Shodiyor Hazrat Ismat. To‘rtko‘z (hikoya)

Xurram cho‘ponning iti – Olapar suruvning ortidan yura olmay qoldi. Olapar yotoqlay boshladi. Kechga tomon egasi itini chaylaga qamab, yana qo‘ylarini soyga yoyib yubordi.
Xurram qishloq va xo‘jalikning qo‘ylarini boqib yuradi. Uning oyog‘ini opalari yoshligida beshikka noto‘g‘ri belaganligidan qiyshiq qilib qo‘yishgan. Keyin bola oyoqlagandagina oqsoq ekanligi bilinib qoladi.
Xurram o‘zining cho‘loqligini unutib qo‘ygan. Mudom kulib turadi. Uni qishlog‘ida va qo‘shni dahadagilar ham birdek Xurram cho‘loq, deydi. Biroq Xurram bundan xafa bo‘lmaydi.
U yoshligidan ota kasb – cho‘ponlik qiladi. Qo‘yning tilini yaxshi biladi. Suruvni Olapar va To‘rtko‘z qo‘riqlaydi. Xurramning xotini – O‘g‘iloy itlarga har kuni uch mahal atala pishirib beradi.
Olaparning bolalaydigan payti keldi… Chaylada O‘g‘iloy unga qarab turibdi. It esa oyoqlarini cho‘zganicha uzala tushib yotardi.
To‘rtko‘zning bir o‘zi Xurramga yordam beryapti. To‘rtko‘z aqlli it. Egasining nima demoqchiligini sezib turadi. Qo‘ylarni huda-behuda hurkitib chopmaydi.
Saharlab qo‘ylarni yotoqdan haydab chiqadi. To‘rtko‘z biroz ular bilan yuradi. So‘ng qirning ustiga chiqib yotadi. Tushga yaqin u qir atrofidagi qo‘ylarni qaytarib yana qo‘tonga opkeladi. Yo‘lda suv ichishadi. So‘ng yotoqda salkam uch soatcha dam olishadi. Yana qo‘ylar sekin o‘tlagani turib ketishadi. Bu safar ular yarim kechagacha dashtda o‘tlab yurishadi.
Xurramning har kungi yurish-turmushi shunday bo‘ladi. To‘rtko‘z ham shunga ko‘nikkan. Endi u Olaparning ham o‘rniga ishlashi zarur. Suruv ham To‘rtko‘zga ko‘nikkan edi. U egasi bo‘lmasa ham suruvini bemalol boqib yuraverishi mumkin. Ba’zida Xurram suruvini yarim kun To‘rtko‘zga tashlab ketmoqchi ham bo‘ladi. Lekin qo‘shni cho‘ponlardan hadiksiraydi. Negaki, suruvlarni bir-biriga qo‘shib yuborib, keyin ishni chuvalashtirishi mumkin…
Ortiqcha tashvish. Dahmaza bo‘ladi. Burnog‘i yili Obro‘y cho‘pon suruvini atay Oltiboy cho‘ponning otariga qo‘shib yuborib, bir kechada Oltiboyning oltmishta qo‘yini yo‘qqa chiqargan edi. Cho‘pon zotining makri bir necha filga yuk bo‘ladi…
To‘rtko‘z egasiga ham, suruviga ham mehribon edi. Dumini likillatib, tilini osiltirganicha Xurramning oldida turar yoki suruvning atrofida aylanib yurardi. Uni tevarak-atrofdagi cho‘ponlar ham yaxshi ko‘rishardi…
Buni qarangki, To‘rtko‘z Olaparga ham mehribon ekan. Qo‘tonga yaqin qolganida To‘rtko‘z uvladi. Unga javoban Olapar ham uvladi. To‘rtko‘z irg‘ishlay boshladi. U negadir xursand edi. Yotoqqa yetib kelishdi. O‘g‘iloy Xurramning oldiga dasturxon yozib, non, choy va ovqatini qo‘ydi. So‘ng To‘rtko‘zning yalog‘iga ham atala soldi. It ovqatini yeb uyasi tomon ketdi. Uyasida biroz yotdi. So‘ng chaylaga – Olapar turgan joyga keldi. Ular bir-birlari bilan hidlashishdi. To‘rtko‘z Olaparning oyoqlari ostiga yotib oldi. Olapar ham uning bo‘yniga boshini qo‘yib uzala tushdi. Ular ancha vaqt shu taxlit yotishdi.
Suruv azonlab yotoqdan qo‘zg‘aldi-yu, shitob bilan quduq tomon keldi. Suv ichib yana soy bo‘ylab o‘tlab ketishdi. Xurram oqsoq eshagidan tushib, arqonni qoziqqa ildi. Xurjunni tagiga tashlab, yonboshladi. Uning ko‘zi ilinibdi. Turib qarasaki, qo‘ylar qirdan oshib ketishgan. To‘rtko‘z ham joyida yo‘q. Oqsoqlanib eshagiga mindi. Qirning naridan suruvini qaytarib, yotoqqa opkeldi.
To‘rtko‘z uyasining oldida yotardi. Olapar esa uya ichida. To‘rtko‘z egasini ko‘rdi-yu, uyalgandek dumini likillatdi. Ko‘zlarini olib qochdi. Tumshug‘ini burib, lab-lunjini yaladi. Ikki yaloqda esa atala yuqi laxta-laxta bo‘lib turardi. Angladiki, itlarning ishtahasi yo‘q.
