Munisxon eridan ajralish haqidagi arizasini sud qabul qilgani to‘g‘risidagi xabar qog‘ozi pochtadan kelganda ham, sud zalida o‘tirib erining g‘amgin qiyofasini ko‘rganda ham bunchalik iztirobga tushmagan edi. U hozir ayvon labida g‘ijimlangan gazetaga behush qarab o‘tiribdi. Kampir hovlida ivirsib goh oshxonaga, goh uyga kiradi… Qiziga bir nima deyishga tili bormaydi. Nima ham deya olardi u. Olti oydirki qizi Munis o‘z yog‘iga o‘zi qovriladi. Sevgan, ahdi paymonlar bilan tekkan erini tashlab keldi. Dardi ichida. Na ona, na ota unga botinib gapira oladi. Nima bo‘lsa ham, ko‘ngli yarimta, deb yaxshi gapirib kelishadi. Ona bo‘lsa xilvatda oh urib: «Qo‘shgani bilan qo‘shaqarisin, har qizki uydan chiqdimi, qaytib kelgulik qilmasin» deb pichirlaydi.
Munisxonning eridan ajralib kelganidan to shu kungacha chehrasida samimiy kulgini na ota, na ona ko‘rdi. Uning yuzi za’faron bo‘ldi. Ayniqsa, bugun ertalab pochtalon tashlab ketgan gazeta noxush xabar keltirdi. Gazetada eri Jo‘rabek to‘g‘risida kattagina feleton bosilib chiqibdi. O‘ maishiy buzuqlikda, qurilish materiallarini talon-toroj qilishda ayblangan edi. Munisxon bir necha bor o‘qigan bu aybnomaga tikilar ekan, ichidan kelgan kuchli xo‘rsiniqni to‘xtatolmay o‘rnidan turdi.
«Uning shu ahvolga tushib qolishiga men aybdorman. Nega uni tashlab keldim, nega oxirigacha olishmadim? Nega uni shu yo‘ldan qaytarolmadim? Nega uning bema’ni ulfatlarini quvmadim?..»
Munisxon ana shunday iztirobli o‘ylar bilan o‘zini o‘zi koyirkan, birdan ko‘ziga sud zali ko‘rinib ketdi. Jo‘rabek soch-soqoli o‘sib bir holi, bir sar qiyofada o‘tiribdi. U har zamon bunga yer ostidan qarab ko‘yadi. Uning bevaqt ajin tushgan yuzlarida allaqanday tushunib bo‘lmaydigan ifoda. Munisxon besh yil birga yashab uning yuzlarini, ko‘zlarini bunaqa loqayd, ifodasiz ko‘rmagandi. Hatto Jo‘rabek biror narsadan g‘azablanganda ham ko‘zlarida qandaydir tabassumga o‘xshagan bir ifoda bo‘lardi. Hozir-chi? O‘ endi hamma narsa tamom bo‘ldi, endi yashashning ham qizig‘i qolmadi, degandek, kurashda yengilgan, najot yo‘lini butunlay yo‘qotgan kishi kepatasida o‘tirardi. Munisxon o‘shanda o‘rnidan turib sud hay’atiga: «Yo‘q, erimni tashlamayman, axir men uni yaxshi ko‘raman!» deb qichqirgisi keldi. Qandaydir bir kuch uni o‘tirgan joyiga mixlab qo‘ygandek qimirlatmadi. Uyqusiz kechalar, tunni tongga ulab uni kutishlar, lazzatini, tinchini yo‘qotgan juftlik hayoti, tentishlar, to hushni yo‘qotguncha ichishlar, ta’nalar — hammasi, hammasi bir bo‘lib, er-xotinni sud ostonasiga olib kelgan edi. Munisxondan ajralish Jo‘rabekning xayoliga ham kelmagan edi. Bu mudhish so‘zni birinchi bo‘lib Munisxon baland ovoz bilan aytdi. Bu gapning dahshatini Jo‘rabek darrov sezmadi. Erlik g‘ururi shundoq gapni aytgan xotiniga tik qarashga, uni elamaslikka majbur qildi. U bemahal portlagan bu bombaning dahshatini sud zalida sezdi. Sezdi-yu, endi kechikkanini, jafokash, chinakam munis do‘stini yo‘qotganini angladi. Unga shu topda birdan hayotning ma’nosi yo‘qolgandek, yashashning qizig‘i qolmagandek bo‘ldi. To sud majlisi tamom bo‘lguncha murdadek jonsiz, hissiz o‘tirdi. Savollarga nima deb javob berganini, xotini unga qanday ta’nalar qilganini xuddi tush ko‘rayotgandek juda xira, rangsiz, tovushsiz, faqat imo-ishoralardangina sezayotgandek edi. Munisxon esa ichki dard, iztirob kuchi bilan, ham g‘azab, ham nafrat yog‘ilib turgan so‘zlar bilan uni ayblardi. Ha, Munisxon uni faqat, faqat ayblardi. Bir umr undan yaxshilik ko‘rmagandek ayblardi. Ayblardi-yu, sevgan kishisidan, orzu-umidlaridan, niyatlaridan, birga kechirgan oydin kechalarning yorqin, allaqanday nurga, shu’laga to‘lgan xotiralaridan bir umr ajralayotganini sezmasdi. Shunday bo‘ldi. Besh yillik umrdan faqat o‘sha sud qarori qoldi, xolos. Endi ular bir-birlariga begona kishilar bo‘lib qolishdi.
