Shoyim Bo‘tayev. “Shukur, ayt-chi, bu hayot nima?” (esse)

Ko‘z ilg‘amas bepoyon adirlar, yuksak tog‘lar, so‘qmoqlar, tuproq ko‘chalar, ayniqsa, yoshlik chog‘laringizda qalbingizdan joy olgan bo‘lsa, bilingki, endi umr bo‘yi ularning yodi ham sizni tark etmaydi. Hayot tashvish-tahlikalari aro beshik bo‘lib ulg‘aytirgan qadrdon go‘shalarni unutgudek bo‘lsangiz, endi ular tushlaringizda namoyon bo‘lib, goh hazin, goh dilxush his-tuyg‘ularga sizni g‘arq etadi.
Bu nima bo‘lsaykin?
Bu savolga har kim turlicha, o‘z boshidan kechirgan his-tuyg‘ular asosida javob bergani ma’qul. Faqat qiyoslamoqchi bo‘lganim shuki, chin ma’noda ulug‘ bo‘la olgan ayrim yozuvchilar asarlari ham sizni abadul-abad tark etmaydigan hodisalar sirasiga kiradi, ularga qayta-qayta qaytganingiz sari qaytgingiz kelaveradi, ular jozibasining sir-sinoatini yana har kim o‘z boshidan kechirgan his-tuyg‘ularga suyangan holda axtarib ko‘radi. Shunda uzoqlashgandek tuyulgan xotiralar yana sizga yaqinlashadi, abadiylik kasb etadi…
“Shukur Xolmirzayev nasri” deganda ko‘z o‘ngimdan ana shunday manzara o‘tadi. Bu yozuvchining “Olis yulduzlar ostida” degan kitobini o‘qiganimizda hali maktab o‘quvchisi edik va o‘qiyotganlarimiz shundoqqina deraza ortida sodir bo‘layotgandek tuyulib, bizni ko‘chaga talpintirib-oshiqtirar edi. Bu kitob sahifalarida tasvirlanayotgan voqea-hodisalarni maktab partasida emas, qandaydir tepaliklarga chiqvolib, bog‘-rog‘lar qo‘ynida, daraxtlar ostida, shuvoq hidi anqigan dashtlar bag‘rida chuldiragan to‘rg‘aylar navosiga quloq tutgan holda mutolaa qilish kerakdek tuyulgan, yo‘qsa, uvol bo‘lib qoladigandek edi. Buning ustiga, mana shu o‘qiyotganlarimiz tufayli bizga o‘zimiz yashayotgan muhitning barcha go‘zalliklari endi yuz ko‘rsata boshlagan, ularni nima uchun avvalroq ko‘rmaganimizga hayron bo‘lar edik.
U qandaydir o‘zigagina ayon bo‘lgan sehr bilan bizga yaqinlashgan, o‘zining begona emasligini birgina imosi bilan anglatib qo‘ygan edi.
Chunki uning “Tuproq ko‘chalar”ida har kuni biz – teng-to‘sh bolalar bir-birimizning qadam izlarimizni o‘lchab, oyoqyalang yurar edik.
Chunki uning “Ot egasi” bilan har kuni uchrashardik, hikoya qahramoni Inod ham begona emas edi-yu… faqat, ismi bo‘lakcha, o‘zi haqida hikoya yaratilganini ham bilmas, oti ham o‘sha ot edi, maktab ham o‘sha maktab edi.
Chunki biz ham turnalar karvoni ortida qolib, hatto qulab tushgan “Cho‘loq turna”ning ahvolini kuzatgan edik. Biroq Tabiat qonuni jamiyat haqidagi tasavvurlarni to‘g‘ri yo‘nalishga solishini hali bilmasdik. “Hayot kurashdan iborat”, degan saboqlarni tinglagandigu kuchsizlarni tabiat ham, jamiyat ham birdek rad qilishi hali bizga noma’lum edi.
Endi biz ham unga yaqinlashishni istar edik.
Shu sababli, bu yaqinlik talabalik yillarimizdayam, undan keyin ham yo‘qolmadi, aksincha, tobora mustahkamlanib, qadrdonlashdi.
Shukur Xolmirzayevning “Hayot abadiy” degan mashhur hikoyasi bor. Hikoya qahramoni sovxozning bosh agronomi Nodir Ro‘ziqulov majlisdan qattiq tanqid yeb chiqadi-yu, mana shu bitta ko‘ngilsizlik boshqa ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi: qaynanasiga qattiq gapirgan edi, u qizini olib ketadi, o‘zini qopmoqchi bo‘lgan qo‘shnining kuchugini ham ayab o‘tirmay egasidan gap eshitib oladi…
U oxir-oqibatda bo‘shashib yiqiladi… va go‘yoki o‘lib qoladi!
Shunda uning tevarak-atrofida nima o‘zgaradi? Hech nima!
Hayot Nodirsiz ham davom etaveradi… “O‘sha kechagi seryulduz osmon ham, oppoq yulduzlar ham o‘z o‘rnida… Daraxtlar, yomg‘ir… Shabada”.
Nodir cho‘chib o‘ziga keladi va yana o‘rnidan turib ketib, bu hayotdagi ishini davom ettirishga kirishadi. Hikoya chuqur ijtimoiy mazmunni o‘zida ifoda etganidan tashqari, har qanday o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undaydi: axir, kunlardan bir kuni, bordi-yu o‘lib-netib ketsang, sen bilan bog‘liq bu dunyoda ham nimadir o‘zgarishi kerak-ku, axir, bu dunyo ham seni yo‘qotgach, nimanidir yo‘qotishi kerak-ku?! Jilla qursa, falonchi o‘libdi, degan sado chiqishi kerak-ku?! O‘lik-tirigi bilinmay yashagan inson uchungina ikki dunyoning farqi bo‘lmasligi mumkin, lekin, or, nomus hikoya qahramonining shunchaki o‘lib ketishiga izn bermaydi.
Yozuvchining “Qariya” hikoyasidagi Qo‘zivoy degan kasbi betayin yolg‘iz chol bozor kunlaridagina jarchilik qilib kun kechiradi. U o‘limligiga asrab qo‘ygan pulini Qobil degan tanish qassobga omonat saqlab turish uchun beradi. Mabodo qazoyim yetsa ko‘masan, deydi. Qassob ham pulni oladi-yu, fe’li aynaydi, omonatga xiyonat qiladi, kunlardan bir kuni Qo‘zivoy chol pulini so‘rab qolganida u pulni olganidan tonadi. Qo‘zivoy chol bundan ancha aziyat chekadi, biroq u ham xiyonatdan or, nomus orqali qasos oladi:
“U jimjit uyda, palos ustida cho‘zilib yotib, shu fikrga keldi: “Bu ahvolda men qandoq qilib o‘laman? Asti mumkin emas, sirayam… Men yana mehnat qilishim kerak. Halol pul topishim kerak. O‘limlik qilishim kerak… Undan keyin o‘lsam, boshqa gap…”
U qo‘shni chiqargan ovqatni zo‘rlab yedi. Yarim kechada turib, go‘sht qovurdi. Sahar uyg‘onib, soyga tushdi. Yuvindi. Tetiklanib, ko‘chaga yo‘l oldi…
Qo‘zivoy chol avvalgidek bo‘lib ketdi”.
Bu hikoyalar insonni yashashga, yashagandayam halol, pokiza yashashga undaydi, hayotga ko‘zgu tutib, chirkin narsalardan nafratlantira oladi.
Yashash faqatgina shu hayotdami?
Shu or, shu nomus ham faqat bu hayotda yashab qolish uchun zarurmi?
Endi “Tabassum” hikoyasini o‘qiy boshlaysiz…
Jalil aka, odamlar aytishicha, Jalil ota karaxt tortib qolgan, u o‘sma, ya’ni rak bilan og‘rib qopti. Bundoq o‘ylab qarasa, o‘ziyam yoshini yashab bo‘lgan, qurdoshlaridan hamma ketib bo‘pti, o‘zidan ikki-uch yosh katta Normat qopti, xolos.
“Yuragi butun ekan-da! Ha, uning yuragi butun, – Jalil ota yuragi g‘ashlanib o‘ylay boshladi. – U boshqacha… Yomonga, nomardga o‘lim yo‘q deydilar-ku! Ha-e, mayli… Uyam yashasin. Baribir dunyoga ustun bo‘lmaydi. Birovga o‘lim tilagandan…”
U o‘zining rak ekani, ya’ni o‘sma kasaliga mubtalo bo‘lganini eslab, ayanchli jilmaydi.
Kunlar o‘tdi, oy o‘tdi”.
Shunday kunlarning birida uning hovlisida yugur-yugur bo‘lib qoladi, sababi ayon – nevarasi Sadafga sovchilar kelgan. Uni Normatning nevarasiga berishmoqchi… To‘y bo‘lishi kerak, hamma Jalil otaning ko‘zi ochiqligida to‘yni o‘tkazib olsam, deydi.
Buni Jalil aka istarmidi?
Endi hikoya yakuniga quloq tuting:
“Chol bugungi kun ham ovqat yemadi. Keyingi kun ham. Undan keyin…
O‘rmalab borib, obrezga to‘kadi. Qo‘lini yuvgan bo‘lib, ustidan suv quyadi.
U… holdan toyib, o‘rnidan qimirlolmay qoldi. Shunda ham tuz totmadi. Endi kelgan ovqatni to‘shagi yonida nos tupurish uchun qazib qo‘yilgan chuqurchaga ag‘daradi.
U karaxt bo‘lib qoldi.
Keyin o‘g‘li, kelini va Sadaf tepasida ko‘zyoshi qilib turganda, ketdi.
Hammani dahshatga solgan narsa – uning yuzida qotib qolgan tabassum bo‘ldi.
To‘y qoldi”.
Hikoya tugadi.
Davomi-chi?
Or, nomus… o‘quvchi qalbini g‘alayonga solgan his-tuyg‘ularning adog‘i bormikan? Hayotda shunday vaziyatlarda kim qanday yo‘l tutadi?
Yozuvchining shafqatsiz ko‘zgusidan kim o‘zining basharasini yashira oladi?
Shukur Xolmirzayev o‘zi sevgan adiblardan biri Ernest Xemingueyning “Insonni yengib bo‘lmaydi” degan so‘zlarini bot-bot takrorlab turguvchi edi. Millati, irqi va hattoki dinidan qat’i nazar, inson mustahkam xilqat sifatida har ikkala Ustaning ijodida turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lar edi.
Shukur Xolmirzayev G‘afur G‘ulomning “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi…” degan mashhur satrini sarlavhaga chiqarib, ajoyib bir hikoya yozgan edi. Bir mahallar, hali matbuot yuzini ko‘rmasdan avval menga hikoya syujetini so‘zlab berib, shunaqa nom qo‘ymoqchi ekanligini aytuvdi…
Bu haqda keyinroq…
Endi esa men Usta bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarimizning ayrimlarini xotirlarkanman, qulog‘im ostida uning voqelikni bo‘yamasdan-bejamasdan shundayligicha tasvirlash haqidagi o‘gitlari yangrab turganday bo‘ldi.
Uning qiyofasi ko‘z o‘ngimdan nari ketmadi.
Shukur aka, o‘ziga xos jiddiylik bilan, “Bo‘larini ayting…” deb turganday edi…

* * *

Armiyadan qaytib kelib, hozirgi “Tong yulduzi” bolalar gazetasiga ishga kirdimu Shukur Xolmirzayev bilan Vatan mavzusida suhbat qilmoqchi bo‘ldim. Chunki uning “Yovvoyi gul”, “Ot egasi”, “Ota yurt” singari ko‘plab hikoyalarida bu mavzu boshqalarga o‘xshamagan holda, o‘ziga xos tarzda ifoda etilgan deb hisoblardim (bu fikr yillar o‘tgan sayin yanayam mustahkamlanib bormoqda).
Gazetamiz adabiyot bo‘limi mudiri, bolalar shoiri Hamza Imomberdiyev bilan bir xonada o‘tirardik. Men Hamza akadan, Shukur Xolmirzayevning telefon raqamini topib berolmaysizmi, deb so‘radim. Hamza aka menga ham ajabsinish, ham hayrat bilan qarab turib, bolalarcha samimiyat bilan:
– O‘-hu, so‘ragan odamingizni-yu… Bizda unaqa katta odamlarning telefon raqamlari qayoqdan ham bo‘lsin… U kishi tirik klassik-ku, tirik klassik… – dedi.
– Shu klassik bilan gazetamizga Vatan haqida suhbat qilib bermoqchi edim, – dedim.
Bu taklif Hamza akaga nihoyatda ma’qul kelib:
– Qaniydi-ku… – dedi va u yoq-bu yoqqa qo‘ng‘iroq qilib, Shukur akaning uyi telefoni raqamini topib berdi.
Men Shukur akaga telefon qilib, maqsadimni tushuntirgan edim, u kishi:
– Uyga keling, – dedi kalta qilib va manzilini tushuntirdi: “Bolalar dunyosi” magazini orqasidagi asosan ijodkorlar yashaydigan ko‘p qavatli uy ekan.
– Xo‘p, – dedim-da, darhol savollar yozilgan qog‘ozni olib yo‘lga tushdim.
Uy eshigini Shukur akaning o‘zi ochdi. Salom-alikdan so‘ng savollarga ancha vaqt jiddiylik bilan tikilib qolib:
– Vatan so‘zini ko‘p ishlatib yuboribsiz, –deb qo‘ydi.
Nima deyarimni bilmadim. Nazarimda, men tuzgan savollarga u kishi shu zahotiyoq sharillatib javob aytib yuboradigandek bo‘lib tuyulgan edi.
Lekin aksincha bo‘lib chiqdi.
– Men avval bir o‘ylab ko‘ray, – dedi Shukur aka o‘sha-o‘sha jiddiylik bilan, – keyin xabarlasharmiz…
Men xayrlashib, chiqib ketdim.
Qaytib borsam, Hamza aka katta qiziqish bilan nima bo‘lganini so‘rab qoldi. Bo‘lgan voqeani aytib berdim. U kishi ko‘nglimni ko‘tarmoqchi bo‘lgandek, uch-to‘rt kun o‘tib yana bir eslariga solib qo‘ying, hozir birorta jiddiyroq ish bilan band bo‘lsalar kerak-da, deb qo‘ydi.
Men Hamza akaning gaplarini ma’qulladim, lekin Shukur aka bilan boshqa xabarlashmadim. Savollar u kishiga ma’qul bo‘lmadi, degan o‘yda edim.
Kunlardan bir kuni hech kutilmaganda o‘sha hammaga tanish bo‘lgan mashhur shlyapada Shukur aka xonamiz ostonasida paydo bo‘ldi. Hamza aka men suhbat qurmoqchi bo‘lgan “tirik klassik”ning o‘z oyog‘i bilan kirib kelganiga ishonib-ishonmay, iltifot bilan quyuq salomlashdi-da, bizga sharoit yaratib berish uchun bo‘lsa kerak, o‘zi xonani tark etdi.
Shukur aka deraza yonidagi kursiga cho‘kib, biroz ko‘chaga qaragancha nimalarnidir o‘ylab xayol surib turdi.
Keyin men tomon o‘girilib:
– Cheksam bo‘ladimi? – deb so‘radi.
Shunday ulug‘ odamning ruxsat so‘rayotgani meni xijolatga solib, zo‘r-bazo‘r bosh irg‘ab qo‘ydim.
U kishi sigaret tutatib so‘z boshladi:
– Yaqinda Boysunda bo‘lib qaytdim… – men tomonga ilkis qarab qo‘yib, – Siz anavi savollaringizni tashlab ketganingizdan keyin, – deya davom etdi, – tepalikning qir uchida bir gujum bo‘lar edi, bolaligimizda shu gujum ostida o‘ynar edik, – Shukur aka xo‘rsinib qo‘ygach, negadir menga uqtirmoqchi bo‘layotgandek qattiqroq tovushda yana ulay ketdi, – shu-u borganimda ham ulfatchiligu mehmondorchiliklardan qochib o‘sha gujumni qidirib ketdim… Ancha qaribdi… Yolg‘iz o‘zim edim. Qushlar hamon ilgarigidek sayrab turipti. Sigaret tutatib, gujum ostida o‘tiraveribman, yon-atrofimdan chug‘ur-chug‘ur bolalikdagi ovoz-shovqinlar kelib turgandek bo‘ldi. Kun peshindan og‘ayotganda borgan edim, chekib o‘tiraveribman, kech kiribdi, quyosh botib qorong‘ilik cho‘kibdi, men esa hamon o‘tiraveribman… Bir mahal junjikib ketib mundo-oq o‘zimga kelib qarasam, hammayoq qop-qorong‘i… Beixtiyor osmonga qaradim: yulduzlar g‘uj-g‘uj, shu qadar yaqin… bilmay qolibman, ko‘zimdan yosh oqib turgan ekan…
Shukur aka shu so‘zlarni aytgach, qo‘lidagi sigaretdan yana bir-ikki chuqur-chuqur tortib, havoga tutun purkadi-da, o‘rnidan turib menga qo‘l uzatdi:
– Xayr, – dedi men u kishining kaftiga kaftimni qo‘yganimda.
Nima deyishni ham bilmas edim.
Yo‘lakkacha kuzatib chiqdim.
U kishi ketayotib, bir-ikki qadamdan so‘ng ortga burildi-da:
– Kechirasiz… – dedi xijolat chekayotgandek, – savollaringizni qayoqqadir qo‘ygan edim, yodimdan ko‘tarilib yo‘qotib qo‘yibman. – Keyin ohista qo‘shib qo‘ydi: – Menimcha, shuning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak…
Keyin ketdi.
Men Shukur aka qatorlashtirib tuzgan savollarimga yaxlit qilib javob berib ketganini angladim.
Keyinchalik Hamza akaning, suhbat qachon tayyor bo‘ladi, deya qanchalik qistalang qilib so‘rab-surishtirishlari foyda bermadi, bunaqa eng qisqa suhbatni bolalar gazetasiga berishning hech iloji yo‘q edi.

