Arpa qishloqlik Kenja traktorchining hovlisida bir nok borki, o‘tganning ham, qaytganning ham havasi keladi.
Uni ilk bahorda, gulga kirgan payt ko‘rgan odamning ko‘zi quvnaydi. Qishloqdagi hamma noklar oq, sarg‘ish, qizg‘ish bo‘lib gullasa, u bir xilda, pushti rangda ochiladi. Arilarning g‘ujligidan nokning gullari qoramtir pushti, mallarang pushti tovlanadi. Qishloqdagilarning ko‘pchiligi katta ko‘cha qolib, mana shu yolg‘izoyoq yo‘ldan o‘tadi. Hatto oy kelinlar ayollar orasida, mana shu nokning hidiga boshqorong‘u bo‘lganlar bor emish.
Hozir ham yo‘lini o‘zgartirgan Karomat kelin yog‘och tug‘araga suyanganicha, nokning anvoyi bo‘yidan huzurlanib nafas olayotgan Oychehra momoga ko‘zi tushib, so‘zlangan ko‘yi qadamini tezlatdi.
— Xudoning qudratidan! Bu hidni qarang, momo, jannatning hidi ham mana shunday bo‘lsa kerak-da?! — dedi Karomat kelin yoqasini ushlab, momo sari yurarkan. Shundan-shunga aylanib yurasanmi, deb ustimdan kulgandingiz, o‘zingiz ham yo‘lni shu tarafdan solibsizmi?
Gulga tikilganicha, xayolga cho‘mgan momo Karomat kelinning shang‘illagan ovozidan cho‘chib tushdi. Bulturdan beri yelkalari chiqib, shirdaya boshlagan ozg‘in qaddini rostlab, u tomon o‘girildi. Ovoz egasini yaxshiroq tanish uchun xiralashib, jiyaklari qizarib qolgan ko‘zlarini qisib, qattiqroq tikildi. Dugonasining kelinini tanigach, gapidagi sha’maning ma’nosiga yetib, chiroyi ochildi.
— Nega kulaman, mallim kelin?! Tosh nokka tishing o‘tmay, bolg‘a bilan maydalab yeganing nash’a qiluvdi-da!
— Aytmang, aytmang… — Karomat kelinning ham esiga o‘sha qilig‘i tushib, eshilib kuldi, oppoq, kulcha yuzlari qizardi. — Sarg‘ayib, qizarib turganini ko‘rib, pishgan deb o‘ylapman-da, men g‘alcha!
— Qolganiniyam yedingmi keyin? — momoning yupqa lablari mug‘ombirona jilmaydi.
— Qayerdan yeyman? Toshday qattiq-ku! Tishim sinay degan! Dugonangiz qorong‘u bir joyga yoyib, ustiga ikki-uchta ko‘rpa tashlab, dimlab qo‘ysa ham yumshamadi, jonivorlar. Uzish vaqti bor ekanda. Boshqorong‘im o‘tgandan keyin esa esimdan ham chiqib ketipti!
— Pishganini yeb ko‘rganmisan, o‘zi?
— Voy, nega yemayman? Kenja akaning onalari rahmatlik nasiba qilib, eng birinchi dugonalarinikiga chiqarardi-yu!? O‘tganlaridan keyin ulashish to‘xtadi-da! Asalning o‘zi-ya, xudoning qudrati bilan! Bizlarning noklar buning oldida paxtaga o‘xshaydi! Yoshi nechchida ekan-a shuning, momo?! Men kelin bo‘lib tushgan yili ham bor edi.
Oychehra momo kichik nevarasining ustoziga hayronlik bilan tikildi, savolidan ensasi qotdi.
— Baloday bolalarni o‘qitasanu, o‘zing bilmaysanmi, — dedi momo kelinning nafsoniyatiga tegmaslik uchun hazil ohangda, lekin ichida “o‘g‘limga aytib, nevaramni zudlik bilan boshqa malimga o‘tkazishim kerak ekan”, degan gapni tugib qo‘ydi.
