Ertalab O‘rik domla rayondan qaytib keldi. Uning og‘zi qulog‘ida, qiqir-qiqir kuladi.
— Nevaralar muborak bo‘lsin, domla, — dedi Burgut unga choy uzatar ekan.
— Qulluq, qulluq, bolam, omon-eson qutulibdi ishqilib.
Domla choy ustida qiziq bir hangomani aytib berdi.
— Tug‘ruqxonaga ketayotsam raytorg Umaralining uyida qars-badabang o‘yin-kulgi. Qizini chiqazayotgan ekan. Eshigining tagiga mashina tiqilib ketgan. Ichkariga qistashdi, uzrimni aytdim. Qaytishda kirishga va’da berib o‘tib ketdim. Ko‘nglim xotirjam bo‘lib qaytib kelsam, to‘yxonada olatasir to‘polon. Umarali g‘irt mast, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib xotinini so‘kadi, yor-yor aytayotgan yallachining qo‘lidan chirmandasini olib, ko‘zimning oldida jahl bilan ketmon dastasiga urib qolsa bo‘ladimi, chirmandani dastaga teshikulcha qilib kiygizib qo‘ydi. Nima gapligini hech kim bilmaydi, hamma hayron.
Kuyov Umaralining etagidan ushlab olgan. Xuddi yangi tug‘ilgan buzoqqa o‘xshab oyog‘ida arang turadi. Yursa gandiraklab, ko‘rga o‘xshab odamlarni paypaslaydi, oz bo‘lmasa yer o‘choqqa tushib ketay dedi. Xayriyat, oshpaz etagidan tortib qoldi.
Shivir-shivir gap bo‘lib qoldi. Nima deysan, kelin xushtori bilan qochib ketibdi.
Ichkari hovlidan xotin kishining chapak chalib yig‘lagani, erkak kishining so‘kkani eshitildi. To‘y tarqadi. Kuyovning otasi bergan qalinini qistab qoldi. Umarali satta o‘zini mastlikka solib gapni chalg‘itadi:
— Topaman, yerning qa’riga kirib ketgan bo‘lsa ham tortib chiqaman. Osmonga uchib ketgan bo‘lsa — bor mul-kimni, «Pobedam»ni ham, xotinimning bo‘ynidagi o‘n to‘rt qavat durni ham, hovli-joyni ham sotaman. Sputnik sotib olib, orqasidan quvib chiqaman.
Umarali shu gaplarni aytdi-yu, sabzi to‘g‘rab qo‘yilgan bo‘yraning ustiga yiqilib, uchib qoldi. Kuyov boya qaynotasi chirmandasini teshib qo‘ygan yallachining peshonasini silab, tolei yo‘qligidan, avvalgi xotini ham bevafolik qilib boshqa birovga tegib ketganidan nolib, yig‘i boshladi. Yallachi shilqimlik qilayotgan «betole» kuyovni siltab tashlab chiqib ketdi.
Xijolatlikda tomog‘imdan bir qultum ham choy o‘tmadi. Chiqib ketdim.
O‘rik domla hikoyasini tugatib, sovub qolgan choyni shimirdi.
Men uning gaplariga quloq solib o‘tirib, «hah, o‘rik aralashmagan gaping ham bor ekan-ku!» deb dilimdan o‘tkazdim.
— Hay, mayli bolam, endi menga javob. Havo yashnab keldi, ko‘chatlardan xabar olib qo‘yay.
Chol xayrlashib chiqib ketdi. Burgut ko‘chagacha uni kuzatib qaytishda oltmish yoshlardagi kampirni boshlab kirdi.
— Xizmat, aya, boboy yaxshi yuribdilarmi?
— Shukur, shukur, bolam.
— G‘anivoy qalay, ko‘rinmay qoldi-ku?
Kampir Burgutning so‘rog‘iga javob bermay, ko‘zini yerga qaratdi.
— Nima bo‘ldi?
Kampir besaranjom bo‘lib qoldi:
— Yo‘q, hech gap bo‘lgani yo‘q.
— Aytavering.
— O‘zingizga aytadigan gapim bor.
Bularning gapiga xalaqit berayotganimni sezib qoldim. Kampir hushyorlik qilib Burgutni hovliga imladi. Uiing ketidan chiqib ketgan Burgut ancha hayallab qoldi, sal fursatdan keyin hovlidan uning o‘tin yorgandek qarsillab kulgani eshitildi.
