“Bu dunyoda moli omonat, o‘zi mehmon bo‘lmagan biron kishi yo‘q, ularning amallarigina qolur!”.
Dunyoning o‘tkinchiligi, kiprik qoqqunchalik g‘animat holi mavjudligi borasida qisqa va’z irod etgach, har bir inson zoti – birov farzand tarbiyalab, boshqasi bog‘ ko‘kartirib, yana biri ko‘cha sozlab o‘zidan yaxshi iz qoldirishi lozim va lobidligini alohida ta’kidlab o‘tishni unutmagan yoshgina imom qordek oppoq sallasi pechini oldiga tushirib, janoza namozini o‘qidi. Shundan so‘ng tobutni shitob ko‘tarib, mayyitni oxirat makoniga tezroq yetkazish tashvishi boshlandi. Tobut ortidan borayotganlarning yoshi o‘tib qolganlari endi nimadan taskin-tasalli olishlari haqida chuqur o‘yga botgancha unga yeta olmay og‘ir qadam bosishardi. Saflar ortidan tozalanadi – orqada qolib borayotganlar mavhumot qa’rida erib bitayotgandek tuyuladi.
Bemorlikka chalingan shoh (omonat jon!) saroy donishmandalariga hayotning ma’nosini tushuntirib berishlarini so‘raganida ular dastlab qirq tuya kitob keltirganlari, shoh(omonat jon!) fursati bu kitoblarni o‘qishga yetmagani sababli ularni muxtasar qilib bir tuyaga ortib kelishgani, buni ham o‘qish imkoni bo‘lmaganidan bitta kitobga joylab kelishgani va bu choqda shohning joni bo‘g‘zida turgani bois unga “hayotning ma’nosi – tug‘ilmoq va o‘lmoq” deb, kaltagina tushuntirib qo‘ya qolishgani haqidagi rivoyat.
Hayot – tug‘ilish, o‘lish va unutilish. Ammo “kamon tortilib, o‘q belgisiz yoqlarga uchgani” – dunyoga kelgani zahotiyoq, inson tiriklik sari, o‘limni tan olmay yashashga intiladi. Diana ibodatxonasiga o‘t qo‘ygan Gerostratdan farqli o‘laroq, bu yo‘lda san’at unga ko‘makka oshiqadi. Qoyatoshlardagi ilk sodda chizgilaridan tortib murakkab uslublardagi namunalarigacha uning qulog‘iga mangulik qo‘shig‘ini kuylashga urinadi. Yiroq-yiroqlarda o‘tmish mavhumoti qa’ridan tosh yozuvlar ko‘zga tashlanib qoladi, qulamas masnadiga jon-jahdi bilan yopishgan mangu hukmdor portretidagi mangu bo‘yoqlar ko‘chib tushib, uning ortidan o‘tkinchi dunyoning g‘arib daydi musavviri mo‘ralaydi.
Qisqa fursatda – tug‘ilgan, o‘lgan va unutilgan, aslida kim ekanidan xabarsizlik hayotga san’at hodisalarini taqqoslab tahlil qilishga o‘ch bilgichlarning o‘y-xayollari kanorasiz dashtu dalalarga, yuksak tog‘larning purviqor cho‘qqilariga, tubsiz samolarning sir-sinoatlariga ovora ekanida ularga doimiy pand berib keladi. Bu faqat ularning janoza namozida qatnashmaganining o‘zi bilangina bog‘liq emasligini fahmlamoq uchun esa donolik talab etilmaydi.
Hali tuprog‘i sovimagan mayit qabri uzra ko‘klagan maysa-giyohlar shamolga nelarnidir dalolat etayotgandek silkinadi. O‘zidan avval asari o‘lgan ijodkor jigarbandlarining belgisiz makonlarini bu yerlardan izlashlari shart emas. Qarg‘ish-dashnomlarga chiday olmay, boyoqishlar balki o‘z jonlariga qasd qilishgandir?
