Polvonning maqtovga tobi yo‘q. Xushomadani eshitsa, xuddiki, sariyog‘ olovda erigandek yoyilib ketadi. Biroq hamdu sanoni ancha olisdan, aniqrog‘i uning to‘rtta yoki bo‘lmasa beshta she’rini misol keltirib, so‘ng astagina maromiga yetakazib maqtash kerak bo‘ladi. Maqtayversangiz, u o‘tirgan kursisida qitiqlayotgan cho‘chqa bolasidek o‘zini uyoqdan-buyoqqa tashlab taltaya boshlaydi.Kalta-kalta yo‘talgandek, sizni so‘roqqa tutadi:
“Siz ham kitob o‘qirkansiz-a?”
“Hozir nimani mutolaa qilyapsiz?”
“Jahon adabiyotidan ko‘proq bahramand bo‘lish zarur! Tilni o‘rganib, nodir durdonalarni asl holida o‘qisangiz, ana shunda maza to‘yasiz.”
“Hozir turli oqimlar ham ko‘payib ketdi. Sizga qaysi ma’qul? Qaysi janrda ijod qilasiz.Kimlarni o‘qiysiz.Oilangizning ijodga munosobati qalay?”
Xullas, u savollar bilan oldiga kelgan odamning boshini g‘ovlatib yuboradi. Idoradagilar esa til uchida “Polvon Pahlovanovich” deya qo‘l qovushtirib maqtashadi. U shoiri zamon bo‘lishi bilan binrga katta bir idoraning rahbari hamdir.
Kunlardan birida vohaning atangan polvonlaridan biri – Mengziyo Bahodir uning huzuriga bir yumush bilan qora tortib keladi. Huzuriga kelgan mijozni rahbar so‘roqqa tutadi:
-Qanaqa kitob o‘qiysiz?
-Ey, kitob o‘qimayman, ish ko‘p. Qo‘l tegmaydi, kitobni qo‘limga olishim bilan ko‘zimga uyqu keladi, – deydi mijoz bepisandgina.
-Qiziq ekansiz-ku! Odam kitobu ilmdan bebahra qanday yashashi mumkin. Men buni tasavvur qila olmayman, – deydi rahbar betoqatlanib.
-“Alpomish”ni o‘qiganman. Baxshilarimiz to‘yu tomosholarda dostonlardan parchalar aytib berganini eshitganman. Momom ham ertak aytgich edi. Bizda bori shu aka. Otga qiziqaman, gohida kurash ham tushaman, – deydi mijoz.
-Zo‘r ekansiz. Sizdan ham kuchli polvon borligini bilasizmi? – so‘roqlaydi rahbar.
-Bor. Hozircha menda kuch bor. Erta-indin vaqti kelib, joyni bo‘shatishga to‘g‘ri keladi. Kurash mardlarning ishi. Bunda aldam-qlloblik ishi ketmaydi. Pirlarni bezovta qilgan odamning ishi o‘ngidan kelmaydi, – deydi mijoz so‘lish bilan.
-To‘g‘ri aytasiz aka, mardlik ham barchaning qo‘lidan kelavermaydi. Davrada turish oson bo‘lmasa kerak? – deya rahbar mijoziga savolomuz qaraydi.
-Hammasining ham o‘ziga yarasha yo‘rig‘i bor. Mana sizning kelbatingiz ham polvonsifat ekan. Kurash tushasizmi? – so‘roqlaydi mijoz.
-Yo‘q, aslo! – deya cho‘chib tushadi rahbar.
-Balki yoshligingizda kurashgandirsiz yoki ota-bobolaringizdan birortasi…
-Yo‘q, yo‘q, hozir ham, avval ham kurash tushmaganman.Rostini aytsam, kurashni yomon ko‘raman, – deydi rahbar shoshib.
-Ey, nimaga yomon ko‘rasiz? – deydi mijoz.
-Bilmasam, – deya yelkasini qisadi rahbar. – Tabiatim shunaqa bo‘lsa kerak.
