Shavkat Nizom. Istig‘for (qissa)

Onajonim Sharofat Ruhiddin qizi
xotirasiga bag‘ishlayman

BIRINChI QISM

Men hayotimni ostin-ustun aylaydigan parizodni aynan bugun uchratishni o‘ylamagandim. Shu sababli vokzalga yetib borguncha, o‘tgan-ketganga e’tibor bermadim. Kallam dorilfununga otlangan o‘spirinning o‘y-xayollariga band, ertaga Toshkentga yetgach, orzuimdagi dargohga hujjatlarimni topshiraman. Keyin hamqishloqlarimning ijaraxonalarida yashab, kirish imtihonlariga tayyorlanaman. Oldimdagi yagona maqsad – o‘qish, o‘qish va yana o‘qish.
Binoning ichida ham, tashqarisida ham olomon g‘ujg‘on. Qo‘limdagi eski chamadonni birortaga topshirib, kassa tomonga saflanganlar o‘rtasiga o‘zimni urishim kerak… Atrofga alangladim. Nazarim navbatda turganlar qatoridagi nozik qizchaga tushdi. Yaqinlashib, yengidan tortdim. U o‘girilib, seskandi. Keyin o‘zining holatidan uyaldimi, yerga tikildi. To‘g‘risi, yuz-ko‘ziga unchalik e’tibor bermadim. Hozir xayolimda boshqa fikr, poyezdga chipta olishim kerak. Qiz eski chamadonimni qorovullasa, o‘rniga turardim.
Maqsadimni tushuntirgandim, u menga navbatini va chipta pulini berdi. Chamadonimning yoniga qo‘ng‘ir diplomatini qo‘yib, kuta boshladi. Men olomon ichra surila borib, umumiy vagonga ikkita bilet oldim.
Mamnun holda qizga yaqinlashib, biletni uzatdim. U rahmat aytdi. So‘ng joy raqamini tekshirishga tushdi. “Ovora bo‘lmang, obshiy vagon”, dedim. Qiz jilma­yib yelka qisdi, nachora… Nari ketdik. O‘zimiz bilmagan holda, birga ketdik. Xuddi avvaldan kelishib olgandek, chetroqqa chiqdik. Shundagina men unga tuzukroq razm soldim. Razm soldim-u, oldinroq e’tibor bermaganimga pushaymon yedim. Chunki hozir yonimda har qanday odamni tildan adashtiradigan suluv bir hurliqo turardi. To‘g‘ri, yuz tuzilishi bejirim esa-da, rassomning shoh asari darajasida emas. Shahlo ko‘zlari, bodomqovog‘i, peshonaga tushgan bir tutam kokili, qip-qizil yanog‘iyu yupqa labi odatdagi yetilgan qizlardan farq qilmaydi. Ammo, shular qatorida olovli istarasi va yana nimasidir mavjudki, o‘shalar meni maftun ayladi. “Maftun aylagan”im tilimdan ayirdi. Qiz so‘z kutib ko‘zimga termilayotganda, nigohida chaqnagan shu’la vujudimda allatovur hissiyotlarni uyg‘otdi. Beixtiyor, qarshimdagi parivashni avval ham ko‘rganimni esladim. Hayo bilan yer chizishi, sezilar-sezilmas entikishi juda-juda qadrdon. Go‘yoki, tirnog‘idan sochining tolasigacha yaxshi bilaman.
Birdan esladim… Uning o‘ng kaftida guruchning donasidek xoli bor…
“Nega yodimda qolgan, ehtimol, kaftda xol uchramasligi uchundir? Bilmadim, har holda, o‘ng kaftida guruchning donasidek xoli borligi aniq. So‘rasammi?.. Noqulay ahvolda qolmaymanmi? Yaxshisi, tanishish bahonasida ko‘rib olaman”.
Shunday qarorga kelgach, nima bo‘lsa-bo‘lar, dedim-da shartta gap qotdim.
– O‘qishga boryapsizmi?
– Ha…
Ismimni aytdim…
– Meniki Qorasoch… Qorasochbonu!
– Tanishganimdan xursandman, – o‘ng‘aysizlanib, kinofilmlarga qiyosan qo‘l cho‘zdim. U tortinib, kaftini kaftimga qo‘ydi. Bahonada badanimga sezilar-sezilmas titroq bag‘ishlagan lo‘ppi qo‘lini o‘girdim, kaftining qoq o‘rtasida guruchning donasidek qoraga ko‘zim tushdi…
Taajjubim kuchaydi, bu o‘sha, men jami sir-asrorini biladigan qiz. Ammo uni qayerdan taniyman? Ikkimiz hozir ilk bora uchrashdik, qolaversa, halicha biror ayol bilan yaqin munosabatda bo‘lmaganman. Eslashga harakat qiluvdim, xayolimda yana sirli voqealar jonlandi. “Men uning zulukdek qora sochlarini sevganman. Taqimini o‘padigan sochlarini…”
Rostdan sochi uzunmikan?.. Boya navbatda turganda nega e’tibor bermadim? Yaxshi, hozir bunga ham oydinlik kiritamiz. Bir zum o‘ylandim. Keyin chap qo‘limdagi charm qayishli soatimga nazar tashlab, davom etdim.
– Qorasochbonu, perronga chiqaversak… Poyezd keladigan vaqt bo‘ldi.
– Bizning vagonimiz qayerlarga to‘g‘ri kelarkin?..
– Obshiy vagon oldinda yuradi, – bilimdonlik qildim men.
Qiz diplomatini qo‘liga oldi. Men eski chamadonimga engashib, imilladim. U vagonimiz keladigan joyni mo‘ljallab, jo‘nadi. Ortidan ergashdim. Yana adashmapman, naq taqimiga tushgan ikki o‘rim yo‘g‘on sochi o‘sha-o‘sha…
Bu sinoatni tushunolmayapman. Azbaroyi eslashga uringanimdan ikki chakkam lo‘qillab, yuragimda erish hapriqish boshlandi. Beixtiyor yodimga bolaligim tushdi. Shunda qizning chaqnoq ko‘zlarida olis go‘dakligim armoni – o‘n olti yashar Sadoqatning shaddod nigohini ilg‘ab, qalbimdagi bezovtalik bemavrid xavotirlanishga aylandi. Garchand, o‘sha ayriliqda zarracha aybim yo‘qligini allaqachon sezgan esam-da, hozir Qorasochbonuni ham o‘zimning noshudligim tufayli yo‘qotib qo‘yaveradiganday bo‘ldim. Ayni sabab, allaqanday tahlikada yugura borib, qo‘lidan diplomatini oldim.
Radiokarnay poyezdning kelayotganini e’lon qildi. Shamolidan qochib, chetga chiqdik. Bizni oppoq orzularimizga eltadigan sehrli poyezd taraqa-turuqlab to‘xtadi. Vagonlar eshigi ochilgach, tuyqus o‘zimiz xohlamagan holda qarama-qarshi tomonlarga burildik. So‘ng bir-birimizga jilmaydik. Qorasochbonu sekingina shivirladi.
– Siz narigi eshikdan chiqing, men bunisidan, qaysimizga bo‘sh joy uchrasa, darrov egallaymiz…
Qalbimdagi xavotirlanish kuchaydi. Qorasochbonuga qaradim. Kelishgandek u ham ayni shu damda ortiga qayrildi. Nigohlarimiz to‘qnashdi. Men endi bu shahlo ko‘zlarda boyagi malohatni emas, mungli bir iztirobni ko‘rdim. O‘zim yo‘nalgan eshikka yaqinlashganda yana o‘girildim, qiz tutqichga osilib zinadan ko‘tarilyapti. Mana, o‘zini ichkariga oldi. Men ham eshik dastasidan tutdim. Kimdir qo‘limdan tortib, yordamlashdi. Vagonga ilashganim zahoti pastdan eski chamadonim va qo‘ng‘ir diplomatni uzatishdi. Qaddimni rostlagach, ko‘mak bergani uchun provodnikka rahmat aytmoqqa yuzlandim. Yuzlandim-u, uchib tushdim. Negaki, qarshimdagi kimsaning afti gezargan, lablari tinimsiz pirillardi…
Tushundim, u ham ko‘rdi.
Mening bo‘ynimda, bo‘g‘zim tagidan aylanasiga qizil chiziq o‘tgan. Bu chandiq qachon paydo bo‘lgan, noma’lum… Keyin ko‘kragimda, yuragimning naq ustida tirnoqdek teshik o‘rni ham bor.
Onamning aytishicha, bo‘g‘zimdan aylangan chandiqdan chillam chiqquncha qon silqigan. Bu sinoatga tushunolmagan vrachlar ikkiga kirgunimcha, muttasil xabarlashib turishgan. Ko‘kragimdagi teshik esa to besh-olti yoshimgacha ochiq bo‘lgan. Sinchiklab qaralsa, hatto, yuragimning urishi ko‘ringan, keyinchalik, vaqt o‘tishi bilan sezilar-sezilmas holga kelgan.
Yana onamning gaplariga qaraganda meni yetti yoshimgacha Tojikistonning Hisor tumanida yashovchi avliyoga o‘qitib turishgan. Ana shundan keyingina sirli yaralarim bitib, sog‘ayganman. O‘sha mashhur mulla meni ilk bor qo‘liga olganda, negadir kalovlangan, uzoq o‘ylanib, bu go‘dakni ehtiyot qiling, foniy dunyoda qilar ishlari ko‘pga o‘xshaydi, degan. Hatto bir safar kechikkanimizda, betoqatlanib o‘zi odam jo‘natgan. Shu-shu har oyning uchinchi payshanbasi onam ikkimiz uzluksiz Hisorga qatnaganmiz.
Hozir qarshimda qaltirayotgan provodnik ham bo‘g‘zimdagi chandiqni ko‘rib qolgandi. Men vaziyatni yumshatish uchun o‘ng qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘ini tomog‘imdagi chiziq bo‘ylab harakatlantirdim-da, hazillashdim:
– Sirtmoqning o‘rni…
Gandiraklagan provodnik eshik tutqichiga yopishdi…
Lash-lushlarimni ko‘tarib, ichkariga yo‘naldim, izimdan tiqilgan olomon to‘lqini zum o‘tmay, guvullab chayqalayotgan izdihom ichra surib ketdi…
O‘n-o‘n besh qadam naridagi atigi ikki kishi – mo‘ysafid va kampiri o‘tirgan joyni ko‘zladim. Borib, qavatlariga cho‘kkach, chamadon va diplomatni yonimga qo‘yib, yana bitta joy egalladim. Chol menga ma’noli tikildi. Uning sirli nigohini o‘zimcha tushunib, xijolatda salom berdim. Tortinib, sherigim bor, dedim. Bobo ma’qul ishorasini qildi. So‘ng tashqariga nazar tashladim. “Ie, bu yog‘i necha puldan tushdi, deraza kasalxonalardagidek oqqa bo‘yalganmi?..”
Qariya astagina “shunisi ma’qul” deb ming‘irladi. Nimasi ma’qul, atrofni kuzatib ketmasang, zerikib o‘lasan-ku…
To‘satdan berilgan savol xayollarimni bo‘lib yubordi.
– O‘tirsam maylimi?..
Boshimni ko‘tardim, tepamdagi kimsa qo‘ng‘ir diplomat va eski chamadon o‘rnini bo‘shatishimni so‘rayapti. Raftori iltimosini rad etib bo‘lmaydigan darajada yoqimli. Ko‘zlarining tub-tubiga og‘ir qayg‘u cho‘kkan, yuzi dumaloq, so‘zlaganda kipriklari pirpiraydigan bu yigit bir qarashdayoq kishida muloyim taassurot uyg‘otardi. Birdan yodimga Qorasochbonu keldi-yu, ortiq ikkilanmay, joyning egasi borligini aytdim. So‘ng negadir, uni kuzatishga tushdim. Gapirganda ko‘zlari pirpiraydigan yigit nariroq bordi-da, besh-olti kishi tiqilgan o‘rindiq chetiga omonatgina cho‘kdi. Men qariyaga “hozir kelaman, iltimos, yuklarimga qarab turing”, dedim. Keyin unga yaqinlashdim. Boisini o‘zim ham bilmay, g‘uldiradim:
– Kechiring, sherigim bor edi. Qorasoch, Qorasochbonu…
– Zarari yo‘q. Mana, joylashdim-ku…
U ma’yus nigohini derazaga oldi. Men ham beixtiyor, o‘sha tomon yuzlandim. Lipillab o‘tayotgan chiroqlar qaysidir shaharga kirib kelayotganimizdan darak bermoqda. Sho‘rchiga o‘xshaydi. Ana, un zavodining tegirmonlari ko‘rindi.
Birdan xayolimga oynasidan ko‘cha ko‘rinmaydigan bo‘lmamiz keldi. Qiziq, butun boshli vagonda bitta bo‘yalgan deraza. Manzilgacha tashqi manzaralardan benasib ketishga majbur ekanman, nachora? Buyam taqdir… Ko‘nglim g‘ashlanib, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Tezroq Qorasochbonuni topishim kerak. Sho‘rchidan yana yo‘lovchilar chiqishsa, oralaridan turtina-surtina o‘tish battar qiyinlashadi.
Biroz yurib, Qorasochbonuga judayam o‘xshab ketadigan qizni ko‘rib qoldim. Ko‘zlarimga ishonmay, yaqinroq bordim. Adashibman, u ishvalanib, jilmaydi. Indamay ketsam to‘g‘ri kelmaydi, nimadir deyishim kerak, vaqtni boy bermay, suyuqlandim.
– Tanishsak bo‘ladimi, yaxshi qiz?..
Qiz sharaqlab kuldi. So‘ng chaqnoq nigoh-la qarshisidagi no‘noq jazmaniga boshdan-oyoq razm soldi.
– Tanishsak bo‘ladi…
Javobida kalondimog‘lik bor, kesatiq bor. Ketsammikan?..
– Ismim Muhabbat, Muhabbatman!..
Endi kimligining qizig‘i yo‘q. Kibru havosi ko‘nglimni sovutib ulgurdi…
Uning oxirgi jumlasini eshitmagandek, qadam tashlarkanman, bexosdan tanishishni istab qolganim uchun o‘zimni koyidim. Kimdir mengami, qizning gapigami, xoxolab kuldi. So‘ng ro‘paramda sochi yelkasiga tushgan, burnida ko‘ndalang tirtig‘i bor baquvvat yigit qad ko‘tardi. Janjal qo‘zg‘ash niyatida shekilli. Men ham anoyi emasman, ustiga bostirib boraverdim. Va birdan ko‘zimga qon quyilib, bilaklarimda beqiyos kuch yig‘ildi. Qo‘llarim temir mushtga aylandi. Shunda hozir shitob bilan olg‘a intilayotgan o‘spirin zinhor-bazinhor o‘zim emasligimni sezib qoldim, murg‘ak vujudimda butunlay o‘zga odam harakatlanmoqda…
Uzun sochli olifta shashtimdan hayiqib, orqaga tislandi. Uni qulochkashlab urib yuborishdan zo‘rg‘a tiyilib, yonidan o‘tib ketdim. Birozdan so‘ng o‘zimga keldim. Nimjongina jussamga bu qadar shijoat va qudrat qaydan singganini anglolmay, atrofga alangladim. Biroq, o‘ng kaftida guruchning donasidek xoli bor qizni uchratmadim. Ortimga burildim. Maqsadim lash-lushlarimni o‘rindiq yukxonasiga solib, ko‘nglimni tinchlantirish. Aslida, chamadonimda bir sidra kiyim-bosh-u, daftar-qog‘ozdan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Hujjatlarim ko‘krak cho‘ntagimda. Ammo, hozir Qorasochbonuning qo‘ng‘ir diplomati uchun ham mas’ulman, omonatga xiyonat qilolmayman.
Qaytayotib, yo‘limda boyagi sochi uzun oliftani va nariroqda Muhabbatni uchratishni o‘ylagandim. Adashibman… Son-sanoqsiz odamlar orasidan cholu kampirni axtardim. Befoyda!.. Oynasi oqqa bo‘yalgan bo‘lma ham yo‘q. Charchadim, shekilli?.. O‘tirib dam olmoq niyatida bo‘sh o‘rin izladim. Hamma joy band. Nima qilarimni bilmay serraydim. Kimdir qo‘limdan tortdi.
– Mana bu yerga o‘tiring…
Men qayrilib, gapirganda ko‘zlari pirpiraydigan o‘sha yigitni ko‘rdim. Haligi ishimdan qizardim chog‘i, u xijolat bo‘lmang, dedi. So‘ng davom etdi.
– Qorasochbonuni topdingizmi?..
– Yo‘q. Keyinroq yana qidiraman…
– Yigitlar, biz ham o‘tirsak bo‘ladimi?
Ovoz tanish tuyulsa-da, qiyo boqmadim.
– Talabaman, ismim Izzat. Toshkentda o‘qiyman. Universitetda, falsafada.
Bu – o‘sha, yo‘limni to‘sgan “zo‘ravon”. Yomon bolaga o‘xshamaydi. Ammo, boyagi bemaza qilig‘i sabab tumshayib turaverdim.
– Kamolxon…
Ular bir-birlariga qo‘l uzatishdi. Noiloj, men ham ismimni aytdim. Shu bilan ginalar unutilib, u yoq-bu yoqdan valaqlasha ketsak-da, Kamolxonning nigohidagi qayg‘uli shuur hamon tark etmayapti. Boisini bilmoqqa urindim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rash odobsizlik. Yaxshisi, uning qalbiga sho‘ng‘iyman…

* * *

Yozning ilk kunlari qishloqda Inoyatxonning oilasiga ola mushuk oralabdi, degan gap tarqaldi. Tez orada mish-mishlar atrofdagi gurunglarning asosiy mavzusiga aylandi. Rostdan ham bu gaplarda jon bor…
– Shunday qilib, siz bilan kelishib olmoqchiman, – tund qiyofada gap ochdi ota o‘g‘liga o‘sha kuni. – Sohibxon bilan o‘rtamizdagi ahdimizdan boxabarsiz. Do‘stligimizni yanada mustahkamlash niyatida kenja qizlarini sizga bo‘lishib qo‘ygandik… – Inoyatxon fikrini jamlash uchun bir muddat tin oldi. Omonat cho‘kkalab, qo‘lidagi piyoladan nigoh uzolmayotgan o‘g‘il og‘ir to‘lg‘andi. – Mana, endi siz ham, birodarimizning qizlari ham olmaning ikki pallasidek ko‘zga tashlanib qoldingiz. Men bu haqda ikki yil burun onangiz orqali bildirib edim, shundog‘mi?..
– Shundog‘…
– Barakalla, siz o‘shanda sukut saqlagansiz. Biz esa sukutni “hali uylanishga erta, o‘qishimni tugatib olay…” ma’nosida tushunibmiz. Ammo, keyinchalik katta akangiz Haydarxonga yorilibsiz, bu ham nazarimizdan chetda qolmadi. Biz o‘qish tugaguncha kutaylik, zora, aqli kirib, otaning yuziga oyoq bosishdan tiyilsa, degan niyatda yana sabr qildik.
…Shu yillarda oilaning barcha a’zolari, uzoq Qashqadaryoda yashovchi o‘rtancha o‘g‘ilni istisno etganda, necha martalab Kamolxonni o‘rtaga olishgan, otaga tik boqish xayrli oqibatga olib bormaydi, aqlingni tiy, kabi pand-nasihatlar qayta-qayta takrorlangandi.
– Mana, institutni tugatib, diplom oldingiz, boshingizni ikkita qilsak, endi o‘z aravangizni o‘zingiz tortib ketarsiz?..
Padarining gaplaridan Kamolxon garangsiradi. So‘ng nedir demoqqa og‘iz juftladi-yu, botinolmadi.
– O‘ylanib qoldingiz, gapim ma’qul kelmadi shekilli?..
Kamolxon botinib-botinmay, bosh irg‘adi.
Ota piyoladagi sovib, ustida xalqob yig‘ilgan choydan ho‘plagach, odatdagi jumlasini takrorladi:
– Shunaqa deng?.. Chakki bo‘pti! Sizdan buni kutmagandim. Bu javobingizdan keyin elu xalqning ko‘ziga qanday qarashimni, eski qadrdonimning oldida kim degan odam bo‘lishimni o‘yladingizmi?
– O‘yladim… – Uzil-kesil rad javobini berdi o‘g‘il.
– Mabodo, yana uch-to‘rt kun muhlat bersak-chi?..
– Qarorim qat’iy!..
Inoyatxon og‘ir xo‘rsinib, cho‘kkaladi. Keyin nimalarnidir pichirlay ketdi. O‘g‘il esa bexos yo‘l qo‘ygan xatosi oqibatini kutibmi, afsuslanibmi, yerdan ko‘z uzolmasdi. Diqqatini siniq ovozdagi “omin!..” sadosi buzdi. Yalt etib qaradi. Buzrukvori qiblaga tikilgan ko‘yi shalviragan qo‘llarini teskari juftlagandi…
Voqealar oxirida choyni yangilamoqqa kirgan Fotimabibi eri nima qilib qo‘yganini anglaganda Kamolxon toshdek qotgan, hozirgina nobakor farzand ustidan dahshatli hukm chiqargan ota tushkun alfozda tashqariga yo‘nalgandi.
– To‘xtang, dadasi!.. Astag‘firulloh deng! Tavba deng!…
Fotimabibi qo‘lidagi choynak tushib, chil-chil singanini, qaynoq choy paxta paypoqli oyoqlarini kuydirganini ham sezmay, eriga osildi.
Inoyatxon kampirini avaylab chetga surdi-da, bukchayibgina eshikdan chiqdi…

