Tashqarida ilk bahorning yomg‘ir isli sovuqqina yeli kirlanib qolgan qorlarni yalab, tarnovlarni tilga solardi. Kun sovuqqina bo‘lsa-da, oftobli, bahorning kelgani endi rost, bulutlar ham shashtidan qaytgan yovday allaqanday mayinlashgan. Uy ichida, ikki qavat ko‘rpacha ustida Norqul domla “Tafakkur” jurnalining eski sonlaridan birini muk tushgancha o‘qib, pechka yonida o‘tiribdi. Xonada o‘zidan bo‘lak hech kim yo‘q: bola-baqra mol-holga qarab, kelin nevaralar ham tashqarida o‘z yumushlari bilan andarmon yurishibdi.
Domla, “hmm, ana, xalq, ana vatanparvarlik” deb ovoz chiqarib o‘z-o‘ziga gapirindi. Tabiiyki, uning bu mulohazasi javobsiz qoldi. U ko‘ksini ko‘tarib chuqur tin oldi-da, ko‘krak cho‘ntagidan xaltani olib til tagiga nos tashladi. Bu harakatlarni ham jurnaldan ko‘z uzmay bajararkan, miriqib xo‘rsinib qo‘ydi. Va derazaga boqib kech kira boshlaganini tusmol qildi. Oynadan ko‘zini olib, tag‘in o‘z xayoli bilan bo‘ldi. Jurnaldan o‘qigani, Hasan Bo‘riyev degan olimning Janubiy Koreyaga qilgan safariyu u yoqlardagi ta’lim tizimi rivoji, shu sohaning tarixi haqida edi. Urushdan so‘ng pachavasi chiqib, ikkiga bo‘lib yuborilgan, qarzga botgan bir mamlakat. Na yer osti, na yer usti biror resursining tayini yo‘q. Bugunga kelib jahondagi eng o‘ziga to‘q, intellekti baland markazlardan biriga qanday aylandi-ya bu yurt? O‘sha og‘ir vaziyatdagi qo‘li uzunroq odamlarning o‘z uyidan maktabu litsey o‘quvchilari uchun joy bergani, boshqalari esa tilla taqinchog‘i bormi, jamg‘argan puli bormi, maorifga ixtiyoriy tarzda topshirgani, bor kuch-qudratni ta’limga, o‘qituvchilarga ajrim qilib, ularning sharoitini ko‘targani… va yigirma-o‘ttiz yil deganda ilmli, diyonatli ikki avlod kadrlar yetishib chiqib, mamlakatni batamom isloh qilgani… bu endi olamshumul gap-da. Keyin bu ishlarning boshida turgan yaxshi rahbarlar va muhimi o‘zligini, o‘zining diyorini benihoya qadrlaydigan odamlar, xalq… “Xalq dengizdir” deb kim aytgan edi? Ha, Cho‘lpon aytgan.
Norqul muallim shu taxlit o‘y surib o‘tirarkan, uy sirtidan kimdir chaqirayotganday tuyuldi unga. Nevaralardirda, deb xayol qildi muallim. Ammo shu payt eshik qiya ochilib kenjasining o‘g‘ilchasi ko‘rindi va bolakay:
— Jovli bobom sizni maylisga chaqirayapti, — dedi bobosiga. Bobosi ajablanib bolaga qaradi-da “Hozir” deb qo‘ydi.
Qirq yilga yaqin maktabda adabiyotdan dars berib, pensiyaga chiqqan odamning bir joyda o‘tirishi qiyin. Qish kunida ziqlanib ketadi, u-bu narsa o‘qiydi, tengqurlari bilan oz-moz gurunglashib keladi, juma namozga chiqadi. O‘zi aytganday, ayolining Izergil kampirning ertagiday o‘shagiga quloq osadi. Xullas, ba’zan zerikadi. Shu sababdan ham biror bir yig‘in bo‘lsa, avval bahor yetib boradi. Jovli degani esa uch uy naridagi qo‘shni, mol do‘xtir. El oralab yuradi. Kimning iti quturgan, kimning kelini ketib qolgan, kimning moli yo‘qolgan — bari yaxshi-yomon gapni shundan olaverasiz. Quyunday gap, hovliqib gapiraveradi. Lekin ko‘nglida kiri yo‘q, dal yigit.