-Ey, aka, kurash g‘irromlikni yomon ko‘radi. Polvon nomardlik qilmaydi. Nomard kishi polvonlik tugul, odamgarchilikdan chiqadi. Bu eskidan qolgan gap. Aka, kechirasizu sizning nima hunaringiz bor? – deya mijoz qayta so‘roqlaydi.
-Shu idoraning rahbariman, – deydi dabdurustdan.
-Aka bu mansabingiz. Men hunaringizni so‘radim, – deydi mijoz tortinib o‘tirmasdan.
– To‘g‘ri, meni hunarim deymizmi yoki qiziqishim… tushunolmay qoldim… aytishga odam uyaladi. Bu albatta ko‘ngil ishi. O‘zimni ko‘nglim tusaganida… deya rahbar chaynala boshlaydi.
-Gapingizga tushunmadim, aka? – yana qayta tikilib so‘raydi mijoz.
-Bo‘sh vaqtlarimda she’r yozaman, – deydi rahbar dadil turib.
-Bu nima deganingiz? She’r yozish. Suloqmonday odamning she’r yozib yurishini hech tushunadigan ish emas. Bu gaplarim uchun uzr so‘raymanu boshqa biror hunar tutsangiz bo‘lmasmidi? – deya mijoz suhbatga berilib ketganicha.
-Aka, bu ishning gashti bor, hamma ham tushunavermaydi. Buning uchun ma’lum ma’noda tushuncha. Saviya zarur bo‘ladi, – deydi rahbar yelkalarini qisib.
-Ha, shundaymi, she’rlaringizga devon tarbi berganmisiz? – deya mijoz o‘smoqchilaydi.
-Gapingizga tushuna olmadim.Bu bilan nima demoqchisiz? – deya rahbar alanglaydi.
-Kitob-pitob chiqarganmisiz? – so‘raydi mijoz.
-Ha.Shunday demaysizmi, – deya rahbar og‘ir so‘lish olib, shbatdoshiga yuzlanadi. – Ko‘p chiqqan. Ey, to‘xtang, esim qo‘rsin, hozir, bir minut, – bu damda rahbar o‘rnidan sakrab turib, shkafdan semizroq bir kitobni oldi-da, yana joyiga ildamlik bilan o‘tirib olib, ko‘zlarini sirli ravishda bir nuqtaga qadaganicha bir muddat jim turdi. So‘ng berilib, nimalarnidir yoza boshladi.
Bu paytda Mengziyo Bahodir rahbarning barcha harakatlarini xuddi mushuk sichqonni poylagandek, zimdan, obdon kuzatib o‘tirardi. Uning rahbarga rahmi kelardi. Shoirga ichi achidi.Ichida “she’r yozishga balo bormi buning?” deb o‘yladi. Uning nazdida hammasi soxta, yuzaki tuyulardi. Rahbarning xonasida xayollarga berilib o‘tirgan chog‘i shoir o‘zining kitobini mijozga topshirdi.
Mengziyo Bahodir shoirga rahmat aytdi-yu kitobni qo‘liga oldi. Semizu silliqqina asar yuziga allambalo rasmlar solingan, yuziga esa o‘qlovdek qilib, “YuRTIM JAMOLI” degan bitik bor edi.
Mijoz istagini aytishdan qaytdi. Negaki, bu odamning qo‘lidan ish kelishiga va birovga yaxshilik qilishga ko‘zi yetmadi…
Bu yerda boshqa ishi qolmagani-yu izzati bitganini sezib, sekingina ketishga izn so‘radi. Rahbar esa beparvo uni suhbatga undardi. Biroq mehmon unamadi:
-Vaqt yo‘q, yo‘lim tushuvdi, bir ko‘rib ketay degandim. Mana ahvolingiz yaxshi ekan. Uydagilar ham menga ilhaq bo‘lib kutib turgandir. Yo‘lingiz tushsa, biznikida ham mehmon bo‘ling!” deya rahbarning yolg‘ondakam manziartlariga e’tibor bermasdan o‘rnidan adl turdi.