Burgut uyga qaytib kirar ekan, o‘zidan-o‘zi kular, hadeb «malades, malades» deyar edi.
— Qani yuring, mehmon, bir joyga borib kelamiz.
— Bir gap bo‘ldimi, tinchlikmi? — dedim hayron bo‘lib.
— Bir gap emas, ming gap deyavering, yuring, yo‘lda aytib beraman.
Tashqariga chiqdik, yolg‘izoyoq yo‘ldan cho‘lni kesib, Qo‘shoq ota zvenosiga qarab piyoda jo‘nadik. Olisda, shu yo‘lning ufqqa singib ketgan joyidan boyagi kampir hassasiga tayanib jadal borar edi.
— Xo‘sh, desangiz, men sizga aytsam, boya O‘rik domla aytgan to‘ydan kelinni haligi kampirning o‘g‘li olib qochgan ekan. Yarim kechasi «Pobeda»da olib kelibdi. Kampirning o‘takasi yorilib, tong otguncha mijja qoqmay, ana sharmanda bo‘laman, mana sharmanda bo‘laman, deb yuragini hovuchlab chiqibdi. Qizning otasi Umarali zakonchi, ko‘p odamga zulmini o‘tkazgan yaramas narsa. Bechora kampir, G‘anivoyga nasihat qil, qizni eltib qo‘ysin, deb kelibdi.
— Qiz bilan G‘anivoy avvaldan don olishib yurisharmidi? — dedim qiziqib.
— Don olishganda qandoqki, ikkovi o‘ninchini birga bitirgan, bitirgandan keyin Farg‘onaga borib traktorchilar kursida ham birga o‘qib kelishgan. O‘zi juda suluv qiz. Shaddodlikda tengi yo‘q. Esimda bor, yosh vaqtida o‘g‘il bolalar bilan kurash tushaverardi. Kap-katta bolalarni urib yig‘latardi. Zo‘r narsa o‘zi. Bir yilcha bo‘ldi otasi ishga chiqazmay qo‘ygan. Bo‘lmasa MTSda binoyidek ChTZ haydab yurgan edi, medal ham olgan. Ishga chiqmaganiga ishxonasi ham aralashdi, nima bo‘ldi-yu, ish bosdi-bosdi bo‘lib qolaverdi. Umarali zakonchi, yo‘lini qilgan-da. Xudo urgan yaramas odam dedim-ku, sizga boya. Yaqinda shivir-shivir gap bo‘lib qoldi. Umarali qizini istansadagi dorrestoranning bufetchisiga berayotganmish, deb eshitdik. Alamiga chidolmagan G‘anivoy mast bo‘lib, bufetchining boshiga butilka bilan urib, o‘n ikki kun melisada ham yotib chiqdi. Qizini astoydil yaxshi ko‘rar edi-da. Bu ham o‘zi boyevoy bola. Oriyati kuchli. Ignani tushga botirib, bilagiga sanchib, yurakning suratini uch burchak qilib ishlatibdi, bir yog‘iga Oysha, bir yog‘iga G‘ani deb yozib qo‘yibdi, voy ten-tag-ey. Shu qilig‘iga majlisda rosa o‘sal qilishgan.
Gap bilan bo‘lib, Qo‘shoq otaning qo‘rg‘oniga yetganimizni bilmay qolibmiz. Qo‘shoq ota tutning tagida cho‘qqayib, bo‘kib qolgan sigirga tuz yalatayotgan ekan, bizni ko‘rib o‘rnidan turdi.
— Keldingmi, bolam, e, mehmon, zerikib qolmadingizmi?
Cholning bu gapidan, sen nima qilib yuribsan, seni chaqirtirganim yo‘q edi-ku, degan ma’noni anglab, juda mulzam bo‘ldim.
— G‘anivoyning o‘zi qani? — dedi Burgut cholga.
— Uyda, ikkovi ham uyda. Bo‘yning uzilmagurlarning qilgan ishini qara. Endi nima qilamiz?
— Hayronman, — dedi Burgut yelkasini qisib.
— Ichkariga kiringlar, yaxshilab nasihat qilinglar, malomatga qolmaylik.