Chol mahsichan ayvonga chiqdi va Jovli bilan ko‘rishdi.
— Assalom-alaykum, domla bova.
— Keling qani, duxtir, aleykum.
— Domla bova, vaqt yo‘q, tegirmonning oldida maylis bo‘layapti. Borish kerak, tez bo‘ling.
— Nima maylis?
— Maktab remontga tushibdi. Mayda sinf o‘quvchilari uylarga bo‘lib yuborilayotgan ekan, u yoq bizga uzoq. Shul o‘rtadan bir uyni belgilab, direktorni ko‘ndirish kerak. Bo‘ling! — Jovlining gap ohangi “domla bova” xo‘p deb majlisga borsa, direktorni o‘zi ko‘ndiradiganday alpozda edi. Domla uning xulqini bilganidan miyig‘ida kulib qo‘ydi: to‘g‘ri o‘sgan terakday samimiy, mug‘ombirlikni bilmaydi!
Bir pasdan so‘ng do‘xtir bilan domla yo‘lga tushdilar. Jovli gap uqtirib, Norqul domla esa “Hmm-hmm” deb tegirmon oldida to‘planib turgan yigirma-o‘ttiz chog‘li odamlarga borib qo‘shildi. Hammasi shu dahaning odamlari, ba’zilari tegirmon devori yonida shamoldan panalab o‘tirishibdi. Xoliq aka — daha oqsoqoli, o‘rtada.
Gap shuki, maktab ta’mirdan chiqib, gazlashgunicha (hokimlik maktabni gazlashtirayotganini Norqul domla o‘sha yerga borgach bildi va ichida “rahmat-e shu hukumatga” deb qo‘ydi) beshinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar kattaroq, imkoniyati bor xonadonlarga tarqatib o‘qitiladi. Bu dahaning bolalari Soatmurod fermerning uyiga taqsimlanibdi. Fermerning uyi esa maktabning qavatida. Katta sinflar qo‘shni maktabga qatnab turar ekan. “Nima, Soatning uyicha uy yo‘qmi bizning qishloqda. Mana, Qosimning uyi sakkiz xonali — tipovoy qilib solingan. Ertaga direktor maylis qiladi. Bir kun bo‘lsayam, bolalar payi cho‘zilib yurmay yaqinroqqa qatnasin. Uyga ertaroq keladi, buyog‘i loygarchilik, bahorning tumovi deganday. Qirq-ellik o‘quvchi uzoqqa qatnamaydi-da, uch-to‘rt malimi shu yerga keladi. Uning ham ikkovi o‘zimizdan ekan. Shu gapga nima deysiz, domla bova?” Xoliq oqsoqol shunday derkan Norqul domlaga yuzlandi. Oqsoqolning yonida Qosim ismli ota-onadan yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan hali uyi tilga olingan yigit ham indamay, qo‘lini qorniga qo‘yib, ko‘z osti bilan domlaga qarab turardi. Domla esa atay qilganday, uyida hozirgina o‘qigan narsasidan ta’sirlanib, qolaversa, bunday gapning ustidan chiqib turgani uchun biroz hayajon bilan gapira boshladi:
— Nima ham der edik, ma’qul-da. Juda ma’qul o‘ylabsizlar. Yaxshi gap. Lekin Qosimboyning o‘zi nima deydi bunga?
Yig‘ilganlar endi Qosimning og‘ziga qarashdi. Qosim bo‘ynini qashladi, so‘ng nafas yetishmayotganday dimog‘i bilan havoni so‘rib, u yoq-bu yoqqa qarab oldi. So‘ngra,
— Men… domla bova… — deb chaynalibroq gap boshladi. Uning “yo‘q” deyishidan, bitayotgan ishning bekor bo‘lishidan cho‘chibmi hamma sergaklandi va kimdir,
— Gapiring, Qosim aka, — dedi.
