…Bahorda muchal to‘yi bo‘lgan o‘n ikki yoshli Xonzoda — Saroy Mulk xonim hovlidagi qari arg‘uvon shoxlariga ilingan halinchakda uchmoqda edi. U ko‘zlarini yumgan kuyi havoning zabtiga monand tebranardi.
Otlarning tuyog‘idan ko‘tarilgan ola-tasirli shovurdan xayoli bo‘lingan va ko‘nglida allanechuk xavotir uyg‘ongan Saroy Mulk xonim saxtiyon kovushlarini maysalarga tiraganicha halinchakni to‘xtatdi va shoshib deraza tomon bo‘yladi, darvozadan ot yetaklab kirayotgan yigitlarni oldin tanimadi. Bo‘yniga sirg‘alib tushgan ro‘molini boshiga solganicha, ko‘rinmaslik uchun o‘zini darrov arg‘uvon panasiga oldi. Eshikbon tulporlarning jilovini otboqarga tutqazganicha, yigitlarni ichkariga chorladi.
Yigitlar ikki kishi edi. Yo‘l boshlagan yigitning ovozidan Saroy Mulk xonim uni tanidi va vujudida sovuq bir his uyg‘ondi.
U yigitni o‘tgan hafta akasi Musabekning nikoh to‘yida, kuyov jo‘ralar qatorida ko‘rgan edi. Ko‘rinishi ko‘rkam bo‘lgan bu yigit kuyov jo‘ralar ichida ajralib turardi.
Kelin-kuyov uchun yoqilgan gulxan atrofida aylanayotgan kuyov jo‘raning nigohi qizlar qurshovida olovga isiriq sochayotgan Saroy Mulk xonimga tushib, g‘alati chaqnadi, yuzlarida sirli bir ifoda zohir bo‘ldi va ikkinchi bora uning yonidan o‘tayotganlarida ko‘rganidan mamnunligini sezdirish uchun qizga oshkora jilmaydi. Uchinchi bora yaqinlashganlarida esa hech tap tortmay “Sizni bog‘da beklarmen” deb shivirladi va javob ham kutmasdan davradan chiqib ketdi.
Kuyov jo‘raning Saroy Mulk xonimga e’tibori xotin-xalajning shivir-shiviriga, imo-ishorasiga sabab bo‘ldi. Qizarib-bo‘zargan Saroy Mulk xonim dugonalari bilan kelin-kuyovlar ortidan to‘yxona tomon yo‘nalarkan, kimningdir “Amir Qazag‘onning nabirasi Husaynbek shul yigitdir” deganini eshitdi va boshidan sovuq suv quyilgan kabi vujudi birdan seskandi. Ko‘z oldidan otasining qonga belangan chehrasi gavdalanib, yuragi uvushdi. To‘rt yoshida nigohiga muhrlangan bu fojia oradan sakkiz yil o‘tsa-da o‘chmagan, aksincha, ayni lahzalarda yanada alamli va og‘riqli bir manzara kasb etib, qaytadan uyg‘ongan edi. U o‘sha kuni oqsoch qizning “Amir Husaynbek Sizni bog‘da chorlamoqda”, degan so‘zlarini e’tiborsiz qoldirgan bo‘lsa-da, uni bu qadar betakalluflik bilan kirib kelishini kutmagan edi.
Eshikbon yigitlardan oldinroq ichkariga kirgan edi va hayal o‘tmay, ularni chorladi.
—Hazrati Oliyalari peshvoz chiqmoqdalar!
Yigitlar marhum Qozonxonning bevasi Xonlar begimga bosh egishib, hurmatlarini izhor qilishgach, uzun, ganchkor yo‘laklardan yurishib, mehmonxonaga kirishdi.
Mehmonxona mo‘g‘il xonlarining o‘tovlari kabi aylana shaklida qurilgan, shifti baland, devorlari ipak gilamlar bilan bezatilgan edi. Yerda ham bir-biridan go‘zal, naqshlari o‘tkir ranglar bilan jilo berilgan julqurs holilar to‘shalgan edi.
