Men har kun ertalab, tunda ko‘rgan mudhish tush ta’siridan turolmay yotar, butun vujudimni qo‘rquv qoplar, chala-yarimta bilgan kalimalarimni qaytarib, arang qimirlardim. Emishki, allaqanday isqirt va rasvo mushuk yo‘limni kesib o‘tar, oyog‘imga yopishib, zorlanib miyovlaganicha izimdan qolmasmish. Uning xira tortgan, shilpiq ko‘zlari, ba’zan jonlanib, yog‘dulanib, nelarnidir yodga solardi. Bolaligimda kechasi yurishga qo‘rqar, bir juft cho‘g‘day yonib turadigan, it va mushuk ko‘zlarini ko‘rishim bilan orti-oldimga qaramay qochib qolardim. U davrda elatda dov-daraxt yashnagani uchun, it-mushuklar ko‘p bo‘lar, hatto kechalari olislardan chiyabo‘rilarning uligani eshitilardi. Xullas, cho‘g‘day yonmish ko‘zlarni eslashim bilan, tug‘ilib o‘sgan elatim, gujumlar soyasiga yashiringan uyim, onam xotiram qa’ridan tiklanib kelar, ana so‘ng barcha azob-uqubatlar boshlanardi. Gap shundaki, men ko‘p yillardan beri olis shaharda yashar, salohiyatim bilan shaharning eng badavlat odamiga aylangan, qayga qo‘l uzatsam yetardi
. Lekin yillar o‘tishi bilan elatimdan tobora uzoqlashar, tanish-notanishni unutar, yillab ko‘rishmagan qarindoshlarim bilan diydorlashishga bir da’fa vaqt topolmasdim. Balki, topmasdim.
Monoqda yashovchi qari onam elatga qaytarolmay kuydi-yondi. Garchand, qayt endi, kelaqol deb oshkora aytmasa-da, fikri-yodi menda bo‘lib, bir hovuch suyak bo‘lib qolganini bilar, ammo buni-da qarilikka, injiqlikka yo‘yardim. Onam yoz oylarida ko‘cha eshiga oldidagi gujumga orqasini berib, o‘tgan-ketganni gapga solib, tasbeh o‘girib o‘tirarkan. Men elatga tez orada boraman, qo‘yaman demasam-da, onam bari bir kutavergan, yo‘llarimga qarayvergan, qish oylari derazadan qarab ko‘zlari tolgan. Uning ana shu sukutida buyuk bir norizolik, ko‘ngil to‘lmaslik, bir oz gina, bir oz o‘pkalash bor edi. Ba’zan ukalarim, onamning kasal bo‘lib kolishidan qo‘rqib koyishganida… birdani…ga… birda…niga yig‘lab yuborarkanlar. Yillar onamday qat’iyatli, g‘ayratli ayolga ham ta’sirini o‘tkazib, injiq va asabiy bo‘lib qolgan ekan. Uyimiz katta yo‘lga yaqin bo‘lgani uchun — ukalarim hamisha xavotir olishgan. Onam esa qaysarlik, sukut va sabr bilan kutavergan.
Onamning vafoti haqida mudhish xabarni olgan tong, tushimda ul isqirt mushukni ko‘rmadim. Elat sari otlanib chiqqanimga go‘yo ko‘p vaqtlar bo‘ldi, yo‘lim unmas, manzil sari yetmas edim. Fikri-xayolim joyida emas edi. Men butkul o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, nazarimda onam hali o‘lmaydiganday yana ko‘p yashaydiganday edi. O‘lim degan hodisot, qaysi bir ma’noda onamga tegishli emas, onam o‘lishi mumkin degan fikrni miyamga sig‘dirolmasdim. O‘lim bizga begonaday edi. Umuman, bu voqeani qachonlardir sodir bo‘lishini bilsamda, bu xabarni bunday mudhish ekanligini, o‘zimni shunchalar o‘zgarib ketaman deb o‘ylamagandim. Bu xabardan so‘ng dunyo bo‘shab qoldi.
Men yana o‘sha ko‘hna o‘ylar iskanjasida qoldim.
U o‘ylar — xayollar meni yeb tamom etdi.
Etib kelsam, uy huvillab yotibdi, allaqachon janoza o‘qilgan. Darvoza, uy, bog‘lar — hammasi qarib, munkayib qolganday. Fayzsiz. Onam o‘tiradigan ko‘rpacha yig‘ib, (onam hozir turib ketganday) gujum ayrisiga ilib qo‘yilibdi. Ko‘rpacha, supa, gujumlar… hammasi mavjud… onam yo‘q. Ko‘hna charxning qismat karvoni onamni ham olib ketgan edi. Yo‘lga qaragan ayolni… Dunyoning mohiyati ayriliqlar, yo‘qotishlardan iborat ekan. Onam, aynan kechikib kelishimni bilganday, so‘nggi daqiqalargacha yo‘limga qarab yotgan, shuni bir ko‘ray deya, tezroq yur o‘g‘lim, deya iltijo etgan.
Jannatdan tushmish farishtalar ortiq kutmagan. Jannatiy onam.
Ana shunday (marja xotini bilan qo‘shmazor bo‘lsin) duoibad etganda rizolik tilashmay ketgan borgan. Ketavergan.