* * *

Otasi tomonidan duoi bad qilingandan keyin Kamolxon tug‘ishganlari bilan yig‘lamsirab xayrlashib, oyligidan olgan ro‘molini volidasiga uzatdi. Ona duoga qo‘l ochdi. Atrofdagilar Inoyatxonning qahridan qo‘rqa-pisa unga qo‘shilishdi.
– Iloyo, boshing toshdan bo‘lsin!..
Kamolxon yo‘lga tushdi. Tuman markazida sevgilisi Zuhra kutmoqda. Endi nima qilsayam, shu qizga uylanadi. Padaridan orttirgan rutubatini zora sevgilisi ilitsa…
Ammo, yupatguchi xayollar og‘ushida mahbubasi ishlaydigan maktab eshigiga yetganda, bexos shirin orzulari abas bo‘ldi, qorovul chol negadir, Kamolxonni tanimadi. O‘zini eslatgandi, bilmadim, qarichilik, deya ko‘zini olib qochdi. Yigit hayronligini yashirolmay, uning yonidan o‘tdi-da, uzun binoning tanish sinfxonasiga yaqinlashdi. Eshikni ochgan Zuhraning rangi o‘chdi. So‘ng ko‘zini yashirib, shivirladi. “Bog‘da kutib turing, tanaffusda chiqaman”.
Kamolxon orqaga qaytib, koridor bo‘ylab borarkan, Zuhraning kursdosh dugonasiga duch keldi. Toshkentda yurgan kezlari uchrashuvga ma’shuqasi ba’zi-ba’zida shu qiz bilan chiqar, o‘shanda uchovlon muzqaymoq yeyishar, kinolarga tushishardi. Hozir esa u shunday qadrdonining yonidan beparvo o‘tmoqda. Yigit bilagidan ushlab to‘xtatdi. Qiz savol nazari bilan qaradi.
– Tinchlikmi?..
– Tanimadingizmi?
– Tanidim…
– Unda nega indamay o‘tayapsiz?..
– Nima deyishim kerak?..
Sovuq muomaladan yigitning eti junjikib, ko‘chaga otildi. Tanaffusgacha ich-etini yedi. Bularga nima bo‘lgan o‘zi? Nega muomalalari o‘zgargan?..
Nihoyat, Zuhra chiqib keldi. Zo‘rma-zo‘raki jilmayib, ahvollashdi.
– Keling…
– Keldik…
– Qanday shamollar bilan?..
– Sizning shamolingiz bilan.
Qiz birdam sukut saqladi. So‘ng soxta tabassumda davom etdi.
– Juda sog‘intirdingiz.
– Uzr…
– Endi kech bo‘ldi.
– Nimaga?
– Uzr so‘rashga…
Yigitning badani muzladi. Bu qanday gap?.. O‘tgan hafta kelganida shirin-shirin suhbat qilishuvdi. Boyagi aftini burishtirib, tanimaslikka olgan do‘rdoq dugonasini ham ergashtirib, kechgacha istirohat bog‘ida aylanishgan, qolaversa, bugungi uchrashuvniyam kelishib olishgandi. Bu yerda boshqa gap bor.
– Muomalangizga tushunmayapman, Zuhra?..
– Nimasiga tushunmayapsiz?
– Kesatishingizga…
– Bu bor gap…
– Qaysi gapni aytayapsiz?
– O‘rtamizdagi munosabatni.
– Men ham shu masalada keldim.
– Qaysi masalada?
– Sizga uylanmoqchiman.
– Buni avval ham aytgansiz.
– Siz rozi bo‘lgansiz.
– Rozi bo‘lgandim…
– Endi-chi?..
Qiz asab o‘yinini ortiq davom ettirolmadi, yig‘lab yubordi. Kamolxon bosh-adoq kesatiqli savol-javobning bunday rivojini kutmagandi, shosha-pisha ovutmoqqa boshladi. Biroq, Zuhra siltanib, qo‘lidan chiqdi-da, jon holatda baqira ketdi.
– Nega?.. Nega bunday qildingiz? Endi men kimman? Sizga qanday tegaman? Otam meni oqpadarga bermaydi!..
U gandirakladi… Yomon xabarning uchqur kelishi rost. Ammo bunchalar tez tarqalishini kim o‘ylabdi, deysiz. Nahotki, atigi ikki soat avval yuz bergan mudhish voqeani butun tuman eshitib ulgurdi?..
Zuhrasi yana nimadir dedi. So‘ng uzoqlashayotgan oyoq tovushlari eshitildi. Kamolxon qaddini ko‘tarolmadi. Shu ko‘yi, mahzun qiyofada uzoq o‘tirdi. Bir mahal esini yiqqanda, shom yaqinlashgandi. U behol qadam tashlab, vokzalga jo‘nadi. Mana, hozirgacha atrofidagilarga sir bermay, gangir-gungirlashib kelyapti. Faqat Toshkentga otlangan o‘smir bola ko‘ziga tikilganda, negadir o‘zini yo‘qotib qo‘ymoqda. Ilgari sira bunday ahvolga tushmagandi. Keyin… yigitchaning qaysidir chalimiyam tanish. Kimga o‘xshashi mumkin? Shularni o‘ylayverib, boshiga og‘riq kirgan.

* * *

…Provodnikning aralashishi uzuq-yuluq xayollar og‘ushida gurungga luqma tashlab o‘tirgan Kamolxon uchun ayni muddao bo‘ldi. Boya poyezdga chiqqanida besh-olti so‘m qistirgandi. Endi ko‘rsatilgan joyga cho‘zilib, gartak pinak qiluvdiki, tush ko‘rdi. Tushida bosh-adog‘i ko‘rinmaydigan juda uzun poyezdda ketayotganmish. Lekin, poyezd temir relslardamas, oppoq-oppoq bulutlar uzra suzmoqda. U voqealarni tuzukroq anglash niyatida chor-atrofiga boqib, biror g‘ayritabiiylikni sezmadi. O‘sha yo‘lovchilar, o‘sha sheriklari… Hatto, boyagi talaba ham shu yerda. Unchalik xushlamasa-da, hozir ko‘rib, ko‘ngli yorishdi, son-sanoqsiz begonalar ichida bittagina yomon tanish ham ko‘zga tegarkan.
Izzat qo‘lidagi qutichaga imo qilib, tamburga yo‘naldi. Ular sigaretlarini tutashtirishdi. Kamolxon odaticha, kuchli-kuchli tortib huzurlanarkan, nogoh o‘lardek charchaganini sezdi. Sherigi dilidagilarni uqqandek ming‘irladi.
– Yo‘l yurish osonmas, mehmon. Buning ustiga, bu – oddiy yo‘lmas, hayot yo‘li.
Oxirgi jumla Kamolxonni ajablantirdi. “Hayot yo‘li!..” Bu nima degani? Qaysi ma’noda aytdi bu gapni?”
– Haqiqiy ma’noda. Aynan o‘zining ma’nosida…
Talaba qandaydir sezgi orqali suhbatdoshining botiniy fikrlarini o‘qib olayotgandi. Dastavval atrofdagi g‘aroyib ahvoldan taajjublangan Kamolxon bir mahal o‘ziga keldi-da, qichqirib yubordi.
“– Qarshida tushishim kerak edi-ku!..”
Izzat qah-qah urdi. Sovuq qah-qaha kuchaya-kuchaya, momaqaldiroqqa aylandi. Kamolxonni vahimali kino ko‘rayotgandek titroq bosdi. Vagonga kirish uchun qo‘lini eshikka uzatdi. Momaqaldiroq tindi…
– Shoshilmang, mehmon! Baribir, qochib qutulolmaysiz. Aslini olganda, bu vagondagilarning taqdirlari tutash. Ular quvonchga ham, qayg‘uga ham birdek yetishishadi.
Ichidan nimadir uzilib, og‘ir tin oldi. Uning ayni tushkun ruhiyati yoshini yashab, oshini oshab qo‘ygan qariyalardan farq qilmasdi. Illo, ota xonadonida boshdan kechirganlarini o‘ziyoq yoshlik shijoatini batamom so‘ndirib ulgurgan.
Ziddiyatli xayollar og‘ushida javdirayotgan Kamolxonning ko‘ziga nogahon padari buzrukvorining ulug‘vor qomati, sovuqqon yuzi ko‘rindi. Garchi, alamlari arimagan esa-da, ketar jafosi, otajoni haqida ham birrov bilgisi keldi. Talaba javob berdi.
– Inoyatxon ota – boobro‘ inson. U kishi o‘zlariga o‘xshagan odamlar bilan orqada kelyaptilar. Bizni faqat qayrilishlarda ko‘rib qoladilar…
Hasratlashishga rag‘bati bisyorligiga qaramay, Kamolxon g‘oyibona suhbatga nuqta qo‘yishni lozim topib, joyiga qaytdi. Ichkarida ko‘rganlari esa aqlini battar shoshirdi, u yerda kutilmagan odamlar talaygina. Ayniqsa, sirli jilmayayotgan qizga nazari tushganda, yuragi betartib dukurlay ketdi…
– U – Muhabbat!.. Tengini topmaguncha o‘n sakkizda yashayveradi. Zuhrangiz boshqa tomonda, – beparvo ta’kidladi izidan ergashgan Izzat.
Kamolxon qayrilib, suyuklisini va bola quchoqlagan istarali ayolni ko‘rdi.
Beixtiyor, shuurining olis burchaklarida nimadir “yilt” etdi. Agar u hozir oniy lahzaga uyg‘ongan o‘sha nimtanish xotirotlari izini quvganda, keyinroq tortgan azoblari sababini tushungan bo‘larmidi? Yo‘q, fikru xayoli, azbaroyi Zuhrasiga bandligidan, xayolidan birrov “bunisi kim ekan?..” degan odatiy savolni o‘tkazoldi, xolos.
– Qorasoch… Qorasochbonu!..
Kamolxon mahbubasiga iltijoli tikilarkan, miyasida haqli savol tug‘ildi, agar shu Zuhrasi bo‘lsa, nega kampirsifat ko‘rinadi, umr shuncha tez o‘tdimi?.. So‘ng tuyqus miyasiga urgan fikridan xavotirlanib, talaba tutgan oynaga yuzlandi-yu, o‘ziga juda-juda o‘xshash vazmin kimsaning istehzoli nigohidan cho‘chib tushdi, umr – oqar daryo, deb bejizga aytishmaskan…
Bir mahal kimdir yengidan tortdi, qarshisida provodnik yaltoqlanmoqda.
– Mana, mehmon, manzilga yetdingiz. Eshikka marhamat!
Kamolxon o‘pkaladi.
“– To‘xtamasa, qanday tushaman?..”
– Shunaqa og‘ayni, safaringiz qaridi. Hammada bor savdo… – talaba ayyorona ko‘z qisib, g‘oyib bo‘ldi.
– Tushmaysizmi, endi?..
…Dodlab uyg‘ondi. Provodnik yasama takalluf bilan ishshaydi.
– Turaqoling, bitta issiqqina choy ichsangiz, o‘zingizga kelasiz. Yomon tush ko‘rdingiz chog‘i, ancha alahsiradingiz…
Kamolxon o‘ziga kelib, ko‘zini ishqalarkan, nazari qayrilma stol ustidagi tumshug‘idan hovur chiqayotgan tunuka choynakka tushdi. Vaqtida uyg‘otgani uchun provodnikka rahmat aytib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Poyezd hamon olg‘a intilar, atrofda faqat bir sado – taraqa-turuq! Taraqa-turuq!..
– Qani choydan iching-chi, okasi…
Kamolxon chap qo‘lini ko‘kragiga bosib piyolani oldi, ho‘plab-ho‘plab, zimdan provodnikni kuzata boshladi. Qarshisida o‘siqqosh, qalinlab, boshini mahkam tutgan yo‘g‘on bo‘yni naq quloqlari ostidan yelkasiga tutashgan barzangi o‘tiribdi. Jundor bahaybat panjalari ko‘proq tog‘ qo‘porishga munosib. Lekin go‘shtli, tirsillagan oppoq basharasidan arimaydigan munofiqona tirjayish va chiyilloq ovozi kishida noxush kayfiyat uyg‘otadi…
Ikki piyola choy ichgach, Kamolxon o‘rnidan turdi. Provodnik ajablandi.
– Yo‘l bo‘lsin, okasi?..
– Shamollab kelay…
Kamolxon qo‘lidagi sigaretga ishora qildi. So‘ng cho‘ntagidan pul chiqarib choynak yoniga tashladi.

* * *

…Men ayni damda o‘zim bilmagan sirli tuyg‘ular orqali sheriklarimning taqdiridan boxabardek edim. Nazarimda, hozirgi jami voqealar tanish. Goh talabalikning oltin davrini maqtayotgan, goh gitarasini tiringlatib, “Hayot yo‘li” haqida kuylayotgan manavi oliftadan tortib, o‘zini Muhabbat atagan kalondimog‘ qizgacha barchasi bilan qachonlardir shu holatda birga ketganman. Hammasidan Kamolxonning taqdiri qiziq. Har gal uni o‘ylasam, ko‘z o‘ngimda allaqanday tanish voqealar g‘ira-shira jonlanadi. Xotiralarim uyg‘onmoqchi bo‘ladi. Ammo, banogoh fikrim chalg‘ib, barchasi unutiladi-qo‘yadi. Harchand urinmay, bu sinoatning tagiga yetolmayapman. Eslasam, o‘zimga kerakli yana bir haqiqatni kashf etaman. Uning yo‘liga muntazirligim sababi ham shunda.
…Hafsalasiz qadam tashlab, Kamolxon ko‘rindi. Uni xushchaqchaqlik bilan qarshilab, joy berdim. Talaba gitarasini yonboshlatib, bizga qo‘shildi.
– Okasi, chiptalaringizni ko‘rsatib yuboringlar…
Provodnik… Ammo, bo‘yni naq qulog‘i ostidan yelkasiga tutashgan chiyilloq barzangi emas, boshqasi. Ovozidan ma’lum.
Men shoshilmay, ko‘ylagimning ko‘krak cho‘ntagidagi hujjatlarim orasidan chiptani olib uzatdim. Bu o‘sha – vagonga chiqishimga yordamlashgani. Beixtiyor, meni ko‘rgandagi turqi-tarovati ko‘z oldimga keldi. Miyig‘imda jilmaydim. Ke­yin oniy lahzaga nigohlarimiz to‘qnashuvdi, kutilmagan voqea yuz berdi. Avval xotirjam qaragan odam birdaniga qorachiqlarini kengaytirib, noxush baqraydi. Avzoyidan badanim junjikdi… Va xotiram qat-qatlarida tobora so‘nib borayotgan qandaydir shu’la ojiz miltiradi. Demak, u boya bo‘ynimdagi aylana chandiqdan vahimaga tushmagan, yo‘q, meni eslagan…
Provodnikning sovuq nigohidan oyog‘im qaltirab, xayollarim chuvalashdi…
O‘zi shunday, o‘qtin-o‘qtin, kutilmagan tashqi ta’sir ostida miyamda g‘alati voqeliklar gavdalanadi. Ularning xursandchiligi quvonch bag‘ishlab, og‘rig‘i a’zoyi badanimni zirqiratadi. Shuning uchun bu hodisalarni o‘ngimdagiday qabul qilaman. Ayrim hollarda esa bir paytda ikki voqelikda ishtirok etganimni sezib qolaman. Bo‘ynimdagi aylana chandiq, ko‘ksimdagi tirnoqdek teshikni qanchalik tushunmasam, ruhiyatimdagi sirli holatlar ham shunchalik qorong‘i menga. Hozir ham peshonamda qaqqaygan provodnikning sovuq tikilishi yomon ta’sir qildi. Uni tanidim. Bu – o‘sha…
Qo‘llarim musht bo‘lib tugildi. Biroq, gapiray desam, ovozim chiqmadi. O‘rnimdan turmoqchiydim, boshim aylanib, oyog‘imdan mador ketdi…
Mana, shuurim yorishmoqda. O‘zimga kelayapman. Qorong‘ilikning bir chetida miltirayotgan mittigina uchqun tobora kattalashmoqda. Birozdan so‘ng butun borliqni qoplaydi. Men batamom hushyor tortaman-u, hech nima bo‘lmaganday odatdagi ishimni davom ettiraveraman. O‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Xudoga shukr, hammasi yaxshi tugadi. Ko‘zimni ochdim…
…Esimni yig‘ib, ilk qilgan ishim hovli chetida arqonlangan qora tulporni egarlash bo‘ldi. So‘ng beshotarni iynimga ildim. Oldimga chiqqan homilador xotinimga miq etmay, yo‘lga tushdim. Bugun ruhimga anchadan buyon tinchlik bermagan muhim vazifani bajarishim kerak…
To‘g‘risi, unga dushman emasdim. Biz hamqishloqmiz. Tuproq ko‘chalarda chang bosib, voyaga yetdik. Murtimiz nish urgan kezlar baxtiyor zamonlar haqidagi orzularga berildik. Shu orada Oktyabr to‘ntarishi ro‘y berdi. Men birinchilardan mazlumlar hukumati tarafiga o‘tdim.
O‘n sakkiz yoshimdan qurol tutdim. O‘n to‘qqizda yetmish olti kishilik otryad boshida bosmachilarga dahshat soldim, quyundek yopirilgan mard yigitlarim tazyiqiga hech qanday dushman dosh berolmadi. Yana besh yil o‘tib, bosmachilik harakati avvalgi qudratini yo‘qotdi. Lekin, osuda hayotga hali erta, ozod xalq kamolini ko‘rolmaganlar pana-pastqamlarda payt poylashmoqda.
Ularning yetakchisi – o‘sha qadrdonim. Men mazlumlar tarafidaman. U – xalq dushmani. Biz munosib raqiblarmiz. Necha bor izidan tushdim, endi ushladim deganda, u havoga singib ketar, keyin kutilmagan joydan zarba berardi.
Esimda, bir muhorabada yuzma-yuz keldik. Masofa o‘ta yaqinligidan miltiq otish­ning iloji yo‘q, yarim soatlar qilichlashdik. Na uning, na mening qo‘lim baland kelmadi. Jang orasida ko‘zlarimiz uchrashdi. Raqibimning nigohida g‘alati ma’noni uqdim. Nazarimda, u meni o‘ldirishni istamayapti. Men ham uni ayayapman. To‘satdan zarbaga shaylangan qo‘llarimiz tin oldi. So‘ng yagona buyruqni bajarayotgandek bab-baravariga qilichlarni qiniga solib, izimizga burildik. Qora tulporim ikki-uch qadam yo‘rtigach, orqamga qaradim. Xuddi shu lahzada raqibim ham qayrildi. Yana yurdik. Dam o‘tmay, o‘sha holat boz takrorlandi. Shunday qila-qila olislashdik…
Keyin ham necha marta to‘qnashsak-da, g‘alabaga yuz foizlik imkoniyat boshqa tug‘ilmadi. Ayni sabab, o‘shandagi qat’iyatsizligim uchun o‘zimni kechirmadim. Yana qo‘limga tushsa, albatta o‘ldirishga ont ichdim. Negaki, markazdan kelgan telegrammalarda uni yo‘q qilish uzil-kesil menga topshirilgan, bu endi hayot-mamotim masalasi edi. Bizning yakkama-yakka jangimiz ovozasi qaysidir yo‘llar orqali markazga yetgan va kamina salkam xalq dushmaniga aylangandim.
O‘rtamizdagi raqobatning yana bir sababi – xotinim, yigitlik onlarimiz bir qizga ko‘ngil qo‘ydik. Bora-bora, mening qo‘lim baland kelib, u tog‘u toshlarda tentiray boshladi.
…Turmush qurganimizning oltinchi oyi chor-tevarak osoyishtaligi sababli yigitlarimni ikki-uch kunga uylariga jo‘natdim. Yonimda yetti-sakkiz nafar oilasiz askarlar qolishdi. Yoz kuni emasmi, ular hovlida, men uyda uxladik. Yarim kechasi qiyomat qo‘pdi. Apil-tapil kiyinib, otlarni egarladik. Ammo, kechikkandik. Elliktacha bosmachi qishloqning sho‘rolarga xayrixoh qismini qilichdan o‘tkazib, g‘oyib bo‘ldi. Garchi, bir hovuch askar bilan ularni quvish bema’nilik sanalsa-da, ertalabgacha itdek izg‘idik.
Indiniga zudlikda otryadimni to‘plab, hujumga otlandim. Raqibim yerga kirdimi, ko‘kka chiqdimi, ikki yil dumini ushlatmadi. Men hushyorlikni yo‘qotmadim, doimo jangga shay turdim. Shunday kunlarning birida kichikroq to‘daning izidan tushib, uch kechayu uch kunduz ta’qib etdik. Oxiri, tog‘ning tor darasida qurshovga olib, qirib tashladik. Biroq, murdalar orasidan uning o‘ligini topmagach, o‘zga haqiqatni tushunib qoldim. Bu – pistirma. Qizillar kichik to‘daga ovora tentiraganda, qo‘rboshi qaylardadir o‘zga rejasini amalga oshirgan. Zudlikda ortga qaytdik. Qishloqda ov miltig‘i bilan qurollangan besh-olti batrakdan bo‘lak odam qolmagan, raqibim xotinim ilinjida bizni chalg‘itgan bo‘lsa, maqsadiga erishdi, men suyukligimdan ayrildim…
To‘xtamay ot surdik. Tog‘dan engach, yo‘l-yo‘lakay, yonayotgan ovullarni ko‘rib, naqadar kechirilmas xatoga yo‘l qo‘yganimni angladim. Insonning shunchalar qonxo‘rligini xayolimga keltirmagan ekanman…
Qay ahvolda makonimga yetganimni bilmayman. Uzoqdan tutayotgan uylarni ko‘rgach, adoyi tamom bo‘ldim. “Endi xotinim yo‘q!..” Beixtiyor, boshimga urgan fikr­dan chakkalarim lo‘qilladi. Charchab, yiqilayozgan tulporimni niqtab, xonadonimga yaqinlashdim. Biroq, endi ko‘rganlarim har qanday mo‘jizadan avloroq edi. Son-sanoqsiz xarobalar ichida yolg‘iz mening paxsa devorli g‘arib imoratimgina sobit turardi. Ichidan tambalangan pastak darvozani tepib, hovliga otildim. Birdan bos­tirma tagida kavsh qaytarayotgan sigirga ko‘zim tushdi. Sal narida buzog‘i dikong­laydi. Bosmachi bossa, qoramol tugul, tovuq ham qolmasdi. Balki, bu pistirmadir?.. Izimdan kelgan askarlarga imo qildim. Zum o‘tmay, hovli qurshab olindi. Ishongan to‘rt nafar yigitim bilan dahliz eshigini ochdim, zog‘ ko‘rinmaydi. Jangu jadallarda diydam qotgan esa-da, hozir yuragimning dukurlashini aniq eshitayapman…
Bo‘lar ish bo‘ldi, eshikka qurol o‘qtalgan yigitlarimga otishga ruxsat berish niyatida o‘girildim. Ammo, to‘satdan ikki yil burungi voqea yodimga tushdi. O‘shanda raqibim bizni omon qoldirgandi. Qishloqning yarmini qilichdan o‘tkazib, xonadonimni aylanib o‘tgandi. Qaniydi, hozir ham shunday bo‘lsa…
Tavakkal qildim, oxirgi onda yigitlarimni to‘xtatib, ovoz berdim. Sado qaytmadi. Ikkinchi marta qichqirdim. Sukunat… Uchinchi marta ovozim yetti mahalla eshitadigan darajada gulduradi, shunga ham javob bermasa…
Eshik g‘iyqillab ochildi. Men beshotarni to‘g‘rilab turaverdim. O‘rtaga asabimni adoyi tamom qilgan sukunat cho‘kdi. Yana hayqirdim:
– Musharraf!..
Engil qadam tovushlari eshitildi. Nahotki?.. Bo‘lishi mumkin emas!..
Mumkin ekan, ichkaridan suyukligim chiqib keldi. Hiqillagancha, bo‘ynimga osilib, yuz-ko‘zlarimdan o‘pishga tushdi… Ichma-ich joylashgan ikki xonadan qariyalaru yosh bolalar chuvillashdi. Qutulganlarini sezib, xaloskorlariga qulluq qilishdi. Mening xayollarimni esa qandaydir noxush fikr chalg‘itdi… Nega xotinimga tegmadi? Nega yana xonadonimni aylanib o‘tdi?..
Musharrafga ma’noli tikildim. U boshini sarak-saraklatib, yerga qaradi. Pokligiga ishonsam-da, baribir ko‘ngil dushman, raqibimning bag‘rikengligi qalbimda g‘ayritabiiy shubha qoldirdi.
O‘sha mittigina shubha kattalashaverib, bugun toqqa aylangan. Endi undan qutulmasam, vujudimni yorib chiqadi. Shu bois chor-tarafga ayg‘oqchi jo‘natib, raqibim to‘g‘risida ma’lumot yig‘dim. Hozir menga uning qayda jon saqlashi, qachon uyg‘onib, qachon uxlashi, nima yeb, nima ichishigacha ma’lum. Vaqtini belgilab, hujumga o‘tsam, bitta o‘q bilan umriga nuqta qo‘yaman.
…Yarim soatlar ot yo‘rttirib, adirlik bag‘riga, kelishilgan joyga yetdim. Ayg‘oqchi vaqtida keldi. Men uni Qodirqul og‘a deyman. U meni inisidek biladi. Ikkimiz ko‘p ko‘rgiliklarni boshdan kechirganmiz. Qo‘limga qurol olganimda otish sirlarini shu odamdan o‘rganganman. Bir jangda esa uni o‘limdan saqlab qoldim. Keyin biz aka-uka tutindik. Shundan beri birgamiz. Eng xavfli vazifalarni Qodirqul og‘amga ishonaman.
Uni batafsil eshitib, og‘ir-engilini o‘lchadim. So‘ng ortiqcha askarlarsiz yo‘lga tushdim. Yolg‘iz Qodirqul og‘am menga hamroh.
Ketma-ket mag‘lubiyatlardan charchagan dushmanni mahv etish ko‘pam qiyinmas. Bu tajribalarimdan ma’lum. O‘zimning qizil komandirlik faoliyatimda bir haqiqatni tushunganman, kambag‘aldan qo‘rqmaslik kerak. Kambag‘al mavjud tuzumga qarshi bosh ko‘tarmaydi. Chunki yo‘qchilik uning sillasini quritgan. Shashtini sindirib, boshini eggan. Bunday odam g‘urursiz kun kechiradi. Bir burda non berganning badrabxonasini tozalashga rozi bo‘ladi.
“Mazlum xalqlar inqilobi!”, deyishadi. Bu – uydirma, inqilobni o‘ziga to‘q odamlar boshlashadi. Lekin mudom yo‘qsilning nomidan gapirishadi. Negaki, dunyoda boylarga nisbatan nochorlar ko‘p. Keyin ular ongsiz toifa. Bir parcha non berganning topshirig‘ini qilaveradi. Inchunun, kimgadir o‘q otish, kimnidir bo‘g‘izlash…
Hozir esa o‘shandaylarning bittasi – eski qadrdonim ayanchli ahvolda. Biz g‘alaba qozondik. Uning homiylari dom-daraksiz yo‘qolishdi. Endi yolg‘iz o‘zi ajalini kutmoqda. Meni kutmoqda. Bugun tunda jonini olaman. Qalbimni kemirgan noxush shubhalar nihoyasiga yetadi.
…Yarim kechasi tog‘ bag‘ridagi qishloqqa yaqinlashdik. Tun oydin, to‘rt tomon kaftdagidek yaqqol ko‘rinadi. Qodirqul og‘am yengil yo‘talib, meni to‘xtatdi. Qamchisini qishloqqa kiraverishdagi pastak kulbaga to‘g‘riladi. Qisqa imo-ishoradan so‘ng birimiz eshikka, ikkinchimiz darchaga yo‘naldik.
Mo‘ljalga yetib, beshotarni to‘g‘riladim. Hozir zarb bilan yog‘och tavaqani qo‘porib, ichkariga kiraman. Raqibim hushini yig‘ib ulgurmasdan, beshta o‘qni ham ko‘kragiga joylayman.
Zafaryor xayollar og‘ushida qo‘rboshi yotgan xonaga yaqinlasharkanman, tuyqus g‘alati sharpani sezdim. To‘xtab, ziyraklik bilan atrofni kuzatdim, tinchlik. Yana qadam tashladim…
– To‘xta!..
Ovoz ichkaridanmas, shundoq yonboshimdan eshitildi. Men qo‘lga tushdim. Bu pistirma. Nahotki, ishonganim Qodirqul aldadi? Beshotarni yerga tashladim, qo‘llarimni baland ko‘tarib, qulay fursat kutdim. Maqsad – raqibim yaqinroq kelsa, amallab zarba berish. So‘nggi imkoniyatim – shu.
Ko‘zim qorong‘ilikka o‘rgandi, uni aniq ko‘rayapman.
– Sen bilan gaplashib olmoqchiman…
“Azaliy dushmanlar nimani ham gaplashardi?.. Mayli, haligi rejamni amalga oshirish uchun ayni muddao, bahonada yaqinroq boraman”.
Ulgurmadim, orqa tomonimdan shipillagan qadam tovushi eshitildi. Asta burildim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ikki qadam narida Qodirqul og‘am turardi. Miltig‘ini shaylab, tosh qotgan. Boyagina xoin deganim inisini qutqarmoqchi.
O‘rtada qolib, ikkalasigayam xalal berayapman. Qodirqul og‘am sekingina yo‘talsa, birdan yerga qapishaman. Ustimdan uchgan o‘q raqibimni qulatadi.
Yo‘q, u yo‘talmadi. Aksincha, qorachiqlarini kengaytirib, noxush baqraydi. Dushmaniga shunday qaraydigan odati bor. Men uzil-kesil ishondim, og‘am Qodirqul – xoin!.. Nega, nima uchun? Axir uni o‘limdan asrab qoldim. Vaqti kelsa, jonimni ayamadim. Oqibat shumi?.. Demak, qayerdadir xato qilganman. Yoki do‘st tanlashda adashdimmi? Qodirqul – xoin! Ishonganim – xoin!.. Endi yashashning qizig‘i yo‘q!..
Behol cho‘kkaladim. Og‘amning miltig‘i qurolsiz inisini mo‘ljalida ushlab turaverdi. Raqibim tomonga yuzlandim. U ham ko‘kragimga mauzerini tiragan. Nochor boshimni changalladim, miyam g‘uvullab, ko‘z o‘ngim xiralashdi. So‘ng tasavvurimning olis burchagida mittigina shu’la yiltirab, kattalashaverdi, kattalashaverdi… Bexos xayolimni raqibimning guldiragan ovozi to‘zg‘itdi.
– Qodirqul og‘a, kerakmas!..
Demak u qo‘rboshining ham og‘asi. Bir vaqtda ikki raqibga xizmat qilgan qallob. Men hayqirdim.
– Qodirqul – xoin!..
Hayqirayotib, beixtiyor, raqibimga qaradim. Nazarimda u nimanidir idrok etdi. Menimcha, Qodirqulning xoinligini sezdi. Biroq, kech sezdi. O‘q ovozi qarsilladi… Ko‘kragimni changallab, yiqildim. Yiqilayotib, qo‘rboshining qorong‘ilik bag‘riga singib ketganini ilg‘ab qoldim. Keyin yana qarsillagan sado yangradi. Ammo bunisi menga atalmagandi. Har holda, vujudimni teshib o‘tmadi. Shu bilan tamom, hammasi tugadi…

