Uning asli ismi La’lixon bo‘lsa ham, dugonalari La’li Badaxshon deb chaqirardilar.
La’li Badaxshonning asl basharasi qanaqaligini hali hech kim bilmaydi. Men ham uni o‘n yildan beri taniyman. Ammo basharasidagi chorakam bir kilo bo‘yoq asli yuzining qanaqaligini bildirmaydi. Sochi haligacha o‘rim ko‘rmagan. Qosh-ko‘zini tutib ketgan sochlari yelkasi-yu, quloq-chakkasidan aylanib, xuddi kalta paranji yopinganga o‘xshatib ko‘rsatadi.
Qoshi qoramoy surtgandek yiltiraydi. Kipriklariga negadir havo rang bo‘yoq surtgan. Qizil siyoh ichgandek labi qip-qizil. Ko‘ylagi hamisha tizzasidan yuqorida turadi. Birov bilan xayrlashayotganda panjalarini qo‘ltig‘ining tagiga oborib qimirlatadi.
U kinoni, tantsani, mashinada yurishni jonidan yaxshi ko‘radi. (Shuni ham aytib qo‘yayki, bir o‘tirganda ikki kilo morojniyni ko‘rdim demaydi). Qachon qarasangiz, jag‘i qimirlab turadi. Yo shokolad, yo konfet so‘rib turganini ko‘rasiz.
Mana shu La’li Badaxshon o‘zi tengi yigitlarni nazariga ilmay yurardi. Mashinasi bo‘lmasa, teatrlarda oldinda o‘tirmasa, oladigan maoshi o‘zidan ortmasa, nima qizig‘i bor? Er bo‘lgandan keyin moyanasiga qo‘shimcha pensiyasi ham bo‘lishi kerak-da.
Xullas, La’li Badaxshon niyatiga yetib, tepakal, qaddi sal bukilganroq erga chiqdi. Agar La’li Badaxshonning yigirma ikki yoshini kuyovning yetmish sakkiz yoshiga qo‘shsa, yangi yilda roppa-rosa yuzga kirishar ekan. Erining maoshi mo‘ljaldan sal oshiqroq, kattagina pensiya ham oladi. Uning ustiga «Volga»si bor.
Sal kunda La’li Badaxshon erini o‘z kepatasiga solib oldi. Unga tor shim tiktirdi. O‘pkadek qip-qizil galstuk taqib qo‘ydi. Tepa tarafida sochi bo‘lmasa ham, yon tomoniga ishonib, chakkasidagi popratkasini ustaraning tig‘idek uchli qildirdi. Soqol ham qulog‘ini ushlagancha ketdi. Tupukdekkina mo‘ylovining o‘zi qoldi.
Endi kuyov to‘ra tsirkning otidek gijinglab, kelin bolaning ketidan sumka ko‘tarib yuradigan bo‘ldi.
Omonat kassadagi pullarning rangi o‘cha boshladi. Restoran cholg‘uchilari ular stolga o‘tirishlari bilan tepalariga kelib, surnay chalishadi. Kuyov yasharish uchun ertalab turib radioning qulog‘ini buraydigan, jismoniy tarbiyani oxirigacha ado etib, tokning zangidek bujmayib qolgan bo‘yinlarini ho‘l sochiq bilan avval ko‘karib, keyin qizarib ketguncha ishqaydigan bo‘ldi.
Bugun yangi yil arafasida shaxsiy «Volga»ning bagajxonasini to‘ldirib bozordan qaytayotganlarida kuyov bola yo‘l chetida olazarak bo‘lib turgan o‘rta yashar chiroy-ligina juvonni ko‘rib, besaranjom bo‘lib qoldi. Mashi-nadan tusha solib, unga qarab yugurdi. La’li Badaxshon uning bu ahvolini ko‘rib, hang-mang bo‘lib qoldi.
Bu qanaqa sharmandalik? O‘z xotinining ko‘z oldida-ya!
La’li Badaxshon undan ko‘zini uzmasdi. Eri bo‘lsa, juvonni bag‘riga bosib ko‘rishdi. Uni avaylab skameykaga o‘tqazdi-da, yelkasiga qo‘lini tashlab, nimalardir deya boshladi. La’li Badaxshon chidamadi. Zarda bilan ular tarafga yurdi. Qarasa, eri juvonning ikki qo‘lini hovuchlari orasiga olib iljaydi. La’li Badaxshonning jon-poni chiqib ketay dedi.
Eri yonini kovlab karmonini oldi. Undan ikkita ellik so‘mlik olib, juvonga uzatdi. La’li Badaxshonning sabri tugadi. Tars-turs yurib, ular tepasiga keldi. Eri dik o‘rnidan turdi-da, juvonga uni tanishtira boshladi.
— Maston, buving bilan tanishib qo‘y.
La’li Badaxshon shoshib qoldi. Chunki u yigirma ikki yoshga kirib, ellik yashar nevarasini endi ko‘rayotgan edi.