Men qabristonga yetib kelganimda, qorovul boboy inqillab-sinqillab, hatto so‘kinib, og‘ir va qo‘pol darvozani berkitayotgan ekan. O‘lim saltanati — darvozasi, boshqa olamlarga ketish darvozasi. Bu yerga ham darvoza qo‘yilgani g‘alati tuyuldi. Ha, ana shu mudhish darvoza bag‘rini ochib, bir paytlar ziyoratga keladigan onamning, jonsiz loshini mangulik saltanati sari kuzatgan. Qorovul tobut ko‘targan olomonni o‘tib ketganini aytib, qaysi tomonga ketishganini qo‘li bilan ko‘rsatdi va joyiga tushmayotgan darvoza ilgagini, allaqanday og‘ir temir bilan «darang-during» urib ming‘irlab so‘kinardi.
Men har gal kelganimda, meni taniydigan odamlar birin-birin vafot etar, begonalar ko‘payar, bolaligimga bog‘liq xotiralar asta-sekin Vayongondan joy olardi. Endi, meni biladigan odamlar elatda kam qolgan, bolalikka bog‘liq umrimning jami xotiralari, Vayongonda bir kabr o‘laroq yotardi. Elatning fayzi ketgan, tengdoshlarim qarigan, hamma yokni gugurt qutisiday bir xil uylar bosib ketgandi. Ichimdagi yotlik bilan tashqaridagi yotlik uchrashar, umidsizlikka tushirar, o‘zimni juda bir aziz narsadan ayrilganday his etardim… Men u olis shaharda, har kim bo‘lsam-da, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Monoqda hech kim emas edim. Har ne bo‘lganda ham insonni tugilgan joyiga, inson anglab yetmamish, ko‘zga ko‘rinmas, allaqanday g‘ayritabiiy bir kuch bog‘lar edi-ki, buni faqat eng yaqin odamning musibati lahzalaridagina bir qadar tushunib yetganday bo‘lasan.
Balki, bu narsa, shu paytgacha — onam qiyofasidaga Vatan timsolida gavdalanmish edi.
Nahot tiriklik qismat degan yoziqning alal-oqibati shu bo‘lsa deya o‘kinardim.
Ichkariga qadam qo‘yishim bilan rutubat aralash yomg‘ir, chirigan o‘t-cho‘p, balchiq hidi burnimga urildi. Birinchi odimdanoq, o‘liklar saltanati degan o‘y miyamga keldi, odamlar hamma olamlarda saltang bo‘lib yasharkan. Qancha yurganimni bilmayman, bir jonzot jonholatda oyog‘imga tashlandi. Qarib-churib ketgan isqirt mushuk jon azobida, o‘ng panjasini yerdan uzganicha miyovlardi. Irimchi odam bo‘lganim uchun, bir odim izimga qaytdim, ko‘nglimga yomon narsalar kelib seskandim. Miyamda allaqanday qora fikr yarq etdi: xuddi shu holatda o‘tirmish qari mushuk shaharda tushimga kirgandi. Badbaxt mushuk, tushimni shunday ochib, kirib kelavergan. Izimga qarasam qorovul choldan asar ham yo‘q, (uni ko‘rganmidim?) temir darvoza hech qachon ochilmaganday, joyida sobit turibdi. Olisdan uzoqlashib borayotgan olomonning g‘ala-g‘ovuri, shiddatli guvillashga qo‘shilib qulog‘imga urildi. Yaqingina joyda quyun qo‘zg‘alayotgandi. Taxi buzilmagan ro‘molcham bilan yuzimni artdim, ko‘zimdan yosh chiqibdi. Yuragimni g‘ussaga to‘ldi
rmish xabar, xarob manzaralarga, shaharda ancha noziklashib qolmish yuragim bardosh berolmamishdi. Zamonlarning o‘zgaruvida, bu yer, tosh yotqizilib, devor bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, qabriston deyarli o‘zgarmagan, vahimali mahobatini yo‘qotmagan edi. Qabristonning ko‘rqinch suvrati bolaligimdan yuragimda sakdanib qolgan, jin-ajina, temir tirnoq degan rivoyatlar ta’sirida ulg‘aygandim. Qabriston uzra tanish va notanish odamlarning musibati osilib turar, hech narsadan xabardor bo‘lmagan chog‘da ham, allaqanday mudhish fojeaning qora ko‘lankasi sezilib turardi. Bunda vaqt ham, zamon ham qotib qolgan, faqat unda-bunda qovjirab qolmish rangsiz o‘t-o‘lanlar, yulg‘unlarda hayot asari sezilar, past-baland tug‘larga boglangan alamlar alamli hilpirardi.
Hali onamni qabriga uzoq, yog‘ingarchilik bo‘lib, pastlikdash yerlar botqoqqa aylanib, chetlab o‘tmaguncha yuqoriga chiqishim mushkul edi. Mushukni bosib olganimdan so‘ng, vujudimga toliqish his etsam-da, tezroq olomonga yetib olish uchun, odimimni tezlatdim. Chor-atrofni to‘zg‘oqlar qoplagan, bor-budidan ayrilgan kulrangidagi qamishlar, yulg‘undan tortib, katta-kichik qabrlargacha — bir rangga, o‘lik sukunat rangiga qo‘shilib ketgan edi. Atrofga ogir jimlik cho‘kkan, bu yer dunyodan ayirib, bo‘lib, majburlab olingan, mangu o‘lim satganatiga o‘xshardi. Men tobora ichkarilarkanman, o‘limning mangu xo‘rsiniq va ichikishlarini ravshanroq eshitar, allaqanday hadik bilan odim tashlardim. Sho‘rxok yerlarda toyg‘onib, yiqilib-surinib, qimmatbaho kiyimlarimni avaylab yuqorilarkanman, eski va g‘arib qabrdagi yozuvga ko‘zim tushib qotib qoldim.
