Shavkat Odiljon. Istak (hikoya)

Elza xonim taklifnoma olgandan beri g‘alati bo‘lib qolgan. Xuddi tilla ziragini yo‘qotib qo‘yib, onasiga aytishga cho‘chigan qizchaday behalovat. Toshoynaga termilib yuzidagi yillar bosgan tamg‘a – ajinlarini siypalaydi. G‘amu tashvish hadya qilgan, deyarli qora tolasi qolmay qirovday oqargan, uzoq vaqtdan beri suv ko‘rmagan makkajo‘xorining popuklariday sochlarini ushlab ko‘radi. Eskirib, rangi o‘ng‘ib ketgan ko‘ylaklarini egniga tutib, xuddi tikuvchi bichimini noto‘g‘ri olganday norozi qiyofada ularni yana burchakdagi qulayman deb turgan shkafning ichiga uloqtiradi. Ko‘rinishidan hafsalasi pir bo‘lib, xonaning o‘rtasidagi stulga horg‘in qo‘nishadi. Stol ustidagi taklifnomani olib qayta-qayta, joniga tekkuncha o‘qiydi: “Elza Gorden xonim, Sizni … kuni kech soat 19:00da Norton Vinchda o‘tadigan ziyofatga taklif etamiz. Shahar meri Robert Krays”. O‘qiganda ham biror yumushi esiga tushguncha va ehtimolki, kimdir eshikni taqillatib kelguncha o‘qiyveradi.

Uch-to‘rt kun oldin eshik qoqib xat tashuvchi kelib-ketdi-yu, shu behuzurlik boshlandi. Xat tashuvchi unga taklifnomani tutqazarkan, daftariga imzo chekdirib oldi. Elza xonim qo‘lidagi qog‘ozni ochib o‘qidi, ko‘zlariga ishonmadi.

– Adashmadingizmi, mabodo? – so‘radi ayol undan.

– Yo‘q! – qat’iy javob berdi xat tashuvchi.

Adashmaganini isbotlash uchun tak­li­f­nomaning manzil yozilgan joyini ko‘rsatdi. Manzil Elza xonimniki edi: “Brendin ko‘chasi 6-uy, Elza Gorden…”.

O‘shandan beri ayol taklifnomani ming mar­talab o‘qib chiqdi. Doim yonida olib yuribdi. Hatto do‘konga qora qotgan non olgani chiqqanda ham sotuvchiga uni ko‘rsatib maqtandi:

– Mana, bu dunyoda adolat bor. Qirq yildan buyon ko‘chalarni supuraman. Oxiri mer janoblari xizmatlarimni inobatga oldi. Meni ziyofatga taklif qildi. U yerda kazo-kazolar bo‘ladi…

Bu gapdan qo‘shni xotinlar ham xabar topishdi. Elza xonim taklifnomani ularga ham ko‘rsatdi. Uning ko‘ngli xijil edi. Allaqanday narsadan tashvishlanayotgandi. Biroq tashvishi nima ekanligini o‘zi ham yaxshi his etmasdi. Qolaversa, shahar merining ziyofatida qat­nashishdek baxtga musharraf bo‘lish quvonchi barcha tash­vishlarning, o‘y-xayollarning ustidan o‘z hukmini o‘tkazardi. Hatto o‘zi ham shaharning tozaligiga hissamni qo‘shganim uchun ziyofatga taklif qilib, mer “xizmatlarimni inobatga oldi”, deb ishonardi.

Ziyofatga bir kun qolganda Elza xonim yana bir karra eski, juldur kiyimlarini olib ko‘rdi. “Yangi ko‘ylak do‘konda 50 funt sterling turadi”, – o‘yladi ayol. Yangi kiyim olgani uning puli yo‘q edi. U bir oyda 75 funt sterling olar, bu pul har kungi qotgan qora non va ijara pulini to‘lashga yetardi, xolos. Elza xonim har oy maosh olishi bilan 44 funt sterlingni ijarachiga berardi-da, qolgan pullarini ro‘zg‘orga hisoblab, barcha xarajatlardan ortib qoladigan 3 funt sterlingni yig‘ib borardi. Keyin har uch-to‘rt oyda yemakxonaga kirib, eng tansiq taomlardan buyurtirardi. Ayniqsa, sevimli taomi pitstsadan keyin ozgina qizil vino ichardi. O‘zi uchun uyushtiradigan bunday ziyofat, ehtimolki, yol­g‘izligini ham biroz unuttirardi.

Merning ziyofati kuni ertalab Elza xonim yirtiq-yamoq liboslari orasidan o‘ziga eng ma’qulini tanlab, egniga ildi. U juda xursand edi.

Ko‘chaga chiqib, to‘g‘ri attorlik do‘koniga bordi.

– Sizga nima kerak, – so‘radi sotuvchi.

– Meni mer ziyofatga taklif qilgan, – dedi ayol qo‘lidagi taklifnomani unga ko‘rsatib. – Atir olmoqchi edim. Axir ziyofatda kibor xonimlar bo‘ladi. Atir sepib olsam, yomon bo‘lmasdi.

Sotuvchi taklifnomani o‘qib kulib yubordi.

– O‘tgan hafta meni qirolicha mehmonga chaqirgandi. Foytun-aravam buzuq, ish ko‘p, bo­rolmadim, – dedi u ayolni masxara qilib. – Bu yerdagi mollar faqat kibor xonimlar uchun.

Ayol do‘kondagi xonimlar oldida izza bo‘ldi. Xuddi to‘fon qulatgan daraxt kabi jimgina boshini eggancha do‘kondan chiqdi. Keyin to zi­yofat vaqtigacha ko‘chalarda tentirab yurdi. “Uya­lishim kerakmas”, dedi o‘ziga o‘zi. “Axir mer meni ziyofatga taklif qilishdan avval, albatta, kimligimni, qanday ahvolda ekanligimni su­rishtirgan”.

