Quyosh ko‘kda jilva qiladi. Bahor chindan borliqni yashnatib yuborgan edi. Muambar shamol chunon diltortar, ham nilufar samo huzurbaxsh, ham borliq cheksiz va shaksiz go‘zal edi. Kun peshindan o‘tib, asrga qarab og‘di. Akam ikkimiz shahardan qishloqqa qarab yo‘l soldik. Yukim yo‘q hisob, ichi shirinliklarga liq to‘la ixchamgina bir jomadon, xolos. Onam kattang bilan enangga, deb mazali pishiriqlar solgan edi.
Tekis yo‘l tugab, toshloq yo‘lga duch keldik. Mashina go‘yo taysallab qolgandi. Men esa tezroq enamning huzuriga yetishni orzulayman. Tog‘ bag‘riga kirib borganimizda, quyosh olis-olis tog‘lar ortiga erinibgina yashirina boshladi. Bu o‘lka o‘zi ajoyib! Biz viqor bilan mag‘rur qad ko‘targan tog‘lar tomon tobora yaqinlashib boryapmiz. Yashil barqut yopingan qir-adirlarga, bodom, jiyda butalari bilan qoplangan zangor-qizg‘ish qoyalarga hali inson qadami yetmagan ko‘rinadi. Ham gardsiz, musaffo tog‘ havosi, ham diltortar, so‘lim shamol, ham feruza osmon – barchasi borliqqa shaksiz bir ajoyib manzara baxsh etgan.
Yomg‘iru sel o‘pirib ketgan jarliklar ko‘zga tashlanadi, huv narida esa dara tagidan jilolari tosh quchoqlagan soy tinim bilmay oqmoqda…
Biz mashinada asrlar bilan yuzlashgan serviqor tog‘ning tagiga yetib keldik.
– Ha, savil qolgur! – Akamning yuzi tundlashdi.
– Nima bo‘ldi? – Xavotirlanib so‘radim.
– Mashinaning motori qizib ketdi.
– Endi nima bo‘ladi?
– Nima bo‘lardi, – akam tormoz berdi, mashina to‘xtadi.- Picha kutamiz. Ozgina sovisin.
Biz kimsasiz tog‘ning shundoq poyida to‘xtadik.
Olisda otliq bir kimsaga ko‘zim tushdi: otga arava qo‘shilgan edi, u tobora yaqinlashib, nihoyat bizning yonimizda to‘xtadi. Uning ustida chopon, boshida kiyilaverib eskirib ketgan telpak. Garchi o‘lkaga bahor kirib kelgan bo‘lsa-da, atrofda tog‘ izg‘irini kezinib yurardi. Shu sabab notanish kishi qalin ust-bosh kiyib olgandi. Tog‘ havosi o‘zgacha, shahar iqlimidan keskin farq qiladi, hatto saraton chillasida ham sahar chog‘i va kechki paytdagi salqin va namiqqan havo kishi vujudini bexos junjiktiradi.
Sovuq, biroq ajoyib, huzurbaxsh hovur tarqalgandi, ammo atrof sokin, ko‘k gumbazi ham osuda, kishining bahri dilini ochar edi. Borliq ko‘rkamlashgan. Tabiat qonunnining tezkor, hamda ko‘z ilg‘amas mo‘jizalariga to‘la ekanligiga tahsin o‘qiysan. Otliq kishi otdan tushdi.
Men boshimni qimirlatib:
– Assalomu alaykum – dedim.
U mening salomimga indamay bosh silkib alik oldi.
Akam u bilan qo‘l berib ko‘rishdi.
U qorachadan kelgan, oftob singgan yuzi tog‘ havosi bilan ko‘pdan oshno ekanligidan darak edi.
– Aftidan shaharga otlanibsiz shekilli?- Unga gap qotdi akam.
-Shunday, biroq kechroq yo‘lga chiquvdim, tezroq harakatimni ko‘rmasam, qorong‘uga qolib ketaman. O‘zlaring nima qilib turibsizlar?
– Otarga yo‘l solgandik. Savil qolgur mashinaning motori qizib ketdi, deng. Mana endi sovushini kutib turibman.
– Ha.
Ular tamaki tutatishdi. Hamma o‘z o‘yi bilan ovunib, jimib qolgandi.
U akam bilan xayrlashdi, so‘ng otiga qamchi solib, bizdan uzoqlashib ketdi. Biz esa mashinaning sovushini kutib picha turdik.
Quyosh enkayib ufqdan tavof olmoqda edi. Ufq bunda tutab yongan gulxanni muallaq ko‘tarib turardi. Mash’ala lahza sayin faromush so‘na boshladi-yu, go‘yo dami ichiga qaytib, butkul o‘chib qoldi. Ajabo, quyosh botib ulgurmasidan tun bostirib kirdi. Tog‘ manzarasi bir boshqacha, hayratli. Tog‘ tepasida va yonbag‘irlarida qor erimaganligi bois borliq qorong‘u emas.
Nihoyat enamnikiga yetib keldik. Mashina to‘xtaganini eshitgan enam bizga peshvoz chiqdi:
– Aylanay sizlardan, moshin ovozini eshitib, kim ekan deyman.
– Bizmiz-da,- dedim quvonchimni ichimga sig‘dirolmay.
– Biz, degan tilingdan o‘rgulib ketay.
U har ikkimizning peshonamizdan o‘pib, so‘ng ichkariga chorladi.
Uy ichi keng, saranjom-sarishta, har bir jihoz go‘yo aynan shu xona uchun mo‘ljallangandek.
Xona to‘rida Otam (men uni Katta deyman) biz bilan ko‘rishish uchun o‘rnidan turdi.
U qorachadan kelgan, yelkador, istarasi issiq, dilkash va ajoyib inson.
Enamni aytmaysizmi, bizning kelishimiz uni chindan suyuntirib yuborgandi! U ham barcha qishloqliklarga xos sodda va samimiy, mehmon kelsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladigan, nihoyatda mehmondo‘st ayol edi. Ayni bu chog‘ u suyunganidan ko‘ziga yosh olib, tinmay aylanib-o‘rgilmoqda edi. U nuqul “kelib ja yaxshi qildinglar-da, o‘rgulib ketaylar” deya so‘ylanardi.
– Ayang kelmadimi?
– Ishidan ruxsat ololmadi.-dedim.
– Dadang, ukalaring omonmi?
– Tuzuk, so‘rashib qoldi.