Qozonxonning bevasi Xonlar begim o‘rta bo‘y, chehrasi ochiq, lekin nigohlari qattiq, harakatlari va o‘zini tutishidan farosatli va ziyrakligi sezilib turar, oppoq kulcha yuzlaridagi kiborli ifodadan zodagon oilaga mansubligini uqish qiyin emas edi.
— Xush ko‘rdik, Bek hazratlari, marhamat qilsinlar!
Xonlar begim to‘rdagi xontaxta yonida to‘xtab, ularni o‘tirishga taklif etdi, — tashrifingizdan behad shodmen…
Husaynbek to‘rga jo‘rasini undadi, jo‘rasi esa xijolat qildimi yoki hurmatini bilibmi, harqalay undan pastroqqa, devorlariga parqu bolishlar suyatilgan joyga odob bilan o‘tirdi.
O‘rtaga bir lahzalik sukunat cho‘kdi. Qozonxonning bevasi ularning tashrifidagi ma’noni anglash uchun oldin Husaynbekka, so‘ngra yonidagi yigitga sinchkovlik bilan tikildi.
Xizmatkorlar ulardan sal nariroqdagi xontaxtaga baxmal dasturxonlar solishib, turli xil noz-ne’matlar bilan bezata boshlashdi.
— Bezovta bo‘lmoqqa hojat yo‘qdur, — Husaynbek xontaxta tomon ishora qildi, — keyinroq bafurja kelurmiz! Jo‘ramiz Musabekni — kelin-kuyovlarni bir yo‘qlamoq va Siz Hazrati Oliyalarining duosini olmoq niyatida birrov kirdik…
Husaynbek so‘zlarini tugatar ekan, jo‘rasiga ma’noli qaradi va “Qolganini siz davom etarsiz” degan ishorani bildirdi.
— Sizni Xudo yo‘qlasin, Bek! — Xonlar begim to‘ydan oldin hech qachon qadam bosmagan Husaynbekning so‘zlariga ensasi qotgan bo‘lsa-da, yuzidan sezdirmadi. Hurmati uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bir urug‘ bo‘la turib, eri Qozonxon bilan yovlashgan va oxiri boshiga yetib tinchigan hovliqma va guppi Amir Qazag‘onni Xonlar begim azaldan yoqtirmasdi. Bo‘lmasa, Qozonxon Amirga qancha yaxshiliklar qildi. Baribir bilmadi, payt poylab chaldi. O‘tgan yili Musabekdan Amir Qazag‘onning nabirasi, mana shu Husaynbek bilan do‘stlashganini eshitgach, unga e’tiroz bildirgan edi.
Xonlar begim Husaynbekni bundan o‘n yilga ilgari, o‘spirinlik chog‘ida ko‘rgan edi. Kuyov navkar bo‘lib kelgan kuni esa tanimadi. Ko‘rinishi ko‘rkam bo‘lsada, harakatlari, qarashlari, hatto gap-so‘zlari ham bobosiga tortibdi.
Husaynbek tomoq qirdi, bu jo‘rasiga qarata “Suhbatni davom ettiring” degani edi. Lekin esiga nimadir tushib, endi gapirmoqqa chog‘langan jo‘rasini to‘xtatdi.
— Uzr tilarmen, Temurbek, sizni Hazrati Oliyalariga tanishtirmoqni unutibmen, bul yigit Chig‘atoy Amiri Tarag‘ay Bahodurning o‘g‘loni qobillari Temurbekdir va mening uchun jon-jo‘ra maqomidadurlar.
Xonlar begim nigohini Temurbekka qaratdi.
Ko‘rinishi viqorli, harakatlari bosiq, qarashlarida ulug‘vorlik bor, bu yigitni ko‘rgan zahotiyoq kimgadir mengzagan va boyadan beri o‘sha siymoni xayolida tiklamoqqa urinmoqda edi.