— Nechchi yil yashashini bilmaymanu, lekin meni qaritdi. Men tushgan yillari hali kichkina novda edi. O‘shandayam gullab, meva tugardi. Qirq besh, ellik yillar bo‘ldi-yov
— Voy-vo‘y… Ishonsangiz, birinchi ko‘rganimda og‘zim ochilib qolgan, hali mevasini yeb ko‘rmasam ham. Xo‘jayinga biz ham shunaqa nok ekaylik, deb rosa yalinganman. Har yili xo‘p-xo‘p deydi-da, bahor kelishi bilan esidan chiqadi. “Kenjaga ko‘chat olib ber deb tayinlab qo‘yganman”dan nariga o‘tmaydi.
— Kenja hammaga va’da beradi-yu, lekin bajarmaydi, otasi, rahmatlik Po‘lat akaga o‘xshamadi, — bosh chayqadi momo. — Traktorning tagidan chiqmaydi. Po‘lat aka bilan dugonamdan keyin bu bog‘dan putur ketdi o‘zi. Qanday shovullagan bog‘ edi!
— Shuni aytaman-da, momo, bu nok qurmagur, shuncha yoshga kirsa ham har yili gullab, har yili boshini yeguday meva solishini qarang?! Biror yil mevasiz qolganini ko‘rganim yo‘q. Hammanikini sovuq ursayam, u qilt etmaydi-ya!
— Tuflab qo‘y, ko‘zing tegmasin! — hazil aralash pisanda qildi Oychehra momo.
— Dugonangizday odamning nazar-nafasidan sog‘ qolgan tosh nokka mening suqim kirarmidi, momo? — qiqirladi Karomat kelin baliqnikiga o‘xshash yupqa lablarini qo‘lro‘molchasi bilan berkitib.
— He, qaynonang o‘lib, qaynonasiz qol, qaynonangning dastidan bultur anjir shaftolilarimning hammasiga qiron keldi! Bu yil meva tukkunicha menikiga chiqarma!
— Shuning uchun, qalampirmunchoq bilan isiriq osib qo‘ying, deb nechchi marta aytdim, sizga! Aytganimni qilmayapsiz! Battar bo‘ling!, — bo‘sh kelmadi Karomat kelin ham.
— Qalampirmunchoq tugul, qalampirning o‘ziniyam osdim. Kelinim qayerdandir bo‘rining tishini ham topib kelgan ekan. Ko‘zing o‘yilgur qaynonangga o‘shayam kor qilmadi!
— Choylashingizlar, xola! — deya ularning suhbatini bo‘ldi uzoqdan kelayotgan Kenja traktorchi. — Keliningiz pichak yopayotgan edi, nasiba qilingizlar! Mallima opa, siz ham keling!
— Siz kirsangiz kiravering, men bora qolay, momo, dugonangizning jag‘i ochilmasin yana!
Karomat kelin uzoqdan qorasi ko‘ringan Kenja aka bilan bosh irg‘ab, salomlashgan bo‘ldi-da, momoning bir o‘zini kirishga qistadi.
— Bechora azza-baza taklif qilayapti, onasini ko‘rganday quvonib ketdi, qarang! Xola rahmatlik dugonangiz edi-ku!
— Kenja zo‘r bola, lekin xotini chatoq. Odam isi yoqmaydi unga. Bir-ikki marta kelsam, qovoq osdi. Shundan beri kirgim kelmaydi. — Borish yoqinqiramay, taysallandi momo.
— “Yolg‘iz qiz — yalmog‘iz qiz” deb bekorga aytishmagan, momo! Oybibi xolaning ko‘ziga surtgan qizi-da! Qarang, pichakni eridan berib yuborayapti, xuddi biz uyiga kirib qo‘yadiganday! Shuning sassiq uyiga kimning ko‘zi uchib turuvdi! Innaykeyin, biz pichak ko‘rmaganmizmi? Kerak bo‘lsa har kuni bir tandir yopaman! Haliyam bo‘lsa, o‘zimdan qolmang! Bekligim ham bor, xonligim ham, momo, to‘g‘rimi yo‘qmi?!
— Senga gap yo‘q, mallim kelin, baraka top! Mayli, men unda, men hech bo‘lmasa, so‘rashib o‘tay, — dedi Oychehra momo Kenja tomon yurarkan.
— Yoshini so‘rang, — dedi ketayotib, Karomat kelin nokka ishora qilarkan.
