Uzoq viloyatdan kelib respublika idoralarining birida nufuzli lavozimda bo‘lmasa ham, to‘rt kishi qog‘oz va kompyuterdan boshini ko‘tarmay ishlaydigan xonaning bir stol va bir stulini egallab o‘tirganiga qariyb besh yil bo‘lib qolibdi. Ishi ko‘zga ko‘rinarliga o‘xshamaydiku-ya, lekin moyanasi chakkimas. Idorasining ham nomi baland. Hamqishloqlari uchun u “falon joyda ishlayapti!” Ana shu “falon joy” tufayli u shaharlik manaman degan oilaning qiziga uylangan. Agar aka-ukalariga o‘xshab qishlog‘ida g‘altak sudrab yurganida bu oila unga qizi tugul, itini ham bermasdi. Lekin “arava”sini o‘zi tortyapti. Tortganda ham g‘ildiratib tortyapti. Chunki, yuqorida aytganimizday, ishi yaxshi. Xonasida o‘tirganda oddiy xodim, lekin ish yuzasidan tekshiruv yoki nazorat uchun viloyatlarga chiqqanda bormi, naq avliyoga aylanib ketadi. Qishloqda hozirda marhum bo‘lib ketgan otasining olmazor bog‘idan olib, atab yiqqan bir necha yillik daromadiga to‘rt yil oldin piyoz ekib sotgan pulini ham qo‘shib olgan, yevropa usulida ta’mirlanib, chet elniki bo‘lmasayam, ohanjamalari chet elnikiga o‘xshatib ishlangan mebellar bilan jihozlangan shahar markazidagi besh xonali uyining ikki qavat eshigini oqshom tushar palla kimdir sekin taqillatdi, so‘ng aqli yetib qoldi shekilli, bulbul bo‘lib sayraydigan qo‘ng‘irog‘ini bosdi.
Boymirza hozirgina ishdan qaytgan edi. Xotiniga erta saharlab viloyatlarga xizmat safariga ketishi lozimligi bois, uning uchun yo‘l taraddudini ko‘rishni uqtirgancha, ovqatlanish uchun stulga o‘tirarkan, eshik tomon norozi qarab qo‘ydi. Vaqti-bemahal qishloqdan poytaxtga tushganlarning yo‘qlab turadigan odati bor. Og‘a-ini ham mayli, hamqishloqman, deb g‘irt begonalar ham serrayib turgan bo‘ladi eshikni ochganda. “Befarosatlar”, o‘ylaydi ular haqida.
– Kim bo‘ldi kech kirganda?
– Qaydam? Qo‘shni-po‘shnidir-da, – shaharlik xotinning ovozida ham malol ohangi bor edi.
– Assalomu-alaykum, yanga, – “xo‘sh, xizmat”, deganday eshikni qiya ochib turgan xotiniga tavoze va kamsuqumlik bilan salom bergan yigitning ovozi tanish tuyuldi unga. – Men… akaning hamqishloqlariman. Shaharga tushgandim. Bir ko‘rib ketay deb…
– Hamqishlog‘ingiz ekan, – alik ham olmay, eriga yuzlangancha ichkariga kirib ketgan ayolning eshikni ochiq qoldirganini mehmon yigit “shaharliklarning ichkariga kiring degani shu bo‘lsa kerak”, deb tushundi-da, ostona hatlab qadam bosdi. Chunki, otasi aytganday, ostonada ko‘rishilmaydi. Shuning uchun qishloqda eshikdan kim kelishidan qat’iy nazar, kiring mehmon, deya ichkariga taklif qilinadi.
– E, Abduvali, senmisan? – U hamqishlog‘ini tanidi hartugul, quchoq ochishga shaylangan yigitga qo‘lini uzatdi. – Ke, kir ichkariga, qishloqda nima gaplar?
– Yaxshimisiz, aka? – Abduvali tovonini bir-biriga ishqab qishloqning tosh yo‘li bir tomonini qiyshaytirib yuborgan tuflisini yechdi-da, uni istar-istamas ichkariga boshlagan shaharlik hamqishlog‘ining ortidan ergashib mehmonxonaga kirdi.