* * *

Bir mahallar uy-joydan qiynalgan, ijarada yashayotgan yosh ijodkorlar uchun ham Do‘rmondagi yozuvchilar bog‘i durustgina panoh bo‘la olar edi. Nega deganda, uyushma a’zosiga bu boqqa yilda bir oyga yaqin tekin yo‘llanma berilar, undan foydalanmaydigan “katta ijodkorlar” yoshlarga hadya qilib yuborishardi. O‘shanda o‘zbek adabiyotining barcha darg‘alarini o‘sha bog‘da uchratish mumkin bo‘lar edi.
– Shu yerga kelib yoza boshlasam ishlarim yurishadi-da, – deya katta-yu kichik birdek e’tirof etishib, buning bejiz emasligini, bu yerda ulug‘ ijodkorlar adabiyot tarixida belgili o‘rinni egallagan katta asarlar yaratishganini, shuning uchun bu muqaddas joyda hamisha ijodiy ruh barqaror ekanligidan gurung qilishardi.
Biz esa ijara pulini tejash uchun iloji boricha imkoniyatdan foydalanib, o‘sha yerda tunab ishga qatnardik.
Shukur Xolmirzayev u yerning muqimboylaridan edi.
Oshxonada u kishi yolg‘iz o‘zi bir stolni band qilib o‘tirardi.
Bir gal kechki ovqat mahali, odatdagidek, faqatgina bosh irg‘ab qo‘ygancha salomlashib kirib keldi-da, joyiga o‘tirgach:
– Shuncha yillik mehnatim haromga chiqib ketdi, – deb qoldi o‘ziga o‘zi so‘zlayotgandek.
Stollarimiz yonma-yon bo‘lgani uchun men u kishining gaplarini eshitib hayron bo‘lganimcha so‘rashga jur’at etdim:
– Nimani aytyapsiz, Shukur aka?
– Romanni… – dedi. – Jurnalda bosilgach bildim, bu mening asarim emas ekan…
So‘z “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan “Yo‘lovchi” romani xususida borayotgan ekan. O‘sha mahal men ham bu asarni o‘qigan edim, garchi muallifning o‘zi endi tan olgisi kelmay turgan bo‘lsa-da, asar baribir zargarona bitilgan, Ustaning qo‘li sezilib turardi.
Biroq biron nima deb u kishining ko‘nglini ko‘tarishga so‘z topa olmadim.
Axir, nima ham deyish mumkin edi?
Unaqa emas, bunaqa degan bilan Shukur akani o‘z fikridan qaytarib bo‘lmaydi, keyin, qolaversa, buning foydasi ham yo‘q.
Nazarimda, Shukur Xolmirzayev aksariyat tengqurlarida bo‘lgani kabi “halol”, ”harom” tushunchalariga jiddiy qarar edi. Biror kishi haqida so‘z ketib, uni maqtamoqchi bo‘lsa ham, eng avvalo:
– Ha, unga hali harom aralashmagan, – deb qo‘yardi “hali” so‘ziga alohida urg‘u bergancha.
Yoki aksincha bo‘lib, birovning olijanobliklari-yu yaxshi ishlar qilishi, bilimdonligi-yu o‘ziga xos salohiyatini qanchalik osmonga ko‘tarmang, Shukur aka iyagini ushlaganicha jiddiy tarzda turib:
– Unga harom aralashgan, – deyishi bilan barcha ijobiy fazilatlarni bir lahzada yo‘qqa chiqarib yubora olardi.
U haromdan shu qadar jirkanib, uni hayot-mamot masalasi darajasida ko‘rgani uchun so‘nggi lahzaga qadar yozishni qo‘ymadi, qalam ushlash uchun ham qalb va qo‘l tozaligi lozimligini chuqur tuygan holda ijod qildi.
Mana, endi o‘z asari haqida gapirayotganda ham shu so‘zni ishlatyaptimi, demak, bu yerda jiddiy bir gap borligi aniq.
Shu choq:
– Assalomu alaykum, – deya zalda o‘tirishgan o‘n-o‘n besh kishining barchasiga bir-bir bosh irg‘agancha yozuvchi Jonrid Abdullaxonov kirib keldi.
Jonrid aka bilan stolimiz bir edi. U kishi mening qarshimga o‘tiryapti-yu ikki ko‘zi Shukur akada. Shukur aka biz tomonga ilkis qarab qo‘yganida Jonrid aka u kishi bilan quyuq so‘rasha ketib qanoat hosil qilgach, keyin men tomonga o‘girilib so‘radi:
– Qalay bo‘lyapti endi?
Shukur aka odatda tezgina ovqatlanib bo‘lib, choy damlangan choynakni ko‘targancha chiqib ketardi.
Bu gal negadir turishga shoshilmasdi.
Buning sababi keyinroq ma’lum bo‘ldi. Shukur aka bizdan ikkita naridagi stolga hammadan kech kelib o‘tirgan ovchi yozuvchi Mavlon Ikromdan nimanidir so‘rash niyatida uning ovqatlanib bo‘lishini kutib o‘tirgan ekan.
Bu orada Jonrid aka ovqatlanib bo‘lib, bir qo‘lida orasiga sariyog‘ solingan ikki burda non, boshqa qo‘lida bir stakan qatiq ushlab:
– Choyni xonada qo‘yamiz, – deganicha o‘rnidan tura boshladi.
Mening hazillashgim kelib:
– Jonrid aka, xurdanash-ku xurdanash, burdanash chize? – dedim.
Jonrid aka hayron bo‘lib:
– Tojiklar nima deyapti? – deb so‘radi.
– Tojiklar yeganing-ku mayli, qo‘lda ko‘tarib olib ketganing nimasi deyapti, – dedim. – O‘zimizdayam gap bor-ku, borgin-kelgin, qolib ketma, yegin-ichgin, olib ketma, degan.
Jonrid aka qah-qah urib kuldi.
– Shuni tojikchasini yozib berasiz, yodlab olaman, – dedi va hozirgacha ko‘rishganimizda so‘zlarning o‘rnini nuqul almashtirib yodlolmay aytib yuradi.
Men Shukur akaga institutni Xo‘jandda bitirganimni, tojiklar bilan yonma-yon yashaganimizni, tojik filologiyasi fakulteti ham qo‘shni bo‘lganini, tojiklar orasida har xil qiziq-qiziq gaplar borligini, hatto Zahiriddin Muhammad Bobur ham “Boburnoma” asarida bunaqa tesha tegmagan iboralarni juda ko‘p qo‘llaganini aytib bera boshlagandim, u kishi so‘zimni bo‘lib:
– Bilaman, – dedi.
Biroz xijolat bo‘lgancha jimidim.
Oraga biroz noqulay jimlik cho‘kkandi, Shukur akaning o‘zi bu sukunatni buzib:
– Pirimqul aka sizlar tomondan-a? – deya so‘radi mendan.
– Ha, u kishining qishloqlarini Kengko‘l deyishadi, – dedim. – Biz orasi ko‘p uzoq bo‘lmagan qishloqlarda yashaymiz, Pirimqul akaning Ko‘chkina degan qishloqda tog‘alari bor… barchasi turkiy qavmlar…
– Bilaman, bilaman, – deya jonlanib qoldi Shukur aka. – Axir, bu Turkiston tizma tog‘larining etaklari-da…
– Shunaqa.
– Qadimda u yerlar Usrushona deyilgan, u yerlarda istiqomat qiluvchilarni usrushonlar deb atashgan, – deya o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek davom etdi Shukur aka, – axir, Aleksandr Makedonskiyning ham o‘sha yerda o‘lib ketishiga bir bahya qolgan-da, unga qattiq qarshilik ko‘rsatganlar ham aynan siz aytayotgan hozirgi Turkiston tizmalarida yashayotgan aholi bo‘lgan… E, yashang…
– Siz bularni qayerdan o‘qigansiz, Shukur aka? – degancha qiziqib so‘rayman.
– Qadimgi yunon tarixchilari bizning o‘lkamiz haqida juda ko‘p yozishgan… Gerodot deymiz… uning to‘rtinchi kitobi boshdan-oyoq biz haqimizda… anavi Strabon, Pliniy, Plutarx… o‘sha zamonlardayam chetdagilar yaxshi bilishgan bizni… Keyin-keyin har xil ishlar bo‘lib ketgan-da. Buxoro amirligi deymiz, Xiva xonligi deymiz… Xiva xonliginiyam hududlari juda ulkan bo‘lgan… e-he…Cho‘qayev yozgan-ku, Oqmachitga o‘ris yetib kelganda Xudoyorxonning nimalar deganini… Burunlari ostidan narini ko‘risholmagan-da…
Shukur aka tarix mavzusida alohida ishtiyoq bilan qizishib gapirardi. Baqtriya, Marg‘iyona hududlari, qadimda hukmdorlik qilgan shaxslar, ularning diniy e’tiqodlari… barcha-barchasi haqida Shukur akadan soatlab saboq olish mumkin edi.
Hozir ham katta qiziqish bilan so‘zlab turganida beixtiyor Mavlon akaning o‘rnidan turayotganiga ko‘zi tushib qolib:
– Mavlon aka, to‘xtang, – dedi.
Mavlon aka shoshilmay biz tomonga o‘girildi.
Zalda uchalamiz qolgandik, xolos.
– Sizdan bir narsani so‘ramoqchiydim, – dedi Shukur aka.
– So‘rang, – dedi Mavlon aka, bu gapdan qandaydir g‘ururlanganday bo‘lib.
– Cho‘chqaning urg‘ochisini nima deb atashadi?
Men hayron qoldim.
Qandaydir jiddiyroq narsa bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.
Keyin miyamda bu savolga javob topmoqchi bo‘lib urina boshladim, qurg‘ur hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman-a, qancha uringanim bilan bu harakatning foydasizligini sezdim.
Mavlon aka ham o‘ziga xoslik bilan:
– Ob-bo!.. – dedi qiroat qilayotgandek.
“Mavlon aka ham bilmaydi, shekilli”, deb o‘yladim.
Mavlon aka yana:
– Yovvoyisinimi yo… – deya so‘z boshlayotganida Shukur aka u kishining nima savol bermoqchi bo‘layotganini fahmlab:
– Yovvoyisini, yovvoyisini, – deya takrorladi.
Endi Mavlon aka ham qiziqib:
– Tabiat haqida yana biron narsa yozyapsizmi? – deb so‘radi.
– Ha-da! – dedi Shukur aka. – Shunga so‘rayapman-da, shunga kelganda taqalib qoldi-da.
– Hikoyami?
– Bilmadim… keyin ma’lum bo‘ladi.
– Yozib bo‘lganingizdan keyin menga ham bir o‘qitib oling.
– Xo‘p, aytganingizni qilaman…
– Unda aytaman, Shukurvoy, yovvoyi cho‘chqaning urg‘ochisini yozsangiz urg‘ochi deb yurmang, megajin deya qoling…
– Vo-o! – deb yubordi Shukur aka.
– Ba’zilar “sigirning bolasi”, erkak eshak, ayol echki deganday palapartish bo‘lmag‘ur so‘zlarni bemalol ishlatib yuborishaveradi, – dedi kuyunganday bo‘lib Mavlon aka, – mana, siz katta yozuvchi bo‘la turib ham so‘rashdan or qilmaysiz. Bundan buyon ham parranda-darrandalar haqida, hayvonotga oid biron-bir savol tug‘ilgudek bo‘lsa bemalol so‘rayvering, Shukurvoy, sizdan gonorar talab qilmaymiz, – deya hazillashib Mavlon aka zaldan chiqa boshladi.
Biz u kishiga ergashdik.