— Kenjaboy ham bilmasa kerag-ov, — dedi Oychehra momo dugonasining o‘g‘lini o‘zidan ancha baland, qoruvli yelkalariga bazo‘r qo‘l cho‘zarkan va Karomat kelinning gapiga tushunmay, orqasidan hayron qarab qolgan Kenjaga ma’nilatdi. — Nokingning yoshini so‘rayapti, Karomat kelin!?
Qizlarnikiday chiroyli yuzlari oftobda qorayib, chuykagan Kenja traktorchi tosh nokka qarab olarkan, yelka qisdi.
— Onam rahmatlik aytardilar, lekin, ish bilan kimning esida turardi, momo?! Kezi kelsa, bolalarimizning yoshini bilmaymizu?!
Tosh nokning yoshini Kenja traktorchi bilmasligi rost. Opalari ham taxmin qilishadi, xolos. Katta opasi Roziya “men bilan teng” desa, o‘rtanchi opasi Ruqiya “men tug‘ilgan yili bobom sovg‘a qilgan ekan, o‘z og‘zilaridan eshitganman” deb urib yengadi. Robiya opasi esa “taka bo‘lsin sut bersin, eng asosiysi, nok bahona diydorlashamiz” deydi.
Chindan ham opalari bir yilda bir marta, mana shu tosh nok uzilayotgan payt ota makonlarida yig‘ilishadi. Uch-to‘rt kun, hatto haftalab qolib ketishadi. Chunki uch opasi ham erlari bilan o‘qishda topishib, uch viloyatga uzatilib ketishgan, oralari ancha yo‘l. Zarur mavridlar chiqib, uchrashishga to‘g‘ri kelmasa, uncha-munchaga, hadeganda kelisholmaydi ham, bir-birlari bilan ko‘risha olishmaydi ham.
Aslida, bu paytda ham tosh nok hali pishmagan bo‘ladi, u yanvarning o‘rtalaridan boshlab yumshaydi va oxirlariga borib karsillaydi. Shuning uchun opalari obdon o‘ynab-kulishib, keyin bir-bir tog‘oradan o‘z ulushlarini olganlaricha, xayri-xush qilishadi.
Ancha yillardan beri shu hol takrorlanadi. Chunki bu onalarining vasiyati.
Kenja onasining aytganini qilib, uch-to‘rt yil hamma mevalardan opalarining haqini ajratib, yo‘qlab turdi. Keyin opalarining o‘zlari qo‘ymadi, “Ukajon, o‘zimizda hamma mevalardan bor, bitta tosh nok yo‘q, shundan ulush bersang bo‘ldi. Faqat uni olgani o‘zimiz boramiz va shu bahonada ota uyimizni ziyorat qilamiz, bir-birlarimiz bilan diydorlashamiz”, deb.
Mana, besh kundan beri Kenja opalariga qo‘shilib, yayraydi. Traktoriniyam shogirdiga berib yubordi. Uzzukun opalarining yonida. Ularning davrasida o‘zidan boshqa erkak qolmasa ham xijolat chekmaydi, hatto bunday fikr xayoliga ham kelmaydi. Ayollar ham xuddi yonlarida erkak zoti yo‘qday, bir-birlari bilan barcha mavzuda emin-erkin gaplashishadi.
Ayollar davrasida raqs boshlansa ham Kenja tarang qilib o‘tirmaydi. Uzun, be-so‘naqay qo‘llarini yozganicha, baland, be¬o‘x¬shov gavdasini lapanglatib, ularga jo‘r bo‘ladi.
— Hay, bu nimasi, uyat ham yaxshi gap?! Xotinlarning xolasi, qizlarning dugonasi bo‘lib, davrani egallab olganingizni qarang! Haji qizmisiz, chiqing-e, o‘ralashavermay!… — deganicha, biqinini teshguday turtkilab, davradan chiqarmoqchi bo‘lgan xotinining qo‘lini siltab tashlaganicha, yana davraga sho‘ng‘iydi. Keng, baquvvat yelkalarini titratib, “kichkina bo‘lsin”ga tushadi.
— Kichkina bo‘lsin, kichkina…
Kenja uzun oyoqlarini bukib, tizzalaydi.
