Boqqaningga yarasha tovuq o‘lgur kunda tug‘sa-da. Don cho‘qishiga qaraganda, kuniga ikkitadan gug‘adiganga o‘xshaydi. Qaqolashi dunyoni buzadi. Har qaqolaganida qo‘ni-qo‘shnilarga eshittirib, hozir tuxum tug‘aman, tuxumimni ko‘rib yoqalaringni ushlaysizlar, degandek hurpayib somonxonaga kirib ketadi. Shu kirib ketganicha gor-shovda o‘tirgan boladek ko‘zlarini javdiratib uzoq o‘tiradi.
Mahbubaxon ishlik odam. Ertalab ishga ketganicha kechqurun qaytadi. Uyga keladi-yu, bolalariga ovqat pishirishga unnab ketadi. Albatta somonxonaga kirib, tovuqlarning tuqqan-tug‘maganligidan xabar oladi. Tavba, tuxum yo‘q. Shunaqa ham yolg‘onchi tovuq bo‘ladimi? Yo mushuk-pushuk kirib, tuxumni yeb qo‘yarmikan?
Undoq desa, somonxonaning eshigi berk turadi. Undan tashqari, hovlida kattakon it bor. Mushuk u yoqda tursin, chumolini ham yo‘latmaydi.
Kechasi televizor ko‘rib o‘tirishganlarida Mahbubaxon tovuqlardan nolib qoldi:
— Egasi o‘lgur bezor bo‘lganidan sotgan shekilli. Xitriy tovuq ekan.
Eri Mansurjon beparvo javob berdi:
— E, xotin. Sen umuman chorvachilik, yo‘g‘-e, parrandachilikdan bexabar odamsan. Qo‘yni bilasan-a, yangi kelgan uyda yem yemaydi. O‘rganib ketgandan keyin shunaqayam xo‘ra bo‘lib ketadiki, asti qo‘yaverasan.
Mansurjon shunday deyardi-ku, ko‘zini yashirishga urinib, tuppa-tuzuk ishlab turgan televizorning murvatlarini burardi.
— Obbo, nima qilasiz burab? Ana, buzib qo‘ydingiz. Ertaga tovuqni so‘yib bering, sho‘rva qilamiz.
— Iya, shundoq tovuqni-ya. Qo‘y, xotin, bir ilojini qilamiz, tug‘ib beradi. Meni aytdi dersan, har kuni tug‘adigan qilib beraman.
Xotin erining gapiga ishongandek bo‘ldi. Ertalab ishga ketayotganda, o‘g‘lining eski do‘ppisida don opchiqib sochdi. Tovuq qaqolab don cho‘qidi, yana bormi, degandek Mahbubaxonga bir-ikki qaradi-da, qaqolab somonxonaga qarab chopdi. Bir ozdan keyin Mahbubaxon uning orqasidan borib, ichkariga mo‘raladi. Tovuq somon to‘ldirilgan g‘alvirga bag‘rini berib, unga qarab ko‘zlarini mo‘ltiratyapti.
— Bilib qo‘y, bugun tuxum tug‘masang, kechqurun sho‘rva bo‘lasan, — deb kuldi. Tovuq uning gapiga tushungandek «ququ» deb qo‘ydi.
Darhaqiqat, Mahbubaxon kechqurun kelsa, tovuq va’dasining ustidan chiqib, mushtumdek tuxum tug‘ib qo‘yipti. U qoyil qilibmanmi, degandek ayvon oldida gerdayib yurardi.
Mahbubaxon hayron qoldi. Uning hayronligidan foydalanib Mansurjon kerildi:
— Shunaqa, xotin, biz qush tilini ham bilamiz. Ertalab tovuqqa, bugun tug‘masang, opang xafa bo‘ladi, deb tayinlab ketgan edim. Odobli tovuq-da, gapimni yerda qoldirmadi. Ertaga ham shu, indin ham shu. Agar diqqatimni oshirsang, tayinlab qo‘yaman, tug‘may, qo‘yadi. Ammo shuni bilib qo‘y, tovuq degan kunda tug‘sa, bexosiyat bo‘ladi. Tuxumi ham maydalashib qoladi. Kunora tuqqani durust. Ikkitasining quvvati bittasiga o‘tib, kaloriyasi oshadi. Tayinlab qo‘yaman, kunora tug‘sin. Maza bo‘ladi. Endi senga tuxum sifatini oshirish masalasida hech kim bilmaydigan bir sirni aytib qo‘yay. Illo birovga aytmaslikka so‘z berasan. Sir shuki, tovuqqa uncha-muncha tuz yalatib turish kerak. Bitta gugurt qutisiga tuz solib, somonxonaga opkirib qo‘y. O‘zi xohlaganda cho‘qilab turadi. Ana shunda tuxum judayam xushxo‘r bo‘lib ketadi.
