Dilda darding bo‘lmasa,
Sardaftarimni kovlama.
Mashrab
Bir oshnam bor. Ovqatning mazasini bilmaydi. Palovmi, shovlami, sho‘rmi, nordonmi, unga baribir. Ishqilib, ovqat bo‘lsa bas.
Bir kuni undan, maza bilmaysan-ku, yegan ovqatingdan qanday rohat qilasan, deb so‘radim.
— Tanim rohat qilganini o‘zim bilmasligim mumkin. Hayot uchun mazaning ahamiyati yo‘q. Gap mazmunda. Qozonga go‘sht tushganini, yog‘u gurunch tushganini ko‘rib tursam, bo‘ldi, bu masalliqlarning inson hayoti uchun qandoq ahamiyati borligini bilaman.
— Shakar bilan tuzni qandoq farq qilasan? — deb so‘rayman undan.
— Bu juda oson narsa. Masalan, stolning bir tomoniga jichcha tuz, yana bir tomoniga jichcha shakar sepib qo‘yaman. Pashsha talagani shakar, pashsha talamagani tuz. Pashsha talaganidan bir qoshig‘ini choyga solaman, pashsha talamaganidan yarim qoshig‘ini to‘g‘ralgan pomidorga sepaman.
Mana shunaqa ta’m bilmaydigan odamning qo‘liga she’r tushib qolsa (xudo bu kunlardan asrasin) nima bo‘lardi?
Menimcha, mana bundoq bo‘ladi-yov!
«She’r eniga, ya’ni gorizontal o‘ttiz besh harfdan iborat (9 sm). Yuqoridan pastga, ya’ni vertikal 14 satr (25 sm). Yettita o‘xshatish (bittasi jonsiz narsaga, oltitasi jonli narsaga o‘xshatilgan). To‘rtta mubolag‘a (Ikkitasi toqqa, bittasi boqqa va yana bittasi dengizga qiyoslangan). Jonvorlardan: bulbul, tovus va fil. Bulbul 35 gramm, tovus 4 kg. Fil olti tonna. Jami: 600435 kg.
Chet so‘zlardan forscha bitta, arabcha ikkita, tatarcha bitta, o‘rischa bitta, qoraqalpoqcha bitta. She’r oxirida shoirning taxallusi bitta».
Qarang: Bu she’r tahlili emas. Chayqovchining uyi tintilganda topilgan buyumlarga tuzilgan militsiya akti.
Albatta inson bolasi uchun maza bilmaslik bir dard. Ammo adabiy tanqidchilikda maza bilmaslik nainki dard, dard ustiga chiqqan chipqon.
She’r bu kuy. Uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Qani, kim «Munojot»ni so‘z bilan tushuntirib beradi?
She’r shoirning diliga g‘oyibdan tushgan nur. Shu nur shoir yuragidan chiqib, she’rxonning yuragiga ko‘chadi. U mudragan hujayralarni uyg‘otadi. Tomirlarini dutor ipidek tarang tortib chertadi. Yig‘latadi, kuddiradi. Butun vujudingni allaqanday huzur, allaqanday mayinlik, allaqanday hazinlik chulg‘ab oladi. She’r kuy, she’r dard. U didda aytilmay qolib ketgan armon…
She’rni o‘lchab bo‘lmaydi. Zargar taroziga hojat yo‘q. She’r tarozisi o‘quvchi qalbida.
Garanglar qo‘shiq konkurslarida hakamlik qilsa, so‘kirlar rassomlarga rang tanlashni o‘rgatsa, hid bilmaslar gulzor oralab yursa, alam qilmaydimi?
Muhtaram o‘quvchi, «maqola avtori birinchi satridan to oxirigacha hammaga otning kallasidek taniqli tanqidchiga tosh otibdi», deb o‘ylamang. Xudo xaqqi, bu gap xayolimga ham kelmagan. Agar bevosh, tizginsiz qalamim mendan so‘ramay qog‘ozga yozib qo‘ygan bo‘lsa, menda ayb yo‘q.