* * *

Bir gal yarim tunda, soat bir-ikkilar bo‘lsa kerak, xonamning eshigini kimdir ohista taqillatdi. Ko‘zim endi uyquga ilingan edi, turib borib eshikni ochib qarasam – Shukur aka!
– Uxlamadingizmi? – dedi jilmayib.
Shosha-pisha ko‘zlarimni uqalab:
– Yo‘q, – dedim.
– Mening xonamga chiqing.
– Xo‘p.
Shukur aka ketdi. Men bo‘lsam, turli o‘ylarga borgancha kiyinib chiqdim. Ilhom parilarining osudaligini buzmaslik uchun bo‘lsa kerak, yo‘lakda na tiq etgan tovush eshitilar, xonalarda na yilt etgan nur ko‘rinar, barcha orom og‘ushida edi.
Shukur akaning xonasi tepa qavatning eng oxirida edi. Men asta qadam bosgancha Shukur akaning xonasiga yetdim. Xona eshigi qiya ochiq edi. Sekingina chertdim.
Ichkaridan Shukur akaning:
– Kiravering, – degan o‘ktam ovozi eshitildi.
Kirib borsam, odatdagidek, saranjom-sarishta xona o‘rtasidagi stol usti orasta tuzalgan, meva-cheva, yeguliklar qo‘yilgan… nima desamikan, yarmidan ozrog‘i ichilgan aroq shishasi ham bu nozu ne’matlar o‘rtasida ko‘rinib-ko‘rinmayroq turardi.
Shukur aka sigaretni obdon burqsitib o‘tkiridan, “Astra” degan filtrsizidan chekardi, filtrli sigaretlarni ham pisand qilmayotgandek filtrini tishi bilan uzib tashlab chekardi, bu harakati bilan ham go‘yoki oliftagarchilikni yoqtirmasligini pesh qilayotgandek bo‘lib tuyulardi. Shu sababli bo‘lsa kerak, derazalar lang ochiq, xonaga sal-pal junjiktiruvchi bo‘lsa-da, tunning yoqimli havosi tashqaridan ufurib turardi.
– O‘tiring, – dedi Shukur aka joy ko‘rsatib.
Men uning aytganini qildim.
Lekin hamon bu bemavrid taklifning sababini bilmasdim.
– Bugun Parkentdan universitetda birga o‘qigan akamiz keluvdi… Asom aka degan, – so‘z boshladi Shukur aka qandaydir begona narsalar haqida gapirayotgandek o‘ta xotirjamlik bilan. – Siz u kishini tanisangiz kerak… bolalar uchun she’rlar ham yozadi… Shu-u… yoshlari bizdan katta bo‘lsa-da, hurmatimizni hozirgacha qilib yuradi, oqibatli odam… Birga o‘tirib talabalik yillarimizni eslashdik, – Shukur aka stolga ishora qilib qo‘yib, – qittay-qittay ham qildik… Bir mahal eshik taqillab sizlarning qavatdagi shoir og‘amiz kelib qoldi-ku, – Shukur aka o‘rnidan turib deraza rafidagi guldonni ko‘tarib keldi, guldonga gul o‘rniga har xil dasht o‘tlari, buta shoxchalaridan solib qo‘ygan, ular qurib-qovjiray boshlagani bilan o‘z iforini yo‘qotmagandi.
Shukur aka ular orasidan binafsharang bargchalari quvray boshlagan kichkina shoxchani ko‘rsatib:
– Siz shuning nomini bilasizmi? – deb so‘radi.
Bu toshloqlarda, soylarda o‘sadigan abro‘k degan hidi o‘tkir butaning shoxchasi edi.
– Abro‘k, – dedim.
– Yashang, – Shukur aka suyundi, – choyga ozgina gulini maydalab qo‘shib yuborgandim, haligi shoir og‘amiz bu gulobmi deb so‘radi, – Shukur aka qah-qah urib kuldi, – gulobni qayerdan bilarkan, hayronman… Keyin shu abro‘kni ko‘rsatsam hayron bo‘ldi, hidi zo‘r ekan dedi, lekin abro‘kligini bilmadi… Buni-ku qo‘ya turing, bir mahal nima deydi deng… Aytadiki, shu-u Qodiriyni o‘qiyapman, aytganlaricha bor ekan-da, zo‘r yozuvchi ekan-da, deydi… E, omon bo‘ling-e og‘a, oltmishga kirganda shu narsani kashf qilgan bo‘lsangiz, endi Sholoxovni ham o‘qishingiz kerak ekan, dedim… U kishi bo‘lsa, Shukurjon, mabodo sizda Sholoxovning kitoblari bo‘lsa, berib turing, o‘qib bo‘lib qaytib beraman, deydi, kinoyamni tushunmabdi…ana-a sizga!
– Asom aka abro‘kni tanigan bo‘lsalar kerak? – deb so‘radim Shukur aka erinmay guldonni yana o‘z joyiga olib borib qo‘yayotganida.
– Ha, albatta, Parkentdayam o‘sadi-da, Asom aka tabiatni sevadigan odam, bilib yuradi. Shu-u…o‘zi, bolalar shoirlari tabiatga ko‘proq yaqin bo‘lishadimi deyman-da, men Quddus Muhammadiyni ham yaxshi ko‘raman, toza odamlar-da. Shunaqa qilib, haligi shoir og‘amiz Sholoxovni topib albatta o‘qishim kerak ekan, deganicha bir-ikki soat o‘tirib ketdi, boshqa hech kim bezovta qilmadi, Asom aka bilan gurunglashib o‘tiraveribmiz-da, halizamon ketdi-da, shuncha qoling deb qistasam ham unamadi, pastga kuzatib tushdim. Qarangki, u mashinada kelgan ekan, haydovchisi kimligini surishtirib o‘tirmadim-u, ammo, uning Asom akaga sodiqligiga qoyil qoldim. Shuncha vaqt kutibdi. Keyin ham uyqum kelmadi, sizni bezovta qilganim shundan, – Shukur aka shishaga ishora qilib, – endi oz-ozdan quysangiz, gaplashib o‘tiribmiz-da, – dedi.
Ertasi dam olish kuni edi.
Shukur akaning aytganini qilib, ishora bergan mahalida oz-ozgina quyib, so‘zlashib o‘tiraveribmiz.
Bir mahal deraza orti yorishib kelayotganini payqadik.
Shukur aka o‘rnidan turib deraza oldiga bordi.
Qiya ochiq derazalarning pardasini bir chetga surib, ularni lang ochib yubordi.
Tashqariga tikilganicha gap-so‘zsiz o‘z o‘y-xayollariga berilib, uzoq vaqt turib qoldi.
Tongga qadar Shukur aka hayot, adabiyot, ko‘rgan-kechirganlari, safarlari, diliga yaqin odamlar… boringki, turli mavzularda juda qiziqarli xotiralarni aytib bergandi.
Endi bo‘lsa deraza oldida oqarib kelayotgan tongga chuqur o‘y-xayollar og‘ushida termilganicha tevarak-atrofni unutib qo‘ygandek bir holda turibdi.
Balki bugungi uchrashuvlar, suhbatlar taassurotida nimalardir esiga tushib qolib, yozajak biron bir asarining g‘oyasi tug‘ilayotgandir?
Balki yana bir tong ortda qolayotgani, inson umri yugurik suvdek o‘tib ketayotgani uning xayolidan kechayotgandir?
Balki, u o‘z hayotiga nazar tashlayotgandir?
Buni biz bilmaymiz.
Ammo biz Ustaning sermashaqqat mehnati evaziga tiklangan muhtasham asarlarini bilamiz, bu asarlarning qahramonlari naqadar tanti va mard ekanliklaridan qoyil qolamiz. U o‘ziga xos adabiy aholi yaratib, o‘zbek xarakterining betimsolligini namoyon etgani uchun g‘ururlanamiz, u soxta shon-shuhrat, obro‘-izzat talab qilmasdan oldiga ulug‘vor vazifa qo‘ygancha, mana shunaqa bo‘ladi, deya o‘zligini ko‘rsata olganidan, shunday farzandni bergan xalq boqiyligidan ko‘ksimiz ko‘tariladi.

* * *

Bog‘da istiqomat qilayotganlar ko‘pincha ertalablari sportchilardek kiyinib yugurishar, sport mashqlarini bajarishar, ovqatdan keyin ham sayr etishni kanda qilishmasdi.
Shukur aka uchun bunaqa odatlar yot edi.
U kishi tashqariga chiqsayam ko‘p uzoqlamay, boqqa kiraverishdagi ulkan arg‘uvon ostida tik turgancha birpas xayol surib sigaret chekardi-da, keyin tez-tez yurib xonasiga kirib ketardi.
Arg‘uvon gullagan paytda odatdagidan ko‘ra ko‘proq chiqardi.
Bir gal kechki ovqatdan keyin Shukur aka har doimgidek choy damlangan choynakni ko‘tarib xonasiga chiqib ketarkan:
– Hozir tushaman, – dedi.
Shukur aka shunday deb, indamay tepaga chiqib ketdi.
Men u kishining gapini, kutib turing, mazmunida tushunib, kuta boshladim.
Shukur aka ko‘p kuttirmay qaytib tushdi.
– Yuring, – dedi.
O‘zi yo‘l boshladi.
Men ergashdim.
Shukur akaning qayerga bormoqchi bo‘lganini, maqsadi nimaligini so‘rab ham o‘tirmadim – nima bo‘lsa, ko‘raveramiz-da.
Shukur aka odatiga xilof ravishda bog‘dagi alohida kottejlar yonidan o‘tadigan yo‘ldan yura boshladi.
U uch-to‘rt kottej oldidan indamay o‘tdi-da, ichkarida chiroq yonib turgan bittasi oldida to‘xtab:
– Ibrohim aka uydalar, shekilli, – dedi oqsoqol yozuvchi Ibrohim Rahim haqida so‘z boshlab. – Siz u kishining asarlarini o‘qiganmisiz?
– Ha… ayrimlarini.
– Men o‘qimaganman, to‘g‘risi, o‘qiyolmaganman, – dedi Shukur aka endi bu haqda mulohaza yuritib o‘tirmaylik degandek, – lekin bu odam ulug‘ odam, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Inson sifatida demoqchisiz-da?
– Inson sifatida ham bahosi yo‘q. Men “Guliston” jurnalida shu odamning qo‘lida ishlaganman, – dedi Shukur aka nimalarnidir xotirlayotgandek, – bosh muharririmiz edi… Jasoratiga qoyil qolganman. Mana, hozir hamma birdek “unaqa jafo ko‘rganman, bunaqa ishlar qivorgim kelgan” deb ayyuhannos ko‘tarishadi. Yov qochgach, botir ko‘payadi, deyishadi-ku. Ammo, bu kishi bir og‘iz ham minnat qilmadi-ya. Yo‘qsa, o‘shanda, sho‘roning tazyiqi eng kuchaygan kezlarda Ibrohim aka qo‘rqmasdan shartta “Temur tuzuklari”ni jurnalda berdirtirib yuboruvdi, biz ham qanaqa bo‘larkin deb turganmiz, o‘zim javob beraman, tayyorlanglar degan-a… Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asariyam shu kishining daldasi bilan chiqib ketgan, uniyam chiqarishga o‘sha paytlarda ancha-muncha odamning yuragi betlamasdi, – Shukur aka yana uyga qarab qo‘yib, – hozir kirib borsak juda quvonib ketsa kerak, juda mehmondo‘st-da Ibrohim aka, – deb qoldi.
– Eshikni taqillataymi? – dedim.
– Yo‘q, boshqa safar… biron vaqt kunduz kuni kelamiz… – dedi Shukur aka yana yo‘l boshlab.
Saranjom-sarishta bir kottej oldida to‘xtab:
– Bu yerda sizning hamshaharingiz Pirimqul aka yashaydi, – dedi.
– Bilaman.
– Shu-u… Pirimqul akaning mehnatkashligiga qoyil qolaman-da, – dedi Shukur aka so‘zni endi Pirimqul Qodirovga burib, – mana shu kottejlarda hammayam ijarada turadi, lekin Pirimqul aka hovliga astoydil qarab, gullatib o‘tiradi, ana-a, qarang, yo‘l chetlariga ham bir nimalarni ekib, ko‘kartirib qo‘ygan. – Shukur aka sigaret tutatib olib, davom etdi: – Men Pirimqul akani juda muloyim, birovga qattiq gapirmagan odam deb o‘ylab yurardim…
– Haqiqatdan ham shunaqa-da.
– Shu kishining bir gal qattiq jahli chiqqanini ko‘rganman, – dedi Shukur aka, – uning “Yulduzli tunlar” romanini katta bir yig‘inda katta bir olim (Shukur aka uning otini aytgan edi, ayrim mulohazalarga borgan holda bu yerda keltirishni lozim topmadim Sh.B.) yuqorining topshirig‘i bilan asossiz tanqid qilib qoldi-ku… Yana o‘sha eski gaplar: “ Bobur shoh bo‘lgan, uni qanaqa qilib maqtash mumkin” deganday gaplar… Tepada o‘tirganlar ham, pastda o‘tirganlar ham – hamma bilib turibdi u nima uchun bunaqa deyayotganini. U olim ham o‘zining gapini aytayotgani yo‘q. U yerda har xil gaplar bo‘ldi, mayli, ularni aytib o‘tirmay. Oxirini eshiting, yig‘in ham tugadi, haligi olim ham topshiriq asosida tanqidining asossiz ekanligini bilganmi, ishqilib, hamma tashqariga chiqayotganda Pirimqul akaning qarshisiga kelib ko‘rishish uchun qo‘lini uzatsa bo‘ladimi? Voy, tovba, juda g‘alati xalqmiz-da, a? Pirimqul aka unga g‘azab bilan bir qarab qo‘ydi-da, bor-e, deya jerkiganicha yaxshigina so‘z aytib so‘kindi-da, uning qo‘lini qayirib tashladi. Pirimqul akaning so‘kinganini shunda birinchi marta eshitganman. Boshqa odam bo‘lganda “pazor” bo‘lib yerga kirib ketardi, uyam hech nima bo‘lmagandek ketib boryapti qarasam… Vey, qizig‘ odamlar-da… Pirimqul akaning jasoratiga o‘shanda qoyil qolganman, ichimda maqtab, o‘zimcha yashang, deb qo‘yganman.
– Pirimqul akanikiga kirish niyatingiz yo‘qmi? – deb hazillashdim.
– Yo‘q, yo‘q, yuring, – deya u yana yo‘l boshladi.
Shu tariqa u uyning oldida ham, bu uyning oldida ham to‘xtab, Shukur aka ijodkorlar haqida har xil bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib berardi. Ba’zilarini o‘zi ham tanqid qilib qo‘yardi. Lekin, baribir, Shukur akaning hikoya yo‘sinidan shu narsa sezilardiki, u o‘zi mansub bo‘lgan katta o‘zbek adabiyotining taraqqiyotiga ijodi bilanmi, ijtimoiy faoliyati bilanmi hissa qo‘shganlarni ich-ichidan hurmat qilar, ularning qadrini bilar, ulug‘lar edi.
Biz shu tariqa aylanib yurib, bir mahal O‘lmas Umarbekov yashayotgan uyning oldiga kelib qoldik.
Shukur aka bo‘ynini cho‘zib hovliga mo‘raladi-da:
– Umarbekov uyda, – dedi.
– Kiramizmi?
– Ha, – Shukur aka bir zum nimanidir mulohaza qilib o‘ylanib qoldi-da, so‘ngra, shaxdam yurdi.
O‘lmas Umarbekov tashqarida stol qo‘yib o‘tirgan ekan.
Uzun-qisqa bo‘lib kirib borayotganimizni ko‘rib u darhol o‘rnidan turib, bizga peshvoz kela boshladi.
Ular ikkalasi ming yil ko‘rishmagan qadrdonlardek bir-birini obdon bag‘riga bosishib ko‘rishishdi.
Men hali hech O‘lmas Umarbekov bilan yuzma-yuz bo‘lmagan edim.
Shukur aka bilan ko‘rishib bo‘lgach, u menga ham quchoq ochdi.
Ikkalamiz quchoqlashib ko‘rishib turganimizda Shukur aka bizni tanishtirib qo‘yishga ham ulgurdi.
O‘lmas aka oilasidagilarga ishora bergandi, darhol stol ustiga das­turxon yozildi.
O‘lmas aka tomog‘ini o‘rab bog‘lab olgan, ovozi chiqmas, fikrini imo-ishoralar bilan anglatar edi. Uning yuz-ko‘zlarida bizning kirib kelganimizdan nihoyatda xursand bo‘lganligini bildiruvchi ifodalar barq urib turardi.
Dasturxonga chiroyli karjlangan tarvuz keltirildi.
– Shu bo‘ladi, – dedi Shukur aka.
O‘lmas aka qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, rahmat, ishorasini qildi. Keyin yana imo-ishoralar bilan sizlar bemalol, deganday dasturxonga peshma-pesh keltirib qo‘yilayotgan noz-ne’matlardan olib o‘tirishga qistadi.
Shukur aka kirib kelishi bilan bu xonadonda o‘zgacha xatti-harakatlar boshlanib qolganidan sezdimki, O‘lmas Umarbekov va uning oila a’zolari Shukur Xolmirzayevni hurmatini joyiga qo‘yishga intilishar ekan.
Shukur aka baland-baland tovushda so‘zlar, O‘lmas aka mayin tabassum qilgancha uni diqqat bilan tinglar, o‘rni kelganda o‘zi ham imo-ishoralar qilar, biz uning nima demoqchi bo‘lganini darhol fahmlab olar edik.
Shu tariqa vaqt allamahal bo‘lguncha o‘ziga xos adabiy gurung davom etdi.
Axiyri, biz ketishga izn so‘radik.
O‘lmas aka imo-ishoralar bilan uzoqlashib ketmanglar, men shu yerdaman, xohlagan vaqtlaringizda kelaveringlar, deya bizni tashqariga kuzatib chiqdi.
Shu uchrashuv asnosida payqadimki, Shukur Xolmirzayev bilan O‘lmas Umarbekov havas qilgulik do‘st bo‘lishgan ekan.
Ular bir-birlarining hurmatini joyiga qo‘yishar ekan.
Bu ikki katta ijodkor do‘stligining zamirida adabiyotga muhabbat, insoniy sifatlarni ulug‘lash, bir avlod vakillari sifatida bir-birining qadrini juda yaxshi bilish, bir-birini to‘g‘ri tushuna olish his-tuyg‘ulari bo‘lganligi shubhasizdir.
O‘lmas Umarbekovning asarlari bilan tanish esam-da, Shukur akaning sharofati tufayli o‘shanda uning o‘zi bilan ilk marta yuzma-yuz ko‘rishgan edim.
Afsuski, so‘nggisi ham shu bo‘lgan ekan.