Shaharlik xotin shaharlik-da, stol ustida bodom-pista, shirinliklar solingan billur idishlarning yuzi chiroyli to‘r mato bilan yopib qo‘yilibdi. Qishloqda onasi mehmon uchun atalgan qand-qurslarni nevaralar talosh qilib yubormasligi uchun kichkina sandig‘iga solib qo‘yadi. Non yopilgan kuni tandirning tepasida qizarib eng chiroyli pishgan nonlarni ham o‘rab olib qo‘yadi, mehmonga deb.
Abduvali duoga qo‘l ochdi. Unga qarab, Boymirza ham “iloho-omin” deya yuziga fotiha tortdi.
– Xo‘sh, hamqishloq, nima gaplar, qaysi shamol uchirdi? – dedi Boymirza maqsadga o‘t deganday.
Qishloqda avval so‘rashiladi, choy-non keltiriladi, mehmon aytmaguncha, mezbon nega kelding, demaydi. Shaharda shundaydir-da. Abduvali o‘ng‘aysizlandi.
– Abdukarim aka bilan peshinda kelgandik. O‘g‘lining o‘qishi bo‘yicha. Yana bir uchrashadigan joyi bor ekan, sen boraver, degandi.
“Obbo, yana bitta so‘laxmon kelarkan-da”, – ensasi qotdi Boymirzaning.
– Qaysi Abdukarim aka?
– Kamol ota bor edi-ku, otangizning do‘sti, shuni o‘g‘li.
“Tavba, bundan ham uzoqrog‘i yo‘qmidi”, – xayolidan o‘tdi Boymirzaning.
– Sen o‘tira tur. Men erta saharlab, mashina hal bo‘lsa, balki bugun oqshom ham viloyatga chiqib ketaman. Komandirovka. Ishimiz shunaqa. Shunga sal tayyorgarlik deganday… – Bugun oqshom ketmaydi. Og‘riqning oldini olish uchun, aniqrog‘i, manavilar tunab qolaylik, demasligi uchun atay shunday dedi. Boymirza o‘rnidan turayotib, oshxona tarafga bo‘yin cho‘zdi. – Choy olib ke!
Qishloqda choy olib ke, deyilmaydi. Xonadon sohibalari o‘zi bilib olib kiradi, yoki, begona erkak, deb istihola qilsa, yosh boladan kiritaveradi. Qiziq, shaharda boshqacha ekan. Abduvali hozirgina Boymirza ustidan to‘r matoni olib ketgan shirinliklarga qaradi. Anavi idishdagi konfet sakkiztamikan, yoki to‘qqizta? Agar bitta olsa, o‘rni bilinib qolarkan. Lekin idishi chiroyli ekan.
– Yaxshimisiz, oling, choy iching, – “Nomiga bo‘lsa ham so‘rashishni bilarkan-ku”, – o‘yladi Abduvali uning oldiga choy qo‘yib ketgan oppoqqina shaharlik xotinning ortidan qarab. So‘ng, ayolning ortidan qaragani uchun o‘zidan o‘zi xijolat bo‘ldi-da, choy qaytara boshladi.
“Dom” degani chiroyli, qulay bo‘lsa ham, yaxshi emas ekan. Narigi xonadagi ovoz berigisiga eshitilib turar ekan. Qishloqda uyining devorlari paxsadan. Ovoz eshitilmaydi.
“– …Pishirib qo‘yibdimi… Jonga tegdi… Oyog‘ini hidini-chi!
– Men chaqirdimmi? Qo‘rqma, ketadi…”
Boymirza shaharlik bo‘lib ketibdi. Shaharlik bo‘lsa yomon ekan. Mehmonni yoqtirishmas ekan. Abduvali bo‘lsa, o‘qib, shaharda qolishni orzu qilib yuribdi-ya! Otasi Boymirzani yo‘qlanglar, deganda akasi bejizga “Nima qiladi unikida?” – demagan ekan. Chunki, o‘tgan gal u kelgandi. Qishloqda… Abduvali o‘rnidan turdi.