Hovliga kirdik. Juda ham chiroyli, yigirma to‘rt yoshlardagi, qomati xuddi quyib qo‘ygandek bir qiz ariq bo‘yida jomashovda gupillatib kir yuvyapti. Havoning salqin bo‘lishiga qaramay, mayka kiygan shop mo‘ylov yigit behi shoxiga kir yoyish uchun arkon bog‘layapti. Qiz bizni ko‘rib, tizzasiga yig‘ilib qolgan etagini tushirib, o‘rnidan turdi.
— Ie, kelinglar, — dedi shop mo‘ylov yigit arqonni tashlab, ko‘rishgani qo‘l uzatar ekan.
— Ha, G‘anivoy, — dedi Burgut qizga imlab, — yelmay-yugurmay kuyov bo‘lib olibsanmi?
— Nega yelmay-yugurmay bo‘lar ekan, kecha to‘yimiz bo‘lgan, faqat to‘y xarajatini bufetchidan nasiya qildik-da, — dedi G‘anivoy kulib, — qani, ichkariga kiringlar. Oyshaxon, choy qo‘yib yuboring darrov!
Oyshaxon ayvon labida turgan oq samovarni ko‘tarib, oshxona tomonga o‘tib ketdi. Kampir kirdi.
— O‘zinglar tushuntiringlar, gapiraverib jag‘imda jag‘ qolmadi.
Qo‘shoq ota gapga aralashmadi, xontaxtaning chetida bolishni bag‘riga tortib, nimalarnidir o‘ylab tek o‘tirardi. Kampir o‘zlaring bir nima denglar, degandek bizga qaraydi. Hamma jim. Bu jimlikni Qo‘shoq ota buzdi.
— Juda xunuk ish bo‘ldi-da. Onasi zor qaqshab qidirib yurgandir. Otasi bo‘lsa…
Cholning gapi og‘zida qoldi, Burgut «Otasi chort s nim» deb ruschalab yubordi.
— Farzand-da, axir. Bo‘ladigan bo‘lsa — ochiq-oydin qilish kerak edi… Ertaga elning og‘ziga tushadi, unda nima degan odam bo‘lamiz, xalq nima deydi?
— Xalqmi, — dedi Burgut, — xalq, malades, deydi.
Boyattan beri sudga tushgan gunohkordek hammaning ko‘ziga qarab o‘tirgan G‘anivoyga birdan jon kirgandek bo‘ldi.
— E, diydoringdan aylanay. Burgutim, gapir, gapir shunaqa.
Kampir topib kelgan nasihatgo‘yidan kuyganini bilib qoldi.
— Endi gap shu, — dedi Burgut, cho‘rt kesib, — G‘anivoy juda bopta ish qipti, bunaqa ishni yigitning xo‘rozi qiladi. Qiz rozi, yigit rozi, vassalom. Kim nima desa deyaversin. Malades! Qizni zo‘rlab sotadigan zamon o‘tib ketgan. — Burgut hovli tomonga qarab qichqirdi. — Ho‘, Oyshaxon singlim, bir baqqa qarab keting! Oyshaxon derazadan qaradi.
— Shu ish sizning roziligingiz bilan bo‘lganmi, to‘g‘risini aytavering.
— Agar o‘zim rozi bo‘lmasam, traktorga surgatib ham opkelolmasdilar.
— Shu gapdan, qaytmaysiz, a? Bo‘pti, bitta universal sizniki, potillataverasiz. Qaysi zvenoga qo‘yaylik.
— Erim qaysinda bo‘lsa meni ham shunga…
— Voy sho‘rim, — dedi kampir yuzini tirnab, — na nikoh, na zakska qog‘ozsiz, erim deydi-ya… Voy, musulmonlar, hech bo‘lmasa O‘rik domlani chaqirib, nikohlab qo‘yinglar.
— Ko‘p vaysama, — dedi chol zarda bilan, — O‘rik domla sen aytgan diniy domlalardan emas, ilm domlasi, yangicha kitob o‘qiydigan domla! Roziman, rahmat sizga, qizim, bir bolamni shuncha izzat qilib, osmon nikohini buzib kepsiz, yuragingizga balli. Endi mundoq qilsanglar, ertaga rayon tushib, dadangiz bilan enangizga yuz ko‘rsatib kelsangiz. Harna qilsa ham farzandlik qarzi, Mayli, G‘ani ham borsin.
— Bormayman! — dedi Oysha qat’iy qilib.
— Jon bolam, aylanay bolam, enangizga rahmingiz kelsin.