Shundaymi?
Munisxon o‘ziga shunday savol berganda: «Dod!» deb yuborgisi: «Yo‘q!», «Yo‘q!» deb qichqirgisi kelardi. «Uni shu ahvolda tashlab ketmaganimda bunday bo‘lmasdi. Kurashishim, butun borlig‘im bilan kurashishim, uni shu yo‘lga boshlagan har qanday kuchdan zo‘r kelishim kerak edi. Nega shunday qilmadim? Nega uni yengmadim? Nega o‘zimni kurashdan chetga tortdim? Eng yaqin kishimni halokat yoqasiga tashlab, o‘zimni olib qochdim. Endi u butunlay halok bo‘ldi. Puliga, martabasiga do‘st bo‘lganlar, uni shu yo‘lga boshlaganlar allaqachon begona bo‘lib oldilar. Unga hamdard bo‘ladigan, yupatadigan, ko‘ngliga dalda beradigan yaqin kishisi qolmadi. Endi uni chinakam sharmandalik kutyapti».
Munisxon g‘ijimlangan gazetaga loqayd termilib, ana shunday xayol surardi.
Hovliga hassaga tayangan dadasi kirdi. U ariqda shildirab oqayotgan suvda yuzini yuvib, ho‘l bo‘lib ketgan soqollarini belbog‘iga artib, supaga o‘tirdi. Chol hassasining uchi bilan yer chizib, ancha vaqtgacha jim o‘tirgandan keyin, boshini ko‘tarib, qiziga qaradi.
— Munis, qizim, baqqa kel. Hamma gapni eshitdim. Juda xunuk ish bo‘pti. Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan?
Munisxon yerdan bosh ko‘tarmay, hamon o‘shanday o‘tirardi.
— Qizim, ota hech qachon o‘z farzandiga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Gaplarimga astoydil quloq ber. Jo‘rabek yetim bola. Sendan boshqa hech kimi yo‘q edi. Avvalambor, tashlab kelganing jo‘yalik ish bo‘lmagan edi. Hali ham bo‘lsa yo‘lga otlan. Odamning taftini odam ko‘taradi. Yeniga bor. Shunday qilsang chinakam odamlik qilgan bo‘lasan. Bor, unga hamdam bo‘l.
Ertalab tong otishi bilan Munisxon yo‘lga chiqdi. Uni Toshkentga olib ketayotgan avtobus ham, poyezd ham, nazarida, juda sekin yurayotganga o‘xshardi. Poyezd ichi dim bo‘lganidan yo‘lovchilar gazeta bilan o‘zlarini yelpirdilar. Bu tomonlarga pochta bir kun kechikib kelardi. Kechagi gazetaning Jo‘rabek haqidagi feletoni yo‘lovchilarning ermagi bo‘lib qoldi. Munisxon qayoqqa qaramasin, o‘sha gazeta. Xuddi ataylab qilgandek, gazeta to‘rt buklanganda o‘sha feleton mana men, deb ko‘rinib turardi. Yo‘lovchilardek ermaktalab xalq kamdan-kam bo‘ladi. To Toshkentga yetib kelishguncha Jo‘rabekning dostoni og‘izlaridan tushmadi. Har kim o‘z fikrini aytardi.
— Bu yaramasni albatta sud qilishadi.
— Insonlik qiyofasini yo‘qotganlarning jazosini berish kerak.
Kela-kelguncha odamlarga orqasini o‘girib ovqat yeb kelayotgan, bo‘yni buqanikiga o‘xshagan bir kishi tovuqning oyog‘ini lunjiga tiqar ekan, palag‘da tovush bilan dedi:
— Axir, xotini taloq, g‘ar bo‘l, o‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l-da!
