Kamol tegirmonchi mashinaga deb jamg‘argan pulini beligabog‘ladi-da, doim sochini ustara bilan qirdirib yuradigan taqir boshiga o‘n yillik quloqchinli malla telpagini bostirib, egniga eski charm kurtkasini kiydi va otini minib qo‘shni qishloqqa yo‘l oldi.
…U anchadan beri do‘sti Safaralining «Volga»sini ko‘z ostiga olib yurar, payt poylab sotib olishni rejalashtirgandi. Yangisiga puli ozroq. Ona-bola sigirlaridan birortasini sotishga ko‘zi qiymaydi. Qo‘ylarini ham qo‘zilatmay sotmaydi. Shuning uchun mashina minishni yozga qoldirgan. Endi esa… Omad kelaman desa oyoq ostidan chiqib kelaverarkan…
Kecha Safarali keldi. Ko‘rinishi horg‘in. U qoramag‘iz, novcha, qo‘llari uzun, kamgap kishi. Egnida doim bir xil kiyim. Qishin-yozin qora kostyum-shimini tashlamaydi. Qattiq sovuq kunlarigina oq kurtkasini egniga iladi. U bilan tuman markazidagi oshxonada tanishgandi. Bir stolda o‘tirib qolib, gaplari ham soz keldi, shekilli, tezda oshno tutinib, kayflari oshgach, bitta suyakni navbat bilan kemirib «ilik tishlashgan yelkadosh qadrdon bo‘ldik» deyishib, bordi-keldini ham boshlab yuborishgandi. Shu paytgacha hammasi risoladagidek ediyu, Safaralining shu kelgani sabab bo‘lib…
Kamol hayron. Nima gap ekan. Bir piyoladan choy ichishgach Safarali muddaoga o‘tdi.
— Do‘stim, boshimga ish tushib qoldi.
— Tinchlikmi?
— Magazindan kamomad chiqdi…
— Tushunmadim? Ishingga puxta eding-ku?
— Yaqinda hisob-kitob qilganimda ortig‘i bilan chiqqandi. Shoshib qolib, to‘g‘rilab qo‘yay deb, so‘nggi kelgan yukni qarzga tarqatibman. Kecha tekshiruv bosib misi chiqdi. O‘zi qandaydir anglashmovchilik borligi aniq edi-ya. Men ahmoq…
Kamolgayam ancha mol jo‘natgan, «Pulini qachon bo‘lsayam berarsan-da! Senda bo‘lsa qochib ketmas…», degandi o‘shanda.
— Endi odamlardan pulini yig‘ayapman. Birovda bor, birovda yo‘q… Sen do‘stimsan… Tushunasan, deb to‘g‘ri kelaverdim, — deya xo‘rsindi Safarali…
— Ha-ha, yaxshi, yaxshi!..
O‘sha kuni oshnasini kuzata turib, uning yap-yangi to‘qqizil «Volga»siga havasi kelib, o‘zining haliyam cho‘bir otda yurganiga jindek og‘rindi. Do‘sti magazinchi bo‘lishdan oldin cho‘bir otiyam yo‘q edi. Magazinchi bo‘ldi-yu, mashina oldi, uyini qo‘shqavat qilib ko‘taryapti… Bu bo‘lsa, shuncha mol-dunyosi bo‘la turib, haligacha bitta mashinaga yetolgani yo‘q.
— Shunaqa gaplar, do‘stim. Pul kerak bo‘lib qoldi.
— A-a, nima deding?
— Pul berib tur deyapman. Tezda qaytaraman…
— Pul. Ancha-muncha pul bo‘lmasa kerak? Menda uncha pul…
Xayoliga uning mashinasi keldi. Ega chiqishning payti yetganga o‘xshaydi…
— Pulim yo‘q emasdi-yu, mashina olmoqchi edim. Shunga…
— Tezda qaytaraman. Shunaqa paytda yordam bersang, yomon bo‘lmasdi.
— Mayliku-ya, o‘g‘lim bir mashinani gaplashib qo‘ygan ekan. Minib kelib tursa, nima degan odam bo‘laman, — topgan bahonasi o‘ziga ma’qul kelganidan yuzida kulgu jilva qildi. Lekin sezdirib qo‘ymaslik uchun darhol jiddiylashdi.
— Yaxshi. Unda men boraqolay. Boshqa birovdan toparman…
Safarali g‘amgin qo‘zg‘aldi. Kamol tegirmonchi mashinadan ajralayotganday shoshib qoldi. Yuzini qalin qilgancha muddaoga o‘tdi-qo‘ydi.