* * *

O‘zbekiston radiosi bosh rejissyori Rahmat Jumayev shinavanda, adabiyotni yaxshi biladigan, shoir-yozuvchilarni ko‘rsa, avliyoga duch kelgandek quvonib ketadigan ijodkorlardan edi. Hozirga qadar radioning oltin zaxirasida Rahmat Jumayevning zamonaviy va mumtoz o‘zbek adabiyotidan, jahon adabiyotidan o‘nlab radiointsenirovkalari, radiopesalari saqlanadi, vaqti-vaqti bilan efirga uzatib turiladi. Shu kishining ham Shukur akaga mehri bo‘lakcha, uning yangi asar yozishini kutib yurar, hali bo‘yog‘i qurimasdan qo‘lga kiritar va xursand holda bizning “Adabiyot va radioteatr” deb atalgan muharririyatimizga kirib kelib:
– Shukur akadan yangi asar undirdim, – deb suyunchi olar edi.
O‘shanda men bosh muharrir edim. Bizga qo‘yiladigan o‘ziga xos talab­larni nazarda tutib:
– Qani, avval bir o‘qib ko‘raylik, – desam, Rahmat aka shoshqaloqlik bilan:
– Bilasiz-ku, Shukur aka yomon yozolmaydi, rejaga kiritavering, men ishni boshlayveray, keyin o‘qiyverasiz, – derdi.
Muallif bo‘lsa, qorasiniyam ko‘rsatmas, Rahmat aka uning radiodagi muxtor vakili kabi ish yuritardi.
Shukur Xolmirzayevning “Bulut to‘sgan oy” hikoyasini ham Rahmat Jumayev shu tariqa undirib keldi.
Hikoya barchaga yoqdi.
Rahmat Jumayev ishga kirishib ketdi. U aktyorlarni xonasiga chaqirib olib, soatlab repetitsiya o‘tkazar, ovoz rejissyori bormi, bastakor bormi – barchasini avvaldan belgilab, asarni o‘qib chiqishga majbur qilar, asar haqida ular bilan bahslashar, ko‘ngli to‘lgach, studiyaga band qilib magnit tasmasiga yozib olishga kirishar edi.
Rahmat Jumayev bir kuni:
– Bo‘ldi! – dedi.
Boshqa tashvishlar bilan yurganim uchunmi, yodimdan ko‘tarilgan ekan:
– Nima bo‘ldi? – deb so‘radim.
– E, omon bo‘ling-e?! – dedi Rahmat aka xafalangandek. – Men bir oydan beri kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlab yotsamu siz bo‘lsangiz…
Miyamga darhol “Bulut to‘sgan oy” urildi.
– Muallifniyam xabardor qildingizmi? – deb so‘radim o‘zimni uning ginasini eshitmaganga olib.
– Shukur aka ertaga keladi, mening xonamda avval uchchalamiz eshitib ko‘raylig-a, fikrlar bo‘lsa aytarsizlar, keyin badiiy kengashga topshiramiz, – dedi Rahmat aka.
Men uning fikrini ma’qulladim.
Rahmat Jumayevning hamisha antikvar narsa-buyumlarni yig‘ib yuradigan odati bor edi. Biron joyda shunaqa narsalarni ko‘rsa, beixtiyor ko‘zi yonar, iloji bo‘lsa, qo‘lga kiritish payiga tushardi.
Aytilgan vaqtda uning xonasiga bordim.
Shukur aka shu yerda ekan.
Ko‘rishdik.
Rahmat Jumayev iltifot bilan antikvar chinni idishchalarga antikvar kumush qoshiqchalar solib hammamiz uchun qahva tayyorlab, oldimizga qo‘yarkan:
– Xitoy chinnisidan, – deb qo‘ydi.
Shukur aka unga bir qaradi-yu, indamadi, lekin qahvaga ham qo‘l uzatmadi.
Rahmat aka magnitofon klavishini “bismillo” deb bosdi.
Magnitofondan diktorning o‘ktam ovozi eshitildi: “Toshkentdan gapiramiz! “Bugun radioteatrda” turkumidagi adabiy-badiiy eshittirishimizni boshlaymiz. Sizlarni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Bulut to‘sgan oy” hikoyasi asosida tayyorlangan radiopostanovkani tinglashga taklif etamiz…”
Shundan so‘ng asar voqealari boshlanishidan oldin musiqa yangraganida Shukur aka u yoq-bu yoqqa alanglab:
– Cheksam bo‘ladimi? – deb so‘radi.
Rahmat Jumayev uning oldiga antikvar billur kuldon qo‘yayotib:
– Faqat sizgagina ruxsat, – deya men tomonga qiya qarab qo‘ydi.
Men o‘zimni uning so‘zini eshitmaganga oldim.
Rahmat Jumayev qimmatbaho antikvar sigaretning yaltiroq qutisini ochib, qutining ortiga chertgandi, ikki-uchta sigaretning boshchalari “rostlan” buyrug‘ini eshitgan askarlarday qutidan chiqib keldi.
Rahmat aka qutini Shukur aka tomonga uzatib:
– Marhamat! – dedi.
Shukur aka bir Rahmat akaga, bir uning qo‘lidagi sigaret qutisiga qarab qo‘ydi-da, paltosi cho‘ntagidan “Astra” sigareti qutisini chiqararkan:
– Rahmat, – dedi va o‘zinikidan bitta xashaki sigaret chiqazib labiga qistirdi.
Antikvar sigareti rad etilgan Rahmat Jumayev endi darhol antikvar chaqmog‘ini Shukur akaning tumshug‘i ostida yoqishga oshiqdi. Chirs etgan nozikkina tovush eshitildi-yu, chaqmoqdan alanga ko‘tarildi, xayriyat, Shukur aka bu gal rad etmay undan sigaretini tutatib oldi.
Shu mahal musiqa tugab, taniqli aktyorlar ijrosida “Bulut to‘sgan oy” hikoyasi asosidagi radiopostanovkaning asosiy qismi boshlandi.
Ikki soat davomida Shukur aka miq etmay iyagini ushlaganicha diqqat bilan quloq solib o‘tirdi. U ahyon-ahyonda stol ustida yotgan “Astra” qutisiga qo‘l cho‘zar, shunda Rahmat Jumayev ham chaqqonlik bilan antikvar chaqmog‘ini nozikkina chirsillagan ovoz chiqazdirib alangalatardi.
Asar yakunlanayotganda Shukur aka qahvadan bir-ikki ho‘plab qo‘ydi.
Nihoyat, radiopostanovkani eshitib bo‘ldik.
Rahmat Jumayev o‘ziga ishongan rejissyor bo‘lsa-da, qandaydir hayajonlanayotganini ham bildirib qo‘ymoqda edi.
Uning ikki ko‘zi Shukur akada: qani, nima derkan?
Shukur aka indamay o‘rnidan turdi.
“Astra” qutisini ohista cho‘ntagiga solarkan:
– Men radiodagi ishlarni ko‘pam tushunavermayman, – dedi.
Iya, bu yog‘i qanday bo‘ldi?
Qanchadan-qancha asarlari radiolashtirilgan yozuvchi bu bilan nima demoqchi?
Rahmat aka menga, men Rahmat akaga qaradik.
– Televideniyening ishlariniyam ko‘p tushunmayman, – dedi Shukur aka.
Nazarimda, u bir nima demoqchi-yu gapni uzoqdan boshlayotganga o‘xshab ko‘rindi.
– Lekin bitta narsani bilaman, – dedi Shukur aka. – Antik davrda ham zo‘r asarlar sahnada qo‘yilgan… Bular ham zamonaviy sahnalar-da, o‘zimga bunchalik ta’sir qiladi deb o‘ylamovdim, – Shukur aka Rahmat akaning yelkasiga ohista qo‘l tashlab, – eplabsiz, – deb qo‘ydi.
Rahmat Jumayevga shuning o‘zi kifoya edi.
U hikoyaning o‘zi zo‘r yozilganini, unda yangicha munosabatlar ifodalanganini gapira boshlagandi, Shukur aka bu gaplarni o‘ziga yaqinlashtirishni istamayotgandek qo‘lini cho‘zib:
– Xayr, – dedi.
– E, nimalar deyapsiz? – dedi Rahmat aka qo‘rqib ketgandek. – Sizni kuzatib qo‘yishga imkon topamiz… Shunday katta yozuvchi radioga keladi-yu katta rejissyor kuzatib qo‘ymaydimi?
Rahmat akaning bu gapidan Shukur akaning yuz-ko‘ziga tabassum yugurdi.
– Xo‘p, – dedi qarshilik qilmay.
Rahmat Jumayev va Shukur aka bilan quyi qavatga tushib, tashqariga chiqdim.
Ular ikkalasi bir tomonga ketishdi.
Meniyam taklif etishgandi, ba’zi bir zarurroqdek ko‘ringan yumushlarimni bahona qilib, uzr so‘radim.
Ortga qaytayotsam, radioga kiraverishdagi eshik og‘zida kimdir birov meni chaqirganday bo‘ldi.
O‘girilib qaradim.
Uch-to‘rt odim narida Jo‘rabek aka degan tanishimiz, shoshmang, degandek qo‘lini silkitib, men tomonga tez-tez yurib kelmoqda edi.
Men to‘xtadim.
Jo‘rabek aka yetib keldi.
Quyuq so‘rashdik.
Jo‘rabek aka boshi bilan boyagi hamsuhbatlarim ketgan tomonga ishora qilib:
– Shukur Xolmirzayevmidi? – deb so‘radi.
– Ha, Shukur Xolmirzayev edi.
– Siz u kishini yaxshi taniysizmi?
– Ancha-muncha.
– So‘zingiz o‘tadimi?
Sal-pal g‘ashim keldi.
– Endi, u kishi ustoz yozuvchi bo‘lsa, – dedim, – mening so‘zimga emas, o‘zining fikriga suyanadi.
– Yo‘q-yo‘q, siz noto‘g‘ri tushunmang, – dedi Jo‘rabek aka shosha-pisha. – Men aytmoqchiydimki… shu kishining qo‘llarini bir ushlasak… bir piyola choyga taklif qilsak.
– E, shunaqa demaysizmi?
– Shu-da.
– Choyga qayerga taklif qilmoqchisiz?
– Uyga-da… bolalar ham ko‘rishsin, keyin faxrlanib yurishadi.
– Mayli, aytib ko‘raman.
– U kishi nima desalar shu, – dedi Jo‘rabek aka quvongancha.
Ertasi kuni qo‘ng‘iroq qilib Jo‘rabek akaning taklifini aytgandim, Shukur aka biroz o‘ylab turib:
– Vrach dedingiz-a? – deya qaytalab so‘radi.
– Ha, vrach, – dedim Shukur akaning to‘satdan, yo‘q, borolmayman, degan gapining oldini olish uchun, – sizning astoydil muxlisingiz ham, – deb qo‘shib qo‘ydim.
Nazarimda, Shukur aka keyingi gapimga unchalik e’tibor bermadi.
– O‘zingiz ham borasizmi? – deb so‘radi.
– Albatta.
– Qachonga?
– Vaqtini siz belgilaysiz.
– Indinga soat beshda, bo‘ladimi?
– Xo‘p.
Jo‘rabek akaga qo‘ng‘iroq qilib, Shukur akani rozi qilganim haqida suyunchi so‘radim.
– Mashina yuboraymi? – dedi Jo‘rabek aka ham quvonganicha. – Mehmonning yoniga yana kimlarni chaqiray? O‘n besh-yigirma kishiga joy qilsam bo‘ladimi?
– Voy-bo‘… to‘y qilyapsizmi? Ko‘pchilikni yig‘mang, Shukur aka xokisorlikni yoqtiradigan odam.
– Mayli-mayli, baribir besh-o‘n odam yig‘iladi-da, – dedi hamon o‘zinikini ma’qullab Jo‘rabek aka. – Demak, beshda chiqsalaringiz besh yarimlarda yetib kelarsizlar-da. Biz Chilonzor tomonda turamiz, sizlarda ishlaydigan Abduqayum uyimizni biladi, aytib qo‘yaman, tashkil qilib olib keladi.
– Xo‘p, kelishdik.
Shukur aka va’dasini aniq bajaradigan odam edi. O‘sha kuni o‘n daqiqa kam beshda xonamga qo‘ng‘iroq qilib:
– Men keldim, – dedi.
Darhol ishni yig‘ishtirib pastga tushdim.
Abduqayum ham xonanda Rustam Abdullayevning “Kombi” degan mashinasida yetib keldi.
– Rustam akaga torniyam oling dedim, – dedi Abduqayum. – Zarur bo‘lib qolsa bir-ikkita qo‘shiq ham davraga zeb beradi-da.
– Bir o‘q bilan ikki quyonni uribsiz-da, – dedim Rustam akaning haydovchi ham bo‘lib kelganini nazarda tutib.
Abduqayum qiqirlab kuldi.
Shukur akani oldinga o‘tqazdik.
Abduqayum bilan men orqada. Abduqayum bo‘ynini Rustam aka tomonga cho‘zgancha yo‘l ko‘rsatib bordi.
Jo‘rabek aka elburutdan bashorat qilganidek, roppa-rosa soat besh yarimda u yashaydigan ko‘p qavatli uyning pod’ezdiga yetib keldik. U yerdagi manzarani ko‘rib, men bu yerda boshqa biron tadbir ham bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Nega deganda, pod’ezd oldida bir xil atlas ko‘ylakdagi to‘rt-besh qizaloq non va tuz ushlab turishardi. Orqaroqda boshqa odamlar ham to‘planishgan edi.
Biz mashinadan tushdik.
Jo‘rabek aka lapanglaganicha bizga peshvoz yugurib keldi.
U hammamiz bilan bir-bir quchoqlashib ko‘risha ketdi. Mening qulog‘im ostiga esa nuqul:
– Rahmat, rahmat, – der edi.
Uning qattiq hayajonlanayotganini payqadim.
Endi qaysi tomonga yuramiz, degandek bir-birimizga qaragan edik, Jo‘rabek aka Shukur akani qo‘ltiqlab tikka non-tuz tutib turgan atlas kuylakli qizaloqlar tomon boshladi.
Ular ham non-tuz tutgancha bir ovozdan:
– Xush kelibsiz! – deyishdi.
Shukur aka biroz xijolat chekkandek indamay non-tuz totingan bo‘ldi, ishqilib, g‘ashi kelib qolmasin-da, degan xavotirda mening yuragim taka-puka. Uning harakatlarini biz ham takrorlaganimizdan keyin Jo‘rabek aka pod’ezd tomon yo‘l boshladi, uchinchimi-to‘rtinchimi qavatda turar ekan, tavba, chiqa-chiqquncha zinalarga cho‘g‘dek gilam to‘shalgan edi, o‘zi shunaqamikan desam, keyinchalik bilishimcha, Shukur akaning kelishiga atay poyandoz yozdirgan ekan.
Ana-a, hafsala!
Jo‘rabek akaning uyiga kirdik.
Kenggina zal o‘rtasida yonma-yon qo‘yilgan xontaxtalarga umumiy qilib dasturxon to‘shalgan, dasturxon ustida yo‘q narsaning o‘zi yo‘q edi, bir so‘z bilan aytganda, dasturxon juda to‘kis bezatilgan edi.
Shukur akaning hurmati uchun uning yoniga chaqirilgan qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish mehmonlar sipo bo‘lib turishardi.
Ular, o‘ting, o‘ting deyishib, Shukur akani eng to‘rga o‘tkazishdi.
Shukur akani yig‘ilganlarga tanishtirishning hojati bo‘lmadi, qolganlar asta-sekin bir-birlari bilan tanishib olaverishdi.
Oz-ozdan araq ham qo‘yildi.
– Aylanayin, siz Qashqadaryodan-a? – deb so‘rab qoldi Shukur aka bir mahal Jo‘rabek akadan.
Mezbon sifatida poygakda cho‘k tushib o‘tirgan Jo‘rabek aka savolga javob berish uchun “dik” etib o‘rnidan turayotgandi, Shukur aka qo‘li bilan ishora qilib:
– E, o‘tiravering, – dedi.
Jo‘rabek aka negadir terlab-pishib joyiga o‘tirarkan:
– Ha, – deganicha Shukur akaning savoliga kalta javob qaytardi.
– Vrachman deng?
– Shunaqa… kardiologiya bo‘yicha.
– Chexov ham vrach bo‘lgan, Bulgakov ham, – dedi Shukur aka nimalarnidir eslagandek bo‘lib. – Chexov – zo‘r yozuvchi. Bu behuda emasdir, a? Ob’ekt baribir inson-da. San’at yo‘lida Leonardo da Vinchi plastik anatomiyaga ham asos solganidan xabaringiz bormi?
– Ha, – dedi Jo‘rabek aka murakkab savol tushib qolishidan qo‘rqqan talabadek boshini egib.
– U yigirma sakkizta o‘likni yorib, inson tanasidagi tolalarni o‘rganganidan shunday fan kelib chiqqan, – davom etdi Shukur aka. – Demak, san’atda ham aniqlik lozim ekan. Tolstoy bobo, hatto, san’atda fandagidan ko‘ra ko‘proq aniqlik kerak, deb aytgan. Innankeyin, u musiqaga ham jiddiy qaragan. Qadimgi Xitoyda har qanday odamning qo‘liga musiqa asbobini tutqazish ma’n etilgan degan, san’at turlari ichida musiqa odamni tezda yo‘ldan chiqaradi degan…