To‘rtko‘z Olaparga alag‘da bo‘lib, bugun suruvning ortidan dashtga chiqmadi. Olapar ham chayladan chiqib, o‘z uyasiga kelibdi. To‘rtko‘z favqulodda shiddatkor va mehribonligini ko‘rsatdi. Olapar esa injiq bo‘lib qopdi…
Yaloqdagi ataladan totinmoqchi bo‘lgan hakka-yu olashaqshaqni To‘rtko‘z jon-jahdi bilan quvlardi. Qushlar esa beparvo uchib ketishardi. Bundan itning jahli badtar chiqardi. Uning sherigiga beminnat xizmat qilgisi va xarakatlari orqali muhabbatini izhor etmoqchi ekanligi bilinib turardi.
Olapar esa uni bamaylixotir kuzatib yotardi. U aftidan parishon, To‘rtko‘z esa jonsarak edi.
Tong yorisha boshlagach, Xurram o‘rnidan turdi. Suruv ham sekingina oyoqlana boshlabdi. To‘rtko‘z uyasining ustida oyoqlariga boshini qo‘yganicha atrofni kuzatib turardi. U yuz-qo‘lini yuvib uyaga yaqinroq keldi. Olapar joyidan qimirlamasdan irillardi.
Bo‘zto‘rg‘ayning ovozi eshitildi. Mahliyo bo‘ldi. Xo‘roz qichqirdi. Mollar bo‘kirdi. Uyadan esa kuchukvachchalarning chiyillagan ovozi ham eshitildi. Shunda u bilan itning ko‘zlari to‘qnashdi. Olapar qadalib tikildi. Egasi yuzini burdi. To‘rtko‘z esa bu paytda beparvogina bo‘lib egasiga tikilib turardi. It ayni lahzada bu dunyoning sinoatini kashf etayotgandek yoxud nedir masalaning yechimini topa olgandek bemalol va xotirjam edi.
Xurram ortiga qayrilib, suruvining ketidan ergashdi. O‘g‘iloy atala pishirib, ikki yaloqqa qo‘ydi. To‘rtko‘z kelib ulushini yedi. Biroq Olapar uyasidan ham chiqmadi. Shundan keyin O‘g‘iloy atala to‘la yaloqni Olapar yotgan uyaning og‘zigacha opkeladi-yu sekin ichkariga siljitmoqchi bo‘lganida it unga tashlanadi. Ayol jonholatda “voy-voy”lab uyiga qarab qochadi. U itni qarg‘aydi.
It esa bolalarini undan qizg‘angan edi. Olaparning ikkita o‘ziga o‘xshagan va ikkita xuddi To‘rtko‘zga o‘xshagan qop-qora, oyoqlari katta kuchukvachchasi bor edi. Ne ajabki, ularning hammasi otlon edi. Ular to ko‘zi ochilib, sakrab yurib ketmagunlaricha To‘rtko‘z ham suruv ortidan dashtga chiqmadi. Kuchukchalar yigirma kunlikdan oshgach, To‘rtko‘z har doimgidek suruvning ortidan adirga yo‘l oldi. Olapar esa uyasida qolardi.
Kuchukchalar katta bo‘lishgach, Xurram birini sho‘rchalik Rajab cho‘ponga, yana birini esa Tog‘oshar degan cho‘pon jo‘ralariga berib yubordi.
Qolgan ikkitasi esa Olapar bilan To‘rtko‘zga ergashib, suruv ortidan dalada yuradigan bo‘ldi. Ularga To‘rtko‘z rahnamolik qilardi. Ikkalasi ham bir-biridan ziyod kuchuk bo‘ldi. Endilikda ular suruvni to‘rt tomondan qo‘riqlab yurardi.
Bir kuni erta tongdan itlarning avzoyi buzildi. Ular bezovta edi. To‘rtko‘z uyoqdan buyoqqa chopardi. Olapar esa tumshug‘ini osmonga cho‘zib uvlaydi. Bolalari ham behalovat – yer tirnaydi.
Ular adirda ham xuddi shunday – besaranjom yurishdi. Tinmay uvullashdi. Vovulladi. Xurram oqsoq itlarining bu harakatidan nedir sinoat borligini ilg‘adi. Xotiniga ham buni aytdi. Kechki ovqatni yeb bo‘lgach, er-xotin bolalarini ham tashqariga opchiqib joy soldi. Atrofiga jun arqonni tashladi. Qo‘tondagi bolali qo‘ylarni ham tashqi yotoqqa keltirishdi. O‘choqni, chiroqni o‘chirib, uydan ham, qo‘ydan ham xotirjam bo‘lib o‘ringa yotishdi.Ular bemalol edi. Biroq itlar xavotirda edi. Bezovta vovullashardi. Uyoqdan-buyoqqa tinimsiz yugurishardi… Itlar egasiga nimanidir tushuntirmoqchi bo‘lardi. Biroq er-xotin bemalol, miriqib uxlashardi…
Ertalab itlarning ovozi eshitilmasdi. Xurram sapchib o‘rnidan turdi. Tevarakka qaradi. O‘zining quloqlaridan tortib, tanini chimchilab ko‘rdi. Ko‘zini uqaladi. Hammasi rost edi.
Uy bilan qo‘ton yer bilan bitta bo‘lib yotardi…
Itlar esa suruvning to‘rt tomonida tik turardi…