— Shu… Shu mashinangni sotib qo‘yaqol! O‘g‘limni ham bir amallab ko‘ndirarman.
Safarali yalt etib unga qaradi. Kamol tegirmonchi ko‘zlarini olib qochdi.
— O‘ylashib ko‘ramiz. Mayli… Har ehtimolga qarshi ertaga pulingni olib boraver. Topolmasam sotaman.
Safarali mashinasiga o‘tirib, zarda bilan o‘t oldirdi.
«Sotmay qayoqqa ham borarding. Shu paytda senga kim buncha pul berardi. Ota bolasiga ishonmaydiyu hozir». Kamol tegirmonchi shu taxlit g‘arazli xayollar bilan qip-qizil mashina orqasidan qarab qoldi…
Qora qish. Tuni bilan tizza bo‘yi qor yog‘ib chiqqan, ertalabga yaqin tingandi. Kamol cho‘birni bir maromda yo‘rttirib borardi. U ikki qishloqo‘rtasidagi yakka buloq chiqqan joyda yashaydi. Buloqdan bir ariq suv oqadi. Pastroqda katta jarlik bor. Kichkinagina darada bu qadar katta jarlik bo‘lishini ko‘pchilik aqliga sig‘dirolmaydi. Ilgari odamlarbekorga bu joyga uy qurishdan qochishmagan — xosiyatsiz joy. Nomiyam qo‘rqinchli — Osilmajar. Ikki qishloqham bir xilda uning uyidan olis. Bu joyni Yakkabuloqham deyishadi. Yakkabuloq deyishsa u joyning qayerdaligini, kim yashashini darhol tushunishadi…
Kamol tegirmonchi ukasi uylangandan so‘ng bu joyda otasining qarshiligiga qaramay uy ko‘tardi. Tegirmon qurdi. Ikkala qishloqda ham hali elektr tegirmon yo‘q edi. Odamlar yog‘ilib kela boshladi. Otasi faqat bitta ona-bola sigir bergandi. Kezi kelganda tegirmon haqidan oz-oz urdi. Qumloq, taqir bo‘lib yotgan joylarga kartoshka ekdi. Birinchi bor ishlov berilayotgan joy emasmi hosil mo‘l bo‘ldi. Mol-holni ko‘paytirdi…
Safaralining qishlog‘igacha o‘n besh chaqirim, qish paytlarijon zoti yurmaydigan katta-kichik jarliklardan iborat dara — Qorg‘oliqdan o‘tishi kerak. Yo‘lga tushishdan oldin biroz ikkilandi. Bunday paytda jondor ham bo‘lishi tabiiy. Lekin qip-qizil mashina ko‘z oldiga keldiyu yuragidagi hadik yo‘qoldi…
Qorg‘oliqdan o‘tib, otning tuyog‘i nishab joylarda toyib,Safaralining uyiga kirib borganda yana maydalab qor yog‘a boshlagan, izg‘irin sovuq avjiga chiqib, kech tushgandi.
— Kel, — deya to‘ng‘illab, o‘tirgan joyida qo‘lini uzatdi Safarali, — mashinani sotmaydigan bo‘ldim. Pul topila qoldi. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p ekan…
Ortiq gapirmay ishiga berildi. Bu Kamol tegirmonchining jon-jonidan o‘tib ketdi. Keldingmi-yam demadi-ya. Qadrini bir pul qildi. Nomard, pastkash. Jir bitib qolgan-da.
Tegirmonchining mushti tugilib, ko‘zlari qinidan chiqquday chaqchaydi.
— Shunaqami?
— Haqiqiy do‘st shunday paytda bilinarkan. Ha, mayli, qo‘y. Bugun yotib keta qol. Harqalay qorning ham ochgandir. Hozir xotin bir nima qilar…
— Ovqatingni o‘zing pishirib ye. Odamgarchilikdan chiqib ketibsan. Boyibsan-da, a?..
— Endi salomga qarab alik-da, «odamgarchiligi bor odam». Haligi mollarning pulini tashlab ketsang yaxshi bo‘lardi…
— Uyda chirib yotibdi. Borsang olib kelarsan. Sen bilan tortishgandan ko‘ra… — Tegirmonchi shoshib tashqariladi. Yakkamixga bog‘langan otining ustidagi qorni qamchi bilan urib qoqib tushirdi-da, sakrab minib, qamchi bosdi. Ot o‘zini qorong‘ulikka urdi.
