Ergash aka (o‘sha o‘zingiz bilgan mashhur Ergash Karimov) bilan “Miniatyuralar teatri”da birga ishlaymiz. Qay bir yili 1 aprel kuni ertalab, ustozni kulgi bayrami bilan tabriklab qo‘yay deb, uylariga qo‘ng‘iroq qildim.
— Labbay!.. – ustozning mayingina ovozi eshitildi.
— Assalomu alaykum, Ergash aka.
— Va alaykum assalom. Saidjonmi?..
— Ha, o‘zimman, — dedim-da, ustozning darhol taniganidan o‘zimcha faxrlanib qo‘yib, davom etdim. – Yaxshi dam oldingizmi? Kayfiyatlaringiz yaxshimi?
— Yaxshi, hammasi joyida… — Ustoz bir zum sukut saqladi-da, keyin, — ha bugun ja ertalabdan yo‘qlab qolibsan, — dedi.
Hushyor emasmanmi, darhol payqadimki, ustoz bugun qanaqa kun ekanligini esidan chiqargan. Qitmirligim tutdi.
— Mehmonlar borishdimi, Ergash aka, — dedim.
— Qanaqa mehmonlar?
— Ha, shu o‘zimizni televideniye boshliqlarida.
— Ie, ular biznikida nima qilishadi? – Ergash aka rostakamiga ajablandi. «Hujum»ni davom ettirdim.
— Siz bilan gurunglashib, chaqchaqlashib qaytishmoqchi edi-da.
— Qachon kelishmoqchi edi? — Ergash akaning ovozida andak taraddud va hayajon sezdim. Hazilni to‘xtatsammikin, degan xayolga ham bordimu, ichimdagi shaytonim yo‘l bermadi.
— O‘n-o‘n birlarda o‘tamiz deganday bo‘lishuvdi, — dedim jiddiy ohangda.
— Shunday degin, bo‘pti, rahmat senga, — dedi-da, dastakni joyiga qo‘ydi.
“Yaxshi ish qilmadim-ov, — dedim o‘zimcha xijolat bo‘lib. — Ha, zarari yo‘q, bir pasdan keyin qo‘ng‘iroq qilib, sizga birinchi aprel hazili qilgandim, deb qo‘yarman degan qarorga keldim.
Telefon jiringladi. Dastakni ko‘tarsam Roza opam — Ergash akaning ayollari.
— Saidjon, o‘zingizmisiz?
— O‘zimman, Roza opa, Ergash akam…
— Ha, akangiz aytdilar, mehmon kelarmishmi, shunga bir iltimos bilan qo‘ng‘iroq qilayotgandim.
— Bemalol, opa, xizmatlar bo‘lsa… — negadir qitmirlikda yana davom etdim.
— Xizmat yo‘g‘u, shu bir iltimos, bilasiz, ro‘zg‘orchilik, bori bor, yo‘g‘i bor deganday. Shu og‘aynilaringizga aytsangiz…
— Qaysi og‘aynilarimga, — dedim ajablangan bo‘lib.
— Televideniyedagilarga-da, hammalarini taniysiz-ku.
— Borishmasinmi, — dedim kulgidan arang tiyilib.
— Voy, Saidjon, unaqa demang-a! Shunday odamlar mehmon bo‘lib boramiz deyishsayu… Hazilingiz qurmasin.
— Uzr, uzr, opajon, men haligi bilasiz bugun…
— Saidjon, — Roza opa meni gapirtirmay maqsadga ko‘chdi. — O‘n birlarga kelishmoqchi ekan, iloji bo‘lsa aytsangiz, sal kechroq — soat ikkilarda kelishsa. Iltimos…
Shunchaki bir bayram hazilim bu qadar jiddiylashib borayotganidan, ochig‘i xavotirga tushdim. Shu yerda nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldim.
