Ketaverasiz. Otliq yoki yayov. Seryog‘in bahorda o‘t bosib, yo‘qolib qolgan so‘qmoqlardan goh adashib, goh topib. Taqimlar uyushib qoladi, piyodalaysiz. Oyoq tolgach yana ulovga minib ketaverasiz. O‘zini uxlaganga solgan devlardek qorayib, mag‘rur turgan qoyalar, archalar, bodomchalar. “Pir” etib ulovingizni hurkitib yuboruvchi malla chil qushlar. So‘qmoq o‘rlagan sari yurish qiyin, ammo sirli manzilga yetish istagi tortaveradi sizni…
Bobotog‘da “Bormi-yo‘q”, deb ataluvchi manzil bor. Bu manzilning ham o‘ziga xos muqaddasligi, azizligi va shu azizligini asoslovchi yalovdor shahid-qabrlari, qadamjo maqomidagi ayrim belgilariyu xos rivoyatlari mavjud. Eng yaqin aholi manzilidan ikki kunlik yo‘l bo‘lgan bu go‘shaga kishilarni chorlab turuvchi alohida jihatlari ham bordirki, “Bormi-yo‘q” safari hanuz davomlidir.
Bu yerda u qadar yuksak bo‘lmagan bir g‘aroyib qoya bo‘lib, qoyaning yuza sathidagi toshlar favqulodda silliq. Xuddi o‘nlab sangtaroshlar atay kelishib, toshlarni taroshlab ketishgandek. Shu silliq sath qishin-yozin go‘yo “terlab” turadi. Ko‘zyoshdek kichik-kichik tomchilar oftobda jimirlab, kamalak boylab ko‘rinadi. Qoya pastida esa kattagina qizil toba tosh bo‘lib, toshning o‘rtasida chuqurcha paydo bo‘lgan. Chuqurcha xuddi sopol kosa qolipidek mukammal, silliqlanib, yashil boqqo‘tondan sirpanchiq bo‘lib qolgan. Qoya yuzidagi “ko‘zyoshlar” ana shu chuqurchaga juda sekinlik bilan yig‘iladi va qachondir “kosa” suvga to‘ladi. Ba’zilar chuqurcha uch oyda suvga to‘ladi, desa ba’zilar qirq kunda deydi, anig‘ini birov bilmaydi. Bu suv tog‘ning sho‘r suvidan farqli o‘laroq juda totli, ichgan kishi yana ichsam degulik shirin. Cho‘ponlar, boruvchilar chuqurcha yonidan boshqa chuqurlar ham kovlab tashlashgan, ammo qo‘lda kovlangan chuqurchalarga suv yig‘ilmaydi — yerga shimilib ketadi. G‘amlab olingan bir necha idishdagi suvlarni sarf etib, “Bormi-yo‘q”qa yo‘l olgan har kimsa o‘sha suvdan bir qultum bo‘lsa-da nasib qilsin-da, degan niyatda keladi bu yerga. Bormi-yo‘qmi, degan umidli hadik bilan keladilar bu archali ovloqqa.
Atigi bir kichik chelakcha chiqadigan bu suvdan ichish omadli bandalariga nasib qiladi, albatta. Yoki o‘n kunmi-yigirma kunmi burun kimlardir ichib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Qizig‘i, borib-kelganlardan suvdan icholgan-icholmaganligi surishtiriladi. Va bu voqea yangilik sifatida gurunglarda aytib yuriladi. Qariyb bir haftalik olis yo‘l azobi, jimlikning bepoyon olami va tabiat yuqtirgan xavotir hissi kishilarni o‘ziga xos xulosalarga olib keladiki, “Bormi-yo‘q”dan qaytgan har bir ziyoratchi albatta rostini aytadi. Odatda maqtanishni, omadli ko‘rinishni xush ko‘radigan odamlar ham anchayin o‘ychil, bosiq bo‘lib qaytadilar. “Yo‘q, nasib qilmagan ekan bizga”, deb siniq jilmayib yana o‘z hayotlariga sho‘ng‘ib ketishadi. Yoki Masiho olovidan dardi arigan xastadek, yuzlari yorishib, oftob qoraytgan chehrasidan quvonch yog‘ilib, tanishu notanishga boladay beg‘uborlik bilan kayfiyat ulashib, to‘lqinlanib: “Ato qilgan ekan, deng. Bir piyoladan suv ichdik”, deya shod qaytadilar. Ularga endi ishlari birdan o‘nglanib, barcha niyatlari hech bir muammosiz amalga oshishi naqd bo‘lib tuyuladi.
