Hikoyachi haqida hikoya
Askiyachi birodarlarimiz Bahodir Shokirov hamda Mansurjon Oxunovlar bilan Jizzaxga bordik. Ja-a zo‘r kontsertlar o‘tkazdik. Kontsertdan keyin mehmonxonada dam oladigan bo‘ldik. Pasportlarimizni mehmonxona xodimasining oldiga tashlab:
— Uchchovimizga bitta xona bersangiz, — dedim.
Xodima pasportlarimizni bir-bir varaqlab:
— Uchchovlaringni bitta xonaga qo‘yaolmayman, — dedi qoshlarini chimirib.
— Nega? — baravar savol berdik.
— Bittalaring xotin kishi-yu… Nikoh qog‘ozlaring yo‘q, — deb xodima pasportlarimizni uzatdi.
Qarasak… Men o‘zimning pasportim qolib, xotinnikini ko‘tarib kelgan ekanman.
Ana shu o‘ziniki qolib, xotininikini ko‘tarib yuradigan Chaqaqishloqning eng oldi yigiti — hikoyachingiz, Sodiqjon Hasanov biz bo‘lamiz!
Eng go‘zal erkak
Bunisiyam o‘zimiz. Mana men degan rassomlar ham tasdiqlaydi buni. Ishonmasangiz, xalqaro karikaturasi-rassomlar tanlovida o‘ndan ortiq «Oltin medal»ni qo‘lga kiritgan Mahmudjon Eshonqulovdan so‘ranglar.
Uchrashuvlardagi chiqishlarim Mahmudjonga ja-a ma’qul kelib ketibdi-da. «Sizning sharjingizni chizaman! «Mushtum»da bosamiz!» deb qoldi. «Sharj deganlaringiz qanaqa bo‘ladi?» deya so‘radim. «Rasmingiz o‘zingizga o‘xshaydi-yu, bir-ikkita kulgili detallar qo‘shiladi», javob qildi Mahmudjon. Rozi bo‘ldim. Rassom bolasi tushmagur meni stolga o‘tqazdi. Avareyadan keyin yuzimda paydo bo‘lgan chandiqlarga o‘ng tomonimga o‘tib qaradi, chap tomonimga o‘tib qaradi, iyagimni ko‘tarib qaradi, bo‘ynimni egib qo‘yi-ib qaradi! So‘ng xafsalasi pir bo‘lib dedi:
— Sizning sharjingizni chizish shart emas ekan. Rasmingizni o‘zini shunday berib yuborsa ham sharj bo‘laverarkan!
Chaqa deganlari qayerda?
Farg‘onada bu savolni bersangiz, chaqaqishloqliklar-ning o‘zlari shunday javob berishadi:
— Uchko‘prikdan Paloxonga qarab yursangiz, yo‘lning bo‘yida ikkita paqir ko‘targan bitta xotin turadi. Ana shu xotindan o‘tib o‘ngga burilsangiz — Chaqa!
«Chaqa» nima uchun Chaqa?
— Buning tarixi «Yigirma olti» deganlari bir so‘mu yigirma olti tiyin bo‘lib, do‘konlardan bosilib yotgan davrga borib taqaladi, — chaqalik, o‘zi aravaday, ammo ovozi ayollarnikidan ham ingichka Rayim qo‘rqoq tushuntira ketadi. — Rivoyat qilishlaricha, qo‘shni qishloqlik oltita so‘takdan bir so‘m yigirma tiyin chiqibdi-yu, olti tiyinga kelganda oltovining ko‘zi olti tomonga qarab qolibdi. O‘zi ular so‘m topib baraka topmaganlardan-da! Shunda bizdan chiqqan boyvachcha oltoviga mag‘rur boqib, «Chaqasi bizdan!» deya naqd olti tiyinni so‘riga otgan ekan! Shundan buyon qishlog‘imizning nomi — Chaqa!
Madaniyatning kirib kelishi
Madaniyat qishlog‘imizga to‘-o‘-o‘-g‘ri qo‘shni tumandan kirib kelgan.
Halim bo‘qoqning o‘g‘li Salim bo‘qoq uylanadigan bo‘lib qoldi. Kelin tomon, ja-a, muruvvatli ekanmi, sarpolar ichiga galstuk ham qo‘shib jo‘natishibdi-da!
— Katta davralarda yurasiz, aka, bog‘lab bering! — deb so‘pi azon aytmasdan Salim bo‘qoq kelib qoldi.
O‘ylab ko‘rsam, galstuklilarning ichida yuravergan ekanmanu, biror marta o‘zim taqib ko‘rmagan ekanman.
— Xo-o-o-v, qishloqning chekkasi rayonda ishlaydigan Husan galstuk bor. Galstugini yechmay uxlaydi deyishadi. O‘sha boylashni bilishi mumkin, — dedim-da, Salim bo‘qoqqa kuyovligi hurmati o‘zim yo‘l boshladim.
