Safar Kokilov. Tushunmasa qiyin (hajviya)

Uzoq vaqt bir joyda ishlagan bo‘lsa ham, omadi chopmay, rahbarlikka ko‘tarila olmagan bir tanishim shunday deb hikoya qilgan edi.
Katta bir korxonaga rahbar bo‘lib ko‘tarilgan bir do‘stimga uchrashib, qolganda gina qildim.
-Hafa bo‘lmang-u, do‘stim, keyingi vaqtda ishga qobiliyatsiz, ko‘rsavod odamlarni ishga olish ko‘paydi. Axir bu sozda kelajak nima bo‘ladi?
Do‘stim bir qizarib, bir bo‘zardi-da, zarda bilan dedi:
– Eh, rahbar bo‘lib ko‘rmagansizda, gapiraverasiz, men nima qilay axir? Rahbar bo‘lganim bilan osmondan shalpillab tushganim yo‘q-ku. Shu yerning odami bo‘lsam. Mening ham aka-ukam, tog‘a-jiyanim, urug‘ – aymog‘im bor. Sizga o‘xshagan do‘st-oshnolarning son-sanog‘i yo‘q. Ko‘z bor, qosh bor degandek, ulardan ayro yashay olmayman-ku. Mana bu rahbarlik chopondek narsa, bugun bor ertaga yo‘q. Yana o‘sha og‘aynilarim bilan yashashim, to‘y-marakada birga o‘tirishim kerak. Shunday bo‘lgach, ularning iltimoslarini bajarmay ilojim yo‘q-da…
– Ha unchalik ekan, hech bo‘lmasa ishga olayotganda imtihon qiling, sinang. Ishni eplashga ko‘zingiz yetgandan so‘ng, ishga qabul qiling-da. Bo‘lmaydiganini “mana og‘ayinlar sinadik, bizga to‘g‘ri kelmadi, boshqa ish topsin” deb, qaytaring.
– He, oshnajon –e, rahbar bo‘lib ko‘rmagansiz-da, bilmaysiz. To‘satdan yuqoridan qo‘ng‘iroq jiringlab, tahdidli ovozda “falonchini yuboryapmiz, ishga joylashtiring” deyishsa, “g‘iq” etolmay qolarkansiz. Qani, olmay ko‘ring-chi… Har kuni tekshiruvchilarni yuborib tekshiraveradi, tekshiraveradi, rahbar bo‘lganingizga pushaymon bo‘lib ketasiz. Beayb parvardigor, axir! Men ham bu lavozimda uch-to‘rt yil ishlasam degan umidim bor. Yuqoridagi rahbarlarning ko‘ngliga qara-ab ishlaganim yaxshi emasmi, axir…
– Hech bo‘lmasa ishonchingizni oqlay olmagan o‘sha chalasavodlardan tilxat yozdirib olsangiz-chi? O‘zingizni oqlash uchun… “Men sinovdan o‘ta olmadim. O‘zim aybdorman” degan mazmundami…
– He-e go‘dak bolaning gapini gapirasiz-da, oshna. Rahbar bo‘lib ishlamagach shu-da. Ey, shundaylari borki, o‘zining familiyasini yozganda to‘rtta xato qiladi, xati aji-buji, ishimizning mohiyatiga-ku umuman tushunmaydi. Lekin o‘lsa ham unday tilxat yozib bermaydi. Beti bezrayib, ko‘zi baqrayib turaveradi. Orasiga tushganlar esa, “Ha endi o‘rganib ketadi-da, hamma ham birdan odam bo‘lmagan-ku. Qoqilib, surinib yaxshi bo‘ladi-da. O‘zingiz odam qilib bering” deb yalinib turaveradi. Olmay ko‘ringchi. Kerak bo‘lsa ustingizdan shikoyat yozadi, “O‘zining urug‘larini ishga oladi bizni olmaydi, pora so‘rayapti va hokazo” deb…
– Nahotki vijdoningiz qiynalmasa?