Ammo bu omadyorlikning ijobatini ham xuddi chuqurcha qancha vaqtda suvga to‘lishini birov aniqlamaganidek, hech kim batafsil tadqiq etmagan. Menga bu narsani ilohiy qaror, baxtu saodatning ayni mezoni, deb hisoblagandan ko‘ra uni ramz, ishora deb bilish, tushunish muzmunliroq tuyuladi. Va bu ramziy ishorani adabiyot, adabiyotga yo‘l, deb hisoblagim, qiyos etgim keladi. Ya’ni o‘sha manzil — oftob ilk tig‘larini qayrab oladigan Bobotog‘dan Toshkentgacha bo‘lgan masofa menga qandaydir ming chaqirimlik yo‘l bo‘lib tuyulmaydi-da. Masalan, biror rahbar yoki zarur ishli odam Termizdan uchib qirq besh daqiqada Toshkentda paydo bo‘lishi yoki tujjor Darbandda uxlab Otchopar bozorida uyg‘onishi ham mumkin.
Ammo bu… Cho‘lponning ko‘zoynagi, Usmon Nosirning etigi, Oybekning shamsiyasi, Shukur Xolmirzayevning miltig‘i aynan saqlanayotgan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovni ko‘rishing, hatto qo‘l berib ko‘rishishing mumkin bo‘lgan yo bo‘lmasa, tutqichini Shavkat Rahmon ham tutgan biror nashriyot eshigidan bosh suqib qarashning iloji bor bo‘lgan bu manzil men va men kabilarning “Bormi-yo‘q”laridir aslida. Men va men kabilar sirayam “Bugun Toshkentga borib erta kechga qaytaman”, deb aytmaydilar. Ular har kungi ishga jo‘nagandek Toshkentga jo‘namaydilar, bunday odatiy jo‘nayolmaydilar yoki jo‘namaganlar. Ular: Men Toshkentga ketyapman!, deb yo‘lga chiqadilar. Har birining ulovi hayrat, hamrohi umid bo‘ladi, har birining ichida bir kenja botir yashaydi ularning. Bu manzilga uch-to‘rt kunda yetib bo‘lmaydi, kimdir o‘n, kimlardir yigirma-o‘ttiz yil “Bormi-yo‘q”, degan umid savoli bilan yo‘l tortadi bunda. O‘sha rostgo‘y tog‘ odamlaridek bo‘lib, safar hikoyatlarini boricha aytmoq Toshkentga, ya’ni “Bormi-yo‘q”qa yetib kelmoqdir. Toshkentda turib ham unga yetolmaslik mumkin-da, axir. Bilmadim, har holda mening ichimda shunday qiyos bor.
* * *
Bolalik bahorlari judayam topqir edi. Har harakatdan bir o‘yin, har o‘yindan qandaydir tadrijiy mazmun o‘ylab topardik. Bu mazmun esa o‘z-o‘zicha adolatga intilgan bo‘lardi. Adolat va mardlik bo‘lmasa mazmun ham bo‘lmas ekan-da. Buni ichki sezim va intizom talab etardi chog‘imda. Bu kabi so‘zlarni bilmasak ham, Adolat, deganda opamning sinfdoshi, moviy ko‘z qizni tushunsak ham o‘yinlarda adolatga talpinardik.
Xullas, sakkiz-o‘n yashar qo‘y boqib chiqqan bolalar yam-yashil, balandgina tepalikdan pastga yumalash o‘ynardik. Ikki qo‘limizda — kaftimiz orasida uydan yashirincha olib chiqilgan tovuq tuxumi. Yuqoridan pastga yumalayotganda kimning qo‘llari katta, kuchli bo‘lsa, omad shuniki. Maqsad — tuxum sinmasligi kerak. Ko‘pincha o‘ntadan to‘qqizimizning kaftimizdagi tuxum sinar va pastda turgan idishchaga yig‘ilaverardi. Bahodirning qo‘llari baquvvat, o‘ziyam kuchli edi. Ikki kaftini iyagi ostiga juftlab, muvozanatini yo‘qotmay xuddi gaz baloniday tez yumalab ketar va pastdan sog‘ tuxumni ko‘z-ko‘zlab ichimizni kuydirardi, boshi ham aylanmas edi. Va unga sirayam qo‘y qaytarish navbati kelmasdi. G‘oliblikning rag‘bati shu edi. Sizni va bizni turmush tepaligidan yumalatib ketayotgan yillarda bizning asralgan ko‘nglimiz darz ketadi yoki chil-chil bo‘ladi. Ko‘ngilning o‘rnida ajriq bosgan gulzorday bir nimalar qo‘nim topadi. Ko‘ngilni asrash, qilovi olinmagan tig‘day shoir yurakni saqlab qolish, tuyg‘ularni o‘z ismi bilan atab, kamolga yetkazmoq, “Bormi-yo‘q” safariga borish uchun ularga “yo‘lkira” topib berish naqadar qiyin, zavqli va qanchalar tabarruk amal.