– O‘qishdan, Toshkandan qachon kelding?
– Uch-to‘rt kun bo‘pqoldi.
– Ha yaxshi. O‘ziyam sog‘inib turuvdim. Keganlaring yaxshi bo‘ldi.
Enam hayal o‘tmay o‘rtaga dasturxon soldi. Zum o‘tmay dasturxon endigina tandirdan uzilgan xushbo‘y non, shirinliklar, jiyda, bodom, yana deng men suyib yeydigan mayiz murabbosi bilan to‘ldi. Jomadon to‘la pishiriqlarni maqtay-maqtay, dasturxonga qo‘ydi. Orada o‘choqda qovurma pishirib kelganini sezmay qoldim. U suyagi yengil, chaqqon, qo‘li shirin ayol: nima taom pishirmasin, totli va mazali bo‘lib tuyulaveradi.
Taomlanib bo‘lgach, Otam yostiqqa yonboshlab, akam bilan gurunglashdi. Biz esa pichirlashamiz.
Vaqt allamahal bo‘lgach, to‘shakka uzala tushib, uxlab qolganimni sezmay qoldim.
Sahar chog‘i ishiga kechikmaslik uchun akam mashinasida shaharga qaytib ketdi. Men esa uch-to‘rt kun qoladigan bo‘ldim. Nonushtadan so‘ng enam Otamga aytib qoldi:
– Kattasi, qo‘zichoqlarning semizini tanlab so‘ying, nevaraginamga bir shirbozkabob pishirib beray.
Otam pichog‘ini qayrab qiniga soldi, so‘ng qo‘zichoqlar qamalgan qo‘ra tomon ketdi.
Bolaligimdan tog‘ni, uning gardsiz, musaffo havosini, mening tasavvurimda odamiylikning go‘zal, ayni paytda barkamol namunasi bo‘lgan qishloqliklarni qadrlayman. Atrof bir zarb bilan tinchlantirilgan-u, bunda bahor quyoshi sahovati-la o‘lkaga zarrin nurlarini beminnat sochayotgan edi. Havo ochiq, atrof yanada ko‘rkamlashgan, go‘yo borliq tuyqus nurga g‘arq bo‘lgandek, yarqirab turibdi. Baayni birov tirsagingga uchli tayoq bilan turtgan misol, vujuding oniy turtkidan jimirlab ketgandek. Ko‘ngling tobora ravshanlashadi, quyoshning shu birgina jilosi qorachiqqa quyilib oqib, qalbda ajoyib taassurot uyg‘otadi.
Men qirga qarab yo‘l soldim. Artof sokin, shu qadar jimjitki, banogoh ot kishnab qolsa, tog‘-toshlarga aks sadosi urilib qaytadi.
O‘ng tomonda dara, berida yashil barqut yopinchiq yopingan yalanglik quyosh nurida ajoyib tovlanib, atrofga o‘zidan zangori yashillik tarqatmoqda edi. Ko‘rkam va azamat tog‘lar… Quyida qir-adirlar yastanib yotardi. Ham poyimda tizza bo‘yi maysalar ichida bosh ko‘targan takasoqol… Barchasi shaksiz, beqiyos go‘zal… Tomirlarimga bir jilo quyiladi. Bu jilo eng so‘nggi muazzam tomirimga omon yetib borgach, men chandon tetiklashaman. Bu shunday bir his ediki, shahar ko‘chalarida uloqib, dimiqib ketggan, so‘ng tog‘ qo‘yniga tushib qolgach, bu musaffo havodan to‘yib, simirib nafas olayotgan oniy lahzalarda buning qadriga yana-da teranroq yeta boshlaysan. Bu katta-yu kichik insonga xos bo‘lgan bir ajoyib hiski, kimsa aynan shu muazzam sezgisi bilan boshqa hilqatlardan ajralib turadi. Zamini zangor maysalarga o‘rangan adirlar qo‘ynida bolakay kabi betashvish va beg‘ubor bo‘lib qolgandim. Tog‘lar va daralar isi anqigan hayotbash havodan nafas olishga ne yetsin!
Qir-adirdan o‘tib, toqqa yaqinlasha bordim. Tog‘ga yetib kelgach, holsiray boshladim – cho‘kka tushib o‘tirib qoldim, g‘ir-g‘ir esgan shamol jonimga oro kirib, bir yo‘la uzala tushib yotdim. Ko‘kda qaymoqrang bulutlar xuddi osilib turgandek, muzdek huzurbaxsh havodan to‘yib sipqordim. Enamni ham, Otamni ham butkul esdan chiqarib, tashvishdan xoli ancha yotdim. Orombaxsh va beqiyos diltortar tog‘ havosi meni shu qadar jodulagan ediki, o‘shanda men bu ajoyib o‘lkada bir umrga qolmoqni orzulaganim rost edi.
Bir mahal allaqanday yoqimli sadodan o‘zimga kelib, atrofga quloq soldim. Kuy yanada jaranglab eshitila boshladi. O‘rnimdan turib, kuy taralayotgan tomonga qarab yurdim. Men turgan tog‘ deyarli baland emas, pastga razm solib qaragandim, ajoyib manzaraga ko‘zim tushdi. Tog‘ tepasidan qaragan chog‘im, pastlik ko‘zimga bir boshqacha ko‘rinib ketdi. Maysalar oralab suruvlar o‘tlashardi. Kuyni esa suruvlarning egasi chalayotgan edi. Behisob suruvlar bunda go‘yo do‘mbira sadosiga mahliyo bo‘lib, maroq bilan o‘tlashardi. Cho‘pon do‘mbirani shu qadar berilib, mohirona chalmoqda edi-ki, buni eshitgan kimsa, beixtiyor o‘sha to‘lqin ichida oqar edi. Toat-ibodat mahali inson qalbi naqadar sokin bo‘lsa, men turgan tog‘ ham, behudud osmon ham, bepoyon zamin, yastanib yotgan pastlik ham shu qadar osoyishta edi. Butun borliq faromush tushib, do‘mbira sadolari ta’sirida lol qolgandi. Atrofda muambar shamollar sochimni yelpib, yuzimni beozor silab o‘tadi, so‘ng cho‘pon bobo otining yollarini ohista taray boshlaydi.
