Xoh ishoning, xoh ishonmang, birinchi kuniyoq to‘qqiz tonna paxta teribman. Avvaliga o‘zim ham hayron bo‘lib qoldim. Tavba, shuncha paxtani o‘zim terdimmi, yo birov qo‘shib qo‘ydimi? Ertasiga bir g‘ayratga o‘n g‘ayrat bilan paxta terish mana bunaqa bo‘ladi, deb ishga tushib ketdim. To‘qqiz yarim bo‘pti. O‘sha kuni oblastdan, Toshkentdan muxbirlar bosib ketdi. Ovozimni lentaga yozib radiodan eshittirishdi. Televizorda ikki marta ko‘rsatishdi. Hamma yoqni xat bosib ketdi. Bunaqa obro‘ kimning tushiga kiribdi deysiz. Ruhim tetik, bir gapirib o‘n kulaman. Yo‘talsam ham labbay, deb turishibdi. Raisimiz u yoqqa borsam u yoqqa, bu yoqqa borsam bu yoqqa ergashadi. Bechora meni yeru ko‘kka ishonmaydi. Ikki gapning birida:
— O‘zingni tut, katta-kichikning oldida sharmanda qilma. Sen bizning mash’alimizsan. Ha, shundoq, soqolingni kunda olib tur. Dazmol bosilmagan shim kiyma, — deb nasihat qilib turadi.
Ikki kundan keyin gazetaning birinchi betida chakkamga paxta qistirib kulib turgan suratim chiqdi. O‘sha kuni rais Berdali aka, yap-yangi «Volga»sini ishlab turgan joyimga yuboribdi. Tez yetib kelsin, deb tayinlabdi. Obbo, bir gap bo‘lganga o‘xshaydi, deb ishni tashlab idoraga qarab ketdim. Borsam rais ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, kutib turgan ekan.
— Keldingmi uka, tez bo‘l. Kengashga ketasan. Poyezd bileting tayyor, uyingga borib kiyinib olgin-u, yo‘lga chiq.
Ketdim. Kengash ertasiga ochilar ekan, uch kun oblastda qolib ketdim. Kelgan kunimoq to‘ppa-to‘g‘ri dalaga chiqib, endi mashinaga yetay deb qolgan edim, yana o‘sha «Volga» kelib olib ketdi. Idora oldida, usti yopiq yuk mashinasi turibdi. Idoraga kirishim bilan yetti-sakkiz odam atrofimni o‘rab olsa bo‘ladimi. Kinochilar ekan. Paxta terishimni kinoga olamiz, deb atayin Toshkentdan kelishibdi. Raisning gapini qarang. Ummatalining mashinasida kinoga tushsin, o‘sha tomonda paxta yaxshi ochilgan, kinoda chiroyli chiqadi deb turib oldi. Ummatalining yeriga qarab ketdik. Kinochilar o‘larcha ezma, shoshmagan odam bo‘lishar ekan, ikki kun ovora qilishsa bo‘ladimi. Mana, chiqib qolsa ko‘rarsizlar, qandoq qilib mashina haydashimdan tortib, peshonamdagi terni qanaqa qilib, qaysi qo‘l bilan sidirib olishimgacha apparatga olishdi.
Kinochilardan qutulib uyga holdan toyib keldim-u, kiyim-boshim bilan uxlab qopman. Ertalab raisning o‘zi uyg‘otdi.
— Tez bo‘l, kutib qolishdi!
— Tag‘in kinomi? Kecha tamom qilishgan edi-ku?
— Yo‘q, boshqa gap. Rayonda yangi qurilgan madaniyat uyining ochilish marosimi bo‘ladi. Ilg‘or mexanizatorlardan bir kishi tabrik nutqi so‘zlashi kerak. Sen gapirasan. Qani, ketdik.
Gapni ham, ammo-lekin, bopladim. Kunora nutq so‘zlab turgandan keyin usta bo‘lib ketarkansan. Rosa chapak bo‘ldi. Ichkariga mehmonlar uchun joy qildirib qo‘yishgan ekan. Artistlar bilan birga o‘sha yoqqa kirdik. Rosa pivoxo‘rlik bo‘ldi.
Uyga kelib endi yotgan edim, eshik taqillab qoldi.
Chiqsam soch qo‘ygan, ingichka mo‘ylovli bir yigit turibdi. Yelkasida bir metrli faner sumka.
— Xizmat, uka, ishlari bormidi?
— Atayin o‘zlarini yo‘qlab keldim. Suratingizni ishlashim kerak. Vistavkaga qo‘yiladi.
Undoq desam, bundoq dedi, bundoq desam, undoq dedi. Sira gapimga ko‘nmaydi. Janjallashib raisning oldiga bordik. Rais koyib berdilar.
