Iqbolxon qay ahvolda uyga yetib kelganini bilmadi. Safarga jo‘nash oldidagi dilxiralik u bilan birga borib, birga qaytdi. Zinadan ohista, charchoq qadamlar bilan ikkinchi qavatga chiqdi-da, xayol parishonlik bilan qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Keyin plashini shaldiratib yechib, yonidagi chamadon ustiga buklab tashladi. Eshik qirg‘og‘iga suyanganicha kuta boshladi. Ha, aytmoqchi, o‘g‘il uyda hozir nima qilsin, darsdaku. Shu payt qarshidagi uyning eshigi sharaqlab ochilib, o‘rta yoshlardagi ayolning boshi ko‘rindi.
— Iqbol Azizovna, sizmisiz? Hozir keldingizmi? To‘lqin kalitni menga tashlab ketgan edi. Hozir. — U eshikni qiya qoddirganicha shippagini sudrab ichkariga kirib ketdi. Bir nafasdan keyin kalit olib chiqdi.
— Bugun kelsa kerak, deb aytayotgan edi To‘lqin.
— Qiynalmay yaxshi o‘tirdimi?
— Yo‘q, yo‘q, xabar olib turdim. Kecha darsdan kelib, rosa uy tozaladi. Ajoyib o‘g‘lingiz bor-da, Iqbol Azizovna. Qani endi, qizim bo‘lsa-yu, o‘zim kuyov qilsam.
Avvallari bunday maqtovdan Iqbolxonning og‘zi qulog‘igacha yoyilardi. Hozir esa qoshlari chimirilib lablari qimtildi. O‘sha g‘ashlik diliga yana changal urdi. Indamaygina eshikni ochdi. Uyning tashqarisiga xam, ichkarisiga ham oyoq artish uchun ho‘llangan latta tashlangan edi. Iqbolxon avvalgiday qunt bilan emas, hafsalasizlik bilan tuflisini bir-ikki surtgan bo‘ldi-da, ichkariga kirdi. Uy chindan ham lochinday bir ayolning ko‘li tekkanga o‘xshar, biron joyda ortiqcha narsa, biron yuvuqsiz idish yo‘q edi. Iqbolxonning ish stolidagi kichkina mitti guldonda sovuqdan ochilmay qolgan atirgulning ikki dona g‘unchasi turardi. Iqbolxon uni asta ko‘tarib, burni oldiga olib bordi. Hidi yo‘q. Oftob ko‘rmagan. Birdaniga bu ikki g‘unchaning biri o‘zi, biri o‘g‘li bo‘lib ko‘rindi-yu, yuragi uvishib ketdi. Hidsiz, tarovatsiz, huddi ularga o‘xshash, ikkisi ham sokin turishibdi. Ona-bola keyingi vaqtda ana shunday jimjit o‘tirishadigan bo‘lib qolishgan. Iqbolxon chuqur xo‘rsindi, guldonni joyiga qo‘yib, boshqa uyga o‘tdi. Hech qayerda g‘ubor ko‘rinmaydi. Stol ustida termos, sochiq yopilgan idishda yumshoqqina ikkita bulochka. Boshqa idishda murabbo. Ikki enlik qog‘ozda xat: «Oyijon, sizni kelib qolar, deb termosga choy damlab qo‘ydim. Oshxonada ovqat ham bor. Boshqa narsalar xolodilnikda».
Iqbolxon xatni avvalgidek ko‘ziga surtib, o‘pmadi. Endi bu shirin so‘zlarning ostida boshqa bir iztirob, boshqa bir majruhlik yotganini yaxshi bilardi. U o‘zi-ning qanchalik gunohkorligini, umri ham havasga arzigulik o‘tmaganligini yaqindagina safarga jo‘nash oldidan o‘g‘li bilan bo‘lib o‘tgan achchiq suhbatdan bilib qoldi. Bu suhbat avval kichkina oynachadek Iqbolxonning bir qismini aks ettirdi. U chuqurroq o‘ylagan sayin bu oyna kattalashar, uning butun qiyofasini, butun umrini aks etgarar edi.
