Hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan, aslida, ko‘zni sal kattaroq ochib qarasa, har qanday odam ko‘ra oladigan oddiy, ayni paytda g‘aroyib voqea sodir bo‘lgan shaharning bodu havosi, meva-chevasi va boshqa mayda-chuydasi haqida mehmon irimiga bo‘lsada bir og‘iz so‘z aytmagandi. U faqat shahar o‘rtasidan o‘tadigan, bir vaqtlar suvi zilolday bo‘lgan daryoning endilikda chiqindilarga to‘lib-toshib, bo‘tanaga aylanib, tuproq qal’adagi devday to‘lg‘anib oqib yotishini o‘z hikoyasiga qistirib o‘tgandi.
Shaharda aholi g‘ij-bijmish.
Ba’zilar, ularning juda-juda inoq yashashlarini aytisharmish; ba’zilar esa aksincha gap tarqatisharkanki, osmondan tushib, yerdan chiqqandek ko‘payishib ketgan odamlarning bir-birlarini ko‘rishga ko‘zlari, otishga o‘qlari yo‘q, deyisharkan. Harholda, bu yurimsak gaplarning qay biri to‘g‘ri-yu, qay biri bo‘htonligini ajrim qilish bo‘tana suvni ko‘rib turganday oson ish emas ekan.
O‘sha shaharning yoshu qarisi — yetti yashardan yetmish yashargacha qurama olomon yaqinda ulkan bir anjumanga uyushqoqlik bilan qatnashibdilar.
Ha-a, bitiklarda aynan shunday deb, «uyushqoqlik bilan» deb yozilibdi.
Shundan so‘ng aholining bir-birlari bilan it-mushuk emas, balki og‘a-ini ekanliklari, qadrdonlikla-ri oydek ravshanlashibdi.
Anjuman!
Uyushqoqligu inoqlik!
Ana shunday ulug‘vor hodisalarning biri ikkinchisini to‘ldirib ketaveradi.
Xullas, daryoning o‘ng sohilida endigina bitta yarimta osmono‘par uylar, jamoat binolari qurilayotganda, ya’ni obod qilinayotganda, bir ajoyib kalladan bir ajoyib fikr chiqib qolibdi…
Ana shunday damlarda odamning ertakkayam ishongisi kelib ketadi!
Biroq o‘sha shahardan bir bozorchi Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borib qolib, buning ertak emas, aynan haqiqat ekanligini jiddiy tarzda turib aytdi.
O‘z qulog‘im bilan eshitib, ishondim.
Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borganmisiz?!
Voy-bo‘! Yetti iqlim bozorchisi yig‘ilib shu yerga keladi-ku!
Mol bozori, somon bozori, do‘ppi bozori, qatiq bozori, qovun bozori… — hammasi alohida-alohida.
Teri bozoriyam bor.
Turdiqulning do‘konida odamning terisidan bo‘lak barcha jonzotning terisi topiladi.
— Odamning terisi boshqa joylarda, maxsus do‘konlarda shilinib, quritiladi, — deya hazil-hazul qiladi Turdiqul.
Turdiqulning do‘koni hamisha gavjum.
Birov biron narsa xarid qiladimi-qilmaydimi — farqsiz, kirib kelib, besh-olti kishi sig‘adigan xarrakka o‘tirib oladi. Negaki, terifurushning uzoq-uzoq yurtlardan yo‘qlab keladigan oshnolari bisyor. Ular shunchalik ko‘p narsalarni bilishadiki, eshitib yoqangni tutamlaysan, tavba, tarvuzday bir kallaga shuncha gap sig‘adimi-ya, deya hayron qolasan.
Haligi shahardan kelgan bozorchiyam Turdiqulning do‘konida choy ichib o‘tirib, ne xayolda, birdaniga bir kallalik odamning fikri bilan daryoning o‘ng sohiliga, butun shaharga ko‘rinadigan tepalikka juda haybatli haykal o‘rnatilganini aytib qoldi.
— Necha yilda qurishdi? — deb so‘radi Turdiqulning somonfurush oshnasi.