Duradgor, tikuvchi va yana bir hamroh edi ular. Ha, safarga chiqishgandi va tun chog‘i o‘rmonda tunab qolishgandi. Ulamolar qavlida dunyo safari. O‘rmon ham begona emas. Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda, aslida to‘rt posdan iborat tunni o‘z sanoqlariga binoan uchga bo‘lib, qur’a tashlab, ikkisi uyquga ketganida biri qo‘riqchilik qiladigan bo‘ldi. Duradgorning oshig‘i o‘ng kelmadi. U qo‘riqchilikni boshlaganida uyqu g‘olib kela boshladi. Uxlab qolmaslik uchun u ermakka bir yog‘och bo‘lagini olib, taroshlab jajji qiz shakliga soldi va qo‘riqchilikka tikuvchining navbati yetganida, uyquga ketdi. Tikuvchi qo‘g‘irchoqqa kuylak tikib, kiydirib qo‘ydi. Va nihoyat, navbat uchinchi hamrohga yetdi…
Uchinchi kim? Birov ruhshunos, birov sehrgar, birov jodugar deb talqin qiladi. Kim bo‘lmasin, nafas purkab, u qo‘g‘irchoqqa jon ato eta oldi.
Jon ato etish holiqqa xos.
Maxluq uning izmida tiriklik o‘rmonida bir tun qo‘nib, yana mangu makoniga ravona bo‘larkan, muvaqqat qo‘nalgohidagi a’moliga binoan o‘z amalini bajarib, iz qoldirishga urinadi. Bu qisqa fursat qo‘g‘irchoqni jonlantirish qudratiga ega bo‘lgan ilohiy zotni tanishtirib o‘tish imkonini yaratib ketadi.
Bu Odamxudoga Ijodkor deb nom beradilar.
Don Kixotdan Ulissgacha, Don Juandan Faustgacha, Qori Ishkambadan shum bola Qoravoygacha – barchasi hayotda avvaldan mavjud bo‘lgan, o‘ziga jon ato etuvchi Ijodkori kelishini kutganlardir.
Birov eslab-birov eslamagan hamma qatori bu o‘tkinchilar qoshida Ijodkor paydo bo‘lib, ular boshida sehrli tayoqchasini silkitgani zahotiyoq boqiylikka erishdilar. Sehrli tayoqcha Iste’dod edi.
Turli millatu irqdagi oddiy aholidan farqli o‘laroq umumbashariylikka mansub bu insonlar(obrazlar!) adabiy areal – adabiy aholini tashkil etishdi. Endi ular osmonida quyosh botmaydi, fursat oqimida oqib o‘tib ketish baxtsizligidan mangu ozodlikka erishadilar. Ularning yashash tarzi-yu orzu-umidlariga, maqsadiga e’tibor dilga g‘ussadan o‘zga yorqinroq tuyg‘u solishga qodir bo‘lmagan (“Innal insaana lafii xusr” – “Har bir inson ziyonda(baxtsizlikda)dir!” “Asr” surasi, 2-oyat.) o‘tkinchi hodisalardan insoniyat nigohini mangu ilohiy zavol bilmas yuksakliklarga qaratishi bilan ahamiyat kasb etadi.
Bunday qudrat xalqqa xos. O‘zi kabi xalqning orzu-umidlari ham hech qachon zavol bilmaydi. Eski gap bo‘lsa ham, takrorlash o‘rinliki, xalq hamishagidek saxovat ko‘rsatib, qahramonlariga o‘zining ajralmas fazilatlari, yaxshi xislatlari, ruhi va jismoniy kuch-quvvatini saxiylik bilan ulashishga hamisha tayyor turadi. Asil ijodkorlik ham xalqqa xosligi shundan.
Hamma qatori o‘yin o‘ynab, mol boqib yurgan Hakimjon Alpomishga do‘nganida endi xalq mayda-chuyda yumushlarni o‘zi bajarib turishni zimmasiga olgan holda, uning qo‘liga nayza-kamon tutqazadi.