-Aka, kitobingizni albatta o‘qib chiqaman. Yana ko‘pini yozish nasib etsin. Bordi-keldimiz uzilmasin, – deydi mehmon ketar oldi.
-Bu kitob endi chiqdi. Hali nashriyotda “Sibizg‘a” va “Tamanno” degan yangi she’riy to‘plam turibdi. Xudo xohlasa, shu yil chiqadi. Ozroq mablag‘ zarur bo‘lyapti. Siz ham sertanish odamsiz.Bir yordam qilsangiz, umrbod unutmasdim. Yurtingizga borganda albatta uyingizga kiraman. Siz ham bu yerlarga kelganda, bizni unutmang, – deydi rahbar.
Ikkisi achomlashdi. Rahbar mehmonni idoraning poyigacha kuzatib qo‘ydi. Ikkovi ham bir birini “ajoyib odam ekan!” deb o‘ylashardi.
Mengziyo Bahodir uyiga kelib, katta shaharda ko‘rgan-kechirganlarinii ham aytib berdi. Bolalarining savollariga javob berdi. Bir necha muddat olamjahon taassurot bilan yurdi.
Bir kuni ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xotini kitobdan varaqdan yirtib olib, uchoqqa tutantiriq qilyapti. Oldiga keldi. Qarasaki, xotini o‘sha rahbar – shoir o‘z qo‘li bilan dastxat yozib bergan “Yurtim jamoli”dan o‘choqqa tutatqi qilmoqda. Xotinining qo‘lidan kitobni yulqib oldi.
-Maktab ko‘rmagan, shunday buyuk odam o‘z qo‘li bilan avtograf yozgan kitobini sen- goshud ne ishlarga sarf qilyapsan? Uvol-ku! Xayf, senga ma’rifat, xayf senga ilm shu’lasi!.. –deya xotinini koyiy boshlaydi.
Xotin esa gap eshitadigan ahvolda emasdi. U parvoiy falak uchoqqa tezak qalab, yengi bilan olovni yelpib turardi. Ko‘zlari yoshlanib, dimog‘i tutunga to‘lib, jahl bilan eriga tikildi. G‘ashiga qo‘shilib, rashki ham keladi.
-Kitob o‘qimas edingiz-ku?! Nima balo, shaharga borgandan beri yurish turishingiz o‘zgardi. Tinchlikmi, ishqilib otasi? – deya o‘smoqchilab erini so‘roqqa tutadi.
-Tinchlik, xotin bir shoir bilan tanishuvdim.U kitobini sovg‘a qildi. Yaxshi odam ekan. Uyimizga ham kelmoqchi. Yaxshilab mehmon qilamiz, – deyd eri.
-Eldan uyalmaysiz. Polvon degan nomingiz bor. Gapu so‘z ko‘payadi. Nomusdan uyalib o‘laman-ku! – deya xotini o‘choqboshida turganicha janjal boshlaydi.
-Esingni yebsan, xotin. U shoir toza odam. Gaplariyam ma’nili. Ajabtovur nusxa. O‘zimizning Toshmurod malimga o‘xshab gapiradi, – deydi eri astoydil.
-U megajin hali bir kelib ko‘rsinchi? Hovliga qadamini bossinchi? Kunini ko‘rsataman. Birovning eriga kitob berib. Boshini aylantirish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman unga. Butini ayirib, sharmandasini chiqaraman.
Er xotiniga qarab turib yana avj qiladi:
-Xotin o‘zingni bos, uyam birovning erkasi, uvoliga qolma tag‘in.
-Eri bormi yoki boshi ochiqmi? Uniyam yig‘ishtiradigan topilib qolar! – deya xotin sannaydi.
-Xotin emas u shoir, – dedi eri ataylab.
-Qiz bolami? Uvolga qolasiz. U harominiyam uvol tutadi. Birovning oilasini buzish oson ish emas, – deya xotini dag‘dag‘a qilardi.