— Ikki yilmi-uch yilmi, ishqilib shunaqa-da! — dedi mehmon.
— Bo‘yi ham ancha bordir-a? — so‘radi yana kimdir.
— Ikki-uch yilda qurilganidan keyin ancha bo‘ladi-da! — deya mehmonning o‘rniga javob qaytardi Turdiqul, shuniyam bilmaysanmi, degandek qilib.
— Muncha baland, katta haykal nimaga kerak
ekan-a? — dedi xayolga cho‘mib qolgan charxchi.
— Muhofaza, xaspo‘shlash uchun, — dedim men. Lekin, javobimga hech kim tushunmadi chamasi, yoinki tushunishsa ham o‘zlarini ovsarlikka olib turishdimi — miq etishmadi. Xijolat tortib, o‘sha savolga ikkinchi javobni ham qoyillatdim:
— Ba’zi qushlar osmonda qanot qoqib charchashganda ana shunaqa baland haykallarning boshiga qo‘nib dam olishadi!..
— Safsata! — dedi Turdiqul shartta, yuzingda ko‘zing bormi, demay.
— Safsata! — qo‘shilishdi xarrakda o‘tirganlar ham.
Shundan so‘ng suhbatga huda-behuda qo‘shilib ketavermay, jim-dim, o‘tirishga majbur bo‘ldim.
Turdiqulni tanishining so‘ziga qaraganda, haykalning ostidagi ancha-muncha yer ko‘kalamzorlashtirilibdi. U, aniqroq qilib, besh-oltita oyoqyalangga hovli-joy bo‘ladigan yer edi, dedi. Men ichimda uning so‘nggi gapiga e’tiroz bildirdim, tashimga chiqaray desam, Turdiqul do‘konidan chiqarib yuborishdan ham toymaydi. Axir haykal o‘z nomi bilan haykal-da! Besh-oltita yalangoyoq bundan keyin ham uy-joysiz kunini o‘tkazar, shuncha vaqtlardan beri boshida boshpanasi bormidi — biror yeri kamayib qolgani yo‘q!
Chalg‘imaylik.
…Ko‘kalamzorlashtirilibdi, favvoralar qurilibdi, turfa gullar ekishibdi. Axiyri, uning ochilish kuni yetib kelibdi. Bu naq bayramga aylanib ketayozibdi. Ko‘ksi ordenu medallarga to‘la taniqli-taniqli odamlar so‘zga chiqishibdi.
— Bu tunj haykal asrlar osha ham turaveradi! — debdi taniqli odamlardan biri.
— Lekin oradan ikki-uch kun o‘tgach haykalning ustiga mato tashlab yopib qo‘yishdi, — dedi mehmon.
— Ie, nega? — choynakning qopqog‘ini ushlagancha qotib qoldi Turdiqul.
— Ye, nega? — boshqalarning ham hayratlarining cheki yo‘q edi.
Mehmon piyoladagi choydan bir ho‘plab aytaymi-aytmaymi, degandek ko‘zlarini qisibroq bir zum o‘ylanqirab turdi.
— E, aytavering! — qistalang qildi Turdiqul.
— E, aytavering! — chuvillashdi xarrakdagilar ham. Mehmon, nimaiki bo‘lsa — bo‘ldi, degandek shart qo‘l siltab, so‘zida davom etdi:
— Haykalning chap qo‘li ko‘ksiga qovushtirilgan, u o‘ng qo‘lini cho‘zib kunbotar tarafga ishora qilib turardi.
— Nima bo‘pti? — so‘radi Turdiqul. Boshqalar ham shovqin solishdi:
— Nima bo‘pti?
— Haykal o‘ng qo‘li bilan ishora qilib turgan tarafda o‘ttiz yildan buyon ayollar qamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonani ilgari hech kim bilmaskan, haykal bahonasida kattayu kichikka ayon bo‘lib qoldi. Bitta-yarimtasi, bay-bay, bu mahobatli, zo‘r haykal ekan-da, xo‘sh, qayoqqa ishora qilyapti, deb so‘ragudek bo‘lsa, boshqasi, ayollar qamoqxonasiga-da, deya kesatardi.