Uning gapi Munisxonga qattiq botdi. Bir nima de-yishga og‘zi bormay, qoshlarini chimirdi. Buqabo‘yin kishi gazetani «sharr» etib yirtib, xuddi feletonli joyiga lunjining yog‘ini artib, yana gap qotdi:
— Qizi taloq muxbirlar ham ko‘p g‘alamis bo‘lishadi-da. Ha, endi shundoq bo‘lgan ekan, ko‘rib-ko‘rmaslikka olib ketavermaysanmi. Hukumatning dargohi katta, omborning eshigi tor, tuynugi keng. Ozroq olgan bilan g‘aznasi tamom bo‘p qolarmidi? Muncha kovlashtirasan, siynitaloq, o‘zvag bo‘lganingdan keyin o‘zvagingga qayish-da. Hukumat uni qamab qo‘ysa, noning ikkita bo‘ladimi sening?
O‘tirganlarning etagiga o‘t tutashgandek baravar o‘rnilaridan turib ketishdi. Yuqorida kitob o‘qib yotgan yoshgina bir yigit «gup» etib o‘zini pastga otdi. Buqa-bo‘yinning yoqasidan olib, yo‘lakka sudradi. Boshqasi uning yukini yig‘ishtirib orqasidan irg‘itdi. Poyezd duvarakkina bir raz’ezdga kelib qolgan edi, buqabo‘yinning bay-baylashiga karamay, uni vagondan tushirib yuborishdi. Poyezd joyidan jildi hamki, hech kimdan sado chiqmadi: bu odam hammani — hukumatni, o‘zbeklarni, muxbirlarni — hamma, hammani haqoratlab ketgan edi. Go‘yo ko‘karib zaharga to‘lgan chayon kovakdan chiqdi-yu, bu yerdagilarning tanasidan o‘rmalab jamiyat ichiga kirmoq-chi, ularga nish urmoqchi bo‘lgandek edi.
Munisxonning ko‘ziga eri Jo‘rabek ko‘rinib ketdi. Nahotki u ham chayon bo‘lsa?! Nahotki u ham odamlarga nish urmoqchi bo‘lsa?
Bu asabi qaynagan yo‘lovchilar uchun Jo‘rabek bilan boyagi buqabo‘yinning qanday farqi bor? Ikkovi ham bir emasmi?! Yo‘q! Jo‘rabek adashgan, u chayon emas, chayon emas…
Munisxon ming azob bilan bir umr kelmas bo‘lib ketgan uyining ostonasiga qadam qo‘ydi. Erining farzandsiz beva ammasi uni juda sovuq kutib oldi. Ko‘z qarashlaridan: sevinganingdan keldingmi, uning holidan kulgani keldingmi, degan ma’no anglashilardi. Munisxon uyga kirdi. Bir vaqtlar yog‘ tushsa yalagudek top-toza uy nihoyatda besaranjom, fayzsiz edi. Kuldon papiros qoldiqlariga to‘lib ketibdi. Karavotning bosh tomonida polga juda ko‘p kul to‘kilgan. Ko‘p chekibdi, kechasi ham chekadigan bo‘lib qolibdi, deb dilidan o‘tkazdi Munisxon.
U bir vaqtlar yoshlikning qaynoq muhabbati yoritgan uyda shu ko‘yi uzoq kezib yurdi. Ohak cho‘tkasining devord-gi bilinar-bilinmas izlari unga shu uyda o‘tirgan kelinlik damlarini, elektr simlarining buramalari shiftga qarab surgan o‘ylarini, hozir chang bosgan ramka ichida jilmayib turgan qo‘ng‘ir soch Jo‘rabekning surati to‘y oldidagi va’dalarni eslatardi. Munisxon uni qandoq sevardi! Qani u ehtiroslar, qani u erkalanishlar! Uni bu yerga na yoshlik xotiralari, na ehtiros, na dilni erkalovchi oshiqona so‘zlar boshlab keldi. Munisxonni do‘stlik, qadrdonlik, qolaversa uning birinchi qalb yolqinini olib qolgan, ilk sevgisini, siru sehrga to‘la qaynoq muhabbatini bag‘riga yashirgan, bir vaqtlar eng aziz, eng yaqin, hozirda esa begona bo‘lib ketgan kishisining boshiga tushgan musibatga hamdard bo‘lish, odamlik qilish hissi boshlab kelgan edi. Kim biladi, o‘chgan o‘t qayta yonarmi-kin. Agar u kulga aylanmagan bo‘lsa, yonmog‘i mumkin.
Munisxon xayollar, xotiralarga berilib Jo‘rabekni kutdi. U kelmadi. Ish vaqti tugaganiga ham bir soatdan oshdi. Hamon undan darak yo‘q edi. Munisxonni vahima bosib, hovliga chiqdi. Kampir ham bezovtalanib, tiq etsa eshikka qarardi. Munisxon ko‘chaga yugurdi-yu, duch kelgan «taksi»ni to‘xtatib, Jo‘rabekning ishxonasiga qarab ketdi. Qurilish maydonida odam ko‘p edi. Qandaydir yig‘in bo‘lyapti. Munisxon odamlarni oralab ichkariga intildi.