— Adashib, bu sovuqda o‘lib-netib qolma…
«Oshnasi»ning achchiq kinoyasi eshitildi ortidan. Javob qaytarmay, tishini-tishiga bosib, otiga yana ketma-ket qamchi urdi…
O‘lg‘izoyoq so‘qmoq yo‘ldan qaytmoqda. Kelgan izini qor ko‘mib yuborgan. Buning ustiga kuchli shamol qorni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib yotibdi. Jarliklar to‘lib, hamma joy tekislikday. Qayer chuqur, qayer nishab bilib bo‘lmaydi. Sovuq izillaydi. Shamol uvillaydi. Zim-ziyo tun. Faqat oppoqqor ozgina yorug‘lik berib turibdi. Otini tavakkal oldinga yo‘rttiradi. Ot gurtikka botadi. Ko‘ksi bilan yorib chiqadi. Ba’zan sirg‘anadi. Yana oldinga intiladi.
Biroq, qishloqdan darak yo‘q. Ot bezovta kishnab to‘xtab qoldi. Kamol jahl bilan otini niqtadi. Ot oldingi oyoqlarini bir qadam tashladi-yu, munkib, pastga quladi.
Kamol tegirmonchi egardan uchib, qorga ko‘milib ketdi. Jon vahmida o‘zini o‘nglab, yuzaga chiqdi-da, atrofga alangladi. Qarasa, oti amallab cho‘pchib-cho‘pchib jarlikdan chiqib, egasiga ham qaramay ko‘zdan yo‘qoldi. Allaqaydan bo‘g‘iq kishnagani eshitildi. Bu sovuqda, mana shu jarlikda o‘lib ketmasa go‘rgaydi. Ko‘zlari pirpiraydi. Sovuqdan qotib qolgan oyoqlari uvishadi. Harakatsiz bo‘lib qolgan qo‘llari bilan ularni uqalaydi. Ko‘karib ketgan oyoqlar hech nimani sezmaydi…
Qaydadir bo‘ri uvladi. Tegirmonchi sergak tortdi.
Jon shirin, tirishib-tirmashib, jarlikdan chiqdi. Oldinga qadam tashladi. Toyib yiqildi. Yana turdi. Ko‘zlarini kattaroq ochmoqchi bo‘ldi. Muz qotib qolgan kipriklar,bunga yo‘l qo‘ymadi. Asta-sekin yura boshladi. Uzoqdan chiroq ko‘zga tashlandi. Yuragida butunlay so‘nib bo‘lgan yashash hissi, qayta uyg‘ondi. Beixtiyor qadamlari tezlashdi. Oldindan gupillab urayotgan qor bunga yo‘l qo‘ymadi. Yana toyib yiqildi. Keyin emakladi. Miltillab turgan chiroqqa yaqin kelib qolgan bo‘lsa-da yetib bo‘lmaydigan manzil kabi tuyuldi…
Qotib qolgan barmoqlari qorni tirnab oldinga intildi.Barmoqlari sovuqni his qilmay qo‘ydi. Shu vaqt yaqinginada it hurdi va unga yugurdi. Kamol bundan qo‘rqmadi. Aksincha xursandbo‘ldi…
Ko‘zini ochganida nimagadir chirmab, o‘rab tashlanganini sezdi. Kigiz. Badaniga issiq yugurgan, boshi aylanadi. Tepasida kimningdir mehrli ovozi uzoqlardan eshitilganday bo‘ldi:«Allohga shukur-e. O‘ziga keldi».
Pechning yonida uzala tushib yotganidan xijolat tortib, qimirlamoqchi bo‘ldi.
— Bezovta bo‘lmang, — dedi o‘sha mehribon ovoz. — O‘zingizga kevoling!
Uni kigizdan bo‘shatishdi. Yuvilib, dazmollangan kiyimlarinitaxlab qo‘yilgan tokchadan olib uzatishdi. Kiyinib, ko‘rpachaga o‘tirdi. O‘nida guvillab yonayotgan pechning issig‘i yelkasini kuydiraman deydi. Shunday esa-da u joyidan qimirlashni istamadi.
Issiq choy ichishgach, sekin mezbondan so‘radi.
— Qayerdaman? Sizni ta-tanimay turibman?
— Ismim Mo‘min. Bu joy Zulmonota qishlog‘i. Adashib qoldingizmi deyman, mehmon?
Tegirmonchi o‘yga toldi. Hali shu joydan qishloqqa o‘tgandim-ku. Adashib yana orqamga qaytibman-da.
— Qorg‘oliqda yo‘lni yo‘qotib, yana izimga qaytibman. O‘n qishloqdanman. Sizlarni ham ovora qilib qo‘ydim.
— Bo‘p turadi, mehmon. Bizning olaparga rahmat deng. Sizni o‘sha topib oldi.