— Tarag‘aybek Bahodur biz uchun ota qadrdondur, — dedi Qozonxonning bevasi chiroyi ochilib, — ul amirga cheksiz hurmatlarimiz bor! Egachingiz Qutlug‘ Turkon Og‘a birlan ko‘p davradoshlik qilganmiz, g‘oyat fozila ayol, salomlarimizni yetkazursiz!
Temurbek bosh egib minnatdorchilik bildirdi.
Uning yuziga qalqqan samimiy ifodani, qarashlaridagi teran nigohni ko‘rgan Xonlarbegim barcha onalar kabi ko‘nglida shirin orzu tuydi va bu yigit hoziroq o‘ziga kuyov bo‘ladigandek mehr bilan boshdan oyoq kuzatdi. Chunki Saroy Mulk Xonimni uzatmoq fursati yetgan, lekin, og‘iz solayotgan sovchilar orasida ko‘ngli to‘larlik kuyov topolmagani bois, bu yumushni orqaga surib kelmoqda edi.
Pahlavon kelbat, qoshlari chizilgan kabi qop-qora, qirraburun, lablari nim tabassum qilib turuvchi bu yigitga o‘g‘rincha tikilarkan, xayolan balki sovchilikka kelgandir degan o‘y ham o‘tdi.
Chig‘atoy turklarining odatiga ko‘ra, sovchilikka yoshi ulug‘roq kayvoni yoki mahalla ko‘yning oqsoqoli, hurmatli kishilaridan birortasi borar va bunday sovchining mavqei, obro‘siga qarab, qizning qiymati belgilanardi.
Turklasha boshlagan mo‘g‘ullarda esa haligacha o‘z odatlari, an’ana va rasm-rusmlar urf edi. Ularning qonun-qoidasiga ko‘ra sovchilikka nomzod yigitning o‘zi borar yoki jo‘rasini hamroh qilardi. Qiz yigitga, yigit ham qizga ma’qul tushsa, kuyov bo‘lmish nishonalik sovg‘asini belgi sifatida berib qaytardi.
Hech qachon sovchilikka borib ko‘rmagan Temurbek, do‘sti Husaynbekning so‘zini qaytara olmay, kelishga rozilik bergan bo‘lsa-da, ayni lahzalarda gapni qanday boshlashni bilmay o‘ng‘aysizlanib turardi.
Husaynbek “chaynalmang, boshlang” degan kabi nigoh tashladi.
— Elchiga o‘lim yo‘qdur, Hazrati Oliyalari…
Kuyov bo‘lmish jo‘rasi bilan kelganda, o‘zi sukut saqlashini bilgani uchun Temurbekning gap boshlashi Xonlar begimning xayollarini birdan to‘zitdi.
“Demak, kuyov bo‘lmish Husaynbek…”
U qizini ertaroq erga berib yubormaganidan pushaymon bo‘ldi.
— Qizlar xonadonning guli bo‘lishi birlan ezgulik elchilari hamdirlar…
Temurbek Qozonxon Amir Qazag‘on tomonidan o‘ldirilganligini bilar, shu bois, so‘zlarni Xonning bevasiga og‘ir botmaslik uchun terib-terib va muloyim ohangda ifodalashga harakat qilardi.
Xonlar begimning chehrasidan mamnunligini ham, xafaligini ham bilib bo‘lmadi. U boshini Temurbek tomon xiyol egiltirgan kuyi so‘zlarini tinglar, lekin xayoli Saroy Mulk xonimda edi.
Eridan ayrilgach, Saroy Mulk Xonimning iqtidorli, uquvli ekanligini payqab, qizi tarbiyasini yolg‘iz o‘zi nazoratga oldi. Saroy Mulk Xonim malikalar bilishi kerak bo‘lgan narsalardan tashqari ot chopish, qilichbozlik, o‘q otish, kurash tushishda yigitlardan qolishmas, o‘tgan yozdagi imtihonda esa usta chavandoz va kurashchi Mutal Bahodirning olqishiga sazovor bo‘lgan edi. O‘shanda Saroy Mulk Xonimning o‘g‘il bo‘lib tug‘ilmaganidan ko‘nglida armon tuygan edi.