Sodda xotin erining kuyib-pishib aytgan bu gaplariga astoydil ishondi. Sirni birovga aytmaslikka va’da berdi. Somonxonaga tuz opkirib ko‘yadigan bo‘ldi.
Mansurjon tovukka yaxshilab tayinlab qo‘ygan ekan, aytganini qilib, kunora tuxum tug‘averdi. Gugurt qutisidagi tuz bemalol besh kunga yetaverdi.
— Hoy dadasi, gapingiz rost chiqdi, tuxumi borgan sari xushxo‘r bo‘lib ketayotganga o‘xshaydi.
— O‘xshaydi deganing nimasi? Rosmana xushxo‘r bo‘pti. Kunora tug‘ish bilan tuz yalashda gap ko‘p dedim-ku!
Kunlar shu xil o‘taverdi. Tovuq ahdini buzmadi. Nima bo‘ldi-yu, Mansurjon bir haftaga allaqayoqqa komandirovkaga ketadigan bo‘lib qoldi. U chamadonini ko‘tarib, eshikka yetganda, to‘xtadi.
— Xotin, bir gap aytish esimdan chiqipti. Tovuqqa tayinlab qo‘ydim. Kelgunimcha har kuni tug‘ib turadi. Tuzni ham cho‘qilama, kuniga tuxum ochadigan narsasan, javr bo‘ladi, dedim.
Erining bu gapi ham to‘g‘ri chiqdi. Gugurt qutichadagi tuz sira ham kamaymadi. Har kuni tuxum tug‘averdi. Mahbubaxon qo‘ni-qo‘shnilarga maqtanardi:
— Bir tovug‘imiz bor, o‘lgur, odam tilini biladi. Balo tovuq ekan.
Mahbubaxonning qoyil qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. Bir kun boshi aylanib, ishdan vaqtliroq qaytdi. Uyga kelsa, somonxona ochiq. Nima balo bo‘ldi, deb mo‘ralasa, Mansurjon yarim shisha aroq olib, piyolani to‘ldirdi. Somonga bag‘rini berib yotgan tovuqning qanotidan ko‘tarib uloqtirdi-da, tuxumini olib, ustunga urib chaqdi. Keyin gugurt qutisidagi tuzdan sepib zakuska qildi.
Mahbubaxon hech narsa bilmagandek, oyoq uchida yurib, ayvonga o‘tib ketdi. Bir ozdan keyin Mansurjon labini yalab uyga kirdi.
— Xotin, ishdan kepsan-ku. Aytgancha, bugun tovuq tuxum tug‘adigan kunmi?
— Yo‘q, bugun tug‘maydi, ertaga tug‘adi, — dedi Mahbuba.
— Ha, rost. Shunday deb tayinlab qo‘ygan edim. Xotin eriga shunday qarash qildiki, er ko‘zini yashirolmay uyqusi kelmasa ham esnadi. Shu payt ko‘nglidan, bilib yurgan ekan, degan gan o‘tdi.
— Xotin, tovuqqa yaxshilab tayinlab ko‘yaman, endi kunda tug‘adigan bo‘ladi. Ulay agar, kunda tug‘adi. Agar xo‘p desang, gapga tushunadigan shunaqa tovuqdan yana o‘nta olib kelaman, yigirmata olib kelaman. Xotin tik uning oldiga keldi-da:
— Qani, bir «huh» deb yuboring! — dedi.
— Melisamisan, men shofyormanmi?
— Odamning har nima bo‘lgani yaxshi? Yana ichibsiz! Yuragingiz yana yomon bo‘lsa, nima bo‘ladi! Doktorning gapi esingizdan chiqdimi?
Mansurjon avvaliga bo‘yin egib turdi-da, keyin baland keldi:
— Sudga ber. Melisachaqir. Somonxonaga o‘g‘ri tushdi, deb dod sol!
— Sizni nega sudga berarkanman? Sizni tovuqlar sud qilishsin. Tilini bilasiz-ku.
Er-xotin xaxolab kulib yuborishdi. Ularga qo‘shilib, hovlida donlab yurgan tovuq ham qaqolab kulgandek bo‘ldi.