Pirim buva
Yo, Tangrim Pirim buvaday odamning o‘lganiga to‘rt yil bo‘libdi, bexabar qolaveribman. (Ana, xabardor bo‘lding deylik, endi nima deysan?). Shaharda tinchlik bermaydigan o‘ylarning, xotiraning bir qismi — Pirim buvaga ham bog‘liq edi. U odam: xotindan kuygan edi. Urushdan kelsa — xotini erga tegib ketgan, yangi olgan xotini ham buni tashlab ketib qoladi. Qaytib xotinning yuziga qaramadi u, dunyoda uning uchun xotin zotining mavjudligi bekor edi. Ko‘ngilchang, yuvvosh, so‘qkabosh bir odamning qahri qattiqligiga hayron qolar, tobora bu odamga bog‘lanar edim. Onam qishloq sho‘rosi bo‘lib ishlaganida, kolxoz ot-arava bergan, Pirim buva biznikida yashardi. Elatdagilar uni kar va soqov deb o‘ylashardi. Pirim buva odam bolasi bilan elakishmagani uchunmi dudiqlana-dudiqlana «unasin-unasin» derdi. Bu uning «undan so‘ng.. undan so‘ng» degani edi. Gap boshlaydigan bo‘lsa, asosiy so‘z lug‘ati shu so‘zdan iborat edi. Ichib olgan kezlarida tillari yechilib ketardi:
— Alimni otib tashladim, kigiz qo‘yib. Blat. Uch yil yog‘och miltiq ko‘tarib, birovlarning ko‘ylak-ishtonini yuvdim. Suka. Bitlariga utik bosdim. Hammasi jonimga tegdi. Tfuu… Otdim tashladim, yo o‘lay, yo qolay dedim. Svoloch. Yuragingni qurtini o‘ldirib girmon bilan urushmasang, qop ko‘tar, idish-tovoq yuv… Kesam ahvol bu… He enangni…
U bilan beda keltirishga borgan paytimiz umrimning eng go‘zal lahzalari edi. Buvaning tili bilan aytganda, yo‘ng‘ichqa keltirishga borardik. Bedazorda bedanalar sayrar, beda gulining boshni aylantirar isi, otning pishqirib-pishqirib qo‘yishi, Pirim buvaning vaqti chog‘ hollarda, olmoncha, o‘rischa aralashtirib, bevafo xotin haqidagi qo‘shiqlari.. bari go‘zal edi. Azbaroyi otlarni yaxshi ko‘rganimdan Pirim buvaga yopishib olgan, kattagina bola bo‘lsam-da, biror joyga ketar bo‘lsa, xarxasha etardim. U esa menga ezilgan, qotib ketgan, rangdor qog‘ozli konfetlar berardi. So‘ng u qaridi, Toshhovuzdagi urug‘lari oldiga ketdi, men olis shaharga o‘qishga jo‘nadim. Bir so‘qqabosh odam hakdtsagi xotira shunday edi. Shosha-pisha yuzimga fotiha tortib tez qo‘zg‘aldim.
3442. Otanazar Sobir o‘g‘li
Uch ming to‘rt yuz qirq ikki raqami bilan tuproqqa qorishmish bu odam bir ming to‘qqiz yuz yetmish oltinchi yildan beri, muhabbatdan qon taloshmish yuragiga, qo‘lini qo‘yganicha — mangu uyquga ketmish. Nahot ko‘z ochib yumguncha fursatda, bu eski charxi-dun yigirma marta aylanishga ulgurgan ekan. Xotiram ko‘kida bir qora kun o‘tib edi. O‘z nikoh to‘yi kuni halokatga uchrab, halok bo‘lgan kuyov fojeasini sira unuta bilmasman. Oradan ne-ne baxtli-baxtsiz, saodatmand-saodatsiz kunlar o‘tdiki, ammo u dard saqlab ko‘yilmish mayday tobora o‘tkirlashar, vaqt o‘tgan, yoshim ulg‘aygan sayin — bu fojia dahshatini yaxshi anglar va his etardim. Men shaharda paytimda ham, bu voqeani qanday sodir bo‘lgani haqida o‘ylar, turli taxminlar etar, butun Monoq elati oylab motam tutganini eslardim. Baxtsiz tasodifning ham, eng baxtsizi edi bu tasodif. Bu taxlit fojia hali hech qanday yozuvchi tomonidan yozilmagan, ustalik bilan birov tomonidan uyushtirilganga o‘xshardi. Nazarimda Otanazar qattiq uyquga ketgan, bir kun, kelin qabr
boshiga kelar bo‘lsa, bir silkinib turib ketadiganga o‘xshardi. Agar, bir kun Allohning nazari tushar bo‘lsa, uning qiyomatdan ham oldin tirilishiga, tanasining javhari harakatga kelib, ilgari holida bunyod bo‘ladi deb ishonardik. Chunki, u navqiron, kelishgan, hatto o‘limning ham rahmi keladigan darajada yosh edi.
«Hatto, o‘lim ham sevmishdir uni».
Qabristonning baland joyida yigirma yilki, qattiq sukut bilan ko‘zini yo‘lga tikib yotar, qachondir, qaysi kundir, nimadir sodir bo‘lishiga shay bo‘lib yotmishdi.
Qabr ham — Otanazarning o‘ziga o‘xshab, baland va mag‘rur edi. Kelgan-ketgan oromini buzganiday sovuq va mag‘rur tikilar, egasiga sadoqat va mehr ko‘rgazib sobit turardi.