– E, choy ichmaysanmi? – dedi eshikdan ikkita shapatiday non ko‘tarib kirib kelayotgan Boymirza ketishga taraddud ko‘rayotgan Abduvaliga.
– Rahmat, aka. Otamning salomlarini aytish uchun keluvdim.
– Salomat bo‘lsinlar. Borarding-da, o‘tirib…
– Abdukarim aka hayallab qoldi. Yukim ham unda edi. Qishloqqa borganda, biznikiga ham boring ekan. Otam aytib yubordilar.
– Boramiz. Boramiz, Xudo xohlasa. – dedi Boymirza uni kuzatayotib. – Bir piyola choy ham ichmading-da. Ha, mayli. Nimayam deymiz, shoshayotgan bo‘lsang. Men ham..
– Mayli aka, sog‘ bo‘ling. – Abduvali ortidan eshik yopilgach, yengil tin oldi. “Qishloqda tashqarigacha kuzatib chiqadilar. Uyning ayoli ham xayrlashadi…”
* * *
Bu galgi xizmat safari sal boshqacha bo‘ldi. Ular ishchi guruhlarga bo‘linib, viloyatning chet tumanlarida tanlov asosida xonadonlarga kirib, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan monitoring o‘tkazishlari kerak edi.
Boymirza uning ortidan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib hamrohlik qilayotgan viloyat vakili va mahalla raisi bilan birga qishloq oralab borarkan, oldindan tayyorlab qo‘yilgan xonadonlarga kirmaslik uchun duch kelgan eshikni taqillatdi. Eshikni oltmishdan oshib, yetmishni qoralab qolsa-da, tetik qomatli erkak ochdi.
– Assalomu-alaykum! Kelinglar, kelinglar.
Boymirza o‘zining respublikadan kelganini bildirmoqchi bo‘lmadi. Chunki, topshiriq shunday edi.
– Ota, biz mahalladan…
– Mayli, qayerdan bo‘lsalaring ham. Ichkariga kiringlar, bolam. – Ota ularni hovliga boshladi. Boymirza xizmat vazifasiga binoan, hovlining tozaligiga, xo‘jalik binolarining joylashuviga nazar soldi.
– Qani, bolam, uyga kiringlar.
– Rahmat, ota. Ishimiz ko‘p. Uyingizga patronaj hamshiralar kelib turishadimi?
– Kelishadi, bolam, kelishadi. – Uning so‘zini bo‘ldi mezbon. – Uyga kiringlar, uyda, bir piyola choy ustida gaplashamiz.
– Yo‘q, ota, vaqtimiz yo‘q…
– E, bu vaqt kimlardan qolmagan. Kiring, bolam, kiring. – Ota uy eshigini ochib, qo‘li bilan ichkarini ko‘rsatdi. – Marhamat.
“Hamma xonadonlarni ogohlantirib chiqishganmi deyman.” – Boymirza oyoq tiradi:
– Uzr ota, biz kirolmaymiz…
– Menga qarang, o‘g‘lim, – dedi ota mehmonlarning kirmayman deganidan ranjiganini sezdirmaslik uchun tabassum, ayni damda ta’kid bilan. – Men sizlarni chaqirganim yo‘q. O‘zlaring eshik qoqib keldilaring, shundaymi?
– To‘g‘ri… – “Kelganimiz yoqmadi shekilli,” – o‘yladi Boymirza.
– Agar men chaqirganimda, mening mehmonim bo‘lardingiz. Sizni Xudo shu yerga yetaklab keldi. Demak, Xudoning mehmonisiz. Mehmon – atoi Xudo. Men sizlarni eshikdan qaytarsam, Xudoning oldida nima degan odam bo‘laman? Ichkariga kiringlar.
Bu so‘zlardan keyin kirmay iloj qolmadi. Boymirza uning rangiga qarab turgan hamrohlariga imlab, oyoq kiyimini yecha boshladi.