* * *

…Kimningdir yengil shapatilashi hushimga keltirdi. Qarasam, tepamda Kamolxon sochiq bilan yelpigan, talaba esa yuzimni obdan qizartirmoqda. Nigohim dushmanga yo‘liqqanda qorachig‘ini kengaytirib, noxush baqrayadigan provodnikni izladi. Yuragimda og‘riq turdi. Birovga sezdirmay, o‘ng qo‘lim-la chap ko‘kragimni paypasladim. Keyin yana o‘shanday ehtiyotkorlik bilan kaftimga razm soldim. Adashmapman, o‘q tekkan joydan qon sizmoqda. Sal kechiksam, oq yo‘l-yo‘l ko‘ylagim qizilga bo‘yaladi. Zudlikda cho‘ntagimdan dastro‘molimni chiqarib, ko‘ylakning ostidan yaraga bosdim. Bosh irg‘ab, yordam berganlarga minnatdorlik bildirdim. Keyin joylashib o‘tirgancha, hech nima bo‘lmaganday, sheriklarimga yuzlandim. Ularning siyog‘i tashvishli esa-da, ko‘kragimdagi asoratni sezmaganliklari aniq. Biroz o‘tib, ko‘ylagimning tagidan dastro‘molni sug‘urib oldim. Unda ikki tomchi qon izi qolgan…
– Meni ko‘kragimdan otishdi…
Ular na ishonishni, na ishonmaslikni bilmay, qotib qolishdi. Ro‘molchadagi qonni ko‘rsatdim. Keyin ko‘ylagimning yuqori tugmalarini yechib, ko‘kragimda halicha qizarib turgan teshikka imo qildim. Birdan Izzatning rangi gezarib, avval labiga, so‘ng yuz-ko‘ziga uchuq toshdi. Bu ham yetmaganday, bexos yonboshiga og‘di. Yaxshiyam, Kamolxon ushladi, aks holda, qulab, yonidagi qoqshoq kampirni mayib qilardi. Endi bema’ni qilig‘imdan xijolat tortib, uni hushiga keltirishga urina ketdik.
Shu payt yonimizdan o‘zini Muhabbat, deb tanishtirgan qiz o‘tdi. Kamolxon ham, men ham yalt etib qaradik. U bizga inja tabassum hadya qildi. Tabassumi diltortar taassurot uyg‘otmasa-da, xayolimda Qorasochbonuga o‘xsharkan, degan fikrni takroran aylanishiga xalaqit bermadi. Kamolxonga yuzlandim. U ham qayg‘uli qiyofaga kirgan. Sezdim, qizni Zuhrasiga o‘xshatdi. O‘xshatgan zahoti, ko‘zlariga mungli shuur qalqidi, dumaloq yuziga iztirob ko‘pchidi. Va biz yana o‘zaro hamdard og‘aynilarga aylandik. Tengini topmaguncha o‘n sakkiz yoshida yashayveradigan Muhabbatni guras-guras yo‘lovchilar ichiga singib ketgunicha kuzatib turdik.