Mana, hozir ham qarshisida o‘sha oyna paydo bo‘ldi. U termosdagi choydan bir piyola quyganicha, hovuriga tikilib, o‘sha oynada ko‘rinayotgan xotiralar qarshisida bosh egib, gunohkorona o‘tirardi.
Iqbolxon to‘satdan Moskvada bo‘ladigan olimlarning yig‘ilishiga jo‘naydigan bo‘lib qoldi. Yo‘l taraddudini ko‘rgandan keyin ona-bola o‘tirishib, ovqatlanishdi. O‘g‘lining yolg‘iz qolishini o‘ylagan ona qalbiga kelin orzusi tushdi. Uchinchi kursda o‘qiydigan bir qiz bilan o‘g‘lining munosabati borligini eshitgan edi. Lekin To‘lqin bu haqda onasiga sira gapirmas, gap aylanganda ham indamay o‘rnidan turib ketardi. Iqbolxon shuni o‘yladi-yu, o‘smoqchiladi:
— Yaxshigina qizlardan bo‘lsa, uylantirib qo‘ysam, ko‘nglim ancha tinchirdi sendan.
To‘lqinning yuzi birdan jiddiylashdi.
— Bizning uyga odam sig‘adimi?
— Nima? To‘lqin, nimalar deyapsan? Onang odam emasmi?!
To‘lqin o‘zini bosishga urinib, o‘rnidan turdi. Onasi oldidagi kosani ola turib, zaharxandalik bilan jilmaydi.
— Bu uyda hamma narsa sizning ko‘nglingizga bo‘ysunishi kerak. Men bolangiz ekanman, chidayapman.
— Nimaga chidayapsan? Senga nima zulm o‘tkazyapman, ahmoq? — Iqbolxonning a’zoyi badani titrar, suyukli o‘g‘lining og‘zidan chiqqan 6u gaplar butun vujudiga o‘t yoqqan edi. To‘lqin indamay oshxonaga chiqib ketdi. Iqbolxon harsillab uning ketidan kirdi.
— Nega indamaysan? Javob ber deyapman senga?!
— Baribir tushunmaysiz.
— Nimani tushunmayman?
— Oyijon, men bola bo‘lib, uyingizda sho‘xlik qilib, o‘z xohishimcha o‘ynaganimni bilmayman. Haddim sig‘ib, bironta o‘rtog‘imni 6u uyga olib kirolgan emasman. Eshik orqasida tuflimni yechib qo‘limga olib, undan keyin uyga qadam bosaman. Qo‘limdan stolga to‘kilgan non uvog‘iga xam bezovtalanib qaraysiz. Axir hamma narsa ham evi bilan-da.
— Voy tentag-ey, onangning uy tozalashga vaqti yo‘qligini bilasan. O‘zingga oson bo‘lsin, deyman. Axlat boshingga chiqsa, yaxshimidi?
— Mayli, ivirsisa, tozalayman. O‘rtoqlarimnikiga boraman. Ovqat yeymiz, o‘yinga tushamiz, chekamiz. Uy, albatta, to‘polon bo‘ladi. Yana aylanib borganimizda hammasi sarishta.
— Onasining boshqa ishi yo‘kdir.
— Nega yo‘q bo‘lar ekan, ishlaydi. Baribir tushunmaysiz, oyijon. Uy odamga nima uchun kerak…
— Ivirsitish uchunmi?
— Shunaqa payti ham. bo‘ladi-da. Odam kirmasa, qisilib o‘tirib ovqat yesang, ehtiyot bo‘lib yursang… Qo‘ying, oyijon, baribir tushunmaysiz.
— Sen juda tushunib qolibsan.
— Bolangizning o‘yinchoqlarini yig‘ishtirmasangiz, eringizning ivirsig‘ini tozalamasangiz… Axir bu qanaqa uy?!
Iqbolxon indayolmay qoldi. Jahl bilan kiyinib, chamadonini ko‘tardi. To‘lqin shoshib kiyindi-da, eshikni qulflab, onasi ketidan yugurdi. Iqbolxon taksi kutardi. To‘lqin uning qo‘lidan chamadonni oldi. To aeroportga borguncha ham ikkisidan sado chiqmadi. Samolyotga chiqish oldidangina Iqbolxon o‘g‘lini o‘pib:
— Ehtiyot bo‘lib o‘tir, — deb tayinladi.
