus parkiga yo‘l oladi…
Tushki ovqatdan keyin deyarli uxlamadim. Nosirjon karavotda mushtdek bo‘lib o‘tirar, o‘qtin-o‘qtin yostig‘i orasidan Usmon Nosirning she’rini olib qarab qo‘yar va menga kutilmagan savollar berar, o‘zicha jiddiy mulohazalar yuritar edi.
— Aka, bir yaxshi ishlar qilgim kelyapti! — deb qoldi endi ko‘zim ilinganda. — O‘sha kishi uchun!.. — deya so‘lg‘in davom etdi. — U kishi bir joyda adashib qolgan bo‘lsalaru men aptovusdan tushib ko‘rsam-da, kulib, yo‘lga solsam… — U birdan quvnab, hatto jilmayib menga tikildi. — A, yaxshi-ya! — dedi hayajonlanib. — Men bilaman, u kishiyam shaharning hamma yo‘llarini bilmaydilar… Hech kim bilmaydi, menchalik! E, qancha odamlarni…
Yo‘lakdan do‘q-do‘q qadam tovushlari eshitildi. Nosirjon dong qotdi. Qadam tovushlari o‘tib ketdi.
— Ammo-lekin havo iliyapti, — deya Nosirjon karavotdan tushdi. Yaxlit oynali deraza qoshiga bordi. Deraza baland. Oyog‘i uchida ko‘tarilib pastga qaradi. — Iya, gulzor bor ekan, aka! Ana, u yer-bu yeridan qor ketipti! Qarang-a, ko‘rmagan ekanman!… Aka deyman, shu o‘zimizning pushti gul bor-ku, o‘sha so‘liy boshlaganda tagini kovlab shamollatish kerak ekan. Mana shu barmoqday-barmoqday qurt tushar ekan-da, tomirini yer ekan… Ko‘rganman…
Nosirjon mening yonimga hali yetib kelmagan edi, eshik ishonch bilan tortilib, ochildi. Bir jonon kirdi. Egnida belgiya paltosi. Yoqasida oppoq mo‘yna. Oyog‘ida poshnasi baland qizil etik. Qo‘lida tasmasi uzun sumka. Men Xubbijamolni faqat oq xalatda va shippakda ko‘rar edim. Bu parizodning, ziyoli ko‘ri-nishli qizning o‘sha Xubbijamol ekaniga daf’atan ishonmadim. Lekin bu kulcha yuzli, yonoklari xiyol chiqiq, ko‘zlari xiyol qisiq, oppoqqina, chehrasida sho‘xlik va hayotbaxsh bir nur yog‘ilib turgan qiz Xubbijamol edi.
— Vey, nima bo‘ldi sizlarga? Yo, bu xonaga kasal kirmasin, deb ketishdimi yigitlar? Huvillab qopti-ku! — Xubbijamol tez-tez gapirar, biroq ichdan hayajonlanayotgani sezilib turar edi.
— Ha, yigitlar nomardlik qilib bizni tashlab ketishdi, — dedim.
— Yo‘q! Sizlar nomardlik qilib yotibsizlar! — dedi u. So‘ng Nosirjonga bokdi. — Eshonim, sizni allaqachon tuzalib ketdi, deyishgan edi.
— Men tuzaldim… Men… allaqachon tuzalib ketdim! — dedi Nosirjon hapriqib.
— Bo‘lmasam…
— Siz bilan…
— Xayrlashay deb yotibsiz? — U qah-qah otib kuldi. — Hurmatli yozuvchi, mana, eshonimdan o‘rnak olinglar! Sadoqatni qarang! Rahmat sizga, Nosirjon… — So‘ng ovozidagi hayajon bosilmagani holda, qandaydir hisob berayotgandek davom etdi: — Imtihonlar og‘ir… So‘nggi imtihonlar… Qiyin bo‘ldi! — U yana kuldi. — Lekin telefonda so‘rab turdim… Hammangizni… Voy-voy! — Xubbijamol uning yelkasini silamoqchidek ikki qadam bosdi-yu, ikkilanib to‘xtadi. — Albatta so‘rayman-da! — dedi. — Busiz bo‘ladimi? Ammo-lekin xursandman. Hammalaring otday bo‘lib ketibsizlar… Yozuvchi aka, siz ham ertaga chiqarkansiz!
— Shunday gap bor.
— Kennoyimga telefon qilib qo‘yaymi?
— O‘zim…
Xubbijamol taraddudlanib, soatiga qaradi. Unga bu chiroyli ust-boshigina emas, shu holatda soatiga qarash ham yarashardi.