Rustam Abdullayev bu gaplarni darhol o‘ziga olib:
– Shukur aka, bu gaplarni mumtoz musiqaga nisbatan ham qo‘llash mumkinmi? – deya ilmoqli savol tashladi.
Shukur aka Rustam akaga bir muddat sinovchan tikilib turdi-da:
– “Shohnoma”da Barbad afsonasi borligini bilasiz-a? – deb so‘radi.
– Bilaman, – dedi ishonch bilan Rustam aka. – U tarixiy shaxs bo‘lgan, musiqa asbobi yaratgan.
– Yashang, – uni maqtadi Shukur aka. – Shu Barbad ham o‘sha yasagan asbobini o‘nglab chalsa tinglovchilar yig‘lashgan-a, teskarisini chalganda tinglovchilar qah-qah otib kulaverishgan-a… Shunaqamidi yoki teskarisimidi?
– Ishqilib, shunaqa-da, – dedi Rustam aka mayda-chuydalariga e’tibor berib o‘tirmaylik degandek.
– Ha, yashang, – dedi Shukur aka. – Ko‘ryapsizmi, o‘sha Barbad deganingiz ham o‘zi yasagan asbobini unaqasiga chalsayam, bunaqasiga chalsayam tinglovchini ekstaz holatga olib kiryapti… Bu yaxshimi? O‘ylab ko‘rish kerak. Inson musiqa tinglab kallasini chayqab o‘tirgani bilan uning yomon tomoni ham bor. Yomon tomoni shuki, u o‘zining asl holatini unutadi. Musiqa sehrlaydi deyishadi-ku… Bu gap ijobiy emas. Sehrlab, fikrdan mosuvo etadi, allalaydi – xalqning ilgari yurishi uchun esa fikrlovchi, kuchli odamlar kerak…
– Me’yorida bo‘lsa-chi? – deb so‘radi endi Rustam aka o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek.
– Albatta, me’yorida bo‘lgani durust, – dedi Shukur aka. – Xalq o‘ziga zarurini olishi kerak, lekin o‘ziga zarurini olar ekan deb unga duch kelganni tiqishtirmaslik kerak. Unaqada did rasvo bo‘ladi, – deganicha Shukur aka endi bu gaplardan zerikkandek yana Jo‘rabek aka tomonga qarab: – Og‘ajon, Qashqadaryodan bo‘ladigan bo‘lsangiz, qaysi urug‘dansiz? – deb so‘radi.
– Men qarluqman, – dedi hamon hayajoni bosilmagan bo‘lsa-da, faxr­langandek bo‘lib Jo‘rabek aka.
Shukur aka antik davr odamini ko‘rgandek Jo‘rabek akaga bir zum hayrat bilan tikilib qoldi.
So‘ngra ishonmagandek:
– Qarluqman deng? – deb qaytalab so‘radi.
– Ha, qarluqman, – dedi Jo‘rabek aka va Shukur aka bunaqa urug‘ borligini eshitmaganmikan, degan gumonga bordi, chog‘i, – qarluqlar… – deya endi tushuntira boshlovdi, Shukur aka:
– To‘xtang, to‘xtang! – deb xitob qildi.
Jo‘rabek aka hayron bo‘lganicha jimidi.
Shukur aka o‘rnidan turib, Jo‘rabek aka tomonga quchog‘ini ochdi-da:
– Qani, bir keling-chi, bag‘rimga bosay, – dedi.
Bunday iltifotni kutmagan Jo‘rabek akaning ikki chakkasidan ter quyilib Shukur akaga peshvoz keldi. Uning yo‘g‘on gavdasini Shukur aka bag‘riga bosarkan, peshonasidan o‘pib:
– O‘zimning qarlug‘imdan aylanay! – deb qoldi.
Bunaqa bo‘lishini kutmagan ekanmi, Jo‘rabek aka tili tutilganicha:
– Shukur aka, siz ham qarluqmi? – deb so‘radi yo‘qotgan akasini topib olgandek yuz-ko‘zlari cheksiz quvonchga to‘lib.
– O, og‘ajon, men qo‘ng‘irotlardanman, – dedi Shukur aka, – lekin qonimda barcha turkiy elatlarning qoni bor, – deya, yana o‘z o‘rniga joylashib olgach, qarluqlar haqida so‘zlay ketdi. – Qarluqlar davlat tuzishgan, Qarluq davlati, adashmasam, to‘qqizinchi asr o‘rtalaridamikan, Turkiston yerida paydo bo‘lgan-da… Unga qarluq turkiylaridan bo‘lgan Bilga Qul Qodirxon asos solgan, – Shukur aka nimalarnidir yodiga tushirmoqchi bo‘lgandek peshonasini tirishtirdi. – Ha, shunaqa bo‘lgan. Tarixda bu qoraxoniylar atalib ketgan… “Qora” degani “buyuk”, “ulug‘” ma’nosida keladi-da, qarluq xonlari o‘zlarini “buyuk hoqon”, “ulug‘ hoqon” nomlari bilan ulug‘lab kelganlar-da, qoraxoniylar atalib ketishi shundanmikan… Ungacha, to‘rtinchi asrda ham qarluqlar Irtish daryosining yuqori oqimlaridan Ila daryosining o‘rta va quyi oqimlarigacha bo‘lgan katta hududni egallashgan, buning ichida Jung‘oriya va Tarbag‘atay mintaqalari ham bo‘lgan, qarluqlar yana shu vaqtlarda Sharqiy Turkistonning g‘arbiy qismida, Farg‘onada va Toxaristonda ham joylashgan edilar…
– Shunaqa, og‘ajon, shunaqa, – deya davom etdi Shukur aka – endi, qolaversa, tilimiz ham qarluq-chigil dialekti asosida shakllangan. Qarluq-chigil dialekti sakkizinchi-to‘qqizinchi asrlarda Yettisuvda, Sharqiy Turkistonning g‘arbiy qismida, Sirdaryoning o‘rta oqimlarida, Movarounnahrda keng tarqalgan… Xo-osh, og‘ajon, bu til qoraxoniylar davlatining asosiy tili bo‘lgan. Qarluq-chigil, o‘g‘uz va qipchoq… mana, turkiy tilning mavjud bo‘lgan uch yirik dialekti…
Bu gaplar Jo‘rabek akani nihoyatda faxrlantirib-g‘ururlantirib yubordi. Endi u boshi osmonga yetgancha yelib-yugurib xizmat qilar, bir zum qo‘nim topib o‘tirsa, o‘zini gunohkor his etayotgandek edi.
Shukur Xolmirzayev shunaqa edi.
U turkiy qavmlar tarixiga oid juda keng ma’lumotlarga ega bo‘lishiga qaramay, yangilarini qidirib yurar, bu tarix izlarini antropologik jihatdan odamlarning yuzlaridan, qosh-ko‘zlaridan qidirar, chog‘ishtirar, o‘z fikrlari tasdig‘ini topgan chog‘larda yosh boladek quvonib ketar edi.
Mana, uning “Ko‘k dengiz” hikoyasidan tinglang:
“Uning aytishicha, topishmoq, ya’ni “tabshkak” – Oltoy xalq og‘zaki ijodining “kaliti” ekan. Chunki topishmoqlarda Oltoy elining, ya’ni, qadimdan to yaqin-yaqinlargacha ovchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan elning eng ibtidoiy – “yashirin tili” to‘la-to‘kis aks etarkan. Illo, oltoyliklar atrof-muhit – o‘rmon, suv, hayvonlar va parrandalarning shubhasiz Ruhi bor, lekin Ruhlar ko‘zga ko‘rinmaydi, ularni sira-sira g‘azablantirmaslik kerak, Ruhlar ranjisa – xalq och qoladi, ya’ni ov baror olmaydi, ro‘zg‘ordan – “o‘choq”dan fayz-baraka ko‘tariladi deb ishonishar ekan. Ana shuning uchun ular qadim-qadimdan tabiat bobida “ezop tili”ga o‘xshash – yashirin lahjada gapirishib kelishar ekan, buning ma’nosi shulki, bironta jonivorniyam asl nomi bilan atashmas ekan… Masalan, “ilon-yilon”ni – “qamchi, qayish”, “bo‘ri-boru”ni – “ko‘k it, uzun quyruq”, deyisharkan.
Umrzoq aka shunday misollarni aytar ekan, mening yuragim gurs-gurs urib, juda to‘lqinlanib ketdim: he, yoshligimizni eslayman.
“Bo‘ri”ni – “jondor” deb atashardi bizda. “Ilon” – “arg‘amchi”, “ayiq”ni – “polvon”…
Ayniqsa, tunlari bulardan birining ham nomi tilga olinmas edi”.
Shu tariqa yozuvchi kitobxonning ham esiga nimalarnidir solib qo‘yadi, uning da’vati taxminan shunday: “Ho-oy, eslab ko‘r, sabiyligingni esla, bolaligingni esla… yakkatom uylardagi urf-udumlarni yodingga tushir – ular sening kimligingni, qayerdanligingni, tub o‘zagingni yodingga solajak… sen ulardan uzoqlashma, madaniyat ham shu, ma’naviyat ham shu, ma’rifat ham shu, uzoqlashdingmi, o‘zingni, o‘zligingni yo‘qotajaksan, bu cheksiz olamda muallaq qolajaksan, yuzsiz qolajaksan, olamga yuz ko‘rsatolmayajaksan…”
U shuni aytishdan charchamaydi.
“Ko‘k dengiz”da yana shunday satrlarni o‘qiysiz:
“Darvoqe, Oltoyda yaqingacha kelinlar kuyovdan tortib, uning qarindosh-urug‘larigacha – barini ham nomi bilan chaqirmas ekan…
Voy, ular bilan o‘zimizning oramizda qanday yaqinlik-qarindoshlik bor-a!
Turkiy deganlariyam shudir”.
Shunday samimiy, dilga yaqin hamsuhbat topilganidan beixtiyor suyunib ketgancha bosh irg‘ab:
– Shu-shu, shuning o‘zginasi! – deb yuborganingizni payqamay qolasiz.
Keyin hayajoningizni bosib o‘ylay-fikrlay boshlaysiz va yana undan minnatdor bo‘lasiz: turkiy deganlari aynan shu, turli irmoqlarda yuksak tog‘lardan oqib tushgan, kanorasiz kengliklarda daydibadal shamoldek kezgan buyuk elatning dunyo kengliklariga sochilgan urug‘-tarmoqlari shu, deysiz ich-ichingizdan bostirib kelayotgan qandaydir to‘lqinning ta’sirida ko‘zlaringiz yoshlanib.
Shukur Xolmirzayevning barcha asarlari umumturk adabiyotining eng yuksak namunalari ekaniga shubha yo‘q, faqat bu asarlar turkiy tilda so‘zlashuvchi dunyo xalqlariga hali yetib bormadi, yetib borsa, ular yozuvchi yaratgan qahramonlar orqali o‘z urug‘-qayoshlarini, yaqinlarini, qondoshlarini darhol tanib, topib oladilar.
Shukur Xolmirzayev fenomeni hali qo‘riqligicha ochilmay turibdi.
Gap uning asarlari haqida ilmiy ishlar yozishu ilmiy unvonlar yoqlab olishda ham emas. Hamma gap uni Shaxs va Ijodkor sifatida idrok eta olishda: shundagina uni barpo etgan Muhit va uni muttasil to‘lg‘oqqa solgan Dard sir-asrorlari namoyon bo‘ladi. Uning nimalar qilganini ko‘pchilik biladi yoki jilla qursa, shuni bilaman, deb o‘ylashadi, lekin endi uning bizga nimalar berganini o‘ylashimiz va misqol-misqollab o‘lchab olaverishimiz kerak, shunda u qoldirgan xazinadan qo‘ni-qo‘njimiz to‘lib-toshib ketadi, bu boylik ongu tafakkurimizni o‘zgartiradi, qalbimizni yangilaydi, turmush tashvishlaridan egik qaddimizni ko‘taradi, yelkalarimizni yuksaltiradi – u saxiy, uning qoldirgan merosi barchaga yetadi, faqat xazina yonidan bilmay o‘tib ketib qolmasangiz bas.
Shukur Xolmirzayev qoldirgan ulkan xazinaning eshik-darvozalari ham son-sanoqsizdir. Shunday eshiklardan birining tepasiga zarhal harflar bilan yozilgan “O‘zbek xarakteri” degan yozuvni o‘qidim. Eshik ortida dunyolarga tengsiz zumradu zabarjadlar, olmosu yoqutlar borligini aytishdi.
Botir cho‘pon bir og‘iz so‘z aytsa ular duvva-duvva to‘kilar ekan.
Botir cho‘ponning xotini bir og‘iz bir nima desa ular tinimsiz yog‘ilar ekan.
Chunki, ularning bag‘rida cheksiz dunyo bor ekan…
Bu eshikdan kirganlarning qulog‘iga go‘yo olis-olislardan kelayotgandek tuyulsa-da, biroq yaqinginadan shunday so‘zlar urilarkan, ularni hayqirib aytsa ham bo‘larkan, ularni shivirlab aytsa ham bo‘larkan.
Bu abadiy barhayot insonning so‘zlari, bu Shukur akaning ovozi edi:
“Xo‘sh, bu yerda nimani ko‘rding, nima xulosaga kelding, deb so‘rarsiz?
Men bu yerda… oddiy-jaydari, sodda o‘zbekning kengligi, to‘poriligini ko‘rdim.
Ishonasizmi, avtobusga o‘tirganimdan keyin sovuq oynadan laylakqorga qarab yig‘lar edim: ana shu o‘zbeklarning bag‘ri kengligi uchun, ne-ne qiyinchiliklarga, faqirlikka qaramay, fe’li tor bo‘lmagan, ajib-afsonaviy mehmondo‘stligi instinkt kabi mavjud qolgani uchun… ichimda, ich-ichimdan quvonib yig‘lardim”.
Insoniyat olg‘a intilmoqda.
Dunyo olg‘a intilmoqda.
“Don Kixot”ni hamon faxrlanib qo‘ltiqlab yurgan ovro‘polik talaba kosmos orbitasiga o‘zining mo‘jaz kemasini yuborib, tafakkurning yangi bosqichlariga ko‘tarilarkan, buning uchun tasavvurini boyitgan boyoqish lamanchlik idalgodan cheksiz minnatdor bo‘layotganini yashirib o‘tirmay dunyoga jar soladi.
Kelajak ufqlariga porloq ko‘zlarini qadab quvonayotgan bizning baxtiyor talabamiz ham faqat olg‘a boqmasdan, bir-bir ortga nazar tashlasa, Usta qoldirgan xazinaning son-sanoqsiz eshiklariga nigohi tushadi. U ham astoydil istasa, bu eshiklar ortida idalgonikidan kam bo‘lmagan sir-sinoatlar yashiringaniga guvoh bo‘lsa, ajabmas.
Bu xazinaning boshqacha dafinalardan farqi shundaki, u hech qachon tugamaydi, o‘zbek degan millat bor ekan, bugun bo‘lmasa ertaga – yillar va asrlar osha ham unga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshgandan- oshaveradi.
Jo‘rabek akanikida ziyofat allamahalgacha davom etdi.
Ketar chog‘imizda mezbon Shukur akaning yelkasiga to‘n yopib, hali maktab o‘quvchilari bo‘lgan past-baland bolalarini uning qarshisiga qator tizib qo‘ydi-da:
– Shukur aka, shularning og‘ziga bir-bir tuflang, – dedi.
Bu gapdan Shukur aka kuldi.
Keyin rad ma’nosida boshini qimirlatib, qo‘lini duoga ochdi:
– Qani, sizlarga hamisha ulug‘ ota-bobolarimizning ruhlari madadkor bo‘lsin, – dedi.
Yig‘ilganlar yuzlariga kaft tortib:
– Ilohi, omin! – deya o‘zlari sevgan yozuvchining aytganlari kelishini Yaratgandan sidqidildan so‘rashdi.
Rustam aka yana rulga o‘tirdi.
Shukur akani Do‘rmonga olib borish kerak edi.
Shukur akaning kayfiyati soz, qittay-qittay ta’sirida sarxush ham bo‘lgani uchun dimog‘ida allaqanday kuyni xirgoyi qila boshladi.
Rustam aka biz tomonga o‘girilib:
– Akamning o‘zlari ham ashulaga o‘tib oldilar-ku, – deya kinoya qildi.
Bu gapdan Shukur aka boshini ortga tashlab qah-qah urgancha kularkan:
– E, o‘lmang-e siz! – deya Rustam akaning tizzasiga shapatilab urib qo‘ydi.
Jo‘rabek akaning yozuvchidan duo olgan farzandlari hozir ulg‘ayishib, yaxshi joylarda ishlashadi. Ular qayerda bo‘lishmasin, uylarida bo‘lib o‘tgan o‘sha uchrashuvni, o‘sha kungi gap-so‘zlarni dillarida saqlab, g‘urur-la aytib yurisharkan.