* * *

…O‘zi shunday, bo‘yiga yetgan qizlar bir-birlariga o‘xshab ketishadi. Buni besh-olti yasharligimda sezganman. O‘shanda har kuni tengdoshlarim bilan ko‘chamizning boshida o‘tirvolib, maktabdan qaytayotgan qizlarni kutardik. Sochlarini mayda o‘rib, iroqi do‘ppi kiygan dugonalar yonimizdan o‘tayotganda yoqimli jilmayishar, biz murg‘ak hissiyotlar og‘ushida entikib qolaverardik. Ular uzoqlashgach, qiy-chuvlashib ichlaridan o‘zimizga “ma’shuqa” tanlardik. Bebosh qiliqlarimizni sezishdi chog‘i, ular ham bora-bora, bizni “taqsimlab” olishdi. Hatto ba’zi-ba’zida tegajog‘lik qilib, har kim o‘zining “oshig‘i”ga hazillashadigan bo‘ldi…
Men ham bittasini tanlagandim. Tanlaganim, atlas ko‘ylagi qaddi-bastiga chunonam yarashgan olov nigohli qoramag‘iz sohibjamol edi. Goho-goho o‘sha sohibjamolim meni ko‘chaning narigi boshigacha ko‘tarib jo‘nar, shahzodamdan o‘rgilay deb, temiratki bosgan yuzimdan o‘pib-o‘pib olardi. Uning qo‘ynidan tushgach, burnimni tortib, jo‘ralarimga maqtanardim.
“– Ko‘rdilaringmi?..”
Kunlar o‘tib, qoramag‘iz sohibjamolning shahzodasini ko‘tarib yurishi odatga aylandi. Ismini ham bilib oldim. Ammo negadir boshqa qizlarni opa derdim-u, unga kelganda Sadoqatdan nari o‘tolmasdim. Balki, o‘shanda murg‘ak ongimda uyg‘ongan “oshiq-ma’shuqlik” munosabatlariga o‘zim ham rostakamiga ishona borgandirman. Har holda, katta qizni sensiraganimni eshitgan onam ikki tarsaki tushirgani yodimda. Men esa baribir uni opa deyolmadim, sizlolmadim…
Asta-sekin, hazil-hazildan boshlangan beg‘ubor tuyg‘ular gurkirab, go‘dak va bo‘y qiz o‘rtasidagi ishqiy hissiyotlarga aylandi. Sadoqat o‘qishni bitirgach, uyimizga kelib, onam bilan gurunglashib o‘tiradigan qiliq chiqardi.
Maktabga qatnay boshladim…
Bir kuni Sadoqat shumshayib keldi. Meni bag‘riga bosib, yum-yum yig‘ladi. Onam ovutmoqqa tutindi. “Inshoolloh, baxtli bo‘lasan”, dedi. Hech narsaga tushunmadim. U ketayotib, yosh to‘la nigohini ko‘zimga qadagancha, dardli ovozda xayrlashdi.
– Sovchilaringni kuta-kuta charchadim, boshqa birovga tegib ketayapman. Rozi bo‘l, shahzodam!..
Tuyqus achchiq haqiqatni tushundim. Ortidan chopdim – qayrilib qaramadi. Ko‘ylagining etagiga yopishdim – bee’tibor olg‘a intildi. Oyoqlarim chalkashib yiqildim. O‘shanda ham qiyo boqmadi. Avvaliga qadamini tezlashtirdi. Bora-bora qo‘llari bilan yonoqlarini bekitib, yugurgilayverdi. O‘rnimdan turib, irkit basharamni yuvayotgan ko‘zyoshlarimni artarkanman, endi hech qachon unga yetolmasligimni anglab, hiqillagancha orqamga burildim. Qaytib, onamning diydasida ham duvullagan yosh ko‘rdim.
Hafta o‘tmay yotib qoldim. Ichikkanim uzoqqa cho‘zildi. Bir oyda ozib, cho‘pga aylandim. Onam meni ham eskichasiga, ham yangichasiga qarashtiraverib, oxiri tuzatib oldi. Biroq, unutish qiyin ekan, ko‘cha-ko‘yda Sadoqatga o‘xshaydigan qizni ko‘rsam yig‘lab, izidan yuguradigan odat chiqardim.
Bir kun hovlida o‘ynab o‘tirganimda qulog‘imga chorpoyadagi gurung chalindi. Qo‘shni xola kimnidir “bechora, peshonasi sho‘r ekan…”, dedi. Onam unga javob berdi: “Piyonista eri urib, yaqinda yana homilasini tushiribdi…”
Dastlab suhbat kim haqida ketayotganiga, qolaversa, jumlalar ma’nosigayam e’ti­bor bermadim. Nogoh, mehribonimning nigohi menga qadaldi-yu, qo‘shni xolani nuqidi. Mav­zu o‘zgardi. Shundagina yuqoridagi gaplarning qaysidir tomonlama o‘zimga aloqadorli­gini sezdim. Boshqa hodisa yuz bermaganda esa, bu gurungni unutib ham yuborardim.
…Uchinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarim, maktabdan qaytayotib, uzoqdan boshdan-oyoq qora kiygan ayolga nazarim tushdi. Yaqinlashgach, ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim, chunki qora kiygan ayol mening “bevafo” Sadoqatim edi. Avvaliga xursandchilikdan dikongladim. Keyin yig‘lab, izidan yugurganimni esladim. Qiyo boqmay ketgani, yiqilib tuproqqa qorishganim yuragimda qolgandi. Shu araz ta’sirida quchog‘iga otilmadim. Sadoqat ham oshig‘ini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, ho‘ngrab yubordi va katta ko‘chada tiz cho‘kkancha, yuzimdan o‘paverdi-o‘paverdi… Bir mahal o‘zini qo‘lga oldi. Boshimni kaftlari orasida erkalab, ko‘zlarimga tikildi. Shundagina unga sinchiklab razm soldim. Ne ajabki, ro‘paramda qaddi-qomatiga atlas ko‘ylagi chunonam yarashgan qoramag‘iz sohibjamol emas, qovog‘i osilgan, qayg‘uli ruxsorini qat-qat ajin bosgan bechora ayol turardi. U o‘tgan-ketganlarning taajjublanishlariga parvo qilmay, izillab yig‘lar, nimalarnidir behol shivirlardi…
“– Peshonam sho‘r ekan, shahzodam, bu kunimdan ko‘ra, sening ulg‘ayishingni kutmasmidim, bunday battolga tekkandan, ersiz o‘tmasmidim?.. Baxtiqaro Sadoqating dardu hasratda kuyib ado bo‘ldi. Xayr-xo‘sh endi, shahzodam!..”
Bu haqda hech kimga og‘iz ochmadim. Ammo o‘shanda onam bilan qo‘shni xotin Sadoqat haqida gurunglashganini angladim. Shundan so‘ng, negadir, ko‘chadagi uchrashuv xayolimdan ketmadi. Oradan to‘rt haftalar o‘tib, yuragim tuyqus igna sanchilgandek similladi. Hash-pash deguncha, og‘riq chidab bo‘lmas darajaga yetdi. O‘qituvchimning hay-haylashiga qaramay, sinfdan chiqib, uyga yugurdim. Darvozadan kiriboq, chorpoyada paxta savayotgan onamning bag‘riga otildim. Biz bir-birimizni quchoqlab, tonggacha yig‘ladik…
Er ko‘rib, kun ko‘rmagan Sadoqatim o‘ziga o‘t qo‘ygandi…
Uch kungacha piqillab yurdim. To‘rtinchi kuni xatti-harakatimni murg‘ak ongim to‘liq idrok etmasa-da, dahshatli ont ichdim. Yoshim ulg‘ayib, yelkamdagi mas’uliyat toshi og‘irlashaverdi. Shundan so‘ng, gohi-gohi bolalik xotiralari uyg‘onganda, go‘dakligimdagi o‘sha dahshatli jumla zimmamga yuklagan xundor majburiyatlardan qutulishning yagona yo‘li borligidan tashvishga tushadigan bo‘ldim. Negaki, kimningdir umriga nuqta qo‘yish fikri osuda o‘ylarimni alg‘ov-dalg‘ov etib yuborsa, bir kunmas-bir kun qasamxo‘rga aylanib qolishim battar qo‘rqitardi…
Hozir to‘satdan yodimga tushgan o‘sha beg‘ubor sevgining xotiralari intiqom olovini qayta gurillatdi. Endi bu qattol yumushni bajarmasam bo‘lmaydi. Loaqal, yarador ko‘nglimni ovutish uchun shunday qilishim lozim. Yanayam barcha og‘ir-engilni taroziga qo‘yib, sarhisoblashga vaqtim bemalol. Ammo, kutishga uning umri yetarmikan. Ishqilib, bandasi qasosidan oldin Olloh qazosiga uchramasin-da…
Ikki daqiqa avval chiroyli jilmayib o‘tgan mudom o‘n sakkizdagi nozaninga termilib, bexosdan shunday xayollarga berildim. Chunki mitti shahzodasini ko‘chaning adog‘igacha ko‘tarib borib, temiratki bosgan yuz-ko‘zidan o‘pib-o‘pib oladigan olov nigohli qoramag‘iz sohibjamol nimasi bilandir Muhabbatni, Qorasochbonuni eslatardi. Men ular o‘rtasida o‘zaro uyqashlikdan tashqari, balog‘atning sirli uyg‘unligi ham mavjudligini sezib turardim.
– Zuhraga o‘xsharkan… – Kamolxonning ovozi ma’yus xotiralarimni to‘zg‘itdi.
– Sadoqatga o‘xshaydi!..
– Qorasochbonuga o‘xshaydi!..
…Avvalgi holatimizga qaytdik. Endi anchayin es-hushini yiqqan talaba gitarasini tiringlatib, “Hayot yo‘lini” kuylamoqqa tushgan.
“Bechora ohu olg‘a intilmoqda. Izidan quvayotgan qattol jondor hadeganda qaytadiganga o‘xshamaydi. Ikki-uch hafta burun juftini halok etgan ham shu. Taqdir nega uni doim bir xatarga uchratmoqda? Ohu ta’qibchisidan allaqachon uzoqlashib ketardi-yu, afsus, hozir yolg‘iz emas. Yuragi tagida qonxo‘r qoplon bo‘g‘izlagan juftining yodgori bor. U endi o‘sha tug‘ilmagan norasidasi uchun ham yashashi kerak. Shu sababli bor kuch-quvvatini oyoqlariga to‘plagan…”
Izzat gitara torlariga barmoqlarini horg‘in urib, qo‘shig‘ini yakunlagach, sherik­larining yuz-ko‘zlariga cho‘kkan ma’yuslikdan xijolat tortib, mavzuni boshqa tomonga burish niyatida hazillashdi. Sal oldin yo‘limni to‘sganini hozirgi ahvolga bog‘lashga urindi…
Kamolxon avvaliga poyintar-soyintar jumlalarga e’tibor bermadi, bo‘lgan voqeani astoydil eshitgandan keyin esa kimnidir mazax qilganday, sirli ming‘irladi. Ming‘irlagani yomon ta’sir qildi, go‘yoki, kallamga og‘ir kaltak tegdi. O‘tirgan joyimda hushdan ayrildim. Oyoq-qo‘llarim shalvirab, boshim yelkamga qiyshaydi. Agar hozir esimni yig‘masam, tag‘in o‘zimdan ketaman. Ana unda menga qiyin bo‘ladi. Biroq, hanuz qulog‘im ostida jaranglayotgan jumla istagimdan kuchliroq…
“Ota-bobosi bosmachi o‘tgandir-da?..”
– Yo‘q, men o‘zim bosmachiman!..
Hayqirishim olamni tutmadi… Ko‘z oldim qorong‘ilashib, tinkam quridi. Xayo­lim chuvalashaverdi, chuvalashaverdi… Yana boyagi na’rani yuzaga chiqarishga urindim. Shundagina, avvalroq, Izzat bilan birinchi marta uchrashganda, vujudimdan yog‘ilgan kuch-qudrat qaydan paydo bo‘lganini tushunib yetdim. “Ha, men bosmachiman! Bu yaqin-o‘rtada mendan qonxo‘r qo‘rboshi yo‘q. Ishonmasangiz, hali-hanuz tutayotgan ovullardan so‘rang! Ersiz yesirlar hasratini eshiting! Otasiz yetimlarning javdiragan ko‘zlariga boqing! Navjuvon o‘g‘lini boy berib, bemahal munkillagan qariyalarning nidolariga quloq tuting!
Men qilmishlarim uchun Yaratgan egamning oldida javob berishga tayyorman. Illo, hech kimni besabab o‘ldirmadim. Biror kulbaga bekordan bekorga o‘t qo‘ymadim. O‘tgan sakkiz yilda nimaiki qilibman, bari Vatan uchun bo‘ldi.
Endi qonxo‘rligim sababini aytay, erlar ayollari yesirga aylanmasliklari uchun to‘g‘ri yo‘ldan borishlari lozimligini unutdilar. Otalar farzandlari taqdirini o‘ylamay, Vatanga qarshi qurol ko‘tardilar. O‘g‘illar qariyalariga quvvat bo‘lish o‘rniga xoinlikka o‘tdilar. Bu – xato edi. Men ogohlantirdim – eshitishmadi. Yolbordim – ustimdan kulishdi. Haftalab uzlatga chekindim. Na yerdan, na ko‘kdan javob bo‘ldi… Noiloj, qat’iy qarorda to‘xtadim, kurashga otlanaman! Bu Vatan yo‘lidagi jihod bo‘ladi!
Ha, ba’zida xalqni asramoq uchun kimdandir voz kechishga, kimnidir qirg‘in-barot qilishga to‘g‘ri kelarkan. Mana ular, hali ham meni masxaralashmoqda. Yuzma-yuz kelganda munofiqona tirjayib, dumlarini likillatishadi. Ortga burilishim bilan kuragimga pichoq sanchishadi. Tutgan amallarining xatoligi o‘zlariga-da ayon. Ammo to‘ralariga yaltoqlanib, yog‘liroq suyak orttirish ilinji kuchliroq.
Men yaxshi bilaman, ularda qullik kayfiyati ustuvor, bo‘yinlaridagi bog‘ichlarini, oyoqlaridagi kishanlarini yo‘qotishdan qo‘rqishadi. Shu qo‘rquv tufayli xotinlarini sotishadi, bolalarini qurbon qilishadi. Yaxshi bilaman, ularga munkillagan ota-onalari xizmatidan ko‘ra, kofirlar poyidagi laganbardorlik afzal. Shu sababli, ko‘ngli yarim volidalarini to‘ralariga oqsoch qilib berishgan.
Ana endi ayting, nega sabr qilay? Nega adolatsizliklarni ko‘raturib, ortga chekinay? Axir yurt boshiga tushgan qora kunlar uchun o‘shalar mas’ul emasmi?
Mayli, yomonni ilg‘amayman, nomardga ko‘z yumaman, dushmandan yuz buraman. Ammo, manfurni kechirmayman, olchoqni kechirmayman, ablahni kechirmayman! Endi kimligimni bilgandirsiz?.. Men Vatan xoinlarini bosqin qilaman! Hozir yo‘lga tushaman. Bugun eng katta raqibim jonini olishga chog‘langanman.
Aslida biz yog‘iy emas, bolaligi tuproq ko‘chalarni changitgan jonjo‘ralar edik. Hatto, ilk muhabbatimiz ham kaftida guruchning donasidek xoli bor bir go‘zalga bag‘ishlangandi. Biroq qaysidir chorrahada yo‘limiz ayrildi. Bu – inqilob chorrahasi edi. Biz xundor dushmanlarga aylandik, maqsadimiz bir-birimizni mahv etish bo‘ldi.
Men uni xatolardan ogohlantirishga ko‘p urindim. Necha martalar qo‘lim baland kelganda omon saqladim. Hatto, sevganimga uylanganini kechirdim.
Biz janglarda ko‘p to‘qnashdik. Ikki bor mo‘ljalimda ushlasam-da, otmadim, otolmadim… Keyin isfahoniy qilichimga duch keldi. Bir siltab, boshini tanidan judo etish imkoniyati tug‘ilganda, yana qo‘lim bormadi. Uning naq bo‘g‘zidan aylangan qizil chiziqni ko‘rdim-u…
Negadir, shuni ko‘rganda, jismi-jonimni entiktiruvchi qadrdon tuyg‘ular uyg‘onadi. O‘sha chandiq o‘zimnikidek tuyulaveradi, tuyulaveradi…
Negadir, uni inimdek ko‘raman, og‘amdek ko‘raman. Qarabsizki, intiqom uchun ko‘tarilgan qo‘llarim shalvirab tushadi.
U olchoq emas, manfur emas, xoin emas!.. Bor-yo‘g‘i g‘ofil inqilobchi, qizil komandir. O‘zini afkor ommaning himoyachisi sezadi. Uning tog‘dek e’tiqodi bor, yang­lish bo‘lsa-da, maqsadi bor!.. Men uni xatoliklardan qaytarish niyatidaman.
O‘tgan sakkiz yil ichida qizillar barcha sodiq yigitlarimni mahv etishdi. Men umid uzmadim, armonli dunyoda yolg‘iz qolsam ham yuragimdagi zig‘irdek uchqunni so‘ndirmadim. Bu uchqun qalbimni tavakkalchilikka burdi. Oxirgi imkoniyatimni kutdim.
Raqibimning ishongan yigiti eski qadrdonim. Kecha uni yonimga chorladim. Chekka qishloqda uchrashishga kelishdik. Men payt poylayman, qizil komandir tunda o‘ch olgani qadam ranjida qiladi, chohga tushganidan bexabar. Yo‘q, hozir qasosga tayyorlanmayapman, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlamoqchiman. Agar ishonsa, yana og‘a-inidek jipslashamiz. Birlashsak, bizga hech qanday dushman pisand emas, suv kelsa simirib, tog‘ kelsa kemirib, omon-omon zamonlarga yetamiz.
Shunday orzular og‘ushida kelishilgan qishloqqa keldim. Ovloqroqda kunni qoraytirgach, chetdagi pastak uyga yaqinlashdim. Bu – sadoqatli yigitlarimdan biriga tegishli… O‘zi o‘tgan yili halok bo‘ldi. Xotinini qizillar zo‘rlashdi, bolalarini chavaqlashdi. Keyin malomatni ko‘tarolmagan juvon sirtmoqqa boshini tiqdi. Xudkushlik qildi. Ammo uni shariat bo‘yicha dafn ettirdim, illo, or-nomusli insonga hurmat-ehtirom joiz, sharmandali hayotdan o‘limni afzal ko‘rgan ayol bejanoza ko‘milmasligi kerak…
Endi o‘sha mudhish uyda raqibimga hammasini tushuntiraman. Bechora ayolni zo‘rlab, murg‘ak norasidalarni tig‘dan o‘tkazgan sho‘ro – nomard sho‘ro, deyman. O‘ylaganlaring xato, intilganlaring sarob, deyman…
Ana, otlarning dupuri eshitildi. Biri darcha tomonga yo‘naldi, Qodirqul og‘am… Tezda qaytib ketadi. So‘ng raqibim ikkimiz tonggacha suhbat quramiz. Men uni nega ayaganimni, nega qishloqni bosganimda, xonadonini aylanib o‘tganimni aytaman. Bevafo Musharrafni yigitlarim o‘rtasida xomtalash qilmaganim sababini ham yashirmayman. Qolaversa, o‘sha yakkama-yakka jangdan pushaymon emasligimni tan olaman. Qizillarning asosiy xatosini, iblisga sig‘inganlarini isbotlayman. Ishonchim komil – u tushunadi. Keyin biz bir-birimizga peshvoz chiqamiz.
…Mushuknikidek yengil oyoq tovushlari eshikka yaqinlashdi. Qalbimni sog‘inch entikishi tutdi. Ko‘zlarimga yosh quyildi.
Eshik ochildi. Sharpa ehtiyotkorlik-la dahliz hatladi. Beshotarini shaylab, mo‘ljalga oldi. Hozir shiddat bilan xobxonaga otiladi… Ammo men uning shundoq orqasidaman. Nihoyat, havoyi orzulariga chek qo‘yaman. Qizil komandir sodiq yigiti xiyonat qilganidan ayanchli ahvolga tushadi. U aqlli qo‘mondon – men ayyorroqman!
– To‘xta!..
Pistirmaga tushganini sezdi. Beshotarni tashlab, qo‘lini ko‘tardi.
Mauzerimni to‘g‘rilab, olg‘a yurdim. U yaqinlashganimda tepib, ilkimdagi qurolimni tushirmoqchi. Men zarba yetadigan masofagacha bormayman, chegarani bilaman. Keyin unga cho‘kkalashni buyurib, to‘rt gaz nariroqda o‘zim ham chordana quraman… Tushunmadim! Qodirqul og‘amga raqibim uyga kirishi bilan ortga qaytishni buyurgandim-ku… Nega bajarmadi? Yoki boshqa xavf tug‘ildimi?.. Yo‘q, salgina sharpani sezgan bo‘lardim, bir gapi borga o‘xshaydi.
To‘satdan maqsadini anglab qoldim, o‘z qo‘mondonini otib tashlamoqchi.
– Qodirqul og‘a, kerakmas!..
– Qodirqul – xoin!..
Qaysimiz oldin qichqirdik, noma’lum. Men Qodirqulning xoinligini angladim. Raqibim o‘ldirish niyatida emasligimni sezdi.
O‘q ovozi!.. Qizil komandir ko‘kragini changallab, quladi. Chap bermasam, ikkinchi qarsillash meni yiqitadi. Chetga sakradim. Mudhish kulbadan chiqa solib, otim bog‘langan tutzorga yugurdim. Qodirqul og‘am meni yo‘qotdi. Ammo topmasa – qo‘ymaydi…
Endi kunim bitdi, qizil komandirning o‘limini mendan ko‘rishadi. Bir kunmas-bir kun boshim kundaga tegadi. Yagona yo‘l qoldi, amallab Termizga yetib olsam, Amudan kechib, Puli-xumri dashtlarida g‘oyib bo‘laman.
Yo‘lga tushdim. Uch kecha-kunduz ot surishim kerak. Xurjunimda na ozuqam bor, na suvim. Faqat kechalari yurib, ikki kunda Bandixonda bo‘ldim. Kunduzi qumtepalar tagida tin olardim. Qora tulporim sarg‘aygan xashaklarni terib yeyishga mashg‘ul onlar horg‘in pinak qilardim. Xavf tug‘ilsa, u depsinib meni uyg‘otar, biz birgalikda chora topardik.
Istaraga yetdim. Quvonchimning cheki yo‘q, yana besh-o‘n soatlardan keyin ulug‘ daryo­ning chap sohilida ot suraman…
Afsus, xomxayollarga berilibman. Peshonamga Istara dashtidan nari o‘tish yozilmagan ekan. Afg‘oniston orzuligicha qoldi, qo‘limni chandib, ortimga qaytarishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, askarlarga endi Qodirqul og‘am boshliq. U menga g‘alati qaradi. Qorachiqlarini kengaytirib, noxush baqraydi. Avval uni bunaqa qiyofada ko‘rmaganman. Maqsadini tushunolmay, garangsiradim. Nega qo‘mondonini o‘ldirdi? Nega izimdan ellik nafar askarni ovora qildi?
Ertasi kuni qo‘limni orqamga bog‘lab, qarorgoh markazidagi maydonga olib borishdi. Tiz cho‘ktirishdi. Keyin ro‘paramga qo‘yilgan kursilarga uchta odam o‘tirdi. O‘rtadagisini tanidim. So‘roqni o‘sha olib bordi.
– Bosmachilik harakatining boshida turganingizdan tonmaysizmi?
– Yo‘q!..
– Xalqni xonavayron qilib, qishloqlarni yoqqaningiz rostmi?
– Rost!..
– Qizil komandirni ablahlarcha o‘ldirganingizni tan olasizmi?
– …
– Otishga hukm etilsin!
Qodirqul og‘am menga shunday hukm chiqardi…
Men o‘limimni Istarada qo‘lga tushganimdayoq, bo‘ynimga olganman. Hozir fikru xayolimni boshqa jumboqqa qaratdim, o‘tgan xiyonat sababini anglashga urindim. Tongga yaqin barcha tugunlarni yechdim. Oldinroq o‘ylamagan ekanman, axir, Qodirqul og‘am men va raqibim oldida hech kim emas, bor-yo‘g‘i oddiy askar. Kattaroq lavozim orzusida, ammo ilojsiz. Chunki odamlarni ortidan ergashtira olmaydi. Yo‘lboshchilik iqtidori yo‘q… Ana shunday ojiz, qo‘lidan ish kelmaydigan ablah ikki mohir sarkardani xiyonatkorlik ila mahv etdi. Dunyodagi eng qudratli kuch xoinlik ekan…
Tongda yana o‘sha maydonchaga olib chiqishdi. Yana tiz cho‘ktirishdi. Bir askar kelib, ko‘zimga qora latta bog‘layotgandi, rad etdim. So‘nggi qo‘rboshini kim qatl etishini ko‘rgim keldi. Askar nari ketib, Qodirqul og‘am yaqinlashdi. Nimadir deyishini kutdim. Ammo gapirmadi. Qo‘lidagi naganni peshonamga tirab, tepkini bosdi. Hukmni o‘zi ijro etdi…