— Esing joyidami? Bu vistavkaga qo‘yiladigan suratlarning ro‘yxatini oblastdan tasdiqlashgan. Qani, darrov bo‘l.
O‘zingiz bilasiz, raisimizning gapini ikki qilib bo‘lmaydi. Ishga tushib ketdik. Rassomi tushmagur hali yosh, tajribasi pishmagan ekan. Rosa to‘qqiz kunda o‘zimga o‘xshatdi. Bu orada uyim xatga to‘lib ketdi. Pionerlar bilan uchrashuv, meditsina xodimlari bilan uchrashuv, mebel fabrikasi ilg‘or ishchilari bilan uchrashuv… Albatta rais bularga o‘zi bilib muomala qildi-yu, ammo, rayonimizdagi pojarniy komandasining keksa xodimi pensiyaga chiqayotgani sababli tabriklashni menga yuklab qo‘ysa bo‘ladimi. Bordim. Bularning tantanasi g‘alati bo‘larkan. Yolg‘ondakamiga o‘t ketdi qilib, birdan gupir-gupir yugurib qolishdi. Biri suv sepayapti, biri bolta bilan eski yashiklarni parchalab tashlayapti. Rosa odam yig‘ildi. Men uchinchi bo‘lib so‘zga chiqdim…
O‘sha kuni shamollab qolgan ekanman. To‘rt kun yotib oldim. Darmonim qurib ishga ketayotsam, rais qovoq-dimog‘ini osiltirib samovarning so‘risida o‘tiribdi. Indamay o‘tib ketish uyat. Odobdan emas. Qo‘rqa-pisa salomlashdim. U meni ko‘rdi-yu, ko‘zlari yashnab ketdi.
— E, bormisan! Juda uzoq yotib olding-ku. Bu yoqda shuncha ish, shuncha joydan taklif. Sen bo‘lsang arzimagan kasalni bahona qilib yotibsan. Allaqayoqdan atoqli polvon kelayotgan emish, vokzalga chiqib kutib oluvchilar ro‘yxatining boshida sen turibsan. Shu bugun kech soat yettida poyezd keladi. Kechikmay yetib bor. Mashinani tayinlab qo‘yganman.
Bir nima dey desam, raisning fe’lidan qo‘rqaman. Chidamadim. Oxiri yorildim:
— Axir, rais buva, bu yoqda shuncha…
Aytdim-ku, rais og‘iz ochirgani qo‘ymaydi deb, urishib berdi.
— Uncha-muncha odam qadam bosolmaydigan joylarga borayapsan. Noz qilma. Yigit kishining boshiga baxt bir qo‘nadi. Qani tur, tayyorgarligingni ko‘r! Fizkultura komitetidan telefon qilib quloq miyamni qoqib qo‘limga berishdi. Uyaltirma-da, uka.
Xuddi soat yettida stantsiyaga chiqdim. Koptok tepadiganlarning jamikisi gul ko‘tarib kelgan, poyezdning vagonlariga yugurishadi. Bir mahal qarasam oltinchi vagonning eshigidan bo‘yi salkam bir terak keladigan ekskavator nusxa bir odam tushib kelyapti. Tikilib qarasam, bir yili dom otdixga borganimda tarvuzni butun yutib o‘yin ko‘rsatgan polvon. Rayonimizga tosh otib o‘ynashni ko‘rsatgani kelgan ekan. To‘rt kishi, to‘rt kishi bo‘lib yigirmata toshni sudrashib tushirib qo‘ydik. Stantsiya bufetida jindek hozirlik ko‘rib qo‘yishgan ekan, o‘tirishdik. Polvonni tabrikladik. Yaxshi kutib olganimizdan sevingan polvon oxirida so‘zga chiqib, olti kishilikni bir qilib kosaga quyib qadah ko‘tardi. Hammamiz kayf qilib qolib, toshlar stantsiyada qolib ketaveribdi. Qolsa qolavermaydimi, uni ko‘taradigan mard qayoqda.
Mana, oktyabr oyi ham oxirlab qoldi. Mashina terimi tugay deb turibdi. Harna bo‘lsa ozroq terib olay, deb dalaga chiqsam mashinam joyida turibdi. Bechorani biram chang bosibdiki, kimdir bo‘r bilan yoniga: «Kolxozimizning sobiq voditeli falonchi mavsumda bir hafta dalaga chiqib, shu mashinada paxta tergan» deb yozib ketibdi. Juda alam qildi.
Bunaqa beodob gap yozgan odamni topib rosa ta’zirini berardimu, ishim tig‘izroq edi-da. Axir bugun, yosh drujinachilar bilan rayon markazidagi somsapazlikni tekshirishimiz, kaloriyasini aniqlashimiz kerak.