— Bo‘lmasa, eshonim, qo‘lni bering, — deb u Nosirjonning qoshiga dadil keldi. Nosirjon kalovlanib, qo‘lini uzatdi, so‘ng darhol tortib, kaftigsira-di, yana uzatdi. Xubbijamol o‘zining barmoqdari uzun, oppoq qo‘liga Nosirjonning barmoqlari kalta-kalta, biqqigina qo‘lini olib silkitdi. — Omon bo‘ling, Nosirjon… Bir-birimizdan sira xafa bo‘lmasligimiz kerak. Bir-birimizni tushunishimiz kerak. Biz tabib edik, siz bemor edingiz. To‘g‘rimi? Sizning vazifangiz bo‘lak edi, bizning vazifamiz bo‘lak. To‘g‘rimi?
— Ha. Albatta! Sizdan minnatdormiz, — dedi Nosirjon. So‘ng xayolidan chalg‘idi. — O‘rtoqlar ham keta turib, sizga rahmat aytishni tayinlashdi. A, domla! Menga aytishdi…
— Salomat bo‘lishsin! — Xubbijamol shunday deb qo‘lini tortdi. Men tomon ikki qadam bosib: — Yotib o‘qish — ziyon, — dedi. — Siz hali ko‘p o‘qishingiz kerak-ku, ko‘z jonivor kerak bo‘ladi… — Tabassum qildi. — Xayr.
Men o‘rnimdan turdimu qo‘l uzatmadim, uning ham qo‘l berishiga harakat ko‘rsatmadim.
— Rahmat, — dedim.
Xubbijamol shoshib sumkasidan charm qo‘lqop oldi. Bittasini kiya-kiya eshikka yo‘naldi. Yetganda burilib, Nosirjonga tikildi.
— Nosirjon, ortiqcha hazil-huzul qilgan bo‘lsam, ko‘ngilga olmaysiz, — dedi. — Maylimi?
Nosirjon hovliqib:
— E, nega?! — dedi. — Rahmat, opa!
Xubbijamol tez burilib chiqdi. Eshikni zichlab yopdi. Nosirjon eshikka tikilgancha bir on turdi. Keyin «nega unday?» degan kabi menga hayrat bilan boqdi. So‘ng oshig‘ich eshikka bordi. Lang ochib, qaradi-da, darrov boshini tortdi. Qobil doktorni ko‘rdi, shekilli. Birpas turgach, yana ochib qaradi. Yana yopdi. So‘ng shoshib deraza qoshiga keldi. Men endi bu yerda chekish mumkin deb o‘yladimmi, sigaret chiqardim. Tutatib, Nosirjon qatori derazadan qaradim. Biz uchinchi qavatda edik. Pastga qarayapmiz. Past — oppoq. Gulzordagi qorga ko‘milgan ba’zi gullarning yuzi ochiq — qori yo erigan, yo shamol uchirgan. Yiroqda baland darvoza — kasalxona darvozasi. Undan berirokda «Tez yordam» mashinasi turibdi. Orqasidan tutun chiqyapti. Nosirjon deraza rafiga qo‘lini tirab, o‘sha tomonlarga ham bir-ikki qaradi-da, yana chopib eshik og‘ziga bordi.
— Nosirjon, nima gap? — dedim.
— E, qiziqmisiz! — dedi u va ilgichdan patli xalatini olmoqchi bo‘ldi-yu, chiqara olmadi. Oq ko‘ylak, oq lozimda yo‘lakka chiqdi. Men borib, ortidan qaradim. Boshyalang, «Priyomniy pokoy» tomon ketib borardi. O‘sha yerdagi oq parda bilan to‘silgan joyda kimgadir duch keldi. Gaplashdi. So‘ng burila solib, zinadan pastlab ketdi.
Izimga qaytdim. Deraza oldiga keldim. Xona chindan ham huvillab qolgan, nazdimda. o‘zim yolg‘iz bo‘lib qoladigandek edim.