Olinmagan qasoslar qahramonlar qiyofasida namoyon bo‘ladi. Ojizlikdan ingragan bechoralar Asqartog‘ cho‘qqisining bir kamon o‘qidan qulab tushayotganini zavq-shavqqa berilgancha olqishlaydilar. O‘zlariga zulm o‘tkazayotgan zolimlardan ham mana shu azamat kamonchi o‘ch olib berishiga endi astoydil ishongan holda unga kamonning yanayam zalvorlirog‘ini tanlaydilar. Unga cheksiz muhabbat qo‘yadilar, boshlarga ko‘taradilar, mangu hayot bag‘ishlaydilar. Bu usuldan foydalanishga uringan sohibi qudratlar o‘zlarini saltanat timsoli qiyofasida mangu boqiyliklarini da’vo qilib, aksincha, nafratga duchor bo‘ladilar.
Har qanday afsonaviy qahramon qo‘lidagi nayza-kamon, millatidan qat’i nazar, tamomila xalqnikidir. Uning mardligi xalq orzu qilgan mardlikdir. Uning jasorati ham shunday jasoratdir. U qasos olganda ham xalq qasosini oladi. Shu sababli, yo‘qolishi mumkin bo‘lgan qavmlar yoki narigi dunyoga ketishga muhaqqaq etilgan bandalar orasida ugina o‘lim bilmaydi va mana shu fazilati bilan o‘z qavmi hamda yaqinlariga ruhan mangulik bag‘ishlaydi. Umar Xayyom aytgan “Dar in dunyo yak rabotu du dar ast, Dar in dunyo har ro‘z qavmi digar ast” misralarining “Bu dunyo bir rabotu ikki eshikdir, Bu dunyoda har kun har xil qavmdir” ikkinchi satridagilar birinchi satridagilarni hamisha tushunaverishmasa-da, bora-bora yiroqlashib mavhumot qa’riga qatlam-qatlam singib ketishsa-da, o‘z orzu-niyatlari bilan jilolantirgan qahramonlariga kelganda o‘zaro tushunmovchilik va anglashilmovchiliklar darhol barham topib, undan kuch-quvvat olishayotganini inkor etishmaydi. Har bir o‘tkinchi qavm uni o‘z rabotida istiqomat qilayotganiga astoydil ishonadi. Bu ishonchning ro‘yosi muvaqqatlik haqligidan hamisha ustundir.
Kuntug‘mishning davrasidan bo‘za sipqormoq orzusi o‘tkinchi gap-gashtaklarda kayfi oshib, gandiraklab yurganlarni to‘da-to‘dasi bilan tubanlik bag‘riga uloqtirib yuboradi. Shunda qay hodisalar xayolu qay biri hayotligi yuz ko‘rsatadi. Go‘ro‘g‘li, Ravshanu Avazlar va yana qanchadan-qancha xayolimizdan ko‘tarilgani bilan aslida unutilmas va o‘lmas adabiy aholi insoniylik yuzasidan bizning sifatimizni asl holimizdan ko‘ra ancha yuksakliklarda ko‘tarib turishadi.
Dunyodagi barcha xalqlarning bunday adabiy obrazlari bir joyga jamlangudek bo‘lsa, katta nufuzga ega aholi sifatida bo‘y ko‘rsatadi. Ular o‘lim bilmasligi bilan “Bu dunyoda moli omonat, o‘zi mehmon bo‘lmagan biron kishi yo‘q, ularning amallarigina qolur!”, degan so‘zlar bilan kuzatib cho‘bin otga suvor bo‘layotganlardan farqlanib turadi. Negaki, ular o‘zlariga manzil-marohil izlaganlarida na oddiy banda kabi xayol o‘g‘rilari dashtu dalalarga, yuksak tog‘larning purviqor cho‘qqilariga; na shakkokligi tufayli abadul abad badarg‘a etilgan shaytoni lain singari tomirlar oralab oqar qizil suvlarga emas, bo‘m-bo‘shligi va g‘aribligi bilan huvillab yotgan Ko‘ngil makoniga qo‘r tashlashadi.