-Ko‘p o‘zingdan ketma, xotin. U shoir urg‘ochi emas, erkak. Ko‘ngling xotirjam bo‘lsin. Bu gaplarni yana boshqa joylarda ham aytib, o‘zingniyam, meniyam uyaltirib yurmagin, – dedi eri ta’kidlab.
Xotini uyalib, birdaniga shashtidan tushdi. Yoqasini tishlab eriga sirli kulib xijolatdan qizarib ketdi. Omiligidan o‘zi yanada besaranjom bo‘ldi.
Eri sekingina o‘rnidan turdi-da, gujum tagidagi supachaga kelib yonboshladi. Chalqancha yotganicha “Yurtim jamoli”ni o‘qiy boshladi. Kitobdagi so‘zlar unga ko‘pam tushunarli emasdi. Uni uyqu eltdi. Kitobni o‘ziga yopib pinakka ketdi…
Xotini ovqatni bir amallab pishirib kelganida, eri kitobni yuziga yopganicha beozor, xo‘rillab uxlardi.Xotin eri kitobdan baribir rashk qildi. Kitobni erining yuzidan sekingina oldi-da, bor kuchini to‘plab, hovlining bir chetiga uloqtirdi.
Dasturxonga ovqatni suzib keldi. Keyin erini uyg‘otdi. Er yuz-qo‘llarini yuvib, ovqatga unnadi…
Nafsi orom olib, sekin yana o‘rniga cho‘zildi. Kitob esa yodidan ko‘tarilgan edi…
* * *
Mehmonlar kutilmaganda kelishdi.Uy egasi noqulay ahvolda qolgan edi. Hayriyatki, mehmonlarning dovrug‘ini eshitgan qo‘shnisi – Kamol O‘ngboy sekingina darchadan kirib keldi. Bu yigitcha rayon gazetasiga mayda-chuyda xabaru maqolachalar yozib yuradigan qalamkash edi. Polvon Kamol O‘ngboyni unchalik ham xushlamaydi. Negaki, yuzlari qora, katta kir tishlarini ko‘rsatib kuladigan, isqirt yoqasini yashirish uchun mudom galstuk taqib yuradigan Kamol O‘ngboy bilan gaplashib ko‘rsangiz, uni jin salganiga amin bo‘lishingiz muqarrar. Kiyinishi ham gapirishi ham poyintar-soyintar, bu nuxsani yoshligida akasi yoki opasi ko‘tarib yurib ilkis yiqitib qo‘ygan yoki bo‘lmasa dovuchcha yeyman deb daraxtdan qulab tushganu boshi lat yegan deb o‘ylashingiz tayin.
Rostini aytganda, Polvonning qo‘shnisi – Kamol O‘ngboyga ko‘zi uchib turgani yo‘q edi.“Isbilmas-da bu Kamol, na ovoz beradi, na darchani taqillatadi, indamasdan uyga bostirib kelishini qarasin”, deya o‘ylab tursa-da:
-Keling, Kamolboy, qani? – deb manzirat qildi.
-It yo‘qmi? – so‘roqladi mezbon.
-Sizni taniydi, tegmaydi, – deydi Polvon.
-Aqlli kuchukda o‘ziyam, men non bersam og‘ziniyam urmaydi, – deydi mehmon.
-Itga non berib, yegan og‘iz uyalar qilmoqchi bo‘lgansizda-a? – deya shoir xoxolab kuladi.
-Yo‘q,yo‘q, aslo unday emas Mengziyo aka, – deydi Kamol.
-Qo‘shni bo‘lsangiz ham do‘stligingiz yo‘q. Avval kuchukni so‘ng uy egasini qo‘lga olmoqchi bo‘lasizda-a? – deya Polvon avj qiladi.
-Xudo saqlasin, aka, – deya taajjublanadi mehmon.