Yo‘lda ham, majlislarda ham, ko‘chada ham bu suhbat uning xayolidan ko‘tarilmas, o‘tgan umriga sinchiklab aql bilangina emas, ruhan yetuk yurak bilan qarashga undardi. «Bolangizning o‘yinchog‘ini yig‘ishtirmasangiz, eringizning ivirsig‘ini tozalamasangiz…» Bu ikki jumla Iqbolxonning qulog‘idan ketmas, har eshitilganda vujudi azobdan seskanar, o‘zi tan olishga qo‘rqib, qalbiga ko‘mib yuborgan bu ta’na toshi.unga o‘zi kutgandan ko‘ra dahshat bilan urilgan edi.
Iqbolxon aspiranturada o‘qiyotgan vaqtida turmushga chikdi. Eri Yo‘ldoshali ham aspirant edi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas To‘lqin tug‘ildi. Yo‘ldoshali dissertatsiyasini yoqlab oldi, ammo Iqbolxonniki cho‘zilib ketdi. Uning tuni ham, kuni ham o‘g‘liga band edi. U kallasidagi gaplarni qog‘ozga tushirishga vaqt topolmay yurganida, Yo‘ldoshali yarim kechagacha gazeta, kitob titib o‘tirar, kechasi chala-yarim uxlagan Iqbolxon ertalab eriga nonushta tayyorlaganida Yo‘ldoshali bamaylixotir soqolini olib, atir hidini burqsitib, stolga kelib o‘tirardi.
Hammadan ham ilmiy ishining orqaga surilib ketayotganligi Iqbolxonning asabini buzar, ba’zan qahrini eriga sochib qolardi. Buni Yo‘ldoshali tushunardi. Lekin xotiniga qanday yordam berishni bilmasdi. Kechasi o‘g‘li yig‘lasa, Iqbolxondan avval turib qo‘liga olar, uyning u boshidan bu boshiga qancha yurmasin, bola tinchimas, hatto do‘rillagan ovozi bilan alla ham aytib ko‘rar, lekin chaqaloq big‘illagani big‘illagan edi. Oxir Iqbolxonning o‘zi zarda bilan turib kelib, bolani qo‘liga olardi. Yo‘ldoshali nima qilishini bilmay, ona-bola oldida serrayib turardi. Tagi quruqlangan chaqaloq pishillab uxlagandan keyin Iqbolxonning yuziga mayin tabassum yoyilardi. Yo‘ldoshali bo‘lsa xotirjam borib, o‘rniga yotardi…
To‘lqin yoshiga to‘lganida yasliga berishdi. Iqbolxon qolib ketgan ishini iziga tushirib olguncha ancha qiynaldi. Lekin tish-tirnog‘i bilan yopishdi. Bir yil o‘tgach, dissertatsiyasini himoya qilib oldi. Uyiga mehmon to‘ldi. Do‘stlari uning sha’niga qadah ko‘tarishdi. Domlalari Iqbolxonning ishidan mamnun bo‘lishdi. U endi institutda dars berardi. To‘lqinning ham unga og‘iri tegmaydigan bo‘lib qolgan. Yaslidan olib kelib ovqatlantirib qo‘ysa, uyning bir burchagida o‘yinchog‘ini o‘ynab o‘tiraveradi. Iqbolxon darsdan kela solib, uy yumushlariga unnab ketar, kechasi o‘g‘lini uxlatib qo‘yib, darsga tayyorlanar edi. Bu vaqtda Yo‘ldoshalining doktorlik ishi oxirlashib qolayozgan edi. Iqbolxon unga ham havas, ham hasad bilan qarardi. Bir vaqtlar o‘zi bilan teppa-teng bo‘lgan eri, mana, yaqinda doktor bo‘ladi. Iqbolxonning bo‘lsa ro‘zg‘or, bolasidan ortgan ozgina vaqti darsga tayyorlanishga zo‘rg‘a yetardi. Buni o‘ylagan kezlarida ko‘ziga uyi uni domiga tortayotgan ajdahodek sovuq ko‘rinib ketar, kichkina yumush ham malol kelardi.