U maroq va ishtiyoq bilan do‘mbira chalardi. Nazarimda o‘zi chalayotgan kuyning to‘lqiniga o‘zi qo‘shilib oqardi. Nihoyat biroz hirqiroq, ammo odamga xush yoquvchi, bag‘oyat huzurbaxsh tovushda kuylay boshladi u:
Sokin tog‘lar qo‘ynida,
Qir-adirning bo‘ynida,
Nola qilgin do‘mbiram,
Bitsin ko‘ngilda yaram,
Kuyla-kuyla do‘mbiram,
Etsin Xudoga nolam!
U shu qadar berilib, maftunkor va shirali ovozda san’atkorona kuylamoqda edi-ki, etim tuyqus jimirlab, ohang tanam ichra kezinib yetti muchamni alqab, tomirlarim ichida oqdi. Bu jilo so‘nggi muazzam tomirimga yetib borganida, men hushyor tortdim…
Kosa-kosa bo‘z ichib,
Bo‘zlab ketgan bolam-a!
Dunyo tashvishdan kechib,
Tuzlab ketgan bolam-a,
Nola qilgin do‘mbiram,
Bitsin qalbdagi yaram,
Kuyla-kuyla do‘mbiram,
Etsin Xudoga nolam.
Novcha bo‘yli, xiyol egilgan, yelkali va basavlat, yoshi esa yetmishga og‘ib qolgan bu kishining ko‘rkam gavdasi, bir paytlar navqiron yigit bo‘lganligidan dalolat berib turardi. Men yana quloq sola boshlayman.
Oh desam-ov, oh desam,
Ohim Xudoga yetmas,
Qo‘lim ko‘klarga cho‘zsam,
Olis osmonga yetmas,
G‘am-anduhim bitmas,
Kuyla-kuyla do‘mbiram,
Bitsin qalbdagi yaram,
Etsin Xudoga nolam.
Uning nolasi beqiyos g‘amgin va mungga to‘liq edi. U katta-katta ko‘zlarini olislarga tikib kuylayverardi. Aminmanki, u yon atrofiga qaramasdi, hech bir zog‘ni ko‘rmasdi, faqat kuylar edi. Berilib kuylar edi. Uning xonishi meni hayratga soldi. Bu xonishda nedir yashirin edi.Chindan uning qayg‘usi mislsiz edi.
U kuylamoqdan to‘xtab, tuyqus ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi. Ko‘nglim buzildi. Bu dilgirlikdan qaddim xiyol bukilib, yelkam qisilib qoldi. Umrimda bundan ko‘ra qayg‘uliroq va motamsaro holni ko‘rgan emasman. U cho‘kka tushib, do‘mbirasini dast ko‘tarib ko‘ksiga bosdi. Go‘yo o‘zining bud-shudini shu tilsiz og‘ochga berayotgandek, qaltiroq qo‘llari bilan do‘mbirani tag‘in mahkamroq quchoqladi, so‘ng kulfatini ichiga sig‘dira olmay yana yig‘ladi. Ko‘nglim tag‘in buzildi. U shu qadar miskin, shu qadar tushkun, shu qadar ma’yus ediki, qa’rimda bir otashzabarjon jo‘sh meni sergaklantirib qo‘ydi.
Qalbining qat-qa’ridan otilib chiqayotgan otashli yig‘i ko‘ksini yorib yuborgudek shiddatli va asov edi. Basavlat ko‘ringan kimsa bir zumda ko‘z o‘ngimda yosh bolaga aylanib qoldi. Uning qayg‘usi mislsiz, qa’ridan otilib chiqayotgan yig‘i esa to‘xtatib bo‘lmas sel toshqini kabi edi.
Shunda suruvlar ichidan chiqib kelgan it, egasining g‘am-anduhga to‘la yuziga tikildi. Keyin bir umrlik qadrdon do‘stining oyog‘iga tumshug‘ini bosib, iskalandi. Bir daqiqa jimlik cho‘kdi. Chol yig‘idan to‘xtadi, mening ko‘nglim tag‘in buzildi. Cho‘pon do‘mbirasini yoniga qo‘ydi. Uning rangi bo‘z singari oqarib ketgandi. Qo‘llari dag‘-dag‘ titradi. Iti bo‘lsa bezovta, bir joyda ikki-uch bor aylanib, so‘ng egasining yonida to‘xtadi. Dumini qisib, boshini osiltirgancha, egasiga termulib turdi. Bechora chol tuyqus nimadir yodiga tushgan kabi o‘rnidan turdi. O‘zidan ancha ilgarilab ketgan suruvlariga qaradi. Uning bu turishida adoqsiz dard va ayanchli qayg‘u mujassam edi. Nihoyat do‘mbirasini qo‘liga olib, suruvlari tomon qayrildi…
Bu dilgirlikdan o‘zimga kelolmay, qaddim dol turib qolgandim. Suruvlarni haydab cho‘pon bobo ham olislar tomon keta boshladi. Mana, nihoyat, eng so‘nggi nuqta ham ko‘zdan g‘oyib ketdi. Ko‘z o‘ngimda faqatgina bepoyon zamin, behudud osmon, serviqor tog‘ naqsh edi. Quyida qirlar bora-bora, tobora pastga enib, bepoyon dasht yalangligiga tutashib ketgandi.
Men esa hafsalasiz, ezgin va tushkun qiyofada enam va otamning yoniga qaytdim.
– Voy bolam-ey! Qayerlarda yuribsan?- So‘radi enam.
– Aylanib keldim.
– Otang shirbozi so‘ydi, tandir kabob ham pishdi, sendan bo‘lsa darak yo‘q. Endi izlashga tushaman, deb turuvdim.
– Ie-e bu nimasi! -deyman enamga qarab. U bo‘lsa:
– Ha-da, qarayman, ha deganda sendan darak yo‘q, jonim chiqib ketdi-yov, deyman. Ichimga g‘ulu tushib qolsa, adashib netib qoldingmi, deb o‘yladim.
– Yo‘g‘-e, vahima qimang, bu yerlar menga otning qashqasiday…
– Bilib bo‘lami.
Shunday qilib dasturxonga tandirkabob tortildi.
Biroq qulog‘im ostida cho‘pon bobo haliyam do‘mbira chertmoqda edi. U chalgan kuy, u kuylagan qo‘shiq hamon atrofimda tarala boshladi.
Enam choy damlagani chiqib ketdi. Men otamga qarayman: u shirboz kabobni hafsala bilan chaynab yutdi, keyin o‘ziga tikilib turganimni ko‘rib:
– Ha, ovqatdan olmaysanmi? Shu desang, o‘zi shirboz senga atab so‘yildi. Mazasi mening og‘zimda qoldi. Qani ol! – dedi meni yeyishga undab.