Suhbat qizidi. Gap aylanib-aylanib Kamolning bu kuyga qanday tushib qolganiga taqaldi. Shunda u:
— Odamlarda oqibat, qadr, mehru saxovat ko‘tarilib borayotganga o‘xshaydi. Bir og‘aynim… E, qo‘ying-e. Gapirishga ham arzimaydi, — deya jahl bilan qo‘l silkidi.
Mo‘min aka mo‘ylovini burab, o‘ylanib qoldi va:
— Siz gapirayotgan gaplar bundan yuz yillar oldin ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Oqibatni inson avvalo o‘zidan qidirishi kerak. Kimgadir ta’nasiz yaxshilik qilsang, u har qanday tuban odam bo‘lsa-da ko‘nglida xijillik uyg‘onadi. Vijdoni sal bo‘lsa-da qiynaladi. E, mehmon, aslida odamzodning yomoni yo‘q. Unga zulukday yopishgan illat yomon. Agar illatdan tozalansa…
Mo‘min aka gaplarini chertib-chertib gapirar, fikrlari tiniq, ravshan edi. Kamol tegirmonchi o‘ylanib qoldi. Ichdan o‘tganini o‘zi biladi. Avvalo, o‘z manfaati deb, Safaralining og‘irini yengil qilmadi. Endi bo‘lsa uni oqibatsizga chiqarib o‘tiribdi…
Yuragini nimadir tirnab o‘tganday bo‘ldi.
Uni tushdan so‘ng markazga ketayotgan qo‘shnining «Niva»siga, harqalay yaqin bo‘ladi deb, solib yuborishdi. Kamol o‘zini o‘limdan asrab qolgan mehribon odamlarga qayta-qayta rahmat aytib, uy oldida unchalik katta bo‘lmagan, uzun dumini silkitib turgan olaparning ko‘zida qandaydir ma’noni ko‘rib, nigohini olib qochgancha mashinaga o‘tirdi…
Uyiga kirib kelganida qorong‘u tushib qolgandi. Cho‘bir otining bir ahvolda tushib, yolg‘iz kirib kelganidan qo‘rquvga tushgan o‘g‘illar yo‘lga otlanib turishgan ekan, uni ko‘rishib «xayriyat!» deganday yengil tortishdi. Qor goh maydalab yog‘ar, goh yiriklashar, sira to‘xtay demasdi. Izg‘irin ham tezlashdi. Haliyam tungi xaloskori — Mo‘min aka qo‘yarda qo‘ymay yap-yangi paltosini kiydirib yuborgan, «inson qadri har narsadan ustun, mehmon, sog‘lig‘ingiz kerak», degandi. U ich-ichidan Safaralini so‘kib, go‘riga g‘isht qaladi…
Kiyimlarini yechayotganda, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, belbog‘i yo‘q. Nahot shu paytgacha xayoliga kelmabdi. Mo‘min akaning mehribonliklari bejiz emas ekan-da. Shirin so‘zlar. Yap-yangi palto. Men dovdirni ahmoqqilibdi-da. Og‘zim qulog‘imda kelaveribman. Buncha pulni ko‘rgandan keyin albatta shoshib qoladi-da. Hoziroq borib…
Qayta kiyinib, tashqariga chiqdi-yu ikkilanib qoldi. Shamol kuchayib, bo‘ronga aylangan, ko‘z ochirgani qo‘ymasdi. Kechagisi buning oldida hech gapmas.
Uyga qaytib kirdi. Betoqatlanib uxlay olmadi. Uni o‘limdan olib qolgan odam ko‘ziga Xizr boboday ko‘ringan bo‘lsa, endi unga dahshatli kissavurday namoyon bo‘la boshladi. Ich-ichidan so‘kdi. «Inson qadriga yetmay o‘l. Ertaga qanday bo‘lmasin boraman. Tonsa, milisaga beraman».
— Otasi, nega bezovtasiz, — xotini qo‘rqa-pisa so‘radi.
— Baloga!
Xotini ortiq savol berishdan cho‘chidi…
Bir vaqt uyqu aralash kimningdir chinqirig‘ini eshitganday bo‘ldi. Bo‘ron buncha qo‘rqinchli uvillamasa… E’tibor bermadi. Yana o‘sha ovozni eshitdi. Qandaydir it bezovta hurdi.
— Otasi, turing, kimdir chaqirganday bo‘layapti!
— La’nati, uyquyam harom bo‘ldi.