* * *

Shukur Burxonni kasalxonaga ko‘rgani bordim.
U kishi g‘alati mashg‘ulot bilan band edi: stol tortmasini tortib ochib unga biroz qarab turar, keyin yana yopib qo‘yar edi.
Kirib borib salomlashgach:
– Nima qilyapsiz, Shukur aka? – deb so‘radim.
Shukur Burhon tortmani yana o‘ziga tortib ochdi, tortmada “TU-34” sigareta qutisi yotar, boshqa hech vaqo yo‘q edi.
– Do‘xtirlar sigaret chekishni ma’n qilishgan, – dedi u xo‘rsingancha tortmani yana yopar ekan, keyin sigaret haqidagi xayolni chalg‘itmoqchi bo‘lgandek, – Abdulla Oripov menga “Qalandar” degan asar yozib bermoqchiydi, – dedi.
Men indamadim.
– Bizda yaxshi dramaturglar yo‘q… Shayxzoda boshqa edi, – dedi-yu, to‘satdan nimadir esiga tushib, – anavi Shukur Xolmirzayev degan qayerda yuribdi, talantli bola edi, – dedi.
Kun o‘tib, men Shukur Burxonning gapini Shukur Xolmirzayevga yetkazdim.
Shukur Xolmirzayev nimadir eslamoqchi bo‘lgandek xayol surgancha:
“Talabalikda men Gamletni o‘ynaganman, – dedi. – Shukur Burxon o‘ynatgan… U odam haqida yozganman. Keyin ancha uzilishib qoldik. Bir kuni Farhod Musajonov ikkalamiz xabar olgani borsak, Shukur Burxon soqol olayotgan ekan, salom berib, ahvol so‘ramoqchi bo‘lsam, o‘girilib:
– Shukurmisan? – deb so‘radi.
U kishining salobatli ovozidan yuragimga titroq kirganday bo‘lib, bazo‘r:
– Ha, – deya oldim, xolos.
Shukur Burxon soqol olishdan bir zum to‘xtab xoxolob kula boshladi-da, keyin:
– Sen so‘raganingdan buyon durustman, – deya yana soqol qirtishlashda davom etdi.
Farhod Musajonovning yengidan tortdim, bildirmay chiqib ketdik. So‘radimi-ya?

* * *

Yoz boshlarida Maksim Gorkiy (hozirgi “Buyuk ipak yo‘li”) metro bekatidan Do‘rmon yozuvchilar bog‘i tomonga ketadigan avtobusni mo‘ljallab tashqariga chiqqan zahotiyoq Shukur akaga ko‘zim tushdi.
U ellik qadamcha narida, avtobus bekatida turardi.
Uning boshida o‘sha mashhur oq shlyapasi, qo‘lida kattakon sumka bor edi. Lekin, hammadan ham antiqasi – ko‘ylagi edi. U allaqanaqa qizg‘ish-sariqqa moyil katta-katta katakli kuylak kiyib olgan, kuylak yoqalari ham varrak qulog‘iday uzun-uzun edi.
Men Shukur akaga yaqinlashib, salom berdim.
Shukur aka o‘girilib, salomimga alik olarkan:
– E, o‘zingizmisiz? – dedi yuz-ko‘zlariga tabassum yugurib.
– Sizni tanimabman, – dedim atay.
– Ie, nega?
– Anavi italyan aktyori Chelentano bor-ku… o‘shamikan deb o‘ylabman.
Shukur aka qattiq-qattiq kuldi.
Keyin kuylagiga ishora qilib:
– Qalay? – deb so‘radi.
– Shunga aytyapman-da.
– Oltmishinchi yillarning ko‘ylagi bu, – Shukur aka barmoqlari bilan yengini ushlab qo‘yib, – sifatini qarang, – dedi, – yangigina turgan ekan, kiyib oldim.
Ko‘ylak Shukur akaga juda mos edi.
– Juda yarashibdi, – dedim havasim kelib, keyin fikrimni aytdim, – umuman sizga har qanaqa kiyim ham yarashaveradi, a, Shukur aka?
Shukur aka meni endi ko‘rayotgandek aftimga tikilib turdi-da:
– Usmon ham menga shunaqa deydi, – dedi shoir Usmon Azimni nazarda tutib.
Keyin:
– Hojiakbar Shayxov Turkiyaga borgan ekan, menga bir juft tufli keltiribdi, – dedi. – Juda pishiq, qimmatbaho tuflilar ekan… Bir-ikki kiydimu tag‘in yana o‘zimning eski tuflimga qaytdim.
– Nega?
– Men kiyib yurgan tuflining poshnasi balandroq edi, shunga o‘rganib qolgan ekanman-da, – deya ayyorona jilmaygancha qo‘shib qo‘ydi. – O‘zi, bilasiz-ku, pakana odamlarni ham unchalik jinim suymaydi.
– Sizga bilinmasdi-ku, Shukur aka.
– Bilaman, lekin baribir ham qandaydir cho‘kib qolganday bo‘ldim-da, e qo‘y-e, dedim.
– Bir-yarim kiyib yursangiz, asta-sekin ulargayam ko‘nikasiz.
Shukur aka kift qisib qo‘ydi.
Shu choq avtobus kelib qoldi.
Avtobusga chiqdik.
Manzilga yetishimizga hali bor edi.
Shukur aka ikki-uch bekat oldin:
– Tushamiz, – dedi.
Men hayron bo‘lib:
– Nega? – deb so‘radim.
– Tushavering, gap bor, – dedi Shukur aka.
Men u kishiga ergashib avtobusdan tushdim-u, nima gap ekan, degandek Shukur akaga qaradim.
– Yayov ketamiz, – dedi Shukur aka.
Men u kishining sumkasini qo‘lidan olmoqchi bo‘lgan edim, unamadi.
– Qo‘yavering, – dedi.
Shukur aka bir-biriga yondosh qurilgan hovlilar orasidan, devor oralab o‘tgan chap tomondagi yo‘lakchaga burildi. Picha yurganimizdan keyin bug‘doyzorga chiqib qoldik. Bug‘doy boshoqlari yetilgan bo‘lsa-da, hammayoq birdek sariq tusga kirib ulgurmagandi.
– Mana shu bug‘doyzorni kesib o‘tamiz, – dedi Shukur aka.
Men ikkilanib:
– Yo‘l bormikan? – deb so‘radim.
– Siz yuravering, – dedi Shukur aka. – Men o‘zimga mana shu bug‘doyzorning o‘rtasidan yolg‘izoyoq yo‘l ochib olganman. Buni o‘zimdan boshqa hech kim bilmaydi. Aytganim ham, ko‘rsatganim ham yo‘q. Mana, endi siz bilib qo‘ying. Boshqalarga aytib yurmang, foydasi yo‘q, baribir bizning yo‘limizdan hech kim yurmaydi. Yurgisi kelsayam, buni eplasholmaydi, bug‘doyzorni payxon qilib yuborishadi.
Shunday deb, Shukur aka yo‘l boshladi.
Bug‘doyzorga kirayotganimizda Shukur aka:
– Siz mening izimdan qadam-baqadam yuring, – deya ogohlantirarkan, bug‘doyzor o‘rtasida balandroq bo‘lib o‘sib turgan qandaydir o‘simlikni ko‘rsatib, – anavi kavrakni ko‘ryapsizmi, shuni mo‘ljal olib boramiz, – dedi.
Men bug‘doy poyalarini toptamaslik tashvishida edim.
Bolalik chog‘larimizdan boshlab yerdan urug‘ unib maysalar qiyiq tillarini chiqarishdimi, bas, u yerga qadam bosish ham, mol haydash ham gunoh ekanligini bilardik. Eng ko‘p eshitgan rivoyatlarimiz ham non va rizq haqida bo‘lardi. To‘g‘ri, ba’zan chek-chegarasiz tuyulgan bug‘doyzorlarni oralab o‘tgan yo‘llar ham bo‘ladi. Biroq hozir Shukur aka boshlagan joyda unaqa yo‘l yo‘q edi, dalaniyam narigi tomoni ko‘rinib turardi.
Men Shukur akaning aytganini qilishga urinib, uning ortidan keta boshladim. Shukur aka ba’zan tikanlarni chetlab, ba’zan hatlab-hatlab o‘zigagina ma’lum bo‘lgan yolg‘izoyoq yo‘ldan yurib borardi. Men tomonga o‘girilib ham qo‘ymasdi, so‘z ham qotmasdi – ortidan ergashib borayotganim yodidan ko‘tarilib ketgandek edi. Zotan, hozir ham o‘sha lahzalarni o‘ylab tasavvur etib o‘tirarkanman, o‘sha bug‘doyzor oralab yolg‘izoyoq yo‘l o‘tganini Shukur akadan boshqa ancha-muncha odam ajrim qilib olishi nihoyatda mushkul ekanligiga qayta-qayta amin bo‘laman.
Uning xatti-harakatlari badiiy tafakkuriga mos edi.
Uning badiiy tafakkuri g‘ayritabiiy tarzda barcha narsani idrok etib, qamrab ola bilardi.
Uning qalbi, ongi-tafakkuri zarrabin kabi ishlardi.
Uning sergak nigohidan hech narsa chetda qolmasdi.
Biroq u shunchaki kuzatuvchi emas edi.
Uning qalbidagi ona yerimizga, elimizga, urf-udumlarimizga, o‘tmishimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat unga narsa-buyumlarni sehrga burkab ko‘rsatar edi.
Uning nigohida hamma narsa sehrli edi.
Shu sababli, u oddiy kuzatuvchi bo‘lmagani kabi oddiy tasvirlovchi ham emas edi. U haqiqiy ma’nodagi ijodkor edi. Uning qalami sehri bilan qum bosgan tepaliklar Kushonlar davrining gavjum shaharlariga aylanar, qadim g‘orlarda yo‘l-yo‘lakay uchraydigan ilon-chayonlardan ham hayiqmay u tagkursilarni paypaslab topar, bu tagkursilar ustida xayolan azamat ustunlarni tiklar, ustunlar oralab yurgan ajdodlarimizning sharpalarini ilg‘ay olardi… Ularning suhbatlariga quloq tutardi, ularning tilidagi jozib sadolar ma’nosini ilg‘ardi. Chunki u o‘zini o‘sha olis o‘tmishga ham daxldor sanardi, uning unutilib ketmasligiga o‘zini mas’ul sanardi.
“Bu qanday yozuvlar ekan? Ha-a, bunisi qo‘shon yozuvi bo‘lsa kerak, harflari kitoblarda ko‘rganimdek: bir-biriga ulanib ketgan “o”larga o‘xshaydi. Anavi yozuv sanskrit bo‘lsa kerak. Unisi arab yozuvi. O‘tkinchilar qoldirgan bu yozuvlarni, shubhasiz. G‘orning bu teshigidan tepaga chiqib oldim. G‘alati holda edim, shod bo‘lib shod emas, g‘amgin bo‘lib g‘amgin emas… Chamasi, men asrlar davomida taraqqiy qilgan antik san’atimni oqibatda badaviy lashkarlar toptab, yo‘q darajaga keltirganini o‘ylab, g‘ijinar edim. Lekin ayni choqda san’atparast xalqim keyinchalik fotihlarning tazyiqiga ham qaramay, o‘zi yaratgan koshonalari, tilsiz-zabonsiz geometrik chiziqlar, bo‘yoqlar o‘yinida o‘z qalbini izhor qilib qoldirgani ko‘nglimga tasalli berardi.”
Shunday esa-da, u hamon tasalli topolmasdi.
Uning qalb zamini mana shu bug‘doyzor yastanib yotgan zamin kabi saxovatli esa-da, u hamon tasalli topolmasdi. Chunki unda istak va talab kuchli edi. U o‘zi ko‘rayotganlarini istagidagi va talabidagi manzaralar bilan chog‘ishtirishga-da qo‘rqar edi, shuning uchun iztirob chekardi, shuning uchun tonglarni bedor oqartirardi, uning nigohidan: “Birodarlar, bunaqa bo‘lmaydi axir, qo‘ysangiz-chi, o‘zingizga bir boqsangiz-chi, qanday ahvolga tushganingizni ko‘rmaysizmi?” kabi ma’nolarni uqib olish qiyin emasdi.
Hazrat Alisher Navoiy:

Tabiatda har neki odat bo‘lur,
Chu eskirdi odat tabiat bo‘lur, –

deya lutf etganlari yodingizdadir?
Yozuvchi sifatida inson xarakterini ko‘rsatishni yuksak a’molga aylantirgan Shukur Xolmirzayev bu xarakterlar orasida o‘zini yo‘qotmas, u yoki bunisiga yon bosishni xayoliga keltirmas, hayot haqiqatlari barchaning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib tashlashini teran anglardi. Shu sababli, unda hayot haqiqatlarini bo‘yamasdan-bejamasdan ko‘rsata olish san’ati instinkt kabi shakllangan ediki, bu haqiqatlarni o‘ylab topib bo‘lmas, uni hayotning ichidan olishga to‘g‘ri kelardi.
Bu haqiqatlar qanaqa?
Ularni qaysi puchmoqlardan izlash ijodkor uchun o‘ng‘ay bo‘larkan?
Bu kabi savollarga dabdurustdan javob berish mushkul. Bu savollarning javobi ijodkor har lahzani santimba-santim kashf etish jarayoni bilan chambarchas bog‘liqdir. Ijodkor uchun har lahzaning yo‘qolishida hamisha ikkita katta yo‘qotish: shu lahzaning o‘z o‘limi va milyon yillarning so‘nggi nafasi havoga uchishi xavf-xatari turadi. Bu lahza abadiyatga daxldordir, abadiyatning davomi, abadiyatning barqarorligi shu lahzada mujassamdir.
Bu abadiyatni ijodkorgina kashf eta oladi.
Bu Shukur Xolmirzayevning sermashaqqat mehnati kashfiyotidir.
Yozuvchi yigirma yoshidan boshlab umrining oxirigacha kechgan biror lahzani qochirib yubormadi, lahzalarga mazmun baxsh etdi, uqdirdi, qiynadi-qistadi – ularni abadiyatga daxldor qildi. Endi bu lahzalar abadiyat yuksakliklarida yozuvchi sha’niga shoyon olqishlar yog‘dirishadi, o‘lmas ruh shavkati abadiyat tonglarini munavvarlashtirayotganiga guvoh bo‘lishadi – boshqalarga birrovgina nasib etgan saodatga Usta qayta-qayta noil bo‘layotganini ko‘rib chapak chalishadi.
Shukur aka o‘zi mo‘ljal olgan bug‘doyzor o‘rtasidagi kavrakka yetib kelganda to‘xtadi.
Ortiga o‘girilib:
– Kelyapsizmi? – deb so‘radi.
– Ha.
U huzurlangancha chuqur-chuqur nafas olib, tevarak-atrofga to‘ymayotgandek boqdi. Havo toza. Bo‘stonliq tomondagi qir-adirlar ortida tog‘lar yaqqol ko‘rinib turardi. Shukur aka o‘sha tomonlarga qaragancha:
– Tog‘ etaklaridagi adirlarda o‘sgan bug‘doyzorlar orasida bo‘tako‘z ko‘p bo‘ladi, – dedi.
Men tevarak-atrofga alanglab, shunchaki nimadir deyish uchun:
– Bu yerda bo‘tako‘zga ko‘zim tushmadi, – dedim.
– Bu yerda ekin almashlab ekiladi-da, – tushuntirdi Shukur aka. – O‘tgan yili paxta ekilgan, bu yil bug‘doy… Ayrim o‘t-o‘lanlarning urug‘lari bug‘doy urug‘iga ilashib kelib qolmasa, paxta jonivorga sepiladigan dori har qanday yovvoyi o‘tni ildiz-pildizi bilan quritib yuboradi… Mana, oqtikan, ko‘ktikan deganlarni bu yerlarda izlab ham topolmaysiz…
– Kavrak bor ekan-ku, – dedim.
– Bu adashib kelib, tasodifan jon saqlab qolgan, – dedi Shukur aka.
Men unga “Yovvoyi gul” degan hikoyasini eslatmoqchi edim, lekin nimadir bo‘lib chalg‘idim.
– Ketdik, – dedi Shukur aka. – Endi, ho‘-o‘v, anavi yo‘l chetidagi qator tutlarni ko‘ryapsizmi, o‘shalarning o‘rtadagisini mo‘ljalga olamiz.
– Yolg‘izoyoq yo‘lingizni tikka dalaboqqa olib chiqadigan qilib solmagan ekansiz-da, – dedim bug‘doyzorni kesib chiqqanimizdan keyin ham ancha yo‘l yurishimiz kerakligini nazarda tutib.
Shukur aka menga bir qarab qo‘ydi-da, nimadir demoqchi bo‘ldi va lozim topmadi, shekilli, indamay yo‘l boshladi.
Ko‘p o‘tmay biz bug‘doyzordan tutzorga chiqib oldik. Garchi, bug‘doyzor oralab yarim soatdan ortiq yo‘l yurmagan bo‘lsak-da, katta yo‘lga chiqqanda men to‘satdan boshqa dunyoga kelib qolgandek bo‘ldim. Inson hissiyotlari beqarorligi tufayli unutishga mahkum, ozgina turtki bilan Lev Tolstoy dalada qariqiz o‘simligini uchratib, uning chayirligiga guvoh bo‘lganda dunyoga mashhur asari “Hojimurod”ni yozgani kabi ong ostida ko‘milib yotgan nimalarnidir qo‘zg‘ash uchun bot-bot mana shunday o‘ziga xos tarzdagi narsalarni o‘ylab topish yozuvchining ehtiyojiga aylanib qolgandek tuyulgandi o‘shanda menga. Keyinchalik men harchand urinmayin, bu bug‘doyzorga, o‘sha yolg‘izoyoq yo‘lga tanho o‘zim bug‘doyzorni payxon qilib qo‘yishdan qo‘rqib kirishga hayiqqan edim. Qolaversa, u yo‘lning qayerdan boshlanib, qayerda tugashini ham bilmas edim.
Katta yo‘lga chiqqanimizda ko‘ndalang tushgan poyezd yo‘lni kesib biz tomonga yaqinlashib kelayotgan eshakaravani ko‘rdik. Eshakaravada o‘n-o‘n ikki yoshlardagi uchta qora-qura bola bor edi. Ulardan biri qo‘lidagi xipchin bilan ahyon-ahyonda aravani tortib borayotgan eshakning sag‘risiga urib-urib qo‘yar, qolgan ikkitasi orqada o‘tirvolib qandaydir ashulani xirgoyi qilishardi.
Ulardan biri Shukur akani ko‘rib qolib qo‘lini oldinga cho‘zgancha qandaydir favqulodda hodisaga duch kelgandek:
– Ana-a, yozuvchi amaki! – deya qichqirib qoldi.
Oldindagisi eshak jilovini tortib aravani to‘xtatarkan:
– Aravamizga yana minasizmi, amaki? – deya so‘radi iltijo qilayotgandek.
Uning so‘zidan angladimki, Shukur aka bolalarga notanish emas, qachonlardir aravaga minib tanishishga, nainki tanishishga, bu jujuqvoylarning toza qalblaridan joy olishga ulgurgan edi.
– Biz ikki kishimiz, – dedi Shukur aka g‘oyat muhim narsa ustida so‘z ketayotgandek o‘ta jiddiylik bilan.
– Mayli, mayli! – chuvillashdi orqadagi bolalar. – Biz tushamiz, sizlar minib olinglar.
Shunday deb, ular aravadan sakrab tushishdi.
Shukur aka menga qaradi.
Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini bilmaganim uchun men o‘zimni boshqa yoqlarni tomosha qilayotgandek ko‘rsatdim.
– Bunaqasi ketmaydi, – dedi Shukur aka. – Navbatma-navbat minadigan bo‘lsak aravaga chiqishim mumkin.
Bolalar “yozuvchi amaki”ning fikridan aynib qolishidan qo‘rqishgandek, bu taklifga darhol rozi bo‘lishdi.
Shukur aka avval qo‘lidagi sumkasini aravaga tashladi.
So‘ngra o‘zi chiqib o‘tirarkan, pastdagi bolalarga:
– Endi birortalaringiz bu yoqqa chiqinglar, – deya o‘z yonidan joy ko‘rsatdi.
Bolalar naqd bo‘lib turgan baxtdan benasib qolmaslik uchun imkoniyatni boy bermay aravaga tirmashishdi va ulardan chaqqonrog‘i avvalroq chiqib, Shukur aka ko‘rsatgan joyni ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bola biroz mulzam bo‘lgancha indamay pastga qaytib tushdi. Chamasi, u ham bunaqa vaziyatda Shukur akaning oldida talashib-tortishish befoyda ekanligini yaxshi anglagan bo‘lsa kerak.
Yo‘l yarmiga yetganda biz o‘rin almashdik.
Shukur aka ortiqcha mulozamatni yoqtirmasdi.
Do‘rmon dalabog‘iga ozgina yo‘l qolganda bolalar aravani o‘ng tomonga burishdi, ular o‘t olib kelish uchun ketishayotgan ekan.
Biz ular bilan xayrlashib, ijod uyi tomon ketdik.
Bu ijod uyiga sobiq ittifoqning, respublikamizning turli burchaklaridan shoir-yozuvchilar kelishar, ular orasida katta ijodkorlardan tortib havaskor qalamkashlargacha bo‘lar edi. Chetdan kelganlar O‘zbekistonda shoir-yozuvchilar uchun yaratib qo‘yilgan bunday shart-sharoitlarga qoyil qolishib, mamnun bo‘lishar, adabiyotimiz va undagi yangiliklar bilan qiziqishib, o‘ng kelganda o‘z tillariga tarjimalar ham qilishardi.
Shukur aka uch qavatli ijod uyining uchinchi qavatidagi eng burchakdagi xonada odatdagi muqimboyligini davom ettirardi. Nazarimda, bu yerga tashrif buyuradiganlarning ko‘pchiligi uning katta yozuvchiligini bilib hurmatini joyiga qo‘yishar, bilmaslikka olganlari ham ichdan tan berishlarini payqash qiyin emasdi.
Ayniqsa, dalabog‘ rahbari Sergey aka degan kishi, o‘zi yozarmidi-yozmasmidi, bilmadimu qo‘liga qalam ushlagan zot borki, avliyodek hurmat qilardi. Bog‘da yetishtiriladigan sarxil mevalarni dasturxonga peshma-pesh tortib turishidan tashqari, Shukur Xolmirzayevga o‘xshagan ta’bi inja shoir-yozuvchilarning xonalariga bildirmaygina bog‘da o‘stirilgan gullardan guldasta saralab guldonga soldirib qo‘yar, bu ham ijodiy ishga ko‘mak berishiga ishonardi.
Yaxshi odam edi-da, Sergey aka!
To‘y-hashamlarga borayotganda “RAF” rusumidagi mashinani eshik og‘ziga ko‘ndalang qo‘ydirgancha, bu yerdagilarni o‘zi bir-bir xabarlab chiqardi.
U ham Shukur akaning kayfiyati-ruhiyatini yaxshi anglar, xalaqit berish lozim bo‘lmagan vaqtlarda unga yaqinlashmasdi ham.
Shukur akaning o‘zi ham ko‘ngli birov bilan o‘tirishni qo‘msaganida sal ikkilanib, tortinganday bo‘lib, nazokatni qo‘ldan boy bermay taklifini aytardi.
Aksincha bo‘lganida Shukur aka bemavrid takliflarni bir og‘iz:
– Ro‘zaman! – degan so‘z bilan rad qilib qo‘ya qolardi.
Unga, chamasi, ijod qilyapman, deb aytish noqulay tuyulgan bo‘lsa kerak.
Umuman olganda, Shukur aka yozmagan paytlarida tabiat, ovchilik singari mavzularda ko‘proq so‘zlashni yoqtirardi.
Ahyon-ahyondagina o‘z ishlaridan xabardor qilmasa, aksariyat hollarda uning qanday asar ustida ishlayotganini bilib bo‘lmasdi. Nazarimda, u professional sifatida to asar tugaguncha ham nimalardandir xavfsirab turganga o‘xshardi. U o‘zi qanday asar yaxshi-yu, qanday asar mundayroqligini juda yaxshi ajrim qila olgani uchun ham o‘z fikrida sobit tura olardi: soxta maqtovlaru palapartish tahlillarga shu sababli u ehtiyojmand emasdi, asar konyuktura mahsuli emas, qalb ehtiyoji ekanligi unga yaxshi ma’lum edi.
Hozir ham bolalar bilan xayrlashib, ijod uyi tomon yo‘l olarkanmiz, u tuyqusdan xayoli boshqa yoqlarga ketgandek bo‘lib jimib qoldi.
Ijod uyiga yetib kelib, tepaga ko‘tariladigan zinapoya oldida bir zum to‘xtadi-da:
– Yangi asarimning nomi “Dinozavr” bo‘ladi, – dedi o‘z-o‘zidan.
Rosti gap, o‘shanda bu nom menga juda g‘alati tuyulgan, xayolimdan turli-tuman taxminiy mavzularning sharpalari izg‘ib o‘tib ketgandi.
– Nima haqda? – deya so‘rashga jur’at etdim.
– Dinozavrlar yo‘qolib ketganiga allaqancha zamonlar bo‘lgan, lekin qurtlar hamon yashayapti, – dedi Shukur aka yashirib o‘tirmay. – Insoniyat hayotida ham shunday… Katta hissiyotlarga qaraganda mayda tuyg‘ular yashovchan bo‘ladi. Ulkan shaxslar yashash san’atidan xabarsiz bo‘lganliklari uchun yolg‘izlik komida o‘zlari bilan o‘zlari kurashib halokatga uchraydilar, qolganlar bemalol yashayverishadi yeb-ichib, ularning hech narsa bilan ishlari bo‘lmaydi. Nega shunday?
Bu gap meni lol qoldirdi.
Beixtiyor bolalikda eshitganim bir rivoyat yodimga tushdi: emishki, Odam Ato va Momo Havo zamonlarida odamlar juda ulkan gavdali bo‘lishgan emish, Odam Atoning bo‘ylari ham juda baland bo‘lgan emish. Bora-bora odamlarning jussalari maydalashib, axiyri, qiyomat-qoyim zamonida ular shuvoq shoxlarida o‘tirishar emish.
Xalq og‘zidagi bu yurimsak rivoyatning mazmun-mohiyati Shukur akaning gapidan so‘ng ochiq-oydin ayonlashgandek bo‘ldi. Demak, xalq bu rivoyatni behuda to‘qimagan ekan-da. Unga katta ramziy ma’no yuklagan ekan, bu tilsim ekan – mana, xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev bu tilsimning kalitini qo‘lda ushlab turibdi.
Bu tasodifmi?
Balki shundaydir.
Ammo bu tasodifda qonuniyat mavjuddir. Xalq ichidan chiqqan, ongu shuurining qat-qatlariga xalq badiiy tafakkurining shu’lalari tabiiy tarzda yo‘g‘rilib ketgan ijodkorgina shu asno yuksaladi, uning mustahkam ildizlaridan oqqan obi hayot shu asno tepaga intilib meva tugadi.
Shukur aka indamay zinalardan yuqorilay boshladi.
U kishi negadir to‘g‘ri yurmay, avval o‘ng oyog‘ini zinaga ko‘ndalang qo‘yib yoni bilan yurayotgandek bo‘lib tepaga chiqardi.
Bir gal buning sababini so‘raganimda:
– Tog‘ cho‘qqisiga shunday chiqiladi, – degandi. – Negaki, tepaga chiqayotganda bir oyog‘ingiz hamisha tayanch bo‘lib turishi kerak, qulab ketguday bo‘lsangiz u sizni suyab qoladi, keyin bunaqa yurganda odam charchamaydi…
Men unga Fridrix Nitshening “Zardusht tavallosi” kitobidagi “Cho‘qqining o‘zi emas, ungacha bosib o‘tilgan yo‘l muhim” mazmunidagi gapini eslatgan edim, Shukur aka:
– Ular shunaqa deyishadi, – dedi o‘zini qandaydir ajratib ko‘rsatgancha. – Biz uchun boshqacha… Cho‘qqi albatta muhim. U – maqsad, yo‘l – vosita.