— Opa, ochig‘i…
— Ergash akangizni bozorga jo‘natdim. Ul-bul narsa olib kelsalar, keyin bemalol kutib olamiz. O‘zingizam qo‘shilib keling-a!..
Dastakda qisqa-qisqa gudoklar eshitilib, aloqa uzildi.
“Obbo, bu yog‘i qanday bo‘ldi! Ertaga Ergash akaga qanday ko‘rinaman?!”
Chorak soat o‘tib yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi-da, rahbarlarni soat ikkiga borishga ko‘ndirganimni aytib, Roza opamni “xotirjam” qildim. Va yurak yutib voqealar rivojiyu qanday yechim topishini kuta boshladim.
Boshqa qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.
Ertasi ming bir hadik-xavotirda ishxonaga kirib bordim. Xona eshigini ochishim bilan ustozga ko‘zim tushdi. U uch-to‘rt miniatyurachi shogirdlari davrasida, yuzida kulgu, gap berib turgan ekan. Meni ko‘rishi bilan bosh irg‘adi.
— Ha, kelsinlar, qilg‘ilikni qilib qo‘yib, tag‘in turishlarini qarang.
Davradagilar bir menga, bir Ergash akaga ajablanib qaray boshlashdi. Ergash aka davom etdi.
— Qani, kiravering, yo oyoqlari ostiga qo‘y so‘yishimizni kutib turibdilarmi?..
— Yo‘g‘-e, Ergash aka, — dedimu qizargancha hamma bilan bir-bir ko‘rishib chiqdim-da, ustimdan o‘qiladigan “hukm”ni eshitish uchun bir chekkadan joy oldim. Hammaning savolomuz nigohi ustozga qaratildi.
— Kecha bu bola meni bopladi, — deya Ergash aka gap boshladi.
— Bopladi? Yo‘g‘-e, — deya besabr Abdurashid menga alanglab qaradi.
— Boplaganda-chi, bunaqasi bo‘lmagan. Sizlaram yuribsizlar-da, miniatyurachiman deb…
Shu desangiz bir yengil tortdimki bu gapdan, qo‘yaverasiz. Ustoz o‘ziga yarashgan jilmayish bilan davom etdi.
— Ertalab qo‘ng‘iroq qilyapti, Ergash aka mehmonlar bormadimi, deb. Qanaqa mehmonlar desam, ha shu o‘zimizni rahbarlar-da, deydi. Shoshib qoldim. Qarasam soat o‘n, buning aytishi bo‘yicha, o‘n birlarda mehmon kelishi kerak. Roza bilan gapni bir yerga qo‘ydim-da, bozorga yugurdim. Yomg‘ir yog‘ib turibdi. Qo‘limda Roza opangiz yozib bergan bir quloch bozorliklar ro‘yxati. Tezroq bozorni qilsamu qaytsam deb shoshib boryapman. Muxlislarni bilasiz, qadamda uchrab gapga tutishadi. Ular shoshib turganimni qayoqdan bilishsin. Hammasi bilan savol-javob qilishim, gaplarini eshitishim kerak. Shoshib turibman, mehmon kelmoqchi edi, desam yarashmagan ish bo‘ladi. Cotuvchilarni aytmaysizmi, arzon-garovga berib yuborishadi, ba’zilari pul ham olmaydi-yu, lekin vaqtimni rosa olishadi-da baraka topgurlar. Bir mahal deng muxlislar orasida qolib ketdim. Hammasi har yoqdan savol beradi, qay bir paytlarda efirga ketgan miniatyuralar haqida gapirishadi. Kimgadir o‘xshatishganini, rosa boplaganimizni aytishadi. Ayrim dadilroqlari “Ergash aka, bir kep qopsiz, bitta yangisidan bo‘lsin, bir maza qilaylik”, deydi. O‘zim bo‘larim bo‘lib, yig‘laguday bo‘lib borayotganimni ular qayoqdan bilishsin. Mana shu Saidjonlaring tufayli bozorda, yomg‘ir ostida rosa ikki soatcha sang‘idim, qisqasi. Soat bir bo‘ldi. Bozorlikni ko‘tarib, bekatga shoshildim. Birov qo‘limdagi sumkamni tortqilaydi, qarasam, bir taqamo‘ylov yigit.