— Tariqdan ham kichkina…
Eriga gapi o‘tmagan xotini endi bir chekkada qarsak chalayotgan qiziga zug‘um qiladi.
— Sen ham og‘zingni ochib, tel berib, qarsak chalguncha, “bo‘ldi qiling” demaysanmi otangga!
* * *
— Bugun Malikai Turondotning qovoqlari sal soliqmi, deyman? — dedi elliklarni qoralab qolgan bo‘lsa ham hali navjuvonlarday serharakat, pardoz-andozsiz hatto eriga ham ko‘rinmaydigan, qizlarning kattasi Roziya qari gujum tagidagi chorpoyada oyoqlarini osiltirgan ko‘yi, oppoq yuzlaridagi egik qoshiga o‘sma tortarkan, sigir sog‘gani yonlaridan zipillab o‘tib ketayotgan ukasining xotiniga ishora qilganicha. — Bugun jonivor salomni ham nasiya qildi!
Quduq yonidagi qo‘lbola suv quygichda yuz-qo‘lini chayayotgan o‘rtanchi qiz Ruqiya ukasining xotini ketgan og‘ilxona tarafga shoshib qaradi.
— Biz yeb, u kishim quruq qolganday? — dedi Roziya singlisining gapidan keyin battar totovi tirishib.
— Balki charchagandir, o‘rtoqlar, darrov yomon xulosa chiqarmanglar! — Opasi bilan singlisining shub¬hasini tarqatmoqqa urindi viloyatidagi xotin-qizlar qo‘mitasining raisasi Ruqiya, beixtiyor, hakamligiga borib. — Mening o‘zim ham o‘rnimdan bazo‘r, ko‘zimni yirib-yirtib turdim. Belim xuddi tosh ko‘targanday zirqirayapti, o‘lgur! Sal ertaroq yotsak bo‘larkan o‘zi!
— Bir yilda bir kelamiz, — Ruqiyaning gapidan keyin ham Roziyaning peshonasidagi tirish baribir yozilmadi, qaytaga ovozi zardali tovlandi, — O‘zimizning yemishimizni o‘zimiz olib kelamiz! Bir qo‘y o‘rniga ikki qo‘y so‘yamiz. Dugonalarimiz bechoralar ham quruq qo‘l bilan chiqishayotgani yo‘q, meva-chevadan tortib, osh-ovqatigacha o‘zlari olib kelishayapti.
— Shuni ayting, opa, — dedi Robiya yana opasining alangasiga moy sepganicha, keyin qiyiq ko‘zlarini chakraytirib Ruqiya opasiga o‘grildi va uning gapi yoqmaganini sezdirish uchun pisandali jerkidi, — qaytaga, oyimcha keliningiz ovqat qilishdan qutuldi-ku! Uch kundan beri qozon osganini ko‘rdingizmi?
— Bilmasam… — yer chizganicha yana mulohaza bilan gapirdi Ruqiya. — Yoki qizlarimizni ergashtirib kelib, bekor qildikmikan?
— Qizlarimiz kelgani bilan dasturxonda birga o‘tirishayotgani yo‘g‘u, keliningiz bilan tengma-teng yugurib, xizmat qilishayapti!, — ensasi qotdi Robiyaning.
— Bo‘ldi, o‘rtoqlar, qosh-qovoqning sababini topdim! — Opasining ishorasini tushunib, gapini burdi Robiya qiqirlaganicha, Roziya opasiga ko‘z qisarkan, — uyammas, buyammas, ot o‘yinidan qolganiga dardi-dunyosi qorong‘u keliningizning!
— Unda bugun mehmonga ketamiz! — taklif kiritdi Robiya. — Kecha Nargiz dugonam Dayrovotga baliqxo‘rlikka taklif qilsa, shuyam yesin deb “uyga olib kelaqol” debman. Zahari zaqqumni yesin! O‘zimiz mazzani urib, biqin qilib kelamiz, to‘g‘rimi, opa!
Roziya “ma’qul” deganday bosh irg‘ab, o‘smasini yuvgani ketdi. Robiya nimanidir mo‘ljalladi shekilli, semiz boldirlarini lorsillatib, shaxd o‘rnidan turdi. Qo‘llarini yozganicha, ko‘kka cho‘zdi. Aktyorlarday ovozini tovlab gapirdi.