– Mana yeyapman.
– Qani yeganing?
Men kabob yeyishga tushdim.
– Katta,- dedim biroz o‘tgach, – shu atrofda do‘mbirachi cho‘pon bormi?
U menga qaradi. Go‘shtni yeb bo‘lgach, suyagini dasturxon chetiga qo‘yarkan:
– Ha, Sattorboyni aytyapsanmi?-dedi
-Otini bilmadim-u, lekin ja yaxshi kuylarkan-da.-deyman.- Boya aylanib olislarga ketib qopman deng. Uning aytganlarini eshitsangiz…
– Eshitganman, eshitganman.
– Bundan chiqdi uni tanirkansiz-da,- so‘radim, biroz ko‘nglim yorishib. Chunki mungli qo‘shiq egasi haqida nimadir bilgim kelmoqda edi.
-Nega tanimay, ja taniyman-da.
U shunday dedi-yu, yog‘li qo‘llarini yalab bo‘lgach, boshini quyi egib, xayol surib qoldi.
-Nega tanimay, taniyman, taniyman..- deya takrorladi yana.
Ochig‘i men undan biror qiziqarli hangoma eshitishni hohlardim. Bu istak shu qadar kuchli ediki, menda bir ajoyib umid tug‘dirdi. Orada enam choy olib kirdi. Piyolalarga choy quyilgach, birin-ketin choy uzatildi. Otam choydan ho‘plab:
– Ha qizim-a, ko‘pdan unut bo‘lgan bir voqeani yodimga solding-da, – dedi.
– Men senga aytsam, – u piyolasidagi so‘nggi qultum choyni ho‘pladi, so‘ng bo‘sh idishni dasturxon chetiga to‘ntardi va bir hikoya aytmoqqa chog‘landi. – U paytlarda men ancha tetik edim. Bahor bo‘y-bastini ko‘rsatib, kunlar ham isiy boshladi. Enang shaharga otlanib qoldi.
Haliyam bu kimsasiz dala-dashtda bir o‘zi yorilib ketmaydiyam, borsa-bora qolsin, deb enangni shaharga jo‘natdim.
Choy ichgim keldi, choydishga suv solib, yalanglikda qaynatdim. O‘rtada o‘t charsillab yonadi. Birpas o‘tib choydishim vaqar-vuqur qaynay boshladi. Men choy damlab, dasturxon yozdim, non, turshak, novvot olib keldim. Shunday qilib, yalanglikda tushlik qilgach, dasturxonni yig‘ishtirmay, erinib cho‘zildim. Havo ham yoqimli, atrof esa jim-jit. Oftob singgan tuproq isi dimog‘imga uriladi. Qishdan bezgan kezlarim o‘zimga dalda berganim esimga tushdi. Ha Rahmatboy, sho‘ringga sho‘rva quyiladigan bo‘ldi. Qorli, izg‘irin kunda dala –dashtda, qo‘ylarni boqaman deb, muzlab qolmasang go‘rga. Keyin o‘zimga dalda bo‘lib, ha picha chida, bu sovuq kunlar o‘tar ketar, deb qo‘yaman. Shularni eslab, bahor kelganiga shukur, deyman ichimda. Borliq boshqacha, osmon tiniq, atrof esa jim-jit. Yana nima kerak senga deyman o‘zimga o‘zim. Keng dalaga qarab ko‘nglim yayraydi. Bir oydin buloqdan suv ichgim kelib qoldi. Bir to‘lg‘ama havo uchadi, isi xush yoqib, dimog‘imda qoladi. Olisda kekkaygan qoyalar bir-biriga yelka tutgan. Ustida xuddi olmosday ko‘zimni qamashtirib, qorlar yarqirab turibdi.
Otim kishnadi. Uning bu kishnovi tog‘-toshga aks-sado berib atrofga qaytdi. Shamol esa uning yollarnini va dumini taray boshlagandi. Tog‘ cho‘qqilari tepasida kezinayotgan bulutlar bo‘z parchalari kabi atrofga tarqala boshladi. Bir payt mashina ovozi eshitildi. O‘rnimdan turib qarasam, uyim tomonga qarab kelayotgan qandaydir ulovga ko‘zim tushdi. Nihoyat otarga-tuyoqlarga ozuqa ortilgan mashina kelib to‘xtadi.
Mashinadan ferma mudiri, uning ketidan basavlat bir kishi tushib keldi. Men mudir bilan ko‘rishgach, uning yonida turgan kishi bilan so‘rashgani qo‘l cho‘zdim.
– Rahmat aka, sizga sherik, yordamchi cho‘pon olib keldim. Bir o‘zingiz qiynalayotuvdingiz, mana endi birgalashib boqasizlar.- dedi mudir menga qarab.
Meni Sattorboy, degan cho‘pon bilan tanishtirdi.
Sattorboy oq-sariqdan kelgan, basavlat, sochlari malla-yu, lekin ko‘zlari qora, keng yelkali, chayir bir kishi edi. Yuzining chap tomonida xoli ham bor.
Men yordamchi cho‘pon kelganidan suyunib ketgandim.Chunki mana ikki yildirki, shu tog‘ qo‘ynidagi kimsasiz dashtda bir o‘zim cho‘ponlik qilaman. Men unga qarab:
– Hali Xudo xoxlasa, og‘a-inilarday bo‘lib ketamiz, -dedim.
– Rahmat aka, Xudo xoxlasa shunday bo‘ladi, – dedi uyam suyunib.
Mudir menga qarab aytdi:
– Yem-xashakni tushirsangiz.
Men mollarga olib kelingan ozuqani qo‘raga bosdim.
– Qani, ichkariga kiringlar, bo‘linglar,- deyishimga qaramay, mudir haydovchisini shoshiltirdi:
– Qani tezroq bo‘l, moshinni tikka boshqarmaga hayda, majlisga yetib borishim kerak.
Men Sattorboyni uyga chorladim. Oilasi uchun ikki xona va dahlizni ajratib berdim.