Ulug‘ enamizni mangu mayib etmish bu fojiani kelin unutib ham yuborgandir. Ba’zan og‘ir xotiralarga berilganda ko‘ziga yosh ham olib qo‘ygandir. O‘sha yili o‘zgadan tug‘ilmish o‘g‘li, yigirmaga ham kirib qolgandir, balki. Naql etishlaricha, muhabbatda telbalik bormish, aynan shu telbalik ramzi o‘laroq yotmishdi bu yerda og‘amiz. Ayni shu telbalik uning ishqida zohir edi.
Qabristonning tuprog‘i juda og‘ir edi, bunda — orzu-armonlar, iztirob havaslar panoh topmish insonning mangu navqiron ko‘ngli ko‘milmish edi.
Tezroq borishim lozim edi, olomon allaqachon ko‘rinmay qolmish, kunbotardan qattiq shamol esa boshlagan edi.
9482. Ovodon
Men uni rasmidan tanidim, bu o‘sha maktabning bitiruv kechasida tushgan rasmdan kattaytirib ishlanmish rasm.
O v o d o n.
Men shu qizni bir vaqtlar yurak-bag‘rim kuyib-kuyib sevmish edim. Men uning hajrida ne-ne tunlarni uykusiz ottirib, uni birgina ko‘rmak uchun, birgina bilmak uchun, birgina his etmak uchun olis paxta otizlarga piyoda borib kelardim. Kelar yo‘llarini qarardim…
Uning eshigidagi har bir narsaga, hatto qari tolga ham havasim kelardi. U kunlar — nechog‘lik toza va samimiy yuragim bor edi. Yuragimni ochmay, bir og‘iz gapirolmay, shaharga ketib qoldim. Ikki-uch yildan so‘ng, uning yurak xurujidan vafot etganini eshitdim.
Qayg‘urdim va unutdim.
Ovodonning ota-onasi dunyodan o‘tib, qarovsiz va ko‘rimsiz qolmish qabrda birgina nishon, yo‘g‘on o‘rim sochini oldiga tashlagan, hali ochilmagan g‘uncha, o‘spirin, go‘zal qizning rasmi bor edi. Yillar kabristonni chetlab aylanavergan, ovloq qabristonning, ovloq go‘ridagi o‘spirin siymo, mijjasidan bir tomchi yoshi oqay-oqay deb, xiyol jilmayganicha, navqiron holida qolmish edi. Makon va zamon maqomlari — bu yerda bekor edi. Navqironlik va o‘limda bir-biriga zidlik, qarama-qarshilik bor edi. Eng baland avjda — karsillab tsingan bir yovuz tovush bor edi — bunda.
U nechuk go‘zal qo‘shiqlar aytmish edi, endi u yangroq tovush, nozik badan, qora sochlar, qora ko‘zlar, qabrning qay burjida sochilib, sochilib yotibdi, u qo‘shiqlar, hayajonlar, hayratlar, otashlar qay tuproqqa singmish ekan.
Endi — u Ovodondan bir uyum g‘isht va shu eskirib ketgan rasm qolmish edi. Uning rasmi bu xarobot aro bir ko‘mak istamishday, noma’lumlikka ko‘z tikib, qorachug‘larida hayrat, hayotga muhabbat aks etib, tikilib turaveradi, turaveradi. O‘n besh yilki, tong otadi, vahimali tun cho‘kadi: qor-yomg‘irlar yog‘adi, qahraton avjiga chiqadi, oylab odam qadami tegmaydi… u esa yana allaqanday ilinj bilan tikilib, ko‘zidan bir tomchi yoshini oqizay-okizay deb sukut bilan qarab turaveradi.
Horimaydi, qarimaydi.
Ko‘ngli — sukutda edi.
Meni bu rasm yomon etdi, ko‘z yoshlarimni arta-arta arang o‘rnimdan jildim. Shaharda yig‘lashni unutib qo‘ygandim, dimogam achishar, ko‘zimdan tinmay yosh oqardi. Uning yurish-turishi, kulishlarini eslardim, yuragim «duk-duk» urardi. Endi menga bori xotiralar, xayollar, o‘tgan bir kunim ham — armon edi.
Men kim edim, kim bo‘ldim, shahardagi iztirobu o‘rtanishlarning sababi ne edi? Bari xotiradanmi, faqat xotiragina, bolalik kunlarimgina, shuncha qiynab, oromimni oldimi?
Kim kabrga rasm qo‘yishni o‘ylab topgan bo‘lsa, o‘shaning go‘ri rasmsiz qolsin. Kun og‘a boshlamadi, xayolimni bir joyga yig‘ib, jadallamasam, olomonning izidan yetolmasligim aniq edi.
2813. Rais
Oldi soyabonli shapka, harbiycha galifeli cholvor, kamzul va etik kiyib yurmish bu badqovoq odamni, kari chollar ko‘rsa-da, tili kalimaga kelmay qolarkan. Asrning la’nat tamg‘asi uning bo‘yniga osilgan edi: tunlar maigala yokib yarim tungacha xotinlarga ko‘sak terdirgan, g‘o‘zapoyani o‘roq bilan o‘rdirgan, yana xotinlarga arava va zambarda dalaga go‘ng tashitgan ekan. Yoshgina bir ayolni yonib turgan tandirga tashlagan, paxta vaqtida non yopgani uchun degan mish-mishlar yurardi. Urush payti erkaklar kam bo‘lgani uchun, u qancha kelin va yosh qizlarning nomusini bulg‘agan, onam falonchi o‘shaning xaromzoda o‘gli, derdi.