Ha, mayli, biz “Bormi-yo‘q”qa ketyapmiz. Chalg‘imaylik.
Odam bu — uslubdir. Yozuvchi Nazar Eshonqul shunday degan edi. Bugungi kunda bir tola sochdan odamning rasmini chizib berishyapti. Ruhiyatshunoslar o‘zi yo‘q odamning husnixatidan uning xulqini aytib beradilar. Xuddi shunday odamning hamma aytganlari o‘zining sharhidir. Kishi tili chiqqandan to tildan qolguncha nima desa, ma’ruza qiladimi, birovning gapini boshqaga tarjima qiladimi, nechta so‘z aytsa uning hammasi o‘zi haqida bo‘ladi. Kuladi, yig‘laydi, qiyshayib yuradi, to‘yda raqs tushadi, birovga taskin beradi, iddao qiladi — bu harakatlarning barisi uning o‘zi haqida. Ijodkorning ichida o‘zi yo‘q asarlari shu ulug‘ haqiqatni anglamaslik mahsulidir. Ana shu anglamaslik pirovardidagi adashuv aslida uning yo‘lidir. Unga — adashish buyurilgan. Odamning ichidagi daryo tabiatdan, ilohdan ulgu olgan. Unga qarshi suzmoqlik adashish, balki yo‘qotishdir. Adabiyotimizdagi Oybek nomi menga quyoshni eslatadi. Adibni ko‘rmaganmiz, ammo o‘shshaygan qoya labidagi bir tup na’matak hayratidan yurakka porillab kiruvchi satrlarni bergan ko‘ngil naqadar saqlangan, naqadar noyob!
Men haqiqatni emas, ko‘rganlarimni yozmoqchiman, degich edi Shukur aka. Bu uning uslubi edi, uning yo‘li edi, ko‘ngli edi. Indallo shunday: men yomg‘irning yog‘ishini, quyoshning chiqishini, maysaning o‘sishini, soylarning yuqoridan quyiga oqishini, g‘orlarning qum to‘zonlaridan ko‘milib yana qachonlardir qayta paydo bo‘lishini va ichimdagi daryoni oldidan ko‘rishni istayman. Ana shunda milliy mifologiya shakl topadi, tiklanadi, tabularimiz badiiy asar qatlariga singib ketadi. Bu bitiklar o‘quvchiga qondosh, et-tirnoq bo‘ladi, aziz bo‘ladi.
Vatan xalqsiz, xalq ma’naviyatsiz, ma’naviyat adabiyotsiz butun bo‘lmagach, Balzak aytmoqchi yashamoqning o‘zi kam, yaratmoq kerak emasmi, degan o‘y ba’zida ko‘nglimga kelib turadi. Tengqurlarim ko‘zimga payt poylayotganday, yo‘l qidirayotganday, ikkilanayotganday, o‘zgalarning xato qilib bo‘lishini kutib o‘zi shularni chetlab o‘tmoqchi bo‘layotganday tuyuladi. Ba’zan “So‘z kimyosi” asaridagi (Ya. Parandovskiy) “… yozuvchi rus grafi Tolstoyday azaldan badavlat bo‘lmog‘i va so‘ng qo‘lga qalam olmog‘i kerak”, degan so‘zdan qayg‘urayotganday, yoki shu grafning “Adabiyot hayotning bezagi, odamlarni avrab hayot bag‘riga chorlaydi, yetaklab kiradi”, degan iqroridan “ko‘zi ochilib”, “nimani qay yo‘sinda” deyotganday tuyuladi. Ba’zan esa milliy kutubxona arxivini titkilab, Sh. Xolmirzayevning “Adabiyot o‘ladimi?” maqolasini topib Aleksandr Titovning “Adabiyot keraksiz bo‘lib qoladimi?” sarlavhali maqolasidagi “Adabiyotsiz turmush yalang‘ochlashadi, so‘nggi naqliyot san’ati mahsulotlari va yaltiroq muqovali “asar”lardan qoniqmaganligi tufayli inson ichdan dag‘allashadi. Adabiyotsiz davrning sir-jozibasi yo‘qdir” yoki “O‘tgan asrlardagi jiddiy adabiyot asosan ijtimoiy ruhda bo‘lib, hayotdan o‘ziga ideal axtarardi, oldinga chorlardi. Endi payg‘ambarlik maqomini yo‘qotib, hech narsa bo‘lmay qoldi” singari fikrlarini chog‘ishtirayotganday tuyuladi. Ba’zan esa tengqurlarim yigirma, o‘ttiz yil, hatto yuz yil ilgarigi yozuvchilarning va bugungi qalam sohiblarining bitiklaridan ko‘ra shaxsiyatiga urg‘u berib adabiy g‘iybatga moyilday va ba’zan she’r yoki hikoya yozayotganday ham tuyulaveradi.