Bir kuni Yo‘ldoshali allamahalgacha o‘tirib ishladi. Iqbolxon endi yotaman deb turganda choy so‘rab qoldi. U choy olib kirganida kabinet tutunga to‘lib ketgan, Yo‘ddoshali bo‘lsa boshini ko‘tarmay ishlardi. Iqbolxon fortochkani ochib qo‘yib, indamay chiqib ketdi. Lekin ko‘nglidan, shundoq gazga qo‘ysa qaynaydi-ku, buncha noshud bo‘lmasa bu erkaklar. Fortochkani ochib qo‘yish ham qo‘lidan kelmasmikin, devorlargacha hid o‘rnashib qoladi, bolani ham ayamaydi, degan fikr o‘tdi.
Yo‘ldoshali ertalab shoshilibgina kiyindi. Choyni ham tikka turib ichdi.
— Toza ro‘molcha bormi?
O‘g‘lini kiyintirayotgan Iqbolxonning fig‘oni falakka chiqib ketdi.
— Juda ham taltayib ketdingiz. Axir men ham sizga o‘xshagan odamman.
— Men nima qildim?
— Ro‘molchani ham o‘zingiz ololmaysizmi?
— Tuflim bilan kirmay deyapman.
— Boshqa vaqtda ham shusiz. Insofingiz yo‘q sira.
— Nima qilishim kerak?
Erining bu gapi Iqbolxonga juda sovuq eshitildi.
— Meni o‘ylaysizmi? Shu ham odam, buning ham ishi bor, ishlashi kerak, deb o‘ylaysizmi?
— Nima qilay bundan ortiq? Sizning o‘rningizga o‘tib turolmayman-ku, axir! — u shunday dedi-yu, shoshib chiqib ketdi. Bu gaplar Ikbolxonga shu qadar sovuq, shu qadar dahshatli eshitildiki, kechagacha qulog‘i ostidan ketmadi. Bu gaplar bilan oralaridagi butun iliq munosabat tamom bo‘lganday edi. Ug‘lini har kungidek erkalamadi. Go‘yo u hammasiga aybdordek siltab-siltab yasliga olib ketdi. Ishda ham ochilmadi. Kayfi buzuq, hayol parishonlik bilan kunni o‘tkazdi. Nima uchun yashashi kerak bu odam bilan? Kuni o‘tmay qoladimi? Bittagina bolasini guldek qilib boqib oladi. Dissertatsiya himoya qilganda qancha iliq-issiq gaplar eshitdi. Mehnati yuzaga chiqdi, obro‘ orttirdi. Uyning yumushi-chi? Hech kim min-natdor bo‘lmaydi. Aqalli xafa bo‘lmang, endi qanday qilamiz, deb ham qo‘ymadi. Sizning o‘rningizga o‘tib turolmayman, emish. U kishi yaqinda doktor bo‘ladi. Bu-runlari ko‘tarilyapti. Ha, pisand qilmay boshlayotgani bu!
Iqbolxon uyiga kelganida ham kallasida shunday gaplar aylanib yurardi. Kechki ovqatga unnamadi. O‘g‘liga yarasha ovqat qilib yedirdi-da, o‘zi ish stoliga o‘tirdi. U ham doktorlik ishini boshlaydi. Ha, ha, boshlaydi. Eriga ko‘rsatadi o‘zining kimligini. Shu uy bo‘lmasa, nimaga qodirligini ko‘rsatadi.