* * *

Poyezd tungi soat uchda Qarshiga yetib keldi. Kamolxon yelkama-elka suyanib, pinak qilayotgan sheriklarini uyg‘otishga ko‘zi qiymay, bir varaqni qoraladi-da, talabaning ko‘krak cho‘ntagiga tiqdi. Keyin yo‘l to‘rvasini sudrab, eshikka yaqinlashdi. Ikkinchi provodnik hamon noxush baqraygan ko‘yi eshikni ochdi. Kamolxon zinadan pastlayotib, birrov ortiga qayrildi. Bu kasning beo‘xshov nigohida qanday sir borligini bilmoqchidek, chuqur termilib, perronga oyoq bosdi. Poyezddan tushgach, bir silkinib qaddini rostlagancha olg‘a odimladi. Vokzal binosiga kirarkan, tonggacha shu yerda kutishga ahd qildi. Hash-pash deguncha ufq yorishdi. U shahar aylanib, jiyanlariga sovg‘a-povg‘a oldi. Keyin Nishonga jo‘nadi.
Akasi uni iliq kutib oldi. Chechasi kiftiga qoqib ko‘rishsa-da, muomalasi sal-pal sovuq tuyuldi. Kamolxon bundan xafa bo‘lmadi, Habiba yanga azaldan shunaqa, bir qarasang bahor, bir qarasang qish. U oldiga chiqqan ikki jiyaniga sovg‘a-salomlarini berdi. Keyin kenjatoyni boshi uzra ko‘tarib erkalagancha, hovliga boshlagan akasiga ergashdi…
Osh ustidan bosib-bosib ko‘k choy ichilgach, uka gap orasida qistirgan bo‘ldi.
“– Maboda shu yerlarda yashashni xohlasa, ish topilarmikan?..”
O‘q mo‘ljalga tegdi, aka ertasiyoq sovxoz direktoriga uchrashdi. To‘rt kundan ke­yin qarabsizki, o‘rtoq Mirzayev bosh agronom. Hamma ish ham shunday oson ko‘chsa… Uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi, deb bekorga aytishmaskan, tezda Kamolxonning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Ammo, ungacha boshqa voqea yuz berdi, ishga tayinlanganidan ikki oy o‘tib, qashqadaryolik mirishkorlarni qo‘shni viloyatga qishloq xo‘jalik seminariga taklif qilishdi. Delegatlar ichida Kamolxon ham bo‘ldi.
Anjumanning ochilish marosimi Termizda kechdi. So‘ng qatnashchilarni besh-olti avtobusda rayonlarga jo‘natishdi. Kamolxonning chekiga Sherobod tushsa-da, kattalardan so‘rab, Denovga yo‘l oldi. Maqsad eshiklari taqa-taq bekilgan ota xonadonimas, yo‘q, oshiq ma’shuqasini sog‘ingan. Zora, ko‘ngli yumshasa. Axir, volidasi bag‘ridan ketishiga o‘sha sababchi emasmi? Shunday ekan, borib yana bir bor tushuntiradi, yalinadi, yolboradi…
Ammo, mahbubasi ishlaydigan maktabga yetganda, peshonasi devorga tegdi, qorovul chol yana tanimadi. Obdan tushuntirsayam eslolmadi. Nochor ma’shuqasini so‘rovdi, endi ko‘rayotgandek ko‘zlarini chaqchaytirib o‘shqirdi.
– O‘v bola, sen bir yaxshi qizni badnom qilmoqchimisan? Uning sevgani bor, erta-indin to‘yi bo‘ladi!..
Kamolxon kallasiga tayoq tekkan qo‘ydek garangsirab, darvozadan uzoqlashdi. Panaroq joyga borib o‘tirdi. Birozdan so‘ng yo‘ldan o‘tayotgan o‘n-o‘n ikki yashar pionerni to‘xtatib, Zuhra malimni chaqirib berishini so‘radi. Bolakay yarim soatlarda qaytib, yetti buklangan qog‘oz tutqazdi. Oshiq o‘qidi:
“Assalomu alaykum, Kamol aka! Uch kundan so‘ng nikoh to‘yim. Sizni lutfan tak­lif etaman. Kelib, singlingizga baxt tilasangiz, boshimiz ko‘kka yetardi. Hurmat bilan Zuhra”.
Kamolxon kunni qoraytirib, miskin ahvolda bekatga keldi. Yarim tunda Termizga yetib, seminarning qolgan uch kunidayam chiroyi ochilmadi. Ma’yuslik Qashqadaryoga yaqinlashaverib, battar kuchaydi. Ertasi ishxonasida boshqa ko‘ngilxiralikka uchragach, tamom o‘zini yo‘qotdi. Qarang, seminarda yurganida uni lavozimidan bo‘shatib, bo‘lim boshliqligiga tayinlashibdi. Yigit nima gapligiga tushunmay, akasiga yuzlandi. Aka jon-jigarini eziladi demadi, qo‘rs to‘ng‘illadi: “Ishlolmagandan keyin shunaqa bo‘ladi-da…”
Avvalo ikki oy o‘zini ko‘rsatish uchun yetarli muddat emas. Mabodo, o‘tgan vaqt davomida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ysayam, mayliydi… Qolaversa, safar oldi direktorning o‘zi kiftiga qoqib, tashakkur bildiruvdi-ku.
Bunisi holva ekan. Kamolxonning ertalab yuvingach, kenja jiyanini ko‘tarib, ko‘cha aylanadigan odati bor. Bugun ham endi otlanuvdi, Habiba yanga yo‘lini to‘sdi. Bolasini qo‘lidan tortib, teskari tomonga boshladi. Go‘dak harchand yig‘lab, amakisiga talpinmasin, qo‘yvormadi. Aksincha, baqira-chaqira uzoqlashdi. Uning norozi qiliqlaridan Kamolxon o‘ziga keraklisini ilg‘adi. Bu yerdan ketish kerak! Yana ozroq qolsa, quvib haydashadi. Obro‘ying borida tadorigingni ko‘r!..
O‘sha kuniyoq dala chetidagi it oralamas kottejlardan biriga ko‘chdi. Lash-lushlarini omborga tiqqach, sovxozda orttirgan jo‘ralarini yordamga chaqirdi. Haybarakallalashib, chor-atrofni tozalashdi. Devorlarni oqlashdi. Xarobani yashashga yaroqli holga keltirishdi. Kechga yaqin bo‘lim markazidagi do‘kondan kolbasa, non, ikki shisha ichimlik ko‘tarib qaytgan Kamolxon hasharchilarni siyladi. Ular ketgach, avval hayhotdek hovlida mo‘lachuqdek serrayib, noumid tumshaydi. So‘ng oshxonaga kirdi. Qolgan aroqni piyolaga to‘ldirib, zabt bilan ichdi-yu, xobxona o‘rtasidagi sim karavotga o‘zini otdi. Ko‘ksi ko‘rpachaga tegar-tegmas, o‘kirib yubordi. Atrofida ovozini eshitadigan kas yo‘qligidan bemalol tortib, tonggacha ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladi…
Qoloq bo‘lim tezda yetakchi xo‘jalikka aylandi. Viloyat gazetasida Kamolxon haqida “Ulardan o‘rnak oling!” rukni ostida yarim sahifa maqola bosildi. Obkom sekretari katta yig‘ilishda yoniga chorlab, “Mana, biz ishni kimlardan o‘rganishimiz kerak”, dedi. Qarabsizki, paxtachilikda Mirzayev uslubi joriy etildi. Hatto, televideniyeda ko‘rsatuv tayyorlandi.
Muxbir so‘radi: “– Qanday qilib, yuqori hosildorlikka erishdingiz?”.
Javob: “– Vijdonan ishlash kerak!..”
Tamom! Shu bilan undan uzil-kesil yuz o‘girib, boshqa zarbdorlarni izlashga tushishdi. Negaki, gapidan kelib chiqsak, butun Ittifoqda yolg‘iz Mirzayev chin dildan, o‘zgalar xo‘jako‘rsinga ishlashayotgan ekan. Endi o‘ylab ko‘ring, buyuk davlatni, ko‘pmillatli ulug‘ xalqni vijdonsizlikda ayblagan odamni kim ham hurmat qilardi, yaxshiyam qamab yuborishmadi…
Kamolxon aybini kech tushundi, til besuyak deb, bekorga aytishmaskan, yo‘qsa, tuppa-tuzuk ishlab yurgan cho‘lquvarga kim qo‘yibdi, vijdon haqida falsafa so‘qishni. Muxbirni aytmaysizmi, shugina joyini kesib tashlasa, o‘larmidi? Mana oqibati, o‘zini ishdan ketgani kamday, bo‘lim boshlig‘ining ham gumini chekdi, kuni kecha mamlakatda dong taratgan zarbdor dehqon qoloq bo‘limning oxirgi zvenosiga ishga o‘tdi. To‘g‘ri, “boshliq” lavozimiga. Ammo, har qanday xo‘jalikni gullatishga qurbi yetadigan serg‘ayrat kadr ayni tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda zveno yetakchiligiga intilmagandi.
Yana to‘rt-besh yildan so‘ng Kamolxon o‘sha dalada paykallarni suvlab yurdi. Bu ham mayli, ichishga mukkasidan berildi. Yo‘q, cho‘lquvarlik faoliyatidagi muvaf­fa­qiyat­sizliklaridanmas. Roppa-rosa o‘ttizga kirgan kuni Zuhrasidan xat keldi. Sevgilisi go‘yo, shunchaki, yozsa ham, kosa tagidagi nimkosani yigit darhol sez­di. Olti oy o‘tib, yana xat oldi. Endi Zuhrasi eski yarani tirnagan, gap orasida sog‘inga­nini qistirgandi. Kamolxon “jon bermadi”. Chunki, jonjo‘rasining sharmandali “taklifnoma”si hali yodidan chiqmagan. Uchinchi martasi chidolmadi. Qaydasan Surxon­­daryo, deya yo‘lga tushdi. Maqsadi bevafo ma’shuqasi emas, shamollab kelish. Baho­nada onasini ko‘rib qaytadi. Avval ham bir-ikki yashirincha borib, volidai muhtaramasini yo‘qlagandi.
…Qadrdon diyoriga yetgach, birdan Zuhrani ko‘rgisi keldi.
Zuhra uchrashuvga olti yashar arzandasini ergashtirib chiqdi. Yaqin kelgach, zo‘rma-zo‘raki tirjayib, amakingga salom ber dedi. Bola bezrayib turavergach, xafa bo‘lmaysiz, otasiga tortgan hundi, dedi. Yigit avvaliga juvonning nega chaqirtirganiga tushunmadi. Biroz o‘tib, hammasi oydinlashdi, Zuhra o‘g‘lini muzqaymoq yeyishga jo‘natdi. Erkatoy pulni olgach, bemalol yugurgilab ketdi. Kamolxon uning istirohat bog‘iga ilk bor chiqmayotganini darrov fahmlasa-da, noto‘g‘ri fikrga bormadi. Aylanib yurgan ikki olifta xushqomat sherigiga ma’noli tikilganda ham parvo qilmadi.
Zuhra to‘ydan ikki yil o‘tar-o‘tmas ajralishganini, eri giyohvand chiqqanini aytib yig‘ladi. Umri yolg‘izlik azobida o‘tayotganidan nolidi. Oxiri, umrbod Kamolxonni sevganini, hatto yostiqdoshi-la yashagan damlari ham qalbining tub-tubidan ilk muhabbatiga intilganini so‘yladi.
“Oshiq” atay, eski gapni qo‘zg‘adi.
– Otasi qarg‘agan odam sizga to‘g‘ri kelmaydi-ku?..
Ayol nozik kaftlarini uning og‘ziga tutdi. Ishvalanib shivirladi.
– Muhabbatimiz oldida har qanaqangi qarg‘ish chikora…
Shu payt boyagi bezorilar yana o‘tishdi. Bu gal ochiqchasiga gap otishdi.
– Zuhraxon, bugun borsak, rozi qilasizmi?..
Juvon noqulay ahvolda qoldi. Vaziyatdan chiqish uchun turli vaj-korsonlar to‘qidi. Ammo kech bo‘lgandi, avji yoshlik davrini bo‘ydoq o‘tkazayotgan banda dil chanqog‘ini qoniqtirish yo‘llarini bemalol izlab topganiday, Kamolxon ham oyda ikki-uch bor Zuhraga o‘xshagan hojatmand kapalaklar orqali hirsini qondirishga o‘rganib ketgandi…
Ha, yigit boshiga tog‘ qulaganini sezdi. Oriyati toptalganidan, mahbubasi nopisand xo‘rlaganidan o‘ksindi. Qishlog‘ini ham unutib, iziga qaytdi. Azaldan sho‘rlagan peshonasiga shapatilab, taqdiriga la’natlar o‘qidi. Tuzukroq odamni uncha-muncha nomard oyoqosti qilolmaydi. Uni esa xohlaganda yiqitib, xohlaganda ovutib ketish mumkin ekan. Endi dodingni kimga aytasan?.. Kelib-kelib, shunaqa munofiqni sevganmiding? Qiblagohingdan voz kechishga majbur aylagan so‘qir muhabbating shunchalar qabih chiqdimi?..
Shikasta qalb iztirobini faqat ichkilik yengadi, aroqqa ruju qo‘yib, uning dardi yengillashdi. Nafsoniyati toptalganini unutdi. Shu qadar unutdiki, piyonistalikda o‘tgan tarkidunyochiligi yigirma besh yillarga cho‘zildi. Chorak asrlik muddat qismatidagi jabru jafolar sababini uzil-kesil aniqlashga ham bemalol yetib ortdi. Ota duoi badi!.. Evoh, naqadar qora bu qarg‘ish!..
Biroq u adashayotgandi. “Yo‘l boshi”dagi muvaffaqiyatsizliklari, keyingi xo‘rlanishlari, oqibatdagi piyonistaligi yolg‘iz oqpadarlik tufayli emasdi. Kamolxonning faqat men va Tangri taologa ayon yanada mudhishroq tavqi-la’nati bor edi. Bu sirni ochishga necha bor shaylandim. Yuragim betlamadi. Og‘amdek insonni batamom yerparchin qilishdan qo‘rqdim.
…Bizni uyg‘otmay, poyezddan tushib ketgandan keyin Izzatning cho‘ntagidan chiqqan qog‘oz bo‘yicha unga maktub bitdim. Oy o‘tib, javobi keldi. Kelganda ham xushxabar, o‘qib rosa suyundim. Og‘am musofirlikda arzigulik ish topib, yangi hayot boshlaganidan boshim ko‘kka yetdi. Shu-shu, yozishib turdik. Uning yuqorida aytilgan ko‘rgiliklarini ham o‘sha nomalar orqali bildim.
Kamolxon hamma qatoridamas, elni oldida yuradigan odam edi. Qora qismat sho‘rlikni butunlay adashtirdi. Peshonasiga shunchalik mash’um tamg‘a bosdiki, safning boshi tugul, oxirigayam arzimadi. Biyday sahroning qoq o‘rtasidagi tashlandiq kottejda mast-alast umrguzaronlik qildi. Men uning halokatli yo‘ldaligini aniq-tiniq sezsam-da, og‘zaki dalda berishdan nariga o‘tolmadim. Negaki, o‘zimning ahvolim ham behroq emasdi.
Odatdagi kunlarning birida xat keldi. O‘qisam, oldi-qochdi gaplar. Maqsad ko‘ngilni bo‘shatish. Javob yozay desam, manzili o‘zgarayapti. Noma so‘nggida besh-olti oydan keyin qo‘ng‘iroqlashing, deb uzundan-uzoq raqam bitilgan. Chalkash jumlalarga uncha e’tibor qilmay, maktubni qog‘ozlarim orasiga tashladim. Shu bilan hammasi yodimdan ko‘tarildi, men yana o‘z tashvishlarimga berildim.
Dunyo shunday ekan… Negadir, mashaqqatli yo‘lni tanlabman. Tanlaganim shu ediki, mustaqil hayotim ibtidosida Toshkentga eltgan poyezdning umumiy vagonidagilar bilan qon-qonimgacha qorishib ketgandim. Endi alohida yasholmasligim aniq, ulardan kechsam vujudimning bir bo‘lagidan ajralaman. Xohlaymanmi-yo‘qmi, umumiy tashvishlar bilan yotib-turishga majburman. Shu bois umrimga belgilangan vaqt o‘zimdan ortmasdi.
…Rosti, bundaylarini o‘ylamagandim. Qorasochbonuning qo‘ng‘ir diplomati va eski chamadonimni yo‘qotgan kunimning ertasi Toshkentga yetdim. Xuddi o‘ylaganimdek, poytaxtdagi hamqishloqlarimning ijaraxonalariga qo‘nib, kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdim. Biroq, tahsil davomida faol talabalardan bo‘lsam-da, ko‘pchilikka qo‘shilib ketolmadim, to‘rt tomonimdan begonalik chizig‘i qurshab olganday, doimo yolg‘iz qoldim. Kunlar o‘taverdi. Nihoyat, diplom oldim. Ishga joylashib, o‘z kunimni ko‘radigan damlarim kelganda, yana adashdim… Shu tariqa, xamirturushim qorilganda fatvolangan qismat umrim oxirigacha ta’qib etishini bilmay, orzu va armon o‘rtasida kezib yurdim. Zero, kishi o‘z zamonida tug‘ilmog‘i joiz ekan, men esa moziydan tashrif buyurgan tirik murda misoli yashadim. Nega? Bu savol bora-bora o‘zligimni anglash ehtiyojiga aylangach, tushimdami-o‘ngimdami, elas-elas gavdalanib qoladigan voqeliklar mohiyatiga tushunishim lozimligini sezdim. Buning uchun yodimga tushganlarini yozib borishim darkor. Qalamni qo‘limga olganim zahoti, xayolimga olis moziyning paydar-pay xotirotlari to‘lig‘icha quyuldi. Ularni qog‘ozga tushirayotib, qalbdagi bezovtaliklar ham taskin topaverdi. Chunki, ayni damda uzuq-yuluq tafsilotlar umrim kitobiga aylanayotgan, umrim kitobi esa hayotimning uzluksiz hamrohi bo‘lib ko‘ringan ayrim noxush savollarga javob berayotgan, men mudom talvasadagi ruhimning manzildan-manzilga ko‘chib yurish tilsimotiga yaqinlashayotgandim.

