Yaqinda rayon Madaniyat uyiga bordim. Instruktorni topolmay hayron bo‘lib turgan edim, qorovul chol choyga taklif qilib qoldi. Rahmat aytib, uzr so‘radim.
— Bo‘lmasa, bolam, klubga bora qoling. Tomosha qiladigan narsalar ko‘p.
Bu gap menga ma’qul tushdi-yu, kirdim. Chinakamiga antiqa klub ekan. Bir chekkadan tomosha qila boshladim. Kiraverishda har biri ellik kilogrammdan keladigan yigirmata qadoq tosh baxmal qoplangan stolga terib qo‘yilgan. Devorda yalang‘och polvonlarning har xil suratlari.
Sal nariroq bordim. Ajoyib plakatlar osilgan, kattakon fanerda moyli bo‘yoq bilan pashshaning qanot kerib turgan surati, uning yonida karton qog‘ozga pashshadan tarqaydigan mikroblar surati ishlangan. Har xil sxemalar. Har xil hasharotlarning surati.
Undan sal nariga o‘tdim. Ichiga somon tiqilgan bo‘ri, tulki, bo‘rsiq, kirg‘ovul, o‘rdaklar qalashib ketgan.
Zalning oxiriga bordim. Sahnaga yaqin joyda devorga bolta, tesha, temir changak osib qo‘yilibdi. Unga yaqin kartonga o‘t tushgan uylar, o‘t ichida qolgan bolani opchiqayotgan it, qo‘lida papiros bilan uxlab qolgan kishi suratlari chizilgan.
Endi zalning bu tarafiga o‘tdim. Bunda devorning o‘ziga bir tovoq palov, bir-biriga mingashtirilgan ikki six kabob, bug‘i chiqib turgan ikki kosa mastava, bir tarelka chuchvara surati solingan.
Yana nari ketdim. Ikkita katta shkaf. Birida tirjayib turgan odam skeleti. Bittasida sartaroshlik buyumlari. Ikkala shkaf ham qulf.
Hayron bo‘lib tashqariga chiqdim. Chol yana choy tutdi. Choy ustida klubdagi buyumlarni ko‘rib hayron bo‘layotganimni aytib qoldim.
— Hayron bo‘ladigan nimasi bor. Hammasi qonuniy, hammasining ham inventar nomeri bor. Bu narsalarni ko‘z qorachig‘idek asraymiz. Har yili inventarizatsiya paytida birma-bir sanab chiqamiz. Baholarni vedomostga qarab solishtirib ko‘ramiz.
— Mayli, — dedim. — Albatta pulga kelgan narsa bo‘lgandan keyin asrash kerak. Ammo bu narsalar qandoq qilib klubga kelib qoldi, axir?
— E, shundoq demaysizmi, mulla. Sababi bor. Besabab hech narsa bo‘lmaydi. Eshiting. Bir chekkadan tushuntirib beray.
Qorovul shunday dedi-yu, o‘rnidan turib, meni yana klubga olib kirdi. Bir chekkadan tushuntira boshladi:
— Klubimizning birinchi mudiri polvon edi. Manovi toshlarni o‘sha kishi oldirganlar. U kishidan keyin ilgari sanitariya idorasida ishlagan bir yigit mudir bo‘lgan edilar. Manovi pashshaning suratini shaharga tushib, kattakon xudojnikka ikki yuz so‘mga ishlatib kelgan edilar. Yaxshi odam edilar, u kishi ham peshonamizga sig‘madilar. Ilgari ovchilik qilgan bir qiziqchi yigit mudirlikni qabul qilgandi. Manovi bo‘ri, tulki, qirg‘ovullarning ichiga ikkovimiz somon tiqib, qotirib qo‘yganmiz. Undan keyin pojarniyda ishlagan antiqa seruyqu kishi mudirlikka o‘tdi. Manovi bolta, changaklarni o‘sha kishi devorga mixlatgan edilar. Undan keyin oshpaz yigit mudirlikka keldi. Ammo parmuda somsaga usta edi. Men jild ochib berib turardim, u tugib tashlayverardi. Devorga uch yuz ellik so‘mga kabob, palov suratini chizdirgan. Ishqivoz odam edi, bechora. O‘lib ketibdi, deb eshitdim. Rost bo‘lsa, xudo rahmat qilsin.
Keyin sartarosh yigit mudir bo‘ldi. Klubga kim kirsa, bo‘yniga sochiq osib ko‘rardi. U kishi ham peshona-mizga sig‘madilar. Ammo-lekin soqol oldirish tekin bo‘lib qolgandi. Hay, mayli. Hozirgi mudirimiz bo‘ladigan bola. Miyali, esli-hushli, doktorlikka o‘qiydi. Anovi odam suyagini buxgalter bilan janjallashib yurib, bilmadim, necha so‘mga oldirdi ekan.
Ichimda o‘ylar edim. Agar yana besh-oltita mudir o‘zgarsa, klub birinchi kategoriyali muzeyga aylanib ketishi turgan gap.