Teatr mestkomining majlisi. Bugun kollektiv keksa artist Latif Ibodovni pensiyaga kuzatmoqchi.
Badiiy rahbar Muxtorov keksa artistning xizmatlarini to‘lib-toshib gapiradi.
— Latif aka kollektivimiz o‘rtasida juda katta hurmatga sazovor bo‘lgan kishi. U hamisha ijodiy izlanish bilan yashadi. Spektakllarimizni tomoshabinlarga manzur qilishda Latif akamizning xizmatlari behisobdir. U o‘ziga berilgan rollarni astoydil, so‘zsiz ijro etgan eng qobil san’atkordir.
Odatda teatr badiiy kengashlarida va umuman, majlislarda rasmiy gaplar kam bo‘lardi. Majlis xuddi bir piyola choy ustida bo‘layotgan suhbatdek juda samimiy o‘tardi. Bu gal ham xuddi shunaqa bo‘layapti. Badiiy rahbar oldidagi stakandan choy ho‘plaguncha xalq artisti Mirzaxon aka gap boshladi:
— Latifxonni juda yaxshi ta’rifladingiz. Ayniqsa, so‘zsiz rol bajaradi deganingiz menga yoqdi. Latifxonning teatrimizga kelganiga o‘ttiz to‘rt yil bo‘lgan bo‘lsa, biron og‘iz gapirganini bilmayman. Meni to‘g‘ri tushuninglar. Uning ovozini bironta tomoshabin eshitmagan…
Kimdir «yo‘g‘e» deb yubordi. Mirzaxon aka yana gapirdi:
— Axir, Latifxon o‘ttiz to‘rt yildan beri massovkada chiqadi. U shu o‘ttiz to‘rt yil ichida sakson olti marta dorga osildi. Yuz o‘n ikki marta kallasi kesildi. Ellik yetti marta oyoq-qo‘liga kishan urildi, mening o‘zim taxminan yuz ellik marta qamchiladim. Shuncha ko‘rgiliklarni ko‘rib ham Latifxon biron marta g‘iring, deb ovoz chiqazmagan. To‘g‘rimi?
Burchakda burnining uchigacha terlab o‘tirgan Latifxon Ibodov nima deyishini bilmay atrofga qaradi. Mirzaxon yana davom etdi:
— Bularning hammasi to‘g‘ri, Nekalayning turmasida yotdi. Buxoro amirining zindonida oyog‘iga kunda urilib yotdi. Xiva xoni kallasini kestirdi. Qo‘qon xoni dorga osdi. Shunday qilib, hurmatli Latif akamiz o‘ttiz to‘rt yildan beri dordan olinib, dorga osilib, zindondan olinib, turmaga tashlandi. Axir mening o‘zim uni qirq yetti marta ko‘kragidan otib tashlaganman.
Mirzaxonning gapi cho‘zilib ketdi shekilli, badiiy rahbar stakanni qalam bilan urdi.
— Hozir, hozir, gapimni hozir tamom qilaman. Iltimosim shuki, do‘stimiz Latifxonni pensiyaga chiqarishni biron oyga to‘xtatib tursak.
— Nechun? — dedi badiiy rahbar ensasi qotgandek.
— Sababi shuki, Latifxon o‘ttiz to‘rt yildan beri teatrimiz sahnasida o‘ynab, biron og‘iz gapirmadi. Unga hammavaqt o‘ladigan, ammo g‘iring deb og‘iz ochmaydigan rol berdik. Pensiyaga chiqish oldidan bironta kattaroq rol beraylik. Ovozini tomoshabin eshitsin, o‘zi ham o‘ynagan shu rolni eslab yursin. Men badiiy sovet a’zosi sifatida unga kattaroq rol berilishini talab qilaman.
Direktor bilan badiiy rahbar, to‘g‘risini aytganda, o‘ttiz to‘rt yildan beri bironta rolni qoyil qilmagan Latifxondan qutulishmoqchi edi. Ammo Mirzaxon ularning bu niyatlarini barbod qilib qo‘ydi.
Mirzaxon teatrning eng iste’dodli artisti, u laureat, u xalq artisti, u ordenli. Uning gapini qaytarish na direktorning, na badiiy rahbarning qo‘lidan kelardi.
Majlis Latif Ibodovni pensiyaga kuzatish masalasini kelasi majlisga qoldirib, unga qanaqa rol berilishini badiiy sovetda ko‘radigan bo‘ldi.
O‘ttiz to‘rt yildan beri sahnada zambil ko‘tarish, xonlarni yelpish, o‘lish, otilish, osilishdan boshqa ish qilmagan Latif Ibodovga «Boy ila xizmatchi»dagi Solihboy rolini o‘ynash topshirildi.
Obbo Latifxon tushmagur-ey, quyib ko‘ygandek boyning o‘zi bo‘ldi qo‘ydi. Har so‘zda chapak, har pardada odamlar o‘rinlaridan turib ketib, parda yopgani qo‘yishmaydi.
Pensiyaga kuzatish ham kelgan joyida to‘xtadi-qo‘ydi. Latif Ibodov shuncha yildan beri dorga «osilib», «otilib», «so‘yilib» yurgan bo‘lsa, artistligining o‘ttiz beshinchi yilida o‘zi odam «o‘ldiradigan», dorga «osadigan», «chopib tashlaydigan», «otib tashlaydigan» bo‘ldi.
Bu, albatta rolda.
Sahnaning pastida bunaqa ishlarni qiladiganning boshi o‘nta!