IKKINChI QISM

“…Uch kunki, buyuk xoqon bezovta, olisdagi vassal viloyat qo‘zg‘olon ko‘targan”. Bu xabarga dastlab u ishonmadi. Sababi, isyonchilar yo‘lboshchisi o‘zining eski qadrdoni. Ular hokimiyat ilinjidagi qonli muhorabalarda bahamjihat ot surishgan. Barcha muammolarga bamaslahat chora topishgan.
Ammo bir qinga ikki qilich sig‘maydi, mamlakatda xonlik to‘la o‘rnatilgach, Qarg‘axon jangovar safdoshini chekka viloyatni boshqarishga jo‘natdi. Talog‘ut esa hokimlik lavozimini aslida surgun ekanini darhol tushundi…
Hozir noxush xabardan tinchini yo‘qotgan hukmdor alamdan tishi g‘ijirlab, faoliyatini sarhisob etarkan, negadir bu xatolikka ko‘z yumdi, butun aybni ko‘rnamak sarkardasiga ag‘dardi. So‘ng qo‘zg‘olonni bostirishga o‘zi boray desa, roppa-rosa olti haftalik manzilga sharti ketib, parti qolgan daqqiyunus vujudi dosh berolmasligini o‘ylab, vazirlariyu sarkardalarini mashvaratga chorladi. Ahli ulamodan jo‘yali maslahat kutdi.
O‘rtadagi og‘ir sukunatni o‘ng qo‘l vazir buzib, tinchlikni saqlash yo‘lidagi qaltis fikrlarini o‘rtaga tashladi. “Qo‘zg‘algan viloyatning foyda-zarari barobar. Shu sababli olis yurtga lak-lak lashkar safarbar etishdan voz kechib, urush xarajatlaridan iqtisod qilingan mablag‘ni mamlakatdagi obodonchilik ishlariga sarf etgan ma’qul”.
O‘rtaga sukunat cho‘kdi. Kutilmagan taklifdan xoqon o‘yga toldi. Taxtning yontaxtasiga tirsaklarini tirab, uch-to‘rt daqiqa mushohadaga cho‘mdi. Nihoyat, tomoq qirib, chap tomoniga yuzlandi. Taka soqolini ozg‘in panjalari bilan tarayotgan Sog‘liboy talmovsiradi, hukmdorning ayyorligi hech kimga sir emas, bunday vaziyatlarda avval o‘zi aniq qarorga keladi, so‘ng o‘zgalardan maslahat so‘raydi. Ma’qul gapirganlarni mukofotlaydi. Noma’qullarni jazolaydi. Oldingi chap qo‘l vazirning ham boshi shundan ketgan.
Sog‘liboy ko‘z qirida xojasining tirishgan yuzlaridan kerakli ifodani o‘qiy olmagach, noiloj, aytilgan gaplarni jo‘yali topdi.
Bosh sarkarda Elbek no‘yon vazirlarni qo‘llab-quvvatladi.
Keyingi maslahatgo‘ylar ham ularni ma’qullashdi. Xon hammani basharasi “qilt” etmay eshitdi. Kun peshinga yaqinlashganda, so‘nggi so‘zni o‘zining eng yosh sardoriga berdi. O‘sha – men edim. Navbatim yetguncha, rosti, mashvaratdan osongina qutulganimdan xursand bo‘la boshlovdim. Chunki tavakkalchi fikrim to‘g‘riligini sezsam-da, boshqalarga o‘xshamasligidan tashvishdaman.
Ha, hozirgi davradoshlar ichida eng dumbuli ekanimga qaramay, bir narsani yaxshi tushunaman. Davlat siyosati faqat moddiy manfaat bilan o‘lchanmaydi. Ba’zida o‘z nufuzini oshirish uchun ulug‘ mamlakatlar kambag‘al vassallarini ham boqishlari lozim. Qolaversa, bugungi isyonchilarni vaqtida jazolamasak, ertaga boshqalari bosh ko‘tarmaydi, deb kim kafolat beradi?..
Turiboq ushbu fikrlarni bayon etishim mumkin edi-yu, majlisda yolg‘izlanib qolishim ehtimoli borligidan ikkilandim. Axir kuni kecha jang maydoniga kirgan yigit o‘lim daryolarida bexato suzgan ajal g‘avvoslaridan ustun bo‘ptimi? Keyin hukmdorning qanday qarorga kelganiyam noma’lum. Shularni o‘ylarkanman, bor-yo‘g‘i, o‘n to‘qqiz yoshimda jallod kundasiga bosh qo‘yishdan cho‘chib, olampanohga iltijoli termildim. Xon xayrixoh tikilib, otalarcha dalda berdi.
– Gapiraver, o‘g‘lon, gapiraver… Faqat dilingdagini gapir…
Ulug‘ mashvaratlarda ilk bor qatnashayotganimdan xijolatda, tutila-tutila, so‘zlay ketdim. Nutqim oxirida esa haqligimga ishonchim orta borib, ayrim fikr­larimni beixtiyor, ikki-uch martadan ta’kidlab yubordim.
O‘rtaga asrlarga teng sukunat cho‘kdi. Garchi ayni damda asab torlarim birma-bir uzilayotsa-da, bu jimjitlikni yanada uzoqroq cho‘zilishini istab qoldim. Chunki u tufayli hozir kimlarningdir umr yo‘llari ham uzayayotgandi.
Xoqon hammani zalvorli nazaridan o‘tkazib, oxirida menga yuzlandi. So‘ng o‘rnidan turdi. A’yonlar ham gurra qo‘zg‘alishdi. U favqulodda taloto‘plarga e’tibor bermay, to‘g‘riga yurdi. Vajohatidan oyog‘im qaltirab, o‘tirib qoldim. Keyin apil-tapil qad rostladim, yonimga kelgan jondorga tik boqishdan qo‘rqib, nigohimni yashirdim. Uning yopishqoq, ozg‘in qo‘llari iyagimdan ushlab, o‘ziga qaratdi. Bemajol nazar tashladim. Menga tikilgan sarg‘ish ko‘zlar sovuq yiltiradi.
“Ajali yetgan shunday jon bersa kerak…”
Qarg‘axon taxtga o‘tirganidan beri biror mahramini yoniga yaqinlashtirgan emas. Hozir o‘zi oldimga keldi, axir, jallodni o‘tirgan joyidan chorlasa ham bo‘laverardi…
Qalbimning tub-tubida najot uchqunlari miltiradi. Fikrlarim ma’qul kelganidan umidvor bo‘ldim…
Adashmabman, ushbu kengashdan keyin buyuk xoqon eng yosh sarkardasini ulug‘ amir rutbasiga ko‘tardi, qo‘shinning ixtiyorini unga topshirdi. Isyonchilarni o‘z holiga qoldirishni taklif etganlarni dorga torttirdi. Har qanday buyuk saltanat kaltabin arboblar tufayli inqirozga yuz tutishini yaxshi bilardi u.
Men qo‘shinga darhol yo‘l tadorigini ko‘rishni amr etdim.
Qo‘shin roppa-rosa olti haftalik safarga tayyorlandi. Har bir jangchining yetovida to‘rttadan ot. Ikkitasiga bir yarim oyga yetarli yeguliklari yuklangan, qolganlari navbatma-navbat almashib, egasini manziliga eltishi lozim.
Ot ustida ovqatlandik. Oyog‘imiz yerga tegmay, charchagan arg‘umoqlarimizni bardamrog‘iga almashtirdik. Jonivorlarimiz ham ildam yo‘rtish davomida bo‘yinlariga osilgan yemto‘rvadan oziqlanishdi. Faqat har zamonda sardobalar yonida chanqog‘imizni qondirish uchungina tin olardik, xolos.
Men qaro terga botgan bedovimni beayov qamchilab olg‘a intilarkanman buyuk xoqonning qasos nayzasiga aylanayotganimdan faxrlanar, shu tuyg‘u to‘xtamay ot surishga, zimmamdagi vazifani mukammal bajarib, muzaffar qaytishga undardi. Goh-goh charchagan tulporimni boshqasiga almashtirar, lekin ikki-uch soatda ko‘nglim to‘lmay, yana o‘ziga qaytardim. Yelib uchayotgan jonivorimning tirtilgan burun kavaklaridan o‘qtin-o‘qtin olov purkalardi. Old oyoqlarini qo‘ltig‘iga tutashtirgan baliq suzg‘ichisimon mitti qanotlar uning asl duldul zotidan nishona.
Miyam bo‘lg‘usi urush taassurotlaridan charchaganda, tengsiz safardoshim borligidan g‘ururlanib, shirin xayollarga berilardim. Ollohdan peshonamga yarashiqli umr yo‘ldoshi ham tilardim. Zero, yengilmas qo‘shin, uchqur tulpor, sadoqatli mahbubasi bo‘lgan sarkarda buyuk sarkardadir.
…Haftada bir kun dam olardik.
Bora-bora, badanimizni kir bosib, soch-soqolimiz bitladi. Yuz-ko‘zimizga urilgan chang terga qorishib, loyli niqobga aylandi, bijg‘igan tanimizning sassig‘iga hatto o‘zimiz chidolmaydigan ahvolga keldik. Biroq, men yuvinishga ketadigan vaqtni qizg‘anib, tinmay manzil oshdim. Chunki, kechikkanimiz sari isyonchilar kuchayib, xayrixohlari ko‘payadi. Buni bilganga har lahza g‘animat.
Ko‘nglimdagilarni navkarlarimga tushuntirdim. Ular boshda yangi sardorni mensishmadi. Ruhiyatimdagi buyuk jangchilarga xos jasorat va shitobni ko‘rgach, adashganlarini sezishdi. Yosh qo‘mondonga o‘zlariga ishongandek ixlos qo‘yishdi. Buyruqlarimni ko‘r-ko‘rona bajarishga o‘rganishdi.
Besh qo‘l barobar emas, ayrimlari ustimdan kuldi. Men ham bo‘sh kelmadim. Bundaylarni yo‘l-yo‘lakay, ot ustida qatl ettirdim. Ko‘p o‘tmay hammasi iziga tushdi. Endi ishongan-ishonmagan, bab-baravar ortimdan ergashdi. Atigi olti hafta ichida jangchilarim nazarida haqiqiy sarkardaga aylandim.
…Manzilga o‘n farsah yetmay to‘xtadik. Atrofga soqchilarni joylashtirgach, xos navkarlarimdan elliktasini isyonchilar uyasiga jo‘natdim. Vazifalari – obdan kuzatib, past-balandni aniqlash, qo‘zg‘olonchilar kayfiyatini o‘rganish.
Ular qaytguncha boshqalar ham tinch o‘tirishmadi, besh-olti soat dam olgan izdihomni mashqqa buyurdim, bo‘shashishlariga yo‘l qo‘ymadim. Cho‘milishni taqiqladim. Chunki qo‘lansa raqibdan kishi jirkanadi, g‘azablanadi. Noo‘rin g‘azab esa muqarrar mag‘lubiyat garovidir.
Indiniga josuslarim qaytishdi. Ularning aytishicha, qal’adagi omi xalq yo‘lboshchilaridan rozi emas. Negaki, hokimlik davrida Talog‘ut ulusni ko‘p qiynagan, qaqshatgan. Endi ozodlik haqida naqadar og‘iz ko‘pirtirmasin, unga odamlar ergashmaydi.
Tunda yo‘lga otlandik. Tonggacha qal’ada bo‘ldik. Ertalab uyqudan uyg‘ongan isyonchilar chor-tevaraklarini o‘ragan lak-lak askardan sarosimaga tushdilar. Men elchi jo‘natdim. Darvozani ixtiyoriy ravishda ochishsa, qo‘shinni shaharga kiritmaslikka va’da berdim. Faqat yo‘lboshchinigina xoqonga topshirishimni aytdim.
Elchilarim rad javobni yetkazishdi. Bilaman, bu buzg‘unchilarning xohish-irodasi, omi xalqning aybi yo‘q. Ot solishga buyurdim. Qal’aning osmono‘par to‘siqlaridan o‘tish osonmas, qayta-qayta hujum uyushtirsak-da, ov baroridan kelmadi, ne-ne navkarlar baland devorlar tagida bevaqt o‘lim topdi. Noiloj, yoshullilarni mashvaratga to‘pladim. Tonggacha cho‘zilgan munozarada qo‘rg‘onni qamal holatida saqlashga kelishdik. Oziq-ovqati tugagan ulus bir kunmas bir kun tavba qilishi aniq. Biroq, kunlar o‘tgani sayin muzaffarona orzularim sarobga aylanaverdi. Qo‘rg‘on ahli qamalga puxta tayyorlanganga o‘xshaydi, darvozani ochishlarini kutsam, begona yurtlarda yillab qolib ketaman.
Noiloj eng tadbirkor maslahatgo‘ylarni yig‘ib, madad so‘radim. Ular chora izlab, tarqalishdi. Uch kundan so‘ng jangchilarimdan battar kirga botgan aka-singilni olib kelishdi. Qizni ayollar o‘toviga jo‘natib, yigitni huzurimga chorladim. Saroy kaptarbozi ekan, urush boshlanishidan sal oldin singlisini olib qochibdi. Sababi, Talog‘utning xotinbozligi, har oyda bir bokiraning nomusiga tegishga o‘rgangan ishratparast hokim xizmatkorining hamshirasiga ham ko‘z olaytirgan, ular esa qochib, shahar tashqarisidagi qishloqlarda yashirinishga majbur bo‘lishgan…
Kipriklarini pirpiratib gapirishi kishida g‘ayriixtiyoriy xayrixohlik uyg‘otuvchi bu yigitning aytishicha, Talog‘ut qamalga rosa tayyorlangan, uch-to‘rt yillik oziq-ovqatini g‘amlagan. Boz ustiga, isyonchilar raqiblarining barcha xatti-haraktlaridan ogoh, maxsus josuslar tashqaridagi ahvol haqida noma bitib, kaptarlar orqali qal’aga yo‘llasharkan.
Birdan kallamga ajoyib fikr keldi. O‘z uslublaridan foydalansak-chi?..
Kaptarboz yordam berishga ont ichdi. Zudlikda qo‘shni qishloqdan nomakash qushlar solingan qafaslarni topib keltirishdi. Tunda ularning oyoqlariga qatronga iydirilgan bir qulochdan ip bog‘lab, yoqib yubordik. So‘ng baravariga qo‘yvordik. Osmoni falakka ko‘tarilgan ming-ming kaptar o‘rgangan makoniga intildi. Ular qal’a markaziga yetguncha yermoyiga to‘yingan chilvirlar to‘liq yonib, yulduzlar misoli ucha boshladi. Tekin tomoshadan zavqlangan isyonchilar gap nimadaligini tushunishganda, atrofda o‘t olmagan ikki qarich ham yer qolmagandi. Olomon qay birini o‘chirishni bilmay, zir yugurdi…
Qal’a aholisi yong‘in bilan ovora ekan, ko‘zlari qizarib, vahshiylashgan sarbozlarim hujumga o‘tishdi. Ortiqcha qarshiliksiz devor oshib, darvozalarni ochishdi. Men bepoyon alangalardan kundek yorishgan mag‘lub qo‘rg‘onga qora tulporimda kirib bordim. Qo‘shin uch kun xalqni taladi. Gunohkor-gunohsizni bab-baravar qirg‘in qildi. Ko‘pchilik uylaridan chiqishga ulgurmay, jizg‘anakka aylandi. Og‘ilxona va qo‘ralardagi tambalangan mollargacha yonib bitdi. Kuygan et hidi ana shundan dimog‘imga muhrlangan…
Nihoyat, mukofot onlari yaqinlashdi. Dalada doshqozonlar osilib, qo‘ylar so‘yildi. Yetti kechayu, yetti kunduz to‘y berdim. Qal’a istilosiga ko‘maklashgan kaptarboz xalqiga omonlik so‘radi. O‘tinchini rad etolmadim. Illo, madadkorim ulusning qarg‘ishiga uchragandi.
U kundan-kunga mung‘ayib, borlig‘imni xijolat va qarzdorlik hissi qopladi. Oxiri, balki, ko‘rib chiroyi ochilar, degan niyatda singlisini keltirishni buyurdim. Shunda hayotimni ostin-ustun etib, uqubatlarimni ming yillarga uzaytirgan asosiy hodisa ro‘y berdi. Nogahon, ayollar yetovida kirgan ajib hurliqodan ko‘zlarim qamashdi. Enagalar parvarishida tiniqib, o‘ziga kelgan qizaloq gulobga cho‘miltirilgach, shahzodalar orzusidagi parizodga aylangandi. Peshonasiga sochilgan kokili, bodomqovoq ruxsori, taqimida to‘lg‘angan ikki o‘rim yo‘g‘on sochi to‘satdan xayolimni o‘g‘irladi. Ayniqsa, yerga tikilib, ohista entikishi adoyi tamom qildi. Endi ko‘kragimda gurlagan inja hissiyotlarni jilovlay olmasligimni anglab, yolg‘iz qoldirishlarini buyurdim. Niyatimdan ogoh qiz betoqatlanib, atrofga ko‘z tashlay ketdi. Ismini so‘rovdim, qimtina-qimtina shivirladi.
– Huvaydo!..
– Huvaydo?..
Men duduqlandim. Dunyodagi eng buyuk qo‘shinning sarkardasi o‘n olti yashar nozikoyim oldida shunday ayanchli ahvolga tushishini kim o‘ylabdi?..
– Hirsini kuch bilan qondirish hayvonning-da qo‘lidan keladi…
Huvaydoning istiholada titrab-qaqshab pichirlagan jumlasi yomon zarba berdi. Avval g‘azablandim, so‘ng arzirli sabab yo‘qligidan jahlimni tiydim. Darvoqe, bundan ortiq nazokatli ayolni topolmasligim aniq. Boz ustiga, bu – isyonchilarni bostirish maqsadida ot surayotib, yo‘l-yo‘lakay Ollohdan tilagan malikam bo‘lsa-chi? Shunday ekan, nega hayvoniy hirs yo‘lida murg‘ak chechakni kunpayakun qilay? Undan ko‘ra, har qanday ardoqqa arziydigan g‘unchaning umr yo‘ldoshimga aylangani ma’qul emasmi? Axir, tokaygacha bo‘ydoq yuraman?..
Shomga yaqin o‘tovim shohona bezatildi. Yoshulli sarkardalarim qo‘nalg‘am to‘ridan joy egallashdi. Davraga kaptarbozni ham chorladim. Shu kuni akasi guvohligida nikoh o‘qilib, Huvaydo menga xotin bo‘ldi.
Qaytish onlari mahbubam “boshqa uchrashmaymiz, ko‘nglim sezayapti”, deya ezildi. Men bisotimdagi eng totli so‘zlarni aytib, yupatmoqqa tutindim. Tezda hukmdorning roziligi ila uni Vatanimga olib ketishimni aytdim…
Huvaydo yig‘lay-yig‘lay xayrlashdi. Keyin menga tamg‘a bosing, boshim ochiq emasligini hamma ko‘rsin, Qarg‘axon lashkarboshisining xasmi-haloli ekanimga ishonsin, deb yolbordi. Ammo, mening tamg‘am yo‘q, bu haqda halicha o‘ylamaganman. Andak mushohada qilib, chorasini topdim. Poyimdagi gulxanga qilich tiqdim. O‘n daqiqada damashqiy po‘lat qizardi. Haroratidan xavotirlanib ikkilangandim, u “qo‘rqmang, ortiqroq azoblarga chidashgayam roziman, faqat sizni omon ko‘rsam bas!”, dedi. Cho‘qqa aylangan shamshir uchini ojizaning o‘ng kaftiga bosdim. Yana dimog‘imga jizg‘anak et hidi urildi. Xotinim, kaftida guruchning donasidek asorat qolsa-da, bo‘ynimga osilib, shivirladi. “Tashakkur, sarkardam! Sizga sodiq qolishga shu muhringiz ila qasam ichaman. Oy borib, omon qayting!..”
So‘ng tulporim jilovidan tutib yetaklarkan, qo‘shib qo‘ydi.
– Qaytishingizni ikki kishi bo‘lib kutamiz, sizga mardu maydon farzand tug‘ib beraman!
…Qal’aga kaptarbozni hokimlikka tayinladim. Maslahatchi sifatida bir yoshulli sarkardamni va ikki yuz nafar sarbozimni qoldirdim.
Yo‘lga tushganimizning uchinchi kuni ko‘nglimga mavhum g‘ashlik oraladi. Sababini bilmadimu, Huvaydoni qayta ko‘rmaydigandayman. Ammo, bo‘lajak o‘g‘lonim haqidagi zafaryor o‘ylardan xijil ko‘nglim taskin topdi…”

* * *

Ayni sahifalardan so‘ng ilhomimga ilhom qo‘shildi. Endi yolg‘iz o‘zimning kimligimni anglash uchungina emas, balki botiniy hayotim tafsilotlaridan iborat umrim kitobini tezroq yozish uchun kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, ijodga berildim. Na kunning, na tunning farqiga bormay qo‘ydim. Biroq shu yerda yana boshim devorga tegdi, onam aytganidek, gul vaqtida ochilarkan. Men esa, ayni yashnaydigan davrimni qog‘oz-qalamga boy beribman. Dastavval buni sezmadim. Bir kuni navbatdagi qoralamalarni o‘qitmoqqa adabiyotchi do‘stimning kulbasiga otlanayotib, soqol-mo‘ylovimni qirtishlash maqsadida oynaga boqdim-u, uchib tushdim. Peshonamdan menga yuz-ko‘zini ajin bosgan, o‘rta yashar odam tikildi. Shundagina orzularim sari eltguvchi sehrli poyezdga minib, Qorasochbonuning diplomati va eski chamadonimni yo‘qotganimdan beri yigirma yil o‘tganini sezib qoldim. Sezdim-u, xo‘rligim kelib, o‘kirib yubordim. Qariyb chorak asrlik umrimni bekor o‘tkazganimdan o‘ksib, to‘yib-to‘yib yig‘ladim…
Quruq oh-vohdan ne foyda, kech bo‘lsayam, xatolarini tuzatgan yutadi. Roziligimni aytdim. Qidira-qidira, chekka qishloqdan kamsuqum bir qizni topishdi. Mehribon volidam topgan kelinini alqay-alqay, to‘yni boshladi. Chog‘roqqina bazm uyushtirdik. Go‘shangaga kirgan kunim hozirgidek yodimda. Yangalik qilayotgan qo‘shni juvonning qistovida chimildiq hatladim. Toleimdan aylanayki, nasibam onam aytganidek, go‘zal va farosatli chiqdi.
Osoyish hayotim boshlandi. Ammo, birinchi muhabbatni unutib bo‘lmaskan. Men xayolimda bot-bot jonlanadigan Qorasochbonuning siyratini nazarimdan haydolmagan kezlarim bizni vokzalda uchrashtirgan o‘sha kunni qarg‘ardim-u, boshqa taskin topolmay, alamimni qog‘ozga to‘kardim…
Nihoyat, orzularim ushaldi. Kitobimning so‘nggi satrlarini yozib tugatgach, Toshkentga jo‘nadim. Hayot-mamotim solingan papkani quchoqlagancha, umumiy vagonning taxta o‘rindig‘idan joy egallab, pinakka ketdim. Farog‘at onlari ko‘p cho‘zilmadi. Qulog‘im tagida yoqimli ohang jarangladi. Ko‘zimni ishqalab, musiqa taralayotgan tarafga nazar tashlasam, soqol-mo‘ylovi rosa qirtishlangan, oppoq sochi yelka baravar kimsa dutor chalib, nola qilmoqda. Tanidim, eski qadrdonim. Ayni damda, hanuz qarilikni bo‘yniga olmagan olifta do‘stim bilan uchrashishni kutmagandim. Bunda taqdirimga aloqador sir borday tuyuldi. Shu bois uning umr daftariga nazar tashlamoq uchun ko‘zimni yumdim. Nazdimda ota-ona mehridan mosuvo bolalik gavdalandi…

* * *

Izzat yetimligiga qaramay, tirishqoq bo‘lib o‘sdi. Harfni taniboq, kitob mutolaasiga berildi. Bolani boqib olgan befarzand er-xotin uni baholi qudrat tarbiyaladi. Yaxshi-yomon ichida ozoda kiyintirib, nonga zoriqtirmadi.
Maktabni a’loga bitirgach, chol-kampir og‘ildagi yakkayu yagona g‘unajinni sotib, asrandini Toshkentga jo‘natishdi. Asrandi ham ishonchni oqladi. Universitetning falsafa bo‘limiga o‘qishga kirdi. Ko‘p o‘tmay, tabiatidagi beqarorlik sababmi, barchasidan ko‘ngli sovidi. Poyezdlarda vagonma-vagon sanqib, kun kechirishga tushdi. Yo‘q, bezorilik qilmadi, kasbi – gitara chalib, qo‘shiq aytish. O‘qish tugar mahali oilasiga qaytdi. Diplom o‘rniga yelkasiga g‘alati soz osib kelgan o‘g‘ildan ota-onaning hafsalasi pishsa-da, bilsa baliq, bilmasa Xoliq deya, uylantirib qo‘yishdi.
Qariyalarning vafotidan keyin oila barbod bo‘ldi, Izzat negadir vagonma-vagon sanqigan damlarini qo‘msay boshladi, haftalab uyga kelmaydigan odat chiqardi. Xotini o‘ynash orttirdi. Voqealardan xabar topgan Izzat payt poylab, xotinini ham, uning o‘ynashini ham so‘yib tashladi.
U turmada turli kontsert va madaniy kechalar uyushtirib yurdi. Olti yil deganda, yaxshi xulqi tufayli amnistiyaga tushdi. Ozodlikka chiqqach, avvalo o‘n ikki yashar o‘g‘lini borib ko‘rdi. Farzandi otani esladi, ammo xushlamadi. Ota uni qaramog‘iga olishga qo‘rqdi. Bir kuni mehribonini nega o‘ldirganini so‘rab qolsa, qanday javob beradi? Onang buzuq edi, deydimi? Yaxshisi, bu yerdan uzoqroq yuradi. Ammo yakkayu yolg‘izini taqdir izmiga shundoq tashlab ketaverish ham vijdoniga to‘g‘ri kelmaydi… O‘ylay-o‘ylay, chorasini topdi, qamoqdaligida bolasiga qaragan savobtalab hamsoyasi bilan gaplashdi. Bola voyaga yetguncha hovli sizniki, o‘zingiz boqib, tarbiyalang, meni so‘rasa, begunohligimni ayting, dedi. Har oyda pul jo‘natib turdi. Ovozi do‘rillab qolgach, hamsoya yigitni o‘zining oydek qiziga uylantirdi. Six ham kuymadi, kabob ham…
Hozir u dang‘illama hovlida guldek xotini, besh farzandi bilan tinch-totuv yashamoqda. Izzat har zamon-har zamonda nevaralaridan xabar olgani boradi. Ikki-uch kecha yotib, haligacha xushlamaydigan o‘g‘liga termila-termila, qadrdon vagoniga qaytadi.
Izzat qachonlardir universitetning falsafa kafedrasida o‘qiganligiga qaramay, hayot haqiqatni tushunishga yarim umrini sarfladi. Ehtimol, “Hayot yo‘lini” alohida mehr bilan, ko‘zlaridan mildir-mildir yosh tomib, kuylashiga ham sabab shudir. Zero, qo‘shiqda kim ovchi-yu, kim o‘lja ekanligi noma’lum, qochayotganning ham, quvayotganning ham umidi yolg‘iz hayot yo‘lidan!
“…Quymichlari yaltirab, quyrug‘iga jir bitgan ohu olg‘a intilarkan, izidagi yirtqichning dardu holini tushunishni istamasdi. Agar tushunganda, hozir taqqa to‘xtab, o‘zini qattol jondorga topshirgan bo‘lardi.
Oxirgi quvvatini yig‘ib oldinga yo‘rtishi barobarida ona qoplonning ko‘z o‘ngidan kuni kecha ochlikdan nobud bo‘lgan, ayni paytda, yuz-ko‘zini qumursqa bosib, uya chetida tirishgan ikki norasidasi o‘tdi. Hozirgi o‘ljasini qo‘ldan chiqarsa, qolganlarining boshiga ham shu kun tushadi. Uning sariq ko‘zlaridan targ‘il jag‘i tomon oqayotgan sidirg‘a yoshlari so‘nggi umidlarining erib suvga aylangan qoldiqlaridir…”
* * *

Yuraklarni o‘rtovchi musiqa tugadi. Sozanda chuqur tin oldi. Keyin ko‘zini ochdi. Men tomon burilib, uzr so‘ragandek bosh irg‘adi va yonidagi o‘spiringa ta’kidladi.
– Bu – hayot qo‘shig‘i!..
Biz uchrashgan chorak asr burungi kunlar yodimga tushdi.
Garchi, o‘shanda talaba, “Bu – hayot yo‘li!..” desa-da, men baribir har ikki jumlada yagona ma’noni tuydim. Chunki shafqatsiz yillar obod hayot yo‘lini mungli qo‘shiqqa aylantirishga ulgurgandi. O‘sha yo‘l boshida biz butunlay boshqacha edik. Uchalamizning ham olam-olam orzularimiz bor edi. Endi esa yo‘qlikka mahkum holda, oxirgi xasga tirmashgandek, dasta-dasta qog‘ozlarni bag‘rimga bosib turarkanman, beixtiyor Kamolxonni esladim. Do‘st ham shunday bo‘ladimi axir, so‘nggi maktubini olganimdan buyon necha ariq suvlar oqdi. Men javob yozmadim. Ikki enlik qog‘ozni qoralash shunchalar qiyinmidi?..
Shu ketishda yana ko‘p narsalarni o‘ylashim mumkin edi-yu, fikrlarimni daf’atan qavatimga cho‘kkan qariya alg‘ov-dalg‘ov etdi. To‘g‘risi, u hech kimga xalaqit bermadi, indamay kelib, bo‘sh joyga o‘tirdi, xolos. Avvaliga parvo qilmadim. Hatto, qayrilib qarashga erindim. Lekin, ikki soniya o‘tar-o‘tmas, dimog‘imga badbo‘y hid urildi. Boshim aylandi. Nigohim qorong‘ilashib, ko‘nglim lohas tortdi.
Joyimni o‘zgartirmoqchiydim, Izzat cho‘zilib, qulog‘imga shivirladi.
– Bu – Bakir piyon…
Beparvo jumla tahlikali ko‘nglimga taskin bersayam, sal avval paydo bo‘lgan xijillikni batamom yo‘qota olmadi. Ich-ichimdan hamdardlik hissi uyg‘ondi. So‘ng to‘satdan ro‘y bergan g‘alati voqea barchani sergaklantirdi. Piyonista, endi uyqu elita boshlovdiki, o‘rnidan sakrab turib, he yo‘q, be yo‘q, jonholatda hayqirdi.
– Hech bo‘lmasa, ikki soatgina tinch qo‘y! Shunchalar ham toshbag‘irmisan?..
Bu achchiq nidoda ko‘pchilikka mavhum so‘nggi pushaymon alamlari mujassam.