— Pechkangning ko‘mirini obberamiz, — dedi Nurali otli o‘rta yashar kirakash.
— Tomorqangni bepul haydab beraman, — deb yubordi Sattor traktorchi. Bu gapga birov-yarim yosh-yalang kulib yubordi.
— Nimaga kulasilar, to‘g‘ri-da. Buning ham vatani, otameros uyi. Ikki-uch oyga bolalarga joy bersa, kimning foydasi — o‘zimizning.
— Xoliq oqsoqolning bu gapidan so‘ng hammaning lab-lunji yig‘ildi. Qosim odamlarning ko‘ziga ikkilanayotganday, uyini yosh bolalar ivirsitib tashlasa, nima qilaman, deyotganday tuyuldi. So‘ng biroz jim turgach, tag‘in u yoq-bu yoqqa qarab oldi-da, kutilmaganda,
— Men roziman, — deb yubordi, — faqat…
— Xo‘sh-xo‘sh? Faqat…
— Faqat aytganlaringizni, bergan va’dalaringizni qilingizlar, — dedi Qosim endi kulimsirab.
— Ay, ko‘zingdan, Qosimtoy. Bul-da gap, — Xoliq aka uning yelkasiga qo‘l tashladi.
Shu vaqt Nurali kirakash tashabbusni qo‘lga oldi.
— Va’dani bajaramiz! Qani Xoliq aka, hammaga ayting. Uy boshi ikki ming so‘mdan yig‘sin — ko‘mirga. Yo‘l pulisi mendan, moshinam bilan Boysundan o‘zim yetkazib berib turaman, — dedi kirakash.
— Uy boshi emas-e? — dedi Amin maxsum, — bir xilning bolasi bu yerda o‘qimaydi, yoshi katta. Ba’zi uylarda umuman o‘quvchi yo‘q.
Bo‘layotgan gaplarni tinglab turgan Xoliq oqsoqol gapga aralashdi:
— Maxsumning aytganiyam to‘g‘ri, — dedi u bosiqlik bilan, — gap munday: har bir o‘quvchiga ming so‘mdan. Ro‘yxatniyam, pulniyam Nuraliboyning o‘zi yozib, yig‘ib oladi. Ma’qulmi?
Hamma baravariga “Ma’qul-ma’qul” deyishdi. Biri ikkinchi sinfda, birisi to‘rtda o‘qiydigan ikki nevarasi uchun Norqul domla ikki ming pulni shu yerning o‘zida Nuraliga tutqazdi. Nurali ham shu orada qog‘oz-qalamni qayerdan topdi, birdan ro‘yxatga oldi va domlani namuna qilib hazilu chin gap aytib ketdi.
— E, malades, domla bova. Hamma shu ustozday bo‘lsin! Oxirida bolalarga bir kun dars ham o‘tib berasiz endi.
Domla ham past kelmadi:
— O‘tsam o‘taman-da. Qirq yil dars berganda bir kun nima bo‘pti. Hammangni o‘zim o‘qitgan bo‘lsam.
Shunday qilib, daha odamlari “Ertaga soat o‘ndagi majlisga hamma borsin, hech kim qolib ketmasin!” deyishib tarqalishdi.
* * *
Ertalab Norqul aka oyog‘i sirqirab og‘rib uyg‘ondi. Bulutli kunlarda vaqt-bevaqt shunday bo‘lib turadi. Qaysi bir yili Termizga borib ko‘rinib ham kelgandi. Poliartrit deyishdi, kasalning ham turi ko‘paygan-da.
O‘shanda domla vrachga:
— Muning o‘zbekchasi nima, tushuntirib ayt. Ota meros kasal bo‘lsa, qora oqsoq bo‘ladi, — deganida, vrach kulib
— Ha, shunday desayam bo‘ladi, lekin aytilgan muolajani olib turish kerak, domla, — dedi.