Bolaligimda bu odamning ismini bilmasdim, barcha bolalar kabi, bir so‘z bilan «reyis» deb atardim. O‘sha vaqtda elatda birgina «Pobeda» mashinasi bo‘lib, uni ham shu rais minardi. Rais va «Pobeda» ikkalasi bir kunda tug‘ilganday, bir-biriga mos va tengdosh edi. Ikkalovining qo‘pol va noyob nusxaligida, allaqanday yaqinlik bor edi. Xotiramda qandaydir yovuz dev – yuragimning qo‘rqinch degan tushunchasiga, mangu ma’bud bo‘lib qolmish edi.
O‘liklar ham rais zulmidan qo‘rqqanday bahaybat qabr yonidan olisroqqa siljib, qabristonning bir tarafaga po‘sib olmishday edi. Raisning o‘g‘illari otasiga siy-izzat ko‘rsatib, go‘riga mahalliy haykaltaroshlar yasagan haykal qo‘yishgandi. Haykalning yozu-qish, qushlar o‘tirib tashlagan boshi allaqachon teshilgan, ichiga allaqanday kush uya qurib olgan, burni uchib ketgan, haykal o‘rnashgan supa bir tarafga oqqan, u olisdan sajdaga bosh qo‘yayotgan, miyasi teshilgan odamni eslatardi.
Inson bari bir o‘larkan, buncha zulm, xiyonat — gunohlarni nechun kilarkan, deb o‘yladim. Va yana o‘zimga javob berdim: hech kim o‘limni bo‘yniga olmaydi, har kim o‘zini mangu deb o‘ylaydi. Bu safga o‘zimni ham qo‘shib qo‘ydim.
11868… 14478
Bu kichik tepaliklarning ayrimlari ustida raqam bor, yoyilib ketganlarida, hech qanday nishon yo‘q. O‘sha atrofda tartibsiz sochilib yotgan eski-yangi beshiklardan, bu qabrchalarning kimga tegishli ekanini bilib oldim.
B o l a l a r.
Ayni shu sukut o‘lkasida, jajji qabrchaaar shahrining qad rostlashining o‘zi alamli, armonli edi. Suvrat shahar xarobalari.
Yana quyun ko‘tarildi, shamol etagiga sho‘rxok tuproqni, yantoqlarni, eski qabrlarga tikilgan alamlarni yulib olib, qabriston ichida charx urar, g‘uvillab nola etib, tobora haddidan oshardi. Qurib bitgan saksovullar, og‘ochlar, beshiklar chayqalib ovoz chiqarar, bularning hammasi shamolning guvillashiga qo‘shilib, kishini vahimaga soluvchi ohang paydo etgan edi.
Beshiklarni nega tashlab ketishdi, ul bag‘ri kuyuk ota-ona shu taxlit – farzand dog‘ini unutmoqchi bo‘lganmi? Insonga xotira degan narsaning ne keragi bor edi, u insonni azob-uqubat iskanjasida saqlasa? Bu qo‘rkinch saltanati komida yalang‘och beshiklar. Ko‘ngilni buzar, beixtiyor borib hammasining ustiga gavharpo‘sht yopgang kelardi. Qabristonda sochilib yotgan beshiklar, mayit taxtalar, atamlar ustiga qadalgan alamlar, eng mashhur rassomning xayoliga kelmaydigan, kelsa-da, bu manzarani boricha tasvir etolmaydigan — qora, qop-qora manzara edi. Ne bo‘lganda ham beshik va qabrning yonma-yon yotuvida, inson umrining ibtidosi va intihosi aks etmish — sovuq falsafa bor edi. Haqiqat o‘zining uzun umri mobaynida, birinchi marta shu yerda, qabristonda ro‘yi-rost, yuz foiz haqiqat maqomida aks etmish edi. Faqat — o‘limgina haqiqat edi.
Har ne bo‘lganda ham, bu ikkala ashyoning inson hayotida muhim o‘rni bo‘lib, yovuz qismat buni allaqachon anglaganday, bandasiga nenidir aytmoqchi bo‘lib, qabr va beshikni yonma-yon qo‘ymish edi.
Qabrlarda qachonlardir onasining issiq qornidan ajrab tushgan, hali dunyoni anglamasdan turib, tuproqqa qorilgan norasidalar yotardi. Kim biladi, ular o‘lmaganida dunyodagi eng buyuk va mashhur odam bo‘larmidi? Bir vaqtlar onam menga, seni besh nafar ukang Vayongonda yotibdi, deguvchi edi. Ular qayerda, qanday yotibdi, men bularni bilmasdim, ko‘rmaganim uchunmi — yuragimda unchalik rahm-shafqat uyg‘onmasdi. (Ana inson psixologiyasi.)
Bir kun kelib bularning ham ota-onasi dunyodan o‘tgach, norasidalar unutiladi. Xotira shunday shafqatsiz kuchki, u o‘liklarni tez unutib, yengil tortadi. Hali qotib ulgurmagan suyaklarni, murg‘ak etni, qop-qorong‘i vahimali yer osti — kiprik qoqmay yutib yuboradi. Tamshana-tamshana yangi qurbonlarni yutishga chog‘lanib, yana necha-necha yuz yillar qorongi go‘rday og‘zini ochib yotaveradi.