– Rahmat sizlarga, – dedi ota duo o‘qilgach. Kelini shekilli, qoramag‘iz juvon shoshib dasturxon tuzay boshladi. – Xudoning mehmoni fayz olib kelar ekan. Uyimga fayz kirdi. Rais, choyni sen quyaqol.
– Ovora bo‘lishmasin ota, biz ko‘p o‘tirmaymiz. – dedi Boymirza biri qo‘yib biri qand-qurs, sariqmoyu-qaymoq, mayiz-u yong‘oq qo‘yib ketayotgan bolalarga ishora qilib.
– Mayli, ko‘p o‘tirmasalaring ham. Lekin, nasibalaringni olinglar. – Ota duo o‘qiliboq ushatilgan nonlarni mehmonning yaqiniga surdi.
Boymirza qaynoq choy bilan nonni qaymoqqa botirib yeb olgach, yon daftarini olib, otaning ism-familiyasini yozib oldi.
– Endi, ota, xizmatchilik. Qaysi xonadonlarda bo‘lganimizni qayd qilishimiz kerak. Enamni ismi nima, uni ham yozib qo‘yay?
Ota kulib qo‘ydi.
– Hozir, o‘zini chaqiraman, aytadi.
Lekin, mehmonlarga taom pishirishga bosh-qosh bo‘layotgan ena hadeganda kiravermadi. Yon daftarini ochib, uni kutib o‘tirgan Boymirza yana otani qistay boshladi.
– O‘zingiz aytavering, shundoq, ismlarini yozib qo‘ysam bo‘ldi.
– O‘zi keb qolar…
– Aytavering, ota.
– Daftaringizni bering, yozib beraqolay. – Ota Boymirzaning yon daftariga “Oyparcha”, deb yozdi.
– E, ota, Oyparcha degani eng chiroyli ism-ku! – kuldi Boymirza yozuvni o‘qib. – Shuni aytishga uyaldingizmi?
– Unday emas. Bizda er-xotin bir-birini ismini aytib chaqirmaydi. Hurmatsizlik bo‘ladi bu.
– I-e, nima deb chaqirasizlar bo‘lmasa? Chol, kampir, debmi?
– Shunday deb ham. Yoki bolalarimizning oti bilan.
Boymirza bor-budini to‘kib mehmon qilgach, ko‘chagacha kuzatib chiqqan ota va uning o‘g‘illari bilan xayrlasharkan, ko‘nglidagi bor g‘ubori tarqab ketganday bo‘ldi go‘yo. Bir umr uni kutib o‘tirganday kutib olishdi-ya! Qoyil! Boymirza beixtiyor, kechagi kunni esladi. Abduvali ham Xudoning mehmoni bo‘lgan ekan-da! U esa ahmoq xotiniga qo‘shilib, mehmonni haydamasa ham, mundayroq qildi. Nima, shu bitta odam to‘lasini yarimlatarmidi? Yana, xotini, quruq kelibdi, deb Abduvalining qo‘liga qaragani-chi! Manavi otanikiga ham uch birday odam quruq kirib borishdi-ku!
Kecha zarragina sezilmagan xijolatlik tuyg‘usi bugun ko‘nglini g‘imirlatib o‘tdi.
Bu yerdagi xonadonlar shahardagi kabi yonma-yon joylashmagan. Bir hovliga ikkinchisining bog‘idan ham o‘tib ketaverish mumkin. Boymirza hamrohlarini ergashtirgancha, devori loysuvoq, darvoza ham o‘rnatilmagan xonadonlarning biriga kirib bordi. Hovliga kirib, ovoz berishdi.
30-35 yoshlar chamasi bir yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, peshvoz chiqib keldi.
– Assalomu alaykum. Kelinglar, mehmonlar!
Boymirzani bu yigit ham ichkariga kiring, deya qistalang qildi. Lekin, Boymirza uzr so‘rab, turib oldi. Har bir xonadonga kirib mehmon bo‘laversa, ishni qachon qiladi? Undan tashqari, bu yigit o‘zi yupungina yashaydi shekilli.