Keyin vrachga boshqa bormadi. Qumga tushdi. Qaqshab ketaversa, ba’zan, sug‘ur moy surib qo‘yadi, zirk ichadi. Va “Mana, ovrisang”, deydi-da yuraveradi. Ammo bugun maktabning majlisi borligi sabab, simillab turgan og‘riq kayfiyatini tushirdi. Zo‘rg‘a tahoratga chiqib keldi. Odaticha mollardan xabarlashishga ham hafsala qilmadi.
Nonushtadan so‘ng Jovli aka keldi. O‘ziga xos shaloyimlik bilan domlaning jig‘iga tegmoqchi bo‘ldi u:
— Ey, Norqul aka. Yigit odamga oyoq ovriviyam gap bo‘ldimi-ey. Shunday kunda yurmaysizmi, gursillab.
— Sen odamning kasalini qayoqdan bilasan, molingni bil, burnoch, — domlaning bu gapiga Jovli aka baqirib kulib yubordi.
Majlisga Jovli aka domlaning kichik o‘g‘li bilan birga ketdi.
* * *
Domla uyning oftoro‘ya yonboshida peshinga tahorat olayotgan edi. Temir darvoza g‘iyqillab, Jovli akaning qorasi ko‘rindi, izidan esa domlaning o‘g‘li kirdi.
Jovli aka domlaga yaqinlashib salom berdi. O‘g‘li kelib domlaning uzatilgan qo‘lidan tortdi.
— Assalom-aleykum, — negadir Jovlining qovog‘i soliq, yuzi tundroqday ko‘rindi.
— Valeykum-assalom, keling do‘xtir, — Norqul domla uning yuziga sin solib qararkan, qo‘lining sirti bilan ko‘rishdi.
— Uyga torting qani, nima yangiliklar dunyoda?
— Yo‘g‘-ey, Norqul aka, qaytaman.
— A, gap bering. Borasiz-da, shu tomi qiyshiq uyingizga, — domla Jovlining raftoridagi o‘zgarishni endi ochiq ko‘rdi-da, uni tirsagidan olib, shu tomonga og‘irini tashlab yurarkan, do‘xtirni ichkariga boshladi.
Domlaning ro‘parasida ko‘rpachaga tizzalab, allanechuk yelka qisib o‘tirgan Jovli do‘xtir sekin gap boshladi.
— Oyoq qanday, ovruv pasaydimi?
— Pasaymasa menga nima. Sendan qo‘rqamanmi endi, dedim-da, sizlar ketgali beri besh-olti daraxtni qaychiladim. Ha, maylis nima bo‘ldi?
— Maylis ham… yaxshi bo‘ldi. Men yaxshi tanimas ekanman, qo‘shni xo‘jalikdan kelgan yigit ekan, direktor.
— Sening ham tanimaganing bor ekan-da, Jovli, — dedi domla kulib.