Ertasiga u oilasi va jami ko‘ch-ko‘roni bilan ko‘chib keldi. Juda ajoyib kishi edi boyaqish. Men senga aytsam, – deb otam menga qarab oldi, keyin yana hikoyasida davom etdi.- Lekin fe’li bir xiyli edi. Shu desang, ertadan kechgacha lom–mim demay, indamay yuradi. Ba’zan bir gapga tushib ketsa bormi, uni hech to‘xtatib bo‘lmaydi. Mard, cho‘rtkesar, azamat kishi edi.
– Siz u bilan ko‘p birga qo‘y boqdingizmi?- so‘radim qiziqsinib.
– Yetti yil birga boqdik. O‘g‘li o‘lgandan keyin boshqa otarga o‘tib ketdi.
– O‘g‘li, o‘g‘li nega o‘ldi?
– Ha, peshonasida bittagina o‘g‘li bor edi, sho‘rlikning…
Otam uh tortib yana gapirdi.
– O‘sha paytlarni hech esimdan chiqarolmayman. O‘g‘li tushmagur Sattorboyning boshiga ko‘p tashvishni ortib ketdi, rahmatlik.
– Yaxshi bo‘lmapti. Nima bo‘lgandi o‘zi?
– Hozir aytib beraman.Uning turmushga chiqqan esli va chaqqongina bir qiz-u, bir o‘g‘li bor edi. Qizini Gavharoy deb chaqirardi. O‘g‘lining oti Shavkat edi. Shu o‘g‘li xo‘p ajoyib bola edi-da, yigiti tushmagur, xo‘p alomat edi. Sattorboy ikkimiz uni juda-a erkalatib yuborgandik. U shunday ziyrak, shunday abjir edi-ki, ko‘rkamligiga tahsin o‘qiysan.
– Rosti meni qiziqtirib qo‘ydingiz. Haligi o‘sha Shavkat deganlariga…
– Ha, o‘ziyam alomat bola edi-da. U ham xuddi otasiday xushbichim, baland bo‘yli, kelishgan qaddi qomatli yigit edi. Keng yelkasi ko‘chmanchi cho‘ponlarda uchraydigan, qiyinchiliklarga bardosh bera olishidan darak berib turardi. Oftob nuri singib ketgan keng peshonasida malla sochlari tushib turardi. Yana yurganda shaxdam, tetik qadam tashlab, o‘ziga ishonib yuradi, bu uning boshlagan ishini oxiriga yetkaza olishiga bir ishora edi. Aslida ham shunday edi. Eh, uning jilmayganini bir ko‘rsang, bolalarday beg‘ubor jilmayadi de. Xuddi otasiday sochlari malla, lekin qosh-ko‘zi qop-qora. Ko‘zlari boznab turgan cho‘g‘day porlab turardi. Bu uning jo‘shqinligidan dalolat edi. Bu charaqlash qizlarni o‘ziga maftun etardi. U chindan ko‘rkam, basavlat yigit edi.
Bir kun de, qo‘radan bir serkani olib kelib, yalanglikka qo‘yib yuborsa… Qani buyog‘i nima bo‘larkan deb turibmiz. Shunda u otning ustiga chiqib, yo‘rttirib ketdi… Ot ustida chapdastlik bilan yalanglikda qochayotgan serkani, yana de, chap qo‘lida orqa oyog‘idan ushlab o‘ziga qarata tortdi-yu, so‘ng uni ko‘ksiga mahkam bosdi.
Men qoyil qoldim.
– Asl chavandoz, chapdast bo‘ladi, yasha Shavkat o‘g‘lim, – dedim.
U bizga qarab, kulib turardi.
-Hey Sattorboy, kelinga ayt, o‘g‘lingining ko‘ylagiga ko‘zmunchoq qadab qo‘ysin,- dedim.
U gapimni ma’qulladi. Shu payt biz tomonga yaqinlashib kelayotgan bir otliqqa ko‘zimiz tushdi. Odil cho‘ponning o‘zi kelib bizni qishloqqa to‘yga aytib ketdi. To‘ng‘ichini uylantirayotgan emish.
Ertasiga biz to‘yga otlandik. Ovulda u paytlar to‘y kunduzi bo‘lardi. Bizni mezbonlar xush kayfiyatda kutib olishdi. Men bilan Sattorboyni siylab to‘rga o‘tqazishdi. “Jeng-jeng, olingis-olingis“ boshlanib ketdi. Katta lalitovoqda bilqillagan beshbarmoq, yana de xamiri uch-to‘rt dona, lekin usti qaziga to‘la.
Odilning o‘g‘li katta shaharda o‘qigan emasmi, kuyov jo‘ralarining ko‘pi Sarmarqanddan kelgan.
– Qani, kuyov jo‘ralar
Omad, omadat gardam,
Qaddi qomatat gardam,-dan boshlanglar-chi, deya tegishadi kattalar.
Yigiti tushmagurlar bo‘lsa bo‘sh kelmaydi.
-Chol bovalar, tek tursanglar-chi:
Oldi, xushimni oldi,
Juragimga o‘t soldi – dan boshlaymiz deydi. Gurillagan kulgu ko‘tariladi.
O‘yin-kulgi boshlanib ketdi. Qarindosh-urug‘lar kelin-kuyovga tuyona ulashdi. Bo‘za ichdik.
Keyin chavandozlik boshlandi. Yutganlarga sarpo ulashildi. Bizning Shavkat g‘olib edi.
Keyin yoshlar bazmi boshlandi. Qo‘ldosh baxshi dutor chalib, xonish etdi.
Hech esimdan chiqmaydi: qizlar bir tomon, o‘g‘illar bir tomon bo‘lib ashula, lapar aytishdi. Oppoq, ikki yonog‘i qip-qizil, bir suluv qiz bizning Shavkatning yoniga kelib, qo‘shiq aytib qolsa bo‘ladimi. Qizi tushmagur berilib ashula aytdi. Kayfim bormasmi, u aytgan qo‘shiqning ma’nosini anglayolmayman. Shavkat azbaroyi uyalganidan, burnining uchiga dovur qizarib ketdi. Men unga qarab tegishdim.
– Xo‘sh qalay ekan? – pichirladim qulog‘iga.
– Suluv ekan.
Ha, qizi tushmagur bag‘oyat chiroyli edi. Baland bo‘yli, ko‘zlari baxmalday qop-qora, nigohlari o‘tli. Ohunikidek hayratli. Shavkat undan ko‘zini uzmay tikilib qolgandi. Qiz ham orada ashula aytayotib unga qarab qo‘yadi. Keyin u dugonalari ichiga kirib ketdi. Azamatga qarayman, u xayollar ichida suzardi. Anchagacha shu taxlid jimib qoldi.