* * *

Dimog‘imga kuygan et hidi urilib, seskanib ketdim. Ko‘zimni ochganimda, jon holatda tipirchilayotgan Bakir piyon ko‘ylagini yechib, tutayotgan badanini yelpishga tushgandi. Birov yordam beray, demaydi. Hamma burnini jiyirib, o‘zini chetga tortgan. Faqat Izzatgina xirgoyisiga mashg‘ul. Men favqulodda holatlarga chidolmadim. Ko‘ngli bo‘sh odamman, yo‘qsa, kelib-kelib, go‘daklik muhabbatimga o‘t qo‘ygan qotilga xayrixoh bo‘larmidim?
Yana sal qolsam, olis moziydagi o‘n to‘qqiz yashar sarkardaning kuygan go‘sht hidiga bog‘liq mudhish xotiralari qo‘zg‘alishidan xavotirlanib, o‘rnimdan turdim. Boshqalarga sezdirmay, tamburga yo‘naldim. Amal-taqal yetib, eshikni ochdim. Vagonni olam-olam toza havo to‘ldirdi. Ichkaridagi badbo‘y hidlar salqin yelvizakka aralashib, tashqariga otildi. Besh daqiqalarda batamom o‘zimga kelsam-da, eshik yonboshidagi dastaklardan mahkam ushlab, ko‘kragimni g‘oz tutgancha, turaverdim. Bu ham yengil nafas olishimga yordam berdi, ham tomirlarimdagi qonni yurishtirib yubordi. Shu alfozda ketaverardim-u, diqqatimni ortimdan eshitilgan sado bo‘ldi.
– Inim, menga ham ozroq havo ber, qiynalib ketdim…
Bakir piyon… Qaramaslikka urinib, ortga tislandim. Sal avval qalbimda tug‘yon urgan g‘alayonlarning qay tomoniga yon bosishni bilmay, shalviragancha kelib, joyim­ga o‘tirdim.
Izzat qo‘shig‘ini tugatdi. Chuqur tin olib, menga yuzlandi.
– Tez qaytdingiz?..
– Toza havodan nafas oldim…
– Suygan bandasiga Ollohning o‘zi rahnamo…
Suhbatimizga uchinchi kishi aralashdi.
– Anavi alkashga kim eshikni ochib berdi?..
Gap nimadaligini tushunib, o‘rnimdan sapchib turdim. Shu sur’atda Bakir piyonni qutqarishga otilmoqchiydim, o‘sha kimsa yo‘limni to‘sdi.
– Kech bo‘ldi…
Oyoqlarimdan mador ketdi. Shum xabarni yetkazgan odam – yo‘g‘on bo‘yni naq quloqlari ostidan yelkasiga tutashgan chiyilloq ovozli provodnik qo‘limdan ushlashga ulgurmadi, o‘tirib qoldim. Agarda jonimga Izzat oro kirmaganda, kimningdir o‘limi uchun aybdorlik hissi ruhiyatimni umrbod tark etmasdi…
– Bakir piyon manzilida qoldi!..
“Xayriyat!..”
…Sizlarni bilmadim-u, ammo men hozir qismat atalmish yozuqlarning mavjudligiga yana bir karra shohid bo‘lgan, o‘zim istamagan holda, go‘daklik qasamimni bajarib, Sadoqatimning qotiliga narigi dunyo eshiklarini ochib yuborgandim. Balki bu Ollohning irodasidir. Axir Bakir piyonning yonimga kelishini bilmaganim haqiqat-ku! Qolaversa, uni huvillagan tamburda qoldirayotganda, daf’atan pastga qulashini ham o‘ylamaganman. Shunday ekan, qandaydir piyonistaning tasodifiy qazosi uchun vijdon azobida qiynalishim shartmi?..

* * *

…Meni Qarg‘axon noxush qarshi oldi. Kutishga chiqqan ahli ulamo orqali shahristonga yolg‘iz kirishim buyurildi. Bunday buyruqning o‘lim hukmiga tengligini ich-ichimdan his qilsam-da, aytishga arzigulik aybim yo‘qligidan xotirjam tortdim. Shu bois hukmdorning tushunarsiz farmonini navbatdagi injiqlikka yo‘yib, o‘rdaga otlandim. Darvoza oldida sakkiz nafar xos soqchi peshvoz chiqdi, saroy bo‘sag‘asigacha qurshovda bordim. So‘ng boshqa navkarlar ixtiyoriga o‘tdim. Guruh o‘nboshisi yaqinda joriy etilgan qonun-qoidalarni ro‘kach qilib, qurollarimni topshirishimni so‘radi. Xavfsirashayotganlarini sezdim. Biroq, qarshi gapirolmadim. Negaki, orqaga eltadigan yo‘llar taqa-taq bekilgandi.
Saroydagi qisqa so‘roq mavzuga aniqlik kiritmadi. Berilayotgan savollar tagidagi g‘arazli niyatni darhol angladim. Ammo kech angladim, sarkardasiga mutaassiblarcha ergashgan cherik tashqarida bexavotir dam olarkan, hukmdor mening qatlimga imzo chekdi.
Men g‘olibona safarim davomida ayrim xatolarga yo‘l qo‘ygandim. Ulardan kechirilmasi Huvaydoga uylanishim ekan. Ha, Talog‘utning aqlini shoshirgan go‘zalning ovozasi yashin tezligida chor-atrofga tarqagan, saroy jupgarchilari to‘y xabarini eldan burun yurtimga yetkazgan va xoqon buni o‘zboshimchalikka yo‘ygandi. To‘g‘ri, janglardan tushgan asosiy o‘lja podshoniki. Ammo men Huvaydoni o‘lja, deb hisoblamaganman…
Juma kuni peshin namozi o‘qilgach, meni qatl etishdi…
Kundaga eltishayotganda, g‘alati sinoatning guvohi bo‘ldim, qulog‘im ostida tanish xitob yangradi, sizga mardu maydon farzand tug‘ib beraman, sarkardam!
Atrofga alanglab, hech kimni ko‘rmasam ham ko‘nglim osoyish topdi. Chunki xotinim ontiga sodiq, mening o‘g‘lim hukmdor bo‘ladi, jahongir bo‘ladi.
…Shahriston markazidagi maydonga juft kunda qo‘yilgan. Tushunmadim, dahshatli azobni birga tortadigan sherigim qaysi badbaxt bo‘ldi? Ko‘p o‘tmay, hammasi ravshanlashdi, ikkinchi kundaga mag‘lub Talog‘utni keltirishdi…
U istehzoli jilmaydi. Nigohimni olib qochdim, to‘g‘risi, hozir jangda men emas, isyonkor qal’a hokimi g‘olib chiqqaniga amin edim.
Mana, uzun sochlarimni yuqoriga qatlab, bo‘g‘zimni yalang‘ochlashdi. Ikkimiz ham boshimizni kundaga qiya qo‘yganimizdan beixtiyor, bir-birimizga yuzlanib qoldik. Ko‘tarilgan oyboltalar quyoshning zarrin nurlarida birvarakayiga jilolandi. Ochiq ketmasin dedim shekilli, oxirgi damda ko‘zlarimni yumdim. O‘shanda ham Talog‘utning mendan nigoh uzmaganini ilg‘ashga ulgurdim. Tamom! Oniy lahzada bo‘ynim jazilladi, badanimga dahshatli sanchiq yugurdi. So‘ng negadir, oyoqlarimni cho‘zishga urinib tipirchiladim. Tinka-madorim borlig‘imni tark etarkan, nogahon, jussasidan nariroqda tuproqqa qorishgan tashlandiq kallamda hayotbaxsh fikr uyg‘ondi. O‘sha fikr tufayli qachonlardir o‘g‘lim olajak intiqom rohatini tuydim. Kutilmagan qoniquv ruhiyatimga dalda berdi, yashashga ishtiyoqim jonlandi. Darhol vujudimdan ketayotgan darmonimni tizginlab, hushimga keldim. Keyin qo‘llarimni olg‘a cho‘zgancha behol sudralib, nimanidir qidirdim. Nihoyat, ikki qadam nariga dumalagan kallamni topdim. Uni avaylab, favvoradek qon otayotgan yelkamga qo‘ndirdim.
Ko‘zlarim elas-elas yorug‘likni ilg‘ay boshladi. Dastavval oyboltalarini artib chekinayotgan jallodlarni, so‘ng yonimda cho‘zilgan cho‘ltoq Talog‘utni-yu, nariroqda shashqator yoshini artib, tarqalayotgan olomonni ko‘rdim. Shunda bevaqt qatlim sababchisi Huvaydo emasligini anglab qoldim. Men ulug‘ amir rutbasiga erishganimdan buyon o‘tgan qisqa vaqt ichida ham qo‘shinning, ham ulusning hurmatini qozonib ulgurgandim. Tabiiyki, bundan cho‘chigan xoqon yosh raqibini yo‘qotish payiga tushgan…
O‘rnimdan turdim. Hech kim e’tibor bermayapti. Gandiraklagancha, olisdagi azim chinor panasiga yo‘naldim. O‘sha yerda tin olayotib, banogoh, qalbimdan nimadir ajralib chiqayotganini sezib qoldim. Va ko‘rganimdan aqlim shoshdi, ne ajabki, mening siyratim ikkiga bo‘linayotgandi. Biri shu ondan e’tiboran muzaffarona yurishlarimga qarshi bosh ko‘targan vatanparvarga aylangan esa, ikkinchisi shafqatsiz istilolarini davom ettirish niyatidagi yovuz fotih.
Men ikkiga ajralgan o‘zligimni qayta qovushtirish uchun endi ming yillar davomida makon va zamon chorrahalarida sarson-sargardon tentirashimni tushunib, belim bukildi. Indamay o‘lib ketavermaganimga achchiq pushaymon chekdim. Shunda Talog‘utga havasim keldi, osongina jon berdi. Ochiq qolgan ko‘zlari hamon istehzoli boqayotgandir…
To‘satdan, xotinimni esladim. Axir tirik qolishimga sababchi o‘sha-ku… Demak, ajalimni istaganlarga qasdma-qasd yashashim darkor!.. Endi oldimda ikki maqsad turadi, birinchisi, qatldan so‘ng vujudini tark etgan o‘zligimga erishish, ikkinchisi, vataniga buyuk o‘g‘lon sovg‘a qiladigan Huvaydoni topish. Shu orzularimga yetishgan kunim eng armonsiz insonga aylanib o‘lajakman!
…Oqayotgan qon tufayli asta-sekin madorim qurib, hushimni yo‘qotaverdim. Endigi zarracha harakat vujudimni batamom qonsizlanishga olib keladi. Yaxshisi, kutaman, jindakkina orom a’zoyi badanimga quvvat bag‘ishlaydi.
Uzoq uxladim. Nihoyat, bir kuni kuchga inib, uyg‘ondim. Dastlab kiprigimni ko‘tarishga erindim. Biroz xayol surib yotdim. Keyin nimanidir uzluksiz taraqlashi badimga ura boshladi. Beixtiyor, ko‘zlarimni ochib, o‘zimni g‘alati joyda ko‘rdim. Kichkina xonachada, taxta katda cho‘zilganman. Atrofimda besh-olti nafar yuz-ko‘zida noma’lum hayrat qotgan odamlar. Ichlaridan Izzatni tanigach, fikrim oydinlashib, o‘zimga keldim.
Poyezdimiz hamon taraqa-turuqlab, olg‘a intilardi.
Kimdir shimimning cho‘ntagidan dastro‘molni olib, qo‘limga tutqazdi. Nima gap­ligini angladim, bo‘g‘zimdan sezilar-sezilmas qon sizayotgandi. Asoratni yashirish maqsadida ro‘molchani bosdim. So‘ng hech nima bo‘lmaganday, qaddimni rostladim. Shu alfoz o‘zimga kelayotganimda, boyadan beri sinchkov tikilgan Izzat ilkis seskanib oldi. Yarim asr ilgari xuddi shu vagonda kechgan g‘alati tanishuvni kim ham unutardi, axir?
…Izzatning ilk savoli Kamolxon haqida bo‘ldi. Bilganlarimni shoshilmay so‘yladim. Hikoyam so‘nggida oxirgi maktubini esladim, g‘alati raqam haqida gapirdim. Izzat qiziqib qoldi. Qo‘ng‘iroq qilishni taklif etib, yonidan qo‘l telefonini chiqardi. Sim qoqdik. Avvaliga hech kim javob bermadi. Ikkinchi safar aloqaning narigi uchidan Kamolxonning ayanchli ovozi eshitildi. Meni tanib, shosha-pisha gapira ketdi. Poyintar-soyintar jumlalariga qaraganda, og‘am hozir olis manzillarda azob-uqubatga giriftor ekan. Shu bois yig‘lab-siqtab, buzrukvorining oldiga borishimni so‘radi. O‘g‘lining nohaqligi uchun tavallo qilishimni o‘tindi!..
Men yordam berishni naqadar xohlamay, ushbu iltimosni bajarolmasdim. Negaki, farzandining bugungi halokati zinhor-bazinhor Inoyatxonga bog‘liq emasdi. O‘g‘il cheksiz azoblarga mustahiqligi uchun padarini ayblasa-da, asl sabab nimadaligini yolg‘iz men bilardim. Dunyoda ota-ona noroziligidan ko‘ra mudhishroq qarg‘ishlar bor. Jumladan, Kamolxonning kechirilmas gunohi – vatanfurushligida. Vatan yaxshiga ham yomonga ham sotilmaydi, beg‘araz maqsadda bosqinchilarga ko‘maklashib, xalqini qulga aylantirgan kaptarbozning boshqa xoinlardan farqi yo‘q…
Bechorani yupatishga rosa urindim. Suhbatimiz oxirida yordam berishimni aytdim. Shu orada uning ovozi yiroqlashib, o‘rnini mash’um chinqiriqlar egallayverdi. G‘ayritabiiy hissiyotlardan badanim muzlab xayrlasharkanman, og‘amning oxirgi jumlasi xotiramga muhrlandi.
– Diydor qiyomatga qoldi, inim!..
Tushunmay, yana sim qoqdim, javob bo‘lmadi. Izzatning ma’noli nazaridan bu jumboqni yecha olishini sezib, o‘tinchli termildim. U avval talmovsiradi. Keyin keskin qo‘l siltab, qichqirib yubordi.
– Kamolxon allaqachon bu dunyoni tark etgan!..
Ne ajabki, biz mo‘jizaga yo‘liqqandik. Oddiygina qo‘l telefoni orqali boqiy dunyo bilan bog‘langandik. Shunga qaramay, men hozir ham, keyin ham ushbu ilohiy voqelikni ro‘yodan bo‘lakcha tasavvur etolmadim, ishonolmadim…
Shu tariqa, Kamolxondan boshlangan o‘ylarim bora-bora, o‘zimga bog‘landi. Beixtiyor, bebaxt hayotimning haddan tashqari cho‘zilishi sababini izladim. Mavhum savollar vujudimni tinmay kemiraverdi. Rostdan ham, nega oddiy odamlardek emasman, nega boshqalar singari tinchgina o‘lib ketavermayman?.. Nega moziyning olis qatlaridagi allaqanday kimsalar qobig‘ida yashashim kerak? Bo‘g‘zimdagi, yuragimdagi asoratlar suyak sursa, nima qilaman?..
Xotirjam, hamma qatori nafas olishimga nima xalaqit beradi? Avvalo shu jumboqni yechishim kerak. Boshimni changallab o‘ylanarkanman, ko‘z oldimdan mog‘orli moziy sarhadlarini ortda qoldirgan daqqiyunus umrim o‘taverdi va yaxshi-yomon amallarimni sarhisob etayotib, dahshatli haqiqatga yo‘liqdim. Mening yomon amallarim tosh bosmoqda. Nahotki, savobimdan uvolim ko‘proq?
…Ulug‘ amir rutbasini egallagan kunim taklifim Qarg‘axonga yoqib, aksincha kengash berganlarni qatl ettirgandi. O‘ng qo‘l vazir, Sog‘liboy, Elbek no‘yon… Bu ro‘yxatda yana yetti-sakkiz begunohning ism-sharifi bor. Agarda ularni yoqlaganimda, xoqonning qarori o‘zgararmidi? Bilmadim. Mashvaratda yolg‘iz qolgach, u balki ko‘pchilikka ergashar, balki ergashmasdi. Men ham, ehtimol, boshqalar qatori dorga tortilardim.
Xo‘sh keyin-chi?.. Sarkardalikning ilk pallasidayoq, muhorabaga chog‘landim. Olti hafta ot surib, isyonkor qal’ani yer bilan tekisladim. Borliq o‘t ichida qoldi, gunohkoru begunoh bab-baravar jazolandi…
Azim muhorabalar, aslida, Ollohning irodasi tufayli yuz beradi. Shunday ekan, chekayotgan azoblarimga o‘sha qonli jang sababchi bo‘lolmaydi. Unda tag‘in qanday gunohim bor?
Kaptarbozning ona-vataniga qarshi chiqishimi?.. Yo‘q, bu ham qiynalishimga arzimaydi. Axir, u bizga o‘z ixtiyori bilan qo‘shildi-ku…
Ko‘nglimda uyg‘ongan shu kabi shubhalarning qaysisini yoqlashni bilmay, garangsib turganimda boshimda chaqnagan fikr barcha muammolarga oydinlik kiritdi, musibatlarim sababini osongina tushundim. Qarangki, qarzdorlik tufayli so‘ngsiz azoblarga mustahiq ekanman. Buning isboti uchun Bakir piyon poyezddan qulagandan so‘ng ruhiyatimga ko‘chgan osoyishtalikni eslashning o‘zi kifoya. Demak, zimmamdagi majburiyatlarni bajarmay, hisob-kitoblarimni to‘g‘rilamay, xotirjam yasholmayman. Nainki, xotirjam yashash, el qatori o‘lib ketishga haqim yo‘q hatto!..
Shularni o‘ylayotib, birdan insoniyatning kelish va ketish sababini ham anglagandek bo‘ldim. Kishi boqiylikka o‘tishdan avval Qodir Egam yelkasiga yuklagan vazifalarini uddalab, fanoning sinovidan o‘tmog‘i lozim. Zero, asl dunyoda bandasining shu amallariga qarab, do‘zaxiy yoxud jannatiy darajalar belgilansa ne ajab?..
Mening qarzlarim esa ancha-muncha. Kaptarbozning gunohini zimmamga olishim kerak. Qarg‘axonning taqdirini, o‘g‘limning kelajagini bilishim, o‘ng kaftida xoli bor ayolimni topishim darkor. Ana shunda darbadar yurgan pallalarim qayta birlashadi. Oxirgi kunlarimni xotirjam o‘tkazaman. Bular qo‘limdan keladi, chunki Sadoqatimga bergan qasamimni bilib-bilmay bajarganim – Olloh men tomondaligiga ishora.
Keyin tug‘ma belgilarim ham bejiz emas. O‘yinqaroq bolalikda yorilgan bosh do‘ppi tagida sezilmay ketadi. Dushman qilichi qoldirgan yaraning o‘rni bitadi. Ammo xoinlikning asorati abadiy. Uni davolashning yagona yo‘li – qasos!.. Buni avvalroq tushunganimda, hozirgacha qiynalmasdim.
Nimadan boshlamoq lozim?..
Qodirqulning xiyonati kechirilmas gunoh. Avvalo, o‘shandan o‘ch olaman.
Zudlik bilan provodnikni qidirdim, menga hozir yo‘g‘on bo‘yni naq qulog‘i ostidan yelkasiga tutashgan chiyilloq kimsadan o‘zga najot yo‘q. Taraddudimni sezgan Izzat imo qilib mo‘ljalimga yo‘lladi. O‘sha tomon yurdim. Ko‘p o‘tmay, izlaganimni topdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlanarkanman, u xos xonasiga taklif qildi. Dam olishga bo‘sh joy so‘rashimni kutdi shekilli, yaltoqlanib termildi. Sazasini o‘ldirmadim, kissamdan pul chiqarib, oldiga tashladim. Ikki piyola choy ichdim. Qaytimini olmadim. Bundan shodlangan provodnik ilhomi jo‘shib, gurunglasha ketdi. Payt poylab, mavzuni muddaoga burdim, qaysi sherigiga qiziqayotganimni anglamadi. Qiyofasini tasvirlagach, Qodirboy haqida so‘rayapsiz, chog‘i, dedi. Bosh irg‘adim. U qo‘llarini juftlab, yuziga fotiha tortdi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Axir, xiyonatkorni men o‘ldirishim kerak edi-da…
Nega bunday bo‘lganligini anglash uchun bir lahza o‘yga cho‘mdimu, beixtiyor titrab-qaqshayverdim, vujudimda talvasa boshlandi. Oyog‘imdan mador ketdi. Boshim yelkamga qiyshayib, xayollarim chuvalashdi…