Husan galstuk dardimizni eshitgach, chuqur esnadi. So‘ng mayka ustidan taqilgan galstugining uchidan ushlab turib dedi:
— Galstukni sotib olaman, sotuvchiga bog‘lataman. Shu bo‘yi tugini bo‘shab ketgunicha, teshigidan kallamni kiritib-chiqarib yuraveraman!
Vey, ishonasizlarmi, galstukni ko‘tarib butun qishloqni aylanib chiqdik — bog‘lashni biladigan bitta odam topolmadik! Yaxshiyam qo‘shni tumandan, paxta kultivatsiyasiga yordam bergani kelgan traktorchi bor ekan, o‘sha bog‘lab berdi.
Xotinni xafa qilgan tasma
Muhiddin Darveshov nomidagi teatr-studiyasi tashkil qilingach, biz ishtirokchilar hammamizga biz xil qilib kostyum-shim sotib oldik. Ve-ey, bizga ham yarashar ekan qop-qora kostyum-shimlar, oppoq ko‘ylaklar!.. Tasmasini aytmaysizmi: bog‘i toza charmdan, mushtday, kumishsimon to‘qasi ko‘zni oladi! Uyga bu formada kirib kelganimni ko‘rib, xotin baqa bo‘lib qotib qoldi. Ammo… Qurg‘urni taqayotib tilini teshigiga kiritgandim, «chirq» etib yopilgandi, shu urinaman yechib bo‘lmaydi-da to‘qasini! Xonamga kirvolib, yarim kechagacha urindik, xotin bilan, yechilmaydi, la’nati!
Xotinning, ham haflasi pir bo‘ldi, ham jahli chiqdi. So‘ng zarda bilan dedi:
— Shuniyam sizga kirib chiqmaydigan — buzug‘ini berishibdi!
Uyimdagi begona erkak
Yangi kostyum-shimlarni kiyib, ertalab ishga ketaman, kechqurun mag‘rur uyga kirib kelaman. Uncha parvo qilmagandim, ammo meni bundayin po‘rim holatda ko‘rmagan hamqishloqlarim ahamiyat berishibdi kostyum-shimimga!
Loy kechib, makkaga suv qo‘yib, daladan kelayotsam, Abdurayim sassiq choyxona oldida chetga tortdi:
— Uch-to‘rt kundan buyon qora kostyum-shim kiygan begona erkak uyinga kirib-chiqib yuribdi, xotiningga ehtiyot bo‘l!
Abdulla baqiroq
Qishlog‘imizdan chiqqan eng katta odam — Abdulla baqiroq kolxozda partkom bo‘lib ishlashgan. «Vils» mashinasi bo‘lardi. Makkajo‘xorizorning oldiga keldimi, mashina to‘xtar to‘xtamas undan Abdulla baqiroq otilib tushardi. So‘ng qo‘llarini og‘ziga varonka qilib turib, jo‘xorizorga qarab baqirardi:
— Xo-o-ov, o‘g‘rini ushla! Ushla-a-a, o‘g‘rini!
— Hech kim ko‘rinmaydi-yu!? — dedim.
— Bu baqiriqdan keyin ko‘rinmaganlari ham qochadi-da!
Bir kuni odatdagicha:
— Ho-o-ov, o‘g‘rini ushla! Ushla-a-a, o‘g‘rini! — deb baqirishgan ekan, jo‘xorizordan yarim qop so‘tani orqalab xotinlari chiqib qolibdi. Xotinini qo‘lidan ushlab, orqalariga o‘tkazishibdi-da, yana xitob qilarmishlar: — Qolganlarini ushla, qolganlarini!
Kimligini aytmayman!
Abdulla baqiroq har kuni azonda kolxoz radiouzelidan chiqish qiladilar. (O‘zi aslida radioda chiqmasdan, hovliga chiqib gapirsalar ham yetardi — butun kolxoz eshitardi) Uch-to‘rt marta chiqish qilishgandan keyin, akamizning laqablari yana bittaga ortdi — Abdulla kimligini aytmayman.
— Hurmatli o‘rtoqlar! Kolxozimizda hammamiz uchun qimmatli bo‘lgan tut bargini mol-qo‘ylariga beradigan tekintamoqlar ko‘payib ketdi. Bundaylarni fosh qilishimiz, jazosini berishimiz kerak! Mana, masalan, kimligini aytmayman, ko‘z-ko‘zga tushsa xafa bo‘lishi mumkin, Uzunko‘chaning oxirida yashaydi, Ummatalining qo‘shnisi, kimligini aytmayman! Yana uyi katta ko‘prikning yonida, 66-25 mashinani minadi, kimligini aytmayman!