To‘ydan xush kayfiyatda manzilu makonimizga qarab yo‘l soldik. Tog‘ havosi bir boshqacha, bilasan. Kunduzi quyosh nurini ayamaydi, yer ko‘pchiydi. Kech kirgach, salqin, muzday havo odamni junjiktiradi. Biz yo‘lga chiqqanimizda shom tushay deb qolgandi. Lekin mag‘rib tomonga engan oy charog‘on edi. Behudud osmon dengizida mitti yulduzchalar chamanday boznaydi. Charog‘on oy, ham porloq yulduzlar qor qoplangan tog‘lar ustini shu’lalantirib, qizartirganday. Ha kuchingdan, deyman o‘zimcha. Olisda jarliklar biroz qorayib ko‘rinayotir. Atrofimizdagi rutubat o‘nqir-cho‘nqir qoyalarga ilashib-tutashib, singib ketyapti. Yana de, yengil esgan shamol otlarimizning yollarini tarab, yelpiydi. Otlar esa zo‘rg‘a qirga chiqmoqda edi.
To‘ydan xush kayfiyatda qaytayotganimiz uchun, bo‘za ta’siridami, tomirimda bir jo‘sh qaynayotgandek, shundanmi vaqtim xush edi. Shavkat hushtak bilan “Mustahzod”ni chalib qolsa.
– Ha, kuchingdan-ey!- dedim.
U menga bir qarab qo‘yib, yana xushtak chalib ketdi. Ehtimol uning xushtak chalishi, bolalarga xosdir, lekin tashvishlardan xoli, keng va bepoyon, buning ustiga jim-jit ona tabiat qo‘ynida bolaga aylanish tabiiy-da, aslida.
Pastlikka enib tushdik. Dimog‘imga muzdek hovur urildi. Otimning jilovini mahkam ushlab, so‘nggi bor unga qamchi soldim. Uzoqdan otar ko‘zimga xuddi do‘ppidek ko‘rindi. Yo‘limiz kalta bo‘lsin uchun, o‘rtadan kesib o‘tadigan so‘qmoq yo‘ldan ot surdik.
Manzilga yetib kelgandik.
Beayov kaltaklangan kimsaday, sulayib uxlab qolgandim.
– Keyin-chi, cho‘pon boboning o‘g‘liga nima qildi? – so‘radim men. Men voqeaning pirovardi nima bilan tugaganini tezroq bilgim kelardi.
-Ha hozir, picha sabr qilasan endi. Bir kun ularning uyiga kalla suqdim. Shavkat beliga kamar bog‘lab, bir yoqqa ketmoqchi bo‘lib turgan ekan. Ko‘zlari so‘nik, chehrasi ham g‘amgin, ham alamzada kayfiyatda.
Meni ko‘rib:
-Salomalaykum Rahmat bova, kiring ichkariga,- dedi.
-Valaykum, valayko‘m…Ha, yo‘l bo‘lsin o‘g‘lim. Qayga otlanib turibsan?
-O‘zim,- dedi u va jimib qoldi.
Aftidan u menga ichini yorgisi yo‘q edi. Ha, yo‘q bo‘lsa, yo‘q-da, deyman ichimda.
-Otang qani?
-Otam, opam ikkovi Gavhar opani ko‘rgani ketishdi. Gavhar opam o‘g‘il ko‘rdi.
– E,e, unda jiyan qulliq bo‘sin!
-Rahmat.
-Qachon xabarini eshittinglar?
– Kecha kechqurun eshitdik. Tongni zo‘rg‘a ottirishdi, deng, sahar chog‘i jo‘nashgan.
– O‘zing-chi, o‘zing, qayerga otlanding?
U menga tikilib qoldi. Keyin indamay yerga qarab xayol surdi. Jinday hijolat chekkannamo:
– Qishloqqa. Shu deng, – u duduqlanib. – ishim bor-da, –deydi.
-Bilaman, bilaman, – deyman unga tegishib.- To‘yga borib kelganingdan buyon halovating yo‘qolgan. Hammasini bilaman.
U menga yalt etib qaradi-yu, biroq bir so‘z demadi. Men esa yana hujumga o‘taman.
– Xayolingning o‘g‘risi kimning qizi ekan? Bunday og‘iz solib boray desam, qaysi uyga kalla suqishni bilmay halakman. Kimning qizi o‘zi?
U nigohini olib qochib, shahd bilan uydan tashqariga otildi. Men ham uning ortidan tashqariga chiqdim. U otini yo‘rttirib, olislarga yo‘l solgandi.
Men turgan yalanglik bag‘oyat keng, bu yalanglik Nurota tog‘ tizmalariga dovur cho‘zilgan. Berida qir-adirlar atrofni o‘rab olgandi. Men tayog‘imni oldim-da, suruvlarni yaylovga haydadim.
Tushga yaqin chanqay boshladim. Xurjundan bidonni olib suv ichdim, so‘ng otimning ipakday mayin yollarini silab qo‘ydim. Atrofda garmsel yuzimga uriladi. Nihoyat saksovulzorga yetganda tushlik qilishga taraddud ko‘rdim. Xurjundan enang solgan yegulikni olib tushlik qildim. Bir payt ot dupuri qulog‘imga eshitildi. Qarasam Shavkati tushmagur, men tomonga ot choptirib, yelday uchib kelyapti, de.”Ha bachag‘ar-ey, umr kelgur” deyman ichimda.
U yetib kelgach, otdan tushib, uni saksovulga bog‘lab, yonimga keldi.
Uning kayfi chog‘ edi.
-Ha, o‘g‘lim, bu deyman dimog‘ing choqqa o‘xshaydimi?
-Dimog‘im chog‘ bova, suluvim bilan gaplashib qaytdim.
-Ie, shunday de, gapning oldisini aytmaysanmi…
-Shunday, oldisini aytay deb turipman bova.
-Qani bo‘masa, sen dutor chalib kuyla. Men tinglay.
– Shunday qilaylik bova, dimog‘im chog‘ligida ichimni yorsam yoripman-da sizga.
-Oti nima ekan, kimdi qizi o‘zi?
– Oti Dilbar. Mavlon zootexnikning qizi.
-E-e, lekin otidanam o‘zi dilbarroqmi deyman. To‘xta, otasini Mavlon zootexnik dedingmi?