Toshkent shahrida Shum bolaga haykal qo‘yildi. Shum bola haykali qoshiga borganimiz zahotiyoq uning qachonlardir dunyodan o‘tib ketgan, ammo mana shu o‘lmas obrazi tufayli o‘zi ham barhayot Ijodkorini ham eslaymiz. O‘rmondagi o‘sha hamrohlarning uchinchisi shu kishi emasmikan? Nega bo‘lmasin? Albatta, shu! U holda duradgor bilan tikuvchi qani?
Duradgor va tikuvchi xalq. Olmonlar og‘zaki ijodida Faust Gyotega qadar mavjud edi. Don Juan ham shunday – Bayronga qadar ham u inglizlarniki bo‘lib kelgan. Shum bola ham shunday. O‘zbek xalq ertaklarida Qoravoyning yetimligidan tortib sigir o‘rnida eshak suyib qo‘ygani-yu, qushlarga qatiq berib “boqqani”gacha – qissa syujetidagi barcha-barcha detallar avvaldan mavjud.
Aslida bu qismat ham tasodifiy bo‘lmay, “etimlik nimadir bizlardan so‘ra, o‘ninchi yillarning sargardonligi”ini boshdan o‘tkazgan Ijodkorning ko‘cha-ko‘ylarda, bozor-o‘charlarda xoru zor o‘z siymosini izlab yurgani unda ilohiy nafasni yetiltirgan edi.
“– Nima qilib tong azonda tentirab yuribsan, bolam? Nima yo‘qotgan eding?
– Daladan tushdim, ota.
– Ha, shunday bo‘ladi, bolam, Toshkentning tarig‘ini yegan chumchuq Makatillodan qaytib uchib keladi, ota-onang bormi?
Gapni cho‘zib o‘tirmaslik uchun, “o‘lib ketganlar”, deb qo‘ya qoldim.
– Shunaqa bo‘ladi. Ota-ona degan mo‘rt keladi. Hay, zararsiz. “Yaxshi buzoq ikki onani emibdi”, degandek, o‘zing epchil bo‘lsang, ota topib olasan. Otaki topiladi, ona degan o‘z oyog‘i bilan keladi”.
O‘zidan ko‘ra qahramoni uzoqroq, balki mangu yashashini his etib qalam tebratgan adibdan baxtiyorroq zot bo‘lmasa kerak dunyoda! Negaki, u tabiatiga ko‘ra vaqt hukmiga qarama-qarshi bora olish qudratidan eng avval o‘zi zavqlanadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, dastlabki nomi “Dovdirash”ni “Shum bola”ga o‘zgartirib, uni adabiy aholi orasida aralashib yurishiga imkon topib bergan Ijodkor o‘zi chetlanib, qahramonga yo‘l ochadi. Shunday hollar ham bo‘ladiki, ba’zan faqat qahramon yashab qolib, uning yaratuvchisi nomi izsiz yo‘qolib ketadi. Muallifi noma’lum asarlar deyishadi. Suvoriysiz arg‘umoq.
Muhtasham asarlar sarlavhasiga qahramonlar nomi chiqariladi. Ular orasida, hech shubhasiz, Don Kixot peshqadamlikni qo‘ldan bermay keladi. Hatto bu adabiy qahramon yurgan yo‘llarga sayohat uyushtirishga ishtiyoqmandlar soni ham ko‘payib boradi. Don Kixot yurgan tarixiy yo‘llar. Don Kixot kaltak yegan tarixiy joylar. Don Kixot mag‘lubiyatga uchragan tarixiy jang maydoni.
Ochlikdan sillasi qurigan xayolparast qalamkash g‘alati idalgo obrazini qamoqxonada o‘tirib yaratgani inkor uchun yetarli emas, har qanday nafas olayotgan individdan ko‘ra Don Kixotning mavjudligi ishonchliroqdir.