3 A. 2793. Itlar saltanati.
(bu yerga ham texnika asri yetib kelibdi)
Yura-yura qabristonning tashlandiq burchagidan chiqib qolibman, bu yerga hech qachon odam oyog‘i yetmaganday, hammayoq xarobot, har xil latta-lutta, tsingan mayit taxtalar, siniq g‘isht uyumlari, gullab qurib qolgan qamishlar sinib sochilib yotar, qor yoqqanday chor-atrofni to‘zg‘oqlar kogshab olmish edi. Vaqt o‘tishi bilan bu yer, qabristonning axlatxonasiga aylangan, hammayoqni yulg‘un va to‘rong‘il bosib ketgan edi.
Shu mahal yerdan chiqtsimi, osmondan tushdimi, o‘nlagan katta-kichik, birining oyog‘i mayib, birining ko‘zi ko‘r, birining dumi kesilgan itlar… mayib itlar galasi otilib chiqdi. Ham qo‘rquv, ham hayratdan qotib qoldim, oyoq-qo‘lim — vujudimdan jon qochdi. Meni tilka-pora etib, suyagimni g‘ajishga tayyor, yurtning itiga o‘xshamas, matla juni osilib qolgan, biznikilar «marja it» deydigan, bo‘yi bir qarich, soqoli ikki qarich qarovsiz itlar jon-jahtsi bilan hurar, arvohday ozg‘in, qip-qizil emchaklarini selkillatib yurgan, qanjiqlar boshqalarining oyog‘i ostida qolib ayanchli angillardi. Go‘yo o‘z tasarrufidagi sarhadga meni yaqin yo‘latmas edi. Itlar menga tashlanish borasida, ko‘zi qonga to‘lib bir-birini tishlar, har tarafga qochar, kattasi kichigini, kuchlisi ojizini o‘mgani bilan urib yiqitardi. Bir-biri bilan omonsiz talashar, bir-birini g‘ajishardi. Nazarimda butun dunyoning mayib-majruh, isqirt-ochko‘z, och va daydi itlari, shu yerga, daydi itlar makoniga yig‘ilmish edi. Itlarning bo‘yniga eski har xil
rangdor tasmalar, qo‘ng‘iroqchalar taqilmish edi. Barining sasi hura-hura bug‘alib qolgan, ko‘zlari qon quyulganday qizil va ma’nosiz edi. Ularning ichida yirik kelbatlisi, aftidan sardor, tola-to‘pga qo‘shilmasdan bir chetda viqor bilan o‘tirar, junlari arslon yoliday parvarishlab o‘stirilgan, paydor va baquvvatligidan, Noyila totorning sodiq farzandlaridan biri ekanligi bilinib turardi. Sardorning ko‘zlari behafsala, befarq, gussali boqar, to‘daning talashuv va hurishiga dunyoning sir-sinoatini bilgan qariyaday jimgina tikilardi. Qaydandir eshitilmish hushtakka ular, qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday tez ko‘zdan yo‘qoldi.
Manglayimga yirik-yirik tomchilar tushdi, tavba, qabristonda ham yomg‘ir yog‘arkan, shamol bo‘larkan, mening nazarimda hamma narsa qotib qolgandek edi. To‘zg‘ib yotgan qamishlar orasidan asta mo‘raladim, yarmi o‘prilib ketmish, eski qabr atrofida haligi to‘da, intizomli askarday cho‘zilib mudrab yotishardi. Itlarning eski po‘stakday yerga qapishib yotmish bu holati, yaqin orada turganga, biror yemak yeganga o‘xshamasdi. Ular, bir kunda vaboga uchrab duvva to‘kilganday, bir arava etib, axlatxonaga keltirib tashlangan axlat uyumiga o‘xshardi. Qabrda na yozuv va na-da bir nishon bor edi. Somon suvokdari ko‘chib, nurab, chor-atrofini o‘t-o‘lanlar, qamishlar bosib ketgan edi.
O, men allaqanday ichki sezgi bilan bu tashlandiq itlar qarorgohini, kimning qabri ekanligini bilib oldim. Har bir ovul, qishloqning qaysi bir jihati bilandir mashhur odami bo‘ladi. Men hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan odam — elatning eng «mashhur» odami edi. Vaqt-bevaqt bizning elatimizga, kelinga qalin puli to‘lash og‘ir bo‘lgani uchun, qo‘li kaltaroqlar, olis Rusiyadan xotin olib keladigan odat chiqarishgandi. Ba’zan, elatda falonchining o‘g‘li o‘ris xotin olib kelibdi. Yoki, falonchi armiyadan totor xotinga uylanib qaytibdi, degan gaplar oralab qolardi. Noyila totor shu taxlit elatimizga kelib qolgan edi. Xudo rahmat qilgur Noyila o‘zi aslida yaxshi xotin bo‘lgandir-u, «komsomol to‘yi»ga yuzini, qosh-ko‘zini shunday bo‘yab chiqqandiki, umrida bo‘yoq neligini ko‘rmagan xotinlar, elat odamlari, bu bo‘yalgan xonimni ko‘rib esi og‘ib qolayozdi. Ko‘p yillar gapirib yurishdi: «Nurmat cho‘qli, o‘risdi yurtidan, ko‘k ko‘z qo‘rchoq katiribdi», deb. Odamlar qattiq ko‘ygan ekanmi, shu-shu, Noyila totor o‘zga sayyorada
n kelganday, o‘lguncha safiga qo‘shishmagan. Bu elning odati g‘alati ediki, bir umr yashasa ham, to‘y-hashamiga aralashsa ham, kelgan odam, yot bo‘lib qolaveradi. Bir qarich bolagacha, anovi Noyila totormi, burnigacha kraska suradigan, derdi. Buning ustiga u elatimizdagi o‘ris tilini biladigan yakkayu-yagona odam bo‘lgani uchun, ba’zi yaramas odamlarga yumaloq xat yozib beradigan odat chiqargandi. Yana bir tarafi Noyila totorning farzandi bo‘lmay, bor mehrini it va mushuklarga bermishdi… Elat chetidagi, eski chala bitgan qo‘rg‘oni itlarning chinakam qo‘rikhonasiga aylangan edi. Bir qarich cho‘ntak itlaridan tortib, og‘zidan so‘lagi oqib yotgan eshakday-eshaqday buldo‘q itlargacha bor edi. Itlarning irsiy taraqqiyoti aks etadigan, tirik muzey edi u qo‘rg‘on. Qalang‘i-qasang‘i kuchuklarni allaqanday topib keltirar, ularni ko‘paytirib, itlar saltanatining malikasiga aylangan edi. U elatdagilar bilan sira til topisholmas, talashar-tortishar, ayniqsa, bolalarning jig‘iga tegar, uyi yaqinidan o‘tib qoladiganlarin
i, itlarga quvlatib, huzur qilardi. Ba’zan jahldan bug‘ilib:
— Kazir alarg‘a itarman (ya’ni itlarga), alar silardi, olordo ko‘yar, svolochi, deb qichqirardi.