Maslahat bilan Oysha uyga borib keladigan bo‘ldi, faqat uch kundan keyin, eri bilan birga bormoqchi bo‘ldi.
Burgut qiziqchilikka ularni «nikohlab» qo‘ydi.
— Bibi Oysha ibni Umarali qizi, Yozyovon RTS mexanigi, ordenli G‘ani Qo‘shoq o‘g‘lini nikohingizga qabul qildingizmi?
— Pajalsta, qabul qildim, — dedi Oysha uchun atayin xotincha ingichka ovoz bilan G‘anivoy.
Oyshaning o‘zi ham piqillab kulib yubordi.
Ertasiga chillali kelin Burgutning uchastkasiga shudgor ko‘targani universal minib keldi. U qulog‘iga bir dasta gunafsha qistirib, atayin kelinligini bildirish uchun yuziga bilinar-bilinmas qilib upa qo‘yib, ko‘kragiga pastga qaratib, chuchmo‘ma taqib olgan edi. Undan gup-gup atir hidi anqir edi.
Burgut unga haydaladigan yerni ko‘rsatib berdi. Oysha motorni o‘t oldirib, rulga o‘tirmoqchi bo‘lib turgan edi, uzokdan mosh rang «Pobeda» ko‘rindi. Oysha bir nimani sezgandek qo‘l siltab, traktorni haydab ketdi. Qishi bilan qor suvini shimib ko‘pchigan yer palaxsa-palaxsa bo‘lib ko‘cha boshladi. «Pobeda» keldi. Undan shirakayf «kuyov» tushdi. U yoq-bu yoqqa qaramay traktor ketidan yugurdi. Oysha atayin uni ko‘rmaganga solib rul boshqarib ketaverdi.
— To‘xta, o‘ttiz ikki ming sarf qilganman, sudga beraman.
Oysha qo‘l siltadi. Kuyov yeldek yugurib traktordan o‘tib ketdi-da, yigirma metrcha nariga borib yo‘lga uzala tushib yotib oldi.
— O‘ligimning ustidan o‘tasan.
Traktor unga to‘rt metrcha qolganda to‘xtadi.
— Tur-e, beting qursin. Hozir bosib qurvaqadek ezib ketaman…
— O‘zimni osaman, javobgar bo‘lasan.
Oysha traktor orqasidagi bir o‘ram arqonni olib unga uloqtirdi.
— O‘zingni ossang, huv ana, sim tortilmagan stolba bor.
Oysha zarda bilan yana rulga o‘tirdi. Uning harakatlarini kuzatib turgan Burgut:
— Malades! — dedi.
Oysha yurib ketayotib traktor ustida tik turib orqaga qaradi. Uning bu qarashi, negadir, menga lochinni eslatdi. Buni O‘rik domla ham payqab turgan ekan.
— Ha, umringdan baraka top, lochinning o‘zisan-a! — deb yubordi.
Men cho‘lda ro‘y berayotgan bu hodisalarni, cho‘l bag‘riga qo‘l solib, uning yashirgan boyliklarini tortib olayotgan bu tanti-mard odamlarni ko‘rib, yuragimdan ularga tahsin o‘qidim.
Cho‘l burguti yoniga yigitlarni olib, O‘rik domla obod qilgan yangi bog‘ni aylanib, kanaldan loy chiqazayotgan ekskavatorchilar oldiga ot choptirib ketdi. Cho‘lning ufq bilan tutashgan yerida ularning soyasi ko‘rindi. Oldinda Burgut yelib borardi, ortidagi yigitlar goh oldinga o‘tib, goh keyinda qolardi. Ularning bu ko‘rinishi xuddi burgut bolalarini parvozga o‘rgatayotganga o‘xshardi.
Urik domla bilan ikkovimiz qoldik. U yana o‘rikdan gap boshlarmikin deb qo‘rqib turgan edim, yo‘q, ishi qistov ekan, bog‘iga ketdi.
Yolg‘iz qoldim. Oyshaning traktor haydashini kuzatib turib xayolga toldim. Burgutning yigitlari parvoz qilgan cho‘lga yana bir lochin uchib kelgandek bo‘ldi. Bu shunday lochinki, na uning qanotini qirqib bo‘ladi, na o‘zini qafasga solib bo‘ladi. U qafasni parchalab kengliklarga parvoz qilgan shaddod cho‘l lochini edi.
1959 yil.