Shunday paytlarda, hey jo‘ralar, shu ko‘ngil ham bir nimani biladi — professionallik, chin mutolaa yo‘q bizda, nimamizga ishonyapmiz o‘zi, degilarim keladi. Lekin demayapman. Chunki bu savollarga o‘zimda javob yo‘qday. Besh yuz misra g‘azalni yod bilmagan ijodkor Navoiy zamonida shogirdlikka olinmas ekan, deya eshitganim bor, yoki “Shohnoma”ning ilk ming baytini bitgan shoir Daqiqiy Chag‘oniyon amiri huzuriga kirish va unga manzur bo‘lish uchungina yozgan madhiyaning o‘zi bugun ham o‘sha davr manzarasi, nafasini ifoda etgan yuksak badiiy asardirki, zero shoir uni “buyurtma” deb qog‘ozga tushirgandi.
Ammo (shu so‘z uchinchi o‘g‘ilga o‘xshaydi) ilm bilan yetilmagan iste’dodi o‘quvchinikidan sal mundayroq, nomiyu chala-yarim bir-ikki kitobi bo‘lgan bitikchi o‘quvchini aybsitmasligi kerak. Did, deng, xos adabiyot, deng, hammaga yoqishi shart emas, meni bir asrdan so‘ng tushunishadi, deng. Hammasi bor va bo‘lishi mumkin bo‘lgan gaplar. Mustaqillikning ilk o‘tish yillaridagi qurg‘oqchil saratonlarda ham yerga sholi ekkan ma’qulmi, yeryong‘oqmi, degan suhbatlar barobarida Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” kitobini qayerdan topsa bo‘ladi, degan savollar bor edi. Hozir ham “Jahon adabiyoti”da chiqqan qissalarning muhokamasi Boysundagi suvga navbat kutib turgan odamlar o‘rtasida bo‘lib turibdi.
Shuhrat qozonish. Odamlar: “Shodmonqul Salom shumi, birga rasmga tushaylik” deyishlari qanday soz-ey. Bu jumladan ensangiz qotmasin, bu oramizdagi gap: odamzod e’tibor, aks-sado farzandi, san’atimni uqsang, ulug‘ fikrlarimni ilg‘asang ilg‘ading, bo‘lmasa otangning go‘riga, deb yelkadan oshirib tashlay olgan, tirikligida biror satr narsasi nashr bo‘lmagan ayrim ijodkorlar ham bu olamdan javob va taskin izlaganlar, kutganlar, nedandir umid qilganlar. Kutishda ezgulik bor, haqiqat bor, Xudo bor. Shu haqni izlash yo‘lida chekilgan iztirob, tuyulgan quvonch mahsuli bo‘lib dunyoga kelgan, “o‘zim uchun” bitilgan, shuhratini sohibi ko‘rmay ketgan durdona asarlar ham, oxir-oqibatda millat, umumbashariyat mulkiga aylanib, insoniyat nomidan aytilgan g‘oyalar bo‘lib ketganki, buni e’tiborsiz e’tibor deymizmi, shuhratu rag‘bat deymizmi, farqi yo‘q, muallifini va shu muallif mansub xalqni sharaflaydi, unga xizmat qiladi.
Adabiyot bilan mashg‘ul bo‘lib uning jonfidosiga aylanib, qismatini qismatim, deb bilish, kishidan tug‘ma muhabbat, katta kuch, sabr talab etishi haqiqat ekan, qurbonliklari evaziga o‘zidan qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan meros qoldirarkan, yurak yutib bu zahmat yo‘lini tutmoq, unga umrbod sodiq qolmoqlikning zavqi va azobining ko‘lamini tasavvur qilish mumkin.