Adabiy aholi orasida ham xuddi oddiy hayotdagi kabi turli fe’l-atvordagi, turli yoshdagi insonlar yashaydilar. Ular ham turmush mashaqqatlaridan aziyat chekadilar, adolatsizliklarga duch keladilar, haqsizliklardan bug‘iladilar. Xatoga yo‘l qo‘yib, iztirob chekadilar, ibodatga beriladilar, tarki dunyo qiladilar – farqi shundaki, ular o‘zlarini qanchalik oddiy hayotdagi oddiy odamlar kabi tutsalar, obro‘-e’tiborlari shu qadar oshib, umrlari ham shunga mutanosib uzayib boraveradi. Shuning uchun, o‘zimizning jaydari Qoravoy ham adabiy aholi davrasidan o‘z o‘rnini topib, bemalol borib o‘tiradi. Uning yalang oyog‘i, kir usti boshi, och qorni, ko‘z yoshi hashamatli davraning salobatiga uzukka ko‘zdek yarashib tushadi. Adabiy aholi davrasi emin-erkinligidan qullar o‘zlarini xo‘jalardek tutishadi, shohlarni esa poygakka tushirib qo‘yishdan ham toyishmaydi. Mark Tvenning “Shoh va gado” asarida bu manzara ajoyib turzda aks etgan. Shu ma’noda, adabiyot haramlarda mahramlikni bo‘ynidan soqit qiladi. Hukmdorlaru taniqlilar siymolarigagina murojaat qilish mas’uliyatini zimmasiga olmaydi. Insonni ajratmaydi. Podachi bo‘ladimi, suvchi bo‘ladimi, hokim bo‘ladimi – barchasiga bir xil nazarda qaraydi. Bunday ozodlik tufayli mana shu qatlamlar safidan ular ham chiqib kelishadi. O‘shalarga qarab xalq yoki millat bo‘y-basti chamalanadi. Bunday saodatni sotib olishning imkoni bo‘lmagani kabi u sotilmaydi ham. Adabiy aholi mintaqalari ichki tartib-nizomiga ko‘ra, inson ozodligi barqarorligi shu tariqa ta’minlanadi. Adabiyot bu holda kafolatchi vazifasini bajaradi. Bu ilohiy mintaqaning turli go‘shalarida haykallar, rasmlar timsolidagi insonlar istiqomat qilsalar-da, So‘z san’ati yalovbardorligicha qolaveradi. So‘z ibtidoning yaratuvchisi bo‘lgani kabi intihoning yakunlovchisi hamdir. Kino, serial kabi turli texnologik sohalar chuchmal obrazlarini yuvuqsizligi tufayli bu saflardan haydab chiqaradilar. Ular Adabiyotga suyanib biron bir natijaga erishish mumkinligini his etib turishsa-da, tijoriy so‘qmoqlarda bu istakni yo‘qotib qo‘yganlarini o‘zlari ham payqamay qolishadi. Ilohiylik qora nafsdan jirkanibgina qolmay, uni o‘zining halol-pokiza hududlariga yaqin yo‘lashiga izn ham bermaydi. Hayotga taalluqli yalakat qonunlar san’atga nisbatan hamisha ham uyg‘unlik kasb etmaydi.
Yo‘lchi, Qalandarov, Saida, Obid ketmon deb atalgan adabiy aholi o‘zlari bilan zamondosh hayot odamlarini qabrlarda qoldirib, o‘zlari shikastsiz bugungi kunga yetib keldilar. Oybek, Abdulla Qahhor, Abdulla Qodiriy bugungi kun odamlariga ularning o‘tmishdoshlari qanday qiyofada bo‘lganini ko‘rsatib berish orqali xizmatlarini davom ettirmoqdalar. Bugun o‘tmishga aylanganida esa, ota-bobolari hayoti va qiyofasini sarg‘ayib ulgurgan sahifalardan kelgusi avlodlar qidirishga haqli bo‘ladilar. Bu borada adabiyotdan o‘zga hech narsa ularga javob bera olmaydi. Tarix deysizmi? Ma’lum bir doiralar buyurtmasi va ma’lum shaxslar xohish-irodasiga ko‘ra tarix qay tarzda o‘zgartirilishi mumkinligi misolini uzoqqa borib o‘tirmay topish qiyin emas. Tarix va tarixiy shaxslar doirasida har qanday guruh o‘z manfaatidan kelib chiqib foydalanish imkoniga ega – bugungi kunni haqqoniy tarzda ko‘rsatish vazifasini zimmasiga olgan adabiyot haqida unday deb bo‘lmaydi. “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Esdaliklar”, “O‘tmishdan ertaklar” kabi badiiy asarlar tarixiyligi adolati zamonga qarab o‘zgarishga moyil tarix fani haqiqatidan hamisha ustundir.