— E, gapni bo‘lmang. Xo‘sh… bi-ir ma’nili, gapiyam, o‘ziyam bosiq yigit ekan. Gapni o‘zi boshladi, hammani maktabning, mahallaning gazlashayotgani bilan tabrikladi. Yangilik-da bizning qishlog‘imiz uchun. “Mana, bizning Ketmon mahallamiz ham gazlashadigan bo‘ldi. Maktab to‘liq rekonstruksiya qilinayapti. Shuning uchun hammaning xabari bor, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini vaqtincha uylarga bo‘lib o‘qishni davom ettiramiz…” Direktor shu yerga kelganda Xoliq akani nima jin urdi, joyidan irg‘ib turib uning gapini bo‘ldi-qo‘ydi-da. “Ho‘, o‘rtoq Qobilov, biz o‘zimizning bolalarga joy topdik. Kengish, sakkiz xonali uy, ana Qosimboyning uyi. Shunga domlalaringizni jalb qilib berishingizni so‘raymiz…” Boshqa qishloqlardan ham odamlar bor deng, zal to‘la. Direktorning qovog‘i uyildi. Oqsoqolning gapining ma’nisidan ham ko‘ra o‘zining gapi bo‘lingani alam qildi unga. Lekin shundayam og‘irlik qildi. Xoliq akaga qarab “bo‘ldimi?” deganday qaradi-da, gapini davom ettirdi. “Oqsoqol, joyingizga o‘tiring. Biz sizlarning takliflaringizniyam hisobga olamiz. To‘g‘ri, Qosim akaning uyi siz aytganday, talabga javob beradi. Lekin biz avval Soatmurod fermerning uyini sizning dahangizdan qatnaydigan o‘quvchilarga mo‘ljal qilgan edik. So‘ng domlalar bilan, tumandagi kattalarimiz bilan maslahat qilib, Normurod bug‘altirning uyini belgiladik. Unga ikki dahaning o‘quvchilari qatnaydi. O‘qituvchilarimizga ham qulay. Chunki sinf-sinf qilib o‘qitgani yaxshi, muhimi — o‘rtaliq. Sizlarning ham, undan beridagi qishloqning ham o‘quvchisi bir joyga keladi. Qosim akaning uyi bu qishloqdagilarga uzoq. Bu ishlar vaqtincha, bilasizlar. Nari borsa ikki yarim oy. Hamma bilib olsin-da: o‘quvchini vaqtincha tarqatish, degani maktabni tarqatish, degani emas! To‘g‘ri tushuningizlar, buni men o‘ylab topganim yo‘q. Rayondan odam keldi, o‘quvchi kontingentini, o‘qituvchi sonini, ambulatoriyaning yaqinligini katta yo‘lni hisobga oldik. Qosim akaning uyi oldida katta kanal bor. O‘quvchilarning javobgarligi mening bo‘ynimda, oqsoqol. Ularga uyda ota-onasi ega bo‘lsa, maktabda, dars mahalida uvol-savobiga biz javob aytamiz”. Ey, Norqul aka, ma’qul gap — ma’qul-da. Bo‘ldi g‘ovur-g‘uvur. Hamma, Xoliq akayam “ma’qul”lab qoldi. O‘ylab ko‘rsam, to‘g‘ri gapiryapti-da. Qisqacha gap shu. Lekin maylis tamom bo‘lgach, Xoliq aka bilan ikkovimiz ko‘chada qolib ketdik. Qosimning qovog‘i osilib, bizni tashlab ketib qopti. He yo‘q-be yo‘q, ketib qopti. Moshinasida borgan edik. Oqsoqol ham, men ham hayron. Nurillaning “Damas”iga tiqilishib kelib oldik-ku, lekin Xoliq aka xafa bo‘ldi-da…
— Qosim kechagi o‘zimizning yig‘indan keyin uyalgandir-da? — dedi Norqul muallim.
— Uyalib nimasiga uyaladi. Ko‘pchilikning ishi-da bu. Xo‘p endi, domla men boray…
Jovli aka shunday dedi-da o‘rnidan turdi.
* * *
Oradan besh kun o‘tgach Norqul domla qo‘shni Mirshodi mahalladagi bir xudoyiga boradigan bo‘ldi.
Qaytishda yo‘l chetida turgan edi. Bir oppoq mashina kelib shundoq bekatning yonida ohista to‘xtadi. Ichkaridan ruldagi kishining yon oynani tushirib “Chiqing ustoz”, degan tovushi keldi.
Domla enkayib qaradi: maktab direktori Qobilov ekan. Norqul aka mashina o‘ng kelganidan allanechuk quvonib qo‘ydi va “Yo, bismillo” deb o‘rindiqqa cho‘kdi. Domla direktor bilan so‘rashib undan-bundan gaplasharkan, ser solib uning yuziga qarab-qarab oldi.