Sho‘rlik totor o‘lgach, itlar ham bunga kelmish, endi ular solih bir farzand o‘laroq, totorning yo‘q sha’nini va mulkini qo‘riqlab yotishardi.
J. 3383. Sharif surnaychi
To‘y-po‘ydan bo‘sh vaqtda Sharif surnaychi, bolalarni yig‘ib, allaqaydagi gaplarni gapirib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. U, og‘zidaga nosni tuflardi-da, boshini mag‘rur ko‘tarib, men o‘ligimni Monoqqa ko‘mish uchun kelganman, so‘ng go‘rda tinchgana oyog‘imni uzatib yotib, surnay chalib yotaman, deb qolardi. Biz, tirik odam o‘z o‘ligini qanday ko‘markan, bordi-yu bu ish amalga oshsa so‘ng, qanday surnay chalib yotarkan deb, hayron bo‘lardik. Semiz baqaloqqina surnaychi ko‘zimizga boshqacha ko‘rinib, qo‘rqib qochardik ham. Atrofda odam yo‘q paytlari, masxaralab, kesak otib quvlardik.
Asli, Monoqda, qirqidan oshgan odam surnaychi bo‘lmas, degan naqlnoma gap bor edi. Lekin Sharif surnaychi qirqidan oshganda surnaychi bo‘lib, bu gapning puchligini isbotladi. U olis shahardan odamni, qirqidan oshsa-da surnaychi bo‘lishini isbotlash uchun, Monoqqa kelganday, qirqidan oshdi surnaychi bo‘ldi qo‘ydi. Umuman, Monoq tarixida qirqidan oshgan odam, surnaychi bo‘lganmi yo‘qmi, bilmayman. Bu maqol, qaysi toifa odam uchun, qachon aytilganligi bilan ham qiziqmaganman. Faqat, qirqidan oshgan surnaychi bo‘ladimi, degan gapni bilaman. Turib-turib, nega endi aynan, qirqidan oshgan odam surnaychi bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylayman. Bu gapning eng to‘g‘ri ma’nosi, qirq yoshgacha bir hunarning boshini tutmagan odam, qirqdan so‘ng balo ham bo‘lmaydi degani bo‘lsa kerak. Lekin, bari bir, bizning Sharif surnaychi, bu gapni sindirdi-da.
Aytishlaricha, yoshligida uni savdoyi deb, kasalxonaga yotqizishgan kuyi, elatga qaytib kelmagan, bizga noma’lum umrini o‘sha yoklarda yashagan. Shu vaqtgacha shaharda qanday yashagan, ne yumushlar bilan tentiragan, bir Xudoga ayon edi. Bu haqida qahramonimizning o‘zi sira gapirishni suymasdi. Endi, faqat shu tuproqqa ko‘milib, oyog‘ini uzatib yotish uchungina bu yerlarga kelib turgan ekan.
Odamlar uni surnay chalishiga ham, o‘ziga ham birday munosabatda bo‘lar, hech kim to‘yga aytmas, u ertalabdan to‘y joyida xizmatini ado etib, el qatori qornini to‘ydirib ketaberar edi. Kambag‘alning bir to‘ygani, chala boyigani-da.
Endi bilsam, Sharif surnaychi, orzusiga yetgan, o‘ligini bunga ko‘mib, qabr ustiga ko‘chqor shoxlarini qo‘ndirib, bamaylixotir yotardi. U dunyodan g‘arib, miskin va befarzand o‘tgani uchun, savobtalab odamlar tomonidan, qabriga ohakdan ganch o‘yilib ishlov berilgandi.
Olisdan surnaychining go‘ri qabriston go‘rlaridan ayrilib, marmar qasrday oqarib ko‘rinardi.