Derazadan pastga qarab turardim. Qora paltoli… Xubbijamolni ko‘rdim. U mashina tomon borayotgan, mashina oldida esa novcha, timqora qunduz telpak kiygan yigit turar edi. Xubbijamol unga yetay deganda sal toygan edi, yigit chaqqonlik bilan uni bilagidan tutib qoldi. Shunda Xubbijamolning ortidan xuddi kasalxonadan qochgan jinnidek oq ko‘ylak, oq lozimda oppoq qor kechib borayotgan Nosirjonga ko‘zim tushdi. Derazaga intildim. Nosirjon kaltabaqay qo‘lini qimirlatib nimadir der edi. Xubbijamol to‘xtadi. Nosirjon qizga yetib oldi. Qizning oldida u yosh boladek edi. Shunda bu yokdan ularga qarab lapanglab borayotgan Polinani ko‘rdim. Nosirjon Xubbijamolga allanimalar dedi. Xubbijamol kuldi, chog‘i. Keyin, u Nosirjonning kiftiga qo‘l qo‘yib, bu yoqqa qaratdi. Polina yetib borib, Nosirjonning bilagidan ushlab tortdi. Qunduz telpakli yigit Xubbijamolning tirsagidan olib mashina tomon jildi. Nosirjon Polinaning qo‘lidan chiqib chetlandi. Ular orqasidan qaradi. Polina tag‘in uni sudradi. Telpakli yigit mashina kabinasini ochdi. Xubbijamol Nosirjonga qarab qo‘l silkitdi-da, ichkariga kirdi. Ortidan yigit ham kirdi. Tutun taratib turgan mashina jildi. Darvoza qiya ochiq edi, katta ochildi. Mashina chiqib ketdi.
Polina hamon Nosirjonning qo‘lidan tortar, u tislanib chiranar edi. Nihoyat, unga bo‘ysungandek yurdi-da, gulzor yoqasida qaqqaygan bir tup daraxtdan ancha o‘tganda to‘xtab qoldi. Yana Polinaning qo‘lidan chiqib, daraxt tagiga bordi. Qori supu-ilmagan skameykaga o‘tirdi. Daraxt shoxlariga qaradi.
Bu manzara mening yodimdan chiqmas bo‘lib qoldi.
Nosirjonni olib kelishgach, uni o‘rab yotqizishdi. U hech kimga qarshilik ko‘rsatmadi. Qobil doktorning do‘q-po‘pisalariga ham miq etmadi. Ular chiqib ketishgach, yoniga bordim. U bug‘riqib ketgan, naq yonar edi. Menga siniq iljayib:
— Ketdilar, — dedi. — Meni, eshonim, dedilar. Hamisha eshonim bo‘lib qolasiz, dedilar. Lekin bir yigit bilan ketdilar…
— Hayot shunaqa, do‘stim, — dedim men.
— Hayot… — deya o‘yga cho‘mdi u. — Qiziq… Ammo-lekin muhabbat ham qiziq ekan!
— Siz uni chindan ham…
— E, g‘alatimisiz, domla! Siz o‘zingiz kennoyimni sevganmisiz?..
U jiddiy gapirar, biroq rangi qizarib bormoqda, peshanasiga, chakkasiga parcha-parcha jigarrang dog‘ tushgan edi. Badanim uvishib, yo‘lakka chiqdim.
Nosirjonning darhol issig‘i chiqdi. Alahsiray boshladi… Bir amallab tunni o‘tkazdim. Hamxonalarning bu sodda yigitchaga qilgan muomalalarini eslab, juda-juda o‘kindim. O‘zimni ham so‘kdim. Biroq, tag‘in nimadir menga tasalli berar, nimaligini bilmas edim.
Ertalab tursam, Nosirjon olti oylik kasaldek. Ko‘zlari sap-sariq, bir holatda. Lekin u menga jilmaydi.
— Aka, muhabbat qiziq… Muhabbatni bilmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz… Ha! — U qandaydir ichki faxr bilan qimirlab qo‘ydi. — Men buni… garajga borsam, aytib beraman. Direktorgayam aytaman!.. — U siniq jilmaydi. — Otam yo‘q… Aldagan edim sizlarni. Bo‘ladi-ku! U kishiyam qazo qilganlar. Lekin hovli-joyimiz bor! — deya hayajonlanib davom etdi. — Gulzorimiz bor! — So‘ng bir zum ko‘zlarini yumib qoldi-da, yana charaqlatib ochdi. — Pastdagi daraxt bodom ekan! Gullapti! — O‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. — Ana, qarang! Ana… Gullapti… — So‘ng bo‘shashdi. — Lekin sovuq uradi.
— Ha, bevaqt gullagan daraxtni sovuq uradi, — dedim. Dedimu bu gapimdan ramziy bir ma’no chiqmasligi uchun, demakki, Nosirjonni chalg‘itish uchun deraza yoniga borib qaradim. Bodom gullari menga ko‘rinmadi.
Tushga yaqin menga ham javob berildi. Uyga telefon qilib, xonaga qaytdim. Polina kiyim-boshimni chiqarib berdi. Kiyinib, xotinimning kelishini kuta boshladim.
Nosirjon uxlab yotar, biroq hamon ahyon-ahyonda baqirar, alahlar edi.
Polina ohista kirib, Nosirjonga qaradi. Boshini sarak-sarak qildi. Labini qimtib kelib:
— Tushavering endi, — dedi.
— Rahmat, Qobiljon shu yerdami?