— “Mehmon bo‘lsang mushtday bo‘l, uchib o‘tgan qushday bo‘l,” deb topib aytgan ekansan-a, ey mushtipar va aqlli ona xalqim! Ota makonimga bir haftaginaga ham sig‘madim-a?!
— Hay, hay… hamma narsani jiddiylashtiraverma, — shivirlaganicha, singlisini qayirib tashladi Ruqiya, — bu gapingni hozir opam eshitsa, yana boshqatdan boshlaydi.
* * *
— Kenjavoy, hoy, Kenjavoy, uydamisan?
To‘g‘ri tarafdan kelayotgan Turdi usta qo‘lidagi elektr arrasini seltanglatib, darvozaxonaga kirgach, yana ovoz berdi. Javob bo‘lmagach, bir pas taysallanib turdi. Keyin yo‘talgan ko‘yi, yong‘oqning tagidagi chorpoya tomon yurdi. Arrasini yong‘oqqa suyab, o‘zi chorpoyaning bir chetiga ilindi-da, nos chekdi.
— Kelavering, usta tog‘a! — oshxonadan chiqqan Kenja traktorchining xotini ustaning yap-yangi yaktak kiyib, yasanib olganini ko‘rib, to‘y-po‘yga borayotgan xayol qildi. — Sizniyam yo‘ldan qoldirdimmi?
— Qanaqa yo‘l? Nega qoldirasan? — hayron bo‘lgan usta hozirgina kapalagan nosini darrov tuflab, zoye ketgizgisi kelmay, lablarini kuvacha qilib gapirdi.
— Po‘rim bo‘lib olibsiz-ku, shunga!? — Kenjaning xotini ustaning yangi yaktagiga ishora qildi.
— Ha-a, bumi? — usta oppoq surp yaktagining barini silab kuldi. — Bizning momoning odatini bilasan-ku, bunaqa narsalarga juda sinchkov. Dugonasining qizlari kelganini eshitib, qo‘yarda-qo‘ymay kiygizdi. Innaykeyin, sendanam ozroq o‘pka-gina qildi. “Kenjaning xotini har yili meniyam mehmonga aytardi. Bu yil qariga chiqarib qo‘ydimi deyman, yo‘qlamadiyam” deb. Ikki kun keliniga zig‘ir oshning tagini qildirib kutib o‘tirdi. Chaqirtirsa, damlab olib chiqaman deb.
Kenjaning xotini beixtiyor, qovog‘ini uydi. Tutash qoshlari egarday ko‘tarilganicha, yozilmadi. Qorachadan kelgan rangpar va zahil yuziga istehzoli ifoda qalqqanicha, “sening kampiring yetmay turuvdi” dedi ichida.
— To‘palonda kim kelib, kim ketdi, kimni aytib, kimni qo‘ydim esimda yo‘q, tog‘a. Har yili o‘zim daraklardim… — Kenjaning xotini bazo‘r o‘zini bosib, to‘qiyotgan yolg‘onini jon qulog‘i bilan eshitayotgan ustaning holatini kuzatdi. — Bu yil aytuvchi Shahlo qizim edi. Bolaligiga borib, esidan chiqargandur-da. Hartugul, opajonlar ham hayron bo‘lishdi, xolamning chiqmaganlariga. Go‘sht tegdimi, harqalay?
— Qanaqa go‘sht, hech kim go‘sht-po‘sht bergani yo‘q, — ustaning o‘siq qoshlari ko‘zini yopguday bo‘lib uyuldi, battar hayronligi ortdi.
— Surishtirishim kerak bo‘lmasa, tog‘a, qiz o‘lgur uni kimga olib boripti unda!?
— Go‘sht sadqai sar, qo‘y-ey, bizga tegmagani bilan boshqa birovnikiga olib borgan-ku. Egachilarga savobi tegsa bo‘ldi-da! Ha, qaysi daraxtni kesish kerak.
— Anovi o‘lgurni arralab bering deb chaqirtirgandim!
Turdi usta kelinning qo‘li uzangan tarafdagi daraxtning mo‘ljalini ololmay, ikkilandi.
— Qaysinisini aytayapsan? U yerda kesiladigan daraxt yo‘q-ku, kelin?!