Prezidium stoli atrofida o‘tirganlar orasida Jo‘rabek ko‘rinmasdi. Munisxonning yurak o‘ynog‘i battar oshdi. Nafasini rostlab yonidagi yigitdan so‘radi:
— Majlis bo‘lyaptimi?
— Yo‘q, o‘rtoqlik sudi bo‘lyapti. Boshlig‘imizni sud qilyapmiz. Hu, anovi chap tomonda orqasini o‘girib o‘tirgan kishi, o‘zi yaxshi odam edi-yu, ulfatlari rasvo qilishdi-da, qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar, deb shuni aytadilar-da!..
Birdan g‘ovur bosilib, maydon suv kuygandek jimib qoldi. So‘nggi so‘z aybdorga berilgan edi. Jo‘rabek boshini egib, xaloyiqqa qaramay, og‘ir qadamlar bilan stol oldiga keldi. Munisxon titrab ketdi. Eri ancha ozib qopti. Ko‘zi ich-ichiga botib ketibdi. Jo‘rabek bir yutinib oldi-da, boshini ko‘tarib g‘amgin yuz bilan gap boshladi:
— Meni yomon ulfatlarga qo‘shilib shunday bo‘ldi, dedinglar. To‘laganning, Orifning gapiga kirdi, dedinglar. To‘g‘ri, shunday bo‘ldi. Nega ular boshqa odamni yo‘ldan urmay, meni yo‘ldan urishdi? Bo‘sh daraxtni qurt yeydi. Men bo‘sh daraxt ekanman. Mustahkam chinorlarga qurtlarning tishi o‘tmaydi. Qurtlarni yo‘qotishdan avval qurtlarga yem bo‘ladigan daraxtni qirqish kerak. Menga qo‘yilgan ayblarning hammasiga iqrorman. Men qilgan ish xato emas, jinoyat. Xato tuzatiladi, jinoyatchi jazolanadi. Menga jazo beringlar. Men bir marta jazolangan odamman, ko‘zim ochilmagan. Sevgan xotinim tashlab ketgan. Shunda ham yo‘limni topib olmaganman. Endi menga kattaroq jazo beringlar.
Jo‘rabek boshqa gapirmadi. Yana boshini egib, joyiga borib o‘tirdi. Sud hukmga kirdi. Yana odamlarning g‘ovur-g‘uvuri boshlandi. Munisxon odamlarga orqa o‘girib o‘tirgan erining yelkasidan ko‘zini uzmay, hamon tik turganicha qimir etmasdi. Sud hay’ati yana minbarga chiqdi. Rais hukmni o‘qidi. Jinoyatchini trest boshliqligidan bekor qilib, betonchilar brigadasi ixtiyoriga yuborish, undan talon-taroj qilingan qurilish materiallari uchun sakkiz ming yetti yuz so‘m undirib olish haqidagi hukmni odamlar qarsaklar bilan qarshi oldi.
Munisxon beixtiyor bilagidagi tilla soatini ushladi. To‘y kuni eri sovg‘a qilgan brilliant ko‘zli uzugini barmog‘idan chiqazdi.
Birpasda maydon bo‘shab qoldi. Jo‘rabek hammadan keyin o‘rnidan turdi. Hech qayoqqa qaramay asta-asta yurib maydonchadan chiqdi-da, xuddi mast odamdek gandiraklab ko‘chaga burildi. Munisxon unga ergashdi. Kech kirib, atrof qorong‘ilashib qolgan edi. Jo‘rabek kran tepasidagi projektor yoritib turgan g‘isht uyumi oldida to‘xtab, papiros tutatdi. Munisxon qadamini tezlatib unga yaqinlashdi.
— Jo‘raka!
Jo‘rabek qulog‘iga chalingan tanish ovozdan seskanib ketdi. Qo‘lida yonib turgan gugurt cho‘pini qayoqqa tashlashni bilmay esankiradi. To Munisxon yetib kelguncha gugurt oxirigacha yonib qo‘lini kuydirdi. Munisxon chidab turolmadi, yugurgancha kelib Jo‘rabekning bo‘yniga osildi. Jo‘rabek qaltirardi. Bu hayajondanmi, xo‘rlikdanmi, bilish qiyin edi.
Atrofni larzaga solib kelayotgan buldozerning o‘tkir chirog‘i har silkinganda ularning soyasini goh baland imoratlarning uchiga, goh tosh, shag‘al uyumlarining do‘ngiga uloqtirar, muyulishga kelganda esa ularning juft soyalarini atroflarida yarim doira qilib aylantirardi…
1948 yil.