* * *

Eshikni taqillatib, xonamga kirib keldi.
Men bekorchilikdan zerikib Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanini o‘qib yotardim.
Uni ko‘rib qo‘limda kitob bilan sakrab o‘rnimdan turdim.
Usta bir menga, bir kitobga qarab qo‘ydi-da:
– Yaxshi… – dedi.
Qo‘limdagi kitobning betini belgilab stol ustiga qo‘ydim.
– Tolstoyni o‘qish kerak, – dedi u xayoli boshqa yoqlarda kezinayotgandek, keyin to‘satdan yodiga nimadir tushgandek bo‘lib so‘rab qoldi: – Nima deb o‘ylaysiz, bunaqa qalin kitoblar qachongacha o‘qilarkin, a?
Bu haqda o‘ylab ko‘rmagan edim.
Kift qisib qo‘ydim.
– Yuring, tashqariga chiqamiz, – taklif qildi u.
Darhol kitobni yig‘ishtirib, bajonidil unga ergashdim.
Chiqayotib:
– Qahhor behuda qisqa yozmagan, – dedi hamon dastlabki fikrning davomini tahlil qilayotgandek.
Men bo‘lsam, nimadir deyish uchun yo‘l-yo‘lakay:
– Abdulla Qahhorning sizga qaysi hikoyasi yoqadi? – deb so‘radim.
– “Ming bir jon” degan hikoyasi bor-a, o‘qiganmisiz?
– Ha, albatta.
– Zo‘ri o‘sha!
– Boshqalari-chi?
– Boshqalari ham yaxshi-yu… – Shukur aka yo‘lak o‘rtasida bir zum to‘xtab sigaret tutatib oldi-da, davom etdi: – “Ming bir jon” juda tabiiy. Qahhorning masterligini ko‘rasiz shunda.
Men “Ming bir jon” hikoyasini tasavvurimda jonlantirarkanman, Shukur akaning asarni bexato baholay olishiga ichimda tan berdim. Axir, zar qadrini zargar biladi, deya behuda aytishmagan-da.
Tashqariga chiqdik.
– Bizda bir yomon qusur bor, – dedi Shukur aka hamon qayoqqadir yo‘l boshlaganicha, – bir uradigan bo‘lsak o‘nglamaydigan qilib urib yuborganimiz kabi bir ideallashtirsak ham tamom farishtaga chiqarib qo‘yamiz… Umuman olganda, Qodiriyda ham, Qahhorda ham men qo‘shilmaydigan o‘rinlar ko‘p, chalkashliklar uchraydi, bu – tabiiy. Ularning ijodini tahlil qilish boshqa narsa, shaxsini hurmatlash-izzatlash boshqa narsa… Bugun nasrning imkoniyatlari kengayib bormoqda, pillapoya sifatida ularning ijodi hamisha hurmatga sazovor bo‘lib qolaveradi…
Rosti gap, bunday gaplarni aytish nari tursin, hattoki, o‘ylashdan ham negadir men doimo hayiqardim.
– Qonimiz shunaqa, – deb qo‘ydi Shukur aka xayolimdagini uqqandek.
Keyin:
– Toza vino ichganmisiz? – deb so‘radi.
– Portveyn ichganman.
– E, qo‘ying-e, portveyn ham vino bo‘ldi-yu, – dedi Shukur aka nazariga ilmagandek. – Anavi Arg‘in tomonda bir kuke bor, o‘zi uzumdan vino tayyorlaydi, baribir boshqacha-da, yuring, o‘shandan borib olib kelamiz, bugun siz bilan bi-ir ichgim keldi…
Men unga ergashdim.
Ulug‘ bir yozuvchining o‘zi aylanib kelishga taklif qilib turganida “Anna Karenina”ning mutolaasi biroz ortga cho‘zilsa, Tolstoy xafa bo‘lmas axir, degan edim, bu gap Shukur akaga yoqib ketdi, shekilli, boshini ortga tashlab qah-qah urib kuldi.
Shu gap bahona bo‘ldi-yu, Tolstoyning g‘alati odatlari, ichkilikni yoqtirmagani, uning cherkovga, ayollarga munosabati va shunga o‘xshash buyuk yozuvchi hayotiga bevosita daxli bo‘lgan boshqa mavzularda so‘z ochildi.
– Tolstoyning dunyoqarashi qarama-qarshiliklarga to‘la bo‘lgan, – dedi Shukur aka jiddiy tarzda. – Yozuvchi bo‘laman degan odam, yaxshisi, uning xatlarini ko‘proq o‘qishi kerak…U podshoga ochiq-oydin gap aytishdan toymagan, shuning uchun ham Nikolay Tolstoy ikkalamiz bitta Rossiyaga sig‘ishimiz qiyin”, deganga o‘xshash gap aytgan… “Tolstoyning zo‘rligi shundaki, u qo‘rqmagan, o‘zining ustunligini bilgan, o‘zining ustunligini bila turib, shuni tan ham oldirgan-da…Rus yozuvchilari orasida birgina Tolstoy mustamlakachilik siyosatini yoqlamagan, u xatlarida Nikolayga seni olqishlayotgan odamlar fuqarocha kiyinib olgan jandarmlar”, degan gapni aytgan-a…
Shu tariqa gangur-gungur suhbatlashib, Arg‘indagi Shukur aka “kuke” deb atagan kishinikiga yetib bordik.
Shukur aka bir tavaqasi qiyshayib turgan ko‘k temir darvozani o‘rtancha barmog‘i bilan urib taqillatarkan:
– Kuke! – deganicha ovoz ham chiqardi.
Bu da’vatga qanday aks-sado bo‘lishiga qiziqib men darvoza tirqishidan ichkarini kuzatib turardim.
Shu mahal qayoqdandir yarmi juni to‘kilib oyoq ostidagi eski po‘stakday bo‘lib qolgan kichkina qora kuchuk akillagancha darvoza oldiga yugurib keldi. U narigi tomonda turvolib tumshug‘ini darvoza tirqishiga tiqishga uringancha akillashda davom etarkan, qora munchoqdek ko‘zlari bezovta qilayotgan odamlarning kimligini bilishga diqqat bilan g‘iltillardi.
Uning ortidan:
– Signal, qayt! – degan hukmfarmo ovoz eshitildi va ko‘p o‘tmay palapartish kiyingan, baqaloq kishi halpillagancha yugurib kelib darvozani ochdi-yu, Shukur akani ko‘rib anchadan buyon yo‘qotib qo‘ygan qarindoshini topib olgandek nihoyatda sevinib ketdi, bu sevinch uning yuz-ko‘zlaridagi ifodalarda alayna- oshkor ko‘rinib turardi.
– Oy, Shukur og‘a! – dedi u quchoq ochib.
Shukur aka uning xitobigayam, quchoq ochib kelayotganigayam unchalik e’tibor bermay, qovog‘ini ochmagan holda qo‘lini uzatdi-da:
– Salom, kuke, – dedi.
Bunday munosabatdan kuke biroz dovdirab qolgandek bo‘ldi.
Keyin u ham boshini g‘alati tarzda likillatib Shukur akaning uzatib turgan qo‘lini qo‘shqo‘llab ushlagancha, qo‘yvorgisi kelmayotgandek silkita-silkita hol-ahvol so‘ray ketdi.
Uning mulozamatlariga javoban Shukur aka istamaygina bosh irg‘ab qo‘ygan holda qo‘lini tortib oldi.
Bu paytda egasining buyrug‘i bilan ichkariga qochib kirgan Signal yana qaytib chiqqan, endi dumini likillatgancha ularning ko‘rishishlarini men kabi qiziqish bilan tumshug‘ini ko‘tarib tomosha qilib turardi.
– Shukur og‘a, ishkari kirsangshi, – deganicha ikki qo‘li bilan hovlini ko‘rsatib, kuke bizni astoydil taklif qila boshladi.
Shukur aka uning bu taklifini eshitib, o‘zini eshitmaganga oldi.
Bilasiz, Arg‘in deganlari Toshkentning shundoqqina chetida, bahavo, yerga cho‘p suqib qo‘ysayam unib, meva beradigan zamin. Biroq men tashqarida turib ham ichkari mo‘ralarkanman, kukening hovlisida nomiga bo‘lsa-da, birorta daraxt ko‘rmay hayron bo‘lar edim. Kuke vino tayyorlaydigan uzumlar ishkomi ham tashqarida, yo‘l bo‘yida edi. Yo‘l bo‘yida gullar ham ekilgan edi. Umuman olganda, yo‘l bo‘yining manzarasi bilan kukening hovlisi ichidagi manzara bir-biriga mutlaqo teskari edi. Hovli etagidagi go‘ngto‘dada pashshalar g‘ujg‘on o‘ynayotgani yaqqol ko‘rinib turardi. Hovli sahnida allaqanday arava gupchaklari, almisoqdan qolgan avtomobil shinalari, simg‘altaklar, unda-bunda bo‘shagan shishalar sochilib yotardi. Chamasi, bu yo‘ldan har xil katta-kichik mansabdagi odamlar basma-bas u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa o‘tib turishgani uchun ularning ko‘zlariga chiroyli ko‘rinsin deb tashqariga jiddiy e’tibor berishgan, yo‘l chetlarida uzum ishkomlarining did bilan ko‘tarilgani ham shundan, qolaversa, tashqi tomondan devorlar ham oqishu ko‘kish ranglarning qorishmasiga o‘xshagan allaqanday noma’lum tusdagi bo‘yoq bilan bo‘yalgan edi. Hovlining ichkarisi ko‘zga tashlanmagani uchun kuke ko‘ngli tusaganicha va imkoniga yarasha yashab kelar, u tashqaridagi ishkomning uzumidan vino tayyorlab sotayotganidan boshi osmonda ko‘rinardi. U hovliga o‘zidan bilib daraxt-paraxt ekib qo‘yishni xayoliga ham keltirmagandi.
Mening hovli ichkarisidan ko‘z uzmay turganimni ko‘rgan kuke:
– Sen ham kirsangshi, – deya tirsagimdan ushlab qistadi.
Men Shukur akaga qaradim.
Shukur aka jiddiy qiyofada turardi.
– Boshqa safar, kuke, – dedi Shukur aka uning taklifini ohistalik bilan, ammo keskin rad qilarkan.
– Boshxa safar, boshxa safar, – deya takrorlayotgan kukening tuyqusdan jahli chiqib ketib: – Qashon? – deganicha ko‘ndalang savol tashladi.
– O‘zim aytaman, – dedi Shukur aka qovog‘ini yanayam battarroq uyganicha.
Kuke Shukur akaga qaradi-yu, negadir darhol pildirpis bo‘lib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
– Xo-op! – dedi uning gapiga ishongandek, keyin barmoqlarini yoyib ko‘rsatgancha: – Neshta? – deb so‘radi.
– Bitta, – dedi Shukur aka tupurayotgandek.
Kuke boshini egib lapanglagancha ichkari kirib ketdi.
Signal ham biz tomonga bir qarab qo‘ydi-yu, bu yerda turish foydasizligini sezgandek egasining ortidan chopdi.
U yoq-bu yoqlarga alanglab tomoshalayotgandek bo‘lib turgan Shukur aka kukening ortidan ishora qilib:
– Ko‘p gapiradi, – dedi.
Keyin:
– Dangasa, – deya qo‘shib qo‘yganidan u kukeni unchalik ham yoqtirmasligini payqagandek bo‘ldim. Chamasi, u meni bu yerga boshlab kelgani ham bejiz bo‘lmay, aynan shu yoqtirmasligi sababidan bo‘lsa kerak.
Ko‘p o‘tmay kuke bir litrli bankada vino ko‘tarib chiqdi. Men uni xaltaga solib oldim.
Kukening qistashlariga qaramay biz u yerni tezgina tark etdik.
Qaytishda do‘konga kirib ul-bul tish bossa bo‘ladigan yegulik oldik-da, yana yo‘lga tushdik.
Yo‘l-yo‘lakay, tutzorning yonidan o‘tayotganimizda Shukur aka keng-mo‘l soya solib turgan bir tutning ostini ko‘rsatib:
– Anavi yerga o‘tira qolamiz, – dedi.
Qarshilik qilmadim.
Tut ostida, o‘tlar ustida joylashib o‘tirib oldik.
Shukur aka uzoq-uzoqlarga qarab turdi-turdi-da, keyin:
– Quying, mayli, – deb qo‘ydi.
Yo‘lda do‘kondan bitta piyola ham olvolgandik, shunga navbatma-navbat quyib icha boshladik.
Shukur aka tuyqusdan tut ostini tanlagani bejiz bo‘lmay, u tabiatni jon-dildan sevguvchi kishi bo‘lgani uchun, shunaqa joylarni ko‘proq yoqtirardi.
O‘tirishimiz davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Shukur aka ayrim tutlarning kavaklariga ozgina yelim qog‘ozga o‘ralgan tuz, yelim qog‘ozga o‘ralgan gugurt donalari va shunga o‘xshash narsalarni ham yashirib qo‘ygan ekan. Kerak bo‘lib qolganda u o‘rnidan turib qidirib qolar, yashirgan joylaridan shu narsalarni topganida tilla topgandek g‘oyatda quvonib ketardi.
– Ovchilarning odati shunaqa, – dedi bir umr ovchilikdan boshqa ish qilmagan kishilardek. – G‘orlarning kavaklari, o‘ngirlarda shunaqa narsalardan oz-oz qoldirib ketishadi… Undan keyin kelgan boshqa ovchilar uchun bu narsalarga zarurat tug‘ilib qolsa, topib olib ishlatishadi va rahmat aytib, o‘zlariyam keyin keladiganlarga ul-bul narsa qoldirib ketishadi… Ular bir-birlarini tanishmasa-da, mana shu qadimiy odat o‘rtadagi munosabatni ushlab turadi, ko‘rdingizmi, qanday yaxshi…
Qanday vaziyatda bo‘lmasin, Shukur aka bejiz gapirmaydi. Uning so‘zlari zamirida nasrga beqiyos ozuqa beradigan fikrlar, tafsilotlar, manzaralar manaman deb ko‘rinib turadi. Men uning butun vujudi bilan ijodkorlik faoliyatiga berilganiga qattiq ishonaman.

* * *

Endi suhbatimiz boshida aytganim, Shukur aka bir gal o‘z bog‘ida yangi yozgan hikoyasining syujetini so‘zlab berib, uni “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” deya nomlamoqchi bo‘lgani xususida.
Hikoya adib saylanmasining ikkinchi jildiga kiritilgan. Uning ostida “1992” degan yozuv turibdi.
Demak, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshlari ekan.
Shuncha yillar o‘tibdi…
Mening nazarimda, xuddi kechagidek.
Avval hikoya yakuniga quloq tuting:
“Xulosa shulkim, azizim, dunyo o‘tar ekan! Tuzumlar o‘tar ekan! Shayxzoda domla aytganlaridek, el-ulus qolar ekan. Anavi sodda qiz-juvon aytganidek, tabiat, tun, tog‘lar, o‘rmonlar, borliq qolar ekan!
Biz har qancha mavhum-mungli xayollarga cho‘mib, ruhiy tushkunliklarga tushmaylik, yashashga mahkum ekanmiz va borliqni sevib yashashimiz kerak ekan!
Ertaga nima bo‘ladi? Ahvolimiz nima kechadi?
Bu savollar o‘z-o‘zidan yechilaverar ekan. Chunki inson ming-ming yillardan beri yashab va son-sanoqsiz saltanatlarning inqirozini ko‘rib, demak…
O‘shanda ham ko‘p g‘amlar chekib, ko‘p savollarga javob bera olmasdan va Misir aytganidek, “bir terining ichida necha bor ozib, necha bor semirib” kelayotgan ekan, demak, ertamas-buruskun yana yangi va mislsiz bir saltanatda yashashi aniq: insonning tabiati o‘zi shuni taqozo etadi.
Va uning tabiati yashashdan zavqlanishni ham, ruhiy tushkunlik yaxshilikka olib bormasligini ham, juda nari borsa – menga o‘xshash kishilarning hayotdan bir muddat sovib…
…qandaydir to‘xtamga yetib kelishini ham taqozo etar ekan”.
Ammo biz namchil kunlarning birida Shukur akaning bog‘chasida yonma-yon turganimizda bu hikoya hali chop etilmagandi.
U o‘zi ekkan gullarning ochilganiga, shoda-shoda tukkan qalampirlarning shoxlarini egib osilib turishiga ma’yus boqarkan:
– Boysunda bo‘lib keldim, – dedi.
Keyin yozilajak bir hikoya tug‘ilganini aytib:
– Uni “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” deb nomlayman, – dedi.
– Nega, axir bu G‘afur G‘ulomning satri-ku? – deya hamisha originallikni yoqtiradigan Ustaga hayron bo‘lib qaradim.
– Ha, shunaqa, – dedi Shukur aka, bu hammaga ma’lum-ku, deganday. – Shu ma’qul tushdi…
U jimidi.
Sigaret tutatdi.
Keyin siniq jilmayib:
– Bir kuni o‘zimga o‘zim savol berdim, – dedi allaqanday qiziqarli hikoya aytib bermoqchi bo‘layotgandek. – Shukur, ayt-chi, bu hayot o‘zi nima, dedim.
U menga bir muddat sinovchan boqib turdi-da, davom etdi:
– Bu hayot – illyuziya, dedim o‘zimga o‘zim. Va o‘zimning javobimdan qoniqdim. Quyosh-ku falakda kezib yuribdi – bu ham illyuziya, inson o‘ziga o‘zi shu tariqa tasalli beradi… Mayli-da, hech qursa, shunga yaraydi-ku…
Men indamadim.
U ham sukutga cho‘mdi.
Yomg‘ir tomchilay boshladi…

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 9-son