— Siz hayotni bizdan teranroq anglarsiz, Hazrati Oliyalari, — Temurbek Qozonxon bilan amir Qazag‘onning yovlashganiga ishora qilib gapirdi, — shul bois, izoh bermoq fikridan yiroqmen, kecha otalar yovlashgan bo‘lsalar, bugun farzandlar do‘st maqomida tururlar. Do‘stimiz amir Husaynbek Xonzoda Saroy Mulk Xonimning qo‘llarini so‘rab tashrif buyurdilar va bu yumushga bosh-qosh bo‘lmakni kaminaga yukladilar…
Qozonxonning bevasi Temurbekning so‘zlarini kiprik qoqmay tingladi. Temurbek ham yelkasidan tog‘ ag‘darilganday o‘zini yengil sezdi va so‘zlaridan do‘sti mamnun yoki yo‘qligini bilish uchun Husaynbekka o‘girildi. Husaynbek Xonlar begimni qay ahvolga tushishini avvaldan tasavvur qilgani uchun uning yuziga qarashga botinmadi. U Xonlar begimning o‘g‘li Musabek bilan singlisi uchungina yaqinlashgan, ayni paytda, Saroy Mulk Xonim uchun ham o‘zidan boshqa munosib nomzod yo‘qligini payqab turardi.
— Minnatdorchiligimni qabul eting, Bek, — Xonlar begim Husaynbekning yuziga qaramay gapirdi, lekin ovozidagi boyagi jarangdorlik va o‘ktamlik o‘rnini g‘ayritabiiy bir mahzunlik egallagan edi. Bir lahza sukut qilgach Temurbekka yuzlandi. — Ko‘p savob ishga qo‘l uribsiz, mehmon. Zero, etni tirnog‘dan ajratib bo‘lmas. Amir Qazag‘on urug‘boshimiz erdi. Xonzodamiz birlan Bekning yulduzlari bir-biriga to‘g‘ri kelsa, boshimiz ko‘kka yetur…
Husaynbek mamnunlik bilan Temurbekka yuzlanarkan, nimagadir ishora qildi. Temurbek ham o‘z navbatida “ma’qul” deganday bosh irg‘adi. Shundan so‘ng, Husaynbek qo‘ynidan zar bog‘ichli charm xaltacha chiqarib, xontaxta ustiga qo‘ydi.
— Arzimas nishonalik keltirib erdik, Hazrati Oliyalari, ma’qul topsalar Xonzoda begimga o‘zim topshirsam…
Uning bu taklifi Xonlar begimga yoqmaganligini Temurbek ko‘rib turardi. Xonlar begim nima deyishini bilmay bir lahza kalovlandi. Bir Husaynbekka, bir Temurbekka ko‘z tashlarkan, yonidagi xizmatkor qizga sekin shivirladi.
— Xonzoda begimga mehmonlar xabarini yetkazing va ko‘rishmoq niyatlari borligini bildiring.
Saroy Mulk Xonim xizmatkor qizning chehrasidagi mug‘ombirona tabassumdan yigitlarning tashrifi boisini anglab, vujudiga yana sovuq his o‘rladi.
— Ulug‘ amir Husaynbek… — Xizmatkor qizning gapi bo‘g‘zida qoldi. Saroy Mulk Xonim “so‘zlama” ishorasi bilan ikki qulog‘ini bekitdi.
Uning marmar kabi oqish yuzlari birdan qizardi, chaqnab turgan qop-qora quralay ko‘zlari mahzun tortdi va uzun-uzun kipriklari orasidan tirqirab chiqqan yoshlarni xizmatkor qizga ko‘rsatmaslik uchun, shitob bilan xonasi tomon yurdi. U xonasiga kirganda hayajondan titrar, nafas olishga qiynalib hansirar, butun vujudi iztirob va alamdan jiq terga tushgan edi. Amir Qazag‘on sulolasi uni tasavvuridagi padari buzrukvorining qotili edi.