Qo‘g‘irchoqqa jon ato etilmaganida u o‘sha o‘rmonda, o‘sha birodalar tunagan joyda qolib ketaverar edi. Uning tunida tong otmas edi. U o‘rmondan yurib chiqib keldi va odamlarga aralashdi. Unga o‘tmishda nafas ato etgan zot butun borlig‘i bilan bugunnikidir.
Yaqinda viloyat teatrlaridan birining repertuari borasida shu maskanning adabiy emakdoshi bilan suhbatlashib qoldim. U shu kunlarda teatrda o‘zbek dramaturglarining zamonaviy asarlariga deyarli o‘rin berilmagani holda, asosan “Richard III”, “Qirol Lir”, “Otello”, “Uylanish” singari jahon mumtoz dramaturgiyasi namunalari sahnalashtirilayotganidan yozg‘irib qoldi.
– Buning nimasi yomon? – dedim ajablangan holda. – Siz aytayotgan asarlar umuminsoniy qadriyatlarni aks ettirishini tan olmaysizmi?
– Nega tan olmas ekanman? – adabiy emakdosh biroz asabiylasha boshladi. – Tan olaman, ammo…
– Unda gap nimada?
– Bizning bugungi hayotimizni kim aks ettiradi? – dedi u dangaliga ko‘chib. – O‘sha siz aytayotgan umuminsoniy qadriyatlarga biz qanday ulush qo‘sha olamiz? Hozirda sahnalashtirilayotgan bu asarlarni boshqa mamlakatlar teatrlariga ham borib tomosha qilish mumkin. Ammo bizning hayotimizni boshqa mamlakatlar ijodkorlari kelib yoritib berishmaydi.
Men uni tushungandek bo‘ldim. Ha, san’at hayot hodisalarini barcha tashvishu quvonchlari bilan olib chiqar ekan, hayotning mana shu o‘tkinchi lahzasidagi o‘tkinchi insonlarning taqdiri orqali o‘z adabiy qahramonlarini mangulikka muhrlash da’vosini qiladi. Bugungi muammolar ertaga hal bo‘ladi. Diqqinafaslik shodiyonalikka aylanadi. Dunyo tark etiladi. Hayot o‘tadi. “Mehmonlar olomoni qiyofasini yo‘qota boshladi. Frak kiygan erkaklar ham, yalang‘och ayollar ham tutday to‘kilib chiriy boshladilar. Margaritaning ko‘zi oldida bu chirish butun zalni qamrab olgan edi, hamma yoqni dahma isi qopladi. Ustunlar quladi, chiroqlar o‘chdi, hamma narsa qovjirab g‘oyib bo‘la boshladi, favvoralar ham, lolalar ham, kameliyalar ham ko‘zdan yo‘qoldi”. Shunaqa bo‘ladi. Ammo adabiy aholi tomonidan ular tiklanib, hayot bardavomligini ta’minlab beradi. Ularni ajdodlaru avlodlarni bog‘lab turuvchi zanjirni ulab turuvchi po‘lat halqalarga mengzash joizdir, balki?