Elza xonim tabassum bilan eshik oldidagi soqchilarga taklifnomani ko‘rsatdi. Ular tak­lifnomani o‘qib, o‘zaro ko‘z urishtirib, ni­ma­larnidir gaplashishdi.

– Axir bu… – soqchilardan biri endi og‘iz juftlagan ediki, ikkinchisi uning gapini bo‘ldi.

– Bu bizning ishimiz emas!

So‘ng xonimni ichkariga kirgizib yubordilar. Elza xonim ziyofat zaliga kirib, hayratdan yoqa ushladi, og‘zi lang ochildi. Kazo-kazo odamlar: boshqa shaharlarning merlari, senatorlar, ki­bor xonimlar… xullas, ayol yetti uxlab tushiga kirmagan kishilarning davrasida, ular bilan bir xonada edi. Elza xonimning boshi aylanib ketdi. U har bir odamni diqqat bilan kuzatar, o‘zini tutishi, egnidagi kiyimlariga termilgan sari o‘zidan uyalardi. So‘ng odamlar orasidan baland ovoz eshitildi:

– Xonimlar va janoblar! Hozir, shu tobda bizning faxrimiz, onaxonimiz Elza Gorden xonim oramizda. U kishini yonimga chaqiraman. Elza xonim!

Ayolning oyoq-qo‘llari bo‘shashib ketdi. Na­hotki… Shu tobda u xayolidan nimalar o‘tayot­ganini anglolmas, ammo ko‘zlari yosh­langanini, bu sevinch yoshlari ekanligini his etardi. Chorlov ovozi bir necha marta takrorlandi. Elza xonim o‘zini qo‘lga olib, tovush kelayotgan tomonga yurdi. Mehmonlar orasidan o‘tib, merning oldiga kelib to‘xtadi. Buni ko‘rganlar taajjubda edi. Odamlar xuddi tuyaning dumini yerga tekkanini ko‘rganday yoki qizil qor yog‘ayotganiga guvoh bo‘lganday merni va Elza xonimni kuzatishardi. Mer esa Elza xonimga e’tibor ham bermadi. U shu tobda egniga yoqut toshlar taqilgan olmaxonmo‘ynali kibor xonimlarni kuzatar va balki ular orasidan kimnidir qidirardi. Elza xonimning yoshlangan ko‘zlari merga nimanidir so‘zlayotgandek edi. Bir muddatdan so‘ng mer boyagi ohangda:

– Marhamat, Elza xonim, – dedi ayolni ga­pirishga undab.

Elza xonim kafti bilan ko‘z yoshlarini artib, jilmaydi.

– Janob mer, bizning faxrimiz deb oshirib yubordilar. U kishining gaplarini yolg‘on de­yishga tilim bormaydi. Janob mer, imonim komilki, mening xizmatlarimni inobatga olib, ziyofatga taklif qilib, katta iltifot ko‘r­satdi. Azizlar, men qirq yildan beri shah­rimiz obodligiga hissa qo‘shaman. Xudoga isho­naman. Menga o‘xshagan ko‘pchilik “Dunyoga kelib bir umr ro‘shnolik ko‘rmadim”, deb Xudoga yoz­g‘iradi. Alamzadalikdan ishini ham qo‘l uchida bajaradiganlarini ko‘p ko‘rdim. Men esa har doim bir narsaga o‘zimni ishontirdim: agar men ishimni sidqidildan bajarsam, bir kuni Yaratgan egam mendan marhamatini darig‘ tutmaydi, dedim. Axir xuddi men singari shamol ham ko‘chalarni tozalaydi. Xazonlarni u yoqdan-bu yoqqa uyadi. U tabiatning beminnat xizmatkori. Shu bois Yaratgan egam unga erkinlik bergan. Bugun men ham uning marhamatiga sazovor bo‘ldim. Mana, mana o‘sha kun, azizlar…

Elza xonimning ko‘zlari yoshlanib, boshqa gapirolmadi. Uning gapini mer davom ettirdi:

– Do‘stlar, kelinglar, bunday soddadil ayolni – Elza xonimni olqishlaylik.

Bir necha daqiqa olqishlar sadosi yangrab turdi. Dastlab mer ayolni quchoqlab minnatdorlik bildirgan bo‘lsa, keyin barcha ziyofatdagilar birma-bir qo‘l olishdi.

Ziyofat nihoyasiga yetdi. Ayol juda baxtiyor edi. Ketar jafosida mer uning yoniga keldi.

– Meni kechiring, janob mer, – dedi ayol. – Qarshingizda turgan Elza Gorden oddiygina ko‘cha supuruvchi ayol. Ehtimol, aft-angorimdan, ust-boshimdan jirkanayotgandirsiz. Ammo ishoning, bu ziyofatga kelishni judayam xohladim, judayam. Aslida taklifnoma mendan uch uy narida, 9-uyda yashovchi Elza Gorden xonimga tegishli ekanligini bilardim. Biroq davrangizda bo‘lishni judayam istagandim…

Mer uning gapini bo‘ldi:

– Hammasi joyida.

– Mendan jahlingiz chiqmadimi?

– Aslo… Yaxshi boring!

Elza xonim shu qadar xursand ediki, ta’riflab bo‘lmasdi. O‘zini xuddi qora tan­lidan oq tanliga aylanib qolganday his qi­lardi. Chap ko‘ksida bir juft kap­tar potirlayapti-yu, ularni tinchlantirishga urin­ganday ko‘ksini siypalab-siypalab qo‘yardi. Na­zarida, bunday quvonchdan ertalabgacha yuragi yorilib o‘ladigandek edi…