— Institutga ketdilar. Shoshilinch chaqirishdi. U kishini bilasiz-ku, zig‘ircha odamgarchiligi yo‘q.
— Unday emas. Sizni… yaxshi ko‘radi.
— E-e!
Men Nosirjonning tepasiga bordim. U terga botib yotardi. O‘zi odatda shunday bo‘ladi: ba’zan uxlab yotganingda ustingga birov kelsa, darhol sezasan. Nosirjon ham sezdimi, bir qimirlab ko‘zini ochdi. Menga yovuzlarcha tikildi. Keyin shosha-pisha tagiga qo‘l suqdi. G‘ijimlangan she’rni oldi. Varaqqa bir qaradi-da:
— Unutibman. Bermoqchiydim, qarang. Mang, — deb menga uzatdi.
— Qolaversin. Sizga, — dedim.
U g‘amgin jilmayib, qog‘ozni o‘ziga qaratdi. Shunda men bir mo‘jizani ko‘rdim… Uning ko‘zlari qinidan chiqqudek bo‘lib ketdi. Ko‘kragi ko‘tarilib tushadi. Lablari pichirlaydi. Birdan menga boqdi. Xudli men —- men emas, o‘zi ham — o‘zi emasdek boqdi. Yana qog‘ozga tikildi. Lablari pichirlaydi. Tag‘in menga tikildi-da:
— Aka, — dedi behollik bilan. — Men o‘qiyapman-ku… O‘qiyapman. Mana, qarang… «Sevgi, sening shirin tilingdan…» O‘qiyapman! — U bo‘g‘iq, yovvoyi ovozda chinqirib yubordi-da, yuzini yostiqqa bosib ho‘ngradi. So‘ng o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, madori yetmadi.
Men hayron edim: ha, u harfni tanimay qolgan ekan… Ajab! Nahot bu kutilmagan to‘lg‘oq uning ongi-da o‘zgarish yasadi! Eshitganman: qo‘rquv yo hayajon asnosi tildan qolganlarning, tag‘in qattiq qo‘rquv ta’sirida tilga kirganlarini… Ammo bu holni… Endi men Nosirjonni tanimagandek unga tikildim.
— Unday bo‘lsa, juda yaxshi.
U shart burildi.
— Yaxshi-da, yaxshi-da!.. Men ham odam… Yarimtaman deb yurardim. Muni qarang, aka… Mana, mana… «Tilingdan… kim o‘pma…» O‘qiyapman, Polina opa!
Polina yig‘lar edi.
— Men juda xursandman, — dedi va «to‘g‘ri gapirdimmi?» degandek menga qarab qo‘ydi: u Nosirjonning o‘tmishini bilmasdi. Men «to‘g‘ri» deganday bosh irg‘adim.
Keyin sezdimki… juda xursandman. Xursand ekan-man! Sezdimki, o‘sha yigitlarning sho‘xligi, o‘zlari bilib-bilmay ermak qilganlari… o‘shalardan ham xursandman. Boringki, «Olijanob bo‘laman», deb buni yo‘ldan qaytarishga urinmaganim uchun o‘zimdan ham xursandman… To‘g‘ri aytadilar: hayotning har bir ko‘rinishi o‘z natijasini beradi. Uni sun’iy ravishda buzmaslik kerak.
Deraza pastida taksi signal berdi.
— Nosirjon, endi men ham ketaman, — dedim.
— Rahmat… — Nosir qo‘llariga tiralib o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Polina uni bosib yotqizdi. — Ha-ha, yotishim kerak, — deya boshini yostiqqa qo‘ydi. So‘ng qo‘lini uzatdi. Qisdim. Barmoqlari lov-lov yonardi. — Aka, qarang, o‘qidim… O‘! — U behol kuldi. — O‘sha… haligining kuchida buyam?
— Rost aytasiz, — dedim. Nimaga ishora qilgany, chamasi, Polinaga ham tushunarli edi. — Endi tezroq tuzalish payida bo‘ling.
— E, men tuzalaman! — dedi u. — Albatta… — Keyin menga yana siniq tikildi. — Ketdilar-a?
— Ketdilar.
— Ha-ha… o‘zim ham… Ha, mayli! Lekin, — deb jilmaydi u, — men unutmayman… U kishiyam aytdilar. «Eshonim, sizni unutmayman», dedilar…
— Men ham sizni unutmayman.
— Kennoyimni so‘rang…
Shundan keyin men Nosirjonni ko‘rmadim. Qaysidir kuni avtobus bekatida ko‘zlari yoshli bolakay bilan cho‘nqayib turib gaplashayotgan yigitchaga ko‘zim tushdi. Mashinada edim. U Nosirjonmidi, boshqamidi — bilolmay qoldim.
1984