Xoh og‘zaki ijod, xoh yozma jihatdan olib qaramang, o‘zbek adabiyotida asrlar davomida beqiyos yangi-yangi durdonalar paydo bo‘lib, ulardagi adabiy aholi katta nufuzni tashkil etib borganini kuzatish qiyin emas. Bus-butunicha xalqqa tegishli bo‘lgan xazina barcha eshiklarini bundan bahramand bo‘lmoqchi bo‘lganlarga keng ochadi. Bir mahallar akademik N.I.Konrad Alisher Navoiy haqida “Asarlarining qahramonlari turfa-turfa: Farhod – xitoylik, Shopur — fors, Shirin – armani, Qays – arab, Iskandar – yunon bo‘lgan shunday buyuk shoir o‘zbek xalqining shoiri bo‘lib qoldi”; “Qadimiylikning tilga olingan barcha buyuk odamlari Alisher Navoiy asarlarida ishtirok etadilar va harakat qiladilar. Alisher bunda ham o‘zining ajoyib davri odamidir”; “…Iskandar o‘ldi. Uning o‘limoldi qilgan vasiyatiga ko‘ra dafn etish uchun uning jasadini u yaxshi ko‘rgan Misr Aleksandriyasiga olib ketadilar. Tobutda olib ketishadi. Tobutdan esa hovuchi ochiq bir qo‘li chiqarib qo‘yiladi… Bu qo‘lda hech narsa yo‘q. Ochiq hovuchli osilib turgan bu qo‘l — hayratomuz kuchga ega badiiy timsoldir. Agar Alisher birgina shu timsolni yaratganida ham biz baribir qarshimizda daho shoir turganini anglagan bo‘lar edik” singari fikrlarni yuksak minbardan turib, faxr va hayajon bilan so‘zlagan edi.
U yana, Tristan va Izolda, Usta va Margarita kabi turli xalqlar adabiyotida yaratilgan obrazlarning o‘limi va muhabbati haqida fikr yuritib, bu adabiy aholi davrasi to‘ridan Alisher Navoiyning Layli va Majnuniga joy beradi. “Jononiga ul fido qilib jon, Bu jon beribon nechukki jonon”.
Agar dunyoi dunning ichki ziddiyatlari, shaxsiy iztiroblari buyuk shoir yaratgan adabiy aholi vakillari orqali namoyon bo‘lmaganida, har qancha donishmandona gap aytganiga qaramay, Alisher Navoiy jahon ahli e’tiborini bu qadar tortmagan bo‘lardi. Uning jozibadorligi o‘z mutafakkarligi o‘lmas yodgorligini iste’dodidan tavallud topgan adabiy aholi orqali namoyon eta olganidadir. Donishmandlikka yo‘g‘rilgan iste’dod nafasidan jon olgan adabiy aholi davrasi o‘z makonida – har birimizning Qalbimiz to‘rida. Ular bizga nimalar demoqda? Ular bizni qaysi yo‘llarga chorlamoqda? Bu mangu zotlar biz o‘tkinchi bandalarga nimalar deya saboq bermoqqa intilmoqda? Qanday munosiblikni nomunosib, qanday nomunosiblikni munosib ko‘rishmoqda?
Shu joyda nuqta qo‘yilsa ham bo‘lar edi. Chinmi-nochinmi bilmadimu, ammo ijod ahli o‘rtasida mashhur bir hangoma yodimga tushib, xulosa qilishga oshiqmadim. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari o‘rtalarida Sho‘ro davri adabiyoti endi-endi oyoqqa turayotgan davrda olisdagi najot qal’asi – Maskovdagi katta adabiy bir yig‘inda obrazlilik masalasi muhokama qilinadigan bo‘libdi. Bizning adabiy salaflarimizdan ham o‘sha anjumanda vakillar ishtirok etishgan ekan. So‘z navbati kelganda, ulardan biri minbarga ko‘tarilib qo‘lini paxsa qilganicha tantanali nutq irod etibdi: “Biz keksa avlod obraz-pobraz nimaligini bilmaymiz, bunaqa gaplar bilan ishimiz ham yo‘q, nimaniki buyurishsa shuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarsillatib yozib beraveramiz!”.
Xoh hayotiy, xoh adabiy jihatdan olib qaraganda, biz ularning shonli avlodi emasmizmi?
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 13-son