Yigit noiloj ko‘nganday bo‘ldi-yu, orqasidan chiqib kelgan xotiniga sekin imo qildi. Ayol bir pasda quroq dasturxon ustida ikkita zog‘orami o‘ziyam, qoragina non ko‘tarib chiqdi va oliynasab mehmonlarga uzatganday, Boymirza tomon tutdi.
– Uyga kirmadingiz. Hech bo‘lmasa nasiba oling! – yigit mulozamat qilmadi, judayam samimiy aytdi bu gapni.
Boymirza bir muddat yigitga hayrat bilan tikilib qoldi. Ehtimol, shu zog‘ora nondan boshqa hech vaqosi, yoki, Boymirzanikidaqa bodom-pista, kilosi falon so‘m turadigan tansiq konfetlari yo‘qdir bu yigitning. Lekin unda Boymirzada yo‘q, uning qimmat bodom-pista-yu, hashamatli uyidan ham ziyoda narsa bor edi. Nima edi shu narsa? Samimiylik, beg‘uborlikmi? Xushfe’llikmi? Balki, mehmonnavozlikdir bu? Yo‘q, oddiygina, o‘zbekchilik bor edi bu yigitda! Ota-bobolardan meros qadriyatlarga sadoqat bor edi unda!
Boymirza nondan bir bo‘lak sindirib yedi. Naqadar totli edi bu non! Unga xonadonidan tuz totgani uchun minnatdorchilik bilan tikilib turgan yigitning tabassumi-chi! Bunday tuz ichgan joyga qirq kun emas, qirq yil salom bersang arziydi!
– Rahmat! Baraka toping!
Boymirza cho‘ntagidan telefonini olib chetga chiqdi. Aniqrog‘i, chetga chiqish uchun telefonini oldi. Hamrohlari unga xalal bermaslik uchun berida qoldilar.
“Shaharda yashasam nima bo‘pdi? Men ham qishloqda tug‘ilgan edim-ku! Shaharda tug‘ilganimda-chi? Nega ming yillardan beri ajdodlardan kelayotgan urflarimizni unutdim? Unutdim emas, xiyonat qildim! Nega? Odamlarni suymay qo‘ydimmi? Yo‘q, ularni suyaman. Ayniqsa ishim tushadiganlarni. Esimda, yoshligimda onam mehmonni shunday kutib olardilar. Xuddi mana bu yigitning xotiniday. Mehmon bo‘lgani uchunmas, odamni odam bo‘lgani uchun e’zozlardilar. Chunki, bu dunyoda hammamiz ham mehmonmiz. Ota-onam-ku, menga bu qadriyatni qoldirgan edilar. Men bolamga nima qoldiryapman?”
– Allo, – dedi u xotinining salomiga alik olgach. – Kechagi hamqishlog‘im, Abduvalining telefon raqami yo‘qmikan daftarda, qarab ko‘r-chi!
– Ertalab, siz ketganingizdan keyin kelishuvdi, anavi Abdukarim degani bilan.
– Nima? Kelishuvdi? – Bir nima topganday bo‘ldi Boymirza. – Yaxshilab mehmon qildingmi?
– Nega mehmon qilaman? Innaykeyin… o‘zlari ham shoshib turishgan ekan. Bir kiloday sariqmoy, bir xalta yong‘oq tashlab ketishdi.
– Hech bo‘lmasa, xaltasini quruq qaytarmagandirsan!? – Asabiylashdi Boymirza. Aslida xotini mehmonlarni quruq qaytarganini yaxshi bilardi. Chunki, birinchi marta emas edi bu. O‘zi ham shunday qilgan bo‘lardi.
– Sizga nima bo‘ldi? Kerakli odamlar ekanmi ular?
– Ahmoq! Aslida sen bilan men keraksizmiz! He… odam bo‘lmay o‘l… – Boymirza telefonni o‘chirar ekan, g‘udranib qo‘shib qo‘ydi: – Men ham o‘lay… odam bo‘lmay!