— Nega yo‘q bo‘larkan? Nokni ko‘rmayapsizmi?!
Turdi usta hangu mang bo‘lib, tosh nokka qayta qaradi.
— Shig‘il solib turgan nokni aytayapsanmi?
— Shig‘il solmoq tugul tilla tukkan bo‘lsayam, shuni qirqib bering, tog‘a! — Kenja traktorchining xotini qo‘lini bigiz qilib, bo‘g‘ziga tekkizdi, — Jonimga tegib ketdi mana shu nok! Odamlarnikiga o‘xshab, qarib, qurtlarga yem bo‘lmadiyam, bu o‘lgur! Shu savilga qolganda, Olmos momoning ham ko‘zi tegmadi!
Kenjaning xotini tez-tez gapirganidan so‘zlarining yarmi ichida qolib, yarmi chala-chulpa chiqa boshladi
— Esing joyidami, kelin?! E,e, men seni aqlli xotin desam…
Turdi usta og‘zidan yomon so‘z chiqib ketmasligi uchun gapining davomini yutdi, o‘rnidan shart turdi. Xayolida Kenjaning xotini hozir arrasini tortib olib, nokni o‘zi kesib qo‘yadiganday, uchib borib arrasiga yopishdi, yaktagining bariga yashirdi, bir lahza serrayib turgach, darvozaxona tomon yurdi. Kelinning gapidan garangsib qolganidan boshi aylanayotganini ham sezmadi. Poyintar-soyintar odimlayotganini yong‘oqning tagiga kelgach payqadi. Hovlining o‘rtasida turib olganicha, qo‘llarini sermab, shattalik qilayotgan Kenjaning xotiniga o‘qraydi.
— E, e, men seni aqlli xotin desam… Sen ham…
— Bir haftadan beri tinim yo‘q! Qishloqning itiyam-bitiyam mening boshimda! Bir haftadan beri gusira-gusur! Har yili shu ahvol! Qachongacha men ularga cho‘rilik qilaman, tog‘a?! Qachongacha idish-tavog‘ini yuvaman? Meniyam yoshim qirqqa bordi!
— Uyat ham yaxshi gap! Shu bechoralar bir yilda bir marta kelib, to‘rt kun turganiga shuncha to‘palon qilayapsanmi? Yoki egachilaring irgangga faqat mana shu nokning mevasini bo‘lishib olish uchun kelishadi deb o‘ylayapsanmi? Unda xato qilasan! Bu yerlar ularning o‘z uyi — o‘lan to‘shagi! Bu yerlarda ularning bolaligi, eng baxt¬li kunlari qolgan! Ota-onasidan yodgor mana shu daraxtlar ham xuddi ering kabi egachilaring¬ga jigar! Ular ana shu daraxtlar bilan xuddi aka-singillarday birga o‘sishgan! Mana shu nokni kessang nima bo‘lishini bilasanmi? Yuq, bilmaysan!
— Nasihat qilmagan siz qoluvdingiz! — Kenjaning xotini darvozadan chiqayotgan Turdi ustaning ketidan sensiraganicha, qarg‘anib qoldi, — Arrang bilan qo‘shmozor bo‘l! Hokimning ketidan qop-qop guruchini yegansan-da, yonini olayapsan! Menga o‘xshab soching supurgi, qo‘ling kosov bo‘lganda, bilarding!
— A? Shunaqami?! — usta shart orqasiga qaytib, arrasini darvozaga suyadi, bo‘g‘ziga tiqilguday bo‘layotgan nafasini rostlash uchun bir pas tin oldi, qaltirayotgan qo‘llarini bir-biriga asabiy ishqadi, — Yaxshi esimga solding! Hovlingni solib berishganida, to‘y-hashamingni o‘tkazishganida, Tikochani mindirib qo‘yishganida eringning opalari yaxshi edi, to‘g‘rimi? Chunki landovur ering ikki dunyodayam bunaqa imorat sololmasdi! Mashina tugul valasapit ham minolmasdi! Gapning indallosini aytsam, katta pochcha hokim bo‘lib turganida, hech qachon uning chiqmasdi! Ishdan ketgandan keyin birdan cho‘riliging esingga tushib qolganini qara!?