— E-ha!.. — xitob qildi Turdiqul.
— E-ha! — xitob qilishdi boshqalar.
Ana shu birgina «E-ha!» da olamjahon ma’no yashiringanligi sizga ayondir.
— Kunlar o‘taverardi, — davom etdi mehmon. — Haykaltaroshlar haykalni chodirga o‘rib olib nimaiki qilishsa qilib yotishibdi. Ba’zi odamlar, endi qamoqxonani yopisharmish, ayollarni uy-uylariga qo‘yib yuborisharmish, boringlar, ro‘zg‘orlaringga qarab, bolalaringni emizi-i-ib, jimgina o‘tiringlar, sizlargayam, bizgayam uyat bo‘lib ketdi, deyisharmishu haykalni so‘ngra ochisharmish, deyishsa; ba’zilar, aksincha, fikr yuritib, haykalni tag-tugi bilan qo‘porib, munda-ay munosibroq joyga olib ketisharmish, deyishgacha borishdi.
Biroq qamoqxonani tarqatishni ham, munda-ay mu-nosibroq joy topishning ham iloji bo‘lmagan she-killi, oradan ancha vaqt o‘tgach, haykalning o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qovushtirishib, chap qo‘lini kunchiqar tarafga uzatib qo‘yishdi.
— Ha-a, tuzuk, — yengil nafas oldi Turdiqul.
— Haqiqat bor ekan-ku! — totli xo‘rsinishdi boshqalar.
Ularning bu kayfiyati uzoqqa bormadi.
— Ikki-uch kundan so‘ng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qo‘yishdi, — dedi mehmon.
— Ie, nega? — Turdiqulning og‘zi ochilib qoldi.
— Ie, nega? — boshqalarniki ham shunday bo‘ldi.
— Hayqalning chap qo‘li ishora qilib turgan joyda o‘ttiz yildan buyon erkaklar kamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonadan ham shahar ahli bexabar ekan, eshitib, barchaning taniga titroq kirdi. Emishki, bu yerda ashaddiy kallakesarlar yotisharmish, bitta-yarimtasi qochib chiqqudek bo‘lsa, hammaning sho‘riga sho‘rva to‘kilarmish; emishki, ular o‘sha yerdan turib ham hukumatga so‘zini o‘tkaza olisharmish, kattalarning sir-asrorlarini bilisharmish… Vahima!
Turdiqul taassuf-la bosh chayqadi. Taassuf-la bosh chayqashdi qolganlar ham.
— Kuz o‘tdi, qish o‘tdi, ayni avji bahorda haykalning ustidagi matoni tantanasiz, musiqasiz, baayni tobutpo‘shni olganday olishdi, — dedi mehmon ham ma’yus tortib qolgan holda. — Endi uning o‘ng qo‘li to‘g‘riga, baayni oydin yo‘llarni ko‘rsatayotgandek uzatib qo‘yilgan, chap qo‘li esa ko‘ksiga qovushtirilgandi.
Erga kirib ketay deb o‘tirgan Turdiqul qaddini tikladi.
Xarrakdagilar ham yelkalarini ko‘tarishdi.
— Xayriyat-e! — chuqur nafas oldi Turdiqul.
— Xayriyat-e! — chuqur nafas olishdi boshqalar.
— Ammo roppa-rosa bir haftadan so‘ng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qo‘yishdi.
— Ie, nega?— Turdiqul g‘azablanganidan o‘rnidan turib ketayozdi,: ko‘zlaridan nafrat sachradi, beixtiyor musht tugib, xayolan nimalarnidir chilparchin qilgisi, kimlarningdir qulog‘i ostida shavla qaynatgisi keldi.
— Ie, nega? — boshqalarning ham ko‘zlarinsh paxtasi chiqib ketayozdi.