-Siz xudodan qo‘rqmas edingiz-ku, hamsoya. Endi yana uni tilga olyapsiz, – deydi Polvon.
Bu orada Mengziyo Bahodir bilan Kamol O‘ngboy bir-biriga tomon kela boshladi.
-Salomalaykum, – dedi Kamol.
-Valaykum salom, – dedi Polvon.
Ikki qo‘shni qo‘l berib ko‘rishdi. Hol-ahvol so‘rashishdi.
-Qishloqda nima gaplar? – deya so‘roqlaydi mezbon.
-Hammaning og‘zida sizning mehmonlaringiz, kim edi o‘zi ular? – deb so‘raydi Kamol.
– Shoir. Buning ustiga katta bir idoraning rahbari, – dedi Polvon.
-U bu yerga nima xizmat bilan kelgan ekan? – so‘raydi mehmon.
-O‘zi shunday. Yo‘li tushgan ekan kirib o‘tdi. Qo‘ldan kelganicha mehmon qildik, – deydi Polvon.
-U kishining kitobi ham chiqqan ekan. “Yurtim jamoli”ni o‘qidim. Judayam yoqdi, – deya mehmon so‘ljaydi.
-Sen qanday bilding? Kitobni qayerdan olding? – so‘raydi mezbon.
-Kulxonangizda yotgan ekan, topib olib o‘qidim. Mazza qildim, -dedi u.
-Men tushunmadim, – so‘raydi Polvon.
-Shoir yana “Sibizg‘a” degan kitobiniyam siznikiga tashlab ketibdi-ku! – deydi Kamol.
-Senga buni kim aytdi? – so‘raydi Polvon.
-Yangam kelingizga aytgan ekan, – dedi u.
-Ey, to‘xta.Kelin haliyam eski joyida ishlayaptimi? – deya Polvon jonlanadi.
-Hali eski joyida, nima gap o‘zi? – so‘roqlaydi mehmon.
-Komil pochtachi ham unga bo‘ysinadimi? – boz so‘roqqa tutadi mezbon.
-Tushuntiribroq aytinchi, nima gap o‘zi? – so‘raydi.
-Uka, shu desang, bosh qotgan. Anovi shoir uy sotib olmoqchi ekan. Sal kamharjroq emish. Shunga kitobini sotib berishim kerak. Taxmon to‘la kitob. Avval bu ishni qilib ko‘rmaganman. Birovga aytishga til aylanmaydi, uyalasan. Shoir esa bu yaxshiligingizni to abad unutmagayman, deydi. Sendan iltimos, kelinga aytsang, u Komil pochtachidan iltimos qilsa, u bachalarning va keksalarning pulini berayotganida kitobni ham qo‘shib sotsa, nima deding? – Polvon umid bilan hamsoyasiga tikildi.
-Qanday bo‘larkin? – deb o‘ylandi Kamol.
-Menga rahming kelsin uka, kelinga bir og‘iz aytsang bo‘ldi. Kelin esa Komil pochtachiga aytadi. Komilga esa shu kerak o‘zi. Buning ustiga butun elimiz ma’rifatli bo‘lsa, bunga nima yetsin, – deydi Polvon.
-Kitob qanday? Shoirchi? Ertaga uyalib qolmaymizmi? – deya nedir shubha aralash ta’ma qiladi Kamol.
-Kitob zo‘r, uka. Otiyam ajabtovur “Sibizg‘a”. Egasi ham tuzuk. Shinavanda. Erta-indin bir ishing tushib oldiga borsang xizmatingni qiladigan yigitga o‘xshaydi, – dedi Polvon.
-Bo‘pti, aka, bu ishni qilaman, – va’dani berdi Kamol.