* * *

…O‘qishni tugatgach, harbiy xizmatga borish orzusiga tushdim. Men yuksak niyatlarda yo‘lga otlandim, ammo, xizmatim Rossiyaning bepoyon o‘rmonlarida o‘tmadi. Afg‘onistonga jo‘nadim.
Ikki yuzga yaqin askarni olgan ulkan samolyot peshinda Kobul aerodromiga qo‘ndi. Saflanib, begona tuproqqa qadam bosgan onimdayoq dimog‘imga g‘alati hid urildi. Begona yurt havosi… O‘lim isi kelmoqda. Ko‘pchilik tushkunlikka tushdi. Men esa o‘zimni yo‘qotmadim. Azaliy jangchiligim tufayli paymonaga yuzma-yuz kelishdan hayiqmadim, ajal qochganning izidan quvadi.
Xizmatim davomida aytishga arzigulik voqea sodir bo‘lmadi hisob. Ya’ni, begona elni bosishga otlanganlarning ko‘rgiliklaridan ortig‘iga uchramadim. Qaytar onlari sovg‘a-salom xaridiga yaqin-o‘rtadagi do‘konga otlandim. Biz – to‘rt nafar yigit, qarorgohdan chiqib, kichikkina kent ro‘parasidagi qo‘riqlov punktiga keldik. U yerdan tank komandiri bilan birgalikda bozorga jo‘nadik. Tankchiga chor-atrof besh qo‘lday ayon. Shu sabab, hech kim qurol olmadi. Faqat men, tarki odat – amrimahol, avtomatimni tashlamadim. Hatto, yo‘lboshlovchi aytsayam, qurolim yonimda qoldi…
Rastalarni aylanarkanmiz, ortimizdan ergashgan baland bo‘yli mujohidga e’tibor berdim. Boshiga salla o‘ragan, uzun chakmondagi afg‘on izimizdan barcha do‘konlarga kirdi. Nihoyat, olarimizni olib, o‘rtaliqqa chiqqandik, to‘satdan tankchining yuzi oqarib, yelkamdagi qadrdonimga ishora qildi. Tushunarli. Epchillik bilan avvaldan o‘qlab qo‘yilgan qurolimni qo‘lga oldim. Endi mo‘ljalga urishim uchun ikki soniya kifoya. To‘g‘rilaysolib, tepkini bossam bas, bittani qulatishimga kafolot bor. Ammo, tankchini nima bezovta qildi?.. Men ohista ortimga o‘girilarkanman, boyatdan beri ergashgan kimsaning ridosi ko‘kragi baravar ko‘tarilganini sezib qoldim. Bu – kiyim ostidan o‘qtalgan avtomat stvoli. Hamma tosh qotdi. Butun bozor ahli bizga termilgan. G‘olib sho‘ravining to‘rt askari ham ojizona titrab, g‘oyibdan madad kutmoqda. Biz haykaldek qotib, bir-birimizga tikildik. Tillarimiz sukut saqlasayam, nigohlarimiz so‘zlashdi. Raqibim, tepkini bosgan taqdirda, men ham o‘t ochishga ulgurishimni tushunganga o‘xshadi. Har holda, jon shirin, bekorga o‘lib ketishni istamayapti. To‘satdan, u boshqa tomonga yuz burdi. Shunda g‘alati chaqnagan ko‘zlarini tanib qoldim. Bu o‘shanda o‘zini sho‘rolar o‘ldirib, xotinini zo‘rlagan, bolalarini qilichdan o‘tkazgan bosmachi kulbasidagi so‘nggi qo‘rboshining nigohi. Qismat qaytadan takrorlanmoqda. Beixtiyor, raqibim ishora qilgan tarafga qayrildim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimda yana Qodirqul. Tankchilar kiyimidagi og‘am allaqachon to‘pponchasini chiqarib, ham sho‘ravini, ham “dushman”ni mahv etishga shaylangan. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, ko‘ksimdagi teshik haligacha o‘qtin-o‘qtin og‘rishi yetarli emasmi?..
Men mujohidga ko‘z qirimni soldim. O‘sha zahoti bir-birimizni tushundik. Baravariga tepkini bosdik. Tankchi ulgurmadi, ihragancha quladi. Olomon sarosimada. Hatto, birga kelgan askarlar ham hayron. Nima gapligini faqat o‘zimiz bilamiz.
Umumiy dushmanimiz yiqiliboq, ro‘parama-ro‘para yuzlandik. Qurollarimiz tag‘in olov purkashga tayyor. Barmoqlarimiz tepkiga mixlanib, salgina himoga intiq…
Ikkalamiz ham vaziyatni qo‘lga olishga intilarkanmiz, uning ko‘zlarida xayrixohlikni ko‘rdim. Birdaniga o‘zimda ham ayni tuyg‘u uyg‘ondi. Biroq, barmog‘imni tepkidan ajratolmadim. Bu asabiy holat nimaga olib kelishi noma’lum. Oxirgi damda, o‘rtamizda bosh-adoq pushtirang matoga o‘rangan sarvqomat ayol qad rostladi. Chodra tagidan chaqnagan o‘tli nigohi katta ishga azmu ixtiyor etganidan darak bermoqda…
Mana, u ogohlantirgandek, qo‘llarini baland ko‘tardi. Hozir dushmanni nazardan qochirish halokatli oqibatga duchor qilishini yaxshi tushunsam ham qiziquvchanligim ustun chiqdi, sinchkov ko‘z yugurtirayotib, ayolning kaftidagi qora xolini ilg‘ab qoldim…
Hayhot!.. Qachonlardir bizni makon va zamon o‘ngirlarining qarama-qarshi tomonlariga yo‘naltirgan qismat aynan bugun uchrashtirishini kim o‘ylabdi? O‘shanda jallod boltasi judo etgan boshimni yelkamga qo‘ndirtirib, qaytadan yashashga rag‘batlantirgan Huvaydo, endi boshqa olamshumul vazifani bajarish maqsadida qarshimda turardi. Bexosdan u, nafaqat menga, balki, ro‘paramdagi “dushman”ga ham birdek qadrliligini anglab qoldim. Zero, bugun yuzma-yuz turgan raqiblar aslan dunyoqarashlari adashib, ikkiga ajralgan yagona xilqat ekanligini Huvaydo bilmasa, kim bilardi?
…O‘rtamizdagi ojizaga nazar tashlab, menga o‘girilgan mag‘rur mujohidning jangovar nigohida favqulodda sulh ilinji ko‘rindi. Demak, otishga haqim yo‘q, o‘zim bilmagan holda, qurolimni tushirdim. Huvaydo g‘oyib bo‘ldi. Biz olg‘a yurdik, masofa qisqaraverdi. Nihoyat nafasimizni-da aniq eshitdik. Yana ikki lahza o‘tib, ming yillarga cho‘zilgan ayriliq yakun topdi. Necha yuz yillar burun nomard xoqon ajratib yuborgan ikki dunyo qayta birlashdi. Vujudimga jannatiy orom do‘ndi. Xayolim ravshanlashib, ruhimni ilohiy bir epkin allalay ketdi. O‘zimni tavbasi qabul bo‘lgan osiy misoli sezdim. Endi men umrini azim muhorabalarga bag‘ishlagan jasur sarkarda emasdim. Raqibi bilan uyg‘unlashgach, Qarg‘axonning shavkatli sarkardasi Ollohning ojiz bandasiga aylangandi, xolos…
Endi kaptarbozni hisobga olmaganda, zimmamda majburiyatlar qolmadi. Shuni ham bajarsam, ozodman… Tiz cho‘kdim. Ibodatga chog‘lanib, qo‘llarimni ko‘tardim. Chin dildan o‘kirib, tavallo qildim. “Ey, Qodir Egam! Bechoraning gunohidan kecha qol! Buning uchun kimningdir iqrori kerak bo‘lsa, mana – men, vatanfurushga atalgan qismatning yarmiga shu bandangni sherik qil!..”
To‘satdan, nima deyayotganimni tushunib qoldim. Apil-tapil, tavba etmoqqa chog‘landim. Ammo, kechikkandim. Qalbimda jahannam tushkunligiga yetaklovchi g‘alayon uyg‘ondi. Bemavrid shoshma-shosharligimdan endi afsuslana boshlovdimki, to‘satdan shuurim yorishaverdi. Ruhiyatimga ravshanlik kirib, qushdek yengillashdim. Bandasining tazarrusi yetgan Egamga, tavallosi ham yetib borganiga shubham qolmadi.
– Shukr, Ollohim, shukr!..
Kimdir avaylab turtdi. Qarab, ko‘zlarimga ishonmadim. Axir, manavi xushqomat ayol umr bo‘yi izlaganim emasmi? Uning chaqnoq nigohidagi mamnuniyat esa singilning kaptarboz og‘a taqdiridan xotirjam tortganligi ifodasi-ku…
Ha, men hozir umumiy vagonning derazasi oqqa bo‘yalgan bo‘lmasidaman. Bir tomonimda juda-juda tanish ayol. Ikkinchi tomonimda siyog‘i o‘zimga o‘xshash o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi yigit.
– Dadasi, o‘zingizga keldingizmi?..
Ayol yuz-ko‘zlarimni silab-siypadi. Qo‘llari betimga iliq harorat baxsh etarkan, hammasi o‘tib ketganiga qayta-qayta shukronalar o‘qidim. So‘ng atrofimdagilardan ham tortinmay, yumshoqqina kaftlarini o‘pa boshladim. Chalimi menga o‘xshash yigitcha uyalmasin dedi chog‘i, nigohini oqqa bo‘yalgan derazaga qadadi. O‘zimga kelgach, o‘pkamni bosib, ayolga boshdan-oyoq nazar tashladim. Bu o‘sha, ming yillik umrimning olis manzillarida goh Musharraf, goh Sadoqat, goh Qorasochbonu qiyofasida shavkatli sarkardasiga hamroh bo‘lgan Huvaydo hozir yonimda jufti halolim Intizorga aylangancha, qimtinib turibdi. Yerga boqib, entikishlari ham o‘sha-o‘sha…
Shu payt nariroqdan hazin qo‘shiq yangradi. Yigitcha o‘sha tomonga yo‘naldi. Biz bir-birimizga termilib qoldik. Ichimdagilarni tushungan ayolim dalda berdi.
– Men doimo yoningizda edim, sarkardam. Bu olis yo‘lda sizni yolg‘iz tashlab ketolmasdim. Talog‘utni asir olib, poytaxtga qaytgan kunni eslaysizmi? O‘shandagi muhringizga sodiqligimga Tangri guvoh.
U kaftini yozdi, necha asr muqaddam oyoq ostidagi gulxanda cho‘qqa aylangan qilichim qoldirgan dog‘dan xiyla xijolat tortdim. Qizarganimni yashirish uchun atrofimga alangladim. Qarshimdagi o‘rindiq bo‘sh. Keyin… navbatdagi tilsimotga duch kelgandim… Intizor nega dong qotganimga tushunmay, o‘zicha izoh berdi.
– Bir chol kampiri bilan ketayotgandi. Sal oldinroq tushib qolishdi…
Menga chol-kampirning qizig‘i yo‘q. Hozir narigi o‘rindiqda o‘zimning eski chamadonim va Qorasochbonuning qo‘ng‘ir diplomatini ilg‘ab qoldim. Ularni safarim boshida, ellik yil burun qanday qoldirgan esam, o‘shandayligicha turibdi… Tilim kalimaga kelmay, g‘uldirarkanman, chalimi o‘xshash yigitcha qaytdi. Joyiga o‘tirib, eshitgan qo‘shig‘ini maqtashga tushdi.
– Sochi yelkasiga tushgan olifta boboy gitarada hayot qo‘shig‘ini kuylamoqda…
Endigina ko‘rganlarim uzundan-uzoq tush ekanligiga iqror bo‘layotgandim. Bu gap­lar xayollarimni puchga chiqardi. Dahshatli o‘ngimga qaytsam, esim og‘ib qolishidan cho‘chib, titrayverdim. Ayanchli holatimga e’tiborsiz yigitcha yana menga yuzlandi.
– Dada, o‘sha chol sizga salom aytdi. Kitobingizni so‘radi. Qo‘shiq qilib kuylarkan…
“– Dada, dedimi?..”
Dod deyishdan zo‘rg‘a tiyilib, xotinimga termildim. U ma’noli nazar tashlab, Qorasochbonuning qo‘ng‘ir diplomatiga cho‘zildi. Ichidan sarg‘aygan surat oldi. Voajab, unda men, Intizor va shu yigitcha quchoqlashib turibmiz. Demak, bitta oilamiz! Ko‘nglim yorishib, ikkalalariniyam bag‘rimga bosdim. So‘ng negadir, yana bir boqishni istab qoldim, undagi qaysidir chizgi menga begona tuyulgandi. Ha, rasmda rostdan ham bo‘g‘zimdagi qizil chiziq yo‘q!..
Intizor bejirim oynachasini yuzimga tutdi. Adashmabman, buyuk xoqonning bema’ni qasosidan esdalik chandiq izsiz yo‘qolgan. Apil-tapil ko‘ylagim tugmalarini yechib, ko‘kragimni paypasladim. Yuragim ustidagi Qodirqul og‘amning beshotaridan qolgan tirnoqdek teshik ham sezilmaydi. Yaralarimni batamom bitishi uchun naqadar mashaqqatli sinovlardan o‘tganim endi hech kimga sir emasligini bilsam-da, o‘zga narsadan taajjublandim. Qodirqulda haqim qolmagani aniq. Ammo, bo‘ynimdagi chandiqning yo‘qolishini qanday tushunay? Axir, Qarg‘axonning asorati o‘z-o‘zidan bitmaydi-ku…
Fikrim bo‘lindi. O‘g‘lim chamadonimning qopqog‘ini ko‘tardi. Unda nima borligini avvalroq aytgandim. Bir sidra yangi kiyim-bosh olis yillar burun qanday taxlangan bo‘lsa, shunday yotibdi. Ularni olib, nuridiydam qaygadir chiqdi. Zum o‘tmay, pochasi keng oq shimim va badaniga mahkam yopishgan yoqasi katta ko‘ylagimni kiyib qaytdi. Shu turishi o‘sha o‘n yetti yasharligimning xuddi o‘zi. Ko‘zim quvonib, uni quchoqladim. Qo‘llarim baquvvat yag‘rinini siypalarkan, nogoh, kuragining tagidagi g‘alati chuqurchani paypasladi. Bu – nima? Nahotki, orqadan canchilgan nayza asorati bo‘lsa?..
Fikru xayolim yana xoinlik atalmish sirli jumboqqa, so‘ng makkor xoqonga qaytdi. Chuvalashgan o‘ylarimni aniqlashtirish uchun xotinimga yuzlandim va sirli jilmayishidan so‘zining ustidan chiqqanini sezdim. Zero, yonimdagi yigit hali butun o‘tmishi-yu kelajagi olg‘a chorlayotgan buyuk o‘g‘lon edi. U ishonchimni mustahkamlash niyatida derazaga tutash stoldagi qo‘lyozmalarimni olib, belgilangan sahifasini ochdi. Men o‘qiy boshladim.
“…Oqayotgan qonni to‘xtatolmaganim sababli, asta-sekin madorim qurib, hushimni yo‘qotdim. Endigi sal harakat vujudimni batamom qonsizlanishiga olib keladi. Yaxshisi, kutishim kerak. Zora, mo‘jiza yuz bersa…
Jinday orom a’zoyi badanimga quvvat bag‘ishlaydi, ko‘zlarimni yumdim…
To‘satdan xayolimda qasos o‘ti cho‘g‘landi. Shunda hozir uyqudan ham muhimroq yumushlarim borligini, xususan, Qarg‘axonning shum taqdiriga aralashmog‘im lozimligini o‘yladim. Oxirgi quvvatimni yig‘ib saroyga uchdim, xizmatlarim qadriga yetmagan noshukur bandaning sharmandali o‘limini ko‘rish maqsadida kutaverdim, kutaverdim…
Oradan yillar o‘tdi. Bir kun Qarg‘axon davlatiga noma’lum sarkarda qo‘shin tortdi. Shahriston tashqarisidagi hovorlikda o‘tgan shafqatsiz muhorabada daryo-daryo qon to‘kildi. Behisob kallalar sapchadek uzildi. Xoqondan omad ketdi. Shunda u ilk bor sharafli qo‘mondonini nohaq o‘ldirganiga pushaymon chekdi. Negaki, bugungi yosh jangchiga faqat o‘zim bas kela olardim. Ammo, o‘sha makkorona hukmini amalga oshirmaganda, ushbu urush ham bo‘lmasligini bechora Qarg‘axon qayerdan bilsin? Axir, ulkan qo‘shinni tor-mor etgan g‘olib lashkarboshi mening o‘g‘lim edi-da.
Men olamni zir titratgan hukmdor mag‘lubiyatini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Uni ayollar kiyimida qochayotib, qo‘lga tushganiga ham guvoh bo‘ldim. Besh-olti kun o‘tib, cholni Talog‘ut ikkimizning boshimiz kesilgan o‘sha muqaddas joyda qatl etishdi. Bu jazo ota qasosi edi. Nihoyat, qonga qon olinganidan ko‘nglim halovat topdi…
Qasoskor jahongirim shavkatli yurishlari debochasiga aylangan g‘alabasini uzoq nishonlamadi. Yangi safarlarga otlandi. Bu mashaqqatli yo‘lda uni ulug‘ ishlar, zamondan-zamonlarga hatlaydigan cheksiz shon-sharaflar ila izma-iz manfurlik va olchoqlik va xoinlik kutayotganini faqat men va Yaratgan Egam bilardik, xolos…”
Bu satrlarni qachon yozganman? Yana jumboq? Yana tilsim?..
Ammo, oxirgi qarzimdan qutulganim, bo‘g‘zimdagi aylana chandiqning bitish sabablari ayon bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, endi jismu jonimni betinim azoblaydigan majburiyatning o‘zi yo‘q. Zimmamdagi barcha mas’uliyatlardan ozodman. Hech kimda haqim qolmagan. Shu sabab, necha yuz yilda birinchi marta qonib-qonib, erkinlik havosidan yutdim. So‘ng minnatdorlik aralash mehr-la o‘g‘limning yelkasidan quchib, kitobimni qo‘liga tutqazdim. U qo‘shiq sadosi taralayotgan bo‘lmaga yo‘naldi. Zum o‘tmay, o‘sha tomondan ma’yus ohang, izidan shirali ovoz yangradi. Izzat umrim kitobini kuylay boshladi…
Avvaliga unchalik yopishmagan kuy va so‘z bora-bora, shunchalar uyg‘unlashib ketdiki, beixtiyor barchaning diqqati qo‘shiqqa mixlandi. Men kitob egasiga yetganidan ko‘nglim taskin topib, o‘g‘limni kutdim. U yangicha ohang ta’sirida xayol surib, joyiga qaytar-qaytmas, diqqati kimgadir qadalganini sezdim. O‘sha tomonga yuzlanib esa navbatdagi sinoatga yo‘liqdim, xoh ishoning, xoh ishonmang, yonimizdan dumbul yoshligimdagi Muhabbat o‘tmoqda edi. Qiz karashmali nigohi-la bizga jilmaydi. Aniqrog‘i, navqiron sherigimni mo‘ljallab, ishvalandi. Navqiron sherigim ozroq taraddudlandi-da, uning izidan jo‘nab qoldi. Sarosimada qotgan choliga Intizor dalda berdi.
– E’tibor bermang dadasi, o‘zingizning yoshligingiz…
Men o‘g‘lim qizning qo‘lidan tutganini, kaftini o‘girib, uzoq tikilganini ilg‘ab, yana bir bor “yo‘q”, deya hayqirmoqchi edim, tilimni tishladim. Bu dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bunga o‘zimning chuvalashgan taqdirim guvoh. Endi esa ota qismati farzandga ilashganidan jismi jonimni alamli armon egalladi. Chunki ulug‘ ishga otlanganlarning toshi og‘ir keladi. Bu yukni ko‘targan zot, boz ustiga, nimasidandir voz kechadi. O‘sha kechadiganing peshonangdagi taqdiring bo‘lsa, bundan yomoni yo‘q. Illo, kishi o‘z yozdig‘i ila kelib, o‘z yozdig‘i ila ketgani yaxshi. Mening zurriyodimga esa silsilalarga to‘la haqiqiy umr nasib etgan ekan, nega faxrlanmay?..
…O‘g‘lim ko‘ngli to‘lib, Muhabbatni qo‘ltiqlab oldi. Shunda mudom o‘n sakkizda yashagan sirli xilqat balog‘at yoshidagi bo‘y qizga aylandi-qo‘ydi.
Yuqoridan belgilangan taqdirlarga aralashish bandasiga nojoiz. Shu bois ulardan diqqatimni uzib, anchayin qartayib ulgurgan kampirimga yuzlandim. Uning mavhum nuqtaga muttasil tikilishdan yoshlangan nigohini ko‘rib, ikki tomchi qon qotgan o‘sha dastro‘molimni uzatdim. Intizor ro‘molchani olib, charchoqdan qizargan ko‘zlarini emas, oq bo‘yoqdan xiralashgan oynani artuvdi, ne ajabki, deraza asliga qaytdi, atrof yorishdi. Nogahoniy charog‘onlikdan dilim ravshanlashib, yengil ruhiyat ila uzoqlarga termilarkanman, poyezdimiz navbahorning qiyg‘os gullagan chamanzorlarini ortda qoldiraverdi. Yiroq-yiroqlardan yozning hosildor daraxtlari bo‘y ko‘rsatdi. So‘ng yashil bog‘lar sarg‘aydi. Asta-sekin tevarakning xazonrezgi rangi quyuqlashib, qalbimga osoyishta hissiyot to‘kildi. G‘oyibdan yangragan navo ko‘ngilni orziqtiruvchi ohangda allalay ketdi. Ko‘zlarim suzilib, nazdimda olis-olislardan oppoq nurga o‘ralgan ajib bir siymo gavdalandi. Farishtadek charaqlagan mehribon volidamni darhol tanidim. Onam rozilik alomati barq urgan qiyofada asriy azoblardan xalos bo‘lgan farzandini qoshiga imlayotgandi…
Vujudimga ming yillab kutilgan huzurli halovat yoyildi…
Tashqaridan ko‘z uzmay kelayotgan Intizorim kayfiyatimdagi o‘zgarishlarni ang­lab, mamnun jilmaydi. Ayni damda, fanoning omonat lahzalari naqadar g‘animat tuyulmasin, ikkimiz ham salkam abadiyat qadar cho‘zilgan uqubatli umrguzaronligimiz yakunlanayotganidan baxtiyor edik, poyezdimiz tabiatning uvol-savobini sarhisob qilayotgan donishmand kuzak maydonlariga kirib borayotgandi…

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 5-6-sonlar