(Munosib mukofot)
Boshqarmadan ustiga surg‘uch yopishtirilgan ikkita konvert keldi. Birida korxona ma’muriyatidan zudlik bilan alohida o‘rnak ko‘rsatgan ishchilardan besh kishini «Faxriy yorliq»qa tavsiya qilishlari so‘ralgan. Ikkinchisida ilg‘or ishchilarni mukofotlash uchun yigirma besh ming so‘m ajratilgani aytilgan.
Shu munosabat bilan direktor Darmonov bosh muhandis Dadashevni, rabochko‘m raisi Zaynullinnp, bosh bo‘g‘oltir Mallayevni huzuriga chaqirdi. Mukofotlar ega-egasiga topshiriladigan bo‘ldi.
Ortib qolgan besh ming so‘m bilan bitta «Faxriy yorliq»ni kimga berish kerakligi to‘g‘risida uzoq o‘ylashdi. Maslahat boshbux Mallayevning o‘zidan chiqdi.
— Axraynik — Sangin otaga berib qo‘yaqolaylik.
— Sangin ota Darmonov akamizning qaynotalari bo‘ladilar, gap bo‘lmasmikin?
— Bo‘lmaydi. Bunga men kafil, — dedi Zaynullin.
— Undoq bo‘lsa, u kishining qaysi xizmatlari uchun mukofot beramiz?
Bu savolga Mallayev javob topdi.
— Albatta, u kishining darvozaxonada tahorat qilib, namoz o‘qishdan boshqa ishlari yo‘q. U kishini korxona mulkini talon-taroj qilishga, o‘g‘rilikka yo‘l bermagan fidoyi axraynik deb yozamiz.
Dadashev ham qizishib ketdi.
— Mundoq qilaylik, bo‘lmasam. Uchinchi sexda ishlaydigan Sarvarov har ko‘chaga chiqib kelishida ikki kilodan saryog‘ni salafan xaltaga solib, shimining ichida opchiqib ketadi. U kuniga ikki martadan ko‘chaga chiqib kelmasa ko‘ngli joyiga to‘shmaydi.
— Bo‘lmaydi, — dedi bunaqa ishlarni o‘zi ham ko‘p qilib ko‘rgan Zaynullin.
— Sarvarov cholni bir ursa o‘ldirib qo‘yadi. Devdek kuchi bor. Bunaqa chollarning qo‘liga tushadigan anoyilardan emas u.
— E, qiziq odam ekansiz-ku. O‘zi bilan gaplashamiz. «Faxriy yorliq» pensaga chiqishingda kerak bo‘ladi, puli otaxonga deymiz. Qo‘lga tushib beraver, o‘rtoqlik sudida ko‘rib o‘zimiz oqlab olamiz, deymiz. Yo‘q demaydi. Ko‘ndirishni menga qo‘yib beraveringlar.
Shu kuniyoq Dadashev Sarvarovni ko‘ndirdi. Ertaga smena tugash paytida shu tadbirni o‘tkazadigan bo‘lishdi.
Sarvarov vaxtadan o‘tayotganda axraynik otaxon shartta bilagidan ushlab, qani, ishtonni yech, depti. Sarvarov uning qo‘lini qayirib orqasiga bir tepkan ekan, chol mukkasi bilan tushib qimirlamay qopti. Og‘zidan oq ko‘pik kelayotganini ko‘rganlar darrov «Tez yordam» chaqirishipti.
Ertasiga Dadashev sexga kirib Sarvarovga o‘dag‘ayladi.
— Odam emas ekansan! So‘zida turmaydigan nomard ekansan. Nega va’dangni bajarmading? Axir kelishgan edik-ku.
Sarvarov to‘ng‘illadi.
— Ikkinchi chiqishimda ushlashi kerak edi. Birinchi chiqishimdayoq ushlab o‘tiripti bu miyasi aynigan chol. Soldim, aylantirib…
Zaynullin o‘ylab-o‘ylab yana bir chora topdi. Cholni o‘g‘ri ushlash paytida shikastlangan qahramon, deb mukofotga yozadigan bo‘lishdi. Sarvarov esa «Faxriy yorliq»laring kerak emas, menga to‘rt xonali kvartira berasanlar, bermasanglar qilgan ishlaringni ovoza qilib yuboraman, deb g‘alva ko‘tardi. «Faxriy yorliq» ro‘yxati boshqarmaga yuborilgan edi. Endi uni qaytarib bo‘lmasdi.
Shunday qilib Sarvarov hech balo qilmay qo‘shaloq mukofot egasi bo‘ldi.
Axraynik cholga hali ham qon quyish davom etmoqda…