— Daryoning chap sohilida o‘n qavatli mehmonxona bor edi, — mehmon sovib qolgan choydan ho‘plab, quruqshagan tomog‘ini ho‘llab oldi. — O‘sha mehmonxonada o‘sha kunlari fohishabozlik, o‘g‘rilik avjiga chiqib, kimlar bedavo dardlarga yo‘liqqan, kimlar shir yalang‘och qolgan, hammayoqni shov-shuv, mish-mish tutgandi. Mehmonxona xodimlarining ko‘pchiligini haykal chap va o‘ng qo‘llari bilan ko‘rsatgan joylarga jo‘natishgandi. Mahobatli, zo‘r, o‘ziyam sof tunj haykalning oldinga cho‘zilgan tunj ko‘li o‘sha mehmonxonani ko‘rsa-tib turardi!..
Turdiqul adoyi tamom bo‘ldi. Rangi bo‘zarib:
— Uh-h! — dedi-yu, dam boshiga, dam tizzasiga mushtlayverdi.
Boshqalar ham adoyi tamom bo‘lishdi. Ranglari bo‘zarib:
— Uh-h! — deyishdi-yu, dam boshlariga, dam tizzalariga mushtlayverishdi.
— Shundan so‘ng haykalning qo‘lini qayoqqa qaratib qo‘yilishini aholining o‘zi hal qiladigan bo‘ldi, — dedi mehmon.— Odamlar gurros-gurros bo‘lib kelaverishdi. Keyin takliflar, muhokama-munozaralar boshlanib ketdi. Birov unday dedi, birov bunday dedi. Birov orqa tomonni ko‘rsatadi—uyoqdan ham bir chatog‘i chiqib turibdi; birov allanechanchi gradusdagi burchakni taklif qiladi — ko‘p o‘tmay rad etiladi.
— Bir qo‘lini ko‘ksiga qovushtirib, ikkinchisini osmonga uzatib qo‘yish kerak! — deya baqirdi olomon orasidan kimdir.
— Ma’qul, ma’qul! — degan xitoblar yangradi.
— Osmon toza, qaranglar, hozir bulut ham yo‘q!
— U yoqqa mehmonxona ham qurib bo‘lmaydi!
— Qamoqxona ham qo‘rib bo‘lmaydi!
— Yashasin osmon!
— Osmonga tasannolar!
Xuddi shu mahal yana bir baqiroq allaqaysi go‘rdan chiqib kelib:
— Xaloyiq, tavba denglar, osmonda xudo bor-ku!— deb baqirdi.
Olomon bir chayqalib tushgach, jimlik cho‘kdi. Axir dahriyning haykali xudoni ko‘rsatib tursa… Yo‘q!
— Ishonmanglar, xudo yo‘q u yerda! — sukunatni buzishga jur’at etdi kimdir.
Olomon guvladi.
— Xudo bo‘lmasa haykalning qo‘li nimani ko‘rsatadi, axir? — baqirdi yana haligi baqiroq.
Olomon orasidan:
— Ha-a, nimani ko‘rsatadi? Nimani?! — degan tovushlar chiqa boshladi.
— Ikkala qo‘liniyam yelkasidan uzib tashlash kerak!— dedi yana kimdir va shu zahotiyoq qarshilikka uchradi:
— Haykalda gunoh yo‘q!..
Mehmon uzoq tin oldi. Turdiqul ham, xarrakdagilar ham boshlarini solinqiratib o‘tirishardi.
Charxchi bir-ikki gapni aylantirib, mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘lgandi, baribir, suhbat qovushmadi.
Haykal voqeasini aytib bergan kishi Turdiqulning do‘koniga tez-tez kelib turardi, negadir keyin-keyin umuman ko‘rinmay ketdi. Turdiqul ham ancha o‘zini oldirib qo‘ydi. Rangu ro‘yi siniqdi. Bu xafalikdanmi, boshqa narsadanmi — bilolmadim. U negadir do‘konining ko‘rki bo‘lgan xarrakni tashqariga uloqtirib, bu ham yetmaganday, bolta bilan maydalab tashladi.
1990 yil.