Tashqariga chiqdi. Kuchli shamol qorlarni uchirib yuz-ko‘zlariga urdi. Qor yog‘yaptimi yo yerdagilarini shamol har tarafga uchirib o‘ynayaptimi, bilib bo‘lmaydi. Tinchlikka o‘xshaydi. Faqat bog‘ tarafdagi jarlikda bir it tinimsiz huradi. «Daydi itlardan bo‘lsa kerak»…
Sovuqdan junjikib, ichkari qaytib kirdi. Miltillab turgan chiroqyorug‘ida elas-elas ko‘zga tashlanayotgan xotininingsavolomuz nigohiga javoban «Bo‘ronda itlar quturadi», deya to‘ng‘illadi. Ko‘rpasini boshiga tortdiyu ko‘zini yumdi. Boyagi ovoz yana bir-ikki takrorlandi. So‘ngra tinchib qolganday bo‘ldi.Bo‘ronmi yo boshqa jonzot! Bilib bo‘lmaydi. Bir ko‘ngli bog‘hovliga tushmoqchi bo‘ldi. «E, birovni sovuqda o‘lib ketmasin deb, ajalni qayta chaqirib olishim qoluvdi. Kecha o‘zi bir o‘lib-tirilganim yetar!» Uni qayta mudroq bosarkan itning bezovta vovullashini kechagi o‘zini qutqargan it ovoziga o‘xshatganday bo‘ldi. «O‘lsin, it zotining hammasi bir biriga o‘xshab huradi!». It bora-bora bo‘rilardek uvlashga tushdi…
— Kamol aka, o‘, Kamol aka, — allakimning baqirishidan uyg‘onib ketdi. Xotini olazarak, nima qilarini bilmas, derazadan oy nuri tushib turardi. Tashqariga shoshildi. Ikki kundan beri quturayotgan bo‘ron susaygan, osmonda ola chalpoq bulutlar suzib yurar, oy tog‘lar uzra qon sachratib ko‘tarila boshlagan. Lekin sovuq achchiq.
Tepa qishloqlik Zoir pochtachi ot ustida, olazarak boqqancha uy oldida turardi.
— Keling, Zoir aka, tinchlikmi, bemahalda? — Unga yaqin bordi Kamol.
Pochtachi indamadi. O‘shli ko‘zlarini tikdi.
— Anovi joyda kimdir… O‘lib… — Ortiq gapira olmadi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday to‘xtab qoldi. Ikkisi shoshib yo‘lga tushdi. Qiyalikdagi yolg‘iz oyoq yo‘ldan aylanib tusha boshlashdi.
— Markazdan qaytayotgandim, Tepa qishloqda oldimdan chiqib, uyingizni so‘radi. Otda edi… Ko‘nglim notinch bo‘lib… Chidolmay… Uyga yetganda ortga qaytdim. Sezgan ekanman… Oti Osilmajarga uchibdi. U… U chiqolmay… Shunga… Sizga aytay deb…
Zoir aka nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, shoshib gapirardi. Yuzida qon yo‘q — oppoq.
«Bu jarga qish tugul yozda tushib ketgan odam sog‘qolmaydi. Sog‘qolgandayam ancha etakdan chiqmasa… Kim ekan u?». Tegirmonchining miyasi yashinday ishlab ketdi. Qarindoshlarini bir-bir ko‘z oldidan o‘tkaza boshladi. Harqalay ular uyini biladi. Xayoliga kelgan fikrdan biroz tinchlandi. Ikkisi qiyalikdan tushib, muyulishga burildi-da, bog‘ning ichidagi qor ko‘mib yuborgan so‘qmoq yo‘ldanjarlikka yaqin keldi. Pastda oyning xira yorug‘ida it izlarini ko‘rishdi. It nimanidir etak tomon ancha joygacha sudrab borgan. Tik qiyalikdan olib chiqishga uringan, lekin kuchi yetmagan. Buni qori uchib, muzlagan joylardagi tirnoq izlaridan bilsa ham bo‘ladi. To‘xtagan joyda esa…
Kamol uni darhol tanidi. Chamasi it tishlab sudraganidan bo‘lsa kerak paltosining yoqasi titilib ketgan, telpagi qaydadir tushib qolgan, sochlarida taram-taram muz qotgan, oyoqqismini qor ko‘mib yuborgan, ochiq ko‘ksiga ko‘zidan insonlarnikidek yosh oqayotgan olapar iti bosh qo‘ygan, hali tirik ekanligini bildirish uchunmi o‘ng qo‘lini bir-ikki holsiz qimirlatib qo‘yayotgan bu odam Mo‘min aka edi. Uning muz qotgan chap qo‘li barmoqlari pul o‘ralgan belbog‘ni mahkam changallab turardi…