Yo‘ldoshali kelganida oshxonada har kungidek jaz-biz yo‘q, uy jimjit, xotini mukkasidan tushib ishlab o‘tirardi. Ertalab jahl ustida o‘zining qo‘pollik qilib yuborganini o‘shandayoq sezgan, o‘zi pushaymon edi. U yechinmasdan xotinining yoniga bordi, bir qo‘lini uning yelkasiga qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan stolga tiralganicha yozayotganiga bir nafas tikilib turdi. U shu bilan xotinidan kechirim so‘rayotgan edi. Iqbolxon buni sezdi. Lekin ertalabki sovuq gapning yuragida qolgan muzi qimirlamadi. U eriga qaramadi, indamay ishini qilaverdi. Yo‘ldoshali yechinib, yuvinib kirdi. Keyin oshxonaga o‘tib, u yoq-bu yoqni qaradi. Choy qo‘ydi. Qorni juda och edi. Xolodilnikni ochib, go‘sht oldi. Piyoz to‘g‘radi. Keyin yana uyga kirdi.
— Turing, ikkalamiz birgalashib bitta ovqat qilaylik. Siz konsultatsiya berib turasiz…
— Menga ovqat ham, uy ham kerak emas.
— Qo‘ying endi shu gaplarni.
— Boshqa xotin oling. Uyda o‘tiradigan, ha, uyda o‘tiradiganini oling. Ana shunda har kim o‘z o‘rnida turadi.
— Iqbolxon…
— To‘ymay qolgan qornim bormi?
— Axir qorin uchun yashamaydilar…
— Ter hidi bijg‘igan ko‘ylagingizni yuvmasam, yuvmabman.
Yo‘ldoshalining qovog‘i tushdi-yu, indamay qoldi. To‘g‘ralgan go‘sht, piyoz o‘shandoq qolaverdi. Yo‘ldoshali kiyindi. Papiros chekib, bir nafas tikka turdi-da, chiqib keta boshladi.
— Men siz bilan turmayman, turishni istamayman, — dedi uning ketidan Iqbolxon. Io‘ldoshali eshitdi. Eshitdi-yu, qo‘lini eshik tutqichidan olmay bir nafas turib qoldi. Eshikning yopilgani eshitildi. Zinadan tush-an sayin uning qadam tovushlari olislashib, keyin jimidi. Iqbolxon o‘rnidan turmadi, derazadan uning qaysi tomonga ketganini ko‘rmadi ham. Kechiring meni, sizni bilmay xafa qildim, desa tiliga tirsak chiqarmidi?
Sovuq gapni aytish mumkinu uzr so‘rash shunchalik qiyinmi? Shu ahvolda yashab nima qiladi bu odam bilan? Iqbolxonning qarori qat’iy edi.
Yo‘ldoshali kechasi qaytdi. U shirakayf edi. Iqbolxon yana indamadi. O‘shanda shu uch xonalik uyni olishganiga hech qancha bo‘lmagan edi. Iqbolxon internatda o‘sgan, hech kimi yo‘q. Yo‘ldoshali esa Surxondaryoning bir qishlog‘idan bo‘lib, Toshkentga o‘qishga kelgan, uylanib, shu yerda qolib ketgan edi. Ikkalasining ham boradigan joyi yo‘q.
Iqbolxon qarorini o‘zgartirolmadi. Ertalab ikkalalaridan biri uy topib chiqib ketishlari kerakligini aytdi. Io‘ldoshalining rangi oqarib ketdi. Lekin indamadi.
— Siz bola bilan qiynalmang bo‘lmasa. Men, har qalay, erkak kishi… Hech bo‘lmasa, To‘lqinni o‘ylasangiz bo‘lar edi.
— Sizning bor-yo‘qligingizdan nima foyda unga?
— Nahotki… Yengiltaklik qilyapsiz, Iqbolxon.
Iqbolxon yuragi torlik qilib chimirildi:
— Bilasiz-ku, biz yosh bolalar emasmiz. Yengiltak bo‘lsam ham har qalay, o‘ylayotgandirman.
— Shunaqami?
— Ha, shunaqa.
U chiqib ketdi. Iqbolxonning yuragi jizillamadi. Erining kafedrada yotib yurganini eshitdi, do‘stlar o‘rtaga tushishdi, lekin ko‘nmadi. Uning hayoli endi dok-torlik dissertatsiyasi bilan band edi.