Ushbu gaplardan so‘ng ishlar yurishib ketdi. Komil pochtachi, kimki undan pul oladigan bo‘lsa, yoshi, kasbidan qat’iy nazar hammasiga “Sibizg‘a”ni ulashdi. Albatta, pulini oldi. Durdonani rosa maqtadi. Hamma hayron. Barchaning qo‘lida asar. Xullas, elu ulus shoirning yangi she’riy guldastasidan bahramand bo‘ldi. Lekin oralarida “kitob yozmay, har balo bo‘lgur! Kuning shunga qoldimi? She’ring kul bo‘lsin! Bugun “Sibizg‘a” ertaga “Chanqovuz” chalib yuraverar ekanmiz-da! O‘zi uyalmas ekan-da bu enag‘ar shoir” deb, shoirni yozg‘uruvchilar ham yo‘q emasdi.
Xullas, kitobning puli yig‘ildi. Odamlardan Komil pochtachi, undan qishloq sho‘rosining kotibasi, so‘ng kotiba eri–Kamol O‘ngboyga durdonaning pulini keltirib beradi.
U kitobdan tushgan pulni Polvonga eltib bermadi. O‘zi safar jabdug‘ini hozirladi-da, hech kimga bildirmasdan katta shaharga qarab yo‘l oldi. Yonida asar va uning evaziga kelgan pullar. Belidagi belbog‘da non, mayiz, novvot tugilgan. Poyezdga mindi. Betinim “Sibizg‘a”ni o‘qidi. Ba’zi joylarini yod ham oldi. Tong otgunicha mijja qoqmadi. Poyezd ertalab manzilga yetib keldi. Vokzal. Shovqin-suron. Hamma yelgan, yugurgan. Hamma o‘zi bilan ovora.Birov bilan ishi yo‘q. U ham vagondan tushdi. Izdihomga qo‘shilib, shaharga kirdi.
Kamol O‘ngboy izlab-izlab shoir ishlaydigan idorani topib keldi. Uni ichkariga kiritishmadi. So‘roqqa tutishdi:
-Kimsiz?
-Kamol O‘ngboyman!
-Qayerdansiz?
-Anorning vatani – Dashnoboddanman!
-Nega keldingiz?
-Shoirda ishim bor!
-Nima ish?
-Shaxsiy masala. U kishi bilan eskidan oshnochiligimiz bor.
Savol-javoblardan keyin, uni ichkariga kiritishdi. U yo‘lak bo‘ylab kelarkan, gir atrofga alanglab qaraydi. Lab-lunjlarini yig‘ishtira olmasdan, suyloq tishlarini yaltillatib, ishshayib kelardi. Goh-gohida galstuklarini ham ushlab, to‘g‘rilagan kishi bo‘lardi. Yonidan o‘tgan-qaytganlarga ham ko‘z uzmasdan, tikilib qarardi. Ohistagina qabulxonaga kirdi. Oppoq va dumboqqina qiz uni salom berib kutib oldi. Kotiba unga boshdan oyoq ajibsinib tomosho qilardi.
U kotibaga mahliyo bo‘lib, aytar so‘zini ham yo‘qotib qo‘ydi. Qiz ham zudlik bilan mehmonga o‘tirishga joy ko‘rsatdi, so‘ng epchillik bilan qahva uzatdi. Kamol qahvani ishva bilan oldi-da, bir qultimni darrovgina yutib yubordi-da, voy-voylaganicha og‘zidan qahvani suzib chiqardi. Qahva esa mehmonning galstugi-yu ko‘ylagi aralash ko‘ksiga purkaldi. Uning issiqligidan og‘zi va tili kuydi. Kamolning rangi qizarib, uyalganidan kuylagining tugmachalarini o‘ynay boshladi. Hattoqi, jahl ustida bir tugmasini uzib ham oldi.
Qabuldan odam chiqib, kotiba bilan xayrlashdi-da, xonadan ham chiqib ketdi. Shundan keyin kotiba istihola bilan Kamoldan:
-Sizni kim deb tanishtiray? – deb so‘radi.
-Men Mengziyo Bahodir– Polvonning jiyani – Kamol bo‘laman. Dashnaboddan. Kitob masalasida yordam qilganmiz, – deya beparvo javob beradi.
