Ergash bilan Hasan bir-biriga ro‘para kelib qolishadi.
E r g a sh . Kechirasiz, ilg‘or qizlar brigadasiga shu yo‘ldan boriladimi?
H a s a n . Ha, shu yo‘ldan boriladi, o‘rgilay. Nima ishingiz bor edi? Bo‘yningizdagi magnitafonga qaraganda muxbirga o‘xshaysiz, tasaddiq.
E r g a sh . Topdingiz. Radiodan keldim. Shu ilg‘or qizlar brigadasi to‘g‘risida radioga bir reportaj yozib olmoqchi edim.
H a s a n . Niyatingiz xolis ekan. Kerakli odamni topdingiz, o‘rgilay. Men shu brigadaning tabelchisi bo‘laman. Eshitgandirsiz. Hozir abet payti. Borganingiz bilan biron nima yozib ololmaysiz. Qanaqa gap kerak bo‘lsa mana, o‘zginam aytib beraveraman.
E r g a sh . Qizlar brigadasida erkak odamning ish-lashi juda qiyin bo‘lsa kerak?
H a s a n . Nimasini aytasiz, o‘rgilay. Qiyinligiyam bor, osonligiyam bor. Osonligini aytsam shuki, qoqindiq, erkaklar brigadasida tushlik, ya’ni abet bir soat. Xotinlar brigadasida ikki soat. Bir soat ovqatga, bir soat bola emizishga. Xotinlar bolalarini emizib olishguncha men ham tolning tagida mizg‘ib olaman. E, aytaversam ayollar brigadasida ishlashning juda ko‘p yaxshi tomonlari bor. Masalan, erkak zoti biron marta ham tug‘ilgan kunini nishonlamaydi. Xotin-qizlar tug‘ilgan kunlarini sira esdan chiqazishmaydi. Yil o‘n ikki oy imenina bo‘ladi. Qizlari tushmagur meni to‘rga o‘tqazib qo‘yishadi. Men ham baholi qudrat topganimni gazetaga o‘rab, zing‘illab boraveraman. Xo‘sh, yana nimasini aytay? Ha, aytgancha iimasi ko‘p ularning, tug‘ishi ko‘p. Beshik to‘yiga ham meni chaqiraverishadi. Birga ishlashgandan keyin tashlab ketishmaydi-da. Men ham bir kiyim shtapelni qo‘ltiqlab suzilib kirib boraveraman. Erkaklar birinchi May bilan Oktyabr bayramida o‘ynab kulishadi. Men bo‘lsam ham mayda, ham oktyabrda, ham sakkizinchi martda dam olaman. Sakkizinchi martda butun brigadamizni prezidiumga chiqazishadi. Qizlari tushmagur, qaqajonlar, qo‘limdan sudrab meni ham opchiqib ketishadi. Avvalgi yili xalqaro xotin-qizlar yili bo‘ldi, undan avval bolalar yili bo‘ldi, ana o‘sha yillari jonimizni rohati bo‘ldi. Qayerga borsak izzat-ikrom. Brigadamiz paxta terimida eng birinchi bo‘lib marraga yetganda hammamizga rais buva bir kiyimdan atlas sovga qildilar, menga ham bir atrez tegdi. Yo‘q, bir atrezdan sal mo‘lroq ekan, lozimga ham chiqadi, deb sandiqqa tashlab qo‘ydim. Yaqinda «Saodat» jurnalidan kelib suvratimizni olishdi. Ko‘rgandirsiz, svetnoy bo‘lib chiqdi-ku, o‘rtasida men o‘tiribman.
E r g a sh . Bu tomonlari zo‘r ekan. Haqiqatan sizga maza ekan.
H a s a n . Voy, o‘rgilay sizdan, bu tomoni yaxshi bo‘lgani bilan nax, yomon tomonlari borki, odam bolasi chidamaydi. Ayol kishi ba’zi birda ayolligini qilarkan. Ba’zi vaqtlarda men bechorani yakkalab qo‘yishadi. Masalan, saraton kunlari brigada yerining etagidagi anhorga cho‘milgani boramiz. Meni tashlab ketishadi. Kiyim-boshiga qorovullik qilib, teskari qarab o‘tiraman. Idoragami, buxgaltergami boradigan bo‘lishsa, bolalarini tizzamga o‘tqazib ketaverishadi. Ayniqsa yasli remont qilinganda o‘n ikkita bolani boqqanman. Voy, o‘rgilay, menga oson tutmang, bolalar biram sho‘x, biram sho‘x. Yerga ursang, osmonga sakrayman, deydi. O‘sha kezlarda ishdan qayta turib choyxonaga kirgan edim, samovarchi o‘lgur oldimga choy qo‘ya turib nima deydi, deng. Voy, bola emizganmisan, hamma yog‘ingdan tuqqan xotinning hidi kelyapti, deydi. E, choying ordona qolsin, dedimu shartta turib samovardan chiqib ketdim. Bir kuni idoraga borsam buxgalterimiz: hoy, marjoning qulliq bo‘lsin, desa bo‘ladimi? Bundoq qarasam uxlab qolganimda qizlardan bittasi marjonini bo‘ynimga ilib qo‘ygan ekan, men o‘lgur bilmasdan bo‘ynimda marjon bilan idoraga boribman. Qiz tushmagurlar, uxladim deguncha bir qiliq chiqazishadi, bir kuni labimga qizil surtib qo‘yishipti, bir kuni yuzimga upa surtishipti. Qandoq qilaman, chidayman, o‘rgilay. Kolxozimiz medpunkti namunali medpunktlardan hisoblanadi. Har oyda jenkonsultatsiyadan bitta do‘xtir xotin kelib xotin-qizlarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Barmog‘idan qon olib, shishaga surtib, qorinlarini o‘lchab ketadi. Bir kuni kelganda do‘xtir xotin o‘lgir: hoy, qani qorningizni o‘lchab qo‘yay; deydi. Jon-ponim chiqib ketdi. E, tusingni yel yesin, dedimu orqamni o‘girib o‘tiraverdim. Endi mulla aka, aytaversam gap ko‘p. Brigadamizga borganingizda o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Yana ko‘p gaplarni aytib berardimu, shoshib turibman-da.
E r g a sh . Qayoqqa shoshyapsiz?
H a s a n . Manavu ro‘yxatlarni ko‘ryapsizmi? Hammasi kelinchaklarni zakazi. Aptekadan paxta olishim kerak, univermagda tanishim bor, frantsuzcha kompaktniy pudra, oltita tush, keyin ikki kuragining o‘rtasidan tugma bilan qadaydigan, savil qolgur anavu narsadan oltita bezrazmerniy, o‘n yumaloq bint, keyin bozordan nordonroq biron narsa. To‘rttasining boshi qorong‘i, o‘rgilay. Tashvishini men qil-masam kim qiladi. Xullasi qo‘limdagi ro‘yxatda juda ko‘p narsalar bor. Ketyapman, o‘rgilay. Xayr bo‘lmasam. Aytgancha radioda gapirsangiz meniyam otimni biron joyga qistirib keting, xo‘pmi?
E r g a sh . Xo‘p bo‘ladi, opajon, yo‘g‘e akajon.
1972 yil.