Yosh kelin-kuyov ikkisi ikki tomondan biri o‘ngga, biri chapga burab suvini siqayotgan kirni ko‘z oldingizga keltiring. Na dunyo, na amal va’da qilguchi, bil’aks qanday inson bo‘lib voyaga yetishi noma’lum farzandday aziz, xavotirli bo‘lgan kelajakka sha’ma qilib, bir yonidan turmushning qattiq qo‘llari, boshqa tomondan nozik dilning ulug‘ sevgisi ijod kishisini kir siqqanday siqqanida, turli “chilik”lar, “izm”lar soyaday elakishib turganida mardona turmoq, mardona tura olmoqlik — bu endi chin ma’noda ulug‘lik bo‘lsa kerak.
Jasur Kengboyevning “HavOchun”, degan hikoyasini o‘qidim. Tushunolganim: hayotda ro‘y bermaydigan, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan gap, ammo chin gap. Bu miqti, ramziy hikoyadagi ko‘ngil og‘riqlarini, yurak zabtini, g‘ussali istehzoni, o‘kinchu umidni qaysi tilda o‘qisak ham o‘z izini qoldiradi. Ko‘ngilning tarjimasi ko‘ngil bo‘ladi. Shakl topgan tili, ravon ifodasi, badiiy niyati taralgan sochday to‘kis, tugal.
Bu shaxsiy fikrim, albatta. Bor-ku, bo‘lyapti-ku, demoqchiman.
* * *
Abdulla Qahhor qaysiki yosh ijodkorga matbuotda yoki og‘zaki yo‘sinda ijobiy baho bergan, o‘ziga — adabiyotga yaqin olgan bo‘lsa, o‘sha yoshlar bugungi kunga kelib milliy adabiyotimizning yirik siymolari qatoridan o‘rin oldi. O‘z iste’dodi mahsuli bilan adabiyotni boyitib soha oldidagi qutlug‘ burchlarini imkon qadar bajardilar, hosil berdilar.
Abdulla Qahhor kimgaki, bo‘tam boshqa amalning boshini tuting, umringizni zoye ketkizmang mazmunida tanbeh-saboq bergan bo‘lsa, biz o‘shalarning nomini Qahhordan dakki eshitgani uchungina eshitib qolganmiz, so‘ngra ular baayni «gum» bo‘lganlar.
Qahhorona intizom, deymizmi, adabiy mezon, deb atash kerakmi, shu jihatlar xususida ustozlar namunasi ko‘rinmayotir. Hamisha ham emasku, oz ham emas. Bitilayotgan so‘zboshilar, so‘ngso‘zlar, taqrizlarning haminqadarligi, nashriyotlarning faqat matn hajmi va moliyasi bilan hisoblashayotganligi bor gap. Rus shoiri B. Pasternak, hov anavi etikdo‘z eng oddiy qog‘ozdan gazeta nashr etsa ham, men shu gazetaga she’rlarimni jon deb bergan bo‘lardim. She’r poklaydi!, deganida, hatto siyqa, aldam-qaldam xabarlar tarqatadigan nashrlarda ham ketadigan badiiy asarlarni saralamoq, adabiyot nomidan jinoyat qilmaslik kerak, demoqchi edi.
Ayni shu muammoning yechimi ikki yil burun nashrdan chiqqan Prezident Islom Karimovning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida batafsil aytib o‘tilgan: ”Iste’dod, iste’dod va yana bir bor iste’dod sohiblarini topish, tarbiyalash va ularning mehnatini qadrlash eng asosiy vazifamizga aylanishi zarur”.
Shu maqsadda tashkil etilgan «Ijod» fondi, ilk kitoblar nashri yoxud ijod uylari faoliyatiga doir islohotlarning tadbiqi ham ijodkor va ijodiy jarayondan amaliy natija kutayotir.
Internet degan o‘zansiz daryoda oqib borayotgan o‘smirlikning, yoshlikning to‘lqinli savollari adabiyotdan javob topmog‘i uchun, ko‘p bor aytilgan intellektual salohiyatli kelajak haqidagi so‘zlarning ro‘yobi uchun bugungi tezkor dunyoda bizning hozirligimiz, ehtiyotimiz qanday, mukammalmi, bormi? “Bormi-yo‘q”qa bormasdan, suvdan to‘yib ichdik, deb yarim yo‘ldan qaytib kelmayapmizmi? Adabiyot qavmining obro‘si, nufuzi uchun yaxshini yomondan ayirmoq uchun mezon qanday bo‘ladi?
Lekin hali yo‘ldamiz. Ko‘ngil obidaci cari tortilgan yo‘lda. Yo‘l esa uzun, sirli, dil tortar. Ketaverasiz, ulovda yoki piyoda…