Kenjaning xotini ustaning vajohatini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Darvozani yopmoqqa borayotgan joyida to‘xtab, shaxd orqasiga qaytdi…
* * *
— Hay, nima gap tinchlikmi? — uzoqdan so‘zlanib keldi Karomat kelin. — Yig‘i ovozi eshitilganday bo‘ldimi?
— Ha, haliyam xudo asrapti! — yoqasini ushlab gapirdi yon qo‘shnisi, — Kenjaning xudoga bir aytgani bor ekan. Bo‘lmasa, bo‘yi yetgan qizidan ayrilardi!
— Tushintiribroq gapiring, yanga!? — Karomat kelin bo‘ynini cho‘zganicha, Kenja traktorchining hovlisiga alangladi.
— Ke, men tushuntiray, mallim! — Karomat kelinning yengidan tort¬ganicha, chetga tortqiladi Oychehra momo, — O‘shanda tuflab qo‘ygin desam, “menda ko‘z yo‘q” deb urib yengganding! Bu ko‘z bo‘lmay, momongning mardonimi?
Baribir hech narsa tushunmagan Karomat kelin labini burib, yelkasini qisdi.
— Topishmoq qilmay gapiring, momo!
— Topishmoq qilmasam, tosh nok qani?
Karomat kelin nokning yo‘qligini endi payqadi.
— Voy o‘lmasam, rostdan ham nok qani? Kecha o‘tayotganimda ham turuvdi-ya! Karomat kelin shosha-pisha nok o‘sib turgan yerga qaradi. Uzun va changakka o‘xshash tomiri xuddi qo‘l bilan ataydan sug‘urilganday tag-tugi bilan ag‘darilgan nok endigina qizarib, sar¬g‘aya boshlagan mevalarini atrofga sochganicha, keng bedazor bilan bitta bo‘lib yotardi.
— Oyim… oyim birga edi… Qaramang degandim-a!
— Kecha kirsam, kelinning o‘zi nokning tagini kovlab, shlang bilan suv quyyapti, — yana bir boshdan gapini davom ettirdi qo‘shni xotin. — E-e nima qilyapsiz desam, hozir sug‘orsam, karsillagan, sersuv bo‘larmish deydi. Kim ayt¬sa, bekorlarni aytipti, suv berish vaqti o‘tdi. Har kimning gapiga kirmang kelin, bunaqada nokni o‘ldirasiz. Shig‘illigini qarang, tagi yumshasa, mevasi tanasiga og‘irlik qilib, tomir-pomiri bilan sug‘urilib, yiqilishi mumkin dedim. Aytganim bo‘pti. Lekin kelin o‘lgur xo‘p-xo‘p degandi, baribir bilganidan qolmaptida!
— Sigiriyam o‘liptimi? — uning gapini bo‘ldi endi davraga qo‘shilgan ayol hovliqib. — Bejay zotdor edi-da, esiz!
— Sigiri sadqaisar, qizi o‘lay dedi. Ish qilib bel-meli mertilmagan bo‘lsin! Qiz bola narsa!
— Do‘xtirga olib borishmadimi?
— O‘sha zahoti “tez yordam” keldi.
— Bittamas, ikki-uchta keldi-yov! Chunki bittasi adashib biznikiga boripti!
— Yaxshiyam, ammalari borida bo‘ldi. Bitta ammasining eri do‘xtirlarning kattasi-ku! O‘sha hammani oyoqqa turg‘izdi. Kenjaning opalari yaxshi o‘zi. Qachon qarasang shular balogardon!
— Bu aniq oyimning ishi… — Oychehra momoning qulog‘iga shivirladi Karomat kelin, — kecha o‘sha bo‘g‘oz sigiriga dili ketgandi. “Nasl olish kerak ekan,” degandi. Nasl tugul o‘ziniyam boshini yepti…
— He, oying o‘lib, oyisiz qol! — arpa do‘q qildi Oychehra momo ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tekkizarkan, — Jim endi, birov eshitmasin! Palakatda, eshitgandan yiroqqa!
— Ha, hartugul qizi o‘lmay qolipti-ku!
— Aytma… aytma…
Oychehra momo bilan Karomat kelin bir-birlariga ma’noli qaraganlaricha ayrilishdi.