Unga boshqacha sifat ham, yorliq ham yopishtirib bo‘lmasdi. Shu bois, Husaynbekning hozirgi mazmundagi tashrifi ham, nazarida, kaltabinlik va haqoratdan boshqa narsa emasday tuyulmoqda edi.
Jahli chiqqanda “astag‘furulloh” kalimasini o‘ngacha sanaydigan Saroy Mulk Xonim hayajoni susaya boshlagach, Husaynbekning yonida begona yigit borligini, shu bois, amirga munosib javob qilmoq joizligini his etib kiyinmoqqa tutindi.
Saroy Mulk Xonim ostonada ko‘rinishi bilan Husaynbek ham, Temurbek ham o‘rinlaridan dast turishdi.
Saroy Mulk Xonim egnida etaklari to‘pig‘igacha uzun va burmasi sariq rang xitoyi shohi ko‘ylak, oyog‘iga kumush tasmali shippak kiyib olgan edi. Boshiga tashlangan ro‘moli yupqaligidan oltin po‘pakli uzun sochlari shundoq ko‘rinib turardi. Bir qarashdayoq ko‘ngilga xush yoquvchi oppoq kulcha yuzlari, bodom qovoqlari, jiddiylashganda ham kulib turuvchi quralay ko‘zlari, pasti qalinroq g‘uncha lablari ikkala yigitni ham hayratga solgan edi.
— Xush ko‘rdik, Xonzodam. — Tavoze bilan egildi Husaynbek.
— Xush vaqt bo‘lingiz…
Saroy Mulk Xonim ko‘zlarini yerga qadaganicha bosh egib, yigitlar bilan so‘rasharkan, Temurbekka o‘g‘rincha nazar tashladi.
Temurbekning ham nigohi bir zum u bilan to‘qnashdi. Saroy Mulk Xonim uning nigohida allaqanday bir tuyg‘uni ilg‘arkan, qizarib, darrov ko‘zini oldi.
O‘rtaga bir lahzalik sukunat cho‘kdi.
Shu orada xizmatkor Xonlar begimning shahar kutvolining xabarchisi yo‘qlayotganini bildirdi. Yigitlarga ham bu xabar yoqib tushdi. Xonlar begimsiz emin-erkin suhbat boshlandi.
Husaynbek imtihon qilayotgandek, gap mavzusini har sohaga burib, fikr so‘rar, yoshiga nisbatan sokin va muloyim so‘zlayotgan Saroy Mulk Xonimning javoblaridan hayratlanib, Temurbekka qarab-qarab qo‘yardi.
Temurbek Saroy Mulk Xonim haqida opasi Qutlug‘ Turkon Og‘odan ko‘p yaxshi fikrlar eshitgan bo‘lsa-da, uning bu qadar tarbiyali va zukkoligini tasavvuriga keltirmagan edi.
Lekin Saroy Mulk Xonim hozir so‘zamolligini ko‘z-ko‘z qilmoq yoki bilimli, ma’rifatli, iste’dodli ekanligini Husaynbekka ko‘rsatib qo‘ymoq uchun emas, balki bir qarashdayoq iliq nigohi bilan ko‘nglini o‘qiy olgan Temurbekning quloqlariga so‘zlari xush kelayotganini his etgani uchun, beixtiyor, ochilib so‘zlamoqda edi.
Temurbek yuragining tub-tubidan tug‘yon ura boshlagan hislarini sirtiga chiqarmaslik, yuz ifodasida zohir etmaslik uchun, ko‘zlarini yerga tikkanicha, boshini egib olgan edi.
Xonlar begimning kirishi ularning gapini bo‘ldi. Tanishuv va suhbatdan ko‘ngli to‘lgan Husaynbek xontaxta ustidagi charm xaltani ochib, ichidan olmos ko‘zli uzuk va zirak oldi.
— Bul hadya tanishuvimizdan xotira bo‘lsin, — Husaynbek taqinchoqlarni Saroy Mulk Xonimga uzatdi.