Doktor ham bo‘ldi, pul ham, obro‘ ham topdi. O‘g‘li ham o‘sib, katta yigit bo‘lib qoldi. Lekin yillar o‘tgan sayin nimadir yuragini ezar, bu yolg‘izlik, yakkalik eka-nini tan olishga qo‘rqardi. Yo‘ldoshali uylanib, bola-chaqalik bo‘lib ketdi. Iqbolxon kirini birovga yuvdirdi, uyini birovga tozalatdi. Butun vaqtini, umrini ilmiy ishga berdi. Uzoq yillargacha o‘zining hatti-harakatini o‘zi ma’qullab yurdi. Lekin endi-chi? Endi hamma-sini tushundi-yu, befoyda, umr o‘tdi. U uy, oila tashvi-shiga chidamaganligini ham, Yo‘ldoshalining yomon odam emasligini ham endi tushunardi. Lekin qalbida kechgan hislarni o‘g‘lidan yashirar, onasini shunchalik muhokama qilishga aqli yetib qolganligini bilmasdi. To‘lqin o‘zi kamgap bo‘lib o‘sdi. Buni Iqbolxon goh otasiga tortdi desa, goh yolg‘izligidan deb bilar, ba’zan Yo‘ldoshalinikiga borib turganligidan ko‘rar, har qalay, o‘g‘il bola-da, otasi bilan bo‘lgisi keladi, balki boshqa bolalaridan rashk qilarmikin, deb o‘ylardi.
«… Bolangizning o‘yinchog‘ini yig‘ishtirmasangiz, eringizning ivirsig‘ini tozalamasangiz…» Iqbolxonning yuragiga bir narsa sanchilgandek bo‘ldi. Bu gap uning qalbida o‘zi sezmay yotgan dardlarini ham yuzaga olib chiqqandi. U xo‘rsinib, o‘rnidan turdi. Piyoladagi choy allaqachon sovib qolgan edi. Hozir u o‘sha papiros ezg‘ilanib yotgan kuldonni ham, joniga tekkan vaqtini olgan o‘sha ro‘zg‘or tashvishlarini ham juda-juda qo‘msardi. Uning yuragidagi 6u ehtiyoj ko‘z yoshlariga aylanib, yuzidan oqdi. Bu irodali ayolning umrida birinchi o‘kinib yig‘lashi edi. Ana shu ehtiyoj — bekalik mashakqati, bekalik baxti qiz bo‘lib tug‘ilganida u bilan birga tug‘ilganligini endi yaxshi bilardi. U bir tomonlama baxt topdi. Mukammal baxt uchun esa oila va bir-birining tashvishi bo‘lishi kerak edi. Eshik ochildi. To‘lqin engashganicha tuflisining ipini bo‘shatardi.
— Kiraver, kiraversang-chi, o‘g‘lim!
— Hozir, oyijon! — onasini hamma vaqt ish ustida, jiddiy ko‘rishga o‘rganib qolgan To‘lqin uning yig‘layotganini ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
— Nima bo‘ldi? Birov xafa qildimi?
Iqbolxonning battar xo‘rligi keldi. O‘g‘lini bag‘riga bosdi.
— Hech kim xafa qilgani yo‘q. O‘zim. Seni sog‘indim. Uylan, o‘g‘lim, bolalaringni boqaman. Boshimga qo‘yib, jon deb boqaman, onangni juda bag‘ritosh dema, qo‘rqma, o‘g‘lim. O‘yinchoqlar olib kelaman, shirin-shirin ovqatlar pishirib beraman, bog‘chaga, muzika maktabiga olib boraman bolangni. Uylan, jon o‘g‘lim.
To‘lqin 6u ahvoldan juda dovdirab qolgan edi. O‘zining gapi onasiga og‘ir botganligini o‘ylab, afsuslanar, yuzlariga tegayotgan, tagidan oqi ko‘rinib turgan siyrak, qizg‘ish sochlarini silar, hadeb:
— Oyijon, xo‘p, faqat yig‘lamang, — deyardi. Iqbolxon yuragidagi bo‘shliqni, butun umridagi bo‘shliqni to‘ldirib turgan yakkayu yagona baxtiga suyanib, ana shu vujudning nafasidan o‘zining yo‘qotgan ayollik, onalik mashaqqatini qidirardi.