Ruxsat tekkach, u eshik qabzasidan hayajon bilan tutganicha ichkariga kirmoqchi edi, qarasaki, yana qavat bir qavat eshik turibdi. Uni taqillatib, ichkariga kirdi.
-Keling aka, marhamat, – dedi shoir.
-Salomalaykum, shoir aka, – dedi Kamol.
Ikkalasi qo‘l berib ko‘rishadi. So‘ng u mehmonga o‘tirish uchun joy ko‘rsatadi. O‘zi ham, mehmon ham o‘tiradi. Mezbon Kamolning usti-boshiga qarab hayron bo‘ladi. Bilmaslikka olib, sekin ahvolni so‘raydi, u javob beradi. Rahbar uning ne sababdan kelganligini bilolmay boshi qotadi. Gurung uziladi. Jimlikni Kamol buzadi:
-Shoir aka,“Yurtim jamoli”ni o‘qidim. Keyin “Sibizg‘a”niyam qoyillatibsiz. Mazza qildim.
-Tushunmadim, – deydi shoir kulib. – Qanaqa “Yurtim jamoli”, qaysi “Sibizg‘a”ni aytayapsiz.
-O‘zingizni soddalikka olasiz-da. Avtor o‘zingiz. Asar sizni-ku! – deydi Kamol taajjub bilan.
-Siz adashtiryapsiz, uka, – deydi shoir atay qovog‘ini uyib. – Lekin esimga tushdi. O‘sha asarlarni o‘qiganman. She’riyam, avtoriyam unchalik yaxshi emas. Bir tiyinga qimmat. Hayronmanki, u asarning nimasi sizga ma’qul keldi.
-“Sibizg‘a”dagi “Qayroqtosh”, “Sayrayotgan chumoli”, “Shaqildoq” degan she’rlaringiz menga yoqdi. Umuman yangi yo‘nalish yaratilgan ekan. Dashnobodda odamlar ko‘zyoshi bilan o‘qimoqda. Asar ham, egasiyam zo‘r ekan, – deydi u.
-Ey, unaqa shoirlar hozir tikilib ketgan. Hammasi dono, burni osmonga qadalgan. “Sibizg‘a”yam, avtoriyam men uchun chikora. Menga yoqmaydi, – deya shoir Kamolning qahva to‘kilgan oq kuylagidagi dog‘larning betartib shaklini kuzatardi. U o‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyardi.
-To‘xtang, – deya Kamol O‘ngboy o‘rnidan turar ekan. – “Sibizg‘a”ni o‘qib tushunmagan, uning avtorini hurmat qilmasdan siz qanday qilib bu vazifada o‘tiribsiz. Hayf, sizga bu amal, mansab. Hali shoshmay turing, men siz haqingizda “Sibizg‘a”ni tushunmagan, o‘qimagan,uqmagan va nodon rahbar” deb maqola yozaman. Bu dargohda “Sibizg‘a”ni tushunmagan odamning ishlashini tushunaolmayapman. Hayf, sizga, sadqai kitob. Sadqai ma’rifat keting-e, – dedi-yu eshikka tomon qadam tashladi.
U bu gaplarni shijoat va nedir o‘ktamlik bilan aytdi. Lekin zamirida ilg‘ab bo‘lmas ta’ma va ilinj bor ediki, buni rahbar sezmasdi. Askincha, u o‘zining shundan muxlisi borligidan, uning kuyib-pishib gapirishidan, nash’a qilardi…
U sekin keldi-da, Kamol O‘ngboyning qo‘lidan tutib joyiga o‘tirgizdi. Kitobxon otashin edi. U o‘zini adolatsizlikka chiday olmayotgan kishidek tutganicha boshlarini changallab oldi. Rahbar unga bir piyola sovuq choy berdi. Yelkasiga qoqib:
-Hazillashdim,sizga.Kitoblarning avtori men bo‘laman. Shunday muxlislarim borligidan xursandman, – dedi shoir.