– Vijdon? Qiynaladi, albatta. Lekin nima qilay, chidaymizda. E-e, – u qo‘l siltaydi:- Bora-bora o‘rganib ketarkansiz-ey. Rahbar bo‘lib ishlamagansizda, buni baribir tushunmaysiz…
– Bilmadim, bilmadim. Lekin men bunday qilib ishlay olmasdim. Ishini topshirardim.
– Ha-a, rahbar bo‘lib ishlab ko‘rmagan odam shunday deydi-da. Bir ishlaganingizda edi, hech ham shunday demasdingiz. Avvalo sizday fikrlaydiganlarni ikki dunyoda ham rahbar etib saylashmaydi. Qolaversa, yelib-yugurib, o‘rtaga necha-necha odamlarni solib, kerak bo‘lsa, qurug‘idan cho‘zib, rahbar bo‘lasiz-u, arzimagan narsaga osongina bo‘shab ketaverasizmi. Aslo! Talashib olgach, chidaysiz bariga. Moslashasiz. Rahbar bo‘lib ishlamagan qayoqdanam bilsin buni. Bizga ham oson demang, do‘stim.
– Unda nega rahbar bo‘lib ishlashga qiziqasiz?
– He-he-he. Soddasizda, do‘stim, soddasiz.
– Xo‘p, biz bilmasak, siz ayting-da. Rahbarlikning nimasi yaxshi?
– Rahbarlik ham bir kasbda, oshna. Axir kimdir rahbar bo‘lib korxonalarni boshqarish kerak-ku. Qolaversa, aksariyat odam rahbar bo‘layotganda “men kecha-kunduzi bilan tinmay ishlayman, ish, ish” deb rahbar bo‘maydi. “Amal kursisida o‘tirib hammani boshqaraman, davralarning to‘rida izzat-ikrom ko‘raman, yeb-ichib, maishat qilib, hayotimni go‘zal qilib yashayman” deb rahbar bo‘ladi. Bu ish degani hammadan qolgan. Yaxshi yashash kerak.
– E-e, gap buyoqda deng. Shaxsiy manfaat birinchi o‘rinda demaysizmi.
– Ha, shunaqa gaplar. Rahbar bo‘lib ishlaganingizda edi, bunaqa bema’ni savollarni berib o‘tirmagan bo‘lardingiz.
– He, bunday rahbar bo‘lgandan bo‘lmaganim yaxshi.
– He-he-he. Ishkomdagi uzumga bo‘yi yetmagan tulki “Puf, sassiq” deb ketgan ekan. Hamma gap sizning rahbar bo‘lib ishlamaganingizda. Tushunmaysiz. Sizni ham bir yil, yo‘q, yo‘q, bir oygina biron katta tashkilotga rahbar qilib saylashsa edi-ya. So‘ng “joyimni bermayman” deb, oyoq tirab, kursiga yopishib olgan bo‘lardingiz-a. Xe-xe-xe. Xohlaysizmi, men oraga tushib, biron yerga rahbarlikka gaplashaman…
– Sizday bo‘lib ishlash uchunmi? Yo‘q. Xohlamayman.
– He-he-he. Rahbar bo‘lib ko‘rmagansiz-da, shunday deyapsiz. Siz avval bir bo‘lib ko‘ring-chi…
– Yo‘q. Bunday ishlashga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi.
– He-e, yash-shang! Ana endi o‘zingizga kelyapsiz. Sizdek haqiqatchi, kelajak uchun qayg‘uradigan, vijdonli kishilar o‘zining vijdoniga dog‘ tushurmaslik uchun o‘zini avaylab, rahbar bo‘lishni xohlamasa, kimdir ishlash kerak-ku. Demak o‘z-o‘zidan bizga o‘xshagan rahbarlikka qiziqadiganlar ishlaydi-da bu yerda.
He, oshnam-ey. Yana tag‘in kelajak, kelajak deysiz-a.
Siz biz rahbarlarni hech qachon tushunolmaysiz. Chunki rahbar bo‘lib ishlamagansizda, do‘stim!