(Tursunboyning oltin koni)
Abdulla Qahhorning bog‘iga Tursunboy degan bir pahlavon yigit tez-tez kelib turardi. U bog‘da gullarning tagini chopar, o‘t yular, daraxtlarni sug‘orardi. Abdulla aka undan pulni ayamasdi. Kibriyo opa o‘tin yordirib, daraxtlarning qurigan shoxlarini kestirib Abdulla akaga bildirmay pul berardi. Abdulla aka ham unga mashina yuvdirib Kibriyo opaga bildirmay cho‘ntagiga pul solib qo‘yardi. Tursunboy ketar chog‘ida Abdulla aka: «Qani Kibriyo, Tursunboyning mehnat haqini bering», deb yana ikki kishini nomidan pul berishardi.
Habib Abdullayev, Xalil Rahmatullin, Muhammadjon O‘rozboyev va Hadicha Sulaymonovalar malinaxo‘rlikka kelishdi. Dasturxon to‘kin. Habib aka O‘zbekistonning yer osti boyliklari to‘g‘risida, oltin ham, jez ham, neft ham istagancha topilishini gapirib o‘tirardi.
Shu payt bog‘ etagida o‘t yulayotgan Tursunboy daraxt panasiga kelib, Abdulla akani imlab chaqirdi. Abdulla aka nima gapi bor ekan, deb yoniga bordi. Tursunboy uni yetaklab bog‘ etagiga boshladi. Nimanidir astoydil hayajonlanib gapirardi. Bir ozdan keyin Abdulla aka kula-kula qaytib keldi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedi O‘rozboyev.
— Tursunboy tushmagur oltin koni topibdi. Ertaga borib ikkalamiz qazib olaylik, deyapti. O‘zingiz qazib olavering, menda oltin ko‘p, dedim.
Mehmonlar bu sodda, dovdir odamning gapidan kulib qo‘ya qolishdi.
Kechqurun Tursunboy yuz-qo‘lini yuvib so‘riga kelib o‘tirdi. Abdulla aka boyagi gapni so‘radi. Tursunboy nima deganini eslolmadi. Abdulla aka qancha aylantirsa ham nima deganini bilmadi.
Oltin koni masalasi uning kallasiga bir kelib qaytib ketgan edi. Abdulla aka undan: «Endi nima qilmoqchisiz?» — deb so‘radi.
— Qishloqqa borib qarindosh-urug‘larni shildim. Hamma jiyanlarimdan, tog‘ayu pochchalarimdan uch so‘m-uch so‘mdan oldim. Hozir belimda ellik yetti so‘lkavoy bor. Belim baquvvat paytida Moskvaga borib bir o‘ynab kelmoqchiman. O‘shanaqasi Namanganga ham o‘tib kelaman, — dedi Tursunboy.
Abdulla aka unga hazil qildi.
— Men ham birga borardimu pulim yo‘q-da.
— Tashvishlanmang, Abdulla aka, ellik yetti so‘m ikkovimizga bemalol yetadi. Ortganiga sovg‘a-salomlar olamiz. Vaqtimiz bo‘lsa Xrushchevni ham birrov ko‘rib chiqamiz. O‘zbeklarning odamgarchiligini ko‘rsatib qo‘yaylik.
Maslahat bilan ikkovlari Moskvaga boradigan, xarajatlarni Tursunboy ko‘taradigan bo‘ldi.
Ertalab nonushta paytida Abdulla aka, endi nima qilamiz, deb so‘radi. Tursunboy kecha nima to‘g‘rida gaplashganini butunlay unutgandi. U vokzalning orqasidagi kasalxonaga borib, tog‘asini ko‘rib kelmoqchiligini aytdi…
Abdulla aka olamdan o‘tgandan keyin Tursunboy ko‘rinmay ketdi. Kim biladi, u Xrushchev bilan uchrashdimi, o‘zbekning kimligini ko‘rsatib qo‘ydimi, bilolmadik.