O‘rinboyning ismiga “o‘rtar” so‘zini qo‘shib aytishadi. Qo‘shmasayam bo‘lmaydi. Yursayam, tursayam, hatto uyqusiraganda ham shu qo‘shiqni xirgoyi qilgani qilgan. Qo‘shiqning tugamaganiga hayronlar qolasiz. Salom-aliklariyam “o‘rtar” bilan bo‘ladi!
Boshimni silab eshik og‘zida o‘tirsam, “pat-pat” mototsiklini minib kelib qoldi:
— Tuzukmisan? Agar oshiqlig‘im aytsam… Bola-chaqalaring qanday? … kuyub jonim jahon o‘rtar. Ha endi bizam yuribmiz, tuproqdan tashqari. Bu ishq sirrin bayon etsam… Ishlaram tuzuk… taqi ul xonumon o‘rtar.
“Do‘st!” deydigan odam yo‘q.
— Shaharga tushib, bir pivoxo‘rlik qilib kelmaymizmi? — og‘aynim davom etdi. — Bu dard ila xarob o‘ldim… Bosh chatoq… kelib holimni so‘rmaysan. O‘ylanma. o‘ami boshqa, alam boshqa… Ketdik. Yuragimni fig‘on o‘rtar.
Orqasiga mingashdim. Qo‘shig‘i bosiq bo‘lsayam, aravasi uchib ketarkan-vey! Sekinroq yur, deganim sayin tezlaydi-da!
— Bu — reketa, raketa — bu! — deb qo‘yadi yana.
Yarim yo‘lga borganda “raketa” negadir “g‘iyq” etib to‘xtadi.
— Ha, tinchlikmi? — deb so‘radim.
— Bu Mashrab dardini jonon… Pinjagimning oldini orqaga qilib kiyib olay… hech kim boshig‘a solma… tugmasi yo‘q. Agar mashharda oh ursam… Shamol urib, ko‘krakni teshib yuboraman deyapti… behishti javidon o‘rtar… Agar oshiqlig‘im aytsam…
Yana uchib ketdik. Nimadir “taraq” etib keyin yiqildikmi, yo avval yiqilib keyin taraqladimi, bilmayman. O‘zimga kelib, ko‘zimni ochganimda zovurning ichida yotardim. O‘ng oyoqni ko‘tarib, kallani burib bo‘lmaydi. Bir iloj qilib, emaklagancha zovurning ichidan chiqdim. O‘rinboy zovurdan oshib, tutqatorga borib tushgan ekan. Tepasida ikkita shifokor ham turibdi.
— Qara-ya, kallasi teskari bo‘lib qolibdi, — dedi ulardan biri.
— Hozir to‘g‘rilab qo‘yamiz-da, — ikkinchisi kuchaydi. — Sen orqasidan bosib tur. Ha, ha, yana ozgina… Burayapman… Bo‘ldi. Kallasi o‘nglandi. Maboda oyoqlari ham almashib qolmadimikan, ag‘dar-chi?
— Ie! — bilag‘on shifokor sakrab tushdi. — Boplabmiz-ku! Kallasi to‘g‘ri-yu, pidjagi teskari ekan.
“Do‘st” deydigan odam yo‘q!