-Ha,
-Unda yaxshi odamning qizini tanlabsan, shovvoz. Ha, kuchingdan,- dedim unga tegishib.
U minnatdor bo‘lgandek, menga qarab, jilmayib turar edi.
Bir mahal bizdan ancha ilgarilab ketgan suruvlar tumtaraqay qocha boshladi. Yuragimga g‘ulu tushdi.
-Obbo, bo‘ri hamla qildimikan?- deyman xavotirim oshib.
-Shunaqaga o‘xshaydi.
-Unda shoshmasak bo‘maydi.
Shavkat epchillik bilan otiga mindi. Men ham ot surdim. Men enkayib, ot ustida ketyapman. Biz saksovulzor orasiga sho‘ng‘ib ketdik. Saksovul shoxlari kiyimimni dabdala qilganday. Otimga tasanno o‘qiyman. U ko‘krak kerib, saksovulzorni yorib o‘tdi. U arralangan saksovul kundasiga yetib kelganda, ko‘krak kerib, kundadan sakrab o‘tdi. Men Shavkatning ketidan suruvlar tomon yetib kelgandim. Bo‘ri bir nimjonroq qo‘yga hamla qilgan ekan. Shavkat esa, qinidan pichog‘ini sug‘urib, naq bo‘rining bo‘g‘ziga otdi. Bo‘ri til tortmay, jon taslim etdi. Qo‘y esa jon tashvishida ihramoqda edi. Shavkat qo‘yning yoniga bordi.
-Bova, qo‘yni halollamasak bo‘lmaydi.Tirik qolishi gumon.
Men shartta qo‘yni bo‘g‘izladim.
Oradan picha kun o‘tdi. Sattorboy negadir ko‘rinmadi. Men uning uyiga kalla suqdim.Uning ko‘zlari bezovta edi: negadir uh tortdi, keyin u yoqdan bu yoqqa borib keldi.
-Tinchlikmi?
– Rahmat aka, ko‘nglimga qil sig‘maydi, shu choqqacha Shavkatdan darak yo‘q. Toqatim toq bo‘lib, bo‘larim-bo‘ldi. – Sattorboy chindan behalovat edi. Ko‘zlari bejo, ranggida rang qolmagan, bo‘z kabi oqarib ketgan edi.
– Qayerga ketgandi o‘zi?
– Qishloqqa.
-Hah, bolasi tushmagur-ey.
-Hey bola, bo‘lar-bo‘masga ovulga qarab otlanaverma, o‘pkangni bos deyman, xo‘p deb ko‘zni shamg‘alat qilib qishloqqa jo‘nab qoladi.
-Xavotirlanma. Uka, o‘zi yoshlikda shunday bo‘ladi. O‘zing yigit bo‘maganday gapirasan. Ha endi yil -o‘n ikki oy dala-dashtda, bir tupchak uyda bolani qamab o‘tirasanmi?
– Bu gapingizam to‘g‘ri. Lekin ichim g‘ash.
Biz tashqariga chiqdik.
Anchagacha do‘nglikdagi harsang ustida indamay o‘tirdik. Bir payt otliq bir kishiga ko‘zim tushdi. Bir nuqtaga tikilib qolgan Sattorboyga qarab dedim.
-Qara-chi, sening ko‘zing o‘tkirroq, ko‘zim ilg‘amay turipti, kelayotgan kim ekan?
Xayollarga ko‘milib turgan Sattorboy atrofga yalt etib qaradi.
– E, Olim-ku! –u o‘rnidan turdi.
-Shom chog‘i qaysi shamol uni biz tomonga uchirdi ekan?
– Shuni aytaman-da, – dedi u xavotiri oshib.
Otliq bizning yonimizga yetib keldi. Olim biz bilan salomlashdi. Keyin shosha-pisha Sattorboy sho‘rlikka sovuq xabar yetkazdi.
Olim aravada saksovul arralab kelayotgan ekan, yo‘lda Shavkatni uchratadi. Shavkati tushmagur jononining oldidan xush kayfiyatda, xayollar yobonida chayqalib kelayotib, falokatga uchragan. Jarlikning yonidan o‘tayotib, pastga qulab tushgan. Bu taqdir o‘yinimi, tasodifmi, har tugul, otning tuyoqlari sirg‘alib, avvaliga jarning chetiga osilib qoladi, keyin bir yo‘la pastga Shavkat ikkisi qulab tushadi.
-Bir xiyli bo‘lib turuvdim. Bekorga emas ekan,- dedi Sattorboy kuyinib.
-Sattor aka, shoshmasak bo‘maydi, jardan uni olib chiqaylik, bir o‘zim uddasidan chiqolmasligimni bilib, bu yoqqa keldim.-dedi Olim.
Biz shoshib, ovulxonadan otlarimizni olib chiqdik. So‘ng Shavkat qulagan jarlik tomon ot surdik.
Ingragan ovoz eshitildi. Yurak-bag‘rim qon bo‘lib ketdi. Sattorboyni-ku aytmay qo‘ya qolay. Shavkatni uchchovlashib jardan olib chiqdik.
Shavkatning momataloq bo‘lib ketgan yuziga qarar ekanman, yurak bag‘rim ezilib, bir xiyli bo‘lib ketdim.
-Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi?
-Uni Nurota kasalxonasiga olib bordik.
Men beixtiyor uh tortdim.
-Oqibati juda yomon bo‘ldi.- dedi otam bir ahvolda.
Men uni tushunib turardim, shuning uchun boshqa savol qotmoqqa botinolmadim.
-Hamma yog‘i ilma-teshik bo‘lib ketgan edi.- Otam xo‘rsindi. Keyin gapida davom qildi.-Eslasam o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman, haliyam Sattorboy sho‘rlik quruq savlatini ko‘tarib yuribdiyam, Xudoyam sabr-qanoat berib qo‘yarkan mundaylarga.
– Voy Xudoyim-ey! Shavkat o‘ldimi?
– Ha, – yana uf tortdi otam. O‘ldi, juvonmarg ketdi, bola sho‘rlik, o‘n gulidan bir guli ochilmay o‘lib ketdi.-Otam yig‘lab yubordi. Mening ham ko‘zlarim shaffof suv ichida qalqib qoldi. So‘ng marjon yoshlar yuzimni yuvdi.