Saroy Mulk Xonimning yuzlariga qon urilganday duvva qizardi. U yalt etib Temurbekka qararkan, ohistagina “tashakkur” dedi, lekin olmadi. Qo‘li havoda qolgan Husaynbek izza bo‘lganidan tomoq qirganicha, Xonlar begimga savol nazari bilan o‘girildi.
— Esdalikka shoshilmang Bek, eshiklarimiz siz uchun hamisha ochiq, — Xonlar begim Husaynbekka ham, Temurbekka ham alohida-alohida ta’kidladi.
— Xotira va sovg‘a mavridi qochmas. Siz, Xonzoda bilan yana suhbatlashing, chunki siz uchun-da, Saroy Mulk Xonim uchunda yo‘ldosh tanlamoq ko‘p mas’uliyatli. Sizlar elning ustidagi ulug‘sizlar!..
— Inshoolloh, men adashmasmen, Hazrati Oliyalari, — Husaynbek jo‘rasi oldida rad javobi eshitishidan qo‘rqib, taqinchoqlarni shosha-pisha Xonlarbegim tomon surdi. — Saroy Mulk Xonim ulug‘ saroylarning malikasi bo‘lmog‘iga iymonim komil!
Xonlar begim o‘tkir ko‘zlarini Husaynbekka tikkanicha, jim qoldi. Keyin qizining ko‘nglini bilmoq maqsadida unga qaradi. Saroy Mulk Xonimning nigohlarida iztirobdan o‘zga narsani ko‘rmadi.
Xonlar begim o‘rtada paydo bo‘lgan sovuqlikni chuqurlashtirmaslik uchun, mehmonlarni dasturxonga taklif qildi.
Avzoyi buzilgan Husaynbek ko‘nglida kechayotgan fikrlarni bildirmaslikka tirishib, tushlikka rozi bo‘ldi.
— Malikam, jo‘ramiz Musabekning ta’riflashicha, Siz, ulug‘ chavandoz Mutal Bahodirning olqishiga sazovor bo‘lib emishsiz. —O‘rtadagi sukunatni buzib, gap boshladi Husaynbek, dasturxon atrofiga o‘tirishgach.
Saroy Mulk Xonim qizarib, yerga qaradi.
— Mutal Bahodir katta rag‘bat bilan so‘zlamishlar…
— Bul ta’rifni sinab ko‘rmoq fursatimiz bor. Boz ustiga do‘stimiz Temurbek Tarag‘ayning chavandozlik iste’dodi ko‘p mukammaldur, — Husaynbek shunday deya, Temurbekka yuzlandi, — hakamlik qila bilur…
—Men havasmand bir shogirdmen… — qizarib e’tiroz bildirdi Saroy Mulk Xonim va hazil aralash qo‘shib qo‘ydi:
— Sizlar-la chopishmoqqa ko‘p qovun pishig‘i bor…
Temurbek yalt etib Saroy Mulk Xonimga qaradi. Saroy Mulk Xonim uning nigohida yana boyagi issiq ifodani ko‘rdi. Ko‘ngli bir qalqib tushdi.
Xonlar begimning xayoli esa tamoman boshqa yoqda edi. Erining vafotidan keyin huvillab qolgan xonadonning qachonlardir yana gavjumlashishini, talon-taroj bo‘lgan davlatning yana oshib-toshishini xudodan so‘ragan esa-da, bu baxtga erining qotillari marhamati bilan erishishini xayoliga keltirmagan edi. Shu bois, yigitlarning bugungi tashrifidan quvonishini ham, xafa bo‘lishini ham bilmay dam qo‘najak baxt qushi ilinjida entikar, dam kalxat changal solayotgan qizining taqdiridan xavotirga tushmoqda edi.
Husaynbekning tomoq qirishi Xonlar begimning xayolini bo‘ldi.
— Endi bizlarga, javob, Hazrati Oliyalari.
U Xonlar begimning javobini ham kutmasdan o‘rnidan turarkan Saroy Mulk Xonimga mulozamat qildi.
— Inshoolloh, bundan buyon bir oyog‘imiz shu yerda bo‘lur!..