-Hazilingiz ham bor bo‘lsin-da, aka. Sal qoldi-ku odamni yurak o‘ynog‘i qilishingizga, – deya Kamol O‘ngboy piyoladagi choyni ichadi. –Aka, mana “Sibizg‘a”ning pulini opkeldim.
Kamol shunday dedi-da, belidagi tugunni stol ustiga qo‘ydi. Tugunda non, uvoqlar, taxlam pullar, mayiz, novvot kabi shiralar orasida “Sibizg‘a” ham bor edi. Shularning orasidan u ikki taxlam pul bilan kitobni olib, stolning ustiga qo‘ydi-da yana qolganlarini beliga tugib oldi. Dastxat yozdirib oldi.
-Polvon kelmadimi? – deb so‘radi rahbar.
-Ishi chiqib qoldi. Sen borib kel, deb meni jo‘natib edi, – deya yolg‘onlaydi Kamol. – Kitobni Polvon emas, aslida kelingiz pulladi. U kishi qishloq sho‘rosida ishlaydi. Kelingizning bir og‘iz gapi bilan elimiz kitobingizni sotib oldi.
-Rahmat aytib qo‘ying ularga. Xo‘sh aka, endi bizlarga nima xizmat, ayting? – dedi shoir bo‘ynini kerib.
-Mana shu dargohda men ham ishlasam, deb niyam qilib edim. U- bu narsalarni qoralab turaman. O‘qiyman. Oq-qorani ajratib olganman. Shunga yordam bersangiz. Hali Mengziyo Bahodir – tog‘am ham kelib aytadi, – dedi Kamol.
-Bo‘ldi aka, gap tamom. Istagingizni bajo keltiramiz, – dedi rahbar va tugmachani bosdi. Naryoqdan ovoz keldi:
-Assalomu alaykum, yaxshimiz. Uydagilar tinchmi? Ijodingiz yaxshimi?
-Rahmat, Majid aka, bu yoqqa bir keling, – u shunday deb yana qayta tugmani bosib qo‘ydi.
Xonaga Majid deganlari kirib keldi. So‘rashdi. Rahbar vaziyatni tushuntirdi. Kamol diplomi yo‘qligini aytdi. Ular hechqisi yo‘q, deyishdi.
-Sizga shogird bo‘ladi bu kishi, Majid aka, – dedi shoir.
-Tushundim. Qaysi bo‘limga joylasam ekan, deb turibman. O‘zi nima der ekan? – dedi Majid.
-O‘zining she’r-per deganday…- deb chaynaldi rahbar.
-Unday bo‘lsa, anovi olifta Buzrukovga aytamiz, ishga joylaydi, – dedi Majid.
-Yo‘q, Buzrukovga aytmasdan turib ishga olish zarur. Uning bilmagani ma’qul, – dedi rahbar.
-To‘g‘ri aytasiz, Buzrukov aynigan, – dedi Majid.
-Bu yerda mening so‘zim so‘z bo‘lishi shart, – deya rahbar gap boshlagan chog‘ida Majid:
-Ha, bale, otangizga rahmat. Ish degani bunday bo‘ladi, – deya so‘zini bo‘ladi.
-Bu dargohda bir kun, bir soat ishlasam-da, mening so‘zim qaytmasligi kerak, Majid aka, bu kishining hujjatlarini tayyorlang. Buzrukov bilan ishlaydi, – dedi shoir.
-To‘g‘riku-ya, lekin bularning hujjatlari chatoq. Bizga to‘g‘ri kelmaydi. Ertaga gap-so‘z ko‘payishi mumkin. Dushmanlarga shu gap yetmay turibdi, – dedi Majid.
– Mana men fatvo beryapman, – deydi rahbar.
Shundan so‘ng Majid rahbar-shoirning xonasidan Kamol O‘ngboyni ergashtirganicha chiqib, o‘zining do‘ltasiga kirdi.
Ular nedir rejalarni tuzardiki, bu hali sizu bizga qorong‘u edi…