– Juda qiynalib o‘ldi bola sho‘rlik. Sattorboy ikkimiz kasalxonada sarg‘ayib qoldik. Do‘xtirlar zir-zir yugurishadi. Baribir hayotini saqlab qolisha olmadi. Uning xushiga kelishi qiyin bo‘ldi. Otasi, onasi bir yo‘la so‘nib qoldi. Biz uning boshida bir qadam ham jilmay o‘tirdik. Nihoyat uchinchi kun deganda, u zo‘rg‘a ko‘zini ochdi.
-Dilbar, Dilbar deya chaqirdi.
Keyin yonida mushtipar onasiga ko‘zi tushgach,
-Opajon! – dedi hazin va mungli tovushda.
– Dardingni olay, opang o‘rgulsin sendan, shu yerdaman. Yoningdaman – dedi onasi.
-Opa, men o‘laman.
-Unday dema, tuzalib ketasan!
Shavkat holdan toyib indamay ko‘zini yumdi.
U kun bo‘yi alahlab yotdi. Nima deganini tushunib bo‘lmaydi. Sattorboy bilan xotini boshlarini quyi egib, uning alahlaganini indamay eshitardi. Shavkat azob ichida ingragan chog‘, Sattorboy boshini ikki kafti bilash ushlagan ko‘yi unsiz yig‘lab olardi. Shavkatning onasi chiday olmay o‘rnidan turib, xonaning bu chetidan narigi chetiga borib kela boshladi. U bu dardni ko‘tara olmadi. Hushidan ketib, polga yiqildi. Biz Sattorboy ikkimiz suyab turg‘izdik uni, hamshiralar boyaqishni boshqa xonaga olib chiqib ketishdi.
Shavkatning alahlashi to‘xtamadi. Eti suyagiga yopishib, rangi chunon siniqib ketdi. Nafas olishi battar og‘irlashdi. U kimnidir tinmay chaqirardi, tinmay qayg‘urardi. Eh, u shunday boshqacha, shuday o‘zgardiki, uni tanib bo‘lmay qoldik. Hamshiralar uning jarohatiga malham qo‘yib, yangi doka bilan o‘rab qo‘yishdi. Sattorboy ikkimiz mijja qoqqanimiz yo‘q.
-Sattorboy, inim, borib jinday damingni ol, uka! Shavkatning oldida men turaman.
– Yo‘q,-deydi u.
– Unda biror nima yeb ol.
-Rahmat aka shu topda tomog‘imdan hech nima o‘tmaydi. –deydi u ko‘zlari yoshlanib.
– Bir qultum bo‘lsayam, mastavadan ichib ol.
U tag‘in boshi bilan yo‘q ishorasini qiladi.
Shavkat nuqul ingranadi.
-Ey Xudo! – nola qildi Sattorboy.-O‘g‘limning dardiga shifo, ojiz taniga quvvat ber. Panohingda asragin Xudojon!
Bir payt Shavkat talvasaga tushib qoldi. Bu o‘lim talvasasi edi. Bu gal u onaizorini chaqira boshladi. Biroq sho‘r peshonasiga onasi ham bexush yotardi.
Sattorboy u yotgan karavot yoniga cho‘kka tushib, o‘g‘liga termulib o‘tirar edi. Hamshiralar onasi hushiga kelganini ay tishdi.
Sho‘rlik ona o‘g‘lining yoniga tiz cho‘kib, uzoq yig‘ladi. U o‘g‘lini erkalatgan misol, yostig‘ini siladi, suydi, o‘g‘lining tobora sovub borayotgan lablariga qaltiroq qo‘llarnini olib borib siladi. Keyin o‘sha qaltiroq qo‘llari bilan o‘g‘lini quchdi. Keyin yana uni erkalatib tinmay so‘ylandi. Yo Rabbim! U aqldan ozgan edi.
-Shavkat-chi u o‘ldimi?
– O‘ldi, juvonmarg ketdi.
Bir mahal uni tashnalik qiynay boshladi. Sattorboyning bardoshiga qoyil qoldim. Xotini sho‘rlik o‘g‘lining dardiga dosh berolmay aqldan ozdi. Azamat esa o‘lim talvasasida. U otasining qulidan qultum suv ichib, jimib qoldi.
Shu bo‘yi boshqa nafas olmay qo‘ydi. Uning joni uzilgan edi.
Uning o‘limi onasiga qattiq ta’sir qildi. Ko‘p o‘tmay olamdan o‘tdi. Sattorboy va opasi Gavhar esa, bir ahvolda yurishdi. Keyin Xudoyim ularga sabr-toqatdan qo‘sh qo‘llab uzatdi. Oradan bir yil o‘tgach, Sattorboy boshqa otarga o‘tib ketdi. Shu-shu bu yerga kelmay qo‘ydi. Bu yer unga o‘g‘lini eslatadi, chamamda.
Otam shu tariqa hikoyasini tugatdi. Uni o‘y bosgan, g‘amgin va so‘lg‘in bo‘lib qolgandi. U chuqur va og‘ir nafas oldi. Buni xo‘rsinish desa bo‘lar edi.
Tashqarida quyosh lutf bilan tepa ko‘tarilgan, uning mayin nurlari derazadan biz tomon mo‘ralab, devorda o‘z aksini topdi. Qalbim bu g‘amgin, kishini mislsiz iztirobga soluvchi hikoyadan larzaga tushgan edi.
G‘am nima o‘zi? Quvonch-chi? Nega ba’zan bir-birini quvlab o‘tadi? Cho‘pon bobo qulog‘im tagida haliyam mungli qo‘shig‘ini kuylayotgan edi. Men tashqariga otilib chiqdim. Quyosh tik ko‘tarilgan, uning nuri atrofimda javlon urib o‘sayotgan bir tup bug‘doyiqning ustiga tushib turar, shamol esa uning hidini dimog‘imga hovuchlab purkardi. Men giyohdan ko‘zimni uzolmay uzoq turib qoldim. Olisda haliyam qo‘shiq kuylanayotgandi. Quloq tutaman… Tomirlarimda notanish bir jo‘sh kezinmoqda edi. Bu jo‘sh chunon vujudimni larzaga soldi-ki, men xuddi bu o‘tni to‘xtatmoqchiday, pastki labimni qattiq tishladim. Biroq og‘riq azobidan aziyat chekkanim qoldi. Atrofda esayotgan tog‘ning salqin, ayni paytda huzurbaxsh, shoshqin shamollari olov ichra yonib turgan boshimni sovutib yeldi.
2004 yil, mart.