Bir muddat shu zayl yurishgach, direktor gapni, aniqrog‘i Norqul domla kutayotgan gapni boshlab qoldi.
— O‘tgan kuni yig‘ilishda ko‘rinmadingiz, ustoz?
— O‘sha kuni sal mazam bo‘madi, uka. Shu eski kasal bor bizning, oyoq zirqillab qoladi. Ukangiz Termizga obborib bir-ikki marta qumgayam tushirib keldi. Shuytib… yaxshi o‘tdimi yig‘ilish ishqilib?
— Yaxshi o‘tishga-ku yaxshi o‘tdi-da… Xoliq aka boshida odamni hayron qildi. Lekin oxirida-ku o‘ziyam to‘g‘ri tushundi.
— Ha, domillajon, ko‘p bilan ishlagandan keyin, oz-moz shunday gaplar ham bo‘ladi-da.
Direktor ustozning bu gapidan uning majlis haqida eshitganini angladi va yo‘ldan ko‘zini uzmay borarkan, bir maromda gapirib ketdi.
— Endi, ustoz, mana o‘zingiz ham bir umr ta’limning nonini yeb, shundan pensiyaga chiqdingiz. Bilasiz. Odamlarimiz ham qiziq-da, davlat maktabni gazlashtiryapti, stol-stuldan tortib, kompyutergacha yangilanyapti. To‘liq remont boshladik. O‘quvchi ikki-uch oy sizning uyingizda turib o‘qidi nima, mening uyimga qatnab turdi nima. Talab bor, qonun-qoida bor, bolalarning javobgarligi deganday. Har bir vaqtincha foydalanilgan uy uchun oyiga yuz ellik ming to‘lov to‘lanadi. Moliya bilan, g‘aznachilik bilan talashib-tortishib shunisigacha hal qildik. Buniyam men o‘ylab chiqarganim yo‘q…
Norqul muallim direktorning so‘nggi so‘zlarini eshitarkan, beixtiyor Jovli do‘xtirning gap-so‘zlari esiga tushdi. “Ha, gap bu yoqda ekan-da. Hey, senlarni pul yesin, o‘zingning bolang uchun ham…” Domlaning ko‘ngli og‘ridi, ammo buni direktorga sezdirmaslikka harakat qildi.
Manzilga yetgach Qobilov bilan xo‘shlashib yo‘l chetiga tushdi. Pul uzatgan edi, direktor qo‘lini qaytardi:
— E, odamni uyaltirmang-ey. Bir duo qiling, ustoz, boshlagan ishlarimiz rivoj topsin.
Domla duo qildi, direktor ketdi. Domla so‘ng… Xoliq oqsoqolning uyiga qarab yo‘lini burdi.
…Ha, maktabni bizning uyga tortaylik, deb, oqsoqolga Qosimning o‘zi aytgan ekan. Dahaning majlisida ikkilanganday bo‘lib turgan bu xumsa muvaqqat maktab uchun to‘lov borligini Xoliq akagayam bildirmabdi. Oqsoqol esa buni Norqul muallimdan eshitib qattiq mulzam bo‘ldi. “Ey, otangning jiligiga Qosim yolg‘iz-ey…” deb odaticha so‘kinib yubordi. Bu hol Norqul domlani tag‘in asabiylashtirdi. Odamlar nega bunday-ey? Mana bu daha oqsoqolining ham xabari yo‘q, hatto ora yo‘lda betining pardasi yirtilgani qolibdi.
Norqul domla shu o‘ylar bilan uyiga qaytdi. Eshik hatlab hovliga kirarkan qo‘lida shamol parrak tutib, o‘ynab yurgan nevarasiga ko‘zi tushdi va birdan tutaqib ketdi. Nevaraning qo‘lidagi boz barak o‘tgan kungi o‘zi o‘qigan jurnalning yaltiroq muqovasidan tayyorlangan edi. Domla beixtyor Xoliq oqsoqolga o‘xshab so‘kinib yubordi: “He, otangning jiligiga…”
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 9-son