— Ergash aka, o‘zingizmisiz? Salomatmisiz? Sizni ko‘rar kun ham bor ekan-ku. To‘ytepadagi to‘yda ko‘rishgandik. Eslaysizmi? Qayoqdanam esingizda bo‘lsin. Bizga o‘xshaganlar ko‘p bo‘lsa…
Xullas, hay-hay demasam to‘ydagi hangomalardan boshlamoqchi. Uzrimni aytdim. Shunaqa, shunaqa, mehmon keladigan, shoshib turibman, dedim.
“Shoshayotgan bo‘lsangiz, mana biz oborib qo‘yamiz-da”, dedi qo‘lida mashinasining kalitini o‘ynatib. Xayriyat, dedim-da, uning mashinasiga qarab yurdim. Mashinaga o‘tirishimiz bilan orqa o‘rindiqda o‘tirgan bittasi “Oldin bizni Yunusobodga tashlab qo‘yasiz-da”, desa bo‘ladimi!
— Albatta, tegirmon navbati bilan, — dedi taqamo‘ylov menga qarab, — to‘g‘rimi, Ergash aka. Nima ham derdim. Uyim Chorsuning biqinida bo‘laturib, Yunusobodga qarab ketdik. Yunusobodning qay bir mavzesidan orqaga qaytayotganimizda iltimos qildim.
— Ukajon, bu yog‘iga tezroq haydaysiz-da, uyga mehmon keladigan.
— Bo‘ldi, bir og‘iz so‘zingiz…
Aytmoqchi, yomg‘ir shunaqa yog‘yaptiki, haligi mashinaning oyna artkichi tozalab ulgurmayapti. Shu payt ko‘zim yo‘l chetida bola ko‘tarib turgan kelinchakka tushdi.
— To‘xtang, shu ayolni opketaylik, — deb yuboribman deng. Aksiga olib, haligi kelinchakning borar joyi butunlay teskari tarafda ekan. Uni manziliga yetkazib, uyimga yetib kelganimda soat roppa-rosa uch bo‘lgandi. Ikkita og‘ir sumkani ko‘tarib, tepaga chiqqunimcha bo‘larim bo‘ldi. Mehmonlar kelgan bo‘lsa hali Rozadan eshitadiganimni eshitaman degan xavotirni aytmaysizmi. Obbo, Saidjon tushmagurey, esdan chiqmaydigan ish qilding-da, lekin.
Ichkariga kirishim bilan, mehmonlarni so‘radim. Roza yelka qisdi, hayronman, hech kim kelmadi-ku, deydi.
Divanga cho‘kdim. Rosa charchaganim bilindi. Shu payt desangiz, nevaram kelib bo‘ynimga osildi-da:
“Ada, bilasizmi, mehmonlaringiz sizni bugun birinchi aprel qilishdi”, desa bo‘ladimi. Shu desangiz azoyi badanimdan o‘t chiqib ketdi.
Ustoz shunday deya menga o‘girildi-da, yelkamga qo‘l tashlab kuldi.
— Endi gap bunday, Saidjon, bozorliklar shunday turibdi, o‘zing bosh bo‘lib, peshinda mana shu jamoani olib borasan, Roza opang tayyorgarlik ko‘rib o‘tiribdi. Lekin, Roza opang bilan bo‘ladigan jangga ham tayyorgarlik ko‘rib qo‘y, bo‘ptimi, — dedi iljayib.
— Xo‘p, ustoz, siz yonimda bo‘lsangiz, har qanday jangga tayyorman, — dedim hozirjavoblik qilib.