G. 8463. Onam (1927-1992)
Shu yerga kelganda, ruhi jonimda bir o‘zgarish yuz berib, bezgak tutganday titray boshladim. Men shaytonlay boshladim, hamma yog‘im tortishib, yuz-ko‘zlarim «pir-pir» uchib, tobora holdan toyardim. Ichimni qo‘rqinch, allanimaga zoriqish qoplab olgan, qaddimni tik tutolmay qiynalardim. Oyog‘im ostida allanima ayanch bilan vag‘illadi, yana o‘sha kasofat, xosiyatsiz mushuk, qabristonni boshiga ko‘tarib miyovlardi. Daydi it, mushuklarning ko‘ziga yaqiniday ko‘rinamanmi, ular har joyda meni topishar, izimdan qolmay ergashishardi. Bir xovuch suyak bo‘lib qolgan, uvada bo‘lib yotmish junlari orasidan, uchburchak boshini arang ko‘tarib miyovlardi. Bir qarashda, xarob holati bilan butun umrini qabristonda o‘tkazganga, ngu yerning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib ketganga o‘xshardi. U har miyovlashiga olam-jahon kuch sarflar, zaif tanasi titrar, bo‘g‘zidan har xil saslar chiqardi. Yana bir oz shunday tursa, xuddi shu holatda qotib o‘ladiganday edi. Ne maqsadda izimdan qolmayapti. Bu bexosiyat mushuk, kissalarimni ushladi
m, yegulikdan asar yo‘q. Tan olib aytishim kerak ediki, ayni shu holatda, mushuk va mening qismatimda o‘xshashlik bo‘lib, har ikkalamiz bu o‘lik saltanatda: daydi, xo‘storsiz, najottalab edik. Qismat har ikkimizning ham yo‘limizni — shu yerda birlashtirmish edi. Men bexosiyat mushukdan ayrilish uchun, gandiraklay-gandiraklay yuqoriga o‘rmaladim, mushuk onasidan ayrilgan boladay, sho‘rxok tuprokda sirg‘alib, o‘t-o‘lanlarga yopishib jon holatda tirmashardi.
Aqlu hushdan ayrilgan devonaday, dovdirab, qabristonni uch marta aylanib chiqdim, onamning yangi qabri, jannat tasarrufiga o‘tib ketgan hududday yo‘q edi. Go‘yo ulug‘larning qahri kelgan, onasidan kechgan vatangadoning jazosi shu degan-u, jannat darbozalarini berkitgan. Quyosh botayotib, qabristonni mangu vahm va qo‘rquv sukunati qopladiki, men qabrni topolmasdim. Yulg‘unlarni ushlab, tetapoya boladay yurarkanman, yovvoyi bir sas bilan ona, onajon derdim, o‘zimni la’natlab yig‘lardim. Men ko‘proq yig‘lashga o‘rgana bordim. Ana shu lahzalarda butun umrlik hayotim uchun, olis shaharlarda qolib ketganim uchun, Tanfiga ming tazarru aytdim. Agar, Alloh amr etib, shu lahzada onam qaytadan tirilar bo‘lsa, butun umr poyining gardini artib o‘tishga, umrim shomigacha xizmatida bo‘lishga tayyor edim.
Onam, o ko‘zimning nuri, onam!
Bu yozg‘irishlarim — battar telbalantirar, endi men fikrlay olmas, ruyoga aylanmish dunyomni ostin-ustin etardi. Bir zamon, yaqinginada chalingan surnay sasini, it hurishini eshitdim. Ana dedim, Sharif surnaychi menga rahm etib — yordamga chog‘landi. Noyila totor buyuk va itoatgo‘y lashkari bilan xizmatga choglandi. Ulug‘ xizmatga. Men sehrlanmish jonzotday u surnay hokim bo‘lmish makonga qarab boraverdim. Yana mushuk ayanchli va o‘tinchli miyovladi, uning cho‘g‘day yonmish ko‘zlari boshim uzra osilib turdi, o‘lim yulduzi misol. O, o‘lim yulduzi. Surnay meni sehrlar, izmiga solar tobora o‘lik saltanat sukutiga qo‘shilib borardim. Allaqayda vujudimda ulug‘ bir farog‘at, osoyishtalik va horg‘inlik his etdim. Ichimda bir istak paydo bo‘lib, sayhonlik joyda cho‘kkaladim. Yurishga boshqa holim qolmagandi. Ihrab-sihrab mushuk ham yetib keldi izimdan. Boshimni ko‘tarib qarasam, onam, qora marmar toshda jilmayib, kulib, yashnab, porlab turardi. Qabrga nomunosib onam!.. Umr kutib — tolgan onam!.. Qora o‘lim, bizni ajr
atib turardi. Onam!.. O, yolg‘izginam!..
Qabrga «Dushamova Soporgul. 1927-1992 yil» deb yozib qo‘yilgan ekan. Onamning qabri asta-sekin bu yerga joylashayotgan safning oxirida ekan, sal narida Pirim buva, endi jami xotiralari bilan meniki bo‘lib qolgan, kuyovlik libosidagi Otanazar og‘am va yana-da go‘zallashib ketgan Ovodon… Tobora tun bag‘riga singib ketayotgan qora marmarda, onam mangu sukut bilan horg‘in boqardi: (go‘yo kuta-kuta charchagan) uning yuzida na gina, na kin, na tana bor edi. Onamning mangu sukutida, meni kelajakda mangu azob-uqubat chohiga tashlaydigan, mashhar qadar o‘rtaydigan bir siniq, bir ma’yus tuyg‘u balqirdi. Bu yolg‘onchining alaloqibati shu ekan, alaloqibatning mohiyati: ayriliqlar, armonlar, qayg‘ular, alamlardan iborat ekan. Musibatning ulug‘i, onani boladan, bolani tuqqanlardan ayirar ekan. Shu mahal marmarga bir tomchi ko‘z yosh tushdi: yo men yig‘ladim, yo tosh yig‘ladi.
Bu mening elatga bog‘liq eng so‘nggi xotiralarim edi. Onam yotgan safning eng oxirida… eng oxirida… dunyoning musibatidan gangib turardim. Yaqinginada yana it hurdi, yana surnay chalindi.